Kitob o’qishning foydali tomonlari haqidagi eng qiziqarli 20 ta faktlar
2) Madaniyat – o’qigan kitoblarning soni emas, balki tushunganlarning sonidir. © Fazil Iskander
Kitob o‘qishning foydalari
Fan va texnika behad rivojlangan xozirgi davrda insoniyat ma’naviyatining juda qashshoqlashib ketayotgani haqida bugun nafaqat ezoteriklar, balki fan olimlari, mediklar ham gapirmoqdalar. Chindan ham kompyuterlarda, smartfonlarda, uyali telefonlarda, internetda, (xatto televizor ko‘rsatuvlarida ham) keng o‘rin olib borayotgan reklamali va boshqa turli tasviriy lavhalar va rasmli (ayniqsa jangovar) o‘yinlar odamlarda mantiqiy fikrlash qobiliyatini sezilarli ravishda susaytirib borayotgani sir emas.
Bunday bo‘lishi tabiiy. Zero, inson mantiqiy tafakkuri fikrni tushunish jarayonida shakllanadi, tasvirni ko‘rish jarayonida emas. Ya’ni, fikrlash uchun tasvirlangan narsani ko‘rishdan ancha boshqacha shart-sharoit kerak. Ikkinchi tomondan, ekranlarda aks etgan tasvirlar tamoshabin uchuye faqat shablon (qotirib qo‘yilgan surat) bo‘la oladi xolos, tamoshabin tasavvurining mustaqil, ijodiy rivojiga yo‘l bermaydi. Bunday fikri tormozlanib qolgan odamlardan faqat aqli noqis, to‘mtoq, serzarda odamlar kelib chiqadi va turli oilaviy fojia va jinoyatlar ham shuning natijasi bo‘ladi.
Ezoterika ham hamisha mutolaa, fikrlash, ilm olishning ahamiyati haqida azaldan ko‘p gapirib kelgan. Zero, NOZIL BO‘LADIGAN YUKSAK MISTIK ILMLARNI TUSHUNIB qabul qilish uchun ham insonda avvalo mantiqiy fikrlash qobiliyati shakllangan va yaxshi rivojlangan bo‘lishi kerak. Xususan, Ibn Arabiy, Rumiy, Navoiy, Ibn Sino kabi zotlar yoshliklaridan ko‘p kitob o‘qiganlari ma’lum.
Bugungi kunda medisina fani bu masalani sog‘liqqa ham dahli borligi haqidagi maslani ko‘tardi. Mediklar ALSGEYMER kasalligining tobora “yosharayotgani” (Ya’ni bu kasallik faqat qariyalarda emas, yoshlarda ham kuzatilayotgani) haqidagi fikrlarni bayotn etishmoqda hamda bu kasallikka qarshi choralaridan biri sifatida kitob o‘qish, miyani ishlatadigan faoliyat turlari bilan shug‘ullanish kerakligi haqidagi fikrlarni oldinga surmoqda. Ya’ni ularning tushuntirishlaricha, kitobni diqqat bilan, o‘ylab, fikrlab o‘qish bilan muttasil shug‘ullanish natijasida qariganida ham inson aqli o‘z tiniqligini saqlar ekan. Albatta, kitob o‘qib, fikr yuritishdan ko‘ra, qo‘liga pultni olib, televizor ko‘rish yoki nouibukni ochib olib, virtual reallikka kirib ketishdan osoni yo‘q. Lekin, olimlar buning zararlarini ham, kitob o‘qishning esa foydalarini ham yoritib bermoqdalar
Umuman bugun psixolog-olimlarimiz kitob o‘qishning foydalari haqida kamida quyidagi 10 ta sababni ko‘rsatmoqdalar :
1. Kitob o‘qiydigan odamning so‘z boyligi katta bo‘ladi. Chunki kitob o‘qilganda kishi oddiy kundalik hayotda ishlatilmaydigan so‘zlarni ham uchratadi. bu so‘zning ma’nosini lug‘atdan izlash ham shart emas, zero kitob umumiy mazmunidan so‘zning ma’nosi ham kelib chiqadi. Gu tariqa kitob o‘qig nafaqat so‘z boyligini orttiradi, balki inson bilimini ham orttiradi. (Axir ayg‘ambarimiz “Beshikdan qqabrgacha ilm izlang” lemaganlarmi).
2. Kitob o‘qish boshqa odamlar bilan muloqot qilishga yordam beradi. Ya’ni kitob o‘qigan odam o‘z fikrlarini chiroyli, aniq, yorqin ifodalash imkoniga ega bo‘ladi. Bir nechta mumtoz adabiyotni o‘qishning o‘zida ham kishida gapirish san’ati bir qadar rivojlangani seziladi. shu tariqa kishi yaxshi suxbatdosh bo‘la oladi, odamlarda o‘zi haqida yaxshi tassurot qoldiradi.
3. Kitob o‘qish insonni dadillashtiradi.
Kitob o‘qigan insonning o‘ziga ishonchi kattaroq bo‘ladi. Chunki kitobdan olgan ilmlari unga madad beradi. Atrofingizdagi olamlarda esa siz haqingzda yaxshi tasavvur uyg‘onadi. bu esa sizni yanada juo’atli qiladi.
4. Kitob o‘qish stresslarni kamaytiradi.
Stresslar bugungi odamlarning eng asosiy muammosiga aylangan. Kitob tekstining boyligi va ritmi inson ruxiyatini tinchlantiruvchi va stresslarnibartaraf etuvchi, chal0ituvchi xususiyatga ega. Ayniqsa uyqudan oldin kitob o‘qiganlar buni yaxshi bilishadi.
5. Kitob o‘qish natijasida xotira va fikrlash qobiliyati rivojlanadi.
Tafakkurni (fikrlash qobiliyatini) rivojlantirish kitob o‘qishning eng samarali xususiyatidir. Chunki kitob o‘qiganimizda biz ekranlardagi bir tasvirdan boshqqasiga shunchaki ko‘chib o‘tmaymiz, balki asarni tushunish uchun asar qahramonlari va boshqa qatnashchilarning xarakterlari, gap so‘zlari, xulqu atvori, fikrlash tarzlari, tabat va b. haqida fikrlashimizga to‘g‘ri keladi.
Kitob o’qishning foydali tomonlari haqidagi eng qiziqarli 20 ta faktlar
Kitob eng yaqin do’stlardan biridir. Biz savollarga kitoblar orqali javoblar topamiz, kitoblar fikrlash uchun oziq-ovqat beradi, kitoblar insonni tarbiyalaydi, kitoblar eng yaxshi intellektual dam olishni va tasavvurlar parvoziga taklif qiladi, chunki kitoblar filmlardan farqli o’laroq, maxsus effektlar bo’yicha cheklovlar yo’q.
Kitob o’qishning eng qiziqarli 20 ta faqtlarini quyida bilib oling:
1) Yaxshi yozadigan mualliflarning kitobini o’qib chiqsangiz, yaxshi gapirishga odatlanasiz. © F. Voltaire
2) Madaniyat – o’qigan kitoblarning soni emas, balki tushunganlarning sonidir. © Fazil Iskander
3) Kitob o’qigan odamlar doimo televizorni tomosha qilganlarni nazorat qiladilar. © F.Janlis
4) Qancha ko’p o’qisangiz, shuncha kamroq taqlid qilasiz. © Jules Renard
5) Odamlar ikki toifaga bo’linadi: kitob o’qigan va o’qiganlarni tinglaydiganlar. © Werber Bernard
6) Tomchilar yig’ilib ko’l bo’lgani kabi, o’qish orqali bilim daryosi hosil bo’ladi. © V. Dahl
7) Tana uchun mashq kerak bo’lgandek, ong uchun o’qish kerak. © Jozef Addison
8) O’tgan 90 kun davomida kitoblarga tegmaslikdan ko’ra, faqat bitta yomon narsa bor; oxirgi 90 kun o’qishga teginmaslik va hech narsa sodir bo’lmagan deb o’ylash. © Jim Rohn
9) Kitoblarni yoqishdan ko’ra yomonroq jinoyatlar mavjud. Masalan, ularni o’qimaslik. © Ray Bradbury
10) Aqlli bo’lish uchun 10 ta kitob o’qish kifoyadir, ammo ularni topish uchun siz minglab kitoblarni o’qishingiz kerak.
11) Kitoblar – vaqt to’lqinlari bo’ylab yurib, qimmatli yuklarni avloddan-avlodgac ko’chirib oladigan hayollar kemasidir. © Francis Bacon
12) Esingizda bo’lsin: siz o’qiyotgan narsa, o’zingizni bildiradi. © Jim Rohn
13) Kitoblarga ishoning, ular eng yaqin do’stdir. Zarur hollarda ular jim bo’lib qolishadi va agar kerak bo’lsa, dunyoni sizga ochishadi.
14) Yaxshi kitob aysbergga o’xshaydi, yetti sakkiztasi suv ostida yashirinadi. © Ernest Xeminguey
15) Kitob o’qigan inson o’limidan oldin minglab hayotlarni yashaydi. Hech qachon o’qimagan kishi birgina tajribani boshidan kechiradi. © D. Martin
16) Boshqalarning aqlli so’zlarini o’qiyotganingizda, o’zingizning aqlli so’zlaringiz esingizga keladi. © M. Lashkov
17) O’qish paradoksi: haqiqatni haqiqat bilan to’ldirish uchun bizni haqiqatdan uzoqlashtiradi. © D. Pennak
18) Kitoblar to’plami – universitet bilan bir xil. © Tomas Karlyl
19) Kitoblar oldida hamma narsa yorqin bo’ladi. © Anton Chekhov
20) Hamma narsani o’qish kerak emas; qalbingizda paydo bo’ladigan savollarga javob beradiganlarini o’qib chiqishingiz kerak. © Lev Tolstoy
Kitob mutolaasi haqida
Har birimiz, qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, imkon va sharoitimizdan kelib chiqib, kitob bilan muayyan darajada muloqotda bo‘lamiz. O‘lchovli hayotimizning ma’lum bir qismini shunga sarf qilamiz. Ammo qanday kitob o‘qish, uning ta’sir va oqibatlari, umuman, nega kitob o‘qiymiz, shular haqida barchamiz ham chuqurroq o‘ylab ko‘rmaymiz.
O‘tgan yigirmanchi asrning mashhur yozuvchilaridan biri, adabiyot sohasidagi xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Hermann Hesse (1877–1962) o‘zining “Cho‘l bo‘risi”, “Demian”, “G‘ildiraklar ostida”, “Marjonlar o‘yini” va boshqa ko‘plab asarlari bilan nom qozongan. Hesse o‘z ijodining ilk davrida kitob targ‘iboti va savdosi bilan ham shug‘ullangan. Aynan mana shu narsa uning xilma-xil adabiy janrlarda yaratilgan asarlarni tushuna olishiga sabab bo‘lgandir, ehtimol. Adibning kitob mutolaasi borasidagi ajoyib fikr va mulohazalari o‘quvchilarimizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.
o‘pchilik, afsuski, kitob o‘qishni bilmaydi va ko‘p kishilar nima uchun o‘qiyotganini tuzukroq tushunib ham yetmaydilar. Ba’zilar buni o‘qimishli bo‘lishning qiyin, biroq yagona yo‘li, deb biladi. Ularning fikricha, har qanday kitob kishini “o‘qimishli” qila oladi. Boshqa birovlar uchun esa o‘qish – bu, dam olish, shunchaki vaqtni o‘tkazish va ularga nimani (maqola, roman, she’r, xabar va hokazo) o‘qish baribir, zerikarli bo‘lmasa bas. Shunchaki dam olish, vaqt o‘tkazishni istagan va “o‘qimishli” bo‘lish haqidagina qayg‘uradigan o‘quvchi kitobdagi dilni poklovchi, kishini ruhlantiruvchi qandaydir noma’lum bir kuchni sezadi. Biroq bu kuchni u aniq tasavvur etolmaydi va baholay ham olmaydi. Bunday kitobxon tibbiyotdan mutlaqo bexabar bo‘lgan bemorga o‘xshaydi, ya’ni aynan qaysi dori kerakligini anglamasdan, har bir qutichadagidan tatib ko‘ra boshlaydi. Aslida, mutolaa borasida ham har bir kishi o‘zi uchun zarur bo‘lgan, yangi kuch hamda ruhiy ta’sir baxsh eta oladigan kitoblarnigina topa bilishi maqbul emasmikin?
Biz, mualliflarga odamlarning ko‘p mutolaa qilishlari, albatta, yoqimli va aynan ijodkor tomonidan, haddan ziyod ko‘p o‘qishadi, deyilishi noo‘rindir. Chunki mingta loqayd o‘quvchidan o‘nta yaxshi kitobxon afzal. Shu bois, bemalol ta’kidlashim mumkinki, hamma joyda haddan tashqari ko‘p mutolaa qilishadi va bu adabiyot uchun obro‘ emas, balki ziyon keltiradi, xolos. Kitob mustaqil bo‘lmagan kishilarni yana ham ma’naviy zaiflashtirish uchun yozilmaydi, bundan tashqari, undan ba’zan noqobil odamlarga arzon-garov manzara hamda osongina o‘zgartirilgan hayotni ko‘rsatish uchun ham foydalanishadi. Kitoblar insonni hayotga yo‘llagandagina, unga xizmat qilgandagina foydalidir. Agar kitob o‘quvchiga oz bo‘lsa-da, kuch-g‘ayrat, shijoat, ma’naviy poklik baxsh etmasa, mutolaa uchun sarf etilgan har bir soat behuda va besamar bo‘lib qolaveradi.
Shunchaki mutolaa – bu diqqatni to‘plashga majbur etuvchi mashg‘ulot va ovunish uchungina o‘qish – o‘z-o‘zini aldashdir. Loqayd kishilar uchun, umuman, biror narsadan ovunishning hojati yo‘q. Aksincha, ular hamma joyda diqqat-e’tiborli bo‘lishlari, qayerda nima ish bilan mashg‘ul bo‘lishmasin, nima haqda fikr yuritishlaridan qat’i nazar, o‘zlarini butun vujudlari bilan voqealar girdobida his etmoqlari zarur.
Hayot qisqa, uning poyonida hech kimdan o‘qilgan kitoblar soni so‘ralmaydi. Biror foydasi bo‘lmasa, o‘qishga vaqt sarflash aqllilik belgisi emas, aksincha, koni ziyon emasmikin? Men bu o‘rinda faqat yomon kitoblarni emas, avvalambor “sifatli mutolaa”ni nazarda tutayapman. Hayotda bosgan har bir qadaming kabi o‘qishdan ham biron natija kutiladi. Mutolaadan yangi kuch-g‘ayrat olmoq uchun avvaliga kuch sarf etmoq, o‘zingni yanada yaxshiroq tushunmoq uchun oldin o‘zingni “yo‘qotmoq” kerak bo‘ladi.
Agar har bir o‘qilgan kitob quvonch va alam, shijoat hamda ruhiy tazarru olib kelmasa, jahon adabiyoti tarixini bilishdan ma’no yo‘q. Fikr-mulohaza qilmasdan o‘qish – xushmanzara tabiat qo‘ynida ko‘zni bog‘lab yurmoq demakdir. Biz o‘zimizni va turmushimizni unutish uchun emas, balki hayot jilovini yanada ongliroq ravishda anglash uchun o‘qishimiz kerak. Kitobga dimog‘dor o‘qituvchiga qaragan qo‘rqoq o‘quvchi singari emas, balki eng baland cho‘qqini zabt etmoqqa shaylangan shiddatkor alpinist kabi yondashmoq talab etiladi.
Ruhiyatimizning tabiiy, tug‘ma ehtiyoji – tur, xil, namunalarni aniqlab olish va ular asosida butun insoniyatni tur-turga ajratib chiqishni taqozo etadi. Teofrast 1 “Xarakterlar”idan tortib, to ajdodlarimiz va ota-bobolarimizning to‘rt mizoj (inson tabiatiga xos xususiyatlar)i va eng zamonaviy psixologiyaga qadar, mana shu ehtiyoj turlangan tartibda muntazam namoyon bo‘lib, sezilib turadi. Qolaversa, har qanday kishi ham o‘z tevarak-atrofidagi odamlarni yoshligida o‘zi uchun muhim bo‘lgan xarakterlar bilan o‘zaro o‘xshashligiga qarab, ko‘pincha g‘ayrishuuriy bir tarzda guruhlarga bo‘lib chiqishi tabiiy. Bunday bo‘linishlar, qanchalik jozibali va yoqimli bo‘lmasin, sof shaxsiy tajribaga yoki qandaydir ilmiy tipologiyaga asoslanishidan qat’i nazar, har qanday odamda ham har qaysi turga xos bo‘lgan xususiyat, belgilar va o‘ta qarama-qarshi xarakterlar hamda mizojlar, bir-biri bilan o‘zaro almashinib turadigan holatlar yanglig‘, har bir alohida shaxsda uchrashi mumkinligini ta’kidlab, tajribaning yangi kesimini belgilab olish ba’zan o‘rinli va samarali bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, men quyida kitobxonlarning uch turi yoki boshqacha qilib aytganda, uch darajasi xususida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Albatta, bu bilan kamina kitobxonlarning butun dunyosi uzil-kesil mana shu uch toifaga, ya’ni bunisi – bu toifaga, unisi – u toifaga bo‘linadi, demoqchi emasman. Zero, har birimiz o‘z shaxsiy hayotimizning turli davrlarida goh u, goh bu guruhlarga mansub bo‘lishimizga to‘g‘ri kelishini ham unutmasligimiz lozim.
Shunga ko‘ra, eng avvalo, sodda kitobxonni olib ko‘raylik. Har birimiz ham damba-dam ana shunday o‘quvchi qiyofasida namoyon bo‘lib turamiz. Bunday kitobxon, hindular haqidagi kitobchani o‘qiyotgan bolakay yo graf ayol hayoti to‘g‘risida hikoya qiluvchi romanni mutolaa qilayotgan oqsoch xotin yoki Shopengauerni o‘rganishga kirishgan talaba bo‘ladimi, ovqatni paqqos tushiradigan sertomoq xo‘randa singari, kitobni “yutib yuboradi”. Bunday o‘quvchining kitobga bo‘lgan munosabatini bir shaxsning ikkinchi shaxsga nisbatan munosabatidek, deb bo‘lmaydi, balki aksincha, ot suliga yo hattoki ot izvoshchiga qanday munosabatda bo‘ladigan bo‘lsa, xuddi shunday deyish mumkin: kitob yetaklaydi, kitobxon esa unga ergashadi. Kitob syujet (asosiy mazmun)i xolisona, beg‘araz voqelik sifatida idrok qilinadi. Syujetning o‘zi bo‘lsa koshkiydi! Badiiy adabiyotning tuppa-tuzuk bilimga ega bo‘lgan va hatto shunday bir ashaddiy o‘quvchilari ham borki, ular butkul sodda kitobxonlar sinfiga mansubdirlar. Garchi ular syujetning o‘zi bilangina kifoyalanib qolmasalar-da, romanga unda qancha aza yoki qancha to‘y tasvir etilganiga qarab baho bermaydilar, shu bilan birga, muallifning o‘zinigina idrok etib, kitobning estetik mohiyatini xolisona qabul qiladilar. Ular asar muallifining barcha zavq-shavq, quvonchiga va ilhomiga sherik bo‘ladilar, uning dunyoqarashiga butkul qo‘shilib, muallifnnig tasavvur mahsuli bo‘lmish turlicha ma’no berish holatlarini hech bir e’tirozsiz qabul qiladilar. Oddiy odamlarni asar syujeti, undagi vaziyat, voqea va harakatlar qiziqtirsa, bunday o‘tkir aql sohiblari uchun muallif mahorati, tili, bilimi, ma’naviy saviyasi muhim; ular buning barchasini qandaydir xolisona voqelik sifatida, adabiyotning so‘nggi va eng yuksak boyligi sifatida – Karl May 2 muxlisi bo‘lmish navqiron o‘quvchi uning “Eski paypoq” asaridagi voqealarni mavjud voqelik sifatida qanday idrok etadigan bo‘lsa, xuddi shunday qabul qiladilar.
Bunday sodda kitobxon mutolaaga bo‘lgan munosabatiga ko‘ra, umuman shaxs hisoblanmaydi, balki o‘zi bilan o‘zi andarmon o‘quvchi, xolos. U romandagi voqealarni yo ularning keskinligiga, xavf-xatarga to‘la sarguzashtlar, ishqiy lavhalarga boyligiga, tasvirning dabdabali yoki ojizligiga qarab baholaydi yoki buning o‘rniga, muallifning o‘zigagina baho berib qo‘ya qoladi, ya’ni uning muvaffaqiyatlarini shunday andaza bilan o‘lchaydiki, bu me’yor har doim pirovardida odatga aylanadi. Bunday o‘quvchi kitob umuman, his qilib, tushunib o‘qish va mazmuni yoki shakliga munosib baho berish uchungina yaratilgan deb o‘ylaydi, bunga shak-shubha qilmaydi. Ya’ni kitob – non yoki ko‘rpa-to‘shakka o‘xshagan narsa, deb hisoblaydi.
Biroq dunyodagi mavjud barcha narsalarga nisbatan bo‘lganidek, kitobga ham o‘zgacha munosabatda bo‘lish mumkin. Inson tarbiyasiga emas, o‘z tabiatiga amal qildi deguncha, bolaga aylanadi va buyum, ashyolarni o‘ynay boshlaydi; shunda non yerosti yo‘li qazilgan toqqa, ko‘rpa-to‘shak esa g‘orga, qor bosgan bog‘ yoki dalaga aylanadi. Ana shunday bolalarga xos soddalikdan va mana shu o‘yinchi dahodan ikkinchi turdagi kitobxonga nimadir “yuqadi”. Bunday o‘quvchi asar mazmuni yoki shaklini qanchalik qadrlasa, uning haqiqiy, yanada muhimroq qadr-qimmatini ham shunchalik yuqori baholaydi. Bu kitobxon bolalarga o‘xshab, har bir narsaning ehtimol o‘n yoki yuz mazmun-mohiyati, ahamiyati va qadr-qimmati borligini yaxshi biladi. Mazkur o‘quvchi, masalan, yozuvchi yoki faylasufning voqea-hodisa hamda narsalarga nisbatan o‘z bahosini o‘z-o‘ziga yoxud kitobxonga majburan qabul qildirishga urinayotganini kuzata borib, jilmayib qo‘yishi, muallifning erkinligi va asossizligi bo‘lib ko‘rinayotgan narsa aslida sustkashligu majburlashdan boshqa narsa emasligini payqab olishi mumkin. Bu kitobxon professor-adabiyotshunoslar va munaqqidlariga ko‘pincha butunlay noma’lumligicha qoladigan jihatni: mazmun va shaklning erkin tanlovi degan tuturiqsiz gapning mutlaqo mavjud emasligini ham yaxshi biladi. Ya’ni adabiyot tarixchisi, Shiller falon yili falon syujetni tanlab olib, uni besh turoqli yamb (vazn) orqali ifodalashga ahd qilgan, deydi. Kitobxon esa na syujet, na yamb shoirning erkin tanloviga sabab bo‘lmaganini, unga rohat bag‘ishlagan yagona narsa – shoir syujetni nima qilishi emas, balki syujet shoir bilan nimalar qila olishi mumkinligiga guvoh bo‘lish istagi bo‘lganini yaxshi biladi.
Shu xildagi fikrga kelganda, estetik deb ataladigan qadriyatlar deyarli butunlay o‘z qimmatini yo‘qotadi va aynan har qanday xato, kamchilik va nomukammalliklar ulkan jozibadorlik kasb etishi mumkin. Chunki bunday kitobxon yozuvchi ketidan izvoshchiga ergashgan otga o‘xshab emas, balki o‘ljaning iziga tushgan ovchidek boradi va poetik erkinlik bo‘lib ko‘rinayotgan narsa tomon nogoh tashlangan nazar, shoirning sustligi va zo‘rakiligini payqagan nigoh, soz texnika hamda nafis so‘z san’atining barcha go‘zalliklaridan ham ko‘ra ko‘proq zavq-shavq, shodlikka noil bo‘lmog‘i mumkin.
Yana yo‘limizda davom etamiz va uchinchi – oxirgi tipdagi kitobxonga duch kelamiz. Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlaymiz, hech kim, hech qaysi birimiz u yoki bu toifada muqim, abadiy qolib ketishga majbur emasmiz, zotan, har birimiz bugun ikkinchi, ertaga uchinchi, indin esa yana birinchi guruhga mansub bo‘lmog‘imiz ham mumkin. Shunday qilib, endi nihoyat, uchinchi – so‘nggi bosqich haqida so‘z yuritamiz.
Uchinchi turdagi kitobxon zohiran “yaxshi” deb nom olgan o‘quvchining butunlay teskarisidir. Bu kitobxon shu darajaga yetgan shaxski, u hech kimga o‘xshamaydi. U – o‘z mutolaa saltanatida mutlaq hokimdir. Kitobdan u na ma’rifat izlaydi, na vaqtichog‘lik. Kitobdan – bu yorug‘ olamda qolgan boshqa har qanday narsa kabi faqatgina boshlanish, yo‘nalish nuqtasi sifatida, istak, niyat, mayl sifatida foydalanadi. Unga aslida nima o‘qishning farqi yo‘q. U biror faylasufning asarini unga ishonib, ta’limotini o‘rganib olmoq yoki uni tanqid qilib, unga qarshi harakat qilmoq uchun o‘qimaydi, biron-bir shoirni dunyoning qanday yaralganini tushuntirib berishi uchun mutolaa qilmaydi. Yo‘q, u hamma narsani o‘zi tushunadi, o‘zi anglay oladi. U, ta’bir joiz bo‘lsa, komil inson. U hamma narsa bilan o‘ynasha oladi – muayyan bir nuqtayi nazar, qarash, fikr, tasavvurdan boshlab, hamma narsani o‘yinga aylantirishdan ham ko‘ra foydaliroq va samaraliroq boshqa hech qanday narsaga hojat qolmaydi. Agar bunday o‘quvchi kitobdan biron-bir sentensiya, ya’ni hikmatli so‘z, dono gap, hikmat topib olgudek bo‘lsa, eng avvalo, topilmaning avra-astarini ag‘daradi. U azal-azaldan biladiki, har qanday haqiqatni inkor etish ham asl haqiqatdir. U ma’naviyat sohasidagi har qanday fikr, qarash, nuqtayi nazar qutb ekanligini va unga qarama-qarshi xuddi shunday zo‘r qutb ham mavjud ekanini azaldan yaxshi biladi. U yosh bolaga o‘xshab, assotsiativ 3 tafakkurni yetarli darajada qadrlaydi, biroq u boshqa narsalarni ham biladi. Shunday qilib, mazkur kitobxon yoki to‘g‘rirog‘i, shu guruhga mansub bo‘lgan har birimiz ham duch kelgan narsani – roman, grammatika, yo‘l qatnovi jadvali, bosmaxona shrift(harf)lari namunalarini va boshqa har qanday narsani o‘qiyverishimiz mumkin. Fantaziyamiz va assotsiativ qobiliyatimiz munosib darajada bo‘lgan paytda ham biz baribir qog‘ozdagi bitiklarni o‘qimayotgan, lekin shu asnoda o‘qiganlarimizdan bizga yog‘ilib turgan nurafshon yog‘dular, istak, niyat va mayllar oqimida suzayotgan bo‘lamiz. Ular sahifalar, matnlar bag‘ridan, shu bilan birga, bosma harflar terilgan ustunchalardan ham paydo bo‘lishlari mumkin. Hattoki, gazetada bosilgan e’lon ham yangilik bo‘la oladi. Eng baxt-omadli, tantanavor fikr mutlaqo jonsiz bo‘lgan so‘z zamiridan kelib chiqsa ham ajab emas, negaki undagi harflarni, xuddi mozaikaga o‘xshab, dam bundoq, dam undoq aylantirib ko‘raverish ham mumkin. Bunday holatlarda hatto Qizil Shapkacha haqidagi ertakni qandaydir kosmogoniya 4 yoki falsafa yoxud go‘zal ishqiy poeziya yanglig‘ mutolaa qilish mumkin bo‘ladi. Allaqanday sigara qutisidagi “Colorado maduro” degan yozuvni shunchaki o‘qib, ushbu so‘zlar, harflar va tovushlar o‘yiniga berilib ketgach, ilm, xotira va tafakkurning yuzta saltanati bo‘ylab, yurakdagi orzuga aylangan olis sayohatga otlanmoq ham mumkin.
Biroq shu o‘rinda mutolaa ham shunaqa bo‘ladimi? – deya meni yozg‘irishlari tabiiy. Xo‘sh, aytaylik, Gyoteni o‘qiyotib, Gyotening niyat, maqsad, o‘y va fikrlarini uqish, idrok etish va chuqur anglash o‘rniga o‘zini go‘yo qandaydir e’lonni yoki bo‘lmasam, tasodifiy terilgan harflar uyumini tomosha qilayotgandek tutadigan odamni umuman, kitobxon deb atab bo‘ladimi? Mutolaaning so‘nggi – uchinchi darajasi deb ataganimiz aslida kitobxonlikning eng past, eng bachkana, eng varvarlarcha turi emasmikin mabodo? Bunday o‘quvchidan Hyolderlin 5 musiqasi, Lenau 6 ehtirosi, Stendal irodasi, Shekspir teranligi qayoqqa ham qochib qutula olarkin? Nimayam derdim, yozg‘irgan kishi haq. Uchinchi toifadagi kitobxon – mutlaqo kitobxon emas. Mazkur guruhda uzoq qolib ketadigan odam oxir-oqibat kitob o‘qishni yig‘ishtirib qo‘ygan bo‘lardi. Bunga sabab shuki, uning uchun gilam rasmi yoki devor, to‘siq, g‘ovga terilgan toshlar a’lo va mukammal darajada tartib berilgan harflardan tuzilgan eng go‘zal sahifaning ham o‘rnini bemalol bosa oladi. Alifbo harflari bitilgan varaq uning uchun birdan-bir, yagona kitob bo‘lib qolishi ham mumkin edi.
Ha, shunday: mana shu oxirgi bosqichdagi kitobxon ortiq kitobxon emas. Unga Gyote bir pul, Shekspir ham chikora. Ana shu so‘nggi darajadagi kitobxon endi umuman kitob o‘qimaydi. Ha-da, kitob unga ne darkor? Axir, butun olam uning o‘zida mujassam emasmi?
Shunday qilib, mana shu uchinchi guruhda uzoq to‘xtab qolgan odam kim bo‘lmasin, ortiq kitob o‘qimay qo‘ygan bo‘lardi. Ammo unda hech kim uzoq turib qolmaydi. Shunday bo‘lsa ham, har holda, kimki mana shu uchinchi bosqich bilan tanish emas ekan – u yomon, xom, g‘o‘r, dumbul kitobxondir. Chunki u dunyoning butun poeziyasi va butun falsafasi uning o‘zida mujassam ekanligini bilmaydi, zero, eng buyuk shoir ham har birimizda mavjud bo‘lgan o‘sha pinhoniy sarchashmadan ulgi oladi, axir. Hayotingda aqalli bir martagina bo‘lsa ham, mayli, faqat bir kunga bo‘lsa ham, mana shu uchinchi – “mutolaasiz” bosqichda bo‘lgin – ana keyin (ortingga yengil qaytib), mavjud barcha bitiklarning ancha durust o‘quvchisiga, tinglovchisiga va sharhlovchisiga aylanasan. Shu bosqichda hech bo‘lmasa, atigi bir martagina bo‘lib ko‘rgin, shunda sen uchun yo‘l bo‘yida yotgan tosh ham Gyote yoki Tolstoy qadar ma’no kasb etadi, so‘ngra sen Gyote, Tolstoy va boshqa barcha yozuvchilardan beqiyos ulkan ma’no-mazmun, ilgarigidan ham ko‘ra ko‘proq shira-sharbat va asal olasan, hayotga va o‘z-o‘zingga bo‘lgan ishonching yanada ortadi. Negaki, Gyote asarlari – bu Gyote emas, Dostoevskiy jildlari – bu Dostoevskiy emas, bu – ularning urinishlari, o‘zlari markazida turgan dunyoning ko‘povozliligi va ko‘pma’noliligini bosish, pasaytirish yo‘lidagi, hech qachon oxiriga yetib bo‘lmaydigan umidsiz, tushkun urinishlari, xolos.
Sayr qilib yurgan chog‘ingda, aqalli bir marta bo‘lsa-da, xayolingga kelgan o‘y-fikrlar zanjirini tutib qolishga urinib ko‘r. Yoki – bundan ham ko‘ra yengilroq tuyulgan – tunda ko‘rganing oddiygina tushni eslab qol! Tushingda senga kimdir avval tayoq o‘qtaldi, so‘ng esa orden tutqazdi. Xo‘sh, bu kim bo‘ldi ekan? Zo‘r berib eslashga harakat qilaverasan, u bir do‘stingga, bir otangga o‘xshash tuyuladi, lekin qandaydir begona, yot ekanligi bilinib turadi, ayol kishiga, singlingga, mahbubangga ham o‘xshab ketadi… U o‘qtalgan tayoq tutqichi esa nimasi bilandir sen o‘quvchilik davringda ilk bor sayohatga otlangan kemadagi shtokni 7 eslatadi. Va shunda birdaniga yuz minglab xotiralar qalqib, yuzaga chiqadi. Agar sen ana shu jo‘ngina tushni eslab qolib, mazmunini qisqacha qilib, stenografiya yoki alohida so‘zlar bilan yozib qo‘ymoqchi bo‘lsang, bilasanmi, to o‘sha ordenga yetib borguningcha, butun boshli kitob bo‘ladi, bir emas, balki ikkita, ehtimol o‘nta bo‘lar. Gap bunda emas. Chunki tush – bu tuynuk, u orqali sen butun vujuding ichidagi bor narsani ko‘ra olasan, o‘sha bor narsa – butun dunyodan, sen tug‘ilgandan to hozirgi daqiqagacha, Homerdan Haynrih Manngacha, Yaponiyadan tortib, Gibraltargacha, Siriusdan to Yergacha, Qizil Shapkachadan to Bergsonga 8 qadar bo‘lgan butun dunyodan na katta, na kichik bo‘lmagan bir olamdir. Va sen o‘z tushingni aytib, ta’birlab berishga harakat qilayotganing tushing o‘rab, qamrab olgan dunyoga daxldor bo‘lgani kabi, muallif asari ham u aytmoqchi bo‘lgan narsaga, fikrga, g‘oyaga taalluqlidir.
Gyote “Faust”ining ikkinchi qismi ustida olimlar va diletant (havaskor)lar deyarli yuz yildan beri bahslashib, tortishib keladilar, bu esa birtalay bama’ni va bema’ni, teran va tuturiqsiz izohlar, sharhlar, tushuntirishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Nima bo‘lgandayam, shuni aytib o‘tish joizki, har qanday adabiy asar zamirida o‘sha sirli, sirt, yuza ostiga yashiringan, nomsiz ko‘pma’nolilik mujassam bo‘ladi, buni eng yangi psixologiya “ramzlarning o‘ta determinantlashuvi” deb ataydi. Usiz ham buni fikrning cheksiz, hadsiz-hududsiz, bitmas-tuganmas mukammalligi uzra qisman bo‘lsa-da, payqab olmoq uchun, har qanday yozuvchi yoki mutafakkirni torgina doirada uqib, idrok etasan, uning muayyan bir bo‘lagini yaxlit, bir butun o‘rnida qabul qilasan, sirt, yuzani sal-palgina qamrab, ololmayotgan izoh, tushuntirishlarga batamom ishonasan.
Kitobxonning mutolaa bobidagi ana shu uch bosqich orasida goh u yon, goh bu yon ko‘chib yurishi mutlaqo tabiiy bo‘lib, bu har qanday kishi bilan har bir sohada sodir bo‘lishi, minglab oraliq darajalardan iborat bo‘lgan ana shu uch bosqichni arxitektura, rassomlik san’ati, zoologiya, tarix va boshqa istalgan sohada uchratish mumkin. Va mana shu uchinchi bosqich ham hammayoqda mavjud, unda sen hammadan ham ko‘ra ko‘proq o‘z-o‘zing bilan tenglashasan, biroq u har yerda sendagi o‘quvchini “yo‘qotish” uchun tahdid qiladi, adabiyotning, san’atning aynishi, dunyo tarixining buzilishi uchun xavf-xatar tug‘diradi. Ammo shunday bo‘lsa ham, hamonki sen mana shu bosqichni o‘tamas ekansan, kitob o‘qishda, san’at va ilm o‘rganishda grammatika o‘qiyotgan oddiy maktab o‘quvchisidan hech qanday farqing qolmaydi.
Hermann HeSSe,
Xalqaro Nobel mukofoti sovrindori
Nemis tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi