Muqaddas Kitob
Muqaddas Kitobdagi 66 kitobdan ba’zilari bu qoidalardan mustasno tarzda nomlangan. Ularning nomlanishi sabablari o‘sha kitoblarning kirish qismlarida tushuntirilgan (misol uchun, Chiqish kitobi).
Muqaddas kitoblar
TAVROTDAGI BASHORAT
Alloh taolo Muso payg’ambarga shu zamondagi xalqning axvol ruhiyasiga mos qonun-qoidalar basn etilgan Tavrotni nozil qildi. Bu muqaddas kitobda parvardigori olam yuborajak payg’ambarlari haqida xabar bergan. Tavrotning 5-pora, 8-bobida oxir zamon payg’ambari haqida ham bashorat qilinib, Muso alayhis-salomga: “Bu payg’ambarlar orasidan senga o’xshagan bir payg’ambarni yuboraman, og’ziga kalomimni solaman, u o’z ummatiga men buyurgan hamma narsani aytib beradi. Mening nomimdan aytgan so’zlariga quloq solmagan odamdan intiqom olaman. Menga takabburlik qilishga jur’at etgan, men buyurmagan narsalarni mening yoki boshqa ilohlarning nomidan gapiradigan payg’ambarlar o’limga mahkum. Chin payg’ambarlar bilan yolg’on payg’ambarlarni bir-biridan ajratish oson: payg’ambarlik da’vosini qilgan odam mening nomimdan aytganlari amalga oshmasa, u o’zini ulug’lashni ko’zlagan yolg’onchidir”, deyiladi. Yahudiylar bu bashorat
Muso alayhis-salomning o’rinbosari Yusha ibn Nun haqida aytilgan deyishadi. Vaholanki, ular Iso alayhis-salom davrida u kishidan boshqa payg’ambar kelishini kutishar, shu bois yuvingan* Yuhanno (Yahyo)ga odam yuborib: “Sen Ilyomi?” – deb so’rashganda, u kishi: “Yo’q”, deganlar. “Sen Isomi?” – deb qiziqsinishganda ham yo’q deganlar. “Sen payg’ambarmi?” deb qisti-bastiga olishganda ham rad javobini berganlar. Ular ajablanib: “Ilyo bo’lmasang, Iso bo’lmasang, payg’ambar ham bo’lmasang, nega yuvinding?” deb so’rashgan. Bundan shu narsa oydinlashadiki, Tavrotda Ilyo, Muso va Iso davrigacha hali dunyoga kelmagan payg’ambar haqida bashorat berilgan. Bu muqaddas kitobda Muhammad alayhis-salomning Muso payg’ambarga o’xshashligi aytiladi. Tavrotning 5-porasida: “Bani Isroilda Musoga o’xshash payg’ambar dunyoga kelgani yo’q”, deyiladi hamda Ollohga tuhmat qiluvchi payg’ambar o’ldirilajagi ta’kidlanadi. Bu kalom Qur’onning Hoqqa surasidagi: “Agar u bizning nomimizni sotib uydirmachilik qilsa, uni albatta qahrimizga olardik, keyin shaksiz katta qizil tomirini uzib tashlardik”, degan 44-46-oyatlariga uyg’un. Muhammad alayhis-salom yigirma uch yil mobaynida mushrik va yahudiylardan iborat ashaddiy dushmanlari orasida yashab, ularni islom diniga da’vat qildilar, shunday qaltis vaziyatda Olloh u kishini dushmanlarning suiqasdlaridan omon saqladi. Hamma narsaga qodir Olloh payg’ambarga bo’hton yog’dirgan odamning ta’zirini berib qo’yolmaydimi? Haq taolo Qur’ondagi Sho’ro surasining 24-oyatida: “Ular: u (ya’ni payg’ambar) Xudoning nomidan yolg’onni do’ndirdi, deyishadi. Olloh istasa, qalbingni muhrlab qo’yardi. U botilni yo’qqa chiqaradi, o’z kalomi orqali haqni yuzaga chiqaradi. Olloh ko’ngildagi narsalarni ham bilguvchidir”, deydi. Bu bashorat payg’ambarimizniig kelajakda yuz beradigan ishlar haqidagi aytgan fikrlari rostligini tasdiqlaydi. Sarvari olam ko’p narsalar haqida oldindan bashorat qilganlar. U kishining aytganlari aynan yuz bergan, hatto boshqalar tasavvur ham qilolmaydigan voqea-hodisalarni ham oldindan ko’ra bilganlar. Masalan, rumliklar forslar tomonidan halokatga uchrab poytaxti Konstantinopol qo’ldan ketay deb turgan bir paytda, rasululloh rumliklarning kelajakda dushmandan g’olib kelib, o’z yerlarini qaytarib olajagini bashorat qilganlar. Bu xabar sarvari olamga Olloh tomonidan vahiy qilingan. Payg’ambarning aytganlariga shubhalangan quraysh mushriklari Abubakir Siddiq bilan o’rtaga mol tikib bahs boylashgan (Keyinchalik bahs boylashish qimorning bir turi sifatida man etilgan). Rasulullohning aytganlari ro’yobga chiqib, rumliklarning qo’li baland kelgach, Abubakir Siddiq garovda ancha-muncha narsa yutib olgan. Xudo xohlasa bunday bashoratlar haqida o’rni kelganda yana to’xtalib o’tamiz.
Qozi Iyozning “Shifo” nomli asarida aytilishicha, Ato ibn Yasar Abdulloh ibn Amr ibn Osdan Rasulullohning sifatlari haqida so’raganda Abdulloh: “Ollohning nomi bilan qasamyod qilamanki, payg’ambarimizning Qur’onda aytilgan ba’zi sifatlari Tavrotda ham zikr etilgan: ey payg’ambar, seni guvoh, bashoratchi, ogohlantiruvchi va ummilar (ya’ni omilarga) qo’rg’on qilib yubordim. Sen mening bandam va rasulim (ya’ni elchim)san, men seni mutavakkil (xudoga suyanguvchi) deb atadim. Sen qo’pol va to’ng emassan, bozorlarda shovqin-suron solmaysan; yomonlik qilganlardan qasd olmay keshlik bilan afu etasan; adashgan xalq la iloha illalloh (ya’ni Ollohdan boshqa iloh yo’q) deya imon keltirish bilan haqiqatni ko’rmas ko’zlari, tinglamas quloqlari, anglamas dillari ochilgandan keyingina yaratgan egang seni qabzi ruh qiladi (ya’ni joningni oladi).
Tavrotda payg’ambar alayhis-salom yana shunday ta’riflanadilar: “U bozorlarda baqirib-chaqirmaydi, xunuk so’zlarni og’ziga olmaydi, uni yaxshi ishlarga muvaffaq qilaman, go’zal axloqqa erishtiraman. Libosi tamqinlik, sifati yaxshilik, vijdoni taqvodorlik, so’zlari hikmat bo’ladi. Rostgo’ylik va vafo qon-qoniga singadi. Keng fe’llik, mehribonlik odatiga aylanadi. Har qanday holatda haqqoniy, shariati haq, imoni hidoyat, dini islom bo’ladi. Uning ismini Ahmad deb atayman, gumrohlikdan hidoyatga olib chiqaman. Ahmad orqali qarama-qarshi dillarni, tizginsiz havaslarni, turli millatlarni ‘birlashtiraman”. Rostgo’y va ishonchli payg’ambar alayhis-salomning aytishlaricha, Olloh u zotni Tavrotda bunday ta’riflaydi: “Mening tanlagan bandam Ahmad Makkada tavallud topib, Madinaga hijrat qiladi, uning ummati har qanday vaziyatda menga – Ollohga shukr qilguvchylardan bo’ladi”.
*Yuvinish – Nasroniy dinida yangi tug’ilgan bola va nasroniy dinini qabul qilgan kishilarning Xudo, Iso va Ruhulquddus nomi bilan yuvinshi ko’zda tutilmoqda.
INJILDAGI BASHORAT
Iso alayhis-salom o’z qavmiga Injilda Forqilit degan ism zikr etilishi haqida xabar beradilar. Forqilitning ma’nosi Muhammad bilan Ahmadga yaqin. Buni Ollohning Saf surasidagi 6-oyati tasdiqlaydi: “Shunda Maryamning o’g’li Iso: ey Isroil avlodi, men sizlarga chindan ham Xudo tomonidan yuborilgan, mendan oldin kelgan tavrotni tasdiqlaguvchi, mendan keyin keladigan Ahmad ismli payg’ambar bilan bashorat berguvchi Xudoning elchisiman”, dedi. Isoyi Masih Forqilitni bizning payg’ambarimizga mos keladigan sifatlar bilan ta’riflagan: “Forqilit insonlarni qilgan xatolari uchun ayblaydi, ularga bor haqiqatni o’rgatadi, chunki u o’z maylicha emas, Ollohdan eshitganlarini bayon etadi”. Qur’onda Va-n-najm surasining ,4-oyatida: “Muhammad o’z maylicha emas, Ollohdan kelgan vahiylarni aytadi”, deyiladi. Injilning uzoq vaqt jaholat to’zoniga ko’milib, yaqindagina topilgan Barnobo* nusxasida rasulullohning ismi ochiq zikr etilgan.
*Barnobo – Injilning arabchaga tarjima qilinib, Misrda chop etilgan nusxasi.
MUQADDAS KITOBGA KIRISH
Muqaddas Kitob jami 66 ta muqaddas bitikdan iborat bo‘lib, bu bitiklar “kitoblar” deb yuritiladi. Shu sababdan mazkur Muqaddas Kitob ko‘p tillarda “Bibliya” deb nomlanadi. Bu nom yunoncha bo‘lib, “o‘rama qog‘ozlar”, ya’ni “kitoblar” ma’nosini ifodalaydi. Ushbu 66 ta kitob taxminan 1500 yil mobaynida 40 nafar muallif tomonidan yozilgan. Mazkur kitoblar turli adabiy janrlardan, chunonchi, tarixiy voqea, nasabnoma, she’r, hamdu sano, marsiya, bashorat, tanbehu nasihat, hikmatlar va maktublardan iborat.
KITOBLARNING NOMLARI
Muqaddas Kitob tarkibidagi ayrim kitoblar o‘sha kitobni yozgan muallifning ismi bilan yoki uning aksariyat qismini yozgan odamning nomi bilan atalgan. Birinchisiga “Xabaqquq payg‘ambarning kitobi”, ikkinchisiga “Sulaymon payg‘ambarning hikmatlari” misol bo‘la oladi.
Ba’zi kitoblar bosh qahramonning ismi bilan nomlangan. Misol uchun, “Rut kitobi” va “Ayub payg‘ambar kitobi”.
Yangi Ahd tarkibidagi aksariyat kitoblar aslida maktublar bo‘lib, ma’lum bir kishiga yoki bir guruh odamlarga yozilgan. Bunday hollarda maktub muallifning nomi bilan yoki maktub yo‘llangan guruhning yoxud kishining nomi bilan ataladi. Masalan, “Yoqubning maktubi”, “Pavlusning Rimliklarga maktubi”, “Pavlusning Filimo‘nga maktubi”.
Muqaddas Kitobdagi 66 kitobdan ba’zilari bu qoidalardan mustasno tarzda nomlangan. Ularning nomlanishi sabablari o‘sha kitoblarning kirish qismlarida tushuntirilgan (misol uchun, Chiqish kitobi).
Ba’zi kitoblar bir xil nomlangan bo‘lib, ular faqat raqamlariga ko‘ra farq qiladi.
Raqam kitob nomining qisqartirilgan variantidan oldin qo‘yiladi. Masalan, “4 Shohlar” qadimgi Isroilda hukmronlik qilgan shohlar haqidagi to‘rtinchi kitobni, “1 Yuhanno” havoriy Yuhanno yozgan birinchi maktubni bildiradi.
KITOBLARNING JOYLASHISH TARTIBI
Muqaddas Kitob tarkibidagi 66 ta kitob xronologik tarzda joylashmagan. Bu kitoblarni tartibga solishning bir nechta an’anasi mavjud. O‘zbekcha tarjima mazkur mintaqada qo‘llanilgan tartibga rioya qilgan.
Iso Masih yashagan davrdan oldin yozilgan kitoblar “Eski Ahd” deb, U yashagandan keyin yozilgan kitoblar “Yangi Ahd” deb ajratiladi. Eski Ahdning asosiy mavzusi Xudoning Isroil xalqi bilan bo‘lgan munosabatidir. Bu munosabat Xudoning Muso orqali Isroil xalqi bilan tuzgan ahdiga asoslangan. Yangi Ahdning asosiy mavzusi Iso O‘zini qurbon qilgani va buning natijasida dunyoni Xudo bilan yarashtirganidir. Endi har bir inson, millatidan qat’iy nazar, Iso Masihga ishonsa va gunohlaridan tavba qilsa, uning gunohlari kechiriladi, bu inson Xudoning xalqiga tegishli bo‘ladi. Xudo O‘z xalqi bilan Iso Masih orqali ulug‘roq va a’loroq va’dalarga asoslangan yangi ahd tuzdi. Shu sababga ko‘ra, Muqaddas Kitob ikki qismga bo‘linib, “Eski Ahd” va “Yangi Ahd” deb ataladi.
ESKI AHD KITOBLARINING QISQACHA TAVSIFI
Eski Ahd 39 ta kitobdan iborat bo‘lib, bu kitoblar miloddan oldingi o‘n beshinchi va
beshinchi asrlar oralig‘ida yozilgan. Bu kitoblarning qariyb hammasi qadimgi ibroniy tilida yozilgan. Faqatgina Ezra va Doniyor kitoblaridagi ayrim parchalar oramiy tilida yozilgan, xolos.
Tavrot
Eski Ahdning dastlabki beshta kitobi (Ibtido kitobidan Qonunlar kitobigacha) Muso payg‘ambar tomonidan yozilgan. Bu majmua o‘zbek tilida “Tavrot” deb ataladi. Ibtido kitobi Xudo olamni va ilk odamlarni — Odam Ato bilan Momo Havoni yaratgani haqidagi voqealar bilan boshlanadi. So‘ng insoniyat gunoh qilgani va Nuh payg‘ambar davrida Xudo butun yer yuziga to‘fon yuborib, odamzodga jazo bergani haqida bayon qilinadi. Kitob davomida hikoya qilinishicha, Xudo Ibrohim payg‘ambarni da’vat qiladi, uni Kan’on yurtiga boshlab boradi. Ibrohim befarzand bo‘lishiga qaramay, Xudo uni buyuk xalqning otasi qilishga va’da berib, butun yer yuzidagi xalqlar u orqali baraka topishini aytadi. Xudo O‘z va’dasini bajargani Ibrohimning o‘g‘li Is’hoq, nabirasi Yoqub va chevarasi Yusuf haqidagi hikoyalardan ko‘rishimiz mumkin. Xudo Yusuf orqali Yoqubni va uning xonadonini Kan’on yurtidagi qahatchilikdan asrab, Misrga olib boradi. U yerda Ibrohimning avlodi nihoyatda ko‘payib, Isroil xalqi degan nom bilan taniladi.
Isroil xalqi Misrda 400 yil qolib ketadi.
Tavrotning ikkinchi kitobi “Chiqish” deb nomlangan bo‘lib, Yoqub naslining o‘n ikki qabilasi, ya’ni Isroil xalqi Misrda qullik zulmidan azob chekayotgani haqidagi hikoya bilan boshlanadi. Xudo Muso payg‘ambar orqali Isroil xalqini mo‘jizalar orqali ozod qilib, Misrdan olib chiqadi. Bu voqea taxminan miloddan oldingi 1440 yilda yuz bergan edi. Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin sahroda qirq yil davomida boshidan kechirgan voqealar Tavrotning qolgan uchta kitobida — “Levilar”, “Sahroda” va “Qonunlar”da hikoya qilingan. O‘sha davrda Xudo Muso payg‘ambar orqali Isroil xalqi bilan ahd tuzadi. O‘sha ahdda Xudoning amrlari va qonunlari batafsil bayon qilingan. Bu amrlarga va qonunlarga rioya qilgan insonlarga Xudo: “Men sizlarni O‘zimning xalqim qilaman, sizlarning Xudoyingiz bo‘laman”, deb alohida va’da bergan. Ammo bu amrlarni va qonunlarni buzgan odamlarni Xudo jazolagan. Xudoning O‘z xalqi Isroil bilan bo‘lgan munosabati mana shu ahdga asoslangani bois, Eski Ahdda bayon qilingan aksariyat voqealar va Isroil xalqining tarixi shu munosabatlar haqida hikoya qiladi.
Isroil xalqi tarixi
Muqaddas Kitob tarkibida Tavrot kitoblaridan keyin o‘rin olgan 12 ta kitob (Yoshua kitobidan Ester kitobigacha) Isroil xalqi tarixining taxminan 1000 yillik davrini qamrab oladi. Bu davrda Isroil xalqi Kan’on yurtini zabt etib, o‘sha yerlarga o‘rnashadi.
Taxminan 350 yil davomida Isroil xalqining o‘n ikki qabilasini Xudo tomonidan tayinlangan hakamlar boshqaradi. Hakamlar davridan keyin Isroil xalqining o‘n ikki qabilasi Isroil shohligini barpo qilib, Shoulni shoh qilib taxtga o‘tirg‘izadi. Dovud Isroilning ikkinchi shohi bo‘ladi. Dovud vafot etgandan keyin uning o‘g‘li Sulaymon taxtga chiqib, Quddusda Xudoga atab Ma’bad quradi. Sulaymonning o‘g‘li Raxabom hukmronligi davrida Isroil shohligi ikkiga bo‘linib, shimolda Isroil shohligi va janubda Yahudo shohligi paydo bo‘ladi. Ikkala shohlikning aholisi va hukmdorlari oldiga Xudo O‘z payg‘ambarlarini yuboradi. Ular aholini, butlarga sig‘inmanglar, Xudoga yuz buringlar, Uning amrlarini bajaringlar, deb undaydi. Ammo xalq payg‘ambarlarning
gaplariga quloq solmaydi. Oqibatda Xudo ikkala shohlik aholisini itoatsizligi uchun jazolab, dushmanlar qo‘liga topshiradi. Dushmanlar Isroil va Yahudo xalqlarini asirlikka olib ketadi. Oradan ancha yillar o‘tgandan keyin, Yahudo shohligidan surgun qilingan ayrim odamlar Quddusga qaytib kelib, Ma’badni va shahar devorini qayta quradilar.
Xalqning aksariyat qismi esa surgunda yashab qolaveradi. Ulardan ba’zilari o‘zlari surgun bo‘lgan davlatlarda yuqori martabalarni egallaydilar.
Donishmandlik kitoblari
Navbatdagi beshta kitob (Ayub kitobidan “Sulaymon payg‘ambarning go‘zal qo‘shig‘i” kitobigacha) “donishmandlik kitoblari” deb ataladi. Ayub kitobi zamirida barcha zamonlarda dolzarb bo‘lgan quyidagicha savol yotadi: “Nima uchun Xudo solih kishilarning bu hayotda azob tortishlariga yo‘l qo‘yadi?” Zabur kitobi sanolardan tashkil topgan bo‘lib, dastlab bu she’rlar kuyga solingan va Xudoga hamdu sano, madhiya qo‘shiqlari tarzida musiqa asboblari jo‘rligida ijro etilgan. Hikmatlar kitobi maqol, matallar shaklidagi axloqiy va diniy ta’limotlardan iborat. Voiz kitobi inson hayotining maqsadi va mohiyati haqida chuqur o‘ylagan donishmand Voizning fikrlaridan iborat. “Sulaymon payg‘ambarning go‘zal qo‘shig‘i” kitobi sevgi haqidagi she’rlar to‘plamidir.
Payg‘ambarlar
Eski Ahdning so‘nggi 17 ta kitobi (Ishayo kitobidan Malaki kitobigacha) asosan payg‘ambarlarning xabarlari va bashoratlaridan tashkil topgan. Bu payg‘ambarlar miloddan oldingi 850-400 yillar oralig‘ida faoliyat ko‘rsatganlar. Bu davrlarda Isroil va Yahudo shohliklari alohida–alohida mustaqil davlat bo‘lgan, ikkala shohlik aholisi surgun qilingan va Yahudo xalqidan ba’zilari ona yurtiga qaytib kelgan edi.
Payg‘ambarlar xalqni gunohlari uchun tavba qilishga, butlarga sajda qilmaslikka, Xudoga yuz burishga, Uning amrlarini bajarishga, solih hayot kechirishga undaganlar. Payg‘ambarlar kelajak haqida ko‘p bashoratlar qilganlar. Ko‘pincha bu bashoratlarda ramziy obrazlardan foydalanilgan va ular she’riy uslubda yozilgan. Mazkur payg‘ambarlar orasida o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish bo‘lgan Doniyor ham bor.
Ishayo, Yeremiyo, Hizqiyol va Doniyor payg‘ambarlarning bitiklari “Katta payg‘ambarlar” degan nom bilan yuritiladi, chunki ularning bitiklari boshqa payg‘ambarlarnikiga qaraganda ancha katta. Qolgan o‘n ikkita payg‘ambarning bitiklari qisqa bo‘lgani bois, ular “Kichik payg‘ambarlar” degan nom bilan yuritiladi. Bu bitiklar kotiblar tomonidan bir o‘rama qog‘ozga ko‘chirilgan.
Payg‘ambarlar kitoblari xronologik tarzda joylashmagan. Qaysi payg‘ambar qachon faoliyat ko‘rsatgani haqida ma’lumot olish uchun mazkur nashrga ilova qilingan “Jadvallar” bo‘limida berilgan “Eski Ahd xronologiyasi jadvali” qismiga qarang.
YANGI AHD KITOBLARINING QISQACHA TAVSIFI
Yangi Ahd 27 ta kitobdan tashkil topgan bo‘lib, bu kitoblar Iso Masih osmonga ko‘tarilib ketgandan 1 keyin, milodiy birinchi asrda yozilgan. Bu kitoblar to‘plami o‘zbek tilida “Injil” deb ham yuritiladi. Yangi Ahdda bayon qilingan barcha voqealar Rim imperiyasi hududida sodir bo‘lgan edi.
1 taxminan milodiy 30 yil
Yangi Ahd kitoblari qadimiy yunon tilida yozilgan. Matnda yunon harflari bilan yozilgan ba’zi oramiycha so‘zlar va iboralar ham bor, chunki Yaqin Sharq mintaqasida oramiy tili keng qo‘llangan edi. Yangi Ahddagi ko‘plab dialoglar aslida oramiy tilida bo‘lgan edi.
Xushxabarlar
Yangi Ahdning dastlabki to‘rtta kitobi (Matto kitobidan Yuhanno kitobigacha) Iso Masihning tug‘ilishi, hayoti, ta’limoti, o‘limi va tirilishi haqidagi voqealardan iborat. Iso Masih O‘zi keltirgan xabarni “Xushxabar” deb ataydi, shu boisdan ham dastlabki to‘rtta kitob “Xushxabarlar” degan nom bilan yuritilgan. Bu Xushxabarlarni Iso Masihni shaxsan tanigan odamlar yoki ularning guvohligini bevosita eshitgan boshqa mualliflar yozganlar. To‘rtala kitob uslub jihatdan va ayrim ma’lumotlarga ko‘ra bir–biridan farq qiladi, ayniqsa, Yuhanno bayon etgan Xushxabar boshqa Xushxabarlardan alohida ajralib turadi. Bu farqlar muallif kitobni qay maqsadda va kimga atab yozganiga bog‘liq. Bu kitoblar yaxlit holda Iso Masih haqida to‘liqroq ma’lumot berib, Uning hayotini bitta kitobda yozilgandan ko‘ra ko‘proq yoritadi.
Ilk masihiylar jamoatining tarixi
Navbatdagi kitob “Havoriylarning faoliyati” deb nomlangan bo‘lib, unda Iso Masih osmonga ko‘tarilib ketgandan keyin, dastlabki yillarda shogirdlarning olib borgan faoliyati tasvirlanadi. Isoning bu shogirdlari va ilk jamoat yetakchilaridan ba’zilari “havoriy” 2 degan nom bilan tanilganlar. Kitobda Iso Masih haqidagi Xushxabar Quddusdan butun Rim imperiyasiga yoyilgani haqida hikoya qilinadi. Shu mavzu bilan bog‘liq holda kitobning aksariyat qismida havoriy Pavlusning safarlari bayon qilinadi. Kitobda bayon qilinishicha, Pavlus Rim imperiyasiga qarashli ko‘p shaharlarga borib, yahudiy va g‘ayriyahudiylarga Masih haqida va’z qilgan va hatto imperiya poytaxti Rimga ham yetib borib, u yerda ko‘pchilikka Xushxabar aytgan. Pavlus Rimdagi uy qamog‘ida ekani haqidagi ma’lumot kitobga yakun yasaydi.
Maktublar
Havoriylar kitobidan keyin 21 ta maktub keladi. Bu maktublarni Iso Masihning ba’zi havoriylari Uning izdoshlariga yozib, imonda o‘sish, solih hayot kechirish borasida nasihatlar berganlar. Mazkur maktublarning aksariyat qismi turli joylarda istiqomat qiluvchi imonlilar guruhlariga yozilgan, faqat to‘rtta maktub muayyan shaxslarga yo‘llangan.
Odatda ushbu maktublar ikki guruhga bo‘lingan: 1) Pavlus yozgan maktublar, 2) Boshqa havoriylar yozgan maktublar. Mazkur mintaqada ko‘p ishlatiladigan boshqa tarjimalardagi kabi, o‘zbekcha tarjimada ham boshqa havoriylar yozgan maktublar Pavlusning maktublaridan oldin kelgan. Ibroniylarga maktub Pavlusning maktublari qatorida joylashtirilgan, ammo bu maktubning muallifi aniq emas va bu haqda olimlar hanuzgacha munozara qilmoqdalar.
Maktublar xronologik tartibda joylashmagan. Yangi Ahddagi xronologik tartib haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun mazkur nashrga ilova qilingan “Jadvallar” bo‘limida berilgan “Yangi Ahd xronologiyasi jadvali” qismiga qarang.
Apokaliptik 3 janrdagi kitob
Yangi Ahd Vahiy kitobi bilan yakunlanadi. Bu kitob Yangi Ahd tarkibidagi barcha kitoblardan keyin yozilgan, deb taxmin qilinadi. Ushbu kitob majoziy obrazlarga nihoyatda boy bo‘lib, unda Xudoning kelajakda dushmanlar ustidan g‘alaba qozonishi va Xudoning abadiy shohligi barqaror bo‘lishi haqida hikoya qilinadi.
MUQADDAS KITOB — YAXLIT BIR ASAR
Shuni tushunib olish muhimki, Yangi Ahdda Xudo ayon qilgan haqiqat Eski Ahddagi haqiqatni bekor qilmaydi. Aksincha, Eski Ahd haqiqati Yangi Ahd haqiqati uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Yangi Ahd, o‘z navbatida, Eski Ahddagi g‘oyalarni to‘ldiradi. Iso Masih Eski Ahdni mukammal bilgan edi, shu bois odamlarga ta’lim berganda Eski Ahddan ko‘plab iqtiboslar keltirgan. Iso shunday degan: “Meni, Tavrot yoki payg‘ambarlarning bitiklarini bekor qilgani kelgan, deb o‘ylamanglar. Men bekor qilgani emas, balki bajo keltirgani keldim” (Matto 5:17). Yangi Ahd mualliflari ham o‘z kitoblarida Eski Ahddan ko‘p foydalanib, ba’zan undan iqtibos keltirganlar, ba’zan esa undagi gaplarni o‘z so‘zlari bilan yozganlar.
Shunisi diqqatga sazovorki, Muqaddas Kitob tarkibidagi barcha bitiklar turli janrlarda, har xil vaziyatda va turli davrlarda yashagan mualliflar tomonidan yozilganiga qaramay, hammasi birgalikda ajoyib uyg‘unlikni namoyon qiladi. Xudoning kimligiyu Uning qanday ish yuritishi, odamzodning fe’l–atvori, xatti–harakati haqidagi g‘oyalar, markaziy mavzu bo‘lgan Xudo bilan insoniyatning yarashuvi haqidagi xabar Muqaddas Kitobda izchil yoritilgan. Yarashuv haqidagi bu xabar, asosan, hikoyalar orqali, ya’ni odamlar bilan Yaratuvchi Xudo o‘rtasidagi munosabatga oid voqealar orqali yetkaziladi. Muqaddas Kitob mualliflari voqealarni samimiy ravishda, odamlarning gunohlarini yashirmagan holda ro‘y–rost bayon qiladilar. Har bir inson haqidagi hikoya Xudo haqidagi katta hikoyaning bir qismini tashkil etadi. Muqaddas Kitobda bayon qilingan voqealardan shuni anglashimiz mumkinki, dunyo yaratilgandan beri, Xudo har bir odamni O‘ziga chorlab kelmoqda.
Asrlar davomida imonli odamlar ushbu kitoblarni Xudo tomonidan yuborilgan muqaddas bitiklar deb bilganlar. Darhaqiqat, Muqaddas Kitobda bu borada shunday yozilgan: “Muqaddas bitiklarning hammasi ilohiy ilhom bilan yozilgan” (2 Timo‘tiy 3:16), “Muqaddas bitiklardagi bashoratlarning hech biri payg‘ambarlarning shaxsiy talqini emas. Hech bir haqiqiy payg‘ambar o‘zining insoniy xohishi bilan bashorat qilgan emas. Bu payg‘ambarlar Muqaddas Ruh tomonidan boshqarilib, Xudoning so‘zlarini gapirganlar” (2 Butrus 1:20-21). Muqaddas Kitobni o‘qigan insonlar haqiqatni qidirganlarida, qaysi zamonda yashashlaridan qat’iy nazar, Muqaddas bitiklarning qudrati va hokimiyatidan voqif bo‘lganlar. Zero, Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: “Mening so‘zim olovday kuydiradi. Qoyani yoradigan bolg‘aday zarba beradi” (Yeremiyo 23:29), “Xudoning kalomi jonli va ta’sirli, har qanday dudama qilichdan o‘tkirroqdir. U jon bilan ruhni, bo‘g‘inlar bilan ilikni ajratgudek suqilib kiradi. Xudoning kalomi xayolu yurakning niyatlarini fosh etadi” (Ibroniylar 4:12).
2 To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi HAVORIY so‘ziga qarang.
3 ya’ni oxirzamonga oid bashoratlar va vahiylar