Alisher Navoiy
To Navoiy to`kti ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.
Alisher Navoiy haqida eng sara she’rlar to’plami
Ushbu sahifamizda Alisher Navoiy haqida eng chiroyli she’rlar jamlangan.
Navoiy sog‘inchi
Chorlasam deb: «Qaydasan Farhod?»
«Men borman», – der Yosuman kampir;
Qizil gulning o’rnida, hayhot,
Chayqaladi bir tup qalampir:
Netay, Hirot olisdir bugun,
Olisdadir Navoiy bobo, –
Hududlarga qoqilib nigun,
Tarix yig’lar asrlar aro…
Oybek va Navoiy
Abdulla she’ri
O’zbekiston Oybek bilan xayrlashgan kun
Mangulikdan bir lahzaga keldi Navoiy, —
Tiriklarga sezdirmasdan siladi beun
Oybekning manglayini ruhi samoviy
Va so’ng uni olib ketdi bosib bag’riga
Abadiyat deb atalgan ruhlar shahriga.
So‘z mulkining sohibqironi
Barot Boyqobilov she’ri
…Garchi aqlim oldi ne-ne daholar,
Nazm davlatida sizdek sulton yo‘q.
Padari buzrukdek qilmish duolar,
Sizdek menga aziz bir mehribon yo‘q.
Yo‘qdir turk nazmida siz qadar daho,
“Xamsa”dan buyukroq asar hamon yo‘q.
Yo‘qdir “Xazoin ul-maoniy” – yakto!
Sizsiz Xuroson-u buyuk Turon yo‘q.
Ne baxt, mukarramsiz aziz olamga,
Sizsiz nozimlarga davr-u davron yo‘q.
Qilichlar qudratin bermish qalamga,
Sizsiz ona zamin, toza osmon yo‘q.
Yo‘qdir sizni aziz bilmagan yurtdosh,
Sizsiz ulusimga sharaf-u shon yo‘q.
Yo‘qdir falak uzra balqigan quyosh,
Sizsiz bizga hayot, yorug‘ jahon yo‘q.
Sizdek bunyod etib oliy qasrlar,
Hazrati Insondan, balki shodmon yo‘q.
Havas qilsa arzir ellar, nasllar,
Mashriqda bundayin dorulamon yo‘q…
Siz millat ramzisiz, millat faxrisiz,
Sizdek shamsul millat, zebi jahon yo‘q.
Siz bilan toabad baland qadrimiz,
Tangri nazar qilgan Sizdek komron yo‘q.
Sizga shahar qurdik Navoiy debon,
Bundan ziyod balki, zo‘r armug‘on yo‘q.
Zamon Farhodlari ayladi bo‘ston,
O‘zbekday me’mor-u qo‘li gul jon yo‘q.
Yo‘qdir sizdek hoqon bu jahon aro,
Nazmda zabardast bir qahramon yo‘q.
Yo‘qdir piri komil bir doston aro,
So‘z mulkida sizdek Sohibqiron yo‘q!
Navoiy buyuk siymo
Abdulla Oripov she’ri
Jahonki muqaddas neni ko’ribdi,
Bariga onasan, ey qodir hayot.
Besh yuz yil naridan boqib turibdi,
Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.
Shu buyuk o’g’lingni ardoqlab dildan,
Xalqim, ta’zim etsang arzigay tamom.
Uning nomi bilan birga bitilgan
Dunyo daftarida o’zbek degan nom.
Boykaro irg’ishlab istak otida
Jahonga boqqanda misli bola sher,—
Hirot darvozasin bir kanotida
She’riy lashkarini tizgan Alisher.
Dunyoda biror nom holdirmoh uchun
Yurt buzish shart emas, degan gap-ku, rost.
Kimdir pesh qilganda nayzaning kuchin,
Alisher qalamni ko’rsatgan, xolos.
Tun bilan tong erur tashbehda udum,
Misoli zahru may, hajru shakar lab.
Kimnidir quyoshday eslasa mardum,
Kimnidir zulmatday yurarlar qarg’ab.
Nido tingla, bu kun, yurting tarafdan,
Ey, yiroq Hirotda maskan topgan er!
Ogoh bo’l, Alisher, sen ushbu gapdan:
Har ikki nabirang — biri Alisher.
Baytingga bir bora hovushgan har lab,
Takrorlab ketgusi mahshargacha to.
Qaratib turibsan bu yon, ne ajab,
Milliard martabali jahonni hatto.
Birovlar nazdida johil Osiyo
Fakat zavol ko’rib, ko’rmagan kamol.
Muso iltijosi yetdi-yu go’yo,
Hah Tur tog’i uzra ko’rgazdi jamol—
Jahon mehrobida paydo Alisher…
Shodmon qasida ayt sen ham, ey huyosh!
Besh yuz yil.unga ham nima gap axir,
Mingga hadam ho’ydi yigirma besh yosh.
Navoiy bobomlar
Tursunboy Adashboyev she’ri
Hirot tuprog`ida voyaga yetgan,
“Qush tili” yo`llarini munavvar etgan,
Yillar to`zonidan sog`-omon o`tgan
Navoiy bobomlar Buyuk odamlar.
“Xamsa”si ko`ngilni shamdek yoritgan,
Tilimizni ko`rkam , boy etgan,
Mag`rib-u mashriq ham iftixor etgan
Alisher bobomlar Qutlug` qadamlar.
Dostonlari chiqmagay yoddan,
So`rang Majnun ,Qaysdan ,Farhoddan,
Layli ,Shirin qaddi shamshoddan,
Navoiy bobomlar Buyuk odamlar
Mir Alisher otash zabondir,
Umri boqiy omon-omondir,
G`azallari fidoyi-jondir,
Navoiy bobomlar Qutlug` qadamlar.
Assalom Navoiy
Navoiyga bag’ishlangan sahna ko’rinishi uchun
Assalom, Navoiy, g‘azal sultoni
Yetubdur suhbatingiz olmoq mahali.
Siz-la diydorlashmoq zo‘r istak edi,
Muborak yoshingiz bir imkon berdi.
Buyuk tog‘lar ichra bo‘lib buyukroq,
Suyuk tog‘lar ichra bo‘lib suyukroq
Navoiy ko‘rinar ko‘zimga mening,
Nafasi urilar yuzimga mening
Navoiydan so’z ochsam agar
Hirot ichra tug’ildi ulug’ zot
Qozondi dunyoda ilmla zo’r ot
Taxallusi bo’ldi Navoiy ismi Alisher
Futun maydonida erlar aro er .
Toki yangrar hayot qo’shig’i
Ochiladi orzu eshigi
Tebranadi xalqim beshigi
Navoiydan so’z ochsam agar
Jahon umriga teng Navoiy umri
She’riyat ahlining bayroqdori ul
G’azal olamida nidosi amri
Qo’shig’i kuy bo’lib yangragay mangu
Kelajakka qo’yib poydevor
Tarix so’zlar ko’zgusiga bo’y
Nazm oqar azim shiddatkor
Og’ushiga tortib ketar oy
Navoiy bobomga she’r
Besh yarim asrdan o‘tsada zamon
Adolatga chorlar siz qurgan minor
O‘tsada necha yil necha bir zamon
Shoirlar bo‘ynida siz bergan tumor
Nizomiy qoliga qo‘liga urdingiz
So‘ng bu maydon ichra surdingiz
Go‘yoki besh doston besh haykal bo‘lib
She’riyat ko‘ksiga qasr qurdingiz.
«Sulton Navoiy”
Dil mulkidin dur tutgan sulton Navoiy,
Hikmat otliq nur tutgan osmon Navoiy.
Tafakkurning tog‘iga chiqmoq istasang,
Umring tilab qo‘l cho‘zgan imkon Navoiy.
Go‘zallikning mevasi ko‘kdan tushmagay,
Turkiy tilda bol bergan bog‘bon Navoiy.
O‘qinga ming rahmat uqganlar aytsin,
So‘z ila el qadriga qalqon Navoiy.
Besh yuz yillar besh ming bob kelgaydir illo,
Asrlarni qotirgan davron Navoiy.
Alisher Navoiyga bag’ishlov
G’afur G’ulom she’ri
Yuksak tog’ oralab o’kirgan sherning
Na’rasiga tengdir aksi sadosi,
Besh yuz yil yangradi tog’day Vatanda
Buyuk Alisherning asriy nidosi.
Daraxshon yulduzlar sari o’kirgan,
Bo’ynida zanjiru, qalbi ozod sher.
Ineoniy muhabbat mehri-la vafo,
Erku baxt timsoli ulug’ Alisher
Besh yuz yil hurmating saqlagan o’zbek
Kecha tug’ilding, deb qiladi faraz,
Yetuk kishilarni yana ming yillar
Xalq farzand ataydi, jondan — beg’araz.
O’zbek deb atalgan ozod ulusning
Otaxon shoiri, qadrli ustod.
Oshiqlar g’azaling kuyga solganda,
Ma’shuqlar dilining xonasi obod.
Alisher Navoiy
U havoga qorishdi—mutloq
Va tuproqday singidi yerga.
Hayot otliq jonu jahoni
Olam-olam ortildi she’rda.
Ruhi qanday pokiza—ma’sum,
Bahor kabi dilafgor, mayin.
O’z-o’zingdan poklanasan Sen
Uning uchun yig’lagan sayin.
Bilki,
Mazmun—ko’ngling to’lgan payt—
Shuuringda jonlansa hayot.
Osmonda—ruh, Yerda—vujuding…
Havoda-chi…suzsa dil — bayot.
Alisherning onasi
Abdulla Oripov she’ri
Bilmam, qanday ayol bo‘lgan
Alisherning onasi.
Balki uning aqliga ham
Lol bo‘lgan zamonasi.
Balki uning ko‘zlarida
Bo‘lgan og‘ir bir xayol.
Balki g‘amgin bir zotdir u,
Balki sho‘xchan bir ayol.
Balki buyuk farzandiga
Terib kelgan chechaklar.
Balki tunlar unga bedor
Aytib bergan ertaklar.
Mayliga, u kim bo‘lmasin,
Yolg‘iz bir so‘z ma’nosi:
Alisherning onasi u,
Navoiyning onasi.
«G’azallar»
Qaro ko’zum, kelu mardumlug’ emdi fan qilg’il,
Ko’zum qarosida mardum kibi vatan qilg’il.
Yuzung guliga ko’ngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholig’a jon gulshanin chaman qilg’il.
Takovaringg’a bag’ir qonidin hino bog’la,
Itingg’a g’amzada jon rishtasin rasan qilg’il.
Firoq tog’ida topilsa tufrog’im, ey charx,
Xamir etib yana ul tog’da ko’hkan qilg’il.
Yuzung visolig’a yetsun desang ko’ngullarni,
Sochingni boshdin-ayog’ chin ila shikan qilg’il.
Xazon sipohiga, ey bog’bon, emas mone’
Bu bog’ tomida gar ignadin tikan qilg’il.
Yuzida terni ko’rub o’lsam, ey rafiq, meni
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilg’il.
Navoiy, anjumani shavq jon aro tuzsang,
Aning boshog’lig’ o’qin sham’i anjuman qilg’il.
ORAZIN YOPQACH KO’ZIMDIN.
Orazin yopqach ko’zumdin sochilur har lahza yosh,
O’ylakim paydo bo’lur yulduz, nihon bo’lg’ach quyosh.
Qut bir bodomu yerim go’shan mehrob edi,
G’orati din etti nogah bir baloliq ko’zu qosh.
Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhnung bot-bot dami andog’ki aylar mehr fosh.
Bo’sae qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,
Desam og’zi ichra aytur la’l ham bor nav’ tosh.
Novaking ko’nglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini ko’nglum bila jonim talosh.
Umri jovid istasang fard o’lki, bo’ston Xizridur,
Sarvkim da’b ayladi ozodaliq birla maosh.
Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qo’ygusidir barcha bosh.
O’N SAKKIZ YOSH HAYRATLARI
O`n sakkiz ming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab, chun sarvinozim o`n sakkiz yoshindadur.
Desa bo`lg`aykim, yana ham o`n sakkiz yil husni bor,
O`n sakkiz yoshina muncha fitnakim boshinadur.
O`n sakkiz yil dema, yuz sakson yil o`lsa, uldurur,
Husn shohi, ul balolarkim, ko`zu qoshinadur.
Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki, bor,
Barchasi ezid taolo sun`i naqqoshinadur.
Tan anga siymu ichina tosh muzmar ko`nglidin,
Aqlg`a yuz hayrat, ul oyning ichu toshinadur.
May ketur, ey mug`ki, yuz hayrat aro qolmish Masih,
Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur.
To Navoiy to`kti ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.
MUBTALO BO’LDIM SANGA
Ko’rgali husnungni zoru mubtalo bo’ldum sanga,
Ne balolig’ kun edikim, oshno bo’ldum sanga.
Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin ko’ngul,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo bo’ldum sanga.
Men qachon dedim: “Vafo qilg’il manga” zulm aylading,
Sen qachon deding: “Fido bo’lg’il manga” bo’ldim sanga.
Qay pari paykarga dersen telba bo’ldung bu sifat,
Ey pari paykar, ne qilsang qil manga, bo’ldum sanga.
Ey ko’ngul, tarki nasihat aylading ovora bo’l,
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo bo’ldum sanga.
Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado bo’ldum sanga.
G’ussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asiru benavo bo’ldum sanga.
LABLARINGKIM HAYF ERUR.
Lablaringkim hayf erur teng tutmoq oni qand ila,
Sindirur yuz qand bozorini shakkar xand ila.
Toki hayronmen senga nomus ila itmish ko’ngul,
Telba yanglig’kim, qochar el g’ofil o’lg’ach band ila.
Odam ul soatki jannat ichra avlodin ko’rar,
Ne quvong’ay dam-badam sen nozanin farzand ila.
Qo’y nasihat, zohido, o’tlug’ damimdin vahm qil,
Telba it imkoni yo’qturkim, sog’alg’ay pand ila.
Hojatingni elga arz etmakka hojat bo’lmasun,
Xush chiqishsang lahzani bu zori hojatmand ila.
Lablaring hajrinda yur parkandkim bo’lmish ko’ngul,
La’l erur mahlul qon o’rnig’a har parkand ila.
Chun Navoiy ko’ngli sindi, emdi lutfing ne asig’?
Kim ushatsa shishani bitmas yana payvand ila.
OSHIQ O’LDUM
Oshiq o’ldum, bilmadim yor o’zgalarga yor emish,
Olloh-olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.
Qaddig’a el mayli bo’lg’ondin ko’ngul ozurdadur,
Ul alifdin zorlarning hosili ozor emish.
Elga novak urdi, men o’ldim erur bu turfakim,
Jonim etgan resh el bag’rig’a kirgan xor emish.
Rishtakim, muhlik yaram og’zig’a tiktim angladim,
Kim kafan jinsi qirog’idin suvurgan tor emish.
Ko’yi devoridin og’riq tang’a tushgan soyadek,
Sel g’amidin emdi soya o’rnig’a dildor emish.
Jong’a taxvif ayladim tig’i halokidin aning,
Bilmadim bu ishdin ul o’lguncha minnatdor emish.
Ey Navoiy, xo’blarni ko’rma osonlig’ bilan,
Kim biravkim soldi ko’z, uzmak ko’ngul dushvor emish.
ISTADIM
Qon yutub umri jahon ahlida bir yor istadim,
Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim.
Kimga kim jonim fido aylab sog’indim dam-badam,
Ermas erdi yorliqda chun vafodor istadim.
Bilmadim olam elida yo’qturur mutlaq vafo,
Vahki, umri ulcha yo’qtur sog’inib yor istadim.
Ulki, topilmas bashar jinsida vah g’aflat ko’rung,
Kim pari xaylida men devonai zor istadim.
Sirri ishqimni ko’ngul ko’z birla fosh etmak ne tong,
Qalbu tardomanni men chun sohib asror istadim.
Shayx birla xonaqahdin chun yorug’luq topmadim,
Dayr piri xizmatig’a ko’yi xammor istadim.
Ey Navoiy, chun rafiqi topmadim, bu g’ussadin,
O’zni bekaslik balosig’a giriftor istadim.
MENI MEN ISTAGAN KISHI.
Meni men istagan o’z suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin ko’nglum pisand etmas.
Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,
Chu ulkim bahrai andin tilarmen bahramand etmas.
Netay huru pari bazminki, qatlim yo hayotimg’a,
Ayon ul zahr chashm aylab nihon, bu no’shxand etmas.
Kerakmas oy ila kun shaklikim, husnu malohatdin,
Ichim ul chok-chok etmas, tanim ul band-band etmas.
Kerak o’z chobuki majnunvashi qotil shiorimkim,
Buzug’ ko’nglumdin o’zga yerga javloni samand etmas.
Ko’ngul uz charx zolidin, firibin yemakim, oxir
Ajal sarrishtasidin o’zga bo’ynungg’a kamand etmas.
Ul oy o’tlug’ yuzin ochsa, Navoiy tegmasun deb ko’z,
Muhabbat tuxmidin o’zga ul o’t uzra sipand etmas.
KECHA KELGUMDIR DEBON…
Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulro’ kelmadi,
Ko’zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqtimu chektim yo’lida intizor,
Keldi jon og’zimg’avu ul sho’xi badxo’ kelmadi.
Orazidek oydin erkanda gar etti ehtiyot,
Ro’zgorimdek ham o’lg’onda qorong’u kelmadi.
Ul parivash hajridinkim yig’ladim devonavor,
Kimsa bormukim anga ko’rganda kulgu kelmadi.
Ko’zlarindin necha suv kelgay deb o’lturmang meni,
Kim bori qon erdi kelgan bu kecha suv kelmadi.
Tolibi sodiq topilmas, yo’qsakim qo’ydi qadam,
Yo’lg’akim avval qadam ma’shuqa o’tro’ kelmadi.
Ey Navoiy, boda birla xurram et ko’nglung uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qayg’u kelmadi.
JONG’A CHUN DERMEN
Jong’a chun dermen: «Ne erdi o’lmakim kayfiyati?»
Derki: «Bois bo’ldi jism ichra marazning shiddati».
Jismdin so’rsamki: «Bu za’fingg’a ne erdi sabab?»
Der: «Anga bo’ldi sabab o’tluq bag’irning hirqati».
Chun bag’irdin so’rdum, aytur: «Andin o’t tushti manga
Kim, ko’ngulga shu’la soldi ishq barqi ofati».
Ko’ngluma qilsam g’azab, ayturki: «Ko’zdindur gunah,
Ko’rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati».
Ko’zga chun dermenki: «Ey, tardomani yuzi qaro,
Sendin o’lmish telba ko’nglumning baloyu vahshati».
Yig’lab aytur ko’zki: «Yo’q erdi manga ham ixtiyor
Ki, ko’rundi nogahon ul sho’xi mahvash tal’ati».
Ey Navoiy, barcha o’z uzrin dedi, o’lguncha kuy
Kim, sanga ishq o’ti-o’q ermish azalning qismati.
XIL’ATIN TO AYLAMISH…
Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig’, yashil,
Shu’layi ohim chiqar har yon qizil, sorig’, yashil.
Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin
Kim, esar ul dasht aro har yon qizil, sorig’, yashil.
Shishadek ko’nglumdadur gulzori husnung yodidin,
Tobdonning aksidek alvon qizil, sorig’, yashil.
Orazu xoling bila xatting xayolidin erur
Ko’zlarimning ollida davron qizil, sorig’, yashil.
La’lgun may tutqil oltun jom birla sabzada
Kim, bulardin yaxshi yo’q imkon qizil, sorig’, yashil.
Faqr aro berangliq dushvor erur behad, valek
Xirqada tikmak erur oson qizil, sorig’, yashil.
Ey Navoiy, oltinu shingarfu zangor istama,
Bo’ldi naming rangidin devon qizil, sorig’, yashil.
ISTANGIZ
Istaganlar, bizni sahroi baloda istangiz,
Vodiyi hijron ila dashti fanoda istangiz.
Vomiqu, Farhodu Majnundeklar ul vodiy aro
Bo’lsalar paydo, meni ham ul aroda istangiz.
Yuz alarning ishqicha dardu, balou g’ussag’a
Tolib el boshig’a kelgan mojaroda istangiz.
Eyki, istarsiz savodul vajh fiddorayidin,
Boxabar bo’lmoq meni yuzi qaroda istangiz.
Ko’nglim ul zulf ichradur, zinhor ishqim sharhini
Istamang men telbada, ul mubtaloda istangiz.
Nuqta yanglig’kim, vafo uzra qilur kotib raqam,
Ishq o’tining dog’ini ahli vafoda istangiz.
Og’zi shavqidin Navoiy itti, oni istar el,
Yo adam dashtida, yo mulki fanoda istangiz.
KELGAY
Ne kun o’lg’ayki, nigorim kelgay,
Bog’i umrumda bahorim kelgay.
Umr bog’ida bahor uldurkim,
Sarvqad lolauzorim kelgay.
Il gado jonig’a o’t tushkaykim,
Olg’ali sham’i mazorim kelgay.
Ko’yida itti ko’ngul, vah, qachon ul
Masti devonashiorim kelgay.
Qani maykim, chu ichib mast o’lsam,
Ko’kka tuz boqqali orim kelgay.
Ey Navoiy, tilamon huru pari,
Shoyad ul bazmda yorim kelgay.
Ruboiylar
G’URBATDA G’ARIB.
Gurbatda garib shodmon bulmas emish,
El anga shafiku, mehribon bulmas emish.
Gar oltin kafas uchra kizilgul bitsa,
Bulbulga tikondek oshion bulmas emish.
KO’Z BIRLA QOSHING YAXSHI
Ko’z birla qoshing yaxshi, qabog’ing yaxshi,
Yuz birla so’zing yaxshi, dudog’ing yaxshi.
Eng birla menging yaxshi, saqoqing yaxshi,
Bir-bir ne deyin boshtin-ayog’ing yaxshi.
GAR OSHIQ ESANG
Gar oshiq esang mehru vafo qilma havas,
Dard istayu daf’ig’a davo qilma havas.
Hijronu visol mutlaqo qilma havas,
Dildoringdan g’ayri rizo qilma havas.
ZOHID SENGA…
Zohid, senga – hur, manga – jonona kerak,
Jannat – sanga bo’lsun, manga – mayxona kerak.
Mayxona aro soqiyu paymona kerak,
Paymona necha bo’lsa to’la, yona kerak.
UMRI AZIZ
Jondin seni ko’p sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni ko’p sevarmen, ey umri aziz.
Har neniki sevmak ondin ortuq bo’lmas,
Ondin seni ko’p sevarmen, ey umri aziz.
XUSHLUQ
.
Kim ko’rdi ekin jahonda oyo xushluq,
To bir kishi aylagay tamanno xushluq.
Yuz yilda agar bir o’lsa paydo xushluq,
Omodadur yonida yuz noxushluq.
JONIMDAGI “JIM”
Jonimdagi ‘jim’ ikki dolingg’a fido,
Andin so’ng ‘alif’ toza niholingg’a fido,
‘Nuni’ dog’I anbarin hilolingg’a fido,
Qolg’on iki nuqta ikki xolingg’a fido.