Press "Enter" to skip to content

3-sinf Ona tili fanidan to garak ishlanmasi

ot so‘z turkumi, ot so‘z turkumining so‘roqlari, ot so‘z turkumini o‘qitishning vazifalari, otlarning ma’nolari, sinflar kesimida otlarni o‘rganish tizimi, otni o‘rganishda izchillik, ot so‘z turkumida son kategoriyasi, otlarda egalik qo‘shimchalari, otlarning turlanishi.

BOSHLANG‘ICH SINF ONA TILI DARSLARIDA OT SO‘Z TURKUMI

Mazkur maqolada boshlang‘ich sinf ona tili darslarida ot so‘z turkumini o‘rgatishning nazariy asoslari yoritiladi. Maqoladan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlarining talabalari va shu sohada mustaqil izlanuvchilar foydalanishi mumkin.

Kalit so’z

ot so‘z turkumi, ot so‘z turkumining so‘roqlari, ot so‘z turkumini o‘qitishning vazifalari, otlarning ma’nolari, sinflar kesimida otlarni o‘rganish tizimi, otni o‘rganishda izchillik, ot so‘z turkumida son kategoriyasi, otlarda egalik qo‘shimchalari, otlarning turlanishi.

BOSHLANG‘ICH SINF ONA TILI DARSLARIDA OT SO‘Z TURKUMI

Umarova Ozodxon,

Jizzax davlat pedagogika

instituti magistranti

Ma’lumki, yurtimizda va hattoki, jahon miqyosida ro‘y bergan va ro‘y berayotgan ijtimoiy iqtisodiy o‘zgarishlarni ijobiy natijalarga erishish uchun juda katta e’tibor qaratilmoqda. Dunyodagi ko‘plab rivojlangan mamlakatlar singari rivojlanish yo‘llarini belgilashda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish va takomillashtirish ishlari olg‘a surilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 28-yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlab o‘tganidek:

Ta’lim-tarbiya — kelajak, hayot-mamot masalasi. Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, maktab ta’limida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak.”1

Shuning uchun ham ta’lim-tarbiya sohasi isloh qilishni poydevordan, ya’ni boshlang‘ich sinflardanoq boshlashimiz lozim. Ushbu maqolada boshlang‘ich sinflar ona tili darslarida ko‘p duch kelinuvchi mavzu – mustaqil so‘z turkumlaridan ot so‘z turkumining o‘qitilishiga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

So‘z turkumlari ustida ishlash metodikasining lingvistik asosi so‘zlarning leksik-grammatik, morfologik va sintaktik belgilariga ko‘ra turli guruhlarga ajratilishi — so‘z turkumlari haqidagi ilm hisoblanadi.

So‘zlarni leksik-grammatik turkumlarga ajratishda uch belgiga: 1) leksik ma`nosi (nimani ifodalashi, ya`ni shaxs, narsa harakat yoki holat, belgi kabilarning umumlashtirilgan ma`nolari), 2) morfologik ( so‘zning turli formalar sistemasi) va 3) sintaktik (turli morfologik formalarning sintaktik funksiya bajarishi) belgilariga asoslaniladi. Demak, so‘z turkumlari ustida ishlash o‘quvchilarning muayyan guruhdagi so‘zlarning umumlashtirilgan ma`nolarini, kishilarning aloqa vositasi sifatidagi rolini tushunib olishlariga qaratilishi zarur.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari so‘z turkumlari (ot, sifat, son, olmosh, fe`l) bilan umumiy tanishtirilgandan so‘ng har bir leksik-grammatik guruh alohida o‘rganiladi. Bu so‘z turkumlarini o‘rganishning boshlang‘ich bosqichidayoq ularni taqqoslashga qulay sharoit yaratadi va bu bilan shakllantiriladigan grammatik tushunchaning asosiy tomonlarini aniqroq ajratishga imkon beradi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ot, sifat, son, fe’lning quyidagi xususiyatlarini bilib oladilar: 1) so‘z nimani bildirishi (shaxs, narsa belgisi, shaxs, narsa sanog‘i va tartibi, shaxs, narsa harakati yoki holati), 2) qanday so‘roqlarga javob bo‘lishi, 3) o‘zgarish- o‘zgarmasligi, qanday doimiy kategoriyalari mavjudligi, 4) gapda, asosan, qanday bo‘lak vazifasida kelishi. O‘quvchilar mana shu o‘rgangan belgilari asosida so‘z turkumlarini taqqoslaydilar. 2

“Ot” mavzusini o‘rganish tizimi maqsadga yo‘naltirilgan jarayon bo‘lib, bunda shu so‘z turkumining umumlashtirilgan ma’nosi va grammatik belgilari aniq izchillikda, bir-biri bilan ilmiy asoslangan bog‘liqlikda o‘rganiladi, shuningdek, otdan nutqda to‘g‘ri foydalanish va to‘g‘ri yozish malakasini shakllantirish maqsadida bajariladigan mashqlar asta murakkablashtira boriladi.

Til hodisasi sifatida otning xususiyatlari, uni o‘rganish vazifalari, o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, har bir sinf uchun material hajmi, ularni o‘rganish izchilligi belgilangan.

Boshlang‘ich sinflarda otni o‘rganish vazifalari quyidagilar:

1) “ot” haqidagi grammatik tushunchani shakllantirish;

2) kim? so‘rog‘iga javob bo‘lgan (shaxs bildirgan) otlardan nima? so‘rog‘iga javob bo‘lgan (narsa, hayvon, jonivor va boshqalarni bildirgan) otlarni farqlash ko‘nikmasini hosil qilish;

3) kishilarning familiyasi, ismi, otasining ismi, hayvonlarga qo‘yilgan nomlar va geografik nomlarni bosh harf bilan yozish ko‘nikmasini shakllantirish;

4) otlarda son (otning birlik va ko‘plikda qo‘llanishi) bilan tanishtirish;

5) otlarni egalik qo‘shimchalari bilan to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmasini shakllantirish;

6) otlarning kelishiklar bilan turlanishi va kelishik qo‘shimchalarining yozilishi haqida malaka hosil qilish;

7) o‘quvchilar lug‘atini yangi otlar bilan boyitish va ulardan nutqda aniq, o‘rinli foydalanish malakasini o‘stirish;

8) so‘zlarni tahlil qilish, taqqoslash, umumlashtirishni bilish.

Bu vazifalarning har biri alohida emas, balki bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq holda hal etiladi. Shu bilan birga, “Ot” mavzusini o‘rganishning muayyan bosqichida bajarish lozim bo‘lgan bir vazifani hal qilishga ko‘proq ahamiyat beriladi. Masalan, I-II sinflarda so‘z turkumi sifatida otning belgilari (nimani bildirishi, so‘roqlari) o‘rganiladi, III sinfda esa otga atama beriladi, birlik va ko‘plikda qo‘llanishini o‘zlashtirishga ahamiyat beriladi. IV sinfda otning egalik qo‘shimchalari bilan qo‘llanishi, kelishiklar bilan turlanishi va kelishik qo‘shimchalarining yozilishini o‘rganishga e’tibor qaratiladi. O‘quvchilarning nutqi va tafakkurini o‘stirish vazifasi esa mavzuni o‘rganishning barcha bosqichlarida hal qilinadi. Grammatik materialni o‘rganish va orfografik malaka hosil qilishning butun jarayoni o‘quvchilar lug‘atini boyitishga, bog‘lanishli nutq malakalari va fikrlash qobiliyatlarini o‘stirishga qaratiladi.

So‘z turkumi sifatida ot muayyan leksik ma’nolari va grammatik belgilari bilan ajralib turadi. Barcha otlarning umumiy leksik ma’nosi shaxs va narsani ifodalash hisoblanadi. Ot jonli mavjudotlar (kishi, qush, hayvon, asalari), yer va osmonga oid narsalar (quyosh, yulduz, daryo, tog‘), o‘simliklar (paxta, beda, gul), voqealar (yig‘in, majlis), tabiat hodisalari (shamol, bo‘ron, yomg‘ir, momaqaldiroq), belgi-xususiyat (ahillik, kuchlilik, samimiyat), harakat-holat (uyqu, sevinch, kurash), o‘rin va vaqt (yoz, bahor, joy) nomlarini bildiradi.

Otlarning grammatik belgilari: otlar birlik va ko‘plikda qo‘llanadi, egalik qo‘shimchalari bilan o‘zgaradi, kelishiklar bilan turlanadi, gapda ko‘proq ega, to‘ldiruvchi, aniqlovchi, shuningdek, hol va kesim vazifasida keladi. Ot nutqda sifat, son, olmosh, fe’l bilan birika oladi.

Otning ma’nolari va grammatik belgilari xiyla murakkab, shuning uchun ham ot haqidagi bilim o‘quvchilarda amaliy vazifalarni bajarish jarayonida asta shakllantira boriladi.

“Otni o‘rganishda izchillik. Otni o‘rganishga tayyorlov bosqichi savod o‘rgatish davriga to‘g‘ri keladi. Bu bosqichda o‘quvchilar shaxs-narsalarni va ularning nomi bo‘lgan so‘zlarni farqlashga o‘rganadilar, so‘zning leksik ma’nosiga e’tibor ko‘proq qaratiladi, ma’nolarini hisobga olgan holda so‘zlar (qushlar, meva va sabzavotlar, kiyimlar va hokazolarni bildirgan otlar)ni guruhlash ko‘nikmasi shakllantiriladi. So‘zlarni leksik ma’nosi asosida guruhlash mashqlari otlarni taqqoslash, o‘xshash tomonlarini aniqlash, abstraktlashtirish ko‘nikmasini o‘stiradi. Shunga qaramay, grammatik tushunchani shakllantirish uchun o‘quvchilar so‘znnng aniq ma’nosini yetarli bilmaydilar, so‘zning leksik ma’nosini bilish bilan birgalikda uning grammatik belgilarini ham o‘zlashtirish zarur,” – deya ta’kidlab o‘tilgan bugungi kunda ona tili o‘qitish metodika fanining asosiy adabiyoti hisoblanmish 2009-yilda nashr etilgan Qosimova va boshqalar hammuallifligidagi “Ona tili o‘qitish metodikasi” kitobida.

Keyingi bosqichda otning leksik ma’nolari va grammatik belgilari ustida maxsus ishlanadi (kim? yoki nima? so‘rog‘iga javob bo‘lishi, shaxs, narsani bildirishi tushuntiriladi). O‘quvchilar kim? so‘rog‘iga javob bo‘lgan so‘zlarni nima? so‘rog‘iga javob bo‘lgan otlardan farqlashga o‘rganadilar. Bu bosqichda ular so‘z­larni so‘roq berish bilan farqlashni o‘rganadilar, o‘quvchilarda mavhum grammatik tafakkur o‘sa boradi, ularda atoqli otlarni bosh harf bilan yozish ko‘nikmasi shakllana bo­radi.

II sinfda otlarning leksik ma’nosi, atoqli va turdosh otlar (atamasiz) haqidagi bilim chuqurlashtiriladi.

“Ot” tushunchasini shakllantirish uchun shu so‘z turkumiga kiradigan otlarni asosiy leksik guruhlarga ajratish, barcha otlarga xos bo‘lgan belgilarni, ularning nutqimizdagi o‘rnini ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega. SHu maqsadda mavzuni o‘rganishga bag‘ishlangan birinchi darslardayoq shaxs va narsani bildiradigan so‘zlar bir tizimga solinadi, kishilarni, buyum, o‘simliklar va hayvonlarni, tabiat hodisalarini, voqealarni bildiradigan so‘zlar g uruhlarga ajratiladi. SHu so‘zlarning hammasi uchun umumiy bo‘lgan belgilar aniqlanadi: bu so‘zlar shaxs, narsalarni bildirib kim? yoki nima? so‘rog‘iga javob bo‘ladi.

Dasturga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini sifat va boshqa so‘z turkumlaridan yasalgan mavhum ma’nodagi (yaxshilik, go‘zallik, ishonch, sevinch, o‘kinch, qo‘rqinch, tayanch kabi) otlar bilan tanishtirish talab etilmaydi. Ammo matnda uchrasa va o‘quvchilar qiziqib so‘rasalar, otning bolalar o‘rgangan belgilari asosida (nima? so‘rog‘iga javob bo‘lishi, shaxs yoki narsa nomini bildirishi) tushuntiriladi. Otlarning nutqda katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatish uchun o‘qituvchi o‘qish kitobidan matn tanlab, o‘quvchilarga matndagi otlarni topishni, so‘ngra matnni shu so‘zlarsiz o‘qishni topshiradi. O‘quvchilar matndagi otlarni tushirib qoldirib o‘qiganda, matn mazmunini tushunib bo‘lmasligini anglaydilar. Xulosa chiqariladi: ot atrofimizni o‘rab olgan shaxs va narsalarning nomi, bu so‘zlarsiz bir-birimizga o‘z fikrimizni tushuntira olmaymiz.

Otlarda son bilan tanishtirish. 3-sinfda “Otlarda son”, ya’ni otlarning birlik va ko‘plikda qo‘llanishi ustida ishlash jarayonida o‘quvchilarda: 1) birlik va ko‘plikda qo‘llangan otlarning ma’nosi va qo‘shimcha orqali farqlash, 2) birlikdagi otdan ko‘plik shaklidagi va, aksincha, ko‘plikdagi otdan birlik sondagi ot hosil qilish, 3) gapda so‘zlarning bog‘lanishini hisobga olgan holda, otlardan nutqda to‘g‘ri foydalana olish ko‘nikmalari shakllantiriladi.

Otlarning birlik va ko‘plikda qo‘llanishi taqqoslash usulidan foydalanib tushuntiriladi. Buning uchun bir predmetni va shunday bir necha predmetni bildirgan otlar taqqoslanadi: daftar – daftarlar, qalam – qalamlar, nok – noklar kabi. Suhbat asosida daftar so‘zi nechta (bitta) predmetni va daftarlar so‘zi nechta (ikki va undan ortiq) predmetni bildirishi aniqlanadi. Boshqa so‘zlar bilan ham shunday ishlanadi. Oddiygina xulosa chiqariladi va fikrlar umumlashtiriladi: agar otlar bir predmetni bildirsa, birlikda qo‘llanadi, agar ikki va undan ortiq shaxs yoki narsani bildirsa, ko‘plikda qo‘llanadi. Ko‘plikdagi otni yasash uchun birlikdagi otga –lar qo‘shimchasi qo‘shiladi. Birlikdagi otlar kim? yoki nima? so‘rog‘iga, ko‘plikdagi otlar esa kimlar? yoki nimalar? so‘rog‘iga javob bo‘ladi.

Bu sinf o‘quvchilariga faqat birlikda qo‘llanadigan otlar, birlik shaklida qo‘llangan armiya, qo‘shin, xalq kabi otlar ko‘p­lik ma’nosini bildirishi, bunday otlarga ko‘plik qo‘shimchasi qo‘shilganda anglatadigan ma’nosi maxsus tushuntirilmaydi. Agar o‘quvchilar bu haqda savol bersalar, soddagina shaklda tushuntirish mumkin.

Otlarning birlik va ko‘plikda qo‘llanishini kuzatish aslidaso‘z shakli ustida ishlashning boshlang‘ich bosqichi hisoblanadi. Bunda o‘quvchilar otlarni ko‘plik qo‘shimchasi bilan o‘zgartirish, ya’ni otga shakl yasovchi qo‘shimcha qo‘shish bilan so‘zning leksik ma’nosi o‘zgarmasligiga ishonch hosil qiladilar.

Otlarda egalik qo‘shimchalari. Bu mavzu boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun murakkab hisoblanadi, chunki bu mavzu o‘rganilgunga qadar, o‘quvchilar “shaxs” tushunchasi bilan hali tanishtirilmagan, kishilik olmoshlarini hali o‘rganmagan bo‘ladilar. O‘quvchilarga egalik qo‘shimchasi shaxs, narsa birlik va ko‘plikdagi uch shaxsdan biriga taalluqli ekanini bildirishini tushuntirish qiyin. Shularni hisobga olib, o‘quvchilarni otlarda egalik qo‘shimchalari bilan tanishtirishda o‘qituvchi ishni sarlavhadagi “egalik” so‘zining leksik ma’nosini tushuntirishdan boshlashi maqsadga muvofiq: “egalik” ega bo‘lish, qarashlilik, tegishlilik, oidlik ma’nolarini bildiradi, demak, egalik qo‘shimchasi deganda biror narsaga ega bo‘lishni, shu narsa tegishli, shu narsaning egasi ekaninn bildiradigan qo‘shimchalar tushuniladi. Otlar egalik qo‘shimchalari bilan qo‘llanadi. Otga qo‘shilgan egalik qo‘shimchasi shu ot ifodalagan shaxs, narsaning kimgadir qarashli ekanini, shu narsaning egasi ekanini bildiradi. Misollarni kuzataylik: Kecha o‘qigan kitobim juda qiziqarli ekan. Sening kitobing ham qiziqarlimi? Ra’noning kitobi ham qiziqarli edi.

Kitobim, kitobing, kitobi so‘zlari so‘z tarkibiga ko‘ra tahlil qilinadi va o‘quvchilar kitob – o‘zak, -im, -ing, -i qo‘shimcha ekanini aniqlaydilar. O‘qituvchi kitob va kitobim so‘zlarini taqqoslashni –im qo‘shimchasining ma’nosi haqida o‘ylab ko‘rishni topshiradi, muammoli vaziyat yaratadi; o‘quvchilar qo‘shimchaning ma’nosi haqida fikr yuritadilar, ammo kitobim so‘zining ma’nosiga (mening kitobim – kitob meniki) tushunsalar ham, fikrlarini shakllantirib aytib berolmaydilar. O‘qituvchi qisqa tushuntiradi:

– Tilda uchta shaxs mavjud:

I shaxs – so‘zlovchi

II shaxs – tinglovchi

III shaxs – o‘zga

Hozir men sizga so‘zlayapman, tushuntiryapman, demak, men – so‘zlovchi, hozir siz meni tinglayapsiz, demak, siz (sen) tinglovchi, hozir tinglashga qatnashmayotganlar ham bor, u (ular) – o‘zga hisoblanadi. Siz otlar birlik va ko‘plik sonda qo‘llanishini bilasiz. Ma’lumki, biror narsa bir shaxsga yoki ikki va undan ortiq shaxsga tegishli bo‘lishi mumkin. Mana shu ma’nolarni, ya’ni biror shaxs va narsaning birlik yoki ko‘plikdagi uch shaxsdan bi­riga qarashli ekanini otga qo‘shilgan egalik qo‘shimchalari bildiradi. Masalan, kitobim so‘ziga qo‘shilgan -im qo‘shimchasi kitobning I shaxsga taalluqli ekanini, ya’ni kitobniig egasi I shaxs ekanini bildiradi (-ing, -i qo‘shimchalari ham shunday tushuntiriladi). Kitobimiz so‘zidagi -imiz qo‘shimchasi kitob so‘zlovchi shaxsga, shu bilan birga, ko‘p shaxsga (ko‘p so‘zlovchiga) tegishli ekanini bildiradi (-ingiz, -i qo‘shimchalari ham shunday tushuntiriladi). Qisqa xulosa chiqariladi: otlarga qo‘­shilgan mana shunday qo‘shimchalar egalik qo‘shimchalari deyiladi. Egalik qo‘shimchalari tegishlilik, egalik ma’nosini bildiradi.

Egalik qo‘shimchalari otlarga ikki variantda qo‘shiladi. Akam va kitobim, akang va kitobing, akasi va kitobi kabi oxiri unli hamda undosh tovush bilan tugagan otlar so‘z tarkibiga ko‘ra tahlil qilinadi, qo‘shimchalar taqqoslanadi, suhbat asosida xulosa chiqariladi: oxiri unli tovush bilan tugagan otlarga -m, -ng, -si, -miz, -ngiz, -si egalik qo‘shimchalari, oxiri undosh tovushlar bi­lan tugagan otlarga -im, -ing, -i, -imiz, -ingiz, -i egalik qo‘shimchalari qo‘shiladi. Shundan so‘ng o‘quvchilar “Ona tili”darsligidagi qoidani o‘rganadilar, jadvalni tahlil qiladilar.

O‘quvchilarga egalik qo‘shimchalari haqidagi ko‘nikmani shakllantirish uchun matndan egalik qo‘shimchasi bilan qo‘llangan otni topish, uni tarkibiga ko‘ra tahlil qilib, egalik qo‘shimchasining shaxs-sonini aniqlash, matnda berilgan otga tushirib qoldirilgan egalik qo‘shimchasini qo‘shish, narsa qaysi shaxs yoki shaxslarga qarashli ekanini aytish kabi mashqlardan foydalaniladi.

Egalik qo‘shimchasi ustida ishlash bu bilan tugamaydi. Otlarning kelishiklar bilan turlanishini o‘rganish jarayonida egalik qo‘shimchasi bilan qo‘llangan ot qaratqich kelishigida kelgan boshqa ot bilan (kitobning muqovasi, Rahimning kitobi), kishilik olmoshlarining kelishiklar bilan turlanishini o‘rganish jarayonida esa egalik qo‘shimchasi bilan kelgan ot qaratqich kelishigidagi kishilik olmoshi bilan bog‘lanib, so‘z birikmasi hosil qilishi haqida bilim beriladi.

Otlarning turlanishi. Kelishiklar sintaktik kategoriya hisoblanadi. Kelishik otlarning gapda boshqa so‘zlar bilan munosabatini ifodalaydi. Demak, kelishiklarni o‘rgatishda o‘quvchilarning gapda so‘zlarning bog‘lanishini bilishlari nazarda tutiladi. Kelishiklar ustida ishlashni o‘quvchilar gapda ma’no va grammatik tomondan bog‘langan so‘zlarni (so‘z birikmalarini) ajratishga o‘rganganlaridan so‘ng boshlanadi. Kelishiklar ustida ishlash gapda so‘zlarning bog‘lanishi ustida ishlash hamdir. Kelishiklarni bilish uchun o‘quvchi ot gapda qaysi so‘z bilan bog‘langanini aniq bilishi kerak. Ot gapda boshqa so‘zlar bilan bog‘langanda qo‘shimchalar bilan o‘zgarishi ancha oldindan kuzatib boriladi. Aslida o‘quvchilar 1-sinfdayoq, so‘z shakllarining o‘zgarishi bilan amaliy tanishadilar, ammo ular so‘z shakli nimaligini hali bilmaydilar. O‘quvchilar keyingi sinfda shakl yasovchi (so‘z o‘zgartuvchi) qo‘shimchalar bilan tanishadilar, bu qo‘shimchalar gapda so‘zlarni bog‘lash uchun xizmat qilishini tushunadilar.

Shunday qilib, boshlang‘ich sinflarda ot yaxlit holda o‘rganiladi va uni o‘rganish o‘quvchilar shu so‘z turkumining belgilarini, vazifasini o‘zlashtirishiga, shuningdek, ularda kelishik qo‘shimchalarini to‘g‘ri yozish ko‘nikmasini shakllantirishga qaratiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. 1. Sh.Mirziyoyevning 2022-yil 28-yanvardagi maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektordagi nutqi.
  2. 2. Qosimova K. va boshqalar. Ona tili o‘qitish metodikasi. – T.: Noshir, 2009.- B.-245-246, 258-260.
  3. 3. Internet resurslari (Ziyonet.uz, kitob.uz)

3-sinf Ona tili fanidan to’garak ishlanmasi

Mazkur sahifada 3-sinf Ona tili fanidan to’garak ishlanmasi faylni pastroqda Download tugmasi orqali ko’chirib olish imkoniyatiga egasiz. Ushbu material ZIP formatda bo’lib, 5.49 MB hajmga ega. Materiallar doimiy tarzda yangilanib boriladi. Fayl yangilanganda, bu haqida fayl versiyasi o’zgarganidan bilib olishingiz mumkin.

Bo’lim: Konspektlar
Versiya: 1
Hajmi: 5.49 MB
Fayl turi: application/zip
Ko’rishlar: 263 marotaba
Ko’chirishlar: 81 marotaba
Yuklovchi: Ustoz
Yaratilgan: 27-07-2022
Yangilangan: 27-07-2022

Fayl hajmi: 5.49 MB

Sifat bizning ustunligimiz! 3-sinf ona tili fanidan to’garak ishlanmasi faylni onlayn, mutlaqo bepul, ro’yxatdan o’tmasdan, reklama kutmasdan va to’g’ridan-to’g’ri havola orqali yuklab oling. Shuningdek konspektlar bo’limida joylashgan boshqa materiallarni ham kuzatishingiz mumkin. Buning uchun bo’lim ismi ustiga bosing.

Dunyoda ikkita cheksiz narsa bor: Birinchisi koinot bo’lsa, ikkinchisi insonlarning ahmoqligi. Biroq, koinot haqida mening ishonchim komil emas. Istalgan inson bilishi mumkin, lekin bilish bilan tushunish o’rtasida ancha farq bor. Albert Einstein

Maktab darsliklari: “ilg‘or tajribalar” izidan

Har yili an’anaga ko‘ra O‘zbekistonda kelayotgan yilga nom beriladi. Va har yili an’anaga ko‘ra Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi qabul qilinadi. 2023-yil ham bundan mustasno emas — yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berildi. Hozirda Davlat dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tmoqda. Oldingi yillarda ham shunga o‘xshash dasturlar qabul qilinganini inobatga olsak, uzviylikni ta’minlash maqsadida 2023-yilga mo‘ljallangan dastur ilgari boshlangan ishlarni davom ettirishga harakat qiladi, deb taxmin qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Bu taxmin qanchalik haqiqatga yaqin? “Gazeta.uz” kolumnisti, ta’lim sohasi eksperti Komil Jalilov Davlat dasturining ta’lim sohasidagi islohotlarga oid ayrim bandlari misolida buni tahlil qilishga harakat qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ta’lim sohasida boshlangan islohotlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Prezidentning 2023-yilga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni loyihasida “2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, hamkorlikda ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan yangi o‘quv dasturlarini amaliyotga kiritilish” vazifasi belgilangan.

Buning uchun 1−4-sinflarni “ilg‘or xorijiy tajriba” asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish (farmon loyihasi ilovasida — 2023-yil davlat dasturida bu vazifa “boshlang‘ich sinf darsliklarini xalqaro standartlar asosida joriy etish” tarzida belgilangan), 5−11 sinflar uchun esa “STEAM fanlari darsliklarini ixtisoslashgan ta’lim muassasalari darsliklari va o‘quv-metodik majmualari asosida, shu jumladan xorijiy tajribani inobatga olgan holda joriy etish bo‘yicha aniq choralarni belgilash” singari vazifalar qo‘yilgan. Xuddi shu yerda savollar tug‘iladi.

Yangi o‘quv dasturlari?

Farmon loyihasi matnidagi ifodadan (8b bandi) kelib chiqib xulosa qilinsa, yangi o‘quv dasturlarini 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich joriy etish kutilmoqda. Farmon ilovasiga muvofiq esa, Milliy o‘quv dasturini joriy qilish davom ettiriladi (167-band). Hujjat tasdiqlansa, bu ikki vazifadan qaysi biri bajarilishi kerak bo‘ladi?

“Malakali pedagog, ilmiy xodimlar, psixolog va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish” vazifasi prezidentning 2020-yil 6-noyabrdagi farmoni bilan Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga topshirilgan edi. Prezidentning tegishli farmonlari bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida (42-maqsad) va 2022 — 2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturda 2026-yilgacha mazkur dasturni to‘liq amaliyotga joriy qilish ko‘zda tutilgan. 2017-yilda 12 yillik ta’lim uchun tasdiqlangan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limning avvalgi davlat ta’lim standartlari 2021-yildan o‘z kuchini yo‘qotgan.

Respublika ta’lim markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 22 ta fan bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqishga 246 nafar ekspert, shu jumladan, maktab o‘qituvchilari, metodistlar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari hamda BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) va AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ekspertlari jalb etilgan. Markazning ta’kidlashicha, “milliy o‘quv dasturlari XXI asr talablaridan kelib chiqqan holda o‘quvchilarda rivojlanishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalarni belgilab beradi”. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi esa, o‘z navbatida, maktab o‘quv dasturlarining maktabgacha, professional va oliy ta’lim dasturlari bilan uzviyligini ta’minlash uchun 600dan ortiq mutaxassislar jalb etilgani haqida ma’lumot bergan edi.

UNICEF tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston ta’lim sektorining 2021-yilgi Tahlilida ta’kidlanishicha, Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqishda UNICEF va USAID`dan tashqari Britaniya Kengashi va boshqa tashkilotlar ishtirok etgan, jarayon bir necha bosqichda amalga oshirilgan va dasturni ishlab chiqishda qatnashayotgan mutaxassislar uchun o‘nlab treninglar tashkil qilingan. Birgina UNICEF 2020−2021-yillarda ushbu islohotni qo‘llab-quvvatlash uchun 150 ming AQSh dollariga teng mablag‘ ajratgan.

Majburiy ta’limning barcha bosqichlari va fanlarini qamrab oluvchi milliy o‘quv dasturi kabi keng ko‘lamli hujjatni ishlab chiqish — mashaqqatli va qimmat jarayondir. Hatto yetarlicha moddiy va insoniy resurslarga ega rivojlangan davlatlar ham bunday hujjatni tez-tez yaratmaydi. Masalan, Buyuk Britaniyada 1988-yilda joriy etilgan milliy o‘quv dasturi faqat 1994−95-yillarda qayta ko‘rib chiqilgan va bunda ham yangi dastur ishlab chiqilmagan, balki amaldagi dastur ta’lim mazmunini yengillashtirish maqsadida tahrir qilingan edi. Hozirgi kunda ham amal qilayotgan yangi milliy o‘quv dasturi esa 2014-yilda joriy qilingan.

Finlyandiyada 2004-yilgi milliy o‘quv dasturi bundan o‘n yil avval ishlab chiqilgan dastur o‘rniga joriy qilingan. 2018-yilgi PISA xalqaro tadqiqotlari natijalari bo‘yicha kuchli o‘ntalikka kirgan yagona postsovet davlati bo‘lmish Estoniyada ham milliy o‘quv dasturi taxminan har o‘n yilda bir marta ko‘rib chiqiladi. Balki O‘zbekiston ham yangi ishni boshlashdan oldin xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda boshlangan oldingi ishlarni oxirigacha yetkazishi va natijalarini tahlil qilib ko‘rishi samaraliroqdir?

Darsliklar: “ilg‘or xorijiy tajriba” izidan?

Farmon loyihasiga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarda “ilg‘or xorijiy tajriba” (qaror loyihasi matnida shunday deyilgan) yoki “xalqaro standartlar” (qarorga ilova matnida shunday) asosida yaratilgan darsliklar joriy etiladi, yuqori sinflar uchun esa STEAM fanlari bo‘yicha “shu jumladan xorijiy tajribani inobatga olgan holda” darsliklarni joriy etish bo‘yicha choralar belgilanadi. Matnda bir narsa mavhum qolmoqda: Milliy o‘quv dasturi asosida darsliklarni nashr etish ishlari davom etadimi yoki bu yangi darsliklar bo‘ladimi?

2021-yil mart oyida o‘sha paytdagi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Milliy o‘quv dasturi asosida ishlab chiqilgan 1−2-sinflar uchun yangi darsliklarni taqdimot qildi. Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov “zamonaviy darsliklardagi yondashuv va rejalar davlatimiz rahbariga ma’qul bo‘ldi, shu sur’atda davom etish topshirig‘ini oldik”, deb yozdi. Prezidentning 2022-yil 11-maydagi farmonida “2021/2022-o‘quv yilidan boshlab 1- va 2-sinflarda 252 nomdagi yangi zamonaviy darsliklar, o‘quvchi mashq daftarlari hamda pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalar joriy qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinishi” qayd etilib, qolgan sinflar uchun ham Milliy o‘quv dasturi asosida darsliklarni yaratish muddatlari belgilandi. 2022/2023 o‘quv yilida Respublika ta’lim markazi tomonidan 3, 6, 7, 10-sinflar uchun darsliklar yangilandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, faqat 2022-yilda bu maqsadlar uchun 1,1 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan edi.

UNICEF 1−3-sinflar uchun ona tili va o‘qish savodxonligi, matematika va tabiiy fanlar darsliklarini yaratishda ishtirok etganligini ma’lum qildi. Darsliklarni yaratishga jalb qilingan xalqaro ekspertlar dastur va o‘quv qo‘llanmalarini yaratishda xorijiy tajribaning inobatga olinishi, tanqidiy va ijodiy fikrlashni rivojlantirishi, darsliklarning xalqaro standartlarga muvofiqligi haqida bayonotlar bilan chiqishdi.

2019-yilda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) budjeti 29,5 million dollar bo‘lgan 4 yillik “O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim” dasturi boshlanishini e’lon қилди. Dastur doirasida ingliz tili va informatika bo‘yicha Kembrij darsliklarini mahalliylashtirishdan tashqari, 1−4-sinflar uchun ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika darsliklari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ham ishlab chiqildi. 2022-yil iyul oyida bu darslik va qo‘llanmalar ikki viloyatda tajriba-sinovdan o‘tkazish uchun Xalq ta’limi vazirligiga topshirildi. Darsliklar va ularga asos bo‘lgan standartlar tajribali milliy va xalqaro ekspertlar guruhi tomonidan O‘zbekistondagi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

2022-yil noyabr oyida o‘sha paytda Xalq ta’limi vazirligidan mustaqil bo‘lgan Prezident ta’lim muassasalari agentligi (hozirda — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi) fizika va biologiya bo‘yicha Kembrij darsliklarini mahalliylashtirish loyihasi boshlanganini e’lon qildi.

2022-yilning ikkinchi yarmida Finlyandiya tajribasini maktab ta’limiga joriy etish haqida ham ko‘p gapirildi. Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov “1−4-sinflar uchun o‘quv majmualari o‘zimizning mutaxassislar tomonidan fin standartlari asosida tayyorlanayotganini”, Xalq ta’limi vazirligi “2023-yil yanvar oyidan 1−4 sinflarda Finlandiya mas’ul idoralari tomonidan sifat belgisi bilan qayd etilgan zamonaviy darsliklarning aprobatsiyasi o‘tkazilishini” e’lon qildi.

2022-yil 29-dekabr kuni davlat rahbariga maxsus ishchi guruh tomonidan “ilg‘or xorijiy metodika asosida” yangidan tayyorlangan 1−4-sinf darsliklari taqdimot qilindi. Keyinroq “Ozodlik” radiosi o‘zbek xizmatiga bergan intervyusida Komil Allamjonov ushbu darsliklarni yaratish 2019-yilda boshlangani va bu jarayonni o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirganligini ma’lum qildi. Shuningdek, “katta sinflar uchun ham harakat boshlangani” e’lon qilindi.

Ushbu maxsus ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan darsliklar “XXI asr kishisi uchun eng zarur bo‘lgan ko‘nikmalar” — tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan, deya taqdim etilgan. 2023-yilgi Davlat dasturi to‘g‘risidagi qaror loyihasida ushbu ko‘nikmalarni shakllantirish boshlang‘ich sinflarda “ilg‘or xorijiy tajriba”ga asoslangan darsliklarni joriy etishdan kutilayotgan natija sifatida ko‘rsatilgan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, hozirgi kunga kelib nimalar bor:

  • Milliy o‘quv dasturi asosida Respublika ta’lim markazi tomonidan UNICEF ko‘magida ishlab chiqilgan 1−3 va 6, 7, 10-sinflar darsliklari;
  • USAID mablag‘lari hisobidan yaratilgan 1−4-sinflar ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika darsliklari;
  • Maxsus ishchi guruh tomonidan 1−4-sinflar uchun yaratilgan darsliklar — ushbu guruh yuqori sinflar uchun ham darsliklar yozishni boshlagan;
  • Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan mahalliylashtirilayotgan Kembrij nashriyotining fizika va biologiya darsliklari.

Ularning barchasi, bayonotlarga ko‘ra, xalqaro tajribaga asoslangan. 2023-yilga mo‘ljallangan dastur loyihasida ushbu to‘plamlardan qaysi birini joriy qilish nazarda tutilgan? Ushbu darsliklardan biri tanlanadimi? Agar “ha” bo‘lsa, kim tomonidan va qaysi mezonlar asosida?

Hozirda mavjud bo‘lgan to‘plamlarning barchasi muqobil sifatida (hukumat qarori muqobil darsliklarni joriy etishga imkon beradi, bu bo‘yicha tavsiyalarni UNICEF ham bergan edi) joriy qilinadimi? Agar “ha” bo‘lsa, darsliklarning davlat tomonidan tasdiqlangan ta’limiy maqsadlarga mosligi qanday ta’minlanadi?

Agar butunlay yangi darsliklar ishlab chiqiladigan bo‘lsa, yaratilishi va chop etilishi uchun soliq to‘lovchilar tomonidan allaqachon pul to‘langan darsliklarning taqdiri nima bo‘ladi? Davlat tomonidan ham, xalqaro donorlar tomonidan ham katta kuch va mablag‘ sarflangan Milliy o‘quv dasturi asosida darsliklar yaratish jarayoni mantiqiy yakuniga yetkaziladimi? Mas’ul idoralar ushbu savollarga javob berishini xohlardik.

Muallif Milliy o‘quv dasturi va ushbu dastur asosida 6, 7, 10-sinflar uchun adabiyot darsliklarini ishlab chiqishda ishtirok etgan.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Komil Jalilov 323

  • # maktab darsliklari
  • # maktablar
  • # ta’lim