Press "Enter" to skip to content

Yulduzli tunlar kitob

* * *
Bu mudhish xabar Samarqandga yetib kelganda Bobur qattiq betob boʻlib, Boʻstonsaroyning ikkinchi qavatidagi xobgohda isitmalab yotgan edi. Andijondan kelgan chopar oʻram qilib soʻrgʻichlangan maktubni yasovulga koʻrsatdi-yu, ammo bermadi:
— Hazrati xonim «amirzodaning oʻz iliklariga bering», deb buyurganlar!
Bobur har kuni necha qayta: «Andijondan chopar bormi?» — deb soʻrar edi. Yasovul choparni darhol yuqoriga boshladi.
Xobgoh eshigi oldida ularni Boburning shaxsiy tabibi boʻlgan kichik jussali moʻysafid toʻxtatdi:
— Bu kitobatni avval Qosimbek oʻqimoqlari kerak. Agar xushxabar boʻlsa, keyin amirzodamga berursiz.
— Onalari, buyurganlar, ustodlari Xoʻja Abdulla ham tayinlaganlar, amirzodamning oʻzlari oʻqimoqlari kerak.
— Yomon xabar Mirzo hazratlarini xarob qilishi mumkin! — dedi tabib kuyunib. — Asli oʻzlari tumovlab tuzalish arafasida edilar. Tashvish ustiga iztirob, iztirob ustiga kulfat, hammasi qoʻshildi-yu, muolajani oxiriga yetkazmay turib ketdilar. Mana bugun uzlikib ahvollari ogʻirlashib yotibdilar!
— Andijon xavf ostida. Agar tezroq bildirmasak, keyin kech boʻlur, bizdan norozi boʻlurlar!
— Yoʻq, men hozir ijozat bermaydirmen!
— Janobi tabib.
— Yoʻq, yoʻq!
Bu bahs ichkarida yotgan Boburning qulogʻiga chalindi. U baland tovush bilan:
— Chopar boʻlsa kirsin! — deb buyurgandan keyin, tabib choparga yoʻl berdi.
Bobur katta tanobiy xonaning toʻrida yerdan bir gazcha baland qilib solingan parqu toʻshakda yotgan edi. Chopar toʻshakdan ancha berida yukundi-da, tizzasida sirgʻalib borib, maktubni Boburga ikki qoʻllab uzatdi.
Isitmaning zoʻridan boʻgʻriqib yotgan Bobur yonboshga turib, maktubni titroq qoʻllari bilan ochdi. Ichma-ich ikkita xat. Birida Xoʻja Abdullaning imzosi. Birini Qutlugʻ Nigor xonim yozgan. Ular ikkovi ham Andijonning dahshatli ahvoli, qamal tafsilotlari haqida yozishgan. Boburdan boshqa najotkorlari yoʻqligini aytishib, tezroq yetib kelishini iltijo qilishgan edi.
Andijon qurshovda! Fitnachi beklar Andijon taxtiga Jahongir mirzoni oʻtkazmoqchilar. Ahmad Tanbalni lashkarboshi qilishib, Boburdan ota yurtini tortib ol-moqchilar! Bobur ularni bunchalikka boradi, deb hech oʻylamagan edi. Toʻsatdan uning ustidan bir chelak sovuq suv quyilganday boʻldi-yu, a’zoyi badani muzlab, boʻshashib, boshi yostiqqa «shilq» etib tushdi. Tamom!
Tanbal bilan Jahongir gʻalaba qilsa, ularning tomoniga qochib oʻtuvchilar yana koʻpayadi. Bobur kim bilan qoladi? Balki hozir ham Tanbal tomonga qochib oʻtayotganlar bordir? Balki Qosimbekning oʻzi ham. Kutilmaganda xayoliga kelgan bu oʻydan Bobur shunday dahshatga tushdiki, butun kuchini toʻplab, oʻrnidan sapchib turdi:
— Qosimbek qani.
— Hozir kelurlar, odam yubordik, — dedi tabib muloyim tovush bilan. — Amirzodam, yoting, sizga orom kerak!
Boburning xasta xayolida birdan qilich tutgan Tanbal gavdalandi. Bobur bu qilichni tanidi. Oʻshda Tanbal shu qilichni oʻpib, «to oʻlgunimcha sodiq qulingizman», degan edi. Tanbal oʻsha qilichni hozir goʻyo Boburning boshi ustida oʻynata boshladi. Tanbalning oyogʻi os-tida togʻdan xurjunga solib kelingan kallalar yumalab yotipdi. Ularning biri tanishga oʻxshadi. Qutlugʻ Nigor xonimning boshi. Bobur alahsirab koʻz oldiga keltirgan bu qoʻrqinchli xayol uni goʻyo toʻshakdan otib yubordi. U gilam ustida ichki kiyimda oyoq yalang turganicha:
— Shamshirni bering! — deb qichqirdi. — Menga shamshirni bering!
Tabib uni mahkam quchoqlab oldi:
— Amirzodam, xastasiz, yotmogʻingiz kerak. Amirzodam! — Tabib Boburni goʻyo Tanbalning qilichiga tutib bermoqda edi. Bobur uning quchogʻidan yulqinib chiqib eshikka intildi:
— Ot keltiring! Men Andijonga boramen! Shamshir qani? Beklarga xabar bering! Tezroq tayyorlansinlar!
Tabib uning ketidan yugurdi. Dastorpech Boburning kimxob toʻnini olib borib yelkasiga yopdi, oyogʻiga kavushini berdi. Bobur kavushning bir poyini kiydi-yu, ikkinchisini kiyishga toqati yetmadi. Uning boshi gir-gir aylanar, havo yetishmay, nafasi qisilar edi. Koʻz oldida hamon oʻsha qonli qilich va kesik kallalar.
— Xoin! — dedi u Tanbalga qarata. — Qonxoʻr!
Bobur ayvon eshigiga qarab chopdi. Lekin eshik oldida gandiraklab yiqildi. Tabib bilan dastorpech uni behush ahvolda toʻshakka koʻtarib kelib yotqizishdi.
Soʻng u yarim kechaga borib sal hushiga keldi. Koʻzini ochib, ogʻziga paxtadan suv tomizayotgan tabibni koʻrdi. Nazarida, tili shishib, shunday katta boʻlib ketgan ediki, butun tanasini togʻday bosib yotardi. Bobur koʻzini ochganini sezib, Qosimbek uning tepasiga keldi:
— Xayriyat-e. Amirzodam, bizni muncha qoʻrqitdingiz?
Bobur koʻzlari moʻltirab nimadir demoqchi boʻldi, ammo behad ogʻirlashib ketgan tilini qimirlatolmadi.
— Endi yaxshimisiz, amirzodam?
Bobur jim. Qaraydi-yu, gapirolmaydi. Uning tildan qolganini sezgan Qosimbek koʻzidan tirqirab chiqqan yoshni koʻrsatmaslik uchun yuzini chetga burdi.

Yulduzli tunlar (I- qism) [Pirimqul Qodirov]

1999
Arosat (Birinchi Qism)
Quva – Qil Ustida Turgan Taqdirlar
1
Milodiy 1494-yilning yozi. Saraton issigʻida Far-gʻona vodiysining osmoniga chiqqan quyuq bulutlar kuni boʻyi havoni dim qilib turdi-yu, kechki payt birdan jala quyib berdi. Qizil tuproqli tepaliklar orasidan oʻtib kelayotgan sersuv Quvasoy qon qoʻshib oqizilgandek qip-qizil boʻlib ketdi.
Soy boʻyidagi majnuntollar panasida bir yigit bilan qiz shivirlashib gaplashmoqda edi.
— Robiya, inon, men tirik boʻlsam, senga balo-qazoni yoʻlatmasmen!
— Tangrim sizni ham panohida asrasin, Tohir ogʻa. Yogʻiyning[1] ming-ming askari bor. Qaysi biriga bas kelursiz? Ana, qochqinlarga qarang.
Tohir orqasiga oʻgirilib, Quvasoyning quyi tomonlariga koʻz yugurtirdi. Pastda qamishzor botqoqlik va uning ustidan oʻtgan uzun yogʻoch koʻprik bor edi. Koʻprikdan chumoliday behisob odamlar, otlar, mollar, aravalar tizilib oʻtib kelayotgani yomgʻir pardasi orasidan elas-elas koʻzga chalinardi.
Samarqand podshosi Qoʻqonni bosib olib, qoʻshiniga talatgan va Margʻilonga hujum qilgan edi. Bosqinchilar shaharu qishloqlarni talash bilan qanoatlanmay, koʻhlik qizlarni choʻrilikka olib ketishar edi. Buning hammasini eshitgan odamlar yovdan qochib, tinch joy izlab bormoqda edilar.
— Ulusning shoʻri qursin! — dedi Tohir. — Kasofat podsholar urushmay turolmasa. Biridan qochsang, boshqasiga tutilsang. Undan koʻra qochmaymiz! Tavakkal. Peshonaga bitilgani boʻlur!
Tohir yomgʻirda hoʻl boʻlib, badaniga yopishib turgan qalami yaktak ustidan xanjar taqib olgan edi. Robiya xanjarga qoʻrqa-pisa koʻz tashladi-da:
— Qaydam, — dedi. — Otamlar meni qoʻrgʻonga eltib qoʻymoqchilar.
— Qaysi qoʻrgʻonga?
— Andijon qoʻrgʻonida amakim borlar-ku.
Tohir Robiyaning hoziroq joʻnab ketishidan choʻchiganday uning bilagidan oldi. Ilgarilar hurkovich ohudek tutqich bermaydigan Robiya hozir allanechuk yuvosh boʻlib qolgan edi. Uning xina qoʻyilgan qoʻllari gulday chiroyli. Boshiga otasining qora jun chakmonini yopinib chiqqan ekan. Yomgʻirda hoʻl boʻlib ogʻirlashgan chakmon uning nozik boʻyniga ogʻirlik qildi. Robiya chakmonni yelkasiga tushirdi. Shunda yoqasining bitta bogʻichi yechilib ketdi-yu, qizgʻish marmarday silliq boʻynining pasti koʻrindi. Yashil nimchasi oʻn yetti yoshlik qizlardagina boʻladigan tolma belidan quchib, qattiq koʻkraklarini mahkam chirmab turar edi.
Bolalikdan Robiya bilan devordarmiyon qoʻshni boʻlib oʻsgan Tohir uning qanchalik jozibali qiz ekanini, bosqinchi bek va navkarlar mana shunaqa qizlarga qanchalik oʻch boʻlishini goʻyo endi astoydil his qildi.
Bu yil bahorda ota-onalari ularni unashtirib qoʻygan paytlarida ham Robiya Tohirga hozirgichalik chiroyli koʻrinmas edi. Ramazon oyi oʻtgandan keyin ularning toʻylari boʻlishi kerak. Tohir Robiya bilan hademay bir yostiqqa bosh qoʻyishlariga ishonib, bexavotir yurgan edi. Biroq endi urush dovuli Quvaga yaqinlashib kelayotgan shu xatarli damlarda Robiya unga har qachongidan ham aziz, har qachongidan ham gʻanimat koʻrindi.
Tohir Robiyaning Andijon qoʻrgʻonida birorta boʻyni yoʻgʻon bekning tuzogʻiga ilinib qolishi mumkinligini oʻyladi-yu:
— Yoʻq! — dedi. — Meni desang qoʻrgʻonga borma!
Robiya Tohirning baxmalday mayin moʻylovi tagida xiyol titrab turgan labiga va iztirob bilan chaqnayotgan qoʻngʻir koʻzlariga tikildi.
— Mening ham sizdan yiroqqa ketkim yoʻq. Lekin neqilay. Qoʻrqamen.
Tohir qizni chakmon bilan birga quchib, bagʻriga bosdi. Robiyaning mayin soch tolalari yigitning yuziga tegdi, bir lahza ikkovining nafasi nafasiga qoʻshilib ketdi. Tohir qizning badani titrayotganini sezdi-yu:
— Chindan qoʻrqqaningmi bu, Robiya? — dedi. — Senga ne boʻldi.
— Men bir vahimali tush koʻrdim, Tohir ogʻa! Ilohi tushim oʻng kelmasin.
Endi Tohir ham xavotirlanib, qizni quchogʻidan boʻshatdi-da, uning katta-katta boʻlib ketgan koʻzlariga qaradi:
— Yomon tushmi?
— Aytishga ham tilim bormaydir.
— Tushga nelar kirmas. Ayt. Mayli.
— Sizni bir qora hoʻkiz xanjarday shoxlari bilan suzib. Yoʻq! Yoʻq! Eslasam, etim junjikib ketadir!
Tohir yomon bir falokatni oldindan sezganday yuragi uvushdi:
— Shoshilmay gapir! Suzgan boʻlsa, qon oqdimi?
— Qon? Ha, ha.. Qon tirqirab ketdi.
— Unday boʻlsa qoʻrqma. Tushdagi qon — yorugʻlik. Otam doim shunday deydi.
— Tangrim shu ta’birni rost keltirsin! Tohir ogʻa, men. Agar Andijonga siz bormasangiz. men ham ketmasmen. Neki boʻlsak, shu yerda. birga.
Majnuntol barglari orasidan sirqib tushayotgan yomgʻir tomchilari qizning payvasta qoshlariga, tigʻiz kipriklariga tekkan. Tohirning nazarida, Robiya yomon bir baxtsizlik boʻlishini hozirdan sezib, koʻziga yosh olayotgandek koʻrinardi.
— Mendan koʻp xavotirlanma, Robiya. Men bir dehqon odammen. Havo ochilsa, dalaga chiqib qoʻshimni haydaymen. Oʻrogʻimni oʻramen. Yogʻiyning menga ne ishi bor? Lekin sen. ehtiyotingni qil. Andijon qoʻrgʻonida amakilaring bor.
— Andijonda sizning ham mulla togʻoyingiz borlar-ku! Yo birga ketaylikmi?
Tohir oʻylanib qoldi. Uning Andijonda me’mor boʻlib ishlaydigan Fazliddin togʻasi el orasida tanilgan mashhur odam. Quvasoy botqogʻining ustidan oʻtgan mana shu uzun yogʻoch koʻprik ham mulla Fazliddin chizib bergan tarh[2] boʻyicha qurilgan. Andijon arkida mulla Fazliddin samoviy naqshlar va koshinlar bilan bezab qurgan devonxona tojdor Umarshayx mirzoga ma’qul boʻlgandan keyin unga toʻbichoq ot va bir hamyon oltin in’om qilganini Tohir ham eshitgan. U togʻasining shahar qoʻrgʻonidan tashqaridagi Bogʻot mahallasida turishini biladi. Mulla Fazliddin Quvada turgan paytlarida Tohirga xat-savod oʻrgatgan edi. Endi jiyani panoh istab borsa, qanoti tagiga olishi mumkin. Lekin bu yerda chol-kampirlar nima derkin? Tohir — yolgʻiz oʻgʻil, javob bermasliklari mumkin. U Andijonga Robiya tufayli borishini esa ota-onasiga aytishdan uyaladi. Balki buni Robiyaning akasi Mahmud aytar?
— Robiya, mayli, iloji boʻlsa, Andijonga birga keturmiz. Lekin dadamlarni koʻndirish oson emas. Mahmud ogʻang eshikdami?[3]
— Doʻkonga chiqqan edilar. Iftorgacha kelurlar. Nima edi?
— Iftordan soʻng biznikiga oʻtsin. Maslahat bor.
— Xoʻp, men aytamen.
Robiya yuzini Tohirning keng koʻkragiga bosdi:
— Tangrim bizni bir-birimizga koʻp koʻrmasin! — dedi-da, majnuntol shoxlari orasidan chiqdi.
Soy boʻyida turgan boʻsh mis koʻzani yomgʻir tomchilari chertib-chertib qoʻyadi. Robiya koʻzaga qarab suvga kelganini esladi va uni toʻldirib, uylari tomon koʻtarib ketdi.
Qalliqlar odamlarning koʻzidan yiroqda — yashiriqcha uchrashib yurar edilar. Qiz uzoqlashib ketgandan keyin Tohir ham majnuntollarning panasidan chiqdi.
Shunda Robiyaning tushiga kirgan qoʻrqinchli voqea uning esiga tushdi-da, noma’lum bir xatar vujudiga larza solib oʻtdi.

2
Bu yilgi roʻza yoz chillasiga toʻgʻri kelgan, jazirama kunlarda tong sahardan kechqurun qorongʻi tushguncha tuz totmay och yurish koʻp odamning sillasini quritar, buning ustiga tashnalik azobi qoʻshilardi. Roʻzadorlar kunni qanday kech qilishlarini bilmay, tezroq qosh qorayishini intizorlik bilan kutishardi.
Gʻira-shira qorongʻilikda Quva masjidining minorasidan azon tovushi eshitildi. Urush tahlikasi qanchalik kuchli boʻlmasin, dasturxon atrofiga yigʻilgan odamlar roʻzasini ochayotgan paytda ochlik va tashnalikdan qiynalgan vujudlari rohatlanib, dunyo gʻamlari birpasga boʻlsa ham xayollaridan uzoqlashdi.
Tohir keksa ota-onasi bilan birga iftor qilmoqda edi. Dasturxondan sedanalik issiq non va handalak hidi keladi. Non yeb, bir kosadan qatiqli osh ichganlaridan keyin Tohir Andijonga ketish haqidagi gapning uchini chiqarishga chogʻlandi.
Shu payt kimdir qamchi dastasi bilan darvozani taqillatdi. Hovlida yotgan keksa koʻppak it yoʻgʻon va xirri tovush bilan vovulladi. Tohir oʻrnidan turgan edi, otasi:
— Ehtiyot boʻl! — dedi ovozini pasaytirib. — Avval kimligini soʻrab bil.
Tashqarida yomgʻir tingan, lekin osmon bulutli, qorongʻilikda hech narsani koʻrib boʻlmas edi. Tohir darvozaxonaga yaqin borib:
— Kim? — deb soʻradi. Koʻppak qattiqroq hura boshladi. Tashqaridagi odam ovozini balandlatib:
— Tohir, jiyan? — deb soʻradi. — Och, men togʻo-yingmen!
Tohir tashqaridagi ovozni tanib, ochiq darcha orqali ichkariga:
— Aya, Fazliddin togʻoyim! — dedi-yu, chopib borib darvozaning zanjirini tushirdi.
Ichkaridan chiqqan chol-kampirlar mehmon bilan koʻrishayotganda Tohir qorayib turgan ikki gʻildirakli soyabon aravani koʻrdi. Aravaga qoʻshilgan otning egari ustidan kimdir paypaslanib tushmoqda edi.
— Mulla togʻa, arava sizdanmi?
— Ha, jiyanim. Koʻch-koʻronim bilan keldim.
— Shunaqami? — dedi Tohir hayron boʻlib. Uning koʻnglida boya togʻasini koʻrganda yongan quvonch endi tashvishli oʻylar bilan almashindi. Tohirning Andijondagi panohi — mana shu togʻasi edi. Togʻasi koʻchib kelgan boʻlsa, Tohirning qoʻrgʻonga boradigan yoʻli bekilgani shu. Robiya nima boʻladi?
— Tohir, nega agʻrayib turibsan? Yuklarni tushirishgin! — dedi onasi. — Mullo togʻoying yomgʻirda koʻp azob tortganga oʻxshaydir.
— E, azob ham gapmi, opa! Arava loylarga tiqilaverib jonimizdan toʻydirdi. Yoʻllar tirband. Qochoqlar behisob.
Tohir aravadan yuk tushirayotib, otning sagʻrisiga qoʻli tegib ketdi. Shunda qoʻliga shilimshiq loy ilashganini sezdi. Loy otning sagʻrisigacha chiqqan boʻlsa, bu bechoralar kela-kelguncha qanchalik qiynalganikin? Hamma yovdan qochib Andijonga qarab ketayotganda, bu-lar nega Quvaga koʻchib kelganikin? Tohir qanor qopga solingan yukni aravadan tushirmoqchi boʻlganda togʻasi:
— Hushyor boʻl, juda ogʻir, ikkovlashib koʻtaringlar,— dedi aravakashga.
Tohir qopning ichida uncha katta boʻlmagan poʻlat sandiq borligini sezdi. Mulla Fazliddin oʻtda kuymaydigan, suv kirmaydigan bu sandiqni Quvaning temirchi ustalariga buyurtma berib yasattirgan edi. Uning ichida tarhlar, loyihalar, suratlar saqlanardi. Mulla Fazliddin uch yil Samarqandda, toʻrt yil Hirotda tahsil koʻrgan, oʻsha yoqdan me’morlik san’ati bilan birga musavvirlik[4]ni ham oʻrganib kelgan edi. Hirotda jangnomalar ichiga suratlar chizish odat tusiga kirgan, mavlono Behzod chizgan Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro tasvirlari rasmiy doiralarda shuhrat topgan, lekin Samarqandda, xususan, Fargʻona vodiysida odam shaklini chizish hali ham qur’on nomidan qattiq taqiqlanib kelmoqda edi. Shuning uchun mulla Fazliddin oʻzi chizgan suratlarini mana shu poʻlat sandiqda doim maxfiy saqlar edi.
Tohir qopdagi poʻlat sandiqni aravakash bilan koʻtarishib uyga olib kirishdi.
Mulla Fazliddin hoʻl boʻlib ogʻirlashgan piyozi chakmoni va etigini dahlizda yechib qoldirdi. Oyogʻiga charm kavush kiyib, obrez chetida bet-qoʻlini yuvdi. Soʻng boya Tohirlar oʻtirgan dasturxonlik uyga kirdi.
Uning chakmonidan oʻtgan yomgʻir kalta yenglik abosini nam qilgan edi. Lekin yoz oqshomi iliq boʻlganligi uchun kiyim almashtirish esiga kelmadi. Yoʻlda qattiq toliqqanligi uchun durust ovqat ham yemadi. Faqat bir-ikki tilim handalak yediyu uch-toʻrt piyola choy ichdi. Aravakash yigit ikki kosa toʻla qatiqli osh ichgandan keyin otlariga qarash uchun hovliga chiqib ketdi.
— Obbo! Mulla Fazliddin-ey! — dedi Tohirning otasi uzun oq soqolini oʻychan ezgʻilab. — Zap kelibsizda. Shu notinch kunlarda birga boʻlganimizga ne yetsin!
— Hamma yogʻiydan qochganda biz ajdahoning komiga yaqin kelib qolganimiz gʻalati boʻldi, — deb mulla Fazliddin jiyaniga ma’yus koʻzlari bilan qaradi.
— Biron sabab bilan kelgandirsiz-da, mulla togʻa?— soʻradi Tohir.
— Sabab shukim, jiyan, urush boshlansa, qurilish toʻxtaydi, me’morning keragi boʻlmay qoladir.
— Ie, axir, sizni podshoning oʻzi xizmatiga olgan emasmidi?
— Podsho Axsi qoʻrgʻonida mudofaa bilan ovora. Toshkent xoni Mahmudxon ham Xoʻjand tomondan bizga qarshi qoʻshin tortib kelmoqda emish. Qashqar hokimi Abubakir dugʻlat degan yana bir bosqinchi sharqdan Oʻzganning ustiga bostirib kelmishdir.
Tohirning keksa otasi qoʻrqib, yoqasini ushladi:
— Yo tavba! Bu yoqda Samarqand qoʻshini. Uch tomonimizdan yogʻiy bostirib kelibdimi, a? Bu ne koʻrgulik, mulla Fazliddin? Axir bu podsholar sal murosa qilsalar boʻlmaydimi, a? Hammasi bir-biriga qarindosh emish-ku. Shu rostmi?
— Ha, rost. Toshkent xoniga bizning podshomiz kuyov boʻladir. Qoʻqonni talab, bizning ustimizga qoʻshin tortib kelayotgan Samarqand podshosi Sulton Ahmad mirzo esa bizning podshomiz bilan bir otadan boʻlgan ogʻa-inidirlar. Yana bu ikki podsho bir-birlariga quda boʻlmoqchi edilar. Samarqand podshosining qizi bizning valiahdimiz Bobur mirzoga besh yasharligidan unashtirib qoʻyilgan edi. Shundan bilingki, ogʻa iniga, qaynota kuyovga qarshi qilich koʻtarib chiqmishdirlar!
— Yo poka parvardigor! Oxirzamon degani shumikin, mulla Fazliddin?
— Bilmadim, pochcha. Har qalay, yomon tojdorlarning zamonasi oxirlab qolayotganga oʻxshaydir. Koshki, oʻzlari bilan oʻzlari olishib, bizni tinch qoʻysalar! Urushning butun jabru jafosi el-ulusning boshiga tushadir.
— Shoʻrimiz bor ekan-da!
— Ha, tole boʻlmasa qiyin ekan! Men ne-ne orzular bilan ilm-hunar oʻrganib kelgan edim! Vatanimiz boʻlmish Fargʻona vodiysida Samarqanddagidek, Hirotdagidek madrasalaru koʻrkam obidalar qurmoqchi edim. Bu saltanatu podsholardan ne qolur? Hammasi nom-nishonsiz ketgay! Bizdan yodgorlik boʻlib qolsa Ulugʻbek madrasasidek, Navoiy Unsiyasidek san’at asarlari qolur!
Mulla Fazliddin ogʻzidan chiqib ketgan soʻnggi gaplardan xavotirlanib, eshik tomonga qarab qoʻydi. Uning saroy ahliga yaqin yurib, aygʻoqchilardan yurak oldirib qoʻyganini Tohir ham sezdi.
— Mulla togʻa, soʻzlayvering, bu yerda hamma oʻz-oʻzimiz. Andijon qoʻrgʻonidan nechun sizga joy bermadilar?
Mulla Fazliddin soʻnggi kunlarda boshdan kechirgan mudhish hodisalarni eslab, bir lahza ogʻir sukutga ketdi.
Oʻtgan kuni xufton paytida mulla Fazliddin oʻzlaridan besh-olti uy narida turadigan bir xattot oshnasinikida iftor qilib oʻtirganda qandaydir noma’lum kishilar uning uyiga bostirib kiradi. Hovlidagi it vovullab qoʻymaganda uni qilich bilan chopib tashlaydilar. Bugun bu yerga aravani minib kelgan xizmatkor yigitning ogʻziga latta tiqib, qoʻl-oyogʻini bogʻlaydilaru qaznoqqa tashlaydilar. Soʻng uyga kirib, tintuv oʻtkazadilar va poʻlat sandiqni koʻradilar. Lekin uni ochishning ilojini topolmay, qulfini bolta bilan urib sindirishga kirishadilar.
Qilich bilan chopilgan it qattiq vangillaganda devordarmiyon qoʻshnilar bir falokat boʻlganini sezadilar. Ulardan biri chiqib mulla Fazliddindan xabar olmoqchi boʻlsa, darvoza qarshisidagi daraxt panasida bir odam toʻrtta otning jilovidan ushlab turibdi. Uning yuzi qora niqob bilan bekitib olingan, faqat koʻzlari koʻrinadi. Ichkaridan esa poʻlat sandiq qulfiga urilayotgan bolta tovush eshitiladi.
Mulla Fazliddinga qadrdon boʻlgan qoʻshni uning uyiga yomon odamlar tushganini sezadi-yu, darhol xattotnikiga chopadi. Undan voqeani eshitgan mulla Fazliddin uyiga yugurib keldi.
Poʻlat sandiqning qulfini sindirib ochib, undagi qogʻozlarni titkilayotgan bosqinchilar uy egasini koʻrib, darchadan ayvonga sakrashdi.
— Toʻxta, nobakor! — deb mulla Fazliddin bittasining qarshisidan chiqqan edi, yuziga qora niqob tutgan ayiqday zoʻr yigit uni yelkasi bilan urib chetlatdi-da, koʻchaga otildi. Boshqalari ham koʻchadagi otlariga minib, bir lahzada gʻoyib boʻlishdi.
Mulla Fazliddin ularni quvlab yetolmasligini sezdida, toʻs-toʻpolon boʻlgan uyga qarab intildi va ochiq yotgan poʻlat sandiqning tepasiga keldi. Tokchada qoʻshaloq sham yonib turibdi. Uning yorugʻida aralash-quralash boʻlib ketgan, ba’zi joylari yirtilgan loyihalar va chizmalar koʻzga tashlandi. Sandiq ichida podshoh in’om qilgan oltinning bir qismi hamyoni bilan turgan edi. Shu yoʻq. Lekin hozir mulla Fazliddinning koʻziga oltin ham koʻrinmas edi. Uning butun xayoli sandiq tubidagi maxfiy tagqutini bekitib turgan silliq mis parchasida edi. Uni chapga sekin surgan edi, tagqutining kalit solinadigan joyi ochildi. Mulla Fazliddin atrofiga alangladi — uyda boshqa odam yoʻq, qoʻshnisi qaznoqdagi xizmatkorning oyoq-qoʻlini yechish bilan ovora edi. Mulla Fazliddin qoʻynidan kichkina kalit olib, tagqutining qulfiga soldi. Qulf ochilgandan keyin tagqutining mis qopqogʻini sekin koʻtardi-yu, yupqa jild ichidagi suratlarni ochib koʻrdi. Keksa bogʻbonning daraxt payvand qilayotgan payti. Chilmahram togʻlaridagi ov tasviri. Eng pastda chang chalayotgan goʻzal bir qizning surati.
Bu — Umarshayx mirzoning qizi. Andijon chorbogʻida podshoh oilasi uchun tillakori koʻshk qurgan paytlarida oʻn sakkiz yoshlik Xonzoda begim uning musavvir ham ekanligini bilib qolib, oʻzining suratini chizdirgan. Mulla Fazliddin bu ishni yashiriqcha qilgan. Agar shariat peshvolari uning odam suratini chizganini bilib qolishsa, sogʻ qoʻyishmaydi. Yana tagʻin goʻzal malika bilan yashiriqcha til biriktirib surat chizgani qizning podshoh otasiga ma’lum boʻlsa bormi, mulla Fazliddinni tilka-pora qilib tashlashlari hech gap emas.
Shu sababli hozir uni eng qattiq qoʻrqitgan narsa— bu suratning bosqinchilar qoʻliga tushib qolish ehtimoli edi. Xayriyatki, ular sandiq tagida maxfiy tagquti borligini sezishmabdi. Lekin sandiqni otlariga oʻngarib ketishsa nima boʻlardi? Unda tagqutidagi suratlarni ham albatta topib olishardi.
Xizmatkor yigit sal oʻziga kelgandan soʻng, mulla Fazliddin undan va qoʻshnisidan voqeaning tafsilotlarini soʻrab bildi, oʻzining koʻrganlariga buni taqqoslab, shunday xulosaga keldiki, uning uyiga tushganlar — oddiy oʻgʻrilar emas, balki qaysi bir zoʻravon bekning yigitlari. Ular uyni tintib nimani qidirishgan? Tarhlarni tashlab ketishibdi. Demak, suratlarni izlashgan. Mulla Fazliddinning surat chizishini biladigan odam. unda qasdi bor bek yuborgan boʻlishi kerak bu yigitlarni.
Iztirobli oʻylar tuni bilan mulla Fazliddin koʻziga uyqu qoʻndirmadi. Urushning algʻov-dalgʻovida tobora boʻyni yoʻgʻon boʻlib ketayotgan bebosh beklar esiga tushgani sari koʻngli bezovta boʻlardi.
Andijonlik beklardan Hasan Yoqub degani shu yili bahorda mulla Fazliddinni chorbogʻiga chaqirtirib, katta bir ish topshirmoqchi boʻldi.
— Mirzo hammomidan ham ulkanroq bir hammom qurdirmoqchimen. Yozda salqinlaydigan marmar xo-nalari boʻlsin. — Yoqubbek ovozini pasaytirib davom etdi. — Chiroylik asira qizlar sotib olgʻaymen. Oltinim yetarli. Oʻsha qizlar hammomning marmar hovuzida choʻmilganda men oʻltirib tomosha qiladigan maxfiy tuynuklari ham boʻlmogʻi lozim. Uqdingizmi? — deb Yoqubbek xaxolab kuldi-da, gapning xulosasini ayt-di.— Ana shu hammomning tarhini oʻzingiz chizing. Qurilishiga ham siz sarkor boʻling. Qancha haq tilasangiz beray. Xoʻpmi?
Me’morlikni muqaddas bir san’at deb ishongan mulla Fazliddin Yoqubbekning shahvoniy niyatlarini eshitib nafrati keldi:
— Janob bek, uzr, men harom ishdan qoʻrqamen.
— Nimasi harom. Men hammomni oʻz aqchamga qurdirgaymen!
— Hammomga maxfiy tuynuklar qoʻyib quradigan sarkorlar boshqa. Siz oʻshalarga murojaat qiling. Menga Mirzo hazratlari pokiza bir dargoh qurdirmoqchilar. Shu kunlarda madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Ruxsat eting, men boray.
Oʻrinlaridan turganda Yoqubbek mulla Fazliddinga oʻqrayib koʻz tikdi:
— Lekin men aytgan gap shu yerda qolsin, janob me’mor. Aks holda.
— Albatta, bu gap shu yerda qolur! Lekin siz ham mendan ozurda boʻlmang. Ora ochiq! Ma’qulmi, janob bek?
— Ma’qul!
Mulla Fazliddin shu bilan bu boʻyni yoʻgʻon bekdan qutuldim, deb oʻylagan edi. Lekin bundan oʻn besh kuncha burun Ahmad Tanbal degan bir badavlat bek mulla Fazliddinni soʻroqlab, kechki payt uning uyiga keldi. Ikkovlari xoli qolganda Ahmad Tanbal choʻntagidan bir hamyon oltin oldi-da, mulla Fazliddinga uzatdi:
— Taqsir, mana shu oltinni olingu bitta surat chizib bering.
— Qanaqa surat?
Yoshi yigirma beshlardan oshgan boʻlsa ham, yuziga hali durust soqol chiqmagan, koʻsanamo Ahmad Tanbal ogʻzini me’morning qulogʻiga yaqinlashtirib shivirladi:
— Malikamizning surati kerak menga!
— Qaysi malikamiz? — sergaklanib soʻradi mulla Fazliddin.
— Chorbogʻda tillakori koʻshk qurganingizda koʻrgansiz. Xonzoda begim. Oʻzi ham sizning san’atingizga ixlosmand emish-ku.
Mulla Fazliddinning yuragi taka-puka boʻlib ketdi. Nahotki bu bek poʻlat sandiqdagi suratdan xabardor boʻlsa!
— Kim sizga shunday dedi. Men me’mormen. Men faqat imoratlarning suratini chizamen.
— Mendan yashirmang, janob me’mor! Men shariat peshvosi emasmen. Surat chizishni bizda man qilganlariga men ham qarshimen! Hirotda Shohruh mirzo Boysunqur mirzo uchun qurdirgan saroyning devorlari goʻzal qizlar surati bilan bezalgan ekan. Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri-yu, lekin. Har joyning oʻz toshu tarozisi bor. Agar Xonzoda begimning surati haqida siz aytgan gapni podshoh hazratlari bilib qolsalar, nima boʻlishini oʻylaysizmi?
— Bilmagay! — deb shivirladi Ahmad Tanbal. — Ikkovimizdan boshqa hech kim ogoh boʻlolmagay! Xoʻp deng! Mang, oltinni oling!
— Shoshmang, bek. Meni surat chizadi, deb sizga kim aytdi.
— Eshitdik-da!
— Kimdan. Hasan Yoqubbekdanmi.
— Hasan Yoqubbek bir bogʻbondan eshitgan ekan.
«Demak. Ahmad Tanbalning bu yerga kelganidan Hasan Yoqubbek xabardor! — Oʻyladi mulla Fazliddin.— Bular birgalashib meni qoʻlga tushurmoqchi boʻlsa kerak. Sendek qurbaqataxlit bek uchun Xonzoda begimning suratini chizib berib men ahmoq emasmen!».
— Janob Ahmadbek, kamina bogʻlarning suratini chizganda bir chetiga bogʻbonni ham tasvirlashim mumkin. Me’morlik san’ati buni inkor etmaydi. Ammo malikaning suratini chizish uchun menda na san’at bor, na haq va na jur’at!
— Xullas, mening soʻzimni yerda qoldirmoqchimisiz?
— Boshqa ilojim yoʻq. Meni ma’zur tuting, janob bek. Bunday taklif bilan kelish siz uchun ham xatardan xoli emas!
— E, men buzdillardan[5] emasmen! — deb Ahmad Tanbal qahr bilan oʻrnidan turdi va yirik tishlarini irjaytirib qoʻshib qoʻydi: — Lekin siz mening shaxtimni qaytarganingiz uchun hali pushaymon boʻlursiz!
Bu tahdid mana endi toʻrtta bosqinchining qiyofasiga kirib, qorongʻida uning uyiga bostirib kelgan boʻlsa ajab emas. Qurolsiz, navkarsiz mulla Fazliddin Ahmad Tanbalday yuz-ikki yuztadan qurolli yigitlari bor beklarga qanday bas keladi? Lekin «boʻlari boʻldi», deb indamay yuraversa, bu quturgan bek ertaga beshbattar yomonliklar qilishi mumkin emasmi?
Mulla Fazliddin ertalab podshoh in’om qilgan toʻbichoq otni mindi-da, shahar dorugʻasi[6] qabul qiladigan mahkamaga yoʻl oldi. Uzun Hasan ismli ingichka, novcha dorugʻa askarlikka odam olish va shaharni yaqinlashib kelayotgan dushmandan himoya qilish tashvishi bilan band ekan. Mulla Fazliddinning arzini qayoqqadir ketmoqchi boʻlib shoshilib turgan paytda tingladi-da:
— Tarhlaringizga tegmay, hamyoningizni olib ketgan boʻlsa, bu — toʻqaydan chiqqan oʻgʻrilarning ishi, — dedi. — Yogʻiy tashvishidan qutulsak, toʻqaylarni oʻgʻrilardan tozalagaymiz. Hozir ahvolni koʻrib turibsiz.
Qoʻl qovushtirib tikka turgan mulla Fazliddin dorugʻaga yaqinroq keldi:
— Mening boshqa gumonim bor, janob dorugʻa, — dedi. Soʻng Ahmad Tanbalning surat chizdirmoqchi boʻlganini, rad javobi olganda esa achchiqlanib ketganini aytib berdi.
— Kimning surati? — deb dorugʻa qiziqib qoldi.
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning nomini tilga olishga qoʻrqdi.
— Parilar suratimidi? Yaxshi tushunmadim.
— Sandigʻingizda parilar surati bormidi? Bosqinchilar shuni olib ketibdirmi?
— Surat oʻzi boʻlmasa neni olib ketsin! Men hazrati oliylari buyurgan madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Suratkashlikka vaqtim yoʻq. Sandiqda xomaki loyihalarim bor edi, xolos.
— Ular joyida qolganmi, axir? Undoq boʻlsa Ahmadbekdan nechun gumonsiramoqdasiz?
— Sababini aytdim, janob dorugʻa! Taftish oʻtkazishingizni soʻraymen!
— Ahmadbek — sultonlar avlodidan ekanini unutgan boʻlsangiz, men eslatib qoʻyay.
Hazrati oliylarining katta xotinlari Fotima begim Ahmadbekka qarindosh boʻlurlar. Fotima begimning chaqirigʻi bilan Sulton Ahmadbek bugun azonda poytaxtimiz Axsiga ketdilar.
«Agar oʻsha bek sandiqdagi suratlarni qoʻlga tushirsa, Axsiga eltib, podshoh oilasiga koʻrsatmoqchi boʻlganmi?— degan oʻy mulla Fazliddinning ichini muzlatib oʻtdi. — Bular mening qonimga shunchalik tashnami? Balki Ahmad Tanbal Xonzoda begimni ham shu surat orqali qoʻlga tushirmoqchidir? Hali uylanmagan bu bek podshoga kuyov va Xonzoda begimdek goʻzal qizga er boʻlishni jon-dili bilan istasa kerak!»
Oʻrgimchak toʻriga oʻxshash yopishqoq bir balo atrofini oʻrab kelayotganini sezgan mulla Fazliddin jon-jahdi bilan bu toʻrni yirtib chiqib ketishga urindi:
— Janob dorugʻa, men sizdan adolat istab keldim! Podshoh hazratlari meni sizning himoyangizga topshirgan edilar! Agar bosqinchilarni topib jazo bermasangiz, men podshoh hazratlarining huzurlariga panoh istab ketishga majbur boʻlurmen!
— Ammo shuni bilingki, janob me’mor, hazrati oliyning huzuriga sizdan ham oldin ba’zi bir gaplaringiz yetib borishi mumkin!
— Ya’ni, qaysi gaplarim, janob dorugʻa?
— Ba’zi me’morlar oʻzlarini podshohlardan ham baland qoʻyarmishlar. «Bu taxtu saltanatlar benomu nishon yoʻqolur, faqat me’moru musavvirlar yaratgan zoʻr san’at asarlari tirik qolur», degan gustoxona aqidalar bizga ma’lum!
Mulla Fazliddin bugun Quvada pochchasining uyida bexosdan aytib yuborgan bu e’tiqodini boshqa ishongan odamlariga ham aytgan paytlari boʻlgan edi. Ana shu ishonganlaridan allaqaysisi aygʻoqchilik qilib, bu gapni dorugʻaga yetkazganini, endi dorugʻa buni podshohga dasturxon qilib olib borishi mumkiligini sezdi-yu, badanidan sovuq ter chiqib ketdi. Lekin dorugʻaga sir boy berish qanchalik xatarli ekanini payqab:
— Bu hammasi igʻvo! — deb xitob qildi: — Janob dorugʻa, sizning ustingizdan igʻvo qiluvchilar ham oz emas! Buni bilursiz! Men Andijonda neki bino qilgan boʻlsam, hammasiga Mirzo hazratlarining nomlarini bitmoqdamen! Arkdagi devonxonani koʻring! Chorbogʻdagi koʻshkni koʻring! Men ularning biror joyiga oʻz nomimni yozibmenmi? Qani, igʻvogarlar dalil keltursinlar! Men hammasiga Mirzo hazratlarining muborak nomlarini bitganmen! Demak, tarixda mening nomim emas, Mirzo hazratlarining nomi qolsin, deganmen! Shundoqmi, yoʻqmi? Qani ayting!
Dorugʻa bu mantiqli dalillarni rad etolmasdan:
— Shundoqlikka shundoq, ammo.
— Ammosi yoʻq, janob dorugʻa! Siz meni bosqinchilardan himoya qilish oʻrniga, aygʻoqchilarning tuhmatiga ishonadirgan boʻlsangiz, men alhol Axsiga borib, Mirzo hazratlariga arz qilurmen.
Uzun Hasan bu doʻqni pisand qilmay:
— Mayli, boring, arz qiling! — dedi. — Lekin shuni bilingki, atrofimizni yogʻiy bosgan bu xatarli damlarda podshohga me’mordan koʻra navkar zarurroq! Ahmadbekdek, mendek jangovar beklar uchun podshoh hozir sizdeklardan qanchasining bahridan oʻtur!
— Axsiga borganda koʻrurmiz, — deb mulla Fazliddin mahkamadan shaxt bilan tashqariga chiqdi. Uning vajohati hoziroq Axsiga, podshoh huzuriga arzga boradiganga oʻxshardi.
Lekin u otlanib uyiga qaytayotganda sal hovuridan tushdi-yu, Uzun Hasan aytgan soʻnggi gaplarda achchiq bir haqiqat borligini sezdi. Yov qurshovida qolayotgan Umarshayx mirzo bitta me’morni deb yuz, ikki yuzdan navkari bor zoʻravon beklarga qarshi bormasligi aniq. Ahmad Tanbal bugun Axsida — shoh saroyida. Agar u mulla Fazliddinning malika suratini chizgani haqida gap tarqatsa. Lekin Ahmad Tanbal buni qanday payqaganikin? Mulla Fazliddin Xonzoda begimning suratini chizish uchun u bilan tillakori koʻshkda pinhon uchrashganda buni zimdan koʻrib qolgan kanizlar yoki savdarlar[7] boʻlsa, Ahmad Tanbal shuning bir chetini eshitib, haligi hamyonni koʻtarib kelganmikin? Bosqinchi yigitlarini ishga solib ham maqsadiga yetolmagan bu yovuz bek endi shoh saroyiga borib peshgirlik qilishi mumkin. Agar u oʻzi eshitgan mish-mishni haramdagi ayollar orqali podshohning qulogʻiga yetkazsa. Umarshayx mirzo boʻy yetgan qizining qayoqdagi bir me’mor bilan yashi-riqcha uchrashib, surat chizdirganini oʻz sha’niga katta isnod deb bilishi aniq. Shoh iskovuchlari ishga tushirilsa, mulla Fazliddin yashirib yurgan suratni topib olib, Ahmad Tanbalning gapiga dalil qilish qoʻllaridan keladi. Ana undan soʻng shoh qiziga isnod keltirgan musavvirni ming qiynoqlarga solib oʻldirishlari turgan gap!
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning suratini chizish bilan nechogʻliq xatarli ishga qoʻl urganini endi astoydil his qildi. Agar surat qoʻlga tushsa, u qiz ham malomatga qoladi. Dunyo busiz ham tashvish-tahlikaga toʻla. Mulla Fazliddin tagqutidagi malika suratini titroq qoʻllar bilan jilddan oldi. Igʻvogar ablahlarga dalil qoldirmaslik uchun buni yoʻq qilishi kerak! Mulla Fazliddin oʻchoqda yonayotgan olovga yaqin bordi.
Rangli boʻyoqlar bilan ishlangan moʻ’jazgina suratdagi goʻzal qiz shu payt unga tirik bir odam boʻlib koʻrindi. Alanga yolqinida qizning kipriklari, lablari bilinar-bilinmas nafis harakatlar qilayotganga oʻxshab ketdi. Qizning aqlni shoshiradigan jozibasi bor edi. Bu joziba mulla Fazliddinni har galgiday yana sehrlab oldi, boyagi tahlika xayolidan uzoqlashib, qalbida iliq tuygʻular uygʻondi. «Nahotki men bu qizga oshiq boʻlsam? — hayrat ichida oʻylandi mulla Fazliddin. — Qora xalq orasidan chiqqan menday bir suratkashning shoh qiziga muhabbat qoʻyishi kulgili emasmi? Yoʻq! Men faqat oʻzim chizgan suratga— Oʻz ijodimga mehr qoʻyganmen, xolos! Boshim omon boʻlsa, bunday suratni yana chizgaymen!»
Shu oʻy bilan suratni oʻtga tashlamoqchi boʻlib egildi. Qiz tasviri olovga yaqinlashganda yuzi qizarib boʻgʻriqqandek, koʻzlari esa chaqnab ketgandek koʻrindi. Mulla Fazliddin tirik odamni oʻldirayotgandek, seviklisini oʻtga tashlayotgandek seskanib orqaga chekindi. Ichki bir ovoz uni «Qoʻrqoqsen!» degandek jerkidi. «Dushmanlaring ustingga bostirib kelayotgani yoʻq-ku! Ahmad Tanbal ham Axsida. Bilib qoʻy, sen bunday goʻzal suratni ikkinchi marta chiza olmassen! Tasvirga bunchalik tirik joziba baxsh eta olganing— takrorlanmas bir ilhomning natijasi. Botir boʻlsang, qutqarib qolursen!»
Mulla Fazliddin suratni tagqutiga qaytarib soldi-yu, xizmatkor yigitni chaqirdi.
— Koʻchlarni yigʻishtir! Aravani qoʻsh! Quvaga joʻnagaymiz. Tez. Tezroq.
Mana hozir opasining uyida oʻtirib, yuz bergan voqeani pochchasi bilan jiyaniga soʻzlab berar ekan, poʻlat sandiqda Xonzoda begimning surati borligini ularga ham aytmadi. Bu sirni u hech kimga bildirmoqchi emas edi.
— Vo darigʻ! — deb Tohirning otasi ogʻir ux tortdi:— Bizning suyangan togʻimiz siz edingiz, mulla Fazliddin. Endi siz ham quvgʻinga uchragan boʻlsangiz.
— Nachora? Hammamizning ham taqdirimiz qil ustida turibdi!
— Podshohga arzga borsangiz, dodingizga yetmasmikin, mulla togʻa?
— Bu toʻpolonlar bosilsa, bir marta borib arz qilishim aniq. Agar dodimga yetsa yetdi, yetmasa, yana Hirotga qaytib keturmen! Alisher Navoiy Shifoiya degan bino qurdirmoqchi, deb eshitgan edim. Olamda biz uchun yongan yagona umid chirogʻi oʻsha siymo boʻlib qoldi.
— Hirot orzusini qilmang, mulla Fazliddin, Far-gʻonada ham hunaringizning qadriga yetadigan odamlar bor. Quvaning koʻprigi sizning rejangiz bilan qurilgan edi. Xalq haligacha sizni duo qilib yuribdir.
— Xalq! Qani endi bu koʻprikdan faqat xalq oʻtsa! Erta-indin bu koʻprikdan yogʻiy qoʻshinlari oʻtib kelur! Xalqning boshiga yogʻiladigan balolarni oʻylasam, bugungi jalalar selga aylanib, oʻsha koʻprikni oqizib ketmaganiga afsus qilamen! Agar yogʻiy, bu tomonga oʻtolmasin deb, oʻsha koʻprikni hozir yondirib yuborsalar, men jon deb rozi boʻlur edim!
«Chindan ham, — Oʻyladi Tohir oʻzicha, — yogʻoch koʻprik. Yogʻ sepsa yonur. Yogʻiy faqat shu koʻprikdan oʻtishi mumkin. Kechuv ham yoʻq. Hammayoq botqoqlik, qamishzor. Agar koʻprik yondirilsa yogʻiy oʻtolmagay!» Tohir kutilmagan joydan najot yoʻlini topganday boʻldi. Tasavvurida gavdalangan yongʻin alangasidan goʻyo uning badani qizib ketganday tuyuldi. Robiyani balo-qazodan asraydigan eng zoʻr qalqon ana oʻsha olov boʻlishi mumkin! Tohir qaltis istakdan koʻzlari yonib otasiga qaradi. «Aytsammikin? Yoʻq! Rozilik bermas. Yolgʻiz oʻgʻilmen. Togʻam. nozik odam, aralashmagani ma’qul. Tavakkalchi yigitlardan topishim kerak!».
Tohir sekin oʻrnidan turib, hovliga chiqdi.
Osmonni toʻldirgan bulutlarning yirtigʻidan birda-yarim yulduzlar koʻrinib qoladi. Uylar chiroqsiz. Koʻchalar sukutda. Ahyon-ahyonda kuchuklar hurgani eshitiladi.
Iftorni qilib chiqqan Mahmud Tohirga darvoza oldida uchradi. Robiyaning akasi boʻlgan bu kosib yigit Andijon qoʻrgʻoniga ketishdan gap ochgan edi:
— E, bu niyatlar hammasi puchga chiqdi! — deb Tohir unga togʻasidan eshitganlarini aytib berdi. Mahmudni ham birdan gʻam bosib:
— Endi qaydan najot izlaymiz, e xudo! — dedi.
— Oʻzing uchun oʻl yetim, degan gap bor, Mahmud. Yur, darvozaxonaga kiraylik. Bir sir aytamen. Ogʻzing-dan chiqarma! Koʻprikni yondiramiz.
— Qanday qilib? — hayrat bilan soʻradi Mahmud.
Tohir unga oʻzining rejasini shivirlab tushuntirdi.
— Yogʻ sepsak, yogʻoch tez yongay. Bildingmi?
— Jinni boʻlibsen! Koʻprikda soqchilar bor-ku.
— Oʻzimizning beklar qoʻygan soqchilarmi? Hali yogʻiy yaqin kelsa hammasi qoʻrgʻonga qochgay. Oʻshanda biz.
— Yoʻq, shoshma! Axsidan bizning podshomiz qoʻshin tortib kelayotgan emish. Bu koʻprik hali oʻzimizga kerak.
— Podshoying qoʻrgʻonidan chiqsa shu kungacha chiqar edi! Ana, Margʻilon ham boy berilibdi! Podshodan darak yoʻq.
— Bilmasam, kadxudo[8] guzarda ishontirib aytdi. «Podsho hazratlari yoʻlda, erta-indin himoyamizga yetib kelishlari aniq!» — dedi.
— Chindan yoʻlga chiqibdimi-a?
— Ha, oʻz qulogʻim bilan eshitdim! Bultur podshomiz yogʻiy bilan Xoʻjanddan nari Xovosga borib urushgan ekan-ku. Quva Axsiga Xovosdan yovuqroq[9] emasmi?
— Yovuqlikka yovuq-ku. Zora sen aytganing rost chiqsa-ya, Mahmud?
— Ha, axir, koʻprikka soqchilarni bekorga qoʻyganlarmi. Podshomiz erta-indin kelib jonimizga oro kirgay. Mana, koʻrursen.
Shu topda Tohirning koʻnglida ham umid uchqunlaganday boʻldi. U qorongʻi osmonning uzoq bir chetida— Sirdaryodan narida joylashgan Axsi tomonga intizor koʻzlar bilan tikildi.

Axsi – Ajalga Davo Yoʻq
1
Baland tepalik ustiga qurilgan Axsi qal’asi tun ogʻushida togʻ qoyasiga oʻxshab qorayib koʻrinadi. Qal’a etagida Kosonsoyning Sirdaryoga guvullab quyilayotgani, ikki daryo toʻlqinlari bir-birlari bilan olishib, qirgʻoqqa shaloplab urilayotgani uzoqdan eshitilib turadi.
Axsining hukmroni Umarshayx mirzo bu kecha haramda oʻn sakkiz yoshlik Qorakoʻz begimning xobgohida uxlab yotibdi. Shohona toʻshakning ipak pardasi ortida bittagina sham lipillab yonib turibdi. Uning zaif yogʻdusi tashqaridan bosib kirmoqchi boʻlayotgan tun qorongʻisidan qoʻrqqanday titrab-qaltiraydi.
Sahar paytida qal’a sukunatini buzib hazin surnay tovushi yangradi. Soʻng unga qoʻsh naqora tovushi joʻr boʻldi. Roʻza tutish — shohu malayga barobar kelgan majburiyat boʻlgani uchun surnay va naqora saroy ahlini saharlikka uygʻotmoqda edi.
Yoz tunlari qisqa, uyquga toʻymay saharlikka turish xiyla noxush. Shunday boʻlsa ham Qorakoʻz begim oʻrnidan ohista turib yuvindi, kiyindi. Lekin parqu toʻshakda baquvvat qoʻllarini ipak choyshabdan chiqarib uxlab yotgan Umarshayx mirzo hamon uygʻonmas edi.
Xobgohdan ikki xona narida hashamatli tanobiy uyda allaqachon tuzab qoʻyilgan dasturxon Mirzoga muntazir edi. Uning kecha iftordan soʻng bergan amriga muvofiq bugungi saharlik uchala xotinlari va bolalari bilan birga qilinishi kerak edi. Mirzoning birinchi xotini Fotima Sulton, ikkinchi xotini Qutlugʻ Nigor xonim, oʻn sakkiz yoshlik qizi Xonzoda begim va oʻn yashar oʻgʻli Jahongir mirzo — hammalari oʻsha tanobiy uyga yigʻilgan edilar. Lekin hazratning oʻzlari kelmaguncha hech kim tamaddi qila olmas edi.
Ichki eshikdan Qorakoʻz begim chiqib keldi. Kichik jussali bu yosh juvon tepada yonayotgan qandil yorugʻida behad chiroyli koʻrindi. U katta begimlarga uyalibgina salom berdi-da, hazratni uygʻotishga jur’at etolmaganini aytdi.
Qorakoʻz begimning yoshligi, goʻzalligi, xususan, uyalib gapirishi hozir uning eng suyukli xotin ekanini esga tushirdi-yu, Fotima Sultonning rashkini qoʻzgʻadi.
— Hazratimni muncha qattiq uxlatibsiz, endi uy-gʻotish nechun ilkingizdan kelmaydir?
Qutlugʻ Nigor xonim bolalar oldida qilingan bu kinoyadan ozorlanib:
— Qoʻying, ogʻa oyi. Bu begimda ayb yoʻq! — dedi.
Xonzoda begim oyisining yuziga ma’noli koʻz tashlab: «Ayb bizning otamizdami?» demoqchi boʻldi. Podshoh ota qizi tenglik Qorakoʻz begimning xobgohida, qonli urush hammani besaranjom qilib turgan shunday tahlikali tunda qotib uxlab yotishi unga behad xunuk tuyuldi. Hozir otasi kelsa, Xonzoda begim uning yuziga qaray olmasligini sezdi-yu, oyisidan iltimos qildi:
— Ruxsat bering, men ketay. Saharlikni boshqa qizlar bilan qilay.
— Hazrat otangiz soʻrasalar, biz ne deymiz? Xafa boʻlmasinlar, tagʻin. Sabr qiling, qizim. Muncha oshiqmang.
Tashqari eshikdan ta’zim qilib kirgan choshnagir[10] ayol ovozini qoʻrquv bilan pasaytirib xabar berdi:
— Osmonda yulduzlar siyrak qoldi. Hademay tong yorishur. Hazrati oliy saharliksiz qolurlarmu?
Tong otib, azon aytilgandan soʻng roʻza oʻz kuchiga kiradi, hech kim hech narsa yeb-ichishi mumkin boʻlmay qoladi. Uzun va issiq yoz kunida podshohni saharliksiz qoldirish begimlar uchun oʻzlari och-nahor qolishlaridan qoʻrqinchliroq edi.
Barcha koʻzlar ichki eshik oldida iymanib turgan Qorakoʻz begimga tikildi. Mirzo uning xobgohida yotibdi, u yerga kirib hazratning shirin uyqusini buzishga boshqa hech kim botinolmaydi. Choshnagir ayol Qorakoʻz begimga iltijo qildi:
— Iloho Rustamday oʻgʻil koʻring, begim. Bugun umidimiz sizdan!
Qorakoʻz begim tashvishli yuz bilan sekin burildi-yu, ichki eshiklardan oʻtib, xobgohga qaytib bordi. Umarshayx mirzo boshi yostiqqa botib, qattiq uxlamoqda edi. Qorakoʻz begim oltin shamdonni parda ortidan olib, naqshin tokchaga qoʻydi. Sham yorugʻi Mirzoning yuziga tushdi. Ammo bu ham uni uygʻotolmadi — Mirzo kechasi ma’jun[11] yegan edi.
Qorakoʻz begim uni choʻchitib yuborishdan qoʻrqib, mayin tovush bilan:
— Hazratim! — deb chaqirdi. Bu ham kor qilmadi. Qorakoʻz begim gilam uzra choʻkkalab, vahimadan xiyol titrayotgan nafis qoʻllarini hazratning mayin choyshab ustida yotgan zalvarli bilagiga qoʻydi. Toʻshakdan gul hidi kelmoqda edi — kecha oqshom choyshablarga gul atri sepilgan edi. Qorakoʻz begim Mirzoning uygʻonmayotganidan ajablanib, unga tikilib qaradi. Lablari yarim ochiq, oqish yuzi osoyishta. Shu yotishda u qoʻrqinchli podshoh emas, hali qirq yoshga toʻlmagan va bahodirona uyquga choʻmgan koʻhlik bir yigit boʻlib koʻrindi. Bu yigit Qorakoʻz begimga toʻsatdan juda gʻanimat tuyuldi. Hozir yurt notinch, Axsiga yov bostirib kelyapti. Mirzoni ajal kutayotganini oldindan sezgandek, Qorakoʻz begimning yuragi yomon bir uvushdi. U toʻsatdan egilib, Mirzoning yuzidan, koʻzlaridan vidolashgan kabi oʻpa boshladi.
Umarshayx mirzoning kipriklari titradi. U koʻzini ochib, tepasida turgan Qorakoʻz begimga karaxt yuz bilan bir lahza tikilib turdi.
Qorakoʻz begimning katta-katta koʻzlari xavotirlik toʻygʻusidan yana ham ulkanlashib ketdi. U uyqudagi Mirzoni oʻpish beadablik sanalishidan tahlikaga tushgan edi. Mirzo:
— Sizmi? — dedi-yu, nima boʻlganini fahmlab, kulimsiradi.
Qorakoʻz begim endi yengil tortdi va dadillanib ta’zim qildi.
— Hazratim, saharlik vaqti oʻtib ketmasin.
— Sizning boʻsalaringiz saharlikdan shirinroq.
Begim jiddiy gapirdi:
— Ogʻa oyim, xonim oyi — hammalari hazratimga muntazirlar.
Umarshayx mirzo bugungi rejalari va urush tashvishlarini eslab, qovogʻini soldi-da, indamay oʻrnidan turdi.
U zardoʻzi koʻrpachalar toʻshalgan tanobiyga toʻrdagi eshikdan kirib keldi. Sallasi va kamariga qadalgan qimmatbaho gavharlar sham yorugʻida nafis jilolanardi. Odatdagi ta’zimlardan soʻng, ayollar nafaslarini ichlariga olib, bir lahza jim qoldilar. Podshoh kimni qaysi yoniga taklif qilsa — kimning hurmati qay darajada ekani shu bilan belgilab beriladi.
Fargʻona vodiysiga uch tomondan dushman hujum qilib kelayotgan shu ogʻir vaziyatda Umarshayx mirzo hamma xotinlariga iloji boricha iltifot koʻrsatmoqchi boʻldi. Xotinlari orasida eng yoshi ulugʻi va eng obroʻparasti Fotima Sulton boʻlganligi uchun Mirzo bi-rinchi boʻlib uni yuqoriga taklif qildi. Fotima Sultonning koʻzlari quvonchdan chaqnab ketdi. U podshohning oʻng tomoniga oʻtmoqchi boʻlib borayotgan edi. Biroq Umarshayx mirzo unga chap tomonidan joy koʻrsatdi. Eng moʻ’tabar hisoblangan oʻng tomonga esa Qutlugʻ Nigor xonimni taklif qildi. Xonim — taxt vorisi Zahiriddin Muhammad Boburning onasi edi, uning oʻng tomonida oʻtirishi adolatdan ekanini kichik xotinlar tan olar edilar. Ammo Fotima Sulton oʻzining hurmati Qutlugʻ Nigor xonimnikidan past ekanini yana bir marta his qilib, koʻzlari alam bilan qisildi.
Dasturxonga tortilayotgan kiyik kabobi, kaklik goʻshtlari hazratdan soʻng Qutlugʻ Nigor xonimga qoʻyilar, undan keyin Fotima Sultonga navbat kelar edi. Shu sababli ogʻizda eriydigan eng a’lo goʻshtlar ham Fotima Sultonga ilitma ovqatdek mazasiz tuyulardi.
Oqshom iftorda yoyilgan taomlar hazm boʻlib ulgurmagan, dasturxon atrofidagilarning koʻpchiligi hali kun boʻyi och yurishini oʻylab, oʻzini majbur qilib boʻlsa ham koʻproq ovqat yeyishga intilar edi. Qutlugʻ Nigor xonimning yonida oʻtirgan Qorakoʻz begim ovqatdan ham koʻproq bodring, handalak yer, sharbat ichar edi — kecha kun issigʻida tashnalikdan nihoyatda qiynalgani esidan chiqmas edi.
Osmon oqarib qoldi. Tong yorishgan sari qandildagi shamlarning nuri xira torta boshladi. Azon aytadigan payt oʻtib boryapti. Arkdan tashqaridagi masjidning imomi koshinlik minoraga chiqib, bakovul[12]ning ishorasini sabrsizlik bilan kutyapti. Axir Mirzo hazratlari saharlik qilib ulgurmasdan, azon aytish xatardan xoli emas. Ovqat yeyilib, choyga oʻtilganda Umarshayx mirzo xotinlariga vaziyat qanchalik ogʻirlashayotganini aytib berdi.
Shu payt masjid tomondan azon tovushi eshitildi. Choy ichayotgan Xonzoda begim shoshilib piyolasini dasturxonga qoʻydi. Umarshayx mirzo xotinlariga bir-bir qarab, dedi:
— Moʻysafidlar «toʻrt muchang butun boʻlsin», deb duo qilurlar. Fotima Sulton, Qutlugʻ Nigor xonim, Qorakoʻz begim, farzandlarimiz Xonzoda begim, Jahongir mirzo — har biringiz oilamizning aziz bir muchasidirsiz. Istaymenki, bu mushkul vaziyatda hamma muchalarimiz butun boʻlsin, bir-birlariga mehru shafqat koʻrsatsin. Ilik[13] oʻz oʻrnida aziz. Koʻz oʻz oʻrnida moʻ’tabar. Agar koʻz bilan ilik bir-biriga nizo qilsa, bundan har ikkisi jabr koʻrur.
Soʻnggi gap Fotima Sulton bilan Qutlugʻ Nigor xonimga qaratilganini hamma sezdi. Xonimning xayoli shu xatarli vaziyatda ota-onadan uzoqda — Andijonda turgan yolgʻiz oʻgʻli Boburda edi. Hazrat uni nega farzandlari qatori tilga olmadi?
— Hazratim, bergan oʻgitingizni bebaho gavhar oʻrnida qabul qilurmiz, — dedi Nigor xonim. — Ijozat bersangiz, bitta oʻtinchim bor.
— Ijozat.
— Urush xatari kuchlik ekan. Bobur mirzoni Andijondan poytaxtga chaqirtirsangiz, yonimizda boʻlsalar.
— Andijon qal’asi mustahkam. Bobur mirzo u yerda boʻlsa qal’a yanada mustahkam boʻlur. Bizning Mirzoga ishonchimiz katta.
Bu javob bilan xonimning iltimosi rad etildi. Fotima Sulton yonida uyqusirab oʻtirgan oʻgʻilchasi Jahongir mirzoni sekin bagʻriga bosib, boshini silab qoʻydi. Bu bilan u Qutlugʻ Nigor xonimdan koʻra oʻzining ahvoli yaxshiroq ekanini namoyish qilmoqchi edi.
— Bobur mirzoning onasi sizdan umrbod minnatdor, hazratim, — dedi Qutlugʻ Nigor xonim, — faqat hali oʻn ikki yoshga toʻlmagan bola. urush maydonida.
— Xonim, ortiqcha xavotirga oʻrin yoʻq. Bobur mirzoning yoniga eng yaxshi beklarimiz yuborilgan. Yosh boʻlsa ham sarkardalikka tayyorlanmogʻi zarur. Agar mening kunim bitsa, oʻrnimni Bobur mirzo olgʻay.
Endi oʻttiz toʻqqiz yoshga kirgan va qirchillama yigit yoshini yashayotgan Mirzoning oʻz oʻlimi haqidagi soʻzlaridan haram ahli ogʻir jimlikka choʻmdi. Hammaning xayoli qonli urushga ketdi. Xonzoda begim otasi haqidagi boyagi noxush oʻylarini unutib, unga koʻzi moʻltirab qaradi. Umarshayx mirzo gapining ta’sirini yanada oshirgisi kelib davom etdi.
— Agar men bu foniy dunyodan koʻz yumsam, hammangiz Bobur mirzoning amrini hozirgi mening amrim kabi bajo keltirgaysiz. Jahongir mirzo!
Podshoh otasi bilan muomalaga yaxshi oʻrgatilgan oʻn yashar bola darhol sergaklanib, qoʻlini koʻksiga qoʻydi:
— Labbay, hazratim.
— Mening bu gaplarimni sen ham esda tutgil. Bobur mirzo sendan faqat ikki yosh katta boʻlsa ham, agar mening oʻrnimda qolsa, sen unga farzanddek sodiq boʻlgʻil.
— Xoʻp, hazratim.
Bola otasining soʻzlaridagi ma’noni durust tushunmagani uchun bunchalik tez va oson «xoʻp» dedi. Ammo ayollar murakkab hislar tugʻyonida qoldilar. Qorakoʻz begimning Umarshayx mirzoga termilib turgan koʻzlarida yosh yiltilladi. Mirzo buni koʻrdi-yu, suyukli xotinining boyagi oʻpichlari esiga tushib, vidolashuv alomatiga oʻxshab tuyuldi. Umarshayx mirzo oʻzining soʻnggi gaplari ham vasiyatga oʻxshab ketganini endi sezdi. Yuziga birdan ajal sharpasi tekkanday yuragi «shigʻ» etdi. «Menga ne boʻldi? Oʻlimni boʻynimga olib vasiyat qildimmi? Yoʻq, yoʻq!»
Mirzo oʻz gaplaridan oʻzi qoʻrqib ketganini payqagan Xonzoda begim bugun otasining allanechuk yordamga muhtoj bir ahvolda ekanini koʻrib, unga bexosdan rahmi keldi.
— Hazratim, men mungliq qizingiz, sizga xudodan Shayx Sa’diyning umrini tilaymen! Ilohim yuzga kiring!
— Aytganing kelsin, qizim! — deb Umarshayx mirzo yengil bir soʻlish oldi. U qizining ziyrakligini, soʻnggi paytda boʻy yetib, husni yetilib, koʻzga nihoyatda yaqin boʻlib qolganini goʻyo endi sezdi-da, qoʻshib qoʻydi:— Men axir sening toʻyingni oʻtkazmoqchimen!
Xonzoda begimni Samarqand podshosining oʻgʻli Boysunqur mirzoga soʻratgan edilar. Lekin Umarshayx mirzo bunga rozi boʻlmagan edi. Mana endi agar juda doʻppi tor kelsa, balki u qizini podshoh akasining oʻgʻliga berib, shu yoʻl bilan urushni yarashga aylantirar? Lekin bunday istiqbol Xonzoda begimga qorongʻi tundek mavhum va vahimali tuyulardi. Uning boshqa orzulari bor edi. Shuning uchun otasining soʻnggi niyatidan choʻchib, gapni boshqa yoqqa burdi:
— Agar inimiz Bobur mirzoni chaqirtirish imkonsiz boʻlsa, men bilan oyimga ruxsat bering, biz Andijonga boraylik!
— Qizim, sen mening eng bebaho gavharlarimdansen. Bu xatarli asnoda seni qanotim ostidan chiqarmagaymen!
— Undoq boʻlsa menga ruxsat bering, hazratim! — dedi Qutlugʻ Nigor xonim.
— Xonim, Margʻilondan chopar kutmoqdamiz. Vaziyat aniqlansa, ruxsat olursiz.
Umarshayx mirzo dasturxonga fotiha oʻqib, oʻrnidan turdi-yu, shoshilinch tadbirlar oʻylab, haramdan chiqdi.
Haramga kirish huquqidan mahrum qoʻrchilar tuni bilan tashqarida qoʻriqchilik qilgan edilar. Endi hazrati oliyning e’tiborini tortmaslikka va xayolini boʻlmaslikka tirishib, sekingina unga ergashdilar.

2
Tong endi otgan, hali oftob chiqmagan boʻlsa ham koʻpchilik beklar va mulozimlar devoniomda hozir erdilar. Hammalari Mirzoni ta’zim bilan qarshi oldilar. Zarbof toʻn kiygan, beliga tilla kamar bogʻlagan sersoqol eshik ogʻa birinchi vazir darajasidagi eng katta bek edi. Mirzo unga yuzlanib, qaerdan chopar borligini soʻradi.
— Hazrati oliylari, Isfaradan.
Eshik ogʻa ikki bukilib ta’zim qilar ekan, yuzi tund koʻrindi.
— Qanday xabar, bek?
— Hazratim, qulingizning bir qoshiq qonidan oʻting.
Demak, Isfara ham yov qoʻlida! Mirzo ichki bir titroq bilan Margʻilon choparini soʻradi.
— Hazratim, Margʻilon chopariga intizormiz.
Nahotki Margʻilon ham taslim boʻlgan? Unda Andijon ham xavf ostida qoladi! Yoki choparlar yov qoʻliga tushganmikin? Balki birortasi xiyonat qilib, narigi yoqqa oʻtib ketgandir?
— Hazrati oliylari, yana chopar yuborishga farmon berurlarmi?
— Chopar yuborib yana necha kun yoʻliga qaraylik?!
Eshik ogʻa uzr soʻragandek, ta’zim qilib, orqaga chekindi.
Axsi qal’asining qamalda qolishi Mirzoga endi muqarrardek tuyuldi. U eshik ogʻaga olti oylik zaxira tayyorlatishni buyurdi. Qal’a baland tepalikda turgani uchun unga suv chiqmas, suvni meshkobchilar tashib keltirishar edi. Mirzo oʻttiz yoshlik, xushqomat Qosimbekka qal’a ichida bir toshhovuz qurdirish va uni suv bilan toʻldirtirish amrini berdi.
Mirzoning avzoyi yomonligini sezib turgan beklar darhol uning farmonini bajarishga kirishdilar. Mirzoning oʻzi esa otlanib arkdan chiqdi. Mulozimlar va qoʻrchilar ham otlanib, odatdagiday, unga ergashdilar.
Umarshayx mirzo qal’aning bir chetida, daryoning baland qirgʻogʻi ustida, jar labida turgan kabutarxonaga qarab yoʻl oldi. Otliq choparlar dom-daraksiz ketganliklari uchun Mirzo endi qanotlik «chopar»larini ishga solmoqchi edi.
Kabutarlarning don va suvlariga qarayotgan kabutarbonlar podshohni yaqin kelib qolganda koʻrdilaru shosha-pisha ta’zimga chiqdilar. Mirzo otini toʻxtatdi. Orqadagi mulozimlardan ikkitasi — rikobdor[14] bilan jilovdor tez otdan tushdilar. Biri Mirzo mingan qora qashqa otning oltin jilovidan, ikkinchisi kumush uzangisidan tutdi. Mirzo kattagina qorin qoʻygan semiz odam edi, otdan ehtiyot bilan sekin tushdi.
Margʻilon va Qoʻqonga uchadigan maxsus kabutarlar keltirildi. Naycha qilingan qisqa xatlar ularning qanotlari tagiga mahkamlandi. Umarshayx mirzo kabutarlarni oʻz qoʻli bilan uchirishni yaxshi koʻrar edi. U havorang chiniy kabutarni qoʻliga olib, yogʻoch zina bilan kabutarxonaning tomiga chiqdi.
Tomdan atrof juda yaxshi koʻrinar edi. Uzoqdagi togʻ ortidan quyosh jimgina koʻtarilib kelar, pastda shovullayotgan daryoning toʻlqinlari nafis jilolanib turar, gʻir-gʻir esayotgan ertalabki shabada ipakday mayin tuyular edi. Umarshayx mirzo tom tepasida turib, oʻzi mustahkamlatgan va poytaxtga aylantirgan Axsiga koʻz yugurtirib chiqdi. Qoʻrgʻonning qoʻl yetmas balandlikka qurilganidan va atrofi chuqur oʻngirlar bilan ihota qilinganidan alohida bir mamnuniyat sezdi. «Hali bu jarlarga qanchadan-qancha yogʻiylarim qulagay», degan oʻy koʻnglini shod qildi.
Biroq bu bahaybat oʻngirlar oyoq ostidagi zaminni ichdan hilviratib qoʻyganini, kabutarxona ortidagi jarning tagini suv oʻyib ketganini, yer oʻpirilgudek boʻlib turganini Mirzo ham, uning atrofidagi mulozimlar ham mutlaqo sezmas edilar. Tuprogʻi toʻkilib, qulashga bahona topolmay turgan jarning qa’rida xatarli bir sharpa borligini hozir faqat kabutarlar sezayotgan boʻlsa ehtimol. Chiroyli toʻrlar va ozoda kataklar ichida oʻtirgan bu jonivorlar bugun kechasi negadir juda bezovtalanib, patir-patir qilib chiqishdi. Hozir ham ular don-suvga qaramay, nuqul tashqariga intilishar, katak chi-viqlarini asabiy choʻqishar edi. Kabutarbonlar buning sababini tushunmay hayron edilar.
Faqat Umarshayx mirzoning qoʻlidagi chiniy kabutar katakdagi xatardan qutulganday osoyishta boʻlib qolgan edi. Hozir butun olam Umarshayx mirzoga mana shu kabutarday ma’sum va osuda tuyuldi. U tom oʻrtasiga borib, kabutarning mayin qanotini yuziga bosdi. Uni uchirishdan oldin:
— Margʻilonga uch, qanotli choparim! — deb shivirladi.
Tagidan nurab turgan jar shu asnoda birdan oʻpirildi.
Kabutarlar qoʻnadigan ayri yogʻoch «shaq» etib pastga uchib ketdi. Odamlar nima boʻlayotganini tushunib ulgurmaslaridan kabutarxonaning narigi devori jar bilan birga oʻngirga qulab, tomni ham tortib ketdi. Tomning oʻrtasida turgan Umarshayx mirzo chang-toʻzon ichida qattiq bir chayqaldi-yu, gandiraklab yiqildi. Uning jon achchigʻi bilan qichqirgani vahimali qarsillash va gursillashlarga qoʻshilib eshitildi. U yiqilib tushayotganda qoʻlidagi kabutarni qoʻyib yuborgan edi. Chiniy kabutar chang-toʻzon orasidan yulqinib chiqib, osmonga qarab otildi. Mirzoning oʻzi esa tom yogʻochlariga, somon su-voqlariga, jar tuproqlariga aralashib, uch terak boʻyi pastga qulab ketdi.
Mirzoning ketidan tomga endi chiqqan kabutarbon zinapoyadan oʻzini yerga otdi. Mulozimlar va qoʻrchilar kutilmagan falokatdan vahimaga tushib orqaga qochdilar. Otlar hurkib, noʻxtalarini uzgudek siltanishar va kishnashardi.
Hazrati oliyni xavf-xatardan asraymiz, deb yurgan qoʻrchilar avval nima boʻlganini fahmlay olmay esankirab qoldilar. Keyin ular jar oʻpirilganini fahmladilar, lekin Mirzoning oldiga tezda yetib bora olmadilar. Chunki bosh aylanadigan balandlikdan pastga tushib boʻlmas, nurab turgan jarning labiga odam borsa yana oʻpirilishi mumkin edi. Qoʻrchilar va mulozimlar qal’adan ot choptirib chiqib, Mirzo qulab ketgan jar etagiga yetib borgunlaricha, soʻng uyilib yotgan tuproq, kesak va yogʻochlar orasidan uni topib, kavlab olgunlaricha oʻn jonidan biri ham qolmagan edi.
Uning jasadini arkka kiritib yuvdilar. Majaqlanib, tanib boʻlmas holatga kelgan yuzini oq shohi bilan yopib qoʻydilar.
Bugun ertalab Umarshayx mirzo saharlik yegan tanobiyda Qorakoʻz begim Qutlugʻ Nigor xonimni quchoqlab uvvos tortib yigʻlar edi.
— Men sabab boʻldim, xonim aya! Hazratimni men nechun uygʻotdim?! Uygʻotmasam oʻsha joyga kechroq borar edilar-ku! Men yuzi qora sabab boʻldim bu oʻlimga! Men!
Bugun saharlik paytida Mirzo xuddi oʻlishini bilganday vasiyat qilganini eslab, Qutlugʻ Nigor xonim ham oʻzini yigʻidan tutolmas edi.
— E, voh, rahmatlik kuni bitganini qanday bilgan ekan-a?! Shunday gaplarni aytdilar.
Qorakoʻz begim xonimning quchogʻidan chiqib, kichkina mushti bilan chakkasiga urdi.
— Men hali tugʻilmagan farzandimni otasidan judo qildim, xonim aya! — deb oʻrtanib shivirladi: — Boʻyimda boʻlganini shu kecha bilib edilar! «Oʻgʻil boʻlsin!» — deb orzu qilib edilar! Endi bu bolaga otasini qaydan topamiz?! Qaydan topamiz?! Men hazratimni nechun uygʻotdim, xonim aya? U kishiga kelgan ajal meni olsa boʻlmasmidi? Oʻsha jardan men qulasam boʻlmasmidi?
— Undoq demang, jonim! Biz ham endi jar labida qoldik! Butun atrofimiz tahlikali jar!
Qutlugʻ Nigor xonim erining kutilmagan oʻlimida qandaydir sirli bir ma’no borligini hozir tiliga kelgan shu soʻzlardan sezdi. Umarshayx mirzodek jangovar odam qonli urushlarda qilich chopib yurganda oʻlmasdan, jardan qulab oʻlgani tasodifmikin? Mirzoning ota-bobolari barpo etib ketgan davlat mana shunday baland jarlar labiga qurilgan binolarga oʻxshamasmikin? Parcha-parcha boʻlib ketgan va oʻzaro urushlarda yemirilayotgan ulkan davlat Qutlugʻ Nigor xonimning tasavvurida jarga qulab tushayotgan oʻsha binolarga oʻxshab koʻrindi-yu, vujudini seskantirib yubordi. Axir uning yolgʻiz oʻgʻli, suyukli farzandi Bobur ham mana shu binolarning birida istiqomat qilmayaptimi? Otasini olib ketgan oʻpirilishlar Boburning boshiga ham tushmasmikin?!
— Yoʻq, yoʻq! Tangrim uni panohida asrasin! Men boray, begim, Andijonga chopar yuboray! Bobur mirzoni bu falokatlardan ogoh qilay!
Qutlugʻ Nigor xonim koʻz yoshlarini artib, oʻz xonasiga chiqdi va eng ishongan amirlaridan Qosimbekni chaqirtirdi. Uni topib kelgunlaricha Andijon chorbogʻida Bobur bilan birga turgan onasi Eson Davlat begimning nomiga maktub yozdi.
Fotima Sulton begimning topshirigʻi bilan Andijonga yashirincha joʻnagan Ahmad Tanbal bu orada Sirdaryo koʻprigidan oʻtib, Bandi Solor yoʻli bilan ancha joyga borib qolgan edi. Koʻzga tashlanmaslik uchun bittagina navkar ergashtirib ketayotgan Ahmad Tanbal kecha Andijondan oltmishta navkar bilan kelgan edi. Bugun Fotima Sulton unga katta va’dalar berdi. Agar Ahmad Tanbal Andijondagi sodiq beklarning boshini qovushtirib, Boburni chetlatsa-yu, taxtga Jahongir mirzoni oʻtqazsa, marra uniki. Ahmad tanbal Umarshayx mirzo saroyida ikkinchi darajali beklar qatorida shuncha yil koʻngli choʻkib yurdi. Endi bas! Jahongir mirzo podshoh boʻlsa, Ahmad Tanbal uning eng birinchi vaziriga aylanadi. Norasida podshohga vazir boʻlish esa podshoh boʻlish bilan barobar! Ana unda qayoqdagi musavvirdan Xonzoda begimning suratini soʻrab yurmaydi. U Xonzoda begimning oʻzini oladi! Mana shu orzu bilan Andijonga ot surib borayotgan Ahmad Tanbal orqaga oʻgʻrincha oʻgirilib qarab qoʻydi.
Bandi Solor yoʻlida boshqa hech kim koʻrinmas edi. Oradan bir necha soatlar oʻtib, Ahmad Tanbal koʻzga koʻrinmay ketganidan keyin Axsidan Qosimbek qavchin toʻrtta navkari bilan ot choptirib chiqdi. U ham tezroq Andijonga yetib borishga intilar, Bobur mirzoning tarafdorlarini yigʻib, uni taxtga oʻtqazish ishtiyoqi bilan yonar edi.

Andijon – Gul Va Quyun
1
Choparlar hali yoʻlda. Urush toʻpoloni Andijonga yetib kelganicha yoʻq. Shaharning shimolidagi koʻrkam chorbogʻ baland devor bilan oʻralgan, darvozalarga soq-chilar qoʻyilgan. Chorbogʻ ichida oʻn ikki yoshlik Bobur mirzo chavandozlik mashqlari oʻtkazmoqda. U chorbogʻ chetidagi yalanglikdan boʻz otni choptirib chiqdi-yu, birdan jilovni qoʻyib yubordi. Kamonga chapdastlik bilan oʻq oʻrnatdi va chopib borayotgan ot ustidan nishonga otdi. Yoy oʻqi nishon yogʻochiga «taq» etib urilgani baralla eshitildi.
Bir toʻp otliqlar mashqni chinor soyasida turib kuzatmoqda edilar. Qora otliq Mazidbek nishonga birinchi boʻlib yaqinlashdi. U Boburning bek atkasi[15] edi. Bobur otini qaytarib kelayotganda, Mazidbek unga:
— Moʻljalni andak balandroq olibsiz, ammo zarbingiz behad yaxshi, — dedi.
Mazidbek sopiga sadaf qadalgan yoy oʻqini nishondan avaylab sugʻurib oldi-da, qanchalik chuqur botganini barmogʻi bilan oʻlchab koʻrdi:
— Bilagingizda kuch koʻp, amirzodam! Sherpanjasiz. Podshoh hazratlari sizni Bobur deb ataganlari bejiz emas. Bobur arabcha sher demakdir!
Bobur mirzoning navkarlari, yaroqbardor, tengdosh-koʻkaldosh[16] mulozimlari ham nishon atrofiga yigʻildilar. Ular Boburning hali yosh oʻspirin ekanini, qoʻlidagi kamoni boʻyi-bastiga mos qilib kichraytirib ishlanganini bilar edilar. Shuni oʻylab, Bobur maqtovni oʻziga olgisi kelmadi.
— Sherpanja deb otamni aytsinlar. Men koʻrganmen, zarblari bundan oʻn hissa ortiq. Musht ursalar, eng zoʻr yigitni ham yiqiturlar.
— Kamina ham aytmoqchi edimki, amirzodamning sherpanjaliklari podshoh otangizga tortganligingizdan nishonadir!
Mazidbek gapni mohirlik bilan burganini sezib Bobur kulib qoʻydi. Uning mayin sargʻish tukli peshonasida, yuqori labining ustida ter rezalari yiltirardi.
— Kun isidi, amirzodam. Yoz ramazoni tinkani quritur. Iftorgacha toliqib qolmasinlar. Endi borib, salqinda mutolaa qilsinlar. Kamina Andijon qoʻrgʻonini mudofaaga tayyorlash bilan band boʻlurmen.
Bobur mulozimlari bilan mashq maydonidan chiqayotganida koʻnglida yangi bir istak uygʻonib, koʻzlari shoʻx yiltiradi. U otini toʻxtatib, orqasiga oʻgirildi va jiyron qashqa ot mingan navkarni yoniga chaqirdi. Navkar yondashganda, qoʻlini choʻzib, otining egarini silkitib koʻrdi. Egar mahkam urilgan edi. Bobur navkarga ellik qadamcha nariga borishni, otdan tushib, jilovidan sekin yetaklab ketaverishni buyurdi.
Mulozimlar orasida eng e’tiborlisi Boburning opasi bilan bir onani emib oʻsgan oʻn yetti yoshlik Noʻyon Koʻkaldosh edi. Mazidbek yoʻqligida Boburni ehtiyot qilish Noʻyonga topshirilgan edi. Noʻyon Boburning nima qilmoqchi ekanini fahmlab, bezovtalandi:
— Amirzodam, hozirgina bir mashqdan chiqdingiz. Boshqa mushkul mashqlarni ertaga qoldiring.
— Xoʻp, mushkuli ertaga qolsin, hozir osonini koʻraylik, — kulib dedi Bobur.
Navkar aytilgan joyga borib otdan tushdi va jiyron qashqasini sekin yetakladi. Bobur boʻz otni choptirib borib, navkarga yetganda oyoqlarini uzangidan boʻshatdi, qamchini tishiga oldi. Boʻz ot jiyron qashqa bilan jips kelgan zahoti Bobur boʻy choʻzib, narigi otning egaridan ikki qoʻllab ushladi-yu, bor kuchi bilan egardan egarga sakradi.
Biroq navkarning oti sakrash zarbidan choʻchib, hurkib ketdi. Boburning xipcha gavdasi bir lahza havoda muallaq boʻlib qoldi, keyin pastga tushib ketdi. Oyoqlari yerga «tap» etib urildi. Ammo u qoʻllarini egardan boʻshatmadi — boʻshatsa yomon yiqilishini sezib, jon-jahdi bilan yopishdi. Bilaklari chindan ham kuchli ekan, shunday ogʻirlikka bardosh berdi. Faqat navkar otini toʻxtatib olguncha Boburning oyoqlari yerni tirnab sudralib bordi-yu, bejirim ipak sallasi boshidan uchib ketdi.
Noʻyon Koʻkaldosh yordamga yetib kelganda Bobur oʻzini oʻnglab oyoqda turar, biroq rangi juda oqarib ketgan edi. Noʻyon otdan sakrab tushdi va Boburga sallasini olib bermoqchi boʻldi. Ammo Bobur tuproqqa tushgan sallaga qaragisi ham kelmadi. Qamchi hamon tishida edi, uni qoʻliga oldi, navkar yetaklab kelgan boʻz otga indamay mindi. Soʻng otiga qamchi bosib, chorbogʻ daraxtlari orasidan ot choptirib ketdi.
Noʻyon uning ketidan vahima bilan tikilganicha qoldi. Hammayoq dov-daraxt, ariq. Otliqlar yuradigan katta yoʻl chorbogʻning narigi chetidan oʻtadi. Bobur esa toʻgʻriga ketgan tor soʻqmoqdan, qalin daraxtlar orasidan yelday uchib boryapti! Ot ariqdan sakrab oʻtayotganda Boburning boshi ariq boʻyida oʻsgan oʻrikning katta bir shoxiga uriladigan edi. Ammo u otning boʻynini quchoqlab, pastga shunday egildiki, oʻrik novdalari orqasini ishqalab oʻtdi. Pishgan oʻriklardan bir qanchasi uzilib, ariqdagi suvga «choʻlp-choʻlp» etib tushdi.
— Sen nega otni mahkam tutmading, avbosh! — deb Noʻyon navkarni soʻkdi. — Hammamiz amirzodaning qahriga qoldik! Bizdan xafa boʻlib ketdilar!
Bobur bogʻ toʻridagi muhtasham koʻshk oldiga borib, otini toʻxtatdi. Xizmatkorlaridan biri shoshilib kelib otning jilovidan olar ekan, Boburning yolgʻiz va bosh yalang qaytganidan taajjubga tushdi. Koʻshkda Boburning buvisi Eson Davlat begim uni kutib oʻtirgan boʻlsa kerak. Agar hozir u Boburning qay ahvolda qaytganini koʻrsa-yu, nimalar boʻlganini bilsa, mulozimlar ham, navkarlar ham jazo olishi aniq. Chunki podshoh hazratlari Boburni koʻz qorachigʻiday asrashni Eson Davlat begimga topshirib, chorbogʻ va qasrni hamma xizmatkorlari bilan uning ixtiyoriga berib qoʻygan.
Mulozim va navkarlar qoʻrqa-pisa koʻshkka yaqinlashayotganlarida marmar hovuzdan beridagi behi shoxiga qantarib qoʻyilgan boʻz otga koʻzlari tushdi. Bobur hovuz boʻyidagi tillakori shiyponga kirganini sezishib, shu yerda sekin otdan tushdilar. Noʻyon Koʻkaldosh Boburning sallasini changdan tozalab, qoʻlida avaylab olib kelmoqda edi. Shu payt shiypon ichidan boshiga boʻrk kiygan Bobur chiqdi. Oti hurkkan navkar oʻzini Boburning oyogʻi tagiga tashlab, uzr soʻrashga chogʻlandi.
Noʻyon Koʻkaldosh sallani nodir sovgʻaga oʻxshatib avaylab koʻtarib kelayotgani Boburga birdan juda kulgili tuyuldi. Undan qahrli dashnom kutib bosh egib turganlar toʻsatdan kulgi tovushini eshitib, hayrat bilan bosh koʻtardilar. Bobur bolalarcha zavq bilan gavdasini orqaga tashlab, xandon urib kular edi. Noʻyon Koʻkaldosh ham qoʻlidagi sallaga endi boshqacha koʻz bilan qaradi va kulib yubordi. Boshqalar ham yelkalaridan togʻ qulab tushganday yayrab kular va jilmayar edi. Bobur kulgidan toʻxtab, oti hurkkan navkarga yuzlandi:
— Sizda ayb yoʻq edi.
Navkar undan katta bir in’om olganday astoydil minnatdor boʻlib ta’zim qildi. Bobur Noʻyonga tayinladi:
— Katta onam bilmasinlar.
— Muddaomiz oʻzi shu, amirzodam, — kuldi Noʻyon va boshqa mulozimlarga sirdoshlarcha koʻz qisib qoʻydi.
Shunday paytda koʻkaldosh va tengdoshlar oʻzlarini taxt vorisiga xizmat qilib yurgan yosh mulozimlar deb emas, uning sirlariga sherik boʻlgan yaqin doʻstlar deb bilishar va bundan koʻngillari oʻsib, Boburga mehrlari oshar edi.
Koʻshkdan chiqib kelgan savdar Bobur qarshisida qoʻl qovushtirib, ichkarida mudarris uni kutib oʻtirganini aytdi. Bobur bugun shariat ilmidan dars olishi kerakligini esladi va tengdoshlaridan istar-istamas ajralib, koʻshkka yoʻnaldi.
Eshiklari nafis oʻymakorliklar bilan bezangan, ichidagi oltin-kumush buyumlar koʻzni qamashtiradigan koʻshkda hozir Boburni faqat bitta xona oʻziga tortar edi. Mudarrisning kutib oʻtirganiga qaramay, Bobur yaxshi koʻrgan kitoblari qoʻyilgan shu xonaga burildi. Baxmal va charm muqovalar ichidan sahifalarga bitilgan satrlarda ulugʻ shoirlarning otash nafaslari sezilib turganday boʻladi. Bobur Firdavsiydan, Sa’diydan minglab baytlarni yod biladi. Hozir u kitoblari orasidan «Xamsa»ni olar ekan, uzoq Hirotda yashayotgan Alisher Navoiyni xayol koʻzi bilan koʻrib turganday boʻldi. Hirotda ta’lim olib kelgan andijonlik me’mor mulla Fazliddin mana shu koʻshk va marmar hovuzli tillakori shiyponni qurgan paytlarida yosh Boburga Navoiy haqida juda koʻp ajo-yib hikoyalar aytib bergan edi. Me’mor Hirotdan Alisher Navoiyning Behzod chizgan rasmidan yaxshi bir nusxa koʻchirtirib kelgan edi. Bobur ham Navoiyga ixlosmand ekanini sezgan me’mor unga mana shu rasmni in’om qilgan edi. Bobur «Farhod va Shirin» dostoni qatidan shu rasmni oldi-yu, shariat ilmiga oid daftarining ichiga soldi. Soʻng mudarris oʻtirgan xonaga chiqdi.
Oppoq soqoli koʻkragini qoplab yotgan, katta oq salla oʻragan qoshlari oʻsiq keksa mudarris darsxona toʻrida, banoras koʻrpacha ustida oʻltirib, qur’ondan qiroat bilan suralar oʻqigach, fors tilida fiqh[17] ilmining qonunlarini tushuntirishga kirishdi. Bobur arab-fors tillarini yaxshi oʻrgangan, qur’on suralarining koʻpini yod bilar, ma’nosini ham tushunar edi, fiqh ilmining ba’zi nuqtalariga qiziqar ham edi-yu, ammo hozir shu daqiqalarda uning koʻz oldidan Suhrob va Farhodlarning qahramonona ishlari suron solib oʻtmoqda edi. Chorbogʻdagi mashqlar paytida tanasiga sigʻmay avjlanib ketgan shoʻx, bebosh bir kuch hali ham qalbini junbishga keltirib turibdi.
Unga yod boʻlib qolgan sevimli baytlar goh turkiy, goh forsiy ohanglarda mudarris qiroatini yorib oʻtib, xayolida jaranglab eshitila boshladi:
«Qoshi yosinmu deyin, koʻzi qarosinmu deyin?»
«Zi mardoni jahon mardi biyomuz![18]»
Yod boʻlib qolgan bu satrlar xayolidan oʻtayotganda, Bobur daftari orasiga solingan suratni mudarrisga koʻrsatmaslikka urinib sekin oldi. Koʻzlaridan ilhom va mehr yogʻilayotgan Navoiy uzun qora chakmon kiygan, ingichka hassaga suyangan. Uning butun qiyofasi yaxshilik istab kelgan har bir kishiga katta yaxshiliklar qila olishidan dalolat beradi. Bobur suratga qarab turib oʻzicha soʻradi: «Ulugʻ amir, nasib qilsa, huzuringizga borsam, yoʻlimda Axramanu ajdaho uchrasa, Farhodingizday hammasini yengib oʻtsam. Oʻshanda siz menga. she’riyat tilsimini ochgʻuvchi kalit berurmisiz?»
Mudarris qiroat bilan uqtirayotgan darslari behuda ketayotganini birdan sezib qoldi, sekin oʻrnidan turdi-da, Boburning yoniga keldi. Bobur suratni yashirishga ulgurolmadi.
— Odam surati? — shiddat bilan soʻradi mudarris. — Siz qur’oni sharifdan saboq eshitish oʻrniga, shariat qat’iyan man etgan suratkashlik bilan mashgʻulmisiz.
— Mudarris janoblari, bu suratni men chizgan emasmen. Buni menga Hirotdin keltirmishlar. Bu ulugʻ zot — Amir Alisher.
Mudarris Navoiyni shoir deb eshitgan, asarlarini hali oʻqimagan edi.
— Odam suratini tarqatmoq — shaytonu lainning ishi! Qani bu suratni menga bering, mirzom! Bering!
Mudarrisning qahrli vajohati suratni yirtib tashlashdan ham toymasligini koʻrsatar edi. Shuning uchun Bobur suratni bermay turib oldi. Mudarrisning gʻazabi keldi-yu, ammo taxt vorisiga qattiq gapirishdan qoʻrqdi. Boburdan xafa boʻlib, Eson Davlat begimga shikoyat qilgani ketdi.
Ellik besh yoshlardagi salobatli kampir sidirgʻa oq atlas koʻylagini shitirlatib darsxonaga kirib kelayotganda Bobur darhol oʻrnidan turib, buvisiga salom berdi. Eson Davlat begim suratni qoʻliga oldi va Navoiy tasviriga beixtiyor qiziqib:
— Yuzlarida farishtalari bor zot ekanlar, — deb qoʻydi. Soʻng harir dakanasining bir cheti bilan yuzini mudarrisdan toʻsib, unga yarim oʻgirilgan holda dedi:— Mudarris ja-noblari, bu surat Hirotda shariat peshvolarining ruxsatlari bilan chizilgan-ku.
— Meni ma’zur tuting, hazrat xonim, — dedi eshik oldida qovoq solib yerga qarab tur-gan mudarris,— ammo Hirotda shariat qonunlari buzilmishdir. Shialar ta’sirida chizilgan bu surat bizning pok sunniy mazhabimizga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Men taxt vo-risini ogoh qilmoqchimanki, bizga Muhammad alayhissalom vasiyat qilgan chin musulmonlik alhol Xurosonda emas, Movarounnahrdadir!
Eson Davlat begim mudarris bilan mazhablar toʻgʻrisida bahslashib oʻtirishni istamadi. Boburga yuzlanib:
— Mudarris janoblari bir jihatdan haqlar, — dedi, — fiqh darsida surat tomoshasi oʻrinsiz, azizim. Tangri inoyat qilsa, siz hukmdor boʻlib yurt soʻragaysiz. Shuning uchun fiqh qonunlarini boshidan-oxirigacha bilib oling. Suratni men olib ketay.
Bobur suratni buvisidan bir nafasga soʻrab oldi-yu, avaylab kitob orasiga solib berdi.
— Ehtiyot qilingiz, sizga orzuyimni topshirdim,— dedi.
Eson Davlat begim nevarasining soʻzlarini yoqtirib dedi:
— Balki Alisherbekni Andijonga taklif qilursiz.
— Kelurmikanlar? — koʻzlari yonib soʻradi Bobur.
— Samarqandga kelganlar-ku, Fargʻona vodiysining ta’rifi olamga mashhur. Iloj topsalar, albatta kelurlar. Alisherbek nihoyatda pok, avliyotabiat odam, deb eshitganmiz. Oʻzlari kelsalar, mudarris janoblariga ham manzur boʻlishlari shubhasiz!
Mudarrisning endi sal chehrasi ochildi. Qaddini tiklab:
— Shoyad shunday boʻlsa! — deb qoʻydi.
Eson Davlat begim ularni ustalik bilan yarashtirganidan mamnun boʻlib darsxonadan chiqdi.

2
Kun qiyomiga kelib, peshin namozi oʻqilgandan keyin koʻshkning ich-tashi jimjit boʻlib qoldi. Roʻzaning azobi endi bilina boshlagan, yoz kunida chanqab holsizlangan odamlar kunni qanday kech qilishni bilmay betoqat boʻlishar edi. Koshona egalari salqin xonalarda jimgina yotib, uyqu bilan jon saqlashni odat qilganlar.
Bobur ham bugungi saboqlarini tugatib, oʻz xonasida yonboshlab yotibdi. Biroq boyagi shirin orzular hamon xayolini toʻlqinlantirib, koʻziga uyqu qoʻndirmaydi. U qogʻoz-qalam olib, she’r yozmoqchi boʻldi. Lekin hozir uning xayoliga yod boʻlib qolgan mashhur baytlardan boshqa she’r kelmas edi. Shunda u ikkinchi bir daftarni oldi-yu, Fargʻona vodiysi haqida bilganlarini oddiy nasr tariqasida yoza boshladi: «Girdo-girdi togʻlar, ovi qushi koʻp. Oq kiyikni Axsi choʻlida koʻrganbiz. Margʻilon yovugʻida ham bor». Bobur Fargʻona vodiysida nimaiki goʻzallik koʻrgan boʻlsa, hammasini yozgisi kelar edi. Keyin Hirotga Amir Alisherning huzuriga borganda bu yozuvlari juda kerak boʻladiganga oʻxshardi.
U yozuvga berilib ketib, koʻshk oldigacha chopib kelgan otning dupurini eshitmadi. Birdan jimjit koʻshkning allaqaysi xonasida ayol kishining oʻrtanib yigʻlagani eshitildi. Bobur choʻchib boshini koʻtardi. Yigʻi tovushi Eson Davlat begimning xonalari tomondan kelmoqda edi. Bobur oʻrnidan sakrab turdi, takror eshitilgan alamli yigʻidan eti junjikib, buvisining xonasiga qarab yugurdi.
Eshik lang ochiq. Eson Davlat begimning roʻmoli boshidan tushib ketgan. U qizi Qutlugʻ Nigor xonim yuborgan xatni ochib oʻqimoqchi boʻladi, ammo yoshli koʻzlari hech narsani koʻrmaydi.
Axsidan oʻlim xabarini olib kelgan Qosimbek devorga yelkasi bilan majolsiz suyanib, oyoqlarida zoʻrgʻa turibdi. U sakson chaqirimlik yoʻlni otda dam olmay bosib oʻtgan va kipriklarigacha changga botgan edi.
Hozirgina gulday nafis tuygʻular ichida yurgan Boburga oʻlim xabari shu gul orasidan chiqqan ilon boʻlib tuyuldi. U Qosimbekdan seskanganday rangi oʻchib, birdan orqaga tisarildi. Qosimbek esa unga intildi. Bobur qarshisida tiz choʻkib, boʻgʻiq va iltimoskorona ovoz bilan gapira boshladi:
— Mirzom. Tangri sizga quvvat bersin! Endi bizning pushti-panohimiz oʻzingizsiz! Ikki tarafimizni yogʻiy bosgan. Volidangiz tayinlab yubordilar. Darhol Andijon qoʻrgʻoniga borib, beklarni toʻplamoq kerak!
Eson Davlat begim qaygʻuga berilib, yigʻlab oʻtiradigan payt emasligini endi sezdi. Qosimbekni oyoqqa turgʻizdi-da:
— Sadoqatingizdan minnatdormiz, — dedi. — Siz Bobur mirzo bilan birga otlaning! Biz ham endi chorbogʻdan qoʻrgʻonga koʻchamiz.
Mudhish xabar Boburni jimjit qilib qoʻydi. U karaxt bir ahvolda kiyindi, otiga mindi. Shu payt uning koʻziga yashnab turgan daraxtlar, suvi toʻla marmar hovuz allanechuk mungʻayib turganday koʻrindi. Bularning hammasini otasi bino qilgan edi. Endi u odam bu joylarga hech qachon kelmaydi. Ana u nashvatilarning koʻchatini Umarshayx mirzoning oʻzi oʻtqazdirgan edi. Hozir shular meva solgan, hademay pishadi. Ammo ularni ektirgan odam endi hech vaqt bu mevalardan tatib koʻrolmaydi.
Chorbogʻdan chiqib, tosh yoʻldan borayotganlarida Bobur yana otasini esladi. Bu yoʻlga otasi toʻshatgan toshlar ham turibdi. Uzoqda koʻringan baland qoʻrgʻonni ham otasi qurdirgan edi. Hammasi butun, hammasi bor. Faqat uning oʻzi yoʻq. Bobur endi otasini umrbod koʻrolmasligini butun vujudi bilan his qildi-yu, achchiq judolik tuygʻusi birdan uning borligʻini toʻldirib, koʻzlaridan yoqasiga yosh boʻlib tomdi.
Oldinda suv toʻldirilgan choh va oʻn bir paxsalik baland devor bilan oʻralgan Andijon qoʻrgʻoni koʻrindi. Ular Mirzo darvozasiga yaqinlashganlarida ichkaridan besh-olti kishi ot choptirib chiqdi. Oldinda saman ot minib kelayotgan qisiq koʻzli moʻgʻultaxlit bek — Bo-burning onasiga qarindoshchiligi boʻlgan Sherim togʻoyi edi. U Boburning yuzida ogʻir musibat alomatini koʻrdi-yu, otdan sakrab tushdi, koʻziga yosh kelmasa ham hoʻngrab:
— Men ishonmagan edim, amirzodam! — dedi. — Pushti-panohimizdan ayrilganimiz rostmi? Oh, bevafo dunyo!
— Kimdan eshitdingiz? — soʻradi Qosimbek. — Bu xabar hozircha sir tutilmogʻi kerak edi!
Sherimbek yoqasini ushlab:
— Tangrining qudratini qarangki, — dedi, — bir aloqachi kabutarim osmonda uchib yurib birdan yoʻq boʻlib qoldi. «Kim uni tushirib oldi?» — deb tom ustiga chiqdim. Anchadan keyin kabutar oldimga kelib qoʻndi. Qanotining tagida bir qogʻoz koʻrindi. Olib qarasam — mana shu qaygʻuli xabar! Kim yozgan? Osmonda farishtalar yozib yubordimi, bilmadim!
Sherimbek Boburning egariga bir qoʻlini qoʻyib, yuzini unga yaqinlashtirdi-da, past tovush bilan.
— Mirzom, qoʻrgʻonga kirmangiz, xatarli, — dedi.
Bu soʻzlarni Qosimbek ham eshitdi. Umarshayx mirzo tirikligida durustroq lavozim ololmay koʻngli choʻkib yurgan Sherimbek endi Bobur mirzoga boshqalardan oldinroq mehru oqibat koʻrsatib, uning ishonchini qozonmoqchi va kattaroq martabaga erishmoqchi edi. Qosimbek buni sezib Boburga osoyishta gapirdi:
— Amirzodam, ortiqcha tahlikaga oʻrin yoʻq. Tezroq qoʻrgʻonga kirib, sodiq beklarni toʻplaylik.
Sherimbek ot ustidagi Qosimbek bilan yerda turib soʻzlashishni oʻziga ep koʻrmadi. Shoshib otiga mindi-da, shiddat bilan dedi:
— Siz hali ahvolni bilmaysiz, janob Qosimbek! Sodiq beklaringiz Xoʻjandni yogʻiyga topshirdi! Isfarani topshirdi! Margʻilonni topshirdi!
— Margʻilonni?! — seskanib soʻradi Bobur. — Qachon?
— Hozir xabar keldi! ?gʻiy moʻri malaxday yopirilib Quvaga yaqinlashdi! Endi navbat Andijonga. Sodiq beklar Andijonga qoʻshib Mirzomni ham yogʻiyga bersinlarmi? Yoʻq! Men tirik boʻlsam, bunga yoʻl qoʻymaymen!
Ogʻir musibat ustiga qoʻshilgan bu shum xabarlar Boburni juda esankiratib qoʻydi. Oʻzi kuni bilan roʻza tutib, darmoni ketib borar, nihoyatda qattiq chanqaganligidan tili tanglayiga yopishib qolgandek tuyular edi. Uning tashna koʻzlari qoʻrgʻon devori tagidagi xan-daqqa toʻldirilgan qoramtir suvga tushdi. Turib qolgan shu qora suv ham unga allanechuk jozibali koʻrindi. U quruqlashgan lablarini namsiz tili bilan yalab qoʻydi.
Sherimbek dadil borib, Bobur mingan boʻz otning oltin bezakli yuganidan oldi:
— Men sodiq togʻoyingizmen, Mirzom, ijozat bering, sizni bu xatarlardan uzoqqa olib ketay!
Bobur Sherimbek aytayotgan xatarlarni hozir uncha oʻylamas va aniq his qilmas edi. Ammo uning qaygʻudan ezilgan koʻngli ham, tashnalikdan qiynalayotgan tani ham koʻz oldidagi bekik va dim qoʻrgʻondan koʻra, uzoqdagi daraxtzorlarni, keng, ochiq joylarni afzal koʻrardi. Shuning uchun Sherimbek uning otini orqaga burayotganda Bobur qarshilik qilmadi. Qosimbek sarosima boʻlib:
— Mirzom, volidangizning tayinlaganlari boshqa edi!— dedi.
— Volidalari bu yerdagi ahvolni bilmaganlar! — deb Boburning oʻrniga Sherimbek javob qildi. Ammo Qosimbek uning gapiga quloq solmay Boburga yondashdi:
— Xonim hazratlari bugun dafn marosimini oʻtkazib ertaga Andijonga kelurlar. Ulugʻ onangiz ham chorbogʻdan qoʻrgʻonga koʻchmoqchi edilar. Ular sizni qayerdan topurlar?
Bobur endi sal xayolini yigʻib, Sherimbekdan soʻradi:
— Qayoqqa bormoqchimiz?
Sherimbek Qosimbekka eshittirmaslikka tirishib, Boburning qulogʻiga shivirladi:
— Olatogʻ tomonlarga. Oʻshga. Balki Oʻzganga. Bobur buni Qosimbekdan sir tutishni istamay, sekin unga aytdi:
— Oʻsh yoʻlida boʻlurmiz. Onamga xabar bering.
— Men avval qoʻrgʻondagi beklar bilan soʻzlashay, amirzodam! Ularning kayfiyatini bilay!
— Undan koʻra, Xoʻja Abdullaga uchrang.
— Bu amringizni darhol bajo keltirurmen!
Qosimbek otini qoʻrgʻon darvozasi tomonga burdi. Bobur esa yonidagi ellikka yaqin otliq bilan qoʻrgʻondan uzoqlashib keta boshladi.

3
Qoʻrgʻon ichidan darvozaxonaning tomiga chiqib olgan yapasqi bir navkar devor kungurasi orasidan ularni kuzatib turgan edi. Qosimbek Mirzo darvozasidan shitob bilan kirayotganda bu navkar ham tomdan sekin tushdi-yu, devor oldiga bogʻlab qoʻyilgan otni minib, xoʻjayini Ahmad Tanbal kutib turgan joyga qarab ketdi.
Mevalari gʻarq pishgan katta bogʻning toʻrida marmar gumbazlik hammom bor edi. Bogʻ egasi Yoqubbek yozning issiq kunlarida shu hammomning mehmonxonaga oʻxshatib bezatilgan salqin bir xonasida dam olar edi. Asl gilamlar toʻshalgan bu xonaning toʻrida hozir Ahmad Tanbal oʻtiribdi. U kumush bilan bezatilgan qimiz kadidan jiyda gulli piyolaga qimiz quyib, sipqordi. Soʻng sargʻish moʻylovini kafti bilan artar ekan:
— Tangrim meni kechirsin, bugun roʻzani buzdim,— dedi. — Yoʻlda tashnalikdan tilim tanglayimga yopishib qoldi. Hushimdan ketib otdan yiqiladigan holatga keldim.
— Bugun sizga ravo, — dedi Yoqubbek. — Zarurast— ma’zurast. Mushkul ishga bel bogʻlabsiz. Agar kushoyishi koringizni berib, taxt Jahongir mirzogʻa oʻtsa, siz uning eng ishongan rahnamosi boʻlursiz.
Ahmad Tanbal bu nurli istiqbolni koʻz oldiga keltirib, bir entikdi. Oldingi tishlaridan ikkitasi tushib ketgan semiz Yoqubbek unga sinovchan nazar bilan qarab turardi. Yoqubbekning nigohida «Mening bu xatarli ishga nechun bosh qoʻshayotganimni unutmasmikansen?» degan ma’no bor edi. Ahmad Tanbal sergaklandi:
— Bek janoblari, siz bilan biz asli moʻgʻul[19] urugʻidanmiz. Barloslarning Fargʻona viloyatida shuncha vaqt hukm surganlari yetar. Endi navbat bizniki. Men sizni moʻgʻul beklarining eng ulugʻi deb bilurmen. Tangri omad berib, agar men taxt vorisiga rahnamo boʻlsam, oʻshanda ham menga siz rahnamolik qilgʻaysiz!
— Inshoollo! — deb Yoqubbek mamnun yuz bilan kalta soqolini silab qoʻydi. — Qani, Ahmadbek, chan-qoq bosilgandan soʻng ochlik bilinadir. Yaxna goʻshtdin totining.
Ahmad Tanbal chinni lagandagi goʻshtga endi qoʻl uzatganda eshik sekin ochildi. Ahmad Tanbal laganni bir chetga surib, eshikka qadalib qaradi. Boyagi yapasqi navkar xoʻjayinining tinchini buzgani uchun uzr soʻraganday boʻsagʻadan narida turib, ta’zim qildi:
— Bek janoblari, sevinchi bering! — dedi. — Bobur mirzo qoʻrgʻonga kirmay qaytib ketdilar.
— Ayni muddao!
Ahmad Tanbal uchun bu chindan ham quvonchli xabar edi. Charm hamyonidan bitta oltin tanga olib, boʻsagʻa oldiga tashladi. Yapasqi navkar tangani shosha-pisha olib, ikki bukilib rahmat aytdi. Soʻng Ahmad Tanbalning ishorasi bilan eshikni sekin yopib, orqaga chekindi.
Axsidan Andijonga kelib toʻgʻri Yoqubbeknikiga tushgan Ahmad Tanbal podshohning oʻlimi haqidagi xabarni eng avval Sherim togʻoyiga yetkazdirgan edi. Uning hovliqma fe’lini qoʻzgʻatib, oʻzi panada qolish uchun imzosiz xatni kabutar yordamida osmondan tushirtirgan edi.
— Maslahatingiz bilan tuzilgan reja sharofatli chiqdi!— dedi Ahmad Tanbal uy egasiga mamnun koʻz tashlab.
— Ha, Sherimbek endi jiyanini xavf-xatardan yaxshilab «xalos qilur». Uning eng nufuzli bekiga aylanish uchun Olatogʻdan ham oshur.
— Endi biz Boburning xatardan qoʻrqib qochganini xaloyiqning qulogʻiga yetkazmogʻimiz kerak. Bobur shunday paytda ota yurti Andijonni tashlab ketganini xalq bilsin, undan ixlosi qaytsin. Ana undan soʻng Jahongir mirzoning taxtga oʻtirishiga hech bir monelik qolmas.
Yoqubbek soqolini tutamiga olib, bir lahza oʻylanib turdi-yu:
— Ovoza tarqatishning eng afzal joyi bozor, — dedi.— Mening savdogar mijozlarim bor.
— Ammo ovoza bizdan chiqqanini hech kim bilmasligi zarur!
— Xotirjam boʻlsinlar, janob Ahmadbek. Sir saqlashga qodirmiz.

* * *
Andijon aholisi dushman qoʻshinlari yaqinlashib kelayotganini eshitib, shu kunlarda juda xavfsirab yurar edi. Shuning ustiga: «Podshoh jardan yiqilib oʻlganmish, shaharni bugun yogʻiy bosar emish, Bobur mirzo qoʻrqib qochganmish», degan ovoza tarqaldi. Andijon rastalaridagi va timning tagidagi doʻkonlar savdo eng qizib turgan paytda birin-ketin yopila boshladi. Haligi ovozaning qayerdan chiqqanini hech kim aniq bilmas edi-yu, lekin xaloyiq unga bir-biridan vahimali tafsilotlar qoʻshar edi. Nihoyat, «Axsini ham yogʻiy bosganmish, yogʻiy podshoni jardan tashlab oʻldirganmish», degan gaplar ham paydo boʻldi. Xaloyiq orasida yuradigan xufiyalar dahshatli mishmishlarni shahar hokimi — dorugʻaga yetkazish uchun arkka tomon shoshildilar.
Bu orada Qosimbek Bobur mirzoning ustozi Xoʻja Abdullani uyidan qidirib topgan, ular ikkovlashib arkdagi beklar oldiga chiqishgan edi. Xoʻja Abdulla ham, beklar ham podshohning oʻlimidan mutlaqo bexabar edilar. Bu xabarni Qosimbekdan eshitganlaridan keyin, urush xatari koʻzlariga yanada tahlikali koʻrindi, yomon oʻzgarishlar boʻlishini sezishib, sarosima boʻlib qolishdi. Shuning ustiga bozorda dallol boʻlib yuradigan ishonch-li bir xufiya kelib, xunuk ovozalardan hammayoq toʻpolon boʻlib ketganini aytib berdi-yu, Uzun Hasan nomli novcha dorugʻa esankirab qoldi.
— Bizdan omad ketdi, janoblar! — dedi yigʻlamsirab.— Tashqarida gʻanim. Ichkarida toʻpolon. Bobur mirzo qoʻrgʻonga kirmay ketganlari bejiz emas!
— Biz ham jon saqlash uchun har qayonga tarqab qochsakmikin? — kinoya bilan soʻradi Xoʻja Abdulla.
Oʻzi ham, soqol-moʻylovi ham qop-qora Xoʻja Abdulla katta olim boʻlishidan tashqari, Andijon beklarining eng nufuzli piri hisoblanar edi. Bobur mirzo ham uni oʻziga murshid sanab qoʻl bergan edi. Shuning uchun Uzun Hasan Xoʻja Abdullaning kinoyasiga qarshi keskin javob bera olmadi.
— Pirim, Bobur mirzo uzoqlashmasdan qaytarish zarur! — dedi Qosimbek.
— Bobur mirzoning koʻngillari menga ayon, — dedi Xoʻja Abdulla. — U oliy zot qoʻrqib qochgan emaslar. Beklarning sadoqatini bilmoq uchun shunday qilganlar. Bozordagi ovoza — fitnaning belgisi. Agar fitna boʻlmasa, podshohning qazo qilganini bizdan oldin bo-zordagilar qanday bilmishlar?
Uzun Hasan oʻzining aqli yetmagan bu mantiqli fikr-ga tan berdi. Boburning koʻnglida nima borligini Xoʻja Abdulla shu yerda turib bilganiga qoyil boʻldi. Xoʻja Abdulla uning koʻziga chinakam avliyo boʻlib koʻrindi:
— Pirimga hammasi ayon boʻlgan ekan! — dedi u chuqur e’tiqod bilan. — Endi pirim nima desalar biz shunga shaymiz!
— Menga ayon boʻlgani shuki, — dedi Xoʻja Abdulla ovozini pasaytirib, — agar bir tan-bir jon boʻlib, Bobur mirzoga xizmat qilsak, hammamiz omon qolurmiz, hech qaysimizning bir moʻyimiz kam boʻlmagʻay!
Xoʻja Abdullaning komil ishonch bilan aytgan bu soʻzlari Uzun Hasanni bir oz tahlikaga soldi. Agar ish Xoʻja Abdulla aytganday boʻlib chiqsa-yu, Bobur mirzo podshoh boʻlsa. unda Uzun Hasanning bugungi ikkilanishlari qanday oqibatga olib keladi? Uning raqiblari bu ikkilanishlarni boʻlajak podshohga aytib, dorugʻalik amalini tortib olishlari mumkin emasmi? Yoʻq, Uzun Hasan bunga yoʻl qoʻymasligi kerak:
— Pirim, menga fotiha bering, Bobur mirzoning huzurlariga men oʻzim boray. Beklarning nomidan sadoqat izhor qilib, qoʻrgʻonga taklif etay!
— Niyatingiz tahsinga sazovor, janob Hasanbek. Ammo siz dorugʻasiz. Siz avval shahardagi gʻuluni bartaraf qiling, fitnaning uyasini toping, ana unda Bobur mirzoning inoyatlariga sazovor boʻlgʻaysiz.
— Yana karomat qildingiz, pirim! Biz zudlik bilan bu ishga kirishurmiz!

* * *
Yoz oftobi yeru koʻkni shunday qizdirmoqdaki, ot tuyoqlaridan koʻtarilgan chang yuzga alanga tillaridek tegadi. Havo dim. «Gʻir» etgan shamol yoʻq. Tuprogʻi bilqillab yotgan tor koʻchadan oʻtayotganlarida Boburni ter bosdi. U benihoya chanqaganligidan ogʻzi taxir boʻlib ketgan edi. Kecha shu paytlarda Andijonsoy boʻyida salqinlab yotgani esiga tushdi. Bundan bir necha soat oldingi hayoti, chorbogʻning musaffo havosi, zilol suvli hovuz, salqin koʻshk, betashvish damlar — hammasi birdan uzoq oʻtmishga aylangan edi. Nazarida, shiddatli bir quyun uni oʻsha mas’ud hayotdan yulib olib, allaqayoqlarga chirpirak qilib uchirib ketayotibdi. Ot tuyoqlaridan koʻtarilgan chang unga mana shu quyunning changidek tuyuladi. Uni otasidan judo qilgan, pushti-panohidan ayirib, xavf-xatarlar komiga tortgan mash’um bir kuch goʻyo mana shu quyunning kuchi edi. Uni qoʻriqlab borayotgan ellik chogʻli otliqlar ham Boburga mana shu quyun ichida yurganday xira koʻrinardi. Roʻza tutib kuni boʻyi tuz totmaganligidan uning boshi aylanmoqda edi. Atrofidagi otliqlar toʻgʻri yurib borayotgan boʻlsalar ham, Boburning nazarida ularning hammasini oʻsha quyun chirmab aylantirayotganday boʻlardi.
Oʻzgan yoʻli bilan borib Namozgohga yetganlarida uzoqda qorli togʻlar koʻrindi. Bobur togʻ salqinini koʻzi bilan his qilganday boʻldi va oʻsha yerga tezroq yetib borgisi kelib, otining biqiniga niqtadi. Qaqroq lablarini qiyinlik bilan ochib Sherimbekka:
— Tezroq! — dedi.
Sherimbek esa orqaga oʻgirilib qarab:
— Chopar bor! — dedi. — Toʻxtaylik.
Andijon beklari yuborgan chopar Xoʻja Abdullaning qoʻli bilan yozilgan maktubni Boburga topshirdi. Bobur oʻram qilib yuborilgan maktubning ipak bogʻichini uzib, yonida turgan Noʻyon Koʻkaldoshga berdi:
— Oʻqing.
Maktubda Andijon beklarining Boburga sadoqat bildirganlari aytilgan edi. Soʻz orasida yomon ovozalar tarqalayotgani, noma’lum fitnachilar «Bobur mirzo qoʻrqib qochdi», degan tuhmatni tarqatib, bunga elni ishontirmoqchi boʻlayotgani aytilgan edi.
— Men sizni ana oʻsha fitnachilardan ehtiyot qilgan edim, amirzodam! — dedi Sherimbek Boburga. — Hozir vaziyat yomon. Qoʻrgʻon — igʻvoning uyasi. Qoʻrgʻonga qaytmang, amirzodam! Sodiq beklar boʻlsa ketingizdan kelsinlar!
«Ota yurtini tashlab qoʻrqib qochdi» — bu ovoza ogʻizdan-ogʻizga oʻtib shaharma-shahar, qishloqma-qishloq tarqab ketishi mumkin!
— Yoʻq! — dedi Bobur otini orqaga burib. — Men qochmoqchi emasmen!
— Amirzodam, bu hammasi igʻvo!
— Men buning igʻvoligini isbot qilurmen! Qayting hammangiz. Qoʻrgʻonga qayting!
Bobur orqaga burgan otining yuganini boʻshatdi-yu, sagʻrisiga qamchi urdi. Ot chopib borayotganda koʻkragiga shamol tegib, oʻzini bir oz yengil sezdi. Boyagi dahshatli quyun endi undan orqada — izma-iz yelib kelayotgan navkar va savdarlar orasida qolib ketganday boʻldi.
Ular oftob ufqqa yaqinlashgan paytda Andijon qoʻrgʻoniga kirib keldilar. Kechqurun gavjum boʻladigan koʻchalar hozir allanechuk jimjit. Doʻkonlar yopiq. Hammayoq huvillagan. Butun shahar xavf-xatardan qoʻrqib, biqinib turganga oʻxshardi.
Sherimbek oldinda borayotgan Boburni ehtiyot qilmoqchi boʻlib, navkarlariga «qurshab boring» ishorasini qildi. Oʻzi esa Boburning old tomoniga oʻta boshladi. Atrofini otliqlar oʻrab ola boshlaganda Bobur yana quyunning ichiga tushib qolganday boʻgʻildi. Koʻz oʻngida yana otlar, odamlar chirpirak boʻlib aylanishga tushdi. Bobur yutoqib oldinga intildi, otini qamchilab, navkarlar qurshovini yorib chiqqanda yuziga shabada tegib, xiyol yengillashdi. Sherimbek yana oldinga intilib, Boburga yondashmoqchi boʻlganda Noʻyon Koʻkaldosh uning jilovidan mahkam ushladi:
— Bek janoblari, qoʻying, amirzodam oldinda borsinlar. Fuqaro taxt vorisini koʻrsin, koʻngli taskin topsin. Ana, tuynuklardan moʻralab turgan odamlar igʻvogarlarning gapi yolgʻonligiga amin boʻlsinlar!
— Fitnachilar biror teshikdan amirzodamni oʻqlasalar-chi?
— Niyatni yaxshi qiling!
Bobur boshliq otliqlar arkka yaqinlashganlarida ulkan darvozaning har ikki tavaqasi lang ochildi. Xoʻja Abdulla va bir toʻda beklar, mulozimlar Boburga peshvoz chiqdilar. Bobur otdan tushib ustozi bilan koʻrishar ekan, birdan koʻngli yumshab, koʻzlariga yosh quyilib keldi. Xoʻja Abdulla rangi oʻchgan, lablari titrayotgan Boburni bagʻriga bosib, tasalli bergisi keldi, ammo beklar va navkarlar oldida taxt vorisini quchoqlash odobsizlik sanalishini oʻylab, oʻzini tutdi. U ham koʻziga yosh olib:
— Kulfatda qoldik, amirzodam, musibatda qoldik!— dedi. — Endi bizning pushti-panohimiz oʻzingizsiz!
Mazidbek a’yonlar davrasidan bir-ikki qadam oldinga chiqdi. Oʻzining Boburga bek atka ekanini bildirib qoʻygisi kelib, Xoʻja Abdullaning gapini ogʻzidan oldi:
— Amirzodam, hamma beklar sizga sodiq xizmat qilishga tayyordurlar!
Bobur toʻplanib turgan beklarga koʻz tashlagan edi, ular hammasi Mazidbekning gapini tasdiqlab, qoʻllari koʻkraklarida, ta’zim ado qilishdi. Bobur tovushi titrab:
— Minnatdormen, — dedi.
U yana otlanib ark darvozasidan kirayotganda orqadan Yoqubbek ham yetib kelib, beklar davrasiga qoʻshildi. U Bobur qaytganini eshitgan zahoti har qanday shubhadan xoli boʻlish uchun darhol otlanib, sadoqat izhor qilishga shoshilgan edi. Xoʻja Abdulla oʻngda, Mazidbek chapda yurib Boburni ark toʻridagi qishlik qasrga boshlab keldilar.
Ilgari poytaxt Andijondaligida taxt mana shu qasrga oʻrnatilgan edi. Keyin poytaxt Axsiga koʻchirilgach, ustunlari oʻymakorliklar bilan bezatilgan marmar zinapoyali bu qasr avvalgi hashamatidan mahrum boʻlib, koʻrimsizlashib qolgan edi. Bugun Bobur kelishidan oldin Xoʻja Abdullaning farmoyishi bilan qasrning zinapoyalariga yana poyandoz toʻshaldi. Ilgari taxt qoʻyilgan shahnishinga turkman gilamlari va kimxob koʻrpachalar solinib, maxsus joy hozirlandi.
Bobur binafsharang poyandozga qadam qoʻyganda quruqshab ketgan tomogʻini hoʻllamoqchi boʻlib yutindi. Ammo ogʻzida nam yoʻqligidan tomogʻini allanarsa qirib oʻtganday boʻldi. Boʻlajak podshohga xizmat qilish uchun toʻplangan beklarning hech qaysisi Boburga hozir bir qultumgina suv kerakligini sezmas edi. Birda-yarim sezganlari ham shuncha odamning oldida yosh podshohning roʻzasini ochirish musulmonchilikka toʻgʻri kelmaydi, deb bunday ishni qilishdan qoʻrqishar edi.
Hamma oʻltirgach, Xoʻja Abdulla qur’on oʻqib, Axsida bugun dafn etilgan Umarshayx mirzoning arvohiga bagʻishladi. Bir necha kishi:
— Iloho joylari jannatdan boʻlsin! — deb qoʻydi. Yana bir necha kishi Boburga yuzlanib koʻngil soʻradi.
— Muhtaram beklar, davlatxohlar! — deb gap boshladi Xoʻja Abdulla. — Urush tashvishi boʻlmaganda biz avval motam marosimini oʻtkazgan boʻlur edik. Eshitishimizcha, Axsida hazrati oliyni hurmatlariga yarasha ma’raka oʻtkazib qabrga qoʻyganlar. Andijonga yogʻiy yaqin kelib qolgan shu ogʻir kunda bizning avvalin mashvaratimiz davlatni yangi podshohga topshirmoq xususida boʻlgani ma’qul.
Mazidbekdan nariroqda semiz Yoqubbek oʻtirgan edi. U Xoʻja Abdullaning soʻzlarini hammadan oldin ilib ketdi:
— Dono tadbirni oʻrtaga soldingiz, pirim. Bandangizning fikricha, Zahiriddin Muhammad Bobur mirzoni qonuniy podshoh atab, muborak nomlarini xutbaga qoʻshib oʻqitmoq kerak!
Bobur «yalt» etib Yoqubbekka qaradi. Uning ovozidagi mayinlik, yuzidagi hayajon, hatto old tishlari tushib ketgan ogʻzining kemshikligi Boburga allanechuk yoqimli tuyuldi.
Yoqubbekning eng nufuzli va qaysar moʻgʻul beklaridan ekanligini hamma bilardi. Faqat uning bundan bir necha soat oldin Boburga qarshi fitna uyushtirib yurgani oʻtirganlar uchun sir edi. Endi Yoqubbek mana shu sirni yaxshiroq bekitish uchun Boburga hammadan ortiq sadoqat bildirmoqda edi. Uning shu sir ochilib qolishidan iztirobga tushib, dardli va hayajonli koʻzlar bilan Boburga qarashi, undan najot kutganday boʻlib hayajonlanishi oʻzi qiynalib oʻtirgan Boburga gʻalati ta’sir qildi. Yoqubbek birinchi boʻlib Boburni podshoh deb atagani yosh oʻspirinning oʻrtanib turgan qalbiga goʻyo sarin bir shabada boʻlib tegdi. Qachondir bir vaqt taxtga chiqish va shu yurgan hamma beklarga bosh boʻlib, gʻolibona janglar qilish Boburning eng kuchli orzularidan edi. Yoqubbekdan keyin gapirgan beklar ham birin-ketin Boburni podshoh deb tan olar ekanlar, uning mana shu orzusi bulut orasidan chiqqan toʻlin oyday charaqlab yuzaga chiqdi-yu, koʻnglini birdan yorishtirib yubordi. Boshiga tushgan musibat ham, ichini kuydirayotgan tashnalik ham xayolidan uzoqlashdi.
Shu payt eshikdan shahar dorugʻasi Uzun Hasan ta’zim qilib kirdi.
— Amirzodam! — dedi u entikib. — Qulingizni avf eting, sizni kutib ololmadim. Men Andijonda nomunosib gaplar tarqatgan fitnachilarni ovlash bilan band edim. Alhol bir fitnachi arbobni tutib keltirdim.
Bobur beixtiyor oldinga intilib:
— Qaysi arbob? — dedi. — Kim u? Keltiring!
— Bajonidil, amirzodam! — deb Uzun Hasan shoshilib orqasiga qaytdi.
Hamma koʻzlar ochiq eshikka qadaldi. Yoqubbekning rangi «quv» oʻchdi. Nahotki Ahmad Tan-bal qoʻlga tushgan boʻlsa? Unda sir ochiladi. Yoqubbek sarosima koʻzlar bilan darchani qidirib topdi. Darcha u oʻtirgan joydan ancha uzoq. Darchadan narida arkning oʻn paxsalik baland devori bor. Yoʻq, bu yerdan qochib qutulib boʻlmaydi! Yoqubbekni titroq bosdi.
Shu payt eshikdan narida yoʻgʻon bir ovoz:
— Qoʻlimni yeching, men gunohkor emasmen! — degani eshitildi. Tovushidan Ahmad Tanbalga oʻxshamaydi.
Oq shohi yaktak kiygan yoʻgʻon gavdalik boʻydor kishini ikki navkar ikki tomonidan mahkam tutib olib kirdi.
— E, bu — Darvesh gov-ku! — dedi Yoqubbek birdan yengil tortib.
Andijon miroblarining boshligʻi boʻlgan bu odam gardani juda goʻshtdor boʻlganligi uchun hoʻkizga oʻxshab boʻynini bir oz oldinga egib yurar, shuning uchun or-qavoratdan uni «gov», deb atashar edi. Andijon Qoʻrgʻoniga toʻqqiz ariq suv kirsa ham, bogʻ-rogʻlarning koʻpligidan yoz oylarida suv yetishmaydi, amaldorlar oddiy fuqaroning navbatini ham olishga intilishardi. Shunday paytlarda Darvesh gov koʻpincha fuqaroning tomonini olar, beklarga navbati kelmaguncha suv bermas edi. «Bek boʻlsang, oʻzingga, xudoning oldida hamma bandasi barobar!» — deb tap tortmay gapirganini koʻp odam eshitgan. Shu sababli beklar Darvesh govni yomon koʻrishar, ayniqsa dorugʻa Uzun Hasan koʻpdan beri unga kek saqlab yurardi.
Qoʻli bogʻlogʻliq Darvesh gov Boburga va undan beriroqda oʻtirgan Xoʻja Abdullaga bosh egib, ta’zim qildi-yu:
— Adolat qiling, amirzodam! — dedi. — Men fitnachi emasmen, ustod! Bozorda bir yapasqi navkar menga aytdi. «Podshoh Axsida mast boʻlib jardan yiqilib oʻlibdir. Bobur mirzo yogʻiydan qoʻrqib Olatogʻ tomonga qochibdir», dedi.
Boburning gʻashi kelib:
— Boʻhton bu! — dedi.
— Boʻhtonligini men keyin bildim, amirzodam, meni avf qiling! — deb Darvesh gov bir-ikki qadam beriga kelib, qoʻli orqasiga bogʻlangan holicha tiz choʻkdi: — Tuhmatligiga bu yerda muborak yuzingizni koʻrib amin boʻldim. Ammo bozorda xaloyiq vahimaga tushib toʻs-toʻpolon boʻlib qochganda oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Bir odamni toʻxtatib: «Shundoq gaplarni eshitdim, nahotki rost boʻlsa?» deb soʻrayotganimda dorugʻa janoblarining xufiyalari gapimni eshitib turgan ekanlar.
— Yoʻq, sen gap soʻrash bahonasi bilan bu qabih ovozani tarqatib yurganingda qoʻlga tushding! — dedi Uzun Hasan.
— Kalomulloni bering, qasam ichamen!
— Kalomulloni ham xor qilmoqchi bu qasamxoʻr! — dedi Yoqubbek Boburga yuzlanib: — Amirzodam, agar bu mardak sadoqatli qulingiz boʻlganda yomon ovoza tarqatgan oʻsha navkarni qoʻlidan tutib dorugʻaga topshirmasmidi? Vaholanki, bu oʻzi oʻsha ovozani boshqalarga aytgan, ya’ni igʻvo tarqatgan. Buni hozir oʻz tilidan ham eshitdik!
Darvesh gov hangu mang boʻlib:
— Yo alhazar! — dedi.
Yoqubbek Boburga boyagidek muloyim koʻz tashlab, kemshik ogʻzini sodiq bir tabassum bilan ochdi:
— Amirzodam, sizning rahmatlik otangiz Darvesh govni miroblarga sardor qilib qoʻygan edilar. Otangizning inoyati bilan shunday martabaga erishgan bu gov endi hazrati oliyni muqaddas ramazon oyida mast boʻlib yiqilgan desa-ya! Bu qanday noinsoflik!
Boburning yosh qalbi bu mash’um igʻvoga qarshi gʻazab tuygʻusiga toʻlib bormoqda edi. «Aldash uchun bola yaxshi!» oʻylandi Yoqubbek umid bilan. Igʻvo tarqatgan bu odam oʻzining aybini jon-dili bilan Darvesh govga agʻdarib, Boburni bunga ishontirishga butun kuchini sarflamoqda edi. Bu ishda Yoqubbek yolgʻiz emas edi, beklarning koʻpchiligi Darvesh govni aybdor deb bilmoqda edilar.
— Igʻvo tarqatganini oʻzi boʻyniga oldi! — dedi Yoqubbek.
— Tilidan tutilmishdir, jazosini berish darkor!— deb Ali Doʻstbek nomli badqovoq koʻsa bir kishi Yoqubbekning tarafini oldi.
Oʻychan oʻtirgan Qosimbek boya Sherimbek togʻoyining imzosiz xat keltirgan kabutar haqidagi gapini esladi-yu:
— Balki yana taftish oʻtkazish lozimdir? — dedi.
Unga Mazidbek e’tiroz qildi:
— Ortiqcha taftishlarga fursat qani? Yogʻiy Mar-gʻilonni olib, Andijonga bostirib kelur. Qonli urush paytida elni vahimaga tushirgan, podshohning martabasiga raxna solmoqchi boʻlgan igʻvogarlarga rahm qilinmaydir!
— Siyosat uchun maydonda yasoqqa yetkazish kerak, toki boshqalarga ibrat boʻlsin! — dedi Uzun Hasan.
«Yasoqqa yetkazish» — xaloyiq oldida boshini kesish degan gap edi.
Darvesh govning yuziga oʻlim sharpasi soya solib oʻtganday boʻldi. U tizzasi bilan yurib Boburga yaqinlashar ekan, yigʻlab iltijo qildi:
— Amirzodam, men igʻvogar emasmen! Men igʻvogarlarning qurbonimen! Menga rahm qiling! Beshta yosh bolam bor! Noumid qilmang, amirzodam!
Darvesh gov, yoʻgʻon gavdasi silkinib, oʻkirib yigʻlar ekan, qoʻli bogʻliq boʻlgani uchun yuzini yashirolmas, koʻz yoshlari mosh-guruch soqoliga tomchilab oqib tushar edi.
Shunday katta yoshli odamning bunchalik kuyunib yigʻlagani Boburning qalbida koʻpirib turgan gʻazabni birdan bosdi. Uning Darvesh govga rahmi keldi-yu, ustozi Xoʻja Abdulladan «shu bechoraning qonidan keching!»— degan bir gapni kutdi.
Biroq Xoʻja Abdulla ogʻiz ochguncha boʻlmay, yana Yoqubbek gapirdi:
— Beshta bolasi bor odam tilini tiyib yursa boʻlmasmidi!
— E, bu gov oʻzi haddidan oshgan! — dedi Uzun Hasan. — Boʻlmasa, podshoh haqida igʻvo qilganlarning gapini eshitgan hamono ogʻziga urmasmidi! Yoki u haromnamaklarni bizga tutib bermasmidi!
Bir-birini inkor qiluvchi bu gaplar Boburning xayollarini chalkashtirib yubordi. Vujudini oʻrtayotgan tashnalik yangi bir kuch bilan qaytib keldi. Yuzlar, devorlar, gilamlar bir-biriga qoʻshilib, chaplashib, chir-chir aylana boshladi. Darvesh govning yigʻlab gapirgan soʻzlari goʻyo uzoqdan eshitildi:
— Amirzodam! Adolat qiling! Men otangizning sodiq raiyyatlaridanmen! Siz yoshsiz, begʻuborsiz. Siz hali bu beklarni bilmaysiz! Bularning menda keki bor! Beklarga ishonmang, amirzodam! Xalqdan soʻrang! Meni el ulus biladi! Raiyyat biladi!
Ali Doʻstbek qoʻlini mirobga paxsa qilib:
— Eshitdingizmi, amirzodam? — dedi. — Bu govning ichi qoraligini koʻrdingizmi?
Yoqubbek Bobur tomonga ta’zim bilan egilib, boyagiday mehribon tovush bilan tushuntirdi:
— Bu gov el-ulusni beklarga qarshi qoʻzgʻamoqchi, amirzodam. Yogʻiy hujumi paytida bariyat bilan raiyyatning[20] orasiga nifoq solmoqchi!
— Niyati buzuqligi shundan ham ayon! — dedi Uzun Hasan va navkarlarga qarab buyurdi. — Bas, olib chiq!
Boyagi ikki navkar Darvesh govni ikki qoʻltigʻidan olib, oʻrnidan turgʻizdi-da, kuch bilan eshikdan olib chiqa boshladi. Endi Boburdan ham umidini uzgan bandi:
— Men begunohmen! — deb qichqirdi. — Besh bolamning uvoli uradi sen beklarni! Mening begunoh qonim tutadi hammangni!
Bu qargʻish Boburning qalbiga oʻtkir tigʻday qadaldi. Uning qoʻl-oyoqlari titrab, oʻtirgan joyida koʻzi tina boshladi. Nazarida, boyagi quyun avvalgidan battar xuruj qilar, uni mana shu odamlarga qoʻshib chirmab aylantirar edi. Atrof koʻziga chang-toʻzon orasida qolib ketganday xira koʻrinar edi. U oʻtirgan joyida yiqilib ketmaslik uchun ikki qoʻlini ikki yoniga tiradi.
Darvesh govning qargʻishidan gʻazabi oshgan beklar endi uning oʻldirilishini yana ham qattiq turib talab qildilar:
— Bu koʻrnamak yasoqqa yetmagunga eldagi vahima bosilmaydir!
— Siyosat uchun bitta igʻvogarning boshini kesmoq zarur!
— Yasoq!
— Yasoq!
Boburning koʻz oldidan boyagi odamning soqoliga oqib tushgan koʻz yoshlari ketmas, qulogʻi tagida uning alamli qichqirigʻi hamon jaranglab turardi. Shu tirik odam murdaga aylanishi kerak. Bobur bunga farmon berishi kerak. Nechun? Beklar u odamni gunohkor deb Boburni ishontirgani uchunmi?
Balki bu beklar chindan ham Boburni aldayotgandir? Balki mana shunaqa beklar Axsida Umarshayx mirzoni jardan itarib yuborib oʻldirgandirlar? Balki bular erta-indin Boburning joniga ham qasd qilishar?
Birdan Boburning begʻam yurgan davri esiga tushdi. Kechagina u tengdosh oʻrtoqlari bilan ot choptirib oʻynab yurmaganmidi? Alisher Navoiyning rasmiga tikilib musaffo yoshlik xayollariga berilgani qachon edi? Oradan bir necha yil oʻtganga oʻxshaydi. Holbuki, shu bugun ertalab, shu bugun choshgohda uning hayoti quyoshli osmonday tiniq va sof edi-ku. Bu qora bulutlar uning atrofiga qayoqdan yopirilib keldi? «Yasoq!» — deb qichqirayotgan har dargʻazab bek Boburdan quyoshni toʻsib olgan bir qora bulutga oʻxshardi. Boburni chir-mab aylantirayotgan dahshatli quyun mana shu qora bulutlarning shamoli emasmikan? Nahotki bu bulutlar doim toju taxt bilan birga yursa-yu, Darvesh govga oʻxshaganlarning qoniga shunchalik tashna boʻlsa?! Boya Boburga xuddi bulutlar orasidan suzib chiqqan toʻlin oyday goʻzal koʻringan toju taxt endi oy tutilgan tunday vahimali tusga kirdi. Bobur noma’lum xavf-xatardan seskanib, Xoʻja Abdullaga yordam soʻraganday qaradi:
— Ustod!
Xoʻja Abdulla unga tomon surilib:
— Amirzodam, bardam boʻling, — dedi.
— Ne qilay, ayting. — shivirladi Bobur.
— Hukm chiqaring! Beklar yasoqqa yetsin deb talab qilmoqdalar.
— Siz-chi, ustod?
Agar Xoʻja Abdulla, oʻtirganlarga qarshi chiqib, Darvesh govni yoqlasa, shuncha amal-taqal bilan boshlari zoʻrgʻa qovushgan beklar yana parokanda boʻlib ketishlari aniq edi.
— Amirzodam, — shivirladi Xoʻja Abdulla, — podshohlik udumiga binoan xatarli urush paytida tojdorlar sha’niga nomunosib gap aytgan odam jinoyatchi hisoblanur! Darvesh gov yana bu yerda ham tilini tiymay chatoq qildi. Barcha beklarni yomonlab, qargʻab, olovga moy sepdi! Endi siz. bitta Darvesh govni deb barcha beklardan voz kecholmagaysiz. Vaziyat tahlikali. Siyosat uchun govni yasoqqa yetkazmoqdan boshqa iloj yoʻq!

* * *
Ertasi kuni peshinda Andijon arkining qarshisidagi jazo maydonida nogʻoralar chalindi. Toʻplangan xaloyiqning koʻzi oldida Darvesh gov, yomon ovoza tarqatishda ayblanib boshi kesildi.
Yoqubbek Ahmad Tanbalni yapasqi navkari bilan birga oʻsha kuni kechasi Axsiga yashiriqcha joʻnatib yuborgan edi. Ikki oradagi sir sirligicha qoldi.
Dushman Margʻilonni olib, Andijonga tahdid solmoqda edi. Xoʻja Abdulla boshliq elchilar Boburning nomidan Samarqand podshosining Margʻilondan beridagi qarorgohiga borib, sulh tuzishni taklif qildilar.
— Siz bilan urush boshlagan iningiz Umarshayx mirzo jardan yiqilib shunqor boʻldi![21] Bobur mirzoni farzand oʻrnida koʻrgaysiz! Axir u zot sizga kuyov boʻlish orzusidalar! Sizni bosh hukmdorimiz, deb tan olurlar! Oʻlpon toʻlagaymiz! Urushni toʻxtating, hazratim!
Xoʻja Abdullaning bu taklifiga samarqandlik beklar qattiq qarshi chiqdilar. Ular Andijon va Axsini bosib, talab, katta-katta oʻlja olish umidida edilar. Sulh ularni mana shu oʻljalardan mahrum qilar, oʻlponni podshohning bir oʻzi olar edi.
— Shuncha joydan qon kechib, jon berib-jon olib kelib, endi yetdik deganda quruq qaytamizmi? — dedi Muhammad tarxon nomli bek.
— Sulh tuzmang, hazratim!
— Qattiq turing! — deyishdi boshqa beklar ham.
Sulton Ahmad mirzo beklarning ra’yini qaytarolmaydigan zaif tojdorlardan edi. Xoʻja Abdulla boshliq elchilar undan rad javobi olib qaytdilar.
Endi avvalgidan battar qirgʻin boʻlishini sezgan bek va navkarlar Andijon qoʻrgʻoniga kirib bekina boshladilar.

Quva – Jasoratning Jazosi
1
Oʻtgan kuni otlanib Andijonga ketgan mulla Fazliddin bugun qattiq iztirob ichida yana Quvaga qaytdi.
U Boburning otasi oʻrniga hukmdor boʻlganini eshitib undan himoya soʻrash niyatida arkka borgan edi. Agar uning huzuriga kirsa noumid qaytmasligiga ishonardi. Chunki mulla Fazliddin chorbogʻda koʻshk qurgan paytlarda Bobur bilan koʻp hamsuhbat boʻlgan, uning zehni oʻtkir, shoirtabiat, zukko oʻspirin ekanini sezib, Alisher Navoiy suratini hadya qilgan edi. Endi mulla Fazliddin boʻyni yoʻgʻon beklardan koʻrgan yomonliklarini aytib bersa, Bobur uni himoyasiz tashlab qoʻymasligi kerak. Lekin ark darvozasi oldida oʻsha dorugʻa Uzun Hasan turgan ekan.
— Bobur mirzoning huzuriga kirmoq uchun maxsus ruxsat kerak, — deb uning yoʻlini toʻsdi.
— Ruxsatni kim berur, janob dorugʻa?
— Eshik ogʻa Yoqubbek janoblari. Ana, oʻzlari ichkaridan chiqmoqdalar.
Oʻntacha navkar qurshovida ichkaridan otliq chiqib kelayotgan Yoqubbek faqat birinchi vazir darajasidagi eshik ogʻalar taqadigan enli oltin kamarni beliga taqib olgan edi. Puli katta bu bek Andijon mudofaasiga hammadan koʻp mablagʻ ajratgan edi. Uning navkarlari ham boshqa beklarnikidan koʻproq edi, oʻzi ham Boburga ixlosi zoʻrligini har ishda namoyish qilib, tunu kun tinmas edi. U birinchi kuniyoq Boburga oʻzini sodiq koʻrsatgani ustiga bu hammasi qoʻshilib, axiri sohib ixtiyor eshik ogʻa boʻlib olgan edi. Buni endi bilgan mulla Fazliddin xiyol sarosimaga tushdi. Lekin oʻzini dadil tutishga tirishib, otliq kelayotgan Yoqubbekning qarshisidan chiqdi:
— Janob eshik ogʻa, ijozat bering, kamina Bobur mirzo huzurlariga kiray!
Yoqubbek otining jilovini tortib, xiyol toʻxtadi-yu, qoʻlini koʻksiga qoʻyib turgan mulla Fazliddinga tepadan kinoyali nazar tashladi:
— Kirib ne qilmoqchisiz?
— Arzim bor. Me’morlik san’atiga oid.
— Hozir yosh podshohimizga me’morlar emas, mamlakat mudofaasiga yaraydigan navkarlar kerak! Urush tugagandan soʻng keling!
Yoqubbek: «Gap tamom!» degandek qilib, otini yeldirganicha oʻtib ketdi. Mulla Fazliddin bir lahza qaqqayib turib qoldi. Bir vaqt Uzun Hasanning:
— Janob me’mor, tavochilar navkarlikka odam olmoqdalar, istasangiz borib navkar boʻling! — degan kinoyasi uni oʻziga keltirdi.
— Oʻlmasak hali me’mor kerak boʻladigan kunlarga ham yetishurmiz! — dedi mulla Fazliddin dorugʻaga nafratli nazar tashlab.
Endi uning Bobur huzuriga kirolmasligi aniq. Yoqubbek bilan Uzun Hasanning ixtiyoriga oʻtgan qal’ada qolish esa juda xatarli. Darvesh govning oʻlimiga shu beklar sabab boʻlganini mulla Fazliddin eshitgan edi. Hozir uning uchun sal bexatarroq joy — Quvadagi opasining uyi edi.
Mulla Fazliddin xufton payti hovliga kirib kelsa, pochchasi bilan opasi yov yaqinlashayotganini eshitib, vahimaga tushib oʻtirishgan ekan.
Quvasoydin narida — Karkidon adiridagi yov il-gʻorlari yoqqan gulxanlar milt-milt qilmoqda edi.
— Mulla Fazliddin, yogʻiy kelsa poʻlat sandigʻingizni tinch qoʻymas, — dedi pochchasi. — Buni tezroq yashiring.
— Boʻsh oʻrangiz bormi, pochcha?
— Bor. Ana, bedaxonada.
— Tohir qani?
— Mahmud bilan koʻprikka qarab ketdi. Bilmadim, ne ishi bor? Soʻrasam, aytmadi.
Mulla Fazliddin pochchasining yordamida poʻlat sandiqni yana qopga solib, bedaxonada-gi boʻsh oʻraga tushirib qoʻydi-yu, oʻraning ogʻzini taxtalar bilan bekitdi. Keyin bu taxtalar ustiga beda bogʻlarini baland qilib taxlab tashladi.

* * *
Osmonni yana quyuq bulut qoplagan. Birda-yarim yomgʻir tomchilab qoʻyadi. Quva koʻchalari jimjit. Yov yaqinligini sezgan odamlar uy-uyiga bekinib olgan. Ahyon-ahyonda itlar hurgani eshitilmasa, butun Quva koʻchib ketganga oʻxshardi. Quvasoy ustidan oʻtgan yogʻoch koʻprik ham kimsasiz. Elchilar yomon xabar bilan qaytgandan soʻng, koʻprikdagi soqchilar qoʻrgʻonga qochib ketishgan.
Tun yarimlaganda shu koʻprikka qarab ketadigan yoʻl chetida uch-toʻrtta qora koʻrindi. Yoʻl boʻyidagi darvozaning bir tavaqasi sekin ochildi-yu, undan katta choʻva koʻtargan pakana odam chiqdi.
Tohir shivirlab soʻradi:
— Chaqmoq bilan tutantiriqni ham oldingmi?
— Oldim.
Pakana yigitning kiyimlaridan zigʻir yogʻining hidi keladi — uning kasbi juvozkash.
Tohir yuziga yomgʻir tomchilaganini sezib osmonga qaradi. Bulut quyuqlashib, yulduzlar koʻrinmay qolgan.
«Jala quysa, olov yonmay balo boʻlarmikin? — Oʻylandi u. — Koʻprikning yogʻochlari ham hoʻl boʻlib ivib yotgandir».
— Mahmud, men bitta bolta oldim. Endi yana bitta bolta bilan ikki kishilik katta arra kerak. Sen duradgorsen, asboblaring taxt.
— Arrani nima qilasen?
— Kerak! Umrzoq, sen ham birga bor. Darrov olib chiqinglar.
Ikki yigit bir tor koʻchaga kirib ketishdi-yu, anchadan keyin aytilgan narsalarni olib kelishdi. Keyin hammalari devorning zehi bilan yurib oldinma-ketin koʻprikka yaqinlashishdi.
Tohir koʻprikda qorovul yoʻqligini boya aniqlagan edi. Andijon qoʻshini orqaga chekinib, qoʻrgʻonga kirib ketgan, bostirib kelayotgan yov buni yaxshi bilar, shuning uchun Quvaday joylarda hech qanday xavf-xatar boʻlishini kutmas edi.
Tohir koʻprikdan beriroqda — qorayib turgan katta bir daraxtning tagida hamrohlarini toʻxtatdi:
— Oʻzlaringdan qolar gap yoʻq. Beklar bilan navkarlar bizni yogʻiyning oyogʻi ostiga tashlab ketdi. «Oʻzing uchun oʻl yetim», degan gap bor. Xudo kushoyishi korimizni bersa, hammamiz uy ichimiz bilan bir balodan xalos boʻlamiz. Mabodo, ishimiz oʻngidan kelma-sa. Bitta-yarimtamiz qoʻlga tushadigan boʻlsak.
— Oʻshanda ham mard boʻlish kerak, — dedi Mahmud. — Ont ichaylik: kimki yogʻiyga sir bersa, onasi xotini boʻlsin!
— Omin!
— Omin!
Hammalari yuzlariga fotiha tortishdi-yu, birin-ketin koʻprikka chiqishdi. Tohirning moʻljali qirq-ellik qadam ichkariroqqa borib, koʻprikning oʻrtasidan oʻt qoʻyish edi. Ammo ular ilgarilagan sari atroflari ochilib, oʻzlarini himoyasiz seza boshlashdi. Suvning ochiq sathi sohilga nisbatan yorugʻroq edi. Koʻprik yov qoʻshinlari qarshisida nishon taxtasiga oʻxshab turgandek vahimali tuyulardi.
Bir vaqt duradgor yigitning qoʻlidagi katta arra egilib, yupqa poʻlati Tohirning boltasiga tegib ketdi. Uning jarangi qorongʻida shunday keskin eshitildiki, yigitlar seskanib toʻxtashdi. Atrofga quloq solib, bir lahza qotib turishdi. Qurbaqalar bir tekis qurillamoqda edi.
— Tohir, koʻp nariga bormaylik! — deb shivirladi Mahmud. — Kelib qolsa qochib qutulishni ham oʻylang-lar.
— Naryoqdan keladimi? Umrzoqni oʻsha yoqqa qorovul qilib qoʻyamiz. Qoʻrqmanglar, yogʻiy uzoqda.
Shu payt yomgʻir savalay boshladi. Endi uzoqdagi gulxanlar ham koʻzdan yoʻqoldi. Yov ularni koʻrib qolish ehtimoli butunlay bartaraf boʻlganini sezib, Tohir ichida suyunib qoʻydi.
Koʻprik xiyla uzun boʻlganligi uchun uch-toʻrt joyida tagidan qoʻyilgan zoʻr sepoya tirgaklari bor edi. Tohir koʻprikning qanotidan pastga egilib qarab, shu tirgaklardan birini moʻljalga oldi-yu, toʻxtadi. Umrzoq koʻprikning narigi chetida qorovul boʻlib turish uchun ketdi. Qolganlar koʻprik yogʻochlarining osonroq yonishi mumkin boʻlgan joylaridan tanlab, bolta bilan payraha koʻchirishdi, soʻng chuvadagi yogʻdan sepishdi. Uch kishilashib chaqmoqni toshga urib, tutani[22] yomgʻirdan bekitib, rosa uringanlaridan keyin, nihoyat achchiq paxta tutuni dimogʻlariga urildi. Oʻt yoqishga epchilroq boʻlgan juvozkash yigit tutani puflab-puflab choʻgʻ qildi. Tohir chakmonning tagidan qoʻltigʻiga qisib olib kelgan quruq poxolni shu choʻqqa tutdi.
Poxolning zaif olovi zigʻir yogʻi sepilgan payrahalarga ilashib endi sal koʻtarilay deganda, shamol qayirib urayotgan yomgʻir tomchilari «jiz-jiz» etib tegdi-yu, oʻchirib qoʻydi.
— Yonmaydigan sirqindi moy ekan! — dedi Mahmud juvozkash yigitga ta’na qilib.
— Yomgʻir oʻchirdi-ku! Shu moyni topib chiqqanimga ham jon de!
— Bas! — shipshidi Tohir juvozkash yigitga. — Tutani oʻchirmay tur!
Tohir ikkita belbogʻni bir-biriga ulab, bir chetini beliga bogʻlab, koʻprikning tagiga osilib tushdi. Tirgaklarning nam tegmagan joylaridan payraha koʻchirib olib yogʻ sepib, ming azob bilan endi olov oldirayotganda shamolning kuchli bir epkini yonayotgan payrahalarni suvga uchirib tushirdi.
Tohir koʻprikka qaytib chiqdi-yu, boltani qoʻliga olib, gʻazab bilan koʻprik qanotlarini urib sindira boshladi:
— Mana yonmasang! Mana yonmasang! Mana! Mana!
Juvozkash yigit ikkinchi boltani qoʻliga olib, koʻprikning narigi qanotini sindirishga tushdi.
— Tohir, bu ishlaringdan nima foyda? — dedi Mahmud. — Undan koʻra boltani menga ber. Mana bu mixlangan yogʻochlarini koʻchirib tashlaylik.
Hansiragan Tohir Mahmudning oldiga keldi. Qorongʻida mix koʻrinmasa ham kasbi duradgor boʻlgan Mahmud yogʻochning mix qoqilgan joyini tusmollab topdi. Tohir ikkalasi koʻprikka koʻndalang qoʻyib mixlangan taxtasimon bir yogʻochni koʻchirib olishdi. Ammo ikkinchi yogʻochni koʻchirish juda qiyin boʻldi.
— Aytmoqchi, arra bor-ku? — dedi Mahmud.
Bir chetda yotgan arrani Tohir paypaslab topdi. Ikki yigit uning ikki dastasidan olib, koʻprik yogʻochlarini arralashga tushishdi.
— Shoshma! — dedi Tohir. — Bu yerdagi besh-oʻnta yogʻochni arralab tashlaganimiz bilan hech ish chiqmaydi.
— Nega chiqmasin? Ot-arava oʻtolmaydigan qilamiz!
— Birorta ustani olib kelib, koʻprikni tuzatib, oʻtib ketaversa-chi?
— Foydasi yoʻq ishga unnadik chamasi-da! — dedi juvozkash yigit umidsizlanib.
— Yoʻq, biz koʻprikni boʻyiga emas, eniga qarab arralashimiz kerak.
— Eniga qoʻyilgan yogʻochlar juvozkundaday yoʻgʻon-ku. Arralab boʻladimi?
— Boʻladi!
Toʻrt kishi navbatma-navbat arra tortib, koʻprikning koʻndalangiga toʻsin qilib qoʻyilgan yoʻgʻon va qattiq yogʻochni arralayotganda qora terga botib ketishdi. Iliq yomgʻir hali ham savalab turar, ularning yuzlari va badanlaridan oqqan ter yomgʻir suviga qoʻshilib kiyimlarini shalabbo qilgan edi. Yigitlarning maqsadi koʻprikni ikki tomondan ushlab turgan oʻqyogʻochlarni arralab, uni bir-ikki joyidan uzib tashlash edi. Ammo ular koʻprikning har ikki tomonidagi yoʻgʻon oʻqyogʻochlarni arralab qirqishdi hamki, koʻprik ular kutganday uzilib tushmadi. Uni yana qandaydir mixlar, bir-biriga tishlatib qoʻyilgan bolorlar va «belbogʻ» yogʻochlar mahkam ushlab turardi. Tohir bilan Mahmud arrani qoʻyib, yana boltani qoʻlga olishdi, qorongʻida timirskilanib, bolorlarga tishlatilgan qavs mixlardan besh-oltitasini topishdi va koʻchirib tashlashdi. Shundan keyin koʻprikning allaqayeri qirsilladi-yu, ammo oʻzi avvalgiday turaverdi.
— Boʻldi! — dedi Mahmud madorsizlanib. — Qoʻlimizdan kelmaydigan ishga unnabmiz!
— Padariga la’nat! — deb, Tohir qoʻlidagi bolta bilan yana koʻprik qanotlarini qarsillatib sindira ketdi. Shu payt koʻprikning narigi chetidan ular qorovul qoʻygan yi-git chopib keldi:
— Qoʻy, bas! Muncha qarsillatma! Narigi adirdan yogʻiy kelayotganga oʻxshaydi.
— A! Koʻrdingmi?
— Tovushlarini eshitdim. «Otlan!», «Saflan!» deb baqirib-chaqirganlari qulogʻimga chalindi!
— Boʻlmasa hozir bostirib keladi! — deb juvozkash qochishga chogʻlandi.
— Arrangni ol, bu yerda hech narsani qoldirmanglar!— deb Tohir yonmagan payrahalarni, yogʻoch siniqlarini suvga otdi.
Besh yigit muvaffaqiyatsizlikka uchraganday ruhlari tushib, uylariga tarqalganlarida tong yorisha boshlagan edi.

2
Saharlikni yeb, yoʻlga tushgan yov qoʻshinining oldingi toʻpi koʻprikka chiqa boshlaganda tong qorongʻisi hali tarqalmagan edi. Yomgʻir togʻlarda qattiq quyayotganligi uchun Quvasoyning suvi tobora koʻtarilib bormoqda edi. Oldinda kelayotgan otliq chigʻdovullar uncha koʻp emas edi, shuning uchun koʻprikdan siyrak saf bilan oʻtib ketishdi.
Ammo ulardan keyin kelayotgan saflar juda qalin edi. Har bir bekning navkarlari oʻzlariga qarashli yuklarni tuya qoʻshilgan ogʻir aravalarga ortib kelmoqda edilar.
Chugʻuruqday behisob qoʻshin otlari, tuyalari, aravalari bilan birga yomgʻirli tongda qop-qora selga oʻxshab koʻprikni limmo-lim toʻldirib kela boshladi.
Koʻprikning oʻrtasida boyagi yigitlar mixlarni sugʻurib, toʻsinlarini arralab ketgan joy bunchalik ogʻir yukka bardosh berishi amrimahol edi. Buning ustiga, xuddi oʻsha joyda bir choʻbir otning ikki oldingi oyogʻi mixi koʻchirilgan yogʻochlarning yorigʻiga tushib ketdi. Ot oʻmrovi bilan yiqilib tushib, oyogʻini sugʻurib ololmay tipirchilay boshladi. Egarda oʻtirgan navkar otning boshidan oshib, boshqa otlarning oyogʻi tagiga uchib tushdi. Hozir behisob tuyoqlar ostida qolib yanchilishini sezdi-yu, dod solib qichqirdi. Hamrohlari beixtiyor jilovlarini tortishdi. Ba’zi otlar qoʻrqib orqaga tisarilib ketdi.
Orqadagilar esa hech narsadan bexabar, yopirilib kelmoqda edi. Bir lahzada koʻprikning shu joyi haddan tashqari tiqilinch boʻlib ketdi. Arra va bolta zarbalaridan nochorlashgan koʻprik yogʻochlari toʻsatdan qarsillab sindi. Tiqin boʻlib yotgan oʻnlab otlar, odamlar koʻprik yogʻochlariga qoʻshilib suvga qulab tushdi. Toshib turgan soyning suvi qulab tushganlarni lopillatib oqizib ketdi.
Koʻprik ustida qolganlar jonholatda orqaga burilib, qochmoqchi boʻlishdi. Ammo orqadan hamon otliqlar, aravalar, tuyalar koʻchkiday bostirib kelmoqda edi. Oldinda nima hodisa boʻlganidan bexabar podshoh eng yaqin beklari bilan soyning narigi chetida turib, qoʻshinni koʻprikka tomon yoʻnaltirmoqda edi. Lekin koʻprik oʻrtasidan koʻtarilgan qiy-chuv, toʻpolon tobora zoʻrayib borardi. Vahimaga tushgan qoʻshin birdan oʻzini orqaga tashladi, ammo ur-sur toʻpolonda koʻprikka sigʻmay, ot-ulovlari bilan suvga tutday toʻkila boshladi.
Koʻprik qanotlarining ancha joyi sindirib tashlangani ularning qulab tushishini osonlashtirardi. Tartibi buzilgan aravalar bir-birini itarib, koʻprikning butun turgan qanotlarini ham sindirib qulamoqda edi. Ba’zi navkarlar yoʻlida uchragan tirik jonning hammasini qamchilab oʻtmoqchi boʻlsa, ba’zi beklar qilich yalangʻochlab, toʻpolonni tigʻ bilan bosmoqchi boʻlishadi. Ammo gʻij-gʻij boʻlib, qurt-qumursqaday qaynab yotgan qoʻshin koʻprikka shunday tiqilib qolgan ediki, unga na qamchi kor qilar edi, na qilich. Tuyalar boʻkiradi. Odamlar qichqiradi. Talvasaga tushgan olomon tigʻ koʻtargan beklarning oʻzini otlari bilan surib borib, koʻprikdan agʻanatib yuboradi.
Podshoh bilan birga qirgʻoqda turgan xos navkarlar suvda oqib borayotganlarni qutqarishga farmon oldilar. Ular qamishlarni shaldiratib, suvga yaqin borganlarida oʻzlari ham balchiqqa botib keta boshladi. Keyin orqada qolganlari arqon tashlab ularning uch-toʻrttasini zoʻrgʻa qutqarib oldi. Boshqalarini qamishzor balchiq qa’riga tortib ketdi.
Suvga qulab tushganlarning choʻkkani choʻkib oʻldi. Suzishni biladiganlari esa otlarning boʻyniga yopishib qamishzor qirgʻoqqa chiqay deganda balchiqqa botdi. Sassiq botqoqlik ajdahoga aylanib odamni ham, otni ham oyogʻidan pastga tortar edi. Otlar jon achchigʻida siltanib kishnar, odamlar qamishlardan qoʻllari tilinib dod solar, ammo ular talvasa qilganlari sari balchiqqa chuqurroq botib, yuz azoblar bilan jon berishar edi.
Oʻrtasi sinib tushgan koʻprikning ustida — agʻdarilgan aravalar, yiqilib yotgan ot va tuyalar orasida talay navkarlarning ezgʻilangan jasadlari qoldi. Yovning shu bir-ikki soat ichida koʻrgan talafoti urush boshlangandan beri koʻrgan hamma talafotlaridan koʻproq va dahshatliroq edi. Yana bu falokatning sababini hech kim bilmas edi. Shuncha odamning mislsiz qiynoqlarda jon berganini koʻrgan jangchilar magʻlubiyatga uchragandan battar esankirab, ruhsizlanib qoldilar.

3
Quvaliklar tong yorishgandan kun yoyilguncha boʻlib oʻtgan bu falokatni narigi qirgʻoqdagi devor va tomlardan moʻralab koʻrib turar edilar. Ularning ba’zisi «yogʻiy battar boʻlsin», deb shodlansa, ba’zisi ne-ne yigitlarning suvga oqib, balchiqqa botib, ming azoblar bilan oʻlayotganidan achinardi. Tohir kechasi oʻrtoqlari bilan qilgan ishlarini boya Fazliddin togʻasiga «uddasidan chiqolmadik», degan ma’noda ma’yuslanib aytib bergan edi. Keyin yuz bergan hodisani tomga chiqib koʻrgan mulla Fazliddin narvondan tez pastga tushdi-yu, Tohirni bir chetga imlab chaqirib oldi:
— Oʻrtoqlaringga ayt! Hammalaring tezroq berkininglar!
— Nechun, mulla togʻa?
— Koʻprik arralangan joyidan singanga oʻxshaydi. Agar koʻprikka oʻt qoʻyib yuborganlaringda ham bunchalik talafot boʻlmas edi. Chunki yogʻiy koʻprikning yongan joyini tuzatmaguncha ustiga cherik chiqarmas edi. Ular gʻaflatda qolib baloga yoʻliqqan! Agar qilgan ishlaringni bilib qolsa, hammamizni qirib tashlashlari aniq!
— Yogʻiy hali naryoqda-ku?
— Chigʻdovullari bu yoqqa oʻtgan ekan, men koʻrdim. Gapni koʻpaytirmay, tezroq yashirin. Toʻqayga chiqib ketinglar. Tez!
Togʻasi astoydil xavotir boʻlayotganini sezgan Tohir boshqa e’tiroz qilmadi-yu, oʻrtoqlariga sekin xabar berib chiqdi:
— Arqon bilan oʻroq olinglar. Kim soʻrasa, oʻtinga boramiz, denglar. Lekin xoʻrak ikki-uch kunlik boʻlsin.
Besh yigit odamlarning koʻziga tashlanmaslikka tirishib, qishloqdan yakka-yakka chiqishdi-yu, toʻqay ichida uchrashishdi.
Koʻprik sinmasidan oldin berigi tomonga oʻtib qolgan chigʻdovullar Quvaning kadxudosini topib, uning yordamida duradgor ustalarni koʻprik tuzatishga haydab chiqdi. Naryoqda qolgan navkarlar arqon tashlab, yogʻoch tashib, ularga koʻmaklasha boshlashdi.
Koʻprik tuzatishga chiqqanlarning orasida Tohirning otasi ham bor edi. U kechasi oʻgʻlining qayoqqadir borib, sahar paytida charchab qaytganini sezgan edi. Duradgorlardan biri yogʻochning arralangan joyini Tohirning otasiga koʻrsatib, oʻz shubhasini aytmoqchi boʻlganda, usta buning oldini olib labini tishladi:
— Damingizni chiqarmang, — deb shivirladi. — Agar yogʻiy biror gumoningizga ishonsa, butun Quvaga oʻt qoʻyadi. Hammamizni qilichdan oʻtkazadi!
— Gapingiz haq!
Shundan keyin bu toʻgʻrida hech kim ogʻiz ochmadi. Ikki kun deganda koʻprik naridan-beri tuzatildi-yu, yovning otliq askarlari bitta-ikkitadan boʻlib, ehtiyot bilan oʻtishdi. Nihoyat, podshoh ham mulozimlari bilan koʻprikdan oʻtib, Quvada toʻxtamasdan yoʻlida davom etdi.
Yovning aravalarga ortilgan ogʻir yuklari va tuya karvonlari koʻprikdan narida qolib ketdi. Shunga qaraganda yovning rejalarida qandaydir bir oʻzgarishlar yuz bergan edi.
Toʻqayda yashirinib yurgan Tohir Robiyadan xavotirda edi. Ota-onasi qizni qoʻllaridan kelganicha avaylab, yashirib yurganlarini bilsa ham, yovning hamon Quva atrofida oʻralashib yurgani juda tahlikali edi. Uchinchi kuni yigitlarning xoʻraklari ham tugadi. Ahvol qanday boʻlayotganini bilish va xoʻrak gʻamlab kelish uchun Tohir oʻzi boradigan boʻldi. U kechki payt bir bogʻ qamishni orqalab sekin hovlilariga yaqinlashdi. Darvoza zanjir ekan, qoʻlining uchini tiqib, zanjirni tushirdi. Mulla Fazliddin bostirmaning oldida aravaning gʻildiraklarini koʻzdan kechirayotgan edi. Qamish koʻtarib kirgan Tohirni koʻrib unga qarab chopdi:
— Sulh muborak, jiyanim! Sulh!
— Urush tugadimi?
— Xudoga shukur, tugadi.
Tohir yelkasidan qamishni yerga tashlab yubordi. Togʻasi uni bagʻriga bosib, qulogʻiga shivirladi:
— Jasoratlaring bekor ketmadi, jiyanim! Samarqand podshohining oʻzi sulh taklif qilgan emish! Koʻprikdagi talafot yogʻiyning belini sindirgan ekan!
Mulla Fazliddin yelkasiga ensiz jiyak tikilgan kiftaki koʻylak kiygan edi. Tohir engagini jiyakning bogʻichiga bosib va kutilmagan shodlikning zoʻridan oʻpkasi toʻlib:
— Xayriyat! — deya oldi, xolos.
Mulla Fazliddin uning zalvarli yelkasini silab past tovush bilan:
— Alomat boʻldi, — dedi. — Ne-ne beklarning qoʻlidan kelmagan xaloskorlik sendek tavakkalchi yigitlarning qoʻlidan kelgani alomat boʻldi! Kiborlar sendeklarni «qora xalq», deb pisand qilmaydilar. Ammo bugun shu «qora xalq»ning jasorati bilan urush balosidan xalos boʻlganlarini bilsalar edi!
— Lekin munchalik boʻlishini biz oʻzimiz ham bilmagan edik, mulla togʻa. Bir chekkasi, sizning kelib qolganingiz yaxshi boʻldi. Siz boʻlmaganingizda bu ish mening xayolimga ham kelmas edi, siz turtki berdingiz.
— Shundaymi, a, jiyanim? Agar shunday boʻlsa mening boshimni sen koʻkka yetkazding!
Mulla Fazliddin nuqul ovozini pasaytirib, qandaydir xavf sezib gapirmoqda edi.
— Mulla togʻa, Quvada hali ham yogʻiy bormi? — dedi Tohir.
— Ha, yogʻiy oʻtib tamom boʻlganicha yoʻq. Podshohlari Andijondan bir yogʻoch[23] berida sulh tuzib orqaga qaytgan emish. Cherigining bir qismi koʻprikdan nariga oʻtib ketganini, oʻzim koʻrdim. Ammo qolgan-qutganlari endi qaytsa kerak. Ehtiyot shart, jiyanim, uyga kir.
Tohir ust-boshiga ilashgan qamish barglarini qoqib uyga kirayotganda qoʻshni hovlidan ayol kishining allasi eshitildi.
Tohir Robiyani esladi-yu yuragi bir orziqdi. Sulh tuzilganini eshitganmikin? Tohir uni juda sogʻingan edi. Qani endi iloji boʻlsa-yu, hozir devor oshib, qoʻshni hovliga oʻtsa. Robiyaga urush qanday daf boʻlganini aytib berib, uning quvonganini koʻrsa! Lekin qalliqlik odobi bunga yoʻl bermas, Tohir Robiya bilan faqat yashiriqcha uchrashar edi.
Tohir endi uyga kirib, onasini sulh bilan muborakbod qilayotgan edi, koʻchada birdan itlar asabiy xurib, ot dupuri eshitila boshladi. Tohir shoshilib darchadan hovliga qaradi. Ayvondan pastda turgan mulla Fazliddin unga oʻtinxonani koʻrsatib:
— Bu yoqqa chiq! — deb shipshidi. — Bekin!
Tohir beliga taqilgan xanjarni sopidan ushlab, ayvon orqali oʻtinxonaga chopib oʻtdi va qamish bogʻlarining orasiga yashirindi.
Darvoza tavaqalari shaxt bilan ochildi. Egarlarining qoshiga yoy osilgan, boshlariga dubulgʻa kiygan, keng cholvorlari etiklarining qoʻnjini yopib turgan otliq askarlar hovliga kirayotib, atrofga alang-jalang koʻz yugurtirib chiqdi. Ulardan ikkitasi bitta qora otga mingashib olgan edi.
Dubulgʻasining uchiga yashil matodan bayroqcha qadalgan ponsod bostirmada turgan yaydoq otni koʻrdi-yu, mingashib kelayotganlarga qarab:
— Ana u seniki! — dedi.
Habashday qorayib ketgan oʻsiq moʻylovli yigit qora otning sagʻrisidan sakrab tushdi-yu, bostirmaga qarab yugurdi. Qolgan yigitlar ponsodning ishorasi bilan uyga kirib, yangiroq kigizmi, gilammi, boʻxchami hammasini hovliga koʻtarib chiqa boshladi.
Ayvonning ustuniga suyanib jim turgan mulla Fazliddin bularni: «Koʻprik voqeasidan xabar topib Tohirlarni qidirib kelganmi?» deb qattiq qoʻrqqan edi. Endi bularning badnafs talonchilar ekanini koʻrib nafrati keldi. Otdan tushmay hovli oʻrtasida turgan ponsodga qarab:
— Mehmon, insof ham darkor! — dedi. — Podshohlarimiz sulh tuzganlaridan keyin bunchalik talon-toroj qilish musulmonchilikka toʻgʻri kelarmikin?
Bostirmada mulla Fazliddinning otini allaqachon oʻziniki qilib, unga egar urayotgan qora yigit:
— Sulh, omon-omon! — deb, bu soʻzlarni masxaralaganday kulib aytdi.
Boshqa bir yigit boʻxchani titkilab, undan bir juft atlas topdi-da, ponsodga uzatib:
— Moli amon![24] — dedi.
Ponsod atlasni olib xurjunga solar ekan, mulla Fazliddinga zugʻum qilib, samarqandcha talaffuz bilan gapira boshladi:
— Oltmishta otimiz oʻlat boʻlib oʻldi. Bizga kasofatlaring urdi. Sen bunda savori yurginu mani yigitim Samarqandga piyoda ketsunmi? Ikki kishi bir otga mingashib kirganini koʻrdingmi?
— Koʻrdim. Agar aravaga qoʻshilgan shu choʻbir ot yigitingizni Samarqandga koʻtarib borolsa, mayli, oling. Lekin ayollarning boʻxchasini kavlash, sizdek olijanob ponsodga joizmikan?
— Bizning ayollarimiz Fargʻona atlasidan savgʻo keltiring, deb tayin qilgan. Biz shuncha joydan ovora boʻlib kelib, endi besavgʻo qaytaylukmi? Insof shumi?!
Ponsod soʻnggi soʻzni alam bilan aytganiga qaraganda, urushning gʻalabasiz tugaganidan juda norozi edi. Bu odamlar, urushdan katta oʻljalar olish umidida oylab-yillab qon kechib, hamma azob-uqubatlarga bardosh berib yurar edilar. Agar Andijon va Axsi kabi boy shaharlar bosib olinsa, jangchilarning har biri oʻljador boʻlishi shubhasiz edi. Biroq Quvadagi talafotdan keyin darhol sulh tuzildi. Andijondan yarashish uchun chiqqanlar Samarqand podshohiga oltin-kumush sovgʻalar, qimmatbaho sarupolar, bir necha yuz chopqir ot va tuyalar in’om qildilar. Bu in’omlar podshohning ichkilari, mulozimlari, beklari va boshqa yaqinlaridan ortmay qoldi. Mana bu ponsodga oʻxshagan jangchilar esa oʻljasiz qoldi.
Shuning alamiga ular orqaga qaytishda yoʻllarida uchragan qishloqlarni tintib, oʻlja qidirishga tushgan edi.
Ulardan beshtasi hozir Robiyalarning hovlisiga ham bostirib kirgan edi. Oʻtinxonaning bir devori Robiyalarning hovlisiga tutash boʻlgani uchun Tohir qoʻshni hovlida ham toʻpolon koʻtarilganini eshitib qoldi.
Kecha ehtiyotini qilib ichkarida bekinib oʻtirgan Robiya urush tugaganini eshitgan, soʻng hovliga sigir sogʻishga chiqqan edi. Sigirga buzoqni qoʻyib, uni iydirish bilan andarmon boʻldi-da, hovlilariga otliq askarlar kirib kelganini kech sezdi.
Ayasi ogʻilxonaga chopib kirdi.
— Voy, oʻlay, sen shu yerdamiding?
— Nima boʻldi, aya?
— Yogʻiy! Toʻxta! Hovliga chiqma. Ana u tuynukdan somonxonaga oʻt!
Oʻlja ot qidirib yurgan navkarlarning ikkitasi darhol ogʻilxonaga kirdi-yu, uning toʻridagi tuynukdan naryoqqa oshib oʻtayotgan qizni koʻrib qoldi. Qisiq koʻzli qipchoq yigit yonidagiga qarab:
— Suluv qizga oʻxshaydi! — dedi.
— Ot joʻq ekan-da, — dedi sherigi afsuslanib.
— Jaxshi qiz otdan ham qiymat boʻladi. Jur, olib chigʻayiq. Samarqandga olib borib Fozilbekka sotamiz!
Sigirning panasida turgan ona bu dahshatli soʻzlarning ma’nosini tushundi-yu, chopib borib tuynukning ogʻzini gavdasi bilan bekitdi.
— Musulmon boʻlsalaring qizimga tegmanglar! Meni oʻldirsalaring oʻldiringlar! Qizimga yaqinlashmanglar! Birovning omonati! Birovga fotiha boʻlgan!
Bu soʻzlar qisiq koʻzli yigitning nazarida qizning qiymatini yana ham oshirganday boʻldi. U kampirni qoʻlidan bir siltab, oxurga qarab uloqtirdi. Kampir oxurga boshi bilan urilib chinqirdi-yu, hushidan ketdi.
Qipchoq yigit tuynukdan somonxonaga oʻtganda Robiya somonxonaning eshigidan qochib hovliga chiqdi. Shunda ikkinchi yigit qarshisidan chopib chiqib uni tutib oldi. Ichkaridan qisiq koʻzligi yetib keldi. Qiz ularning qoʻlidan chiqib ketmoqchi boʻlib baliqday patillar edi. Uchinchi bir yigit egaridan qop olib qopning ogʻzini ochganicha ularga yaqinlasha boshladi. Qiz hozir boshiga qop kiydirilishini sezdi-yu, bor ovozi bilan dod solib qichqira boshladi.
Tohir shu vaqtgacha tishini-tishiga qoʻyib, uylarida boʻlayotgan talon-torojga chidab oʻtirgan edi. Ammo Robiyaning chinqirigʻini eshitgandan keyin koʻziga hech narsa koʻrinmay qoldi. Oʻtinxonadan chopib chiqdi-da, qoʻshni hovlining devoriga tirmashdi. Devorning su-voqlarini koʻchirib, naryoqqa oshib tushar ekan, shuncha kundan beri uni xavotirga solib yurgan eng yomon baxt-sizlik u kutgandan ham dahshatliroq bir tarzda roʻy berayotganini koʻrdi. Biri Robiyani oyoqlaridan ushlab olgan, ikkinchisi uning qoʻllarini beliga qoʻshib mahkam qisib turgan va uchinchisi qizning boshiga qop kiydirmoqchi boʻlayotgan yigitlar Tohirning badaniga ham zaharli ilon boʻlib yopishayotganday tuyuldi. Tohir qichqirib yubordi. Hovlida bir yigit otlarni jilovidan tutib turibdi. Yana biri qoʻlida uzun nayzasi bilan ot ustida oʻtiribdi. Hammasining belida qilichi, yonida oʻq-yoyi. Tohir bir oʻzi bularga bas keloladimi, yoʻqmi, buni oʻylab oʻtiradigan ahvolda emas. Robiyaga yopishgan ilonlarga tezroq tigʻ urishdan boshqa oʻyi ham, istagi ham yoʻq. U yugurib borayotib xanjarini qinidan sugʻurdi.
Nayza koʻtargan otliq:
— Toʻxta! Toʻxta! — deb uning ketidan ot soldi. Tohir ikki sakrab moʻljallagan joyiga yetib bordi. Robiyani oyogʻidan quchoqlab olgan qisiq koʻzli yigitning biqiniga xanjar urdi. Xanjar sopigacha botib ketgani, qisiq koʻzli yigit ingrab Robiyaning oyoqlarini qoʻyib yuborgani esida. Tohir xanjarni tortib olayotganida oʻzining yelkasiga gʻarchillab sanchilgan nayza zarbidan gandiraklab ketdi. Uning xanjar tutgan qoʻllari dahshatli bir ogʻriqdan boʻshashdi. Ot ustidan unga nayza sanchgan yigit nayzasining uzun sopidan tortib sugʻurib olayotganda Tohirning yelkasidan — koʻylagi bilan birga kesilgan badanidan qon tizillab otilib ketdi. U oʻzi qulatgan qisiq koʻzli yigitning ustiga yiqilar ekan, Robiyaning kosasidan oʻynoqlab chiqqan vahima toʻla koʻzini koʻrdi. Qizning:
— Voy, Tohir ogʻam! — deb qichqirgani uzoqlardan kelgan sharpaday zoʻrgʻa eshitildi. Soʻng bu ham zulmat qa’riga shoʻngʻib yoʻq boʻldi.
Tohir qoniga belanganicha qoldi-yu, Robiyani Samarqand tomonga olib ketishdi.

Oʻsh – Najot Qayda?
1
Baland qoyatoshlar bilan tekis vohalar bir-biriga gʻalati tarzda kirishib ketgan Oʻsh atroflari bir necha kundan beri juda serharakat. Andijondan tuyalarga ortib kelingan hashamatli chodirlar Buratogʻ[25] etagidan oqib oʻtadigan Jannatariq boʻyiga oʻrnatildi. Oqburasoy boʻylarida ham, Chilmahram togʻining etaklaridagi koʻkalamzorlarda ham yuzlab chodirlar va oʻtovlar paydo boʻldi. Togʻdan haydab tushilgan dumbali qoʻylar soʻyildi, kabob qoʻralarida archaning pistoqi koʻmiri choʻgʻlatildi, doshqozonlarda goʻsht qaynay boshladi.
Bugun Oʻshga Bobur mirzo boshliq hamma arkoni davlatlarning kelishi kutilmoqda.
Mulla Fazliddin yosh podshohning amri bilan Buratogʻning chiqish qiyin boʻlgan xushmanzara bir qoyatoshi ustiga kichkina hujra qurgan. Bobur mirzo bultur shu ishni unga topshirgandan keyin Samarqandga qoʻshin tortib ketgan va Oʻshga mana endi yoʻli tushmoqda edi. Mulla Fazliddin savdarlar bilan pastga tushib, hujraga yarashadigan gilam va zarbof koʻrpachalarni oʻzi tanladi. Tik, sirgʻanchiq qoyatoshga chiqib oʻrganmagan savdarlar jihozlarni olib kelayotganda juda qiynalib qolishdi. Qashqarcha kumush obdasta koʻtarib kelayotgan semiz oftobachi har oʻn qadamda bir toʻxtab qolardi. Mulla Fazliddin uning qoʻlidan obdastasini olib, oʻzini suyab chiqdi.
Savdarboshi ayvonning sangfarsh qilingan zinalariga guldor poyandoz toʻshatgan edi, mulla Fazliddin iltimos qilib, uni oldirib tashladi. Chunki zinalarga ishlatilgan rangli toshlar har qanday poyandozdan qimmatroq va goʻzalroq edi.
Togʻ qirrasida turgan hujradan butun Oʻsh shahri va uning atroflari kaftdagidek aniq koʻrinar edi. Hali ham nafasini rostlab ololmay hansirab oʻtirgan oftobachi pastga tikilib qaradiyu, oʻrnidan sakrab turdi:
— Ana, keldilar!
Mulla Fazliddin ayvon chetiga borib, pastga koʻz yugurtirdi.
Oq otliq Bobur mirzo yuzdan ortiq beklari va xos navkarlari bilan Javzo masjididan oʻtib, togʻ etagiga yaqinlashib qolgan edi. Ular hammasi Jannatariq boʻyiga oʻrnatilgan borgoh[26] va xirgoh[27] oldida toʻxtadilar. Ichi zarrin ipak, usti qimmatbaho mayin movut bilan qoplangan bu chodirlarning zarhal chilvirlari kumush qoziqlarga bogʻlangan edi. Chodirlarda dam olish va katta ziyofatlar berish uchun hamma tayyorliklar koʻrib qoʻyilganini mulla Fazliddin bilar edi. «Endi bugun Bobur mirzo oʻsha yerda dam olsalar kerak, bizning hujraga balki ertaga chiqarlar», degan oʻy bilan ishini sekin davom ettirdi. Ammo oradan bir soat oʻtar-oʻtmas pastdan sersoqol qoʻrchiboshi toʻrtta soqchisi bilan hansirab chiqib keldi:
— Hozir bu yerga oliy zotlar qadam ranjida qilurlar. Taxtiravon qayerda?
Savdarboshi mulla Fazliddinga yordam soʻraganday qilib qaradi. Zira beqasamdan yupqa toʻn kiygan mulla Fazliddin qoʻrchiboshi qarshisida qoʻl qovushtirib:
— Ma’zur tuting, janobi bek, — dedi.
— Xoʻsh?
Mulla Fazliddin shu hujrani qurishda gʻishtlarni zambilga solib koʻtartirib chiqmoqchi boʻlgan, ammo ilojini topolmagan edi. Chunki bu tik qoyaga odam faqat bitta-bitta boʻlib, goho qoʻli bilan qoyaga suyanib chiqishi mumkin edi. Taxtiravonni esa toʻrt kishi toʻrt tomonidan koʻtaradi, uning ichida podshoh yoki malikalar oʻtiradi.
— Biz tajriba etib koʻrdik, bu qoyaga taxtiravon koʻtarib chiqish mumkin emas, — dedi mulla Fazliddin.
Qoʻrchiboshi uch tomoni devorday tik qoyatosh boʻlgan, faqat bir tomonidan yolgʻiz odam zoʻrgʻa oʻtib keladigan toqqa durustroq qaradi-yu, taxtiravon ishlatish fikridan qaytdi. Savdarboshiga xoʻmrayib:
— Bu yerda ortiqcha odam boʻlmasin! — deb buyurdi.
Hujra atrofidagi sahn torroq boʻlsa ham qoyaning shimol tomonida — uyday baland toshlar ortida kichkina maydoncha bor edi. Soqchilardan ikkitasi oftobachi va savdarboshi bilan birga oʻsha yoqqa oʻtib turishdi. Boshqa savdarlar pastga tushib ketishdi. Qoʻrchiboshi mulla Fazliddinga qarab:
— Janobi me’mor, siz yoʻlni yaxshi bilursiz, podshohga peshvoz chiqing, — deb buyurdi. Qoidaga binoan qoʻrchiboshining oʻzi ham pastga qaytib tushib, podshoh bilan birga chiqishi kerak edi. Ammo bu toqqa ikki qayta ustma-ust tushib chiqish benihoya qiyin. Buni sezgan oʻrta yashar qoʻrchiboshi ikkita soqchini mulla Fazliddinga qoʻshib pastga tushirib yubordi-yu, oʻzi hujra yonidagi silliq tosh kursiga oʻtirib, terlab ketgan yoʻgʻon boʻyinlarini arta boshladi.
Mulla Fazliddin Buratoqqa har kuni necha qaytadan tushib-chiqib oʻrganib qolgan. Uning oyogʻidagi ixcham moʻkkisi toshdan-toshga yengil oʻtib boradi. Ammo koʻngli notinch. Hozir podshoh va uning beklariga duch kelishi kerakligi, ular bilan muomala qilishning qiyinligi qalbiga tahlika soladi.
Bobur mirzo va uning odamlari togʻning kunchiqish tomonidan otliq aylanib oʻtib, qoyatoshga janubdan yaqinlashdilar-da, mazoratdan yuqoriroqda otdan tusha boshladilar. Shunda mulla Fazliddin bek va navkarlarga qoʻshilmay alohida toʻp boʻlib kelayotgan ayollarni koʻrib qoldi. Yuvosh qora otda oʻtirgan va oppoq kiyingan oʻrta yashar ayol — Boburning onasi Qutlugʻ Nigor xonim edi. Gulibodom rangli shoʻx, oʻynoqi otda qirmizi ipak kabo[28] kiygan Xonzoda begim kelmoqda edi. Mulla Fazliddin uni shoʻx ot ustida chavandoz yigitlarday yaxshi oʻtirganidan ham tanidi-yu, vujudi birdan qizib ketganday boʻldi. Koʻnglidagi boyagi bezovtalik ustiga olovli bir hayajon qoʻshilib, yuragi qinidan chiqquday hapriqib ketdi. Mulla Fazliddin oʻzida birdan yuz bergan bu oʻzgarishni birovga sezdirib qoʻyishdan qoʻrqib, podshohni kutib olayotgan mulozimlarning panasiga oʻtdi-da, bosh egib, qoʻl qovushtirib turdi. Shunda tizzalari ham qaltirayotganini sezib, «Xudoyo oʻzing sharmanda qilma!» degan soʻzlarni dilidan oʻtkazdi.

2
Bobur mirzoning opasi Xonzoda begim mulla Fazliddinni koʻpdan beri hayratga solib keladi. Bundan toʻrt yil muqaddam mulla Fazliddin Hirotdan kelib Umarshayx mirzoning Andijondagi chorbogʻida koʻshk qura boshlagan kezlarida Xonzoda begim oʻn olti yoshda edi. Asilzoda qizlar orasida eng koʻhligi boʻlgan Xonzoda begim bir marta erkakcha kiyinib ot minib, inisining oʻsmir mulozimlari bilan chavgon[29] oʻynagan. Mulla Fazliddin buni koʻrib bir hayratga tushgan edi. Oradan ikki yil oʻtgach, mulla Fazliddin Andijon arkidagi toʻrxonaning ba’zi naqshlarini yangilash uchun chaqirildi. Shunda oʻn sakkiz yoshli Xonzoda begimni ravonda kanizlar orasida setor chalib oʻtirgan paytida yana bir koʻrdi-yu, oʻz koʻzlariga zoʻrgʻa ishondi. Chunki bir vaqtlar yigitcha kiyinib chavgon oʻynagan oʻsha qiz endi setorda shunchalik nafis, shunchalik mayin kuy chalar, uning oʻzi ham shu qadar nafosatga toʻlib oʻtirar ediki, mulla Fazliddin beixtiyor uning sehriga berilib, gʻalati boʻlib ketdi.
Keyin mulla Fazliddin devorga xomaki naqsh chizayotganda Xonzoda begim uning oldiga kelib, ishini qiziqib tomosha qila boshladi. Mulla Fazliddinning qoʻlidagi pargor[30] hayajonidan yerga tushib ketdi.
— Ajoyib naqsh chizgan edingiz, koʻzim tegdimi, mavlono? — dedi Xonzoda begim aybni oʻziga olganday boʻlib.
Mulla Fazliddin pargorni yerdan koʻtarar ekan:
— Yoʻq, aksincha, begim, sizning nazaringiz tushgan naqsh yanada yaxshiroq chizilgay!
— Men eshitdimki, mavlono musavvir ham emishlar.
— Aslida me’morlar musavvirlik san’atidan xabardor boʻlmoqlari darkor.
— Undoq boʻlsa mening suratimni chizib koʻring!
Kutilmagan bu taklifdan choʻchigan mulla Fazliddin atrofga alanglab qaradi. Toʻrxonada boshqa hech kim yoʻq. Shunday boʻlsa ham ovozini pasaytirib dedi:
— Bajonidil chizar edim. Faqat.
— Xavotir olmang, mavlono, men sir saqlashga qodirmen!
— Agar men chizgan surat narigi dunyoda jon talab qilsa, qaydan topurmen, begim?
Mulla Fazliddin bu soʻzlar bilan shariat surat chizishni man etganini, agar qoʻlga tushsa joni xavf ostida qolishini aytmoqchi edi. Xonzoda begim uning ochiq aytolmagan fikrini tushundi-yu, jilmaydi:
— Agar suratim uchun sizdan jon talab qilsalar, menga ayting, men oʻz jonimni bergaymen!
. Mulla Fazliddin poʻlat sandiqda yashirib yurgan suratni mana shu gaplardan keyin chizishga jur’at etgan edi. Shundan keyingi toʻpolonlarda u Xonzoda begimni uzoq vaqt uchratolmay yurdi.
Nihoyat, bultur kuzda mana shu Buratoqqa Xonzoda begimning oʻzi kelib qoldi. Bobur Samarqandga ketishda oʻz onasi va egachisiga «Oʻshdagi hujradan xabar olursizlar», deb tayinlab qoʻygan ekan. Mezon oyida Oʻshga mehmon boʻlib kelgan Xonzoda begim bitta kanizi bilan Buratoqqa chiqdi. Mulla Fazliddin oʻsha paytda yolgʻiz shogirdi bilan ishlamoqda edi. Har bitta gʻishtni, yogʻochni, har bir koʻza suvni pastdan olib chiqqunlaricha tinkalari qurib ketardi. Marmar yoʻnib sangkorlik qilishga sangtarosh yoʻq. Sirlangan koshin olish-ga pul yoʻq. Bu hammasi mulla Fazliddinni juda qiynab qoʻygan. Lekin bu mushkulotlarni Xonzoda begimga qandoq aytadi? Begimning marvarid qadalgan ipak toqisi[31]dan tortib uchi qayrilgan qizil etikchasigacha butun borligʻi shunday nafis koʻrinar, bu samoviy goʻzallik oldida tosh va gʻishtdan gap ochish juda erish tuyulardi.
Biroq Xonzoda begim mulla Fazliddindan boʻlajak hujraning rejasi chizilgan tarhni soʻrab oldi. Qogʻozga qarab turib:
— Gumbazini koshin bilan bezatmoqchi boʻlibsiz, koshiningiz yetarlikmi? — dedi.
Mulla Fazliddin endi dardini aytishga majbur boʻldi. Bu qiz me’morlik san’atidan ham xabardor boʻlib, anchagina kitob mutolaa qilgan ekan.
— Bobur mirzo zafar bilan qaytsalar, xudo rahmati otamning oʻsha orzularini roʻyobga chiqarurlar, — dedi. Oʻshanda yana oʻzingiz bosh boʻlursiz, mavlono!
Dunyoda hali hech bir tovush mulla Fazliddinga bunchalik yoqimli tuyulmagan edi. Xonzoda begim har gal uni «mavlono», deb ulugʻlash bilan goʻyo porloq bir istiqbol va’da qilganday boʻlardi. Podshoh oilasidan me’morchilik san’atini shunchalik biladigan, qadrlaydigan ittifoqdosh topilgani mulla Fazliddinning koʻnglini koʻtaribgina qolmay, qalbida gʻalati bir zavq va dadillik uygʻotdi.
U sirpanchiq qoyatoshga koʻtarilishdan koʻra tushish qiyinligini bilar edi. Shuning uchun Xonzoda begimni pastga kuzatib tusha boshladi. Xalq «qilkoʻprik» deb nom qoʻygan tor va xatarli tosh soʻqmoqdan oʻtayotganlarida Xonzoda begimning oyogʻidagi tagi silliq charmdan tikilgan etigi toyib ketdi. Xonzoda begim muvozanatini yoʻqotib, yonida borayotgan kaniziga qoʻl choʻzdi. Ammo kaniz ham zoʻrgʻa kelayotgan edi, ikkovi barobar chayqalib ketdi. Kaniz qoʻrqib chinqirib yubordi. Ular pastdagi chaqir toshlarga yiqilib tushadigan boʻlganda mulla Fazliddin oldinga sakrab oʻtib, ikkovini ikki qoʻli bilan quchoqlab tutib qoldi. Yoshgina kaniz qoʻrqqanidan mulla Fazliddinning yelkasiga yopishib oldi. Kiyikday chaqqon Xonzoda begim yigitning yelkasidan tutib, oʻzini tez oʻngladi va unga sekin rahmat aytdi. Shu payt mulla Fazliddin oʻz yuzida Xonzoda begimning iliq nafasini his qildi. Qizning yuzidami, lablaridami, gul atriga oʻxshamaydigan, ammo undan ham yoqimliroq, sirliroq bir hid bor edi. Mulla Fazliddin shu hidni oldi-yu, Xonzoda begimning shoh qizi ekanligini goʻyo unutdi. Qizning salqin, yumshoq qoʻlidan ushlab naryogʻi tekis ketgan soʻqmoqqa chiqqunlaricha qoʻyib yubormadi. Besh-oʻn qadamlik masofada oddiy me’mor bilan malika orasidagi farq goʻyo yoʻqolib ketdi, ular bir-birlariga faqat zabardast yigitu goʻzal qiz boʻlib tuyuldilar.
Lekin undan narida yana kanizlar, jilovdorlar, savdarlar oraga tushib, Xonzoda begimni qurshab olib ketdilar. Mulla Fazliddin gʻalati bir tush koʻrib uygʻongan odamday hayratlanib qolaverdi.
Ertasi kuni Xonzoda begim yordamga yuborgan ikkita norgʻul yigit mulla Fazliddinga kerakli yuklarni pastdan tashib chiqa boshladi. Oradan bir hafta oʻtgach, tuyaga ortilgan koshinlar ham yetib keldi. Xonzoda begim yubortirgan har bir narsada mulla Fazliddin uning oʻzini koʻrganday boʻlardi. Poʻlat sandiqdagi suratni oqshomlari yolgʻiz qolganda qoʻliga olib uzoq-uzoq tikiladi. Qiz sirgʻanib ketgan mana shu togʻning toshlaridan Xonzoda begimning oʻshandagi iliq nafasi va sirli hidi hamon kelib turganga oʻxshardi. «Nahotki bu muhabbat boʻlsa? — derdi mulla Fazliddin oʻziga-oʻzi. — Yoʻq, zinhor! Mendagi tuygʻu — begʻaraz ilohiy bir mehrning nishonasi, xolos. Boshqacha boʻlishi mumkin emas!»
Hozir yana Xonzoda begim yaqinlashib kelayotganini koʻrib, sarosimaga tushib qolgan mulla Fazliddin oʻzining mana shu e’tiqodida mahkam turishga tirishar va ayollar tomondan nigohini olib qochardi.

3
Bobur mirzo otdan tushganda boʻyi oʻsib, katta yigitlarga tenglashib qolgani bilindi. Qadam olishi ham xiyla salmoqli. Taxtga oʻtirganidan beri oʻtgan soʻnggi uch yil uni juda tez ulgʻaytirgan, koʻz qarashlari koʻpni koʻrgan odamlarnikiday vazmin. Faqat xipcha qomati va hali uncha toʻlishmagan yelkalari endi oʻn besh yoshga kirganini eslatib turardi.
Ammo toqqa chiqishda Boburning oʻsmirligi juda ish berdi. U hammadan oldinda toshdan-toshga yengil koʻtarilib borar, goh onasiga, goh opasiga yuqoridan qoʻl choʻzib yordamlashib qoʻyardi.
Beklar va mulozimlarning koʻpchiligi pastda qolishdi. Yoʻl tor, hujra kichkina boʻlganligi uchun hozir birinchi navbatda podshoh oilasi va Boburga eng yaqin kishi boʻlgan eshik ogʻa Qosimbek chiqishmoqda edi. Qavchin urugʻidan chiqqan Qosimbek toʻladan kelgan barvasta kishi edi, togʻning yarmiga chiqquncha nafasi boʻgʻilib, qiynalib qoldi. Bobur buni koʻrib, tekisroq bir tosh ustida toʻxtadi. Qosimbek ham toʻxtab, orqada kelayotgan mulla Fazliddinga yuzlandi:
— Janobi me’mor, bu toshlardan zinapoya tarashlash xotiralariga kelmabdir-da.
Mulla Fazliddin pastroqda toʻxtab qoʻl qovushtirdi-yu, yengil bir ta’zim bilan javob berdi:
— Agar zoti oliy amr bersalar, zinapoya tarashlash imkoni bor.
Qosimbek yuqoriga yuz oʻgirib, Boburga savol nazari bilan qaradi. Bobur kulimsirab:
— Ajabo! — dedi endi yoʻgʻonlasha boshlagan oʻsmir ovozi bilan. — Togʻ choʻqqisiga ham zinapoya bilan chiqurlarmi?
Soddaroq odam boʻlgan Qosimbek taklifi oʻrinsiz chiqqanini sezdi-yu, izzat-nafsga bormay, gapni kulgiga burdi:
— Amirzodam, lutf qildilar. Kaminani bu terlab-hansirashlardan zinapoya ham qutqarolmas edi.
Endi Qutlugʻ Nigor xonim ham kuldi:
— Qosimbek janoblari haqdir. Ot-ulov oʻtolmaydigan bu choʻqqilarga shoh ham piyoda chiqur, malika ham!
— Hatto, xonzodalar ham! — deb Bobur opasiga qarab shoʻx kulimsiradi.
Shunaqa hazil-huzullar bilan hujraga yetib bordilar. Niliy gumbazli jajji bino koʻklam quyoshida shunday nafis jilolanib koʻrindiki, Boburning dili birdan ravshan tortib ketdi.
Atrofdagi tabiatning goʻzalligi, bahor va togʻlar ayvonga ishlatilgan naqshlarni, gumbazdagi koshinlar rangini allanechuk juda ochib koʻrsatar edi.
Qosimbek Boburni, uning onasi va opasini tavoze bilan ichkariga kuzatib qoʻydi-yu, oʻzi marmar zinapoya oldida qoʻl qovushtirganicha qoldi. U ayollar bor joyga podshohdan ishora boʻlmaguncha kirmas edi.
Mulla Fazliddin Qosimbekdan beriroqqa — ayvon tagiga kelib turdi.
Hujra eshigi yongʻoq yogʻochidan oʻymakor qilib, zar bilan ishlangan edi. Bobur goʻzal oʻymakorliklarga, devor va shift bezaklariga bir-bir koʻz tashlab chiqdi-da, hujraning eshigini ochdi. Onasi bilan opasiga yoʻl berib keyin oʻzi ichkariga kirdi.
Hujraning ichi qorongʻi boʻlmasa ham qoidaga binoan gʻarb tomonidagi mehrobga sham yoqib qoʻyilgan edi. Kunduzgi yorugʻlik qarshisida koʻzga zoʻrgʻa tashlanayotgan sham yogʻdusi yon-veridagi gulgun naqshlarga tushib, elas-elas jilvalanardi.
Bu hammasi Boburda gʻalati bir zavq uygʻotdi. U sham yonidagi toʻq-qizil naqshlarni Xonzoda begimga koʻrsatib:
— Islimi gulxan shumi? — deb soʻradi.
Xonzoda begim bir ukasiga, bir naqshga qaradi-yu, shoʻx jilmaydi:
— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz, ayturmen.
Bobur ham kulimsirab:
— Kechdim, aytingiz, — dedi.
Xonzoda begim oʻngga qayrilib, eshik tepasidagi qip-qizil naqshlarni koʻrsatdi.
— Islimi gulxan mana bu. Siz naqshi lolani bunga oʻxshatmishsiz, amirzodam.
Xonzoda begim koʻrsatgan naqshlar haqiqatan qip-qizil olov tillarini eslatar, uning eshik tepasiga naqshlanishi ham bejiz emas edi. «Keluvchiga ergashgan balo-qazoni olov olib qoladi», degan qadimiy e’tiqod va kelin-kuyovni eshik oldiga yoqilgan olovdan aylantirib olib oʻtish odatlari Boburning esiga tushdi. U opasiga tan bergan kabi qarab:
— Siz haqsiz, men sahv qilibmen, — dedi.
Shunda Qutlugʻ Nigor xonim gap qoʻshdi:
— Bobur mirzoning sahvlari uzrlik. Chunki bu hujrada naqshi lola ham xuddi gulxandek yonib koʻrinur!
Onasining lutf qilib aytgan soʻzlari Boburning hujradan olgan zavqini yana bir darajada oshirdi.
Uchovlari ayvonga qaytib chiqar ekanlar, pastda turgan mulla Fazliddin Boburning chehrasi ochilib ketganini koʻrdi. Bobur zinapoya oldida turgan Qosimbekka qarab:
— Buratoqqa juda munosib! — deb qoʻydi.
Buratogʻni Bobur yoshligidan yaxshi koʻrar edi. Tekis vodiyning oʻrtasiga tushgan bu baland togʻ odamlarni hayratlantirish uchun yaratilganga oʻxshardi. Goʻyo u ulkan togʻning bir parchasini ilohiy bir kuch shunday koʻtarib olib kelganu tomosha uchun sayhon joyga chiroyli qilib oʻrnatib ketgan. Mana shunday toqqa munosib boʻlish hujra uchun juda katta sharaf ekanini sezgan Qosimbek bir chetda qoʻl qovushtirib, sukut saqlab turgan me’morni chaqirdi.
Bobur podshoh boʻlgandan beri oʻz koʻnglidan chiqarib qurdirgan birinchi imorati juda kichik boʻlsa ham unga aziz va gʻanimat tuyuldi. Bu hujra togʻ qirrasida shunday joziba bilan uzoq vaqt turishini istab, me’morga savol nazari bilan qaradi:
— Togʻda qor-yomgʻirlar koʻp boʻlur. Hujra uzoq vaqtga bardosh berurmikin?
Ayvonda turgan Qutlugʻ Nigor xonim bilan Xonzoda begim ham me’morga koʻz tikishdi. Mulla Fazliddin hayajonlanganidan tizzalari bukilib-bukilib ketmoqda edi. U qoʻlini ta’zim bilan koʻksiga qoʻyib:
— Inshoollo, bardosh berur, — dedi. Qosimbek uning gapini tasdiqlab:
— Ha, qirq-ellik yil yaxshi turur, — deb qoʻydi.
«Qirq-ellik yil» degan soʻzlar mulla Fazliddinga ozor bergani uning Qosimbekka qisqa bir koʻz tashlab qoʻyganidan sezildi. Shu payt mulla Fazliddin oʻz yuziga kimningdir mayin nigohi tushganini his qildi. Boshini koʻtarsa, Xonzoda begim yuziga yopilgan yupqa oq harir parda orqali mulla Fazliddinga qarab turibdi. Mulla Fazliddinning butun vujudi olov seli ichida qolganday boʻldi. U hozir siri fosh boʻlishi mumkinligini sezib, yana ta’zimga bosh egdi. Shunda Xonzoda begim Boburga izoh berdi:
— Amirzodam, xudo xohlasa, bu hujra koʻp avlodlarni koʻrgay. Qarang, qor-yomgʻir tegadigan joylari sangkorlik qilingan. Poydevori qoyatoshga mahkam oʻrnatilgan. Mulla Fazliddinning mahoratlari baland — Hirot bilan Samarqand me’morlaridan ta’lim olmishlar.
Mulla Fazliddin Xonzoda begimning maqtovini ishga oid oddiy gaplardek qabul qilmasa, koʻnglidagi nozik hislarni sezdirib qoʻysa, oʻn jonidan biri ham omon qolmasligini sezdi. Axir joʻn bir me’morning shoh qiziga muhabbati podshoh oilasiga ham, uning beklariga ham haqoratday tuyulishi mumkin!
Xayriyatki, hukmdorlar oldida hayajonga tushish va ta’zim qilish odat tusiga kirib qolgan. Mulla Fazliddin Xonzoda begimning iliq soʻzlariga javoban yana bir ta’zim qildi-da, yerga qarab, xuddi qilichning tigʻi ustidan yurib borayotganday ehtiyot boʻlib gapira boshladi:
— Hazrati oliyga arzim shulki, Samarqandda Ulugʻbek madrasasining devorlari uchun qanday ganchu gilmoya, gʻishtu koshin ishlatilgan boʻlsa, bu hujraning devorlariga ham faqir shularni ishlatmishmen. Xudodan umidim bor. Bobur mirzoning muborak nomlariga mansub bu hujra asrlar davomida mustahkam turur[32].
Bobur bu soʻzlardan ta’sirlanib:
— Aytganingiz kelsin, — dedi. — Hujra biz istaganimizdan ham yaxshi!
Qosimbek «qirq-ellik yil turar», deb hujraning umrini qisqa qilib qoʻyganidan endi xijolat boʻldi. Hujradan narida xarsangtosh ortida buyruq kutib turgan savdarboshiga bir qarab oldida, keyin me’morga oʻgirildi:
— Ofarin sizga, mulla Fazliddin!
Bobur Qosimbekning gapini toʻgʻrilab:
— Mavlono Fazliddin! — dedi.
Shu bilan me’morga moʻ’tabar mavlonolik unvoni berilganday boʻldi. Qosimbek podshohning oldida bir necha marta ustma-ust sahv qilganini bir harakat bilan toʻgʻrilagisi keldi-yu, savdarboshiga buyurdi:
— Mavlonoga toʻn keltirilsin!
Savdarboshi sarosima boʻlib pastga qaradi. Mukofot uchun olib yuriladigan toʻnlar togʻ etagidagi chodirlarda qolgan edi. Qosimbek buni sezdi-yu, oʻzining egnidagi yangi kimxob toʻnni yechmoqchi boʻlib:
— Mirzo hazratlari, ijozat bering! — dedi. Bobur uning joʻmardligiga tan bergandek, jilmayib bosh irgʻadi.
Qosimbek zar yoqali kimxob toʻnini yechib, mulla Fazliddinning yelkasiga tashladi.
— Mavlonoga bizdan bitta ot anjomi bilan in’om qilinsin, — qoʻshimcha qildi Bobur.
Mulla Fazliddin ta’zimga egilib minnatdorchilik bildirar ekan, bir necha kishining.
— Muborak! Muborak! — degan soʻzlarini eshitdi.
Bu soʻzlarning orasida eng yoqimlisi — Xonzoda begimning muborakbodi boʻldi. Mavlono Fazliddin unga ikkinchi marta qarashga jur’at etolmay yerga koʻz tikib turgan boʻlsa ham, shu daqiqalarda oʻzini baxtiyor sezar edi.
Yigirmanchi asrning oʻrtalarida akademik Ibrohim Moʻminov Qirgʻiziston olimlari bilan hamkorlikda tarixiy haqiqatni tiklab, bu hujrani Bobur mirzo qurdirganini ilmiy jihatdan asoslab berdilar. Oq uyning peshtoqiga buni bildiradigan marmar yodgorlik oʻrnatildi.
Ammo Bobur nomining bunday ulugʻlanishi mustabid shoʻro mafkurachilarining qahrini keltirdi. Ular hujraning ziyoratgoh boʻlganini bahona qilishib, dinga qarshi kurash shiori ostida 1963 yilda Oq uyni askariy qismlar yordamida portlatib buzib tashladilar.
Lekin hujraning mustahkam qoyatoshga oʻrnatilgan poydevori butun qolgan edi. Uning tasviri tushirilgan suratlar bor edi. Adolatparvar odamlarimiz orasida Bobur mirzo qurdirgan bu ajoyib obidani qayta tiklash niyati yillar oʻtgan sari kuchayib bordi.
Saksoninchi yillarning oxirida milliy uygʻonish shabadalari esa boshlagan davrda Oʻsh shahrining oʻzbek, qirgʻiz va boshqa millatlarga mansub vakillari Oq uyni qayta tiklash uchun maxsus jamgʻarma tashkil qildilar. Bu jamgʻarmaga Bobur mirzoning barcha muxlislari tomonidan toʻplangan mablagʻlar hisobiga Oq uy tarixiy asliga mos goʻzal shaklda qayta tiklandi. (Muallif)

4
Kechki payt hujrada Boburning yolgʻiz oʻzi qoldi. Qosimbek kerakli odamlarga: «Hujra — mirzo hazratlarining xilvatgohlari boʻldi, kechasi ham oʻsha joyda tunamoqlari mumkin», deb bildirib qoʻydi. Qoʻrchilar Boburning koʻziga tashlanmaslikka tirishib, hujraning orqa tomonida qoʻriqchilik qila boshladilar.
Doimo koʻpchilikning diqqat-markazida boʻlish va podshohning har bir gapi, har bir harakati kimningdir taqdiriga ta’sir qilishini unutmay hamisha ziyrak va ehtiyotkor turish Boburni juda siqiltirar edi. Yosh tanasi erkin boʻlishni, oddiy tengdoshlari kabi ochiq-sochiq yayrab yurishni qoʻmsar edi. Hozir u hujra ichkarisiga toʻshalgan beqasam koʻrpachalar ustida boshiga yostiq qoʻymasdan birpas chalqancha yotdi. Keyin agʻanab yuztuban boʻldi-da, engagini kaftiga tirab, devordagi naqshlarga tikildi. Kuni boʻyi otda yurib toliqqan boʻlsa ham dam olib yotgisi kelmas edi. Oʻrnidan sakrab turib bir-ikki marta qulochini yozib kerishdi, esnadi. Soʻng ayvonga chiqdi-da, yana atrofni tomosha qila boshladi.
Toʻrt tomon bahor nafosatiga toʻla. Havo musaffo boʻlgani uchun pastda yoqilayotgan olovning tutuni ham odatdagidan tiniqroq koʻrinadi. Oxiri qorli togʻlar bilan tutashib ketgan vodiyning koʻz ilgʻagan hamma joyi koʻkalamzor. Bir yogʻida Oʻzgan, bir yogʻida Margʻilon, uzoqlarda Isfara, Xoʻjand, Koson va Axsi — bu oʻrchin[33]larning hammasida bogʻ-rogʻlar chaman boʻlib gullaganini Bobur goʻyo xayol koʻzi bilan koʻrib turibdi. Ulugʻvor togʻlar afsonaviy Qal’a devorlaridek atrofni oʻrab turgan bu goʻzal vodiy hozir avvalgidan xiyla osuda. Urush tugaganiga ikki yildan oshdi.
Bunday tinch, mas’ud damlarda uni qogʻoz-qalam oʻziga tortardi. Savdarlar hujraga olti oyoqlik miz[34] keltirib qoʻyishgan. Bobur miz yoniga oʻtirib «Vaqoi’» deb atagan xotira daftarini ochdi. Soʻnggi yozuvlari— Oʻzi yaqinda koʻrgan Konibodom va Isfara haqida edi. Endi bu yozuvlarini davom ettirib, Oʻsh toʻgʻrisida bita boshladi: «Oʻsh qasobasi Andijondan toʻrt yigʻoch yoʻldir. Boratogʻning tumshugʻida tarix toʻqqiz yuz ikkida3 men bir ayvonlik hujra soldim. Bu hujra bisyor yaxshi voqe’ boʻlibdur. Tamom shahar va mahalla oyogʻ ostidadur. »
Bobur Oʻshning binafshasi, lolalari, oqar suvlari, oq mavjli qizil toshlari haqida ham berilib yozayotgan edi, birdan Qosimbek eshik ogʻzida paydo boʻldi:
— Amirzodam, xayolingizni boʻlsam, ma’zur tuting. Buxorodan — Sulton Ali mirzodan maktub kelmishdir!
Boburdan ishora boʻlgach, Qosimbek ichkariga kirib, oʻram qilingan oltin bogʻichli maktubni Boburga uzatdi. Bobur maktubni ochib oʻqidi-yu:
— Sulton Ali mirzo bizni Samarqand yurishiga chorlabdir, — dedi.
— Bitim tuzgan edingiz-da, amirzodam. Safarga chiqmoq kerak.
— Oshiqmang, bek. Avval onam hazratlarining rizoligini olaylik.
Bobur har muhim ishda onasidan maslahat soʻrashi Qosimbekka uncha yoqmas edi. Chunki ayollar jangu jadaldan juda bezgan edilar. Jangovar beklar esa urushsiz yursa qilichlari zanglab qoladigandek betoqat boʻlishadi.
Qosimbek Qutlugʻ Nigor xonimning chodiriga Bobur bilan birga tushib bordi.
Xonzoda begim ham onasining huzurida oʻtirgan ekan. Ular Bobur uchun dasturxon yozdirib, chinni laganda kabob keltirdilar. Kabobdan soʻng qimiz ichildi. Qosimbek moʻyloviga tekkan qimiz yuqini kafti bilan artib, soʻz boshladi:
— Amirzodam Sulton Ali mirzo bilan ittifoq tuzganlar. Bu yerdan cherik tortib bormoqqa soʻz berganmiz.
— Tangrim bizni farahli kunlarga yetkazdi, — dedi Qutlugʻ Nigor xonim. — Endi shuni gʻanimat bilaylik, janob Qosimbek, Sulton Ali mirzo oʻz ogʻasi Boysunqur mirzo bilan Samarqand taxtini talashurlar. Bobur mirzo ulardan baland turmoqlari kerak. Tangriga shukur, amirzodamning Andijonda oʻz taxtlari bor.
Qosimbek bu soʻzlarga tezda javob topolmay taraddudlanib qoldi. Shunda Xonzoda begim gapga aralashdi:
— Amirzodam, Samarqand yurishining sarfu xarojatiga Andijonda saroylar, madrasalar qursangiz boʻlur. Andijon ham Samarqanddek sayqali roʻyi zamin boʻlsa nomingiz Ulugʻbek mirzoning nomidek shuhrat qozonsa— biz mushtiparlaringizning orzuimiz shu!
Bobur hazilomuz kulimsiradi:
— Men avval Samarqand sayqalini bir koʻrmoqchimen. Ibrat olsak, undan soʻng olurmiz.
Qosimbek Boburning soʻzlarini yoqtirib:
— Lutf qildingiz, amirzodam! — deb qoʻydi.
— Lekin amirzodam Samarqandni yoshliklarida koʻrganlar, — deb e’tiroz qildi Qutlugʻ Nigor xonim.
— Besh yoshimda koʻrganim yodimda uncha qolmabdir.
Xonzoda begim kuldi:
— Bultur Samarqand azimati bilan ketib bizni koʻp sogʻintirgan edingiz-ku?
Bobur bulturgi muvaffaqiyatsiz yurishini eslab, jiddiylashdi:
— Rost, bultur toʻrt oy Samarqand atrofini kezdik. Ammo shahar darbozalari biz uchun biron marta ochilmadi. Biz bobokalonimizning poytaxtini koʻrishga munosib emas emishmiz!
Bobur bu soʻzlarni shunday kuyunib, alami kelganini yashirolmay lablari titrab aytdiki, uning hali ham juda yosh ekanligi birdan bilinib qoldi. Holbuki, u Samarqandga qoʻshin tortib borgan, agar shaharga kirsa, taxtga oʻtirishi kerak edi. Toʻgʻri, Boysunqur mirzo ham temuriylar avlodidan boʻlib, yana tagʻin Boburdan besh yosh katta edi, demak, taxtda oʻltirishi qonuniy edi. Biroq Andijon beklari Boysunqur mirzodan yuz xil kam-chilik topib, uni hamisha yomonlab gapirishar va Samarqand taxtiga faqat Boburni munosib koʻrishar edi. Boysunqur mirzo buni bilganligi uchun Boburni Samarqandga yoʻlatmas edi. Mabodo, Bobur shaharga qoʻshinsiz, shunchayin poytaxtni koʻrish uchun kiradigan boʻlsa, Boysunqur mirzo uni tuttirib, yoʻq qilib yuborishi mumkin edi. Chunki oradagi taxt talashi va beklarning adovati ularni bir-birlariga dushman qilib qoʻygan edi.
Qutlugʻ Nigor xonim endi oʻn besh yoshga kirgan oʻgʻlining bu talashlar va adovatlarga aralashmasdan, oʻz mulkida osoyishta hukm surishini istardi. U Boburning alamdan oʻzgarib ketgan yuziga onalarcha qayishib qaradi-yu, unga joni dilini bergisi kelib gapirdi:
— Boburjon, soʻzimga ishoning, bu besh kunlik dunyo sizning kuyunishingizga arzimaydir!
Onasi oʻgʻlini podshoh boʻlmasidan oldingi nomi bilan atab, mehri tovlanib gapirgani Boburga juda yoqimli tuyuldi. Bir lahza u oʻzini mehribon bir onaning begʻam, betashvish boʻtaloq oʻgʻlidek sezdi-yu, yelkasidagi katta yuk yerga tushgandek yengil tortdi.
— Vaqti-soati kelur. Samarqand orzusiga ham yetishursiz, — deb davom etdi Qutlugʻ Nigor xonim. — Biroq hozir raiyyat osoyishta umr koʻrishga mushtoq. Qanotingiz ostida Qosimbekdek tadbirkor amiru umarongiz bor. Mana shu Oʻshdagi hujrani qurgan me’mordek hunarpeshalar sizning xizmatingizda. Endi onangiz sizdan iltimos qilur: Samarqand muhoribasini besh-olti yilga kechiktirsangiz. Barchamizga bosh boʻlib, vodiyni obod qilsangiz, Andijonda, Margʻilonda, Oʻshda katta obidalar qursangiz!
Qutlugʻ Nigor xonim podshoh oʻgʻliga koʻpdan beri bunchalik jiddiy, bunchalik qat’iy iltimos bilan murojaat qilmagan edi. Qosimbek yerga qarab sukutga ketdi. Bobur ham bir lahza dasturxon chetida oltin jomda qizgʻish koʻrinayotgan qimizga koʻz tikib jim qoldi. Umumiy sukunatda Xonzoda begimning nafis, tiniq ovozi eshitildi:
— Amirzodam, siz Navoiyning dostonlarini yod bilursiz. Farhod qanday ajib binolar qurganini bir eslang. Men bir munglik egachingiz doim orzu qilurmen: siz ham Farhoddek bunyodkor boʻlingiz! Dunyoda bundan ulugʻ, bundan savobli ish yoʻq!
Bobur Oʻshda oʻzi qurdirgan kichik bir hujradan bugun qanchalik zavq olganini esladi-yu, onasi bilan opasining tilaklarini qoʻllab-quvvatlagisi keldi. Ammo u bunday muhim davlat ishlarini bir oʻzi hal qilolmasligini ham bilar edi. Bobur Qosimbekka koʻmak soʻragan kabi qarab:
— Chorasi topilurmikin? — dedi.
Gap Samarqand yurishini qoldirish haqida ekanini Qosimbek sezdi. Asli harbiy odam boʻlgan va juda koʻp jangu jadallarda qatnashgan Qosimbek Bobur istagan chora topilmasligini ich-ichidan sezib turardi. Chunki Samarqand yurishi hamma nufuzli beklarning mashvaratida ma’qullangan, tayyorlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan. Katta bir toʻsiqdan oʻtish uchun butun kuchi bilan sakrayotgan otni birdan toʻxtatib boʻlmaydi, mabodo zoʻr bilan toʻxtatilganda ham ot yiqilishi, chavandozini yerga uloqtirishi mumkin. Qosimbek buni ochiq aytishga jur’at etolmadi-yu, qoʻlini koʻksiga qoʻyib:
— Amirzodam, qulingiz chora topishdan ojizmen,— dedi. Bu javob Boburga ogʻir botdi.
— Onamning iltimoslarini rad etaylikmi?
Bobur bu soʻzlarni shunday zarda qilib aytdiki, Qosimbek uning hozir onasi va opasi aytgan ishlarni qilgisi kelib turganini aniq sezdi. Soʻng u Boburning kechagina Samarqand yurishiga tarafdor boʻlib, janglarda qatnashish ishtiyoqida yonib aytgan soʻzlarini esladi-yu, ichida gʻijinib qoʻydi. Boburdagi bu oʻzgaruvchanlikni Qosimbek yoshlik gʻoʻrligidan koʻrar, xususan, bunday murakkab davlat ishlarida ayollarning gapiga kirishni katta bir zaiflik belgisi deb bilardi. Ammo Qosimbek Qutlugʻ Nigor xonim bilan ham hisoblashishga majbur, chunki yosh podshohga onasining ta’siri kuchli ekanini oʻz koʻzi bilan koʻrmoqda edi.
— Xonim hazratlarining iltimoslari menga toji sar boʻlsin, — dedi Qosimbek choʻkkalab oʻtirgan koʻyicha bosh egib. — Qulingiz aytmoqchimenkim, bunday muhim ishda barcha nufuzli beklarning rizoligini olmasak boʻlmas.
Podshoh oilasi Qosimbekka alohida ehtirom bildirganda uning nomiga «amirlar amiri» degan unvonni qoʻshib aytar edi. Hozir ham Qutlugʻ Nigor xonim:
— Janobi amirul umaro, — dedi unga. — Siz boshqa beklarning rizoligini olishda Bobur mirzoga koʻmak berurmisiz?
— Jonim bilan! Ammo beklarning ba’zi andeshalaridan faqir xabardormen. Gustohlik sanalmasa aytay.
— Aytingiz, — dedi Bobur.
Qosimbek yerga qarab, bir lahza oʻy surdi, hali oq tushmagan gʻayir qoʻngʻirtob soqolining uchlari sakarlot chakmani[35]ning zarrin, yoqasiga tegib, qayrildi. Nihoyat Qosimbek boshini koʻtarib Boburga qaradi-yu, Samarqanddagi ulugʻ obidalar ulkan bir davlatning kuchi va butun viloyatlarning ishtiroki bilan qurilganini, hozir oʻsha yagona davlat parchalanib ketganini, Fargʻona katta vodiy boʻlsa ham, ammo Movarounnahrning faqat bir qismi ekanini gapira boshladi. Uning nima demoqchi ekanini sezgan Xonzoda begim istehzoli jilmayib soʻradi:
— Janobi amirul umaro, Andijonda obidalar qurishga kuchimiz yetmaydi, demoqchimisiz?
— Oliy nasab begim, siz Samarqanddek ulugʻ shahar qurish haqida soʻz ochdingiz. Beklar ayturlarki, ulugʻ shahar bunyod etmoq uchun yana oʻsha ulugʻ davlatni tiklamoq kerak. Butun viloyatlarning kuchini bir joyga yigʻmoq kerak. Hozirgi parokandalik ulugʻ qurilishlar qilishga imkon bermagay.
Qosimbekning bu gaplari Boburga juda mantiqli tuyuldi. U onasiga qarab bundan ham mantiqliroq bir soʻz kutdi.
— Janob Qosimbek, ulugʻ obidalarni faqat Amir Temurdek sohibqironlargina qurgan emas, — dedi Qutlugʻ Nigor xonim. — Hirotda Alisherbek Ixlosiya, Unsiya otliq binolar qurmishlar, Bobur mirzoning hokimiyatlari Alisherbekning hokimiyatlaricha emasmi? Axir Alisherbek bir tojdorning musohibi[36] boʻlsalar, Bobur mirzo mustaqil davlatning podshosilar-ku!
Qutlugʻ Nigor xonimning bu soʻzlari Boburning qalbida choʻkib yotgan eng oʻtli istaklarini yuzaga qalqitib chiqarganday boʻldi. Uning yoshlik ehtirosi bilan qalbiga tugib yurgan eng kuchli orzusi — janglarda katta gʻalabalarga erishib yoki ajoyib she’rlar, dostonlar yozib el ogʻziga tushish, soʻng Navoiydek ulugʻ odamlarga tanilish va ularning maxsus e’tiborlariga sazovor boʻlish edi. Yetti oy ovora boʻlib Samarqandni ololmay kelganidan keyin, janglarda katta gʻalabalarga erishish hali ushalmaydigan bir orzu ekaniga uning koʻzi yetib qoldi. Ulugʻ shoir boʻlish orzusi ham qoʻl yetmas bir balandlikda uchib yurgan baxt qushiga oʻxshaydi. Bobur uni tutishga hali kuchi yetmasligini sezadi. Ammo hozir onasi Navoiy qurgan imoratlarni tilga olishi bilan Boburni oʻsha oʻtli orzusiga yetkazadigan boshqa bir yoʻl «yalt» etib koʻziga koʻrinib ketdi. Navoiy qurgan Ixlosiya va Unsiyalarning shuhrati ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, Fargʻona vodiysiga yetib kelgan ekan, endi bu yerda oʻn besh yoshlik podshoh oʻshanaqa obidalar qurdirsa, ovozasi Hirotga ham yetib bormasmikin? Keyin, ehtimol, Navoiy ham buni eshitar, Boburning kimligini soʻrab bilar, uni orqavoratdan tanib qolar. Keyin balki Bobur Hirotga borar yoki Navoiy oʻzi bu tomonlarga kelishni ixtiyor qilar. Navoiy Husayn Boyqaroning saroyidan bezib yurganini Bobur ham eshitgan edi. Balki ulugʻ shoir Xurosondan Fargʻona vodiysiga kelib, yosh Boburga murabbiy boʻlar. Oʻyi shu yerga yetganda Bobur juda hayajonlanib ketdi.
Koʻzlari yonib, Qosimbekka qaradi-yu:
— Onam haqlar, — dedi. — Beklarni koʻndirmoq kerak!
Boburning soʻnggi soʻzi farmondek eshitildi-yu, Qutlugʻ Nigor xonim bilan Xonzoda begimning chehralari ochilib ketdi. Ular, «Qosimbek endi yengildi», deb oʻyladilar. Ammo ulkan gavdali Qosimbek oʻzining keng yelkalari ortida zoʻr beklar turganini his qilganday hamon taslim boʻlmas edi.
— Amirzodam, farmoyishingizni ado etishdan oldin beklarning yana bir andeshasini aytishga ruxsat eting.
Bobur istar-istamas bosh irgʻab, ruxsat bergan boʻldi. Qosimbek lablarini yopib turgan uzun qoʻngʻir moʻylovini qoʻli bilan ikki yonga surdi-da, kulimsirab Xonzoda begimga qaradi:
— Begim, siz amirzodamni Farhodga yaxshi qiyos qildingiz. Beklarimiz zamon Farhodining xizmatida boʻlishdan iftixor qilurlar. Bizning orzuyimiz — Farhodimizni oʻz Shirinlariga yetkazishdir. Ammo, — deb Qosimbek birdan jiddiylash-di, — ma’lumingizkim, bizning Shirin bugun Samarqandda yogʻiy qurshovida asira kabi iztirob chekmoqdalar.
Boburning yuziga nafis qizillik yugurdi. U uyalganini sezdirgisi kelmay, boshini egdi-yu, oʻz tizzalariga koʻz tikdi.
Qosimbek juda mushkul va nozik bir gapni qoʻzgʻagan edi. Bobur besh yoshligida unga Samarqand podshosi Sulton Ahmad mirzoning oʻrtancha qizi Oyisha begimni unashtirib qoʻyishgan edi. Hozir shu qiz oʻn uch yoshga kirgan. Bobur uni yaqin yillarda koʻrgan emas, ammo koʻrganlar hammasi Oyisha begimning gʻunchadek goʻzalligini maqtab kelganini eshitgan. Oʻsha goʻzal qizcha Boburni oʻz najotkorini kutganday kutadi, buni ham Boburga kelib aytuvchilar bor. Bobur ham oʻzining malikasiga qahramonliklar koʻrsatib yetishishni istaydi. U Oyisha begimning oʻzini eslolmasa ham, besh yoshida Sulton Ahmad mirzoga uzatilgan termizlik goʻzal bir kelinchakni yaqindan koʻrgani yodida.
«Bet ochar» degan odatga binoan, yosh kelinchakning yuzidagi pardasini pok nafasli yosh bola ochishi kerak edi. Oʻsha kunlarda Qutlugʻ Nigor xonim besh yoshli jajji oʻgʻli Boburni Samarqandga toʻyga olib borgan edi. Sulton Ahmad mirzoning oʻgʻli yoʻq edi, Boburga podshoh oilasi havas bilan qarar edi. Shuning uchun kayvonilar «yangi tushgan kelin ham mana shu sherdek oʻgʻil koʻrsinlar», deyishib, bet ochishga Boburni munosib topdilar. Bu hodisaning koʻp tafsilotlari Boburning xotirasida qolmagan. Ammo oltin qoʻshib toʻqilgan harir oq pardani kelinchakning yuzidan olganda butun borligʻini nihoyatda yoqimli bir tuygʻu chulgʻab olgani hech esidan chiqmaydi. Bu — goʻzallik tuygʻusi ekanini u endi biladi. Termizlik kelinchak aqlni shoshiradigan darajada koʻhli boʻlganiga besh yashar bolaning fahmi yetmagan boʻlsa ham, ammo goʻdak qalbi afsonaviy bir jozibadan toʻlqinlangani yodida qolgan. Shuning uchun hozir unga Samarqanddagi qalligʻining husnini maqtaganlarida, oʻsha kelinchak esiga tushadi. Boshqa tafsilotlar oʻqigan kitoblaridagi goʻzallar tasviridan olib qoʻshiladi. Bobur Samarqanddagi qalligʻini oʻsmirlarcha bir soflik bilan gʻoyibona sevadi. Mana shu sevgilisi bugun Boburning dushmanlari asoratida ekan, u Andijonda bamaylixotir yura oladimi?
— Janob Qosimbek, — dedi Qutlugʻ Nigor xonim,— kelinimizning taqdiri bizni ham iztirobga solur. Biz onalaridan iltimos qilib kitobat yuborgan edikki, Oyisha begimni Toshkentga egachilari Robiya begim huzuriga joʻnatsinlar. Ehtimol, shu iltimosimiz bajo keltirilgandir?
Qosimbek ma’yus bosh egib:
— Afsus, xonim hazratlari, afsus! — dedi. — Qulingiz Samarqanddagi xufiyalardan kelgan bir xabarni amirzodamga koʻrsatishdan tortingan edim. Sizlarni ham xavotirlantirmoqchi emas edim.
— Nima xabar? Tinchlikmi? — xavotirlanib soʻradi Boburning onasi.
— Oyisha begim onalariyu opalari bilan birga Toshkentga yashirincha ketmoqchi boʻlganlarida Boysunqur mirzo bilib qolib, monelik qilmishlar. Yogʻiylik maqomida qoʻpol gaplar aytmishdir. Uylari atrofiga odam qoʻymishlar. Hovlilaridan chiqarmas emishlar. Asiralar endi butun najotni Andijondan kutar emishlar!
Soʻnggi soʻzlar Boburning butun vujudini zirqiratib oʻtdi. Uning qalligʻiga qoʻpol gapirib, bechorani asiradek azoblayotgan Boysunqur mirzo shunday gʻazabini keltirdiki, ertagayoq uning ustiga qoʻshin tortib, bostirib borish va qalligʻini asoratdan qutqarish istagi Boburning qalbidagi boshqa hamma istaklarini bosib keta boshladi.
Xonzoda begim ukasidagi oʻzgarishni sezib:
— Amirzodam, iloho asiralarni qutqarish sizga tezroq nasib boʻlsin! — dedi. — Ammo najotni faqat jangu jadal keltirurmikin? Zaifa egachingizning e’tiqodi shulki, qon toʻkilsa, adovat kuchayur. Boysunqur mirzo asiralarga battar oʻchakishur. Najot urushda emas, amirzodam, najot — sulhda!
Begim hayajonlanib aytgan bu soʻzlar Boburning koʻnglida qoʻzgʻagan boyagi gʻazabni ancha pasaytirdi. «Sulh» soʻzi qalbiga iliq tuyuldi.
Xonim darhol qizning gapini quvvatlab, oʻgʻliga yuzlandi:
— Boysunqur mirzoga elchi yuboringiz, amirzodam! Oradagi adovatni yoʻqotingiz!
— Boysunqur mirzo zoʻravonlik qilsin! Men moʻminlarcha bosh egib elchi yuboray!
Bobur bu gaplarni aytar ekan, uning zoʻrlikka zoʻrlik, zarbga zarb bilan javob berish istagi naqadar kuchli ekanligi hammaga sezildi. Qosimbek undagi bu istakni qoʻllab-quvvatlashga tushdi:
— Xonim hazratlari, hozirgi zamonda zoʻravonlikka moʻminlik mutlaqo rost kelmas. Zoʻrlar orasida zoʻr boʻlmoq kerak! Alhol, Shayboniyxon Samarqandga shimoldan koʻz tikmishdir. Hisor hukmdori Xisravshoh iloj topsa, Samarqandga janubdan chang solgʻusidir. Boysunqur mirzo — noshud tojdor. Poytaxtni ertami-kechmi boy bergay. Agar Bobur mirzo Samarqandni tezroq egallamasalar, bobolaridan qolgan saltanat begona sulola ilkiga oʻtib ketgusidir. Xudo koʻrsatmasin, agar Shayboniyxonmi, Xisravshohmi — birontasi Samarqandni zabt etsa, kuch-qudrati oshib, tez kunda Andijon ustiga ham qoʻshin tortib kelgusidir.
— Axir barcha temuriylar birlashib ittifoq tuzsalar boʻlmasmi? — dedi Nigor xonim kuyunib.
— Barcha temuriylarning parokanda kuchlarini yigʻib birlashtirmoq uchun ham qudrat kerak. Iste’dod kerak! Boysunqur mirzoga oʻxshaganlarda na unisi bor, na bunisi. Movarounnahrdagi temuriylar orasida eng sohibiste’dod, sohibqudrat siymo — Bobur mirzodirlar. Shuning uchun biz jonimizni amirzodam koʻzlagan ulugʻ maqsadlar yoʻliga tikkanmiz. Inshoollo, Samarqandni bu yil zabt etsak, xavf-xatarlar bartaraf boʻlgʻay. Ana undan keyin chinakam osuda davr kelur, har qancha binolar qursak oson boʻlur.
Xonzoda begim Qosimbekka tikilib soʻradi:
— Xullas, volidai muhtaramamizning iltimoslari rad etilurmi?
Qosimbek qoʻlini koʻksiga qoʻyib, bosh egdi:
— Qulingizning gustoxligini avf eting, begim, men amirzodamning ijozatlari bilan dilimda borini soʻzladim.
Bobur arosatda qolib qiynalar edi. Onasi shunchalik ishontirib aytgan haqli iltimoslarni rad etishga uning tili ham bormas, koʻngli ham chopmas edi. Ammo Qosimbek uning qalbida shunday tugʻyonli hislar qoʻzgʻadiki, ulardan qutulishning ham iloji koʻrinmay qoldi. Agar u Samarqanddan voz kechsa, narigi zoʻravonlar poytaxtni olishi, keyin Andijonga bostirib kelishi muqarrar ekani, unga hozir juda aniq sezilmoqda edi. Butun Movarounnahrda urush girdobidan qochib qutuladigan biron viloyat koʻziga koʻrinmas. Bobur qashqirlar qurshoviga tushib qolgandek bezovtalanar edi. Onasining: «Sulh tuzing, binokor boʻling!» — degani «kiyikday beozor yashang» degani edi. Lekin Bobur yirtqichlar orasida kiyik boʻlib kun koʻrolmasligini ich-ichidan his qilar, shuning uchun atrofini qurshab kelayotgan boʻrilar bilan sher boʻlib olishishni istar edi. Buni sezib turgan Qosimbek munozarani ortiq choʻzib oʻtirgisi kelmadi.
— Amirzodam, bugun otliq sayrga chiqmoqchi edingiz, xonim hazratlarining takliflarini barcha beklar bilan kengashib koʻrurmiz. Oqshom xirgohda mashvarat oʻtkazaylik.
Xonzoda begim onasiga «yalt» etib qaradi-yu: «Hozir birgina Qosimbekka oʻtkaza olmagan takliflarimizni keyin barcha beklarga qandoq oʻtkazurmiz?» demoqchi boʻldi. Qutlugʻ Nigor xonim Boburga yana nimalarnidir aytmoqchi boʻlib ogʻiz juftladi. Ammo Bobur Qosimbekka qarab:
— Mashvarat ertaga chaqirilsin, yaxshiroq oʻylab koʻraylik, — dedi-da, oʻrnidan turdi. Soʻng Qosimbek boshliq mulozimlari bilan otliq sayrga chiqib ketdi.

5
Oʻshning janubidagi keng tekisliklar, toʻlqinsimon qir va adirlar turli-tuman dala gullari bilan bezangan. Sap-sariq qoqilar, koʻk-qizgʻish naxoʻtaklar, nopormon er-baholar orasida uzoqdan qip-qizil gilamga oʻxshab koʻzga tashlanadigan — qiygʻos ochilgan lolaqizgʻaldoqlar edi.
Bobur olisdagi qorli togʻlarga qarab borar ekan, tizzaga chiqadigan yumshoq koʻkat ustida otlar ham ma-yin qadam tashlab borayotganini sezardi. Bahor nafosati hozir uning koʻzini erkalayotgan boʻlsa ham, ammo diliga ta’sir qilolmas edi. Boyagi mushkul ziddiyatlar hali ham xayolini band qilib, koʻnglida tugun boʻlib turibdi. Bobur bu chigal tugunlarni oʻzi yecholmasligini sezadi. Bu tugunlarni u istaganday yechib bera oladigan dono odam bormikin? Uning esiga ustozi Xoʻja Abdulla tushdi. Betob boʻlib Oʻshga birga kelolmagan Xoʻja Abdulla ham Boburning Samarqandga qoʻshin tortib borishiga tarafdor edi. «Movarounnahrdagi parokandalikni tugatib, qudratli davlat tuzmaguncha katta orzularimiz roʻyobga chiqmagay!» — degan soʻzlarni Bobur ustozidan ham koʻp eshitgan. Ammo buning uchun yana urushish kerak. Urushga esa onasi qarshi. Kim haq? Bobur bu savolga javob topolmaydi.
Otliqlar uzun bir tepalikka koʻtarilganlarida Qosimbek togʻ tomonni koʻrsatib:
— Suruvlar bu qadar koʻp? — deb taajjub bildirdi.
Bobur u koʻrsatgan tomonga koʻz yugurtirdi. Qir va adirlarning har biridan bir nechtadan suruvlar yopirilib tushib kelmoqda edi. Xoʻja Kalon degan yigirma besh yoshli qop-qora bek qoʻlini peshonasiga soyabon qilib kunbotish tomonga qaradi-yu:
— Oʻ-hoʻ-oʻ! — dedi. — Bu tomonda undan ham koʻp!
— Kunchiqish tomonda ham bor!
Suruvlar gʻuj-gʻuj kelayotganiga qaraganda, yoyilib yurgan qoʻylar emas. Ana, toʻgʻridagi qirlar ortidan yana ikki suruv chiqib keldi. Soʻng uzoqdagi adirlar orasidan birin-ketin uch tavila yilqi otilib chiqdi-yu, berigi tomonga qarab selday bostirib kela boshladi. Chap tomonda yana uch-toʻrt tavila yilqi koʻrindi.
Yilqilar ham, qoʻy suruvlari ham uzoqdagi qorli togʻlardan Oʻshga qarab kelmoqda edilar. Nihoyat, togʻ tomondan tizilib tushib kelayotgan otliq askarlar koʻrindi.
Shunda Bobur togʻlarga qoʻy va yilqi undirish uchun uch yuz askar bilan chopqinga ketgan Ahmad Tanbalni esladi. Qosimbek quvonib:
— Azamatlarning oʻljasi juda ulugʻ-ku! — dedi.
Xoʻja Kalon ham hayajonlanib:
— Beadad! — deb xitob qildi. — Bahodirona oʻlja!
Odatga binoan, bu behisob qoʻy va yilqilarning beshdan biri podshoh ixtiyoriga oʻtar, qolgan toʻrt qismi hamma bek va mulozimlarga taqsimlanar edi. Shuni bilgan beklar goʻyo osmondan tushayotgan bu katta boylikka qarab sevinchlarini yashirolmas edilar.
Bobur otini togʻdan kelayotgan askarlar tomonga burib, jilovini boʻshatdi. Bedov ot qushday uchib bora boshladi. Boshqalar ham Boburning ketidan ot choptirib ketdilar. Bir qir oʻtib, ikkinchisiga koʻtarilganlarida, narigilar ham bularni koʻrib, burilib kela boshladilar. Bobur baland bir joyda otini toʻxtatdi.
Askarlarning oldida kelayotgan Ahmad Tanbal zirhli kiyimda edi. Yelkasi va koʻkragini yopib turgan jibaning temiri oftobda yiltirardi. Uning boʻyniga yoy oʻqi tek-kan, yarador joyini yashil mato bilan bogʻlab olgan edi. Oʻzi ozib, moʻgʻulcha yonoqlarining suyaklari yana ham boʻrtib chiqqan. U Boburdan ellik qadamcha narida otdan tushib, qoʻl qovushtirib keldi-da, yer oʻpib yukundi:
— Mirzo hazratlariga yogʻiylik maqomida boʻlgan chagraklar oʻlpon toʻlashdan bosh tortganlari uchun oʻn olti ming qoʻylari, ikki yarim ming yilqilari jarima tarzida tortib olib kelindi!
— Chopqin talafotsiz boʻldimi?
— Mirzo hazratlari, bizning uch yigitimiz halok boʻldi, oʻn kishi yaralandi. Ammo biz yogʻiylardan buning qasdini oldik!
Ahmad Tanbal oldingi safda turgan yigitlaridan biriga ishora qildi. Ayiqtaxlit, qoʻpol bir yigit egarining ustida doʻmpayib turgan xurjunni oldi-da, podshohga yaqinlashdi. Olachadan tikilgan xurjunning hammayogʻi qon edi. Ayiqtaxlit yigit Ahmad Tanbalning ishorasi bilan xurjunning har ikki koʻzini toʻldirgan narsani yerga agʻdardi. Oʻn-oʻn beshta odam kallasi koʻkatlar va lolaqizgʻaldoqlar ustiga yumalab tushdi. Bobur kallalarni koʻrgan zahoti: «Chagraklar ham bizning odamlarga oʻxshar ekan-ku!» degan oʻydan eti junjikib ketdi. Chorvador turkiy qabila boʻlgan chagraklar ham Boburning vatandoshlari ekanligiga, hammalari bir el, bir ulusdanligiga uning ishongisi kelmas edi. Chunki chagraklar uning hukmiga boʻysunmas, yuborgan kishilarini qoʻlda qilich bilan qarshi olishardi. Mana endi oʻzlari qilichning tigʻidan oʻtib, boshlari oyoq ostida agʻanab yotibdi. Bu jonsiz boshlardan birining soqoli yoʻq, koʻk-sargʻish yuzi silliqqina, moʻylovi endi chiqa boshlagan. Bobur uning oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshli yigit boʻlganini payqadi-yu, engagi tagidan kesilgan goʻsht aralash qonli boʻyniga qarab, koʻngli birdan behuzur boʻldi. Yordam soʻraganday, oʻng tomonidan turgan Qosimbekka qaradi.
Sulton Ahmad Tanbal ham, uning otliq askarlari ham Boburdan maqtov va mukofot kutmoqda edilar. Oʻn olti ming qoʻy, ikki yarim ming yilqi hazilakam boylik emas edi. Uch yigit oʻlgan boʻlsa, ularning qasdiga oʻn besh-yigirmata yogʻiyning boshini kesib kelish ham shu turganlarning odatiga binoan mardona ish hisoblanar, buni taqdirlamaslik esa adolatsizlik sanalar edi.
Qosimbek Boburning yuzi oqarib ketganini koʻrib hayron boʻldi. Uning fikricha, kesik kallalar Boburga bunchalik ta’sir qilmasligi kerak edi. Bultur Samarqand urushida yosh podshoh bunday boshlarni koʻp koʻrgan edi. Odatda: «Falonchi yuzta yogʻiyni oʻldiribdi», deb quruq maqtasalar uncha ishonarli boʻlmaydi, chunki ozgina ishni koʻp qilib koʻrsatib, lof uradigan bek va navkarlar ham bor. Jangchining xizmati ishonarli boʻlishi uchun oʻldirilgan dushmanlarining boshini kesib kelib hisob berish eskidan odat tusiga kirgan.
— Amirzodam, — deb shivirladi Qosimbek. — Qulingiz soʻzlayinmi?
Bobur tasdiq ma’nosida bosh irgʻadi. Qosimbek yuzini Boburga yaqinroq keltirib, yana eshitilar-eshitilmas qilib soʻradi:
— Mukofotiga qilich bersak. Rozimisiz?
Boburning yarogʻbardori olib yurgan tigʻlar orasida yoyday egik katta bagʻdodiy qilich bor edi, Bobur bir-ikki marta taqqanda juda ogʻir tuyulgan edi. Boburning nigohi shu qilichda toʻxtaganini koʻrgan Qosimbek, «tushundim», degandek bosh irgʻadi.
— Sulton Ahmad janoblari, —deb ovozini koʻtarib gapirdi Qosimbek. — Siz bahodirona zafar bilan qaytganingiz Mirzo hazratlarini behad shod qildi. Siz Bobur mirzoga nechogʻlik sodiq ekanligingizni yana bir bor isbot etdingiz. Butun mavkab[37] bugun sizlarni olqishlagʻay! Oʻshdagi qarorgohda bu oqshom sizlarning sharafingʻizga tantanali ziyofat berilur, hamma yigitlaringiz shohona in’omlar olurlar. Hozir Mirzo hazratlari Sulton Ahmad janoblariga shamshiri xos in’om etdilar!
Qosimbek bagʻdodiy qilichni yarogʻbardordan ol-di-yu, yerga ta’zim qilib turgan Sulton Ahmadga uzatdi. Sulton Ahmad tiz choʻkib qilichni qinidan toʻrt enlikcha chiqardi-da, poʻlatidan oʻpdi, soʻng ovozi hayajondan titrab dedi:
— Mirzo hazratlari, oʻlgunimcha bu marhamatingizni unutmasmen! To umrim oxiricha sizga sodiq xizmatda boʻlgʻaymen!
Shu kuni oqshom Oʻsh qal’asining minoralari ustida, shahar atrofiga tikilgan yuzlab chodir va oʻtovlar oldida karnaylar, naqoralar chalindi, mash’allar yoqilib, katta tantanalar boshlandi. Ming-ming qoʻy va yilqilarni in’om tariqasida tekinga oladigan barcha beklar, navkarlar va mulozimlar bugun astoydil shodlanmoqda edilar. Podshohning hashamatli xirgohida oqshom qabul marosimi va bazm boʻldi. Sozandalar eng quvnoq kuy-larini chalishdi, hofizlar eng yaxshi ashulalarini aytishdi.
Bobur xirgoh toʻrida toʻrtta oltin zina bilan chiqiladigan baland shohsupa ustida yolgʻiz oʻltiribdi. Bugun uning oʻng tomonidan oʻrin olgan eng nufuzli beklari orasida Ahmad Tanbal ham paydo boʻlgan. U kunduzgi zirhli kiyimlar oʻrniga zarbof toʻn va simobi salla kiygan, podshoh in’om qilgan oltin sopli qilichni kumush kamarga taqib olgan. Hamma uni mukofot bilan muborakbod qiladi. Tabriklarning barchasidan yoqimlisi — boya xirgohga kirganda uni Qutlugʻ Nigor xonim muborakbod qilgani boʻldi. Podshohning onasi bilan egachisi hozir katta dasturxonning narigi tomonida Ahmad Tanbalga yarim oʻgirilgan holda oʻtirib, sozandalarning kuyiga quloq solishyapti. Ahmad Tanbal har zamonda ularga koʻz qirini tashlab qoʻyadi. Xonzoda begimning nafis qaddi-qomati, haftkor[38] ipak matodan kiygan kamalakday tovlanuvchi kabosi Ahmad Tanbalga bugun har qachongidan ham jozibali koʻrinadi.
Yosh podshohning bazmlarida ichkilik ichilmas, Bobur hali mayni ogʻziga ham olgan emas edi. Qosimbek ham ichkilikni yomon koʻrar va uni bazmlarga yoʻlatmas edi. Lekin Umarshayx mirzo davrida may ichib oʻrgangan boshqa beklar mana shunday bazmlarda Boburdan yashirib chet-chetda ichib olishar edi.
Ali Doʻstbek degan qotma, koʻsanamo bir bek orqada sharbat koʻtarib turgan sharbatchiga sirli koʻz qisdi-yu, Ahmad Tanbalni koʻrsatdi. Sharbatchi ma’noli kulimsirab Ahmad Tanbalga yaqinlashdi va kumush koʻzachadan chinni piyolaga toʻldirib koʻkimtir sharbat quyib berdi. Ahmad Tanbal piyolani qoʻliga olar ekan, dimogʻiga oʻtkir may hidi urildi.
— Oling, bek, ilohim Samarqandda bundan ham ulugʻ zafarlarga muyassar boʻling! — dedi Ali Doʻstbek.
Ahmad Tanbal minnatdorona bosh irgʻab, mayni sip-qardi-yu, keyin dasturxondagi tandirkabobga qoʻl choʻzdi.
— Mana endi Samarqandu Buxoroni olguncha yetadigan zaxiramiz bor! — dedi shirakayf Doʻstbek. — Muhoribani tezlatmoq kerak.
Ahmad Tanbalning oʻng tomonida Uzun Hasan oʻtirgan edi. Turib yurganda juda novcha koʻrinadigan bu ozgʻin odam oʻtirganda goʻyo qatlanib, kichkina boʻlib qolar edi.
— Shayboniyxon Dashti Qipchoqdan Samarqandga boʻyin choʻzarmish, — dedi Uzun Hasan.
— Tushini suvga aytsin! Samarqand bizniki boʻlur!— dedi maydan badani qiziy boshlagan Ahmad Tanbal ovozini xiyol koʻtarib.
Uning bu soʻzlari Boburning qulogʻiga ham chalindi. Bugun togʻdan haydab tushilgan behisob qoʻy va yilqilar saroy ahlining Samarqandga yurish qilish ishtiyoqini yana ham oshirib yuborgani Boburga tobora aniq sezilmoqda edi. Ilgari ham ularning bu ishtiyoqlariga qarshi borish qiyin edi. Ammo hozir bek va navkarlarning Samarqandga intilishi — togʻ daryosining yuqoridan pastga qarab otilishiga oʻxshardi. Bu daryoni orqaga qaytarish hech kimning qoʻlidan kelmasdi.

6
Oqish suvli joʻshqin Burasoy Oʻsh qal’asining tosh yotqizilgan poydevoriga bosh urib, koʻpirib oʻtadi. Soyning oʻng betidagi serdaraxt mahallada mavlono Fazliddin bulturdan beri istiqomat qilayotgan peshayvonlik moʻ’jaz bir uy bor. Uning oldidagi besh-oltita nok va behi daraxtlari hozir oppoq boʻlib gullab turipti. Hovlining chetidagi bostirmaga ikkita ot bogʻlab qoʻyilgan. Berigi yoqdagi oyoqlari uzun toʻriq qashqa otni anjomlari bilan Bobur mirzo in’om etgan edi. Mavlono Fazliddin podshohning xos me’mori qilib tayinlangan, unga yaxshigina ulufa[39] belgilangan edi. Buning hammasidan mavlono Fazliddin oʻzida yoʻq xursand boʻlib yurgan edi. Biroq keyin ba’zi bir noxush xabarlarni eshitib, koʻngli gʻash torta boshladi.
Mavlono Fazliddin Andijonda qurmoqchi boʻlgan katta imoratlarini shu bu yil yozdayoq boshlash orzusida edi. Bobur mirzo koʻrsatgan marhamatlar bu orzuning roʻyobga chiqishiga yoʻl ochganday boʻlgan edi. Hatto Bobur mirzoning oʻzi uni borgohda qabul qilib, qanaqa madrasa, qanday xonaqoh va kutubxonalar qurish haqida gaplashgan, mavlononing bu haqdagi takliflarini ma’qullagan, «Xonzoda begim biz yoʻgʻimizda mutasaddi boʻlurlar, rejalarni butun tafsilotlari bilan tuzib, begimga koʻrsatursiz», degan edi. Ish ustida yana Xonzoda begim bilan uchrashishini oʻylaganda, mavlononing qalbida qoʻrquv aralash shirin bir hayajon qoʻzgʻalar edi.
Biroq Bobur yaqinda yana Samarqandga qoʻshin tortib bormoqchi ekanligi, davlatning butun kuchi shunga ketib, qurilishlar noma’lum vaqtga kechiktirilishi ma’lum boʻldi. Agar Bobur Samarqandni ololmay, urushda yengilsa, unda mavlononing barcha orzulari oʻz-oʻzidan puchga chiqadi. Agar Bobur Samarqandni olsa, tabiiy, oʻsha yerda podshoh boʻlib qoladi. Keyin u Fargʻona vodiysida katta qurilishlar qiladimi, yoʻqmi? Odatda, podshohlar qayerni poytaxt qilsalar, oʻsha yer koʻproq obod boʻladi. Andijon yana poytaxt boʻlishi gumon. Demak, mavlononing bu yerda qilmoqchi boʻlgan ishlari, barcha rejalari qum ustiga qurilganday omonat.
Hozir ayvonda eski handasa va riyoziyot kitoblarini titkilab, kerakli bir jadvalni axtarayotgan mavlono mana shu narsalarni oʻylab, ta’bi tirriq boʻlmoqda edi.
Bir payt darvoza ustma-ust taqilladi. Bostirmada otlarning tagini tozalayotgan keksa xizmatkor yogʻoch kuragini devorga suyab qoʻyib, darvozaga qarab oʻtdi. Birpasdan soʻng xizmatkor ayvonning oldiga qaytib keldi-yu:
— Mavlono, bir kimsa huzuringizga kirmoqchi.
— Kim?
— Kiyimi uvada, oʻzi bahaybat bir yigit. «Jiyanlari boʻlaman», dedi, ammo men sizdan beruxsat kirgazmadim.
— Jiyanim? Shoshmang-chi! — deb, mavlono oʻrnidan turdi. Yalang oyogʻiga charm kavush kiyib, yarim ochiq darvozaning oldiga bordi.
Olacha toʻni ham, oyogʻidagi chang bosgan chorigʻi ham yirtilib ketgan novcha bir yigit koʻzlari yaltirab, kulimsirab unga qarab yurdi. Qadam olishi, qarashi juda tanish. Yigit:
— Mulla togʻa! — deb quchoq ochganda mavlono uning ovozini tanidi-yu:
— Tohir! Tohirjon! — deb u bilan quchoqlashib ketdi. — Shuncha oʻlimlardan omon qolgan jiyanim, seni zoʻrgʻa tanibmen. Bu qadar oʻzgarib ketibsen! Yuzingga ne boʻldi?
— E, soʻramang, mulla togʻa.
— Mayli, yur, avval damingni ol. Keyin aytib berursen.
Ular ayvonga chiqar ekanlar, mavlono Fazliddin bundan salkam uch yil oldin Quvasoy boʻyida boʻlib oʻtgan qonli voqealarni yana bir esladi. Oʻshanda Tohirga nayza sanchgan samarqandlik bosqinchi uni oʻldirganiga shubha qilmay ketgan edi. Onasi yolgʻiz oʻgʻlining qoniga belanib, jonsizlanib yotganini koʻrib, uni «oʻldi» deb oʻylagan va shaytonlab yiqilgan edi, bechora ona shu yotganicha qaytib turolmay, ertasi kuni vafot etdi. Tohir esa otasi topib kelgan tabiblar va doru darmonlar ta’sirida uch kundan keyin hushiga keldi. Nayza oʻpkaning bir chetini kesib oʻtgan boʻlsa ham yurak va jigar kabi nozik a’zolarga tegmagan. Tohirning yoshligi va baquvvatligi ustun kelib, asta-sekin tuzalib ketgan edi. Qoʻni-qoʻshnilar: «Tohirga kelgan oʻlimni onasi oʻziga oldi-yu, bu tirik qoldi», deyishardi. Mavlono Fazliddin oʻshanda opasining qirqini oʻtkazib kelganicha, qaytib Quvaga bormagan edi.
— Otang qalay, bardammi? — soʻradi mulla Fazliddin Tohirni yuqoriga taklif qilib.
Tohir chang bosgan chorigʻi bilan koʻrpachaga chiqishdan ibo qildi-yu, poygahdagi sholcha ustiga oʻltirdi:
— Otam sizga salom aytib yubordilar. Men bir yilcha qishloqda boʻlmadim. Qarindoshlar «cholning issiq-sovugʻidan xabar olib tursin», deb bir beva kampirni olib beribdilar. Onam rahmatli esimga tushdi-yu, uyda turgim kelmadi.
Faqat onasining musibati emas, bosqinchilar bogʻlab olib ketayotganlarida Tohirdan najot kutib qichqirgan Robiya ham uning xayolidan nari ketmaydi. Qizning oʻshandagi nidosi hali ham Tohirning qulogʻiga eshitilib turganday boʻladi. U burnogʻi yili Samarqandgacha piyoda borib keldi, yoʻllarda oʻroqchilik qilib, karvonlarga qoʻshilib yurib, iloji boʻlgan joydan Robiyani qidirdi, «singlim edi, Sulton Ahmad mirzoning navkarlari olib qochib ketgan edi», deb soʻroqladi. Ammo hech qayerdan daragini topolmadi.
Sulton Ahmad mirzo oʻsha yiliyoq oʻlib, qoʻshini tarqab ketgan, bir yil davomida Samarqand taxtida ikki marta podshoh almashingan, koʻp toʻpolonlar boʻlib, it egasini tanimaydigan ahvolga kelgan edi. Jizzaxlik bir kishi Toshkent tomonlarga choʻrilar koʻp sotilganini aytib qoldi. Bultur kuzda Tohir piyoda Toshkentgacha bordi, yana har joylarda mardikorlik bilan kun oʻtkazib Robiyani soʻroqladi, ammo hech natija chiqmadi. Zamona notinch, yurt algʻov-dalgʻov, hayot hamma joyda xuddi loyqalatilgan daryoga oʻxshab oqadi. Robiyani topish — loyqa daryoga tushib ketgan gavharni topishdek qiyin ekanini Tohir ich-ichidan sezar edi-yu, baribir umidini uzolmas edi. Mavlono Fazliddin Tohirning gaplaridan shuni payqab:
— Jiyanim, sen oʻsha bechora qizni hali ham unutolmay ikki yil izlaganing —juda ajoyib bir diling borligidan dalolat berur. Men sening sadoqatingga tan berdim! Ammo sen endi oʻzingga ham jabr qilmasliging kerak. U qiz taqdirida borini koʻrgay. Agar tirik boʻlsa, balki. birov unga uylangandir. Balki farzandlik ham boʻlganlar. Axir uch yil uni tek qoʻyishlari mumkinmi? Sen oʻzing bir oʻylab koʻrgin.
— Men buning hammasini allaqachon koʻnglimdan oʻtkazganmen, mulla togʻa. Faqat men u qizning oldida oʻz gunohimni yuvmoqchimen, xolos.
— Qaysi gunohingni?
— Oʻshanda Robiyani Andijonga qochirmoqchi boʻlganlarida men Quvada olib qolganmen. Agar Andijonga ketganda bu falokat boʻlmas ekan.
— Sen nima boʻlishini qaydan bilibsen, jiyanim?
— Har qalay, men uni topib, shu gunohimni yuvmagunimcha tinchiyolmaymen. Robiya, siz aytgandek, uylik-joylik boʻlib, tinchib ketgan boʻlsa, unda. mayli. Taqdirga tan berurmen. Agar hali ham najot izlab, meni kutib yurgan boʻlsa-chi? Axir men uni unutolmay yuribmen-ku? Unga ham men kerak boʻlsam-chi?
Mavlono Fazliddin bosh chayqab:
— Dil dardiga davo yoʻq ekan-da, — dedi va mavzuni oʻzgartirdi: — Yoʻqlab kelibsen, endi mehmon boʻl. Qani, dasturxonga qara.
Togʻa-jiyan birga oʻltirib shirchoy ichdilar. Keyin mulla Fazliddin Tohirning kiyim-boshlariga yana bir koʻz yugurtirdi-yu:
— Jiyanim, togʻang hozir xiyla badavlat, — dedi qoʻyniga qoʻl solib, bogʻichi popukli qora charm hamyon oldi. U hamyonni ochib, jiyaniga bir nechta oltin tanga olib bermoqchi edi. Hamyon tezda ochilavermagach, mavlono uni ochmasdan jiyaniga uzatdi. — Ma, Oʻshning rastalariga chiq, bugun juma, mol koʻp, oʻzingga kerakli kiyim-kechak ol.
Tohir hamyonni olmay turib dedi:
— Yoʻq, mulla togʻa, menga oʻzingiz sanab, qarz bering.
— Ha, xoʻp, qarz! Oʻzing keragicha ol, puldor boʻlganingda qaytarursen.
— Unday boʻlsa, mayli.
Tohir hamyonni qoʻyniga solib chiqib ketganicha peshin kechroq oyogʻiga yangi askariy etik, boshiga moʻgʻulcha boʻrk kiyib, chakmonga oʻxshash dagʻal yungli dagʻalani yelkasiga tashlab keldi. Uning qoʻlida qini eskirib ketgan arzon bir qilich ham bor edi. Mavlono Fazliddin hayron boʻlib:
— Nechun bunday kiyimlar olding? — dedi. — Qilichni ne qilursen?
— Mulla togʻa, yolgʻiz sargardon boʻlib yurish mening jonimga tegdi. Endi Samarqandga Bobur mirzoning qoʻshini bilan birga bormoqchimen.
— Sarboz boʻlibmi?
— Ha, tavochilar askarlikka odam olayotgan emishlar.
Jiyani Oʻshga ham shu niyat bilan kelganini mavlono Fazliddin endi sezdi-yu, undan qattiq ranjidi.
— Jinni boʻlibsen, Tohir! Hamma urushdan qochsa, sen bu ajdahoning komiga oʻz ixtiyoring bilan bormoqchisen! Bir marta nayza yeb, oʻlimdan qolganing ozmidi?
— Mulla togʻa, undan keyin men yana necha oʻlimlardan qolganimni siz bilmaysiz. Toshkentda bir moʻgʻul begi bechora kosibning qizini zoʻravonlik bilan tortib olmoqchi boʻlganda men chidab turolmadim. Oraga tushganim uchun mana, yuzimda oʻsha bekning xanja-ridan chandiqlar qoldi.
— Zamona zoʻrnikiligini hali ham bilmaysenmi?
— Bilganim uchun men oʻshanday zoʻrlar bilan zoʻr qoʻshinning safida turib olishmoqchimen, mulla togʻa. Men koʻp yurtlarni koʻrdim, turli odamlar bilan birga ishlab, birga yurdim. Bobur mirzoning tabiati pokiza, koʻngli tiyrak ekanini koʻp odam bilar ekan. «Atrofdagi podshohlardan yaxshilik chiqmasa ham Bobur mirzodan bir yorugʻlik chiqar», deb umid qilamen.
Mavlono Fazliddin yerga qarab:
— Qaydam, — dedi. — Bobur mirzo hali yoshlar. Men ham shu zotga umid bogʻlagan edim. Lekin yana urush, qon. Hammamiz tun zulmatiday intihosiz bir qorongʻilik ichida yuribmiz. Mamlakat parokanda, zolim tojdorlar qon ustiga qon toʻkurlar. Bobur mirzoning atrofidagi beklar ham rahm-shafqatni unutmishlar. Muhit shundoq gʻaddor boʻlgach, sen ham yomon beklar xizmatida yurib, oʻzingga oʻxshash jabrdiyda zahmatkashlarning kushandasiga aylanmasmikinsan, jiyanim?
— Ishoning, mulla togʻa, men yomon beklarning zulmiga ilojim boricha qarshi turgaymen!
— Bobur mirzo hukmdor boʻla turib daf qilolmagan adolatsizliklarni sen nechun daf qilursen?
— Balki Bobur mirzoning mendek navkarlari boʻlmagani uchun daf qilolmagandirlar? Balki u zotga men kerakdurmen, mulla togʻa! Men oʻzim uchun shundan ma’qul yoʻl topolmadim. Yolgʻiz yashashimning ma’nosi qolmadi. Ne qilay?
Mavlono Fazliddin jiyanining yuziga tikilib qaradi-yu, uni niyatidan qaytarib boʻlmasligini sezdi. Tohir bundan uch yil oldin Quvasoy koʻprigini buzib, yov qoʻshiniga katta talafot keltirgan paytlarda tarix daryosining qudratli oqimiga tortilmaganmi-di? Endi umrbod oʻsha oqimdan chiqolmasdan, tarixiy voqealarning ichida yurishga mahkum etilganmikin? Har qalay, jiyanining soʻnggi gaplari mavlononi oʻylantirib qoʻydi. U birpas jim turgach:
— Tavochiga uchradingmi? — dedi.
— Uchradim. «Oting yoʻq ekan, piyoda qoʻshinga olamiz», dedi. Men piyoda yurib oʻrganib qolganmen, mulla togʻa.
— Ammo jangda eng koʻp talafot piyodalar orasida boʻlur, buni bilursenmi?
— Mayli-da, qirq yil qirgʻin boʻlsa ham ajali yetgan oʻlgay.
— Bas!
Mulla Fazliddin bu haqda boshqa gaplashmadi. Ertalab nonushtadan keyin xizmatkoriga aytib, bostirmada turgan har ikkala otni ham egarlatdi. Tohirga oyoqlari uzun jiyron otni koʻrsatib:
— Sen mana shuni min, — dedi. — Men sening piyoda askar boʻlishingni oʻzimga munosib koʻrmasmen.
Mulla Fazliddin oʻzi Bobur in’om qilgan toʻriq qashqani mindi. Soʻng ikkovlari Boburning qarorgohiga otliq yoʻl oldilar.
Odatdagiday, Bobur huzuriga kirish uchun eshik ogʻadan ruxsat olish kerak. Togʻa-jiyan sakkiz burchakli ulkan oq oʻtovdan beriroqda otliq kelayotgan Qosimbekni koʻrdilar va uning hurmatiga otdan tushib qoʻl qovushtirdilar.
— Janobi amirul umaro, jiyanim ham Bobur mirzoga sodiq xizmat qilish orzusida keldi, — dedi mavlono Fazliddin. — Ijozat bersangiz, amirzodaning huzuriga kirsak.
— Amirzodam hozir behad banddir, mavlono. Balki iltimosingizni menga aytursiz.
— Jiyanim Tohir. amirzodamning xos navkarlari qatoriga olinishini oʻtinib soʻramoqchi edim.
Qosimbek Tohirning barvasta gavdasiga va yuzidagi chandiqqa qaradi-yu:
— Yigit, askariy xizmatda boʻlganmisen? — dedi.
Qosimbekning «sensirab» gapirgani Tohirga uncha yoqmadi. Loqayd tovush bilan:
— Hali boʻlgan emasmen, — dedi.
Mavlono Fazliddin oraga tushdi:
— Janobi amirul umaro, jiyanimiz asli dehqon boʻlsa ham, lekin tabiatida jangovarlik bor. Esingizda boʻlsa, Quvaning koʻprigida yogʻiylarimiz juda katta talafot koʻrib, oʻzlari sulh taklif qilgan edilar. Oʻshanda bizga gʻalaba keltirgan azamat yigitlarning biri — mana shu Tohir!
— Gʻalaba keltirgan?! — ishonqirmay soʻradi Qosimbek. — Qanday qilib?
Mavlono Fazliddin Quvada oʻz koʻzi bilan koʻrgan voqealarni Qosimbekka qisqacha soʻzlab berdi. Uning hikoyasiga qaraganda, jangovar beklar va navkarlar eplay olmagan yovning belini oddiy «yalangoyoqlar» sindirgan boʻlib chiqardi. Qosimbek bunga ishongisi kelmadi.
— Quvada gʻalabani tangrim oʻzi bizga in’om qilgan, mavlono! — dedi Qosimbek.
Bu gapga qarshi chiqib boʻlmas edi.
— Albatta, bularning koʻngliga shu ishni xudo oʻzi solgan. Lekin oʻshandagi jasorati uchun yogʻiylar Tohirga nayza sanchib, uni ogʻir yarador qildilar. Jiyanim naq bir oʻlimdan qoldi, janob Qosimbek!
— Shundoqmi? — deb Qosimbek endi Tohirga iliqroq nazar bilan qaradi. — Samarqanddagi yogʻiylarimizda qasding bormi, yigit?
— Ha, oʻchim bor.
Qosimbek ketida sukut saqlab turgan tavochiga oʻgirildi:
— Bu yigitni Chilmahram togʻi etagida askariy mashq oʻtkazayotgan navkarlar qatoriga qoʻshing! — Soʻng u mulla Fazliddinga izoh berdi. — Jiyaningizning mashqi yetilsin, harbiy muomalani oʻrgansin. Undan soʻng amirzodam lozim koʻrsalar, xos navkarlari qatoriga olurlar.
Tohir mavlono Fazliddin bilan quchoqlashib xayr-lashdi-da, otiga mindi va tavochining ketidan Chilmahram togʻiga qarab yoʻl oldi.

7
Beklarning mashvaratida Samarqand yurishini ramazon oyida boshlashga, tayyorlik ishlarining asosiy qismini Oʻshning oʻzidayoq bitirib ketishga qaror qilindi.
Bobur onasining soʻzini yerda qoldirganidan xijolat boʻlib, Qutlugʻ Nigor xonimning koʻziga tashlanmaslikka tirishardi. Safar tayyorgarliklaridan boʻshagan paytlarda oʻz chodirida yolgʻiz oʻtirib kitob oʻqirdi.
Bugun namozigar kechroq Bobur «Vaqoi’»[40] nomli daftarga otasining oʻlimi haqida yozayotgan edi, yasovul kirib, Qutlugʻ Nigor xonim bilan Ali Doʻstbekning chodirga kirishga ijozat soʻrayotganlarini aytdi. Bobur daftarini yopib, onasini eshik oldida qarshi oldi va toʻrga oʻtqazdi.
Qutlugʻ Nigor xonimning rangi xiyol oʻchgan. Uning peshonasidan yuqorida — sochining farq ochilgan jo-yida Bobur bir tutam oqargan soch tolalarini koʻrdi. Endi qirq yoshga kirgan onaizor kampirlardek odmi kiyinar va qaddini egibroq yurar edi. Bobur onasiga allanechuk rahm qilib past tovush bilan gapirdi:
— Onajon, soʻzim yerda qoldi, deb kuyunmang. Nasib boʻlsa, Samarqanddan qaytganda hamma aytganlaringizni qilurmen.
— Xudoning xohishi shunday boʻlsa, biz bandalar qanoat qilgaymiz. Iloho, yaxshi niyatlaringizga yeting, shoh oʻgʻlim!
Ali Doʻstbek baquvvat qoʻllarini fotiha uchun ochib:
— Ilohi omin! — dedi.
Soʻng katta-katta panjalarini qop-qora silliq yuziga, soqolsiz uzun iyagiga surtdi.
Yuzi moʻgʻulcha boʻrtgan bu chayir koʻsa odam Boburning buvisi Eson Davlat begimga amakivachcha boʻladi. Shu sababli oʻz nomiga «togʻoyi» degan soʻzni unvondek qoʻshib aytadi va Qutlugʻ Nigor xonimga akalarcha mehribonchilik koʻrsatib yuradi. Hozir ham koʻrpachalar ustiga oʻtirganlaridan keyin Ali Doʻstbek Qutlugʻ Nigor xonimga «Gapni ochaymi?» deganday bir qarab oldi. Xonim tasdiq ma’nosida bosh irgʻagach, Ali Doʻstbek tomoq qirib, siporish bilan soʻz boshladi:
— Amirzodam, volidangiz ikkovimiz nozik bir muammoda sizning maslahatingizni olgani keldik. Muhtarama egachingiz Xonzoda begim hozir yigirma yoshdalar. Ayni uzatiladigan paytlari. Begim oy desa oydek, kun desa kundek, oqilayu foziladirlar. Shu vaqtgacha munosib kuyov uchramay dogʻda edik. Volidangiz ham, togʻoyingiz ham vaqt oʻtib ketayotganidan iztirobda edik.
— Yana bir-ikki yil uyda oʻltirib qolsa, «qari qiz» deb kulurlar, — dedi Qutlugʻ Nigor xonim.
Opasining taqdiriga oid bunaqa gaplarni Bobur ilgarilari ham eshitgan edi. Ammo bugun Doʻstbekning gaplariga qaraganda, qandaydir kuyov topilganga oʻxshardi. Bobur shuni bilgisi kelib, oʻsmirlarcha qiziqish bilan soʻradi:
— Kim bizga pochcha boʻlmoqchi?
Roʻyirost berilgan bu savol, Doʻstbekni shoshirib qoʻydi. U yana gapni aylantirdi:
— Sizdek oliy zotga «munosib pochcha boʻlurmen», deb hech kim jur’at qilib aytolmas. Ammo umarolaringiz orasida asilzoda beklar bor. Chunonchi, Sulton Ahmadbek. Yigirma besh yoshga kirgan norgʻul yigit. Chopqunga borib, bahodirona zafar bilan qaytdi. Beklar orasida obroʻsi baland. Yonida uch zabardast inisi bor. Uch yuz navkari bilan hammasi sizga to oʻlguncha sodiq xizmat qilmoqchilar.
Bobur hali oila nimaligini, kuyov-kelin qanday boʻlishini bilmasa ham opasi Xonzoda begimni Ahmad Tanbalning yoniga qoʻyib tasavvur qildi-yu, ikkovini bir-biriga toʻgʻri keltirolmadi. Soʻng onasiga qarab:
— Siz rozimisiz? — dedi.
Qutlugʻ Nigor xonim ogʻir tin olib:
— Nachora! — dedi. — Xonzoda begim tojdor, taxt-dor kuyovlarga munosib qiz. Ammo hozirgi notinch zamonada qani biz istagan kuyov? Biz togʻoyingiz bilan surishtirib bildik. Sulton Ahmadbekning avlod-ajdodi asilzodalardan ekan. Bobokalonlari Joʻjixon, Chingizxonlarga qon-qarindosh boʻlgan sultonlar ekan. Hozir Tilba Sulton nomlik ogʻasi Toshkentda togʻoyingiz Mahmudxonda sohibixtiyor eshik ogʻa ekan. Endi bu Ahmadbek kuyov boʻlsa, oraga ogʻasi tushib, togʻoyingiz Mahmudxon bilan sizni yaqinlashtirarmikin? Shunday nufuzli bek sizga kuyov boʻlib, butun urugʻlariyu navkarlari bilan qanotingiz tagiga kirsa, ishingizning rivoji yaxshiroq boʻlurmikin?
— Shubhasiz, shunday boʻlur! — dedi Doʻstbek chuqur e’tiqod bilan.
Bobur nima deyishini bilmay yelka qisdi: yosh oʻsmir oʻzidan katta opasini kimga erga berish haqida oʻylashdan ham tortinar edi. Ammo onasi va togʻasi bu ishni uning podshohlik hukmi bilan amalga oshirishni istardilar.
— Begimning oʻzlari uchun ham yaxshi boʻlur, — deb davom etdi Doʻstbek. — Agar boshqa bir yurtdagi tojdorga tushsalar, onalaridan yiroqda boʻlurlar, amirzodamday suyukli inilarining himoyalaridan uzoqlashurlar.
— Ha, undan koʻra yonginamda boʻlgani afzal, — dedi Qutlugʻ Nigor xonim. — Xonzoda mening toʻngʻich qizim, maslahatgoʻyim, Ahmadbekka bersak, koʻz oʻngimda mening yolgʻizligimni bilintirmay yurur.
Bobur bu borada oʻzi bilmaydigan koʻp narsalarni onasi yaxshi bilishini oʻyladi-yu:
— Onam rozi boʻlsalar, boʻldi, — dedi.
Doʻstbek quvonib ketdi:
— Haq gapirdingiz, amirzodam, juda haq! Ona ro-zi— xudo rozi, deb bejiz aytmaganlar!
Qutlugʻ Nigor xonim hamon xomush edi. Bobur buning sababini sezganday boʻlib:
— Begimning oʻzlari nechuk? — deb soʻradi.
Qutlugʻ Nigor xonim ogʻir tin olib:
— Begim rozi emaslar, — dedi. — Eshitib koʻp yigʻladilar.
— Bunday paytlarda yigʻlash qizlarning azaliy odati,— deb kulib qoʻydi Doʻstbek.
— Ammo, Xonzoda begimning ahvolidan men xavotirdamen, amirzodam, — dedi Qutlugʻ Nigor xonim. — «Oʻzimni oʻldiramen», degan soʻzlarini eshitib qoldim.
— Nahot? — dedi Bobur ham birdan xavotirga tushib.
— Egachingiz sizni jondan aziz koʻrurlar, Mirzo hazratlari, soʻzingizni ikki qilmaslar, — dedi Doʻst-bek.— Volidai muhtaramangiz bilan ikkalamiz sizdan iltimos qilgani keldik. Xonzoda begimni huzuringizga chorlab, nasihat qiling. Davlatingizning manfaatlari uchun egachingiz rizolik bermoqlari kerak. Sulton Ahmadbek oraga odam qoʻygan. Butun urugʻlari bilan sizning marhamatingizga muntazir. Rad javobi ularni sizdan. sovitib qoʻyishi mumkin. Soʻngra, agar Xonzoda begim rizo boʻlmay, yana uch-toʻrt yil uyda oʻltirib qolsalar, «kuyov topilmabdir, qari qiz boʻlibdir», deb yogʻiylaringiz malomat qilurlar. Bunday gaplar podshoh oilasining sha’niga mutlaqo toʻgʻri kelmas. Agar Xonzoda begim sizga yaxshilik istasalar, rizo boʻlmoqlari kerak. Buni endi begimga faqat siz tushuntirursiz, Mirzo hazratlari!
Bobur boshini changallab bir lahza jim qoldi. Bunday nozik, bunday chigal ishga umrida birinchi duch kelishi. Begona boʻlsa ham bir sari edi, gaplashishi osonroq boʻlardi. Oʻzining jonajon opasi. Bobur Xonzoda begim bilan bu toʻgʻrilarda gapirishishdan ham iymanadi. Lekin bu yoqda onasi mushkul ahvolga tushib, yordam kutib oʻtiribdi. Bu yoqda opasi joniga qasd qilmoqchi emish.
— Mayli, — dedi Bobur onasiga ma’yus koʻz tashlarkan, — begim kelsinlar, oʻzim bir soʻzlashay.
Qutlugʻ Nigor xonim tez oʻrnidan qoʻzgʻalib:
— Hozir. hozir borib ayttirib yuborurmen, — dedi va chodir eshigiga yoʻnaldi.
Doʻstbek yirik tishlarini ochib mamnun kulimsiradi-yu, chodirdan orqasi bilan yurib chiqa boshladi. Eshik oldida ta’zim qildi-da:
— Amirzodam, siz shohsiz, sizning hukmingiz vojib,— deb Boburni dadilroq boʻlishga undab ketdi.

* * *
Bobur qator shamlari lipillab yonayotgan ikkita oltin qandil oraligʻida sadaf bilan bezatilgan bejirim mizga koʻkragini tirab kitob varaqlab oʻltirganda Xonzoda begim chodir eshigidan sekin kirib keldi. Egnida sidirgʻa sariq atlas koʻylak. Hazin tovush bilan salomlashib, Bobur taklif qilgan zarbof koʻrpacha ustiga xastalardek boʻshashib oʻltirdi. Uning qovoqlari shishinqiraganini koʻrgan Bobur:
— Muncha gʻamginsiz, begim? — dedi.
— Amirzodam, men huzuringizga najot izlab keldim!
Xonzoda begimning soʻlgʻin yuziga koʻzlaridan yosh sirgʻalib tushdi. Bobur yaqindagina yayrab-yashnab yurgan opasini hozir bu ahvolda koʻrib, yuragini bir narsa timdalab oʻtdi. Onasi uning zimmasiga yuklab ketgan vazifa qanchalik mushkul ekanini u endi astoydil his qildi. Taqdir uning boshiga solayotgan mushkulotlar ozmidi, ustiga bu ham qoʻshildi? Bobur kuyunib gapira boshladi:
— Men oʻzim bu falakning dastidan najot izlaymen, begim. Yechilmas muammolar biri ustiga biri qoʻshilur. Shu asnoda nahotki siz ham mening mushkullarimni koʻpaytirmoqchi boʻlursiz?
Xonzoda begim ukasining oʻzi chindan ham yordamga muhtojligini, yoshiga nomunosib ishlar uni juda qiynab yuborganini sezdi-yu, koʻzini tez artdi. Boyagidan tetikroq ohang bilan gapira boshladi:
—Amirzodam, men bir gap eshitdim. Rostmikin?
— Qaysi gap?
— Ahmad Tanbal togʻdan bir xurjun odam kallasini olib tushganmish.
Bobur oʻtgan kuni koʻrgan kesik kallalarni, xususan, hali soqoli oʻsib ulgurmagan yosh yigitning goʻshti chiqib yotgan qonli boʻynini esladi-yu, birdan seskanib tushdi.
— Jang oʻlimsiz boʻlmas, — deb Bobur goʻyo oʻzini-oʻzi bosmoqchi boʻldi. — Yogʻiy ham biznikilarni oʻldirmishdir. Bu — eski odat. Siz buni unuting, begim.
— Bunisini unutsam, omiligi, johilligi bor. Men umrimni fozil kishi bilan oʻtkazish orzusida edim. Ahmad Tanbal qoʻli qon, berahm odam. Amirzodam, nahotki siz meni unga munosib koʻrursiz?
— Sizga munosib yigit, balki yetti iqlimda ham yoʻqdir. Ammo. sabablarini onam aytgandirlar. Men ham. majburmen!
Xonzoda begim qandilda lipillab yonayotgan shamlarga qarab turib, Ahmad Tanbalni koʻz oldiga keltirdi-yu, oʻsha badqovoq yigit bilan bir yostiqqa bosh qoʻyishini oʻylab, eti junjikib ketdi:
— Men bu bekdan qoʻrqamen!
— Biz bor ekanmiz, siz hech kimdan qoʻrqmang, begim. Men sizga zarracha zulm oʻtkazishlariga yoʻl qoʻymasmen.
— Meni ma’zur tuting, amirzodam. Ammo egachingizni xohlamagan odamiga zoʻrlab uzatsalar, shuning oʻzi katta bir zolimlik boʻlmagaymi?
Bu mantiqli soʻzlar Boburni dovdiratib qoʻydi:
— Zolimlik. Ha, falakning oʻzi zolim! Men ham har kuni suymagan odamlarim bilan muomala qilurmen. Xohlamagan ishlarimga meni aralashtirurlar. Davlat manfaatlarini oʻylab oʻzimni-oʻzim majbur qilurmen. Boshqa ilojim yoʻq!
Bobur oʻz yoshiga yarashmaydigan bu soʻzlarni qanchalik qiynalib aytayotgan boʻlsa, koʻngliga yoqmaydigan, ammo muhit, vaziyat talabi bilan majburan ado etadigan ishlarni undan ham ortiq azoblar bilan qilishi sezilib turardi. Bobur bu mushkul ahvoldan chiqishning yoʻlini topolmay ich-ichidan ezilib yurganini Xonzoda begim endi payqadi-yu, ukasiga rahmi keldi. Boburning podshohligini unutib, uni kichikligida erkalatib suygan paytlarini esladi.
— Boburjon, — dedi, — siz yolgʻiz inim, pushti-panohimsiz, men siz uchun jonimni ham ayamaymen! Agar sizga chindan ham shu zarur deb ishonsam, hozirgi gapingizga ham rizo boʻlur edim. Lekin men sizning kuyrak koʻnglingizni bilurmen. Agar men umrbod bebaxt boʻlib qolsam, keyin siz hozirgidan ortiqroq iztirob chekursiz!
— Xudo xohlasa, bebaxt boʻlmassiz.
— Koʻnglim sezib turibdir, agar shu odamga tushsam, bebaxt oʻturmen. Boburjon, egachingizning soʻziga ham ishoning. «Davlat manfaatlari» deb oʻzingizni koʻp ezmang. Siz bilan biz uchun ham bu umr gʻanimat. Oʻz koʻnglimizga ham ishonishimiz kerak! Koʻngil toza boʻlsa, kishini aldamaydir!
Xonzoda begim shunday bir samimiyat bilan yonib gapirmoqda ediki, uning qalbidagi olov goʻyo Boburning qalbiga ham oʻtdi. Shafqatsiz beklar muhiti va podshohlik majburiyatlari yosh Boburning qalbini qahraton qishning muzlariday siqib yotar edi. Xonzoda begim esa oʻzining olovli nafasi bilan goʻyo shu muzlarni eritar, Boburning qalbiga bahor mayinligi, yoshlik erkinligi yana qaytib kelayotganday, eti jimir-jimir qilardi. Xonzoda begim yana koʻzlariga yosh oldi:
— Boburjon, sizning dilingiz begʻubor, siz nodir iste’dodli fidokor yigitsiz! Bu beklar oʻz manfaatlarini ham «davlat manfaatlari» deb koʻrsatishga oʻrganib qolganlar. Bular sizning yoshligingizdan foydalanurlar. Ammo siz suymagan ishni «davlat manfaatlari uchun» deb qildirmoqchi boʻlganlarida, koʻnglingizga ham bir quloq soling. Eng mahram doʻstingiz — sizning musaffo qalbingizdir. Siz bu doʻstingizga ishoning, jonim!
Xonzoda begim oʻtirgan koʻyicha ukasiga qoʻl choʻzib, yigʻi aralash iltijo qildi:
— Men sizning pok qalbingizdan adolat izlaymen! Qalbingiz nima buyursa, siz menga shuni buyuring! Men rozimen!
Bobur sakrab oʻrnidan turdi-yu, opasining qoʻllaridan olib, uni oʻrnidan turgʻazdi:
— Yigʻlamang, bas! — dedi. Ammo Boburning oʻzi ham koʻngli erib, koʻz yoshini zoʻrgʻa tutib turardi. — Siz menga barcha beklarimdan yaqinroqsiz. Bir tugʻishgan yagona egachimsiz. Siz tufayli ne ogʻirlik kelsa, mayli, koʻtaray! Xotirjam boʻling! Toki bormen, suymagan odamingizga uzattirmasmen!
Xonzoda begim azbaroyi quvonganidan ukasini mahkam quchib peshonasidan, koʻzlaridan oʻpdi.

Samarqand – Zafar Va Kulfat
1
Boburning qoʻshini Samarqandni butun yoz va kuz boʻyi qamal qildi. Boysunqur mirzo yetti oy shahar darvozalarini berkitib yotdi-yu, axiri ochlik va tanqislikka bardosh berolmay, sovuq qish kechalaridan birida yaqin odamlari bilan Samarqanddan yashirincha chiqib, Hisor tomonga qochdi.
Shaharda qolgan beklar bundan xabar topganlaridan keyin qal’a darvozalarini ochtirdilar. Boburning uch mingga yaqin qurolli kishilari zafar kuyini chalib, qoʻsh naqoralar va karnaylar sadosi ostida shaharga kira boshladilar.
Bobur besh yasharligida koʻrganlari yaxshi esida qolmagan ekan. Samarqandning har yer-har yeridan moviy togʻlar kabi koʻkka boʻy choʻzib turgan ulugʻvor gumbazlarning qaysisi Ulugʻbek madrasasiniki ekanini, qaysisi Bibixonim madrasasiga mansubligini yonida borayotgan Qosimbekdan soʻrab bildi. Faqat arkka yaqinlashganda chap tomonda koʻringan ulkan obidaning Amir Temur maqbarasi ekanini jangchining dubulgʻasiga oʻxshash gumbazning afsonaviy goʻzal taram-taramlaridan tanidi. Qancha davrlar oʻtsa ham, boʻyoqlari xuddi bugun surilganday yap-yangi turgan bu ajoyib binolar, ularning tantanavor koʻrinishi va oftobda gʻalati tovlanishi Boburning qalbidagi zafar zavqiga yana zavq qoʻshardi.
Ark joylashgan balandlikka koʻtarilayotganlarida Bobur oʻngu soʻlda koʻringan ayvonli uylar va hovlilarga koʻz tashladi-yu, birdan oʻzining asira qalligʻi Oyisha begimni esladi. Ajab emaski, begim mana shu uylardan birida darcha tirqishidan gʻoliblarga qarab turgan boʻlsa. U bechora endi barcha azob-uqubatlardan qutulib, Samarqand qizlari orasida eng moʻ’tabari boʻlishini, hamma uni «yosh podshohimizning qalligʻi», deb e’zozlashini bilarmikin?
Bobur otini Qosimbekning otiga yaqinlashtirib, past ovoz bilan soʻradi:
— Asirlardan xabar olishga odam tayinlandimi?
Qosimbek bu savolning yashirin ma’nosiga tezda tushunolmadi:
— Amirzodam, qaysi asirlarni aytursiz?
Bobur otasi tengli Qosimbekning oldida qalligʻini tilga olishdan uyalar edi. U allanechuk iymanib qovogʻini solganidan Qosimbek gap nimadaligini fahmladi-yu:— Ha, asiralarmi? — deb, Bobur aytolmagan soʻzni oʻzi aytdi. — Bu ishga Noʻyon Koʻkaldoshni tayin etganmen. Avvalo Sulton Ahmad mirzoning farzandlaridan xabar olinur. Qulingiz aytganmen. Kechqurun Noʻyon sizga axborot berur.Ark ichiga kirdilar. Bu yerdagi eng ulkan va salobatli bino — toʻrt qavatli Koʻksaroy edi. Koʻksaroyda juda koʻp fojialar boʻlgan, talay shahzodalar shu yerda oʻldirilgan. Shuning uchun Samarqandning soʻnggi tojdorlari Koʻksaroyda turmas edilar, faqat mashhur Koʻktosh ustiga chiqib, tantana bilan taxtga oʻtirish marosimini oʻtkazar edilar. Bobur ham arkning oʻng tomonida joylashgan Boʻstonsaroyga tushdi.
Oqshom Boʻstonsaroyda qandillar yondirilganda Bobur oʻtirgan xonai xosga Noʻyon Koʻkaldosh kirib keldi. Zar bilan naqshlangan bu xona juda sovuq edi. Ular ikkovi poʻstinlarini va telpaklarini yechmasdan koʻrpacha ustida oʻtirib gaplasha boshladilar.
Noʻyon Koʻkaldoshning ovozida iliq bir hayajon sezildi. Bobur podshoh boʻlganidan beri ulugʻ beklar atrofini oʻrab olib, Noʻyon Koʻkaldoshday tengdoshlari ancha chetga chiqib qolgan edi. Bugun oralari yana ilgarigiday yaqin boʻlib qolganidan quvongan Noʻyon toʻlqinlanib soʻzlay boshladi:
— Amirzodamning nomlaridan oltin bilaguzuklar, asl matolar, subhoni oʻriklar[41], lavzinalar[42] olib bordik. Ulugʻ xolangiz Mehr Nigor xonim peshvoz chiqdilar.
Bobur oʻz onasini esladi. Mehr Nigor xonim — Qutlugʻ Nigor xonimning tugʻishgan opasi va Sulton Ahmad mirzoning katta xotini edi. Oyisha begimning onasi yoshligida oʻlib ketgan, uni farzandsiz Mehr Nigor xonim tarbiyalab oʻstirgan, hozir ham unga ona oʻrnida gʻamxoʻrlik qilar edi. Shuning uchun Mehr Nigor xonim Boburga ham xola-yu, ham boʻlajak qaynona edi.
— Ozib ketibdilar, — deb davom etdi Noʻyon. — Oshliqdan[43] juda qiynalmishlar. «Qahatchilik boʻlib, pulga oshliq topilmay qoldi», deydilar. «Zogʻora nonga ham zor» boʻldik, deb yigʻlab yubordilar. Oʻtin-choʻplari ham yoʻq ekan. «Sovuqda diydirab oʻltiribmiz» deydilar.
— Boysunqur mirzo shu qadar noinsoflik qilibdirmi, a?
— Mirzoning oʻzi ham oxirgi paytlarda qorni toʻyib taom yemagan boʻlsa kerak, amirzodam. Yetti oy qamalda yotish osonmi? Koʻchalarda ochdan oʻlgan odamlarning oʻliklari yotibdi. Faqiru bechoralar ochdan oʻlmaslik uchun eshak goʻshtini, it goʻshtini yeyishgacha yetib bormishlar. Biz bundan bexabar ekanmiz. Dar-hol qaytib kelib, Qosimbek qavchinga uchradim. Bir arava un, guruch, bir arava oʻtin, oʻnta qoʻy oldik. Ke-yin hammasini yana oʻzim eltib topshirdim. Shunda meni ichkari uyga taklif qildilar.
Noʻyon Koʻkaldosh sirli kulimsirab, bir lahza taraddudlanib turdi. Bobur uning hozir Oyisha begim haqida gapirmoqchi ekanini sezib, sabrsizlandi:
— Soʻzlang, Noʻyon, soʻzlang!
— Tillakori uyda Oyisha begim yuzlariga oq ipak parda yopib qarshimdan chiqdilar. — Noʻyon bir toʻxtab oldi. Oyisha begim uning koʻziga juda kichkina, norasida oʻsmir qizchadek koʻringan edi. U buni Boburga aytishga jur’at etmadi. — Juda nozik koʻrindilar. «Xush kelibsiz», dedilar. Ovozlari shunday mayin, shunday sof.
Bobur Andijondan Oyisha begimni oʻylab kelib, endi koʻrisholmasligi, balki sabrsizlik qilgan kabi qiz tomonni ham ranjitishi unga bedavo bir dard boʻlib tuyuldi.
Noʻyon Koʻkaldosh bu dardga dori topmoqchiga oʻxshab qoʻyniga qoʻl soldi-yu, jajjigina oq ipak xaltacha oldi.
— Oyisha begimning nomidan sizga buni Mehr Nigor xonim berib yubordilar.
Bobur xaltachani qoʻliga olganda ichida hech narsa yoʻqday tuyuldi. Bogʻichini ochib xaltachani kaftiga sekin agʻdargan edi, ikki dona gavhar tushdi. Har biri guruchdan sal kattaroq, ammo xiyla salmogʻi bor. Jilosi nafis va ulugʻvor.
— Sirtiga ham qarang, — dedi Noʻyon.
Nozik munchoqlar bilan bezatilgan xaltachaning sirtiga kashtaga oʻxshatib tikilgan chiroyli ipak yozuvni Bobur endi koʻrdi. «Najotkorimizga» degan birgina soʻz unga butun bir muhabbatnomadek shirin tuyuldi. Oyisha begim bu ipak yozuvni oldindan tika boshlagan boʻlsa kerak. Aks holda, Noʻyon borgan zahoti tikib ulgurmas edi. Demak, u Boburning najot keltirishiga ishongan!
— Amirzodam, qoʻlingizdagi gavharlarning tarixini eshiting, — deb davom etdi Noʻyon. — Bular Sulton Ahmad mirzoning sallalariga qadalgan asl gavharlardan ekan. Uning mungliqlari tilak bildirdilarki, Sulton Ahmad mirzoning shu gavharlari siz bilan birga yana Samarqand taxtiga chiqsinu, sizning aziz boshingizda yuz yil bezavol porlab tursin!
Sulton Ahmad mirzo tilga olinganda Boburning koʻngli bir xira tortdi. Ammo uning qoʻlidagi gavharlar shunday musaffo tovlanar ediki, ularda porlagan goʻzal nur qalligʻining koʻzlaridan nishona berib turganga oʻxshardi.
— Mayli, mungliqlar tilagandek boʻlsin! — dedi Bobur Noʻyonga.
Soʻng sekin qarsak chalib, dastorpechni chaqirtirdi.
Dastorpech bu gavharlarni Boburning tantanali marosimlarda oʻraydigan sallasiga qadab qoʻydi.
Shu oqshom Bobur gʻoyibona mehr qoʻygan qalligʻini koʻrgisi kelib, gʻazal yoza boshladi:
Jamoling vasfini, ey oy, necha eldan eshitgaymen
Ne kun boʻlgʻay visolingga meni dil xasta yetgaymen?

2
Qish chillasi avjida. Izgʻirinli yellar esadi. Qoʻl-oyoqlariga kishan solingan, kiyimlari yirtiq mahbuslar Samarqandning Registon maydonida sovuqdan qaltirab, shahar qozisining hukmini tinglaydilar.
Ishonchli amaldorlarning aniqlashlariga qaraganda, bular Bobur mirzoga xiyonat qilganlar — qamal paytida unga maxfiy odam yuborib, «kechasi kelinglar, darvozani ochib berurmiz», deganlar. Boburning bir dasta botir navkarlari Gʻori Oshiqon oldidan qal’aga oshib oʻtganda, xiyonatchilar ularni dushmanlariga tutib berganlar.
— Biz emas! Tutib berganlar qochib ketmishlar! — yigʻlamsirab qichqirdi mahbuslardan biri.
Ammo uning soʻziga hech kim e’tibor bermadi. Farmoni oliyga binoan jallod ularning qoʻllarini or-qalariga bogʻlab, maxsus chuqur oldiga choʻkkalatib qoʻydi-da, boʻgʻizlariga xanjar tortdi. Qatl etilganlarning issiq qoni maydonning toshlariga sachrab, sovuqda hovur chiqarib bugʻlanar edi.
Kechasi boʻralab yoqqan qor buning hammasini bekitib, borliqni oppoq qilib ketdi. Ertasi kuni tushdan havo yumshab, gumbazlarning qorlari erib tusha boshladi.
Peshin namozidan keyin Bobur mirzo otlanib Samarqand rastalarini aylanishga chiqdi. Yonida eshik ogʻa Qosimbek, Ahmad Tanbal va Xonquli degan yana bir bek orqaroqda navkarlar bilan kelishmoqda. Shaharning qayerida nima borligini yaxshi biladigan sa-marqandlik keksa shoir Javhariy ularga yoʻl koʻrsatib, oldinda boryapti.
Ulugʻbek qurdirgan ulkan gumbazli xonaqodan oʻtganlaridan keyin Javhariy kunchiqish tomondagi koʻchani koʻrsatdi.
— Amir Alisher Samarqandga kelganlarida mana shu koʻchadan koʻp oʻtar edilar. Mazkur koʻchaning oxirida Alisherbekning ustozlari faqih Abdullays istiqomat qilur edi. Uylari hali ham bor.
— Siz Mir Alisherning suhbatlarida boʻlganmisiz? — soʻradi Bobur.
— Ha, yoshimiz Alisherbek bilan teng edi, ammo faqir u zotni ustoz oʻrnida koʻrur edim, mudom ash’orlarimni oʻqib berib, maslahat olur edim. Unutmagan ekanlar, «Majolisun nafois» nomli kitoblarida faqirni ham tilga olmishlar.
Soqollari oppoq, qoshlariga ham oq tushgan Javhariy hozir Boburning havasini keltirdi. Qani u ham Navoiyning nazari tushgan shoirlardan boʻlsa! Ammo Bobur hali mashq she’rlar yozishdan nariga oʻtgan emas, ularni birovga koʻrsatishga uyaladi. Shunday boʻlsa ham katta shoir boʻlish orzusini hech tark etmaydi. Mana shu orzuning ta’sirida bugun Bobur oʻziga yoʻl koʻrsatuvchilikka Samarqandning mashhur beklarini emas, Navoiyni koʻrgan moʻ’tabar shoirni taklif qilgan edi.
Javhariy ularni novvoylar mahallasiga boshladi. Koʻchalar allanechuk huvillagan. Bosilmagan qor otlarning tizzasiga chiqadi. Soya joylarda izgʻirin yuzni yalab oʻtsa ham, oftob tushib turgan paxsa devorlar va tom boʻgʻotlari erigan qordan hoʻl boʻlib borar edi.
Bobur tomlarga qaradi. Birortasi kuralmagan. Tom kurayotgan bironta odam koʻrinmaydi. Novvoylik rastasiga kelsalar, qator doʻkonlarning hammasi yopiq.
Boburning taajjubi ortib, Javhariyga qaradi:
— Mavlono, novvoylar koʻchib ketganmilar?
— Mirzo hazratlari uch oydirki, rastaga non chiqmaydi. Chunki un yoʻq. Qamalda koʻp novvoylar ochdan oʻlib ketdi. Odamlar holdan toygan. Tomga chiqib qor kurashga ham madorlari yoʻq.
Bobur bunga sababchi boʻlgan odamdek oʻngʻaysizlanib Qosimbekka qaradi. Qosimbek esa shoirga kesatibroq gapirdi:
— Novvoylarning tirik qolganlari ham bordir, mavlono?
— Albatta, bor. Lekin yordamga muhtoj. Qani, endi amirzodam buyursalaru novvoylarga un berilsa. Rastalar yana ochilsa, Samarqandning mashhur nonlaridan odamlar toʻyib yesa.
Bobur Javhariyning aytganini qilmoqchi boʻlayotganini sezib, Qosimbek buning oldini olishga intildi:
— Amirzodam, bizda ham oshliq oz qoldi. Qoʻshinga zaxira kerak. Rastalarga hozir un berolmasmiz. Balki keyinroq.
Keksa shoir Boburga umid bilan qarab turibdi. Shu payt uning qora movut chakmonimi, xiyol egik yelkasimi, kalta qirqilgan soqolimi, nimasidir Boburga Navoiyning Behzod chizgan rasmini eslatdi. Bobur mavlononi noumid qilsa, Navoiyning umidini ham oqlolmaydiganday boʻldi. U Qosimbekka buyruq ohangida gapirdi:
— Biz unni rastalarga emas, novvoylarga bermogʻimiz kerak. Ishonchli bir kishi nazorat qilsin, novvoylar non yopib, bizning nomimizdan ochlarga tarqatsinlar. Besh-olti qop un bilan qoʻshin zaxirasiz qolmas. Jizzaxga yuborilgan karvon erta-indin oshliq olib qaytgusi!
— Saxovatingizga ofarin, Mirzo hazratlari! — deb Boburning soʻzlariga faqat Javhariy quvonch bildirdi.
Semiz toʻriq aygʻirning jilovidan tortib turgan Ahmad Tanbal mavlonoga qarab poʻngʻilladi:
— Amirzodam Boysunqurdan qolgan ochlarning qaysi biriga oshliq yetkazsinlar? Biz bularni boqishga keldikmi?
Ahmad Tanbal, «amirzodam» deb, goʻyo Boburga jon kuydirib gapirgan boʻlsa ham, aslida Boburning hozirgi buyrugʻidan noroziligi sezilib turardi.
Ahmad Tanbal Oʻshda Xonzoda begimga odam qoʻyib niyatiga yetolmaganidan beri Boburga qarshi adovati avvalgidan oʻn hissa ortiq bir kuch bilan xuruj qilmoqda edi.
— Janob Ahmadbek, — dedi Bobur. — Biz Samarqandni boqish uchun kelmagan boʻlsak, talash uchun ham kelgan emasmiz!
Tanbal kecha zargarlarni talatganini eslab, koʻzlari bir bejo boʻldi. Ammo oʻzini osoyishta koʻrsatib:
— Soʻzingiz toʻgʻri, Mirzo hazratlari, — dedi. Biroq shuncha jangu jadal bilan olgan shahrimizdan ozgina oʻljador boʻlishga nahotki haqqimiz yoʻq? Axir gʻoliblarning oʻlja olishi ota-bobolarimizdan qolgan rusum-ku!
Tanbalning gapi navkarlar orasida turgan Xonqulibekka juda yoqib tushgani uning kulimsirab bosh irgʻaganidan bilindi. Koʻpchilik navkarlar ham Ahmad Tanbalni haq deb bilar edi. Samarqanddan durust oʻlja ololmagan beklarning barchasi norozi boʻlib yurgani ma’lum edi.
Shu topda Bobur oʻzini ikki oʻt orasida qolganday sezdi. Beklaru navkarlarning koʻngliga qaray desa, bu yoqda raiyyat ocharchilikdan oʻlyapti. Raiyyatni ochlik changalidan qutqazay desa, beklaru navkarlar: «Bular nega bizning nasibamizga sherik boʻladi?» deb dod soladi.
Bobur Qosimbekka umid bilan koʻz tikdi-yu:
— Ocharchilikka faqat Boysunqur mirzo sababchimi?— dedi. — Agar biz shaharni yetti oy qamal qilmasak, bu baxtsizlik boʻlmasligi mumkin edi-ku!
Qosimbek Boburning Tanbal qarshisida yakkalanib qolishini istamadi-yu, munozarani tezroq tugatishga tirishdi:
— Amirzodamning soʻzlari qulingizga sari toj boʻlsin! Ertagayoq novvoylarga un berib, ochlarga non yoptirib tarqatishni men oʻz zimmamga olurmen!
Bobur Qosimbekka minnatdorona koʻz tashlab:
— Gap tamom, — dedi. Soʻng Javhariyga yuzlandi.— Qani endi sahhoflar[44] rastasiga oʻtaylik.
Javhariy ularni qingʻir-qiyshiq bir koʻchaga boshlar ekan, Ahmad Tanbal, qovoq-tumshugʻi osilib, Boburning ketidan ergashdi. Keng bir sahnga chiqdilar. Yopiq turgan sahhoflik doʻkonlari koʻrindi. Ikki doʻkon oraligʻidagi ikki tavaqalik darvoza ichidan avval qandaydir shovqin eshitildi, soʻng oyoq yalang, bosh yalang bir kampir dod solib chiqdi:
— Voy bolamni oʻldirgan xudoning oʻzi oʻlsin! Och qolib shishib oʻlsin!
Kampirning ketidan oʻrta yashar ozgʻin bir erkak yugurib chiqdi-yu, otliqlarni koʻrib, qoʻrqqanidan bir lahza agʻrayib turib qoldi. Kampir hamon bor ovozi bilan baqirib xudoni qargʻardi:
— Xudoning oʻzi qamalda qolib oʻlsin! Iloyo mening bolamday ochdan oʻlsin! Oʻlsin.
Javhariy otini erkak kishi tomonga burib:
— Mulla Qutbiddin, nima boʻldi? — deb soʻradi.
Mulla Qutbiddin endi hushini yigʻib, kampirga qarab chopdi. Ozgʻingina, madorsiz kampirni sudrab hovliga olib kirib ketdi-da, entikib qaytib chiqdi. Qoʻl qovushtirib otliqlar tomonga kelar ekan:
— Afv etgaysizlar, — dedi. — Ogʻamning zaifasi farzand dogʻidan telba boʻlib qoldi. Bechoraning oʻgʻilchasi ochlikdan kunjara yegan ekan, shishib oʻldi.
Ogʻir sukunatda Boburning:
— Yana bu shoʻrliklardan oʻlja olmoqchi boʻlurlar!— degan kinoyali soʻzlari eshitildi-yu, Ahmad Tanbal bilan Xonqulibekka oʻqday tegdi.
Mulla Qutbiddin Samarqandning taniqli sahhoflaridan edi. Mavlono kim kelganini sahhofga sekin aytdi. Mulla Qutbiddin koʻpdan beri ochilmagan doʻkonini shosha-pisha ochdi. Bobur otdan tushib, mavlono bilan birga doʻkonga kirdi. Mulla Qutbiddin bisotida bor eng nodir kitoblarni bir-bir olib, changlarini artib, Boburga koʻrsata boshladi. Qimmatbaho zarhal muqovalar ichida Mahmud Koshgʻariy, Abdurahmon Jomiy. Sharafid-din Ali Yazdiyning Behzod suratlari bilan bezangan «Zafarnomasi». Abdurazzoq Samarqandiy. Ha, mana. Navoiyning «Mezonul avzoni». Bu kitobni Bobur koʻpdan beri soʻroqlab yurgan edi. U oltinga topilmaydigan ajoyib kitoblarning koʻpligini koʻrib, afsonaviy xazinaga kirib qolganday hayajonlanar, nuqul:
— Yana ne bor? Yana? — deb soʻrardi.
Mulla Qutbiddin ham biri-biridan noyob kitoblarni uning oldiga qalashtirib tashladi. Mashhur xattotlar katta pullar evaziga koʻchirgan, har bir varagʻiga nafis bezaklar ishlangan bu qoʻlyozma kitoblarning har biri bir necha ming dinor turishini Boburning yonida turgan Qosimbek ham bilar edi. U Samarqand xazinasi shipshiydam ekanini, Andijondan olib kelingan oltinlar esa koʻpga bormasligini oʻylab qarab turardi. Nihoyat, Bobur ajratib olgan kitoblar oʻndan oshganda, Qosimbek sekin shipshidi:
— Amirzodam, hozir xizonachi yoʻq.
Kitoblardan boshqa narsani unutgan Bobur Qosimbekning shamasini tushunmadi.
— Xizonachini yuborurmiz, — dedi va tanlagan kitoblarini sahhofga koʻrsatdi: — Hammasini hisoblab qoʻying. Kitobdor bilan xizonachi pulini toʻlab olib keturlar.
Mulla Qutbiddin qoʻl qovushtirib:
— Bosh ustiga! — dedi-yu, ammo uning nimanidir aytolmay taraddudlanayotgani Boburga sezildi.
— Ne tilagingiz bor, mullo? Ayting, tortinmang. Kitoblaringiz bebaho!
Bobur bu kitoblar uchun mol-dunyosini ayamaydiganday koʻrindi. Sahhof dadillanib:
— Mirzo hazratlari, — dedi. — Hozir pulga oshliq topilmaydi. Bolalarim, «non» deb yigʻlab, har kuni yurak-bagʻrimizni ezurlar. Agar iloji boʻlsa, ozgina un.
Boburning koʻz oldiga boyagi telba kampir keldi-yu, sahhofning muhtojligini oldinroq sezmagani uchun oʻzidan koyindi. Qosimbekning novvoylik rastasidagi e’tirozlari esiga tushib, unga hech nima demadi. Yana beklarning jinini qoʻzgʻamaslik uchun sahhofga kerakli narsani saroy oshpazidan berib yuborishni koʻngliga tugdi. Sahhofga past tovush bilan:
— Gʻam chekmang, — dedi. — Tilagingiz amalga oshur. Xayr!
Bobur tashqariga chiqdi. Ahmad Tanbal hamon otidan tushmay oʻshshayib turar edi.
Shu kuni shomda kitoblarni olib ketishga kelgan kitobdor va savdarlar sahhofga soʻragan pulini berishdi-yu, uning uyiga bir qop un va bitta semiz qoʻy tushirib ketishdi.
Ertasi kuni novvoylik rastasiga Qosimbekning navkarlari bir arava un olib kelganliklari, qor tagida sovib yotgan tandirlarga oʻt qalanib, issiq non hidi atrofga taral-gani, otliq jarchilar podsho nomidan ochlarga non ulashilishini e’lon qilgani hammaning qulogʻiga borib yetdi. Novvoylik rastasiga kelib, xushboʻy bugʻdoy nonining ta’midan koʻzi charaqlab ochilayotgan ochlar Boburdan nechogʻliq mamnun boʻlsalar, tamagir bek va navkarlar: «Bizning ogʻzimizdan olib, avboshlarga berdi!» — deb, yosh podshohdan shunchalik norozi edilar. Samarqanddagi ochlik va tanqislikdan bezgan bir qism jangchilar Andijonga qaytib ketishga intila boshladilar.

3
Tandirdan uzilgan nonlarni qopga solib chiqib ochlarga ulashayotgan navkarlardan biri — Tohir edi. Avval u ham: «Menga nayza sanchib, onamning oʻlimiga sabab boʻlgan yogʻiylarga xizmat qilgani kelganmi men?!» deb achchiqlandi-yu, lekin uvada kiyingan, boʻyinlari qiltiriqday boʻlib qolgan och oʻsmirlarga, chollarga, ayollarga koʻzi tushganidan keyin hovuri bosildi. Ichkaridan ola qopda issiq non koʻtarib chiqar ekan: «Balki bu ayollarning orasida Robiya ham bordir?— deb oʻylandi. — Yoki Robiyani koʻrgan-bilganlar uchrab qolar?»
Tohirning boshida tulki telpak, egnida pochapoʻstin, soʻnggi oylarda mudom otliq yurib, qadam olishi xiyla oʻzgargan. Uzangiga oʻrganib ketgan oyoqlari yerda avvalgiday ravon odimlay olmaydi. Ammo qoʻllari chavandozcha bir chaqqonlik bilan qopga tez tushib-chiqadi.
Koʻzlari loʻq ochlar Tohirning oʻzini emas, non ulashayotgan qoʻllarini koʻrishadi, xolos. Ularning koʻpi imillab, kichik-kichik qadam tashlab juda sekin harakat qilishadi. Yoʻllarida kichkina ariq yoki doʻnglik uchrab qolsa, oʻtolmay toʻxtab qolishadi. Baquvvatroqlari suyab, koʻmaklashib oʻtkazib qoʻyishadi.
Tohir odamlarning har birini sinchiklab koʻzdan kechiradi. Nahotki ularning orasida Robiyani koʻrgan-bilgan birorta odam boʻlmasa?
Ana, bir ayol toʻn yopinib, yarim oʻgirilib turibdi. Tohir uning yonidagi kampirga qarab:
— Xolalar, oralaringda andijonlik yoki quvalik ayollar bormi? — deb soʻradi.
Kampir tojikcha talaffuz bilan:
— Undoqlar yoʻq, aylanay, — dedi.
Tohir yuzlab marta aytgan soʻzlarini takrorlab:
— Singlimni izlab yuribman, — dedi. — Sulton Ahmad mirzoning askarlari Quvadan olib qochib ketganiga toʻrt yil boʻldi.
— Bechora! — deb qoʻydi kampirning yonidagi ayol.
Nariroqda nonga koʻz tikib turgan bir kishi sabr-sizlanib yoʻtaldi. Tohir non ulashishda davom etar ekan, oʻttiz besh yoshlardagi, siyrak malla moʻylovli novcha bir kishining qarshisida toʻxtadi.
— Siz ilgari navkar boʻlganmisiz?
Yuzi shishinqiragan bu odam xavotirli tovush bilan:
— Ha, — dedi.
— Qachon?
— Koʻp jil boʻldi.
— Andijonga borganmisiz?
— Joʻq. berirogʻidan qaytkanmiz.
Bu odamning talaffuzi oʻshanda Robiyani qopga solib olib ketgan «joʻq»chi yigitlarni eslatdi-yu, Tohirning vujudi qaltirab ketdi. Ehtimol, bu oʻsha bosqinchilarning biridir?
Tohir orqasiga oʻgirilib, novvoyxona tomonda turgan sherigini chaqirdi. Qopning tagida qolgan nonlarni unga berdi-yu, malla moʻylovli kishini bilagidan olib bir chetga boshladi. U odam qoʻrquvdan boʻshashib, kalovlanib, toʻxtab qoldi:
— Ukajon, men bir bechora odamman! Meni qoʻyib jubaring! Nongʻa kelib edim. Nongʻa.
Tohir kalavaning uchini shu odam topib berishi mumkinligini sezib, muloyimroq gapirishga tirishdi.
— Non olasiz. Sizga koʻproq non beramen. Menga rostini ayting. Sulton Ahmad mirzoga navkar boʻlganmisiz?
— Boʻgʻanmen.
— Andijondan beridagi Quvaning koʻprigidan oʻtganmisiz?
— Qaysi koʻprik? Sinib ketib, bizni xarob qilgʻan koʻprikma?
— Xuddi oʻzi! — dedi Tohir gʻazab aralash quvonch bilan. Mana, oʻsha bosqinchi! Tohir unga hozir xanjar ursa bir alamdan chiqar edi. Ammo Robiya nima boʻladi? Buni oʻldirsa, Robiyani kimdan soʻroqlab topadi?
Tohir malla moʻylovli yigitni yoqasidan olib qahr bilan silkitdi:
— Robiya qani? Ayt tezroq!
Ochlikdan darmoni ketib, zoʻrgʻa yurgan yigit Tohirning siltalashidan toʻkilib, parchalanib ketadiganga oʻxshardi. U nafasi ichiga tushib:
— Qa-qaysi Rokiya? — dedi.
— Rokiya emas, Robiya? U qizni Quvadan olib qochib qayoqqa olib bordilaring? Hozir qayerda? Rostini aytmasang, kallangni olamen! Ayt!
— Uka! Ukajon! Men Robiya degan qizni koʻrganim joʻq. Oʻldirsang, mayli, oʻldir, lekin mendan bekorga gumonsirama, oʻshanda men qiz obqochadigan ahvolda emas edim. Tugʻushgan ukam koʻprikdan jigʻilib, suvgʻa ogʻib oʻldi. Qamishlarning orasidan uch kun qidirib oʻligini topolmadim. Balchiq jutib ketgan ekan.
Tohir oʻsha koʻprikni oʻzi buzganini esladi, malla moʻylovli yigitning koʻzlari yoshlanganini koʻrdi-yu, uning yoqasini qoʻyib yubordi.
Robiyani qopga solayotgan «joʻq»chi yigitlardan biri ikkinchisini «Juman» deb atagani Tohirning yodida qolgan edi. U qarshisida koʻzlari moʻltirab turgan odamga tikilib:
— Oting nima? — dedi.
— Otim Mamat.
— Mamatmi yo Jumanmi?
— Uka, ishonmasangiz, mana shu mahallaning odamlarini chaqirib soʻrang. Otim Mamatligini hamma biladi. Oʻzim koʻnchi kosibman.
Tohir oʻzicha oʻylandi: «Agar ukasi Quvada balchiqqa botib oʻlgan boʻlsa, bu ham mening giribonimdan olishga haqqi bor!» Shu oʻy ta’sirida Tohir jahlidan tushdi. Mamatga yana «siz»lab gapira boshladi:
— Jumanni bilarmidingiz?
Mamat peshonasini ushlab, nimanidir eslashga tirishdi:
— Toʻxtang, toʻxtang, Juman maymoq deganimiz boʻlar edi. Sheriklari bilan oʻsha yoqdan ikkita qiz obqochib kelgan, deb eshitib edim.
— Samarqandga olib kelganmi?
— Qizlarnimi? Bunisini bilmadim. Oʻratepaning naryogʻida Oqsuv degan soy bor. Oqsuvga jetganimizda podshomiz oʻlib qoldi. Oʻshanda bir algʻov-dalgʻov boshlandi, mana haligacha bosilmaydi. Navkarlik ham jonimga tegdi, boʻshab ketdim.
— Juman maymoq hozir qayerda?
— Bilmadim-ov. Uch-toʻrt jildan beri koʻrgan emasmen. Battarin jigit edi, oʻlib ketdima yo boshqa podshoning xizmatiga oʻtib ketdima. Podsho ham koʻp-ku. Toshkentda Mahmudxon degani, Turkistonda Shayboniyxon degani, Hisorda yana birovi.
— Bu podsholarning urush-janjallari boshlaridan qolsin! — dedi Tohir kuyunib. — Siz bir kosib boʻlsangiz. Men bir dehqon edim. Kelib-kelib bizday zahmatkashlarni bir-birimizga dushman qilib qoʻygan zamonaning uyi kuysin!
Mamat Tohirning xanjar izi qolgan yuziga endi botinibroq qaradi:
— U qiz kimingiz boʻlar edi, uka? Singlingizmidi?
— Koʻzimning oqu qorasi edi!
Mamat gap nimadaligini fahmlab, Tohirga xiyol hayratlanib tikildi. Soʻng uning armon toʻla koʻzlarini koʻrib, bu yigitga oʻzini allanechuk yaqin sezdi va unga tasalli bergisi keldi:
— Xudo xohlasa, toviladi! Mening tanish-bilishlarim koʻp, uka. Soʻroqlayman. Xotinimga aytaman. Ayollardan surishtiradi.
Mamatning astoydil yordam bermoqchi ekanini sezgan Tohir uni yengidan oldi-yu:
— Bu yoqqa yuring, — dedi. Mamatni novvoyxonaning yoʻlagiga olib kirdida, ichkaridan toʻrtta non olib chiqdi.
— Oling! Siz bu yerga nonga kelgan edingiz.
Mamat nonlarni titroq qoʻllari bilan olib, qoʻyniga tiqdi. Issiq bugʻdoy nonning hidi va taftidan ogʻir-ogʻir nafas olib, ustma-ust yutindi. U har qancha och boʻlsa ham Tohirning oldida darhol non kavshashdan oʻzini tutdi. Faqat nonning hididan mast boʻlganday ezma-lanib gapira boshladi:
— Nonday aziz boʻling, uka. Biz koʻrgan kunlarni hech koʻrmang. Qoʻldan berganga qush toʻymas. Jotib jesang bu non ikki kunga ham jetmaydi. Lekin men shuning kuchi bilan qishlogʻimga jetib olaman. Ana u tovning orqasida ogʻa-inilarim bor. Biz oʻzbekning qoʻyanquloq urugʻidanmiz. Qishlogʻimga jetib borsam, bir-ikki qop gʻalla tovib kelaman. Lekin boʻsh qop tik turmas ekan, uka. Bitta choʻbir otim bor edi, kuzda soʻyib jeb qoʻydik. Piyoda ketay desam, och odam tovda jigʻilib sovuqda qotib oʻlaman, deb qoʻrqdim. Mana en-di qoʻrqmasam boʻladi.
— Men sizni qayerdan topamen? — dedi Tohir unga avvalgi va’dasini eslatib.
— Koʻnchilik guzarida uyim bor. Mamat polvon desangiz, hamma biladi. Bir vaqtlar polvon edik, uka. Mana endi gavdamizni zoʻrgʻa koʻtarib juribmiz.
— Esingizda boʻlsin, qizning oti Robiya.
Mamat polvon bu nomni bir-ikki takrorlab xotirasiga joylagach:
— Agar xabari chiqsa, sizni qayerdan tovaman? — dedi.
— Qosimbekning navkarimen. Otim Tohir.
— Xoʻp, Tohirbek, men sizni qidirib tovamen. Bizning odamlar sizga jamanliq qilgan boʻlsa, siz menga jaxshiliq qildingiz. Bu jaxshiligʻizni albatta qaytaraman. Xayr!
Tohir uning orqasidan qarab qoldi. «Quvada ukasining balchiqqa botib oʻlganiga men sababchi boʻlganimni bilsa nima qilarkin?» deb oʻylandi.
Mamat esa nariroqqa borib shosha-pisha qoʻyniga qoʻl tiqdi-yu, issiq nondan bir burda uzib olib, tez ogʻziga soldi.

4
Andijonlik bek va navkarlar «Samarqandni olsak hamma mushkullarimiz oson boʻladi», deb oʻylagan edilar. Biroq eng katta ishkalliklar Samarqand olingandan keyin boshlandi. Uch ming kishilik qoʻshinning besh-olti ming ot-ulovi bor. Qahraton qishda qamaldan abgor boʻlib chiqqan shaharda na ochlarni toʻydirib boʻladi, na qoʻshinga oziq-ovqat yetkazib boʻladi, na otlarni yem-xashak bilan ta’minlab boʻladi. Shahar darvozalari ochilgan, bu yogʻi Oʻratepagacha, bu yogʻi Qarshigacha barcha tomonlarga tuya karvonlari joʻnatilgan, bozor va rastalarni tiriltirish uchun turli choralar koʻrilayotgan boʻlsa ham poytaxtda hayot hali-beri izga tushadiganga oʻxshamas edi. Samarqand soʻnggi yillarda koʻp marta qoʻldan-qoʻlga oʻtib, dahshatli talon-torojlardan qashshoqlanib qolgan edi.
— Bu mushkulotlar koʻz ochib-yumguncha oʻtib ketgay,— deb, mashvaratlarda Boburning ustozi Xoʻja Abdulla andijonlik beklarni sabr-qanoatga chaqirar edi:— Bahor yaqin, pishiqchilikka yetsak, ogʻir kunlarni koʻrmagandek boʻlib keturmiz. Tanqisliklar oʻtur, ammo bu yogʻi Qarshiyu Shahrisabzgacha, u yogʻi Oʻshu Oʻzgangacha — shunday ulugʻ mamlakat qolur. Tangrim bizga shunday katta kishvarni inoyat qilgani uchun, biz Samarqandday olamshumul dorussaltanaga muyassar boʻlganimiz uchun shukronalar aytmogʻimiz kerak. Bobur mirzoning orzulari shulkim, Movarounnahr yana Ulugʻbek davridagi kabi birlashsa, poytaxt asliga qaytsa, hamma viloyatlar hamjihatu obod boʻlsa. Amirzodamning bu orzulari sizu bizning muqaddas maqsadimizdir. Ilohi omin, parvardigori olam bizni bu maqsadimizga ham yetkazsin!
Bu gaplar Xonqulibek va Ahmad Tanbalga oʻxshagan beklarning gʻashiga tegsa ham, ular mashvaratga toʻplangan boshqa beklar qatori:
— Ilohim omin! — deyishib, yuzlariga fotiha tortadilar. Chetdan qaragan odam buni yakdillik belgisi deb oʻylaydi.
Ammo beklar mashvaratdan yangi bir vazifani zimmalariga olib, uy-uylariga tarqalganlaridan keyin xilvatda ikkita-uchtadan boʻlib olib, gʻiybatga tushib ketishadi:
— Xullasi kalom. Bobur mirzongiz Ulugʻbekdek ulugʻ odam boʻlmoqchi ekanlar-da, Ahmadbek? — soʻraydi Xonqulibek istehzo qilib.
Ular baxmal koʻrpa yopilgan issiq sandalning ikki chetida oʻtirib kechki taomni birga yemoqda edilar. Ahmad Tanbal qazidan bir parra olib, kinoya bilan kuldi:
— Ha, Bobur mirzoingiz ulugʻ odam boʻlishlari uchun yana birgina narsa yetmay turganmish.
— Xoʻsh?
— Bugun mashvaratda aytdilar-ku! Samarqand dehqonlari ocharchilikda urugʻlik donlarini yeb qoʻygan emishlar. Biz Qarshiga karvon yuborib olib kelgan donlarimizni dehqonlarga qarz berur emishmiz.
— Dard ustiga chipqon!
— Iloj qancha, Xonqulibek! Yosh podshohimiz ulugʻ boʻlishlari uchun hammasiga chidaysiz. Yana bu kishim Samarqandga kuyovlar, qalliqlari bor. Domod raiyyatga oʻzlarini yaxshi koʻrsatmoqlari zarur. Bu ham yetmaganday, yosh podshohimiz har haftada shoirlarni toʻplab mushoira oʻtkazmoqdalar.
— Shoir ham boʻlmoqchilar shekilli-da!
— Ha, bizning nasibamizga qayoqdagi shoirlarni ham sherik qilganlari ana shu sababdan! Xazinadagi oltinlarni sovurib, qator-qator qimmatbaho kitoblar olishlari ham ana shundan!
Xonqulibek soqolini gʻijimlab:
— Etak silkib Andijonga ketay desam, ruxsat bermaydir, — dedi. — Tangri haqqi, Boburingizdan toʻydim, Ahmadbek!
Ahmad Tanbal zaharxanda qilib kuldi-da, oʻrnidan turib eshikni zichlab yopdi. Joyiga kelib oʻtirgach:
— Xonqulibek, — deb tovushini pasaytirib gapira boshladi, — beklar boʻmasa, podshohlarning ilkidan hech ish kelmaydir. Navkarning koʻpchiligi bizniki. Jangni biz qildik. Azobni biz tortdik. Endi bunday mute boʻlib, yosh yigitchadan ruxsat soʻrab oʻtirmogʻimiz ne kerak?
— Gapingiz rost! — shivirladi Xonqulibek. — Podsho boʻlsa oʻziga! Ruxsat bermasa bermasin, men baribir keturmen!
— Men ham bu yerda xor boʻlib yurmoqchi emasmen. Omon boʻlsam, podshoh topilur. Axsida Jahongir mirzo bor. Buxoroda Sulton Ali mirzo bor. Bularning urugʻi koʻp. Hammasiga sizu bizdek beklar kerak. Sizga mening maslahatim — Andijonda koʻp turmang. Ilikka tushib qolursiz.
— Axsiga boraymi?
— Ha, Axsida Uzun Hasanga uchrang. Sizni Jahongir mirzoning xizmatiga olur.
— Olurmikin? Balki Jahongir mirzo Boburga qarshi borolmas?
— Sizu bizday beklari koʻpaysa borur! Jahongir mirzo Andijon taxtiga ishqiboz.
. Ikki bek shu kuni gapni bir joyga qoʻydilaru ertasi kuni kechasi Ahmad Tanbalning ishonchli odamlari Feruza darvozasida soqchilik qilayotgan paytda Xonqulibek elliktacha navkari bilan sekin shu darvozadan chiqib qochdi. Oradan bir hafta oʻtgach, Ahmad Tanbalning oʻzi Zominga karvonni kuzatib borish bahonasi bilan navkarlarini ergashtirib ketdi-da, Samarqandga qaytmay, toʻgʻri Axsiga yoʻl oldi. Shundan keyin shahardan tashqariga zarur ish bilan yuborilgan bek va navkarlarning qaytib kelmaslik hollari tobora koʻpaya boshladi. Kechalari qal’a devorlaridan oshib tushib qochayotganlar buning ustiga qoʻshildi. Qishning oxiriga borib, Samarqandga Bobur bilan kelgan bek va navkarlarning yarmi ham qolmadi. Odami juda siyraklashib qolgan Bobur ketganlarni qaytarib kelish uchun eng sodiq beklardan birini Andijonga yubordi. Biroq oradan yigirma kun oʻtgach, bu bekni Ahmad Tanbal va uning tarafdorlari Andijon bilan Axsi oraligʻida tutib olib oʻldirganligi haqida xabar keldi. Fargʻona vodiysida yomon bir fitna boshlanganiga endi shubha yoʻq edi.
Fitnachi beklarning bir qanchasi Xoʻja Abdullaga qoʻl berib, unga murid boʻlganliklari ma’lum edi. Bobur Qosimbek bilan maslahatlashib, oxiri Xoʻja Abdullani Andijonga yubordi. Bobur taxtga oʻtirgan kezlarda Xoʻja Abdullaning gapiga kirgan Uzun Hasan va boshqa fitnachi beklar bu gal uning nasihatlariyu va’dalariga mutlaqo quloq solmadilar. Nihoyat, fitnachilar Andijonga hujum qildilar. Xoʻja Abdulla boshliq sodiq beklar shahar darvozalarini berkitib, qamalda qoldilar.

* * *
Bu mudhish xabar Samarqandga yetib kelganda Bobur qattiq betob boʻlib, Boʻstonsaroyning ikkinchi qavatidagi xobgohda isitmalab yotgan edi. Andijondan kelgan chopar oʻram qilib soʻrgʻichlangan maktubni yasovulga koʻrsatdi-yu, ammo bermadi:
— Hazrati xonim «amirzodaning oʻz iliklariga bering», deb buyurganlar!
Bobur har kuni necha qayta: «Andijondan chopar bormi?» — deb soʻrar edi. Yasovul choparni darhol yuqoriga boshladi.
Xobgoh eshigi oldida ularni Boburning shaxsiy tabibi boʻlgan kichik jussali moʻysafid toʻxtatdi:
— Bu kitobatni avval Qosimbek oʻqimoqlari kerak. Agar xushxabar boʻlsa, keyin amirzodamga berursiz.
— Onalari, buyurganlar, ustodlari Xoʻja Abdulla ham tayinlaganlar, amirzodamning oʻzlari oʻqimoqlari kerak.
— Yomon xabar Mirzo hazratlarini xarob qilishi mumkin! — dedi tabib kuyunib. — Asli oʻzlari tumovlab tuzalish arafasida edilar. Tashvish ustiga iztirob, iztirob ustiga kulfat, hammasi qoʻshildi-yu, muolajani oxiriga yetkazmay turib ketdilar. Mana bugun uzlikib ahvollari ogʻirlashib yotibdilar!
— Andijon xavf ostida. Agar tezroq bildirmasak, keyin kech boʻlur, bizdan norozi boʻlurlar!
— Yoʻq, men hozir ijozat bermaydirmen!
— Janobi tabib.
— Yoʻq, yoʻq!
Bu bahs ichkarida yotgan Boburning qulogʻiga chalindi. U baland tovush bilan:
— Chopar boʻlsa kirsin! — deb buyurgandan keyin, tabib choparga yoʻl berdi.
Bobur katta tanobiy xonaning toʻrida yerdan bir gazcha baland qilib solingan parqu toʻshakda yotgan edi. Chopar toʻshakdan ancha berida yukundi-da, tizzasida sirgʻalib borib, maktubni Boburga ikki qoʻllab uzatdi.
Isitmaning zoʻridan boʻgʻriqib yotgan Bobur yonboshga turib, maktubni titroq qoʻllari bilan ochdi. Ichma-ich ikkita xat. Birida Xoʻja Abdullaning imzosi. Birini Qutlugʻ Nigor xonim yozgan. Ular ikkovi ham Andijonning dahshatli ahvoli, qamal tafsilotlari haqida yozishgan. Boburdan boshqa najotkorlari yoʻqligini aytishib, tezroq yetib kelishini iltijo qilishgan edi.
Andijon qurshovda! Fitnachi beklar Andijon taxtiga Jahongir mirzoni oʻtkazmoqchilar. Ahmad Tanbalni lashkarboshi qilishib, Boburdan ota yurtini tortib ol-moqchilar! Bobur ularni bunchalikka boradi, deb hech oʻylamagan edi. Toʻsatdan uning ustidan bir chelak sovuq suv quyilganday boʻldi-yu, a’zoyi badani muzlab, boʻshashib, boshi yostiqqa «shilq» etib tushdi. Tamom!
Tanbal bilan Jahongir gʻalaba qilsa, ularning tomoniga qochib oʻtuvchilar yana koʻpayadi. Bobur kim bilan qoladi? Balki hozir ham Tanbal tomonga qochib oʻtayotganlar bordir? Balki Qosimbekning oʻzi ham. Kutilmaganda xayoliga kelgan bu oʻydan Bobur shunday dahshatga tushdiki, butun kuchini toʻplab, oʻrnidan sapchib turdi:
— Qosimbek qani.
— Hozir kelurlar, odam yubordik, — dedi tabib muloyim tovush bilan. — Amirzodam, yoting, sizga orom kerak!
Boburning xasta xayolida birdan qilich tutgan Tanbal gavdalandi. Bobur bu qilichni tanidi. Oʻshda Tanbal shu qilichni oʻpib, «to oʻlgunimcha sodiq qulingizman», degan edi. Tanbal oʻsha qilichni hozir goʻyo Boburning boshi ustida oʻynata boshladi. Tanbalning oyogʻi os-tida togʻdan xurjunga solib kelingan kallalar yumalab yotipdi. Ularning biri tanishga oʻxshadi. Qutlugʻ Nigor xonimning boshi. Bobur alahsirab koʻz oldiga keltirgan bu qoʻrqinchli xayol uni goʻyo toʻshakdan otib yubordi. U gilam ustida ichki kiyimda oyoq yalang turganicha:
— Shamshirni bering! — deb qichqirdi. — Menga shamshirni bering!
Tabib uni mahkam quchoqlab oldi:
— Amirzodam, xastasiz, yotmogʻingiz kerak. Amirzodam! — Tabib Boburni goʻyo Tanbalning qilichiga tutib bermoqda edi. Bobur uning quchogʻidan yulqinib chiqib eshikka intildi:
— Ot keltiring! Men Andijonga boramen! Shamshir qani? Beklarga xabar bering! Tezroq tayyorlansinlar!
Tabib uning ketidan yugurdi. Dastorpech Boburning kimxob toʻnini olib borib yelkasiga yopdi, oyogʻiga kavushini berdi. Bobur kavushning bir poyini kiydi-yu, ikkinchisini kiyishga toqati yetmadi. Uning boshi gir-gir aylanar, havo yetishmay, nafasi qisilar edi. Koʻz oldida hamon oʻsha qonli qilich va kesik kallalar.
— Xoin! — dedi u Tanbalga qarata. — Qonxoʻr!
Bobur ayvon eshigiga qarab chopdi. Lekin eshik oldida gandiraklab yiqildi. Tabib bilan dastorpech uni behush ahvolda toʻshakka koʻtarib kelib yotqizishdi.
Soʻng u yarim kechaga borib sal hushiga keldi. Koʻzini ochib, ogʻziga paxtadan suv tomizayotgan tabibni koʻrdi. Nazarida, tili shishib, shunday katta boʻlib ketgan ediki, butun tanasini togʻday bosib yotardi. Bobur koʻzini ochganini sezib, Qosimbek uning tepasiga keldi:
— Xayriyat-e. Amirzodam, bizni muncha qoʻrqitdingiz?
Bobur koʻzlari moʻltirab nimadir demoqchi boʻldi, ammo behad ogʻirlashib ketgan tilini qimirlatolmadi.
— Endi yaxshimisiz, amirzodam?
Bobur jim. Qaraydi-yu, gapirolmaydi. Uning tildan qolganini sezgan Qosimbek koʻzidan tirqirab chiqqan yoshni koʻrsatmaslik uchun yuzini chetga burdi.

Andijon, Xoʻjand – Uvol Boʻlgan Orzular
1
Tun qorongʻisi ustiga osmonni quyuq bulut qopladi-yu, qal’a ichini zulmat bosib ketdi. Andijon koʻchalari tahlikali bir sukutga choʻmgan. Jimjit kechada ark darvozasining gʻiyqillab ochilgani uzoqlarga eshitildi. Darvozaxonadan tushgan xira yorugʻda arkdan chiqib kelayotgan bir toʻp qurolli otliqlar koʻrindi. Oldinda erkakcha toʻn va boʻrk kiygan, beliga kamar bogʻlab, xanjar osgan Xonzoda begim. Uning navkarlari orasida kelayotgan mavlono Fazliddin ham toʻnining ustidan harbiycha kamar bogʻlab, beliga qilich taqib olgan.
Samarqanddan qaytgan chopar Boburning hayot bilan oʻlim orasida behush boʻlib yotganini aytib bergandan keyin qal’a himoyachilarining bir qismi fitnachilar tomonga qochib oʻtib ketdi. Qoʻrgʻon devorlarining har bir gazini qoʻriqlab turishga odam yetishmay qoldi. Qorongʻi tunda dushmanning devorga narvon qoʻyib, oshib tushish xavfi kuchaydi. Oʻn olti yoshida shoʻxlik bilan yigitcha kiyinib, chavgon oʻynab yurgan Xonzoda begim endi chinakamiga qurollanib, hayot-mamotlari qil ustida turgan qal’a himoyachilariga koʻmakka boryapti.
Quyuq qorongʻilikda otlarning taqalari koʻcha toshlariga urilib uchqun chiqaradi. Havodan yomgʻir hidi keladi, mayin shabada esadi. Mavlono Fazliddin bahor kirganini, qal’a ichidagi bogʻchalarda oʻrik va bodom gullaganini esladi va atrofiga sinchiklab qaradi, ammo bironta oqargan narsa koʻziga chalinmadi. Tun butun borliqqa qop-qora parda tortib qoʻygan edi.
Mavlono Fazliddin mana shu shaharda qurmoqchi boʻlgan madrasa va saroy tarhini Xonzoda begimga koʻrsatib, uning maqtovini eshitgan yorugʻ kunlarini esladi-yu, yuragini armon gʻijimlab oʻtdi. Bobur Samarqandni olgani haqida xabar kelgandan keyin mavlono Fazliddin orzusi endi amalga oshishiga astoydil ishongan edi. Xonzoda begim ham uni bir necha marta oʻz huzuriga chaqirib, boʻlajak qurilishlarga qayerdan oʻrin tanlash va tayyorgarlik ishlarini qanday boshlash haqida uzoq-uzoq gaplashgan edi.
Arkdan chiqqan otliqlar qorongʻida tusmol bilan qal’aning Mirzo darvozasi tomonga borar ekanlar, mavlono Fazliddin oldinda xomush ketayotgan Xonzoda begimning oʻsha suhbatlar paytidagi ma’sum va shod qiyofasini eslay boshladi.
Odatda Xonzoda begim uni kanizlari bilan istiqomat qiladigan olti xonalik sirkor uyning tashqi boʻlmasida qabul qilar edi. Begim erkaklar bilan gaplashganda maxsus ishlangan ipak pardaning ortida oʻltiradi. Loyihaning ba’zi joylarini soʻz bilan izohlash mushkul boʻlib qolsa, Xonzoda begim oradagi pardani ochib:
— Qani, gumbaz bilan minoralar orasida nelar boʻlur? — deb soʻraydi.
Ular ikkovi ikki tomondan qogʻoz ustiga engashganlarida goh nafaslari bir-birlarinikiga qoʻshilib ketganday boʻladi. Mavlono Fazliddin Oʻshda, qoyatosh ustida bi-rinchi marta boshdan kechirgan ajoyib tuygʻu yana borligʻini mast qiladi. U ishdan boshqa narsa haqida gap ochishga qoʻrqadi, atroflarida yuradigan kanizlarga hayajonini sezdirmaslikka tirishadi. Qutlugʻ Nigor xonim duch kelib qolsa, egilib ta’zim qilish bilan koʻzini undan yashiradi. Biroq soʻnggi marta uchrashganlarida Xonzoda begimning oʻzi toʻsatdan:
— Mavlono, nechun shu yoshgacha uylanmagansiz?— deb soʻrab qoldi.
Qiz asilzodalarga xos bir nazokat bilan oʻzini erkin tutib kulimsirayotgan boʻlsa ham, koʻzining hayodan yaltillab ketganini mavlono Fazliddin payqadi. Mavlono siri ochilib qolishidan qoʻrqib, hazil bilan qutulmoqchi boʻldi:
— Begim, faqir dunyodan toq oʻtmoqchimen.
— Menga oʻxshabmi?
— Yoʻq, begimning toq oʻtishlariga aqlim bovar qilmaydir.
— Ne sababdan?
— Axir siz. bu dunyoda. ne-ne shahzodalar, asilzodalar bor.
— Boʻlsa bordir. Ammo mavlono oʻzlari bilgan shahzodayu asilzodalarning qaysi biriga. meni munosib koʻrurlar?
— Agar boʻlsa, faqat Farhodni sizga munosib koʻrur edim.
— Nechun faqat Farhodni?
Mavlono javob topolmay taraddudlangan edi, Xonzoda begim yana savol berdi:
— Farhod ham sizdek me’moru binokor boʻlgani uchundir?
— Bunday deyishga faqirning haddim sigʻmaydir.
Mavlono ma’yus boʻlib aytgan bu soʻzlar Xonzoda begimni ham ma’yuslantirib qoʻydi. U ogʻir tin oldi-da:
— Xudoyim meni nega shoh qizi qilib yaratdi ekan?— dedi. — Men ham faqir bir qiz boʻlsam, baxtimni topishim balki osonroq boʻlur edi.
Mavlono Fazliddin begimning bu soʻzlarini har eslaganda koʻngli bir daraja koʻtariladi. Demak, Xonzoda begim uning muhabbat dardini biladi. Biladigina emas, balki oʻz qalbida unga hamdardlik ham sezadi. Shoh qizi bilan oddiy me’mor orasidagi togʻday farqlar begimni ham ezadi. Agar Xonzoda begim unga astoydil koʻngil bersa, mavlono bu toʻsiqlarni yengib oʻtishi mumkin emasmikan? Oʻshda qurgan kichik bir hujrasi uchun Bobur mirzo uni shunchalik e’zozlagan edi. Endi agar bu vodiyda katta obidalar qursa, mavlononing obroʻsi ba’zi asilzodalarnikidan kam boʻlmasligi mumkin. Bobur tanti yigit, opasini yaxshi koʻradi. Balki ularga marhamat koʻrsatar. Bundan qat’i nazar, mavlononing mehriga Xonzoda begimning qarshi emasligi, u bilan uchrashib turishga mayli borligi — mana shuning oʻzi ham mavlononing qalbini haroratli, yorugʻ tuygʻularga toʻldirib yurar edi.
Biroq Andijon qamalda qolgandan keyin mavlononing orzu-umidlarini mana shu tun kabi qorongʻi zulmat oʻz qa’riga tortib ketdi. Barcha loyihalari keraksiz qogʻozga aylandi. Mavlono Fazliddin urushni ham, navkarlikni ham butun vujudi bilan yomon koʻrar edi. Biroq bugun arkka borib Samarqanddan kelgan yomon xabarni eshitdi va Xonzoda begimning qurollanib chiqayotganini koʻrdi-yu, loqayd qarab turolmadi. Bu mushkul vaziyatda titrab-qaltirab, taqdir zarbasini kutib oʻtirgandan koʻra, qurol bilan himoyaga chiqish yaxshiroq ekanini sezib, umrida birinchi marta beliga qilich taqdi. Mana, hozir vahimali qorongʻilikda suv quyganday jimib yotgan shaharni oralab borar ekan, bir necha qadam oldinda Xonzoda begim ham ketayotgani, mavlono uni shu navkarlar qatori himoya qilishi mumkinligi koʻngliga bir qadar taskin berardi.
Ular Mirzo darvozasiga yaqinlashganlarida qal’a tashqarisida birdan karnay va naqora chalingani, yuzlab navkarlarning qichqiriqlari eshitildi. Xonzoda begim orqaga oʻgirilib:
— Yogʻiy darvozani ochmoqchi! — dedi-yu, otining boshini qoʻydi. Boshqalar uning ketidan ot choptirishdi.
Yovning bir qism kuchlari Mirzo darvozasi qarshisida gʻavgʻo koʻtarib, qal’aga yonib turgan oʻqlar otayot-gan paytda boshqa bir guruh navkarlar qal’aning pana tomoniga narvon qoʻyib, sekin chiqib kelmoqda edilar. Devor shinaklaridan birida oʻtirgan qorovul yigit buni sezib qoldi-yu, darvozaxona tepasida mash’ala yorugʻida odamlarga ish buyurib turgan Xoʻja Abdullaga qichqirdi:
— Pirim, yogʻiylar bu yoqda narvon qoʻyib chiqmoqdalar! Narvon!!
Xonzoda begim navkarlari bilan oʻsha qorovul turgan joyga borib otdan tushdi. Navkarlardan biri mash’ala yoqdi. Uning yorugʻida devorga chiqiladigan zinapoya koʻrindi. Mavlono Fazliddin devor tepasidagi xatarga Xonzoda begim hammadan avval roʻbaroʻ boʻlishidan qoʻrqdi-yu, zinapoyaga birinchi boʻlib qadam qoʻydi. Shinakka yetganlarida begimning qoʻlidagi mash’alasini oldi:
— Ehtiyot boʻling, begim, yogʻiyga koʻrinmang!
Devorga tashqaridan qoʻyilgan keng narvonlarning uchlari xiyol chiqib turar edi. Yordamchilar yetib kelganidan dadillangan boyagi qorovul yigit narvonlardan birini ikki qoʻllab itarib, agʻdarib tashlayotgan paytda pastdan zarb bilan otilgan yoy oʻqi uning koʻkragiga qadaldi. Bechora yigitni ushlab qolishga ulgurolmadilar— narvon bilan birga qal’adan tashqariga uchib ketdi.
Shinak atrofiga qirrali toshlar tayyorlab qoʻyilgan edi. Xonzoda begim shu toshlardan birini ikki qoʻllab oldi-yu, pastga otdi. Boshqa navkarlar ham narvon qoʻyilgan joyning pastini moʻl tosh ota boshladi. Pastda eshitilgan dod-voylar va ingrashlarga qaraganda, bu toshlar moʻljalga tegmoqda edi.
Shu payt qal’aning narigi chetida — Xakan darvozasi tomonda qoʻshkarnaylarning gʻat-gʻati, tabl va naqora tovushlari, allakimlarning gʻolibona qichqiriqlari eshitildi. Mavlono Fazliddin shovqin kelayotgan tomonga quloq solib turib qoʻrqib ketdi. Bu galgi gʻavgʻo shahar ichida koʻtarilmoqda edi.
— Begim, quloq soling! Yogʻiy qal’aga kirganmi?
Shahar ichidan bu tomonga yopirilib kelayotgan shovqindan Xonzoda begim ham seskanib ketdi. Pastdan Noʻyon Koʻkaldosh jon-jahdi bilan qichqirdi:
— Begim, xiyonatchilar Xakan darvozasini yogʻiyga ochib bermishlar. Tezroq arkka qayting! Arkka!
Noʻyon ot choptirgancha Mirzo darvozasi tomonga oʻtib ketdi. Xonzoda begim zinapoyadan pastga chopib tushar ekan, mavlono Fazliddin qoʻlidagi mash’ala bilan uning izidan yugurdi. Otga minganlaridan keyin Xonzoda begim:
— Mash’alani tashlang! — deb buyurdi.
Mash’ala mavlononi yov oʻqiga nishon qilib berishi mumkin edi. Mavlono Fazliddin yonib turgan mash’alani yerga tashladi-yu, begim bilan birga arkka qarab ot choptirib ketdi.
Ammo ular arkka yaqinlashganlarida bir necha yuz otliqlar oldilaridan qirqib chiqdilar va darvoza yoʻlini toʻsib qoʻydilar. Qurolli otliqlar orasida mash’ala koʻtargan navkarlar ham bor edi. Mash’ala yorugʻida beliga oltin kamar bogʻlagan, dubulgʻa va jiba kiygan Ahmad Tanbal koʻrindi-yu, mavlono Fazliddinning borligʻi muzlab ketganday boʻldi. Tanbalning qoʻshini Xonzoda begimni va uning navkarlarini darhol qurshovga oldi. Ahmad Tanbal yonidagi navkarga shoʻx tovush bilan gapirdi:
— Mash’alani yaqinroq tut! Ie, Xonzoda begimmilar? Koʻzlarimga ishonmaymen! Begim, bu ne hol? Nechun mardona kiyim kiyibsiz?
— Nomardlar koʻpayib ketgani uchun mardona ki-yindim!
Tanbal bu istehzoni oʻziga olgisi kelmay kuldi:
— Qoʻrgʻonda mardlar qolmagan boʻlsa, mana, biz keldik, begim!
Tanbalning ketida turgan Uzun Hasan bu gapni yoqtirib xaxoladi. Mash’ala yorugʻi beklar orasida ayanchli kulimsirab turgan koʻsanamo Ali Doʻstbekka tushdi. Bobur Andijonni mana shu odamga ishonib topshirib ketgan edi. Ali Doʻstbek esa Boburni oʻlim toʻshagida yotipti, deb eshitib undan umidini uzgan edi. Boya Tanbalning qoʻshini Mirzo darvozasining oldida joʻrttaga gʻavgʻo koʻtargan, devorga narvon qoʻyib chiqmoqchi boʻlganlar ham himoyachilarni ataylab chal-gʻitgan edi. Ahmad Tanbal bilan til biriktirgan Ali Doʻstbek bugun mana shu toʻpolon paytida qal’aning narigi chetidagi Xakan darvozasini yovga sekingina ochib bergan edi. Xonzoda begim buni endi fahmladiyu, Doʻstbek bilan Ahmad Tanbalga nafrati oshib, jirkanib koʻz tashladi:
— Sizlarmi mardlar?! Sizlar uchun mardlik bilan xoinlikning farqi qolmadimi?! Kechagina Bobur mirzoga sodiqmiz, deb qasamyod etganlar bugun unga shunchalar yomonlik qilmoqdasiz! Men aminmen: ertaga siz Jahongir mirzoga ham xiyonat qilursiz!
Ahmad Tanbal qilichining sopini changallab:
— Haddingizdan oshmang, begim! — dedi. — Bobur mirzo adolatsizlik qildi. Samarqand olingandan keyin Andijon Jahongir mirzoga berilmogʻi kerak edi. Bobur mirzo bermadi! Biz adolat uchun jang qilib, mana bugun gʻalabaga erishdik! Ammo siz sharmu hayoni unutib, nechun bizni bunchalik haqorat qilmoqdasiz? Shoh qiziga yarashmaydigan bu qiliqni sizga kim oʻrgatdi? Yoningizdagi mullocha oʻrgatdimi?!
Ahmad Tanbalning gʻazabli koʻzlari mavlono Fazliddinga qadaldi. Mavlono Fazliddin ham uning koʻzlariga koʻzini qadab gapirdi:
— Begim sharmu hayodan sizu bizga saboq berishga qodirlar! Begimning haq soʻzlarini faqat qalloblar haqorat deb tushunurlar!
— Kim qallob? — deb Ahmad Tanbal qilichini sugʻurib, mavlonoga qarab ot choptirdi. Shunda Xonzoda begim otini niqtab uning yoʻlini toʻsib chiqdi:
— Ilmu hunar ahliga tigʻ tortish uyat!
Ikkovining otlari bir-biriga urilib, ayqashib ketdi. Ahmad Tanbal qilichini havoda oʻynatar ekan:
— Begim, bu mullochani ma’shuqalardek himoya qilishlari uyat emasmi? — dedi. — Biz maxfiylardan eshitgan edik, ammo loyiha chizish bahonasi bilan bu mullocha begimni nechogʻlik rom qilganini bilmas ekanmiz!
Koʻpchilik oldida Ahmad Tanbal Xonzoda begimning nomiga dogʻ tushirmoqchi boʻlgani Xonzoda begimni shunchalik gʻazablantirdiki, u belidan xanjarini sugʻurdi:
— Meni badnom qilolmaysen, alamzada xoin! — deb, bor kuchi bilan Tanbalning koʻkragiga tigʻ urdi. Xanjar Ahmad Tanbalning toʻni tagidan kiygan zirhli jibasiga tegdida, jaranglab, sirgʻanib ketdi. Ahmad Tanbal qilichini Xonzoda begimning tepasida sermadi. Qilich zarbidan Xonzoda begimning boshidagi boʻrki uchib ketdi-yu, uzun sochlari yoyilib yelkasiga tushdi.
Shu payt orqadan oʻn toʻrt yoshli Jahongir mirzo bir toʻp mulozimlari bilan kelib qoldi. Buni koʻrgan Doʻstbek Ahmad Tanbalni ogohlantirdi:
— Ahmadbek janoblari, bas, boʻldi!
Xonzoda begim oʻgay boʻlsa ham har qalay, Jahongir mirzoning opasi edi, shoh qizini koʻpchilikning oldida sazoyi qilishga yoʻl qoʻymas edi. Ahmad Tanbal Jahongir mirzo tomonga otini burdi va oʻzini oqlamoqchi boʻlib gapirdi:
— Bu qanday hol, amirzodam? Nahotki egachingiz sizga qarshi qurol koʻtarib chiqsa? Yonlaridagi fitnachi me’mor egachingizni yoʻldan urmish, amirzodam!
— Mavlono Fazliddin sizdek xiyonatchi bekdan ming hissa sofdil, ming hissa olijanob! — dedi Xonzoda begim.— Mavlononing me’morlik san’ati Andijonning iftixori boʻlishi mumkin edi. Ammo sizdek qonxoʻrlar uning orzularini uvol qildingiz! Ilohim shu orzularning uvoli tutsin sizni!
Xonzoda begim soʻnggi soʻzlarini yigʻlab aytdi-yu, otini qamchilab, ark darvozasiga qarab intildi. Biroq darvozani devordek toʻsib turgan navkarlar unga yoʻl bermadilar. Begim yoshli koʻzlar bilan orqaga — mavlono Fazliddinga oʻgirilib qaradi.
Mavlono Fazliddin belini paypaslab, qilichining sopini topdi-da, uni qinidan uquvsizlik bilan sugʻurib olib, Xonzoda begimning yoʻlini toʻsgan navkarlarga qarab in-tildi. Ammo Ahmad Tanbalning otliq navkarlari mavlono Fazliddinning yoʻlini toʻsib chiqdilar. Ikkitasi mavlono mingan otni jilovidan ushlab toʻxtatdi. Biri ogʻir choʻqmor bilan mavlononing bilagiga urib, qilichini qoʻlidan tushirib yubordi.
Bu orada Jahongir mirzoning ishorasi bilan narigi navkarlar Xonzoda begimga yoʻl bergan edilar. Begim yolgʻiz oʻzi ark darvozasidan ot qoʻyib oʻtar ekan, yana orqaga oʻgirilib qaradi. Navkarlar yana devordek boʻlib, darvoza yoʻlini toʻsib olgan edilar. Mavlono Fazliddin yov qoʻlida qolganini sezgan begim oʻkirib yigʻladi.
Uning yigʻisiga faqat darvozaxona shifti boʻgʻiq bir nido bilan javob berdi, xolos.
Tanbalning odamlari mavlono Fazliddinni otdan tortib tushirdilar va qoʻlini orqasiga bogʻlab, piyoda haydab ketdilar.

2
Choʻqmor zarbidan jarohatlangan bilagi qattiq ogʻriyotganini mavlono Fazliddin qorongʻi bir hibsxonada yolgʻiz oʻzi qolganda sezdi. Uni Andijonning Chaqaridagi tosh istehkom ichiga, oʻlim jazosini kutadigan mahbuslar hujrasiga qamab, eshigini tashqaridan qulflab oldilar. Bu bilan ham qanoat qilmay eshik oldiga ikkita soqchi qoʻyib qoʻydilar. Boya ark darvozasi oldida Ahmad Tanbal bilan Jahongir mirzoning oʻzaro gaplaridan mavlono Fazliddin shuni aniq sezdiki, uni shoh qiziga tama qilishda va oliy zotlarga beadabona munosabatda boʻlishda ayblab, ertaga toshboʻron qilib oʻldirtirmoqchilar. Shu bilan Ahmad Tanbal Xonzoda begimni ham badnom qilib, bir alamdan chiqsa kerak. Bobur va uning tarafdorlari xalq orasida yomonotliq boʻlishlaridan Jahongir mirzo va uning onasi Fotima Sulton begim ham manfaatdor edilar, bu bilan ular Andijon taxtini narigilardan tortib olib toʻgʻri ish qilganlarini isbotlaganday boʻlardilar.
Rutubatli zax hujrada qorongʻilikka tikilib oʻtirgan mavlono Fazliddin orqasiga bogʻlangan qoʻllarini beliga bosib, bilagining ogʻrigʻini toʻxtatmoqchi boʻlar, lekin ogʻriq pasayish oʻrniga tobora zoʻrayar edi. Bu hali birgina choʻqmorning zarbi. Ertaga uning ustiga doʻlday yogʻiladigan toshlarning ogʻrigʻi qanchalik dahshatli boʻlarkin? Mavlono buni koʻz oldiga keltirganda eti junjikib, oʻrnidan turib ketdi. Goʻyo u hozir hibsxonada emas, bir-biriga qarab qulayotgan ikki togʻning oraligʻida turibdi-yu, endi har ikki tomondan uchib tushgan qoyatoshlar uni ezib majaqlashi kerak. Mavlono bu balodan qutulmoqchi boʻlganday eshikka tomon intildi. Yelkasini yopiq eshikka urib, jon-jahdi bilan qichqirdi:
— Oching! Oching deyman! Oching!
Kutilmagan bu qichqiriqdan choʻchib tushgan bir soqchi qahr bilan soʻradi:
— Jin urdimi? Ne gap?
— Ilkimni yechinglar! Jonim kerak boʻlsa ertaga olursiz! Ilkim jarohatlangan! Yechib qoʻyinglar!
Soqchilar bu yerda poyloqchi boʻlib oʻtirganlaridan juda asabiy edilar. Chunki hozir boshqa gʻoliblar Bobur tarafdorlarining molu mulklarini talon-toroj qilib boyimoqda edi. Tun yarmidan oqqan boʻlsa ham Andijonning koʻchalari va hovlilaridan otlarning du-puri, itlarning vangillashi, ayollarning dod-voyi, bemahal qoʻzgʻatilgan sigir va qoʻylarning ma’rashi eshitilmoqda edi. Bu yerda qolgan soqchilar qanchalik koʻp oʻljalardan mahrum boʻlayotganlarini mana shu tovushlardan payqab, ich-etlarini yeb oʻtirar edilar. Buning ustiga mahbusning asabiy gaplari qoʻshilib, ularning jahlini chiqardi. Xirillagan ovozga qaraganda yoshi anchaga borib qolgan bir soqchi:
— Ilki jarohatlangan emish-a! — dedi. — Ertaga asfalasofilinga ketadigan haromi, bugun ilkingni oʻylab nima qilasen?
Eshik ortidagi mahbusning nafrat bilan:
— Jallodlar! — degani eshitildi.
Xirilloq soqchi oʻrnidan sapchib turib doʻq qildi:
— Jim yot, oʻlaksa! Hozir kirib, bir jarohatingni oʻnga yetkazamen!
«Qanday kunlarga qoldim? — dedi mavlono oʻziga-oʻzi. — Odamzod shunchalik shafqatsizmi?» Oʻlim shunchalik naqd ekan, bugun mana bu maxluqlardan gap eshitib, ertaga tosh-boʻronda xor boʻlib oʻlgandan koʻra, Tanbal bilan olishib, qoʻlida qilichi bilan jon bergani yaxshi emasmidi? Boya Xonzoda begimning oldida mavlono shunga qodir edi-ku! Nega taqdir uni shundan ham mahrum qildi?
Tashqarida ot taqasining hovli toshlariga urilib qarsillagani eshitildi.
— Kim keldi? Toʻxta!
Hovliga kirib kelgan uch otliqdan biri:
— Xoʻja Abdulla, mavlono qozi yosh podshohning farmoyishi bilan keldilar! — dedi.
Kelganlar birin-ketin otdan tushdilar. Ikki soqchi uzun nayzalarini ularga toʻgʻriladilar:
— Farmoyishni avval oʻnboshiga koʻrsatmoq kerak!— dedi xirilloq soqchi.
Uning tepasida xiragina fonus yonib turar edi. Malla chakman kiygan Xoʻja Abdulla soqchilarning nayzasiga qarab kelar ekan:
— Oʻnboshini topolmadik! — dedi. — Nechun bu yerda sizlardan boshqa hech kim yoʻq?
Yoshroq soqchi alamli tovush bilan:
— Boshqalar oʻljaning ketidan quvib ketgandir-da, — dedi.
Xoʻja Abdulla qoʻlida oʻram qilingan qogʻoz bilan ikki soqchining nayzalari qarshisiga kelib:
— Unday boʻlsa farmoyishni siz bajarmogʻingiz kerak, — dedi. — Oling, oʻqing!
Narigi ikki navkar otlarini devor tagidagi ustunga bogʻlab, oʻzlari Xoʻja Abdullaning ketidan kelmoqda edilar.
— Sizlar oʻsha joyda toʻxtangiz! — dedi xirilloq soqchi. Navkarlar toʻxtashdi. Xirilloq soqchi nayzasini koʻtarib, Xoʻja Abdullaga yoʻl berdi, soʻng uning qoʻlidagi qogʻozni ochib koʻrdi. Qimmatbaho qogʻozdagi qisqagina yozuv tagiga shohona muhr bosilgan edi. Xirilloq soqchi muhrni chiroq yorugʻiga solib koʻrdi, ammo oʻqiyolmadi. U chalasavod edi.
— Qani, sen oʻqi-chi, — deb yoshroq soqchiga berdi. Biroq unisi butunlay savodsiz edi. Qogʻozni qoʻlida aylantirib, Xoʻja Abdullaga qaradi:
— Pirim, bu qanaqa farmoyish?
— Bu yerda yotgan nobakor juda xatarli mahbus. Uni arkka olib ketmogʻimiz kerak.
Orqada turgan navkarlardan biri qoʻshimcha qildi:
— Mavlono qozi arkda u haromini soʻroq qilmoqlari zarur!
Xoʻja Abdulla Andijonning eng mashhur qozisi va juda koʻp moʻ’tabar odamlarning piri ekanini soqchilar ham bilar edilar. Ular Xoʻja Abdullani bir koʻrishdayoq tanigan edilaru, ammo uning Bobur tarafida turib jang qilganini eslab ikkilanar edilar.
— Bu oʻzi Jahongir mirzoning farmoyishlarimi?— soʻradi xirilloq soqchi.
— Shubhalansangiz, oʻqib koʻring!
— Mahkam saqlanglar, deb buyurgan edilar-da, pirim.
— Mahkam saqlaganlaring shumi? Yuzboshi qani? Nechun faqat ikkovlon qolmishsiz? Bu nobakorning tarafdorlari koʻplashib hujum qilsa qandoq qilursiz? Yoʻq, buni tezroq arkka olib ketmoq zarur! Eshikni oching!
Yosh soqchi keksasiga qarab: «Bu qozi ham endi Jahongir mirzo tomoniga oʻtibdi-da, boʻlmasa bunchalik jon kuydirarmidi?» — demoqchi boʻldi. Biroq unisi hamon ikkilanar-di:
— Biz keyin ne deymiz?
— Siz ikkovingiz hozir biz bilan birga ketursiz! — dedi Xoʻja Abdulla. — Buni koʻplashib qoʻriqlab bormasak, oldirib qoʻyishimiz mumkin!
Shundan keyin xirilloq soqchi ham boʻshashdi. Nayzasini devorga tirab qoʻyib, eshikni ochdi. U ichkariga qadam qoʻyishi bilan Xoʻja Abdullaning hamrohlaridan biri yosh soqchining boshiga qora bir narsani yopib, oʻzini yerga agʻanatdi. Ikkinchi navkar xirilloq soqchining boshidagi dubulgʻasiga choʻqmor bilan qarsillatib urib, uni ichkariga qulatdi-da, ustidan bosib tushdi.
Xoʻja Abdulla hamrohlariga shivirladi:
— Oʻldirmanglar, uvollariga qolmaylik!
— Oʻldirmasak keyin bular sizni tutib berurlar!
Mavlono Fazliddin jiyani Tohirning ovozini tanib:
— Jiyanim! Tohirjon! — deb qichqirdi.
Qora parda ichida talvasa qilayotgan yosh yigit esa:
— Pirim, shafqat qiling! — dedi. — Pirim! Sizga zinhor yomonlik qilmaymiz! Qutqaring, pirim!
— Bas! —deb shivirladi Xoʻja Abdulla Tohirga.— Oyoq-qoʻllarini bogʻlasalaring boʻldi!
Mavlono Fazliddin Tohir bilan Xoʻja Abdullaga tomon otildi:
— Ustod. Jiyanim. Najotkorlarim.
Tohir narigilarning qoʻl-oyogʻini bogʻlash bilan ovora edi.
— Mavlono Fazliddin, qanisiz? — dedi Xoʻja Abdulla.
Xoʻja Abdulla mavlononi bagʻriga bosar ekan, uning qoʻli bogʻliq ekanini sezdi-yu, quchogʻidan qoʻymay eshikdan tashqariga olib chiqdi. Fonus yorugʻida belidan xanjarini olib, mavlononing qoʻli bogʻlangan ola chilvirni kesib tashladi.
Tohir sherigi bilan narigi ikki soqchini ichkariga qamab, eshikni qulfladi-da, togʻasining quchogʻiga otildi.
— Jiyanim, xudo seni qaydan yetkazdi?
— Boya Samarqanddan chopar boʻlib keldim!
— Bobur mirzo sogʻmilar?
— Ha, tuzalib qoldilar. Yordamga yetib kelmoqchilar!
— Andijon qoʻldan ketganini bilurlarmi?
— Hali bilmaydilar-da.
Xoʻja Abdulla ularga shipshidi:
— Endi jim!
Tohir togʻasini otiga mingashtirib oldi. Chaqardan sekin chiqib, qal’aning ovloq bir chetiga qarab ketdilar. Gʻoliblar hovlilarda hamon talon-toroj bilan band edilar. Toʻrtovlon uch otda qal’a devorining tagiga keldilar. Endi hamma himoyachilar tarqab ketib, devor atrofi huvillab qolgan edi.
— Mana shu yerda oshib oʻtishga qulay joy bor, — dedi Xoʻja Abdulla.
Hammalari otdan tushdilar. Tohirning sherigi hurjunidan oʻram qilingan arqon oldi. Toʻrtovlon maxsus zinapoyadan devor tepasiga chiqqanlarida Xoʻja Abdulla mavlono Fazliddinga yondashdi:
— Mavlono sizni darvozadan otliq chiqarish xatarli. Tanib qolurlar.
— Minnatdormen, ustod!
Xoʻja Abdulla qoʻynidan bir narsa olib, mavlononing qoʻliga tutqazdi. Bu — ichi oltinga toʻla ogʻirgina charm hamyon edi.
— Buni sizga xonim hazratlari berib yubordilar,— dedi Xoʻja Abdulla.
— Voqeadan xonim hazratlari ham xabar topdilarmi?
— Hazrat xonim yigʻlab mendan iltimos qildilar. Ahmad Tanbal siz orqali begimu xonimlarni sharmisor qilmoqchi ekan. Ammo biz tirik boʻlsak, Bobur mirzoning oilasiga ham, muborak nomiga ham dogʻ tushurmagaymiz!
Mavlono hamyonni olib qoʻyin choʻntagiga solar ekan:
— Men toʻgʻri Bobur mirzoning huzurlariga yoʻl olurmen! — dedi.
— Mavlono, — dedi Xoʻja Abdulla ma’yus tovush bilan. — Biz xonim hazratlari bilan sizga boshqa bir maslahat bermoqchi edik.
Andijonda arab tilini Xoʻja Abdullachilik yaxshi biladigan odam yoʻq edi. Bir vaqtlar mavlono Fazliddin ham shu odamdan arab tilidan saboq olgan edi va shundan beri uni ustod deb atar edi:
— Qanday maslahat boʻlsa bosh ustiga, ustod!
— Samarqandga Tohirbek borurlar.
— Men togʻamni birga olib ketsam-chi? — dedi Tohir.
— Yoʻq, Tohirbek, siz choparsiz. Balki Bobur mirzo Samarqandni tashlab chiqqandirlar. Mavlono, sizning noyob iste’dodingiz bor. Siz oʻzingizni ehtiyot qilmogʻingiz kerak. Movarounnahrdagi bu fatoratlar[45] hali-beri bosilmasa kerak. Mavlono, siz bir vaqtlar Hirotga ketish fikringiz borligini aytgan edingiz. Endi shu fikrni amalga oshiradigan payt keldi.
Hirotga bir marta borib kelgan mavlono Fazliddin notinch oʻlkalardan oylar davomida yurib oʻtiladigan behad mashaqqatli yoʻllarni koʻz oldiga keltirdi-yu, yuragini gʻam bosdi. Jarohatli qoʻlining ogʻrigʻi boya esidan chiqqan ekan, endi bu ogʻriq yangi bir kuch bilan qaytib keldi. Mavlono ogʻriyotgan bilagini changallab:
— Men vatanni qanday tark etay, pirim? — dedi.
— Hozir Alisher Navoiy yashab turgan Xuroson ham bizga vatan emasmi, mavlono?
— Vatan, albatta. Ammo men. balki qaytib kelolmasmen. Kulbamda kitoblarim, loyihalarim qolgan, Tohir jiyan.
— Hoziroq qaytib borib, barchasini yashirtirib qoʻyurmen, xotirjam boʻling, mulla togʻa!
Mavlono Fazliddin Xonzoda begimni endi umrbod koʻrolmasligini oldindan sezayotganday yuragi uvushdi. Xoʻja Abdulla bilan Qutlugʻ Nigor xonim uni Hirotga joʻnatayotganlarining bir sababi, mavlono bilan Xonzoda begim orasidagi nozik munosabat va shunga oid pastu baland gaplar edi.
Mavlono Hirotga ketishi bilan Xonzoda begim atrofida boʻlayotgan gaplar tezroq bosilishi mumkin edi. Mavlono shuni oʻyladi-yu:
— Mayli, ustod, — dedi. — Men Bobur mirzoning nomlarini pok tutish uchun har ishga tayyormen. Ammo bir iltimos: xonim hazratlariga ayting, yolgʻon ovozalarga ishonmasinlar. Xonzoda begim halolu pokizalikda benazirlar!
— Siz ham shundaysiz, mavlono, men bilurmen. Biz bunga ishonmaganimizda, jonimizni garovga qoʻyib, boyagi soqchilarni aldab yurmas edik. Men umrimda shunday ishlar qilurmen, deb hech oʻylamagan edim. Mana, Tohirbek menga dalda berdi. Ammo yogʻiylarning gʻalamisligi ham kishini majbur qilar ekan!
— Sizlar menga yangidan jon ato qildilaringiz, ustod! Endi oʻzingiz ham ehtiyot boʻling! Jiyanim, sen ham.
— Rost, pirim ham Andijondan uzoqroq ketsalar, bexavotir boʻlur edik! — dedi Tohir.
— Hammamiz ketsak, xonimu begimlarga kim madad berur? — dedi Xoʻja Abdulla. — Shoʻrlik mushtiparlar hozir meni kutib oʻtirgan boʻlsalar kerak.
Osmonning sharq tomonidan bir parchasi xiyol oqarib kelmoqda edi. Mavlono Fazliddin shuni koʻrib, arqonni beliga bogʻlay boshladi.
— Nasib boʻlsa hali yana koʻrishurmiz, mulla togʻa!
— Tohir, jiyanim, mening tarhlarim. chizgan suratlarim yoʻqolib ketmasin. Sen harbiy odamsen, asrashing qiyin. Shuning uchun iloji boʻlsa hammasini Xonzoda begimga bergin.
— Bajonidil!
— Men bu iltimosingizni Xonzoda begimga ham yetkazurmen! — dedi Xoʻja Abdulla.
Ular quchoqlashib xayrlashdilar. Soʻng mavlononi beliga bogʻlangan arqon yordamida oʻn bir gazli devordan pastga tushirdilar.
Mavlono tong yorishganda Quvaning yoʻliga chiqib oldi.
Ammo qoʻrgʻon ichida qolgan Xoʻja Abdulla ertasi kuni choshgoh paytida Xakan darvozasining yaqinida turadigan bir muridining hovlisida yashirinib oʻtirganda Ahmad Tanbalning odamlari uni qoʻlga tushirdilar. Chaqarda qoʻli bogʻliq yotgan soqchilar qattiq siquv ostida mavlono Fazliddinni kim ozod qilganini Ahmad Tanbalga aytgan edilar.
Ahmad Tanbal Xoʻja Abdulla tutilgan joyga ot choptirib kelganda koʻchani odam tutib ketgan edi. Qoʻli orqasiga bogʻlangan koʻylakchan Xoʻja Abdulla qurolli navkarlar qurshovida sekin yurib bormoqda edi. Uning oyoqlaridan mador ketgan, rangi oʻchgan. Oq sallasi va koʻylagining oqligi oʻsiq soqolini odatdagidan qoraroq koʻrsatar edi.
Xaloyiq Ahmad Tanbalga yoʻl berib chetlandi. Xoʻja Abdullani haydab borayotganlar toʻxtadilar. Ahmad Tanbal ham otini jilovidan tortib toʻxtatdi:
— Ha, aldamchi pir! — dedi. — Bizga shuncha yogʻiyliklar qilganingiz ozmidi, endi soqchilarni aldab, haromi mullochani ham qochiribsiz!
— Men bir begunoh hunarpeshani adolatsiz oʻlimdan qutqardim, xolos!
— Soqchilarga yolgʻon muhrlar koʻrsatishga uyalmadingizmi, aldamchi pir?!
Oʻnlab koʻzlar Xoʻja Abdullaga tikildi. Agar Xoʻja Abdulla Tanbaldan qoʻrqib, sarosimaga tushsa, oʻzini yoʻqotib qoʻysa, gunohi boʻyniga tushganday koʻrinishi mumkin edi. Shuni oʻylab, Xoʻja Abdulla iloji boricha dadil gapirishga tirishdi:
— Men soqchilarga Bobur mirzoning muhrlarini koʻrsatdim. Chunki Bobur mirzoni Andijonning yagona podshosi deb bilurmen!
— Sen, imonsiz, muridlaringni yana aldamoqdasen! Bobur mirzo Samarqandda vafot etgan. Hozir toju taxt Jahongir mirzoniki!
— Musulmonlar, bu gapga ishonmang! Alhamdulilloh, Bobur mirzo tiriklar! Andijonga yana kelurlar!
— Yolgʻon! Xaloyiq, sizdek muridlarini aldab yurgan, aybini yashirmoq uchun iflos bir haromini bizdan qochirgan bu imonsiz pir toshboʻron qilib oʻldirilishi kerak! Tosh oting bunga! Savobtalab boʻlsangiz tosh oting!
Ahmad Tanbal egar ustidan uloqchilarga oʻxshab pastga engashdi-yu, uzun qoʻli bilan yerdan mushtday bir toshni oldi. Soʻng qaddini tiklab, toshni Xoʻja Abdullaga qarab otdi. Xoʻja Abdullaning keng koʻkragiga «toʻp» etib tekkan tosh oq koʻylakda changli iz qoldirib, yerga yumalab tushdi. Ogʻriqdan Xoʻja Abdullaning koʻzlari yoshlandi, nafasi qaytdi. Navkarlardan ba’zi birlari ham yerga engashib tosh qidirayotganini koʻrgan Xoʻja Abdulla nafasi titrab:
— Musulmonlar! — dedi va hamon jim turgan xaloyiqqa tikildi. Ularning orasida yigirma besh yoshlardagi gardani yoʻgʻon bir yigitni koʻrdi-yu, bir vaqtlar yolgʻon ovoza tarqatishda ayblanib oʻldirilgan mirob Darvesh govni esladi. Bu yigit oʻsha mirobning oʻgʻli edi. Xoʻja Abdulla oʻshanda yosh Boburga bir ogʻiz: «Buni qatl ettirmang!» — desa, ehtimol mirob hali tirik yurar edi. Xoʻja Abdulla oʻshanda Ahmad Tanbalga oʻxshash bek-larning koʻngliga qarab Darvesh govni qutqarib qololmagani endi qalbida armon qoʻzgʻadi. Hozir oʻzi ham oʻsha mirobning ahvoliga tushdi-ku! Nechun oʻshanda loqaydlik qildi? Mirobning oʻgʻli otasining qasdi uchun Xoʻja Abdullaga tosh otsa, balki haqli boʻlar. Lekin begunoh me’morni qutqarib, oʻzi baloga qolayotgan Xoʻja Abdullaga hech kim tosh otmadi.
— Musulmonlar! — kuyunib takrorladi Xoʻja Abdulla. — Men adolat yoʻlida jon berishdan qoʻrqmaymen! Adolat kim tomonda — shuni bir oʻylab koʻringlar. Inini ogʻaga dushman qilganlar kimlar? Yaxshilarga baxilligi kelib, poyiga bolta urayotganlar kimlar? Bu qora kunlarni boshimizga solganlar kimlar?!
— Sen oʻzing! — deb qichqirdi Ahmad Tanbal.
— Men Bobur mirzoga kichikligidan ilm oʻrgatdim, lison oʻrgatdim, men uni odil podshoh boʻlishga undadim, Movarounnahr yana birlashsinu yurt ichki urushlardan qutulsin, dedim. Bobur mirzo mardona ishlar qilib, Samarqand bilan Andijonni birlashtirganda men ezgu orzularimga yetganday suyungan edim. Hayhot, mamlakat yana parchalandi. Yurt vayron boʻldi! Xaloyiq, agar meni oʻldirish bilan mushkulingiz oson boʻlsa, mayli, oʻldiring!
— Toshboʻron qiling! — buyurdi Ahmad Tanbal xaloyiqqa.
Odamlar toʻpining orqarogʻidan yigʻlamsiragan tovush eshitildi:
— Shayxulislom fatvo bermaguncha toshboʻron qilishga haqqimiz yoʻq!
Keksa bir kishi:
— Pirning qargʻishidan qoʻrqamiz! — dedi.
Navkarlar ham qoʻllaridagi toshlarini Xoʻja Abdullaga otishga jur’at etolmay, Ahmad Tanbalga qaradilar. Ahmad Tanbal yuzboshiga buyurdi:
— Unday boʻlsa, qilichingni ol, kallasini kes! Boʻyniga tigʻ ur!
Barzangiday qop-qora oʻrta yashar yuzboshi kumush sopli qilichini qinidan imillabroq sugʻurdi. Xoʻja Abdulla unga tikilib, past tovush bilan dedi:
— Mirbadalbek, hushyor boʻling, mening qonim yetti pushtingizga sachraydi!
Xaloyiq orasidan qoʻrquv aralash nido eshitildi:
— Pirning qoni tutadi hammamizni!
Yuzboshining qoʻlidagi qilichi qaltiray boshladi. U Ahmad Tanbalga qarab yalindi:
— Oʻtinamen, bu ishdan meni ozod qiling!
Ahmad Tanbal unga gʻazab qilib yelkasiga qamchi urdi.
— Seni yuzboshilikdan ozod qilurmen, qoʻrqoq!
Ahmad Tanbal boshqa navkarlariga buyurdi:
— Bu imonsizni darvozaxonaga haydang! Xaloyiq shu yerda qolsin! Kim bizga ergashsa qilich bilan choping! Ayamang!
Navkarlarning bir qismi Xoʻja Abdullani darvozaxonaga haydab ketdi. Qolgan navkarlar xaloyiqning yoʻlini toʻsib, Xoʻja Abdullaning ketidan borgani qoʻymadi.
Oradan yarim soat oʻtgandan keyin Ahmad Tanbal odamlari bilan arkka tomon ot choptirib qaytib ketdi. Shundan soʻng darvozaxonaga borgan odamlar Xoʻja Abdullaning shiftdagi yoʻgʻon toʻsinga osib oʻldirilganini koʻrdilar. Marhumning oq sallasi oyogʻi tagida chuvalib yotardi, boʻyi esa tiriklik paytidagidan xiyla uzaygan edi. Odamlar uni dordan sekin tushirib oldilar. Kafan oʻrniga sallasiga oʻrab, shahidlardek koʻmdilar.

3
Ustma-ust yoqqan bahor yomgʻirlari yoʻllarini balchiq qilib yuborgan. Andijonda yuz bergan dahshatlar xabarini tezroq Samarqandga yetkazish uchun loy sachratib, ot choptirib borayotgan Tohir endi Quvaga yaqinlashdi. Agar Bobur mirzo tuzalgan boʻlsa-yu, Andijonga ishonib, Samarqandni tashlab chiqsa, ahvol hozirgidan battar boʻlishi mumkin. Tohir shuni oʻylab, tagidagi bedovni qistaydi. Ammo ot qanchalik zoʻr va chopqir boʻlmasin, tizzaga chiqadigan loy uning yoʻlini bogʻlaydi, tinkasini quritadi. Chopib kelayotgan ot balchiqqa yiqilib tushadi-yu, qaytib turolmasdan, burnidan qon kelib, jon beradi. Tohir uni yoʻl ustida qoldirib, egar-yuganlarini oladi-yu, Quvadan boshqa ot topadi. Ammo bir kun yurmasdan bu ot ham holdan ketib yiqiladi. Naryoqda Xoʻjand, Jizzax — yana oʻn kunlik yoʻl. Tohir osmonda uchib borayotgan qushlarga havas va armon bilan qaraydi.

* * *
Biroq Tohir qush boʻlib uchganda ham endi Boburni Samarqanddan topolmas edi. Bobur xastalik toʻshagidan turgan zahoti onasi va ustozini qutqarishga shoshilib, Samarqandni allaqachon tashlab chiqqan edi. Unga kelgan axborotlarga binoan, Andijon qamali hali uzoq davom etishi kerak boʻlib, bir yilga yetarli zaxira bor edi. Shunchalik abgorligi bilan Samarqand yetti oylik qamalga chidaganda oʻn ikki ming qoʻyi bor Andijon qoʻrgʻoni Xoʻja Abdulladay dovyurak odam rahbarligida hali besh-olti oy «qilt» etmay turishi shubhasiz tuyulardi. Shu tuygʻu bilan mingga yaqin odamlarning hammasini Samarqanddan olib kelayotgan Bobur Bulungʻur va Xaliliya[46] qishloqlaridan oʻtib, Sangzor daryosiga yaqinlashib qolgan edi.
Ogʻir xastalikdan yaqinda turgan Bobur yana uzlikib qolmasligi uchun uni toʻrt otliq mahofaga oʻtkazganlar, tagiga yumshoq parqular solganlar. Mahofaning eshik va derazalariga osilgan qizgʻish ipak pardalar yoʻlning oʻnqir-choʻnqirlarida alanga tillariday muttasil silkinib oʻynab boradi. Par yostiqqa yonboshlab oʻtirgan Bobur har zamonda bir oʻrnidan qoʻzgʻalib, mahofaning orqa tomonidagi pardani koʻtaradi-yu, uzoqlarga tikilib qaraydi.
Uning qoʻshinidan besh-olti chaqirim orqada yana bir mahofa kelmoqda edi. Bir talay otliqlar qoʻriqlab borayotgan bu koʻrkam mahofada Boburning xolasi Mehr Nigor xonim va qalligʻi Oyisha begim safar qilmoqdalar. Bobur Samarqandni tashlab ketmoqchi ekanidan Buxorodagi Sulton Ali mirzo allaqachon xabar topgan va poytaxtni darhol egallash uchun Shahrisabzga kelib shaylanib turar edi. Bobur oʻz raqibi Sulton Ali mirzodan yaxshilik kutmas va qalligʻini uning qoʻli ostida qoldirgisi kelmas edi. Bir vaqtlar Boysunqur mirzodan qattiq jabr koʻrgan Mehr Nigor xonim va Oyisha begimlar ham endigi xavf-xatarlardan tezroq qutulgilari kelar edi. Hozir ular uchun eng bexatar joy — Toshkent edi. Toshkent xoni Mahmudxon — Mehr Nigor xonimning akasi, Oyisha begimning opasi Roziya Sulton begim ham Toshkentga, Mahmudxonga tushgan. Toshkent yoʻli Jizzaxgacha Andijon yoʻli bilan bir. Mana shu sabablarga koʻra Bobur xolasi va qalligʻini butun odamlariyu koʻch-koʻronlari bilan birga qoʻriqlab olib ketmoqda edi. Faqat urf-odatni buzmaslik uchun kuyov bilan qalliq orasida besh-olti chaqirimlik masofa qoldirib, ikki toʻp boʻlib bormoqda edilar. Kechqurun Sangzordan oʻtib, koʻm-koʻk adirlarda tunash uchun toʻxtaganlarida ham oʻsha masofani saqlab, ikki joyga chodir va oʻtov tikdilar.
Yonbagʻirlarda lolalar ochilgan. Havo nihoyatda yoqimli. Bobur mayin koʻkat ustiga qadam qoʻyganda oʻzini xiyla yengil sezdi.
Samarqanddan chiqayotganda vujudini zilday bosib yotgan gʻam-gʻussalar endi asta-sekin tarqab ketayotganday tuyuldi. Poytaxtni shuncha mashaqqatlar bilan olib, oxiri oʻz ixtiyori bilan boshqaga qoldirib ketishi unga soʻnggi yillarda qilgan barcha harakatlarini behuda koʻrsatib, ta’bini tirriq qilgan edi. Hozir mana bu koʻklam adirlarda yayrab nafas olar ekan, u onasi va ustozini qutqarish niyatida ketayotganini, bunda bir olijanoblik borligini, qalligʻini asoratdan qoʻriqlab olib borayotgani ham mardlikdan ekanini oʻyladi-yu, koʻngli bir qadar taskin topdi.
Temur darvozasi deb atalgan ulugʻvor tangidan oʻtganlaridan keyin Bobur mahofaning eshigini ochib, miroxoʻr[47]ni chaqirtirdi.
Miroxoʻr mahofaga jips kelganda:
— B-b-boʻz o-o-otimni kel-t-t-tiring, — deb buyurdi.
U sogʻayib ketganday koʻrinsa ham, ammo hali tilida oʻsha ogʻir xastalikning asorati bor edi. Uning duduqlanib gapirishidan xavotirlangan Qosimbek:
— Amirzodam, ot nechuk kerak? — dedi. — Minmoqchilarmi?
Bobur yana tili tutilishi mumkinligini sezib, tasdiq ma’nosida soʻzsiz bosh irgʻadi-yu, miroxoʻrga: «Aytganimni qiling!» degandek qaradi.
Mahofa yurib bormoqda edi. Miroxoʻr:
— Bosh ustiga! — deb otga ketdi.
Qosimbek orqaroqda kelayotgan tabibni chaqirtirdi. Kalta oq soqolli oʻsha jikkak tabib mahofaga yondashib, Boburdan hali yana uch-toʻrt kun ot minmaslikni iltimos qildi. Ammo Bobur oʻzini yaxshi his qilmoqda edi:
— B-bir-pas otl-liq yuray!
— Tilingizdan kalolat ketmaguncha sabr qiling, amirzodam!
Egar-jabduqlaridagi oltin bezaklari quyosh nurida yalt-yalt qilayotgan boʻz otni jilovdor yetaklab keldi.
Qosimbek unga:
— Qayt! — dedi-yu, Boburga mahofada tinchgina ketaverishni maslahat berdi.
U bilan tabib Boburning yana uzlikib qolishidan astoydil qoʻrqmoqda edilar. Ammo Bobur otni orqaga yetaklab ketayotgan jilovdorga kulib qaradi-yu:
— Yoʻ-yoʻq, otni k-kell-tiring! — dedi.
Soʻng Qosimbekka ham kulimsirab gapirdi:
— X-xa-vo-otir olm-mangiz!
Jilovdor otni yana mahofa oldiga yetaklab keldi. Mahofa toʻxtadi. Bobur uning zinasiga oyoq qoʻyib, boʻz otning egaridan oldi-yu, bir sakrab otga mindi. Jilovdor bundan zavqi kelib jilmaydi va jilovning uchini Boburning qoʻliga tutqazdi.
Qosimbek Boburni ortdan sinchiklab kuzatib boradi, agar uning behol boʻlgani sezilsa, darhol yordamga yetmoqchi boʻladi.
Ammo Jizzaxga yetib bordilar hamki, ot ustidagi Boburning behol boʻlgani sezilmadi.
Kichikligidan ot minib suyagi qotgan chavandoz soʻnggi kunlarda suvorilikni juda sogʻingan edi. Mahofaning yumshoq parqullari unga xastalik toʻshagini eslatardi. Tagidagi boʻz otning shoʻx qadam olishi va sogʻlom bir qudrat bilan oʻynoqlashi esa Boburning a’zolarida anchadan beri mudrab yotgan yoshlik kuchlarini uygʻotganday boʻlardi. U otliq yurgan sari badani yayrab, bahri-dili ochilib borardi.
Jizzaxdan naridagi koʻkalam adirlarga oʻtib tunash uchun toʻxtadilar va ikki joyga chodir tikdilar. Boburning bugun otliq yurgani va oʻzini juda sogʻlom sezayotgani haqidagi xabar xolasi bilan qalligʻiga ham yetib borgan edi.
Mehr Nigor xonimning kuyovga xola, ayni choqda, qizga ona ekani sovgʻa-salom yuborish va bordi-keldi qilish uchun qulay edi. Namozshom paytida Mehr Nigor xonimning eshik ogʻasi Bobur mirzoga sovgʻa olib keldi: chiroyli zarbof toʻn, oltin kamar, kumush dastali qimmatbaho qamchi. Toʻn — Boburning tuzalish shodiyonasi. Kamar — «kuyovning beli yana ham baquvvat boʻlsin», degan tilakni bildiradi. Qamchi — bugun Bobur otliq yurgani tufaylimikin? Yoki «Podshoh otini qamchilab, tezroq Andijonga yetsinu yogʻiylarni savalasin!» degan ma’nosi ham bormikin? Nima boʻlganda ham Bobur bu sovgʻalardan juda ta’sirlanib ketdi.
Ertaga ular xayrlashishlari kerak. Toshkent yoʻli shimolga burilib ketadi. Bobur tomonidan ham sovgʻa yuborilishi lozim. Biroq ayollarga yoqadigan qimmatbaho matolaru taqinchoqlarni ular qayerdan topishadi? Hammalari erkaklar. Qoʻngan joylari ham choʻl. Qosimbek shuni Boburga aytib:
— Kumush laganlarda oltin pul yubora qolsakmikin?— dedi.
Bobur esa shu lagan va oltinlarni bugun boʻsh qolgan mahofaga solib yuborishni taklif qildi.
— Mahofa ham sovgʻa boʻlsinmi? Balki ertaga oʻzingiz mahofada yurursiz, amirzodam?
— Xu-xudo xohl-lasa, yur-masmen. 3-zaifalar yurs-sinlar.
Soʻnggi gapni Bobur buyruq ohangida aytdi, shuning uchun Qosimbek boshqa e’tiroz qilolmadi.
Ertasi kuni ertalab ikki muhtasham mahofa koʻch ortilgan tuyalaru aravalari bilan birga shimol tomonga burilib, Mirzachoʻl orqali Toshkentga yoʻl oldi.
Bobur oʻz qoʻshinidan yuz kishini qoʻriqchilikka ajratgan edi ular ham mahofalar bilan birga uzoqlashib keta boshladilar.
Andijon yoʻlidan chetroqda katta bir qorovultepa koʻrindi. Bobur yolgʻiz oʻzi shu tepaning ustiga ot qoʻyib chiqdi-da, egardan tushdi. Otining jilovidan tutganicha cheksiz choʻlda tobora kichrayib borayotgan mahofalarga ancha vaqt tikilib turdi. Goʻyo u shu turishda qalligʻi bilan xayrlashdi, unga oʻz ehtiromini bildirib, oq yoʻl tilagan boʻldi.
Bobur yuz kun Samarqandda turib Oyisha begim bilan biror marta yuzma-yuz koʻrishgan emas. Bunga urf-odat ham yoʻl bermadi, yoshlik hayosi ham monelik qildi. Koʻksaroyda yoza boshlagan gʻazalining «Ne kun boʻlgʻay visolingga meni dil xasta yetgaymen» degan satri esiga tushdi. Soʻng ot ustida kun boʻyi yoʻl yurib borayotib xayolan oʻsha gʻazalini davom ettirdi:
Muyassar boʻlmasa boshimni qoʻymoqlik oyogʻiga,
Boshimni olib, ey Bobur, oyoq yetguncha ketgaymen.
Kechqurun tunash uchun Qoʻshtegirmon degan joyda toʻxtaganlarida Bobur bu satrlarni qogʻozga yozib qoʻydi. Gʻazal — shu satrlar bilan tugallanishi kerak. Lekin oʻrtada yana uch-toʻrtta bayt boʻlishi kerak. Ularni keyinchalik, xotirjamroq paytda topmoqchi boʻldi.

* * *
Andijonda boʻlgan voqealar dahshati Tohir qiyofasiga kirib Boburga tobora yaqinlashib kelmoqda edi.
Bobur odamlari bilan Novdan oʻtganda Tohir Qoʻqondan oʻtib, Xodarvish choʻliga kirdi. Bobur choʻllarda olti marta tunab, yettinchi kuni kechki payt Xoʻjandga yetganda qora oti loyga belangan, oʻzi tanib boʻlmas darajada qorayib, ozib ketgan Tohir uning qarshisidan chiqdi.
Bobur hamma bek va navkarlari bilan kelayotganini koʻrgan Tohir otdan oʻzini yerga tashlab, dod solib yigʻlab gapirdi:
— Nechun Samarqandni tashlab keldingiz, amirzodam?!
Bobur Andijon qoʻldan ketganini eshitdi-yu, nazarida, butun borliq zilzila ichida qoldi, yeru koʻk chayqalib silkinib ketdi. Chapda yaltirab koʻringan Sirdaryo qirgʻoqlaridan toshib chiqa boshlaganday tuyuldi.
Daryodan narida Xoʻjand togʻlari. Bu yerdan Andijon naqadar uzoq! Samarqand naqadar uzoq! Oʻgay taqdir Boburni bu yerga goʻyo aldab olib kelganu birvarakayiga Samarqanddan ham, Andijondan ham mahrum qilgan! Endi uning ora yoʻlda muallaq boʻlib qolganini Andijondagi Ahmad Tanbal ham, Samarqanddagi Sulton Ali mirzo ham, Turkistondagi Shayboniyxon ham goʻyo uzoqdan koʻrib turar edilaru «Boladay aldanibdi!» deb qah-qah urib kular edilar. Ularning kulgilari atrofdagi togʻlardan aks sado boʻlib qaytayotganday tuyular edi.
Tohir Ali Doʻstbekning xiyonat qilib, darvozani kechasi ochib berganini, Xoʻja Abdulla esa Boburga sadoqati tufayli shu darvozaxonaga osib oʻldirilganini aytganda Bobur ortiq bardosh qilolmay otiga qamchi bosdi. Qayoqqa ketayotganini oʻzi ham bilmas edi. Chanqagan ot uni daryoning jar boʻlib yotgan baland qirgʻogʻiga olib keldi. Birdan Bobur Axsida jar qulashidan halok boʻlgan otasini esladi. Nazarida u turgan zamin ham hozir qulab tushmoqda edi. Bobur otini orqaga burdi. Lekin orqadagi pastu baland yerlar ham jahannam qa’riga qulab tushayotganday lopillab koʻrindi.
Bobur otining boʻynidan quchoqladi-yu, yelkalari silkina-silkina yigʻlab yubordi.
Qosimbek bilan tabib chol uning yoniga keldilar. Qosimbek qaygʻu toʻla tovush bilan yigʻlamsirab gapirdi:
— Amirzodam, hammamiz ham xonavayron boʻldik. Mening molu mulkimni talatibdilar. Oʻgʻlim ogʻir yarador emish.
Bobur boshini koʻtardi. Koʻz yoshidan yuzi nam. Tabib uning yelkasini siladi.
— Amirzodam, shukur, onangiz, egachingiz salomat ekanlar. Koʻp kuyunmang, boshingiz omon boʻlsa, davlat topilur. Oʻzingizni ehtiyot qiling, yana xastalanib qolmang!
Bobur darvozaxonaga osilgan ustozini esladi-yu, koʻziga yana yosh quyilib keldi:
— Pirim, meni kimlarga tashlab ketdingiz? Shunday odamni osib oʻldirsalar?! Men ustozim uchun qasos olmogʻim kerak! Qasos!
Tohir Ali Doʻstbekning xiyonat qilib, darvozani kechasi ochib berganini, Xoʻja Abdulla esa Boburga sadoqati tufayli shu darvozaxonaga osib oʻldirilganini aytganda Bobur ortiq bardosh qilolmay otiga qamchi bosdi. Qayoqqa ketayotganini oʻzi ham bilmas edi. Chanqagan ot uni daryoning jar boʻlib yotgan baland qirgʻogʻiga olib keldi. Birdan Bobur Axsida jar qulashidan halok boʻlgan otasini esladi. Nazarida u turgan zamin ham hozir qulab tushmoqda edi. Bobur otini orqaga burdi. Lekin orqadagi pastu baland yerlar ham jahannam qa’riga qulab tushayotganday lopillab koʻrindi.
Bobur otining boʻynidan quchoqladi-yu, yelkalari silkina-silkina yigʻlab yubordi.
Qosimbek bilan tabib chol uning yoniga keldilar. Qosimbek qaygʻu toʻla tovush bilan yigʻlamsirab gapirdi:
— Amirzodam, hammamiz ham xonavayron boʻldik. Mening molu mulkimni talatibdilar. Oʻgʻlim ogʻir yarador emish.
Bobur boshini koʻtardi. Koʻz yoshidan yuzi nam. Tabib uning yelkasini siladi.
— Amirzodam, shukur, onangiz, egachingiz salomat ekanlar. Koʻp kuyunmang, boshingiz omon boʻlsa, davlat topilur. Oʻzingizni ehtiyot qiling, yana xastalanib qolmang!
Bobur darvozaxonaga osilgan ustozini esladi-yu, koʻziga yana yosh quyilib keldi:
— Pirim, meni kimlarga tashlab ketdingiz? Shunday odamni osib oʻldirsalar?! Men ustozim uchun qasos olmogʻim kerak! Qasos!
Oʻrtanib gapirayotgan Boburning tili tutilmayotganidan tabib chol hayratga tushib, unga tikilib qoldi.
— Oxirgi nafasim qolguncha olishurmen!
Boburning yuzi qahru gʻazabdan bir oqarib, bir qizarib ketayotgan boʻlsa ham soʻzlari ravon edi. Samarqandda Boburni tildan qoldirgan kasallik — Gʻoyat kuchli bir ruhiy larzaning oqibati edi. Endi undan ham kuchliroq ruhiy larza Boburning tilida qolgan duduqlikni birdan yoʻq qilib yubordi. Dushmanlariga qarshi cheksiz bir nafrat va gʻazab unga kuch-quvvat bermoqda edi.
— Xoinlar jazosini olur! Chekinish yoʻq! Odamlarni toʻplang! Hammaga ayting! Andijonga borurmiz!
Bobur otini keskin burdi-yu, parishon boʻlib tarqayotgan odamlarga qarab ketdi.

Xoʻjand, MargʻIlon, Andijon – Amir Temur Saboqlari
1
Bobur mingan yoldor saman ot egasining iztiroblarini sezganday yugan suvligʻini asabiy chaynaydi, jilovni tortib, oldinga uchmoqchi boʻladi. Qosimbekning toʻriq qashqasi saman bilan yonma-yon yoʻrgʻalab boradi. Yoʻl Sirdaryoning baland qirgʻogʻidan kunchiqish tomonga qarab ketadi. Bobur tezroq Andijonga borib, ota yurtini Ahmad Tanbal istilosidan xalos qilishga oshiqadi. Qosimbek uni Xoʻjandda toʻxtab, kuch yigʻishga, vaziyat yetilishini kutishga undaydi.
— Amirzodam, Samarqanddan bemavrid yoʻlga chiqqan ekanmiz. Andijon choparini kutsak boʻlarkan. Endi shoshilmaylik!
— Ustozim Xoʻja Abdullani osib oʻldirgan Tanbal onam bilan egachimni sogʻ qoʻygaymi? Ularni kim qutqargay?
— Parvardigor oʻzi qutqaribdir. Hazrat onangiz bilan egachingiz Andijondan Qoʻqonga kelibdirlar.
— Kim aytdi?
— Tohir ularni Qoʻqondan berida yoʻlda koʻribdir. Bir kecha Konibodomda tunab, keyin Xoʻjandga borurmiz deyishibdir.
— Qoʻqon hali bizga tobe’mi?
— Ha, shukur. Xoʻjand ham sizga xayrixoh!
Bu xabarlar Boburga xiyol taskin berganday boʻldi. Qosimbek soʻzida davom etdi:
— Onayizor sizni behad sogʻingandirlar. Mulozimlar bilan peshvoz chiqib kutib olsangiz qanchalik shod boʻlgʻaylar. Ungacha men Xoʻjand dorugʻasi bilan soʻzlashib, sizlarga joy hozirlagaymen.
Boburning oʻzi ham oʻn oydan beri koʻrishmagan onasi va egachisining iliq mehrlariga juda tashna edi. Qosimbekning soʻnggi taklifi ma’qul tushib, mulozimlari va ikki yuztacha qoʻriqchi navkarlari bilan Xoʻjanddan Konibodom yoʻliga chiqdi.
Qayroqqumdan berida tuya va xachirlarga koʻch ortgan karvon koʻrindi. Karvon ortida sandiqlar yuklangan katta gʻildiraklik qoʻqon aravalar ham kelmoqda. Ularning hammasini toʻrt-besh yuz kishilik otliq navkarlar uch tomondan qoʻriqlab yoʻl yurmoqda. Xon qizi boʻlgan Qutlugʻ Nigor xonimning besh yuzdan ortiq xos navkari borligi Boburning yodiga tushdi.
Oldingi qatordagi qoʻriqchilar orasida boʻz ot minib kelayotgan Qutlugʻ Nigor xonim Boburni sallasiga qadalgan tojdorlik belgisidan tanib otini oʻgʻli tomon yeldirdi.
Ona-bola va egachi-ini otlaridan tushib, quchoqlashib koʻrishar ekanlar, goh xonumondan ayrilish alamlarini, goh diydor koʻrishish quvonchlarini ichlariga sigʻdirolmay, koʻzlariga dam-badam yosh olishar edi.
Yana otlanib Xoʻjandga yetgunlaricha koʻrgan-kechirganlarini bir-birlariga soʻzlab berishdi.
— Tanbal asoratidan qanday qutuldilaringiz? — soʻradi Bobur onasidan.
— Mana shu qoʻriqchi navkarlarim Tanbalni biz turgan joyga yaqin keltirmadi. «Men Yunusxonning qizimen, inim Mahmudxon Toshkent tojdoridir, agar Ahmadbek bizga ziyon yetkizsa, xonlar oldida javob berur!» deb, orada turgan odamlariga aytdim. Har qalay, gapim ta’sir qilibdi, beshikast chiqib keldik.
— Afsus, men bundan bexabar qoldim! Chopar kechikdi!
— Biz ham shunisiga kuyinurmiz, Boburjon! Siz bizni deb Samarqandni jangsiz topshiribsiz!
Shu tarzda dardlashib, Xoʻjandga yetib keldilar. Shahar dorugʻasi nufuzli a’yonlari bilan qoʻrgʻon darvozasidan chiqib, Bobur va uning onasini ehtirom bilan kutib oldilar. Bu qadimiy shahar xalqi Chingizxon bilan mardona olishgan Temur Malik davridan beri moʻngʻul bosqinchilaridan koʻp jabr koʻrgan. Hozir ham Toshkentda hukmron boʻlib olgan chingiziylar Xoʻjandga xavf solib turardi. Buning ustiga Andijon ham Ahmad Tanbalday zolimlarning qoʻliga oʻtgan paytda xoʻjandliklar Bobur kabi temuriy shahzodalar himoyasiga ehtiyoj sezardi. Shuning uchun shahar dorugʻasi Boburni oliy darajada e’zozlab, Sirdaryo sohilidagi ulkan bogʻini ikki oshiyonlik qasri bilan uning ixtiyoriga berdi.
Qosimbek Boburga, uning onasi va egachisiga ikkinchi oshiyondagi eng yaxshi xonalarni tayyorlatib qoʻydi. Oʻzi beku mulozimlar va qoʻriqchi yigitlar bilan birinchi qavatni egalladi.
Hammalari narsalarini joylashtirib tinchiganlaridan soʻng, ikkinchi oshiyondagi katta tanobiy uyda Bobur onasi va egachisi bilan yakkama-yakka qolib, boshqalar oldida aytilmaydigan dardu alamlarini toʻkib soldilar.
— Tole’ bizdan yuz oʻgirdi! — dedi Bobur «uh» tortib, — Tanbalning oʻn ming qoʻshini bor emish, rostmi?
— Rost! Nobakorlar sizni «Samarqandda vafot etdi», deb ovoza tarqatdilar, — dedi Qutlugʻ Nigor xonim. — Behush yotganingizni koʻrib kelgan choparni guvoh qilib koʻrsatib, koʻp odamni bunga ishontirdilar. Shundan soʻng tarafdorlaringiz ma’yus boʻlib, Tanbal bilan Jahongirga boʻyin egdilar.
— Qosimbek ham xato qilganki, meni behush ahvolda koʻrgan navkarni Samarqandda toʻxtatib turmagan. Buni sir tutmoq kerak edi! Hozir bizning bir yarim mingga yetar-etmas navkarimiz qoldi. Ularning ham koʻpi vodiydagi uylariga, ahli oilasiga talpinur, Xoʻjandda koʻp turolmay tarqab ketgay. Men endi qaysi kuch bilan Tanbalga qarshi boray? Bu ne koʻrgulikki, birvarakay ham Samarqanddan, ham Andijondan mahrum boʻldik! Ikki mulk orasida muallaq qoldik! Najot yoʻq! Atrofimiz zimziyo qorongʻilik! Boshi berk koʻcha!!
Bobur jigarbandlariga dil yorib soʻzlar ekan, ilojsizlikdan koʻngli ezilib, ruhi qiynalar, koʻzlariga yosh quyulib kelardi.
Yaqindagina ogʻir xastalikdan turgan oʻn olti yoshlik oʻgʻlining bunchalik ezilib qiynalishlari Qutlugʻ Nigor xonimni iztirobga soldi.
— Boburjon, bolam, shukurki, sogʻ-salomat koʻrishdik! Xayriyat, tuzalib ketibsiz.
— Baraks, tuzalmay turganim ma’qul edi! Samarqandni tashlab chiqmas edik!
Bunday ogʻir kayfiyat bilan yolgʻiz oʻgʻli yana uzlikib yotib qolishi mumkin. Xavotirlangan ona Boburga taskin beradigan, uning koʻnglini koʻtaradigan chora izlay boshladi.
Shunda qizi Xonzoda begim yordamga keldi:
— Onajon, amirzodamni mamnun qiladigan noyob bir sovgʻamiz bor edi-ku!
— Qaysi sovgʻa?
— Shaxnishinning orqasidan topilgan maxfiy sandiq-chi?
— Ha, aytmoqchi! — Qutlugʻ Nigor xonim oʻgʻliga yuzlanib, ovozini sirli tarzda pasaytirdi: — Boburjon, sizga atalgan buyuk bir meros topildi. Yuring, koʻrsatay!
Qutlugʻ Nigor xonim Boburni va qizini oʻzi joylashgan narigi tomondagi xonaga boshladi. Bobur onasi bilan yonma-yon borar ekan, uning boʻyi shu oʻn oy ichida xiyla oʻsganini, Bobur tez ulgʻayib oʻn olti yoshida devqomat, pahlavon yigit boʻlayotganini sezgan Qutlugʻ Nigor xonim ichida yaratganga yana bir shukrona aytib qoʻydi. Ayvoni Sirdaryoga qaragan bahavo, keng xonaga kirdilar. Gilamlar, beqasam koʻrpachalar toʻshalgan xonaning toʻrida silliq charm qoplangan sandiq koʻrindi. Uchovlari shu sandiqqa yaqinlashganlarida Qutlugʻ Nigor xonim Boburga qarab dedi:
— Esingizdami, otangiz sizga «Bobakalonimiz Amir Temurdan qolgan noyob meros bor, asrab-avaylab yuribmen, katta boʻlganingizda berurmen» der edilar?
— Ha, otam bizga sohibqiron bobomiz haqida koʻp gʻaroyib hikoyalar ham aytib berganlar.
— Bobokalonlariga ixloslari zoʻr edi-da. Vafotlaridan keyin oʻshal merosni Axsidan izladim, topolmadim. Oʻtgan hafta Andijonda koʻch yigʻishtirgan paytimizda xonayi xosning devoriga osilgan turkman gilamini olsak, usti shuvalgan tuynukning izi koʻrindi. Tuynuk orqasidagi maxfiy joyga mana shu sandiq berkitilgan ekan.
Qutlugʻ Nigor xonim namoz oʻqigan paytidagi kabi ezgu bir tovush bilan sekin:
— Bismillohir rohmanir rohiym! — dedi-da sandiqni ochdi. Undan nafis ipak matoga oʻralgan oltin sopli qilichni ikki qoʻllab olib, oʻgʻliga koʻrsatdi:
— Sohibqiron Amir Temurning qilichlari!
Bobur quloqlariga ishonmay, koʻzlarini katta-katta ochib qilichga tikildi:
— Rostdanmi, a?
— Yozuvlari bor! Oling, bolam, oʻqib koʻring!
Qilichning qini yengil bir ma’dan qotishmasidan quyma qilib yasalgan, ustidan oltin suvi yugurtirilgan edi. Qinning yuz tomoniga ikkita yirik yashil zumrad toshi qadalgan, ularning oraligʻida chiroyli xattotlik harflari bilan bitilgan arabcha yozuv bor edi.
Bobur qilichni onasining qoʻlidan ikki qoʻllab oldida, yozuvini koʻzlariga yaqin keltirib oʻqidi:
«Bizkim, maliki Turon, podshohi Turkiston Amir Temur Koʻragon farzandimiz Mironshoh Mirzoga Toʻxtamish bilan muhoribada koʻrsatgan jasorati uchun oʻz qilichlarimizdan birini in’om etdik».
Bobur bu qilich dastasiga Amir Temurning qoʻli tekkanini, balki Sohibqiron uni janglarda ishga solganini koʻz oldiga keltirib hayajonlanib ketdi. Toʻxtamishxon va boshqa chingiziylar bilan qilingan dahshatli janglar xayolida gavdalandi.
— Qilichning oʻzida ham bitik bor, — dedi past tovush bilan Xonzoda begim.
Bobur qilichning oltin sopidan sekin tortib, uni bir qarichcha qinidan chiqardi. Shun-da olmosday yaltiragan qisqa bir yozuv koʻziga jilvalanib koʻrindi. Amir Temurning muhridagi «Rosti-rasti», ya’ni «Kuch — adolatdadir» degan soʻzlar qilichning poʻlatiga qadama tarzida mustahkam qilib bitilgan edi.
Bu qisqa soʻzlarni oʻqiganda negadir Boburning eti jimirlab ketdi, dilida qoʻzgʻalgan kuchli bir tugʻyondan entikdi, olmos yozuvni koʻzlariga surib, oʻpdi.
Qilich uncha ogʻir emas edi. Bobur uni beliga taqqanda atrofidagi hamma narsa koʻziga boyagidan boshqacha — allanechuk sokin va salobatli koʻrindi.
— Onajon, siz menga yangi bir ruh ato qildingiz!
— Bobokaloningizning ruhi sizga madadkor boʻlsin, oʻgʻlim! Bu qilichni Mironshoh bahodirdan soʻng otangizning otalari Sulton Abusa’yid bahodir taqqan ekanlar. Inshoolloh, siz ham bobolaringizdek bahodir boʻlgʻaysiz!
— Aytganingiz kelsin!
— Xudo rahmati Abusa’yid bobongiz vafot etganlaridan soʻng qolgan meroslari oʻgʻillari orasida taqsim etilur. Katta oʻgʻillar oltinu javohir toʻla sandiqlarni tala-shib olurlar. Ammo sizning jannatmakon otangiz mana shu sandiqdagi qilich bilan xotirotlar bitilgan daftarlarni afzal koʻrurlar. Chunki bu xotirotlarda Amir Temur hazratlarining koʻrgan-kechirganlari bitilmishdir. Xonzoda, qizim, siz oʻqib koʻrdingiz, shekilli?
— Ha, Sohibqiron bobomiz yigitlik paytlarida chingiziylar hukmronligiga qarshi chiqqan ekanlar. El-yurt Samarqandda Temurbekni oʻz hukmdorlari, deb e’lon qilgan ekan. Chingiziylarni yurtimizdan quvmoqchi boʻlganlar koʻp ekan. Bundan gʻazablangan Tugʻluq Te-murxon bilan uning oʻgʻli Ilyosxoʻja Moʻgʻulistondan ellik ming qoʻshin bilan kelib, Temurbek tarafdorlarini qirgʻin qilurlar. Temurbekning oʻzi Qoraqum, Qizilqum sahrolarida, Xisoru Badaxshon togʻlarida olti yil quvgʻinda yurib, kuch toʻplaydirlar.
Bobur bu hodisalar haqida otasidan ham koʻp maroqli hikoyalar eshitganini esladi. Ayniqsa Temurbekning suyukli yosh xotini Oʻljoy Turkon ogʻa bilan eng ogʻir damlarda birga boʻlgani, goho xotinini otiga mindirib, oʻzi qum sahrosida piyoda yurganlari yosh Boburga kuchli ta’sir qilgan edi.
Shuni biladigan Xonzoda begim inisiga mehri toblanib tikildi:
— Sizda ham Sohibqiron bobokaloningizdagi joʻmardlikdan bor, amirzodam! — dedi. — Oʻshdagi tajovuzdan meni qutqarganingizni umrbod unutmagaymen! Boʻlajak kelinimiz Oyisha begimni siz Samar-qanddan yogʻiy asoratidan xalos qilib, bizga xayrixoh Toshkentga kuzatib qoʻyibsiz. Bu ham bir joʻmardlik emasmi? Yetti oy qamal azobini tortgan samarqandliklarga oshlik tarqatibsiz, urugʻligi qolmagan dehqonlarga bahorda urugʻlik keltirib beribsiz. Bu hammasi— dilingizda adolat tuygʻusi kuchli ekanidan dalolatdir. Belingizdagi qilichga Sohibqiron bobokaloningizning «Kuch — adolatdadir» degan hikmatlari bejiz bitilmagan. Ahmad Tanbalning oʻn ming askari boʻlgani uchun u hozir «Men kuchlimen!» deb yuribdir. Ammo yolgʻonning umri qisqa! Ahmad Tanbal Andijonni aldamchilik bilan egalladi, sizni «oʻldi» deb ovoza tarqatdi. Siz sogʻ-salomat qaytganingizni odamlar hademay bilurlar, Tanbalning yolgʻoni fosh boʻlur. Uning zolimligidan hamma bezor boʻladigan kunlar kelur.
— Ana oʻshal kunlar kelguncha sabr-bardoshli boʻling, Boburjon, — dedi onasi. — Sohibqiron bobongiz mana shu Xoʻjandga ham necha bor kelganlar. Sirdaryodan necha marta oʻtganlar, vaziyat yetilishini yillar davomida kutganlar, axiyri adolat gʻolib chiqqan kunlarga yetganlar. Siz ham yetursiz, ishoning!
— Ishondim, onajon! Siz bilan egachim mening dilimda oʻchib qolgan umid chiroqlarini qayta yondirganday boʻldilaringiz. Minba’d men doim Sohibqiron bobokalonimizdan saboq olib ish tutgaymen!
Onasi in’om qilgan buyuk meros chindan ham Boburning dilini ravshan qilib yuborgan edi. Ular kelib tushgan bogʻda oʻriklar oppoq boʻlib gullagani endi uning koʻziga tashlandi. Daryo boʻyidagi qalin chakalakzorda bulbullar basma-bas sayrayotgani qulogʻiga chalindi. Ayvonga chiqqanda kechki shabada yuziga ipakday mayin salqinlik berdi.

2
Ammo bu ma’sud damlardan keyin kelgan kunlar, oylar, hatto yillar lomakonlik va sargardonlikda oʻta boshladi. Sohibqiron bobokalonidan saboq olib yashashga ahd qilgan Bobur buning qanchalik qiyin boʻlishini oʻz boshiga ogʻir kunlar tushganda bildi. U onasi in’om qilgan sandiqdagi xotirotlarni takror-takror oʻqib, Sohibqiron bobosini yigitlik paytidagi ismi bilan xayolida Temurbek deb atashga oʻrgandi. Temurbek yigirma besh yoshida Samarqand va Shahrisabzdagi xonumonidan judo boʻlgani va ota yurtining toʻrt tomoniga bosh urib najot izlagani Boburning hozirgi ahvolini eslatardi.
Toʻgʻri, Temurbekka tajovuz qilgan Ilyosxoʻja va Amir Bekchiklar Ahmad Tanbaldan yuz chandon qudratliroq va xatarliroq edi. Ular Temurbekni tutib olib oʻldirish uchun minglab odamlarni safarbar etadilar. Oʻlim xavfi yillar davomida Temurbek bilan izma-iz yuradi. Qoraqum sahrosidan narida Xiva boʻsagʻasida Temurbek oltmish yigiti bilan ming kishilik yov qurshovini qoʻlda qilich bilan yorib chiqib, qutulib ketadi.
Endi oʻn yetti yoshga kirayotgan Bobur hali bunday dahshatli xatarlarga duch kelgan emas. Faqat ota yurtidan ayrilib, lomakon boʻlib yurgani va Ahmad Tanbalga bas kela oladigan kuchli qoʻshin yigʻish nihoyatda mushkul boʻlayotgani uni qiynaydi. Boburning ishongan odamlari yashiriqcha Andijonu Axsiga, Margʻilon va Oʻshga borib kelmoqda. Xayrixohlar koʻp, ammo yurak yutib maydonga chiqadiganlar kam. Boburning oʻzi ham bu yogʻi Isfara va Konibodomga, u yogʻi Zomin va Jizzaxgacha, janubda Oʻratepa, shimolda Toshkentgacha hamma joyga bir necha marta borib keldi. Bir yarim yildan beri qishni qish, yozni yoz demay yoʻl bosdi. Sirdaryodan qayta-qayta suzib oʻtdi. Qishda muzni teshib choʻmilgan paytlari boʻldi. Uning oʻziga oʻxshab chiniqqan yigitlari
Temurbekning Xisor togʻlarida, afsonaviy gʻorlarda yashab toblangan yigitlarini eslatadi.
Biroq navkaru sardorlari bilan bir joyda uzoq vaqt mehmon boʻlib turishga yuzi chidamaydi. Chunki haftalar, oylar davomida yuzlab odamlarga ovqat, otlarga yemish topib berish mezbonlarga juda ogʻir tushishini sezadi. Shuning uchun onasi va egachisini Xoʻjanddan Oʻratepaga, xolasi Xub Nigor xonimning uylariga keltirib qoʻydi. Oʻzi uch yuzga yaqin beku navkarlari bilan janubdagi togʻlarga chiqib ketdi. Ovchi deb ataladigan bir qishloq yaqiniga chodir va oʻtovlar tikishib, ancha vaqt ov oʻljalari bilan roʻzgʻor tebratishdi.
Ovchi qishlogʻiga tor bir daradan oʻtib boriladi. Daraning tubidan odamni oqizadigan katta suv hayqirib oqadi. Suv boʻyida besh qavatlik uyday bir bahaybat qoyatosh osmonga boʻy choʻzib turadi.
Bobur shu qoyatoshning ustini tekislatib, chodir oʻrnattirgan. Ovdan boʻshagan paytlari-da chodirda oʻltirib kitob oʻqiydi, xotira daftariga koʻrgan-kechirganlarini yozadi, she’r mashq qiladi.
Bir kun shu chodirda Bobur Mirzo Ulugʻbekning «Tarixi arbaa ulus»[48] kitobini oʻqib oʻtirganda, daraning narigi chetidan bir otliq odam jadallab kelayotganiga koʻzi tushdi.
Oti terga botgan bu otliq Margʻilondan kelgan chopar yigit edi. U Bobur qarshisida tiz choʻkib arzini aytdi:
— Amirzodam, meni Margʻilon dorugʻasi Ali Doʻstbek togʻoyingiz yubordilar.
— Bizga xiyonat qilib, Andijonni Tanbalga yashiriqcha topshirgan togʻoyimizmi?
— Ha, togʻoyingiz bu qilgan ishlaridan hozir ming pushaymonlar. Ahmad Tanbal uning uylariga bostirib kelib, yaxshi koʻrgan qizlarini zoʻravonlik bilan haramiga olib ketibdir. Mol-mulkini talatibdir!
— Qasos qaytar ekan-da! — dedi Qosimbek. — Doʻstbekning oʻzi Andijonda bizning mol-mulkimizni talatgan edi.
— Janob amiral umaro, Tanbalning amaldoru soliqchilari ham jabr-zulmni haddidan oshirib yubordi. El-yurt ularga qarshi isyon koʻtaradigan boʻlib turibdir. Ayniqsa, margʻilonliklar hozir joʻshu xurushga kelgan. «Bobur mirzo kelsalar qoʻrgʻon darvozalarini ochib bergaymiz!» deb, togʻoyingiz meni huzuringizga yubordilar.
— Togʻoyimiz Tanbal bilan til biriktirib, bizni unga tutib bersalar-chi?!
— Tepamizda xudo turibdir, amirzodam! — deb chopar qasam ichdi. — Hazrat momongiz Eson Davlat begim Ali Doʻstbekka yaqin qarindosh ekanlar. Momongiz yaqinda Margʻilonga boribdilar.
— Siz momomni oʻsha yerda koʻrdingizmi?
— Ha, maslahatlarini ham oldim. «Ali Doʻstbek bilan Tanbalning yovlashgani rost!» dedilar. Momongiz sizga salom aytdilar, «Tezroq yetib kelsinlar!» deb tayinladilar.
Bobur endi hayajon bilan oʻrnidan koʻtarildi:
— Janob Qosimbek, tavakkal qilaylik! Odamlarga buyuring. Darhol koʻch yigʻishtirsinlar!
Oʻsha kuni qorongʻi tushguncha barcha oʻtovlar qatori Boburning qoyatosh[49] ustidagi chodiri ham yigʻishtirib olindi. Tuni bilan yoʻl yurib, sahar palla Xoʻjanddan berida bir-ikki soat dam oldilar-da, yana yoʻlga tushdilar. Toʻrt kunlik yoʻlni bir yarim kunda shitob bilan bosib oʻtdilar. Margʻilondan berida Isfayramsoy shovullab oqmoqda. Sahar palla edi. Soy boʻyida birpas toʻxtadilar. Bobur soy suvidan tahorat olib, ikki rakat namoz oʻqidi. Joynamoz ustida oʻltirib, Sohibqiron bobokaloniga bagʻishlab tilovat qildi, ulugʻ ajdodlar ruhidan madad soʻrab, yuziga fotiha tortdi. Soʻng tong qorongʻusida Margʻilon qoʻrgʻonining yopiq darvozasi oldiga keldilar.
Ali Doʻstbek darvoza qorovulxonasida ularni kutib oʻltirgan ekan. Darvozani toʻrt enlik ochib, qoʻrqa-pisa Boburga murojaat qildi:
— Amirzodam, Andijonda qilgan gunohlarim uchun afv soʻraymen! Tanbal hammamizni aldagan ekan!
— Minba’d sadoqat saqlay olurmisiz?! — shiddat bilan soʻradi Bobur.
— Qur’oni karim oldida soʻz berurmen, umrbod sodiq qulingiz boʻlurmen, amirzodam! Faqat meni inoyatlaringizdan mahrum qilmasangiz, bas!
— Inoyatlar istaganingizdan ham ziyoda boʻlgʻusidir. Oching, darvozani!
Bu buyruqni Ali Doʻstbek darhol ado etdi. Bobur fonus yorugʻi tushib turgan darvozaxonaga kirganda Ali Doʻstbek oʻzini uning oyogʻi tagiga tashlab yukundi. Bobur uni qoʻltigʻidan olib turgʻizdi:
— Ma’zursiz! Tanbalning sodiq odamlari boʻlsa, hozir uyquda tutdirmoq kerak!
— Uning talonchilari uxlab yotgan joylarini bilurmen!
— Janob Qosimbek, bizning navkarlarimizga siz bosh boʻling!

* * *
Tong yorishganda Margʻilon koʻchalarida otliq jarchilar Bobur mirzoning qaytib kelganini e’lon qildilar. Tanbalning koʻpchilik odamlari qurolsizlantirilgani ham shaharliklarga ma’lum boʻldi. Butun Margʻilon ahli oyoqqa qalqdi. Shahar a’yonlari Bobur kelib tushgan koʻshkka borib, uni gʻalaba bilan qutladilar. Bozorlarda Tanbal soliqchilari uchrab qolsa, odamlar ularni tayoq bilan urib, shahardan quvdilar. Mahallalarda naqoralar, karnay-surnaylar yangradi.
Qosimbek Bobur mirzo nomidan doshqozonlarda palov damlatib, minglab odamlarga osh ulashdi.
Kechagina Tanbal zulmidan motamsaro ahvolga tushgan Margʻilon bugun Bobur mirzo qaytgani tufayli bayram tusini oldi. Bu hodisa koʻp oʻtmay Andijon, Axsi va Oʻshlarga ham ma’lum boʻldi. Bobur mirzoning pinjiga kirib olgan Ali Doʻstbek Qosimbekning oʻrniga sohib ixtiyor eshik ogʻa boʻlish niyatida edi. U Boburni xoli topib, gapning uchini chiqardi:
— Amirzodam, kutganimdan ham ortiq inoyatlar qilmoqchi edingiz.
— Margʻilon dorugʻaligʻi sizga yetarlik emasmi?
— Dorugʻalikni menga Tanbal bergan edi. Endi bundan kattaroq inoyatni sizdan kutmoqdamen.
— Qani, Andijonu Oʻshlar ham bizga qayta nasib qilsa. Keyin oʻylab koʻrurmiz.
— Ittifoqo, Oʻshdan Qambarbek keldi. Oʻshliklar ham sizga muntazir emishlar.
— Ammo hozir Andijondan yomon xabar oldik. Ahmad Tanbal katta qoʻshin toʻplab Margʻilon tomonga bostirib kelmoqda.
— Unday boʻlsa, Oʻshga Qosimbek sizdan vakil boʻlib borsin. Oʻzganga ham oʻtib, tarafdorlaringizni ishga solsin!
Ayyor Ali Doʻstbek shunday nozik paytda Qosimbekni Boburdan uzoqlashtirib, sohib ixtiyor eshik ogʻa vazifasini oʻzi boshqarmoqchi edi. Lekin Bobur barcha mashaqqatlarni birga boshdan kechirgan qadrdoni Qosimbekdan ajrashgisi kelmadi.
— Janob Doʻstbek, Tanbalday yogʻiy bostirib kelayotgan paytda koʻpni koʻrgan Qosimbek yonimizda boʻlmogʻi kerak. Oʻshga boshqa beku navkarlarni yuborgaymiz.
Soʻzi yerda qolgan Ali Doʻstbek qovogʻini solib, toʻmtayib qoldi.
Qosimbekning oʻz odamlari bilan Margʻilonda qolgani yaxshi boʻlgan ekan. Tanbal Andijondan katta qoʻshin bilan Margʻilonga hujum qilib kelganda, barcha kuchlar birlashib himoyaga chiqdilar. Margʻilondagi beku navkarlar qoʻrgʻondan tashqaridagi mahallalar va qishloqlardan yigʻilgan minglab botir yigitlar yordamida Tanbal qoʻshinini uloqtirib tashladilar. Bu orada quvaliklar Tanbalga orqadan zarba berdilar.
Oʻsh va Oʻzgan xalqi ham Tanbalga qarshi isyon koʻtarib, Boburga koʻmak yubordi.
Toʻrt tomonidan oʻt ketgan Tanbal tezroq Andijon qoʻrgʻoniga qaytib borib jon saqlamoqchi boʻldi.
U Andijonga Nosirbek degan kishini dorugʻa tayinlab kelgan edi. Ahmad Tanbal Margʻilonda Boburdan yengilib, talvasaga tushib kelayotganini eshitgan andijonliklar Nosirbekning qarorgohini oʻrab oldilar. Toʻrt tarafdan hayqiriq va xitoblar eshitila boshladi:
— Ahmad Tanbal daf boʻlsin!
— Darvozadan kiritilmasin bu zolim!
— Bobur mirzoga odam yuboring, tugʻilgan yurtigʻa tezroq qaytsin!
— Toʻydik chingiziylardan! Bobur kelsin!
— Agar dorugʻa yana Tanbalga yon bossa, qoʻrgʻon darvozalarini biz oʻzimiz Bobur mirzoga ochib bergaymiz!
Toshgan daryoday toʻlqinlanayotgan bir necha ming kishilik izdihom Nosirbekni qoʻrqitib yubordi:
— Xaloyiq! Tinchlaning! Menga quloq soling! Oralaringizda moʻysafidlar bor! Mana, mening yonimda Shayxulislom janoblari turibdilar. Moʻysafidlar jome’ masjidiga borsinlar! Qurollangan yigitlar bizga yordamga kelsinlar. Darvozalarni darhol bekitgaymiz. Tanbalni Andijonga kiritmagaymiz. Juma namozida Bobur mirzoning nomini xutbaga qoʻshib oʻqigaymiz! Keyin buning xabarini moʻ’tabar odamlar orqali Bobur mirzoga yetkazgaymiz. Toki ul zoti oliy Andijonga izzat-ikrom bilan qaytib kelsinlar. Shunga rozimisizlar?
Bu reja amalga oshdi-yu, ertasi kuni andijonliklar Bobur mirzoni qoʻrgʻon darvozasi oldida karnay va naqoralar chalib kutib oldilar. U minib kelayotgan gulibodom otning oyogʻi tagiga gilam poyondozlar toʻshadilar. Bobur shodlikdan koʻzlari yoshlanib, yonida kelayotgan Qosimbekka soʻz qotdi:
— El-yurtda adolat bor ekan-a!
— Ha, mehru oqibat ham kuchli ekan. Faqat yuzaga chiqishi oson boʻlmas ekan!
— Shukr, mas’ud kunlarga yetishdik!

* * *
Shu tarzda Andijondan quvilgan Ahmad Tanbal qolgan-qutgan odamlari va koʻch-koʻroni bilan Axsiga yoʻl oldi. Biroq Axsida ham Tanbalga qarshi isyon koʻtarilgan, Bobur tarafdorlari qoʻrgʻon darvozalarini egallashgan. Tanbalga sadoqat saqlab turgan Axsi dorugʻasi Uzun Hasan arkka kirib bekingan edi.
Bobur va Qosimbekning qoʻshini soʻnggi vaqtlarda besh mingdan ham oshib ketdi. Ular Andijonda koʻp toʻxtamay, Bandi Solor yoʻli bilan Axsiga yetib bordilar va arkdagi Uzun Hasanni asir oldilar.
Bu xabarni eshitgan Ahmad Tanbal mustahkam qoʻrgʻonlardan biri boʻlgan Popga qarab chekindi. Ammo u yetib borgunicha Bobur tarafdorlari Pop qoʻrgʻonini ham berkitib, Ahmad Tanbalni darvozadan kirgizmay quvdilar.
Ahmad Tanbal Gʻova orqali Chotqol togʻlariga qarab chekindi. Uning soʻnggi umidi — katta akasi Tilba Sultondan va Toshkent xoni Mahmudxondan edi. Tilba Sulton xon saroyida soʻzi oʻtadigan eshik ogʻa ekanini Bobur bilardi. Ahmad Tanbal Fargʻona vodiysini talon-taroj qilib orttirgan boyliklaridan katta bir qismini Ohangaron orqali Toshkentga, Mahmudxonga sovgʻa qilib yuborgani ham xufiyalar ma’lumotidan ma’lum edi. Lekin Mahmudxon — Qutlugʻ Nigor xonimning akasi boʻlaturib, jiyani Boburning ashaddiy dushmani Ahmad Tanbalga yon bosishi mumkin emasday tuyulardi.
Shuning uchun Bobur qoʻshini Ahmad Tanbalni Chotqol togʻi etagigacha ta’qib etib bordi.
Kun sovuq, yoʻllar toygʻoq. Kechki payt Tanbal besh yuztacha askari bilan Arxiyon degan joydagi qoʻrgʻonga kirib bekindi. Bu qoʻrgʻon devorlariga shoti qoʻyib oshib oʻtish mumkin edi.
— Kech kiryapti, qorongʻi tushmasdan tezroq harakat qilaylik! — dedi Bobur. Ammo shotilarni oʻn chaqirimcha beridagi Gʻaznayi Namangandan keltirgunlaricha gʻira-shira qorongʻi tushdi. Kechki izgʻirinda ogʻizdan chiqqan hovur uzoqdan koʻzga tashlanadi, navkarlarning qoʻli qovushga kelmaydi, gapirganda lablari ham qiyinlik bilan harakatlanadi.
— Amirzodam, — deb Ali Doʻstbek Boburga arz qildi: — Qorongʻi tushib qoldi, yovni oʻzimiznikilardan ajratish qiyin boʻlgʻay. Qamalni ertalabdan boshlaylik.
— Ungacha Tanbal qochib ketsa-chi? — soʻradi Bobur.
— Qochib qayoqqa borgay? Naryogʻi togʻ, dovon bekilgan!
— Tanbalning akasi Tilba Sulton Archakent dovoni orqali inisining oldiga kelib ketibdi-ku! — dedi Qosimbek.
— Ne boʻlganda ham, endi Tanbal ilikka tushmogʻi kerak! — dedi Bobur. — Arxiyon qoʻrgʻoni atrofiga chodirlar tikdiring! Ming kishi tuni bilan qorovullik qilsin! Ertadan besh ming kishi bilan devorga shotilarni qoʻyib hamla qilurmiz!
— Bosh ustiga! — deb Ali Doʻstbek bu farmonni bajarishga kirishdi.
Qosimbek Bobur uchun shu atrofning eng obod va koʻrkam joyi boʻlgan Gʻaznayi Namanganda qarorgoh tayyorlata boshladi.

Toshkent, Namangan, Andijon – Chingiziylar Yana Hukmron Boʻlmoqchi
1
Qirchillama qishda samur[50] poʻstin va qunduz telpak kiygan Mahmudxon xonai xosda eshik ogʻa Tilba Sulton bilan yakkama-yakka suhbatlashmoqda. Osmonni quyuq bulut qoplagan. Kunduz kuni boʻlishiga qaramay, xonayi xosdagi qandillarda shamlar lipillab yonmoqda.
Mahmudxon sham yorugʻida Tilba Sultonning yuziga tikilib qaradi-yu, uning ozib ketganini payqadi.
Odob bilan choʻkka tushib oʻltirgan Tilba Sulton xonga tomon qaddini bukib, qoʻlini koʻksiga qoʻyib soʻzlamoqda:
— Shu sovuq kunlarda dovon oshib Fargʻona vodiysiga ikki marta borib keldim, xon hazratlari. Archakent dovoni pastroq ekan, undan oshib oʻtib, Kosonsoyga qishda ham borsa boʻlar ekan.
Qorli dovonlardan qayta-qayta oshib oʻtish oson boʻlmagani Tilba Sultonning sovuqda qorayib ketgan koʻsanamo yuzidan, qalin lablarining u yer-bu yerini izgʻirin yorib yuborganidan bilinib turardi:
— Inim Ahmadbek butun najotni sizdan kutmoqda, xon hazratlari! Axir siz bugungi Chigʻatoy ulusining eng qudratli hukmdorisiz. Bizning yetti pushtimiz Chingizxon nasliga sodiq xizmat qilib kelmoqda. Oʻzimiz ham aslan hazrati Chigʻatoyxonning qiz avlodlaridan tugʻilganimiz sizga ma’lumdir.
— Rost, siz bilan bizning uzoq qarindoshchiligimiz bor.
— Shuning uchun inim Ahmadbek Fargʻona vodiysini Boburga emas, sizga topshirmoqchi!
— Ammo Bobur ham bizga jiyan-da.
— Xon hazratlari, bu jiyanning sizga biron foydasi tekkani yoʻq! Otasi Umarshayx mirzo sizdan Toshkentni tortib olmoqchi boʻlib qancha urushlar qildi? Paytini topsa, Bobur ham sizga qarshi qilich yalangʻochlagay!
— Unchalik emasdir, janob vazir. Bobur Toshkentga kelganda juda odobli, mehru oqibatlik koʻringan edi.
— Tashqi koʻrinishdan shundaydir. Ammo qilayotgan ishlari batamom sizga qarshi! Men buni oʻzim borib koʻrdim, el-yurt orasida aytgan gaplarini oʻz qulogʻim bilan eshitdim, xon hazratlari!
Tilba Sulton yolgʻonni ham rostday qilib gapirishga usta edi. U Bobur aytmagan soʻzlarni ichidan toʻqib chiqara boshladi:
— Boburning oʻzi ham, tarafdorlari ham chingiziylarni «jete»[51] deb kamsitadi. «Yoʻqolsin chingiziylar! Fargʻona vodiysi temuriylar mulkidir! Jetelarni qir!» degan baqiriqlarni Fargʻona vodiysining koʻp joylarida men oʻzim eshitdim!
— Nahotki Bobur bizga jiyan boʻlaturib shunday gaplarni aytsa?!
— Aytish ham gapmi?! Bobur Amir Temurning qilichini taqib olgan. Bu qilichni Toʻxtamishxon tor-mor boʻlgan paytlarda Temurbek oʻgʻli Mironshohga in’om qilgan ekan. Endi Bobur boshqa chingiziylarni ham xuddi Toʻxtamishga oʻxshatib shu qilich bilan tor-mor qilmoqchi emish!
Mahmudxon achchiq istehzo bilan kuldi:
— Bu hammasi bekorchi xomxayol! Temuriylar Chigʻatoy ulusida yuz yildan ortiq hukm surgani yetar! Endi ularning davri tugadi! Bir yilda katta yoshlik, tajribali temuriylardan uchtasi ketma-ket olamdan oʻtdi. Yana Boysunqur mirzo deganini Xisorda Xisravshoh oʻldirib, taxtini egalladi. Buxoroda Sulton ali mirzo degan boʻsh-bayov bir oʻsmir hukmron edi. Shayboniyxon Buxoroni osongina undan tortib oldi.
— Shayboniyxonga siz yordam berdingiz-da, xon hazratlari! Bu odam avval temuriyzoda Sulton Ahmad mirzo xizmatida uch yuztagina navkari bilan ponsot darajasida xizmat qilib yurgan edi.
— Yordam berdik, chunki Shayboniyxon bilan ildizimiz bir. Biz sohibqironi a’zam, xoqoni muazzam Chingizxonning oʻrtancha oʻgʻli Chigʻatoyxondan tarqagan xonlarmiz. Shayboniyxon Chingizxonning katta oʻgʻli Joʻjixondan tarqagan xonlar avlodidandir. Buni bi-lurmisiz?
— Yaxshi bilurmen, xon hazratlari. Ammo Joʻjixonning oʻgʻli Botuxon Chigʻatoy ulusini Oltin Oʻrdaga boʻysundirmoqchi boʻlib, sizning bobolaringizga koʻp jabru sitamlar oʻtkazgan! Qancha-qancha chigʻatoylarni Botuxon begunoh yasoqqa yetkazgan!
— Lekin Shayboniyxon — Botuxon avlodidan emas, Shaybon ulusidandir, shuni unutmang, janob vazir! Shaybon — Joʻjixonning beshinchi oʻgʻli boʻlgan, Botuxonga qarshi turgan.
— Bunisini bilurmen, xon hazratlari. Shaybon ulusi Yoyiq bilan Irtish daryolari orasidagi yaylovlarda koʻchib yurgan. Shayboniyxonning nevara-chevaralaridan biri Abulxayrxon nomi bilan shuhrat qozongan. Hozirgi Muhammad Shayboniyxon ana oʻsha Abulxayrxonning nevarasi ekan. Otasi Shohbudoq sulton xonlik masnadiga yetisholmay oʻlib ketgan.
— Ha, rost, Shayboniyxonning asli oti — Shohbaxt ekan. Uni bolaligida Abulxayrxon oʻzi tarbiyalagan ekan. Bobosi oʻlgandan keyin algʻov-dalgʻov boshlanib, Shohbaxtxon koʻp azob tortadi. Axiyri Dashti Qipchoqdan Buxoroga koʻchib kelib, jon saqlaydi.
— Tasanno, xon hazratlari! Buxoroda temuriylar xizmatida bir bek boʻlib yurgan Shohbaxtxon sizning koʻmagingizda qaddini tiklab, kimsan, Shayboniyxon boʻldi-ya![52]
— Lekin Shayboniyning oʻzi ham kallasi yaxshi ishlaydigan, pishiq, dovyurak odam ekanda. Chirchiq daryosi boʻyidagi jangda jonini garovga qoʻyib bizga qanday koʻmak bergani yodingizdami?
— Nega yodimda boʻlmasin, xon hazratlari? Oʻzim kechasi daryo boʻylariga borib vositalik qilgan edim-ku.
Xon bilan vazir ikkovlari uchun ham yoqimli boʻlgan oʻsha voqealarning tafsilotlarini eslab ketdilar.
Bu voqealarning orasida quda-andachilikning alohida oʻrni bor edi. Mahmudxonning otasi Yunusxon bir emas, uch qizini aka-uka temuriylarga uzatgan edi. Ulardan oʻrtanchasi Ahmad mirzo — Samarqand podshosi, ikkinchi kuyov — Mahmud mirzo — Hisor hukmdori, uchinchi kuyov — Umarshayx mirzo — Fargʻona tojdori. Xonlar udumiga binoan, Yunusxon har bir qiziga mingdan ortiq moʻgʻul beklari, navkarlari, kaniz va xizmatkorlaridan qoʻshib yuborgan edi. Ular kuyovning dargohiga oʻrnashib, kelinning xizmatini qilishar, ayni vaqtda, temuriylarning ichki ishlariga aralashib, ularning oralarida nizo chiqishiga sabab boʻlar edilar.
Ana shu tarzda chiqqan nizolar tufayli Ahmad va Umarshayx mirzolar bir-birlari bilan Toshkentni talashib koʻp urushdilar. Qaynotalari Yunusxon ularni yarashtirish bahonasi bilan Moʻgʻulistondan Toshkentga kelib-ketib yurdi, axiyri bu shaharga oʻrnashib oldi.
Yunusxonning vafotidan soʻng, uning katta oʻgʻli Mahmudxon Toshkentni butunlay moʻgʻul xonlarining qarorgohiga aylantirdi.
Chingiziylar hukmronligining qayta tiklanishi koʻpchilik turonliklarni norozi qilmoqda edi. Samar-qand podshosi Ahmad mirzo shu norozilar orasidan oltmish ming qoʻshin toʻplab, Toshkent boʻsagʻasida, Chirchiq daryosi boʻyida hal qiluvchi jangga tayyorlana boshladi.
Jang arafasida Shayboniyxonning uch yuz kishilik navkarlariga Buxoro hokimi Abduali Tarxon boshchiligida juda mas’uliyatli vazifa yuklandi. Ularga qoʻshin markazida boʻlish va Ahmad mirzoning tugʻlarini, bayroqdorini qoʻriqlash topshirildi.
Oʻttiz olti yoshlik Shayboniyxon jang paytida bayroq va tugʻlar qanchalik ulkan ahamiyat kashf etishini yaxshi bilardi. Uning dili — Oʻzi mansub boʻlgan sulolaning vakili Mahmudxon tomonida edi. Jang arafasida Shayboniyxon ishonchli bir xufiyasini Mahmudxon qarorgohiga yashiriqcha joʻnatdi. Bu xufiyaga quyidagi gapni aytib yubordi:
«Men ham Chingizxon naslidanmen, temuriylarning ichki sirlarini bilurmen, agar Mahmudxon hazratlari lozim koʻrsalar, kechasi yashiriqcha Chirchiq boʻyiga kelsinlar, men bu tomondan oʻtib borurmen, ertangi jangda xonga gʻalaba keltiradigan bir rejaning maslahatini qilurmiz».
Bu xufiyaning gapi tayinlik ekanini taftish qilib bilgan eshik ogʻa Tilba Sulton uni Mahmudxon bilan uchrashtirdi. Soʻng Tilba Sulton bilan Mahmudxon yarim tunda daryo boʻyiga Shayboniyxon tayin etgan joyga bordilar. Shayboniyxon dadil yigit ekan, otni ham oqizadigan Chirchiq daryosidan kechasi suzib oʻtib keldi.
— Ahmad mirzo noshud sarkarda, — dedi u Mahmudxonga. — Uning ishongan amiri Abduali Tarxon ertaga boʻladigan jangda markazga — Gʻulga tayin boʻldi. Podsho ham, uning tugʻlari, bayroqdori ham gʻulda boʻlur. Siz qoʻshiningizni daryo qirgʻogʻidan orqaroqqa olib, goʻyo chekinganday boʻlsangiz. Ular daryodan oʻtguncha, hammalari hoʻl boʻlib saflari ancha-muncha toʻzgʻiydir. Shunda men uch yuz navkarim bilan ularning bayroqdorlarini urib yiqitib, siz tomonga qochib oʻtgaymen. Bayroq yerga tushib oyoqosti boʻldimi, qoʻshin yengilgan hisoblangay! Shunda siz hujumni kuchaytirursiz. Men ham navkarlarim bilan sizlar tomonda Ahmad mirzoga qarshi jang qilgaymen. Yogʻiyning orqasida toshqin daryo. Qochganlarining allaqanchasi suvga choʻkib halok boʻlur.
Shayboniyxonning bu rejasi Mahmudxonga ma’qul tushdi. Ertasi kuni jangda oʻsha rejaga amal qilgan Mahmudxon Ahmad mirzo ustidan gʻalaba qozondi. Shundan keyin Mahmudxon dadillanib, Oʻratepani ham Ahmad mirzodan tortib oldi-da, u yerga oʻzining qadrdoni boʻlgan moʻgʻul-dugʻlat amiri Muhammad Hu-saynni hokim qilib qoʻydi.
Chirchiq boʻyidagi jangda katta xizmat koʻrsatgan Shohbaxt — Shayboniyxon Mahmudxondan mukofot kutmoqda edi. Mahmudxon uni oʻz huzuriga chaqirib shunday dedi:
— Turkiston shahri hamon temuriylar ilkida. Holbuki biz, chingiziylar, bu joylarni Chigʻatoyxondan meros olgan edik!
— Xon hazratlari, mening bobom Abulxayrxon ham Turkiston shahrini oʻziga mulk qilgan edi.
— Chunki poʻlat varaqqa bitilgan ahdnomaga binoan, xonlik masnadiga faqat Chingizxon avlodlari munosib koʻrilgan. Temurning bobokaloni Qorachor nuyon bu ahdnomaga imzo chekkan, ilohiy tangri oldida xonlik da’vosidan voz kechgan. Doim xonlar xizmatida lashkarboshi amir boʻlib xizmat qilishga soʻz bergan. Amir Temur ham oʻzini xon deb atamaganku!
— Oʻzini xon deb atamagan-u, lekin xonlarni qoʻgʻirchoq qilib oʻynatgan! — dedi Shayboniyxon alam bilan. — Chingizxon naslidan boʻlgan Suyurgʻatmishxon, Mahmudxon deganlarni xoʻjakoʻrsinga oq kiygizga solib xon koʻtargan. Aslida bu xonlar uning xizmatini qilgan. Faqat Toʻxtamishxon Temur bilan dadil olishgan, ammo omadi kelmay yengilgan. Oltin Oʻrda yer bilan yakson qilingan. Temur Moʻgʻuliston xonlariga qarshi bir emas, yetti marta yurish qilib, Chingizxon avlodlarini Chigʻatoy ulusidan butunlay siqib chiqardi. Uning oʻgʻli Shohruh bilan nevarasi Ulugʻbek chingiziylarni Turonga yoʻlatmay qoʻydi. Mana endi, oradan yuz yil oʻtgandan keyin temuriylar davlati parchalanib, oʻzaro urushlardan batamom zaiflashdi-yu, sizu bizga omad keldi.
— Gapingiz toʻgʻri, janob Shohbaxtxon, Chigʻatoy ulusidan temuriylarni siqib chiqarib, chingiziylar hukm-ronligini qayta tiklash siz bilan bizning zimmamizga tushadir. Sayramu Turkistonlar ham ikki yuz yil davomida chingiziylar tasarrufida boʻlgan. Keyin Amir Temur Yassaviy maqbarasini qurib, bu yerlarga ega boʻlib oldi. Hozir ham Turkiston temuriylarga sadoqat saqlab turibdir. Men sizga uch ming kishilik sara qoʻshin beray. Bobongiz Abulxayrxonning mulkini temuriylardan qaytarib oling!
— Minnatdormen, xon hazratlari! Turkistonni temuriylardan tortib olib, sizning davlatingiz tarkibiga qoʻshish — mening orzuyimdir! Siz barcha chingiziylarga rahnamo boʻlgaysiz! Mening ezgu niyatim — sizning yoʻlboshchiligingizda chingiziylarning ulugʻ saltanatini qayta tiklamoqdir!
— Mana bu niyat — tahsinga sazovor, janob Shohbaxtxon. Ammo zamonlar oʻzgardi. Siz bilan biz ham Chingizxon davridagi moʻgʻullar emasmiz. Islomni qabul qildik. Turkiy til — ona tilimizga aylandi. Mana, siz madrasada oʻqidingiz. Biz ham forscha, arabcha oʻrgandik. Kiyim-kechak, oziq-ovqat, uy tutish, hayot tarzi — hammasi oʻtroq turkiy aholinikidan farq qilmagani yaxshi boʻldi. Chunki bu hammasi bizning Turonzaminga otgan yangi ildizlarimizga aylandi.
— Ammo oʻq ildizimiz — Chingizxon naslidan ekanligimizdir! — gap qoʻshdi Shohbaxtxon.
— Ha, ana shu oʻq ildizni mahkam tuting, ammo Turonzaminga otgan yangi ildizlaringizdan ham oziqlaning!
— Mening dilimdagi gapni aytdingiz, xon hazratlari. Men oʻz atrofimga Turondan ham, Dashti Qipchoqdan ham barcha turk-moʻgʻul qavmlarni yigʻmoqdamen. Bularning biri qipchoq, biri nayman, biri qoʻngʻirot, biri jaloyir, ammo hammalarini «oʻziga-oʻzi bek — Oʻzbek» degan chiroyli nom bilan atasam, koʻpchiligiga ma’qul tushdi. Oralarida Qur’onni menchalik yaxshi qiroat qiladigan imomlari yoʻq. Shuning uchun hammalari meni «Imomi zamon!» deb tan olurlar!
— Koʻpchilikning boshini qovushtirish uchun nimayiki zarur boʻlsa, hammasini qiling. Eng muhimi, ahillikdadir. Oʻzaro urushlar temuriylarning boshiga yetmoqda. Siz bilan biz bir yoqadan bosh chiqarsak, Islom bayrogʻini temuriylardan koʻra balandroq koʻtarsak, barcha musulmonlar bizga ergashgay!
— Toʻgʻri aytdingiz, hazratim! Hozir bobokalonimiz Chingizxonning mafkurasi bilan ish yuritib boʻlmagay! Endi faqat islomning sunniy mazhabi bizga mos kelur.
Mahmudxon Shayboniyxonning bu fikrini ham ma’qul koʻrdi. Ularning maslakdosh ekanliklari, ayniqsa Shayboniyxonga qoʻl keldi. Mahmudxonning yordami bilan Shayboniyxon avval Turkistonni, soʻng Buxoroni noshud temuriyzoda Sulton Ali mirzodan tortib oldi. Vaziyat yetilishi bilan Shayboniyxon Samarqandni ham egallaydi. Uning homiysi Mahmudxon bundan mamnun.
Shayboniyxonga rahnamo boʻlib butun Turonda, undan soʻng Xurosonu Eronlarda ham Chingizxon avlodlarining shonu shuhratini, davlatu hokimiyatini qayta tiklash Mahmudxonning eng ulkan orzusidir. Buni yaxshi biladigan Tilba Sulton:
— Ilohim, ana shu orzuyingiz tezroq roʻyobga chiqsin, xon hazratlari! — deb tilyogʻlamalik qila boshladi. — Siz Sohibqiron a’zam Chingizxonning dahosini meros olgansiz. Ona tomondan Iskandar Zulqarnayn avlodlaridan ekansiz! Muhtarama volidangiz Shohbegim menga soʻzlab berdilar.
— Ha, ona tomondan bobomiz Shoh Muhammad hazratlari buyuk yunon podshosi Iskandar Zulqarnaynning Pomirda qolib ketgan avlodlaridan ekanlar. Rahmatlik otamiz Yunusxon Shoh Muhammad hazratlari bilan Badaxshonda tanishgan ekanlar.
— Qarang, xon hazratlari, xudo suygan bandasiga qoʻsha-qoʻsha qilib berar ekan-da! Hali kelajakda Badaxshon ham sizga meros boʻlib qolgʻay. Toshkentu, Andijonu Fargʻonalar sizga buyuk Chingizxondan merosdir. Inim Ahmadbek Fargʻona vodiysida orttirgan boyligini toʻqqiz tuyaga yuklab, sizga in’om qilib yuborgani shu boisdandir. Oltinu javohir, kimxobu atlas.
— Koʻrdim! Ahmadbekning saxovati durust. Lekin u haligacha norasida bir temuriyzoda Jahongir mirzo xizmatida yurgani gʻalati.
— Bu hammasi noilojlikdan, xon hazratlari. Qani edi, siz katta oʻgʻlingiz Xonikaxonni inim Ahmadbekka yordamga yuborsangiz. Birgalashib temuriyzodalarni daf’ qilsak. Ana unda Fargʻona vodiysi sizning oʻgʻlingizga tobe’ boʻlgʻay. Ahmadbek to oʻlguncha sizgayu, oʻgʻlingizga sodiq xizmat qilgʻay.
— Mana bu reja haqida oʻylab koʻrsak boʻladi, — dedi Mahmudxon. — Boburga avom xalq tarafdor boʻlib isyon koʻtargani, bizning odamlarni vodiyning shaharu qishloqlaridan quvib chiqargani menga yoqmaydi!
— Siz ming bora haqsiz, xon hazratlari! Mening inim Ahmadbek oʻsha avomlarning yoʻlini toʻsib turibdir. Agar Ahmadbek magʻlub boʻlsa, bu isyonlar shunday togʻdan oshib, Toshkentga yetib kelishi muqarrar! Bu yerda ham temuriylar davrini qoʻmsab yurgan alam-zadalar oz emas. Buni xufiyalar axborotidan ham bilursiz. Xudo koʻrsatmasin, agar ichkarida pusib yotgan gʻanimlaringiz bosh koʻtarsa, naryoqdan Bobur Amir Temurning qilichini yalangʻochlab kelsa.
— Yoʻq, yoʻq, bunga mutlaqo yoʻl qoʻymasligimiz kerak! Ayting-chi, Ahmadbek Fargʻona vodiysini bizning davlatimiz tarkibiga qoʻshmoqchi ekani — shunchaki gapmi yoki asosi bormi?
— Asosi bor! Mana, Ahmadbek oʻz ilki bilan sizga maktub yozgan! Agar uni hozirgi xavf-xatardan saqlab qolsangiz, inim umrbod sizning xizmatingizni qilgusidur. Andijonu Axsini temuriylar nomidan emas, sizning nomingizdan idora etishga soʻz bergan!
Mahmudxon Ahmad Tanbalning imzosi qoʻyilgan va muhri bosilgan maktubni oʻqib koʻrdi-da, oʻzining maxsus qogʻozlari saqlanadigan juzdonga solib qoʻydi.
Xonning yon berayotganini sezgan Tilba Sulton qoʻlini koʻksiga qoʻyib iltijo qildi:
— Xon hazratlari, oʻn besh ming lashkaringiz koʻpdan beri kuch yigʻib yotibdir. Katta oʻgʻlingiz Xonikaxon ham yigit boʻlib qoldi. Ulkan gʻalabalarga erishgilari kelur.
— Qish kunida oʻn besh ming qoʻshinni boshqarish oson emas. Farmon hozirlang, Xonikaxon olti ming lashkar bilan harbiy yurishga otlansin. Ammo bu yurishning butun mas’uliyati sizning zimmangizga tushadir, janob eshik ogʻa!
— Boshim bilan javob berurmen, xon hazratlari!
— Ana shu soʻzlaringizni ahdnoma tarzida yozib, imzo cheking!
— Bosh ustiga!
Mazkur ahdnomaga binoan Mahmudxonning olti ming kishilik qoʻshini Ahmad Tanbalni qutqarish uchun Archakent dovonidan oshib, Kosonsoy atroflariga bos-tirib keldi.

2
Arxiyon qoʻrgʻonini qamal qilayotgan Bobur endi asosiy kuchlarini Kosonsoy tomonga burishga majbur boʻldi. U Ahmad Tanbalga keladigan har qanday koʻmakning yoʻlini toʻsmoqchi, kerak boʻlsa, togʻasining oʻgʻli Xonikaxon bilan ham olishmoqchi edi.
Bu xabar Axsida turgan Qutlugʻ Nigor xonimga va uning keksa onasi Eson Davlat begimga ham yetib bordi. Onalar togʻa-jiyan orasida urush boshlansa juda koʻp begunoh qonlar toʻkilishidan iztirobga tushib, avval Axsidan Kosonsoyga bordilar, Tilba Sulton bilan Xonikaxonni yaxshilikcha Toshkentga qaytishga undab koʻrdilar. Biroq olti ming qoʻshinning kuchiga ishongan Tilba Sulton Mahmudxonning nomidan bir qancha ogʻir shartlarni oʻrtaga qoʻydi:
— Bobur mirzo qoʻshinini Andijon tomonga olib ketsinlar. Axsi bilan Sirdaryoning oʻng qirgʻogʻidagi hamma joylar avvalgiday Jahongir mirzo ixtiyorida qolsin. Ana undan soʻng biz qoʻshinni Toshkentga olib qaytgaymiz.
Qutlugʻ Nigor xonim onasi bilan Kosonsoydan Namanganga, Bobur qarorgohiga keldilar.
Sakkiz burchaklik katta oq oʻtovda Bobur oʻng yoniga onasi va buvisini e’zozlab oʻtqazdi. Uning chap yonidan Qosimbek va Ali Doʻstbek oʻrin oldilar. Onalar keltirgan noxush xabardan otashin boʻlgan Bobur kuyunib soʻz boshladi:
— Biz Tanbal tufayli shuncha jabr koʻrdik, ikki yil sargardon boʻldik, xon togʻamiz bizga bironta ham navkarini yordamga yubormadi. Tanbal oʻz qilmishiga yarasha hamma joydan quvilib tor-mor boʻlayotgan paytda xonning olti ming qoʻshini uni qutqarish uchun togʻ oshib yetib kelibdi! Buni qanday tushunmoq kerak, hazrat momojon? Qani bu yerda adolat?!
Qutlugʻ Nigor xonim xon ogʻasining qilmishidan xijolat boʻlib yerga qaradi.
Eson Davlat begim tomoq qirib qiynalib gapirdi:
— Amirzodam, adolat siz tomonda. Lekin Mahmudxonning eshik ogʻasi Tilba Sulton oʻta mugʻambir odamda. Xonni shu odam qoʻshin yuborishga koʻndirgan. Biz Kosonsoyda ular bilan soʻzlashdik. Maqsadlari urushish emas. Iningiz Jahongir mirzo bilan sizni yarashtirib qoʻyishmoqchi.
— Men Jahongir bilan emas, Tanbal bilan olishmoqdamen. Mayli, Jahongir hali bola, uzr soʻrab kelsa u bilan yarashaylik. Ammo Tanbalni qamaldan boʻshatmagaymiz! Bu qotil oʻz qilmishlari uchun javob bermogʻi kerak!
— Biroq Tanbal Jahongirning otaligʻi-ku! Biri bilan yarashsangiz, ikkinchisi bilan ham yarashmogʻingiz kerak boʻlur, — dedi Ali Doʻstbek. — Bundan tashqari, Ahmad Tanbal ham Chigʻatoyxon avlodlaridandir. Xon togʻoyingiz shuning uchun uning himoyasiga katta qoʻshin yubormishdir!
— Ha, ana, kosa tagidagi nimkosa endi koʻrindi!— dedi Qosimbek. — Mahmudxon hazratlari temuriylarga oʻgay koʻz bilan qaraydirlar. Amirzodam, men buni koʻpdan beri kuzatib yuribmen. Toshkentda, Buxoroda, Turkistonda sizning tarafdorlaringiz, bizga haqiqatni yetkazib turuvchi xufiyalarimiz bor. Ular Mahmudxonning Shayboniyxonga yon bosayotganligi bejiz emasligini ma’lum qilmoqdalar. Asli Chingizxon naslidan boʻlgan bu xonlar hozir temuriylarga qarshi til biriktirganlar. Ular nafaqat Toshkentu Fargʻonada, balki butun Turonda Chingizxon avlodlarining hukmronligini qayta tiklamoqchilar!
Bu gaplardan Qutlugʻ Nigor xonimning yuzi qizarib, koʻzlari chaqnab ketdi:
— Men ham Chingizxon naslidanmen! Siz bizni Mahmudxonga qoʻshib oʻgʻlimiz Bobur mirzodan begona qilmoqchimisiz?!
— Meni afvu eting, xonim hazratlari! Siz Bobur mirzoga Amir Temur qilichini, uning ruhiy madadini yetkazib berib, olijanob ishlar qildingiz. Salkam ikki yil barcha sargardonliklar azobini siz amirzodam bilan birga tortdingiz. Shunchalik qiynalgan paytlaringizda Mahmudxon ogʻangiz sizga ham yon bosmadi-ku!
— Bu rost! — dedi Eson Davlat begim. — Mahmudxon boshqa onadan tugʻilgan. Uning onasi Shohbegim Badaxshi menga kundoshlik qilur, bizni koʻrarga koʻzi yoʻq. Ana shuning ta’sirida Mahmudxon bizga oʻgaylik qilishi mumkin. Ammo buning uchun barcha chingiziylarni temuriylarga dushman qilib koʻrsatishingiz notoʻgʻri, janob Qosimbek!
— Meni ma’zur tuting, «barcha xonlar» deganim yoʻq. Faqat Mahmudxon bilan Shayboniyxonni, yana Ahmad Tanbalni nazarda tutdim!
— Bular ham sizu biz kabi turkiy tillik musulmonlar-ku! — deb gap qoʻshdi Ali Doʻstbek. — Ayirmachilik qilish kimga kerak?
— Ayirmachilikni biz emas, ular qilishmoqda! — dedi Bobur. — Men tarix kitoblari-da oʻqidim. Eng qadimiy bobokalonimiz Oʻgʻizxonning Kunxon, Oyxon, Togʻxon degan oʻgʻillari boʻlgan ekan. Shulardan boʻlgan farzandlardan biri Yulduzxon deb atalgan ekan. Qarang, hammasi turkiy nomlar! Ana shu Yulduzxonning nevarasi — afsonaviy ayol Alanquva qurlos urugʻidan ekan. Qurlos barlosga qon-qarindosh. Nomi ham uy-qash. Men buni Mirzo Ulugʻbekning «Toʻrt ulus tarixi» kitobida oʻqidim. Ilohiy ruhdan homilador boʻlib oʻgʻil tuqqan Alanquva turkiy qavmlarning afsonaviy onasi sanalarkan.
— Ha, rost, — deb bu gapni Eson Davlat begim ma’qulladi, — otalari moʻgʻul qavmidan boʻlgan Chingizxon ham Alanquvani oʻzining momokaloni deb bilgan. Shunday boʻlgach, chingiziylarni temuriylarga ashaddiy dushman deb ta’riflash adolatdan emas-da, janob Qosimbek!
— Ammo bu ikki sulola tarixda bir-biri bilan ozmuncha yogʻiylashganmi, hazrat begim? Hokimiyat uchun kurashda ogʻa-inini, qarindosh-urugʻ bir-birini ayamaganligi hech kimga sir emas-ku!
— Bobur mirzo oʻz ajdodlarining yogʻiylashgan davr-laridan emas, inoq boʻlgan davrlaridan ibrat olmoqlari kerak! — dedi Eson Davlat begim. — Hazrati Amir Temurning bobokalonlari Qochuvli bahodir bilan hazrati Chingizxonning bobokalonlari Qobulxon inoq boʻlish haqida ahdu paymon qilishib, poʻlot kitobga buni oʻyib yozdirgan ekanlar.
— Xoʻp, bu ahdnomani kimlar mudom buzib kelmoqda, hazrat momo? Sohibqiron bobokalonimiz Amir Temur Joʻjixon avlodidan boʻlgan Toʻxtamishxonga qancha yaxshiliklar qilganini bilurmisiz?
— Bilurmiz, ammo.
— Endi shoshmang! Toʻxtamishxon nechun bu yaxshiliklarga yomonlik bilan javob berdi? Nechun Amir Temur davlatiga qarshi tajovuzlar qildi? Chunki Toʻxtamishxon Oltin Oʻrdaga xon boʻlgandan keyin atrofidagi xushomadgoʻylari uni hovliqtirdi. «Siz Chingizxon naslidansiz, sizning martabangiz Temurbeknikidan baland, davlatni faqat siz boshqarishingiz kerak, Temurbek lashkarboshi boʻlib, sizga xizmat qilishi kerak!» degan aqidaga uni ishontirishdi.
— Axiyri bu aqida Toʻxtamishxonning boshiga yetdi, buni biz yaxshi bilurmiz, — dedi Eson Davlat begim.
— Ammo siz aqidaning hali ham tirik ekanini bilmasangiz kerak, hazrat begim! — deb Qosimbek Boburga yon bosa boshladi: — Bizga kelgan maxfiy axborotlar bor. Tilba Sulton hazrati Mahmudxonga xushomadlar qilib, Ahmad Tanbalning sovgʻalarini berib, xuddi shu aqida asosida bizga qarshi qoʻshin yuborishga xonni koʻndiribdur!
— Aygʻoqchilarning axborotiga muncha inonmang, janob eshik ogʻa, — deb e’tiroz qildi Ali Doʻstbek. — Hazrati Mahmudxon Tilba Sultonning aqli bilan ish qiladigan zaif tojdor emaslar. Ul zot bugungi Chigʻatoy ulusining eng qudratli sultonidurlar!
— Bugungi Chigʻatoy ulusi? — hayron boʻlib soʻradi Bobur. — Toʻgʻri, ona tomondan biz ham Chigʻatoyxonga avlodmiz. Men hazrat onamni ardoqlab, boshimga koʻtarurmen. Ammo Chigʻatoyxondan ming yillar oldin Turon, Turkiston deb nomlangan muazzam zaminni hanuzgacha Chigʻatoy ulusi deb atashga hech bir asos koʻrmaymen! Axir Chigʻatoyxon Turonda biron yil yashamagan, bironta tarixiy obida qurdirmagan, biron joyni obod qilmagan! Aksincha, obod joylarni xarobaga aylantirgan, toʻgʻonlarni buzdirib, shaharu qishloqlarni suvga bostirgan!
— Toʻgʻonlar hazrat Chingizxonning farmoni bilan buzdirilgan, shekilli, — deb gap qoʻshdi Eson Davlat begim.
— Har qalay, barcha qirgʻinlar, buzgʻunchiliklarga Chigʻatoyxon ham katta ulush qoʻshgan, — davom etdi Bobur. — Tarix kitoblaridan oʻqidimki, Chingizxon oʻziga ham bironta yodgorlik qurdirmagan ekan. «Oʻlsam, tekis yerga dafn qilinglar, qabrim ustidan mingta ot yurib oʻtsin, toki koʻmilgan joyimni hech kim topolmasin», degan ekan. Vafot etganidan keyin xuddi uning aytganini qilishibdi. Mingta ot uning qabrini toptab oʻtibdi. Haligacha uning qabrini hech kim topolmas emish.
— E’tiqodi shunday boʻlgan ekan-da, — dedi Eson Davlat begim. — Doim oʻtovda yoki otda, tabiat bagʻrida boʻlishni istarkan. Shaharlarni, qoʻrgʻonlarni yomon koʻrarkan.
— Begunoh shaharliklarni-chi? — soʻradi Bobur.— Tabiat bilan hamkorlik qilib choʻllarga suv chiqargan, bogʻ-rogʻlar bunyod qilgan butun oʻtroq aholini nechun ayovsiz qirgan? Turon xalqining dodi parvardigorga yetgan ekan-ki, Amir Temurdek bir najotkorni yuboribdir. «Biz Chingizxon naslidanmiz!» deb koʻkraklariga urib maqtanib yurganlar bilsinlar! Nasl-nasab bilan maqtanish zaiflik belgisidir! Oʻzining ilkidan yaxshi ish kelmaydiganlar mudom nasl-nasablari bilan kerilurlar. Ammo odamning kimligini qilgan ishiyu avlodlarga qoldirgan merosi koʻrsatgay. Chingizxondan, Chigʻatoyxondan, Toʻxtamishxondan qanday meros qoldi-yu Amir Temurdan, Shohruhdan, Ulugʻbekdan qanday meros qoldi? Bir qiyoslab koʻring! Adolat kim tomonda ekani shunda darhol bilinur!
Bahsga aralashmay boshini egib jim oʻltirgan Qutlugʻ Nigor xonim oʻgʻliga mehr toʻla koʻzlar bilan qaradi-da:
— Siz haqsiz, Boburjon! — dedi. — Bugun boʻlmasa ertaga haq joyida qaror topgay. Men shunday pahlavon, haqgoʻy, bahodir oʻgʻlim borligi bilan iftixor qilurmen. Siz oʻz nomingizga munosib sher yigitsiz. Ammo Ahmad Tanbal bilan uning ogʻasi chiyaboʻriga oʻxshaydilar. Siz oʻshalar bilan teng boʻlmang, ular tufayli xon togʻoyingiz bilan orani buzmang, sulh taklif qilishsa, yarasha qoling, bolam!
— Qaysi shart bilan yarashaylik? — soʻradi Bobur.
— Axsi Jahongir mirzoda qolsin, mayli deng. Saxiy boʻling!
— Ie, ikki yil jon chekib olishganlarimiz bekor ketgaymi? — norozi boʻlib soʻradi Qosimbek Boburdan. — Otangizdan qolgan yaxlit davlat yana parchalansinmi?!
— Agar bunga koʻnmasangiz Mahmudxon yuborgan qoʻshin bilan jang qilurmisiz?! — tahdid qilib soʻradi Ali Doʻstbek.
Qosimbek ham unga tik javob berdi:
— Agar amirzodam buyursalar, jangga tayyormiz!
— Oldinda Mahmudxon! Orqada Tanbal! Siz amirzodamni ikki oʻt orasiga tashlamoqchimisiz?! — soʻradi Eson Davlat begim ham qizishib. — Siz Bobur mirzoga nuqul xonlarni yomonlab, ikki orani buzmoqdasiz-ku, janob Qosimbek!
— Men haqiqatni aytdim, xolos, hazrat begim!
— Siz haqiqat degan narsa aygʻoqchilarning yolgʻon-yashiq igʻvolaridir!
Ali Doʻstbek bu da’voni yana bir parda baland koʻtardi:
— Janob Qosimbek shu igʻvolarga tayanib xonlarga tuhmat qilmoqdalar!
Bobur oraga tushdi:
— Janob Doʻstbek! Hazrat momo! Qizishmangizlar!
«Tuhmat!» degan gap Qosimbekka juda ogʻir botdi. U Boburdan himoya istardi. Ammo Bobur momosi bilan Doʻstbekni yanada asabiylashtirmaslik uchun Qosimbekni ochiqchasiga yoqlay olmadi:
— Janob Qosimbek, oʻylab koʻraylik, — dedi. — Balki biron murosa yoʻli topilar!
Qosimbek oʻzini bosolmadi:
— Men Tanbal bilan murosa qilolmagaymen! Amirzodam, menga ijozat bering, bu yerdan ketay! Sizga qachon kerak boʻlsam, chaqirtirsangiz yana kelgaymen! Ammo hozir. tuhmat balosidan xudo asrasin! Hazrat begim, xonim hazratlari, uzr soʻraymen!
Qosimbek borgohdan choʻgʻday qizargan, asabiy bir alpozda chiqib ketdi.
Yana Qutlugʻ Nigor xonim oʻgʻliga muloyimlik bilan gap qotdi:
— Oʻylab koʻring, Boburjon! Kosonsoyda xon togʻoyingizning olti ming qoʻshini turibdir. Agar siz bu qoʻshin bilan jang qilib, uni yengsangiz. togʻoyingiz jim qarab turmagay. Orqadan yana oʻn ming, balki yigirma ming qoʻshin bilan oʻzi yetib kelgay. Unda ne qilursiz.
— Men togʻoyim bilan jang qilmoqchi emasmen. Faqat Tanbalning qanday xoin ekanini xonlar ham bilsalar edi.
— Vaqt oʻtishi bilan bilib qolarlar, — dedi Qutlugʻ Nigor xonim. — Sizga xiyonat qilgan Tanbal xonga ham xiyonat qilmay turolmagay. Xoʻja Abdulladay pirni osib oʻldirgan qotilga qasos qaytmay qolmas!
Bobur oʻylanib jim qolganidan foydalangan Ali Doʻstbek gapni kutilmagan tomonga burdi:
— Ikki yildan buyon siz koʻp azob tortdingiz, amirzodam! Endi bu dunyoning rohatini ham koʻrishingiz kerak. Yoshingiz oʻn sakkizda, alpqomat yigitsiz. Ayni uylanadigan paytingiz. Qalligʻingiz Oyisha begim ham oʻn oltiga toʻlib, sep yigʻmoqda emishlar.
Mavzu oʻzgarganidan jonlangan Eson Davlat begim Oyisha begimni ta’riflay ketdi:
— Borib koʻrganlar mahliyo boʻlib gapirganlarini men oʻzim eshitdim! Egachilari Qorakoʻz begimning goʻzalligi ta’rifga sigʻmas edi. Oyisha begim egachisidan ham koʻhliroq boʻlib yetilibdur!
Boburning urush-janjallar qahratonidan junjikkan qalbiga birdan bahorning iliq shabadasi tekkanday boʻldi. Oʻzi yozgan gʻazalning satrlari: «Jamoling vasfini, ey oy, necha eldin eshitgaymen? Ne kun boʻlgʻay visolingga meni dilxasta yetgaymen?» degan savollar dilida goʻyo nay navosiga qoʻshilib eshitildi. Agar togʻasi Mahmudxon bilan yovlashsa, Toshkentdagi Oyisha begimning taqdiri nima boʻladi? Yana Samarqanddagi kabi arosatga tushadimi?
— Xudo saqlasin! — dedi Eson Davlat begim. — Urush boshlansa qalligʻingizni garovga olib azob bergaylar! Lekin sulh tuzilsa, xon togʻangiz kelinimiz Oyisha begimni seplari bilan Andijonga xushu xursand joʻnatmoqchi ekanlar!
— Oh, qani, yolgʻiz oʻgʻlimning toʻylarini koʻrsam! — deb orziqib xitob qildi Qutlugʻ Nigor xonim.
Bobur shuncha vaqtdan beri bir koʻrishga mushtoq boʻlib yurgan qalligʻiga yetishadigan kunlarni koʻz oldiga keltirdi-yu, muloyim boʻlib qoldi. Onalar Andijonda boʻladigan toʻy shodiyonasidan el-yurt ham tinchib bir yayrab olishini aytishdi va nihoyat Boburni Ahmad Tanbal bilan sulh tuzishga koʻndirishdi.

3
Javzo oyining iliq oqshomlaridan birida Andijon arkidagi haramda ikki oylik kelinchak Oyisha begimning xobgohida kanizlar shohona toʻshakka gul atri sepdilar. Oltin-kumush buyumlar va ipak gilamlar bilan bezatilgan tanobiy uyning eshigi oldiga chiroyli poyandoz toʻshaldi. Oyisha begimning qoʻllariga xina, qoshiga oʻsma qoʻyilgan edi. Goʻzal kelinchakning boshqa pardozlari endi tugaganda kanizlardan biri quvonib shivirladi:
— Keldilar!
Ayvonda boshiga oltin jigʻa kiygan Bobur koʻrindi.
Soʻnggi yillarning tinimsiz olishuvlari uni xiyla pishitgan. Yelkalari toʻlishib, oʻn sakkiz yoshli durkun yigitga aylangan.
Xobgoh oldida Boburni ta’zim bilan kutib olgan oʻn olti yoshli Oyisha begim kuyovga nisbatan kichkinagina, ingichkagina koʻrinadi. Uning boshiga kiygan serbezak baland toqisi, boʻyniga taqilgan zebigardon va marjonlar nozik qomatiga ogʻirlik qilayotgandek tuyuladi.
Kanizlar ta’zim qila-qila chiqib ketdilar. Bobur ulardan ba’zilarining koʻzlari shoʻx chaqnaganini payqab, oʻngʻaysizlanadi. Kuyov haramda tunaydigan tunni kanizlaru savdarlar oldindan bilib, maxsus tayyorgarlik koʻrishi, xobgohga shuncha odamning kirib-chiqishi unga noxush tuyuladi.
Buning ustiga Oyisha begim haddan ortiq uyatchan. U Boburni:
— Marhabo, hazratim! — deb toʻrga taklif qilganda ovozi hayodan titrab, zoʻrgʻa eshitildi.
Uyning toʻrida — harir parda ortida ikki kishilik baland toʻshak bor. Oyisha begimning uyatchanligi Boburni battar oʻngʻaysizlantirdi. U yuqoriga oʻtib oʻtirayotganda toʻrdagi toʻshakka qaramaslikka tirishdi. Koʻzini dasturxonga tikib:
— Xushvaqt yuribsizmi, begim? — deb soʻrashdi.
— Shukr.
Oyisha begim azbaroyi tortinganidan dasturxonning Boburdan eng uzoq chetiga oʻtirdi. Soʻngra oraga noqulay jimlik choʻkdi.
Oyisha begim xushsurat boʻlsa ham, hali yetilmagan norasida qiz edi. Ota-onasidan erta ajralgan bu qiz koʻp kasalga chalinib ozib ketgan.
Bir vaqtlar Bobur uni koʻrmasdan oldin xayolida tasavvur etib yurgan afsonaviy parizod butunlay boshqa edi. Xayol bilan hayot orasidagi farq qanchalik katta boʻlishini Bobur endi bildi.
Urf-odatga binoan ular bir-birlarini toʻydan soʻng goʻshangada birinchi marta koʻrdilar.
Ular hali biror marta hamsuhbat boʻlmaslaridan va ruhan yaqinlashishga ulgurmaslaridan oldin boshlangan jismoniy yaqinlik Boburga uyat ishdek tuyular va uning ilgarigi musaffo tuygʻularini poymol qilayotganday boʻlardi. Shuning uchun kechalari davlat ishlari bilan boʻlib, koʻpincha oʻzining xobgohida tunab qolardi. Hukmdorlik udumiga binoan uning faqat ba’zi tunlarni xotini bilan oʻtkazishi rasm-rusumga xilof hisoblanmas, Boburning otasi Umarshayx mirzo ham shunday qilardi. Lekin yosh kelin-kuyov orasida avvalgi xayoliy orzu bilan hozirgi ahvolning keskin farqidan kelib chiqqan noxush bir murakkablik borligini Oyisha begim ham payqar va oʻzini Boburga nomunosib sezib ich-ichidan iztirob chekardi.
Oyisha begim oraga tushgan noqulay jimlikda qirmizi choynakdan piyolaga choy quyib, tavoze bilan Boburga uzatdi.
Bobur piyolani olayotganda Oyisha begimning hali uncha toʻlishmagan ozgʻin qoʻllari titrab ketganini koʻrdi.
— Rahmat, — deganda unga oʻz ovozi ham gunohkorona tovlanib eshitildi.
Bobur bir vaqtlar xayolida ardoqlab, oyogʻiga bosh qoʻygisi kelib gʻazal yozgan qalligʻini endi bunchalik uyaltirayotgani uchun oʻzini ham gunohkor sezardi.
Choshnagir ayol chinni laganda zira hidi kelayotgan kabob koʻtarib kirdi. Yoshi ellikka borgan boʻlsa ham durrani chakkasiga qiya qilib oʻragan bu shaddod ayol kuyov-kelindagi uyatchanlikni sezib, hazil qildi:
— Amirzodam, yigit kishi yosh kelinchakni gapga solib oʻtirishi kerak emasmi? Qiziq-qiziq hangomalardan soʻzlab bering. Samarqanddan elchilar kelgan emish. Qanday xushxabarlar bor?
Choshnagir ayol laganni kuyov-kelinning oʻrtasiga qoʻyib, kumush sovrini[53] ochdi. Oq kiyikning goʻshtidan tayyorlangan toza kabobning hidi zira hidiga qoʻshilib atrofga taraldi.
— Begim, siz ham ochilibgina oʻltiring. Bunday baxtli yoshlik bir marta keladir. Zavqini surib qoling, aylanay begim, bizga oʻxshab keksayganingizda eslab yurarsiz!
Choshnagir ayol kulib chiqib ketdi. Uning «zavqini surib qoling» degan soʻzlari Oyisha begimdagi uyatchanlikni kamaytirish oʻrniga battar oshirgan edi. Bobur esa bir oz dadillanib:
— Qani, begim, — dedi. Lagan ustiga qoʻl choʻzdi-yu, lekin Oyisha begim kabobga qoʻl uzatishini kutdi.
— Siz boshlang, — shivirladi kelinchak.
— Xoʻp, mana. Qani, endi, siz.
Shu tarzda bir oz kabob yeganlaridan keyin yana choyga oʻtdilar.
— Begim, shahringizni sogʻinganingiz yoʻqmi?
Oyisha begim endi Boburning yuziga botinibroq qaradi:
— Samarqandnimi. Sogʻindim.
— Agar nasib qilsa, yozda Samarqandga qaytursiz.
— Koshki edi. Biroq men. Oʻzim keturmenmi?
— Yoʻq, Samarqand nasib boʻlsa, bu yerdan hammamiz koʻchib keturmiz.
— Koʻchib. Andijon kimga qolur?
Bobur horgʻin tovush bilan:
— Hozircha Ahmad Tanbal bilan Jahongir mirzoga,— dedi.
Oyisha begim hech narsaga tushunolmay taajjublanib qoldi. Bobur Andijonni qayta qoʻlga kiritguncha ozmuncha aziyat chekdimi? Endi nechuk Andijonni ixtiyoriy ravishda tashlab ketmoqchi?
— Men Samarqandni sogʻingan boʻlsam ham, — dedi Oyisha begim, — lekin sizning ota yurtingizda osuda yashashni afzal koʻrurmen!
Oyisha begim boyagi uyatchanligini unutib, ochilib gapira boshlaganida Boburga uning yuzi avvalgidan jozibaliroq koʻrindi.
— Sizdan ham oʻtinamen, hazratim, — davom etdi Oyisha begim, — koʻp azob tortgansiz. Samarqand sizga jangsiz darvoza ochmas. Endi oʻzingizga rahm qiling. Urushga bormang, oʻtinamen!
— Begim, bu yerdagi hozirgi ahvolimiz sizga ham munosib emas, menga ham.
— Nechun bunday dedingiz? Axir siz oʻz yurtingizda podshohsiz-ku.
Bobur kinoyali kulimsirab, bosh chayqadi:
— Hozir faqat nomim podshoh, — deb qoʻynidan bir varaq buklangan qogʻoz oldi-da, Oyisha begimga uzatdi.
Soʻnggi oylarda Bobur koʻngil dardlarini qogʻozga tushirishga koʻp ehtiyoj sezar va deyarli har kuni she’r mashq qilar edi. Bu qogʻozda uning shu bugun yozgan bir qit’asi bor edi. Oyisha begim qogʻozni ochib, satrlarga koʻz yugurtirdi:
Qolmadi hurmat ahli olamda,
Olamu olam ahlidan yuv ilik.
Boburo, ikki podshohligʻdin
Yaxshiroq bu zamonda bir beklik.
— Hazratim, she’ringiz muborak boʻlsin!
— Qulluq. Endi mening dardimni tushungandirsiz?
— Tushundim. Siz Jahongir mirzoning Axsida ikkinchi podshoh boʻlib olganidan dard chekmoqdasiz. Ilgarigi yagona davlat ikkiga boʻlingan.
— Begim, gap faqat Jahongirda emas, hozir Ali Doʻstbek bilan Ahmad Tanbal bizni oʻrgimchak toʻriday chirmab kelurlar, — dedi Bobur Oyisha begimga. — Agar biz shu oʻrgimchak toʻrini yorib chiqib ketmasak, keyin bularga yemish boʻlurmiz!
— Hazratim, Samarqandda ham yogʻiylaringiz behisob. Yana urush boshlansa.
— Samarqandda hozir doʻstlarimiz ham oz emas.
— Kelgan elchi sizni poytaxtga chorladimi?
Bobur elchi bilan boʻlgan gaplarni hozircha juda maxfiy tutishi zarur edi.
Samarqand beklari bilan Sulton Ali mirzo orasida nifoq kuchaygan. Mazid tarxon boshliq beklar mingdan ortiq navkarlari bilan shaharni tashlab chiqqanlar. Ular Urgutda Boburga muntazir turgan emishlar. Yaqinda Buxoroni zabt etgan Shayboniyxon endi Samarqandga koʻz tikkan emish. Agar Bobur tezda yetib bormasa, Sulton Ali mirzo poytaxtni Shayboniyxonga berib qoʻyishi aniq. Shayboniyxonning berahmliklarini koʻp eshitgan odamlar undan qoʻrqib, endi shahar darvozalarini Boburga pinhona ochib bermoqchi emishlar. Bobur mana shu qulay paytdan foydalanib qolishni istaydi.
— Elchi bizni chorlagani rost, — deb, u Oyisha begimga umumiyroq javob qildi. — Ammo Sulton Ali mirzo taxtni bizga osonlikcha bermas.
— Demak, yana urush! Yana xavfu xatar.
— Begim, togʻning boshi qorsiz boʻlmas, yigitning boshi — xatarsiz.
— Hazratim boya oʻrgimchak toʻridan gap ochgan edilar. Agar siz ketsangiz, oʻrgimchak toʻrida biz qanday qolurmiz?
— Istasangiz, sizni birga olib keturmen!
— Jang maydonigami?
Oyisha begimning savolida ozgina kinoya ham bor edi. Buni sezgan Bobur xijolatdan xiyol qizardi.
— Urush tugaguncha onam bilan Xonzoda begim uchovlaringiz Oʻratepada turishlaringiz mumkin. Bahavo joy. Shahar hokimining xotini onamning tugʻishgan singlisi. U yerdan Samarqandga borishlaringiz ham oson.
— Oʻratepa togʻliq joymi? Yoʻllari juda yomondir? Men otliq yurolmaymen.
— Mahofada borishingiz mumkin.
Shahar qizi boʻlgan Oyisha begim bir joyda muqim yashashni yaxshi koʻrardi, yoʻl azobini koʻtarolmas edi.
Boburning soʻnggi gapiga bosh chayqab:
— Mahofadan qoʻrqamen, — dedi.
«Oʻgay taqdir menga bu borada ham kinoya qilmish!— dedi Bobur ichida. — Mendek qoʻnimsiz sayyohtabiat kishiga buningdek nozigu muqim tabiat rafiqa bermish!»
Oyisha begim hozir himoyaga muhtoj bir mushtipar qiz boʻlib koʻrindi. Bobur uning koʻnglini koʻtargisi kelib, quvnoq ohangda gapirdi:
— Otda yurolmasangiz, begim, mahofadan qoʻrqsangiz, unda men sizni. kaftimda olib yururmen!
— Kulmang, mirzo hazratlari! Men kaftingizda yurishga munosib emasmen.
Oyisha begimning soʻnggi soʻzlari Boburga allanechuk shirin tuyuldi. Uning yigitlik qoni koʻpirgandek boʻlib oʻrnidan koʻtarildi-yu:
— Yoʻq, munosibsiz! — dedi.
— Kulmang.
— Munosibligingizni isbot etaymi?
Oyisha begim hurkovich kiyikdek chaqqonlik bilan oʻrnidan turdi va qochishga hozirlandi. Bobur toʻy kechasi uni mahofadan qanday azod koʻtarib tushirgan boʻlsa, hozir ham oʻshanday koʻtarib oldi. Uni toʻrdagi toʻshak tomonga olib oʻtayotib, pastki qandilda yonib turgan shamlarni puflab oʻchirdi.
Hozir shu daqiqalarda Oyisha begim Boburning koʻziga olovli jozibaga toʻlib koʻrindi. Oʻzining bu xobgohda uch-toʻrt kunda bir marta tunashi endi tushunib boʻlmaydigan anglashilmovchilikday tuyuldi. «Minba’d har kuni shu xobgohga kelurmen! — deb oʻzicha ahd qildi. — Men Samarqandga ketsam, necha oy, necha haftalar ayriliqda oʻtgay. Undan koʻra Andijonda murosayu qanoat bilan yashayversammikin?»

* * *
Tong otdi. Kechasi Boburning rejalarini oʻzgartirmoqchi boʻlgan sehrli tuygʻular ertalab oftobdan qochgan yulduzday qayoqqadir yashirindi. Er-xotin nonushta qilib oʻtirganlarida Ahmad Tanbal bilan Ali Doʻstbekning oʻrgimchak toʻrlari yana uning xayolini chirmab oldi. Bobur kecha elchiga «Samarqandga albatta borurmiz», deb va’da bergan, Qosimbek boshliq sodiq kishilar yangi yurish tayyorligini boshlab ham yuborishgan edi. Bobur va’dasidan qaytishi mumkin emasligi ertalabki yorugʻlikda aniqroq koʻrinayotganga oʻxshadi.
Oyisha begim undagi xomushlikni sezib, sukut saqlab oʻtiribdi. Bobur uning yuziga botinib qaray olmay koʻkragidagi oltin bargaklariga koʻz tashladi:
— Begim, Oʻratepaga boradigan boʻldingizmi?
Boburning yana Samarqandga yurish qilishi qat’iy ekani uning gap ohangidan sezildi. Oldindagi bir necha oylik hijron Oyisha begim uchun behad ogʻir edi. Bu ogʻirlikni Bobur unchalik sezmayotgani Oyisha begimga xuddi bemehrlik nishonasidek tuyuldi-yu, birdan alamini keltirdi.
— Hazratim, avval Samarqand sizga muyassar boʻlsin. Keyin borsam biratoʻla shahrimga borurmen. Oʻratepaga emas!
Boburning nazarida, Oyisha begim uning Samar-qandni qayta egallashiga koʻp ham ishonmayotganday koʻrindi. Shuning uchun Bobur haramdan chiqib keta turib:
— Mayli, begim, — dedi sovuq ohangda: — Xudo xohlasa, shahringizda koʻrishganda bu gaplarni yana davom etkarurmiz.

AvvalgiI- qism Keyingi

Mualifning boshqa asaralari
1 Amir Temurning olamshumul ijodiy m. [Pirimqul Qodirov] 591
2 Avlodlar dovoni – Humoyun va Akbar. [Pirimqul Qodirov] 2289
3 Avlodlar dovoni – Humoyun va Akbar. [Pirimqul Qodirov] 2765
4 Avlodlar dovoni – Humoyun va Akbar. [Pirimqul Qodirov] 1641
5 Avlodlar dovoni – Humoyun va Akbar. [Pirimqul Qodirov] 3966
6 Авлодлар довони – Ҳумоюн ва Акбар . [Pirimqul Qodirov] 458
7 Авлодлар довони – Ҳумоюн ва Акбар . [Pirimqul Qodirov] 986
8 Авлодлар довони – Ҳумоюн ва Акбар . [Pirimqul Qodirov] 571
9 Авлодлар довони – Ҳумоюн ва Акбар . [Pirimqul Qodirov] 481
10 Амир Темурнинг оламшумул ижодий мероси [Pirimqul Qodirov] 380
11 Erk (qissa) [Pirimqul Qodirov] 3816
12 Эрк (қисса) [Pirimqul Qodirov] 415
13 Ilinj (hikoya) [Pirimqul Qodirov] 984
14 Илинж (ҳикоя) [Pirimqul Qodirov] 322
15 Yulduzli tunlar (II- qism) [Pirimqul Qodirov] 4017
16 Yulduzli tunlar (III- qism) [Pirimqul Qodirov] 3372
17 Юлдузли тунлар (I- қисм) [Pirimqul Qodirov] 506
18 Юлдузли тунлар (II- қисм) [Pirimqul Qodirov] 529
19 Юлдузли тунлар (III- қисм) [Pirimqul Qodirov] 664

Yulduzli tunlar kitob

Asar 1484-yilda yozilgan bo’lib, 59 bob, 5782 baytdan iborat. Bu mavzu aslida eski bo’lib, muayyan tarixiy shaxslarga borib taqaladi. 590-yilda taxtga chiqib, 628-yilda o’ldirilgan Eron shohi Xusrav Parvezning go’zal Shiringa bo’lgan muhabbati ko’pgina tarisiy asarlarda qayd etilgan. Tarixchi Tabariy(923-yilda vafot etgan) uni «Xusravning eng sevikli .

.pdf «Sab’ai Sayyor» («Yetti sayyora») PDF 3 Feb 2021

Asar 1484-yilda yozilgan bo’lib, 38 bob, 5000 baytdan iborat. “Sab’ai sayyor” asari “hikoya ichida hikoya”usulida yozilgan. Asarning bosh qahramoni – Bahrom. Bahrom Sharqda Mars yulduzining nomi. Arabchasi – Mirrix. Asar voqealari 12 – bobdan boshlanadi. Bunda Bahrom Moniy aytgan va suratini ko’rsatgan Diloromga telbalarcha oshiq .

.pdf LAYLI VA MAJNUN PDF 3 Feb 2021

Bu asar ham 1484-yilda yozilgan bo’lib, u 36 bob, 3622 baytdan iborat. Bu doston sevgi haqidagi dostonlar orasida eng g’amgin va dardli asardir. Doston quyidagi misralar bilan boshlanadi: Men turkcha boshlabon rivoyat, Qildim bu fasonani hikoyat. Yozmoqqa bu ishqi jovidona, Maqsudim emas edi fasona. Mazmunig ‘a .

.pdf Hayrat ul – abror PDF 3 Feb 2021

Asar 7976 misra (3988 bayt) bo’lib, 64 bob, 20 maqolatdan iborat. Bulardan 21 bobi muqaddima, 40 bobi – 20 maqolat va 20 hikoya hamda masal, so’nggi uch bobi esa asar xotimasidir. «Hayrat ul – abror» 1483-yiida aruzning sari’ bahrida yozilgan bo’lib, an’anaviy muqaddima – “hamd .

Yulduzli tunlar kitob

Saytimizdagi elektron kitoblarni 3 usulda o’qish mumkin: kitobxon mobil ilovasi, kitobxon windows dasturi yoki onlayn sayt orqali

Kitobni qanday sotib olish mumkin?

Ketma-ketlik bo‘yicha tavsiya: saytda qanday ro’yxatdan o’tish, saytdagi shaxsiy hisobni qanday to’ldirish mumkin, kerak bo’lgan kitob uchun qanday to’lovni amalga oshirish

Siz muallifmisiz?

Hurmatli mualliflar: Saytimizda asarlaringiz joylashtirilishini (yoki saytdan o‘chirilishini) istasangiz biz bilan shartnoma tuzish uchun bog‘lanishingizni so‘raymiz.

Savol-javoblar

Agar men O‘zbekistonda bo’lmasam, qanday qilib kitob sotib olishim mumkin?
Nima uchun PDF formatini yuklab ololmayman?
Internetsiz kitobni qanday o‘qish mumkin?
va boshqa savollaringizga bizning javoblarimiz.

Yulduzli tunlar

Ko‘rganlar, jami:
Nashr yili:
ISBN raqami:

Kitob mahsulotlarining xarakteristikalari, yetkazib berish shartlari, tashqi ko’rinishi va rangi haqidagi ma’lumotlar faqat ma’lumot uchun mo’ljallangan va joylashtirilgan paytda mavjud bo’lgan eng so’nggi ma’lumotlarga asoslanadi.

Elektron kitob
E’tibor bering “Sotib olingan kitoblar qanday o’qiladi?” bo’limi bilan tanishib chiqing!

Buyurtma berish uchun, avtorizatsiyadan o’ting

Do‘stlarizga tavsiya eting

  • Annotatsiya
  • Mundarija
  • Fikr va mulohazalar

Mahoratli yozuvchi Pirimqul Qodirovning ushbu asari o‘zbek adabiyotining eng sara tarixiy romanlari sirasiga kiradi. Unda Movarounnahrdek ulkan saltanatning parchalanib ketishi, Temuriylar sulolasining inqirozi, hokimiyatga erishish ilinjida taxt talashib, bir-birlariga qilich ko‘targan og‘a-ini, tog‘a-jiyanlarning fojiaviy qismati aks ettirilgan.

Roman voqealari orqali o‘quvchi tarixda Temuriylar o‘rtasidagi nizolar, fitna, fisq-u fasod tufayli yuzaga kelgan qonli urushlar, ayovsiz xunrezliklar oqibatida behad qonxo‘r beklar zulmidan sillasi butkul qurigan xalqning g‘oyat nochor ahvoli va uyushqoqlikdan bexabar Temuriylarni Shayboniyxon qanchalar oson mahv etgani bilan tanishadi.

Asarning bosh qahramoni mirzo Bobur odamlardagi bemehrlik, bir-birini ko‘rolmaslik, xudbinlik, xiyonat singari jirkanch illatlar bilan g‘oyat erta, o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirganida ro‘baro‘ bo‘ldi. Taqdirning ayanchli zarbalaridan zada bo‘lgan shohning kuygan yuragi – shoir qalbi qalandarlikni ixtiyor etgani ajab emas.

Asar mutolaasi davomida butun umr Vatan ishqida yonib, sog‘inch bilan o‘rtanib, «Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim. » deya iztirob chekkan bobokalonimiz dardi kitobxon qalbini larzaga soladi.

  1. AROSAT
  2. Birinchi qism
  3. Quva. Qil ustida turgan taqdirlar
  4. Axsi. Ajalga davo yo‘q
  5. Andijon. Gul va quyun
  6. Quva. Jasoratning jazosi
  7. O‘sh. Najot qayda
  8. Samarqand. Zafar va kulfat
  9. Andijon, Xo‘jand. Uvol bo‘lgan orzular
  10. Xo‘jand, Marg‘ilon, Andijon. Amir Temur saboqlari
  11. Toshkent, Namangan, Andijon. Chingiziylar yana hukmron bo‘lmoqchi
  12. Samarqand. Hal qiluvchi olishuv
  13. Toshkent, O‘ratepa, So‘x. Ko‘chki bosgan buloq
  14. TAQDIR TAQOZOSI
  15. Ikkinchi qism
  16. Hirot. Dovuldan oldingi osudalik
  17. Hindikush. Kobul.O‘lim bilan yuzma-yuz
  18. Hirot. Marv. Paymonasi to‘lganlar
  19. Qunduz. Samarqand. Ikki qilich orasida
  20. Kobul. Toshgan daryo o‘zan izlaydi
  21. Laxo‘r. Panipat. Dehli. Yangi qirg‘oqlar
  22. Agra. Yo hayot, yo mamot
  23. Sekri. Qayta ko‘z ochgan buloq
  24. Agra. Yulduzlar girdobi