Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasini tasdiqladi
“Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalish aholi bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularning salomatligini saqlash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash, aholini elektr energiya, gaz bilan ta’minlashni yaxshilash, aholining muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam sifatini oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Harakatlar strategiyasi kitobi
08/02/2017 – 09:34 21562
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.
Iqtisodiyotda ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv tizimidan mutlaqo voz kechilib, bozor islohotlari bosqichma-bosqich amalga oshirilgani va pul-kredit siyosati puxta o‘ylab olib borilgani makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotning yuqori sur’atlar bilan o‘sishini, inflatsiyani prognoz ko‘rsatkichlari darajasida saqlab qolishni ta’minladi hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qildi.
Ayni vaqtda mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur tahlili, bugungi kunda jahon bozori kon’yunkturasi keskin o‘zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishni taqozo etmoqda.
Olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida:
1. Aholi va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish, shuningdek keng jamoatchilik muhokamasi natijasida ishlab chiqilgan hamda quyidagilarni nazarda tutadigan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Harakatlar strategiyasi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish;
qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga yo‘naltirilgan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samarasini oshirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash;
iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish;
ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish;
xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya 2-ilovaga muvofiq;
Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar 3-7-ilovalarga muvofiq tuzilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining birlamchi vazifasi va bosh ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi;
Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.
4. 2017-yil O‘zbekiston Respublikasida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar zimmasiga Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish, shuningdek Harakatlar strategiyasini 2018-2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar bilan birgalikda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyati muvofiqlashtirib borilishini, shuningdek uning joylarda ijro etilishi ustidan tizimli nazoratni ta’minlasin.
Belgilab qo‘yilsinki, Davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi umumlashtirilgan axborot Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tomonidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga taqdim etib boriladi.
6. Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlar quyidagilarga alohida e’tibor qaratsin:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizm va usullarini joriy etish, mansabdor shaxslarning aholi oldida hisobot berishi tizimini amalda tatbiq etish, shu asosda xalqning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda byurokratik to‘siq va g‘ovlar yaratilishiga, aholi bilan muloqot jarayonini kampaniyabozlikka aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikka;
Davlat dasturi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning ochiqligi, ularda fuqarolar, barcha darajadagi davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar, ijodiy va ilmiy muassasalar vakillarining keng ishtirok etishiga.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring qilish hamda uning natijalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot berib borishni ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda, shuningdek O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda:
mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet tarmog‘ida keng sharhlab borilishini, uning demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga, shuningdek inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, jamiyatda qonun ustuvorligi, qonuniylik va adolat, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikni qaror toptirish maqsadida davlat organlarining aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini kuchaytirishga yo‘naltirilganini jamoatchilikka tushuntirilishini;
Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishi va natijalari to‘g‘risidagi xolis, to‘liq ma’lumot aholiga tezlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalarga rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy taraqqiyot tajribasini, zarur bo‘lganda, xalqaro, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari vakillarini jalb qilgan holda, o‘rganishda ko‘maklashsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2017-yil 7-fevral
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha
Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoniga
SHARH
Mustaqillik yillarida mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurishga, erkin bozor munosabatlariga va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalq osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bosib o‘tilgan yo‘l va orttirilgan tajribani xolisona baholashdan, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni tahlil qilishdan hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda, oldimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning muhim ustuvorliklarini hamda aniq marralarini belgilash vazifasi turgan edi.
Mazkur vazifani amalga oshirish yo‘lida aholining keng qatlamlari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari, davlat organlarining rahbarlari va mutaxassislari bilan amaliy suhbat hamda muhokamalar olib borildi, shuningdek amaldagi qonun hujjatlari, milliy va xalqaro tashkilotlarning axborot-tahliliy materiallari, ma’ruzalari, tavsiyalari va sharhlari o‘rganildi, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi.
Kelib tushgan takliflarni jamlash, chuqur o‘rganish hamda umumlashtirish asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqilib, u bilan:
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Harakatlar strategiyasi);
Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) tasdiqlandi.
Loyihalarni tayyorlash davomida aholining keng qatlamlari orasida qizg‘in muhokamalar olib borildi. Loyihalar muhokama uchun turli axborot maydonlariga joylashtirildi, ularning natijasida ko‘plab taklif va mulohazalar kelib tushdi. Fuqarolar siyosiy-huquqiy borada yuksak faollik ko‘rsatib, olib borilayotgan islohotlarga alohida qiziqish va daxldorlikni namoyon qildilar.
Xususan, loyihalarning “Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi” portalida yo‘lga qo‘yilgan jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha 1 310 ta taklif va mulohaza kelib tushib, ular asosida Davlat dasturining 41 ta bandi qayta ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, 2017-yil 23-27-yanvar kunlari Toshkent shahrida media-haftalik va xalqaro davra suhbati tashkil etilib, ularda 1 300 dan ortiq mutaxassis va ekspert, jamoatchilikning, ommaviy axborot vositalarining, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yirik xorijiy investorlarning vakillari ishtirok etishdi.
Harakatlar strategiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan saylovoldi jarayoni, jamoatchilik, ishbilarmon doiralar vakillari hamda davlat organlari bilan uchrashuvlar chog‘ida bildirilgan mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning konseptual masalalari kiritildi.
Harakatlar strategiyasining maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirishdan, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iboratdir.
Xususan, mamlakatni rivojlantirishning quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalishi belgilangan:
1. Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish;
2. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish;
3. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish;
4. Ijtimoiy sohani rivojlantirish;
5. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish.
Mazkur yo‘nalishlarning har biri mamlakatdagi islohotlarni va yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga oid aniq bo‘limlardan iborat.
Harakatlar strategiyasini besh bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda, bunda yillarga beriladigan nomlarga muvofiq har yili uni amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlanadi.
Davlat dasturining “Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish” deb nomlangan birinchi yo‘nalishini amalga oshirishda davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish, qonun ijodkorligi faoliyatining sifatini tubdan yaxshilash, davlatning hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Davlat boshqaruvini takomillashtirish, eng avvalo davlat xizmatini isloh qilish, iqtisodiyotda davlat boshqaruvini kamaytirish, davlat va xususiy sektorlarning o‘zaro foydali hamkorligining zamonaviy shakllarini, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xalq bilan samarali muloqotni ta’minlash Davlat dasturining eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘ldi. Shu munosabat bilan jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish, shuningdek mahallaning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Davlat dasturining ikkinchi yo‘nalishi qonun ustuvorligini va sudning chinakam mustaqilligini ta’minlash chora-tadbirlarini nazarda tutadi. Jumladan, qarorlar qabul qilishda sudlar mustaqilligini ta’minlashi kerak bo‘lgan Oliy sud kengashini tuzish, professional sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Ma’muriy sudlarni, xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellatsiya sudlarini tuzish, sudya yordamchisi lavozimini ta’sis etish orqali sudlarni kelgusida ixtisoslashtirish va ularning devonini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
Sansalorlikka va ishlarning ko‘rib chiqilishi sudlar tomonidan asossiz cho‘zib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida protsessual qonun hujjatlarini takomillashtirish, quyi instansiya sudlarining kamchiliklarini mustaqil bartaraf etish va uzil-kesil qaror qabul qilish yuzasidan yuqori sud instansiyalarining vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Ushbu yo‘nalish doirasida barcha huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining xalq bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlarini ro‘yobga chiqarish, aholi ularga erkin murojaat eta olishini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda erkinliklari buzilganligi to‘g‘risidagi murojaatlarning, xabarlarning o‘z vaqtida olinishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Huquqbuzarliklarning oldini olish tizimiga, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek ushbu yo‘nalish 2018-2021-yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqishni, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari xodimlarini o‘qitish, tanlash va joy-joyiga qo‘yish tizimini takomillashtirishni, murojaatlarni muntazam tahlil qilishni hamda vaqti-vaqti bilan uning natijalarini e’lon qilib borishni, advokaturani rivojlantirishni, notariat tizimini va FHDYo organlarini isloh qilishni ham o‘z ichiga oladi.
“Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” deb nomlangan uchinchi yo‘nalishda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish uchun milliy valyuta va narxlarning barqarorligini ta’minlash, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulot va materiallar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, transport-logistika infratuzilmasini, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, soliq ma’murchiligini yaxshilash, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, shuningdek turizm industriyasini jadal rivojlantirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek ushbu yo‘nalish xususiy mulkni, moliya bozorini himoya qilish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, zargarlik sohasini rivojlantirish, ayrim milliy korxonalarning aksiyalarini (IPO) nufuzli xorijiy fond birjalariga dastlabki tarzda joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlarini ham o‘z ichiga oladi.
2017-2021-yillarda umumiy qiymati 40 milliard AQSh dollari miqdoridagi 649 ta investitsiya loyihasini nazarda tutuvchi tarmoq dasturlarini ro‘yobga chiqarish rejalashtirilmoqda. Natijada keyingi 5-yilda sanoat mahsulotini ishlab chiqarish 1,5 baravar, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33,6 foizdan 36 foizgacha, qayta ishlash tarmog‘i ulushi 80 foizdan 85 foizgacha oshadi.
“Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalish aholi bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularning salomatligini saqlash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash, aholini elektr energiya, gaz bilan ta’minlashni yaxshilash, aholining muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam sifatini oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Xususan, hududlarni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qariyb 25 mingta investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish hisobiga 256,4 ming ish o‘rni tashkil etish orqali aholini ish bilan ta’minlash dasturlarini to‘liq ijro etish nazarda tutilgan. Ishsizlik darajasi eng yuqori bo‘lgan mintaqalarda 46,8 ming yangi ish o‘rni tashkil etish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun ta’lim muassasalarining 10 ming nafar bitiruvchisiga kreditlar ajratish rejalashtirilmoqda.
Katta yoshli avlodni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy nafaqalar berish tartibini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish chora-tadbirlari kiritilgan. Jumladan, 78 ta tuman tibbiyot birlashmasini, 7 ta shahar va 2 ta viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qayta qurish, tez tibbiy yordam xizmatini 1200 ta maxsus avtotransport bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Qishloq joylarda 15 mingta arzon uy-joy, 415 kilometrlik suv ta’minoti quvurlari, 316 kilometrlik gaz ta’minoti quvurlari va 291 kilometrlik ichki yo‘llar qurish rejalashtirilgan. Aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida 86 ta yangi avtobus yo‘nalishini joriy etish va 537 ta zamonaviy avtobus xarid qilish nazarda tutilmoqda.
“Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish” deb nomlangan beshinchi yo‘nalish doirasida respublikaning konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, kiberxavfsizlik sohasida axborot, normativ-huquqiy asoslar tizimini takomillashtirish, aholini favqulodda vaziyatlardan xabardor qilish tizimini tashkil etish va rivojlantirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, shuningdek Millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari konsepsiyasini hamda Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy hamkorlar bilan siyosiy-diplomatik sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga doir “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan 2017-yilga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va moliyaviy-texnik hamkorligini tubdan rivojlantirish va kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Davlat dasturining yuqorida qayd etilgan barcha chora-tadbirlarini amalga oshirishga 37,7 trillion so‘m va 8,3 milliard AQSh dollari yo‘naltiriladi.
Kelgusi besh yilda mamlakatni rivojlantirishning strategik va ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida Farmon asosida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tuzilmoqda.
Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilish Harakatlar strategiyasi beshta yo‘nalishining har biri bo‘yicha tuzilgan komissiyalar zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu komissiyalar zimmasiga nafaqat yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirish, balki 2018-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarini tayyorlash ham yuklatilmoqda.
Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasining mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun ustuvorligini, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlat chegaralarining daxlsizligini, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yo‘lidagi shaxdam harakatlariga yangi kuch bag‘ishlaydi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasini tasdiqladi
O‘zbekiston Prezidenti 7-fevral kungi farmoni bilan 2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tasdiqladi. Bu haqda “O‘zbekiston” telekanalining “Axborot” dasturida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Strategiya loyihasi dolzarb hamda aholi va tadbirkorlarni tashvishga solayotgan masalalarni kompleks o‘rganish, qonunchilik, huquqni muhofaza qilish amaliyoti va xorijiy tajribani tahlil qilish yakunlari bo‘yicha ishlab chiqildi. Hujjat internetda e’lon qilinib, ekspertlar va jamoatchilikning keng muhokamasidan o‘tdi.
Harakatlar strategiyasi besh bosqichda amalga oshirilib, ularning har biri bo‘yicha yil nomlanishidan kelib chiqqan holda alohida bir yillik davlat dasturini tasdiqlashni nazarda tutadi. Xususan, 2017 yil — Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilindi.
2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi (quyida — yanada batafsil)
- davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlarihamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish;
- qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga yo‘naltirilgan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samarasini oshirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash;
- iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish;
- ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoya va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish;
- xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash.
Hujjatda harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining birlamchi vazifasi va bosh ustuvor yo‘nalishi hisoblanishi belgilangan.
Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlarga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizm va usullarini joriy etish, mansabdor shaxslarning aholi oldida hisobot berishi tizimini amalda tatbiq etish, shu asosda xalqning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratish topshirildi.
Farmonda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda byurokratik to‘siq va g‘ovlar yaratilishiga, aholi bilan muloqot jarayonini kampaniyabozlikka aylanishiga yo‘l qo‘ymasligi qayd etildi. Bundan tashqari, davlat dasturi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning ochiqligi, ularda fuqarolar, barcha darajadagi davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar, ijodiy va ilmiy muassasalar vakillarining keng ishtirok etishini ta’minlash belgilangan.
2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi
I. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari
- davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish;
- qonun ijodkorligi faoliyatining sifatini qabul qilinayotgan qonunlarni amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta’sirini kuchaytirishga yo‘naltirgan holda tubdan oshirish;
- siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish.
- davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini davlat boshqaruvini markazlashtirishdan chiqarish, davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik, moddiy va ijtimoiy ta’minot darajasini oshirish hamda iqtisodiyotni boshqarishda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish orqali isloh qilish;
- mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishda o‘zaro manfaatli hamkorlikning samarasini oshirishga qaratilgan davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish;
- “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari ko‘rsatishning samarasi, sifatini yuksaltirish va bu xizmatdan va aholi hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan foydalanish imkoniyatini oshirish.
- xalq bilan samarali muloqot mexanizmlarini joriy etish;
- jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, ijtimoiy sheriklikning samarasini oshirish;
- fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish;
- mahalla institutining jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va faoliyati samaradorligini oshirish;
- ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, jurnalistlarning professional faoliyatini himoya qilish.
II. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari
- sudyalar va sud apparati xodimlarining mavqeini, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minot darajasini oshirish, sudlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
- sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish;
- sudning mustaqilligi va beg‘arazligi, sud protsessi tomonlarining tortishuvi va teng huquqlik tamoyillarini har tomonlama tatbiq etish;
- “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasini kengaytirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish;
- sudlarni yanada ixtisoslashtirish, sud apparatini mustahkamlash;
- sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish.
- fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansolarlik, rasmiyatchilik va loqayd munosabatda bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, shuningdek, buzilgan huquqlarni tiklashning barcha zarur choralarini ko‘rish;
- sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash;
- fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish kafolatlarini mustahkamlash;
- fuqarolarning odil sudlovga to‘sqinliksiz erishishini ta’minlash;
- sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosi samaradorligini oshirish.
- jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish va liberallashtirish, alohida jinoiy qilmishlarni dekriminallashtirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tartibini insonpapvaplashtirish;
- odil sudlovni amalga oshirish samaradorligi va sifatini yaxshilash, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik sud ish yurituvining protsessual asoslarini takomillashtirish;
- jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik ishlarini ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirish, bir-birini takrorlaydigan vakolat va instansiyalarni qisqartirish;
- elektron tartibda sud va ijro ishini yuritishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish.
- jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirishning samaradorligini oshirish;
- diniy ekstremizm va terrorizmga, uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish bo‘yicha tashkiliy-amaliy choralarni yanada kuchaytirish;
- korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish;
- aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu boradagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro samarali hamkorligini tashkil etish.
- huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar ishini samarali rejalashtirish va uning natijalarini tahlil qilish, tizimli huquqbuzarliklarni aniqlash hamda ularning sabab va omillarini bartaraf etish;
- sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar xodimlarini o‘qitish, tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, rotatsiya qilish tizimini takomillashtirish;
- huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar xodimlari orasida huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish va bartaraf etish bo‘yicha idoraviy nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
- huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash.
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining yuridik xizmati faoliyati samaradorligini oshirish;
- advokatura institutini rivojlantirish, jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va xo‘jalik ishlarini ko‘rib chiqishda advokatlaring o‘rni va nufuzini oshirish;
- notariat va fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari tizimini isloh qilish.
III. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishari
- makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlash, qabul qilingan o‘rta muddatli dasturlar asosida tarkibiy va institutsional o‘zgarishlarni chuqurlashtirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
- harajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganinini saqlab qolgan holda, Davlat budjetining barcha darajalarida mutanosibligini muvozanatni saqlash, mahalliy budjetlarning daromad qismini mustahkamlashga yo‘naltirilgan budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish;
- ilg‘or xalqaro tajribada qo‘llaniladigan instrumentlardan foydalangan holda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, shuningdek valyutani tartibga solishda zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash;
- soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish yo‘lini davom ettirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va rag‘batlantirishning tegishli choralarini kengaytirish;
- bank tizimini isloh qilish, banklar depozit bazasining kapitalizatsiyasini chuqurlashtirish va barqarorligini oshirish, ularning moliyaviy barqarorligini va ishonchligini mustahkamlash, istiqbolli investitsiyaviy loyihalar hamda kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini kreditlashtirishni yanada kengaytirish;
- sug‘urta, lizing va boshqa moliyaviy xizmatlarning xajmini ularning yangi turlarini joriy qilish va sifatini oshirish hisobiga kengaytirish, shuningdek fond bozorini kapitalni jalb qilish hamda korxona, moliyaviy institutlar va aholining erkin resurslarini joylashtirishdagi muqobil manba sifatida rivojlantirish;
- xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, yetakchi xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar bilan aloqalarni kengaytirish, puxta o‘ylangan tashqi qarzlar siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, jalb qilingan xorijiy investitsiya va kreditlardan samarali foydalanish.
- milliy iqtisodiyotning mutanosibligi va barqarorligini ta’minlash, uning tarkibida sanoat, xizmatlar ko‘rsatish sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini ko‘paytirish;
- ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini olib borish;
- sanoatni yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini, eng avvalo, mahalliy xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha jadal rivojlantirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tkazish orqali yanada modernizatsiya va diversifikatsiya qilish;
- iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulot va xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish;
- prinsipial jihatdan yangi mahsulot va texnologiya turlarini o‘zlashtirish, shu asosda ichki va tashqi bozorda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash;
- ishlab chiqarish mahalliylashtirishni rag‘batlantirish siyosatini davom etish hamda, eng avvalo, iste’mol tovarlar va butlovchi buyumlar importining o‘rnini bosish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish;
- iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish;
- erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalarni tashkil etish, faoliyat ko‘rsatayotgan zonalarning samaradorligini oshirish;
- xizmatlar ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda xizmatlarning o‘rni va ulushini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar tarkibini, eng avvalo, xizmatlarning zamonaviy yuqori texnologik turlari hisobiga tubdan o‘zgartirish;
- turizm industriyasini jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda uning roli va ulushini oshirish, turistik xizmatlarni diversifikatsiyalash va sifatini yaxshilash, turizm infratuzilmasini kengaytirish;
- eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish va safarbar etish;
- yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish.
- tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini izchil rivojlantirish, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar sektorning eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirish;
- paxta va boshoqli don ekiladigan maydonlarni qisqartirish, bo‘shagan yerlarga kartoshka, sabzavot, ozuqa va yog‘ olinadigan ekinlarni ekish, shuningdek, yangi intensiv bog‘ va uzumzorlarni joylashtirish hisobiga ekin maydonlarini yanada optimallashtirish;
- fermer xo‘jaliklar, eng avvalo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bilan bir qatorda, qayta ishlash, tayyorlash, saqlash, sotish, qurilish ishlari va xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, yarim tayyor va tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha eng zamonaviy yuqori texnologiyalar asosida asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi qayta ishlash korxonalarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, tashish va sotish, agrokimyo, moliyaviy va boshqa zamonaviy bozor xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini tarmoqlarini yanada kengaytirish;
- sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, melioratsiya va irrigatsiya obyektlari tarmoqlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sohasiga intensiv usullarni, eng avvalo, suv va resurslarni tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, unumdorligi yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish;
- yuqori mahsuldorlikka ega, kasallik va zararkunandalarga chidamli, mahalliy yer-iqlim va ekologik sharoitlarga moslashgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini hamda hayvonot turlarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish;
- global iqlim o‘zgarishlari va Orol dengizi halokatining qishloq xo‘jaligi rivojlanishi hamda aholining hayot faoliyatiga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish.
- xususiy mulkning huquq va kafolatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash, barcha turdagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznes rivojiga to‘liq erkinlik berish, “Agar xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va kuchli bo‘ladi” degan prinsipni amalga oshirish;
- kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik tuzilmalarining faoliyatiga davlat, nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy aralashuvlarning qat’iy oldini olish;
- davlat mulkini xususiylashtirishni kengaytirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav jamg‘armalarida davlat ishtirokini kamaytirish, davlat mulki xususiylashtirilgan obyektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- investitsiya muhitini takomillashtirish, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlariga va hududlariga xorijiy, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish;
- korporativ boshqaruvning zamonaviy standart va usullarini joriy etish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlarning rolini kuchaytirish;
- tadbirkorlik subyektlarining muhandislik tarmoqlariga ulanishi bo‘yicha tartib-taomill va mexanizmlarni takomillashtirish va soddalashtirish;
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat boshqaruvi tizimini markazlashtirishdan chiqarish va demokratlashtirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, nodavlat, jamoat tashkilotlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini oshirish.
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish, xalqning turmush darajasi va daromadlarini oshirish uchun har bir hududning tabiiy, mineral xomashyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va mehnat salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash;
- hududlar iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish ko‘llamini kengaytirish, rivojlanish darajasi nisbatan past bo‘lgan tuman va shaharlarni, eng avvalo, sanoat va eksport salohiyatini oshirish yo‘li bilan jadal rivojlantirish hisobiga mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidagi farqlarni kamaytirish;
- yangi sanoat korxonalari va servis markazlarini tashkil etish, kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, yirik xo‘jalik birlashmalarining mablag‘larini, banklarning kreditlarini va xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga kichik shaharlar va shaharchalarni jadal rivojlantirish;
- subvensiyaga qaram tuman va shaharlarni kamaytirish, sanoat va xizmatlar ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish hisobiga mahalliy budjetlarning daromad bazasini kengaytirish;
- sanoat korxonalari va boshqa ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirishga qulay shart-sharoitlar yaratish, xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish hamda aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida hududlarning ishlab chiqarish, muhandis-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish.
IV. Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari
- aholining real pul daromadlarini va xarid qobiliyatini oshirish, kam ta’minlangan oilalar sonini va aholining daromadlari bo‘yicha farqlanish darajasini yanada kamaytirish;
- budjet muassasalari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar hajmini inflyatsiya sur’atlaridan yuqori miqdorda bosqichma-bosqich oshirish;
- yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholining, eng avvalo, o‘rta maxsus va oliy o‘quv muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, mehnat bozori infratuzilmasining mutanosib rivojlanishini ta’minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish;
- mehnatga layoqatli aholining mehnat va tadbirkorlik faolligini to‘liq amalga uchun sharoitlar yaratish, ishchi kuchi sifatini yuksaltirish, ishga joylashtirishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini kengaytirish.
- aholiga majburiy ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish hamda keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
- sog‘liqni saqlash sohasini, eng avvalo, uning aholiga tibbiy va ijtimoiy-tibbiy xizmat ko‘rsatish qulayligi hamda sifatini oshirishga qaratilgan dastlabki bo‘g‘inini, tez va shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada isloh qilish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
- oila salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, onalar va bolalarning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishni kengaytirish, ularga ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam ko‘rsatish, chaqaloqlar va bolalar o‘limini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni yanada keng amalga oshirish;
- xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini kuchaytirish, xotin-qizlar, kasb-hunar kolleji bitiruvchi qizlarining bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, oila asoslarini yanada mustahkamlash;
- pensionerlar, nogiron, yolg‘iz keksalar, aholining boshqa ehtiyojmand toifalarining to‘laqonli hayot faoliyatini ta’minlash uchun ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish;
- farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, aholi va tibbiyot muassasalarining arzon, sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanishini yaxshilash, dori-darmonlar narxlarining asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- aholi o‘rtasida kasallanish ko‘rsatkichlari pasayishini va umr uzayishini ta’minlash.
- aholi, eng avvalo, yosh oilalar, eskirgan uylarda yashab kelayotgan fuqarolar va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boshqa fuqarolarning yashash sharoitini imtiyozli shartlarda ipoteka kreditlari ajratish hamda shahar va qishloq joylarda arzon uylar qurish orqali yanada yaxshilash;
- aholining kommunal-maishiy xizmatlar bilan ta’minlanish darajasini oshirish, eng avvalo, yangi ichimlik suvi tarmoqlarini qurish, tejamkor va samarali zamonaviy texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish orqali qishloq joylarda aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan talab va ehtiyojini ta’minlashni tubdan yaxshilash;
- odamlarning ekologik xavfsiz muhitda yashashini ta’minlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash komplekslarini qurish va modernizatsiya qilish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, chiqindini yo‘q qilish bo‘yicha zamonaviy obyektlar bilan ta’minlash;
- aholiga transport xizmati ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, yo‘lovchi tashish xavfsizligini oshirish va atrof muhitga zararli moddalar chiqishini kamaytirish, har tomonlama qulay yangi avtobuslarni sotib olish, avtovokzal va avtostansiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish;
- yo‘l infratuzilmasi qurilishi va rekonstruksiya qilinishini jadal davom ettirish, eng avvalo, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, aholi punkti ko‘chalarini kapital va joriy ta’mirlash;
- yangi elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, past kuchlanishli elektr tarmoqlari va transformator punktlarini yangilash, shuningdek, aholini boshqa yoqilg‘i-energiya resurslari bilan ta’minlashni yaxshilash va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashni yaxshilash;
- teatr va tomosha maskanlarini, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar va muzeylar faoliyatini rivojlantirish hamda takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
- uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish yo‘lini davom ettirish, sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga muvofiq, yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
- ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, ularni zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan jihozlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish orqali ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish;
- maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, bolalarning har tomonlama intellektual, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun ushbu muassasalaridagi shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishini jiddiy oshirish va uning qulayligini ta’minlash, pedagog va mutaxassislarning malaka darajasini yuksaltirish;
- umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi boshqa muhim va talab yuqori bo‘lgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganish;
- bolalarni sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga, ularni musiqa hamda san’atga jalb qilish maqsadida yangi bolalar sporti obyektlarini, bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish;
- kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini bozor iqtisodiyoti va ish beruvchilarning ehtiyojlariga javob beradigan mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash hamda ishga joylashtirish borasidagi ishlarni takomillashtirish;
- ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish;
- ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish.
- jismonan sog‘lom, ruhiy va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy nuqtayi nazarga ega, Vatanga sodiq yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish;
- o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda xususiy tadbirkorlik sohasiga jalb etish;
- yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda amalga oshirish, bolalar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish;
- yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, yosh oilalar uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish;
- yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari, yoshlar va boshqa tashkilotlarning samarali faoliyatini tashkil etish.
V. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar
- O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini muhofaza qilish;
- axborot xavfsizligini ta’minlash va axborotni himoya qilish tizimini takomillashtirish, axborot sohasidagi tahdidlarga qarshi o‘z vaqtida va munosib harakatlarni tashkil etish;
- fuqarolik, millatlar va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlash;
- davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining jangovar qudrati va salohiyatini oshirish;
- atrof-tabiiy muhit, aholi salomatligi va genofondiga zarar yetkazadigan ekologik muammolarning oldini olish;
- favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirish.
- davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatidagi o‘rni va rolini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, O‘zbekistonning tevaragida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish;
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, jaxon hamjamiyatiga mamlakatda olib borilayotgan islohotlar haqida xolis axborot yetkazish;
- O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
- davlat chegarasini demilitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal etish.
Таълим / Образование
Мустақиллик йилларида мамлакатда ҳуқуқий демократик давлат, кучли фуқаролик жамияти қуришга, эркин бозор муносабатларига ва хусусий мулк устуворлигига асосланган иқтисодиётни ривожлантиришга, халқ осойишта ва фаровон ҳаёт кечириши учун шарт-шароитлар яратишга, халқаро майдонда Ўзбекистоннинг муносиб ўрин эгаллашига қаратилган комплекс чора-тадбирлар амалга оширилди.
Босиб ўтилган йўл ва орттирилган тажрибани холисона баҳолашдан, мустақиллик йилларида эришилган ютуқларни таҳлил қилишдан ҳамда замон талабларидан келиб чиққан ҳолда, олдимизда демократик ислоҳотларни янада чуқурлаштириш ва мамлакат тараққиётини жадаллаштиришнинг муҳим устуворликларини ҳамда аниқ марраларини белгилаш вазифаси турган эди.
Мазкур вазифани амалга ошириш йўлида аҳолининг кенг қатламлари, жамоатчилик ва ишбилармон доиралар вакиллари, давлат органларининг раҳбарлари ва мутахассислари билан амалий суҳбат ҳамда муҳокамалар олиб борилди, шунингдек амалдаги қонун ҳужжатлари, миллий ва халқаро ташкилотларнинг ахборот-таҳлилий материаллари, маърузалари, тавсиялари ва шарҳлари ўрганилди, ривожланган хорижий мамлакатлар тажрибаси таҳлил қилинди.
Келиб тушган таклифларни жамлаш, чуқур ўрганиш ҳамда умумлаштириш асосида Ўзбекистон Республикаси Президентининг “Ўзбекистон Республикасини янада ривожлантириш бўйича Ҳаракатлар стратегияси тўғрисида”ги Фармони лойиҳаси ишлаб чиқилиб, у билан:
2017-2021 йилларда Ўзбекистон Республикасини ривожлантиришнинг бешта устувор йўналиши бўйича Ҳаракатлар стратегияси (кейинги ўринларда – Ҳаракатлар стратегияси);
Ҳаракатлар стратегиясини “Халқ билан мулоқот ва инсон манфаатлари йили”да амалга оширишга оид Давлат дастури (кейинги ўринларда – Давлат дастури) тасдиқланди.
Лойиҳаларни тайёрлаш давомида аҳолининг кенг қатламлари орасида қизғин муҳокамалар олиб борилди. Лойиҳалар муҳокама учун турли ахборот майдонларига жойлаштирилди, уларнинг натижасида кўплаб таклиф ва мулоҳазалар келиб тушди. Фуқаролар сиёсий-ҳуқуқий борада юксак фаоллик кўрсатиб, олиб борилаётган ислоҳотларга алоҳида қизиқиш ва дахлдорликни намоён қилдилар.
Хусусан, лойиҳаларнинг “Қонун ҳужжатлари таъсирини баҳолаш тизими” порталида йўлга қўйилган жамоатчилик муҳокамаси натижалари бўйича 1 310 та таклиф ва мулоҳаза келиб тушиб, улар асосида Давлат дастурининг 41 та банди қайта кўриб чиқилди.
Шу билан бирга, 2017 йил 23-27 январь кунлари Тошкент шаҳрида медиа-ҳафталик ва халқаро давра суҳбати ташкил этилиб, уларда 1 300 дан ортиқ мутахассис ва эксперт, жамоатчиликнинг, оммавий ахборот воситаларининг, дипломатик корпус ва халқаро ташкилотларнинг, шунингдек Ўзбекистонда фаолият юритаётган йирик хорижий инвесторларнинг вакиллари иштирок этишди.
Ҳаракатлар стратегиясига Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев томонидан сайловолди жараёни, жамоатчилик, ишбилармон доиралар вакиллари ҳамда давлат органлари билан учрашувлар чоғида билдирилган мамлакатни ижтимоий-сиёсий, социал-иқтисодий, маданий-гуманитар ривожлантиришнинг концептуал масалалари киритилди.
Ҳаракатлар стратегиясининг мақсади олиб борилаётган ислоҳотлар самарадорлигини тубдан оширишдан, давлат ва жамиятнинг ҳар томонлама ва жадал ривожланишини таъминлаш учун шарт-шароитлар яратишдан, мамлакатни модернизациялаш ва ҳаётнинг барча соҳаларини эркинлаштиришдан иборатдир.
Хусусан, мамлакатни ривожлантиришнинг қуйидаги 5 та устувор йўналиши белгиланган:
1. Давлат ва жамият қурилишини такомиллаштириш;
2. Қонун устуворлигини таъминлаш ва суд-ҳуқуқ тизимини янада ислоҳ қилиш;
3. Иқтисодиётни янада ривожлантириш ва либераллаштириш;
4. Ижтимоий соҳани ривожлантириш;
5. Хавфсизлик, миллатлараро тотувлик ва диний бағрикенгликни таъминлаш, чуқур ўйланган, ўзаро манфаатли ва амалий руҳдаги ташқи сиёсат юритиш.
Мазкур йўналишларнинг ҳар бири мамлакатдаги ислоҳотларни ва янгиланишларни янада чуқурлаштиришга оид аниқ бўлимлардан иборат.
Ҳаракатлар стратегиясини беш босқичда амалга ошириш назарда тутилмоқда, бунда йилларга бериладиган номларга мувофиқ ҳар йили уни амалга ошириш бўйича Давлат дастури тасдиқланади.
Давлат дастурининг “Давлат ва жамият қурилишини такомиллаштириш” деб номланган биринчи йўналишини амалга оширишда давлат ҳокимияти тизимида Олий Мажлиснинг ролини кучайтириш, қонун ижодкорлиги фаолиятининг сифатини тубдан яхшилаш, давлатнинг ҳаётида сиёсий партияларнинг ролини кучайтириш назарда тутилган.
Давлат бошқарувини такомиллаштириш, энг аввало давлат хизматини ислоҳ қилиш, иқтисодиётда давлат бошқарувини камайтириш, давлат ва хусусий секторларнинг ўзаро фойдали ҳамкорлигининг замонавий шаклларини, “Электрон ҳукумат” тизимини ривожлантириш бўйича чора-тадбирларни амалга ошириш режалаштирилган.
Халқ билан самарали мулоқотни таъминлаш Давлат дастурининг энг муҳим ва долзарб вазифаларидан бири бўлди. Шу муносабат билан жамоатчилик назоратини такомиллаштириш, нодавлат нотижорат ташкилотларини, оммавий ахборот воситаларини янада ривожлантириш, шунингдек маҳалланинг жамият ҳаётидаги ролини кучайтириш назарда тутилмоқда.
Давлат дастурининг иккинчи йўналиши қонун устуворлигини ва суднинг чинакам мустақиллигини таъминлаш чора-тадбирларини назарда тутади. Жумладан, қарорлар қабул қилишда судлар мустақиллигини таъминлаши керак бўлган Олий суд кенгашини тузиш, профессионал судьялар корпусини шакллантириш, судьяларнинг ҳуқуқлари ва қонуний манфаатларини ҳимоя қилишга доир чора-тадбирларни амалга ошириш режалаштирилмоқда.
Маъмурий судларни, хўжалик судлари тизимида минтақавий апелляция судларини тузиш, судья ёрдамчиси лавозимини таъсис этиш орқали судларни келгусида ихтисослаштириш ва уларнинг девонини мустаҳкамлаш назарда тутилмоқда.
Сансалорликка ва ишларнинг кўриб чиқилиши судлар томонидан асоссиз чўзиб юборилишига йўл қўймаслик мақсадида процессуал қонун ҳужжатларини такомиллаштириш, қуйи инстанция судларининг камчиликларини мустақил бартараф этиш ва узил-кесил қарор қабул қилиш юзасидан юқори суд инстанцияларининг ваколатларини кенгайтириш режалаштирилмоқда.
Ушбу йўналиш доирасида барча ҳуқуқни муҳофаза қилиш ва назорат органлари, давлат ҳамда хўжалик бошқаруви органлари, маҳаллий давлат ҳокимияти органлари раҳбарларининг халқ билан бевосита мулоқотини йўлга қўйиш чора-тадбирларини рўёбга чиқариш, аҳоли уларга эркин мурожаат эта олишини таъминлаш, жисмоний ва юридик шахсларнинг ҳуқуқлари ҳамда эркинликлари бузилганлиги тўғрисидаги мурожаатларнинг, хабарларнинг ўз вақтида олинишини таъминлаш назарда тутилмоқда.
Ҳуқуқбузарликларнинг олдини олиш тизимига, жиноятчиликка қарши курашиш ва жамоат тартибини сақлаш бўйича ички ишлар органларининг фаолиятини тубдан такомиллаштиришга алоҳида эътибор қаратилади.
Шунингдек ушбу йўналиш 2018-2021 йилларда жиноят ва жиноят-процессуал қонун ҳужжатларини янада такомиллаштириш концепциясини ишлаб чиқишни, суд, ҳуқуқни муҳофаза қилиш ва назорат органлари ходимларини ўқитиш, танлаш ва жой-жойига қўйиш тизимини такомиллаштиришни, мурожаатларни мунтазам таҳлил қилишни ҳамда вақти-вақти билан унинг натижаларини эълон қилиб боришни, адвокатурани ривожлантиришни, нотариат тизимини ва ФҲДЁ органларини ислоҳ қилишни ҳам ўз ичига олади.
“Иқтисодиётни янада ривожлантириш ва либераллаштириш” деб номланган учинчи йўналишда кўрсатилган чора-тадбирларни рўёбга чиқариш учун миллий валюта ва нархларнинг барқарорлигини таъминлаш, валютани тартибга солишнинг замонавий бозор механизмларини босқичма-босқич жорий этиш, маҳаллий бюджетларнинг даромад базасини кенгайтириш, ташқи иқтисодий алоқаларни кенгайтириш, экспортга мўлжалланган маҳсулот ва материаллар ишлаб чиқариш учун замонавий технологияларни жорий этиш, транспорт-логистика инфратузилмасини, тадбиркорликни ривожлантириш ҳамда хорижий инвесторлар учун инвестициявий жозибадорликни ошириш, солиқ маъмурчилигини яхшилаш, банк фаолиятини тартибга солишнинг замонавий принциплари ва механизмларини жорий этиш, кўп тармоқли фермер хўжаликларини ривожлантириш, шунингдек туризм индустриясини жадал ривожлантириш назарда тутилмоқда.
Шунингдек ушбу йўналиш хусусий мулкни, молия бозорини ҳимоя қилиш, қишлоқ хўжалигини модернизациялаш, заргарлик соҳасини ривожлантириш, айрим миллий корхоналарнинг акцияларини (IPO) нуфузли хорижий фонд биржаларига дастлабки тарзда жойлаштиришга тайёргарлик кўриш чора-тадбирларини ҳам ўз ичига олади.
2017-2021 йилларда умумий қиймати 40 миллиард АҚШ доллари миқдоридаги 649 та инвестиция лойиҳасини назарда тутувчи тармоқ дастурларини рўёбга чиқариш режалаштирилмоқда. Натижада кейинги 5 йилда саноат маҳсулотини ишлаб чиқариш 1,5 баравар, унинг ялпи ички маҳсулотдаги улуши 33,6 фоиздан 36 фоизгача, қайта ишлаш тармоғи улуши 80 фоиздан 85 фоизгача ошади.
“Ижтимоий соҳани ривожлантириш” деб номланган тўртинчи йўналиш аҳоли бандлигини ошириш, фуқароларни ижтимоий ҳимоя қилиш ва уларнинг саломатлигини сақлаш, йўл-транспорт, муҳандислик-коммуникация ҳамда ижтимоий инфратузилмани ривожлантириш ва модернизациялаш, аҳолини электр энергия, газ билан таъминлашни яхшилаш, аҳолининг муҳтож қатламларига кўрсатиладиган ижтимоий ёрдам сифатини ошириш, хотин-қизларнинг ижтимоий-сиёсий ҳаётдаги мақомини ошириш, соғлиқни сақлаш соҳасини ислоҳ қилиш, мактабгача таълим муассасаларининг қулайлигини таъминлаш, умумий ўрта таълим, ўрта махсус ва олий таълим сифатини яхшилаш ҳамда уларни ривожлантириш чора-тадбирларини амалга оширишни назарда тутади.
Хусусан, ҳудудларни ҳар томонлама ривожлантириш бўйича қарийб 25 мингта инвестиция лойиҳасини рўёбга чиқариш ҳисобига 256,4 минг иш ўрни ташкил этиш орқали аҳолини иш билан таъминлаш дастурларини тўлиқ ижро этиш назарда тутилган. Ишсизлик даражаси энг юқори бўлган минтақаларда 46,8 минг янги иш ўрни ташкил этиш, тадбиркорлик фаолиятини бошлаш учун таълим муассасаларининг 10 минг нафар битирувчисига кредитлар ажратиш режалаштирилмоқда.
Катта ёшли авлодни қўллаб-қувватлаш, ижтимоий нафақалар бериш тартибини такомиллаштириш, соғлиқни сақлаш соҳасини ислоҳ қилиш чора-тадбирлари киритилган. Жумладан, 78 та туман тиббиёт бирлашмасини, 7 та шаҳар ва 2 та вилоят кўп тармоқли тиббиёт марказини қайта қуриш, тез тиббий ёрдам хизматини 1200 та махсус автотранспорт билан таъминлаш режалаштирилмоқда.
Қишлоқ жойларда 15 мингта арзон уй-жой, 415 километрлик сув таъминоти қувурлари, 316 километрлик газ таъминоти қувурлари ва 291 километрлик ички йўллар қуриш режалаштирилган. Аҳолига транспорт хизматлари кўрсатиш сифатини яхшилаш мақсадида 86 та янги автобус йўналишини жорий этиш ва 537 та замонавий автобус харид қилиш назарда тутилмоқда.
“Хавфсизлик, миллатлараро тотувлик ва диний бағрикенгликни таъминлаш, чуқур ўйланган, ўзаро манфаатли ва амалий руҳдаги ташқи сиёсат юритиш” деб номланган бешинчи йўналиш доирасида республиканинг конституциявий тузумини, суверенитетини, ҳудудий яхлитлигини ҳимоя қилишга доир чора-тадбирларни рўёбга чиқариш, киберхавфсизлик соҳасида ахборот, норматив-ҳуқуқий асослар тизимини такомиллаштириш, аҳолини фавқулодда вазиятлардан хабардор қилиш тизимини ташкил этиш ва ривожлантириш, Орол фожиасининг оқибатларини юмшатиш, шунингдек Миллатлараро муносабатлар соҳасидаги сиёсатнинг устувор йўналишлари концепциясини ҳамда Диний соҳадаги давлат сиёсати концепциясини ишлаб чиқиш назарда тутилмоқда.
Шу билан бирга, хорижий ҳамкорлар билан сиёсий-дипломатик соҳадаги ҳамкорликни ривожлантиришга доир “Йўл хариталари”ни ишлаб чиқиш, Ўзбекистоннинг хорижий ҳамкорлар билан 2017 йилга мўлжалланган савдо-иқтисодий, инвестициявий, технологик ва молиявий-техник ҳамкорлигини тубдан ривожлантириш ва кенгайтириш режалаштирилмоқда.
Давлат дастурининг юқорида қайд этилган барча чора-тадбирларини амалга оширишга 37,7 триллион сўм ва 8,3 миллиард АҚШ доллари йўналтирилади.
Келгуси беш йилда мамлакатни ривожлантиришнинг стратегик ва устувор йўналишларини белгилаш мақсадида Фармон асосида, Ўзбекистон Республикаси Президенти бошчилигида Ҳаракатлар стратегиясини амалга ошириш бўйича Миллий комиссия тузилмоқда.
Давлат дастурига киритилган тадбирлар тўлиқ, ўз вақтида ва сифатли бажарилишини назорат қилиш Ҳаракатлар стратегияси бешта йўналишининг ҳар бири бўйича тузилган комиссиялар зиммасига юклатилган.
Ушбу комиссиялар зиммасига нафақат юқорида қайд этилган вазифаларни амалга ошириш, балки 2018-2021 йилларга мўлжалланган Ҳаракатлар стратегиясини амалга ошириш бўйича тегишли йиллик давлат дастурлари лойиҳаларини тайёрлаш ҳам юклатилмоқда.
Ҳаракатлар стратегиясининг амалга оширилиши Ўзбекистон Республикасининг мамлакатни ислоҳ қилиш ва модернизациялаш, ривожланган бозор иқтисодиётига асосланган ҳуқуқий демократик давлат, кучли фуқаролик жамияти барпо этиш, қонун устуворлигини, хавфсизлик ва ҳуқуқ-тартиботни, давлат чегараларининг дахлсизлигини, жамиятда миллатлараро тотувлик ва диний бағрикенгликни таъминлаш йўлидаги шахдам ҳаракатларига янги куч бағишлайди
2017 — 2021 йилларда Ўзбекистон Республикасини ривожлантиришнинг бешта устувор йўналиши бўйича ҳаракатлар стратегияси дастури (ПФ-4947)Юклаб олмоқ