Press "Enter" to skip to content

Inson tanasi haqida qiziqarli 10 fakt

Meni hayotda bir narsaga: to‘rt muchasi sog‘, aqli raso, to‘kis odamning hayotdan, yashashidan noliganiga aqlim yetmaydi. Yaratgan bizga bitmas-tuganmas xazinalar bergan: gapirishga til, ko‘rish uchun ko‘z xazinasi, eshitishga quloq, yurishga oyoq, ishlashga qo‘l, aql. Axir bularning har biri ulkan xazina-ku, bu ne'matlar orqali istagancha boylik, obro‘-e'tibor, hattoki, e'tirof topish mumkin.

Inson qaysi tana a’zosisiz yashay oladi?

Har xil holatlar tufayli inson o‘z tanasining biror bir qismini yo‘qotishiga to‘g‘ri keladi. Masalan, frezerchi va tokarlar barmoqlari kesilishi mumkin, qishki baliq ovlovchilari oyoqlarini muzlatib qo‘yishadi.

Yerning taxminan har ikki yuzinchi kishisi hatto shifokorlar uning inson tanasiga ehtiyoj yo‘q deb hisoblaydigan va olib tashlanmasa dahshatli infeksiyalarga olib kelishi mumkin bo‘ladigan ko‘richakni yoki immun tizimining asosiy quroli bo‘lgan limfotsitlar ishlab chiqaradigan taloqni olib tashlash uchun jarroh pichog‘i ostiga yotadi.

Albatta, tanadagi ba’zi a’zolarning yo‘qotilishi hayot sifatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Biroq shunday a’zolar borki, ularsiz tamoman betashvish yashash mumkin. Hayratlanarlisi, inson juft bo‘lmagan (toq) bo‘lgan muhim vazifalarni bajaradigan va kundalik hayotni quvvatlaydigan ichki a’zolarsiz ham yashashi mumkin. Zamonaviy tibbiyotning rivojlanish darajasi hatto ba’zi a’zolar vazifalarini qisman qoplashga imkon beradi.

Ko‘zlar

Odamlar ko‘zlarning mavjudligini shubhasiz haqiqat deb biladi. Ba’zilar jarohat yoki saraton tufayli bir yoki ikkala ko‘zidan ayrilishi mumkin. Ba’zida esa odam ko‘zsiz tug‘iladi.

O‘t pufagi

O‘t pufagi kichkinagina qop shaklidagi organ bo‘lib, u jigardan yog‘li ovqatlarni hazm qilish uchun ishlatiladigan safro to‘plash vazifasini bajaradi. O‘t pufagida toshlar paydo bo‘ladi, ular kattalashib ketgach, qavariq olib tashlanadi. Operatsiyadan so‘ng ma’lum bir parhezga rioya qilish lozim.

Qalqonsimon bez

Qalqonsimon bez metabolizmni tartibga soluvchi gormonlar ishlab chiqarish uchun javobgardir. Shu tarzda u inson tanasining deyarli barcha a’zolariga ta’sir qiladi. Lekin zarur bo‘lib qolsa, kerakli gormonlarni muntazam in’yeksiya qilish bilan almashtirib, uni ham olib tashlash mumkin.

O‘pkalar

O‘pkaning vazifasi biz havo bilan nafas oladigan kislorodni qonga o‘tkazib berish va tanadan karbonat angridridni chiqarishdan iborat. Ikki o‘pka ham bir biriga o‘xshashdir, shuning uchun ulardan birini olib tashlash jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

Bo‘yraklar

Bo‘yraklar qonni filtrlaydi, suv, kislota-ishqor muvozanatini saqlaydi va qon bosimini tartibga solish uchun gormonlar ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynaydi. Ular tanadagi foydali moddalarni saqlab qolish va “keraksiz”laridan xalos qilish uchun “elak”ka aylanadi. A’zo qo‘shaloq bo‘lishiga qaramay, inson bitta bo‘yrak bilan yashashi mumkin. Ikkala bo‘yrak bo‘lmasa, inson hayoti dializ tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Tadqiqotlar 20 yoshli bemor dializ yordamida 16-18 yil, 60 yoshli bemor taxminan 5 yil atrofida umr ko‘rishini ko‘rsatdi.

Oshqozon

Saratonning ba’zi turlari va irsiy kasalliklar odamga hayot yoki oshqozon bilan xayrlashish tanlovini taqdim etishi mumkin. Kishi oshqozonsiz yashash mumkin emas dersiz, biroq bu soxta tushuncha. Operatsiya paytida qizilo‘ngach to‘g‘ridan-to‘g‘ri ingichka ichakka ulanadi. Ovqat hazm qilish trakti uzunligining qisqarishi tufayli ratsionda bir qator o‘ziga xos talablar paydo bo‘ladi, lekin umuman olganda, odam qattiq ovqatni o‘zlashtirish va hazm qilish qobiliyatini yo‘qotmaydi.

Yo’g‘on ichak

Ovqat qizilo‘ngach, oshqozon va ingichka ichak orqali o‘tgandan so‘ng yo‘g‘on ichakka boradi. Bu vaqtga kelib barcha oziq moddalar deyarli so‘riladi. Yo‘g‘on ichak qattiq chiqindilarni shakllantirish va itarib chiqarishga yordam beradi, aynan shu uni juda muhim a’zoga aylantiradi, biroq tibbiy texnologiya va jarrohlik sohasidagi yutuqlar odamlar bu a’zosiz yashashi mumkinligini ko‘rsatdi.

 

Inson tanasi haqida qiziqarli 10 fakt

Inson – tabiatning eng buyuk mo’jizasi. Uning organizmi esa olimlarni hech qachon hayratga solishdan to‘xtamaydi. Bugun sizni ham lol qilishi aniq bo‘lgan qiziqarli faktlar bilan o‘rtoqlashamiz.

1. Inson tanasi har-xil kimyoviy unsurlardan tashkil topgan. Bir umr davomida tanamizdan ajralib chiqqan xlor moddasi katta-katta oltita suv havzasi (basseyn)ni zararsizlantirish (dezinfektsiya)ga yetar ekan! Tanamizdan ajralib chiqqan fosfor esa, 200 quti gugurt tayyorlashga yetar ekan.

2. Oltmish yil yashagan odam, shundan 20yilini uyquda o‘tkazar ekan, uyqu o‘limning ukasi, — degan gaplarni bekorga gapirishmasligiga amin bo‘lgan bo‘lsangiz kerak.

3. Chaqaloq tug‘ilgan paytda tizza qopqog‘iga ega bo‘lmaydi, bu narsa 2 — 5 yoshlar oralig‘ida shakllanadi.

4. Inson tanasidagi eng mustahkam qismi bu — tuklar bo‘lib, ular eng oxirida chirishni boshlaydi. Arxeologlar tomonidan topilgan, eramizdan avvalgi ming yillar oldin mumiyolangan jasadlar ichida, skletdan tashqari «yashab» qolgan qismi bu — tuklar edi.

5. Inson uyqudagi holatida bo‘yi uzunroq bo‘lishiga nima deysiz? Chunki, yotgan holda odam tanasi bo‘sh va erkin holatda bo‘lib, buning natijasi o‘laroq u taxminan 0.8 sm ga uzayadi.

6. Inson organizmi judayam ko‘p issiqlik ajratib chiqaradi, bir kunda ajralib chiqqan issiqlik energiyasi 30 litr suvni qaynatishga yetarkan!

7. Qon tarkibi esa, insoniyat tarixidan oldingi davrdagi dengizlar tarkibi bilan bir xil.

8. Inson yuragi o‘lchami jihatdan mushtdekkina keladi, katta odamlarda og‘irligi 220−265 gramni tashkil qiladi. Ubir qisqarishda bitta stakan (200 ml) qonni haydashga quvvati yetadi.

9. Oshqozon ham judayam «aqlli» bo‘lib,miya va uning tahlilisiz o‘z ishini bajaraveradi. Biz tomonidan hech qanday ta’sirlarsiz ozuqa hazm qilish jarayonini olib boraveradi. Undan ajralib chiqadigan kislotalar esa, hatto rux moddasini ham hazm qilib — eritib yuboradi. Ammo shunisi yaxshiki, oshqozon hujayralari kislota ta’siridan ko‘ra tezroq harakat qiladi!

10. Inson terisi katta odamlarda, taxmin aniqki kvadrat metrni tashkil qiladi. U hayot davomida, yangilanish natijasida 18 kg terini ajratib tashlaydi. Bu hodisa, inson terisining eski hujayralari o‘rniga yangi hujayralar bilan almashinuvi natijasida sodir bo‘ladi.

Inson qanday yashashi kerak.

Otam hayot, saksonga kirganlar, haliyam sog‘lom va tetik. Hozirga qadar tomorqada ishlaydi: o‘zi ekadi, o‘zi o‘radi. “Otajon, qo‘ying endi ishlashni, oyoq uzatib dam oling, sanatoriyalarga borib, maza qilib yurmaysizmi?”, deyman. “Bolam, qo‘l-oyog‘i sog‘ bo‘la turib ham ishlamasdan bo‘larkanmi, bekorchidan Xudo bezor. ”, deydi. Umrim davomida otamning bekor turganini ko‘rmadim, Xudoga xush kelmaydigan ishlardan hamisha narida bo‘lgan.

Esimda, biz bolalari bo‘lar-bo‘lmasga vaqtimizni yo‘qotsak “vaqt o‘g‘rilarisan”, deb qattiq koyirdi. Hayratlarim, butun umri dalada mehnat bilan o‘tgan otam pensiyaga chiqib, arab yozuvini mukammal o‘rgandi, “Qur'oni karim”ni aslida o‘qiydi. Tomorqadan olgan daromadi va nafaqa pullarini yig‘ib, Haj safarlariga borib qaytdi. Hali ham qo‘li ishda, ko‘zi kitobda. Qishlog‘imizda Ortiq buva deganlari bor, 90 yoshda, laqabi “Yapon bobo”, ko‘rsangiz shu yoshida ham ikki yigitning g‘ayrati bor deysiz, velosipedni yosh boladay uchirib haydaydi, shu yoshida ham maqomlarni qoyillatib kuylaydi. Tomorqasida tinmaydi. “Yapon buva, uyqusida ham ishlaydiganlar xilidan”, deydi u haqida hamqishloqlarim.

O‘tgan yili ta'tilda Buxoroning Labihovuzida tomosha qilib yursak, xorijiy mehmonlarni yetaklab, ularga tarjimonlik qilib yurgan, qorachadan kelgan bir bola e'tiborimni tortdi. 12-13 yoshlardagi bola ingliz tilida baloday gapirardi, go‘yo ingliz tilini suv qilib ichgan deysiz.

— Tirikchilik qanday bo‘lyapti? — hazillashdim men.

— Bo‘lopti, kuniya 20-30 dollardan, — deb javob beradi yigitcha buxorocha shevada jilmayib.

Otam, hamqishlog‘im Ortiq buva va tarjimon bolani umumlashtirib turgan bir jihat bor. Bu ulardagi g‘ayrat, shijoat, tinib-tinchimaslik. G‘ayratli, tinib- tinchimas, yuragida o‘ti bor odamlar. Ularning maqsadiga yetish yo‘lida har qancha qarshilik qiling, yo‘lini to‘sing ularga pisand emas, kerak bo‘lsa, uchib o‘tadilar. Aslida, ular ham biz kabi oddiy insonlar: kuladi, ishlaydi, nafas oladi. Lekin ular go‘yo bizning olamimizdan emas, go‘yo Yaratgan egam bandalarining baxtli, farovon hamda xotirjam yashashi uchun ularning qalbiga tuganmas va o‘chmas bir cho‘g‘ solib qo‘ygan. Biz dam olayotganimizda ular ishlayotgan, uxlayotganimizda ular fikrlayotgan bo‘ladi. Halovatini yo‘qotib halovat, xotirjamligini yo‘qotib xotirjamlik topadi ular.

Ba'zan o‘ylanib qolaman. Navoiy bobomiz o‘ziga to‘q, ta'bir joiz bo‘lsa, bir umr yotib yesa ham tugamaydigan darajada mulkdor bo‘lgan. Hukmdorning do‘sti, tinch-xotirjam va farog‘atda yashasa bo‘lardi-ku?! Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va al Buxoriylarning ilmi ularni o‘z yurtida ham boqishga yetardi. Nega ular cheksiz mashaqqat, sargardonlik, musofirlik va riyozat yo‘lini tanladilar?! Nega!?

Javobi bitta va juda oddiy, nazarimda. Buyuk odamlar, ulug‘ insonlar o‘zi uchun yashamaydi, ular insoniyatning baxti uchun, baxtli qilish uchun yashaydi. Insoniyatning koriga yaramoq ularnig qismatiga bitilgan. Ular Hazrati insonni baxtli ko‘rish uchun ham o‘z nafsiga jilov va tushov urganlar. Bu kabi insonlar yashab o‘tdilar. Hozir ham bor. Bundan keyin ham yashaydilar. Lekin meni bir narsa o‘ylantiradi. Nega menda o‘shalar kabi bo‘lishga rag‘bat , sizda istak, ularda xohish yo‘q!? Ming bor uzr, ko‘nglingizga tegib ketgan bo‘lsam, o‘z qobig‘imizga qachonga qadar o‘ralib yashaymiz. U dunyomiz va bu dunyomizda ham bir chaqalik qiymatga arzimaydigan o‘tkinchi hoyu havaslar ortidan qachongacha chopamiz. Dunyo matohlari uchun ohlar uramiz. Tilla taqmasak, mashinamiz bo‘lmasa, olam ko‘zimizga tor va qorong‘i ko‘rinadi. Go‘yoki bizning omadimiz yo‘q, baxt bizdan yuz o‘girgan deymiz, hasratimizdan chang chiqadi. Dunyodagi barcha narsalar inson uchun yaratilganini, inson esa sinov uchun yaratilganini unutdikmi?

Hazrat Navoiy aytadilar: “Qurt jondan kechib ipak bo‘ldi, Tuxum jondan kechib chechak bo‘ldi. Ipak qurticha g‘ayrating yo‘qmi. Lola tuxumicha himmating yo‘qmi?” Ayting, qachon o‘zimizda hech bo‘lmaganda ipak qurtichalik g‘ayrat, lola tuxumichalik himmat topamiz. Chamamda, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan, tepsa-tebranmas, loqayd odamlar ko‘payib borayotganday. Ko‘chada ikkitasi janjallashib tursa, indamaymiz. Avtobusda o‘g‘ri birovning cho‘ntagiga tushayotganini ko‘ramiz, jimmiz. “Nima qilaman boshimni og‘ritib, ertaga meni guvohlikka chaqiradi, menga kim bo‘pti ular”, deymiz. Hadisda aytilishicha, inson to o‘zini o‘zgartirmaguncha, Olloh uni o‘zgartirmas ekan. Tafakkurimizni, ish tarzimizni, qotib qolgan qalbimizni o‘zgartirish fursati kelmadimikin. Ozgina aqli bor, hatto ko‘r odamga ham ayon va tushunarli bo‘lgan bu ochiq hikmatdan nega ta'lim olmaymiz. Zamon o‘zgardi, taraqqiyot shiddat bilan davom etmoqda.

Allohga shukronalar bo‘lsinki, Mustaqil bo‘lganimizga ham mana 26 yildan oshdi. Biz tanimiz bir bo‘lagi bo‘lgan ona Vatanimiz, xalqimiz uchun nima qildik, nima qilyapmiz. Ba'zi tuppa-tuzuk, tillari burro, gapirganda odamni sehrlab qo‘yadigan kimsalar nolib qoladi. Nima emish, yashash og‘ir bo‘layotgan emish. Ikki-uch million so‘m oylik olayotgan bo‘lsa-da, yetmas emish. Bu gapni yeyishga noni, uxlashga boshpanasi yo‘q afrikalik odam emas, shinamgina uyi, tagida mashinasi bor, qora qozonida har kuni go‘sht qaynayotgan odam aytayapti. Hay, hay, hay. Orzuni sal kamaytiring, birodar! Siz dabdabali to‘y qilaman, to‘yga falon ming dollarga Falonchini olib kelaman, uch qavatli imorat quraman desangiz Qorunning ham molu dunyosi yetmas balki. Bu gapni o‘zini savodliman deb ko‘kragiga urib da'vo qilayotgan, eng achinarlisi, payg‘ambarlarning hayoti davomida to‘yib ovqat yemagani, ustiga tuzukroq kiyim kiymaganini biladigan odam aytayapti. Afsus. Suf.

Meni hayotda bir narsaga: to‘rt muchasi sog‘, aqli raso, to‘kis odamning hayotdan, yashashidan noliganiga aqlim yetmaydi. Yaratgan bizga bitmas-tuganmas xazinalar bergan: gapirishga til, ko‘rish uchun ko‘z xazinasi, eshitishga quloq, yurishga oyoq, ishlashga qo‘l, aql. Axir bularning har biri ulkan xazina-ku, bu ne'matlar orqali istagancha boylik, obro‘-e'tibor, hattoki, e'tirof topish mumkin.

Bir gazetada 20-asrning boshida yashab o‘tgan rossiyalik ko‘zi ojiz Vasiliy Yeroshenko haqida o‘qib qolgan edim. Taqdiri alamli bo‘lgan bolakay 4 yoshida ko‘r bo‘lib qoladi. Xotiralarida bor-yo‘g‘i to‘rtta narsani “osmon, kabutarlar, yashagan cherkov va nihoyat onasining chehrasini” xira-shira eslashini aytadi. Vasiliy taqdirga tan bermaydi. U zo‘r bir ishtiyoq bilan skripka, gitara chalishni o‘rganadi. Moskvaning mashhur restoranlarining birida skripka chaladi. Esperanto tilini o‘rganadi. Angliyadagi musiqa akademiyasida o‘qib turib, sharq madaniyatiga qiziqadi, yapon tilini o‘rganadi. Tokioga borib, Ko‘zi ojizlar maktabida birdaniga 4 ta yo‘nalish: musiqa, tibbiyot, psixologiya va adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha tahsil ola boshlaydi. Massaj va igna orqali davolash ilmini ham o‘rganadi. Eng hayratlanarlisi, bir so‘qir odam hayoti davomida yigirmaga yaqin tilni, jumladan, ingliz, yapon, xitoy, turk tillarini o‘rganadi. Hatto uning bu tillarda yozgan hikoyalari, she'rlari markaziy nashrlarda chop etiladi. Ma'lumotlarga qaraganda, Vasiliy Yeroshenko bir muddat qo‘shni Turkmaniston Respublikasida ham yashab brayl yozuvining turkmancha talqinini yaratib, avval Kushkada, keyin esa Toshkentda ham ko‘zi ojizlarga dars bergan. Ko‘zlari ojiz, yordamga muhtoj bir insonning matonatiga qarang. Uning jasoratiga, sabriga, shijoatiga texnika mo‘'jizalari bilan butun dunyoni lol qoldirayotgan yaponlarning o‘zi ham hali-hanuz qoyil qolmoqda.

Bir tanishim jiyanini Toshkentga – mening oldimga yuborib, iloji bo‘lsa, biror ishga joylab qo‘yishimni iltimos qildi. Yo‘q deya olmadim. Keldi. Gaplashdik. Polvon yigit ekan, bo‘yi salkam 2 metr atrofida, tog‘ni ursa talqon qiladigan, bilagida bir filning kuchi bor, bir urib buqani ag‘anatadi deysiz ko‘rib.

— Ishga keldim, tog‘a.

— Nima, o‘zingizda ish yo‘qmi?

— Ish ko‘pu, oyligi kamda.

— Xo‘p, nima ish qilmoqchisan.

— Bozorda arava sursam degandim.

Ana gapu mana gap. Shu bo‘y, shu qomat bilan arava suraman desa-ya. Orzuga ayb yo‘q, lekin men undan katta maqsadlar kutgandim. Unga juda achindim, unga juda rahmim keldi. Bo‘yiga yarasha maqsadi yo‘qligiga, hayotni juda mayda qarichlar bilan o‘lchaganiga, bir qumursqachalik g‘ayrati yo‘qligiga. Inson qanday yashashi kerak?! Oddiygina savol. Javobi donishmandlarni-da o‘yga toldiradigan darajada murakkab.

Har gal mashhur shoir Abdulla Oripovning “Shunday yashar odatda odam ” she'rini eslaganimda vujudimda qandaydir bir narsa tug‘yon uradi, go‘yo qonim ko‘pirib, she'rdan bir tuganmas quvvat olganday bo‘laman. O‘zimda hayotga, yashashga bo‘lgan muhabbat kuchayganini sezaman.

Qo‘y, qerakmas, qo‘ying kerakmas,

Menga orom tilamang, do‘stlar.

Xilvat soz deb, qistamang, do‘stlar,

Menga bunday orom kerakmas!

Nogahonda xayolga botsam,

Yo uxlasam, uyg‘oting darrov.

Nomim tutib so‘z qoting darrov,

Behudaga bir yoqqa borsam.

Qo‘llarimdan ushlab o‘shal dam,

Kurashlarni safiga qo‘shing.

Qur, yarat deng, hayqir deng, jo‘sh deng,

Shunday yashar odatda odam!

Har kanday insonning aslida qanday yashashi kerakligi yuqoridagi she'rda aniq va lo‘nda shaklda aytilgan. Keling, hayotda, ishda, yaxshilik yo‘lida. har birimiz yonib yashaylik, hayqirib yashaylik! Shubhasiz, biz shunga munosib xalqmiz. Shundagina bizdan xalq mamnun, Yaratgan rozi bo‘ladi!