Dunyoning ishlari kitobi haqida
Shunday ekan bu asar faqat yozuvchining onasiga emas,balki dunyodagi barcha siz-u bizning onalarimizga bag’ishlangan ekan,ushbu asardan sizlarga ham parchalar havola etishni o’zimga joiz deb bildim va ularning har biriga to’xtalib o’tsam.
«Dunyoning ishlari»
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi O’tkir Hoshimovning ushbu kitobi nashr etilganiga ham salkam qirq yil boʻlibdi. U shu yillar davomida qayta va qayta nashr etildi va oʻylaymizki, bundan keyin ham kitob holida Sizning qo’lingizga yetib boradi.
Yozuvchi kitobida oddiy o‘zbek ayolining barcha jihatlarini oddiy va sodda tilda juda ham tushunarli tarzda yoritib berolgan. Shu sababli ham mazkur asarni «onalar haqida nasriy qo’shiq» deb aytish mumkin. Qo’shiq boʻlganda ham ta’sirchan va o‘yga toldiradigan. Aslida ona muqaddas va bebahodir. Agar uni tenglash mumkin boʻlsa faqat vatanga tenglashadi. Vatan esa aziz va muqaddas.
Aziz kitobxon! Aziz hamda muqaddas onalarimiz haqidagi ushbu munosib o’rin egallaydi.
Muallif: O‘tkir Hoshimov
Nomi: «Dunyoning ishlari»
Nashriyot: «Yangi asr avlodi»
Sana: 2019 yil
Hajmi: 248 bet
ISBN: 978-9943-5150-5-5
O‘lchami: 84×108 1/32
Muqovasi: yumshoq
Dunyoning ishlari
O’tkir Hoshimov “Dunyoning ishlari” qissasi
O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov Toshkentning Do‘mbirobod dahasida 1941- yilning 5-avgustida tavallud topgan bo‘lib, bolaligi urush qiyinchiliklari, muhtojliklari davrida kechgan. O‘tkir Hoshimov ijodi publitsistikadan boshlangan bo‘lib, birinchi kitobi 1962- yilda «Po‘lat chavandoz» nomi bilan bosilib chiqqan. Uning ilk hikoyasi esa 1963- yili «To‘rt maktub» nomi bilan chop etilgan. Keyinchalik mazkur hikoya asosida «Cho‘l havosi» qissasi yaratilgan. Mazkur qissa haqida ustoz Abdulla Qahhordan olingan maktub, yosh adib ilhomiga ilhom qo‘shdi, dalda berdi. Shundan so‘ng uning «Odamlar nima derkin», «Shamol esaveradi» qissalari maydonga keldi. Ayniqsa, adibning «Bahor qaytmaydi», «Qalbingga quloq sol» kabi qissalari yozuvchiga shuhrat keltirdi. 1976- yilda mazkur asarlar muallifi Respublika Yoshlar mukofotiga sazovor bo‘ldi. Adib «Nur borki, soya bor» romanida jamiyat ijtimoiy hayotidagi illatlarni, turg‘unlikning mohiyatini ochish asnosida davrning muhim ma’naviy-axloqiy masalalarini ko‘tarib chiqdi.O‘tkir Hoshimov ijodida «Ikki eshik orasi» romani alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘tkir Hoshimov mohir hikoyanavis, qissanavis, romannavis va publitsistgina emas, dramaturg sifatida ham zamonaviy adabiyot rivojiga ta’sir ko‘rsatdi. Uning «Hazon bo‘lgan bahor», «To‘ylar muborak», «Vijdon dorisi», «Inson sadoqati», «Qatag‘on» drama va komediyalari Respublika teatrlari sahnalaridan munosib o‘rin egallagan. «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» (2001) kitobi ijtimoiy-ma’naviy hayotda muayyan iz qoldirgan. O‘tkir Hoshimov tarjimon sifatida O. Berggolts, S. Sveyg, Mustay Karim, V. Shukshin asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning eng yaxshi va sara asarlari rus va boshqa tillarga tarjima etilgan. Adibning jami nashr etilgan asarlari ellikdan ortiq bo‘lib, ularning umumiy hajmi ikki milliondan oshadi.
O’zbekiston xalq yozuvchisi,hayot qozonida qaynagan ijodkor, o’tkir qalam sohibi O’tkir Hoshimovning qirqdan ortiq asarlari ming-minglab kitobxonlarning ma’naviy mulkiga aylanishga ulgurgan. Yozuvchi asarlari ko’pgina xorijiy tillarga tarjima qilingan. Bu natijalar har qanday ijodkor orzu qiladigan, intiladigan marradir.Uning yana bir go‘zal asari— O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek mukofoti bilan taqdirlangan «Dunyoning ishlari» qissasi ma’naviyat haqidagi bahsni davom ettirdi.Bu asar ta’riflashga til ojizlik qiladigan onalarimiz haqida bo’lib,uni o’qigan har bir kitobxon o’z onasini yodga olmay iloji yo’q.Bu asar katta-kichik hikoyalardan iborat bo’lib, uning tarkibiga “Oq,oydin kechalar”,”Tasalli”,”Tush”,”Haqqush”,”Qarz”,”Ikki afsona”,”Gilam paypoq”,”Eng og’ir gunoh”, “Bola yig’isi”, “Xiyonat”, “Surat”, “Kitob”, “Mahallaning Shayxi”, “Toy”, “Qanoat”, “Sovchilar”, “Ermon buvaning tilagi”, “Mening Acha xolam”, “Imon”, “Opamni topib oldim”, “Bozor”, “Po’stdumbali moshkichri”, “Oltin baldoq”, “O’ris bolaning oyisi”, “Alla”, “Oq marmar, qora marmar”, “Iltijo” kabi hikoyalar kiradi.
Biz kitob o’qir ekanmiz,undagi tanish qismatlar aks etgan bo’lsa, qahramonlar bilan darddosh, baxtdosh bo’lamiz. Shu nuqtayi nazarda O’tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasi o’quvchilar qalbidan chuqur o’rin egallagan asar sifatida qadrli. Qissa haqida O’zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad shunday degandi: “Dunyoning ishlari” asarini qissa emas, doston deb atashni istardim. U qo’shiqday o’qiladi. Uni o’qib turib, o’z onalarimizni o’ylab ketamiz. Shu mushfiq, shu jafokash onalarimiz oldidagi bir umr uzib bo’lmas qarzlarimizning aqalli bittasini uza oldikmi, degan bir andisha, bir savol ko’z oldimizda ko’ndalang turib oladi. Qissa bizni insofga, insonni qadrlashga, hurmat qilishga chaqiradi”.
Bu qissa yozuvchining ijod ummonidan bir tomchigina xolos. Uning har bir kitobi, har bir asari insonlarni mehr-muhabbatga, o’z yurtini sevishga chorlaydi, yoshlar tarbiyasiga juda katta ta’sir qiladi.Kitobda keltirilgan hikoyalarga birma-bir to’xtalib o’tadigan bo’lsak, shuni aytishimiz mumkinki, har bir hikoya har xil olam, har xil taqdir va kechmishni ifoda etgan.
Shunday ekan bu asar faqat yozuvchining onasiga emas,balki dunyodagi barcha siz-u bizning onalarimizga bag’ishlangan ekan,ushbu asardan sizlarga ham parchalar havola etishni o’zimga joiz deb bildim va ularning har biriga to’xtalib o’tsam.
“Dunyoning ishlari” asaridan ko’pchiligimizga qadrdon bo’lgan parchalar:
Yulduzlar to’la osmonga tikilaman. Ehtimol, osmondagi eng yorug’ yulduzlar onalarning jonidir. Ehtimol, onalarning so’ngan yulduzlari birlashib quyoshga aylangandir. Oftobni ona deyishlari, ehtimol, shundandir.
Ushbu parcha “Oq,oydin kechalar” hikoyasidan olingan parcha hisoblanib,bu hikoyada qalblari mehrga to’la onajonlarimiz butun bir olamni yoritib turuvchi Oftobga o’xshatilgan.Chunki,onalar borki,olam munavvar. Ularning qalblaridagi mehr oftobning zarrin nurlari kabi hammaga yetadi.
— Volidai mehriboningiz xo’p yarlaqagan odam ekanlar. To’shakda yotmabdilar, birovga zoriqmabdilar… Bunaqa beozor o’lim har kimga ham nasib etavermaydi.
Ehtimol shundaydir. Onam bu dunyoda kamsuqumgina yashardi. Hech kimga ozor bermasdi. Hech kim bilan hech narsani talashmasdi. Ehtimol tabiatning eng shafqatsiz elchisi bilan ham olishib o’tirishni xohlamagandir.
Ilgari bir haqiqatni bilardim. Ona uchun bolaning katta-kichigi bo’lmaydi. Endi yana bir haqiqatni angladim. Bola uchun ham onaning katta-kichigi bo’lmas ekan. Ona ona ekan. Unga boshqa sifat kerak emas.
Yuqoridagi parchalar “Tasalli” hikoyasidan olingan bo’lib,inson mehribonidan ayrilganida qanday ahvolga tushishi yaqqol isbotlangan.Onalarimizni hayotlik chog’larida qadrilariga yetishishimiz ro’y-rost ko’rsatib berilgan.
Onalar farzandlari hamisha birga bo’lishini istaydilar. Qismat esa ularni qanot chiqarishi bilan har yoqqa uchirib ketadi. Hayot loaqal shu masalada ham onalarga shafqat qilmaydi.
Haqqush hikoyasining yakuni hisoblangan bu parchada,Ilhaq hamda Is’hoq obrazlar orqali insonlarning,aka-ukalarning,opa-singilning,qolaversa,bir-biriga yaqin insonlarni asrab-avaylash,ularni qadriga yetish kabi g’oyalarni yozuvchi ilgari surganligini yaqqol ko’rishimiz mumkin.Ona farzandlarini bir-biriga mehribon bo’lishini,hamisha aka-ukalar ahil-inoq bo’lishini istaydi.Aka-ukalar bir-birlarini qadrlashmadi,natijada ular qushga aylanib umrbod bir-birlarini ko’risha olmadi.Aka-ukalar hamisha mehr-oqibatli bo’lishi kerakligini,bir-biriga muhtojligini,kerakligini bilganlarida ,afsuski,kech bo’lgan bo’ladi.SHunday ekan,har birimiz yaqinlarimizga,mehribonlarimizga mehrli,oqibatli bo’lishni unutmasligimiz darkor.
Haqiqat havoga o’xshaydi. Nafas olib turasizu o’zini ko’rmaysiz. Onam aytgan afsonalar ham hayotdek oddiy, hayotdek chuqur haqiqat ekan.
“Ikki afsona” hikoyasidan olingan bo’lib,ikki afsonaning biri obkash haqida, ikkinchisi oftob haqida.Oftob qancha ko’p nur sochsa,yer yuzida yomon odamlar shuncha kamayishini turli xil o’xshatishlarda namoyon bo’lgan.
— Nimaga birovning bolasi bo’lar ekan! – to’satdan onamning jahli chiqib ketdi. – Yig’lab turgan bolaning begonasi bo’ladimi? Uyalmaysanmi shunaqa degani? Yig’lab turgan norasidaga rahmi kelmagan odam – odammi?
Indamadim. Ammo baribir o’shanda onamni nohaq hisoblagan edim. Yo’q, chamamda, onalarning biz tushunmaydigan, bizning o’lchovimizga sig’maydigan o’z olami borga o’xshaydi.
Dunyoning ishlari qissasidan olingan bu satrlar “Bola yig’isi” hikoyasidan olingan.Bu hikoyada onalar uchun barcha bolalar o’zlarining bolalari kabi ekanligi aytib o’tilgan.Chunki ularning mehrilari ummon,qalblari mehr-muhabbatga to’la.
Har kim har kimning ko’ziga cho’p solishi mumkin, har kim har kimga xiyonat qilishi mumkin. Faqat ona o’z bolasiga hech qachon xiyonat qilmaydi. Ehtimol, inson hayotining shuncha yillardan buyon davom etib kelayotgani shundandir.
“XIYONAT”hikoyasidan olingan parchada, hamma insonlar bir-biriga choh qazishi, xiyonat qilishi mumkin lekin faqat onajonlarimizgina hech qachon xiyonat qilmasliklari ushbu hikoyaning bosh g’oyasi etib ko’rsatilgan.
Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam aytgan qo’shiqni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chekkasida turib bir odam aytgan eng oqilona fikrni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Biroq dunyoning bu chekkasida turib ona aytgan allaga dunyoning narigi chekkasidagi go’dak bemalol orom oladi. Nega shunaqa? Nahotki, go’dak tushungan narsaga biz tushunmasak? Ehtimol, buning boisi boshqa joydadir. Ehtimol ona tushungan narsani bizlar tushunmasmiz. Balki shuning uchun ham ona – tabiatning eng buyuk ixtirosidir.
“Dunyoning ishlari”qissasidan olingan ushbu parcha “Alla”hikoyasidan hisoblanadi.Bu hikoyada allaning sehri,u inson tug’ilganida ilk bor eshitgan qo’shig’i ekanligi,hattoki tilovat sadolariga qo’shilganda ham o’z kuchini yo’qotmasligi bayon etilgan.Alla turli tillarda aytilsa ham uning jarangi,ohangi orqali qalblar larzaga keladi.Bu hikoyada ham alla qirg’iz,rus va o’zbek tilida aytiladi.
Oq marmar, qora marmar… Bu so’zlarning har bitta harfiga qanchadan qancha ko’zyoshi tomganini bilaman. Ehtimol bular inson bolasining hayotda eng rost so’zlaridir. Faqat… har gal ularni o’qiganda bir narsani o’ylayman: mana shu so’zlarni yurak-yurakdan, iztirob bilan aytgan farzand onasi hayot ekanligida qanchalik ko’nglini ololdi ekan?
Faqat bir narsani aniq aytishim mumkin. Mabodo Tangri marhumlarga qayta jon ato qilsa-yu onalar tirilib qolsa, hayot paytida mehr berganmi, bermaganmi – baribir farzandlarini maqtab gapirgan bo’lardi. Onalar hatto vafotidan keyin ham onaligicha qoladi.
Bahor devorining oftobro’ya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay sohillaridan boshlanmaydi. Bahor mana shu yerdan boshlanadi. Qabrlar ustida qo’ng’iroq chalgan chuchmomalar, lovillab yongan qizg’aldoqlar onalarning farzandini yupatish uchun taqdim etgan chechaklari bo’lsa ajab emas…
“Oq marmar,qora marmar”hikoyasi haqida so’z borar ekan, onalarni ularning hayotlik chog’larida asrab-avaylashimiz, dunyoning buyuk mo’jizasi-onalarimiz ekanliklari hamon yodimizda bo’lsin.”Oq marmar,qora marmar” hikoyasida aynan shu fikrlar ilgari surilgan.Ya’nikim,onalarni hayotlik chog’larida qadriga yetmay,vafot etganlarida esa qabrlari ustiga”Onajon,sizni to abad unutmaymiz”,”Onajon,qildingiz bizga Jon fido,e voh,taqdir sizdan ayladi judo”,”Onajon,xotirangiz qalbimizda mangu yashaydi” kabi turli xil ibratomuz gaplarni yozib qo’yishadi.Shunda ham ona hech qachon meni hayotlik chog’imda qadrimga yetmading-ku.Endi bu gaplaring befoda demaydi.Bilmadim. Faqat bir narsani aniq aytishim mumkin.Mabodo Tangri marhumlarga qayta jon ato qilsa-yu,onalar tirilib qolsa,hayot paytida mehr berganmi,bermaganmi-baribir farzandlarini maqtab gapirgan bo’lardi.Onalarimiz ana shunaqa bebaho,so’z bilan ta’riflab bo’lmas darajada noyobdirlar.
“Dunyoning ishlari”qissasining oxirgi hikoyasi bu-“Iltijo”.Bu hikoyada onasi o’g’liga o’zini kitob qilib yozishini so’raganida,o’g’li “Sizning nimangizni kitob qilaman,oyi?”deb javob beradi.Vafotidan so’ng onasini kitob qilib yozadi.Bu kitob nafaqat O’tkir Hoshimov onasiga balki dunyodagi hamma onalarga bag’ishlanadi.
“Dunyoning ishlari” haqida yozuvchining o’zi ham shunday deydi:
“Bu qissa katta-kichik novellalardan iborat.Biroq ularning barchasida men uchun eng aziz odam-onam siymosi bor.Bundagi odamlarning hammasini o’z ko’zim bilan ko’rganman.Faqat ba’zilarining ismi o’zgardi,xolos.Bu odamlarning qismati ham qaysidir jihati bilan onamga bog’langan.Dunyodagi hamma onalar farzandiga munosabat bobida bir-biriga juda o’xshaydi.Bas, shunday ekan,bu asar sizlarga bag’ishlanadi aziz Onajonlar!”
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, dunyodagi hamma onalarga bag’ishlangan “Dunyoning ishlari”qissasida onalarning mehri atalmish eng buyuk tuyg’u mahorat bilan tasvirlangan.Asardagi ta’m,hid boringki,barcha tuyg’ularni his eta olasiz.Bu asarni mehri ummonlar talqini deb atasak ham bo’ladi.Chunki, bu asarni o’qigan har bir insonda onaga bo’lgan mehr-muhabbat tuyg’ulari jo’sh uradi.Shunday ekan,har birimiz o’z mehribonlarimizni asrab-avaylaylik,qadrlaylik.Zero,yozuvchi O’tkir Hoshimov ta’biri bilan aytganda,ona-tabiatning mo’jizasi.Onalar borki,olam ham bor.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1.O’tkir Hoshimov “Dunyoning ishlari” qissasi (2019-yil)
3. Said Ahmad “Tanlangan asarlar”