Asaka shahridagi UzAuto Motors zavodida Chevrolet Onix avtomobili ommaviy ishlab chiqarilishining boshlanishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
O‘zbekistonda Onix’ni seriyali ishlab chiqarish boshlandi
Asaka shahridagi UzAuto Motors zavodida Chevrolet Onix avtomobili ommaviy ishlab chiqarilishining boshlanishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Onix ham Tracker kabi GM GEM (General Motors Global Emerging Markets) platformasida ishlab chiqarilmoqda. Loyihaga 427,6 mln dollar investitsiya kiritilgan.
“Korxonalarning injyenerlik salohiyati va texnik jihozlanishi Chevrolet Onix avtomobilini 50 foizgacha mahalliylashtirishga imkon berdi, yil oxiriga qadar esa 70 foizga yetkaziladi”, – deya rasman ma’lum qildi UzAuto Motors.
Tadbirda aytilishicha, Onix uchun O‘zbekistondagi 200 dan ortiq korxonada 1 500 dona detalning ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bunda 312 mln dollarlik yangi zavodlar qurib ishga tushirilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, amalga oshirilgan loyihalar O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish hajmini yiliga 500 ming donaga yetkazish uchun “barcha sharoitlarni yaratgan”.
Onix dvigatellari UzAuto Motors Powertrain korxonasida ishlab chiqarilmoqda. Avtomobil komplektatsiyasiga qarab 2 turdagi dvigatel bilan taqdim etiladi:
- 1,2 litrli 90 ot kuchiga ega atmosferali dvigatel 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan;
- 1,2 litrli 132 ot kuchiga ega turbo dvigatel 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.
Avtomobil 10,9 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi, shu bilan birga aralash siklda 100 km uchun faqat 5,9 l va shahar tashqarisidagi yo‘lda 4,7 l sarflaydi.
4LT komplektatsiyasi bazaviy opsiyalaridan tashqari avtomobilga kalitsiz kirish (smart key) va yoqish (start/stop) tizimlari, kruiz kontrol bilan ta’minlangan.
LS komplektatsiyasidan tashqari barcha komplektatsiyalar Bluetooth, Hands-free va 8 dyuym hajmdagi sensor displeyli rusifikatsiyaga ega multimedia tizimi (Apple CarPlay va Android Auto) bilan jihozlangan.
Avtomobilning soddalashtirilgan komplektatsiyasidan tashqari barcha komplektatsiyalari signalizatsiya, konditsioner, rul kolonkasini yuqoriga va pastga hamda uzoq yaqinligini moslashtirish, haydovchi o‘rindig‘i balandligini sozlash, tezlikni cheklovchi va boshqa opsiyalarga ega.
Bundan tashqari, komplektatsiyasiga qarab, avtomobillar tepalikka ko‘tarilishga yordamlashuvchi tizim, faralar o‘chishining kechiktirilishi tizimi (Follow Me Home), to‘xtash tizimi datchiklari (Park Assist) va bolalar o‘rindig‘ini o‘rnatish tizimi (Isofix) bilan jihozlangan.
Barcha Chevrolet Onix avtomobillari kamida 2 ta xavfsizlik yostiqchasi hamda ABS va ESS (barqarorlikni elektron nazorat qilish) tizimi bilan jihozlangan.
Soddalashtirilgan komplektatsiyadan tashqari barcha komplektatsiyalarda tezlikni cheklovchi va shinalar bosimining monitoring tizimi bor.
2023 yilda Chevrolet Onix Premium avtomobilidagi qo‘shimcha optsiyalar:
- klimat kontrol;
- yarimavtomat (parallel va perpendikulyar) to‘xtash tizimi;
- old partroniklar;
- ko‘rinishi cheklangan joylar nazorati datchigi;
- orqa o‘rindiq isitish tizimi;
- lyuk;
- to‘liq svetodiod optikasi va orqa gabarit chiroqlar;
- salonda haydovchi, old o‘rindiq va orqa o‘rindiq yo‘lovchilar uchun alohida yoritish tizimi;
- o‘ziga xos dizaynli quyma disklar va boshqalar.