Oltin – qudrat beruvchi ma’dan.
Amir Temur bayrog‘idagi uch halqa nimani anglatgan yoxud “Ming askar” jang san’ati haqida
Har qanday saltanat aql, adolat, kuch poydevorida qad tiklaydi. Tangri saltanat tegirmonini yurgizishni hamma xalqning peshonasiga birdek bitgan emas. Tarix bunga guvoh.
Ota-bobolarimiz suv boshiga ko‘p bor kelib-ketdilar. Charx aylanib, avlodlarga ham navbat yetdi. O‘tganlarning izini yodlamay, oqqan daryo o‘zanlardan suvni qayta oqizmay, kuch-qudratni tiklash og‘ir.
Yana aytadilarki, “eskini eslamoq savob”. Eski birgina eskiligi uchun yodlansa, eskiligicha qoladi. Meros qayta tiklanib, avlod “qon”iga payvand qilinsa, yangilanadi. Chinakam otameros mulkka aylanadi. Biz bu o‘rinda saltanat poydevorining muhim tayanchi – kuch va uning aql-zakovat, tadbirkorlik bilan uyg‘unligi xususida so‘z yuritmoqchimiz.
Saltanat kuchi avvalo shijoatli, jasur askarlarda namoyon bo‘ladi. Sohibqiron Amir Temur jahongirlikka kirishganda yodida mahkam saqlagan to‘rt narsa qatorida lashkarning o‘zagini tashkil etgan uch yuz o‘n uch xos askarini alohida ta’kidlab aytadi: “. uch yuz o‘n uch asl zotli, shijoatli va aql-farosatli er yigitlarni atrofimga birlashtirdim. Birlik ittifoqda shunday ediki, barilari go‘yo bir tandek edilar. Barchalarining maqsadlari, ra’ylari, so‘zlari va ishlari bitta edi. Bir ishni qilaylik deb qaror qilsalar, tugatmagunlaricha undan qo‘l uzmas edilar”.
Amir Temur bul xos yigitlarining tengsiz jasoratlari haqida o‘z “Tuzug”ida ko‘p bor to‘xtalib, ular saralaridan saralangan “. aql-xush egalari, bazm-u razm sherlari, mahoratli sarkarda, lashkar to‘pini buzib, uni mag‘lub etuvchi kishilar edi”, deb ta’kidlaydi. Sohibqiron buyrug‘i bilan ularning yuztasi – o‘nboshi, yuztasi – yuzboshi, yuztasi mingboshi, yana o‘n ikkisi amir, biri amir ul-umaro etib tayinlangan.
Amir Temur hamisha shijoatli kishilarni o‘ziga do‘st tutdi, ardoqladi. Yaxshilariga – yaxshilik qildi, yomonlarini o‘z yomonliklariga topshirdi.
Tarixchilar Amir Temurning ozgina askar bilan dushmanlarining ko‘p sonli lashkarini yengib, qal’alarni olganligini qator misollarda yozib qoldirganlar.
Sohibqiron askarlaridagi hayratomuz kuch-qudratning siri nimada? Ayni savol hammani qiziqtirishi tabiiy. Bu sir, avvalo, sarkardaning tadbirkorligi, qolaversa, askarlarning kuchliligi va ishonchlarida edi. Sarboz kuchi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Kuch yig‘ilsa, ishonch tug‘iladi. Ishonch g‘alabani ta’minlaydi. Kuchga erishish uchun kuch beradigan ilmni bilish kerak. U qanday ilm o‘zi? Amir Temur lashkarida shunday ilm bo‘lganmi? Yo‘q, deb aytishga tarix, bobolarimiz ko‘rsatgan jasoratlar, qolaversa, Amir Temurning o‘z hayotida kechirgan suronli voqealar imkon bermaydi. Sohibqiron shonli yurishlari avvalida kechgan Alibek tutqinidan ozod bo‘lgan paytlarini eslab aytadi: “Kuchli va chaqqon bilaklarim ish berib, soqchilardan birining qo‘lidan qilichini tortib oldim-da, ularga hamla qilgan edim, barisi qochib qoldi”. Qurolsiz tutqun hushyor turgan soqchi qilichini tortib olib, butun to‘pni bir hamlada tum-taraqay qilishi uchun qanchalik mohir jangchi bo‘lishi kerak?
Qo‘llar o‘z-o‘zidan chaqqon va kuchli bo‘lmaydi. Kuchni kuch ilmi paydo qiladi, mahoratga payvasta etadi. Saltanatlar kuch ilmi sohibi bo‘lmish lashkarli sardorgagina nasib etgan.
Amir Temur saltanat tuzgan ekan, lashkarining kuch-u qudratini do‘st-u raqib tan olgan ekan, o‘zi va lashkari kuch ilmidan xabardor bo‘lishi shart edi. Lekin aniq yozma ma’lumotlar yo‘qligi bizni ikkilantiradi. Ayni paytda kuch ilmini yozish, begonalarga o‘rgatish yosoq bo‘lganligini, ota o‘g‘liga, ustoz shogirdigagina bor ilmini meros qoldirish an’anasiga qat’iy amal qilinganligini yodlasak, qo‘lyozma manba axtarishdan ko‘ra xalq xotirasi va qon yodi (genetik xotira) ko‘proq ma’lumot berishi mumkinligiga amin bo‘lamiz (o‘zbek kurashchilari va bokschilari, jang san’ati vakillarining xalqaro g‘alabalarining bir asosi qon yodida turibdi).
Aytadilar: “Bor yitmas, yo‘qni yo‘ndirib bo‘lmas!”.
Qadim turkiy jang san’ati “Ming askar” ustasi – Masharip (Mashrab) Jumaniyozov – usta Madju bilan suhbatlashib, xalqimizda butun borliq mohiyati bilan uyg‘un, falsafiy mifologik dunyoqarashlar asosida shakllangan, qat’iy tizimga ega – bir askarga ming askar kuch-u qudratini beruvchi jang ilmi bo‘lganligini bildik.
Usta Madjuning ota-bobolari – “Juma uchar”lar avlodi bu ilm sirlarini avloddan-avlodga o‘tkazib, shu kungacha saqlab kelishgan. Usta Madju aytadi: “Jang san’ati uch tumor (halqa), o‘ttiz uch yo‘l, bir butun tizimdan iborat. Har bir yo‘l ichida o‘z usullari bor. Hisoblab chiqilsa, roppa-rosa ming usul hosil bo‘ladi. Bir kishi shu ming usulni o‘rgansa, “Ming askar”ga teng keluvchi, har qanday saltanatga tayanch yengilmas kuchga aylanadi”. Ming askar maqomi sohibi bo‘ladi.
Aqlga bo‘ysunmagan dali kuch buzg‘unchilik keltirishi mumkin. Ota-bobolarimiz bu xatarli ofat zararini yaxshi anglab yetganlar. Shu sababli tan va ruh tarbiyasini uyg‘unlikda, vobastalikda olib borishgan. “Ming askar” jang san’ati tizimida ana shu uyg‘unlikning mukammal ko‘rinishi namoyon.
E’tibor bering: uch halqa – 1-tong otishi, 2-tush vaqti, 3-kun botishi. Tumor (halqalar)ning joylashuvi Amir Temur bayrog‘idagi uch halqa tasviriga ham mos keladi. O‘ttiz uch yo‘l esa ushbu uch halqa tevaragiga quyosh chiqib botguniga qadar vaqt oralig‘ida bir-bir joylashadi.
“Ming askar” jang yo‘llarining tartibi: 1. Tovus tongi. 2. Shamol qilich. 3. Askarlar o‘yini (1). 4. Qanotli pichoq. 5. Tepa ko‘z. 6. Soya o‘yin (1). 7. Yovvoyi ot. 8. Qo‘sha tayoq. 9. Qurol o‘yin (1). 10. Olovli yo‘l. 11. Askarlar o‘yini (2). 12. Chayon himoyasi. 13. Yaltiroq qilich. 14. Sehrli tayoq. 15. Dovyurak lochin. 16. Yengilmas aso. 17. Qaysar qurol – jabr qurol – qaytar qurol. 18. Zaharli nayza. 19. Olovli barxan. 20. Oltin qurol. 21. Qo‘sha qilich. 22. Bo‘ri ovi. 23. Askar o‘yin (3). 24. Yildirim qilich. 25. Qurol o‘yin (2). 26. Qirq oyoq. 27. Temir tirsak. 28. Soya o‘yin (2). 29. Uchar xanjar. 30. Belbog‘ qilich. 31. Askar o‘yin (4). 32. Ajdarho qahri. 33. Toshbaqa – temir qalqon.
“Ming askar” jang san’ati usullarining birinchisi “Tovus tongi” deb nomlanishi bejiz emas. Odatda kecha-kunduz fikri-yodi jang bilan bo‘lgan askarning ko‘zi qonga to‘lib, tap tortmay haq-u nohaqni yanchib, yo‘q qilib ketishi hech gap emas. “Tovus tongi” mashqi askarni sokinlashtiradi, xayollarini tinitadi. Ko‘nglida butun borliq bilan birlik hissini uyg‘otadi. Askar borliq bilan uyg‘unlashadi. Bir so‘z bilan aytilsa, har bir askar jannat qushi – tovusga evriladi. Navbatdagi mashqlar shu sokin asosga qurilib, askar mashqlar zinasidan bir-bir ko‘tarilib borgan, o‘ttiz ikkinchi mashq “Ajdarho qahri”ga yetganda yengilmas qudrat kasb etgan. So‘ngi mashq “Toshbaqa – temir qalqon”ni egallagan askar tani va ruhida yig‘ilgan kuchni jamlab, bir qal’a qurib, har bir qadamini bilib bosguvchi, raqibiga zarracha ustunlik imkonini qoldirmaydigan, sokin, dono alp sifatida tungi oromga ketgan.
Sohibqiron Amir Temur davriga kelib “Ming askar” jang san’ati ommaviy tus olgan. Amir Temir o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi, amirlarni tayinlashda nomzodlarning qancha jang usulini bilishiga ham alohida e’tibor bergan. “Ming askar” jang usulini mukammal bilib, jasorat ko‘rsatgan jangchilar maxsus o‘n musht uzunligida, qalinligi otning ko‘zidek keluvchi, og‘irligi besh kilo chiqadigan oltin qurol bilan taqdirlangan. Bu qurol bilan har qanday hamladan himoyalanib, har qanday jangchini mag‘lub etish mumkin bo‘lgan. Chunki ming usul sohibida bu oltin yaroq sehrli qudrat kasb etgan. Unga jangchining nasli, tug‘ilgan joyi, ko‘rsatgan jasoratlari yozib qo‘yilgan.
Oltin – qudrat beruvchi ma’dan.
Oltin qurol jangchini tovusning holatiga solgan. Tovusning jahli chiqmaydi. Shuncha zeb-ziynati, go‘zalligi bo‘lsa-da, sekin yuradi. Jangchi ham og‘ir-bosiq bo‘lsa, vaziyatning xojasiga aylanadi. Oltin qurolning sehrli kuchi ham shunda.
“Ming askar” jang san’ati mashqlarini ommaviy o‘tkazish, urushda qo‘llash tartibi ham bu san’atga asos qilib olingan tovus tabiati, xatti-harakatlariga uyg‘un keladi. E’tibor berilsa: tovusning patlarini yoyib-yig‘ib o‘z go‘zalligini namoyish etishi, boshini sarak-sarak etib atrofni sinchiklab kuzatishi ming askar jangchilarining sardorlari yetakchiligida dushman to‘piga hujum qilishlari, jang olib borishlariga ulgu qilib olingan.
Usta Madju tez-tez qaytaruvchi yana bir gap bor: “Qadim turkiy jang san’atining “ming askar” deb atalishiga sabab unda ming jang usulining borligigina emas, bu bir askarning ming usulni egallab, ming askarga aylana olishiga ishoradir. Bir usulni bilganga askar deganlar. O‘n usulni bilgan – o‘n askar, yuz usulni bilgan – yuz askar, ming usulni bilgan esa ming askar atalgan”.
“Ming askar” jang usullari faqat urushish yo‘l-yo‘rig‘i emas, ayni damda mustahkam sog‘lik, jismoniy-ruhiy quvvat mashqlaridir. Bu mashqlarni muntazam ravishda bajargan kishi sog‘lom bo‘lgan, umriga umr qo‘shilgan. Qoni tozarib, ruhi kamolot bosqichlariga ko‘tarilgan. Shunday ekan, “ming askar” jang san’ati usullarini to‘liq qayta tiklab, ommalashtirish bugungi kun uchun, xalq va avlodlar salomatligi, ruhiy yuksalishi uchun ham zarurdir.
O‘zbekiston askarlarini “Ming askar” maqomida ko‘raylik, dunyo shunday tanisin!
Shomirza TURDIMOV,
filologiya fanlari doktori, folklorshunos olim