Yosh kitobxon tanlovi shartlari
1.1. “Yosh kitobxon” tanlovi (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3138-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilib, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan respublikadagi eng yirik tanlov hisoblanadi.
Yosh kitobxon tanlovi shartlari
14 yoshdan 19 yoshgacha, 20 yoshdan 31 yoshgacha… Ikkita spark birinchi o’ringa!
Arizalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tuman (shahar) Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.
«Yosh kitobxon” respublika tanlovi
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar, maqsad va vazifalar, tanlovni tashkil etish tartibi, shartlari:
1.1. “Yosh kitobxon” tanlovi (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3138-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilib, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan respublikadagi eng yirik tanlov hisoblanadi.
1.2. Respublikada istiqomat qilayotgan millati va tilidan qat’iy nazar 14 yoshdan 31 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar va yoshlar tanlovda ishtirok etish huquqiga ega. Ishtirokchilar talabidan kelib chiqib, ularning tanlov jarayonida rus va qoraqalpoq tillaridan foydalanishiga ruxsat beriladi.
1.3. Tanlov ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va badiiy kitoblar hamda gazeta va jurnallar asosida tashkil etiladi.
1.4. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Matbuot va axborot agentligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi vakillaridan tuzilgan Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika tashkiliy qo‘mitasi tanlov nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.
1.5. Tanlovning Respublika bosqichi “Yoshlar” telekanali orqali efirga uzatiladi.
II. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar
2.1. Tanlovni tashkil etishdan asosiy maqsad – bolalar va yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirishdan iborat.
2.2. Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:
– yoshlarning barcha qatlamlarini kitob o‘qishga da’vat etish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishi, kitobxonlik to‘garaklari va klublar vujudga kelishiga erishish;
– yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish orqali ularning Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarni shakllantirish;
– yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali ularning turli xil aqidaparastlik va zararli oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish;
– milliy va jahon adabiyoti durdonalari, adiblar ijodini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, kelajakda yoshlar tomonidan badiiy yetuk, yuqori saviyali asarlar yaratilishiga turtki bo‘lish;
– ijodkor, iste’dodli va iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, ularning o‘z aql-zakovatlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish.
III. Tanlovni tashkil etish tartibi
3.1. Tanlov quyidagi ikkita yosh toifasi bo‘yicha alohida-alohida tartibda o‘taziladi:
– 14 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlar;
– 20-31 yoshgacha bo‘lgan yoshlar.
3.2. Tanlov to‘rt bosqichda tashkil etiladi.
3.3. Birinchi bosqich tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlardan arizalarni qabul qilish va ularni ro‘yxatga olish bosqichi hisoblanib, har yili 20-oktabrdan 10-noyabrga qadar davom etadi.
Arizalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tuman (shahar) kengashlari tomonidan qabul qilinadi.
3.4. Ikkinchi bosqich tanlovning mahalliy bosqichi bo‘lib, har yili
noyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida barcha tuman (shahar)lar miqyosida o‘tkaziladi.
Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kirigan ishtirokchilar (jami 2 nafar) hududiy bosqichga yo‘llanma oladi.
3.5. Uchinchi bosqich tanlovning hududiy bosqichi bo‘lib, har yili
noyabr oyining uchinchi o‘n kunligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar Respublika bosqichiga yo‘llanma oladi.
3.6. To‘rtinchi bosqich tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib, har yili dekabr oyi davomida “Yoshlar” telekanali orqali teletanlov shaklida o‘tkaziladi.
3.7. Tanlov shartlari:
1-SHART. “Ijtimoiy-siyosiy soha bilimdoni” sharti.
Ushbu shartda Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tavsiya etilgan gazeta va jurnallarning so‘nggi 3 oylikda chiqqan sonlaridagi materiallar asosida ishtirokchilarga mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlar, islohotlar bilan bog‘liq bittadan mavzu beriladi va sharhlab berish so‘raladi.
Ishtirokchilar mavzular nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 3 daqiqa, javob berish uchun 5 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 10 ballgacha baho beriladi.
2-SHART. “Ma’naviy-ma’rifiy kitoblar bilimdoni” sharti.
Ushbu shartda Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tavsiya etilgan ma’naviy-ma’rifiy, tarixiy sohaga oid kitoblarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati to‘g‘risida ishtirokchilar sharhlab berishi so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Ishtirokchilar kitob nomini bilet tortish orqali tanlaydi (biletda yozilgan kitob ishtirokchiga taqdim etiladi), tayyorgarlik ko‘rish uchun 3 daqiqa, javob berish uchun 5 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 10 ballgacha baho beriladi.
3-SHART. “Badiiy kitoblar bilimdoni” sharti.
Ushbu shartda Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tavsiya etilgan badiiy adabiyotlarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati to‘g‘risida ishtirokchilar sharhlab berishi so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Ishtirokchilar kitob nomini bilet tortish orqali tanlaydi (biletda yozilgan kitob ishtirokchiga taqdim etiladi), tayyorgarlik ko‘rish uchun 3 daqiqa, javob berish uchun 5 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 10 ballgacha baho beriladi.
4-SHART. “Men sevgan adib” sharti.
Ushbu shartda ishtirokchilar o‘zlari tanlagan bir nafar adibning hayoti, faoliyati va ijodi haqida taqdimot qiladi. Taqdimot davomida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Taqdimot uchun 5 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun
10 ballgacha baho beriladi.
5-SHART. “She’riyat” sharti.
Ushbu shartda ishtirokchilar berilgan she’rni ifodali o‘qishi, uning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati to‘g‘risida sharhlab berishi so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Ishtirokchilar she’r nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa vaqt, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 10 ballgacha baho beriladi.
3.8. Tanlovning Respublika bosqichida yuqoridagi shartlar mavzusi saqlangan holda, shartlar mazmuni, tartibi va baholash mezonlari teletanlovga moslashtirilgan shaklda joriy etiladi.
Respublika bosqichida tanlov shartlaridagi o‘zgarishlar bo‘yicha ishtirokchilar bellashuvdan kamida 15 kun oldin xabardor qilinadi.
3.9. Tanlovning har bir bosqichida shoir va yozuvchilar, o‘qituvchilar, jurnalistlar va boshqa mutaxassislardan iborat hakamlar hay’atlari tuziladi.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarni baholashda ularning belgilangan kitoblar, gazeta va jurnallarni o‘qiganligini tekshiradi hamda mohiyatini to‘g‘ri tushungani, chuqur bilishi va ifoda etib bera olish qobiliyatiga qarab baholaydi.
3.10. Tanlov o‘tadigan kundan kamida bir hafta oldin belgilangan kitoblar, gazeta va jurnallar ro‘yxati e’lon qilinadi hamda kitoblar ro‘yxatini tuzishda ishtirokchilarning yosh toifasi inobatga olinadi.
Tanlovning har bir bosqichi uchun kitoblar ro‘yxati alohida-alohida e’lon qilinadi. Bunda har bosqich uchun:
– jurnallar turi 5 ta;
– gazetalar turi 10 ta;
– ma’naviy-ma’rifiy kitoblar turi 10 ta;
– badiiy kitoblar turi 20 tadan oshmasligi belgilanadi.
Respublika bosqichida tanlov shartlaridagi o‘zgarishlardan kelib chiqib, yuqoridagi miqdorlarga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
IV. G’oliblarni taqdirlash
4.1. Tanlovning quyi bosqichlarida g‘oliblar mahalliy va hududiy hokimliklar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
4.2. Tanlovning Respublika bosqichi g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
– ikkita yosh toifasida 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilar “Prezident sovg‘asi” – “SPARK” avtomashinasi bilan;
– ikkita yosh toifasida 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilar kompyuter jamlanmasi (monoblok) va printer (1×3) bilan;
– ikkita yosh toifasida 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilar kitoblar to‘plami (200 dona) bilan taqdirlanadi.
Manba: SHU YERDA
Yosh kitobxon tanlovi shartlari
Ichki ishlar organlari tizimida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovi sovrindorlari taqdirlandi. Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Ichki ishlar vazirligi vakillari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi faollari ishtirok etdi. Aytish joizki, ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi 22-23-fevral kunlari Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilib, unda hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan o‘ttiz nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Yosh kitobxonlar “Badiiy asar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob” hamda “Buyuk mutafakkir va adib” turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Qizg‘in ruhda o‘tgan tanlovning 15–19 yoshdagi ishtirokchilari o‘rtasida birinchi o‘rin IIV Akademiyasi kursanti Kamronbek Ismoilovga, ikkinchi o‘rin IIV Samarqand akademik litseyi o‘quvchisi Sevinch Obrievaga, uchinchi o‘rin esa IIV 2-sonli Toshkent akademik litseyi o‘quvchisi Javohir Muhitovga nasib qildi. Shuningdek yosh xodimlar (20–30 yosh) o‘rtasida kechgan tanlovda faxrli o‘rinlarni Toshkent viloyati IIBB JXX YHXB katta inspektori, kapitan Azamat Axmatov, IIV Akademiyasi o‘qituvchisi, kapitan Odilbek O‘rinov va Andijon viloyati IIB JXX HPB psixologi, leytenant Karimjon Abdurahmonov egalladi. G‘olib va sovrindorlar diplom, pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan an’anaviy ravishda o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar yosh avlodning intellektual salohiyati, dunyoqarashi va ma’naviyatini yuksaltirish, ichki ishlar organlarida kitobxonlik madaniyatini oshirish bilan birga, iqtidorli yoshlar safini kengaytirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. IIV Akademiyasi Axborot xizmati
Akademiya hayoti
So’ngi yangiliklar
“Taraqqiyot” jinoyatdan xoli bo‘lishi kerak
3 Mart 2023 , 21:14
Sud-ekspertlik faoliyatining xolisligi va mustaqilligini ta’minlash
“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovi qanday o‘tkazilishini istaysiz?
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tanlovni 2020-yilda yuqori saviyada, adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida www.idea.itsm.uz sahifasida maxsus so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada tanlovda qanday sinov turlaridan foydalanish, nechta bosqichda o‘tkazish hamda shaffoflik va adolatni ta’minlash bo‘yicha takliflaringizni qoldirish imkoni yaratildi. Muhokama joriy yilning 31-yanvariga qadar davom etdi, so‘ng barcha fikr-mulohaza va takliflar o‘rganilib, natijalar e’lon qilinadi. Ta’lim jarayonidagi har bir yangilikka hozirjavob “Ma’rifat” mushtariylari” guruhi a’zolarining ushbu tanlov borasida ham aytar so‘zi bor.
Shoira TURDIBEKOVA, Yashnobod tumanidagi 149-maktab o‘qituvchisi:
— O‘tgan yili “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovida qatnashib, sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritganman. Shu yuzasidan quyidagi takliflarni bermoqchiman:
1. Tanlovda qatnashish uchun ham muddat belgilansa (natijadan tashqari, shunda har safar o‘sha-o‘sha ustoz qatnashmaydi).
2. Baholashda o‘qituvchining shu kunga qadar erishgan yutuqlarini ham hisobga olish kerak.
3. Keyinchalik pedagoglarning ish tajribasi haqida ommaviy axborot vositalarida keng yoritilib, ko‘rsatuvlar tayyorlansa.
4. Sovrinli o‘rin olgan ustozlarning darslari yosh mutaxassislarga metodik yordam sifatida nashr etilsa.
5. Faqat respublikada emas, shahar, tumanda ham yuqori o‘rin egallaganlarning darsi, metodikasi va boshqa tajribalari davriy nashrlarda chop etilsin. Chunki bu ko‘pchilikka ibrat bo‘lar edi.
Shirinay ABDIJAMILOVA, Xo‘jayli tumanidagi 6-maktab o‘qituvchisi:
— Bu tanlovning birinchi navbatda nomini o‘zgartirish kerak. Masalan, “Zamonaviy pedagog”, “Ilg‘or muallim” va hokazo. Eng muhim jihati, tanlovning maktab bosqichida barcha o‘qituvchilar qatnashishi shart. O‘qituvchilar tanlovga tayyorlanish munosabati bilan ham o‘z ustida ishlaydi. Qolaversa, kitobxonlik bo‘yicha shart qo‘shishni ham taklif qilgan bo‘lardim.
Hafiza RASHIDOVA, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Tanlov nizomiga yangilik kiritish vaqti keldi. Masalan, sinovlar amaliy fanlar yo‘nalishidagi ustozlarga amaliy shaklda bo‘lsin. Hozir o‘qituvchilar har xil sabablar bilan tinimsiz test topshirmoqda. Menimcha, bu unchalik o‘zini oqlamaydi. Ustozlar bir-birining darsini yoki ishini ko‘rib tajriba orttirsin. Oldingi qatnashchilarga bu jarayon man qilingan edi. Shunday adolatli nizom tuzish kerakki, ishtirokchilar xato va kamchiliklarini tan olib, tanlovdan rozi bo‘lib qaytishsin. Barcha jarayonlar ochiq-oydin o‘tsin. Ishtirokchi, raqibi undan kuchli ekanligini ko‘rib, tan olsagina do‘stona muhit hosil bo‘ladi. Apellatsiya bergan ustozning ishini adolatli hal qilish kerak.
Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:
— Avvalo, tanlovning barcha bosqichlarida testni onlayn tarzda o‘tkazish kerak. Ikkinchidan, kompyuterda dars ishlanma yozganda uning o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi va sifatiga alohida e’tibor berish zarur. Hakamlar ko‘proq rejada ko‘rsatilgan ballarga mos yozilganligiga qarashadi. Dars ishlanmasi barcha bosqichlarda bo‘lishi tarafdoriman. Ijtimoiy tarmoqlardagi ovoz to‘plash — bu korrupsiyaning bir ko‘rinishi. O‘qituvchining ishiga mutaxassis bo‘lmagan insonlar baho berishi noto‘g‘ri. Notanish sinfda notanish o‘quvchilarga tanlangan mavzu asosida o‘tilgan darsga eng yuqori ball berish lozim.
Oysha KARIMOVA, Ellikqal’a tumanidagi 40-maktabning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi:
— Tuman, viloyat bosqichlari quyidagi shartlar asosida o‘tsa yaxshi bo‘lar edi: 1-shart — test sinovi, 2-shart — dars ishlanma yaratish, 3-shart — dars o‘tish. Tanlovning respublika bosqichidagi shartlarga biroz o‘zgartirishlar kiritilishi lozim. “Facebook” yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ovoz to‘plash sharti nojoiz. Uning o‘rniga o‘qituvchining erishgan yutuqlari, o‘quvchisining yutuqlari, ijodkorligi (maqolalari, to‘plamlari), shaxsiy portfoliosi baholansa yaxshi bo‘lardi. 1-shart natijalari 2-shart tugamaguncha e’lon qilinmasligi kerak. Chunki ayrim hakamlar birinchi shart natijalariga qarab, ikkinchi shartga ball qo‘yishiga shaxsan guvoh bo‘lganman. Test sinovlarining respublika bosqichiga hakamlar kerak emas. Tuman, viloyat bosqichlaridan g‘olib bo‘lib respublika bosqichiga yetib borgan o‘n to‘rt nafar o‘qituvchi g‘olib sanalishi tarafdoriman. Chunki respublika bosqichida ishtirok etayotgan barcha o‘qituvchilar juda faol, bir-biridan kam emas. Nahotki, bir yilda bir fan bo‘yicha respublikamizda o‘n to‘rt nafar yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi bo‘lmasa. Respublika bosqichida faqat dars ishlanma yaratish, dars o‘tish sharti yetarli. Birinchi kuni barcha ishtirokchilar dars ishlanma yaratsa, ikkinchi kuni o‘sha dars ishlanma asosida dars o‘tsa-yu, ishtirokchilar bir-birining darsini kuzatib, tahlil qilsa, metod, tajriba almashsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.
Dilnoza BOQIYEVA, Yakkabog‘ tumanidagi 37-maktab o‘qituvchisi:
— “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovida qatnashadigan ustozlarning ta’lim nashrlari bilan qanchalik yaxshi aloqa yo‘lga qo‘ygani va ommaviy axborot vositalarida chiqishlari, qolaversa, gazeta, jurnallar bilan hamkorliklariga ham e’tibor qaratilishi kerak.
Dilfuza G‘AZNAYEVA, Sirdaryo tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi:
— Ushbu tanlovning dars ishlanmasi yozish sharti o‘rniga o‘qituvchining ijodkorligi, ixtirochiligini ko‘rsata oladigan ilmiy qarashlari aks etgan maqolalar, tavsiyalar yaratish sharti kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Tanlov bahona bir qancha ixtirolar, kashfiyotlar, ajoyib ilmiy qarashlar dunyo yuzini ko‘rsa, ne ajab?!
— Yil o‘qituvchisi tanlovida men ham bir necha bor qatnashganman. To‘g‘risi, bu tanlovdan ko‘nglim qolgan. Fikrimcha, buning o‘rnida darslar festivali o‘tkazilgani ma’qul. Birlamchi vazifamiz dars o‘tish bo‘yicha bilim va mahoratimizni sinardik.
Zulayho MAMATQULOVA, Toshloq tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi:
— Rossiyaning “Yil o‘qituvchisi” tanlovida har bir o‘qituvchining fidokorona mehnati ijtimoiy tarmoq va televideniye orqali yoritib borilar ekan. Bizda ham bu tanlovning respublika bosqichi ommaviy axborot vositalari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritilishi kerak. Bu jamiyatda o‘qituvchilarning nufuzi yana bir karra oshishiga olib keladi. “Yosh kitobxon” tanlovi teleekranda berilgach, kitobxonlar safi kengaydi. Bu orqali faol o‘qituvchilar ham ko‘payar edi. Joriy yil tanlov g‘oliblari katta pul mukofotlari bilan taqdirlandi. G‘olib o‘qituvchilar bundan ko‘proq rag‘batga munosib, nazdimda.
Dilnoza JUMANOVA, Nukus shahridagi 48-IDUM o‘qituvchisi:
— “Yosh kitobxon” tanlovida bo‘lgani kabi bu tanlov ham yosh toifalari yoki pedagogik ish staji bo‘yicha tashkil qilinsa deyman, negaki yosh o‘qituvchilar bilan katta tajribaga ega ustozlar o‘rtasida ham pedagogik tajriba, ham boshqa jihatlarga ko‘ra farq bor.
Adolatxon SOBIROVA, Urganch shahridagi 8-IDUMI o‘qituvchisi:
— Kitob o‘qigan, g‘azal yodlagan o‘quvchiga ravo ko‘rilgan avtomashina nega shunday o‘quvchilarni o‘qitayotgan, yutuqlarga erishishida madad, sababchi bo‘layotgan, tajribasi, bilimini butun respublikaga namoyish qila olgan ustozlarga berilmaydi? Dalada ikki kun paxta terib yoki she’r yozib, viloyat hokimidan “Spark” olgan bir shoirchalik qadri yo‘qmi o‘qituvchining?!
Shahnoza BERDIQULOVA, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
— “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovida har bir fanning o‘z mutaxassislaridan tuzilgan hay’at a’zolari bo‘lishi kerak. Mana shu tuzilgan jamoa tuman miqyosidagi tanlovga ham bevosita va bilvosita aloqador bo‘lishi lozim. Ayrim tumanlarda tanlov shartlari ko‘r-ko‘rona baholanadi. Chunki hay’at a’zolari talabga javob bermaydi. Viloyat bosqichidagi dars o‘tib berish jarayonida qatnashchilar bir soatda (vaqtni tejash maqsadida) 4-5 ta darsni bir vaqtda o‘tib beradi, lekin hakamlar har xil fan o‘qituvchilari bo‘lishadi. Aslida ular erinmasdan har bir o‘qituvchining darsiga kirib, kuzatishi lozim. Bir kunda ulgurishmasa, ikki kunda o‘tkazishsin. Axir bu kichik tanlov emas-ku, bu uchun qancha o‘qituvchilarning mehnati singgan.
Asadullo SANAQULOV, Kitob tumanidagi 79-maktab o‘qituvchisi:
— “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovi juda o‘rinli tashkil etilgan. Fikrimcha, ushbu tanlovda ishtirok etuvchi o‘qituvchilarning mazkur o‘quv yilida erishgan yutuqlari va ko‘rsatgan natijalari hisobga olingan holda da’vogarlarni tanlab olish kerak. Shunda uning saviyasi oshadi. Bundan tashqari ushbu tanlov jarayonlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Gulchehra TOHIROVA, Gijduvon tumanidagi 61-IDUM O‘IBDO‘:
— Ushbu tanlovni tashkil etishda, eng avvalo, uning o‘qituvchi uchun iqtisodiy yuk bo‘lmasligini hamda oltinga teng vaqti tejab qolinishini hisobga olish muhim deb o‘ylayman. Tanlov shartlari ustozlarning bevosita faoliyatiga bog‘lansa, masalan, shu paytgacha qilgan ishlari, qo‘lga kiritgan yutuqlari, o‘quvchilarining bilim sifati, faoliyati va hokazolar o‘rganilib chiqilsa. So‘ng hay’at a’zolari tomonidan baholansa. Bitta mavzudagi darsi emas, ishi davomida bir necha darslarini tahlil qilishsin. O‘quvchi uchun nima beryapti uning bilimi? Tajribasini oshira olganmi? Pedagogik mahoratga egami? Shularni biroz ko‘proq muddat o‘rganishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bitta dars bilan kimga baho bera olamiz?
Barchinoy KARIMOVA, Buxoro shahridagi 32-IDUMI o‘qituvchisi:
— Shu yilgi tanlovning g‘olibi sifatida aytmoqchimanki, respublika bosqichidagi “Facebook”da ovoz yig‘ish shartini butunlay chiqarib tashlash kerak. Chunki bu shart o‘zini oqlamadi, ko‘pchilik uning mohiyatini tushunmadi. Menda hatto shu masalada oilaviy mojarolar ham yuzaga keldi. 2- va 3-shartlar, ya’ni dars o‘tish va onlayn test shartlari keyingi yil uchun ham kerak, nazarimda. Chunki bu orqali o‘qituvchining pedagogik mahoratini, ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish imkoni mavjud. Keyingi yil ushbu tanlovning samaradorligini yanada oshirish, iqtidorli o‘qituvchilarni yuzaga chiqarish uchun quyidagi takliflarimni ilova qilmoqchi edim. Shu yilgi nizomga ko‘ra, barcha fanlar uchun shartlar bir xil edi. Nazarimda, ovoz yig‘ish sharti o‘rniga har bir fanga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha shart qo‘yilsa, o‘rinli bo‘lardi. Jumladan, ona tili yo‘nalishida biror g‘azalni aruz vazni asosida ifodali aytib berish kabi. Tanlovning adolatli hamda shaffof o‘tkazilishini ta’minlash uchun shartlar onlayn tarzda tashkil qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.