Press "Enter" to skip to content

Eng yaxshi kitobxon” tanlovida birinchi o’ringa loyiq ko’rilgan insho

,,Eng yaxshi kitobxon’’ insholar tanloviga tavsiya etilgan kitoblar ro’yxatini ko’zdan kechirar ekanman, menda ham tanlovda qatnashish istagi paydo bo’ldi. Ma’naviyat xazinalari orasidan Oybekning ,,Navoiy’’ romani mening ong-u shuurimni egallab oldi. Ushbu asar haqidagi fikrlarimni oq qog’oz uzra ,,safar’’ qildirmoqchi bo’ldim. Lekin kunlar o’tsa ham, Mir Alisher Navoiy to’g’risidagi o’ylarimni bita olmadim. Chunki bu Oybek ijod mahsulining menda qoldirgan ulkan taassurotlari natijasida edi. Navoiy romanini bundan bir necha oy avval mutolaa qilgan edim. Ammo insho yozish uchun uni qo’limga olar ekanman, ushbu kitob, yozuvchi va qahramonlarga nisbatan hurmatim, qiziqishim, hayojonim ortmoqda edi. Xuddi birinchi marotaba o’qiyotgandekman. Nihoyat fikrlarimni oq qog’ozga tushirish fursati keldi. Ammo bular qalbimdagi Navoiyga nisbatan ixlosimning bir qatrasi, xolos.

Yangiliklar

Kitob – sodiq do‘st va barkamollik sari yo‘lboshchi

Buyuk adabiyot namoyondalari kitobga tafakkurning tolmas qanoti, deb ta’rif berganlarida, u inson ma’naviy olamini boyitishini nazarda tutganlar. Kitob Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, odamlarga mehr-oqibat tuyg‘ularini kamol toptirishning eng yaxshi vositasi sifatida qadrlanadi.

Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish yo‘nalishida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Zero, “kitob bizni yerdan ko‘kka ko‘taradigan, barkamollik sari yetaklaydigan, qalbga yorug‘lik baxsh etadigan, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlikni farqlashga o‘rgatadigan insoniyatning eng noyob kashfiyotidir”, deydi davlatimiz rahbari.

Bugungi kunda xalqimiz orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, yosh avlod tarbiyasida bebaho adabiy merosimizdan samarali foydalanish muhim voqelikka aylangan bir paytda O‘zsanoatqurilishbank rahbariyati ham ushbu xayrli ishlarga esh bo‘lmoqda.

Yaqinda Bank Boshqaruvi Raisi Aziz Voitov boshchiligida Sirdaryo tumanidagi ta’lim dargohiga turkum kitoblar tuhfa etilgan bo‘lsa, bugun 5 aprel kuni ushbu an’ana Toshkent shahri Sergeli tumanidagi 300-umumta’lim maktabida davom ettirildi.

O‘zsanoatqurilishbank Boshqaruvi Raisi o‘zi tahsil olgan mazkur maktabda o‘quvchilar bilan suhbatlashar ekan, kitob bilan do‘stlashib, kishi dunyoni anglashini, atrof-muhitdagi voqea-hodisalarga ongli yondashib, mustaqil hayotda to‘g‘ri yo‘l topgan holda baxtu saodatga erishishini ta’kidladi. “Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz ham aynan kitoblar mutolaasi bilan aqlu shuurini charxlab, komil inson bo‘lib yetishgan”, dedi Bank rahbari suhbat yakunida.

Bank Axborot xizmati

“Eng yaxshi kitobxon” tanlovida birinchi o’ringa loyiq ko’rilgan insho

3. Xulosa. ,,Navoiy’’ romanining sharafli safari uzoq bo’lgay.

Navoiy she’riyati va Navoiy obrazi hamisha kuchli bir quyosh kabi ko’nglimni tortar edi. O’z asarlarimda shoir Navoiy obrazini yaratishga zo’r mayl, orzu, istagim bor edi.

,,Eng yaxshi kitobxon’’ insholar tanloviga tavsiya etilgan kitoblar ro’yxatini ko’zdan kechirar ekanman, menda ham tanlovda qatnashish istagi paydo bo’ldi. Ma’naviyat xazinalari orasidan Oybekning ,,Navoiy’’ romani mening ong-u shuurimni egallab oldi. Ushbu asar haqidagi fikrlarimni oq qog’oz uzra ,,safar’’ qildirmoqchi bo’ldim. Lekin kunlar o’tsa ham, Mir Alisher Navoiy to’g’risidagi o’ylarimni bita olmadim. Chunki bu Oybek ijod mahsulining menda qoldirgan ulkan taassurotlari natijasida edi. Navoiy romanini bundan bir necha oy avval mutolaa qilgan edim. Ammo insho yozish uchun uni qo’limga olar ekanman, ushbu kitob, yozuvchi va qahramonlarga nisbatan hurmatim, qiziqishim, hayojonim ortmoqda edi. Xuddi birinchi marotaba o’qiyotgandekman. Nihoyat fikrlarimni oq qog’ozga tushirish fursati keldi. Ammo bular qalbimdagi Navoiyga nisbatan ixlosimning bir qatrasi, xolos.

Insoniyat tarixida shunday buyuk siymolar borki, ular to’g’risida asar yozish baxti har kimga ham nasib qilavermaydi.

Alisher Navoiydan keyin kechgan besh asr ichida buyuk siymo haqida Oybekdek roman yozish huquqini qozongan boshqa birorta yozuvchi bo’lmasa kerak. Parvardigor Navoiyni yangitdan kashf etib, o’zbek xalqiga va umumjahon madaniyatiga barhayot insondek qaytarish uchun Oybekni yaratgan go’yo.

Navoiy va Oybek… Bu ikki insonni besh asrlik davr daryosi bir-biridan ajratib turibdi. Lekin Oybek umr bo’yi davom etgan ijodiy mehnati tufayli u bilan yonma-yon turish, u sochgan nurlarni o’ziga yig’ib-jamlab, so’ng aks ettirish baxtiga musharraf bo’lgan. U butun umri davomida ana shu besh asrlik daryoni suzib o’tib, Navoiy yashagan sohilga yaqinlashib borgan.

Xullas, Navoiy bugun o’zbek xalqi uchun milliy iftixor manbayiga komillik timsoliga aylangan ekan, Oybek xizmatlari beqiyosdir.

Navoiy – o’z zamoni va zamondoshlarining baxti kelajak, saodat, ma’naviyat, madinayat, adolat sari yetaklagan siymo. XV asrdagi Xurosongina emas, balki butun o’zbek xalqi tarixini quyosh kabi yoritib beruvchi daho.

Oybekning asosiy maqsadi Navoiyning ulug’ inson, shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazni yaratishdir. Yaratuvchi talqinicha, Navoiyning ana shu uchala qirrasini o’zaro birlashtirib turadigan ,,magnit maydoni’’ uning insonparvarligidir. Shuning uchun asarga tarixiy shaxslar obrazi bilan birga badiiy to’qima obrazlarni ham kiritgan: shogirdi Sultonmurod, uning do’sti Arslonqul va singlisi Dildor. Bular roman voqealarida oddiy xalq vakillari sifatida ishtirok etib, Navoiy siymosini to’laqonli ochib berishga ko’maklashadi. Husayn Boyqaro, Jomiy, Baddiuzzamon, Mirzo Nizomulmulk, Majididdin singari o’nlab qahramonlar esa Oybek asariga to’ppa-to’gri tarix sahifalaridan kirib kelgan. Ijodkor bu qahramonlar obrazini yaratishda o’tmish haqiqatiga suyangan.

Husayn Bayqaro-temuriy hukmdor, Navoiyning maktabdosh do’sti. Mayga beriluvchanligi sababli mug’ombir, ikkiyuzlamachi kishilarning so’zlariga ishonaveradi. Lekin g’azallar mashq qilib turadi, jangda tengsiz. Insonning unutguvchiligini Husayn Bayqaro timsolida ko’rdim.

Sultonmurod va To’g’onbek … ikkala yigitning ham ayni kuchga to’lgan, ilm olishga ishtiyoqmand payti.Taqdir hazilini qarangki , tolibi ilm bo’lgan Sultonmurodning ustozi Mavlono Fasihiddin uni ma’rifat kishisiga yetaklasa, botir To’g’onbekning do’sti To’qli Mergan o’z hamsuhbatini jaholat, razolat kimsalari tomon yetkazadi. Hurfikr talaba Hazrat Navoiy yordami bilan muvaffaqiyatlarga erishadi. Qo’rmas, lekin ilmsiz Tog’onbek Majididin huzurida yaramas ishlarga aralashadi, kundan kun razolat olamida tanila boshlaydi. Natijada Ahmad Havofiy o’g’lining yomonliklariga o’rgimchak to’riga ilingandek sherik bo’ladi. Sultonmurod esa Navoiy e’tirof etgandek: ,,Ilmni xalqqa beringiz…Ilm ko’mig’lik xazina emas, jonli daraxtdir, o’smogi’, gullamog’i meva bermog’i kerak!’’, – shogirdlari ko’ngliga ma’rifat ishqini soldi.

Oybek asarda ezgulik bilan yomonlik mavzularini turli taqdirlar va voqealar tasviri orqali yoritar ekan, yomonlik jazolanmay qolmaydi, degan qat’iy e’tiqoddan kelib chiqib, Majididdin ham, Nizomulmulk ham, To’g’onbek ham sharmandali o’lim topganini bo’rttirib tasvirlaydi.

Yozuvchi Navoiy-Bayqaro-Jomiy-Sultonmurod-xalq, ikkinchi tomondan esa Arslonqul- Dildor syujeti chiziqlarini tasvirlaydi. Ularni shunday ustalik bilan birlashtirib yuborganki, kitobxon ularni yaxlit badiiy qatlam sifatida his etadi.

Mashhur ijodkor Abdurahman Jomiy : ,,Ey Navoiy, sening tab’ing so’z ustodidir . Qalaming ochqichi bilan so’z eshigini ochding. Ravnaqdan qolib ketgan va xorlik burchagidan o’rin olgan turkiy so’zga sen yangidan obro’ berding. Uni ijod maydoniga olib chiqding. U sening ra’ying nuridan safoli bo’ldi, lutfing navosidan navoli bo’ldi’’, – deb ta’kidlagan edi. Romanda bu fikrlar o’z tasdig’ini topgan: Navoiyning suhbat quradigan xonasida odatdagi majlislardan biri bo’lib o’tadi. Unda Mavlono Shahobiddin, Binoiy, Sultonmurod, Hasan Ardasher, Mullo Usmonlar qatnashadi. Mullo Usmon Hazratdan qay bir taxallusi dilbarligini so’raydi. Binoiy forsiychasi go’zalligini ta’kidlaydi va Navoiy bilan til munozarasini boshlaydi. Bahs jarayonida Nizomiddin Alisher turkiy tilning imkoniyatlari haqida tiniq fikrlar bildiradiki, natijada Binoiy mot bo’ladi.

Haqiqatdan ham, Husayn Bayqaro o’zining ,,Risola’’ asarida ,,Mir Alisher …turk tilining o’lgan jasadig’a Masih anfosi bilan ruh kiyurdi’’, – deganda rost gapni aytgan edi. Navoiy turkona so’zlari bilan harir ipakdan libos kiygan, so’z gulistonida jonga rohat bag’ishlovchi gullar ochgan, she’riyat daryosiga bulutdan ruhparvar durdonalar sochgan ijodkor. Buyuk Alisher Navoiydek Benazir daho ona tilimiz hurmatini tiklash uchun butun umrini bag’ishlagan.

Alisher Navoiy jahon xalqlarining madaniy, ma’naviy, adabiy merosiga munosib hissa qo’shish bilan o’z burchini bajarishga musharraf bo’ldi. U yaratgan so’z san’ati xazinasi millatimizning bebaho ulushi sifatida e’trof etmoqda. Ammo shu bilan birga Navoiy o’z zamondoshlarini ham unutmadi. Buyuk davlat arbobi siymosida xalqning mushkullarini oson qilish choralarini izladi, yurt tinchligini asrab –avaylaydi. Hayotligi davrida Husayin Bayqaro u bilan har bir tadbirni maslahatlashishga o’rgangan va Hazratning yo’l-yo’riqlari bilan ish ko’rgan edi. Ba’zi achchiq haqiqatlar hukmdorning jahlini chiqargan hamda Navoiyni Astrabodga badarg’a qiladi. Sultonmurod ta’kidlaganidek: ,,Navoiy ulug’ haqiqatparastdir. Uning har bir so’zi haqiqat mash’ali , vijdonning na’rasidir’’. Shoirning yo’qligida Nizomulmulk, Majididin ta’siri kuchayib, mamlakatda adolatsizlik boshlangan. Ammo Alisher Navoiy imkoni boricha shoh huzurida xalq homiysi, himoyachisi sifatida faol harakatda bo’lgan.

Hazrat A. Navoiy o’zlarining samimiy xayrixohliklari bilan har bir zamondoshlari qalbida o’ta kamtarlik ramzini hosil qilgan edi. Nozik hayotiy vaziyatlarda har bir yurtdosh bu sahovatpesha inson huzuriga najot izlab borishi va , albatta ,mushkulning oson bo’lishiga umid qilishi odat tusiga kirgan edi. Masalan, Hazrat Navoiy Dildor va Arslonqulga haqiqiy ma’noda otalik qiladi. Yigit qurilishda ishlagan kezlari shoir bilan tanishadi. Bu uchrashuv uning taqdirida o’zini tanish, o’ziga ishonch, kelajakka umid tuyg’ularini uyg’otadi. Dildorni haramdan ozod qilish haqida Navoiy hujjat rasmiylashtirib beradi. Oqibatda saroy razolati adolat oldida mag’lub bo’ladi. To’g’onbek ham g’aflatda qoladi.

,,Inson barcha maxluqotlarning tojidir. U sharafli, sof, go’zal yashamog’i kerak’’. Bu Nizomiddin Alisherning shiori edi. Lekin o’limning sovuq shamoli shunday benazir insonni ham chetlab o’tmadi. Hijriy 906-yil 12-jumodiloxir tarixida motam kuni bo’ldi. ,,O’z tarixida ne-ne ulug’ zotlarni Hirot kech vaqt , hech qaysi motamdagidek, qayg’u girdobida chirpinmagan’’. Asarning so’ngi 37- bobini o’qir ekanman, beixtiyor ko’zlarimga yosh balqiydi. Hazrat Navoiyning zamonida yashamagan bo’lsam-da, kitob mutoalasida bu davrga tushib qolaman. Go’yo Dildorga kuch beraman, go’yo Sultonmurod bilan kutubxonasida bo’laman. Lekin hech ham Navoiyning vafotini ta’savvur qila olmayman. Xuddi Hirot ahli ham buni hatto faraz etishga botina olmaganliklaridek.

Darhaqiqat, yozuvchi asarni go’zal shohi iplar bilan tikkani buyuk siymo A.Navoiyga hurmati, muhabbati hayratlanarli darajada ajoyib chiqqan. Mashhur fransuz yozuvchisi Anatol Fransning fikrlarini amalda bajargan : ,,Biz o’z muhabbatimiz bilan narsalarga go’zallik bag’ishlaymiz’’.

Men ushbu romanning ayrim voqea hodisalarini yoritdim. Bu asarni qancha o’qisak ham, milliyligi, buyukligi pasaymaydi. Aksincha, uning jozibasi, badiiyati kishini yanada o’ziga maftun etadi. Oybekning ,,Navoiy’’ romanini yozishdan maqsadi zamondoshlarini o’tmishdagi achchiq voqealardan saboq olishi, xalq va Vatan manfaati yo’lida yashab, ijod qilgan siymolar va ularning fazilatlaridan ibrat chiqarishi bo’lgan edi. Men ham bularning barchasini angladim.

Inshoni yakunlar ekanman, Hazrat Alisher Navoiyning quyidagi fikrlarini keltirmoqchiman: ,,Inson ruhi uchun haqiqiy zavq mutolaadir’’.

Andijon viloyati Marhamat tumani 14-sonli maktabning 10-sinf o’quvchisi

Qurbonova Muxlisa