Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi
Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
21 Oktyabr O’zbek tili bayrami
Ona tili har bir millatning bosh belgisi, maʼnaviy boyligi sanaladi. Kishi qaysi tilda so‘zlay boshlasa, o‘sha tilda tafakkur ham qiladi. Tug‘ilib o‘sgan yurti rivoji, taraqqiyoti uchun bor kuchu bilimini ishga soladi. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz bejiz “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”, deya yozmagan.
Bu yil o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 31 yilligini nishonlaymiz. Ushbu muddat tarix oldida qisqa fursatdek tuyulsa-da, o‘tgan yillar davomida tilimizning nufuzi va obro‘si yana-da yuksalgani, ona tilimizda so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida qariyb 50 million kishiga yetgani ham barchamizga g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi.
Har bir sohadagi rivojlanishning huquqiy asoslari bo‘lgani kabi, ona tilimiz istiqboli yo‘lida muhim qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, joriy yilning 10 aprel kuni esa “O‘zbek tili kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining imzolanishi ham bu yo‘ldagi saʼy-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Tilshunoslarning maʼlum qilishicha, bugun Yer yuzida 7 mingga yaqin til va lahja bo‘lsa, shulardan bor-yo‘g‘i 178 tasi davlat tili maqomiga ega. Ular orasida o‘zbek tili ham borligi – baxtimiz, albatta. Ammo ona tilini asrab-avaylash, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish lozimligi faqat adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilarning ishi emas, balki o‘zbek farzandiman deb, o‘z ona tilida tafakkur qiluvchilar, yaʼni, har birimizning burchimiz hisoblanadi. Shunday ekan, kundalik turmush-tarzimizda, muloqot jarayonlarida o‘z tilimiz boyligidan unumli foydalanishimiz kerak.
Buning amaliy ifodasini davlatimiz rahbarining joriy yil 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlaganida ko‘rdik. Mazkur tarixiy voqea xalqimiz, millat nufuzi uchun misli ko‘rilmagan yutuq bo‘ldi. Ilk bor xalqaro tashkilot minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zlanishi qalblarimizni yana bir bor iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirdi.
Buyuk maʼrifatparvar Abdulla Avloniy “millatni millat ekanligini ko‘rsatadigan uning ona tilidir. Tilni yo‘qotmak bu millat ruhini yo‘qotmakdur yoki har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadigan oyinai hayoti til va adabiyotidir”, deganda aynan shu ulug‘ istakni taʼkidlagan edilar. Bugungi avlod ham o‘z ona tilining sofligini saqlashi va uning nufuzini oshirish uchun intilishi lozim.
Tilga hurmat – elga hurmat, degani. Bugun xorijiy tillarni qancha ko‘p o‘rgansak, shuncha yaxshi. Biroq bu ona tilini yo‘qotish evaziga bo‘lmasligi kerak. Zero, ona tilimizning yana-da baralla yangrashi, rivojlanishi uchun barchamiz birdek masʼulmiz.
Iroda MAMARAJABOVA,
TIQXMMI International House Tashkent akademik litseyining O‘zbek tili fani yetakchi o‘qituvchisi.
Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi
Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Muhtaram vatandoshlar!
Avvalo, Siz, azizlarni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo‘lsa, uning o‘zligi va ma’naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va mo‘tabardir.
Qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshg‘ariyning: “Erdam boshi tildur”, ya’ni “Barcha ezguliklar tildan boshlanur”, degan so‘zlarida teran haqiqat mujassam. Darhaqiqat, odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror mo‘jizasi, sehri va jozibasi bilan kamolga yetadi.
Xalqimiz tafakkurining tiniq ko‘zgusi bo‘lgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir.
Ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning: “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, degan dono o‘gitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini oshirish borasida yangi bosqich boshlandi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Xususan, 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu yo‘nalishda 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga joriy etilmoqda.
Bu haqda gapirganda, yaqinda qabul qilingan tegishli qonunlarga asosan reklama va targ‘ibot materiallarini davlat tilida e’lon qilish tartiblari hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda o‘zbek tilini bilish darajasi bo‘yicha aniq talablar belgilanganini ta’kidlash lozim.
Vazirlar Mahkamasi tarkibida Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markazda va joylarda davlat tilini o‘rgatish kurslari ish olib bormoqda.
Qisqa vaqt ichida besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, o‘ndan ortiq sohaga oid atamalar lug‘atlari, o‘ttiz jildlik “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” tadqiqotlar majmuasi yaratildi.
Shu kunlarda ona tilimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik muhtasham to‘plam nashrdan chiqayotgani, faol va iste’dodli yoshlarimizning sa’y-harakatlari bilan Internet tarmog‘idagi o‘zbekcha ma’lumotlar elektron bazasi boyitib borilayotgani quvonarli hol, albatta.
O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlarning ham e’tiborini qozonmoqda. Iste’dodli olim va ijodkorlarimiz qalamiga mansub ilmiy va badiiy asarlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda.
Xorijiy davlatlar o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani ham ona tilimizni keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida so‘zlashmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda bu go‘zal va jozibali til katta ishtiyoq bilan o‘rganilmoqda.
Ayni paytda, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning tili, madaniyati va qadriyatlarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Biz bu yo‘nalishda olib borayotgan ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Hammamizga ayonki, ko‘p millatli xalqimizni yuksak ma’rifatli jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad yo‘lida jipslashtirish, yurtdoshlarimiz qalbiga yagona Vatan, umumiy farovon kelajak tuyg‘usini singdirishda o‘zbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga egadir.
Shu bois, Yangi O‘zbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz lozim.
Bugungi kunda yoshlarimizning dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdidlarga qarshi ma’rifat va ilm bilan samarali kurash olib borish hayotiy zaruratga aylangan.
Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tilini o‘zbekchalashtirish, butunjahon Internet tarmog‘idagi milliy segmentni yanada boyitish, o‘zbek va xorijiy tillar bo‘yicha lug‘at va so‘zlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib bo‘lmas vazifalarimiz sirasiga kiradi.
Jahon taraqqiyoti yutuqlari va qimmatli manbalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali ona tilimizni ilm-fan va innovatsiyalar tili sifatida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishimiz zarur.
Shu ma’noda, XX asr boshida yashab ijod qilgan, o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillaridagi so‘zlarni o‘z ichiga olgan bebaho lug‘at kitobini yaratgan ma’rifatparvar bobomiz Is’hoqxon Ibratning: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”, degan hikmatli so‘zlari biz uchun muhim dasturilamal, hayot yo‘limizni yoritadigan mayoq bo‘lib xizmat qilishi kerak.
Fursatdan foydalanib, milliy o‘zligimiz va g‘ururimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha fidoyi vatandoshlarimizga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni yana bir bor O‘zbek tili bayrami bilan samimiy qutlab, barchangizga mustahkam salomatlik, oilangizga qut-baraka, tinchlik va omonlik tilayman.
Ona tilimizning so‘nmas ziyosi ongu tafakkurimiz, qalblarimizni hamisha yoritib tursin!
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston prezidenti
O‘zbek tilining tarixiy taraqqiyot yo‘li
Bu Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonda 21-oktyabrni “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risidagi qonunga imzo chekilgani bilan yana-da ahamiyatlidir. Shu munosabat bilan ona tilimizning beqiyos imkoniyatlari, tilimiz tarixi va bugungi istiqboli to‘g‘risida bir necha qismdan iborat maʼrifiy darslar tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bugungi onlayn mashg‘ulotimiz “O‘zbek tilining tarixiy taraqqiyot yo‘li” deb nomlanadi.
Bugun koronavirus pandemiyasi butun dunyo xalqlari salomatligiga jiddiy xavf solib turgan bir paytda, O‘zbekiston aholisi ham bu ofatni mardonavor yengib o‘tish uchun astoydil harakat qilmoqda. Shular qatorida Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari ham karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda, darslarni onlayn tarzda davom ettirmoqdalar. Ixtisoslik fanlari bilan bir qatorda, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan imzolangan bir qator yangi Qonun, Farmon va Qarorlarning mazmun-mohiyati bilan tanishib chiqish ham bo‘lajak mutaxassislarning siyosiy ongini, huquqiy bilimi va madaniyatini yana-da oshirishi tabiiy.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.
Tilimizga davlat tili maqomi berilganiga ham 30 yil to‘ldi. Uning shonli rivojlanish tarixiga bir nazar tashlaylik. Maʼlumki, o‘tmishda Vatanimiz hududida mavjud bo‘lgan davlatlarda musulmon dini hukmron din hisoblangan. Bu davlatlar hududida davlat tili arab tili va qisman fors-tojik yoki turkiy (eski o‘zbek) tillari bo‘lganligi uchun ish yuritish hujjatlari, ko‘pincha, fors-tojik tili, baʼzan esa arab tilida yuritilgan. Lotin tili Yevropa uchun qanday rol o‘ynagan bo‘lsa, o‘tmishda arab va fors-tojik tillari ham O‘rta Osiyo hududidagi davlatlar uchun xuddi shunday nufuzga ega bo‘lgan. Lekin bundan O‘rta Osiyo hududidagi davlatlarda eski o‘zbek tilida umuman ish yuritilmagan edi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Maʼlumki, Ko‘hi Mug‘dan topilgan So‘g‘d hujjatlari orasida VIII asrda turkiy tilida yozilgan hujjat ham topilgan. Shuningdek, Xorazm shohi Muhammad, mo‘g‘ullar hukmronligi, Qutlug‘ Temur davri, undan keyingi Amir Temur davri, o‘zbek xonliklarida ko‘pgina hujjatlar eski o‘zbek tilida ham tuzilganligi haqida manbalarda qator dalillar mavjud. Bu borada temuriy Husayn Boyqaro (1438-1506)ning xizmati alohida diqqatga sazovordir. U maxsus farmon chiqarib, o‘zi hukmronlik qilgan davlatda eski o‘zbek tili (turk-chig‘atoy)da ish yuritilishini joriy etgan edi. Ammo o‘sha davrdagi ayrim siyosiy-ijtimoiy, huquqiy sabablarga ko‘ra, hatto aholisining mutlaq ko‘pchiligini o‘zbeklar tashkil qilgan Buxoro amirligi, Qo‘qon xonliklari devonlari hamda davlatning boshqa tashkilotlarida, o‘sha davr anʼanasiga ko‘ra, hujjatlarning asosiy qismi fors-tojik tilida tuzilgan.
Qadimdan Turon, Turkiston, Movarounnahr deb atalgan bu o‘lkada mavjud bo‘lgan davlatlarda davlat tili islom dunyosi tarkibiga kirguncha Xorazm, Baqtriya, So‘g‘diyona va Parfiya kabi hududlarda yunon, pahlaviy, turkiy tillar davlat tili sifatida xizmat qilgan. Jumladan, ahmoniylar davrida rasmiy-ish yuritish hujjatlarida oromiy alifbosi qo‘llanilib, oromiy tili davlat tili hisoblangan. Buni bizgacha yetib kelgan tangalar, g‘orlardagi yozuvlar, topilgan hujjatlar tasdiqlaydi.
O‘rta Osiyoda arablar bostirib kelgunga qadar davlat ishlari turkiy, so‘g‘diy, xorazmiy, buxoro so‘g‘di tillarida olib borilgan. Bunga 1932-yilda Mug‘ tog‘i qalʼasi xarobalaridan topilgan 80 dan ortiq hujjat misol bo‘la oladi. Ular ahdnomalar, nikoh haqidagi shartnomalar, tilxatlar, savdo-sotiq shartnomalari va boshqa yuridik hujjatlardan iborat bo‘lib, ularning asosiy qismi so‘g‘d tilida, qolganlari xitoy, arab, turkiy tilda tuzilgan. Tilshunos va tarixchi olim M.Isʼhoqovning kitobida ana shu hujjatlar tili keng tahlil qilinib, so‘g‘diy tiliga kirgan turkiy so‘zlar haqida ham qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan [Isʼhoqov M. Unutilgan podsholikdan xatlar. – Toshkent: Fan, 1992,].
Arab xalifalari: ummaviylar va abbosiy davridan Xurosonda turk hukmdori Sulton Maxmud G‘aznaviy davrigacha (998-1030) davlat tili arab tili hisoblangan.
Saljuqiylar davlatida ham yozuv-chizuv ishlari arab tilida yuritilgan bo‘lib, podsholar uchun fors tilida xat yozish uyat hisoblangan. Bu tilda ish yuritishgina emas, hatto badiiy, ilmiy asarlar yozish ham somoniylar davrigacha taqiqlab qo‘yilgan edi [Davlatshoh Samarqandiy. Shoirlar bo‘stoni (“Tazkirat ush-shuaro”dan].
Maʼlumki, arablar O‘rta Osiyoni bosib olishda Xurosonni tayanch nuqtasiga aylantirgan edilar. Har safar daryodan o‘tishganda, askarlar bilan birga ko‘plab ajamliklar shahar va qishloqlarga joylasha boshlaydilar. Shu tarzda Xuroson ikki daryo ortiga faqat arab tili madaniyati, shariat huquqini kiritishdagina emas, fors adabiy tilining, keyinchalik esa, uning davlat tili sifatida yoyilishida ham tayanch nuqta bo‘ldi. Xuroson va Movarounnahrda ikki adabiy til – turkiy va fors-tojik adabiy tillari shakllandi.
Shuni inobatga olish lozimki, hozirgi O‘zbekiston yerlariga arab tili chetdan qanday kirib kelgan bo‘lsa, fors tili ham bu hududga yaqin Xurosondan kirib kelgan edi. Arab tilining Markaziy Osiyo hududida tez va turg‘un yoyilishida, rasmiy-huquqiy hujjatlarning shu tilda yozilib tarqatilishida islom dini hal qiluvchi omil bo‘ldi.
Fors tili esa bu hududda mustahkam o‘rnashib, adabiyot va sanʼat haqida ko‘proq forslashgan Samarqand va Buxoro kabi Turkiston shaharlari ko‘pchilik aholisining tiliga aylandi. X.Vamberi eroniy tilli qadimgi aholini sartlar deb atab, bu so‘zning paydo bo‘lganiga 800-yil bo‘lganligini ko‘rsatadi. Shuni inobatga olish lozimki, shoir Muhammad Solihning “Shayboniynoma” dostonida Samarqandning aholisi sartlar deb yuritiladi. Turkiston davlatlarining bosh kentlari Buxoro va Samarqand bo‘lganidan keyin, davlat maʼmurlari ikki tilli tabaqaga ajraldi. Fuqaro maʼmuriyatida xizmat qiluvchi tabaqalar fors tilli aholidan, davlat boshliqlari, yuqori mansabdorlar, harbiy maʼmurlar va qo‘shin asosan turkiy tilli xalqlardan shakllanadigan bo‘ldi. Bu davrda fors-tojik tili davlat tashkilotlarida ish yuritish tili – davlat tili sifatida shakllana borib, bu til Turkiston hayotida muhim mavqega ega bo‘ldi. Natijada davlat hujjatlari butun o‘rta asr mobaynida aksariyat fors tilida yozila boshladi. Qadimshunos olim N. Rahmon ko‘rsatganidek, bunday holga birinchi marta Chingizxon davrida o‘zgarish kiritila boshlandi. Chingizxon o‘z buyruqlari, yorliqlari, esdaliklarini uyg‘ur yozuvida bitdi. Oltin O‘rda xonlari ham bu yozuvdan keng foydalandilar. Mo‘g‘ul va turkiy askarlarga, barcha aholiga Chingizxon buyruqlari uyg‘ur yozuvida va turkiy tilda yetkazildi. Uyg‘ur yozuvida xat bituvchilar baxshi va bitikchilar deb ataladi.
Turkiy tilning mavqei qoraxoniylar davrida biroz kuchayib, mo‘g‘ullar istilosidan keyingi davrlarda yana-da keng yoyildi.
Temurbek va uning avlodlari davlatida ikki tillilik qaror topgan bo‘lsa-da, eski o‘zbek (chig‘atoy) tilining davlat tili sifatidagi ahamiyati orta bordi. Temurbek davrida ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning guvohlik berishicha, davlat devonidagi asosiy hujjatlar uyg‘ur harflari bilan turkiy tilda yozilgan. Darhaqiqat, Q.Sodiqov va Q.Omonovlarning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XIV-XV asrlarda uyg‘ur yozuvi nihoyatda katta mintaqada tarqalgan va turkiy xalqlarning eng uzoq vaqt qo‘llagan yozuvlaridan biri edi Tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha, Xurosondagi Amir Temur avlodlari davlatining ko‘zga ko‘ringan vakili Xusayn Boyqaro (1438-1506) turk-chig‘atoy tilini devon tili deb eʼlon qilib, maxsus farmon chiqargan. Keyinchalik Xiva xonligi va Qo‘qon xonligida ham rasmiy ish yuritish o‘zbek tilida olib borilgan.
O‘zbek xonliklarida ish yuritish masalasiga kelsak, Xiva xonligida u asosan o‘zbek tilida, Buxoro hamda Qo‘qon xonligida esa o‘zbek va fors-tojik tillarida olib borilgan.
XVI-XIX asrlarda Xiva, Qo‘qon xonliklari chor Rossiyasi tomonidan bosib olingach, o‘lkada mustamlakachilik siyosati o‘rnatildi va davlat ishlarining barchasi Turkiston general-gubernatorining devonxonasi – kanselyariysi tomonidan olib boriladigan bo‘ldi. Bu yerda Chor Rossiyasining qonunlari keng yoyilib, ular asosan rus tilida rasmiylashtirilgan.
XX asrning birinchi choragi o‘zbek xalqi tarixida, uning madaniyati, adabiyoti va tili tarixida ziddiyatli bo‘lgan bir davrni boshlab berdi. Oktyabr to‘ntarishi, Sovetlar Ittifoqining tashkil topishi va Turkistonda milliy davlat chegaralanishining o‘tkazilishi O‘zbekiston Sovetlar Respublikasini vujudga keltirdi. Bu davrga kelib hukmron xalq esa o‘z tili – rus tilini butun davlat miqyosida singdirib bordi. Bu davrga kelib boshqa respublikalarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham o‘zbek tili ikkinchi darajaga surib qo‘yildi. Ilm, fan, davlat ishlari asosan rus tilida olib borilishi taʼminlandi.
O‘zbekiston Respublikasi tashkil topgandan keyin, 1924-yilning dekabrida davlat apparatida ish yuritish uchun o‘zbeklar va boshqa mahalliy xalqlarning vakillarini jalb etish masalasi paydo bo‘ldi, bu o‘sha davrda umumittifoq miqyosidagi muhim masalalardan biri edi. Bu masala ijtimoiy-siyosiy ahamiyatgagina ega bo‘lib qolmay, balki katta amaliy ahamiyatga ham ega edi. Davlat apparati tarkibini aholi soni jihatdan ko‘pchilikni tashkil qilgan xalqqa yaqinlashtirish zarur edi. Shuning uchun 1925-yilda O‘zSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi huzurida davlat, jamoat organlarini milliylashtirish Komissiyasi tuzilgan edi.
1928-yil 29-oktyabrida O‘zSSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Komiteti va Xalq Komissarligi Soveti, O‘zSSRning barcha tashkilot va muassasa, korxonalaridagi xodimlarning o‘zbek tilini o‘rganishlari majburiyligi to‘g‘risida maxsus qaror qabul qildi. 1930-yil avgustida mamlakatimizda qayta majburiy-hududiy rayonlashtirish o‘tkazilib, okruglar tugatildi. Shu munosabat bilan rayon doirasidagi davlat organlarida ish yuritishni lotin grafikasi asosidagi o‘zbek tiliga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
Sobiq sho‘rolar davrida ham o‘zbek tilida turli qonunlar, yuridik hujjatlar matni, davlat miqiyosidagi farmonlar, qarorlar, iqtisodiy-siyosiy rejalar va boshqalar nashr qilindi. Bu hol o‘zbek adabiy tilida ham maʼlum bir o‘zgarishlarning paydo bo‘lishi va shakllanishiga asos bo‘ldi. Ammo qayd qilingan tarixiy va huquqiy hujjatlar matni, avvalo, rus tilida tayyorlanar va keyinchalik u o‘zbek tiliga tarjima qilinar edi. Shu sababli ushbu hujjatlar matnidagi so‘zlarning aksariyat qismini rus tilida qo‘llaniladigan atamalar yoki ularning o‘zbekcha kalkalari tashkil qilardi.
Huquqiy hujjatlarning o‘zga tildan tarjima qilinishi ular tilida o‘zbek tiliga xos imkoniyatlardan to‘liq foydalanish imkonini bermasdi. Hatto bu borada ko‘zga tashlanadigan baʼzi harakatlar (o‘zbek tili tarixida qo‘llanilgan baʼzi arabizm va forsizm terminlarni isteʼmolga kiritish deb baholandi) “ikkinchi ona tili” hisoblanuvchi rus tiliga qarshi ish tutish deb qoralanardi. Mana shu va shunga o‘xshash ko‘pgina omillar sho‘rolar davrida o‘zbek tilida atamalarni ona tili bazasida yaratish va rivojlantirishga yo‘l qo‘ymadi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, davlatimiz maʼnaviy, maʼrifiy, ijtimoiy, siyosiy sohalarda katta natijalarga erishdi. Ular orasida, ayniqsa, 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan davlat tili haqidagi qonun muhim voqealardan biri bo‘ldi. 1995-yil 21-dekabrda ushbu qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Ana shu qonunga ko‘ra, mamlakatimizda ilmiy-texnikaviy terminlarning o‘zbek tilida shakllanishi va rivojlanishiga alohida g‘amxo‘rlik qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining 8-moddasida shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon qilinadi”.
Qonunlarimizning har jihatdan to‘la mukammal bo‘lishi uchun qonun loyihalarini tayyorlash ishiga huquqshunoslar bilan birga tilshunoslarni ham ko‘proq jalb qilish lozim. Bunda tilshunoslarning maʼlum bir yuridik bilimlardan xabardor bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratish lozim. Chunki tilshunos olim maʼlum bir yuridik bilimlar, qonun yozish ilmi, qonun tili, uning o‘ziga xos xususiyatlari, yuridik atamashunoslik normalari haqida maʼlumotga ega bo‘lmasdan turib, qonun loyihasiga to‘la va atroflicha baho bera olmaydi, shu bois qonun loyihasi qabul qilish ishida qatnashuvchi tilshunoslarning yuridik bilimlarini oshirish maqsadga muvofiqdir.
Bugungi kunda, tariximiz va madaniyatimiz, ilm-fanimizga oid yirik asarlargina emas, 3500 dan oshiq arab va fors tillaridagi yuridik hujjatlar ham o‘z tadqiqotchilarini kutib yotibdi. Buning uchun tilimiz nufuzini oshirishga qaratilgan huquqiy baza bizda to‘liq yaratildi. Endigi vazifa – nutqiy odobimiz, mukammal savodxonligimiz va faol kitobxonligimiz bilan boshqalarga ibrat bo‘lishdan iborat.
Qilich Bozorov,
O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari
21 oktyabr o’zbek tili davlat tili
O‘zbek tili xalqimizning eng katta boyligi desak xato bo‘lmaydi. Olimlarimizning aytishicha, o‘zbek tilining ilk ildizlari eramizdan avvalgi ming yilliklarga borib taqaladi. Ayrim turkolog olimlar dunyodagi eng qadimiy yozma manbalardan biri bo‘lgan, qadimgi shumer tilida bitilgan «Gilgamesh» dostonini tahlil qilishganida unda turkiy tillar, jumladan, bugungi o‘zbek tilida ham faol qo‘llab kelinayotgan 300ga yaqin so‘z va so‘z birikmalarini aniqlashgan. Qarangki, hozirgi tilimizdagi oz, yoz, er, qiz, buz, qush, qosh singari so‘zlar bundan 30-40 asr ilgari ham hozirgidek ko‘rinishda bo‘lgan ekan. Ayni paytda qadimgi shumer tili bo‘yicha tadqiqotlar davom etmoqda.
Daniyalik olim Vilgelm Tomsen 19 asrning 90-yillarida hozirgi Mo‘g‘uliston hududidan topgan ulkan harsangtoshlar sirtidagi bitiklar avvaliga turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Keyin ular turkiy xalqlarning hozirgacha aniqlangan eng qadimiy yodgorliklari «O‘rxun bitiklari» nomi bilan dunyoga dong taratadi. Bu bitiklar 680–745 yillar orasida, Turk hoqonligining «oltin» davrida runiy alifbosida, eski turkiy (ko‘kturk) tilda bitilgani aniqlandi. «Kultigin», «Bilga Hoqon» va «To‘nyuquq» bitiktoshlaridan iborat ushbu obidalar Yer yuzidagi barcha turkiy tillarning eng nodir namunasi bo‘lsa-da, bu bitiklar uslubi, jozibasi, tiniqligi o‘zbek tili uchun ham xosligi aniq ko‘rinadi. «Bilga hoqon bitigi»dagi «hoqonlig‘ budun (el) erdim, hoqonim qani?» singari iboralar tilimizning eski ko‘kturk tiliga qanchalik hamohang ekanini ko‘rsatadi.
Eski o‘zbek tili tarixda bugungidan ham kengroq miqyosda ishlatilganini bir qator tarixiy manbalar isbotlaydi. Bu til sharqda Xitoyning markaziy qismidan tortib, g‘arbda Litva knyazligiga qadar, shimolda Oltin O‘rdadan janubda to Misrga qadar ulkan hududda muomalada bo‘lgan.
Xitoyning Tsin imperiyasi (1644-1911) davrida Xebey viloyati hududida qurilgan Yozgi tog‘ saroyining darvozasida xitoy, mo‘g‘ul, manchjur, chig‘atoy (eski o‘zbek) va tibet tillaridagi bitiklar uchraydi. Asosiy darvoza tepasida sof turkiy tilda, nasta’liq xatida bitilgan «Ravshan: o‘rtadagi darvoza» deb yozib qo‘yilgan. Olimlarning aytishicha, eski o‘zbek tili Tsin imperiyasi davrida ishlatilgan beshta muhim tildan biri bo‘lgan.
2012 yilda Misr milliy kutubxonasida Alisher Navoiyning o‘g‘uz lahjasida bitilgan qadimiy devoni topildi. Bu Ehromlar yurtidan topilgan ilk turkiy manba emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, buyuk o‘zbek shoiri Sayfi Saroyi umrining oxiriga qadar Misrda yashagan, shu yerda o‘zining o‘zbek tilidagi bir qator she’r-u dostonlarini yaratgan edi:
O‘sib tuprog‘im uzra nayzalar, men evdin ayrildim,
Vatandin benishon o‘ldim-da, o‘zga yurtga evrildim.
Bir paytlar turkiy adabiyotning yorqin vakili Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» dostoni ham aynan shu yerdan — Qohira kutubxonasi yerto‘lasidan topilgan. Qolaversa, bugungi kunda Qohira markazida «Uzbakiya» deb ataladigan tarixiy mahalla, shu nom bilan ataladigan ko‘cha, masjid, teatr va bog‘ ham bor.
. Esimda: 2006 yilda bir guruh hamkasblar bilan Misrga borgandik. Qohiradagi qadimiy «Xon al-Xaliliy» bozorida bir do‘konga kirdik. Bir sherigimiz chiroyli suvenirning narxini ko‘rib, menga dedi:
– 20 funt ekan, so‘rang-chi, 10 funtga berarmikin? Shunda bizni kuzatib turgan sotuvchi o‘zbek tilida «o‘n besh funt bera qoling» desa bo‘ladimi? O‘zga yurtda yurganingda o‘z tilingdagi kalom qulog‘ingga juda laziz eshitilarkan. Ma’lum bo‘lishicha, sotuvchining ota-bobolari asli turkistonlik bo‘lib, Misrga kelib, o‘rnashib qolishgan ekan.
Suriyaning Damashq, Halab singari shaharlarida ham tarixiy o‘zbek mahallalari «al-Uzbakiya» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Umuman, Yaqin Sharq davlatlarida o‘zbeklar yashaydigan mavzelar ko‘p uchraydi.
Eski o‘zbek tili asrlar davomida nafaqat musulmon mamlakatlari, balki Yevropa markazigacha kirib borgan. Bu tildagi ko‘plab matnlar Sharqiy Yevropa, xususan, hozirgi Litva, Ukraina, Polsha hududlaridan ham topilgan. 1618 yilda Lvovda bosma usulda chop etilgan «Olqish bitigi» kitobidan olingan mana bu parchaga e’tibor qiling:
«Bermagin bizni sinamog‘liqg‘a,
Yo‘xsa qutqar bizni yomondan,
Zero, seningdur xonliq-da, quvvat-da,
Senga haybat mangulik. »
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sharqiy Yevropa hududida yashagan, turkiylashgan polyak, arman va litvaliklar o‘zaro muloqot tili sifatida qipchoq lahjasidagi eski o‘zbek tilidan foydalanishgan, hatto shu tilda ibodat qilishgan, duo o‘qishgan.
Amir Temur saltanati (1370-1405) davrida Buyuk sohibqiron asosiy farmon va qarorlarni, kelgusi avlod uchun yaratilgan toshbitiklarni ham eski o‘zbek tilida bitishga ko‘rsatma bergan, «Temur tuzuklari»ning ilk nusxasi ham ona tilimizda bitilgan edi. Ayrim tarixchilarning aytishicha, mana bu sof o‘zbekona misralar Sohibqironning she’riy iqtidori mahsuli bo‘lgan ekan:
Yorg‘a yetkur sabokim, makr qilmishdur manga,
Qildi ersa kimga makrin, qaytadur bir kun anga!
Amir Temur 1391 yil Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxonga qarshi yurish qilgan chog‘ida hozirgi Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati hududidagi Ulug‘tog‘ etaklarida toshda bitib qoldirilgan ushbu bitiklar tilimiz sohibqiron paytida qanchalik tiniq va jozibali bo‘lganini ko‘rsatadi:
«Tarix yetti yuz to‘qson uchinda, qo‘y yili yoz oyi orasi Turonning sultoni Temurbek uch yuz ming cherik bila islom uchun To‘xtamishxon — Bulg‘or xonig‘a (qarshi) qarshi yurdi. Bu yerga yetib, belgi bo‘lsun deb bu o‘bani qo‘pordi. Tangri nusrat bergay, inshoolloh. Tangri el kishiga rahmat qilg‘ay, bizni duo bila yod qilg‘ay».
Nazm mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyning o‘zbek tili taraqqiyotida qo‘shgan ulkan hissasi haqida har qancha gapirsak oz.
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam,
deganda buyuk shoir tilimizning o‘z davrida nufuzi, obro‘-e’tiborini yuksaltirishga juda katta hissa qo‘shganini haqli ravishda e’tirof etgan edi. U o‘zining boy merosi bilan turkiy tinning boshqa tillardan ustun jihatlarini ham amalda ko‘rsatib berdi. Navoiy «Muhokamatul-lug‘atayn» asarida turkiy tilning afzal jihatlariga urg‘u berib, o‘zga tilni afzal bilgan shoir-u fozillar haqida taassuf bilan shunday degan edi:
«Bu xalq orasidin paydo bo‘lg‘on tab’ ahli salohiyat va tab’larin o‘z tillari turg‘och, o‘zga til bila zohir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi. Va agar ikkalasi til bila aytur qobiliyatlari bo‘lsa, o‘z tillari bila ko‘prak aytsalar erdi va yana bir til bila ozroq aytsalar erdi. »
Taassufki, o‘sha davrlarda ham tilimizning buyukligi va boyligi, go‘zal va betakrorligini to‘la anglamagan, uning qadriga yetmagan insonlar bo‘lgan ekan. Bugun quvonch bilan ta’kidlay olamizki, o‘zbek tili o‘zining qaddini ko‘tarmoqda. Yer yuzidagi yetti mingga yaqin til ichida o‘zbek tilining o‘z o‘rni, nufuzi va e’tibori borligi barchamizni quvontiradi.
Bizning ona tilimiz mansub bo‘lgan turkiy tillar oilasiga 30dan ortiq tillar kiradi va ularda Yer yuzida 250 milliondan ortiq kishi so‘zlashadi. Dunyo miqyosida o‘zbek tilida gaplashuvchilarning umumiy soni 50 millionga yetadi.
O‘zbek tili davlat tili maqomiga ega bo‘lgan 100ga yaqin tillarning biri ekani ham qalbimizda faxru g‘urur uyg‘otadi. Agar dunyoda 7000ga yaqin til va lahjalar mavjudligini e’tiborga olsak, bu yomon ko‘rsatkich emas. Holbuki, dunyoda davlat tili maqomiga ega bo‘lmagan, ammo yuz millionlab kishilar so‘zlashadigan tillar ham bor.
2019 yil 21 oktabr kuni davlatimiz rahbari «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Unga binoan, «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21 oktabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi.
Yaqinda O‘zbekiston prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida insoniyat oldida turgan eng muhim masalalar xususida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqeyini mustahkamlash yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi.
Bir paytlar Dog‘istonning buyuk farzandi Rasul Hamzatov o‘z ona tili haqida yozarkan:
Jahon minbaridan yangramasa ham,
Ona tilim menga muqaddas buyuk,
degan edi. Ne baxtki, bizning ona tilimiz jahon minbaridan ham jarang sochdi. Binobarin, bugungi kunda ham bir o‘zbek Rasul Hamzatov ham orzu qilgan sharafga erisha oldi, deyish mumkin.
Kuni kecha davlatimiz rahbarining «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. Mazkur farmonda 2025 yilgacha davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini kengaytirish, yangi darslik va qo‘llanmalar, elektron dasturlar yaratish, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini ko‘paytirish singari muhim vazifalar o‘rin olgan.
Davlat tili uning barcha ramzlari kabi muqaddas sanaladi. Yaqinda kuchga kirgan yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishni istagan shaxs davlat tilini lozim darajada bilishi kerakligi belgilab qo‘yildi. Bunday tartib dunyoning ko‘plab davlatlarida joriy qilingan. Qo‘shni va qardosh xalqlarning davlat tili haqidagi qonun hujjatlarida ham har bir fuqaro uchun davlat tilini bilish shart qilib belgilangan. Shunday ekan, o‘zini shu tuproqqa daxldor deb bilgan har bir inson davlat tilini hurmat qilishi, bu boradagi qonun hujjatlariga rioya etishi kerak bo‘ladi.
Rustam Jabborov,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi
21 oktyabr o’zbek tili davlat tili
Дунё халқлари ва миллатларининг маданий ўзаги ва асосий мулоқот манбаи бу уларнинг миллий тили ҳисобланади. Шундай экан ҳар бир тилнинг сақланиши ҳамда ёш авлодга етказилиши, халқ тараққиёти ва унинг келажагини белгилайди. Биргина тил кўплаб халқларни ўзаро бирлаштиради, тарбиялайди, ўқитади, урф-одат, анъана ва маданиятларини сақлайди, уни авлоддан авлодга ўтишини таъминлайди.
1989 йил 21 октябрда Ўзбекистон Республикасининг “Давлат тили ҳақида”ги Қонуни қабул қилинди. Бу Қонун халқимизнинг мустақиллик учун қўйилган дастлабки қадами бўлди. Ушбу Қонуннинг 1-моддаси ва Бош Қомусимизнинг 4-моддасида “Ўзбекистон Республикасининг давлат тили ўзбек тили” эканлиги ва Ўзбекистон Республикаси ўз ҳудудида истиқомат қилувчи барча миллат ва элатларнинг тиллари, урф-одатлари ва анъаналари ҳурмат қилинишини таъминланиши ҳам белгилаб қўйилган.
Ўзбек тилига давлат тили мақомининг берилиши халқимизнинг миллий мустақилликка эришиш йўлидаги муҳим силжишлардан бири бўлиб, она тилимизнинг бор гўзаллиги ва жозибасини тўла намоён этиш билан бирга, уни илмий асосда ривожлантириш борасида ҳам кенг имкониятлар яратди. Шунингдек, давлат ўзбек тилининг бойитилиши ва такомиллаштирилишини таъминлабгина қолмай Ўзбекистон ҳудудида истиқомат қилувчи ва мамлакатимизга хориждан кириб келаётган барча миллат ва элатларнинг тилларини ҳурмат қилинишини таъминлади, яъни чегара божхона постлари орқали юртимизга кириб келаётган чет эл фуқаролари ўзбек тилида ёки бошқа жаҳон тилларида йўловчи божхона декларацияларини тўлдиришлари ва мулоқотда бўлишлари мумкин бўлди. Бугун Чегара божхона постларида фуқароларга кўрсатмалар, маълумотлар, хабарлар ва йўловчи божхона декларациялари ўзбек, рус ва инглиз тилларида етказилиши йўлга қўйилган. Бу ҳам бошқа давлатлардан ташриф буюрувчиларга қулайлик ва уларнинг тилларига нисбатан ҳурматни билдиради.
2020 йил 10 апрелда Ўзбекистон Республикасининг “Ўзбек тили байрами кунини белгилаш тўғрисида”ги Қонуни қабул қилиниши қувонарли ҳол бўлди. Ушбу қонун билан ҳар йили 21 октябрь “Ўзбек тили байрами куни” этиб нишонлаш белгиланди. Эндиликда ҳар йили 21 октябрь бутун мамлакатимиз бўйлаб катта байрам сифатида нишонланади. Бу эса она тилимизни қай даражада ардоқлашимизни ва ҳурмат қилишимизни билдиради.