Press "Enter" to skip to content

Adabiyot darsliklari pishiq va puxta boʻlsa

“Biling, ushbu zamon g‘amnokidirman,
Kuyib o‘rtanmish elning xokidurman.
Avazkim, nazm elin cholokidurman,
Boshin olmoqqa xonning pokidurman”.

Adabiyot darsliklari haqida maqola

Adabiyot — fikr, tuyg’ularimizdagi to’lqinlarni so’zlar, gaplar yordami bilan tasvir qilib, boshqalarda ham xuddi shu to’lqinlarni yaratmoqdir. Bu ta’rif adabiyotning to’g’ri ta’rifidir. Shu bilan yozilgan asarlarga adabiy asar deyiladir.

Adabiyot so’zini tuzukkina anglatmoq uchun boshlab san’at ham go’zal san’atlar degan so’zni ta’rif qilib o’tish lozimdir.
Go’zal san’atlarda tovar (material) tovush ohang bo’lsa, go’zal san’at musiqiy bo’ladir; bo’yovlar, chiziqlar bo’lsa, rasm bo’ladir; tosh yo boshqa turli ma’dan esa haykalchilik bo’ladir; tosh, yog’och, kirpich, ganch turnoq (tuproq, loy) bo’lsa, me’morlik bo’ladir; tan, mug’a (qo’l, qosh, ko’z) harakatlari esa o’yin (tans) bo’ladir; gap, so’z esa adabiyot bo’ladir.
Go’zal sao’atlarning mana shu olti turlari bir-biriga yaqinlashmoq e’tibori bilan ikki turkumga ayriladir. Adabiyot, musiqa, o’yin (tans) — bir turkum; rasm, haykalchilik, me’morlik bir turkum bo’ladir.

Adabiyot har bir millatning hisli ko’ngil tarixining eng qorong’u xonalarida maishat (tirikchilik) har xil tusda va rangda bitishgan, fayzli til birga taqdir etula olmaydirg’on bir guldur. Ushbu yashadigimiz muhit doirasinda oning to’lquni odamning har xil maishatiga qarab o’zgaradur.
. Adabiyot chin ma’nosi ila o’lgan, so’ngan, qoralangan, o’chgan, majruh, yarador ko’ngilga ruh bermak uchun faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qarab singishgan qora balchiqlarni tozalaydirg’on, o’tkir yurak kirlarini yuvadurg’on toza ma’rifat suvi, xiralagan oynalarimizni yorug’ va ravshan qiladirg’on buloq suvi bo’lg’onlig’idan bizga g’oyat kerakdir.

Adabiyot — fikr ommasi, qalb hislari bilan doimo sayqallanadigan, to’xtashni bilmaydigan, borgan sari hamisha nurlanishi, chaqnashi oshib boradigan bir soha.
. Adabiyot turmushni aks ettiradi, turmushdagi voqealar, hodisalar, fikr va tuyg’ularni umumiylashtirib, obrazlar bilan turmushni, dunyoni anglashga tirishadi.
. Adabiyotimizning tasvir obyekti — xalqimiz turmushi. U o’z taraqqiyotida xalq hayotini, kurashini, orzu-armonlarini, his-tuyg’ularini, fikr-xayollarini yangi jamiyat qurish yo’lidagi faoliyatini badiiy aks ettirib rivojlandi, benihoya yutuqlarni qo’lga kiritdi.

Adabiy asarlar turmushni jonli ko’rsatib, odamlarning fikr va tuyg’ulariga kuchli ta’sir qiladi. Badiiy chuqur, fikr-his jihatidan to’la adabiy asarlar o’quvchini uzoq vaqt bog’lab, asir qilib oladi. Adabiyot turmushni abstrakt (mavhum) tushuntir-may, konkret (aniq) badiiy umumlashtirib, jonli anglatadi.
Adabiy asarlar ila ma’lum bir yo’nalishda ommani tarbiya qilish, madaniy saviyasini, zavqini ko’rsatish mumkin. Davrni to’lqinlantirgan ulug’ ideyalar, vazifalar, millionlarning hayotida ko’rilgan o’zgarishlar san’at asarlarida tajassumlanishi kerak.
Adabiyot xalqning jon-tani bo’lgan bir ishdir, shuning uchun bizning bu sohadagi har bir muvaffaqiyatimizni, may-donga chiqqan har bir qimmatli asarni xalq o’z g’alabasi, deb biladi.

Adabiyot — ko’ngil ishi, ilhom samarasi. Tuyg’usiz, ilhom-siz yozilgan asar changlanmagan gulga o’xshaydi — meva tug-maydi. Ko’ngil rozi bo’lgan asargina kitobxonning ko’ngliga yoi topadi, kitobxonning ko’nglida meva tugadi.
. Quyosh, havo, yer, suv barcha jonvor va ko’katlarga ozuqa berganidek, xalq hayoti yozuvchiga ilhom beradi. Yozuvchi qanchalik iste’dodli, uning qalam tutgan qo’Ii qan-chalik tajribali bo’lsa, xalq undan shunchalik chuqurroq minnatdor bo’ladi, uning ijodini, umuman, Adabiyotni shunchalik chuqurroq hurmat qiladi.

Abdulla QAHHOR

San’at asari chaqmoq, mushak, kamalak singari lahzani obod qiladigan umri qisqa, mag’zi puch go’zallik emas, balki adabiyotni bezaydigan, umri boqiy va mag’zi to’q go’zallikdir.
. o’qishli kitob go’zallikdir, lekin go’zallikda ham go’zallik bor. Qorong’i kechada otilgan mushak ham go’zal, quyosh-ga qarab xandon tashlab turgan gul ham go’zal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang olov va oqish izlar go’zalligi qamashtirsa ham puch go’zallik, shuning uchun bebahodir. Gulning go’zalligi esa to’q go’zallik, chunki uning bag’rida hayot bor, shuning uchun abadiy go’zallikdir. G’uncha guldan ham go’zalroq, chunki uning bag’rida ikki hayot — o’z hayoti va yana gul hayoti bor.

Abdulla QAHHOR

Lirika — inson qalbini, zamondoshimiz qalbini kashf etish, uning orzu va intilishlarini, muqarrar dramalarini idrok etisb demakdir. Kishilarning ruhiy olami nechog’lik chuqur payqab va ilg’ab olinsa, she’riyat shu qadar boy va ta’sirchan bo’ladi. Lekin kashf etish fikr qilish, o’ylash demakdir. Hozirgi zamon she’riyatining mohiyati, rivojlanishining asosiy yo’nalishi ham ana shundadir.
. Mening hayotimda o’ta baxtli kunlar ham, musibatli oniar ham ko’p bo’ldi. Biroq hatto og’ir, mushkul daqiqalarda ham o’zimning dard-u hasratlarimni she’rga tushirarkanman, meni muhabbatimning g’olib qudrati hech qachon tark etma-di. Mening shaxsiy hayotim — xalq hayotining bir zarrasi. Men xuddi shunda ham grajdanlikning ifodasini ko’raman.

Qatrada quyosh aks etganidek, lirikaning eng kichik janri-da ham katta hayotiy mazmun va olijanob tuyg’ular ifoda etiladi. Shuning uchun ham u qiyin, shuning uchun ham u san’at asari, deb yuksak qadrlanadi. Ammo ba’zi bir shoirlarimizda kichik janrlarga nisbatan o’ta mas’uliyatsizlik bilan yondoshilayotganligi sezilib qolmoqda. o’zbek poeziyasining quyoshi deb ataganimiz Alisher Navoiyning ham umr bo’yi yozgan ruboiylari barmoq bilan sanarlidir. Biroq bu ruboiylaming har birida bir jahon mazmun bor.

She’r — tuyg’ular, hayotdan olingan taassurot va tafakkurlar mevasi.
. Tuyg’ular! She’r — tuyg’ular farzandi. Chuqur fikrlar, yoniq, samimiy hislar farzandi bo’ladi she’r.

Fransuz faylasufi Gelvetsiy: «She’r yo yuksak cho’qqilarda, yoki g’orlarda yaratiladi», deydi. Darhaqiqat, she’r inson ruhining birmuncha g’ayritabiiy, ayricha holatidan tug’iladiki, zukko faylasuf buni obrazli qilib ifoda etgan. o’sha cheksiz ufqlar, sirli miltiragan sonsiz yulduzlar kimda ham his-tuyg’ular uyg’otmaydi, deysiz! Albatta, hammada ham. Faqat ijod dardiga chalingan odamda bu tuyg’u cheksiz armonga, go’zal iztirobga, qondirilishi nihoyatda zarur bo’lgan ehtiyojga aylanadi.

Abdulla ORIPOV

She’r shoir qalbida tug’ilgan hayotiy tuyg’ularni ifoda qila-di va shu bilan o’quvchi yuragini rom qiladi. Shoir o’zi yonmasa, boshqalarni yondirolmaydi, qalb hislarida otash bo’lmasa, boshqa qalblarga harorat berolmaydi. Bu sehrli otashsiz har qanday she’riy jimjimalardan, badiiy vositalardan, mahoratdan naf yo’q.

Erkin VOHIDOV

Inson yuragi ham bir olam. Uning ham bahor va kuzlari, tong va tunlari, orom va zilzilalari bor. She’riyat yurak sadosi bo’lganidan ana shu murakkab tuyg’ular olamini ifoda qiladi. Shuning uchun ham bir she’rni o’qib quvonsak, ko’ksimiz g’urur va iftixor tuyg’ulariga to’lsa, ikkinchi bir she’rni o’qib, hayolga tushamiz, inson dardlariga oshno bo’lamiz.
Shoirlikxo’sha tuyg’ulaming tabiiyligi va haqqoniyligiga she’rxonni ishontira olishdir.
Ishontira olish — iste’dodning ibtidosi.

Erkin VOHIDOV

Aziz va yosh do’stlarim. She’riyat quyoshi, musiqasining sehrli kuylari, bahor shabadasi kabi, sizning qalbingizga eng go’zal inson husnini beradi, eng nafis zavq bag’ishlaydi. She’r va muzika dunyosida xulqingiz nozik go’zaUik, chuqur hissiyot kashf etadi.

Adabiyot darsliklari pishiq va puxta boʻlsa

XX asrning boshlarida yurtimizda yangicha ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy harakat – jadidchilik vujudga keldi. Ushbu harakatning ishtirokchilari – shoir, yozuvchi, mudarris yoxud tarixchi boʻlib, ular xalqni maʼrifatli qilishga, oʻtmishdan xulosa chiqarib, kelajakka oʻzgacha nazar bilan qarashga undashgan. Buning uchun esa birinchi galda tafakkur va dunyoqarashni oʻzgartirish kerak edi. Shu bois jadidlar, avvalo, ziyo maskanlari – maktab va teatrlar ochishgan, bir necha gazeta va jurnallarni taʼsis qilishgan, maxsus darslik va oʻquv qoʻllanmalari tuzishgan.

Millatparvarlarning yirik vakillaridan biri Abdulla Avloniy haqida oʻqir ekansiz, uning dastur va darsliklari gumanistik va erkin tarbiya asosiga qurilgani, eng avvalo, dunyoviy va ilgʻor ilm-fanni bolalarga oʻrgatish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy qobiliyatini shakllantirish kabi ulkan maqsadlar qoʻyilganiga guvoh boʻlasiz.

Bugun-chi? Bugun ham millat ziyolilari taʼlim va tarbiya yoʻlida bir dam toʻxtagani yoʻq. Innovatsion oqimlar inson ongu shuurini zabt etishga ulgurgan bir pallada hech bir kishiga oson tutib boʻlmaydi. Ammo gap oʻquv kitoblari, xususan, adabiyot darsliklari haqida borar ekan, arzimas koʻringan zarraday kamchiliklardan ham koʻz yumib boʻlmaydi.

Xoʻsh, bugungi kundagi adabiyot darsliklari qay ahvolda? Ular davr talabiga javob bera oladimi?

Darsliklar yaratish masʼuliyatli va murakkab ishligini hisobga olsak, uzluksiz taʼlim tizimi uchun tayyorlangan darsliklar bir-birini takrorlamasligi, aksincha mazmunan toʻldirishi, oʻquvchi bilimini bosqichma-bosqich yuksaltirishga xizmat qilishi lozim. Hozirgi davr maktab darsliklari katta fundamental ish sifatida eʼtirofga loyiq. Lekin darsliklardagi ayrim oʻrinlar xususida mulohazalar borki, ularni aytib oʻtishni lozim topdik.

Amaldagi 5-9-sinf adabiyot darsliklarida oʻquvchilar 67 nafar oʻzbek hamda jahon adabiyoti namoyandalarining hayoti va ijodi, shuningdek, turli adabiy janrlar, badiiy tasvir vositalari haqidagi maʼlumotlarga ega boʻlishadi. Har bir mavzu oxirida keltirilgan savol va topshiriqlar oʻquvchilarni mustaqil fikrlashga undaydi.

Avvalo, adabiyot darsliklari oʻquvchilarning yosh xususiyatlari va ruhiy dunyosiga mos boʻlmogʻi kerak. Shuni inobatga oladigan boʻlsak, 5-6-sinf oʻquvchilari hali turli oʻyinlarga qiziqadigan, har xil sarguzashtlarga boy ertak va rivoyatlarni eshitishni xush koʻradigan, multfilmlarni tomosha qilib charchamaydigan yoshda boʻladi. Maqolani yozish jarayonida chet el adabiyot darsliklarini oʻrganib chiqdik. Masalan, 5-6-sinf rus bolasi A.Dyuma, J.Vern, M.Tven, E.Seton-Tompson, A.Gofman, L.Tolstoy, A.Pushkin kabi adiblarning bolalarbop sarguzasht asarlarini oʻqiydi. Oʻzimizdagi adabiyot darslik­lariga ham oʻquvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olib, ertak va afsonalar, bolalar yozuvchilari tomonidan yaratilgan sarguzasht asarlar kiritilishi maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz.

Toʻgʻri, 5-6-sinf darsliklarida shunday asarlar bor. Ammo ularning safini kengaytirish lozim. Shu maqsadda, ushbu sinflarda oʻzbek yozuvchilaridan Nosir Fozilov, Erkin Malik, Anvar Obidjon, Qambar Ota hamda jahon adabiyotidan L.Tolstoy, A.Pushkin, I.Krilov, J.Vern, Lafonten, aka-uka Grim kabi ijodkorlarning bolalarga atalgan asarlaridan namunalar berish ayni muddao boʻlardi. Yuqorida nomlari zikr etilgan ijodkorlar haqida oʻquvchilar eshitgan boʻlishi mumkin, ammo ular bu adiblarning ijodi bilan tanish emaslar.

Toʻgʻri, bu ijodkorlarning kitoblari nashr etilmoqda, balki maktab kutubxonlariga ham yetib borgan. Ammo oʻquvchilar ularning asarlari haqidagi maʼlumotlarni eng avvalo maktab darsligi orqali bilib olishlari kerak emasmi?

Adabiyot darsliklarida berilgan ijodkorlarning tarjimai holi haqidagi maʼlumotlar xususida toʻxtalib oʻtsak. Ayrim shoir-yozuvchilarning hayot yoʻli bayonida faqat maʼlumotboz­lik boʻy koʻrsatadi. Ijodkor hayoti va ijodiga oid matnlarda sanalar, joy hamda asarlar nomi koʻpligidan, nafaqat oʻquvchi, hatto oʻqituvchi ham shoshib qoladi. Masalan, 5-sinfda Maqsud Shayxzoda, 6-sinfda Turob Toʻla, 7-sinfda Mirmuhsin va Oʻlmas Umarbekov, 8-sinfda Fitrat, 9-sinfda Furqat kabi ijodkorlar hayoti haqidagi maʼlumotlar shu qadar koʻp va quruq holatda berilganki, bu oʻquvchini toliqtirishi, chalgʻitishi tabiiy.

Quyidagi iqtibosga eʼtibor bering: “…yoshlar gazetasida adabiy xodim, Oʻzbekiston Davlat radioeshittirish qoʻmitasida muharrir va suxandon, Oʻzbekiston Davlat nashriyoti (Oʻzdavnashr) muharriri, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida ssenariy boʻlimi mudiri, Respublika Kinochilar uyushmasida kotib, Madaniyat vazirligi sanʼat ishlari boshqarmasi boshligʻi, Hamza nomidagi teatr direktori, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Adabiyotni targʻib etish markazi rahbari” (6-sinf, 1-qism, 27-bet). Bu – shoir Turob Toʻlaning tarjimai holidan parcha. Oʻquvchiga ijodkorning qaysi mansabda ishlagani emas, qanday asar yozgani, uning mazmun-mohiyati ahamiyatli (aslida, bu yoshdagi bola bu lavozimlarning farqiga bormaydi ham).

Ayrim ijodkorlar haqidagi mavzular sinf­dan sinfga oʻtarkan, hech oʻzgarishsiz, qoʻshimcha va toʻldirishlarsiz koʻchiriladi. Masalan, 6-sinfda keltirilgan Muqimiy hayoti haqidagi maʼlumotni olaylik. Shoirning vafotidan keyin, uning 4-5 ta toʻplami nashr qilingani haqida aytmasak, 5-sinf darsligida berilgan maʼlumotlar shundayligicha takrorlangan. Shuningdek, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshimov kabi ijodkorlarning ham tarjimai hollari oʻzgarishsiz, yangi maʼlumotlarsiz darslikdan-darslikka koʻchib oʻtavergan.

Hazrat Alisher Navoiy – maʼnaviyatimiz quyoshi, ulugʻ mutafakkir. Ul zoti sharifning ibratlarga toʻla hayot va ijod yoʻli maktabgacha taʼlim muassasalari hamda boshlangʻich taʼlim jarayonidan yosh avlodga oʻrgatilib kelinayotgani tahsinga loyiq.

Ammo darsliklarda Navoiy ijodi haqidagi mavzular, bizningcha, tizimli ravishda berilmagan. Masalan, 5-sinfda ulugʻ shoir hayoti va ijodi haqida ikki sahifa, 6-sinfda esa bir sahifagina maʼlumot berilgan boʻlib, barchasi umumiy gap­lardan iborat boʻlib qolgan. Vaholanki, 6-sinfda oʻquvchilar Alisher Navoiy haqida avvalgi sinfda berilmagan maʼlumotlarni oʻqish­lari, ul zotning hayoti va ijodiga taalluqli yangi bilimlarga ega boʻlishlari kerak edi.

Ayni shu 6-sinfdagi Alisher Navoiy mavzusidan keyin berilgan savol va topshiriqlar qismida “Alisher Navoiy siymosi aks etgan qanday badiiy kitob va boshqa sanʼat asarlarini bilasiz?” degan savol bor. Toʻgʻri, 5-sinfda adib Mirkarim Osim qalamiga mansub “Zulmat ichra nur” qissasidan parcha berilgan. Oʻquvchilar, agar yaxshi oʻqigan boʻlishsa, shuni aytishlari mumkin. Ammo 6-sinfning oʻzida shoir tarjimai holida bu haqda biror gap aytilmagan. Oʻquvchi bu savolga qanday javob berishi mumkin?! Darslikning keyingi nashrlarida Alisher Navoiy siymosi aks etgan badiiy kitob va boshqa sanʼat asarlari haqidagi maʼlumotlar ham kiritilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Shuningdek, 6-sinf darsligida xuddi quyi sinfdagidek Navoiy haqida yozilgan biror asarni berish foydadan xoli boʻlmaydi. Masalan, Oybekning “Alisherning bolaligi” asaridan parchalar berilsa, buyuk bobokalonimizni quruq faktlar bilan emas, badiiy tasvir orqali yaxshiroq tanitgan va oʻquvchilarda ul zotga nisbatan mehrni yanada oshirgan boʻlardik.

Hozirgi oʻquvchilardan hazrat Navoiyning qaysi gʻazallarini bilasan, deb soʻrasangiz, “Kecha kelgumdir debon…”, “Koʻrgali husnungni zoru…” kabi gʻazallari, “Gʻurbatda gʻarib…”, “Zohid sanga huru…” singari ruboiylarinigina aytishadi, xolos. Afsuski, buning asosiy sababi bir necha yildan beri oʻzgarmasdan, shunda ham faqat 8-sinf darsligidagina berib kelinayotgan “dejurniy” sheʼrlar. Aslida, darsliklarda Alisher Navoiy ijodidan namunalarning berilish tizimi ham munozarali. Eʼtibor bering: 5- va 6-sinflarda hazratning “Hayrat ul-abror” va “Mahbub ul-qulub” asarlari, 7-sinfda “Sabʼai sayyor” dostonidan parchalar, 8-sinfda bir turkum gʻazal hamda qitʼalari, 9-sinfda esa “Farhod va Shirin” dostonidan parchalar berilgan. Nahotki, butun bir yosh avlod faqat 8-sinfda akasi, opasi, amakisi, xolasi yodlagan gʻazallarni yodlashi kerak!? Axir, hazrat Navoiyning oʻzbek tilida yozilgan 2600 dan oshiq gʻazali bor-ku!

Shu maqsadda har bir sinf darsligiga shoir gʻazallariyu ruboiylaridan, qitʼalari va tuyuqlaridan namunalar hamda ularning tahlillarini kiritish lozim.

7-sinfda “Sabʼai sayyor” dostonidan parcha berilgan. Bizningcha, birinchi galda asar nima uchun “Yetti kezuvchi” deb nomlangani, uning asosiy syujeti va mazmun-mohiyati haqida oʻquvchiga tushuncha berilishi kerak edi. Ammo bu asarning gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari, tuzilishi haqida bir jumla boʻlsa-da, maʼlumot berilmagan. Shoir hayoti tugaroq, “Beshinchi iqlim yoʻlidan kelgan musofirning doston oroligʻi”, deb Mehr va Suhayl haqida voqealar boshlanib ketgan. Aslida bu asar shoh Bahrom hamda uning husn va tafakkurda tengsiz boʻlgan yori Dilorom haqida boʻlib, Bahromning shoshqaloqligi va kaltabinligi oqibatida Diloromdan ayrilgani, Bahromni chalgʻitish uchun turli rangdagi yettita qasr qurilib, yetti kecha unga turli rivoyatu afsonalar aytilgani, Mehr va Suhayl haqidagi rivoyat beshinchi kecha – chorshanba kuni moviy qasrda bir jahongashta sayyoh tomonidan aytilganini oʻquvchilar bilmay ulgʻa­yishmoqda. Shunday ekan, “Sabʼai sayyor” qanday asar, deb soʻraganingizda, Mehr va Suhayl haqida deyishsa, hech ajablanmang…

Darslik yaratish mushkul ish. Buning uchun katta bilim va salohiyat, mehnat qilish kerak. Shu bois kitoblar bir nechta muallifdan tarkib topgan jamoa tomonidan yozilgan. Amaldagi darsliklarning mualliflari ham taniqli, chuqur bilimga ega boʻlgan adabiyotshunos olimlar. Darsliklar 4-5 yilda yangilanadi (oxirgi oʻn yillikdagi yangilanish­lar unchalik farq qilarli darajada emas). Ammo mualliflar oʻzgarmaydi. Bizningcha, maktab darsliklarini tuzadigan mualliflar tarkibini qayta shakllantirish, toʻldirish kerakday. Bu bilan hozirgi darsliklarning muallifi boʻlgan hurmatli olimlarimizni qatordan chetlatish kerak, demoqchi emasmiz. Faqat kitoblarning saviyasini va mavzu mundarijasini yana yuksaltirish uchun mualliflar safini kengaytirish tarafdorimiz, xolos. Dunyoni teran anglaydigan, uygʻoq fikrli kitobxonlarni tarbiyalab voyaga yetkazish adabiyot taʼlimining kechiktirib boʻlmas birlamchi vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu maʼnoda, ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlari, adabiyotshunoslikning yangi soʻzi asosida zamonamizning yuksak surʼati va shiddatli tafakkuri darajasiga munosib boʻlgan, mukammal darsliklar yaratish lozim. Bu ishga millat bolalarini sevgan, ularning kelajagi va maʼnaviy dunyosi uchun oʻzini javobgar deb biladigan har bir ezgu niyatli kishi daxldor boʻlishi kerak.

Shu maqsadda, darslik-majmualarda adabiyotning turli sohalari – nasr, nazm va dramaturgiya yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot olib borayotgan, turli oliy oʻquv yurtlarida adabiyot ilmi boʻyicha saboq berayotgan, adabiyot oʻqitish metodikasi bilan muntazam shugʻillanayotgan yuksak salohiyatga ega fan doktorlari va professorlarni ham jalb qilish lozim. Bunday deyishga ham sabab bor. 9-sinf adabiyot darsligida mumtoz adabiyot vakillaridan Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Furqat kabi ulugʻ shoirlar bor. Ammo darslik mualliflari safida na navoiyshunos, na boburshunos, na ogahiyshunos, umuman olganda, mumtoz adabiyot olimlari bor. Agar ushbu darslik mualliflari navoiyshunos olimlarni ijodiy hamkorlikka chorlab, birga ishlaganlarida edi, “Farhod va Shirin” dostonidagi “Mashaqqatdin yigitni el qori der/ Ki, qozilmish iki-uch yuz qori yer” bayti “Mamlakatdin yigitni el qari der/ Ki, qozilmish iki-uch yuz qari yer” deb tushunarsiz holda darslikka kiritilmasdi. Yoki boʻlmasa, 5-sinfda Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi mavzuda shoirning “Hajringda bu tun koʻngilda qaygʻu erdi / Vaslinggʻa yetishmadim, jihat bu erdi / Ohim tutuni birla koʻzimning yoshidin / Yoʻl balchiq edi, kecha qorongʻu erdi” ruboiysining oxirgi ikki misrasi shunday izohlanadi: “Keyingi ikki satrda shoir hazil-mutoyibaga oʻtadi. Fojia hazil bilan beriladi…” Bizningcha, bu yerdagi holatni fojia deyish va shoirning izohini mutoyibaga yoʻyish toʻgʻri emas. Oh tutun kabi atrofni tuman kabi zim-ziyo qilishi, koʻzidan oqqan tinimsiz yosh sabab hammayoq loy-balchiq boʻlishi – bu mubolagʻa, boʻrttirish sanʼatidir.

Shuningdek, darsliklarda berilgan xalq ogʻzaki ijodiga doir namunalar – turli xalq qoʻshiqlari, maqol va topishmoqlar, dostonlarning tahlilida ham folklorshunos olimlarning koʻmagidan foydalanish mumkin edi…

Adabiyot darsliklarida bir qancha ilmiy-­uslubiy, imloviy xatolar ham mavjudki, ularni tuzatish maqsadga muvofiqdir. Quyidagilarga eʼtibor bering:

  1. 5-sinf darsligida Imom al-Buxoriyning “Al-jomeʼ as-sahih” kitobi toʻgʻrisida fikr yuritilib (31-bet), ushbu kitobga 600 ming hadisdan 7397 ta hadis kiritilgani aytilgan. 7-sinf “Oʻzbekiston tarixi” darsligining 102-betida “Al-jomeʼ as-sahih”ga kiritilgan hadislar soni 7275 ta deb koʻrsatilgan. Bir necha yil boʻldiki, bu tafovut hech kimning eʼtiborini tortmadimi, shundayligicha qolib ketayotir. Faraz qiling, oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonidagi abituriyentga ona tili va adabiyot, tarix hamda chet tilidan iborat testlar toʻplami keldi. Ikki fandan tuzilgan testlarda ham bir xil – Imom Buxoriyning “Al-jomeʼ as-sahih” kitobiga qancha hadis kiritilgan, degan savol berildi deylik. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, abituriyent ikkala fan kitobida qanday yozilgan boʻlsa, oʻshani belgilaydi.

Xoʻsh, oʻquvchilarni chalgʻitayotgan maʼlumotning aslida qaysi biri haqiqatga yaqinroq? Bu savolga toʻgʻri javobni 2017 yili “Oʻzbekis­ton milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr qilingan “Islom” ensiklopediyasidan topamiz: “Undan (“Al-jomeʼ as-sahih” – H. M.) Imom Buxoriy tomonidan toʻplangan 600 mingga yaqin hadis orasidan ishonchli hadislar sifatida tanlab olingan 7275 hadis (takrorlanadiganlari bilan birga) joy olgan. Toʻplamda takrorlanmaydigan hadislar soni 4000 dan iborat” (415-bet). Ushbu ensiklopediya bir necha tarixchi olimlar, islomshunoslar, diniy ulamolar tomonidan tayyorlangan. Demak, hadislarning 7275 taligi haqiqat. Shunday ekan, 5-sinf adabiyot darsligining keyingi nashrida bu maʼlumot toʻgʻrilanadi, degan umiddamiz.

– 5-sinf adabiyot darsligining 2-qismida Alisher Navoiy 90 yoshli Lutfiy bilan koʻrishganida 12 yoshda ekani aytiladi. Hazrat Navoiyning tugʻilgan yilidan kelib chiqsak, bu voqea 1453 yilda yuz bergan. 8-sinf adabiyot darsligida Lutfiyning tugʻilgan sanasini 1366 yil deb koʻrsatilgan. 1366 ga 90 ni qoʻshsak, 1456 hosil boʻladi. Demak, bu maʼlumotda ham tafovut bor.

– 5-sinfda turli afsona va rivoyatlardan iborat hind eposi sifatida “Panchatantra” va “Kalila va Dimna” alohida asarlar sifatida sanab oʻtilgan. 8-sinfda esa u bitta asar sifatida izohlangan: “…sanskrit tilida mashhur “Panchatantra”, yaʼni keyinalik “Kalila va Dimna” nomi bilan mashhur boʻlib ketgan buyuk didaktik asar dunyoga keladi” (72-bet).

8-sinfdagi maʼlumotga tayanilsa, ikkala asar bitta ekanligi oydinlashadi. Koʻrinib turibdiki, maʼlumotlar bir-birini inkor qiladi.

– 6-sinfning 1-qismida Turob Toʻlaning “Yetti zogʻora qissasi” asaridan olingan “Doʻnan” nomli hikoyaning hajmi toʻrt sahifa. Ammo hiqoya haqidagi tahlil undan katta – olti sahifani egallagan. Bizningcha, tahlilning haddan ziyod koʻpligi oʻquvchining fikrlashi uchun imkon qoldirmaydi.

– 6-sinfda Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasi berilgan boʻlib, mavzu oxirida shunday savol keltirilgan: “Adabiy asar asosida yaratiladigan kinofilm yoki spektakllar oʻsha asar bilan bir xil boʻlishi kerak, deb hisoblaysizmi? Kinofilm va qissaning oʻziga xos hikoya yoʻsinini solishtirishga harakat qiling”. 12 yoshli bolaga bunday savol bilan murojaat qilish toʻgʻrimikan?!

– 9-sinfda berilgan “Farhod va Shirin” dostonida ham mazmunga putur yetkazadigan bir qancha imloviy xatolar bor. Masalan: “Bu farni hodiyi baxt yetgach irshod, Ravon shahzoda otin qoʻydi “Farhod” (aslida “Bu farni hodiyi baxt etgach irshod, Ravon shahzoda otin qoʻydi “Farhod”); “Bu jalvalkim, chekibdurlar aroda, Ariq qozmoq qilibdurlar iroda” (aslida “Bu jadvalkim, chekibdurlar aroda, Ariq qozmoq qilibdurlar iroda”); “Ne imkonim qaror oʻlgʻay koʻngulga, Tasalli oshkor oʻlgʻay koʻngulga” (aslida “Ne imkonkim qaror oʻlgʻay koʻngulga, Tasalli oshkor oʻlgʻay koʻngulga”).

– Yana shu sinfda mustaqillik davri oʻzbek adabiyoti haqidagi mavzuda “Shoirning toʻyi”, “Chapaklar va chalpaklar mamlakatida” nomli asarlar muallifi sifatida “A.Aʼzam” degan ism-sharif koʻrsatilgan. Zamonaviy oʻzbek adabiyotidan boxabar boʻlgan kishi bu asarlar Ahmad Aʼzamga emas, Erkin Aʼzam qalamiga mansubligini biladi.

– 5-sinfda Saʼdiy Sheroziy hayoti va ijodidan keyin berilgan topshiriqlarda shunday savol bilan murojaat qilinadi: “Tabʼi aybjoʻylik boʻlsa agar bas, Tovus oyogʻidan boshqasin koʻrmas” satrlari maʼnosini tushuntirib bering”. Xoʻsh, 12-13 yoshli bola shu savolga javob topa oladimi? Aslida, Shayx Saʼdiyning asarlaridan olingan sheʼriy parchalarni birinchi galda tahlil qilish, oʻquvchilarga soddaroq tilda tushuntirish lozim edi. Ammo mualliflar bundan chekinib, yuqoridagi kabi savollar bilan oʻquvchini oʻylantirib qoʻyishmoqda.

Shu oʻrinda muhim bir masalaga toʻxtalsak. Til va adabiyot sohasining ham ilmiy, ham amaliy jabhasi boʻlgan muassasalar – Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi tasarrufidagi Oʻzbek tili, adabiyoti va folk­lori instituti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti nega darslik yaratish jarayoniga jalb qilinmaydi? Kelajak egalarining tafakkurini rivojlantirish va ularning koʻngliga ezgulik hamda toʻgʻrilik urugʻlarini qadashda, nahotki, sanoqli mutaxassislarning maqolalariyu taqrizlari yetarli boʻlsa?! Bizningcha, bu ishda koʻpchilik boʻlib, bahamjihat ishlagan maʼqul. Shu boisdan ham, yuqorida sanab oʻtilgan tashkilotlarni darslik yaratish jarayonida bevosita ishtirok etishlari, oʻz fikr-mulohazalari bilan darsliklarning yanada mukammalroq boʻlishiga hissa qoʻshishlari kerak.

… Yaqinda oliy oʻquv yurtiga kirish uchun repetitorga qatnaydigan bir yigit bilan suhbatlashib qoldim. Adabiyot sohasiga yaqinligimni bilib, “Hozir ham tirik shoirlar bormi?” deb qoldi. Dafʼatan kulib yubordim. Kulganimdan xijolat boʻldimi, “Toʻgʻri-da, darslikdagi hamma shoirlar vafot etgan. Hozir ham yashab ijod qilayotganlari kiritilmagan, demoqchiman”, dedi. Bu gapdan keyin esa kulolmasdim, aksincha, ich-ichimdan xoʻrsindim. Negaki, bu yigit darslikka qarab, bugungi kunda adabiy asarlar yaratilmayapti, bosh­qa shoir-yozuvchi yoʻq ekan, degan xayolga borayotir.

Afsuski, bunday yoshlar (abituriyentlar) koʻplab topiladi. “Bularning hozirgi adabiy jarayondan uzoqligiga oʻzlari aybdor, gazeta-jurnal oʻqishmaydi, televideniyedagi badiiy-maʼrifiy koʻrsatuvlarni koʻrishmaydi”, deydiganlar ham topilsa kerak. Balkim.

Yaxshiyamki, oliy oʻquv yurtlaridagi kirish imtihonlarida ona tili va adabiyot fani qoʻyilgan ekanki, koʻpchilik yoshlar test uchun boʻlsa-da, shoir-yozuvchilarimizning hayoti va ijodini oʻqib, yodlashmoqda.

Shu maʼnoda, adabiyot darsliklari bugungi adabiy jarayon darakchisi boʻlishi ham kerak. Omon Matjon, Muhammad Ali, Halima Xudoyberdiyeva, Murod Muhammad Doʻst, Erkin Aʼzam, Xayriddin Sultonov, Yoʻldosh Eshbek, Usmon Azim, Xurshid Davron, Azim Suyun, Mirza Kenjabek, Xurshid Doʻstmuhammad, Eshqobil Shukur, Sirojiddin Sayyid, Nazar Eshonqul, Iqbol Mirzo, Shoyim Boʻtayev, Luqmon Boʻrixon, Isajon Sulton, shuning­dek, marhum ijodkorlardan Muhammad Rahmon, Matnazar Abdulhaqim, Aʼzam Oʻktam, Ravshan Fayz kabi shoir-yozuvchilarning borligi, ularning ajoyib asarlari oʻzbek adabiyotining eng yaxshi namunalari ekanligidan bexabar avlodning koʻpligiga ham ayni shu hol – maktab darsligida zamonaviy oʻzbek adabiyoti vakillarining, “tirik” ijodkorlarning yoʻqligi sabab boʻlayotir. Bundan tashqari, Shukur Xolmirzayev, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon kabi ijodkorlarning yurt va millatni sevishga undaydigan, erk va ozodlik kabi muqaddas tuygʻularni oʻz asarlarida bosh gʻoya sifatida aks ettirgan asarlari negadir darslikdan tushib qoldi… Ularning oʻrniga kiritilgan Saida Zunnunova, Xayriddin Saloh, Turob Toʻla, Mirmuhsin kabi ijodkorlarga ehtirom koʻrsatgan holda ismlari avvalroq keltirilgan shoir-yozuvchilar haqida ham oʻquvchilar bilishi, asarlarini oʻqib oʻrganishlari lozim, deb hisob­laymiz.

Toʻgʻri, 9-sinf darsligining oxirgi mavzusida mustaqillik davri oʻzbek adabiyoti haqida muxtasar maʼlumot berilgan. Ammo ushbu mavzu may oyining oxirlariga toʻgʻri kelishini inobatga olsak, bu mavzuning oʻtilishi gumon (ushbu mavzu matni mustaqillik davridagi oʻzbek adabiyotining ahvoli haqida xorij jurnalida eʼlon qilish uchun yozilgan taqrizga oʻxshaydi: muallif va asar nomlari koʻp, umumiy gaplardan iborat). Qolaversa, oʻquv yili oxirida darslar taʼtil kayfiyatida oʻtilishi sir emas. Ayniqsa, 9-sinf oʻquvchilari bitiruv imtihonlariga tayyorgarlik koʻrib, nafaqat adabiyot, balki boshqa fanlarni ham diqqat bilan oʻqib, oʻzlashtirishmaydi. Shuning uchun hech boʻlmaganda 7-, 8-, 9-sinflarda yuqorida nomlari sanab oʻtilgan ijodkorlarning hayoti va ijodini yoritish ayni muddao boʻlar edi.

Shu oʻrinda yana bir narsani eslab oʻtish kerak. Akademik litseylarning 3-bosqich adabiyot darsligining oxirgi boʻlimida mustaqil oʻqish uchun hozirgi adabiy jarayon vakillari asarlari berilgan. Ammo bular ham oʻquvchilar tomonidan katta qiziqish bilan oʻqilmaydi. Sababi boʻlimning nomidan bilinib turibdi: mustaqil oʻqish uchun! Shuning uchun ham hozirgi davr ijodkorlarini maktab darsliklariga kiritish zaruriy holga aylandi.

Yuqoridagi barcha fikrlar oddiy bir kitobxonning mulohazalari deb qaralishini istardik. Biz darsliklar mualliflarini tanqid qilish yoki ularga aql oʻrgatish iddaosidan yiroqmiz. Istagimiz, ushbu fikrlar taklif sifatida qabul qilinib, agar maʼqul boʻlsa, keyingi nashrlarda eʼtiborga olinsa…

Husan MAQSUD

1991 yili tugʻilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olgan.

Tanqid va tahlil: 5-6 sinf Adabiyot darsliklaridagi kamchiliklar xususida

Darslik yaratish mas’uliyatli va murakkab vazifa. Uni yaratishda olimona fikrlar bilan birga pedagogik mahorat, metodist qarashi ham juda-juda zarur. Uzluksiz ta’lim tizimi uchun yaratilgan darsliklar biri-ikkinchisini takrorlamasligi, aksincha mazmunan to‘ldirishi, o‘quvchi bilimini bosqichma-bosqich yuksaltirishga xizmat qilishi lozim. Shu nuqtai nazardan umumta’lim maktablari uchun yaratilgan “Adabiyot” darsliklarini tahlilqilishda davom etsak. (dastlabki 5-sinf “Adabiyot” darsligi tahliliga bag‘ishlangan maqola “Darakchi” gazetasining 2017 yil 27 aprel sonida bosilib chiqqan. Ushbu maqolani ta’lim tizimi va o‘qituvchi-murabbiylar nashri bo‘lgan “Ma’rifat” gazetasi sahifalarida ko‘rishni orzu qilgan edik. Maqola tahririyat stolida bir necha oy navbatini kutdi, lekin chop etilmadi).

Ayrim darsliklar avvalida O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi berilishi odatiy tusga kirgan. 5-sinf “Adabiyot” darsligida madhiya berilmagani holda 6-8-sinf darsliklarida mavjud. 7-9-sinf darsliklarida esa berilmagan. Bizningcha, davlat madhiyasi yoki har bir sinf darsligida berilishi kerak yoki faqat 5-sinfda berish bilan kifoyalanish kerak.

2013 yil “Ma’naviyat” nashriyotida chop etilgan S.Ahmedov, R.Qo‘chqorov, Sh.Rizayev hammuallifligidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 6-sinfi uchun “Adabiyot” darslik-majmuasini varaqlar ekanmiz, besh sahifadan iborat kirish qismi bu yoshdagi o‘quvchi uchun ko‘plik qilmasmikan, degan mulohazaga bordik.

5-sinf “Adabiyot” darsligiga kiritilgan yozuvchi yoki shoir ijodi 6-sinfda davom ettirilsa, avvalgi sinfda berilgan ma’lumotlar to‘ldirilishi, boyitilishi lozim. Afsuski, 6-sinf darsligidagi ayrim ijodkorlarning tarjimai holi aynan takrorlangan yoki yangi ma’lumotlar bilan boyitilmagan. Hatto ayrim o‘rinlarda salmoqli hajmdagi matnlar, adib hayoti va ijodi yuzasidan berilayotgan savol-topshiriqlar ham hech bir o‘zgarishsiz keyingi sinf darsligiga ko‘chib o‘tgan. Buni Muqimiy, Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov tarjimai holi misolida kuzatish mumkin. Fikrimizning isboti uchun bir-ikkita misol keltiramiz: “Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li Muqimiy 1850-yilda Qo‘qon shahrida Bekvachcha mahallasida novvoy oilasida tug‘ilgan.

Muqimiy dastlab o‘z mahallasida mulla Abduhalil maktabida tahsil oladi. Shoirning ilm o‘rganishi va badiiy ijodga erta qiziqishida uning volidasi, qobiliyatli ayol Oyshabibi aytib bergan ko‘plab ertak va qo‘shiqlarning ta’siri kuchli bo‘lgan. Muqimiy dastlab Qo‘qondagi “Hokim oyim” madrasasida ta’lim oladi. 1872-1873 yillarda Buxoroga borib, u yerdagi “Mehtar anbar” madrasasida o‘qishni davom ettiradi. 1876 yilda o‘qishni tamomlab, Qo‘qonga qaytadi. Uylanadi. Shoir dastlab yer qurilishi mahkamasida mirzalik, so‘ngra Sirdaryo yoqasida joylashgan Oqjardagi paromda pattachilik qiladi. “ (1-qism, 91-92-betlar).

Shu tarzda salkam bir yarim sahifalik 5-sinfda berilgan ma’lumotni o‘quvchi 6-sinfda takror o‘qishga majbur bo‘ladi.

Xuddi shu holatni Erkin Vohidov hayoti va ijodiga oid materiallar misolida ham ko‘rish mumkin: “Erkin Vohidov universitetni tugatgach, uzoq yillar nashriyotlarda ishladi, o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlarini chop qilishda faol ishtirok etdi. 1964-yilda yaratilgan “Nido” dostonidan so‘ng birin-ketin “Orzu chashmasi”, “Palatkada yozilgan doston”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni” kabi ajoyib dostonlar yozdi. ” (1-qism, 133-135 betlar). Bir sahifadan ortiqroq hajmdagi ushbu ma’lumotlar ham 5-sinf darsligining 142-sahifasini to‘ldirib turibdi. Boz ustiga, shoir tarjimai holidan so‘ng berilgan “Erkin Vohidovning bolaligi haqida nimalarni bilasiz? Shoirning qanday to‘plamlari chop etilgan? Shoir she’riyatdan boshqa yana qanday janrlarda qalam tebratgan?” (1-qism, 135-bet) tarzidagi savollar ham ikkala sinfda aynan takrorlangan.

Buni texnik xato bilan xaspo‘shlab bo‘lmaydi. Bu o‘quvchi shaxsini mensimaslik ortidan kelgan bee’tiborlikning natijasidir. Muallif darslikdagi har bir mavzuni yoritish jarayonida o‘quvchini ko‘z oldiga keltirishi, o‘zini uning o‘rniga qo‘yib ko‘rishi lozim. Qolaversa, amaliyotchi fan o‘qituvchilari nega paytgacha jim turishgan, munosabat bildirishmagan?

Nazariy ma’lumotlarni taqdim etishda ham nomutanosibliklar ko‘zga tashlanadi. Xususan, 5-sinf darsligida masal janri yoritilgani holda 6-sinfda ham shu janrga qayta murojaat etiladi. Agar nazariy ma’lumot bir-birini to‘ldirib, yangi ma’lumot bilan boyitsa-ku, e’tiroz tug‘ilmagan bo‘lar edi. Ma’lumotni takrorlashdan chekinib, bu o‘rinda badiiy tasvir vositalari haqida ma’lumot berilganida, bizningcha, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Negaki, o‘quvchi darslikning bir necha o‘rnida badiiy tasvir vositalari bilan bog‘liq savol yoki e’tiroflarga duch keladi. Xususan, “Shum bola”dan olingan parcha (1-qism, 24-bet), “Tanobchilar” satirasi1-qism, (98-bet), Hamid Olimjonning “O‘zbekiston” she’ri (1-qism, 106-bet) tahlili jarayonida, Avaz O‘tar ijodi yuzasidan berilgan savol-topshiriqlarda (2-qism, 71-bet) o‘quvchida haqli savol tug‘iladi. Badiiy tasvir vositalari va ularning turlari haqida qisqa nazariy ma’lumot berish orqali o‘quvchiningsavoliga javob berish, mustaqil ravishda badiiy asarlardan shu san’atlarni topishga yo‘naltirish mumkin.

5-sinf “Adabiyot” darsligi kabi 6-sinf darsligida ham o‘quvchi uchun murakkab bo‘lgan jumlalar mavjud. Hamid Olimjon ijodi haqida gap borganda mana bunday shoirona ifodani o‘quvchi anglashga qiynalmasmikan: “Shoir lirik she’rlarining qamrovi keng, mavzulari rang-barang. Ammo bu she’riyatda shunday bir mavzu borki, u hammasidan oldinda, barchasidan ko‘ra ehtirosliroq, tuyg‘ular po‘rtanasi favvoradek otilib turadigan yuksak tog‘lardagi shaloladek sof, toza, jo‘shqin ifoda topgan bir mavzu – Vatan mavzusi, tug‘ilib o‘sgan diyorga muhabbat va minnatdorlik hislari”; “O‘zbekiston” she’ri Hamid Olimjon poeziyasining badiiyat, mahorat bobidagi eng ko‘rkam namunalaridandir. Unda o‘xshatish, qiyoslash, jonlantirish, mubolag‘a, qarshilantirish, tovushlar uyg‘unligini anglatuvchi alliteratsiya, poetik takror, ta’kid kabi bir qancha badiiy tasvir vositalaridan foydalanib, Hamid Olimjon O‘zbekistonning o‘ziga xos, betakror poetik timsolini yaratgan. ” (1-qism, 104-106-betlar) va hokazo. E’tibor qaratsak, ushbu jumlada badiiy tasvir vositalarining sakkizta turi sanalgan.

Holbuki, “O‘zbekiston” she’rining ilk satrlaridan o‘quvchida paydo bo‘ladigan poetik kayfiyat haqida so‘zlang”, “She’rda qiyos, qarshilantirish kabi poetik tasvir vositalariga murojaat etishning sababini izohlang”, “O‘zbekiston” she’rida yana qanday badiiy tasvir vositalari qo‘llangan?” (1-qism, 107-bet) kabi savollar berilgani holda biror o‘rinda ushbu badiiy tasvir vositalari haqida ma’lumot berilmagan. Natijada, o‘quvchi badiiy tasvir vositalari nima ekanligini bilmay, anglamay darslikni yakunlaydi.

5-sinf “Adabiyot” darsligi haqidagi mulohazalarimizda savol va topshiriqlar mavzuga, o‘quvchining yoshi va saviyasiga mos bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edik. Ushbu kamchilik 6-sinf darsligi uchun ham begona emas.

Kirish qismi uchun berilgan savol-topshiriqlar orasidagi “Yozuvchi Abdulla Qahhor “Adabiyot – atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarflamaslik kerak” degan edi. Shu gapni izohlab berishga urinib ko‘ring-chi”, (1-qism, 9-bet)degan savolga o‘quvchi javob topa olarmikan?

“Adabiy asar asosida yaratiladigan kinofilm yoki spektakllar o‘sha asar bilan bir xil bo‘lishi kerak, deb hisoblaysizmi? Kinofilm va qissaning o‘ziga xos hikoya yo‘sinini solishtirishga harakat qiling” (“Adabiyot” 1-qism, 25-bet) degan savol bilan 6-sinf o‘quvchisiga murojaat qilish qanchalar o‘rinli?

Shuningdek, savollardagi uslubiy xatolarni ham tuzatish zarurati bor. Erkin Vohidov ijodi xususida berilgan “To‘liq qasidani yoki uning biror parchasini yoddan ifodali o‘qing” (1-qism, 144-bet) tarzida berilgan savolni “Qasidani to‘liq holda yoki uning biror parchasini yoddan ifodali o‘qing” tarzida o‘zgartirish lozim.

“Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini sarguzasht asarning mukammal namunasi desa bo‘ladi” (1-qism, 65-bet) degan fikr, bizningcha, munozarali. Bu asarni “Gulliverning sarguzashtlari”, “Robinzon Kruzo” bilan bir qatorga qo‘yish mumkinmi? Buyuk mutafakkir mazkur asarda sarguzasht asarlarga xos elementlardan unumli foydalanganini tan olgan holda dostonning bunday baholanishi unchalik to‘g‘ri emas, deb e’tirof etishga haqlimiz.

Jahon adabiyotidan tavsiya etilgan badiiy asarlar o‘quvchiga ma’naviy ozuqa berishi, tafakkur olamini kengaytirishi, uni o‘ziga rom eta olishi kerak. Janni Rodarining mustaqil o‘qish uchun berilgan “Telefonda aytilgan ertaklar” turkumidan berilgan “Qutbdagi gunafsha” ertagi o‘quvchiga qanday ma’naviy ozuqa berarkin, degan savol bilan o‘zimizga murojaat etaylik. Ertak yakuniga e’tibor bering: “Tongda hamma gunafshaning so‘lib qolganini ko‘ribdi, u ingichka tolasiga egilib, oppoq qor ustida rangsiz va jonsiz yotganmish. Agar uning oxirgi o‘y-fikrlarini so‘zda ifodalash mumkin bo‘lsa, biz, hoynaxoy quyidagi so‘zlarni eshitgan bo‘lardik: “Mana, men o‘lyapman. Lekin kimdir boshlash kerak edi-da. Qachonlardir bu yerda million-million gunafsha ochilib yotadi. Muzlar eriydi, orollar hosil bo‘ladi, ulardan bolalarning qo‘ng‘iroqday sho‘x kulgisi eshitilib turadi” (1-qism, 81-bet). Yakun go‘yo ko‘tarinki ruh bilan yakunlanyapti. Lekin buni o‘qigan bola uning zaminidagi tagma’noni ilg‘ay olmaydi, balki kelajakda tabiat qonuni, tabiiy muvozanat buzilar, ya’ni Shimoliy qutb muzlari erib, u yerda yangi hayot boshlanar ekan-da, degan xulosani chiqaradi.

“Bemor” hikoyasidan so‘ng nazariy ma’lumot sifatida berilgan “Badiiy asar tili haqida tushuncha” mavzusi o‘quvchi uchun murakkablik qiladi. Bu o‘rinda o‘quvchi uchun murakkab bo‘lgan ilmiy fikrlardan ko‘ra “Bemor” hikoyasida badiiy til imkoniyatlari qay darajada namoyon bo‘lgani misollar orqali sodda va aniq ifoda etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Aksincha, mualliflar bir yarim sahifalik nazariy ma’lumotda “Abdulla Qahhor o‘zining mo‘’jazgina “Bemor” hikoyasi orqali biz bilan o‘tkazgan badiiy muloqoti o‘zining ta’sir kuchini yuz yillar davomida saqlab qolishi badiiy til naqadar qudratli hodisa ekanining yaqqol isbotidir” (1-qism, 117-bet), degan fikr bilan cheklanadilar.

Darslik-majmuaning 2-qismidagi “Xalq qo‘shiqlari” mavzusida tavsiya etilgan “Boychechak” qo‘shig‘ining tahlili ham izohtalab. Mualliflar fikricha, boychechak mehnatkash inson ramzidir. Qo‘shiq quyidagicha izohlanadi: Qo‘shiq matnidagi “boychechakni tutdilar, tut yog‘ochga osdilar” deyilishining ma’nosiga e’tibor beraylik.

Ma’lumki, xalqimizda tut daraxti muqaddas hisoblanadi. Xalq tut daraxti mevasini sevib iste’mol qiladi. Uning tanasidan taroq, bola uchun beshik yasashadi. Boychechak xalq orasida ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, unda chuqur ma’no bor. Uni “tutadilar”, “Tut yog‘ochga osadilar” “qilich bilan chopadilar”, “baxmal bilan yopadilar”. Xalqda o‘z kuchi bilan qiynalib maqsadga erishsa, “Axir u qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechakning o‘zi-da”, deyishadi. Bu ifodalarning barchasida boychechak mehnatkash inson ramzi ekaniga ishora qilinadi” (2-qism, 30-bet). Bu fikrlarni o‘qigan o‘quvchi boychechakning tut daraxtiga osilishi, qilich bilan chopilishi, baxmal bilan yopilishining sababini bilishga qiziqadi, lekin bunga ma’nili javob ololmaydi. Mualliflar qo‘shiq tahlilini folklorshunos olimlarning fikrlariga tayangan holda amalga oshirsalar, o‘quvchida ortiqcha savolga o‘rin qoldirmasalar, ayni muddao bo‘lar edi.

Darslikda tavsiya etilgan Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asaridagi “tanbih” so‘ziga izoh berish lozim edi. Chunki o‘quvchi bu so‘zning ma’nosini anglamasligi yoki tanbeh, ya’ni dakki ma’nosida tushunishi mumkin. Bu o‘rinda tanbih o‘git, pand-nasihat, eslatma ma’nolarida kelayotganini aniqlashtirish lozim.

“Hikmatli so‘zlar haqida tushuncha” mavzusi uchun berilgan savol va topshiriqlardagi “Hikmatli so‘z” va “aforizm” tushunchalarini izohlab bering” tarzidagi savolni ham mulohaza qilib ko‘rish kerak. Chunki bu savolga o‘quvchi mavzuda berilgan “hikmatli so‘zni ayrimlar grek tilidan o‘zlashgan “aforizm” deb ham qo‘llaydilar” degan javobdan boshqa fikr bera olmaydi. Darslik uchun tuzilgan savol ma’lum bir matn mazmunini qamrab olishi, eng muhimi, o‘quvchini fikrlatishi, mulohazaga chorlashi kerak. Zero, adabiyot darsliklarining vazifasi o‘quvchini fikrlatish, uning nutqini, badiiy didini o‘stirishdir.

Avaz O‘tar ijodidan berilgan quyidagi to‘rtlik darslikdan o‘rin olmasa ham uning ma’rifatparvarlikni targ‘ib qiluvchi she’rlari o‘quvchida shoir ijodi haqida muayyan xulosalar chiqarish imkonini beradi:

“Biling, ushbu zamon g‘amnokidirman,
Kuyib o‘rtanmish elning xokidurman.
Avazkim, nazm elin cholokidurman,
Boshin olmoqqa xonning pokidurman”.

Abayning “Nasihatlar” kitobidan berilgan pandlarni darslikda ancha-muncha ixchamlashtirgan holda mazmunan o‘quvchi uchun mos keladiganlarini saralagan holda berish joiz. Negaki, Abay nasihatlari adibning muayyan yoshdagi hayotiy tajribalari mahsuli sifatida 6-sinf o‘quvchisiga og‘irlik qiladi. Natijada hayotiy misollar bilan dalillanganmagan bu nasihatlarni o‘quvchi yuzaki qabul qiladi va tez yoddan chiqaradi. “Nasihatlar”dagi “Yettinchi so‘z”, “O‘n yettinchi so‘z”lar o‘quvchini qiziqtira olarmikan? “O‘n yettinchi so‘z” dagi Aql va G‘ayrat Yurakka, ya’ni ko‘ngilga bo‘ysunishi kerak degan fikr ham nisbiy va munozaralidir. Ko‘ngil istagi va amri bilan qilingan hamma ish ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. “O‘ttiz yettinchi so‘z”dan o‘rin olgan “G‘ayratsiz jahl – tul, qayg‘usiz oshiq – tul, shogirdsiz olim – tul” (2-qism, 81-bet) nasihatini o‘quvchiga qanday tushuntiramiz? Qolaversa, shu qismdan o‘rin olgan 2-,3-,8,-9-,15-nasihatlarni ham o‘quvchi hazm qila olmaydi.

Bolani kitobxon qiladigan, uni kitoblar olami sari yo‘llaydigan asosiy omil darslik. Agar shoir yoki yozuvchi ijodidan berilgan namunalar bolani o‘ziga rom etsa, u albatta, ijodkorning boshqa asarlarini ham izlab topadi. “Rangin tuyg‘ular” bo‘limi Zulfiya ijodi bilan boshlanadi. Ammo shoira ijodidan berilgan she’rlar o‘quvchini shoira ijodidan uzoqlashtiradi. Holbuki, shoiraning o‘quvchi yoshiga mos asarlari ham bor edi. Berilgan she’rlar na o‘quvchi tuyg‘ulariga ta’sir qiladi, na she’rlar yuzasidan berilgan ilmiy tahlillar uni qoniqtiradi. Zulfiyaning “Nevara”, “Men o‘tgan umrga” she’rlarida murakkab va katta hayotiy yo‘lni bosib o‘tgan ayolning umr haqidagi falsafiy qarashlari bayon etilgan. Bu she’rlardagi tuyg‘ularni 12-13 yoshli o‘quvchiga majburlab singdirib bo‘ladimi?

Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni “romanidan berilgan 23 sahifalik “Nizomning tantiligi” hikoyasini “Yulduzli tunlar” romanidan Bobur shaxsiga hurmat uyg‘otuvchi va shu orqali o‘quvchida insoniylik tuyg‘ularini shakllantiruvchi parcha bilan almashtirish mumkin edi.

Darslikda ijodkor tarjimai holining batafsil xronikasini berish qanchalik to‘g‘ri? Ijodkor hayoti va ijodiga oid matnlarda sanalar, joy hamda asarlar nomi shu darajada ko‘pki, o‘quvchi emas, o‘qituvchi ham shoshib qoladi. Misol tariqasida Turob To‘la haqidagi ma’lumotni keltiramiz: “. yoshlar gazetasida adabiy xodim, O‘zbekiston Davlat radioeshittirish qo‘mitasida muharrir va suxandon, O‘zbekiston Davlat nashriyoti (O‘zdavnashr) muharriri, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida ssenariy bo‘limi mudiri, Respublika Kinochilar uyushmasida kotib, Madaniyat vazirligi san’at ishlari boshqarmasi boshlig‘i, Hamza nomidagi teatr direktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Adabiyotni targ‘ib etish markazi rahbari” (1-qism, 27-bet) kabi. Bunday ma’lumotlar o‘quvchini chalg‘itadi, qolaversa, oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlariga tayyorlanayotgan abituriyentlar ham son-sanoqsiz va keraksiz ma’lumotlarni yod olishga qanchadan-qancha kuch sarflaydilar.

Har bir asardan keyin uning tahlilini berish ijobiy holat. Lekin tahlilda ham e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar bor. Turob To‘laning 4 sahifalik hikoyasiga 5 betdan iborat izoh berilishi natijasida o‘quvchining fikrlashi uchun hojat qoldirilmaydi.

“Adabiyot” darsliklarini tahlil qilishdan maqsad katta mehnat va mashaqqatlar samarasi bo‘lgan kitobni yoki yuqori ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan mualliflarni tanqid qilish emas. Aksincha, bu mutaxassis sifatidagi burchimiz va vazifamiz bo‘lib, yangi darsliklarni yaratish, qayta nashr etish jarayonida nazarda tutish uchun bildirilgan taklif-mulohazadir.

Suratlar manbasi: Google Images

Shahnoza Ergasheva,
filologiya fanlari nomzodi
Xurshida Hamroqulova,
filologiya fanlari nomzodi