Tarixiy roman atoqli shoir, sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning (1483–1530) dramatik hodisalarga boy qismatidan hikoya qiladi. Sohibqiron Amir Temur nasliga mansub Bobur Mirzo zamonaviy Hindiston, Pokiston, Bangladesh va Afgʻonistonning janubi-sharqiy qismini egallagan, Britaniya mustamlakasiga qadar, XIX asr oʻrtalarigacha hukm surgan Boburiylar davlatiga asos soldi.
“Bobur. Yulduzli tunlar” romani ingliz tiliga tarjima qilindi
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub “Bobur. Yulduzli tunlar” romani ingliz tiliga tarjima qilinib, (“Babur: Starry Nights”) chop etildi.
Loyiha Karimov Fondi tomonidan bajarildi va Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludining 85 yilligiga bagʻishlandi.
Kuni kecha Toshkent shahridagi mehmonxonalarning birida ushbu kitobning taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.
Tarixiy roman atoqli shoir, sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning (1483–1530) dramatik hodisalarga boy qismatidan hikoya qiladi. Sohibqiron Amir Temur nasliga mansub Bobur Mirzo zamonaviy Hindiston, Pokiston, Bangladesh va Afgʻonistonning janubi-sharqiy qismini egallagan, Britaniya mustamlakasiga qadar, XIX asr oʻrtalarigacha hukm surgan Boburiylar davlatiga asos soldi.
Bobur Mirzo hayoti davomida boshidan kechirganlari, gʻalaba va magʻlubiyatlari, shubha va iztiroblarini keyinchalik “Boburnoma” degan nom bilan mashhur boʻlgan xotiralar daftarida bayon etib borgan. Pirimqul Qodirov betakror romanini yozishda “Boburnoma”ga tayangan.
Kitob oʻqir ekansiz, XV–XVI asrlarda Markaziy Osiyo va Hindistonda kechgan tarixiy voqealar bilan yaqindan tanishasiz.
Romanni britaniyalik adabiyotshunos Kerol Yermakova ingliz tiliga oʻgirgan. Tarjima matni Juli Uikenden tomonidan tahrir qilingan. Taniqli oʻzbek rassomi Bobur Ismoilov esa nashr uchun suratlar ishlagan. Kitob Fransiyaning nufuzli “Nouveau Monde Editions” nashriyotida chop etilgan.
Maʼlumot oʻrnida eslatib oʻtamiz, “Babur: Starry Nights” Karimov Fondining 6 yillik faoliyati davomida amalga oshirgan oʻn oltinchi noshirlik loyihasi boʻldi.
Kitob Amazon platformasi orqali sotuvga qoʻyildi.