Press "Enter" to skip to content

Kitob haqida qiziqarli faktlar

— Bolani o‘qishga o‘rgatish uchun eng qulay payt — 4-6 yoshlik paytidir. Bolani 7 yoshdan o‘qishga o‘rgatish biroz qiyin kechadi.

Kitob – hayotni yaratuvchi murabbiydir

Dunyoni faqat ilm bilan zabt etish mumkinligi bugungi kunda hech kimga sir emas. Ilmni chuqur egallashning yoʻli esa bitta – kitob oʻqishdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mutolaa haqida fikr bildirib, jumladan, shunday degandi: “. hammamiz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan masala, yaʼni kitobxonlikni keng yoyish va yoshlarimizning kitobga boʻlgan muhabbatini, ularning maʼnaviy immunitetini yana-da oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi turibdi”.

“Kitob — bilim manbai”, deymiz. Bu isbot talab qilmas haqiqat. Zero, inson bilimni asosan kitob orqali oladi, uning tarbiyasi ham kitob yordamida shakllanadi. Yoshlarimiz badiiy adabiyotlarni oʻqiganda, ularning dunyoqarashi kengayadi, hayotga munosabati oʻzgaradi.

Zero, kitob — qalb chirogʻi, tafakkur qanoti. Ayniqsa, kitobdan taraladigan va elektron nashrdan topib boʻlmaydigan oʻziga xos yoqimli hidni tuyib, varaqlash asnosida moʻjizaviy sahifalarning sirli shitirlashidan koʻngil cheksiz zavqqa toʻlgan holda kitob mutolaa qilish, uning mazmuni haqida tengdoshlar bilan fikr almashishning huzur-halovati tamoman oʻzgachadir.

Sohibqiron Amir Temur taʼbiri bilan aytganda, “Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir”. Shu maʼnoda, shaklidan qatʼi nazar, barcha kitoblar milliy oʻzligimiz hamda umuminsoniy qadriyatlarni targʻib etishga xizmat qilishi ayni muddao.

Alisher Navoiy hazratlari deydilarki, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va maʼnaviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

Xalqimizda kitob oʻqib, munosib taʼlim-tarbiya olish, ilm-fan bilan shugʻullanishning ahamiyatiga doir maqollar ham juda koʻp. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Baxt belgisi – bilim”, “Bilim – aql chirogʻi”, “Ilm baxt keltirar, bilim taxt keltirar”, “Hunar – oqar buloq, ilm – yonar chiroq”, “Oltin olma, bilim ol, bilim olsang, bilib ol”. Bunday purhikmat naqllarni uzoq davom ettirish mumkin. Bolalarni kitob oʻqishga qiziqtirishda maktablarning roli beqiyos ekanligi hech birimizga sir emas. Maktablarda esa ayni praytda bolalar uchun orziqib kutilgan yozgi taʼtil boshlandi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Taʼtilda ham kitob oʻqishdan toʻxtab qolmasliklari uchun maktablarda qanday tadbirlar rejalashtirilgan?

Yaxshi eslaymizki, boshlangʻich sinfdan boshlab maktab yoki shahar bolalar kutubxonalariga majburiy aʼzolikka yozdirib, yozgi taʼtil kunlari ham oʻquv dasturiga muvofiq sinfdan tashqari oʻqishlar uchun adabiyotlar tavsiya qilinardi. Bolalar oʻquv yili boshlanganda taʼtil kunlari mutolaa qilgan kitoblari boʻyicha oʻzaro bellashib, fikr almashardi. Oʻqituvchilar bolalardan taʼtilda qanday kitob oʻqiganligi bilan jiddiy qiziqar edi. Oʻqigan kitoblari asosida bayon, insho yozdirishar, yaxshi yozilgan yozma ish egasi, albatta, ragʻbatlantirilar edi. Nega shu anʼanani yana jonlantirmaymiz? Ushbu savol bilan Yakkasaroy tumanidagi 319-maktab direktori Sayohatxon Toshmatovaga murojaat qilaman.

– Maktabimiz joriy yilda kapital taʼmirdan chiqarildi, – deydi Sayohatxon opa. – Zamonaviy, qulay taʼlim muassasasida oʻqish baxtiga muyassar boʻlgan oʻquvchilarimizning shodligi cheksiz. Oʻquvchilarimizga ayniqsa turli xil bolalar adabiyotlari bilan boyitilgan kutubxonamiz yoqdi. Chunki ular endi darsdan soʻng keng va yorugʻ kutubxonaning oʻzida oʻtirib kitob oʻqishlari, oʻrtoqlari bilan fikr almashishlari mumkin. Maktabimizga koʻplab homiylar turli nomdagi badiiy kitoblar sovgʻa qilib, kutubxonamiz fondini boyitishga xizmat qilmoqda. Oʻquv yili yakunlanishi arafasida oʻqituvchilar bilan kelishib, bolalar yozgi taʼtil kunlarida oʻqishlari uchun kitoblar roʻyxatini eʼlon qildik. Bu tadbirga boshlangʻich sinf oʻquvchilarini ham jalb qilganmiz. Yangi oʻquv yilida esa oʻqigan kitoblari asosida oʻz taassurotlarini yozib beradilar. Bunda bolalarning faqatgina kitob oʻqib, bilimlarini boyitishi emas, balki tushunchalarini yozma ravishda ifodalay olish koʻnikmalari ham shakllanadi.

Toshkent viloyati Toshkent tumani 18-maktab kutubxonasida 4 mingdan ortiq badiiy adabiyotlar mavjud. Maktab 2019-2020 oʻquv yilida kapital taʼmirlandi. Kutubxona toʻliq qayta jihozlandi.

– Oʻtgan oʻquv yili boshida muhtaram yurtboshimiz tomonidan “Prezident sovgʻasi” sifatida 1700 dona badiiy adabiyotlar sovgʻa qilindi, – deydi maktab kutubxonachisi Nozima Sharafboyeva. – “Kitoblar karvoni” aksiyasi davomida ham kutubxona oʻzbek va jahon adabiyotlari durdonalari bilan boyitildi. Joriy yil fevral oyida tumanimiz hokimi Odilxon Rustamov tomonidan ziyo maskanimizga 50 dona badiiy adabiyotlar va 1000 ta elektron kitoblar sovgʻa qilindi. Maktab informatika xonasida elektron kutubxona tashkil qilingan. Maktab kutubxonasining faol aʼzosi birinchi oʻrinda maktab direktori Shohida Yoʻldosheva, kimyo fani oʻqituvchisi Gulchehra Toʻraboyeva, matematika fani oʻqituvchisi Dilfuza Mirdadayeva, ona tili fani oʻqituvchisi Mashkura Umrzoqovalar hisoblanadi. Ustozlar oʻquvchilarga har tomonlama oʻrnak boʻlishi, ayniqsa, yaxshi natijalar berishi hech kimga sir emas. Ustozlarini tez-tez kutubxonalarga tashrif buyurganiga guvoh boʻlgan oʻquvchilar ham ulardan oʻrnak olishga astoydil harakat qiladilar, – deydi maktab kutubxonachisi Nozima Sharafboyeva.

Hozirgi kunda maktab kutubxonasida “Yosh kitobxonlar” toʻgaragi faoliyat yuritib kelmokda. Toʻgarakka maktabning barcha oʻquvchilari jalb kilingan boʻlib, ular bilan birgalikda kitob taqdimotlari, turli zakovat oʻyinlari olib boriladi. Yozuvchi shoirlarning uy-muzeylariga sayohatlar uyushtiriladi. Yaqinda maktabimiz yuqori sinf oʻquvchilari Adiblar xiyoboniga bordilar. Yozuvchi-shoirlar hayoti va ijodiga oid tushunchalari yana-da kengaydi. Toʻgaragimiz oʻz faoliyatini taʼtil kunlari ham uzluksiz davom ettirishni reja qilgan.

Bu safar ham kutubxonaga oshiqib kirib kelgan oʻgʻil-qizlarni koʻrib koʻnglim yorishib ketdi. Ha, bolalarimiz kitobga, kitobxonlik borasidagi qadim anʼanalarimizga qaytmoqda. “Kitobxonlikda taʼtil boʻlmaydi” – bu ularning bugungi kundagi shioriga aylangan.

Asolat AHMADQULOVA,

jurnalist

Kitob haqida qiziqarli faktlar

— Imom al-Buxoriy 600000 hadis to‘plab, shundan 100000 sahih, 200000 zaif hadisni yodlagan. Bu hadislarni to‘plashda 90000 dan oshiq kishining huzurida bo‘lib chiqqan.

— Ayollar erkaklarga qaraganda ko‘p (68 %) kitob sotib oladilar.

— Dunyoda sotiladigan kitoblarning yarmidan ko‘pini 45 yoshdan oshgan kishilar sotib oladilar.

— Italiyalik Rio Kozelli eng zerikarli kitoblarni to‘playdi. Uning kollektsiyasi 10000 jilddan iborat. Bir omadsiz italyan shoiri kitobi Kozelli kollektsiyasidan o‘rin olganini bilgandan so‘ng, o‘zini o‘zi o‘ldirishiga bir bahya qolgan.

— Qamoqda yozish rejasi tuzilgan kitoblar orasida Servantesning «Don Kixot», Jon Banyanning «Avliyoning sayohati», Oskar Uayldning «Qamoqdagi istig‘for», Nikolo Makiavellining «Hukmdor» asarlari mavjud.

— Bitta roman yozish uchun 500 soat ketadi.

— Jamoa bilan kitobni ovoz chiqarib o‘qish bo‘yicha eng uzoq davom etgan marafon 224 soat kechgan.

— Fanda kitob o‘g‘rilarini bibliokleptoman deyiladi. Dunyodagi eng mashhur kitob o‘g‘risining ismi — Stiven Blumerg. U 270 kutubxonadan 23000 nodir kitoblarni o‘g‘irlagan. Uning «kollektsiya»si narxi 20 million dollardan oshadi.

— Dunyodagi eng katta lug‘at «Nemis lug‘ati» («Deutsches Wortetbuch») bo‘lib, u 1854 yili Yakob va Vilgelm Grimm tomonidan boshlangan. Bu ishga keyinchalik turli olimlar hissa qo‘yshib, 1971 yili yakunlangan. 33 jildli ushbu lug‘at 34519 betdan iborat.

— Barcha zamon va xalqlarning eng mashhur yozuvchisi Agata Kristidir. Uning detektiv hikoyalari 50 dan ortiq tilda hammon chop etilmoqda. Kristining nashr etilgan kitoblari nusxasi 2 milliarddan oshadi.

— Dunyodagi eng og‘ir kitob Britaniya muzeyida saqlanuvchi XVII asrga oid geografik atlasdir. Uning bo‘yi 1,9 metr, og‘irligi 320 kilogrammdir.

— Google dunyoda chop etilgan barcha badiiy, publitsistik, ilmiy asarlar sonini hisoblab chiqqan. Ularning soni 130 milliondan oshadi.

— Napoleon daqiqasiga 2000 ta so‘zni o‘qiy olgan.

— Dunyodagi eng mashhur kitob qahramoni — Napoleondir. U haqda 10000 dan ortiq turli janrdagi kitoblar yozilgan.

— 95 % insonlar daqiqasiga 210 so‘z yoki 2 daqiqada 1,5 sahifa kitob o‘qiydilar.

— Balzak yarim soatda 200 bet kitob o‘qigan.

— Ma’lumki, qadimda kitob juda qimmat bo‘lgan. 18-asrgacha ba’zi kutubxonalarda kitoblar o‘g‘irlanmasligi uchun zanjirga bog‘lab qo‘yilgan.

— Kitobni sekin o‘qilganda 100 foiz matn tushunilmaydi, faqatgina 60 foiz anglanadi, aksincha, tez o‘qilganda matnning 80 foizi tushuniladi.

— Aksariyat o‘quvchilar kitobning 18-betidayoq unga qiziqishni yo‘qotadilar.

— Dunyodagi eng katta gonorar Rim imperatori Mark Avreliy tomonidan shoir Oppianga to‘langan. Uning baliq tutish va ov haqidagi dostonining har bir satri uchun 1 oltin tanga hadya qilingan. Uning ikki dostoni 20 000 baytdan iborat.

— Adabiyotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Shekspir asarlaridan «sevgi» so‘zi 2259 marta, «nafrat» so‘zi esa 229 marta takrorlangan.

— Bolani o‘qishga o‘rgatish uchun eng qulay payt — 4-6 yoshlik paytidir. Bolani 7 yoshdan o‘qishga o‘rgatish biroz qiyin kechadi.

— Bastiliya mahbuslari faqatgina odamlar bo‘lmagan. Bir marta Didro va D`Alamberning «Frantsuz entsiklopediyasi»ni din va jamiyat axloqiga zarar keltirgani uchun «qamab qo‘yganlar».

— Dunyodagi eng qimmat badiiy asar Leonardo da Vinchi tomonidan ko‘chirilgan «Leychester kodeksi» kitobidir. Uni «Maykrosoft» asoschisi Bill Geyts 1994 yili Nyu-Yorkdagi «Sotbis» auktsionidan 30,8 million dollarga sotib olgan.

— Dunyodagi eng katta kitob holida chop etilgan majmua Irlandiya universiteti tomonidan 1968-1972 yillarda chiqarilgan 1112 jildli «Britaniya parlamenti hujjatlari»dir. To‘liq majmua 3,3 tonnani tashkil etadi. Uni to‘liq o‘qib chiqish uchun 6 yil ketadi.

— Dunyodagi eng qadimiy kitob Priss papirusidir. U eramizdan avvalgi 3350 yili yozilgan. Ushbu qo‘lyozma uni 1839 yili Fivadan topgan Emil Priss sharafiga shunday nomlangan. Qo‘lyozma muallifi — fir’avnning vaziri Pta-Gotep. U yoshlarning tarbiyasizligi, dangasa va axloqsizligidan noligan.

— Hozirgi paytda dunyodagi eng katta kitob — «Bu — Muhammad (s.a.v.)» deb nomlangan bo‘lib, og‘irligi 1,5 tonnadir. Kitob 429 sahifadan iborat. Uni 9 oy davomida 50 kishi tayyorlagan. 2,7 million dollar sarflangan. Kitob Dubaydagi savdo markazida saqlanadi.

— Mashhur golland vrachi German Burxavening «Tibbiyot san’atining yagona va teran sirlari» nomli kitobi muallif o‘limidan so‘ng 1738 yili 10000 dollar oltinga auktsionda sotilgan. Bejirim bezalgan va g‘iloflangan kitob ochilganida uning barcha sahifalari bo‘sh edi. Faqatgina ilk sahifasida shunday yozilgan edi: «Boshingni sovuqda qoldirsang ham oyog‘ingni issiq tut. Shundagina sen eng zo‘r vrachlarni ham kambag‘al qilasan».

Kitob va kitobdor haqida bayon

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.
Xalqimiz tilida kitob o‘qib bilim va munosib tarbiya olish, kasb-hunar o‘rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda ko‘p. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Bilim – aql chirog‘i”, “Go‘zallik – ilmu ma’rifatda”. Bunday hikmatli naqllarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Necha ming yillardan buyon insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan, ularning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga do‘st bo‘lish, va kitob o‘qishni kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabr kuni qabul qilingan PQ-3271 sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutoaalasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan joylarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Jumladan, joriy yilning 10 sentyabr kuni Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi va Qashqadaryo standartlashtirish metrologiya boshqarmasida “Qashqadaryo ko‘zgusi nashriyoti va kitob savdosi media markazi” UK bilan hamkorlikda navbatdagi kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Unda mamlakatimizning yetakchi nashriyotlari tomonidan chop etilgan bolalar adabiyotlari, ilmiy nashrlar, milliy va jahon adabiyotini o‘zida jamlagan 140 dan ziyod kitoblar savdoga qo‘yildi.
Yarmarkada barcha xodimlar va ularning oila a’zolari qatnashdilar. Yarmarkada taqdim etilgan ko‘plab adabiyotlar jumladan Prezidentimiz Shavkat Miramonovich Mirziyoyev asarlari, taniqli adiblarimiz Abdulla Oripovning she’rlar tuplami, Tohir Malikning asarlar tuplami, Zulfiya, Primkul Kodirov asarlari va boshqa adabiyotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Yarmarka davomida ishtirokchilar tomonidan ko‘plab adabiyotlar xarid qilindi.
Kitobga oshno kishidan hech vaqt yomonlik chiqmaydi. Farzandlarimizga kitob o‘qishni targ‘ib etishimiz emas, balki ularga o‘rnak bo‘lishimiz lozim.

Axborot xizmati

© 2011-2023 “O’zstandart” agentligi
Ushbu saytdan olingan ma’lumotlardan foydalanilganda,
O’zstandart agentligi rasmiy saytidan olinganligi ko’rsatib o’tilishi shart. 100174, Toshkent sh.,
Metro: Beruniy bekati
Avtobuslar: № 14,10,88,131
“Standart” bekati
Forobiy ko’chasi, 333 «A»
Email uzst@standart.uz
Devonxona: (998-71) 202-00-11 (1036)

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmasini bosing