Yangi o‘quv dasturi bo‘yicha 10–11-sinf o‘quvchilari o‘qiydigan 14 ta majburiy fan 8 taga qisqartiriladi. Shu paytgacha 14 ta fanning haftalik yuklamasi 31 soatni tashkil etib, takomillashtirilgan o‘quv rejasi asosida ushbu yuklama ham qisqartiriladi.
O‘zbekistonda yuqori sinf o‘quvchilari o‘zlari xohlagan fanni o‘qishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich 10–11-sinf o‘quvchilari 2 ta tanlov fanini (kimyo-biologiya, matematika fizika, tarix-huquq, ona tili va adabiyot-chet tili) tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida nazarda tutilgan.
Davlat dasturiga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, hamkorlikda ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan yangi o‘quv dasturlari amaliyotga kiritadi.
Yangi o‘quv dasturi bo‘yicha 10–11-sinf o‘quvchilari o‘qiydigan 14 ta majburiy fan 8 taga qisqartiriladi. Shu paytgacha 14 ta fanning haftalik yuklamasi 31 soatni tashkil etib, takomillashtirilgan o‘quv rejasi asosida ushbu yuklama ham qisqartiriladi.
Bundan tashqari, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Natijada, 76 ta maktabda fransuz tili, 76 tasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy va 3 tasida yapon tillari ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitiladi. Shuningdek, o‘quvchilar 10-sinfdan boshlab 64 ta ishchi kasb, 21 ta sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va “kreativ industriya” yo‘nalishidagi kasblarga o‘rgatiladi. Ushbu jarayonga yoshlar yetakchilari va hududdagi taniqli tadbirkorlar jalb qilinadi.
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1–4-sinflarida o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish;
- 5–9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish;
- 10–11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinadi.