Homiladorlik kalendari — hisob kalkulyatori, haftalar bo’yicha ma’lumot
Yo’ldosh hali to’liq ishlamaydi va bola birikishdan (implantatsiya) keyin hosil bo’lgan sariq xaltacha orqali oziqlanadi. Kelgusi haftalarda yo’ldosh faoliyat ko’rsata boshlaydi.
Homila jinsini aniqlash kalendari. Xitoy taqvimi va boshqa usullar
Homila jinsini aniqlash kalendari. Bo’lg’usi onalar har doim ham farzandlari qiz yoki o’g’il tug’ilishini oldindan bilishga harakat qilishgan. Homila jinsini aniqlash zamonaviy tibbiyot uchun murakkab narsa emas. Ultratovush (UZI) aparati bolaning jinsini homiladorlikning 15-17 haftalaridan boshlab aytib berishi mumkin. Lekin bu davrda homila endi rivojlanayotgan bo’ladi, jinsiy a’zolarini aparat ekranida aniq ajratib va tanib olish qiyin vazifa. O’zingiz ekranga ko’z tashlaganingizda hech narsani ajrata olmasdingiz. Shuning uchun ham bazida hattoki, ultratovush aparati ham noto’g’ri natija beradi. Bu UZI aparatining aybi emas balki, mutaxassis adashganini bildiradi. Faqat homiladorlikning 30-haftalariga kelibgina bo’lg’usi farzandning kim bo’ib tug’ilishini ultratovush yordamida katta aniqlik bilan aytish mumkin.
Yuqorida usul tibbiyotdagi eng ishonchlisi bo’lsa ham ko’pchilik, bo’lg’usi onalarni qoniqtirmaydi. Bunga eng katta sabab ultratovush homila jinsini oldindan aytib bera olmasligidir.
Homila jinsi nimaga bog’liq?
Zamonaviy tibbiyot tan olgan hech qanday usul yolki fan bilgan biron bir bilim farzandning kim bo’lib tug’ilishini oldindan aytishga ojizdir. Qolaversa, ilmiy qarashlarga ko’ra, o’g’il yoki qiz tug’ilishi umuman ayol kishiga bog’liq emas. Faqat erkak kishi urug’ suyuqlikidagi spermatozoidalarga bog’liq bo’lar ekan. Maktabda biologiya darsligidan eslasangiz kerak, ayollarning tuxum hujayralarida faqat bir xil «X » xromosomalar bo’ladi. Erkaklarda esa 2 xil «X» va «Y» xromosomali spermatozoidlar, urug’ hujayralari mavjud. Yangi hayot paydo qilish paytida erkakdan ayol tuxum hujayrasiga shu ikki xromosomadan biri o’tadi. Natijada «XX» bo’lsa qiz, «XY» kombinatsiya hosil bo’lsa o’g’il farzand tug’iladi. Albatta, qaysi xromosomali urug’ni berish ham erkak kishi ixtiyoriga bog’liq emas. Hammasi tasodifga bog’liq.
Homila jinsini aniqlash usullari
Tibbiyot homilaning jinsini oldindan aniqlashni iloji yo’q deb hisoblaydi. Lekin qadim zamonlardan beri shu maqsadlar bir necha usullar qo’llanilib keliniladi. Bular orasida xitoy taqvimi, yapon kalendari, qon yangilanish metodi kabi bir necha an’anaviy usullar bor. Ular turli xil manbalarga asoslangan va 100% to’g’ri natija bermaydi. Lekin ko’p ayollar bunday metodlarga ishonishadi. Nafaqat ishonishadi, balki unga qarab farzand jinsini rejalashtirishadi ham. Quyida bunday yo’llardan bir nechtasini ko’rib chiqamiz.
Bola jinsini aniqlash uchun Xitoy kalendari
Qadimgi Xitoyliklar turli xil narsalarga usta bo’lishgan, to’g’ri hozirgilari ham qadimgilaridan qolishmaydi. Rivoyat qilishlaricha ushbu kalendardan Xitoyliklar imperator oilasida o’g’il yoki qiz farzand tug’ilishini rejalashtirishda foydalanishgan ekan. Chunki hukmron dinastiyani davom ettirish uchun albatta o’g’il farzand kerak bo’lgan.
Bu kalendarga ko’ra homila jinsi ayol farzandga homilador bo’lgan vaqtidagi yoshi va bolaning tug’ilish oyiga bog’liq ekan. Quyidagi kalendarga e’tibor bering. Vertikal kataklarda bola tug’ilish oyini, gorizontal qatorlarda esa homilador bo’lish vaqtidagi ayol yoshini belgilang. Ular kesishgan nuqtada bolaning jinsi aniqlanadi. M bo’lsa o’g’il bola, D esa qiz bola.
Xalq an’analarida belgilar
Qadim zamonlardan beri xalq tabobatida va buvilar tajribasiga tayanib ham bolaning jinsini oldindan taxmin qilish mumkin. Masalan quyidagi alomatlarga asoslanib
- O’g’il bolalar faolroq va ona qornida ko’proq harakat qilishadi.
- Yosh ayollar ko’proq o’g’il farzand tug’ishadi
- Bazida qorin shakliga ham e’tibor berishadi. Yumaloq qorin qiz bolani bildirar ekan
- O’g’il farzand kutayotgan onalarda ishtaxa ancha yuqori bo’ladi
- Ota-onalar yoshi 30 dan yuqori bo’lsa, qiz farzand tug’ilish ehtimoli ko’proq bo’ladi
- Homiladorlik muddatlari orasida kichik farq bo’lsa, ya’ni ayol qisqq vaqt ichida 2 marta farzand ko’rsa har xil jinsli bolalar tug’ilish ehtimoli katta bo’ladi
- Qiz bolalar onalaridan go’zallik olishi mumkin. Ko’pincha qiz farzandni ko’tarib yurish og’irroq, ayol yuzida xusnbuzarlar paydo bo’ladi. Toksikozni boshidan kechiradi.
Qon yangilanish usuli
Bu usul ham homila jinsini aniqlash kalendariga o’xshash. Faqat oylarga emas balki qon yangilanish, almashinish vaqtiga asoslangan.
Bu usulga ko’ra ota-onlardan kimning qoni «yangiroq» bo’lsa tug’iladigan farzand uning jinsida bo’ladi. Demak homiladorlik boshlanish paytida kimning erkakni yoki ayolni qoni yangiroq ekanligini xisoblab topish zarur.
Buning uchun quyidagilarni bilish zarur. Erkaklarda qon har 4 yilda, ayollarda esa har 3 yilda almashinadi. Xullas ayollar qoni 3, 6, 9 …. 18, 21, 24… yoshlarda (har 3 yoshda yangilanadi). Erilariniki esa sal uzoqroq 4, 8 …. 16, 20, 24 … yoshlarda yangilanadi. Shunga ko’ra hisoblash mumkin. Deylik ayol 21 yoshda erkak esa 25 yoshda. Unda ayol qoni aynan shu 21 yoshda yangilangan bo’sa turmush o’rtog’iniki esa oxirgi marta 24 yoshda yangilangan. Ayol qoni «yangiroq» xulosa qiz tug’iladi.
Unutmang inson qoni ko’p qon yo’qotishlardan keyin ham yangilanadi. Masalan og’ir operatsiya, katta jarohat oqibatida, 1 litrdan ko’p suyuqlik yo’qotish natijasida ham.
Xisob kitoblarga yo’q bo’lsangiz bu onlayn servisdan foydalanishingiz mumkin. Hamma hisob kitoblarni o’zi bajaradi, siz faqat tug’ilgan yillar va agar bo’lsa katta qon yo’qotish sanalarini kiritasiz.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak ushbu metodlarga qattiq ishonish kerak emas.
Homiladorlik kalendari — hisob kalkulyatori, haftalar bo’yicha ma’lumot
Homiladorlikka oid kalendarni tuzib chiqish uchun uchta asosiy ma’lumotga asoslanish mumkin, bu oxirgi hayz kelgan kun, urug’lantirish sodir bo’lgan kun yoki taxmin qilinayotgan tug’ruq kuni bo’lishi mumkin. Quyida o’zingizga ma’lum bo’lgan ma’lumot turini tanlang va hisoblash tugmasini bosing.
Ma’lumot turi
So’nggi hayz kelgan kunni belgilang
Tabriklaymiz! Siz homiladorlikning 14-haftasidasiz!
Boshqa natijalar
- Homiladorlikning hozirgi muddati: 0
- Ayollar konsultatsiyasida ro’yxatdan o’tish vaqti: 0
- Tug’ruqqacha qolgan kunlar: 0
- Homiladorlik testi natija ko’rsata boshlaydi: 0
- Homilaning birinchi yurak urishi vaqti: 0
- Birinchi trimestr yakuni: 0
- Homilaning birinchi qimirlashi vaqti: 0
- Homilaning yashovchanligi boshlanish vaqti: 0
- Ikkinchi trimestr yakuni: 0
- Taxminiy tug’ruq kuni: 0
Homiladorlik haftalari bo’yicha kalendar
Homiladorlikning
Homiladorlikning 3-haftasi
Homilada
Tuxum hujayra spermatozoid urug’langanidan so’ng, bitta hujayra hosil bo’lib, u homilaning keyingi shakllanishi uchun zarur bo’lgan barcha genetik materialni o’z ichiga oladi.
Ushbu hujayrada 46 ta xromosoma mavjud (23 ta xromosoma onadan va 23 ta xromosoma otadan). Ushbu genetik «qurilish bloklari» homilaning jinsi, ko’z va soch rangi kabi xususiyatlarini aniqlaydi. Xromosomalarning yarmi sizniki bo’lishi sababli, bola yoki sizga, yoki otasiga o’xshashi mumkin.
Urug’lantirish sodir bo’lganidan keyin 12-20 soat o’tgach, hujayra bo’lina boshlaydi. Hujayralar bo’linishda davom etib, natijada hujayralardan iborat shar hosil bo’ladi. Bu yangi hayotning boshlanishidir.
Urug’lantirishdan 12-20 soat o’tgach, hujayra bo’lina boshlaydi.
Maslahatlar
- Hozir homiladorlik va onalik haqida ko’proq ma’lumot bilib olish vaqti. Onalar uchun tavsiyalar berilgan kitoblar yoki internet saytlarida foydali mutolaa qilish tavsiya etiladi. Farzandli bo’lgan do’stlaringiz siz bilan tajribalarini o’rtoqlashishlari, yaxshi kitob yoki manbalar tavsiya qilishlari mumkin;
- Homiladorlik organizminingizga yuqori talablar qo’yadi. Kichkintoyning rivojlanishini ta’minlash uchun sizga qo’shimcha vitaminlar, minerallar va foliy kislotasi, B12 vitamini va temir kabi oziq moddalar kerak bo’lishi mumkin. Ovqatlanishni yaxshilash yoki shifokor tavsiyasiga ko’ra vitamin komplekslari qabulini boshlashingiz mumkin.
Onada
Urug’lantirilgan tuxum hujayra tezda bo’lina boshlab, bachadon naychlaridan bachadonga o’tadi, u yerda esa homiladorlikning oxirigacha qoladi. Ushbu yo’l tuxum hujayra tuxumdonlardan chiqqan vaqtdan boshlab taxminan 7 kun vaqt talab etadi.
Tez bo’linayotgan tuxum hujayra bachadon naylaridan bachadonga tomon harakatlanadi.
Bu vaqtda bachadon qoplami qalinlashadi va qon bilan ta’minlanishi yaxshilanadi, bu rivojlanayotgan embrionni qabul qilishga tayyorlanish uchun kerak.
Tug’ruq sanani hisoblash uchun oxirgi hayzning boshlanish sanasidan foydalanish mumkin.
Homiladorlikning 4-haftasi
Homilada
Hujayralardan iborat shar bachadonga tushganida u blastosit deb ataladi, bu so’z suyuqlik bilan to’lgan shar degan ma’noni anglatadi. Bir muncha vaqt davomida blastosit bachadon bo’shlig’ida o’sishda davom etadi, so’ng urug’lantirishdan keyin taxminan 9 kun o’tgach bachadon devoriga birikadi.
Bachadonning qalinlashgan qavatiga birikkach, blastotsit ikki guruhga bo’linadi:
- Ichki hujayralar guruhidan bo’lajak farzand rivojlanadi;
- Bachadon devoriga birikib turgan tashqi qavat yo’ldoshga aylanadi.
Ichki hujayralar guruhi o’z navbatida 3 qatlamga bo’linadi, ularning har biridan homila organizmining turli qismlari va tizimlari shakllanadi.
Maslahatlar
- Homiladorlik — bu rivojlanayotgan chaqaloq uchun to’g’ri ovqatlanishni ta’minlash juda muhim bo’lgan davr, bu vaqtda ona organizmi yuqori darajada oziqa moddalari talab qiladi. Oqsillar saqlovchi sog’lom ovqatlanish, shuningdek, ko’plab yangi meva va sabzavotlar energiyani yuqori darajada saqlashga yordam beradi va homiladorlik paytida organizmni zarur oziqa moddalari bilan ta’minlaydi;
- Bu vaqtda alkogolli ichimliklarni iste’mol qilishdan va / yoki chekishdan voz kechish zarur. Agar turmush o’rtog’ingiz chekuvchi bo’lsa, uning uchun homiladorligingiz tashlash uchun arzigulik sabab bo’lishi kerak.
Onada
Homiladorlik belgilarining ba’zilari hayz oldi alomatlariga o’xshab ko’rinishi mumkin. Ona tez-tez kayfiyat o’zgarishiga, shuningdek sut bezlarining shishishiga duch kelishi mumkin.
Blastositni bachadon devoriga birikishi yengil qon ketishiga sabab bo’lishi mumkin. Bu hayz ko’rishdagi qon ketish emas, ammo ba’zi ayollar xato qilib uni hayz ko’rish deya qabul qilishadi va o’zlarini homilador deb hisoblamaydilar.
Bachadon o’sayotgan chaqaloq uchun zarur bo’lgan joyni ta’minlash uchun qorin bo’shlig’ida kattalashishni boshlaydi.
Bu vaqtga kelib bo’lajak onalarga shifokor nazoratida bo’lish tavsiya etiladi. Shifokor ayolni to’liq tibbiy ko’rikdan o’tkazadi, anamnezini o’rganadi va homiladorlik paytida zaruriy bo’lgan tekshiruvlarni tashkillashtiradi. Shuningdek, bunda tug’ruqdan oldingi parvarish va qaysi muassasada tug’ish masalasi muhokama qilnishi mumkin.
Homiladorlikning 5-haftasi
Homilada
Tana uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 1,25 mm.
Bu vaqtda homilada yurak va asab naychasi rivojlanadi, ikkinchisidan keyinchalik miya, orqa miya va markaziy asab tizimi hosil bo’ladi.
Juda kichik bo’lishiga qaramay, embrion endi sharga o’xshamaydi. Bu vaqtda uning jadal rivojlanishi boshlanadi! Homilaning ba’zi hayotiy organlari allaqachon shakllana boshlagan bo’ladi.
Yo’ldosh hali to’liq ishlamaydi va bola birikishdan (implantatsiya) keyin hosil bo’lgan sariq xaltacha orqali oziqlanadi. Kelgusi haftalarda yo’ldosh faoliyat ko’rsata boshlaydi.
Maslahatlar
- Urug’lantirishdan keyingi dastlabki 6-8 hafta homilaning rivojlanishi, shu jumladan uning hayotiy a’zolari rivojlanishi uchun juda ahamiyatli davr sanaladi. Ammo, aksariyat ayollar homila o’sib kattalashmaguncha homilador ekanliklarini bilishmaydi;
- Onaning o’z va o’sayotgan homilaso ehtiyojlarini qoplash uchun tanada vitamin va minerallar darajasi me’yorda bo’lishi talab etiladi, shu sababli to’g’ri ovqatlanish muhim o’rin tutadi.
Onada
Homiladorlik vaqtida ishlab chiqariladigan gormonlar yangi alomatlarga olib kelishi mumkin. Ayol charchoq, kuchsizlik va odatiy ehtiyojdan ko’ra ko’proq dam olish xohishini his qilish mumkin. Bu vaqtda yetarlicha faol bo’lgan ayollar ham yuqoridagi kabi muammolarga duch kelishadi.
Ertalabki ko’ngil aynishi sezilishi mumkin. Biroq shunga qaramay, bunday alomatlar nafaqat ertalab , balki kunning istalgan vaqtida paydo bo’lishi mumkin va yengil ko’ngil aynishdan tortib to tez-tez qayt qilishga qadar farqlanib turadi.
Maslahatlar
- Homila yanada yaxshiroq sharoitda rivojlanishini ta’minlash uchun turmush tarzingizni biron bir o’zgartirish kiritish mumkinligi predmetiga o’rganib chiqing;
- Homiladorlikda ma’lum bir oziq-ovqatlarni cheklash, ma’lum odatlardan voz kechish kabi omillarga e’tibor berish kerak bo’ladi.
6-hafta
Homilada
Homila tanasining uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 2-4 mm.
Hozirda embrion C shaklida. Kichkina yurakcha — bu homilada ishlay boshlagan birinchi a’zodir. Bu hafta bola rivojlanishidagi juda muhim vaqtlardan biri, chunki hozirda miya va orqa miyani birlashtiradigan asab naychasi yopiladi.
Ovqat hazm qilish tizimi va qon aylanish tizimi rivojlana boshlaydi. Bolaning boshi shakllanishi boshlanadi, buyraklar va jigar kabi ichki a’zolar o’sishda davom etadi. Tanada qo’l va oyoqlarning boshlanishi bo’lib xizmat qiladigan kichik kurtakchalar paydo bo’ladi.
Onalikni himoya qilish klinikasida ro’yxatdan o’ting yoki xususiy tibbiy markazda homiladorlik monitoring tashkillashtiring.
Onada
Sut bezlarida og’riq saqlanib qolishi mumkin, ular odatdagidan ko’proq to’lishgan va og’irroq seziladi.
Endi homiladorlik belgilariga ta’m va hidni sezishda o’zgarishlar qo’shilishi mumkin. Ilgari yoqtirgan taomlar yoki hidlar endi sizga noxush tuyulishi va aksincha, ilgari yoqmagan ba’zi ovqatlarga ko’ngil ketishi mumkin.
Bosh aylanishi yoki ko’ngil aynishi endi tez-tez kuzatiladi, ayniqsa uzoq muddat tik turganda yoki o’rindan keskin ko’tarilganda. Bu davrda bunday yengil noxushliklar muammo deb hisoblanmaydi.
Maslahatlar
- Homiladorlik paytida gormonlar kayfiyat o’zgarishiga olib kelishi mumkin va kundan-kunga hissiyotlar o’zini kutilmagan ravishda tutishi mumkin. Ko’z yosh holatidan bir daqiqa o’tgach quvonch va hayajon sezilishi mumkin;
- Bunday holatlarda do’stlaringiz va oila a’zolaringiz, ayniqsa farzandlari bo’lgan va his-tuyg’ularni tushunadigan yaqinlaringiz qo’llab-quvvatlashlari mumkin;
- Turmush o’rtog’ingizga kayfiyatdagi bunday o’zgarishlar normal ekanligini tushuntiring. U sizdan bunday hissiyotlarni kutmasligi va nima bo’layotganini tushunmasligi mumkin.
7-hafta
Homilada
Tana uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 4-5 mm.
Odamning boshiga o’xshash boshda kichkina yuz, burun, lablar va endida ko’rinadigan til shakllana boshlaydi. Ko’zlar ingichka shaffof teri ostidagi qora dog’lar kabi ko’rinishda bo’ladi.
Qo’l va oyoqlar o’sishda davom etadi, hatto ularning panjalari ajralib turishni boshlaydi. Homila yuragi rivojlanib borayotgan bo’ladi va daqiqasiga 150 martaga, ya’ni siznikidan ikki marta ko’proq uradi.
Bu vaqtda ovqat hazm qilish tizimi, jigar, buyraklar, ichki jinsiy a’zolar va o’pka rivojlanadi.
Maslahatlar
- Homiladorlikning butun davomida muntazam ravishda 30 daqiqadan yengil jismoniy mashqlar bilan shug’ullanishga harakat qiling. Bu qomatni saqlashga, charchoq sezilgan holatlarda esa tetiklikni qaytarishga yordam yordam beradi. Piyoda sayr qilish yoki suzish borish ham mumkin. Sizning tuzilishingizga mos keladigan mashqlarni shifokor bilan maslahatlashing.
Onada
Sut bezlarida o’zgarishlar davom etadi. Ko’krak uchi jigarrang tusga kirib, oldinga ko’roq chiqib tura boshlaydi, ko’krak intensiv ravishda qon bilan ta’minlanishi sababli uning yuzasida venalar ko’proq ko’zga tashlanadi.
Gormonlar darajasining oshishi tufayli ovqat hazm qilish tizimi sekinroq ishlay boshlaydi va oziq-ovqat hazm yo’llari orqali o’tishi uzoqroq vaqt oladi. Bu homiladorlikning butun davomida kuzatiladigan qabziyatga olib kelishi mumkin.
Ushbu alomatlarni yengillashtirish uchun ko’proq kletchatkaga boy mahsulotlar iste’mol qiling, ko’proq suv iching va muntazam ravishda jismoniy mashqlar bajaring.
Homiladorlik terning holatiga ta’sir qilishi mumkin. Bu davrda ba’zi ayollar «yarqiraydi» va ajoyib ko’rinadi, boshqalarida, o’spirinlarda bo’lgani kabi, yuzlariga toshma chiqa boshlaydi. Bunday holatlarda parhez foydali bo’ladi, shu sababli ko’proq yangi meva va sabzavotlar iste’mol qiling, shuningdek kosmetik vositalarni iloji boricha xavfsiz va parabenlar, mineral moylar va teri teshikchalarini yopib qo’yadigan boshqa moddalarni o’z ichiga olmagan turini tanlashga harakat qiling.
Yana nima
- Turmush o’rtog’ingiz bilan ochiq muloqotni davom ettiring. Ko’pgina o’zgarishlar sizga ta’sir qiladi, u esa faqat kuzatuvchi bo’lib qoladi. Sizga nima bo’layotganini tushunishga yordam bersangiz, turmush o’rtog’ingiz o’zni qulayroq sezadi va davom etayotgan jarayonda o’zining ishtirokini his qilish imkoniyatiga ega bo’ladi;
- Agar bu siz uchun maqbul bo’lsa, turmush o’rtog’ingizni tug’ruqdan oldin tekshiruvlarga va ultratovushli tekshiruvga ishtirok etishni taklif qilishingiz mumkin.
8-hafta
Homilada
Tana uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 14-20 mm.
Bolaning yuzi xarakterli shaklni olishda davom etadi. Jag’lar, burun va bo’lajak tishlar kurtagi rivojlana boshlaydi. 8-hafta ko’z va ichki quloqning shakllanishi uchun muhim vaqtdir. Oyoq-qo’llarning uzunlashishi sari birlamchi rivojlangan tog’aylar o’rnini suyak hujayralari bosa boshlaydi, barmoqlar rivojlanadi.
Kindik ichida ichak rivojlanadi. Bu ichak uchun noqulay joy bo’lib tuyulishi mumkin, ammo biroz vaqt o’tgach ichak bolaning tanasiga o’tadi.
Maslahatlar
- Bola rivojlanishini kuzatish uchun birinchi ultratovushli tekshiruv odatda 8-dan 12-haftagacha bo’lgan muddatda amalga oshiriladi. Agar siz hali ham tibbiy ko’rikdan o’tmagan bo’lsangiz, buni amalga oshirish vaqti kelgan;
- Agar ishli bo’lsangiz, onalik ta’tiliga bo’lgan huquq va shartlarni aniqlashtirish foydali bo’ladi.
Onada
Qorin hali ham yassi bo’lib ko’rinishiga qaramay, bachadon hajmi ancha kattalashib, siydik pufagini kuchli bosishi mumkin. Shuning uchun, hojatxonaga tez-tez chiqish zarurati yuzaga kela boshlaydi. Ba’zida bu noqulay bo’lishi mumkin bo’lsa ham, chaqiriq paydo bo’lgan zahotiyoq hojatxonaga borishga odatlaning — toqat qilish tavsiya etilmaydi. Agar tunda hojatxonaga borishga to’g’ri keladigan bo’lib qolib, bu uyqining buzilishiga sabab bo’lsa, kechqurun kamroq suyuqlik ichish tavsiya etiladi.
Yuragingiz odatdagidan ko’ra ko’proq ishlaydi va homiladorlik bilan bog’liq ehtiyojlarni qondirish uchun haydaladigan qon hajmini oshiradi.
Maslahatlar
- Sut bezlari kattalashishda davom etadi. Shu sababli ko’pgina do’konlarda homilador ayollar uchun qo’llab-quvvatlaydigan ichki kiyimlar tanlashingiz mumkin;
- O’zingiz va homilangiz uchun ko’proq oziqa olish maqsadida sog’lom ovqatlanishga amal qiling. Foliy kislotasi, B12 vitamini va temir kabi muhim oziq moddalarni yetarli miqdorda olish uchun vitamin-mineral komplekslari qabul qilishingiz mumkin.
9-hafta
Homilada
Tana uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 22-30 mm.
Endida homila insonni eslatadigan ko’rinish ola boshlaydi. Bosh hali tanaga nisbatan juda katta, ammo yuz allaqachon shakllana boshlagan. Kichkina burun teshiklari atrofida burun rivojlanadi, ko’z qovoqlari shu qadar kattaki, ular yumaloq qora nuqtalar — ko’zlarni deyarli yopib turadi.
Bolaning asosiy ichki organlari rivojlanishda davom etadi, ichak kindikdan oshqozonga o’tishni boshlaydi.
Qo’l va oyoqlarda bo’g’imlar hosil bo’ladi, bu esa ularning egilishiga imkon beradi, barmoqlar deyarli to’liq shakllanadi. Tog’ay suyak to’qimalariga aylanishda davom etib, bola skeletining asosini tashkil qila boshlqydi.
Maslahatlar
- Agar homiladorlik bilan bog’liq muammolar sizni tashvishga solsa yoki tug’ruq va onalik borasida shubhalaringiz bo’lsa, buni shifokor bilan muhokama qilishingiz mumkin;
- Homiladorlik tufayli chanoq tubi mushaklari zo’riqishga duch kela boshlaydi boshlaydi. Mushaklar holatini saqlab qolish va muammolarni oldini olish uchun chanoq tubi uchun mo’ljallangan kundalik mashq qilishni boshlash tavsiya etiladi.
Onada
Endida homiladorlikning bir qator belgilari orasida ertalabki holsizlik, sut bezlarining og’rishi, ovqatlarga bo’lgan xohishning o’zgarishi va kayfiyatning o’zgaruvchanligi bilan duch kelish mumkin.
Agar kuchli charchoq sezadigan bo’lsangiz, ijtimoiy faoliyatning ayrim turlarini cheklash yoki rad etish talab etilishi mumkin. Erta yotib, dam olish uchun har qanday imkoniyatdan foydalaning. Oila a’zolaringizdan kimdir sizga yordam berishlariga erishishga harakat qiling, masalan uy yumushlarida.
Siz homilador ayol kabi “ko’rinmasangiz” ham, bel biroz kengayib, kiyimlar yengil qisib turayotganini his qilishingiz mumkin. Endida sizga yumshoqroq va qulay kiyim kerak bo’lishi mumkin. Yaqinda siz homilador ayollar uchun maxsus kiyimlar tanlashni boshlaysiz!
Maslahatlar
- Toza havoda sayr qilish va turmush o’rtog’ingiz bilan ba’zi mashqlarni bajarish, istirohat bog’i yoki shaharda sayr qilish bilan vaqt o’tkazish — faol hayot tarzini yuritish uchun yaxshi imkoniyatdir. Bu vaqtdan his-tuyg’ularingiz bilan bo’lishish, kelajak haqidagi rejalar haqida gaplashish uchun foydalanish ham mumkin.
10-hafta
Homilada
- Tana uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 31-42 mm.
- Vazni: taxminan 5 gramm.
Bola rivojlanishining yangi bosqichi keldi — bu hafta u embriondan homilaga aylanadi. Bu oddiy eshitilsada, lekin keyingi rivojlanish bosqichining boshlanganini anglatadi. Yuz va boshning shakllanishi davom etadi, milklarda bo’lajak tishlarning murtaklari o’sishni boshlaydi.
Bilak va to’piqlar hosil bo’ladi, bo’g’imlarning ko’pi shakllanadi. Yurak allaqachon urishni boshlagan, endida boshqa ichki a’zolar ham ishlay boshlaydi, ammo o’pka, oshqozon va ichak hali ham rivojlanish bosqichida.
Tashqi jinsiy a’zolar o’sishni boshlaydi, biroq ular hali ham juda kichikligi sababli va bolaning jinsini aniqlab bo’lmaydi.
Maslahatlar
- 10- dan 16-haftagacha tibbiy ko’rikdan o’tish kerak bo’lishi mumkin. Shifokor sizga tekshiruvlarga qanchalik tez-tez tashrif buyurishingiz kerakligini aytadi. Odatda dastlab tekshiruvlar har 4-6 haftada, so’ngra tug’ruqqa yaqinroq qolganda yanada tez-tez o’tkaziladi.
- Homiladorlik paytida og’iz gigienasi ayniqsa muhimdir. Muntazam ravishda stomatologga tashrif buyurib turing, unga homilador ekanligingizni aytishni unutmang.
Onada
Bachadon o’sayotgan homila uchun joy beradi va hozir u o’rtacha apelsin kattaligiga yaqin. Uni hatto qorin devori orqali his qilish mumkin.
Gormonlar kombinatsiyasi va homilaning oziq moddalariga bo’lgan ehtiyoji tana harorati ko’tarilganini his etishga va odatdagidan ko’ra ko’proq ochlik, chanqoqlik va hissiyotlar sezishga olib kelishi mumkin.
Organizmda suyuqlik miqdorini ushlab turish uchun ko’proq suv iching va och qolganda zararli ovqatlar bilan tamaddi qilmaslikka harakat qiling. Bir piyola qatiq yoki meva kabi sog’lom ovqatlarni iste’mol qilish ancha foydaliroqdir.
Maslahatlar
- Xavotir olmang — barcha ayollar har xil. Va bu davrda jinsiy aloqaga munosabat ham farq qiladi.
- Ba’zi ayollar, ayniqsa ertalab holsizlik va charchoqni his qilsalar, jinsiy mayllarini butunlay yo’qotadilar. Boshqa ayollarda esa homiladorlik jinsiy maylni kuchaytiradi.
- Jinsiy aloqa haqida haddan tashqari tashvishlanmaslikka harakat qiling, ammo turmush o’rtog’ingizga his-tuyg’ularingiz va ularning sabablari haqida xabar bering.
11-hafta
Homilada
Tana uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 44-60 mm.
Og’irligi: taxminan 8 g.
Bu vaqtga kelib bola shakllanishining eng muhim bosqichlari yakunlanadi. Hayotiy zarur bo’lgan a’zolar shakllanadi va faoliyat ko’rsata boshlaydi. Homilaning boshi hali ham juda katta, ammo keyingi haftaga kelib tana o’lchamlari ham unga yetishni boshlaydi.
Qovoqlar ko’zlarni yopib, endi birikadigan darajaga keladi. Ular endi bir muddat keyinroq ajraladi. Ko’zlarning rangdor pardasi rivojlanadi, tez orada u ma’lum bir rangga ega bo’ladi. Quloqlar o’sa boshlaydi, lekin ular hali ham juda kichik o’lchamda bo’ladi. Qo’l va oyoq barmoqlari ajrala boshlaydi, ularda mayda tirnoqlar rivojlanishni boshlaydi.
Maslahatlar
- Chaqaloqning sog’lig’i va rivojlanishini tekshirish uchun tug’ruqdan oldingi skrining tekshiruvlari odatda homiladorlikning 11-haftasidan keyin o’tkaziladi. Ushbu tekshiruvlar majburiy emas, ammo foydalidir. Agar ma’lum bir shubhalar paydo bo’lsa, shifokor bilan maslahatlashish kerak;
- Ko’proq suv ichishni davom ettiring. Homiladorlikda organizmning suyuqlikka bo’lgan ehtiyoji oshadi va bu vaqtda suvsizlanishni oldini olish muhimdir.
Onada
Bu vaqtga kelib, ertalabki holsizlik kuzatilmasa, bo’lajak onaning vazni taxminan 1 kg`ga ortishi mumkin. Homila hali juda kichkina va vazn ortishi qo’llab-quvvatlash tizimlari va suyuqlik to’planishi hisobiga yuzaga keladi.
Bu davrdan boshlab oyoq va qo’llar tortishishi kuzatila boshlashi mumkin, ayniqsa tunda. Homiladorlik paytida tortishishlar tobora tez-tez va kuchliroq bo’lib borishi mumkin, hozircha bu hodisaning sababi to’liq tushunilmagan. Uni yengillashtirish uchun oyoq va qo’l mushaklarini ehtiyotkorlik bilan cho’zish mumkin. Bunda yalangoyoq yurish ham yordam beradi.
Homiladorlikni qo’llab-quvvatlash uchun organizmda qon hajmining ortishi oyoq-qo’llarda issiqlik sezilishiga olib kelishi mumkin.
Maslahatlar
- Agar turli xil jismoniy mashqlarni bajarishni istasangiz, suzishga harakat qiling. Agar shifokor boshqa tavsiyalar bermagan bo’lsa, bu homilador ayollar uchun juda yaxshi mashq turi sanaladi. Kelgusi oylarda tana vazningiz yana ortishda davom etadi, suvdagi vaznsizlik hissi esa sizga katta zavq bag’ishlaydi. Sizga tana hajmining oshishi bilan cho’ziladigan homiladorlar uchun maxsus cho’milish kiyimlari kerak bo’lishi mumkin;
- Yoga darslari foydali bo’lishi mumkin. O’zingizga yaqin bo’lgan yoga to’garaklari bilan qiziqib ko’ring.
12-hafta
Homilada
Tana uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 61 mm.
Og’irligi: taxminan 8-14 g.
Bola to’liq shakllanib bo’lgan. Organlar, mushaklar, oyoq-qo’l va suyaklar o’z joyida, ammo miya kabi ba’zi organlar hali to’liq shakllanmagan va rivojlanishda davom etadi. Kichkintoy allaqachon inson qiyofasiga ega va u hatto yuzidagi ifodani o’zgartirishi — tabassum qilishi yoki xo’mrayishi mumkin. Bu vaqtga kelib bolada ovoz boylamlari shakllanadi va tug’ruqdan so’ng keyin darhol ishlashga tayyor bo’ladi.
Bola faollashadi, qo’llarini, barmoqlarini va oyoq barmoqlarini silkitadi va hatto bosh barmog’ini so’rishi mumkin.
Nafaqat chaqaloqning, balki yo’ldoshning rivojlanishi ham yakunlandi. Yo’ldosh (platsenta) bolaning ovqatlanish ehtiyojlarini qondirish va kindik orqali ortiqcha moddalarni chiqarish uchun xizmat qiladi.
Maslahatlar
- Bu vaqtga kelib homila rivojlanishini kuzatish uchun 1-trimestrdagi skrining (qon, siydik va ultratovush tekshiruvlari) o’tkaziladi. Ultratovushli tekshiruv paytida chaqaloqni birinchi marta ko’radigan hayajonli daqiqalar keldi. Ammo bolaning jinsini aniqlash uchun hali erta;
- Tug’ruqdan oldingi mashg’ulotlar sizni tug’ruqqa va bolani parvarish qilishga tayyorlashga yordam beradi. Istiqomat qilayotgan hududingizda qanday imkoniyatlar mavjudligini shifokor orqali bilib olishingiz mumkin.
Onada
Tabriklaymiz! Homiladorlikning 1-trimestri yakunlandi.
Siz boshdan kechirgan ba’zi yoqimsiz alomatlar endi kamayishi mumkin. Ko’pincha bu vaqtga kelib ertalabki holiszlik yo’qoladi, onaning umumiy ahvoli yaxshilanadi. Sizga energiya qaytishni boshlaydi va charchoq kamroq bezovta qiladi.
Bachadon tashqariga va yuqoriga tomon siljiydi, bu tez-tez hojatga chiqishga sabab bo’lgan siydik pufagiga tushadigan bosimni yengillashtirishga yordam beradi. Biroq, qisqa muddatga. Bola kattalashishi bilan tez-tez peshob chiqarish zarurati yana qaytadi.
Terida o’zgarishlar yuz berishi mumkin, masalan, yuz va bo’yin ostida qora dog’lar paydo bo’lishi. Quyosh nurlari terining pigmentatsiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin, shuning uchun quyosh ostida kamroq vaqt o’tkazish va uning nurlaridan himoya qiluvchi vositalardan foydalanish tavsiya etiladi.
Maslahatlar
- 12-haftadagi ultratovushli tekshiruvgacha ko’plab juftliklar do’stlari va qarindoshlariga yaqin orada ota-ona bo’lishlari haqida aytishmaydi;
- Agar bu sir haqida faqat turmush o’rtog’ingiz ikkalangiz bilsangiz, ajoyib yangilikni hamma bilan baham ko’rishni rejalashtirish vaqti keldi.
13-hafta
Homilada
Tana uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 65-78 mm.
Og’irligi: taxminan 13-20 g.
Homila amniotik suyuqlikda muallaq suzib turadi va tashqi ko’rinishi yanada ko’proq inson qiyofasini eslatadi. Ichki a’zolari shakllangan bo’lsa-da, hozircha barchasi ham faoliyat ko’rsatmaydi. Bu vaqtga kelib jigar safro, oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqarishni boshlaydi, bu moddalar hazm qilishda ishtirok etadi.
Ko’z va quloqlar boshda o’z o’rnini egallaydi. Quloqlar shakllanishda davom etadi va eshitish qobiliyati hali rivojlanmagan bo’ladi. Biroq bola teri orqali tovush tebranishlarini sezishi mumkin.
Maslahatlar
- Ushbu davrda ko’pchilik onalar ish joylariga farzand kutayotganlaridan xabardor qilishadi va qaysi vaqtdan tug’ruq ta’tiliga chiqishlarini, shuningdek ishga qachon qaytishlari mumkinligini muhokama qilishadi.
Onada
Tishlarni yuvishda milklarning og’rishi yoki qonashiga e’tibor bering. Gormonlar milklarni yanada sezgirroq va ta’sirlanishlarga moyil qilib qo’yadi. Agar milk og’riydigan bo’lsa, tishlarni yumshoqroq cho’tkada va yengil harakatlar bilan yuvish, muqobil usul sifatida tish uchun iplardan foydalanish mumkin. Agar milk bilan bog’liq muammolar davom etsa, tish shifokorga tashrif buyuring.
Bachadon hajmining kattalashishi tufayli bachadonning boylamlari cho’zilib, qorin bo’shlig’ida kuchlanish hissi paydo bo’lishi mumkin. Bu vaqtga kelib nafaqat bachadon boylamlari cho’ziladi: kelgusi oylarda ko’krak va qorinning terisi ham cho’zila boshlashi mumkin.
Maslahatlar
- Bu vaqtda homiladorlikning dastlabki oylarida kuzatiladigan yoqimsiz alomatlari ancha kamayishi bois bo’lajak onalik holatidan chinakam zavqlanish mumkin;
- Endi 1-trimestrdagi noqulayliklar o’tgach, turmush tarziga yengil jismoniy faollikni kiritish mumkin. O’zingizni yaxshi his qila boshlagach kunlik piyoda yurish yoki suzish organizmga katta foyda keltiradi.
14-hafta
Homilada
Tana uzunligi (boshdan tananing pastki qismigacha): taxminan 80-93 mm.
Og’irligi: taxminan 25 g.
Bola tez o’sadi, uning asab tizimi ishlay boshlaydi. Kichkintoy qo’llarini, oyoqlarini va hatto barmoqlarini bukishi mumkin, ularda allaqachon tirnoq paydo bo’lishga ulgurgan.
Bosh ham o’zgaradi, ko’z qovoqlari rivojlanishda davom etadi va hatto oz miqdordagi sochlar paydo bo’lishni boshlaydi. Tug’ilganidan keyin, vaqtincha sochlar o’ringa doimiy sochlar o’sa boshlaydi, bunda chaqaloqning soch rangi o’zgarishi mumkin.
O’pka hali rivojlanmagan, ammo bu a’zo nafas olish harakatlarini boshlaydi. Bola faqat amniotik suyuqlik bilan o’ralgan, bu muhitda havo yo’q. Ko’p o’tmay, chaqaloqning tashqi jinsiy a’zolari rivojlana boshlagach uning jinsini aniqlash mumkin bo’ladi.
Maslahatlar
- Siydik yo’llari infektsiyasi ehtimolini kamaytirish uchun ko’p miqdorda suyuqlik ichish va siydik pufagni tez-tez bo’shatish tavsiya etiladi. Agar peshob chiqarish paytida og’riq, achishish yoki sanchish sezilsa, darhol shifokorga murojaat qiling.
Onada
Qon ta’minoti kuchayishi sababli sut bezlarining kattalashishi bilan venalar yanada ravshanroq ko’rina boshlaydi. Sut bezlari og’iz suti deb nomlanadigan moddani ishlab chiqarishni boshlashi mumkin. Bu ko’krak suti paydo bo’lishigacha yangi tug’ilgan chaqaloqni oziqlantiradigan yuqori miqdorda oziqa moddalar saqlovchi quyuq suyuqlikdir.
Ba’zi ayollarda homiladorlik paytida ich qotishi kuzatiladi. Ovqat hazm qilish jarayoni sekinlashadi va o’sayotgan bachadon ichaklarni bosishni boshlaydi. Ushbu alomatlarni bartaraf etish uchun ko’proq kletchatkaga boy ovqatlar iste’mol qilish, yetarli miqdorda suyuqlik ichish va muntazam ravishda jismoniy mashqlar bajarish tavsiya etiladi.
Qorinda kindikdan pastga qarab «linea nigra» deb ataluvchi jigarrang chiziq paydo bo’lishi mumkin. Agar siz hali bu chiziq yuzaga kelmagan bo’lsa, u homiladorlikning keyingi haftalarida paydo bo’lishi mumkin. Odatda bu bola tug’ilgandan keyin yo’qolib ketadigan tez-tez uchraydigan hodisadir.
15-hafta
Homilada
Bola tez o’sib boradi. Bu vaqtda uning oyoqlari qo’llariga qaraganda uzunroq bo’ladi, oyoq-qo’llar tirsak va tizzalarida harakatlanuvchan holatga keladi. Ko’zlari yopiq bo’lsa ham, chaqaloq tashqi yorug’likni seza boshlaydi. Agar qoringa yorug’lik yo’naltirilsa, homila nurdan uzoqlashishga harakat qilishi mumkin. Miyacha va umurtqa shakllanadi.
Homilaning terisi juda nozik va u orqali qon tomirlari ko’rinib turadi. Yog’ bezlari shakllanishni boshlaydi, chaqaloqning tanasi tuklar bilan qoplanadi. Agar homilaga genlari orqali to’q rangli sochlarga ega bo’lish o’tgan bo’lsa, hozirda ular to’q rang beruvchi pigment ishlab chiqarishni boshlaydi.
Onada
Yurak hajmi, nafas olish va yurak urish tezligi oshadi. Xavotir olmang — bu normal holat. Estrogen darajasining oshishi bilan shilliq qavatlarning shishishi kuzatiladi, shu sababli burun bitib qola boshlashi mumkin. Bundan tashqari, ba’zida burundan qon ketishi qayd etiladi. Buni qon hajmining ko’payishi tufayli burunda joylashgan tomirlarni kengayishi yoki shamollash / allergiya keltirib chiqarishi mumkin.
Homiladorlik immunitet tizimini o’zgartiradi va onani infektsiyalarga moyil qilib qo’yadi. Odatda, qorinning kattalashgani homiladorlikning 14-20 haftalari oralig’ida sezila boshlaydi, shuning uchun homiladorlikning hali yaqqol sezilmasligi ajablanarli emas. Qorinning hajmi individualdir va birinchi bora homilador bo’lgan ayollarda u kechroq shakllanadi.
Maslahatlar
Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, aksariyat homilador ayollar turli ovqatlar va hidlarga bo’lgan xushini yo’qotadi. Agar homilador ayollarga tavsiya etilgan biron bir foydali mahsulot sizga yoqmasa, o’zingizni qiynamang — uni iste’mol qilishingiz shart emas. Kerakli bo’lgan oziqa moddalari boshqa manbalardan olinishi mumkin va bunday g’ayrioddiy ovqatlanish odati abadiy saqlanib qolmaydi.
16-hafta
Homilada
Homilaning bo’yi 16 santimetrgacha, vazni esa 100 grammga yaqin bo’ladi. Uning faol davrlari ham, uyquda bo’ladigan passiv davrlari mavjud. Har 40-45 daqiqada u peshob chiqaradi va ultratovushli tekshiruvda u o’z barmog’ini so’rayotganini ko’rish mumkin. Endida homilaning qo’l va oyoq harakatlari yanada muvofiqlashtirilgan va kuchliroq bo’ladi. U qo’llarini birlashtira olishi, boshini tik tutishi va uni tomonlarga burishni eplay oladi. Uning ko’zlari bir-biriga yanada yaqinlashadi, biroq haligacha yopiq bo’lsa ham, ularni harakatga keltira oladi. Homila jadal rivojlanishda davom etadi, bu vaqtga kelib unda qoshlar, kirpik va tirnoqlar shakllana boshlaydi. Uning yuragi juda katta vazifani bajaradi va daqiqasiga 120 dan 160 martagacha uradi.
Onada
Ona endida charaqlay boshlaydi, chunki ko’ngil aynishi yo’qoladi, kayfiyat o’zgarishlari kamayadi, teri va sochlar porlaydi. Qorin sohasidagi sanchuvchi og’riqlar bachadon mushaklarining cho’zilayotganidan dalolat beradi. Onaga yetarli miqdorda suv ichish va osh tuzini suiiste’mol qilmaslik tavsiya etiladi. Hozirgi vaqtda organizm juda ko’p suyuqlikka muhtoj.
17-hafta
Homilada
Endida homilaning vazni yo’ldoshnikiga nisbatan ko’proq. Homila quloqlari hali shakllanmagan bo’lsa-da, u tovushlarni eshita oladi va esnashni biladi. Shuningdek u yutilgan homila suvini hazm qila boshlaydi, mekoniy deb ataluvchi birlamchi najas shakllana boshlaydi.
Homilaning qon bilan ta’minlanishi rivojlanib, kindik mustahkamlashadi va qalinlashadi. Homiladorlikning 17-haftasida chaqaloq terisi ostida yog’ to’qimasi to’plana boshlaydi. Bu haroratni nazorat qilish nuqtai nazaridan muhimdir. Agar qiz tug’ilishi kutilayotgan bo’lsa, unda homilaning bachadoni va bachadon naychalari shakllanib bo’ladi. O’g’il va qiz bo’lishidan qat’iy nazar homilaning tashqi jinsiy a’zolari ko’rina boshlaydi.
Onada
Onaning vazni hozirga qadar besh kilogrammga ortgan bo’lish mumkin. Biroq bundan bundan biroz ko’p yoki kamroq vazn olishdan tashvishlanmaslik kerak. Homiladorlikning butun davomida onaning tana vazniga 10-15 kilogrammdan ortiq vazn qo’shilmasligi kerak. Ehtimol, hozirda odatdagidan ko’ra kuchliroq terlash, burun bitib qolishi kuzatilishi va toza havoga ko’proq talab sezilishi mumkin. Ushbu alomatlar organizm qon ta’minotining kuchayishi tufayli yuzaga keladi va tug’ruqdan keyin o’tib ketadi.
Bu vaqtga kelib ba’zi ayollar qornida cho’zilish izlari paydo bo’lishi mumkin. Agar shunday bo’lsa, tug’ruqdan keyin ularning rangi och va deyarli sezilmas holatga kelishi ehtimoli borligini bilish lozim.
Tavsiyalar
Homiladorlik sababli yuzaga kelgan cho’zilishlarni oldini olib bo’lmaydi, biroq ularni keng tarqalmasligini ta’minlash mumkin. Buning uchun haddan tashqari vazn olishni oldini olishga harakat qiling, to’g’ri ovqatlaning va homilador ayollar uchun mashqlarni bajaring — bu terni elastik qiladi. Cho’zilishlarga qarshi qo’llaniladigan kremlarning yordam berishi bahsli masala, ammo ular hech bo’lmaganda qorindagi qichishishni kamaytiradi.
Qorindagi sanvchuvchi og’riqlar hanuzgacha bezovta qilayotgan bo’lsa chap yonda uxlashga harakat qilib ko’ring. Shu tarzda siz qon aylanishi yaxshilanishishga yordam berasiz. Agar bu ham foyda bermasa va og’riqlar davom etsa, bu haqida shifokorga xabar bering. Kattalashgan qorin xalaqit berishni boshlagan bo’lsa-da, avtomobilda ketayotganda xavfsizlik kamarini taqib olishni unutmang va uning pastki belbog’i qorin ostdan o’tganligiga ishonch hosil qiling. Bundan tashqari homilador ayollar uchun maxsus xavfsizlik kamari xarid qilishgingiz mumkin.
18-hafta
Homilada
Homilaning vazni hozirda 250 gramm, bo’yi esa taxminan 17 santimetrni tashkil etadi, u tepinadi, uxlaydi va yutishni biladi. Uning suyaklari mustahkamlashadi. Quloqlar deyarli o’z joyiga kelgan. Uning tanasi ikki qavat teri bilan qoplangan: epidermis va teri osti to’qimasi. Qon tomirlari hanuzgacha teri orqali ko’rinib turadi, homilaning tanasi maxsus shilliq modda bilan qoplangan bo’ladi.
Onada
Bu yana bir necha hafta talab etishi mumkin bo’lsa-da, ikkinchi va undan keyingi marta homiladorlikni boshdan o’tkazayotgan onalar bu davrdan boshlab homila harakatlarini seza boshlashlari mumkin. Qorin bo’shlig’idagi erkin makon tobora kamayib, ko’plab ichki a’zolar qisila boshlaydi. Nafas olish qiyinlashadi, chunki homila o’pkaga bosim o’tkazadi. Qovuqqa bosim tushishi homiladorlik davrining oshishi sari onani tobora tez-tez hojatxonaga borishga majbur qiladi.
Organizm ko’proq melanin ishlab chiqarishni boshlaydi va bu vaqtda terida qora dog’lar paydo bo’lishi mumkin, ular tug’ruqdan bir muncha vaqt o’tgach yo’qoladi. Tanadagi hollar ham qorayishi mumkin. Agar qorinda kapalaklar uchayotganidek tuyulsa, ehtimol bu homila bachadon devorini tepayotganidan dalolatdir. Birinchi homiladorlik holatida ona hali chaqaloqning harakatlarini sezmasligi mumkin va ular sezilishigacha yana bir necha hafta o’tishi kerak.
Tavsiyalar
Qon bosimining pasayishi va yurak-qon tomir tizimi faoliyatining sekinlashishi bosh aylanishi va hattoki kuchsizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bu holat tez-tez sodir bo’lmasa ya’ni kuniga bir necha martadan oshmasa me’yoriy hisoblanadi. Shu bilan birga, ushbu alomatlar juda kamdan-kam kuzatilsa yoki kutilmaganda yuzaga keladigan bo’lsa, unga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Odatda bosh aylanishi to’satdan o’rnidan turish kabi tana holatining keskin o’zgarishi natijasida yuzaga keladi. Buni oldini olish uchun sokinroq harakat qilish tavsiya etiladi.
Homiladorlikning 18-21 haftalarida homila rivojlanish nuqsonlar mavjudligi predmetiga tekshirilishi mumkin.
Homilaning rivojlanish nuqsonlarini skrining qilishda quyidagilarni aniqlash mumkin:
- Homiladorlikning muddati va taxminiy tug’ruq kuni
- Preeklampsiya xavfi bo’lgan taqdirda, profilaktik muolajaning samaradorligi bahosi
- Homilaning o’sishdan ortda qolishi mavjudligi yoki yo’qligi
- Homilada yurak nuqsonlari mavjudligi yoki yo’qligi
- Homilaning markaziy asab tizimi patologiyasi mavjudligi yoki yo’qligi
- Boshqa a’zolarda rivojlanish nuqsonlari mavjudligi yoki yo’qligi
- Yo’ldoshning ko’ndalang yotishi yoki bachadonga o’sib kirganligi borligi yoki yo’qligi
- Muddatidan oldin tug’ilish xavfi mavjudligi yoki yo’qligi
19-hafta
Bu davrga kelib, ayrim homilador ayollar chanoq, qorin va qov sohasidagi oʻtkir ogʻriqlarga shikoyat qiladilar. Odatda, bu kabi ogʻriqlar keskin harakat qilganda namoyon boʻladi va bir necha daqiqalardan keyin oʻtib ketadi. Bu holatga yumaloq boylamning choʻzilishi sabab sifatida koʻrsatiladi.
20-hafta
Homilaning uzunligi 25,4 sm, tana vazni esa 300 gr boʻladi. Homiladorlikning 20-haftasigacha boʻlgan davrda homila oyoqlari yigʻilgan boʻlganligi sababli uning butunlay boʻy uzunligini oʻlchashning imkoni boʻlmaydi, shu sababli chanoqdan to boshgacha taxminan oʻlchanadi. 20-haftaga kelib esa uning boʻy uzunligini tovondan to boshgacha oʻlchash mumkin.
21-hafta
Belda va kichik chanoq sohasida tortishish hissi paydo boʻlishi mumkin. Bu holat ogʻriqsiz namoyon boʻladi, 1 daqiqa davom etib soʻng oʻtib ketadi va har 4-5 soatda takrorlanib turishi mumkin. Bular yolgʻon toʻlgʻoq (dard) hisoblanadi. Uning sababi toʻliq oʻrganilmagan, ammo bu kabi toʻlgʻoqlar xavfsiz va normal holat sifatida baholanadi.
Homiladorlikda bel og‘rig‘ini yengillatish borasidagi tavsiyalarni mana bu maqola orqali o‘qib olishingiz mumkin: Homiladorlikda bel og’rishi – sabablari va bartaraf qilish usullari
22-hafta
22-haftadan boshlab bolakayning shaxsiy “kun tartibi” boʻladi, yaʼni u bir vaqtda uxlaydi (12-14 soat davomida) maʼlum bir vaqtda uygʻoq boʻladi. Sizning qorningiz kattalashgan va gormonlar taʼsirida koʻkrak sut bezlari hajmi ham ortadi.
23-hafta
Bolakayning koʻp harakatlanishi tufayli sizda baʼzida bezovtaliklar kuzatilishi mumkin. Bunday paytda koʻproq sayr qiling, bolangiz bilan suhbatlashing, unga eʼtiborni qarating.
24-hafta
Homiladorlik kalendari 24-haftasiga kelib, boʻlajak farzandingizning kattaligi yumaloq qovun kabi boʻladi. Endi uning teri qoplamasi shaffof emas, chunki pigmentlar va teri osti yogʻ qavati shakllanadi. Mayda kapillyarlar koʻpayganligi sababli teri rangi pushtiga oʻzgarib boradi.
25-hafta
Homiladorlikning bu vaqtga kelib, odatda homilador ayollar oʻzida biroz semirishni his qilishi mumkin. Agar siz ham oʻzingizda semirishni sezsangiz, bundan xavotirlanishingiz shart emas. Chunki organizmda suyuqlik ushlanib qolishi koʻpayishi natijasida ushbu holat kuzatiladi. Homiladorlik davri davomida vazningizni oʻlchab, mobil ilovamizning “Vazn nazorati” boʻlimida qayd qilib borishni unutmang.
26-hafta
26-haftaga kelib, bachadon tubi kindikdan 6 sm yuqorida joylashadi. Homila kattalashishi hisobiga uyqu vaqtida noqulayliklar kelib chiqadi. Birinchidan yotishning noqulayligi sababidan sizni homiladorlikda qanday yotish kerak, degan savol qiynay boshlaydi, ikkinchidan tugʻilajak bola haqida koʻp oʻylash sabab boʻladi. Ba’zida esa, bu holat homiladorlikda uyqusizlik darajasigacha borishi mumkin. Shuning uchun uyqu gigiyenasiga qat’iy amal qiling.
Bu kabi holatlarni bartaraf qilish hamda yengillatish uchun homiladorlik yostiqchalaridan foydalanishingiz mumkin.
27-hafta
Kichkintoyingizning uzunligi 36-37 sm.ni tashkil qiladi. Bolakay uchun bachadon endi torlik qila boshlaydi, shu sababli uning harakatlari kuchli namoyon boʻlayotgandek tuyuladi.
Uning bosh miyasi murakkablashib boradi, reflekslar ham toʻliq shakllanadi. Bola barmogʻini soʻradi, koʻzlari yopiq holda, uxlaydi va uygʻonadi.
28-hafta
Farzand haqida koʻp oʻylash va gormonal oʻzgarishlar taʼsiri ostida uyqu muammolari kuzatiladi. Uxlash uchun yotganingizda siz uxlagingiz kelmay qandaydir yumushlar bilan shugʻullanishni istab qolasiz.
29-hafta
Bolakay tanasi tugʻiladigan chaqaloqlar kabi holatga keladi, uning boshi ham tanasiga nisbatan juda katta emas. Homila teri osti yogʻ qavati oʻsishi hisobiga “semiradi”. Bu vaqtga kelib, uning shaxsiy immun tizimi shakllanadi, ammo antitelolarni ona organizmidan qon orqali olib turadi.
30-hafta
Baʼzi ayollarda aksa urganda, yoʻtalganda, kulganda siydik tuta olmaslik kuzatiladi. Oyoqlarda shish paydo boʻlib turadi. Bu kabi belgilar tugʻruqdan keyin yoʻqolib ketadi.
Uyqu bilan bogʻliq noodatiy holatlar kuzatiladi: uchinchi uch oylikda homilador ayollar uyqusida tez-tez bezovta boʻlib turishadi, har xil tushlar koʻradi. Bunga sabab gormonlar taʼsiri va tugʻilajak farzand haqida koʻp oʻylashdir.
31-hafta
Bu vaqtga kelib homilaning tana vazni boʻyining uzunligiga nisbatan koʻproq ortadi. Uning tana uzunligi 41 sm, tana vazni esa 1,5 kg ni tashkil etadi. 31-haftada ayrim bolakaylarning boshida sochlar juda koʻp boʻlsa, ayrim bolakaylar sochi umuman boʻlmasligi mumkin.
32-hafta
Jajji bolakayingiz tugʻilishini “kutib yotish” vaqtida – hayoti uchun muhim boʻlgan harakatlar, soʻrish, yutinish, nafas olish, boshini burish, oyoqchalari va qoʻlchalarini harakatlantiradi. U charchagan paytlarida uxlaydi, hatto tush ham koʻradi.
33-hafta
Yolgʻon toʻlgʻoqlar yana-da koʻproq bezovta qiladi. Shu yoʻl bilan organizm tugʻruq jarayoniga tayyorlanib boradi. Chin toʻlgʻoq bilan yolgʻon toʻlgʻoqlarning farqi, yolgʻon toʻlgʻoqlar qisqa muddat ichida oʻtib ketadi.
Homiladorlik kalendari: 34-hafta
Ushbu davrga kelib siz qorningizning biroz kichrayganligini sezishingiz mumkin. Buning ikki sababi bor. Birinchisi, homila biroz pastroqqa tushadi. Baʼzi hollarda bu holat ertaroq sodir boʻlsa, baʼzida esa tugʻruq jarayoniga bir necha soat qolganda roʻy beradi. Ikkinchisi esa, bachadonda amniotik suyuqlik kamayishi. Bunga oʻsayotgan homila uchun koʻproq joy ajratish lozimligi yoki organizmning kuchli suvsizlanishi sabab bo’lishi mumkin.
35-hafta
Homiladorlik kalendari 35-haftasiga kelib, bolakayingizning uzunligi 46 sm, tana vazni esa 2,4 kg.ni tashkil qiladi. Uning tana vazni teri osti yogʻ qavati qalinlashishi hisobiga ortadi. Kichkintoyingizning rivojlanishi deyarli toʻliq tugaydi.
36-hafta
Homiladorlikning 36-haftasida va keyingi haftalarda homila biroz pastroqqa tushadi. Natijada jigʻildon qaynashi va hansirash yoʻqoladi, ammo siydik qopi ezilishi hisobiga peshob ajralishi kuchayadi, chanoq sohasida diskomfort namoyon boʻladi.
37-hafta
Bolakayning harakatlanishi kamayadi, agar harakat qilsa ham kuchli seziladi, chunki bachadon u uchun torlik qiladi. Homila tugʻilgandan keyin hayot uchun muhim boʻlgan barcha reflekslarni bajara oladi: nafas olish va chiqarish, yutish, soʻrish, koʻzlarini ochib yumish. U doim bu kabi harakatlarni takrorlab turadi.
Ma’lumot o’rnida, homiladorlikning 37-haftasi boshlanishidan oldin yuz bergan tug’ruq erta tug’ruq hisoblanadi.
38-hafta
Homilangizni – endi chaqaloq deb atasak ham boʻladi. Uning barcha aʼzolari toʻliq rivojlangan. U mustaqil ravishda yashashga toʻliq tayyor. Homila chanoq sohasiga tushadi va ayrim nerv tomirlarini ezib qoʻyishi mumkin.
39-hafta
Shoshilinch tugʻruq 38 va 42 haftalar oraligʻida roʻy beradi. Ilk bor farzand koʻrayotganlar odatda 41-haftada farzandlarini dunyoga keltiradilar. 39-haftada yolgʻon toʻlgʻoqlar bezovta qilib turadi. Agar chin toʻlgʻoq kuzatilsa, tug’ruq alomatlari haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo’lsangiz, siz uni yolgʻon toʻlgʻoqdan qiyinchiliklarsiz farqlab olasiz: chin toʻlgʻoq ogʻriq bilan, belgilari kuchayib boruvchi xarakterli, uzoq muddat davom etadigan koʻrinishda namoyon boʻladi.
40-hafta
Tug‘ruq jarayonini kutib, o‘zingizni xotirjam tuting. Agar quyidagi belgilar yuzaga kelsa, darhol tugʻruqxonaga borish kerak:
— Homila oldi suyuqligi kelsa. Siz oddiy qindan keladigan suyuqlikni homila oldi suyuqligidan bemalol farqlab olasiz, koʻpchilik ayollar peshob ajraldi deb oʻylashlari ham mumkin.
— Chin toʻlgʻoq boshlansa. Ular yolgʻon toʻlgʻoqlardan farqli ravishda ogʻriqli, davom etuvchi xarakterda va koʻproq diskomfort chaqiradi.
41-hafta
Homila uzunligi 50-56 sm, tana vazni esa 3,2-4,1 kg.ni tashkil etadi. Bu koʻrsatkichlar naslga va boshqa omillarga bogʻliq boʻladi. Bu koʻrsatkichlar oʻrtacha qilib olingan. 41-haftaga kelib homila organizmida aytarli oʻzgarishlar roʻy bermaydi. Barcha aʼzolar yetilgan, bola dunyoga kelishga tayyor.
Tug’ruq akusher-ginekolog tomonidan tabiiy tug’ruq yoki kesarcha kesish usulida amalga oshiriladi.
42-hafta
Tugʻruq har qanday vaqtda roʻy berishi mumkin va siz yaqin vaqtlar ichida farzandingizni qoʻlingizda tutishingiz, uni emizishingiz, belanchakka belashingiz va shu kabi yoqimli mashgʻulotlar bilan band boʻlasiz. 42-haftada ham roʻy bermagan tugʻruq jarayoni ayol va homila hayotiga xavf tugʻdiradi. Shu sababli shifokorlar tomonidan sunʼiy ravishda tugʻruq chaqiriladi.