Diniy kitob
2014-йилдан “Qaqnus” корхонаси таъсис этилди. Ҳозир корхона қошида нашриёт ва босмахона фаолият юритмоқда.
Diniy kitoblarning tarbiyaviy ahamiyati. Qur’oni Karim – axloqiy-falsafiy ta’limotlar manbai.
Diniy kitoblarning tarbiyaviy ahamiyati. Qur’oni Karim – axloqiy-falsafiy ta’limotlar manbai.
Ilm kishilarga naf keltirishi lozim. Olimlar ilm o’rganib boshqalar yo’lini yorug’ qilishlari, ularga rahnomo bo’lishlari joiz. “Ilm ikki xildir, biri qalbda bo’ladi – uni ilmi nofe’ (foydali) deyiladi, ikkinchisi tilda bo’ladi – u odam bolasiga yuborgan Alloh taoloning xujjatidir” (95-hadis). Ilm foydali bo’lishi uchun u odamlarga o’rgatilishi lozim. Ilmli kishi sadoqatli bo’lishi, kishilarga yaxshilikni o’rgatishi kerak. Ilm bilimli kishi uchun fazilat bo’lsa, bu holatni u boshqalarga singdirishi zarur.
“Odamlarga yaxshilikni o’rgatib, o’zini esidan chiqargan olim, kishilarga yorug’lik berib, o’zini quydiradigan shamchiroqqa o’xshaydi” (106-hadis) yoki “Ilmni o’rganib uni hech kimga aytmayotgan odam boylikni to’plab uni hech (narsaga) sarf qilmayotgan baxilga o’xshaydi” (106-hadis).
Ilmu xikmat o’tkinchi emas, u abadiy. Shuning uchun mo’min kishiga vafotidan keyin etib turadigan savob narsa uning tarqatgan ilmdir.
Hadislarda ilmli kishi mevali daraxtga o’xshatiladi. Lekin ilmli kishining aytadigan fikrlari boshqalarga xush kelishi, tushunarli bo’lishi darkor. Muhammad payg’ambar o’z hadislarida va’z aytganda kishilarni zeriktirmaslik, aytilayotgan fikrni tushunarli bo’lishini ta’kidlagan: “Osonlashtiringiz, qiyinlashtirmangiz! Xushxabar aytingiz, nafratlantirmangiz (o’zingizdan bezdirmangiz)!” (121-hadis).
Ilmni o’rganish shaxsiy manfaat uchun bo’lmasligi darkor. “Bir kishi Alloh ilmini (Islomni) teran o’rganadir, teran tushunadir va undan manfaatlanadir va Alloh yuborgan hidoyatni o’zi o’rganib, o’zgalarga ham o’rgatadilar. Ikkinchi bir kishi ilm o’rganib, odamlarga o’rgatadilar. Ammo o’zi amal qilmaydi. Uchinchi bir kishi mutakabbirlik qilib o’zi ham o’rganmaydir, o’zgalarga ham o’rgatmaydir. Bulardan birinchisi mo’’min, ikkinchisi fosiq, uchinchisi kofirdir” (26-hadis).
Ilm kishilarni odillik va insonparvarlikka undaydi. Ilmli kishilarni hadislarda unumdor tuproqqa o’xshatiladiki, undan ungan o’simliklar, giyohlar insonlarni oziqlantiradi. Suv erlarga hayot bag’ishlaganidek, ilm ham kishilarga ezgulik, yaxshilik keltiradi: “Ilm ko’p yoqqan yomg’irga o’xshaydir. Ba’zi er sof unumdor bo’lib, yomg’irni o’ziga singdiradir-da, har xil o’simliklar va ko’katlarni o’stiradilar va ba’zi er qurg’oq, qattiq bo’lib, suvni emmasdan o’zida to’playdir. Undan Alloh taolo bandalarini foydalantirgaydir. Odamlar suvdan ichgaydir, hayvonlarni va ekinlarni sug’orgaydirlar. Ba’zi er esa tekis bo’lib, suvni o’zida tutib qolmaydir, ko’katni ham ko’kartirmaydir”, – deyiladi hadislarda.
Ilm, hikmat o’rganmoq mo’minning eng yuksak fazilatidir. Chunki ilm kishilarga tayanch, rahnamo, zebu-ziynat, mo’min uchun ilm hayotining yo’ldoshi va dushmanlarga qarshi kurashda quroldir. “Ilm egallang!- deb xitob qilgan payg’ambarimiz. – Ilm sahroda do’st, hayot yo’llarida tayanch, yolg’izlik damlarida – yo’ldosh, baxtiyor daqiqalarda – rahbar, qayg’uli onlarda – madadkor, odamlar orasida – zebu-ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda – quroldir”. Shuning uchun ilm olish yo’lida har qanday riyozat bo’lsa ham kishi undan qaytmasligi kerak. Ilm-hunar o’rganish mashaqqatdir. Ammo inson o’z irodasi, aql-zakovati bilan unga intilmog’i lozim. “Ilmu hunarni Xitoydan bo’lsa ham borib o’rganinglar”, deydi (126-hadis) Muhammad payg’ambar.
Ilm – bu ma’rifat, fazilat. Ilm jamiyat musaffoligining belgisidir. Ilm- ma’rifat bor joyda diyonat bor. Agar ilm susaysa – jaholat, nodonlik kuchayadi. Ilmsiz mamlakatda fitnalar kuchayadi, qotillik avj oladi.
Ilm susaysa nopoklik, fohisha zo’rayadi. Bu borada hadislarda: “Ilmning susaymog’i – jaholatning kuchaymog’i, zinoning avj olmog’i, xotinlarning ko’paymog’i – erkaklarning ozaymog’i”, – deyiladi (36-hadis).
Ilm, xikmat jamiyatdagi ma’naviyat manbai. Shuning uchun ilm o’rganib uni tarqatish avj olsa fitnalar, haraj (qotillikning) oldi olinadi. Hadislarda ulamolar ilm o’rganib, ilm tarqatishga kirishsinlar, bilmaganlarga o’rgatsinlar. Zero, ilm sir tutilsa, halokat boshlanadi, deb aytilgan. Shu bilan birga ilm faqat birovlar mulki emas, u butun mo’minlarning ma’naviy mulkidir. Ilmni sir tutish, uni tarqatmaslik jamiyatni halokatga olib keladi. Hadislarning o’zidek ilm, xikmat ham umumbashariyat mulki bo’lmog’i lozim.
Hadislarning qimmatli, insoniy va axloqiyligi shundaki, ularda barcha masalalar holisona ifodalangan. Ularda ta’limning hozirgi ko’p muammolari o’ziga xos tarzda bayon etilgan. “Har bir musulmonga ilmga intilish farzdir”. Bu fikr ta’limning umumiy majburiyligiga ishora emasmi? Bu fikrlar Ya.A. Kamenskiyning “Buyuk didaktika”si yozilmasdan bir necha asr avval aytilgan.
Umuman hadislardagi fikrlarning qimmatli tomoni yana shundaki, ular umumbashariydir. Ular biron bir ijtimoiy guruh manfaati nuqtai-nazaridan yozilmagan. Bundan tashqari ular insoniyat ma’naviyati, axloqi, madaniyati taraqqiyotining sarchashmalari, ular rivojining poydevorini tashkil qilganligi bilan ham ardoqlidir. Qolaversa, hadislarning o’zi ham xikmat, ham ilmdir.
Shunday qilib, Qur’oni Karim va Hadislarda insonni o’qib-o’rganishga, ilm vositasi bilan dunyodagi voqea-hodisalarning tub mazmun-mohiyatini anglab etishga targ’ib qilinadi.
Qur’oni Karimda axloq va odob masalasiga alohida e’tibor berilgan.
Ta’kidlanishicha, insonning jamiyatda tutgan o’rni bilan chambarchas bog’liq axloqodob, ota-ona va qarindosh-urug’larga hurmat etim-esir, qambag’al-miskinlarga muruvvat va saxovatlilik, halollik, poklik, to’g’rilik, o’z halol mehnati va kasb-hunari bilan yashash, oila va nikoh munosabatlari, o’z bolalarini boqish, ta’lim va tarbiya berish, omonatiga xiyonat qilmaslik, adolatparvarlik, do’stlik va birodarlik kabi yaxshi xulqlar insonni haqiqiy kamolotga undovchi insoniy fazilatlardir.
Qur’oni Karimda sabr-qanoatli, ehsonli, saxovatli, muruvvatlik, keng fe’lli bo’lish yuksak ma’rifat va yuksak axloqiy fazilat belgisi, deb ta’kidlanadi: “Albatta sabrlilar o’z savoblarini hisob-kitobsiz to’liq oladilar” (“Zumar” surasi, 10-oyati). “Sabr-qanoatga ehson bilan bir qatorda eng yuksak fazilat sifatida katta e’tibor beriladi: Muhammad, mashaqatli va ozorlarga sabr qiling! Zotan, Alloh chiroyli amal qiluvchilarning ajrmukofotlarini zoe etmas” (“Hud” surasi, 115-oyati).
Shuningdek insondagi axloqiy fazilatlardan eng muhimi xayri ehson haqida alohida fikr yuritiladi: “Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (Allohning bandalariga) infoq- ehson qil” (“Qasas” surasi, 77-oyati).
Qur’oni Karimning “Al-Isro” surasini 23-24-oyatlarida ota-onaning bolani dunyoga keltirishi bilan birga, farzandga yaxshi ism qo’yishi, o’z farzandini jismoniy va ma’naviy tomondan etuk kishi qilib tarbiyalashi, ya’ni ilmu ma’rifatga o’rgatish va biror bir kasbhunar egasi qilish, o’g’il bola bo’lsa uylantirish, qiz bola bo’lsa turmushga chiqarish, ularga moddiy va ma’naviy yordam berib turishi ta’kidlanadi.
Shuningdek, mazkur oyatlarda farzandlar zimmasidagi uchta vazifa o’z ifodasini topgan. Birinchisi, farzandlar ota-onalariga yaxshi muamala, shirinsuxan bo’lishlari, ularga mehribon bo’lmoqlari lozim. Ikkinchidan, ota-ona kafolatini yaxshilash, nafaqa berish, ularni so’rashga muhtoj qilmay yoki minnat qilmay izzat-hurmat ko’rsatishdan iboratdir. Uchinchidan, ota-ona o’z farzandlari mol-mulkidan foydalanishga haqlidir va hokazo. Qur’oni Karimda marhamat qilinadi: “Rabbing o’zidan boshqa narsalarga ibodat qilmaslikka va ota-onasiga xayr-ehson va yaxshi muamala qilishga buyurdi. Otaonangizdan biri yoki ikkovlari ulug’lik, keksalik yoshiga etsalar, ularga “uf”demang, gapiring. Va ota-onangizga rahmat qanoatini yozing va hamda “Ey parvardigoro, otaonamni meni yoshligimdan qanday qilib tarbiyalab o’stirgan bo’lsalar, shundayin rahmat qil” (“Al –Is” surasi, 23-24-oyatlar).
Qur’oni Karimning ma’lum oyatlarida insondagi eng zarur insoniy fazilatlardan sanalgan shirinsuxonlik, to’g’ri so’zlik va muomala madaniyatiga rioya qilish qonunqoidalari talqin etiladi: “Kishilarga chiroyli so’zlar so’zlangiz” (“Baqara” surasi 53oyati); “Alloh tomonidan bo’lgan bir marhamat sababli ularga (sahobalaringizga) yumshoq so’zli bo’ldingiz. Agar qo’pol, qattiqqo’l bo’lganingizda edi, albatta atrofingizdan tarqalib ketgan bo’lar edilar” (“Ol-i Imron” surasi, 159-oyati).
Qur’oni Karimni “Nur” surasining 27-28-oyatlarida yaxshi fazilatli kishilar bilan ham, yomon xislatli kishilar bilan ham muomala-muloqotda bo’lish va salomlashishning o’ziga xos odob-axloq qoidalari berilgan. Shuningdek, “Niso” surasining 86-oyatida esa salomga alik olishga oid qoidalar bo’yicha muhim ko’rsatmalar mavjud: “Qachon sizlarga biron ibora bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki
(hech bo’lmasa) o’sha iborasni qaytaringlar”.
Qur’oni Karimda insondagi eng zarur xislatlardan sanalgan olijanoblik ulug’lanib, baxillik esa lan’atlanadi. Baxillik yo’lini tashlab saxiylikka tomon yuz o’girganlar najot topguvchilar sifatida talqin etiladi: “Kimki o’z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o’shalar najot topguvchi zotlardir” (“Xashr” surasi 9-oyati).
Qur’oni Karimda insonni axloqiy kamolotga etkazishga zid xususiyatlar: manmanlik, takabburlik, yolg’onchilik, munofiqlik, xiyonatkorlik, xasislik, zulmkorlik, buzuqchilik, o’g’rilik, poraxo’rlik, ichkilikbozlik, zinokorlik, qimorbozlik, giyohvand-lik, nohaq qon to’kishlar, boshqalarni kamsitish, badgumonlik, chaqimchilik, baxillik, g’iybatchilik, hasadgo’ylik, g’azabnoklik, ochko’zlik va hakozalar xususida ham ibratli fikrlar bildirilgan.
Ma’lumki, manmanlik – aybini tan olmaslik, takabburlik sanaladi. Manmanlik haqida Qur’on Karimni “Isro” surasining 37-oyatida: “Er yuzida Kibr-Havo bilan yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) hargiz erni teshib (uning tubiga) ketolmaysan va bo’yi bastda tog’larga etolmaysan”, – deyiladi.
Bu to’g’rida payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomning hadislaridan birida:
“Kimki o’zini katta olsa, yurishida o’ziga bino qo’ysa, oxiratda Allohning g’azabiga uchraydi” (821-hadis), deb ogohlantiradi.
Ma’lumki, VIII – IX asrlar Hadis ilmi uchun «oltin davr» hisoblanadi.
Islom dunyosida eng nufuzli manbalar deb sanalgan oltita ishonchli to’plam (assahih as – sitta) ni yaratgan muhaddislar “ham vatandoshlarimiz bo’lib, ilm – u fan rivojlangan IX asrda yashab ijod etganlar. Bular Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy 194 (810) – 256 (870), Imom Muslim ibn al – Xajjoj 206 (819) – 261 (874), Imom Iso Muhammad ibn Iso at –Termiziy 209 (824), – 279 (892), Imom Abu Dovud Sulaymon Sijistoniy 202 (817) – 275 (880), Imom Ahmad an – Nasoniy 215 (830) – 303 (915), Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Majja 209 (824) – 273 (886) kabi allomalardir.
Olimlar “al-kutub as-sitta” (olti kitob)ni quyidagilardan iborat deb ko’rsatadilar:
- Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy tomonidan yozilgan “AsSahih”.
- Imom Muslim an-Nishonpuriy (imom Muslim ibn al – Hajjoj) tomonidan yozilgan “As-Sahih”.
- Imom Ibn Mojja tomonidan yozilgan “Sunnai”.
- Imom Abu Dovud Sulaymon – Sijistoniy tomonidan yozilgan “Sunnai”.
- Imom ibn Iso at-Termiziy tomonidan yozilgan “Aj-jami al-Kabir”.
- Ahmad an – Nasoiy tomonidan yozilgan “Sunnai” kabi to’plamlardir.
- Imom al – Buxoriyning shoh-asari “Al-Jome’ as-sahih” (“Ishonchli to’plam”) 4 jiddan iborat bo’lib, unga 600 ming hadidan 7275 ta eng “sahih” hadislar kiritlgan, takrorlanmaydiganlari 4000 hadisdan iboratdir.
Yuqoridagilarga xulosa qilib aytganda, islom ta’limoti mujassamlashgan Qur’oni Karimdagi “Biz odam bolalarini aziz-mukarram qildik… ularga halol-pok narsalardan rizqu – ro’z berdik va ularni o’zimiz yaratgan juda ko’p jonzotlardan afzal-ustun qilib qo’ydik”; “Ey mo’minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz-pokiza narsalardan englar”, “Bandalarimga aytingki, ular eng go’zal so’zlardan so’zlashsinlar”, “Odamlarni aldab fitnaga solish o’ldirishdan yomonroqdir”, “Alloh zulm qiluvchilarni sevmaydi”, “Parvardigoringiz… ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi…” kabi muhim g’oyalar; shuningdek, Hadisi Sharifdagi “Ilm egallang! Ilm-sahroda do’st, hayot yo’llarida tayanch, yolg’izlik damlarida – yo’ldosh, baxtiyor daqiqalarda – rahbar, qayg’uli onlarda – madadkor, odamlar orasida – zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda – quroldir”; “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir”; “Beshikdan to qabrga kirgunlaringizcha ilm izlangiz”, “Yoshlikda olingan ilm toshga o’yilgan naqsh kabidir”; “Yolg’on so’zlama”, “o’zinga ravo ko’rganni boshqalarga ham ravo ko’r”, “Englar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilikka o’tmanglar”, “Ahmoqdan uzoqlashing”, “Nonni e’zozlanglar”; deb zikr etilgan hikmatlar komil insonni tarbiyalashda muhim manbadir.
Ta’kidlash joizki, Muso al-Xorazmiy, Imom Ismoil al – Buxoriy, Imom atTermiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Yusuf Xos Hojib,
Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy, Shayx Najmiddinov Kubro, Sulaymon Boqirg’oniy,
Abduxoliq G’ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Davoniy, Voiz Koshifiy va ulardan keyin ijod qilgan boshqa mutafak-kirlar islom ta’limotini, Qur’oni Karimni, payg’ambarimizning aytgan so’zlari, diniy va axloqiy yo’l-yo’riqlari, hikmatlaridan iborat manba-Hadisi Shariflarni yaxshi bilganlar, ularning ta’sirida ijod etib, kelgusi avlodlar uchun benazir meros qoldirganlar. Aslini olganda esa, mutafakkirlarimizning tabiy-ilmiy, ijtimoiy-falsafiy va ta’limtarbiyaga oid qarashlari-ning asosi, shuningdek, asarlarining mazmun – mohiyati va g’oyasi ham Qur’oni Karim va Hadisi Sharif ta’limotiga asoslanadi. Chunki biz nazarda tutayotgan davrdan boshlab savod o’rgatish Qur’oni Karim va Hadisi Shariflardagi pandnasihatlarni o’rganish va ulardagi ko’rsatmalarni o’zlashtirish bilan olib borilgan. Shunga ko’ra, Qur’oni Karim va Hadisi Shariflardagi pand-nasihatlar ham olimlar, ham adiblar ijodiga kuchli ta’sir etgan va islom ta’limoti allomalarimiz asarlarida ilmiy talqin etiladi. Bularda ilgari surilgan g’oyalar yosh avlodning ham aqliy, ham axloqiy jihatdan kamol topishiga, pedagogik fikr taraqqiyoti tarixida katta ahamiyatga ega bo’ldi.
Shunday qilib, biz islom ta’limotida, ta’lim-tarbiya masalalarining tutgan o’rnini tahlil etar ekanmiz, bu davr ma’naviy-ma’rifiy tafakkurining xarakterli tomoni shundaki, ma’naviyat, ma’rifat, odob-axloq sohasidagi tasavvur, fikr, bilimlar islom diniy aqidalari va ta’limotlarini ham bilimning, ilmiy tasavvurning bir ko’rinishi sifatida o’z ichiga singdirib yubordi. Dunyoviy ilmlar va diniy ilohiy tasavvurlar bir butun holda qabul etilib, inson ilmiy tushunchalari asosida talqin etilib, ular jahonga mashhur qomusiy mutaffakkir-larimiz asarlarida keng o’rin egalladi.
Diniy kitob
Анчадан бери ичимни кемирадиган бир муаммо ҳақида сўзламоқчиман. Бунинг сабаблари кўп.
Тошкент Ислом маъҳадида дарс бериш билан бирга, йигирма йилдан ошди, матбуот ва ноширлик фаолияти билан шуғулланаман. 2003-09 йиллари “Fikr Media” номли фирмада диний мазмундаги китоблар нашрини амалга оширдим. Шу давр мобайнида “Fikrat” номли журналга муассислик қилдим. “Fikr Media”нинг фаолияти судланиш билан якунланди. Корхона мол-мулкининг мусодараси, катта миқдорда жарима ва уч йил ноширлик фаолияти билан шуғулланмаслик менга берилган жазо бўлди. Камига фаолиятим қораланган телекўрсатув ҳам намойиш қилинди.
2014-йилдан “Qaqnus” корхонаси таъсис этилди. Ҳозир корхона қошида нашриёт ва босмахона фаолият юритмоқда.
Буларни мен ҳолидан шикоят қилиш ёки ўзидан қаҳрамон ясаш мақсадида ёзмаяпман. Чунки диний китоблар қимматлиги учун мени айблаб постлар қўйилганда ҳам, фаолиятимдаги муаммолар ҳақида ҳеч кимга нолимаганман. Фақат буларни ҳозирда изҳор қилишдан мақсадим, айтмоқчи бўлган масалам бўй-басти билан кўринсин. Ва асосийси ана шу муаммоларни ҳозирда бартараф этиш вақти келди, деган мулоҳазам бор.
Хуллас, мамлакатимизда диний китоблар нашри борасида бир қатор муаммолар бор. Масалан, китобларнинг Диний қўмита (Дин ишлари бўйича қўмита) томонидан экспертиза қилинишига тўхталсам. Қаттиқ меҳнат ёки катта ҳақ эвазига нашрга тайёрланган китобни Диний қўмитага топширасиз. Ҳали экспертизадан ўтмаган китобни нашрга тайёрлаш жараёнидаги таҳлика ҳақида ҳеч нарса демадим. Мазкур давр жараёнида уйда, кўчада ё ишхонада қўлга тушиб қолсангиз, рухсат олинмаган китобни нашрга тайёрлаш ёки тарқатиш айби билан судга тортилишингиз ҳеч гап эмас. Чунки бу тўғридаги қонунчилик хоҳлаган томонга бурилиш имконини берар даражада ноаниқ. Китобни Қўмитага топшириб, улар рухсат беришларини ойлаб ва ҳатто йиллаб кутишингиз мумкин. Худо ёрлақаб китобингизга рухсат чиқиб қолса, рухсатнома бланкасида Ўзбекистонда диний китоб нашрини монополия қилган 3-4 нашриёт ва босмахонанинг номи (бундай чеклов қайси қонун ва қарорга асосан амалга татбиқ қилинаётганини ҳали-ҳануз тушунмайман. Сўраганимда оғзаки буйруқ бор, дейишган), китоб тиражи ва нашр этиш муддати (ҳозирда шу жиҳат бекор қилинган) белгиланган бўлади. Рухсатномани белгиланган тўловни амалга оширгач қўлингизга оласиз ва яна тираж миқдорича голограммага ҳақ тўлаш мажбуриятида қоласиз. Ундан кейин нашриётлар нархини суриштириб, монополия соясида чиқариб берилган қиммат нархли нашриёт билан шартнома тузасиз (айни китобни сиз ўзингиз нашриёт ва босмахонангизда икки баробар арзонга чоп этишингиз мумкин. Лекин бунга ҳаққингиз йўқ). Агар нашриёт китобни экспертиза хулосасида кўрсатилган муддатда нашр қилиб бера олса, хўп-хўп, акс ҳолда яна қайта ҳаражат билан Диний қўмитадан рухсат олиш мажбуриятида қоласиз.
Охирида Қўмитага қилинган харажат ва монополист нашриёт қўйган нарх билан қимматлаган китобни китоб бозорига таклиф этасиз. У ердаги уддабурон сотувчилар бири китобингизни кўтарасига сотиб олади. Табиий, олдиндан пули тўланган, чекланган нусхада нашр этилган китобни сотувчи хоҳлаган нархида сотади. Шундоғам қиммат китоб нархи икки-ўн баробар қимматлашади. Чунки буёғи талаб ва таклифдан келиб чиқади.
Китоб нархини ушлаб туриш учун ношир уни кўтарасига сотмаслиги ҳам мумкин. Аммо қарзга олинган маблағни қайтариш мажбурияти ва сотувчиларнинг уддабуронлиги сабаб, барибир китобни кўтарасига сотишга мажбур бўлади.
Бу китобни ноширдан то ўқувчи қўлига етгунгача бўлган жараён. Бунда китобнинг муаллиф ёки таржимон қўлида тайёр бўлгунча бўлган қийинчиликларни айтмайман.
Энди муаммонинг мен тушунмайдиган жиҳатлари ва амалий таклифларга ўтсам.
Тушунмаган жиҳатларим: Диний соҳадаги қарийб ўттиз йиллик, матбуотдаги йигирма беш йиллик ва ноширликдаги ўн беш йиллик тажрибам бўла туриб ҳам, бу соҳада ҳамма қонуний ва молиявий жиҳатларни риоя қилиш мақсадида юридик шахслар ташкил этиб ҳам, ўз нашриёт ва босмахонамда нега диний адабиёт нашр ва чоп этишим мумкин эмас? Нима, шу китобларни экспертиза қиладиган, нашр ва чоп этадиган ташкилотдаги кишилардан кўра динни ҳамда сиёсатни кам тушунаманми? Агар динни улардан кам тушунган тақдиримда, давлатнинг масъул идорасидан экспертиза қилинган китобни наҳот ўз корхонамда нашр ва чоп қилишга ҳуқуқим бўлмаса? Бу саволнинг қадрини юридик шахс ташкил қилиб, ўнлаб кишиларни иш билан таъминлаб, давлатга солиқ тўлаётган кишилар жуда яхши тушунишади.
Бу соҳада ишларни тўғри йўлга қўйиш учун амалий таклифларим:
1. Диний мазмундаги китобни экспертиза қилиш, майли керакдир. Аммо уни диний билимга чуқурроқ эга бўлган кишилар томонидан, кўриб чиқиш муддати қатъий белгиланган тарзда амалга ошириш керак (охирги берган китобларим экспертизада 14 ойдан бери ётибди).
2. Китобнинг тиражини чекламаслик керак. Чеклаш китобнинг нархи кўтарилиб кетишига ва ҳозирда ҳукуматимиз томонидан қўлланаётган Ислом маърифатини кенг оммага етказиш ишига қаттиқ зарба беради.
3. Диний китобларни нашр этиш ҳуқуқини муайян нашриётларга бериш орқали бошқаларни чекламаслик лозим. Бу ҳолат зарарли монополияга олиб боради, китоб ва китобхонлик ишларига путур етказади ва асл мутахассис корхоналар ҳуқуқини ер билан яксон қилади. Қолаверса, диний экспертизадан ўтгандан кейин китоб жамият учун хавфсиз саналади. Шундай экан, бу китобни нашрга тайёрлаган нашриёт чоп қилишининг нима ёмон томони бор. Бу бировнинг боласини қўлидан тортиб олиб, бегонага бериб юборишга ўхшамайдими?
Хуллас, менинг бу борада гапим шу. Буни соҳадаги мантиқсизликлардан узоқ йиллардан бери азият чекаётган кишининг фикрлари, деб қабул қилинг. Муаммолар пайдо бўлганига анча вақт бўлган. Шунинг учун ҳозир бунга масъул бўлган идора ва шахслар гапларимни ўзингизга олманг. Балки ҳозирги ислоҳотлар даврида фикрларимни инобатга олсангиз, бундан фақат ютарсиз.
Буларни изҳор қилишимдан мақсад, юзага келган имкониятдан фойдаланиш, айримларга раддия бериш ва соҳадага ишларни ислоҳ қилишга ожизона бир уриниш холос.
Мубашшир АҲМАД