Press "Enter" to skip to content

2020-2021 oʻquv yili uchun qaysi darsliklar qayta va yangidan nashr etilyapti

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarning markazidagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari tajriba-sinov tariqasida elektron shaklda amalga oshiriladi.

Bolalarni 1-sinfga qabul qilish tartibi ma’lum qilindi

“Ta’lim to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunga asosan bolalar 1-sinfga yetti yoshga to‘ladigan yilda (2014 yil 1 yanvaridan 31 dekabrigacha tug‘ilgan bolalar) qabul qilinadi.

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarning markazidagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari tajriba-sinov tariqasida elektron shaklda amalga oshiriladi.

Qabul jarayonlari 2 bosqichda bo‘ladi:

1-bosqichda ota-onalar 2021 yilning 15 iyunidan 5 iyuliga qadar my.maktab.uz elektron plaftormasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, farzandlari 1-sinfga chiqadigan maktablarni tanlaydilar. Bunda 3 ta maktabni tanlash imkoniyati beriladi.

– Birinchi maktab – ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan mikrohududdagi maktab;

– Ikkinchi va uchinchi maktablar – ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarini qatnashi uchun qulay bo‘lgan maktablar.

2-bosqichda 2021 yilning 6 iyulidan 31 iyulga qadar ota-onalar elektron plaftorma orqali tanlagan birinchi maktabga, ya’ni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradilar, bunda hujjatlarni topshirish to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi.

Agar ota-onalar mikrohudduddagi maktabni emas, boshqa maktablarni tanlagan bo‘lsa, ya’ni elektron ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida bo‘sh o‘rinlar bo‘lgan taqdirda 1-15 avgust kunlari hujjatlarini topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Qolgan hududlarda 1-sinfga qabul an’anaviy shaklda, ya’ni bevosita maktabda amalga oshiriladi.

Bunda ota-onalar 15 iyundan -15 iyulga qadar doimiy yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandlarini 1-sinfga joylashtrish uchun hujjatlarini bevosita topshirishlari mumkin.

Shuningdek, 16 iyuldan 15 avgustga qadar ota-onalarga ixtiyoriy tanlov asosida boshqa maktablarga, ya’ni mikrohududiga kirmasa ham bo‘sh o‘rinlar bo‘lsa, farzandlarini 1-sinfga qabul qilish uchun boshqa maktabga hujjatlarini topshirish imkoniyati beriladi.

Eslatib o‘tamiz, “Ta’lim to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunga asosan bolalar 1-sinfga yetti yoshga to‘ladigan yilda (2014 yil 1 yanvaridan 31 dekabrigacha tug‘ilgan bolalar) qabul qilinadi.

Mazkur qonun talablari mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha ta’lim muassasalari uchun majburiydir.

2020-2021 oʻquv yili uchun qaysi darsliklar qayta va yangidan nashr etilyapti?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi va Respublika taʼlim markazi hamkorligida “KOLORPAK“ va ”GREDO PRINT GROUP“ MCHJlari hamda ”Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyiga press-tur tashkil etildi.

Respublika taʼlim markazi direktori Shuhrat Sattorov ishtirokchilarga 2020-2021 oʻquv yili uchun nashr etilayotgan darsliklarga kiritilgan yangiliklar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Jurnalistlarning yangi chop etilayotgan darsliklar saviyasi va ularning avvalgi kitoblardan farqli jihatlari xususidagi savollariga javob berdi.2020-2021 oʻquv yili uchun rejaga asosan 1-, 4-, 5-sinflarning jami 558 nomdagi darslik va oʻquv-metodik qoʻllanmalar chop etilishi rejalashtirilgan. Shundan:

  • 346 nomda – umumtaʼlim maktablari uchun;
  • 160 nomda – imkoniyati cheklangan bolalar uchun;
  • 52 nomda – multimedia ilovalari.

Umumtaʼlim maktablarning 346 nomdagi (27,9 mln.) darsliklarning 118 nomdagisi (34,1%) original maketlar va 228 nomdagisi (65,9%) tarjima maketlar hisoblanadi.Darslik va oʻquv-metodik qoʻllanmalarni nashrga tayyorlashda asosiy eʼtibor mazmun va sifat jihatidan xalqaro talablarga javob berishiga qaratildi. Buning uchun amaliyotchi oʻqituvchilar hamda fan metodistlari hamda salohiyatli olimlar tomonidan darsliklar bir necha bor ekspertizadan oʻtkazildi.

Ekspertiza xulosalari asosida esa darsliklar mualliflari, nashriyot xodimlari hamda fan metodistlari hamkorligida darsliklar qayta ishlanib, mazmuni va illyustratsiyalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Bugungi kunda qayta nashrga tavsiya etilgan illyustratsiyasi eskirib ketgan, yorqin ranglarda boʻlmagan, chizilgan rasmlar oʻzining jozibadorligini yoʻqotgan darsliklarni takomillashtirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu yilgi chop etiladigan darsliklar qayta nashrdagi darsliklar boʻlganligi sababli asosiy urgʻu darsliklarning mazmuni va dizayniga qaratildi.

Hozirga qadar Respublika taʼlim markaziga foydalanuvchilarimiz tomonidan 8000 dan ortiq takliflar kelib tushdi. Darsliklar yuzasidan kelib tushayotgan oʻrinli taklif va mulohazalar Markazning fan metodistlari tomonidan oʻrganib chiqilib, darsliklarni davriylik asosida nashrga tayyorlash jarayonida inobatga olinmoqda. Darsliklar yuzasidan kelib tushgan takliflarga mutaxassis hamda metodistlar tomonidan tayyorlangan javoblar foydalanuvchilarga yuborilmoqda. Shuningdek, “Darsliklar muhokamasi” telegram kanaliga joriy yilda yangi va qayta nashr etiladigan darsliklarning PDF nusxalari bosqichma-bosqich qoʻyib borilmoqda. Hozirgi kunga qadar bu kanalimizga 225 dan ortiq takliflar kelib tushdi.

Takliflarning asosiy qismi darslik mazmuni, bir qismi darslik dizayni hamda darslikdagi imlo xatolar toʻgʻrisida boʻlib, ushbu takliflar darsliklarni nashrga tayyorlash jarayonida inobatga olinmoqda.2020-2021 oʻquv yilida chop etiladigan darsliklarga kiritilgan oʻzgarishlar quyidagilar hisoblanadi. Joriy yildan 1-9-sinflar uchun “Tarbiya”, 5-, 8-, 9-sinflar uchun “Informatika”, 4-,5-sinflar uchun “Texnologiya”, 4-sinf “Oʻzbek tili”,10-11-sinflar uchun “Ona tili” va “Oʻzbek tili” oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar yaratilishi asosiy yangiliklardan hisoblanadi. Darsliklarni nashrga tayyorlashda birinchi navbatda, oʻquvchilarning yoshi va psixo-fiziologik xususiyatlari inobatga olingan holda tayyorlandi.

Ikkinchidan, darslik mazmunida mavjud boʻlgan takrorlanishlar bartaraf etildi, xalqaro tajribaga suyangan holda darslikning dizayni va foto-illyustratsiyalariga oʻzgartirishlar kiritildi.Yana bir eʼtiborli holat – fanlar kesimida fanlararo bogʻliqlik hamda sinflararo uzviylik taʼminlandi. Yana bir muhim jihat shundan iboratki, darslik va oʻquv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini yaratish boʻyicha darsliklar mazmuniga xalqaro baholash dasturi oʻquvchilar yoshiga mos tarzda TIMSS, PIRLS talablari singdirildi. Eng muhimi, darsliklar innovatsion yondashuv asosida tayyorlandi.

Bunda, oʻquvchilarda. mantiqiy fikrlashga yoʻnaltirilgan taʼlimiy oʻyinlar, mashqlar, masalalar va topshiriqlar amaliy koʻnikmalarni rivojlantirishga yoʻnaltirildi. Qolaversa, 4-, 5-sinf Texnologiya va 5-, 8-, 9-sinf Informatika darsliklari mazmuni oʻquvchilarning texnik qobiliyatini rivojlantirishga oid amaliy, kreativ, mantiqiy yondashuvga asoslangan topshiriqlar bilan boyitildi. 5-sinf “Ona tili”, 4-5-sinf “Texnologiya” darsliklari uchun ilk bor oʻqituvchi kitobi va multimedia ilovalari tayyorlandi. Koʻzi ojiz oʻquvchilar uchun chop etilayotgan brayl alifbosidagi darsliklarga boʻrtma shakldagi rasmlar va xaritalar kiritildi.

Ilk bor 10 va 11-sinflar uchun 9 nomdagi brayl darsliklari hamda kar va zaif eshituvchi oʻquvchilar uchun 4 nomdagi yangi darsliklar tayyorlanmoqda.Yangiliklardan yana biri darsliklardagi mavzularni qoʻshimcha maʼlumotlar bilan boyitish maqsadida darsliklarga QR-kod oʻrnatildi. Taʼlim qardosh tillarda olib boriladigan maktablar uchun 5-sinf adabiyot darsliklariga oʻzbek va jahon adiblarining hayoti va ijodidan namunalar kiritilgani ham darsliklardagi yangilik hisoblanadi. “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” hukumat qarori bilan yangi “Tarbiya” fani joriy etildi. Yangi darslikning avvalgilaridan farqi nimada? “Tarbiya” darsligi “Odobnoma”, “Vatan tuygʻusi”, “Milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari” hamda “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirdi.1–9-sinflarda – 2020/2021 oʻquv yilidan, 10–11-sinflarda esa 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladi.

Darsliklarini tayyorlashda Yaponiyaning “Axloq taʼlimi”, Cingapurning “Feʼl-atvor va fuqarolik taʼlimi”, Buyuk Britaniyaning “Tafakkur”, “Xulq taʼlimi” fanlari va darsliklari yaqindan oʻrganildi. Ilk marotaba darsliklarda 21-asr koʻnikmalari deb nom olgan “yumshoq koʻnikmalar” joriy qilindi. Darslik orqali oʻquvchida bilim berishdan tashqari koʻnikma shakllantiriladi. Yangi fan darsliklaridagi amaliyotga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlar va mavzular oʻquvchida muvaffaqiyat motivlarini uygʻotadi. Faol fuqarolik pozitsiyasi shakllantiriladi. Oʻquv fani mohiyati 50% nazariy, 50% amaliy asosga qurilgan.

“Tarbiya” darsliklarida “role-model”, yaʼni “namuna keltirish” zamonaviy pedagogik metodidan unumli foydalanilgan. Unda milliy va xalqaro miqyosda yuksak natijaga erishgan insonlar yutuqlari tahlil qilinadi. Insonning kelajakda muvaffaqiyatli inson boʻlish eng avvalo toʻgʻri maqsad qoʻyishga bogʻliq. Deyl Karnegi, Brayan Treysi kabi mashhur lektorning taʼlimotiga koʻra, hayotda oʻz oldiga maqsad qoʻyish va unga erishishni oʻrganish ham aslida bir fan. “Tarbiya” fanining ahamiyatli jihati shuki, u bosqichma-bosqich bolada maqsad qoʻyish va unga intilish koʻnikmasini shakllantirib boradi.

Yangicha mobil texnologiyalarga asoslangan maktab darsliklari taqdim etildi

Xalq ta’limi vazirligi 2019-2020 o‘quv yili uchun nashr etilgan 8-sinf Texnologiya, 8-sinf O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi, 9-sinf Konstitutsiyaviy huquq asoslari darsliklaridagi qator yangiliklar sirasiga ilk bor QR-kodi ham kiritdi.

8-sinf O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi darsligida QR-kodi 60 ta mavzuga alohida-alohida o‘rnatilgan bo‘lib, mavzuga oid qo‘shimcha manbalaridan foydalanish imkonini berdi.

Shuningdek, 8-sinf Texnologiya darsligi ham 16 ta amaliy mashg‘ulotga QR-kodi kiritilgan holda chop etildi. Bu orqali o‘qituvchi va o‘quvchilar video shaklida amaliy mashg‘ulotning amalga oshirilishini ko‘rishlari mumkin.

9-sinf Konstitutsiyaviy huquq asoslari darsligining 192-196-betlariga o‘quvchi va o‘qituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida QR-kodi yordamida olinadigan fanga qo‘shimcha adabiyot hamda manba, qonun, qaror, huquqiy-me’yoriy hujjatlar kiritildi.

Bunday tajriba kelgusida boshqa darsliklarga ham QR-kodi joylashtirish orqali ularni internet resurclariga bog‘lash, bitta saytda jamlash va Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-sayti – uzedu.uz da doimiy to‘ldirib borish imkoniyatini beradi.

QR-kod nima? QR-kod mazmun-mohiyatiga asosan ingliz tilidan olingan bo‘lib, “QuickResponse” so‘zlarning qisqartmasi hisoblanadi va “tezkor javob” ma’nosini bildiradi.

Bu kodning qulayligi shundaki, u skanerlovchi uskuna (mobil telefon, fotoapparat yoki qo‘l skaneri) yordamida oson va tez o‘qish hamda kodlash imkonini beradi.

QR-kodining eng asosiy afzalliklaridan biri – u giperhavola tarzida ishlay oladi. Bu birdaniga ko‘p ma’lumot haqida xabar berish, zarur bo‘lgan holatlarda yoki uni soddalashtirish kerak bo‘lganda juda qulay vosita sanaladi. QR-kodi elektron ma’lumotlar uzatish tamoyiliga asoslanadi. Bu, ayniqsa, ko‘p miqdordagi axborotni uzatish yoki undan foydalanishni soddalashtirishda qo‘l keladi.

Hozirda QR-kodini o‘qish uchun juda ko‘p dasturlar mavjud. Ulardan eng ko‘p tarqalganlari: “iPhone” qurilmalari uchun “Bakodo”, “Android” tizimida ishlovchi qurilmalar uchun esa “Barcode scanner” dasturlaridir.

Hozirgi kunda kameraga ega zamonaviy telefonlar kvadrat ko‘rinishdagi tasvir ostida yashiringan ma’lumotlarni oson o‘qish imkoniyatini beradi. Buning uchun bor-yo‘g‘i mobil telefon kamerasini QR-kodiga yo‘naltirgan holda maxsus ilova dasturi orqali kodni rasmga tushirib, ma’lumotlarni yuklab olish yetarli hisoblanadi.