Press "Enter" to skip to content

KITOBXONLIK VA MUTOLAA MADANIYATI muammolar yechimi o‘z qo‘limizda

· Kitob o’qish – odamdagi yashirinib yotgan ijodiy qobiliyatni yuzaga chiqaradi.

Mutolaa – tafakkur charxi, kamolot mezoni.

Annotatsiya: Ushbu maqolada inson hayotida kitob mutolaasi o’rni, bugungi yoshlarimizga yaratilgan sharoitlar, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitob o’qishning foydali tomonlari keng yoritib berilgan.

Kalit so’zlar: eng buyuk ixtiro, ma’naviy meros, kitobning foydasi, aql charxi, millat xazinasi, kitoxonlik madaniyati, “ommaviy madaniyat”, Prezidentimiz farmoyishi.

Аннотация: В статье рассматривается роль чтения в жизни человека, условия, создаваемые для современной молодежи, развитие культуры чтения, преимущества чтения.

Ключевые слова: величайшее изобретение, духовное наследие, блага книги, колесо разума, сокровищница нации, культура чтения, «массовая культура», указ Президента.

Annotation: This article covers the role of reading in human life, the conditions created for today’s youth, the development of a culture of reading, the benefits of reading.

Keywords: the greatest invention, spiritual heritage, the benefits of the book, the wheel of the mind, the treasury of the nation, the culture of reading, “popular culture”, the decree of the President.

Kitob mutolaasi kishini komillik sari yetaklaydigan, uning tafakkur xazinasini boyitadigan, zehnini o’tkir, mushohadasini teran qiladigan muhim vositadir. Insoniyat tomonidan kashf qilingan eng buyuk ixtiro, hech shubhasiz, kitobdir. Asrlar osha bashariyat qanday yutuq va marralarga erishgan bo’lsa, albatta, buning zamirida kitobga mehr, mutolaaga ishtiyoq mujassam.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir chiqishlarida yoshlarimizni kitobxonlikka o’rgatish, bu ishga ijodkorlarni jalb etish haqida ta’kidlaydi. Zero, navqiron avlodni boy ma’naviy merosimiz bilan tanishtirish, ular qalbida tariximizga muhabbatni uyg’otishda kitob beqiyos ahamiyatga ega.

Bugunning bolalari barcha davr farzandlari kabi beg’ubor, samimiy. Aslida ularning kitob bilan do’st tutinishi uchun biz kattalarning quruq da’vati kifoya emas.Avvalo, sharoit yaratish, rag’batlantirish va yosh avlodning qiziqishini inobatga olish zarur.

Kitob o’qish o’rniga nega telefonda o’yin o’ynab tong ottirayotgan yigit-qizlar soni ortib bormoqda? Nega ota-ona bolasini yaxshi kiyintirishdan qochmaydi-yu, kitob xarid qilishga vaqt topolmaydi? Bu kabi savollar ahvol ko’ngildagidek emasligini, endi zamonga bo’ylashish vaqti allaqachon kelganini bildiradi.

Kitobning foydasi haqida so’zlayotib, ko’pincha dunyoqarashni o’stiradi, tafakkurni kengaytiradi yoki aqlni charxlaydi kabi umumiy xulosalar aytamiz.Biroq mutolaa qiliboq tezda bilimdon bo’lib qolasan, degan mujmal qarash noto’g’ridir.

Tan olaylik, ko’p takrorlanganda ta’sirchan gap yoki iboraning ham bora-bora ohori to’kiladi. “Takror aytilganda rangsizdir kalom”, —degan edi atoqli shoirimiz Abdulla Oripov.Xuddi “kitob o’qi, odam bo’lasan”, “ko’proq o’qi, aqling charxlanadi”, “kitob—bilim manbayi” kabi gap va iboralar quloqqa chalinaverib qimmatini yo’qotgandek.Albatta, ularni yaxshilik uchun ishlatamiz, biroq targ’ibotda so’zning qadrini bilgan afzal emasmi?

Bu borada, avvalo, kitob targ’ibotini maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlagan ma’qul. Negaki, bola ongida bog’chadan kitob mutolaasiga ishtiyoq uyg’otilsa, u shunga ko’nikib, umr bo’yi mutolaa qilib yashaydi. Umrining mazmunida mutolaaning ahamiyati qanchalik ekanligini anglab, his qilib yashaydi.

Kitob – xazina. Ma’naviy olamimizni bu xazina bilan bezash o’z qo’limizda. Mutolaaga hamroh insonni esa, qo’lida mash’ala ko’targan shaxsdek tasavvur qilish mumkin. U nafaqat o’zining, balki yaqinlarining ham yo’lini yoritadi.

Haqiqatan ham, kitob barchamizni ezgulikka undaydigan, oldimizda turgan barcha muammolarni hal etishga yordam beradigan kuchdir. Shuning uchun ham yurtimizda kitob bilan oshno bo’lgan, kitobni suygan, kitob yozgan, kitobni muqaddas bilib, ko’z qorachig’idek asragan kishilarni ziyoli deb atashgan. Ziyoli–nur tarqatuvchi, u o’zining xatti-harakatlari, faoliyati bilan jamiyatni nurlantiruvchi hisoblangan.

Xo’sh, kitobxonlik madaniyati deganda nimani tushunamiz? Kitobxonlik madaniyati– o’zining kasbiy-mutaxassislik hamda badiiy-ma’naviy barkamolligini oshirish uchun kitobni tanlay olish va o’zi uchun zarurini o’qish, kitob ustida ishlash malakasini obdan o’rganib olish va unga amal qilib, o’qigan kitobning asosiy mazmunini talqin qila bilish, o’qiganlaridan hayotiy xulosalar chiqarishdir.Shunday ekan, bugun o’quvchi yoshlar qalbi va ongiga bu ko’nikmalarni singdirish, ularda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, yangi adabiyot namunalari bilan doimiy tanishtirib borish va ularning savodxonligini oshirishning mavridi keldi, nazarimizda. Zero, kitob mutolaasi insonni insof, diyonat, bag’rikenglik, saxovat, mehr-oqibat kabi fazilatlar sohibi bo’lishga undaydi.

Ha, kitob tanlash qanchalik qiyin bo’lsa, uni o’qish ham shunchalik mehnat talab qiladi.Shundan kelib chiqib, barcha kitobxonda kitob o’qish madaniyati bir xilda tarkib topgan, deya olmaymiz.Chunki, Gyote aytganiday, kitob o’qish bir umr o’rganiladigan mashg’ulotdir. Kitobni tartibli, maqsadli o’qish lozim.Ko’ringan kitobni shunchaki o’qish kerak ekan-da, deb o’qib ketaverishdan tiyilish lozim.

Kitob o’qishda yana quyidagilar tavsiya qilinadi: ko’chada ketayotib, o’rinda yotgan holda, mashinada va boshqa ot-ulovda mutlaqo mutolaa qilmaslik kerak.Qiziq ekan deb, tuni bilan ham o’qib chiqmang, ertasi kuni lohas bo’lib yurasiz. Dasturxon ustida o’qish, vanna yoki hojatxonada mutolaa qilish qanchalik odobsizlik hisoblansa, kitobni diqqat va qunt bilan o’qimaslik, mag’zini chaqmasdan, uqmasdan o’qish ham kitobga shunchalik hurmatsizlikdir.Shu bois kitob o’qish madaniyatini chuqur bilib olish va unga amal qilish har bir o’quvchining burchidir.

Soatlab telefonda gaplashish va televizor oldidan jilmaslik, haftalab kompyuter o’yinlari bilan mashg’ul bo’lish intellektual salohiyatni yemirishini bugun vaqtning o’zi isbotlab turibdi.Chunki bular bir lahzalik quvonch, aniqrog’i, shunchaki ovunchoq.

Ammo bir oyda bittagina kitob o’qisangiz, olgan taassurotlaringiz yillarga tatiydi.Eng muhimi, mehr-oqibat, olijanoblik, insoniylik kabi tuyg’ularni qalb ko’zi bilan ko’ra olasiz.Adolatsizlik, munofiqlik, ikkiyuzlamachilik kabi illatlardan nafratlanishni o’rganasiz.

Ma’naviy xurujlardan, “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan turli illatlar ta’siridan qanday himoyalanish mumkin?Bunday balolardan bizni kitoblar, yaxshi asarlar himoya qila oladi.Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat—yengilmas kuch”asarida ta’kidlaganidek, bugun fikrga qarshi—fikr, g’oyaga qarshi-g’oya, jaholatga qarshi–ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko’ra muhim ahamiyat kasb etyapti.

Bugun yoshlar yuragiga Alisher Navoiy asarlaridagi olijanob tuyg’ular, insonparvarlik g’oyalari kirib bormaydigan bo’lsa, ularning o’rnini xorijdan kirib kelayotgan turli xil axloqsiz g’oyalarni targ’ib qiluvchi “asarlar” egallab olishi tabiiy.

Bugungi kunda kitobga mehr qo’yishga nima xalaqit beradi? Yaxshi asarlar yo’qmi? Unday deydigan bo’lsak, kitob do’konlari peshtaxtalaridan xohlagan yozuvchingizning asarlarini topishingiz mumkin.Ayniqsa, talab va ehtiyojlardan kelib chiqib, nashriyotlar ba’zi asarlarni qayta-qayta chop etmoqda.

Qanday qilib yoshlarni kitobga oshno qilib tarbiyalash mumkin?Bunda, avvalo, muhit muhim rol o’ynaydi. Ya’ni atrofimizdagi do’stlarimiz, bizga saboq bergan ustozlarning kitobga bo’lgan qiziqishi unga mehr uyg’otishga turtki bo’ladi. Masalan, maktab misolida oladigan bo’lsak, o’quvchilarning sakson foizi badiiy adabiyot o’qimaydi. Chunki ularga qiziqarli, o’qishli asarlar haqida ma’lumot berilmagan. Bunga, tom ma’noda, biz, ona tili va adabiyot fani ustozlari, aybdormiz. Bola tinglashni yoqtiradi, yoshligidan ertaklar tinglab katta bo’lgan. Adabiyot darslarida o’quvchilarga biror asar haqida qiziqarli ma’lumotlar asosida parcha hikoya qilib berilsa, bola uni jon qulog’i bilan tinglaydi va shu asarni topishga harakat qiladi. Bu holatga maktab davrida ko’p guvoh bo’ldim. O’quvchilardan biri mendan:”Dunyo necha kunda yaralgan, ustoz?” –deb so’radi. Men unga dunyo olti kunda yaralganini aytdim. O’sha kuni va ertasiga sinfda bu gap muhokama bo’libdi. Darsga kirsam, salomlashgandan so’ng bir o’quvchi turib, dunyo yetti kunda yaralganligini, buni televizorda ko’rganligini aytib qoldi. O’quvchilar birdan hammasi menga qaradi. Ularga men bu savolga qanday javob berishim qiziq edi. Shunda men o’quvchilarga Nosiruddin Burhoniddin Rabg’uziyning “Qissasi Rabg’uziy” asari haqida ma’lumot berishga kirishdim. Dunyo va Odamning yaratilishi, payg’ambarlar hayoti haqida so’zlab, ba’zi rivoyatlarni hikoya qilib berdim. O’quvchilar shu darajada diqqat bilan tinglashdiki, tanaffus bo’lsa, o’zini ko’chaga uradigan o’yinqaroq bolalar ham o’rnidan qimirlamay o’tirishardi. Ular o’zlarining, ya’ni insonning qanday paydo bo’lganligini xayolan tasavvur qilishardi. Ushbu saboqdan so’ng o’quvchilarda aynan shu kitobga qiziqish kuchaydi va kutubxonada bu kitobning bor-yo’qligini so’rashdi. Mendan ijobiy javob olishgach, xursand bo’lib kutubxona tomon chopib ketishdi. Bir payt kutubxonachi chiqib, kutubxona o’quvchilarga to’lib ketganini va ular aynan bitta kitobni so’rashayotganliklarini aytib qoldi. Demak, o’quvchilar bu asarga qiziqqanlar va topib o’qishga harakat qilganlar. Xulosa o’rnida aytmoqchimanki, yoshlarni kitobxonlikka qiziqtirish ko’proq bizga, ustozlarga, bog’liq.

Quyida kitob o’qishning 7 foydali tomonini sizlar bilan baham ko’rmoqchiman:

· Kitob o’qish – atrof-muhitni, dunyoni va o’zingizni anglashga yordam beradi.

· Kitob o’qish – yodda saqlash va o’ylash qobiliyatini rivojlantiradi, ya’ni ko’p kitob o’qigan odamning yodda tutish darajasi yaxshi, tez o’ylab, tez xulosa chiqaradigan bo’ladi.

· Kitob o’qish – talqin qilish, analiz yasashga va shaxsiy fikrning shakllanishiga yo’naltiradi.

· Kitob o’qish – ko’pgina yutuq va muvaffaqiyatlarga asos bo’ladi.

· Kitob o’qish – odamlar bilan to’g’ri muomala qilishga o’rgatib, to’g’ri gapirishni shakllantiradi.

· Kitob o’qish – so’z boyligini va savodxonlik darajasini oshiradi.

· Kitob o’qish – odamdagi yashirinib yotgan ijodiy qobiliyatni yuzaga chiqaradi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ib qilish bo’yicha komissiya tuzish to’g’risida”gi farmoyishi yurtdoshlarimizni, xususan, yoshlarimizni kitob mutolaasiga jalb etishda yangi davrni boshlab berdi, desak aslo mubolag’a bo’lmaydi.

Farmoyishdan ko’zlangan maqsad xalqimizning, xususan, yoshlarimizning intellektual salohiyatini oshirish, ularning fikrlash doirasini kengaytirish, badiiy did, tahliliy-tanqidiy nazarlarini o’stirish, etik va estetik qarashlarini yanada takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatining jamiyat ma’naviy hayotidagi o’rni va rolini yangi bosqichga ko’tarishdan iboratdir.Yurtboshimizning mazkur farmoyishi bu borada barchamiz uchun muhim dasturulamal bo’lib qoladi.

Xulosa qilib aytganda, bola qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, mehr-oqibat, ajdodlarimizga hurmat tuyg’ularini shakllantirishning eng yaxshi vositasi kitobdir. Zero, donishmandlar aytganidek, qanchalik ko’p o’qisangiz, kitoblar sizni hayotga shunchalik yaqinlashtiradi, turmush yanada munavvar, ma’noli tuyula boradi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

1. Malik Murodov. Oltin sandiq ochildi. Toshkent.”O’qituvchi” 1994.

2. Xalq ta’limi jurnali. Toshkent-2017.

Foydalanilgan internet resurslari:

KITOBXONLIK VA MUTOLAA MADANIYATI muammolar yechimi o‘z qo‘limizda

Ayni kunda kitob mutolaasi kerakmi, yo‘qmi, degan savolni qo‘yish xuddi tashna odamga suv ichasanmi, degan savolni berishga o‘xshaydi. Zero, o‘qish, ilm olishga intilish azal-azaldan xalqimiz fitratida mavjud. Davrlar evrilishi g‘alati, bizlar kitob o‘qishga mukkasidan ketgan 70-yillarda, ota-onalarimiz “Ko‘p kitob o‘qima, miyang suyulib ketadi”, deb tanbeh berishardi. Bugungi yoshlarga kitob o‘qishni gapirsang, ensasi qotadi. Ammo biz bu o‘rinda yoshlarni mutlaqo ayblamoqchi emasmiz, agar jamiyatda bilim-ma’rifat, adabiyot qadr-qimmat topsa, albatta, aziz bolalarimiz kitobga qaytishlariga ishonaman. Bugun kitoblarni chop etish, ularni tarqatish tizimini takomillashtirish va eng muhimi, kitob chiqarish va kitobxonlikning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotganidan quvonishimiz kerak.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ta’bir joiz bo‘lsa, hayotimiz, tafakkurimiz va ma’naviyatimizda g‘oyat ulkan voqea bo‘ldi. Ushbu sa’y-harakat milliy adabiyotimiz va ma’naviyatimiz ravnaqida katta siljishlarning debochasi bo‘lishiga astoydil ishonib turibmiz. Ayniqsa, bu o‘rinda xorij tajribasini o‘rganish, yoshlar o‘rtasida badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan kitoblarga talabni o‘rganish kabi masalalarning ko‘tarilgani g‘oyatda tahsinga loyiqdir.

Darhaqiqat, har bir inson dunyoga kelar ekan, atrof-muhitga, o‘zi o‘sib-ulg‘aygan jamiyatga tafakkur nigohi bilan boqib, undan ibrat oladi, xulosalar, fikr-tushunchalar bilan boyiydi va shularga tayangan holda inson bo‘lib shakllanadi. Chinakam badiiy adabiyot ana shu fikru xulosalarni benihoya go‘zal bir tarzda ifoda etadi, eng ta’sirchan, unutilmas voqealar vositasida teranlashtiradi, mustahkamlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, adabiyot odam bolasida chin insoniy fazilatlarni shakllantiradi. Unutmasligimiz kerakki, shaxsiyati mazkur mezon va fazilatlardan mosuvo kimsa halol va yaxshi ishchi yoki xizmatchi tugul, tom ma’nodagi inson ham bo‘la olmaydi. Fuqarolarida ushbu mezon va fazilatlar shakllanmagan jamiyatda esa sof ma’naviy-iqtisodiy taraqqiyotning bo‘lishi mumkin emas. Bunday jamiyatni bir-birini aldovchi, talovchi, bir-birining haqini yeyishdan qo‘rqmaydigan beshafqat olomon, desak, sira-sira xato qilmaymiz.

Achchiq bir haqiqatni tan olaylik, ayni paytda ko‘pchilik mutolaa qilishga ajratiladigan vaqtini bemaza qovunning urug‘iday ko‘payib ketgan seriallarga, ko‘ngilochar gazetalar, ularda bosilayotgan oldi-qochdi, badiiylikdan ming chaqirim yiroq “hikoya”larga sarflamoqda. Ular milliy va jahon mumtoz adabiyotiga mansub asarlarnigina emas, umuman har qanday kitobni agar u andak o‘yga toldiradigan, tafakkurga chorlaydigan jiddiyroq bo‘lsa, o‘qishni xohlashmayapti.

Yana bir gap, bugungi kunda biz farzandlarimiz kitobdan uzoqlashib borayapti, degan gapga yopishib olib, bunda darrov zamonaviy texnika va texnologiyalarni, internetni ayblashga tushamiz. Holbuki, globallashayotgan dunyoda butun insoniyat texnikadan unumli foydalanmoqda, lekin ular kitoblarni, ayniqsa, mumtoz adabiyotni aslo chetga surib qo‘yishayoganlari yo‘q. Kitobxonlik darajasi borasida jahon mamlakatlari reytinglarini ko‘rib chiqib, bunga ishonch hosil qilasiz. Xorijda ushbu muammoni hal qilish yo‘llari avvalgidan qizg‘inroq, jiddiyroq yo‘sinda olib borilmoqda. Turli anjumanlar, muhokamalar, adiblar bilan uchrashuvlar, kitob bayramlari sifati ortib bormoqda. O‘rta maktablar dasturiga mutolaa bo‘yicha maxsus darslar kiritilmoqda. Bu darslarda o‘quvchilarda kitobga muhabbat, matnni tushunib, to‘g‘ri talqin qilish, eslab qolish ko‘nikma va malakalari shakllantirilmoqda. Buning natijasida AQSh, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya mamlakatlarida kitobxonlar soni ancha ko‘paygan.

Bugun kitob do‘konlarimizda, axborot resurs markazlaridagi kitoblar orasida durdona milliy yodgorliklarimizdan – “Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘otit turk”, “Temur tuzuklari”, “Xamsa”, “Boburnoma” singari asarlarni uchratish amrimahol. Zamonaviy, iste’dodli shoirlarimizning she’riy kitoblari ham sotuvlarda deyarli yo‘q hisobi. Alisher Navoiyning yigirma jilddan iborat asarlari ma’lum bir tirajlarda bosilib chiqdi. Ammo nazarimizda bular kam, chunki Navoiy nafaqat maktab va institut kutubxonalari, balki har bir o‘zbek xonadonida bo‘lishi zarur. Navoiyni qo‘ya turing, hatto Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani har yuzta o‘quvchidan bir yoki ikkitasiga to‘g‘ri kelayotganiga nima deysiz?! Qodiriyning eng mashhur asari shunchalik kam tirajda bosilayotgan ekan, boshqalar haqida gapirmay qo‘ya qolaylik.

Kitob savdosi va narxi eng og‘riqli nuqtamizga aylangan, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo kitob kartoshka yoki piyoz emas, kitob bu kitob. Uni bir kunda yoki bir oyda sotib, ayniqsa, undan tezda foyda ko‘rib bo‘lmaydi. Kitoblar taqchilligi borasida gap ketganda avvalo narx muammosiga duch kelamiz. Ochig‘i, bizda kitoblar qimmat, qolaversa, hammasi kelishilgan narxlarda. Toshkentda o‘n ming so‘m turgan kitob Buxoro yoki Surxondaryoda ikki-uch baravar qimmat sotilyapti. Bu ham kitobxonlarnng shashtini ancha pasaytiradi, kitob narxi siyosatida ko‘plab chalkashliklarni keltirib chiqaradi. Bundan kelib chiqadigan xulosa, demak, kitoblar mazmunan yuksak saviyada, sifatli, arzon hamda qat’iy narxlarda bo‘lishi kerak.

Hozir televizor va matbuotda chiqish qilayotgan ko‘pgina noshirlar, mutaxassislar bu borada aniq takliflar berishga ojizlik qilishyapti. Bizningcha, buning yechimi bor, bu ham bo‘lsa, adabiy doirada e’tirof etilgan, mutaxassislar tavsiya etgan kitoblarni yirik tirajlarda chop etish. Takror bo‘lsa-da aytamizki, muallif, kitob va kitobxon o‘rtasidagi uzilishni tiklash uchun bosilayotgan kitoblarning adadini qo‘rqmasdan oshirgan holda kitob bahosini tubdan arzonlashtirish lozim. Bunday kitoblar do‘konlarda uzoq vaqt turib qolmaydi. Qolaversa, kitob mualliflari bo‘lgan zahmatkash ijodkorlar ham mehnatiga yarasha qalam haqi, ya’ni rag‘bat oladi. Moddiy va ma’naviy rag‘bat esa ularni yanada yaxshi asarlar yozishga, kerak bo‘lsa, o‘z asarlari bilan dunyo adabiyotiga chiqishga undashi turgan gap.

Xullas, kitob chiqarish va sotish borasida murakkabliklar va chalkashliklar juda ko‘p. Oddiygina misol, bir ijodkor tanishimiz o‘tgan yili nufuzli nashriyotda o‘z hisobidan kitob chiqardi. Nashriyot kitoblarni chiqarib berishga berdi-yu, ammo muallif bir necha yillar mehnat qilib yozgan kitobini endilikda kimga, qaerda sotishni bilolmay hayron. Albatta, muallif bir necha kitob do‘konlariga ham murojaat qildi, lekin kitob do‘konlari ham jismoniy shaxsdan kitob olishni ma’qul ko‘rmadi, shekilli, sotib olishni istashmadi. To‘g‘risi, bunday misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Shu o‘rinda aniq taklif shuki, respublika bo‘yicha kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan, shuning uvol-savobiga javob beradigan muassasa bo‘lishi lozim.

Bizda hozir ta’lim tizimida o‘n mingdan ziyod maktab, 1800 ta kollej, 60 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari bor. Xo‘sh, bugun Xalq ta’lim vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ularning joylardagi boshqarmalari tomonidan insonni tafakkurga chorlaydigan birorta nasriy yoki she’riy kitobga o‘n ming yoki yigirma ming nusxada buyurtma tushayaptimi? Holbuki, nashr etilayotgan kitoblardan o‘n mingtasini Xalq ta’limi tizimi olganda ham har bitta maktabga atigi bittadan kitob to‘g‘ri keladi.

Shu o‘rinda kitoblar saviyasi va albatta, mualliflar masalasiga ham to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Bugun axborotlar oqimi nihoyatda katta, cheksiz. O‘quvchi shu axborotlar orasidan eng saralarini, o‘ziga ma’qulini, muhimini tanlab, saralab olib o‘qishi kerak. Buning uchun eng yaxshi asarlar yuzasidan xolis ilmiy munozaralar, amaliy mashg‘ulotlar olib borilishi maqsadga muvofiq. Yaxshi kitoblarning televidenie, OAVdagi targ‘ibot va taqdimotlari ham ayniqsa, katta samara beradi. Albatta, qaysi asarni o‘qish har kimning shaxsiy ishi. Birovni zo‘rlab bunga qiziqtirib bo‘lmaydi. Lekin afsuski, bugun iste’dodli shoir yoki adib kitobini chiqarolmay, chiqargan taqdirda ham sotolmay o‘tirgan bir paytda adabiyotga mutlaqo aloqasi yo‘q kimsalar badiiyatdan yiroq, hatto insoniy odob-axloqqa zid bo‘lgan jild-jild kitoblarni chop etib, do‘konlaru maktab va kollej o‘quvchilarini o‘z “ijod”laridan bahramand etishmoqda. Ko‘plab xususiy nashriyotlar kitobning nonday aziz va pokligiga putur yetkazib, maza-matrasiz, imloviy xatolar g‘ij-bij kitoblarni chiqarish ishiga o‘z “hissa”larini qo‘shishmoqda. Alal-oqibatda bu bir jihatdan zukko yoshlarni kitobdan bezdirib qo‘ysa, ikkinchidan odamlarning tarbiyasiga, ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunga esa aslo loqayd qarab bo‘lmaydi. Bizningcha, umuman, ta’lim maskanlaridagi kutubxonalarga badiiy adabiyot niqobi ostida soxta va sayoz narsalarni turli yo‘llar bilan kirib kelishiga zinhor yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Nazarimizda, kitobga, kitob mutolaasiga munosabatni tubdan o‘zgartirish uchun avvalo, ziyoli o‘qituvchilarga suyanishimiz kerak. Ya’ni kitob targ‘ibotchilari qanchalik bilimli, ziyoli bo‘lsa, shuncha ijobiy natijaga erishish mumkin. Aytish kerakki, kitob chiqarish va sotish bu cho‘ntakni qappaytirish yoki biznes qilish emas. Kitoblar qaysi janr yoki mavzuda bo‘lishidan qat’i nazar, u ma’naviyat quroli ekanini mas’uliyat bilan to‘la-to‘kis anglashimiz lozim. Iqtisodiy zararni hamma vaqt to‘ldirish mumkin, lekin ma’naviy ziyonni qoplab bo‘lmaydi. So‘zning, adabiyotning qadrini qanchalik yuksak ko‘tarsak, madaniyatimiz, ma’naviyatimiz shunchalik yuksaladi. Mana shunda chalasovodlikdan xalos bo‘lamiz, mana shunda bolalarimiz jinoyatchilik, turli bema’ni oqimlar ko‘chasidan ming chaqirim uzoqda bo‘ladi. O‘zining kimligini, o‘zligini bilgan inson ota-ona, ona Vatan, vatanparvarlik degan muqaddas qadriyatlarning tub mohiyatini anglashga qodir bo‘ladi.

Kitob tafakkur qanotidir, degan edi alloma adibimiz Oybek. Biz bugun yangi davrga qadam qo‘ydik. Dunyo yana ilmga, tafakkur — intellektga intilmoqda. Zero, insoniyat uchun faqat va faqat tafakkurgina najot bo‘la oladi. Chindan ham ulug‘ va mo‘’tabar kitoblar insoniylik, halollik, shafqat va imon urug‘larini qalbimizga ekadi. Bizni olamshumul kashfiyotlar, buyuk bunyodkorliklar sari da’vat etadi. Mushkul onlarimizda bizga hammaslak va do‘st bo‘lib to‘g‘ri va oqil yo‘lni ko‘rsatadi. Shu boisdan hayotimizda “o‘qimishli inson” degan ibora boshqacha jaranglaydi.

Olim, ziyoli insonlarni izzat-hurmat yuzasidan uyimizning to‘riga o‘tkazsak, bilimsiz kishidan biror xatolik o‘tganda “ha, endi, kitob ko‘rmagan bir bechora-da”, deya aybini kechirib yuboramiz. Dunyo bizga havas bilan boqadigan o‘qimishli va kitobxon mamlakat bo‘lishimiz uchun kitoblar shunchaki javon bezagi emas, balki ko‘nglimizning bebaho mulkiga aylanishi kerak. Shundagina farzandlarimiz qalbiga ezgu g‘oyalarni singdirib, ularni komil inson qilib tarbiyalashimiz mumkin.

Abdumajid AZIMOV,

Adiba UMIROVA

“Hurriyat” muxbirlari

Bolalar o‘rtasida kitobxonlik muammolari: Sabablar va takliflar

Zamonaviy texnologiya va vositalar juda keng tarqalgan bugungi kunda yoshlarni, bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, ularni mutolaa jarayoniga jalb qilish murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda. Xo‘sh, butun mamlakat bo‘ylab kitob mutolaasiga rag‘batni oshirish, kitobxonlar safini yanada kengaytirish uchun yana qanday ishlar amalga oshirilishi kerak? Nima qilinsa yoshlar, bolalar kitob o‘qishga jon-jahdi bilan intiladi?

Buning uchun birinchi navbatga kitobga olib boradigan yo‘llar yaqin va oson bo‘lishi kerak. Siz ta’lim muassasalarida kutubxonalarning qayerda joylashganiga e’tibor berganmisiz? Odatda maktabning eng chetida, ko‘rimsiz, kimsa bormas bir burchagida bo‘ladi. Oshxona, o‘qituvchilar xonasi, sport zali, ul-bul mayda-chuyda sotiluvchi rastachalar maktabning kirish qismida, hammabop joyida. Aslida esa ular hatto maktabning orqasida, hovlining bir chetida bo‘lsa ham topib borishadi. Nima, kitob yegulik, jismoniy mashq yoki ruchka-qalamdek zarur narsa emasmi? Axir u tarbiya, mushohadakorlik, ma’naviy barkamollik manbai-ku.

Ikkinchidan, kutubxona xodimlariga nisbatan, kutubxonachilarning esa o‘z ishiga nisbatan munosabatini o‘zgartirish kerak. Yaqinda Do‘stlik tuman axborot resurs markazi tomonidan kitobxonlikka oid seminar-ko‘rgazma tashkil etildi. Unda barcha maktablardan vakillar, o‘quvchilar qatnashdi. Tadbirda qatnashar ekanman, qariyb barcha tashkiliy ishlar qanday qilib bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, bu bo‘yicha tajriba almashish va mavjud muammolarni hal etishga emas, balki “tepadan”, ya’ni yuqori tashkilotlardan keladigan tekshiruvchilarga qanday munosabatda bo‘lish, ular qanday hujjatlarni tekshirishi, ayni shu jihatdan kamchiliklarni qanday bartaraf etishga qaratilganiga amin bo‘ldim. Bir gap bilan aytganda, bolaning emas, komissiyaning ko‘nglini olish, ularga yomon ko‘rinmaslikka qaratilgan bor e’tibor. Ushbu tadbirda viloyat ARM rahbari jurnalist ekanimni eshitib, mendan bir masalani ko‘tarib chiqishni takror va takror iltimos qildi. Uning aytishicha, mahalliy hokimiyatlar, sohaning yuqori tuzilmalari rahbarlari kutubxonachilarni bekorchi deb o‘ylashadi. Qishloq xo‘jaligi, obodonlashtirish va hokazo ishlarda birinchi navbatda kutubxonachilar jalb etiladi. Bir yilda sovuq mavsumdagi to‘rt-besh oyni hisobga olmasa, ular deyarli o‘z ishlari bilan shug‘ullana olishmaydi. Bunaqada qanday qilib samaradorlikka erishish mumkin? Axir kutubxonachi o‘z zimmasiga yuklatilgan tashkiliy ishlardan ortib kitob ham o‘qishi, mutolaani jondan sevishi kerak emasmi?

Shu o‘rinda tasavvur qilib ko‘ring: Siz oddiygina maktabda o‘qiydigan oddiygina o‘quvchisiz. Maktabning bir burchagidagi sehrli-sirli xonaga yurak yutib bordingiz, balki bu kimsasiz burchakka kelganingiz uchun qo‘rqayotgandirsiz ham. Ammo nimadir sizni ilgari chorlayveradi. Shunda kutilmaganda mehribon bir nigoh sizni qarshi olsa. U sizga yoshingizdan kelib chiqib bir necha kitoblarni taklif qilsa, o‘sha kitob haqida shu qadar qiziqarli hikoyalar, o‘z taassurotlarini aytib bersaki, butun dunyoni unutib mutolaaga berilib ketsangiz. So‘ngra har kuni o‘sha nurli maskanga oshiqsangiz. Kutubxonachi siz bilan hayotiy mushohadalarini o‘rtoqlashsa, fikringiz, munosabatingiz bilan qiziqsa, kerak bo‘lsa u bilan dardlashsangiz. Axir u qanchalar ko‘p kitob o‘qigan, dunyoqarashi qanchalar keng. Bunday odamning suhbatiga to‘yib bo‘larkanmi? Ammo real vaziyatga bir nazar solingchi. Aksariyat kutubxonalarda kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylangan, bor xodimlar ham (ularni kutubxonachi, deyishga tilim bormaydi) kitob mutolaasidan mosuvo. Bu yerga faqat vaqt o‘tkazish va oylik olish uchun keladigandek. Ba’zi kutubxonalarda kitob olish yoki u yerga a’zo bo‘lish uchun biror yangi kitob berish talab qilinadi vahokazo.

Kutubxonalarning g‘aribdan g‘arib fondi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Yana bir holat. Bola mansub bo‘lgan jamiyat, muhit kitob o‘qishga moyil bo‘lishi ham muhim. Qo‘liga biror marta kitob olmagan odamning bolaga: “kitob o‘qi”, deb maslahat yoki buyruq berishga hech qanday haqqi ham, asosi ham yo‘q! “Bolalarni bizning gap-so‘zlarimiz emas, balki xatti-harakatlarimiz tarbiyalaydi”, degan Makarenko ayni haqiqatni so‘zlagan edi. Kitob o‘qiladigan xonadonlarda mutolaaga mehr qo‘ygan bolalar kamolga yetadi. Albatta, bu mutlaq haqiqat emas. Kitobi yo‘q uylarda ham kitobxonlar bor. Ammo hamma joyda, har doim ham emas. Aksariyat oilalarda vaziyat taxminan quyidagicha: ona kuni bo‘yicha uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band, ozgina bo‘sh vaqt topdi deguncha qo‘shni ayollar bilan hasratlashishga oshiqadi. Televizor, serial ko‘rish, to‘y-ma’rakalarda qatnashish va boshqalarga ajratilgan vaqt kitob o‘qishga yetmaydi. Ota esa kuni bo‘yi ishda bo‘lib, kechqurun kelib ovqatlanadiyu, bir oz televizor ko‘rgandek bo‘lib, so‘ngra uxlashga kirib ketadi. O‘qilgan kitoblarni muhokama qilish, qanday kitoblarni o‘qish bo‘yicha maslahatlar berish, afsuski, oilalarda juda kam uchraydigan holat. Ommaviy ravishda: xiyobonlarda, transport vositalari, kutish zallari, bekatlar, shifoxonalarda kitob o‘qilishi haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Qaniydi bunday joylarda shundoqqina qo‘l uzatsang yetadigan yerda kitoblar tursayu, bo‘sh vaqtingda mutolaaga berilsang. Bu so‘zlar aslo shaxsiy tasavvurim mahsuli emas. Ko‘plab mamlakatlarda shu kabi ijtimoiy loyihalar yo‘lga qo‘yilganki, odamlar o‘qib bo‘lgan kitoblarini hamma uchun ochiq va bepul bo‘lgan maxsus javonlarga keltirib qo‘yadi. U yerdagi istagan asarini olib ketishi mumkin. Marhum adibimiz Asqad Muxtor aytganidek, kitob – boylik, sotib olingani emas, balki o‘qilgani. Masalaga mana shu nuqtadan qarasak, bu bebaho boylikni hamma bilan bo‘lishish mumkin.

Bolalarni kitobga qiziqtirishda kattalarning xabardorligi ham muhim ahamiyatga ega. Bu haqda yuqorida kutubxonachilar misolida mushohada yuritgandek bo‘ldik. Biroq pedagoglardan tashqari ota-onalar ham bolaga qanday kitob olib berishni bilishi kerak. Bundan bir necha yillar avval tog‘am farzandlariga qancha kitob olib bersa ham o‘qishga qiziqmasligidan noligan edi. Undan o‘zi qanday kitoblar olib berdingiz, deb so‘radim. Bir necha kitob nomlarini eshitib, tog‘amga bu kitoblar bolalarining yoshiga mos emasligini aytib, undan ko‘ra “Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakati” kabilarni sotib olishni maslahat berdim. Keyinchalik tog‘am aytganlarimni qilib, bolalari kitoblarni sevib o‘qiganini so‘zlab berdi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, ota-onalar majlislarida faqat moliyaviy masalalar emas, kitobxonlikni targ‘ib qilish, sinflar kesimida bolalar yoshiga mos asarlar ro‘yxati tuzilib, ota-onalarga tarqatilsa bo‘ladi. Shu bilan birga, bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish va bu qiziqishlarni to‘g‘ri va samarali qondirish bo‘yicha ham maslahat, tavsiyalar berilishi maqsadga muvofiq.

Yangi nashr qilingan kitoblar narxi ham odamni mutolaadan uzoqlashtirib yuborishi mumkin. Birgina misol: yaqindagina chop etilgan Tolstoyning “Anna Karenina” asari kitob do‘konlarida 70 ming so‘m atrofida sotilmoqda. Albatta, kitob chiqarish, bu – biznes. Uning o‘ziga xos qonun-qoidalari mavjud. Ammo 70 ming so‘m hamma oilalarning ham byudjyetiga to‘g‘ri kelavermaydi. Narx-navo masalasida yana bir bor chuqur mushohada yuritish, arzon kitoblar ishlab chiqilishi haqida o‘ylab ko‘rish kerak.

Kitobxonlikni targ‘ib qilishda yangi nashr qilingan asarlar reklamasini keng yo‘lga qo‘yish, mutolaani ommalashtirish bo‘yicha ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish ham katta ahamiyat kasb etadi. Qishloq va mahallalarda kitobxonlar klublarini tashkil etishni rag‘batlantirish, bolalar uchun kitob kechalari, o‘qilgan asarlar muhokamalari, sovrinli tanlovlarni tashkil etish, yozda salqin, qishda issiq, qulay mebellarga ega tinch va osuda o‘quv zallari, kitoblarni ijaraga berish, qarzga yoki pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga tatbiq etish, olis tumanlar, uzoq qishloqlarda kerakli kitoblarga buyurtmalar berish shoxobchalarini barpo etish ham mumkin. Xullas, o‘ylasa, bosh qotirsa, muammoni ijobiy hal etishning minglab usullari yaratilaveradi. Modomiki, maqsad bolalarning kitobni ommaviy ravishda sevib o‘qilishiga erishish ekan, bu yo‘lda bor imkoniyatlarni ishga solish, jarayonni ortiqcha, keraksiz va faqat zarar keltirayotgan tashkiliy, ma’muriy to‘siq va g‘ovlardan xalos qilish, kitobning hammabopligini oshirish yo‘llarini topaverish kerak.

Sanjar Said