Press "Enter" to skip to content

Eng badavlat milliarderlar tavsiya qiluvchi 9 kitob

Sejon milliy kutubxonasi (Koreya). Kutubxona joylashgan maydon 21000 kv. metrni tashkil qiladi. Bu bino 2013-yilda qurib bitkazilgan. Bir necha qavatdan iborat bu binoning birinchi va ikkinchi qavatlari dam olish hamda kitob oʻqish uchun moʻljallangan. Uchinchi qavatda turli konferensiya va seminarlar oʻtkazish rejalashtirilgan. Toʻrtinchi qavatda restoran joylashgan. Bu qavat orqali tomga chiqish imkoni mavjud boʻlib, bu yerda kichik bir bogʻ barpo etilgan.

Yangi elektron kitoblar

“Kitob”, “kitobxonlik”, “kutubxona” soʻzlarining oʻzagi aslida arabchadan olingan va bir maqsadga, yaʼni inson maʼnaviyatini boyitishga xizmat qiladi.

Fan va texnika taraqqiy etgan davrda kutubxonalarning missiyasi oʻzgaradi, kutubxonachining professional faoliyatida ham qoidalar yangilanishiga ehtiyoj paydo boʻladi. Endi tadbirlar miqdori, kitobxonlar va berilgan kitoblar soni kabi koʻrsatkichlar Axborot-resurs markazi faoliyatini baholashda bosh omil boʻlolmaydi. Kutubxonachidan audiovizual va elektron hujjatlar, zamonaviy texnika bilan ishlash malakasi ham talab etiladi.

Kutubxonachi kim? Zamonaviy kutubxonachidan nima talab qilinadi? Kutubxonachi oʻquvchilarga formulyarlar ochadi, unga berilgan kitoblarning nomi va raqamlarini yozib qoʻyadi. Kutubxonada tartibni saqlaydi, eskirgan kitoblarni taʼmirlaydi, yaroqsiz holga kelib qolgan adabiyotlar roʻyxatini tuzadi, yangilarini qabul qiladi, tizimli va alifboli kataloglarni toʻldiradi, oʻquvchilar bilan suhbatlar oʻtkazadi. Faqat shumi? Aslida, kutubxonachining ishi bu qadar oddiy va oson emas. Zamonaviy kutubxonachi oʻquvchilarning kichik tirajda nashr etilgan yoki boʻlmasa, ancha oldin chop etilgan va qayta bosilmagan kitoblar orasidan eng siyraklari bilan tanishishi uchun imkoniyat yaratishi kerak. Shuningdek, elektron kutubxona va elektron baza bilan ishlay olish, foydalanuvchilarga kitob, elektron kitob va kerakli saytlarni topishda koʻmaklashish ham ularning vazifasiga kiradi. Zamonaviy kutubxonachi nafaqat internet tizimining mohir foydalanuvchisi boʻlishi, balki u kutubxona qidiruv tizimlarini ham yaxshi tushunishi kerak.

Yaxshi kitobni chiroyli kutubxonada oʻqish — bu, albatta, ideal uygʻunlik.

Tarixga nazar solsak, ilk kutubxonalar taxminan eramizdan 2600-yillar avval paydo boʻlgan ekan. Ammo afsuski u davrda maʼlumotlarning barchasini saqlab qoluvchi arxivlar mavjud boʻlmagan, boʻlsa-da bizgacha ular yetib kelmagan. Hozirgi zamonaviy kutubxonalar esa shu qadar qulay, oʻziga xos tarzda bunyod etilmoqdaki, ularni koʻrib barchaning koʻzi quvnaydi. Xoʻsh, zamonaviy kutubxonalar nimasi bilan ajralib turadi? Ularning noodatiy dizaynidan tortib, kitoblarning turli shakllarda chop etilganigacha eʼtiborni tortmay qolmaydi. Zamonaviy kutubxonalar yangicha arxitektura uslubida boʻlib, kitobxonlarni hayratga solishi tayin.

Eng yaxshi mudofaa – bu oʻzgaruvchanlik, mohiyatni saqlab qolgan holda yangi shaklga oʻtish qobiliyatidir. Bu kutubxonalarning mavjudligiga ham tegishli. Agar ular oʻzgarmasa, oddiy odamlar ular uchun tezda boshqa dasturni topadilar: kitoblarni oʻchoqqa uloqtirishadi, kutubxona binolarini esa tijorat muassasalariga aylantirishadi. Raqamli davrda kutubxonalar oʻzlarining mavjud falsafasini rivojlantirishlari, foydalanuvchilarning manfaatlarini taʼminlash, xizmat koʻrsatish va yangi ehtiyojlariga mos keladigan fondlarni yaratish sohasidagi oʻziga xosligini taʼkidlash kerak. Kutubxonalar oʻzgarishi kerak. Kelajak kutubxonasini yaratish kerak. Gʻarbda ham, Rossiyada ham bu tendensiya allaqachon namoyon boʻlmoqda va bugun men juda aniq misollardan foydalanib, haqiqiy oʻzgarishlarni koʻrsatmoqchiman. Kelajakning haqiqiy kutubxonalari yaratilmoqda. Ayrim shunday zamonaviy kutubxonalar haqida soʻz boradi.

“Book Mountain and Library Quarter” nomli kutubxona (Niderlandiya) Gollandiya shaharlaridan birida joylashgan. Kub koʻrinishida barpo etilgan bu binoning tomiga xuddi piramida joylashtirilgandek koʻrinadi va bu noodatiyligi bilan shahardagi boshqa binolardan ajralib turadi.”Book Mountain” yaʼni “kitoblar togʻi” iborasi aynan kutubxona nomi uchun bejiz tanlanmagan. Sababi, bu binoning ichiga kirishingiz bilan zalning oʻrtasida kitoblardan togʻni yodga soluvchi shakl yaratilganining guvohi boʻlasiz. Kutubxonadagi kitoblar bir necha boʻlimlarga ajratilgan boʻlib, bu qidirgan kitobingizni tezda topish imkonini beradi. Yana shunisi ahamiyatliki, kutubxona binosi yorugʻlik toʻgʻridan-toʻgʻri tushuvchi yerda barpo etilgan. Shu sabab kunduz kunlari kutubxona uchun hech qanday chiroqning keragi yoʻq.

Birmingemdagi yangi kutubxona (Angliya) Buyuk Britaniyaning eng katta kutubxonasi, Yevropaning esa eng katta maʼnaviy markazlaridan biri sanaladi. Ushbu kutubxona dizayni gollandiyalik arxitektorlar tomonidan yaratilgan. Binoning old tarafdan koʻrinishi noodatiy: oddiygina halqalar yordamida chiroyli koʻrinishga ega naqshlar yaratilgan va bu naqshlar binoga oʻzgacha chiroy baxsh etgan. Kutubxona bir necha qavatdan iborat boʻlib, bu yerda britaniyalik yozuvchilar kitoblari hamda jahon adabiyoti durdonalari bilan tanishish mumkin.

Vennesl kutubxonasi Norvegiyaning madaniyat markazlaridan biri hisoblanadi. Bu kutubxonani soʻzsiz eng zamonaviylaridan biri deya atash mumkin. Sababi bu yerda kutubxona bilan birgalikda kafe, bir qancha konferensiyalar zali va oʻquv markazi ham faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, bu yerda Norvegiyaning eng katta arxivi mavjud. Kutubxona doimo oʻz kitobxonlari uchun ochiq.

Sejon milliy kutubxonasi (Koreya). Kutubxona joylashgan maydon 21000 kv. metrni tashkil qiladi. Bu bino 2013-yilda qurib bitkazilgan. Bir necha qavatdan iborat bu binoning birinchi va ikkinchi qavatlari dam olish hamda kitob oʻqish uchun moʻljallangan. Uchinchi qavatda turli konferensiya va seminarlar oʻtkazish rejalashtirilgan. Toʻrtinchi qavatda restoran joylashgan. Bu qavat orqali tomga chiqish imkoni mavjud boʻlib, bu yerda kichik bir bogʻ barpo etilgan.

Sammamish shahri kutubxonasi (Vashington) oʻzining ajoyib dizaynga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Bu yerda kitob mutolaasi uchun qulay oʻquv zali mavjud. Shuningdek, bu yer tarixni yodga soluvchi isitish tizimi bilan jihozlangan, dizayning zamonaviyligi esa kitobxonlar uchun birmuncha qulaylik yaratadi. Tarixni unutmagan holda zamonaviy kutubxona barpo etish arxitektorlarning maqsadi edi va ular bunga erishdilar.

Almerdagi yangi kutubxona (Niderlandiya) bir necha qismdan tashkil topgan: kafe, internetga ega maxsus xona, oʻquv zali va multimedia xonasi. Bu yer bir qarashda savdo markazi yoki supermarketga oʻxshaydi. Kutubxona kitoblarning janri hamda sohasiga qarab bir necha boʻlimlarga boʻlingan.

Kvinslenddagi kutubxona (Avstraliya) maydoni 1650 kv. metr boʻlib, shahar markaziga yaqinda joylashgan. Bu bino yashil rangdagi tom bilan qoplangani sababli oʻzgacha ahamiyat kasb etgan. Kutubxona ichiga razm solsak, bu yerning dizaynida yorqin ranglardan va turli quvnoq shakllardan foydalanilgan.

Braziliyadagi yangi kutubxona maydoni taxminan 22000 kv. metr boʻlib, 2013-yilda barpo qilingan. Bu yerda 17000 dona eng kam nusxadagi noyob kitoblar jamlanmasi mavjud. mazkur kutubxona ham bir necha qavatdan iborat boʻlib, har bir qavat kitoblar uchun bir boʻlim sanaladi.

Kvinslend shtatida joylashgan yana bir kutubxona oʻzining noodatiy va zamonaviyligi bilan barchani lol qoldiradi. bu yer 2006-yilda qurib bitkazilgan. Qayta taʼmirlash paytida kutubxona maydoni 12000 kv. metrga yetgan, bu oldingisiga qaraganda ikki barobar kattadir.

Aberdin shahri kutubxonasi juda qadimiy boʻlib, 1495-yilda tashkil qilingan. Bu kutubxonada 250000 ga yaqin kitoblar va koʻlyozmalar mavjud. hozirda bu bino qayta taʼmirlanib, zamonaviy koʻrinishga keltirildi. Maydoni 15000 kv. metr.

Endi Koreyaning eng zamonaviy kutubxonalaridan biri – Janubiy Koreya Milliy smart kutubxonasiga sayohat qilamiz. Sejong shahrida joylashgan Milliy kutubxona Koreya milliy kutubxonasining birinchi filiali sanalib, u aynan Koreyaning multifunksional-adminstrativ shahrida qurildi.

Taniqli Samoo Architects & Engineers tomonidan barpo etilgan majmuaning tashqi qiyofasi varaqlanayotgan kitobning shaklini yodga soladi va oʻzining noodatiy dizayni tufayli osonlik bilan kitoblar makonini topib olish imkonini beradi. Shuningdek bino arxitektura dizayni koreyaliklarning oʻz qadimiy bino va inshootlarining dizaynini eslatadi deb oʻylayman. Bu esa Koreya xalqining oʻz tarixini unutmaganligini va qadimiy arxitektura bilan xay-tek uslublarini uygʻunlashtirib, yangicha yondashuvlardan foydalanishayotganligidan dalolat beradi.

Sejong kutubxonasi nafaqat turli-tuman sohalarga bagʻishlangan kitoblarni oʻzida jamlagan zamonaviy maskan, balki kitobxonlar qulayligi uchun eng ilgʻor raqamli texnologiyalarni oʻzida mujassam etgan mukammal majmua hisoblanadi. Shu sababli ham kutubxonaga “E-BRARY”, (yaʼni emotion –emotsiya, library – kutubxona) nomi berilgan.

Bu yerda odamlar hamisha gavjum boʻlib, foydalanuvchilar tashrifining keti uzilmaydi. Mahalliy aholi va talabalar uchun esa allaqachon sevimli maskanga aylanishga ulgurgan. Kutubxona ichida turli boʻlinmalarga boʻlingan keng va yorugʻ zonalar mavjud boʻlib, siz istalgan yerda kitob oʻqishingiz, ishlaringiz bilan mashgʻul boʻlishingiz mumkin. Shuningdek, koʻrgazmalar zalida kutubxona mehmonlari oʻz qoʻllari bilan ajoyib ijod namunalarini yaratishlari mumkin.

Kutubxonada Wi-Fidan foydalanish oson boʻlib, zamonaviy texnik qurilmalar orqali muhim ishlarni ham bitirish mumkin. Agarda zarur qoʻngʻiroq boʻlib qolsa, atrofdagilarga xalaqit bermaslik uchun maxsus telefon budkalari oʻrnatilgan. Ishonch hosil qilish maqsadida qoʻngʻiroq amalga oshirib koʻrdim va tashqaridagi doʻstim ovozimni umuman eshita olmaganligini aytdi. Bu budkalar tovush oʻtkazmaydigan qilib yasalgan.

Taʼkidlash joizki, koreyaliklar energotejamkorlikka va qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan foydalanishga juda katta eʼtibor berishadi. Shuning uchun, koʻpgina katta bino va inshootlarda quyosh panellaridan va kichik shamol parraklaridan elektr energiyasini ishlab chiqarishda foydalanishadi.

Kutubxona maʼmuriyati esa bino qancha elektr energiyasi ishlab chiqardi va qancha sarf etganligini onlayn rejimida koʻrsatib turuvchi tablo oʻrnatgan. Bu oʻz navbatida Koreyada davlat tashkilotlarining elektr energiyasi boʻyicha sarf-xarajatlarning shaffofligini koʻrsatib turish mexanizmi borligi va “yashil va smart iqtisodiyot”ga oʻtilayotganligidan dalolat beradi.

Bolajonlar uchun maxsus hudud mavjud boʻlib, turli mavzulardagi adabiyotlarni topib, oʻqish mumkin. Hattoki, ota-onalar ham farzandlari bilan kitob mutolaa qilib, vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga oshiqishadi.

Endi esa, Istanbuldagi Boyazid kutubxonasi dunyoning eng chiroyli zamonaviy kutubxonasi haqida soʻz yuritamiz.

San-Fransisko va Londonda nashr etiladigan Wired ilmiy-ommaviy jurnali Istanbuldagi Boyazid davlat kutubxonasini eng chiroyli zamonaviy kutubxonalar ichida toʻrtinchi oʻringa qoʻydi.

1884-yilda “Umum Usmonlilar kutubxonasi” nomi bilan asos solingan kutubxonaning qayta tiklash va dizayn ishlarini Tabanlıoğlu Mimarlık kompaniyasi amalga oshirdi. Kutubxona kitobxonlarga millionga yaqin hujjatni taklif etadi, ulardan yarmi kitoblardir. Kutubxona fondida 11120ta qoʻlyozmalar saqlanadi, ularning ichida oʻta noyoblari ham bor.

Oʻzbekiston Respublikasining zamonaviy kutubxonalaridan biri – bu Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasidir.

Milliy kutubxona axborot va madaniy-maʼrifiy muassasa boʻlib, kutubxonachilik, bibliografik, ilmiy tadqiqot, ilmiy-metodik va axborot faoliyatini olib boradi. Kutubxona fondi mazmunan universal milliy va xorijiy matbuotning noyob toʻplamidir. Kutubxona faoliyatining bosh maqsadi, butun insoniyat bilimini aks ettirgan, avvalo, Oʻzbekistonga va uning milliy manfaat lariga taalluqli hujjatlarning universal fondini yigʻish, saqlash hamda jamiyat foydalanishi uchun taaqdim etishdir.

Milliy kutubxona respublikamizdagi barcha kutubxonalarga kutubxonashunoslik, bibliografiyashunoslik va kitobshunoslik sohalari boʻyicha metodik rahbarlik qiladi.

Kutubxona oʻz nashriyot va bosmaxonasiga ega boʻlib, noshirlik hamda matbaa faoliyati bilan shugʻullanadi.

Mamlakatimiz rahbarining kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yaxshilash toʻgʻrisida kuyunib gapirayotganliklarida oʻziga xos chuqur falsafa bor. Eng avvalo, kitob insonni yerdan koʻkka koʻtaruvchi, uning maʼnaviy quvvatini oshiruvchi buyuk, moʻjizakor kuchdir. Qolaversa, kitob insoniyatning tarixiy xotirasi, oʻz maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy zaminini mustahkamlovchi, kelajakni yorqin koʻrsatib berishga qodir mashʼala hisoblanadi.

Zero, kitob irodani toblaydi, boshqaruv mahoratini oshiradi. Bugungi tezkor va zamonaviy sharoitda intellektual salohiyati yuksak kadrlarni tayyorlashda yoshlarning kitobga munosabatini yana-da yaxshilash, huquq-tartibot organlari uchun yetuk kadr­lar tayyorlanadigan taʼlim mas­kanlarida mavjud kutubxonalar fondini eng yangi badiiy, ilmiy, sohaga doir, jumladan, davlat tilidagi kitob­lar bilan muntazam ravishda boyitib borish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shaxnoza Tillashayxova,

3-darajali yurist,

Toshkent davlat yuridik universitetining

Ixtisoslashtirilgan filiali

Axborot-resurs markazi direktori

Eng badavlat milliarderlar tavsiya qiluvchi 9 kitob

Microsoft hammuassislaridan biri Bill Geyts yiliga 50 kitob mutolaa qiladi. Milliarder Mark Kuban kuniga uch soatdan kitob o‘qiydi. Facebook asoschisi Mark Tsukerberg har yili 24 kitob o‘qish qarori haqida ma’lum qilgan, sarmoyachi Uorren Baffet esa 80 foiz vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. BookAuthority tavsiyalar servisi Geyts, Brenson, Baffet, Mask, Bezos, Tsukerberg, Kuk kabi ko‘plab yetakchi ishbilarmonlarning sevimli kitoblari haqida ma’lumot berdi.

Microsoft asoschilaridan biri Bill Geyts tavsiyasi

Foto: Getty Images

1. “Poyabzal sotuvchisi. NIKE kompaniyasining tarixi uning asoschisi tilidan”, Fil Nayt

Bu kitob bir zumda New York Times bestsellerlari ro‘yxatidan joy oldi. Kitob jurnalistlar bilan muloqotda uyatchanligi bilan mashhur Nike kompaniyasi asoschisining hayoti, shu bilan birga, qanday qilib uning kompaniyasi oddiy startapdan eng inqilobiy va serdaromad brendlardan biriga aylangani haqida ma’lumot olishdek noyob imkonni beradi.

2. “Stress-test: Moliyaviy inqirozga oid xotiralar”, Timoti Gaytner

Dastlab Nyu-York Federal zaxira banki prezidenti, keyin esa Barak Obama ma’muriyatida moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Gaytner o‘quvchilar oldida Buyuk depressiya paytlaridan beri eng yomon moliyaviy inqirozning “sahna ortidagi” voqealarini ochib beradi. Shu bilan birga moliyaviy tizimni tiklash va iqtisodiyot tanazzuliga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zi qabul qilishga majbur bo‘lgan yoqimsiz qarorlarni izohlaydi.

3. “Kuchli yetakchi haqida afsona: Zamonaviy dunyoda siyosiy yetakchilik”, Archi Braun

Yetakchi siyosiy tarixchilardan birining kitobi – parlament demokratiyasi paydo bo‘lgan davrdan boshlab to Obama davriga qadar butun dunyo siyosiy yetakchilik institutining haqiqiy tadqiqoti.

Jyeff Bezos tavsiyasi, Amazon.com internet-kompaniyasi asoschisi va rahbari

Foto: Getty Images

1. “Innovator dilemmasi: Qanday qilib yangi texnologiyalar tufayli kuchli kompaniyalar barbod bo‘lmoqda”, Kleyton M. Kristensen

Amazon tahririyat jamoasi “Innovator dilemmasi” kitobini “Muvaffaqiyat va yetakchilik haqida hech bo‘lmaganda bir marta o‘qish kerak bo‘lgan 100 kitob” ro‘yxatiga kiritgan. Stiv Jobsdan to Malkolm Gladuellgacha o‘z nutqlarida Kristensenning so‘zlarini ko‘p marta misol sifatida keltirishgan.

2. “Amerikada yaratilgan: Qanday qilib WAL-MART’ga asos soldim?”, Sem Uolton

Muallif — Wal-Mart’ni dunyodagi eng yirik chakana savdo tarmoqlaridan biriga aylantirgan XX asr oxirlaridagi eng daho sotuvchilardan biri “Amerika orzusi”ni amalga oshirishda nimadan ilhomlanishi, ishonch va ijobiy fikrlash haqida so‘z yuritadi.

3. “Ma’lumotlarga asoslangan marketing. Har bir inson bilishi kerak bo‘lgan 15 ko‘rsatkich”, Mark Jyeffri

Amerika marketing assotsiatsiyasi tomonidan 2011 yilning eng yaxshi marketingga oid kitobi deya tan olingan. Jyeffri marketing samarasini sezilarli ravishda oshirish uchun ma’lumotlarga asoslangan qat’iy strategik yondashuvdan foydalanishga doir aniq va ishonchli qo‘llanmani taklif etadi.

Uorren Baffet tavsiyasi, sarmoyachi

Foto: Getty Images

1. “Eng yaxshi CEO’lar qoidalari. Muvaffaqiyatga erishgan kompaniyalarning 8 rahbari faoliyati tarixi va tamoyillari”, Uilyam Torndayk

Ushbu kitob Baffetning tavsiyalari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallaydi. Unda 8 nafar yetakchining korporativ boshqaruvga yondashuvini keskin o‘zgartirgan misli ko‘rilmagan muvaffaqiyati haqida so‘z yuritiladi. Ularning qaysi birinidir ismidan tanimasligingiz mumkin, biroq kompaniyalarini bilsangiz kerak: General Cinema, Ralston Purina, The Washington Post Company, Berkshire Hathaway, General Dynamics, Broadcasting Capital Cities, TCI va Teledyne.

2. “Eng muhimi haqida. Fikrlovchi sarmoyachi uchun notrivial saboqlar”, Hovard Marks, Pol Jonson

Oaktree Capital Management hammuassisi va raisi Hovard Marks bozor imkoniyatlari va tavakkal borasida o‘zining sinchkov baholari bilan tanilgan. Uning kitobidan 40 yil davomida sarmoyalarni boshqarish cho‘qqisiga ko‘tarilish natijalari o‘rin olgan. U birinchi marta keng o‘quvchilar doirasida o‘z falsafasini havola qilgan.

3. “Katta o‘yla”, Kristian Korrea

Xorxe Paulo Lemann, Marsel Telles va Beto Sikupira 40 yildan ortiq vaqt davomida Braziliya kapitalizmi tarixidagi eng katta imperiyani barpo etib, jahon sahnida olamshumul muvaffaqiyatga erishishgan. Baffetni ayniqsa uning sherigi Lemannning tarixi jalb qiladi. Investor uni dunyoning eng yaxshi ishbilarmonlaridan biri deya e’tirof etadi: “U fantastik shaxs va uning tarixi barchaga ilhom baxsh etishi kerak, xuddi meni ilhomlantirgani kabi”.