Press "Enter" to skip to content

Uning soʻzlariga koʻra, oʻgʻli deputatning nabirasi bilan uchrashuvga chiqqan.

Qashqadaryolik deputat farzandlari bilan 11-sinf o’quvchisini kaltaklagani aytilmoqda

Yigit deputatning nabirasi bilan uchrashuvga chiqqan

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 11-sinf oʻquvchisi deputat va uning oʻgʻillari tomonidan oʻlasi qilib kaltaklangani aytilmoqda. Bu haqda “Daryo” nashri xabar bermoqda.

Nashr jabrlanuvchining otasi bilan bogʻlangan. Unga berilgan maʼlumotlarga koʻra, voqea kecha, 3-noyabr kuni viloyatning Qamashi tumanidagi “Qamay” MFY “Mirzadala” qishlogʻida sodir boʻlgan.

“Oʻgʻlim ham yoshlik qilgan, toʻgʻri, buni inkor qilmayman. Ammo kap-katta odam, deputat yosh bolani oʻgʻillari bilan birikib, oʻlasi qilib urishi toʻgʻrimi? Oʻgʻlim oʻlib qolsa nima boʻlardi?”, — deydi yigitning otasi Baxtiyor Qilichev.

Uning soʻzlariga koʻra, oʻgʻli deputatning nabirasi bilan uchrashuvga chiqqan.

“Deputatning uyi yopiq va kirish imkoni boʻlmagan uy. Uning nabirasi va oʻgʻlim uchrashuvga chiqqan. Qiz oʻgʻlimni uyiga kiritgan. Buni deputat koʻrib qolgan va ikki nafar oʻgʻli bilan 11-sinf oʻgʻlimni oʻlgudek kaltaklagan. Oʻgʻlim qon qusgan. Hozir shifoxonada davolanmoqda,”, — dedi Baxtiyor Qilichev.

Shuningdek, nashr bolani kaltaklagan deputat bilan ham telefon orqali bogʻlanib, uni doʻpposlashining sababiga qiziqqan. Shundan soʻng, deputat jurnalist soʻroviga javoban uni haqorat qilib, tilga olib boʻlmaydigan soʻzlar ishlatgan va savollarga javob bermagan.