Ibratli hikoya: Oqibat
O‘zbekistonga qaytgach bir muddat maorif boshqaruvi tizimida, jurnalistika sohasida ishlaydi, nemis tilidan tarjimalar qiladi. 1937 yilda esa Germaniya ta’limini olib kelganlarni qamash boshlangach, Maryam Sultonmurodova birinchilardan bo‘lib qamoqqa olinadi. Uning qo‘lida yosh bolasi bor edi.
Germaniyada o‘qigan arab yigit, ibratli hikoya
Oktyabr inqilobiga qadar Turkistondan Rossiya va boshqa xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, Ubaydulla Xo‘jayev kabi bir qancha ziyolilar tahsil olib, o‘lkamizga qaytib kelgan, shundan so‘ng ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, maorif ishiga astoydil kirishgan edilar. Inqilobdan keyin ularning izdoshlari yanada ko‘paygan. O‘sha paytlarda ilmiy-siyosiy jihatdai yetuk kadrlar tayyorlashda Germaniyadagi o‘quv yurtlari katta o‘rin tutgan. 1922 yili jumhuriyatimizning atoqli rahbarlari homiyligi tufayli 70 ga yaqin millatdoshlarimiz o‘sha yoqqa o‘qishga yuborilgan edi. Shunday ekan, talabalarimiz qaerda o‘qishgan, o‘qishdan bo‘sh vaqtlari nimalar bilan shug‘ullanishgan? Ularning keyingi qismati qanday kechgan? Adabiyotshunos olim Sherali Turdiev o‘zining ko‘p yillik mashaqqatli izlanishlaridan so‘ng «Ular Germaniyada o‘qigan edilar» degan kitob bitdi. Unda muallif turli odamlarnnng xotiralari, 20-yillarda nashr etilgan bir qator gazetalarda bosilgan maqolalar, Davlat va Davlat Xavfsizlik Komiteti hujjatlari asosida, ularning chigal va mash’um taqdirini yoritgan. Quyida ana shu kitobdan olingan parchalar bilan tanishasiz.
ABDUVAHOB MURODIY
. «Qizil bayroq» gazetasining 1922 yilgi sonlarini varaqlayotib, uning 29 iyul va 10 avgust sonlarida bosilgan «Olmoniyadan xat» nomli bir maktubga duch keldik. Maktub muallifi Berlin oliy ziroat akademiyasi talabasi Abduvahob Murodiy edi. U o‘z maktubida shunday deydi: «Toshkentdan kelgan bir xatda Yevropaga talaba yubormoq uchun ziyolilarning bir uyushmasi tuzilganligini o‘qib, terimga sig‘maydigan darajada sevindim. Bir yildirkim, Yevropada yashamoqdaman. Ilm-ma’rifatda Yevropaning birinchisi bo‘lgan Germaniya dorilfununlariga butun dunyodan, hatto tatarlardan o‘nlab, turklardan esa minglab talabalar bo‘lgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talaba bo‘lmasligi yuragimni parchalamoqda, boshqalarga hasad sezgisi uyg‘otmoqda edi. Mana sizlarning bu xayrli, muborak tashabbusingiz yillardan beri kulmagan ko‘nglimni kuldirdi va ruhimga jon berdi. Siz ham jon o‘rtoqlarimning vazifasi, Turkistondan talaba yubormoqlik esa u talabalarni yetishtirmoq va bu yerdan sizga lozim bo‘lgan ma’lumotlarni bermoq, albatta, mening vazifamdir.
Faqat maorifda, ilmda bular butun Yevropada ustoz hisoblanadilar. Nemislarning oliy maktablarida yuzlab amerikalik, frantsuz va inglizlarning bo‘lishini va bu yerga muhandis tayyorlamoq uchun bir muncha hay’atlarning kelishi mening bu da’vomni isbot etar.
So‘ngra boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda eng yaqini ham shudir. Sho‘rolar hukumatining Germaniya bilan yaxshi aloqada bo‘lishi va Germaniya bilan Sho‘rolar Rossiyasi orasidagi muvofiqlar yana bizni Germaniyaga tortar. Shu sabablarga ko‘ra Yevropaga yuboraturg‘on talabalarning eng avval Germaniyaga yuborilmog‘i har to‘g‘ridan aqlga muvofiqdir. Bunga muvaffaq bo‘lmoq ham uncha qiyin emas. Bizning o‘z tilagimiz va Sho‘rolar x,ukumatining bu kungi siyosagi ham bu fikrga to‘g‘ri keladi».
Shundan birmuncha vaqt o‘tgach, «Turkiston» gazetasining 1922 yil 18 dekabr sonida M. Usmoniyning «Berlindagi talabamizga ko‘mak» sarlavhali maqolasi bosilgan. Unda yozilishicha, Toshkent maorif-madaniyat ishlarida xizmat qiluvchi bir to‘da yoshlarning tashabbusi bilan Berlin oliy ziroat ilmgohi talabasi Abduvahob Murodiyga ko‘mak uyushtirilganligi tilga olingan. A. Murodiyga Saidnosir Mirjalolov 20 ming so‘m, Tolibjon Musaboy — 10 so‘m oltin, Abdulhamid Sulaymon 75 ming so‘m, Muhiddin Usmoniy 4 ming so‘m pul yuborganliklari, shuningdek, Shokirjon Rahimiylar ham unga yordam ko‘rsatganliklari, 20 dekabrda uyushtirilgan adabiy kechadagi 75 ming so‘m pul ham tegishli yo‘llar bilan unga yuborilganligi qayd etiladi. Abduvahob Murodiyning Berlindan yozgan minnatdorchilik maktubi va M. Usmoniyning «Berlindagi talabamizga ko‘mak» nomli xabarlarida qayd etilishicha, Abduvahob Murodiy Turkistondan borgan birinchi talaba ekanligi ayon bo‘ladi. O‘z davrining taraqqiyparvar boylari va ziyolilari Abduvahob Murodiyning Turkistonning kelgusi ma’rifati, ravnaqi yo‘lida munosib bir mutaxassis bo‘lib yetishishiga katta umid bog‘laganini ko‘rsatadi.
Marhum sharqshunos olim Laziz Azizzodaning xotiralariga qaraganda, Abduvahob Murodiy Mannon Uyg‘ur va Abdulhay Tojiy bilan inqilobdan burun Toshkentda ochilgan muallimlar tayyorlash kursida o‘qib, so‘ng shahar maorif va madaniyat ishlarida faol ishtirok etgan. Keksa maorif veterani, parkentlik Ruqnutdin ota Muhamedovning aytishlaricha, Abduvahob Murodiy Toshkentda ularga qo‘shni bo‘lgan Birinchi Egarchi mahallasida tug‘ilgan. 1916—1917 yillarda shahardagi «Hayot» maktabida muallimlik qilgan. Keyinchalik afg‘on konsulxonasi orqali Germaniyaga o‘qishga ketgan. 1927—1928 yillarda Germaniyadan kelgach, tog‘alari unga Balandmachitdan hovli olib berishgan; uning nemis xotini, bir bolasi bo‘lgan. Hatto Eshonxo‘ja degan tog‘asi qizi Ma’murani nemischani o‘rgansin, deb ular tarbiyasiga bergan. Xotini odamlar bilan o‘zbekcha muomalada bo‘lgan. Murodiyning o‘zi esa O‘rta Osiyo davlat dorilfununi qishloq xo‘jaligi fakultetida hamda hozirgi Shreder nomidagi bog‘dorchilik va ziroatchilik ilmiy-tekshirish institutida ishlagan, o‘ta madaniyatli va ma’rifatli kishilardan sanalgan.
Keyinchalik Abduvahob Murodiy qamalgach, uning nemis xotini erini qutqarish imkoniyatini topmay, bolasi bilan Germaniyaga ketib qolgan. Lekin hanuzgacha Abduvahob Murodiyning qanday ayb bilan qamalgani va qachon, qaerda vafot etgani, oila a’zolarining so‘nggi taqdirlari nima bo‘lganligini hech kim bilmaydi.
Yuqorida tilga olingan maqola va xotiralardan garchi Abduvahob Murodiyning inqilobgacha va undan keyingi yillardagi hayoti va faoliyati, Germaniyada o‘qib kelgani, oilaviy ahvoli haqida birmuncha tasavvur hosil qilgan bo‘lsak-da, ular hali tarixiy dalillar bilan isbotlanishini talab etardi. Shuning uchun biz izlanishlarimizni davom ettirib, O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik Komitetiga murojaat qildik. DXK xodimlari bizga Abduvahob Murodiy uchun maxsus ayblov-tergov ishi yo‘qligi, 20-yillarning oxiri — 30-yillarning boshlarida sovetlarga qarshi ruhdagi millatchilik g‘oyalarini targ‘ib etishda ayblangan bir guruh ziyolilarning ayblovlari yuzasidan olib borilgan tergov materiallari (ular jami 19 jild bo‘lib, DXK arxivida P 33391 raqami ostida saqlanmoqda) ichidan topishimiz mumkinligini aytdilar. Bir necha ming sahifalik tergov materiallarini varaqlar ekanmiz, ular orasida Abduvahob Murodiyga tegishli faktlarni ham topdik. Ko‘rgazmalar Abduvahob Murodiy va boshqalarning o‘z qo‘li bilan eski o‘zbek imlosida yozilgan, batafsil qo‘lyozma javoblari va ularning rus tilidagi aynan tarjimalaridan iboratdir. Bu jihatdan, ayniqsa, 787 raqamli anketadagi Abduvahob Murodiyning o‘z tarjima holiga oid so‘rovlarga to‘ldirgan javoblari qimmatlidir. Javoblarga qaraganda Abduvahob Murodiy 1901 yil 29 mayda Toshkent Eski shaharida Birinchi Egarchi mahallasida tug‘ilgan, o‘zbek, Berlin oliy ziroat akademiyasini bitirgan. Xotinining ismi Martava bo‘lib 24 yoshda, tibbiyot hamshirasi bo‘lgan. Onasi Xayriniso 55 yoshda, qizi Maryam 2 yoshda, ukasi Abduqodir 22 yoshda (ishchi), singlisi Sohiba— 13 yoshda (o‘quvchi)..O‘zi inqilobgacha dastlab maktabda o‘qib, 1917—1919 yillari muallimlik qilgan. 1919—1921 yillarda Afg‘onistonda, 1921—1926 yillarda Berlinda, 1926 yil Misrda (tajribada) bo‘lgan. 1927 yildan O‘zbekiston Qishloq Xo‘jaligi stantsiyasida ishlagan. 1930 yil 25 aprelida OGPU tomonidan qamoqqa olingan. Qamalgunga qadar Toshkent rayon, Achchi ovuli, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi stantsiyasida yashagan. Anketa u hibsga olingan (1930 yil 25 aprel) kuni to‘ldirilib, oxiriga «A. Murod» deb imzo chekilgan.
Abduvahob Murodiy 1930 yil 2 iyulda o‘tkazilgan tergov savollariga bergan javobida o‘zining hayoti va faoliyati, Germaniyaga qanday mablag‘lar hisobiga o‘qishga ketganligi, bu yo‘lda unga yordam bergan kishilar haqida to‘xtalib, shunday deydi: «. 1919 yilda turk harbiy asirlari bilan O‘zbekistondan jo‘nab ketdim. O‘zbekistondan jo‘nab ketishga, birinchidan Turkiyada ma’lumot olish ishtiyoqi bo‘lsa, boshqa sababi, Haydar Shavqiy bilan kelishmovchiligimiz bo‘ldi. Biz to‘g‘ri Turkiyaga qarab yo‘l oldik. Yo‘lda adashib qoldik va Afg‘oniston territoriyasiga o‘tishga majbur bo‘ldik. Afg‘onlar bizni Mozori Sharifda 3 oy ushlab, Qobulga jo‘natdilar. Bu yerda 1919 yildan to 1920 yilgacha qiyin ahvolda yashadik. 1920 yilda Afg‘onistonga Jamol posho va M. Buzruklar kelishdi. M. Buzruk norasmiy tashkilot tomonidan Jamol poshoga hamroh sifatida jo‘natilgan edi. 1921 yil iyulda Germaniyaga yetib keldim. Bu vaqtda hali Berlinda o‘zbek, qozoq va tatar muhojir millatchilari yo‘q edi. Kelganimdan so‘ng Berlindagi sharq klubiga bordim. Klubdagi yaqin tanishlarimdan Suriya inqilobchilarining boshlig‘i Shakib Arslon va Yevropadagi tripolilik inqilobchilarning vakili Homid Garchinbeklar edilar. Turkiston va Buxorodan talabalarning Germaniyaga kelishlari bilan (ular Germaniyaga 1922 yilda keldilar) turli taraflardan eski millatchilar to‘plana boshladilar. Dastlab Idrisiy atrofida Ayoz Ishoqov, F. To‘qtorov, Sadriy Maqsudiylar yig‘ila boshladilar».
Shundan keyin O‘zSSR DXK xodimi Salimovning 1930 yil 2 iyul kungi qilgan so‘roqlariga Murodiyning bergan javoblarida o‘zining qanday vositalar hisobiga Germaniyaga o‘qishga borganligi masalasiga qaytib, bunday ma’lumot beradi: «Men qaysi vositalar bilan Germaniyaga ketdim? 1919 yili Toshkentdan jo‘nab ketgunga qadar shahar musulmon muallimlari uyushmasida ishladim. Uyushmamiz xazinachisi Akmal Ikromov edi. Turk ofitserlari bilan birga jo‘nashdan oldin pul so‘rab Ikromovga xat yozdim. Hozir qanchaligi esimda yo‘q, lekin muallimlar uyushmasidan pul oldim. Turkiyaga ketayotib, yo‘lda adashib, Afg‘oniston territoriyasiga o‘tishga majbur bo‘ldik. Qobuldan Qushkaga kelayotganda Hirot yaqinida Jamol poshoni uchratdik. Jamol posho hammamizni Qobulga olib keldi va biz u yerda 3 oycha yashadik. Men shu vaqt ichida Jamol posho bilan yaqinlashdim.
Kunlardan bir kun unga Turkiyaga o‘qishga borishimni aytdim. Lekin u menga Berlinga o‘qishga borishni maslahat berdi. Moddiy yordam ko‘rsatishini aytdi. Yo‘lda 100 ta oltin tanga berib, menga Moskva orqali ketishni maslahat qildi va shu bir vaqtning o‘zida o‘rtoq Surets va Karaxan nomiga, Anvar poshoga xat yozib berdi. Anvar posho nomidan Berlinga 2 ta xat olib bordim. Biri uning rafiqasiga, ikkinchisi Jamol Azimbek nomiga edi. Xatlarning mazmunidan xabarim yo‘q».
Murodiy o‘zining 1930 yil 17 iyulda Moskvada bergan tergov javoblarida Germaniyadagi turk elchixonasi xodimlari bilan aloqalari va ular yordamida yurtdoshi Rauf Rasuliyni u yerdagi o‘quv yurtiga joylashtirishda bergan yordami haqida so‘zlagan: «Germaniyada yashagan vaqtimda Turkiya pasporti bilan yashadim. Sovet mamlakatiga qaytishimda turk pasportini Berlindagi Sovet elchixonasiga topshirib, Rossiyaga Sovet pasporti bilan qaytdim. Lekin rus elchixonasida mening turk pasportida yurishimni avvaldan bilishardi va shu pasport tufayli men turk elchixonasi bilan aloqada bo‘lib turar, mazkur elchixona yaqinida turgan Ziyo Usmon, Ziyobek va Azimbeklar bilan juda yaqin do‘stlik munosabatlarida edim. Ularning birinchisi bilan 1924 yilgacha birga o‘qidim. U 1924 yil o‘quv yurtini tugatgach, turk elchixonasida dragomen vazifasiga belgilangach ham bizning o‘zaro munosabatlarimiz avvalgicha qoldi.
Rauf Rasuliy Angor qishloq xo‘jalik o‘rta maktabini bitirib keldi. Lekin nemis o‘quv yurtlari Angor qishloq xo‘jalik o‘rta o‘quv yurti maktabini tan olgisi kelmay, unga turk elchixonasi Angor qishloq xo‘jalik maktabining nemis o‘rta o‘quv yurtiga muvofiqligini tasdiqlab berishini aytishgan. Rauf Rasuliy garchi turk elchixonasiga bir necha bor borgan bo‘lsa-da, o‘z iltimosini qondirish imkonini topolmagan. Shundan keyin men yuqorida eslagan Ziyo Usmondan bu ishda yordamlashishni so‘radim va u iltimosimni qondirdi».
1930 yil 15 sentyabrda bo‘lgan tergov ko‘rgazmasida Abduvahob Murodiy Yevropada o‘qigan turkistonlik talabalar oldida turgan asosiy vazifalar haqida to‘xtaydi. Bu sohada o‘zi va boshqa talabalarning Germaniya sanoat va qishloq xo‘jaligi o‘quv yurtlaridagi ilmiy tajribalarni o‘rganish asosida O‘rta Osiyo jumhuriyatlari uchun malakali mahalliy sanoat va qishloq xo‘jaligi kadrlari tayyorlash va mazkur sohalar bo‘yicha milliy atamalar lug‘atini tayyorlash bo‘yicha qilgan ishlari to‘g‘risida shunday deydi: «Yevropada ta’lim olgan har bir mutaxassis oldida ikkita vazifa turardi:
1. U bevosita ishlab chiqarishda ishlashi va o‘z amaliy bilimlarini takomillashtirishlari kerak edi. 2. Albatta, birorta o‘rta texnika o‘quv yurtida dars berishi va shu yo‘l bilan o‘z rahbarliklarida kelgusida o‘zlarining yordamchilari bo‘ladigan texnik kadrlar tayyorlashlari zarur edi. Demak, Yevropada o‘qiyotgan talabalar o‘z mutaxassisliklaridan kelib chiqib, sanoat korxonalari va qishloq xo‘jaligi uchun milliy texnik kadrlar tayyorlash vazifasini olgan edilar. Shuning uchun ham ular faqat o‘quv yurtidagi darslar bilangina cheklanib qolmay, o‘zlarining kasblariga aloqador bo‘lgan nemis maxsus maktablarini o‘rgandilar. Shu maqsadda ekskursiyalar uyushtirdilar. Masalan, men Germaniyadagi ko‘plab qishloq xo‘jalik o‘quv yurtlariga qatnab, boy materiallar to‘pladim. Talabalar yangidan tug‘ilayotgan o‘zbek sanoati va sanoat o‘quv yurtlari uchun milliy atamalarni ishlab chiqishga bo‘lgan haddan tashqari katta ehtiyojlarni hisobga olib, ma’lum darajada til o‘rganish bilan ham shug‘ullandilar. Har bir mutaxassisga o‘z sohasi bo‘yicha milliy atamalarni ishlab chiqarish topshirilgan, buning uchun hatto «Texnik atamalar tashkiloti» nomli kichik bir uyushma ham tuzilgan edi. Bu g‘oyalar amalga oshirilganligini ko‘rsatish maqsadida men ish vaqtida, hatto traktorning eng mayda qismlarigacha bo‘lgan o‘zbekcha nomlarini ishlab chiqqan edim. Mazkur kichik ish hamma o‘rtoqlarni (ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasidagilarni) qanoatlantirdi. Yevropadagi talabalar o‘zlarini o‘zbek mahalliy sanoatining asosiy kadrlari hisoblar va shuning uchun ham jiddiy va puxta ish olib borar edilar».
O‘zbekistonga qaytgach, A. Ikromov va F. Xo‘jayev uni Yer ishlari komissarligi yoki O‘lka yer-suv boshqarmasida ishlashga taklif qilganlar. Hojiboev, uning shaxsiy istagiga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi O‘zbekiston Qishloq Xo‘jaligi tajriba stantsiyasiga direktor yordamchisi qilib tayinlangan. Bu yerda esa direktor professor R. R. Shrederdan boshqa Xarkov va Galatkovskiy kabi boshliqlarning yoru birodarlari, tanish-bilish va qarindoshlari unga qarshi kurash olib bordilar. Bunga o‘xshash ig‘vo, fisqu fasodlar boshqa muassasalarda ham ro‘y berayotgani va bunga qarshi jiddiy choralar ko‘rilmayotgani, bu ilm, taraqqiyotga to‘g‘anoq ekanini afsus bilan qayd etib, deydi: «Men O‘zbekistonning hech bir yerida bu xavfli oqimga qarshi shafqatsiz kurash va chora ko‘rishga kirishilganini ko‘rmadim. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda ishlovchi yevropaliklarning bir qismi hali ham avvaldan hukmron bo‘lgan mutaxassis va chinovniklardan iborat bo‘lib, ular hamma yerda eskicha e’tiqod bilan kurashdilar, inqilobdan keyin Rossiyadagi qiyin hayot sharoiti tufayli bu yerga kelgan boshqalari ham o‘zlarining hozirgi ahvollarini uzoq vaqt saqlab turishlari uchun avvalgilari yo‘lidan boradilar. Chunki ular bu yerda o‘zlariga yaqin va tanish odamlarni o‘z atroflariga ishga joylashtirganlar.
Bunday ahvol, garchi, oddiy hol bo‘lib ko‘rinsa-da, o‘zbek proletar yoshlarini juda qattiq g‘azabga keltiradi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Partiya konferentsiyasidan so‘ng GPU tomonidan milliy shovinizmga qarshi kurash bilan barobar rus millatchiligiga qarshi ham shunday jiddiy kurash olib borish boshlanadi, deb o‘ylayman».
Murodiy 1930 yil 17 iyul kuni o‘tkazilgan tergovda hech qachon xorijga qochib ketish yo‘lini izlamagani va 1929 yil 6 noyabrida Toshkentda sobiq millatchilarning qamalishidan so‘ng o‘zining qamalish soatlarini kutib turganligi va buni o‘ylab, bola-chaqalarini ko‘chada qolib ketish xavfidan qutqarish uchun, hatto Toshkentdagi bir hovlini bir yilga ijaraga olganligi, bordiyu hayot qolsa sotsializm qurilishi ishiga xizmat qilish va Sovet vatanida o‘lishini o‘z oldiga qat’iy maqsad qilib qo‘yganligini ham bayon etadi.
Najmiddin Sherahmedov 1929 yil 1 dekabrdagi tergovda bergan javobida Murodiyning Munavvar qori nomiga 1927 yilda yozgan xati mazmunini sharhlab, unda Murodiy Yevropa, ayniqsa Germaniyaning Turkistonga katta ahamiyat berayotgani, xorijda talabalarni o‘qitishdan maqsad faqat 1—2 tog‘ muhandislarini yetkazish bilan cheklanmaslik, butun e’tiborni xalqni hozirgi qashshoq ahvolidan qutqarish, ulariing boyishlari uchun zarur bo‘lgan barcha iqtisodiy resurslarni asta-sekin o‘rgana borish kabi muhim iqtisodiy masalalar ko‘tarilganini aytadi.
Mazkur tergov hujjatlarining oxirgi jildida Salimxon Tillaxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Munavvar qori Abdurashidxonov, Tolibjon Musaboev, Najmiddin Sherahmedov va boshqalarning Toshkentdagi sovetlarga qarshi «Milliy istiqlol» guruhining faol ishtirokchilari sifatida turli muddatga qamoq yoki oliy jazoga hukm qilinganligini o‘qiymiz.
Shular ichida Abduvahob Murodiy to‘g‘risida shunday hukm chiqarilgan:
Murodiy Abduvahob (ayblov ishi № 670) 1901 yilda tug‘ilgan. O‘zbek. Qishloq xo‘jalik tajriba stantsiyasi agronomi. Toshkent shahar Birinchi Egarchi mahallasi. Xotini — Martava, qizi Maryam, ukasi — Abduqodir, singlisi — Sohiba.
1930 yil 25 aprelida hibsga olingan. «Milliy istiqlol» a’zosi va uning fikrlarini targ‘ib qilishda va xorijda bo‘lgan vaqtida Sovetlarga qarshi millatchilik ishlarida qatnashganlikda ayblangan. OGPU kollegiyasining 1931 yil 25 apreldagi Abduvahob Murodiyni otish haqida chiqargan qarori 10 yil qamash bilan almashtirilgan».
Abduvahob Murodiy va uning oila a’zolari haqida bizga ma’lum ma’lumotlar shulardan iborat. Biz u va oila a’zolarining keyingi taqdiri qanday kechganini bilmaymiz. Bu masalani aniqlash va o‘rganib, ularning zamondoshlaridan xotiralar yozib olish oldimizda turgan maqsaddir. Shuni ham eslatmoq joizki, Germaniyada o‘qigan, millat taraqqiysi uchun kurashgan A. Murodiyning xotirasini abadiylashtirmog‘imiz ham farz, ham qarzdir.
SOLIH MUHAMMAD
Solih Muhammad 1902 yilda Toshkentda tug‘ilib, avval shu yerdagi eski maktabda, so‘ng «Ko‘kaldosh» madrasasida va rus-tuzem maktablarida o‘qidi. 1918—1919 yillarda o‘qituvchilar kursini bitirib, dastlab shahardagi «Forobiy» nomidagi maktabda muallim, keyinroq Yangi kalon ko‘chasida ochilgan yangi maktabning mudiri bo‘lib ishlay boshlaydi.
1922 yilda Turkiston Sho‘rolar jumhuriyati Markaziy Ijroiya Komiteti raisi Abdulla Rahimboev uni o‘z huzuriga chaqirib, bir guruh talabalar bilan Germaniyaga o‘qishga borishga, Yevropaning ilg‘or fan-texnika sirlari, maorif va madaniyat sohasida erishgan yutuqlarini o‘rganib, Turkistonning kelgusidagi taraqqiyotiga kamarbasta bo‘lishini maslahat beradi. Solih Muhammad bu taklifni jon-dilidan qabul qiladi va Germaniyaga o‘qishga jo‘nab ketadi. U Germaniyaning Shtutgart shahrida joylashgan Ziroat akademiyasiga kirib o‘qiydi, ekinchilik, urug‘chilik, o‘simlik va hayvonot dunyosi, paxtachilikni rivojlantirish bo‘yicha fan-texnika erishgan nazariy-amaliy bilimlarni puxta egallashga harakat qiladi. Solih Muhammad 1927 yil bir guruh o‘rtoqlari qatori Toshkentga yozgi ta’tilga keladi. Kuzda Germaniyaga o‘qishning oxirgi kursini tugatishga qaytishga ruxsat berishmaydi. Shundan so‘ng Samarqandga borib, u yerda F. Xo‘jayev, A. Ikromov, Y. Oxunboboevlar huzurida bo‘lib, Kattaqo‘rg‘on shahri yaqinidagi urug‘chilik ilmiy-tajriba stantsiyasiga ishga yuboriladi. U yerda biroz ishlagach, 1928 yil o‘rtalaridan boshlab, Samarqanddagi jumhuriyat urug‘chilik boshqarmasiga boshchilik qiladi. 1931 yil jumhuriyat markazi Toshkentga ko‘chgandan keyin Solih Muhammad ham shu yerda ishlab, O‘zbekiston paxtachilik trestida paxta urug‘chiligi bo‘yicha amaliy va nazariy ishlar olib boradi. O‘lkamizning Zarafshon, Kattaqo‘rg‘on urug‘chilik stantsiyalarida, Farg‘ona va Namangan vohalarining ayrim paxtachilik xo‘jaliklarida (masalan, 1934 yil iyulida Namangandagi Ibrohim Rahmatov nomli mashhur paxta ustasi dalalarida) yurib, u yerdagi paxtachilik va urug‘chilikning ahvoli va istiqbolini bevosita dalalarda kuzatadi, paxtakorlar, suvchilar, urug‘chilik bilan shug‘ullanuvchi mahalliy ishchi-dehqonlarning moddiy-madaniy ahvoli bilan yaqindan qiziqadi, ayrim paxtakor tuman, urug‘chilik stantsiya rahbarlarining beg‘amligi tufayli ishchidehqonlarning haq va huquqlari kamsitilayotganini ko‘radi, ularga yaxshi ishlash va yashash imkoniyatlarini yaratish uchun qo‘lidan kelgancha yordam beradi.
Masalan, 1927 yil Kattaqo‘rg‘on tajriba stantsiyasida ishlaganida ishchilarning shikoyatlarini eshitib, shu vaqtgacha ishchilar komiteti reisligiga mahalliy ishchilardan rais bo‘lmaganligini qattiq tanqid qiladi. Uning ko‘magida bu yerdagi mahalliy o‘zbek, tojik ishchilari uchun birinchi bor choyxona, qizil burchak, o‘zbek tilidagi-gazeta va jurnallar o‘qiydigan maxsus xona tashkil etiladi. Tajriba stantsiyasida 12 yillab ishlab kelgan G‘ani bobo (bog‘bon), ishchi Rayhon Razzoqov va boshqalar bilan suhbat qilib stantsiya direktori Karpovning mahalliy ishchilarga munosabatdagi jiddiy nuqsonlarini ochib tashlaydi.
Solih Muhammad faqat o‘zining agronomiya, urug‘chilik, paxtachilik sohalari bilangina cheklanib qolmay, umuman O‘zbekistonning iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiyotiga ham katta qiziqish bilan qaragan keng ma’lumotli va ma’rifatli bir ziyoli edi. Uning hozir hayot bo‘lgan ukasi, mehnat veterani Mansur Muhamedovning xotirlashiga qaraganda, Solih Muhammad uyida Navoiy, Pushkin, Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy, Ayniy asarlaridan tashqari, turkcha Ismoil Hikmatning «Turk adabiyoti tarixi», tatar yozuvchisi O. Ibrohimovning «Qozoq qizi», «Teran tomirlar» asarlari, rus hamda tatar tillaridan tarjima qilingan, tabiat va fizika, tibbiyotga oid kitoblar, nemis, turk olimlarining agronomiya, genetika, biologiya va boshqa sohalarga oid asarlari bo‘lardi. U, umuman, madaniyat, ma’rifat, tarraqqayot haqida fikr yuritganda, bugungi O‘zbekistonning bundan ham taraqqiy etgan bo‘lishi, bunga, bir tomondan chorizmning mustamlakachilik siyosati xalaqit bergan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, amaldorlar, mutaassib ruhoniylarning bu yerlarga ilg‘or Yevropa ilf-fani, texnikasi yutuqlarining keng tarqalishiga katta to‘siq bo‘lganliklarini sabab deb ko‘rsatgan. Uning ukasi, VASXNIL akademigi Amin Muhamedov bilan suhbatlarida esa bu haqda alohida to‘xtab, bir-ikki misol ham keltirgan. Har qanday mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy taraqqiyoti muayyan darajada uni boshqarib turgan davlat boshliqlarining madaniy-ma’rifiy darajasi, kamolotiga ham bog‘liqdir. Masalan, Yaponiya imperatori Medze o‘ta ma’rifatparvar va kelajakni ko‘ra oladigan bo‘lgani uchun ham mamlakat istiqbolini o‘ylab, fan-texnika bobida Yevropada oldinda borayotgan Germaniyaga har yili minglab talabalar yuborib turgan, milliy kadrlar yetkazish, ilm-fan, texnikani egallash uchun sarmoya ayamagan. Shundan keyin bir necha yil o‘tgach, u yerdan ko‘plab kadrlar kelib, Yaponiya fan-texnikasi, sanoatini taraqqiy qilishiga yordam berganlar, hatto keyinchalik ular ayrim sohalarda o‘z ustozlari bo‘lgan nemislardan ham o‘tib ketganlar. Bizda esa aksincha, chor mustabidi Nikolay II, Buxoro amiri Olimxonlar garchi Germaniyada bo‘lib, muayyan harbiy ma’lumot olib Yevropadagi umumiy ma’rifat, madaniyat, ilm-fan taraqqiyotini ko‘rib qaytgan bo‘lsalar-da o‘zlarining fikriy cheklanganliklari va mutassib amaldorlari ham ruhoniylar ta’siri ostida o‘z mamlakatlarida jiddiy bir olg‘a siljish qila olmaganlar. «Men Leningradda o‘qish mavsumini tugatib yozgi ta’tilga Toshkentga kelganimda, — deb eslaydi Amin Muhamedov, — akam meni Somiy, «Xeva» nomli kinoteatrlar, Hamza nomidagi akademik teatr va Pushkin nomidagi istirohat bog‘lariga olib borib, tomosha qildirar, yangi kino va teatr tomoshalarini ko‘rsatib, u yerlarda uchrayotgan yoru birodarlari, ijod ahllari bilan suhbat qurar va meni ham ularning suhbatini tinglashga jalb etardi. Kunlarning birida (1935 yillar bo‘lsa kerak) Shekspirning Cho‘lpon tarjimasidagi «Hamlet» asari o‘ynalishi munosabati bilan akam o‘zi bilan birga meni ham Hamza teatriga olib borgan. Shunda Cho‘lpon aka bilan ko‘rishib, meni tanishtirgan va tanaffus vaqtlarida artislar xonasida ular bilan suhbat qilgan. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, akam meni Pushkin nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga boshlab borgan edi. Akamning aytishlaricha, Germaniyada istirohat bog‘lariga dam olish uchungina emas, avvalo unda har hafta ichida bir muhim madaniy yangilik bo‘lar, uni ko‘rish, bilish, o‘rganish uchun borilar ekan. Agar u yerda shu yangiliklar ko‘rinmasa, borish ehtiyoji ham yo‘qolar ekan.
Solih Muhammad o‘sha davrning ilg‘or ziyolilari, olimlari, yozuvchilari va shoirlari Otajon Hoshimov, Fitrat, Cho‘lpon, A. Qodiriy, Oybek, Botu, Sattor Jabbor va boshqalar bilan ham yaqin aloqada bo‘lgan. Do‘stlari, shogirdlari, qarindosh-urug‘larining ma’lumotli va ma’rifatli kishilar bo‘lishiga mehribonlik ko‘rsatgan. Masalan, ukasi Mansur Muhammadovning Leningrad Moliya-iqtisod institutda o‘qib, keyinchalik jumhuriyatimizning turli markaziy banklarida, VASXNIL muxbir a’zosi Amin Muhamedovning oliy ma’lumotli bo‘lib, o‘sha davrdagi ziyolilar davrasiga tortilishida Solih akaning xizmatlari katta bo‘lgan. Hatto uning Muhammadamin degan ismini ham Turkiyaning mashhur shoiri Muhammad Aminga o‘xshab iste’dodli mashhur kishi bo‘lib yursin deb, niyat qilib Solih Muhammadning o‘zlari qo‘ygan ekan. Tibbiyot mutaxassisi Sodiq Muhamedov, matematik olim Sa’mi Muhamedov va boshqalarning ham mashhur kishilar bo‘lib yetishishida akalarining xizmatlari benihoya kattadir.
Solih Muhammad kabi Germaniyada o‘qib kelgan dastlabki o‘zbek ziyolilarining jumhuriyatimiz istiqboli yo‘lidagi sa’y-harakatlari Stalin shaxsiga sig‘inish yillarida millatchilik, buzg‘unchilik, chet el razvedkasiga xizmat qilish, sovetlarga qarshi aksilinqilobiy harakat, deb baholana boshlandi. Natijada 1937 yil 11 oktyabr kuni Solih Muhammad NKVD xodimi Mixaylyants tomonidan Toshkent shahar sobiq Stalin rayon, «Toshkent haqiqati» ko‘chasidagi 57-uydan nohaq qamoqqa olinadi. Va hech bir dalil-isbotsiz tergov qiynoqlari ostida unga yo‘q ayblarni bo‘yniga olishga majbur qiladi. Bu O‘zbekiston DXK arxivida saqlanayotgan hujjatlarda ham ochiq seziladi.
Solih Muhammad bilan bir davrda Germaniyada o‘qib, keyinchalik O‘zbekistonga ne-ne yaxshi umid va orzular bilan qaytgan kimyogar olim Sattor Jabbor, genetik Rauf Rasuliy, elektr injener To‘lagan Mo‘min, tibbiyot mutaxassisi Xayriniso Majidxonova, irrigator Fuzayl Sherahmad o‘g‘li va boshqalar 1938 yil 9 oktyabrida SSSR harbiy kollegiyasi qarori bilan begunoh otib tashlanadi.
Solih Muhammadning aka-ukalari, qarindosh-urug‘lari, ota-onasi, xotini, farzandlari ham stalinizm davrining beboshliklari va bedodliklarini boshdan kechiradilar. Xotini Zebo, qizi Nafisa, ukalari Mansur, Muhammadamin va boshqalarni xalq dushmani, xoinning qarindosh-urug‘lari degan tavqi-la’nat bilan tahqirlaydilar.
Solih Muhammad SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining 1957 yil 2 avgustdagi qarori bilan oqlanib, unga nisbatan 1938 yil 9 oktyabrdagi chiqarilgan hukm asossiz deb topildi.
MARYAM SULTONMURODOVA
Maryam Sultonmurodova 1905 yil 13 fevralda Xorazmda ma’rifatparvar oilada dunyoga keldi.
Uning otasi Mulla Jumaniyoz Xiva xonligi tuzumiga karshi kurashda faol ishtirok etib, inqilobdan so‘ng Xorazm Xalq Jumhuriyatining rahbarlaridan biri bo‘lib ishlagan.
Maryamxon dastlab Urganch va To‘rtko‘ldagi tatar maktabida, inqilobdan so‘ng 1919 yili Toshkentga kelib, internatda yashab, o‘qishga kirishga tayyorlaydigan Tatar maorif institutida o‘qiydi. 1920—1921 yillarda Orenburgdagi pedagogika institutida o‘qib, partiya safiga kiradi. So‘ng Xorazm Xalq Jumhuriyati Markaziy Komiteti qoshidagi xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limida xizmat qiladi, ularni yangi hayot va ma’rifat nurlaridan bahramand etishga intiladi. Bu haqda Maryam Sultonmurodovaning o‘zi 1956 yil SSSR Bosh prokuroriga yozgan arizasida shunday deydi: «Otam xonga qarshi kurash harakatining eng faol ishtirokchilaridan bo‘lgan. Mening bolaligim ham feodal Xorazmdagi ana shunday ijtimoiy kurashlar to‘lqinida o‘tdi. Bu kurash, ayniqsa, bizning oilaviy hayotimizga og‘ir ta’sir qilgan. Biz doimo quvg‘in, ta’qiblar ostida yashaganmiz. Hatto onam ham bir necha bor qamoq azoblariga uchragan. Xeva xonining buyrug‘i bilan otamning xonga qarshi kurash harakatida ishtiroki tufayli uning to‘rt aka-ukasi qatli om qilingan. Bularning hammasi mening yosh qalbimda asorat qoldirmasdan iloji yo‘q edi.
Sovet hokimiyati bizlarni ana shunday xonlik hukmronligi ta’qiblaridan qutqardi. Men inqilobning dastlabki kunlaridan avval komsomol, so‘ng partiya safiga kirdim. 1921—1922 yillarda avval Xorazm Partiya Markaziy Komiteti qoshidagi madaniy-maorif targ‘iboti, so‘ng xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limlarida ishladim. Otam Xorazm Sovet Sotsialistik Jumhuriyatining turli mas’ul sohalarida partiya tashkilotining sekretari bo‘lib ishlagan. 1926 yili bosmachilar tomonidan o‘ldirilgan».
Maryam Sultonmurodova 1922 yil oktyabrida Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti qoshidagi Xorazm Xalq Jumhuriyati muxtor vakili yo‘llanmasi bilan Moskvaga keladi va u yerda o‘rtoq Safoev, Karimovlar: «Endi bizning oldimizda Yevropa fan-texnikasini quvib yetish va o‘zib ketish vazifasi turadi», degan targ‘ibot bilan uni boshqa turkistonlik va buxorolik yoshlar bilan Germaniyaga o‘qishga yuboradilar. Maryamxon 1923 yilgacha Germaniyaning Berlin shahrida ilm oladi. Xususiy tarzda nemis tilini o‘rganadi. 1924 yilda Berlindan Darmshtat shahriga o‘tib, 1926 yilga qadar shu yerdagi O‘qituvchilar seminariyasida o‘qiydi. Uni tamomlagach, yana Berlinga qaytib, 1926-1927 yil qishida Fraunshud nomidagi maktabda amaliy mashg‘ulotlarda bo‘ladi.
1927 yil Berlin shahridagi professor Ferkelshteyn nomidagi kasalxona qoshida tibbiyot hamshiralari tayyorlaydigan kursda ham o‘qiydi. Shu yili Xayriniso Majidxonova bilan Parijga sayohat qiladi, u yerda yashayotgan Mustafo Cho‘qayev va Parij universitetida o‘qiyotgan Ahmad Noyim kabi yurtdoshlari bilan ko‘rishadi.
U yozgi ta’til vaqtlarida Germaniyaning Baden-Baden shahrida, 1925-1926 yillar «Ostzet», «Shvartsvalf» kabi istirohatgohlarida ham bo‘ladi. So‘nggi vaqtlarda Berlindagi Kranaxshtrasse ko‘chasidagi 35-uyda yashaydi va 1928 yili SSSRga qaytadi.
Maryam Sultonmurodova yurtiga qaytgach, dastlab Toshkentning Eski shaharidagi kechki Kommunistik universitetning o‘quv bo‘limi mudiri, so‘ng 1935 yildan esa «Guliston» jurnalida Sobira Xoldorova, Tojixon Shodieva, Saodat Shamsieva kabi o‘sha davrning taniqli o‘zbek xotin-qiz jurnalistlari bilan birga ishlaydi. O‘zbek matbuoti sahifalarida xotin-qizlar o‘tmishi va hozirgi turmushidan qator hikoya va ocherklar yozadi. Rus va nemis klassik adabiyotidan tarjimalar qiladi, ular haqida maqolalar ham yozadi.
Lekin Maryamxonning quvonch va orzulari uzoqqa bormaydi. O‘zi kabi ozod o‘zbek xotin-qizlari avlodining birinchi qaldirg‘ochlari bo‘lgan Sobira Xoldorova, Tojixon Shodieva qatori u ham ayni parvoz etayotgan bir paytda shaxsga sig‘inish davrining qonli iskanjasiga tushib qanotlari qayrildi. 1937 yil 13 sentyabrida u allaqanday millatchilik tashkiloti a’zosi sifatida hibsga olinadi. Va 10 yil qamoq jazosiga hukm etiladi. DXK arxivi materiallariga qaraganda, Maryam Sultonmurodova 1939 yilga qadar Qozon, Suzdal qamoqxonalarida bo‘ladi. Keyin NKVDning Kolimadagi «Dalstroy» lageriga jo‘natilib, to 1947 yil 13 sentyabrga qadar o‘sha lagerda ishlaydi.
Tergov jarayonida NKVD xodimlari Maryam Sultonmurodovadan Germaniyadagi sovetlarga qarshi tashkilot haqida, uning u yerda tahsil olgan Sattor Jabbor, Ahmad Noyim, Olimjon Qodirov, Xayriniso Majidxonova kabi talabalar bilan aloqalari, Parijda Mustafo Cho‘qayev, Ahmad Noyimlar bilan qanday sharoitda uchraganligi va boshqalar haqida ma’lumot olishga jon-jahdlari bilan urinadi. Maryam Sultonmurodova tergovchilar tomonidan berilgan savollarning har biriga iloji boricha halol, vijdoniga xilof ish tutmay, dadil javob berishga harakat qiladi:
Savol: Sattor Jabborning Germaniyada yurgan vaqtlaridagi aksilinqilobiy millatchilik faoliyati haqida sizga nimalar ma’lum?
Javob: Sattor Jabborning aksilinqilobiy millatchilik faoliyati haqida hech narsa bilmayman. Lekin Sattor Jabbor o‘tmishda, taxminan 1922—1923 yillarda millatchilik ruhidagi kayfiyati ma’lum edi. Bugungiday esimda bor, Sattorning o‘zi 1922-1923 yillarda Fitrat rahbarligida tarbiyalanganligi va «Chig‘atoy gurungi»ning a’zosi bo‘lganligini aytgan edi. (Sal o‘tib, M. Sultonmurodova yuqoridagi fikrini rivojlantirib, deydi: Sattor Jabbor fikriy tomondan rivojlangan edi. Jabborning Toshkent shahridan Botudan xat va Majidxonovaga bag‘ishlangan she’rini olganini ko‘rganman. Bundan tashqari Jabbor jurnalist A’zam Ayub bilan aloqa qilar edi).
Maryam Sultonmurodova o‘zining begunoh ekanligi haqida SSSR Bosh prokuroriga yozgan keyingi arizalari (1956 yil 10 may) munosabati bilan mayor Kruglishevning 1956 yil 13 oktyabr kungi savollariga quyidagicha javob bergan.
Savol: 1922 yildan to 1924 yilgacha siz bilan Berlin shahrida kimlar o‘qigan edi?
Javob: Bu davrda Xayriniso Majidxonova va Olimjon Qodirovlar (millati tatar bo‘lib, taxminan 1895 yilda Qoraqalpog‘iston ASSRning To‘rtko‘l shahrida tug‘ilgan va u bilan do‘stona munosabatda edik) bilan birga o‘qidim.
Savol: «Turkiston talabalar uyushmasi» tashkiloti majlislarida qanday masalalar muhokama qilinardi?
Javob: Tashkilot majlislarida talabalarni o‘quv yurtlariga joylashtirish va ularning moddiy ta’minoti hamda boshqa masalalar muhokama qilinardi.
Savol: Talabalar orasida «Turkiston talabalar uyushmasi»dan boshqa tashkilotlar ham bormidi?
Javob: Boshqa tashkilotlarning mavjudligi haqida hech narsa bilmayman. Lekin «Turkiston talabalar uyushmasi» keyinchalik Germaniyadagi Sovet Ittifoqi talabalari uyushmasi bilan birlashtirilib, tashkilot badiiy havaskorlik to‘garaklari tashkil etdi, kinofilmlar ko‘rsatib, inqilobiy bayramlarga bag‘ishlangan tantanali majlislar o‘tkaza boshladi.
Savol: Parijda Ahmad Noyim va Mustafo Cho‘qayevlar bilan qanday sharoitda uchrashdilaringiz?
Javob: Majidxonova bilan birga Parijga borish uchun uchrashganimizda, safarni maslahatlashdik. Shunda Majidxonova Ahmad Noyimning Parijda turishini va unda Ahmad Noyimni adresi borligini, uy-joy masalasida uning yordam berishi mumkiniligini aytdi.
Parijga kelib temiryo‘l yaqinidagi «Astoriya» mehmonxonasida to‘xtadik. Men mehmonxonada qoldim, Majidxonova esa Ahmad Noyimni izlab ketdi. Majidxonova tezda qaytib, darrov qaysidir bir frantsuz beva ayoli ixtiyoridagi ijara uyiga borib joylashdik. Biz ko‘chib o‘tganimizdan bir necha soat o‘tgach, Ahmad Noyim kelib qanday joylashganimizni surishtirib, qaytib ketdi.
Parijga kelganimizdan so‘ng 8—10 kun o‘tgach, Majidxonova bilan operaga borishga qaror qilib kiyindik va ijarachi uy bekasiga kech kelishimizni aytib, kechki ovqat qoldirishni tayinladik. Uy mehmonxonasidan chiqayotib, Ahmad Noyim bilan qozoqqa o‘xshagan keksaroq bir erkakni ko‘rdik.
Savol: Shundan keyin Ahmad Noyim bilan uchrashdilaringizmi?
Javob: Shu uchrashuvdan keyin Ahmad Noyim bizni kuzatib qo‘yish maqsadida 2—3 marta pansionimiz (ijaraxonamiz)ga keldi va har safar 20—30 minutlar atrofida bo‘ldi. Berlinga kelganimdan keyin oradan uch-to‘rt oy o‘tgach, Ahmad Noyim Saidalixo‘ja bilan birga xonamga kirib, shu vaqtlarda Avstriyaning Vena shahrida yashab turgan Xayriniso Majidxonovaning adresini so‘radi.
Savol: 1937 yil 21 dekabrdagi so‘roqda bergan ko‘rsatmangiz o‘qib berildi. Unda sizning talabalar yig‘ilishiga shaxsan ishtirok etganingiz va u yerda Olimjon Idrisiyning Sovetlarga qarshi panislomistik ruhidagi suhbatlar o‘tkazganligi ko‘rinib turibdi. Hozir siz shu bergan ko‘rsatmalaringizni tasdiqlaysizmi?
Javob: Menga o‘qib eshittirilgan 1937 yil 21 dekabrdagi ko‘rsatmani tasdiqlamayman, shaxsan men bunday ko‘rsatma bergan emasman. Meni so‘roq qilgan vaqtlarida menga faqat protokolga qo‘l qo‘yishga berardilar va u yerda nima yozilganini o‘qib ham berishmas va o‘qiganini menga bermas edilar.
Mazkur hujjatlar mazmunini o‘qib berishni talab qilganimda qo‘limdagi yosh go‘dagimni tortib olamiz, deb qo‘rqitardilar va men so‘roq protokollarining mazmunini bilmagan holda unga qo‘l qo‘yishga majbur edim».
1947 yil qamoq jazosi tugab, Maryam Sultonmurodova Xorazmga qaytganda ham u uzoq yurmay 1949 yil 29 martda yana qamaladi. Va shu kuni Urganch shahrida O‘zSSR DXK Xorazm viloyat bo‘limi leytenanti Polner va katta leytenant Nechaevlarning Maryam Sultonmurodovani hibsga olish haqidagi qarorida shunday deyiladi: «Sultonmurodova 1922—1928 yillarda Germaniyada o‘qishda bo‘lganida mashhur millatchi muhojirlar yo‘lboshchilari Mustafo Cho‘qayev va Olimjon Idrisiylar tomonidan tuzilgan hamda rahnamolik qilingan millatchi josuslar tashkiloti bo‘lgan «Ozod Turkiston» tashkilotining a’zosi bo‘lgan.
1927 yil Sultonmurodova keyinchalik Sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati uchun hukm qilingan va otib tashlangan Xayriniso Majidxonova bilan birga Berlindan Parijga borishgan va u yerda mashhur millatchilar Mustafo Cho‘qayev va Ahmad Noyimlar bilan uchrashuvda bo‘lganlar. Bayon etilganlarga asoslanib, Urganch rayon, Yangibozor qishloq Sho‘rosida ishlab va yashab turgan Maryam Sultonmurodova hibsga olinsin va uyi tintuv qilinsin».
Maryam Sultonmurodova keyinchalik SSSR bosh prokuraturasiga yozgan arizasida unga qo‘yilgan bu ayblarning mutlaqo tuhmatligi, Berlindagi «Ozod Turkiston» degan tashkilotning o‘zini ham, nomini ham bilmasligini aytadi va shu tufayli qayta-qayta begunoh qamalganligi xususida shunday yozadi: «1937 yil O‘zSSR NKVD organlari tomonidan qamoqqa olinib, SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan 57 1a va 3,11 14 moddalari orqali 5 yil huquqdan mahrum qilinganlik sharti bilan 10 yil qamoq jazosiga hukm qilindim.
1947 yil jazo muddatim tugab, uyga qaytdim; 1949 yil yana shu ish bilan qamoqqa olindim va maxsus majlis qarori bilan Krasnoyarsk o‘lkasiga surgun qilindim. Vaholanki, men hech qachon Sovet hukumatiga qarshi bormagan va vijdonan inqilobga qarshi hech qanday ish ko‘rmaganman. O‘zimni faqat vujudga kelgan sharoitning qurboni hisoblab, ishimni qayta ko‘rishingizni so‘rayman.
Menga qo‘yilgan ayblarni quyidagi sabablarga ko‘ra asossiz, deb hisoblayman:
1. Meni ayblashlaricha, go‘yo men Berlinda bo‘lgan vaqtimda aksilinqilobiy josuslik tashkiloti «Ozod Turkiston» a’zosi bo‘lib, shu tashkilotning topshirig‘i bilan Germaniya foydasiga josuslik ishlari olib borgan emishman.
Men hech qachon birorta aksilinqilobiy tashkilotning a’zosi bo‘lgan emasman. «Ozod Turkiston» degan tashkilotning borligini men birinchi bor tergov vaqtidagina eshitdim.
Mening bilishimcha, 1922 yil Buxoro Xalq Jumhuriyati va Turkiston Sovet Jumhuriyatidan 60 ga yaqin kishi Germaniyaga o‘qishga yuborilgan edi. O‘sha yilning kuzida Xorazm partiya Markaziy Komiteti Byurosining qarori bilan men ham shu siraga tushdim. Menga, endi bizning oldimizda Yevropa fan-texnikasini quvib yetish va o‘zib ketish vazifasi turganligini aytishganlaridan keyin men u yerda o‘qishga rozilik bergan edim.
1922 yildan to 1924 yil boshlarigacha Berlinda bo‘ldim, keyin Darmshtatga o‘qishga ketdim. Shuning uchun men o‘zimizning talabalarimiz bilan kam munosabatda bo‘ldim va ko‘plari bilan shaxsan tanish ham emas edim. Men o‘sha vaqtlarda mazkur talabalarni Turkiston talabalari jamiyati nomli hamyurtlar jamiyati birlashtirib turishini bilardim.
Bu yurtdoshlik mazmunidagi ochiq tashkilot bo‘lib, uning faoliyati davlatimizning vositachiligi bilan bog‘langan edi. Keyinchalik bu uyushmani Germaniyadagi butun Sovetlar Ittifoqi talabalari uyushmasi bilan birlashtirdilar. Bundan boshqa yana qanday talabalar uyushmasi bo‘lganligi menga sira ma’lum emas.
2. Meni Toshkentga kelgan vaqtlarimda allaqanday Englants nomli professor orqali josuslik ishlari olib borganlikda ayblashdilar. Bu tuhmat! Men hech qachon bunday odam bilan tanish bo‘lmaganman. Shunday odamning borligini ham birinchi bor tergovchidan eshitdim.
Men dushmanga qanday ma’lumot berdim va u qanday amalga oshirildi? Bunday aybni tasdig‘i uchun birorta faktik dalil va guvohlarni ko‘rsatishmadi. Menga nisbatan soxta guvohlik bergan odam bilan esa yuzma-yuz qilishni rad etishdi. Shuning o‘zi menga qo‘yilgan aybning yolg‘on va soxtaligini ko‘rsatib turibdi.
3. Meni go‘yo men «Guliston» va «Yorqin turmush» jurnallarida ishlab turib, aksilinqilobiy millatchilik yo‘lini o‘tkazganlikda aybladilar. Bu faoliyatim nimalarda ko‘ringanligini menga aytishmadi.
Adabiy xodim va jurnalist sifatida, ba’zan jurnallarda ayrim maqola, ocherklarim, ko‘proq rus klassik adabiyotidan tarjimalarim bosilardi. Ular g‘oyaviy jihatdan sog‘lom va sovet madaniyati rivoji uchun foydali edilar. Bu ayblovlarim uchun ham birorta fakt keltira olmadilar».
Maryam Sultonmurodova o‘sha arizasida yana tergov organlarining unga qo‘ygan boshqa ayblarining ham asossizligini ko‘rsatadi. Jumladan, unga qo‘yilgan yana bir ayb, Parijda bo‘lgan vaqtida Mustafo Cho‘qayev bilan uchrashganligi ham ayb ekanligiga e’tiroz bildirib, yozadi:
4. Menga qo‘yilgan ayblarda Parijda bo‘lgan vaqtimda Mustafo Cho‘qayev bilan uchrashganligim gapiriladi. Bu to‘g‘ri. Lekin uchrashuv tasodifiy va daqiqalik kechgan.
Biz o‘sha kuni Muji Jahonova[1] bilan operaga borishga to‘planib, mehmonxona oshxonasining xodimasiga bizga kechki ovqat qoldirishini iltimos qilishga kirgan edik. Xuddi shu vaqtda Parijda o‘qib turgan Ahmad Noyim oshxonada bizni Cho‘qayev bilan tanishtirdi. Biz operaga shoshib turganligimiz uchun ular bizni tutib turmay, chiqib ketdilar. O‘sha vaqtda biz u kishining kim ekanligini ham bilmas edik. Shuning uchun bu uchrashuv hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan. Chunki men Germaniyaga o‘qishga ketgan vaqtimda endigina 17 yoshga kirgan, hali shakllanmagan va O‘rta Osiyoda aksilinqilobiy faoliyat haqida ham hech narsa bilmas edim. Nahotki, men sayohat vaqtimdagi har bir tasodifiy uchrashgan odam uchun javob berishim kerak bo‘lsa?»
U o‘z arizasida tergovchilarning nohaq xarakatlar, g‘ayriqonuniy taqiqlashlar, yosh bolalik ayollarga ham zo‘ravonlik yo‘li bilan soxta javob olib, qo‘l qo‘ydirishganini ta’kidlaydi. »
«5. Meni uyushgan jinoyatchida ayblashdi. Lekin meni ulardan alohida ajratib, guvohlarsiz sud qilishdi. Agar menga qo‘yilgan ayb zarracha bo‘lsa ham haqiqat bo‘lsa, ochiq, namunali sud qilishlari kerak edi, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, tergov vaqtida ham, sudlanuv vaqtimda ham buni qat’iy turib talab qilganimda menga: «Buning sizga foydasi yo‘q, chunki masala oldindan tayyorlangan bo‘lib, savollarni faqat NKVD xodimlari berishadi, siz bo‘lmagan edi, deganda, guvohlar bo‘lgan edi deyishadi, aniqlik va tushuntirib o‘tirishga esa ruxsat etilmaydi», dedi. Mening: «Nega hech qanday dalilsiz, faqat tuhmat va yolg‘onlarga asoslanib, sof sovet ayolini badnom qilmoqchi bo‘lasizlar?» degan savolimga tergovchi ochiq qilib: «Men inqilob soldatiman, mendan nimani talab qilsalar, shuni bajaraman, — dedi. — Agar siz yana o‘jarlik qilaversangiz, go‘dagingizni tortib olib, siz bilan boshqacha gaplashamiz», deganidan keyin, mening biror jinoyat qilganligim yoki qilmaganligimning ham hech kimga qizig‘i yo‘qligi, hamma-hammasi menga ayon bo‘ldi va so‘ng ular mendan nima xohlagan bo‘lsalar hammasiga qo‘l qo‘ydim».
Maryam Sultonmurodova mana shunday nohaq tuhmatlar ostida 20 yillab begunoh qora tamg‘a ostida yurganligi, bu nohaqliklar faqat uning o‘zinigina emas, butun oila a’zolari, bolalari, qolaversa Oktyabr to‘ntarishi qullikdan ozod qilgan mazlum o‘zbek xotin-qizlar erkini bo‘g‘ib, ularni yana o‘tmish qullik davridan ham dahshatli holga qo‘yayotganligini afsus va nadomat bilan yozadi. U SSSR Bosh prokuroriga yozgan o‘sha xatida sotsialistik qonunchilikning buzilishi natijasida u bo‘yniga osilgan qora tamg‘ani hayotining so‘nggi damlarida bo‘ynidan olib tashlab, hech bo‘lmasa bu dashnomning qora dog‘lari uning farzandlari bo‘ynida ham osilib qolmasligini o‘tinib so‘raydi:
«Muhtaram o‘rtoq Ittifoq prokurori! Sizga inqilobiy qonunlarni to‘g‘ri o‘tkazishning mas’ul nazoratchisi sifatida ham, inson sifatida ham murojaat qilaman. Menga nisbatan katta adolatsizlik bo‘lgan va sovet qonunlari buzilgan deb o‘ylayman. Mening vijdonim pok. Mening yagona xatoyim, u ham bo‘lsa, Germaniyaga o‘qishga ketishga rozilik bildirganim. Agar shu mash’um xatom bo‘lmaganda, taqdirim ham tamoman boshqacha bo‘lardi va men bugungiday baxtsiz odam bo‘lib o‘tirmasdim. Men adolatsiz kechgan ishlardan nihoyatda azoblanmoqdaman. Bu qalbaki tuhmatlardan qariyb 20 yillar davomida faqat mengina emas, mening bolalarim, aka-singillarim va onam ham azob tortdilar va hamon tortib kelmoqdalar. Shuning uchun sizdan mening ishimni qayta ko‘rishingizni va guvohsiz gunohlarimdan qutqarishingizni so‘rayman».
Maryam Sultonmurodova tomonidan SSSR Bosh prokurori nomiga yozilgan bu arizadan so‘ng 1957 yil 23 sentyabrida uning qo‘liga begunohligi, uning jinoyati bo‘lmaganligi haqidagi rasmiy oqlov qog‘ozini berishadi. Unda bunday deyilgan edi: «1937 yil 15 sentyabrgacha, qamalguniga qadar «Yorqin turmush» jurnalining adabiy xodimi bo‘lib ishlagan Sultonmurodova Maryamning ayblash bo‘yicha ishi SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi tomonidan 1957 yil 2 avgustda qayta ko‘rib chikildi. Yangi sharoit taqozasi bilan M. Sultonmurodovaga nisbatan Harbiy Kollegiyaning 1938 yil 9 oktyabrdagi hukmi va SSSR Davlat Xavfsizligi Ministrligining 1949 yil 3 avgustidagi maxsus majlisi qarori bekor qilindi va jinoyati yo‘qligi tufayli oqlandi. SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi o‘rinbosari, adliya polkovnigi P. Lixachev».
Adolat qisman bo‘lsa-da, tiklandi. Maryam Sultonmurodova umrining oxirlarida bir parcha qog‘ozni ham oldi. Ona shahri Urganchda yashab, ishlay boshladi. Lekin bungacha 10—15 yillab sovuqxonalarda, uzoq Krasnoyarsk o‘lkasining qahraton o‘rmonlarida o‘ziga o‘xshagan minglab begunoh mahbuslar bilan kechirgan azob-uqubatli, tahqirli kunlari-chi? Uning ortidan yig‘lab qolgan o‘g‘li Po‘latbek, qizi Anoraxonlarning ahvoli ne kechdi? Karigan chog‘ida munkayib qolgan mushtipar, munglig‘ onaizori-chi? Ular ne xavfu xatarlar, azob va uqubatlar, kamsitishlarni boshdan kechirmadilar deysiz?!
«Onamning aytishlaricha, — deb xotirlaydi qizi Anoraxon Davronova iztirob bilan, —1937 yil 30 avgustida hozirga Toshkent shahar Oloy bozori yaqinidagi Uezdnaya ko‘chasi 13-uydan erta tongda ikki harbiy kiyimli kishi kelib, to‘satdan qo‘llarida 5—6 oylik chaqaloqlik vaqtimda onamni men bilan birga haydab, qamoqqa olib ketishgan. Onam 1947 yil 10 yildan so‘ng birinchi marta qamoqdan kelgandan keyin ham yorug‘ kun ko‘rmadik. (Bunga qadar men ammamlar qo‘lida, akam Po‘latbek Ahmadbekov avval yetimxonada, so‘ng xolam Gulchehra qo‘lida onaga zor bo‘lib yashadik. Chunki u vaqtda Gulchehra xolamning erlari taniqli adabiyotshunos olim Rahmat Majidiy ham «xalq dushmani» sifatida tuhmatga uchrab, qamalib uzoq surgunda edilar). Ukam Omon Sultonmurodov ham onam bilan surgunda o‘sdi. Men 1954 yil ToshMIda o‘qib, «Malik» sovxozida paxta terib yurgan kuz kunlarining birida onam so‘nggi surgundan qaytib, paxta dalasiga meni izlab keldilar. O‘sha vaqtda sanitariya-gigiena bo‘limining toshmehr rahbarlari, hatto yetti yil ko‘rmagan onam bilan ham bir-ikki kun uyga borib kelishga ruxsat berishmadi. Shu yerdagi bir xonadonda tonggacha xo‘rlanib, uxlamay chiqdik. Ertasiga onam Urganchga, men esa paxta dalasiga ketdim. Onam umrining oxirigacha o‘sha o‘zi tug‘ilgan Urganch shahar Chandirqiyot qishlog‘ida o‘z sevgan matbuotchilik kasblaridan tamomila boshqa bir kasbda ishlashga majbur bo‘lib, orzu-umidlari ushalmay olamdan o‘tdilar. Biz har yili bolalarimiz bilan uning Urganchdagi qabrini ziyorat qilib qaytamiz. Ukam Omon Sultonmurodov o‘sha yerda maktabda o‘qituvchi. U onam yoqqan ma’rifat chirog‘ini o‘chirmay, yurtdoshlarini inson huquqlari poymol etilgan joyda farog‘at bo‘lmasligidan ogoh etayotir. Chunki u yaxshi biladiki, tarix haqiqatni so‘ylayotgan chog‘dagina ibrat solnomasiga aylanadi. Davrimiz zamzamasi buni isbotlamoqda».
“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 10-son
[1] Xayriniso Majidxonova bo‘lsa kerak — Sh. T.
Ibratli hikoya: Oqibat
Bir insonga ko`p izzat-hurmat va boylik berildi. U o`z jigarlari va yaqinlariga qo`ldan kelganicha yordam berardi. Ayniqsa, kenja ukasiga ko`p yordam qildi. Chunki aka otaning pandiga quloq solib, qiyinchiliklar evaziga ko`zlagan maqsadiga erishayotgandi. U oqibat nimaligini yaxshi bilardi. Hech vaqt ota-onasining so`zini ikki qilmasdi. Ammo uka akasiga hasad qilar, zimdan akasining savdosiga ko`z olaytirib, do`kondagi mollaridan o`marardi. Borib-borib ukaning sirlari ochildi. Aka ota-onaga shikoyat qildi. Ular ukaga qattiq tanbeh berib, ko`p nasihatlar qildi. Uka bu ishni qaytarmaslikka va`da berib, akadan ming bor uzr so`radi. Ammo akaga nisbatan hasadi tinchlik bermasdi. Yana xiyonat yo`liga o`tdi. Aka-uka o`rtasida nizo chiqdi, o`rtada oqibat o`ldi. Yomon nafs g`olib bo`ldi, shayton xursandchilikdan nog`ora chaldi. Bunga qo`shimcha uka uyalmasdan akasiga:
– Men senga hasad qilaman, nima uchun sen omadlisan? Nimaga senga beriladi-yu, menga esa yo`q?! – dedi yuzsizlarcha sensirab.
– Chunki senda insof yo`q! Sabr-qanoat, shukr va oqibat yo`q! Sening qalbingni hasad kemiradi. Ota-onamizning aytganlarini qilib, sadoqat bilan ishlaganingda qo`limdan kelgan hamma yordamni qilmoqchi edim. Afsuski, sen xiyonat yo`lini tanlading, nafsingga qul bo`lib, o`z jigaringga xiyonat qilishdan ham qo`rqmading! Sen birovning musibatidan shodlanma, o`zganing omadiga kuyma, har qanday yaxshilik va yomonlik o`zingga qaytib xorlikka uchratganda qo`ldan bergan baxt-omadingni ortga qaytarolmaysan, shuni unutma! – dedi aka. Akaning ko`ngil oyinasi sindi, ikki jigar o`rtasidan oqibat ketdi. Oqibat o`ldi, ko`ngil sindi, singan ko`ngilni nima chegalay oladi?
Ulug`larimiz demishkim: “Birovning husni-jamoli va boyligini ko`rsang, hasad qilma va darhol o`zgalarga nazar sol. Bu dunyoda sendan ko`ra xunukroq va kambag`alroqlar ham bor-ku”. Husnu jamol Parvardigorning san`atidir. U kimni xohlasa go`zal qiladi. Mol-dunyo, martaba va mansab ham imtihon uchun beriladi. Shunday ekan, ey azizim! Aslo hasad bilan boylik va ulug`likka erishaman deb xato qilmang!
Odam farzandiga boqibon hayhot,
Qilgan amallarin ko`rib, dersan dod.
Ba`zilar azada uradi xandon,
To`yu tomoshada qiladi faryod.
muslim.uzdan olindi
Biri otilgan, ikkinchisi surgun qilingan: Germaniyada o‘qigani uchun qatag‘on qilingan o‘zbek ayollari
Yigirmanchi asrda Turkistonni qoloqlikdan qutqarib, odamlarni savodli qilishga bel bog‘lagan jadidchilik harakati namoyandalari yoshlarni Yevropaga o‘qishga yuborib mamlakatni taraqqiyotga boshlaydigan kadrlar yetishtirishni maqsad qiladi.
Shu maqsadda 1922 yilda Turkistondan ilk talabalar guruhi Germaniyaga o‘qishga yuboriladi. Ular orasida bor-yo‘g‘i 2 nafar qiz: Maryam Sultonmurodova va Xayriniso Majidxonovalar bor edi.
Germaniyada o‘qigan talabalar.
Foto: Bahrom Irzayev
Kun.uz ilk bor chet el ta’limini olgan o‘zbekistonlik xotin-qizlar va ularning ayanchli tarixi haqida adabiyotshunos olim, jamoat arbobi Naim Karimov bilan suhbatlashdi.
Orzudagi mustaqil davlatni boshqarish uchun kadrlar kerak edi
20-asr boshlarida mamlakatimiz Turkiston deb atalardi. Bu davrda Turkistonda jadidchilik – milliy uyg‘onish harakati boshlandi. Xalqning turmush tarzi, madaniyati, fan, san’ati nihoyatda og‘ir ahvolda edi. Turkiston – Chor Rossiyasi mustamlakasi edi, jadidlar mustamlaka zanjirlarini parchalash uchun bolalarni, yoshlarni o‘qitish, zamonaviy fanlarga o‘rgatish kerak degan qarorga kelishadi. Ularning bu rejalari qatorida yoshlarni Yevropaga o‘qishga yuborish ham o‘rin olgandi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Agar biz diniy ulamolarni tayyorlab chiqarmoqchi bo‘lsak, Arabiston, Misrga yoshlarni yuborishimiz kerak. Agar zamonaviy fanlar, texnikani rivojlantirishni maqsad qilsak, unda Yevropa mamlakatlariga talabalarni yuborishimiz kerak”, degan shior bilan chiqqan. Bu shiorni amalga oshirish uchun hali vaqt pishib yetilmagan edi.
1917 yilda Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati tuziladi, lekin harbiy tomondan zaif muxtoriyat biroz o‘tib qonga botiriladi. Shundan so‘ng yurtda sovet hukmronligi o‘rnatiladi. Mana shu orada O‘zbekistonda “Bilim hay’ati” tuziladi. Tashkilotning asosiy maqsadlaridan biri talabalarni chetga o‘qishga yuborishdan iborat edi.
Tashkilot a’zolari: “Har yili 70 nafar talabani xorijga o‘qishga yuborsak, yaqin orada mustaqillikka erishishimiz mumkin va mustaqil O‘zbekistonni boshqara oladigan kadrlar yetishib chiqadi”, deb ishonishgan. Shunday qilib 1922 yilda ilk marta talabalarni o‘qishga yuborish rejasi amalga oshadi. O‘sha vaqtda Turkiston hukumati ixtiyorida Buxoro amiridan qolgan oltinlarning bir qismi bor edi, xazinaning asosiy qismi Rossiyaga tashib ketilgandi.
1922 yilda 70 nafar talaba Germaniyaga o‘qishga yuboriladi. U payti hali yigitlar o‘zining shahridan boshqasiga, qizlar esa, ehtimol, mahallasidan nariga o‘tmagan edi. Ular o‘zbek tilidan boshqa tilni ham bilishmagan hatto.
“O‘rta Osiyodan tuyalar, eshaklar keldi”
Yoshlar orasida o‘qishga ketgan Vali Qayum ismli talabaning keyinchalik xotirlashicha, Abdurauf Fitrat talabalar o‘qishga ketishidan oldin o‘ziga yaqin bo‘lgan shogirdlarini to‘plab Samarqanddagi Amir Temur hilxonasiga olib borib, ularning va’dasini oladi. Mazmuni quyidagicha edi: “Biz yosh o‘zbek yigitlari Germaniyaga borib, sanoat, aniq fanlar, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis bo‘lib kelib, butun hayotimizni O‘zbekiston ravnaqi uchun sarflaymiz”.
Ular Germaniyaga borgach, birdaniga ta’lim muassasalariga qabul qilinishi qiyin edi. Sababi til bilishmasdi. Ilk bor o‘zbekistonlik talabalar Germaniyaga yetib borib poyezddan tushishganda Rossiyadan borib shu davlatda o‘qiyotgan talabalar oq, qizil bayroqlar ko‘tarib olib “O‘rta Osiyodan tuyalar, eshaklar keldi”, deb kelgan yoshlarni haqorat qilib, nemislarda bizning talabalarga nisbatan nafrat uyg‘otishga harakat qilgan.
Vatandosh talabalar nemis oilalariga taqsimlab beriladi va ular nemis tilini o‘rganishadi, oilalarning ularga mehri tushadi. Shundan so‘ng o‘zbekistonlik talabalar turli ta’lim muassasalariga o‘qishga joylashtiriladi.
Chetda o‘qigan birinchi o‘zbek qizlari
Germaniyaga o‘qishga ketgan talabalar orasida 2 nafar qiz bor edi: Xayriniso Majidxonova va Maryam Sultonmurodova.
Xayriniso Majidxonova opasi bilan.
Foto: Bahrom Irzayev
Xayriniso Majidxonova Toshkentda o‘zbek xalqining ziyolilari bilan bitta ko‘chada yashagan. Otasi Majidxon ham ziyoli inson edi. Xayriniso otasi ziyoli inson bo‘lgani sabab Munavvarqori Abdurashidxonov ochgan jadid maktabida savodi chiqadi. Yangicha usulda ta’lim olgani uchun ham Germaniyada ta’lim olishga unchalik qiynalmagan bo‘lishi mumkin.
Xayriniso Germaniyada dastlab texnikumda, keyin esa universitetda tibbiyot va bolalar pedagogikasi yo‘nalishlarida tahsil oladi.
“Ezilgan millatlar, qorong‘ilikda qolgan yurtini kelgusida chin bilim bilan yoritmoq uchun bu yil xorijga ketgan talabalar orasida qizim Xayriniso ham bor edi. Bilim uchun uzoq ellarga birinchi o‘zbek qizini yuborish sharafi, shukrlar bo‘lsunkim, menga nasib bo‘lmish”, deb xursand bo‘lgan edi Xayriniso Majidxonovaning otasi.
Hali yoshlar Germaniya tahsilini davom ettirayotgan paytlarida sovet hukumati bir bahona bilan ularning stipendiyasini to‘xtatib qo‘yadi. Shundan so‘ng yoshlar moddiy qiyinchiliklar bilan tahsilni davom ettirishadi.
Talabalar Germaniyadan qaytgach, “Ular Yevropaning ta’siriga tushgan, Rossiyani yomon ko‘radi”, degan ayblovlar bilan qamoqqa olina boshlanadi. Hibsga olinganlar orasida Xayriniso Majidxonova ham bor edi, uning Germaniyadan olib kelgan hamma materiallari yoqib yuboriladi.
Xayriniso Majidxonova bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazyapti.
Foto: Bahrom Irzayev
Xayriniso Majidxonovaning yondirilgan kitoblari orasida Germaniyadan olib kelingan tibbiy asarlar, bolalar kitoblari bilan birga Gyote, Shillerning nemis tilidagi kitoblari, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon kabi buyuk o‘zbek shoir va yozuvchilarining o‘zbek tilidagi asarlari ham bor edi. Xayriniso Majidova qora ayblovlar bilan otuvga hukm qilinadi. Hukm 1938 yil 9 oktyabrda ijro etiladi.
Xayriniso Majidxonovaning jiyani u haqida shunday xotirlaydi: “Xayriniso xolamning orzulari katta edi. Xolam Germaniyadan keltirgan tibbiyotga oid turli qo‘llanmalarni nemis tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishga kirishgan, ilmiy tadqiqotlarini boshlagan edilar”.
Xayriniso Majidxonova 1999 yilga kelibgina to‘la oqlanadi.
Ilm olib kun ko‘rmagan yana bir Turkiston qizi
Xayriniso Majidxonova bilan birga Germaniyaga o‘qishga ketgan qizlardan yana biri – Maryam Sultonmurodova edi.
U xorazmlik Jumaniyoz ismli ziyoli insonning qizi edi. Bu odam Xiva xonligidagi davlat to‘ntarishida qatnashib, bu yerda jadidlar hukmronligini o‘rnatish orzusi bilan yashagan. Shu sabab qamoqqa olinadi va o‘ldiriladi. Maryam ilg‘or kishining qizi bo‘lgani uchun tatar maktabida o‘qiydi va 1911 yilda Toshkentdagi tatar maorif institutiga o‘qishga kiradi. 1922 yilda 70 talaba orasida Germaniyaga o‘qishga ketadi.
Maryam Sultonmurodova jurnalistika sohasida mutaxassis bo‘lib yetishadi, nemis adabiyotini chuqur o‘rganadi.
Maryam Sultonmurodova singlisi bilan.
Foto: Bahrom Irzayev
O‘zbekistonga qaytgach bir muddat maorif boshqaruvi tizimida, jurnalistika sohasida ishlaydi, nemis tilidan tarjimalar qiladi. 1937 yilda esa Germaniya ta’limini olib kelganlarni qamash boshlangach, Maryam Sultonmurodova birinchilardan bo‘lib qamoqqa olinadi. Uning qo‘lida yosh bolasi bor edi.
Maryam Sultonmurodova.
Foto: Bahrom Irzayev
Bu haqda o‘zi shunday eslaydi:“1937 yilgi tergovdagi ko‘rsatmalarni tasdiqlamayman. Shaxsan o‘zim bunday ko‘rsatma bermaganman. Meni tergov qilgan chog‘larida qaydnomaga imzo chekishga majbur qildilar. Lekin unda nima yozilganligini o‘qimaganman, o‘qishga berishmagan ham. Bu hujjatlarning mazmuni bilan tanishishga ixtiyor bildirganimda, “bolangni olib qo‘yamiz”, deb qo‘rqitishdi”.
1939 yilda Maryam Sultonmurodovaga 10 yillik qamoq jazosi tayinlanadi. Jazoni avvaliga Toshkent, keyin Qozon va Moskva yaqinidagi Suzdal turmalarida o‘tagan, undan so‘ng uzoq sharqqa yuborilib, qurilishda ishlatilgan.
Maryam Sultonmurodova 10 yillik qamoqni tugatib chiqqach ham, 1949 yilda yana qamoqqa olinadi, bu safar Krasnoyarskka surgun qilinadi. Stalin o‘limidan so‘ng 1957 yilga kelibgina tinmay murojaat qilaverib, o‘zining aybsiz qamalganini isbotlashga muvaffaq bo‘ladi.
Hayoti ta’qib, chetlatishlar bilan o‘tgan Maryamga Xorazmda ish berishmaydi, uni sig‘dirishmaydi. Shundan so‘ng u chekka qishloqqa ketib, o‘sha yerda kasalxona ochib odamlarga yordam berish bilan hayot kechiradi.