Muqaddas Kitob
Yangi Ahdning dastlabki to‘rtta kitobi (Matto kitobidan Yuhanno kitobigacha) Iso Masihning tug‘ilishi, hayoti, ta’limoti, o‘limi va tirilishi haqidagi voqealardan iborat. Iso Masih O‘zi keltirgan xabarni “Xushxabar” deb ataydi, shu boisdan ham dastlabki to‘rtta kitob “Xushxabarlar” degan nom bilan yuritilgan. Bu Xushxabarlarni Iso Masihni shaxsan tanigan odamlar yoki ularning guvohligini bevosita eshitgan boshqa mualliflar yozganlar. To‘rtala kitob uslub jihatdan va ayrim ma’lumotlarga ko‘ra bir–biridan farq qiladi, ayniqsa, Yuhanno bayon etgan Xushxabar boshqa Xushxabarlardan alohida ajralib turadi. Bu farqlar muallif kitobni qay maqsadda va kimga atab yozganiga bog‘liq. Bu kitoblar yaxlit holda Iso Masih haqida to‘liqroq ma’lumot berib, Uning hayotini bitta kitobda yozilgandan ko‘ra ko‘proq yoritadi.
Maqsad haqida kitob
29 tadan 1–9 lar ko’rsatilyapti
Liderlar kitobi
Super hayot
To’rtinchi sanoat inqilobi
Atom odatlar
Savdogarlar ustozi yoxud haqiqiy omad kaliti.
Robert Kiyosaki maktabi
1984
Boy va Kambag’al odamlarning fikrlash strategiyasi
Ilon Mask. Tesla, SpaseX va kelajak sari yo‘l
Liderlar kitobi
«Liderlar kitobi» asari o’zida liderlikka intilish, g’oliblik uchun kurash, saodat va komillik uchun qat’iyat bilan qadam tashlash, jasurlik, mardlik kabi fazilatlarni o’zida mujassamlashtiradi. Asarda nafaqat liderlik, balki yuksak insoniy fazilatlar, komillik haqida ham so’z boradi. Har bir lider o’zida yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishi, Vatan rivojiga, uning iqtisodini yuksaltirishga astoydil intilishi, qat’iy qarorlar qabul qilishi , bir so’z bilan aytganda rahbar emas, lider bo’lib shakllanishi kerakligi ta’kidlanadi. Lider qattiqqo’l rahbar sifatida emas, o’z xodimlarini tinglaydigan, o’z jamoasi bilan bir tan-u bir jon bo’lib harakatlanadigan, har jihatdan jamoaga o’rnak bo’ladigan shaxs bo’lishi kerak. Lider doimiy ravishda o’z ustida ishlaydigan shaxsiy xususiyatlari bilan ham o’rnak bo’ladigan, yordam berishdan charchamaydigan insondir. Zero, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek : «Agar rahbar oddiy, samimiy bo’lib, «yerda» yurib, xalqning og’irini yengil qilsa, uning hurmati oshadi. Faqat stolda o’tirib, mashinada yurish bilan obro’ oshib qolmaydi. Hokim halovatga intilmasligi kerak , o’zini ishga bag’ishlashi kerak». Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu fikrlari asarning dolzarbligini oshiradi.
Super hayot
Robin Sharmaning “Super hayot” nomli kitobi ong, tana va tafakkurni takomillashtirish uchun 30 kunlik dasturni o‘z ichiga oladi hamda super hayotning siz bilmagan 200 ta siri ham shu kitobda mujassam. Aziz kitobxon, qarshingizda turgan kitob g‘oliblar uchun dasturdir. Bu dastur bilan qiziqayotganingiz va kitobni varroqlayotganingizning o‘zi sizning ko‘pchilikdan ajralib turishingizni isbot qiladi. Shu bilan birga kamolotga erishish yo‘lida o‘zingizning ong, tana fe’ l-atvoringiz ustidan g‘olib-hokim bo‘lishga qat?iy qaror borligini ko‘rsatadi. Ushbu kitobni o‘qib o‘z-o‘zingizni qayta kashf qilishingiz uchun chaqiriqni labbay deya qarshi olish va shaxsiy imkoniyatlaringiz chegarasiz ekanligini isbot qilishingiz mumkin.
MUQADDAS KITOBGA KIRISH
Muqaddas Kitob jami 66 ta muqaddas bitikdan iborat bo‘lib, bu bitiklar “kitoblar” deb yuritiladi. Shu sababdan mazkur Muqaddas Kitob ko‘p tillarda “Bibliya” deb nomlanadi. Bu nom yunoncha bo‘lib, “o‘rama qog‘ozlar”, ya’ni “kitoblar” ma’nosini ifodalaydi. Ushbu 66 ta kitob taxminan 1500 yil mobaynida 40 nafar muallif tomonidan yozilgan. Mazkur kitoblar turli adabiy janrlardan, chunonchi, tarixiy voqea, nasabnoma, she’r, hamdu sano, marsiya, bashorat, tanbehu nasihat, hikmatlar va maktublardan iborat.
KITOBLARNING NOMLARI
Muqaddas Kitob tarkibidagi ayrim kitoblar o‘sha kitobni yozgan muallifning ismi bilan yoki uning aksariyat qismini yozgan odamning nomi bilan atalgan. Birinchisiga “Xabaqquq payg‘ambarning kitobi”, ikkinchisiga “Sulaymon payg‘ambarning hikmatlari” misol bo‘la oladi.
Ba’zi kitoblar bosh qahramonning ismi bilan nomlangan. Misol uchun, “Rut kitobi” va “Ayub payg‘ambar kitobi”.
Yangi Ahd tarkibidagi aksariyat kitoblar aslida maktublar bo‘lib, ma’lum bir kishiga yoki bir guruh odamlarga yozilgan. Bunday hollarda maktub muallifning nomi bilan yoki maktub yo‘llangan guruhning yoxud kishining nomi bilan ataladi. Masalan, “Yoqubning maktubi”, “Pavlusning Rimliklarga maktubi”, “Pavlusning Filimo‘nga maktubi”.
Muqaddas Kitobdagi 66 kitobdan ba’zilari bu qoidalardan mustasno tarzda nomlangan. Ularning nomlanishi sabablari o‘sha kitoblarning kirish qismlarida tushuntirilgan (misol uchun, Chiqish kitobi).
Ba’zi kitoblar bir xil nomlangan bo‘lib, ular faqat raqamlariga ko‘ra farq qiladi.
Raqam kitob nomining qisqartirilgan variantidan oldin qo‘yiladi. Masalan, “4 Shohlar” qadimgi Isroilda hukmronlik qilgan shohlar haqidagi to‘rtinchi kitobni, “1 Yuhanno” havoriy Yuhanno yozgan birinchi maktubni bildiradi.
KITOBLARNING JOYLASHISH TARTIBI
Muqaddas Kitob tarkibidagi 66 ta kitob xronologik tarzda joylashmagan. Bu kitoblarni tartibga solishning bir nechta an’anasi mavjud. O‘zbekcha tarjima mazkur mintaqada qo‘llanilgan tartibga rioya qilgan.
Iso Masih yashagan davrdan oldin yozilgan kitoblar “Eski Ahd” deb, U yashagandan keyin yozilgan kitoblar “Yangi Ahd” deb ajratiladi. Eski Ahdning asosiy mavzusi Xudoning Isroil xalqi bilan bo‘lgan munosabatidir. Bu munosabat Xudoning Muso orqali Isroil xalqi bilan tuzgan ahdiga asoslangan. Yangi Ahdning asosiy mavzusi Iso O‘zini qurbon qilgani va buning natijasida dunyoni Xudo bilan yarashtirganidir. Endi har bir inson, millatidan qat’iy nazar, Iso Masihga ishonsa va gunohlaridan tavba qilsa, uning gunohlari kechiriladi, bu inson Xudoning xalqiga tegishli bo‘ladi. Xudo O‘z xalqi bilan Iso Masih orqali ulug‘roq va a’loroq va’dalarga asoslangan yangi ahd tuzdi. Shu sababga ko‘ra, Muqaddas Kitob ikki qismga bo‘linib, “Eski Ahd” va “Yangi Ahd” deb ataladi.
ESKI AHD KITOBLARINING QISQACHA TAVSIFI
Eski Ahd 39 ta kitobdan iborat bo‘lib, bu kitoblar miloddan oldingi o‘n beshinchi va
beshinchi asrlar oralig‘ida yozilgan. Bu kitoblarning qariyb hammasi qadimgi ibroniy tilida yozilgan. Faqatgina Ezra va Doniyor kitoblaridagi ayrim parchalar oramiy tilida yozilgan, xolos.
Tavrot
Eski Ahdning dastlabki beshta kitobi (Ibtido kitobidan Qonunlar kitobigacha) Muso payg‘ambar tomonidan yozilgan. Bu majmua o‘zbek tilida “Tavrot” deb ataladi. Ibtido kitobi Xudo olamni va ilk odamlarni — Odam Ato bilan Momo Havoni yaratgani haqidagi voqealar bilan boshlanadi. So‘ng insoniyat gunoh qilgani va Nuh payg‘ambar davrida Xudo butun yer yuziga to‘fon yuborib, odamzodga jazo bergani haqida bayon qilinadi. Kitob davomida hikoya qilinishicha, Xudo Ibrohim payg‘ambarni da’vat qiladi, uni Kan’on yurtiga boshlab boradi. Ibrohim befarzand bo‘lishiga qaramay, Xudo uni buyuk xalqning otasi qilishga va’da berib, butun yer yuzidagi xalqlar u orqali baraka topishini aytadi. Xudo O‘z va’dasini bajargani Ibrohimning o‘g‘li Is’hoq, nabirasi Yoqub va chevarasi Yusuf haqidagi hikoyalardan ko‘rishimiz mumkin. Xudo Yusuf orqali Yoqubni va uning xonadonini Kan’on yurtidagi qahatchilikdan asrab, Misrga olib boradi. U yerda Ibrohimning avlodi nihoyatda ko‘payib, Isroil xalqi degan nom bilan taniladi.
Isroil xalqi Misrda 400 yil qolib ketadi.
Tavrotning ikkinchi kitobi “Chiqish” deb nomlangan bo‘lib, Yoqub naslining o‘n ikki qabilasi, ya’ni Isroil xalqi Misrda qullik zulmidan azob chekayotgani haqidagi hikoya bilan boshlanadi. Xudo Muso payg‘ambar orqali Isroil xalqini mo‘jizalar orqali ozod qilib, Misrdan olib chiqadi. Bu voqea taxminan miloddan oldingi 1440 yilda yuz bergan edi. Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin sahroda qirq yil davomida boshidan kechirgan voqealar Tavrotning qolgan uchta kitobida — “Levilar”, “Sahroda” va “Qonunlar”da hikoya qilingan. O‘sha davrda Xudo Muso payg‘ambar orqali Isroil xalqi bilan ahd tuzadi. O‘sha ahdda Xudoning amrlari va qonunlari batafsil bayon qilingan. Bu amrlarga va qonunlarga rioya qilgan insonlarga Xudo: “Men sizlarni O‘zimning xalqim qilaman, sizlarning Xudoyingiz bo‘laman”, deb alohida va’da bergan. Ammo bu amrlarni va qonunlarni buzgan odamlarni Xudo jazolagan. Xudoning O‘z xalqi Isroil bilan bo‘lgan munosabati mana shu ahdga asoslangani bois, Eski Ahdda bayon qilingan aksariyat voqealar va Isroil xalqining tarixi shu munosabatlar haqida hikoya qiladi.
Isroil xalqi tarixi
Muqaddas Kitob tarkibida Tavrot kitoblaridan keyin o‘rin olgan 12 ta kitob (Yoshua kitobidan Ester kitobigacha) Isroil xalqi tarixining taxminan 1000 yillik davrini qamrab oladi. Bu davrda Isroil xalqi Kan’on yurtini zabt etib, o‘sha yerlarga o‘rnashadi.
Taxminan 350 yil davomida Isroil xalqining o‘n ikki qabilasini Xudo tomonidan tayinlangan hakamlar boshqaradi. Hakamlar davridan keyin Isroil xalqining o‘n ikki qabilasi Isroil shohligini barpo qilib, Shoulni shoh qilib taxtga o‘tirg‘izadi. Dovud Isroilning ikkinchi shohi bo‘ladi. Dovud vafot etgandan keyin uning o‘g‘li Sulaymon taxtga chiqib, Quddusda Xudoga atab Ma’bad quradi. Sulaymonning o‘g‘li Raxabom hukmronligi davrida Isroil shohligi ikkiga bo‘linib, shimolda Isroil shohligi va janubda Yahudo shohligi paydo bo‘ladi. Ikkala shohlikning aholisi va hukmdorlari oldiga Xudo O‘z payg‘ambarlarini yuboradi. Ular aholini, butlarga sig‘inmanglar, Xudoga yuz buringlar, Uning amrlarini bajaringlar, deb undaydi. Ammo xalq payg‘ambarlarning
gaplariga quloq solmaydi. Oqibatda Xudo ikkala shohlik aholisini itoatsizligi uchun jazolab, dushmanlar qo‘liga topshiradi. Dushmanlar Isroil va Yahudo xalqlarini asirlikka olib ketadi. Oradan ancha yillar o‘tgandan keyin, Yahudo shohligidan surgun qilingan ayrim odamlar Quddusga qaytib kelib, Ma’badni va shahar devorini qayta quradilar.
Xalqning aksariyat qismi esa surgunda yashab qolaveradi. Ulardan ba’zilari o‘zlari surgun bo‘lgan davlatlarda yuqori martabalarni egallaydilar.
Donishmandlik kitoblari
Navbatdagi beshta kitob (Ayub kitobidan “Sulaymon payg‘ambarning go‘zal qo‘shig‘i” kitobigacha) “donishmandlik kitoblari” deb ataladi. Ayub kitobi zamirida barcha zamonlarda dolzarb bo‘lgan quyidagicha savol yotadi: “Nima uchun Xudo solih kishilarning bu hayotda azob tortishlariga yo‘l qo‘yadi?” Zabur kitobi sanolardan tashkil topgan bo‘lib, dastlab bu she’rlar kuyga solingan va Xudoga hamdu sano, madhiya qo‘shiqlari tarzida musiqa asboblari jo‘rligida ijro etilgan. Hikmatlar kitobi maqol, matallar shaklidagi axloqiy va diniy ta’limotlardan iborat. Voiz kitobi inson hayotining maqsadi va mohiyati haqida chuqur o‘ylagan donishmand Voizning fikrlaridan iborat. “Sulaymon payg‘ambarning go‘zal qo‘shig‘i” kitobi sevgi haqidagi she’rlar to‘plamidir.
Payg‘ambarlar
Eski Ahdning so‘nggi 17 ta kitobi (Ishayo kitobidan Malaki kitobigacha) asosan payg‘ambarlarning xabarlari va bashoratlaridan tashkil topgan. Bu payg‘ambarlar miloddan oldingi 850-400 yillar oralig‘ida faoliyat ko‘rsatganlar. Bu davrlarda Isroil va Yahudo shohliklari alohida–alohida mustaqil davlat bo‘lgan, ikkala shohlik aholisi surgun qilingan va Yahudo xalqidan ba’zilari ona yurtiga qaytib kelgan edi.
Payg‘ambarlar xalqni gunohlari uchun tavba qilishga, butlarga sajda qilmaslikka, Xudoga yuz burishga, Uning amrlarini bajarishga, solih hayot kechirishga undaganlar. Payg‘ambarlar kelajak haqida ko‘p bashoratlar qilganlar. Ko‘pincha bu bashoratlarda ramziy obrazlardan foydalanilgan va ular she’riy uslubda yozilgan. Mazkur payg‘ambarlar orasida o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish bo‘lgan Doniyor ham bor.
Ishayo, Yeremiyo, Hizqiyol va Doniyor payg‘ambarlarning bitiklari “Katta payg‘ambarlar” degan nom bilan yuritiladi, chunki ularning bitiklari boshqa payg‘ambarlarnikiga qaraganda ancha katta. Qolgan o‘n ikkita payg‘ambarning bitiklari qisqa bo‘lgani bois, ular “Kichik payg‘ambarlar” degan nom bilan yuritiladi. Bu bitiklar kotiblar tomonidan bir o‘rama qog‘ozga ko‘chirilgan.
Payg‘ambarlar kitoblari xronologik tarzda joylashmagan. Qaysi payg‘ambar qachon faoliyat ko‘rsatgani haqida ma’lumot olish uchun mazkur nashrga ilova qilingan “Jadvallar” bo‘limida berilgan “Eski Ahd xronologiyasi jadvali” qismiga qarang.
YANGI AHD KITOBLARINING QISQACHA TAVSIFI
Yangi Ahd 27 ta kitobdan tashkil topgan bo‘lib, bu kitoblar Iso Masih osmonga ko‘tarilib ketgandan 1 keyin, milodiy birinchi asrda yozilgan. Bu kitoblar to‘plami o‘zbek tilida “Injil” deb ham yuritiladi. Yangi Ahdda bayon qilingan barcha voqealar Rim imperiyasi hududida sodir bo‘lgan edi.
1 taxminan milodiy 30 yil
Yangi Ahd kitoblari qadimiy yunon tilida yozilgan. Matnda yunon harflari bilan yozilgan ba’zi oramiycha so‘zlar va iboralar ham bor, chunki Yaqin Sharq mintaqasida oramiy tili keng qo‘llangan edi. Yangi Ahddagi ko‘plab dialoglar aslida oramiy tilida bo‘lgan edi.
Xushxabarlar
Yangi Ahdning dastlabki to‘rtta kitobi (Matto kitobidan Yuhanno kitobigacha) Iso Masihning tug‘ilishi, hayoti, ta’limoti, o‘limi va tirilishi haqidagi voqealardan iborat. Iso Masih O‘zi keltirgan xabarni “Xushxabar” deb ataydi, shu boisdan ham dastlabki to‘rtta kitob “Xushxabarlar” degan nom bilan yuritilgan. Bu Xushxabarlarni Iso Masihni shaxsan tanigan odamlar yoki ularning guvohligini bevosita eshitgan boshqa mualliflar yozganlar. To‘rtala kitob uslub jihatdan va ayrim ma’lumotlarga ko‘ra bir–biridan farq qiladi, ayniqsa, Yuhanno bayon etgan Xushxabar boshqa Xushxabarlardan alohida ajralib turadi. Bu farqlar muallif kitobni qay maqsadda va kimga atab yozganiga bog‘liq. Bu kitoblar yaxlit holda Iso Masih haqida to‘liqroq ma’lumot berib, Uning hayotini bitta kitobda yozilgandan ko‘ra ko‘proq yoritadi.
Ilk masihiylar jamoatining tarixi
Navbatdagi kitob “Havoriylarning faoliyati” deb nomlangan bo‘lib, unda Iso Masih osmonga ko‘tarilib ketgandan keyin, dastlabki yillarda shogirdlarning olib borgan faoliyati tasvirlanadi. Isoning bu shogirdlari va ilk jamoat yetakchilaridan ba’zilari “havoriy” 2 degan nom bilan tanilganlar. Kitobda Iso Masih haqidagi Xushxabar Quddusdan butun Rim imperiyasiga yoyilgani haqida hikoya qilinadi. Shu mavzu bilan bog‘liq holda kitobning aksariyat qismida havoriy Pavlusning safarlari bayon qilinadi. Kitobda bayon qilinishicha, Pavlus Rim imperiyasiga qarashli ko‘p shaharlarga borib, yahudiy va g‘ayriyahudiylarga Masih haqida va’z qilgan va hatto imperiya poytaxti Rimga ham yetib borib, u yerda ko‘pchilikka Xushxabar aytgan. Pavlus Rimdagi uy qamog‘ida ekani haqidagi ma’lumot kitobga yakun yasaydi.
Maktublar
Havoriylar kitobidan keyin 21 ta maktub keladi. Bu maktublarni Iso Masihning ba’zi havoriylari Uning izdoshlariga yozib, imonda o‘sish, solih hayot kechirish borasida nasihatlar berganlar. Mazkur maktublarning aksariyat qismi turli joylarda istiqomat qiluvchi imonlilar guruhlariga yozilgan, faqat to‘rtta maktub muayyan shaxslarga yo‘llangan.
Odatda ushbu maktublar ikki guruhga bo‘lingan: 1) Pavlus yozgan maktublar, 2) Boshqa havoriylar yozgan maktublar. Mazkur mintaqada ko‘p ishlatiladigan boshqa tarjimalardagi kabi, o‘zbekcha tarjimada ham boshqa havoriylar yozgan maktublar Pavlusning maktublaridan oldin kelgan. Ibroniylarga maktub Pavlusning maktublari qatorida joylashtirilgan, ammo bu maktubning muallifi aniq emas va bu haqda olimlar hanuzgacha munozara qilmoqdalar.
Maktublar xronologik tartibda joylashmagan. Yangi Ahddagi xronologik tartib haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun mazkur nashrga ilova qilingan “Jadvallar” bo‘limida berilgan “Yangi Ahd xronologiyasi jadvali” qismiga qarang.
Apokaliptik 3 janrdagi kitob
Yangi Ahd Vahiy kitobi bilan yakunlanadi. Bu kitob Yangi Ahd tarkibidagi barcha kitoblardan keyin yozilgan, deb taxmin qilinadi. Ushbu kitob majoziy obrazlarga nihoyatda boy bo‘lib, unda Xudoning kelajakda dushmanlar ustidan g‘alaba qozonishi va Xudoning abadiy shohligi barqaror bo‘lishi haqida hikoya qilinadi.
MUQADDAS KITOB — YAXLIT BIR ASAR
Shuni tushunib olish muhimki, Yangi Ahdda Xudo ayon qilgan haqiqat Eski Ahddagi haqiqatni bekor qilmaydi. Aksincha, Eski Ahd haqiqati Yangi Ahd haqiqati uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Yangi Ahd, o‘z navbatida, Eski Ahddagi g‘oyalarni to‘ldiradi. Iso Masih Eski Ahdni mukammal bilgan edi, shu bois odamlarga ta’lim berganda Eski Ahddan ko‘plab iqtiboslar keltirgan. Iso shunday degan: “Meni, Tavrot yoki payg‘ambarlarning bitiklarini bekor qilgani kelgan, deb o‘ylamanglar. Men bekor qilgani emas, balki bajo keltirgani keldim” (Matto 5:17). Yangi Ahd mualliflari ham o‘z kitoblarida Eski Ahddan ko‘p foydalanib, ba’zan undan iqtibos keltirganlar, ba’zan esa undagi gaplarni o‘z so‘zlari bilan yozganlar.
Shunisi diqqatga sazovorki, Muqaddas Kitob tarkibidagi barcha bitiklar turli janrlarda, har xil vaziyatda va turli davrlarda yashagan mualliflar tomonidan yozilganiga qaramay, hammasi birgalikda ajoyib uyg‘unlikni namoyon qiladi. Xudoning kimligiyu Uning qanday ish yuritishi, odamzodning fe’l–atvori, xatti–harakati haqidagi g‘oyalar, markaziy mavzu bo‘lgan Xudo bilan insoniyatning yarashuvi haqidagi xabar Muqaddas Kitobda izchil yoritilgan. Yarashuv haqidagi bu xabar, asosan, hikoyalar orqali, ya’ni odamlar bilan Yaratuvchi Xudo o‘rtasidagi munosabatga oid voqealar orqali yetkaziladi. Muqaddas Kitob mualliflari voqealarni samimiy ravishda, odamlarning gunohlarini yashirmagan holda ro‘y–rost bayon qiladilar. Har bir inson haqidagi hikoya Xudo haqidagi katta hikoyaning bir qismini tashkil etadi. Muqaddas Kitobda bayon qilingan voqealardan shuni anglashimiz mumkinki, dunyo yaratilgandan beri, Xudo har bir odamni O‘ziga chorlab kelmoqda.
Asrlar davomida imonli odamlar ushbu kitoblarni Xudo tomonidan yuborilgan muqaddas bitiklar deb bilganlar. Darhaqiqat, Muqaddas Kitobda bu borada shunday yozilgan: “Muqaddas bitiklarning hammasi ilohiy ilhom bilan yozilgan” (2 Timo‘tiy 3:16), “Muqaddas bitiklardagi bashoratlarning hech biri payg‘ambarlarning shaxsiy talqini emas. Hech bir haqiqiy payg‘ambar o‘zining insoniy xohishi bilan bashorat qilgan emas. Bu payg‘ambarlar Muqaddas Ruh tomonidan boshqarilib, Xudoning so‘zlarini gapirganlar” (2 Butrus 1:20-21). Muqaddas Kitobni o‘qigan insonlar haqiqatni qidirganlarida, qaysi zamonda yashashlaridan qat’iy nazar, Muqaddas bitiklarning qudrati va hokimiyatidan voqif bo‘lganlar. Zero, Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: “Mening so‘zim olovday kuydiradi. Qoyani yoradigan bolg‘aday zarba beradi” (Yeremiyo 23:29), “Xudoning kalomi jonli va ta’sirli, har qanday dudama qilichdan o‘tkirroqdir. U jon bilan ruhni, bo‘g‘inlar bilan ilikni ajratgudek suqilib kiradi. Xudoning kalomi xayolu yurakning niyatlarini fosh etadi” (Ibroniylar 4:12).
2 To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi HAVORIY so‘ziga qarang.
3 ya’ni oxirzamonga oid bashoratlar va vahiylar
Maqsad haqida kitob
Hayotdagi maqsad inson qadr-qimmati va baxtning asosidir.
K. D. USHINSKIY
Insonning barcha istaklarini qondiringu, lekin undan yashash maqsadini olib qo‘yingchi, qarabsizki, u naqadar baxtsiz va ojiz kimsaga aylanib qoladi.
K. D. USHINSKIY
Inson musibatlarini tobora kamaytirib, inson rohat-farog‘atini tobora oshirish. Dono va sofdil odamlarning butun kuch-g‘ayrati doimo ongli yoki ongsiz ravishda, bevosita yoki bilvosita mana shu maqsadga qaratilgan edi.
D. I. PISAREV
Hayotiy kurash belgilangan maqsad sari ongli intilishga aylangan paytdan boshlab kishi o‘zini baxtli hisoblashi mumkin.
D. I. PISAREV
Maqsad baxtga erishishdan iborat bo‘lmog‘i lozim, aks holda, gulxan yetarli darajada gurillab yonmaydi, harakatlantiruvchi kuch yetarli darajada qudratli bo‘lmaydi — binobarin, muvaffaqiyatga ham to‘la erishilmaydi.
T. DRAYZER
Hayotning ma’nosi orzu-niyatlar sari intilishning go‘zalligi va qudratidadir, shuning uchun tiriklikning har daqiqasi o‘zining yuksak maqsadiga ega bo‘lishi kerak.
M. GORKIY
Mening nazarimda, o‘z oldiga maqsad qo‘ygan va shu maqsadi uchun bor kuchini fido etgan kishigina baxtli bo‘lmog‘i mumkin.
M. I. KALININ
Shon-shavkat yuksak maqsad sari intilganning mulkidir.
FIRDAVSIY
Aytish mumkinki, har bir ayrim kishida va umuman hammada ham ma’lum maqsad bo‘ladi, shu maqsadga intila turib, ular bir yo‘llarni e’tirof etadilar, ba’zilarini esa rad qiladilar.
ARASTU
Hayot mudom harakatda bo‘lmog‘i uchun xohish o‘lmasligi kerak.
S.JONSON
Har kimning ko‘z o‘ngida, harqalay, o‘ziga buyuk ko‘rinuvchi va agar uni eng chuqur e’tiqod, chinakam qalb ovozi buyuk deb e’tirof etsa, chindan ham buyuk bo‘lgan muayyan maqsadi bor.
K.MARKS
Qalbni orzudan mahrum qilish yerni havodan ayrib qo‘yish bilan barobar.
E. BULVER-LITTON
Insonning mohiyati uning xohishlarida aks etadi.
B. SPINOZA
Istak ado bo‘lgan yerda odam ham ado bo‘ladi.
L. FEYERBAX
Odamlarni o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga qarab baholash kerak.
N. N. MIKLUXO-MAKLAY
Odamning o‘z jonini tikishga ham tayyor turgan biron maqsadi bo‘lmasa yomon.
L. N. TOLSTOY
Bir jihatdan, mohiyat-e’tibori bilan o‘z oldiga mazmundor maqsad qo‘yib, ikkinchi bir tomondan, shu maqsadga qattiq amal qilgan odam chinakam xarakterli insondir, chunki u shu maqsadlardan voz kechsa, uning o‘ziga xosligi yo‘qolgan bo‘lur edi.
G. GEGEL
Uzoqni ko‘radigan odam o‘zining har bir istagi uchun alohida o‘rin topa bilishi va keyin ularni navbatma-navbat amalga oshirishi kerak. Ochko‘zligimiz ko‘pincha bu tartibni buzib yuboradi va bir vaqtning o‘zida bizni shunchalar ko‘p maqsadlar ketidan chopishga majbur etadiki, natijada mayda-chuydalarga o‘ralashib, eng muhim narsani esa esdan chiqarib qo‘yamiz.
F. LAROSHFUKO
Sira shoshilmaydigan odam ham mabodo u o‘z maqsadidan chalg‘ib ketmagan bo‘lsa, maqsadsiz tentirab yurgan odamga qaraganda jadalroq yuradi.
G. LESSING
To‘g‘ri yo‘lda sudralib borayotgan odam ham yo‘ldan adashgan shoshqaloqdan o‘zib ketadi.
F. BEKON
O‘z intilishing marrasiga yetmoqchi bo‘lsang — muloyimlik bilan adashgan yo‘lingni so‘ra.
V. SHEKSPIR
Qanday maqsad bo‘lishidan qat’iy nazar, unga g‘oyat jiddiyat bilan intilish o‘sha maqsadga erishish yo‘lidagi yarim yutuqdir.
V. GUMBOLDT
Dunyoni ko‘pdan beri ummonli okean deyishadi, lekin unda kompas bilan suzgan odam baxtlidir.
N. M. KARAMZIN
Printsipsiz va irodasiz kishi kompasi va ruli yo‘q kemaga o‘xshaydi, u sal shamol o‘zgarishi bilan yo‘nalishini o‘zgartiraveradi.
S. SMAYLS
Shunday odamlar borki, ular suvga tushgan xasdek hech bir maqsadsiz dunyodan o‘tib ketadilar; ular suzishmaydi, oqim ularni olib yuradi.
SENEKA
Agar maqsadsiz bo‘lsang hech narsa qilolmaysan, maqsading katta bo‘lmasa buyuk ish qilolmaysan.
D. DIDRO
Mayda ishlarga zeb bergan odam buyuk ishlarga noqobil bo‘ladi.
F. LAROSHFUKO
Inson bor kuchini ishga solishi uchun o‘z oldiga ilhom bag‘ishlaydigan biron-bir olijanob maqsad qo‘ymog‘i lozim.
E. RENAN
Kishi hayotda o‘z oldiga muayyan bir maqsad qo‘ymog‘i lozim. O‘z kuchiga yarasha maqsad qo‘yish uchun so‘zsiz yetarli darajada aql-farosatli bo‘lish ham kerak.
N. A. OSTROVSKIY
Odamlar ichida eng bo‘lmag‘uri istagi yo‘q kishidir.
OBAY QO‘NONBOYEV
Maqsadi ulug‘lashgan sari odamning o‘zi ham ulug‘lashib boradi.
F. SHILLER
Maqsadsiz faoliyat yo‘q, manfaatsiz maqsad yo‘q, faoliyatsiz esa hayot yo‘q. Manfaatlar, maqsadlar va faoliyat manbai — ijtimoiy hayot substantsiyasidir.
V. G. BELINSKIY
Ulug‘ aql egalari o‘z oldilariga maqsad qo‘yadilar, qolgan odamlar o‘z istaklari orqasidan ergashadilar.
U. IRVING
Muayyan bir maqsadga yo‘naltirilmagan aql izsiz yo‘qoladi; hamma yerda bo‘lmoq hech yerda bo‘lmaslik degan so‘zdir.
M. MONTEN
O‘z oldingizga yaxshi maqsadlar qo‘ying. Biz biron-bir narsaga qarshi kurashibgina qolmay, balki eng avvalo biron-bir narsa uchun ham kurashishimiz lozim.
Ye. I. MARSINOVSKIY
Yuksak maqsadlar yuzaga chiqmay qolgan taqdirda ham biz uchun u amalga oshgan past maqsadlardan ko‘ra qimmatliroqdir.
I. GYOTE
Agar intilish sof ko‘ngildan chiqsa, harqalay, chalaroq qolib, aniq nishonga tegmasa ham juda katta foyda keltirishi mumkin.
I. S. TURGENEV
O‘z tabiatiga ko‘ra turlicha bo‘lgan bosqichlarni qat’iy farqlash, ularning kelib chiqish sharoitini xushyorlik bilan o‘rganish, aslo pirovard maqsadni orqaga surish emas, aslo o‘z yo‘lini sekinlatish emasdir.
V. I. LENIN
Vaziyat o‘zgaruvchan bo‘lsa ham printsiplar hech qachon o‘zgarmaydi.
O. BALZAK
Maqsadga yaqinlashgan sari mashaqqat ortib boradi. Lekin har bir kishi yulduzlarga o‘xshab sokinlik bilan, shoshmasdan, biroq belgilangan maqsad tomon uzluksiz intilgan holda o‘z yo‘llarini bosib o‘tishlari kerak.
I. GYOTE
Kim buyuk maqsadga intilsa, o‘zini o‘ylamasligi zarur.
I. S. TURGENEV
Maqsadga olib boradigan yo‘lning uzoq-yaqinligi ahamiyatsiz.
Ye. I. MARSINOVSKIY
Kam kuch sarflab o‘z maqsadiga yetishishlik eng zo‘r mukammallik bo‘lub tuyuladi menga.
Sh. MONTESKYE
Vositalar xarakteri xuddi maqsad xarakteriga o‘xshagan bo‘lishi kerakki, shundagina vositalar maqsadga olib borishi mumkin. Noo‘rin vositalar faqat noo‘rin maqsadlarga yaraydi.
N. G. CHERNISHEVSKIY
Olijanob maqsad shu maqsad yo‘lida kishi faoliyatini yanada xushfazilat qiladi.
K. LIBKNEXT
Eng muqaddas ish ham uni ro‘yobga chiqarish yo‘lida jinoyatdan tap tortilmasa, tahqir va kufurlikka aylanadi.
F. LAMENNE
Harakat vositalari uning natijalari bilan qo‘shilib ketadi.
O. BALZAK
. Nohalol vositalarni talab qiladigan maqsad halol maqsad emas.
K. MARKS
Nomunosib vositalarni oqlovchi maqsad hech qachon yuksak maqsad bo‘lolmaydi.
A. E. EYNSHTEYN
Vosita maqsadning jon-taniga singib ketgan taqdirdagina maqsadga erishish mumkin.
F. LASSAL
Ulug‘ g‘oya ham yaramas muhitda buzilib, qator bema’niliklarga aylanib ketadi.
V.O. KLUCHEVSKIY
Odamlar vositani maqsad deb bilib, o‘zlarini ham, boshqalarni ham yanglishtiradilar, natijada ularning butun urinishlaridan hech narsa chiqmaydi, chiqqanda ham o‘zlari intilgan narsaning aks natijasi chiqadi.
I. GYOTE
Mo‘ljaldan o‘tib ketgan odam ham mo‘ljalga tegolmagan odamdek dog‘da qoladi.
M.MONTEN
Me’yordan oshirib yuborish — maqsadga yetish emas.
O. BALZAK
Faqat maqsadga yetolmagannigina emas, balki besh qo‘lni og‘izga tiqqanni ham maqsadsiz deya hisoblash kerak.
V. O. KLUCHEVSKIY
Hayotimiz — sayohat, g‘oya esa — yo‘lchi yulduz. Yo‘lchi yulduz bo‘lmasa hammasi to‘xtaydi-qoladi. Maqsad boy berilsa, kuch go‘yo mutlaqo bo‘lmagandek.
V. GYUGO
Inson qaysi manzilga ketayotganini bilmasa, uning yelkaniga hech bir shamol ham duch kelmaydi.
SENEKA