Biologiya fani darsliklari
Mazkur fan 1–2-sinflarda «Atrofimizdagi olam», 3–4-sinflarda tabiatshunoslik, 5–6-sinflarda esa 3 ta alohida fan – geografiya, biologiya va fizika fanlari mazmunini va kimyo fanining boshlang‘ich tushunchalarini uyg‘unlikda o‘qitadi. 7-sinfdan boshlab esa biologiya, geografiya va iqtisodiyot, fizika, kimyo fanlari alohida o‘qitiladi.
Maktab darsliklari talabga javob beradimi?
Maktab darsliklari ta’lim sifatini oshirishda birinchi manba hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu muhim manbalar yaratilishi va ular nechog‘lik ehtiyojni qondirayotgani haqida turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.
Albatta, bu tabiiy holat va o‘z navbatida foydali hamdir. Shu sababli bu kabi qarashlar soha mutaxassislarining o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish, xato va kamchiliklar ustida ishlashiga ijobiy ta’sir etadi.
Masalan, Baxtiyor Sheraliyevning “Darsliklar, darsliklar, darsliklar” sarlavhali maqolasida ta’lim sifati va darsliklar yaratilishi bo‘yicha jiddiy e’tiroz bildirilgan. Uning fikriga ko‘ra, maktabda biologiya fanidan o‘qitiladigan darsliklar bugungi kun nuqtai nazaridan ancha eskirgani va ularni zamonaviy ilm-fan ma’lumotlari bilan boyitish zarur. Unda shunday faktlar bor:
“Masalan, 7-sinf zoologiya darsligini olib qarasangiz, u keyingi 20 yil mobaynida deyarli 5-10 foizga ham o‘zgarmaganligiga guvoh bo‘lasiz.
Aniq misol keltiradigan bo‘lsam, bolalarimiz bir hujayrali xivchinli hayvon deb o‘rganayotgan «volvoks» deb atalgan organizm olimlar tomonidan o‘simlik, deb e’tirof etilganiga yaqinda yarim asr bo‘ladi yoki darslikda hali hanuzgacha alohida turkum sifatida ko‘rsatib kelinayotgan kurakoyoqlilar turkumining o‘z maqomini yo‘qotib, yirtqich sut emizuvchilar qatoriga qo‘shilganiga esa 30 yil bo‘ladi. ”
Albatta, muallif bolalarimiz kelajagi uchun jon kuydirib, darsliklarga bo‘lgan munosabatini bildirgani e’tirofga loyiq. Maqolada keltirilgan faktlar jiddiy masala. Xo‘sh, bugungi kunda yaratilayotgan darsliklar talab darajasidami? Maktab darsliklarini nashr ettirishga kimlar mas’ul? Ularni nashr qilish jarayoni qanday amalga oshiriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Respublika ta’lim markazi biologiya fani bo‘limi metodisti Surayyo Niyozovaning ma’lumot berishicha, muallif maqolasida bildirilgan fikrlar mutaxassis va mualliflar tomonidan o‘rganilib chiqilgan. Unga ko‘ra, 7-sinf “Zoologiya” darsligida mamlakatimiz hududidagi hayvonlar haqida ma’lumotlar Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti tomonidan tayyorlangan Qizil kitobning so‘nggi nashriga asoslangan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Jaloliddin Azimovning izoh berishicha, volvoks va boshqa yashil xivchinli bir hujayralilar o‘simliklar bilan hayvonlar o‘rtasidagi oraliq formalar hisoblanib, ular botanika va zoologiyaning umumiy tadqiqot ob’ektidir. Bir hujayralilarni o‘rganish o‘simliklar bilan hayvonlar o‘rtasidagi filogenetik munosabatlarni tushunib olishga yordam beradi.
Demak, fanda o‘rganilayotgan tadqiqot ob’ektlarining ayrimlari bo‘yicha ilmiy xulosalar yakuniga yetmagani va ular bo‘yicha izlanishlar davom etayotganini inobatga olish zarur.
– Organik olamning zamonaviy sistemasida barcha eukaroit bir hujayralilarni alohida protistalar dunyosiga kiritish 1866 yilda nemis olimi E.Gekkel tomonidan tavsiya etilgan, – dedi 7-sinf “Zoologiya” darsligi muallifi Ochil Mavlonov. – Ammo bu sistemani maktab o‘quvchilarining psixo-fiziologik xususiyatlarini inobatga olgan holda ularning ongiga yetkazish muammosi ilmiy-metodik jihatdan uzil-kesil hal etilmagan. Tripanosomalarni olaylik, ular ham xivchinlilar sinfiga kiruvchi parazit hayvonlardir. Faqat keyingi davrlarda tripanosoma va boshqa yashil rangga ega bo‘lmagan xivchinlilarni olimlarimiz alohida hayvonsimon xivchinlilar sinfi tarkibida o‘rganishni taklif etmoqda. Shu jihatdan va o‘quvchilarning yoshi, ularning tayyorgarlik darajasini hisobga olib, barcha xivchinlilarni bitta sinf doirasida o‘qitishni ma’qul, deb o‘ylayman.
Maqolada darsliklar bugungi kun talabiga javob bermayotgani va ularni nashr ettirishdan oldin kuchli ekspertizadan o‘tkazish kerakligi haqida ham so‘z borgan.
Keling, endi maktab darsliklari nashri va bu ishlar bilan mashg‘ul bo‘layotgan tashkilotlar faoliyati haqida to‘xtalsak.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Respublika ta’lim markazi darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar hamda ularning mazmun-mohiyati, sifati va nashri bilan shug‘ullanadigan mas’ul tashkilotdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 dekabrdagi Uzluksiz ta’lim tizimi uchun o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni qayta ko‘rib chiqish hamda yangilarini yaratish bo‘yicha hukumat komissiyasi majlisi bayonida ko‘rsatilgan ustuvor vazifalarga muvofiq, mazkur markaz darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish hamda ulardagi sifat samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Maktab darsliklarini yaratish, nashrga tayyorlash va chop etish ishlari markazning ilmiy-metodik kengashi a’zolari, fan doktorlari, professorlar, taniqli pedagog-olimlar, amaliyotchi o‘qituvchilar tomonidan o‘rganiladi va ushbu kengash ma’qullagan darsliklar chop etishga ruxsat etiladi.
Markazning darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2018-2019 o‘quv yili uchun maktablarning 1-, 2-, 3-, 4-, 6-sinflari uchun 76 nomdagi darsliklar to‘liq nashrga tayyorlangan. Chop etilgan ushbu darslik va o‘quv qo‘llanmalarni nashrga tayyorlash jarayonida muallif va nashriyotlar hamkorligi yo‘lga qo‘yilib, har bir darslik bo‘yicha oliy ta’lim muassasalaridan 129 ta xulosa olingan. Ulardan 42 tasi salbiy xulosadir. Ushbu salbiy xulosalar olingan 42 ta maket nashriyotga qaytarilib, muallif, muharrir RTM metodisti bilan hamkorlikda to‘liq qayta ishlanib, darsliklar sifati ta’minlangan.
– Darsliklarni nashrga tayyorlash ishlari doimiy nazoratda bo‘lib, fan metodistlari, mualliflar va nashriyotlar hamkorligida amalga oshiriladi, – dedi markazning darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish bo‘limi boshlig‘i Sulaymon Nazarov. – 2018-2019 o‘quv yili uchun taqdim etilgan barcha darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar maxsus komissiyasi tomonidan tekshirildi va qabul qilindi. Masalan, 1-, 2-, 6-(chet tili)sinflar hamda 11-sinflar uchun nashr etilishi rejalashtirilgan darslik majmualari DTS va kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan yangi o‘quv dasturlariga mos holda xato-kamchiliklarsiz mazmunan va dizayn jihatdan sifatli nashrga tayyorlandi va joylarga yetkazib berildi. Ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinflari uchun jami yaratilgan 31 nomdagi darsliklarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yoritish va o‘quvchilarga yetkazishga alohida e’tibor qaratildi. Albatta, bunda o‘quvchilarning yoshi, voqea-hodisalarga bo‘lgan munosabati inobatga olingan. Shu bilan birga, mazkur 31 nomdagi darsliklarni 131 nomdagi tarjima darsliklari ham o‘z vaqtida nashr qilindi.
Ayni kunda markazda 2019-2020 o‘quv yilida chop etiladigan darsliklarni nashrga tayyorlash ishlari bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Rejaga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-, 3-, 8-, 9-sinflar to‘liq to‘plamda (2-, 3-sinf chet tili mashq daftari, 4-sinf chet tili darslik va mashq daftari, 7-sinf chet tili darslik majmuasi) nashr etiladi.
Bu darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar mazmuni, sifatini yanada yaxshilash hamda takomillashtirish ayni kun talabidir. Shu maqsadda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan metodistlar, amaliyotchi o‘qituvchilarning mazkur darsliklar yuzasidan fikr-mulohazalari o‘rganilmoqda. Bundan tashqari, o‘qituvchilarning metod kunlarini inobatga olgan holda vazirlik tomonidan o‘quv dasturlari hamda darsliklarni ekspertizadan o‘tkazish jadvali ham ishlab chiqildi. 29 nomdagi darsliklar ushbu jadval asosida ekspertizadan o‘tkazilib, bugungi kunda mazkur ekspertiza xulosalari nashriyotlarga taqdim etish uchun tayyor qilingan.
– Biz, o‘qituvchilar uchun darsliklar asosiy manba hisoblanadi, – dedi Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi Salimaxon Qodirova. – Ulardan qay darajada foydalanish esa o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq. Darsliklarni yaratish, nashrga tayyorlash va chop etish bo‘yicha bizda yaxshi tizim shakllangan, biroq bu jarayonni yanada takomillashtirish kerak. Darsliklarni yaratishda mas’ullar maktablardagi dars jarayonlari va ularning sifati bilan yaqindan tanishishi, mashg‘ulotlarda qatnashishi, hatto o‘quvchilar bilan muloqot qilishi maqsadga muvofiq. Masalan, 11-sinf o‘quvchilari uchun gumanitar yo‘nalishidagi darsliklarda umumiy fikrlarga keng o‘rin berilgan. Bu o‘quvchilarni zeriktiradi. Shu bois, bu jarayonda maktab o‘qituvchilarining fikr-mulohazalarini o‘rganish, ular bilan suhbatlashish o‘rinlidir.
Aytish joizki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni zamon talabi darajasida takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni kunda mazkur qarorning 3-ilovasi bilan “2018-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar” dasturi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, darslik va ilmiy-metodik adabiyotlar yaratish, nashrga tayyorlash va tajriba sinovdan o‘tkazish tartibi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Kelgusida maktab darsliklarini ushbu tartib asosida yaratish ko‘zda tutilgan.
Muxtasar aytganda, maktab darsliklarining sifatli bo‘lishini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanmoqda. Chunki bu darsliklar aziz farzandlarimiz bilimini boyitish, ma’naviy yetuk va barkamol qilib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Ularni sifatli, mazmunan boy va mukammal ilmiy xulosalar asosida yaratish esa mutaxassislarning asosiy vazifasidir. Shunday ekan, darsliklar haqida bildirilayotgan fikr-munosabatlarning ilmiy asoslangani har qanday tushunmovchiliklarni bartaraf etib, keng jamoatchilik oldida ishonch va umid uyg‘otishga xizmat qiladi.
Biologiya fani darsliklari
O‘zbekiston ta’lim tizimida ham 2021/22 o‘quv yilidan boshlab 1–6-sinflarda tabiiy fanlarni o‘zida jamlagan «Tabiiy fan» (SCIENCE) joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.
Kun.uz muxbiri mazkur mavzuga aloqador savollarga javob olish, yangi fanning qay tartibda joriy etilishi haqida ma’lumot olish uchun Respublika Ta’lim markazi direktori o‘rinbosari Mehriniso Pardayeva bilan bog‘landi.
«Tabiiy fan o‘quvchiga fanlarni o‘qish qiyin emas, qiziq bo‘lishiga yordam beradi. »
— Tabiiy fan (SCIENCE) amalga kiritilishidan oldin xalqaro amaliyot, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xususiy va xorijiy maktablar tajribasi o‘rganildi.
Yangi fan o‘quvchilarni kichik yoshidan tabiiy fanlarni o‘qishga rag‘batlantirish, ularda olam haqida yaxlit tasavvur paydo qilishga yordam beradi. Buning bilan bola tabiiy fanlar, jumladan fizika va kimyo qiyin emas, qiziq fanlar ekanini anglaydi va uni o‘rganishga o‘zida rag‘bat sezadi.
Tabiiy fan (SCIENCE) qaysidir fandan voz kechish yoki qaysidir fanning o‘rniga joriy etilayotgani yo‘q. Aksincha, u ta’lim sifatini oshirish uchun mavjud fanlarni integrativ tarzda o‘qitilishini ta’minlaydi.
Tabiatda yuz berayotgan hodisalarni, masalan, yomg‘ir hodisasini o‘rganish jarayonida bola uning tarkibi (biologiyaga oid tushunchalar), fizik xususiyatlari, qaysi fasllarda va qayerlarda ko‘proq yog‘ishi (geografik xususiyati), yomg‘ir ta’sirida Yerda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi, o‘simliklar uchun foydasi haqida ma’lumotga ega bo‘ladi.
Mazkur fan 1–2-sinflarda «Atrofimizdagi olam», 3–4-sinflarda tabiatshunoslik, 5–6-sinflarda esa 3 ta alohida fan – geografiya, biologiya va fizika fanlari mazmunini va kimyo fanining boshlang‘ich tushunchalarini uyg‘unlikda o‘qitadi. 7-sinfdan boshlab esa biologiya, geografiya va iqtisodiyot, fizika, kimyo fanlari alohida o‘qitiladi.
«Yangi tartibning joriy qilinishi 5 yilgacha muddatni oladi»
— Tabiiy fan (SCIENCE) bosqichma-bosqich tarzda joriy qilinadi. Birinchi bosqich 2021/22 o‘quv yilida 1–2-sinflarda, keyin boshqa sinflarda joriy qilinadi.
Bu muddatda yangi o‘quv yili boshlangunga qadar 1–2-sinf o‘qituvchilariga mazkur fanni o‘qitish bo‘yicha maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi va kelgusida fanni o‘qitadigan mutaxassis o‘qituvchilar ham tayyorlanadi. Zarur bo‘lsa, qayta tayyorlov kurslari tashkil etiladi.
«Tabiiy fan boshqa fanlarni qisqartirmaydi»
— Ayni paytda 1–2-sinfda «Atrofimizdagi olam» – 1 soat, 3–4-sinfda tabiatshunoslik – 1 soat, 5-sinfda biologiya – 1 soat, geografiya – 1 soat, 6-sinfda fizika – 2 soat, biologiya – 2 soat, geografiya va iqtisod – 2 soatdan o‘qitilib, 1–5-sinflarda jami 12 soatni tashkil qiladi.
Hozirgi takliflarga ko‘ra, tabiiy fan 1-sinfda bir soat, 2–4-sinflarda ikki soatdan, 5–6-sinfda esa 3 soatdan, jami 13 soat o‘qitilishi tavsiya etilmoqda. Bu – hali taklif.
Tabiiy fanlarni joriy etishdan oldin tanlab olingan maktablarda shu o‘quv yilining to‘rtinchi choragida tajriba-sinov asosida fanni o‘qitamiz. Bu muddatda o‘quv dasturlari, darsliklar, dars soati tahlil qilib ko‘riladi. Va tajriba-sinov natijalari asosida 13 soatlik taklif o‘zgarishi mumkin.
Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda tabiiy fanlar soatlari kamayib ketadi, boshqa fanlar soatiga o‘tkazib yuboriladi, deya fikr bildirmoqda. Lekin bular asossiz: dars soati kamaytirilmaydi. Olimlar, mutaxassislar xulosalari bilan balki ko‘paytirilishi mumkin.
Yuqorida aytilganidek, 7–11-sinflardan esa fanlarning o‘qitilishi doimiy tartibda davom etadi.
Tabiiy fanlardan qaysi o‘qituvchilar dars beradi?
— Agar boshlang‘ich sinflar darsliklari bolalar uchun jozibali, qiziqarli, rang-barang qilib ishlab chiqilsa, fanni o‘rganish o‘quvchilarga oson bo‘ladi. Xuddi shuningdek, fanni o‘qitish uchun eng maqbul metodlarni, tavsiyalarni o‘z ichiga olgan o‘qituvchilar uchun ham alohida metodik qo‘llanma – o‘qituvchi kitoblari ishlab chiqiladi. Ular yordamida dars berish ustozlar uchun ham og‘ir bo‘lmaydi.
1-4-sinflarda tabiiy fanni o‘qitish boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga yuklatilishi tavsiya etiladi. Hozir ham «Atrofimizdagi olam» fanidan asosan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari dars berib kelmoqda.
Ayni paytdagi darsliklarda ayrim mavzular o‘qish, «Atrofimizdagi olam», odobnoma fanlarida ham aynan takrorlangan. Tabiiy fan (SCIENCE) fanida mavzular boshqa fanlar bilan bir-birini mantiqiy to‘ldiruvchi, fanlararo uzviylikni ta’minlagan holda ishlab chiqiladi.
Ona tilida biror mavzudagi matnning mantiqiy jihati, tabiiy fanda esa matnda keltirilgan hodisa, jarayon yoki o‘rganish predmetining tabiiy xususiyatlari o‘rganiladi.
5-sinfda tabiiy fan 3 soat o‘qitilishi va uni biologiya, geografiya va iqtisod fani o‘qituvchilari, shuningdek, 6-sinfda biologiya, geografiya va iqtisodiyot, fizika fanlari o‘qituvchilari o‘tishi tavsiya qilinmoqda.
Bunda savol tug‘iladi: geografiya o‘qituvchisi fizikani, fizika muallimi biologiyani o‘qita oladimi?
Buni aniqlash uchun o‘qituvchilar bilan ishlanadi. Ularning malakasini oshirish, qayta tayyorlash orqali ular shu darslarni o‘tishga tayyorlanadi. Bunday imkoniyat ularga maxsus maqsadli o‘quv kurslaridan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng beriladi.
«Tabiiy fan (SCIENCE) o‘qitadigan mutaxassislar tayyorlanadi»
— Tabiiy fan joriy etilgach, tegishli normativ huquqiy-hujjatlar ishlab chiqilgandan so‘ng, pedagogika universitetlariga tabiiy fan (SCIENCE) fanini o‘qituvchi kadrlarni tayyorlashga buyurtma beriladi.
Pedagogika institutlarida fizika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalarga geografiya, biologiya bo‘yicha dars soatlarini yoki aksincha, geografiya yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar uchun qolgan 2 ta fan bo‘yicha dars soatlarini kiritish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga takliflar ham beriladi.
«Pedagoglar jamoasi o‘zgarishlarga ochiq bo‘lishi kerak»
— Ta’limda joriy etilayotgan har bir yangilik nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham o‘zini oqlayotgan tajribaga asoslanishi kerak. Agar tizimni takomillashtirish va yangiliklarni joriy etish uchun o‘nlab yillar tajriba-sinov qilinadigan bo‘lsa, unda ko‘p narsa yo‘qotish mumkin. Aslida, o‘z samaradorligini isbotlagan ta’lim modellari mavjud.
Insoniyat kashfiyotlarini amaliyot davomida isbotlagan paytlar ko‘p bo‘lgan. Faqat buning uchun hamma harakat qilishi kerak. O‘zgarishlarga ochiq bo‘lishimiz, o‘z ustimizda ishlashimiz kerak. Shuning uchun pedagoglardan iborat jamoatchilikni yangiliklardan qo‘rqishga emas, ularni amalga oshirishga intilishga chaqiraman.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
- SCIENCE fanining taklif etilayotgan o‘quv dasturi bilan ushbu havolada tanishish mumkin.