Buxoro viloyati axborot – kutubxona marakazi blogi
Abdurauf Fitrat
Kitob mutolaasi haqida
Har birimiz, qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, imkon va sharoitimizdan kelib chiqib, kitob bilan muayyan darajada muloqotda bo‘lamiz. O‘lchovli hayotimizning ma’lum bir qismini shunga sarf qilamiz. Ammo qanday kitob o‘qish, uning ta’sir va oqibatlari, umuman, nega kitob o‘qiymiz, shular haqida barchamiz ham chuqurroq o‘ylab ko‘rmaymiz.
O‘tgan yigirmanchi asrning mashhur yozuvchilaridan biri, adabiyot sohasidagi xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Hermann Hesse (1877–1962) o‘zining “Cho‘l bo‘risi”, “Demian”, “G‘ildiraklar ostida”, “Marjonlar o‘yini” va boshqa ko‘plab asarlari bilan nom qozongan. Hesse o‘z ijodining ilk davrida kitob targ‘iboti va savdosi bilan ham shug‘ullangan. Aynan mana shu narsa uning xilma-xil adabiy janrlarda yaratilgan asarlarni tushuna olishiga sabab bo‘lgandir, ehtimol. Adibning kitob mutolaasi borasidagi ajoyib fikr va mulohazalari o‘quvchilarimizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.
o‘pchilik, afsuski, kitob o‘qishni bilmaydi va ko‘p kishilar nima uchun o‘qiyotganini tuzukroq tushunib ham yetmaydilar. Ba’zilar buni o‘qimishli bo‘lishning qiyin, biroq yagona yo‘li, deb biladi. Ularning fikricha, har qanday kitob kishini “o‘qimishli” qila oladi. Boshqa birovlar uchun esa o‘qish – bu, dam olish, shunchaki vaqtni o‘tkazish va ularga nimani (maqola, roman, she’r, xabar va hokazo) o‘qish baribir, zerikarli bo‘lmasa bas. Shunchaki dam olish, vaqt o‘tkazishni istagan va “o‘qimishli” bo‘lish haqidagina qayg‘uradigan o‘quvchi kitobdagi dilni poklovchi, kishini ruhlantiruvchi qandaydir noma’lum bir kuchni sezadi. Biroq bu kuchni u aniq tasavvur etolmaydi va baholay ham olmaydi. Bunday kitobxon tibbiyotdan mutlaqo bexabar bo‘lgan bemorga o‘xshaydi, ya’ni aynan qaysi dori kerakligini anglamasdan, har bir qutichadagidan tatib ko‘ra boshlaydi. Aslida, mutolaa borasida ham har bir kishi o‘zi uchun zarur bo‘lgan, yangi kuch hamda ruhiy ta’sir baxsh eta oladigan kitoblarnigina topa bilishi maqbul emasmikin?
Biz, mualliflarga odamlarning ko‘p mutolaa qilishlari, albatta, yoqimli va aynan ijodkor tomonidan, haddan ziyod ko‘p o‘qishadi, deyilishi noo‘rindir. Chunki mingta loqayd o‘quvchidan o‘nta yaxshi kitobxon afzal. Shu bois, bemalol ta’kidlashim mumkinki, hamma joyda haddan tashqari ko‘p mutolaa qilishadi va bu adabiyot uchun obro‘ emas, balki ziyon keltiradi, xolos. Kitob mustaqil bo‘lmagan kishilarni yana ham ma’naviy zaiflashtirish uchun yozilmaydi, bundan tashqari, undan ba’zan noqobil odamlarga arzon-garov manzara hamda osongina o‘zgartirilgan hayotni ko‘rsatish uchun ham foydalanishadi. Kitoblar insonni hayotga yo‘llagandagina, unga xizmat qilgandagina foydalidir. Agar kitob o‘quvchiga oz bo‘lsa-da, kuch-g‘ayrat, shijoat, ma’naviy poklik baxsh etmasa, mutolaa uchun sarf etilgan har bir soat behuda va besamar bo‘lib qolaveradi.
Shunchaki mutolaa – bu diqqatni to‘plashga majbur etuvchi mashg‘ulot va ovunish uchungina o‘qish – o‘z-o‘zini aldashdir. Loqayd kishilar uchun, umuman, biror narsadan ovunishning hojati yo‘q. Aksincha, ular hamma joyda diqqat-e’tiborli bo‘lishlari, qayerda nima ish bilan mashg‘ul bo‘lishmasin, nima haqda fikr yuritishlaridan qat’i nazar, o‘zlarini butun vujudlari bilan voqealar girdobida his etmoqlari zarur.
Hayot qisqa, uning poyonida hech kimdan o‘qilgan kitoblar soni so‘ralmaydi. Biror foydasi bo‘lmasa, o‘qishga vaqt sarflash aqllilik belgisi emas, aksincha, koni ziyon emasmikin? Men bu o‘rinda faqat yomon kitoblarni emas, avvalambor “sifatli mutolaa”ni nazarda tutayapman. Hayotda bosgan har bir qadaming kabi o‘qishdan ham biron natija kutiladi. Mutolaadan yangi kuch-g‘ayrat olmoq uchun avvaliga kuch sarf etmoq, o‘zingni yanada yaxshiroq tushunmoq uchun oldin o‘zingni “yo‘qotmoq” kerak bo‘ladi.
Agar har bir o‘qilgan kitob quvonch va alam, shijoat hamda ruhiy tazarru olib kelmasa, jahon adabiyoti tarixini bilishdan ma’no yo‘q. Fikr-mulohaza qilmasdan o‘qish – xushmanzara tabiat qo‘ynida ko‘zni bog‘lab yurmoq demakdir. Biz o‘zimizni va turmushimizni unutish uchun emas, balki hayot jilovini yanada ongliroq ravishda anglash uchun o‘qishimiz kerak. Kitobga dimog‘dor o‘qituvchiga qaragan qo‘rqoq o‘quvchi singari emas, balki eng baland cho‘qqini zabt etmoqqa shaylangan shiddatkor alpinist kabi yondashmoq talab etiladi.
Ruhiyatimizning tabiiy, tug‘ma ehtiyoji – tur, xil, namunalarni aniqlab olish va ular asosida butun insoniyatni tur-turga ajratib chiqishni taqozo etadi. Teofrast 1 “Xarakterlar”idan tortib, to ajdodlarimiz va ota-bobolarimizning to‘rt mizoj (inson tabiatiga xos xususiyatlar)i va eng zamonaviy psixologiyaga qadar, mana shu ehtiyoj turlangan tartibda muntazam namoyon bo‘lib, sezilib turadi. Qolaversa, har qanday kishi ham o‘z tevarak-atrofidagi odamlarni yoshligida o‘zi uchun muhim bo‘lgan xarakterlar bilan o‘zaro o‘xshashligiga qarab, ko‘pincha g‘ayrishuuriy bir tarzda guruhlarga bo‘lib chiqishi tabiiy. Bunday bo‘linishlar, qanchalik jozibali va yoqimli bo‘lmasin, sof shaxsiy tajribaga yoki qandaydir ilmiy tipologiyaga asoslanishidan qat’i nazar, har qanday odamda ham har qaysi turga xos bo‘lgan xususiyat, belgilar va o‘ta qarama-qarshi xarakterlar hamda mizojlar, bir-biri bilan o‘zaro almashinib turadigan holatlar yanglig‘, har bir alohida shaxsda uchrashi mumkinligini ta’kidlab, tajribaning yangi kesimini belgilab olish ba’zan o‘rinli va samarali bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, men quyida kitobxonlarning uch turi yoki boshqacha qilib aytganda, uch darajasi xususida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Albatta, bu bilan kamina kitobxonlarning butun dunyosi uzil-kesil mana shu uch toifaga, ya’ni bunisi – bu toifaga, unisi – u toifaga bo‘linadi, demoqchi emasman. Zero, har birimiz o‘z shaxsiy hayotimizning turli davrlarida goh u, goh bu guruhlarga mansub bo‘lishimizga to‘g‘ri kelishini ham unutmasligimiz lozim.
Shunga ko‘ra, eng avvalo, sodda kitobxonni olib ko‘raylik. Har birimiz ham damba-dam ana shunday o‘quvchi qiyofasida namoyon bo‘lib turamiz. Bunday kitobxon, hindular haqidagi kitobchani o‘qiyotgan bolakay yo graf ayol hayoti to‘g‘risida hikoya qiluvchi romanni mutolaa qilayotgan oqsoch xotin yoki Shopengauerni o‘rganishga kirishgan talaba bo‘ladimi, ovqatni paqqos tushiradigan sertomoq xo‘randa singari, kitobni “yutib yuboradi”. Bunday o‘quvchining kitobga bo‘lgan munosabatini bir shaxsning ikkinchi shaxsga nisbatan munosabatidek, deb bo‘lmaydi, balki aksincha, ot suliga yo hattoki ot izvoshchiga qanday munosabatda bo‘ladigan bo‘lsa, xuddi shunday deyish mumkin: kitob yetaklaydi, kitobxon esa unga ergashadi. Kitob syujet (asosiy mazmun)i xolisona, beg‘araz voqelik sifatida idrok qilinadi. Syujetning o‘zi bo‘lsa koshkiydi! Badiiy adabiyotning tuppa-tuzuk bilimga ega bo‘lgan va hatto shunday bir ashaddiy o‘quvchilari ham borki, ular butkul sodda kitobxonlar sinfiga mansubdirlar. Garchi ular syujetning o‘zi bilangina kifoyalanib qolmasalar-da, romanga unda qancha aza yoki qancha to‘y tasvir etilganiga qarab baho bermaydilar, shu bilan birga, muallifning o‘zinigina idrok etib, kitobning estetik mohiyatini xolisona qabul qiladilar. Ular asar muallifining barcha zavq-shavq, quvonchiga va ilhomiga sherik bo‘ladilar, uning dunyoqarashiga butkul qo‘shilib, muallifnnig tasavvur mahsuli bo‘lmish turlicha ma’no berish holatlarini hech bir e’tirozsiz qabul qiladilar. Oddiy odamlarni asar syujeti, undagi vaziyat, voqea va harakatlar qiziqtirsa, bunday o‘tkir aql sohiblari uchun muallif mahorati, tili, bilimi, ma’naviy saviyasi muhim; ular buning barchasini qandaydir xolisona voqelik sifatida, adabiyotning so‘nggi va eng yuksak boyligi sifatida – Karl May 2 muxlisi bo‘lmish navqiron o‘quvchi uning “Eski paypoq” asaridagi voqealarni mavjud voqelik sifatida qanday idrok etadigan bo‘lsa, xuddi shunday qabul qiladilar.
Bunday sodda kitobxon mutolaaga bo‘lgan munosabatiga ko‘ra, umuman shaxs hisoblanmaydi, balki o‘zi bilan o‘zi andarmon o‘quvchi, xolos. U romandagi voqealarni yo ularning keskinligiga, xavf-xatarga to‘la sarguzashtlar, ishqiy lavhalarga boyligiga, tasvirning dabdabali yoki ojizligiga qarab baholaydi yoki buning o‘rniga, muallifning o‘zigagina baho berib qo‘ya qoladi, ya’ni uning muvaffaqiyatlarini shunday andaza bilan o‘lchaydiki, bu me’yor har doim pirovardida odatga aylanadi. Bunday o‘quvchi kitob umuman, his qilib, tushunib o‘qish va mazmuni yoki shakliga munosib baho berish uchungina yaratilgan deb o‘ylaydi, bunga shak-shubha qilmaydi. Ya’ni kitob – non yoki ko‘rpa-to‘shakka o‘xshagan narsa, deb hisoblaydi.
Biroq dunyodagi mavjud barcha narsalarga nisbatan bo‘lganidek, kitobga ham o‘zgacha munosabatda bo‘lish mumkin. Inson tarbiyasiga emas, o‘z tabiatiga amal qildi deguncha, bolaga aylanadi va buyum, ashyolarni o‘ynay boshlaydi; shunda non yerosti yo‘li qazilgan toqqa, ko‘rpa-to‘shak esa g‘orga, qor bosgan bog‘ yoki dalaga aylanadi. Ana shunday bolalarga xos soddalikdan va mana shu o‘yinchi dahodan ikkinchi turdagi kitobxonga nimadir “yuqadi”. Bunday o‘quvchi asar mazmuni yoki shaklini qanchalik qadrlasa, uning haqiqiy, yanada muhimroq qadr-qimmatini ham shunchalik yuqori baholaydi. Bu kitobxon bolalarga o‘xshab, har bir narsaning ehtimol o‘n yoki yuz mazmun-mohiyati, ahamiyati va qadr-qimmati borligini yaxshi biladi. Mazkur o‘quvchi, masalan, yozuvchi yoki faylasufning voqea-hodisa hamda narsalarga nisbatan o‘z bahosini o‘z-o‘ziga yoxud kitobxonga majburan qabul qildirishga urinayotganini kuzata borib, jilmayib qo‘yishi, muallifning erkinligi va asossizligi bo‘lib ko‘rinayotgan narsa aslida sustkashligu majburlashdan boshqa narsa emasligini payqab olishi mumkin. Bu kitobxon professor-adabiyotshunoslar va munaqqidlariga ko‘pincha butunlay noma’lumligicha qoladigan jihatni: mazmun va shaklning erkin tanlovi degan tuturiqsiz gapning mutlaqo mavjud emasligini ham yaxshi biladi. Ya’ni adabiyot tarixchisi, Shiller falon yili falon syujetni tanlab olib, uni besh turoqli yamb (vazn) orqali ifodalashga ahd qilgan, deydi. Kitobxon esa na syujet, na yamb shoirning erkin tanloviga sabab bo‘lmaganini, unga rohat bag‘ishlagan yagona narsa – shoir syujetni nima qilishi emas, balki syujet shoir bilan nimalar qila olishi mumkinligiga guvoh bo‘lish istagi bo‘lganini yaxshi biladi.
Shu xildagi fikrga kelganda, estetik deb ataladigan qadriyatlar deyarli butunlay o‘z qimmatini yo‘qotadi va aynan har qanday xato, kamchilik va nomukammalliklar ulkan jozibadorlik kasb etishi mumkin. Chunki bunday kitobxon yozuvchi ketidan izvoshchiga ergashgan otga o‘xshab emas, balki o‘ljaning iziga tushgan ovchidek boradi va poetik erkinlik bo‘lib ko‘rinayotgan narsa tomon nogoh tashlangan nazar, shoirning sustligi va zo‘rakiligini payqagan nigoh, soz texnika hamda nafis so‘z san’atining barcha go‘zalliklaridan ham ko‘ra ko‘proq zavq-shavq, shodlikka noil bo‘lmog‘i mumkin.
Yana yo‘limizda davom etamiz va uchinchi – oxirgi tipdagi kitobxonga duch kelamiz. Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlaymiz, hech kim, hech qaysi birimiz u yoki bu toifada muqim, abadiy qolib ketishga majbur emasmiz, zotan, har birimiz bugun ikkinchi, ertaga uchinchi, indin esa yana birinchi guruhga mansub bo‘lmog‘imiz ham mumkin. Shunday qilib, endi nihoyat, uchinchi – so‘nggi bosqich haqida so‘z yuritamiz.
Uchinchi turdagi kitobxon zohiran “yaxshi” deb nom olgan o‘quvchining butunlay teskarisidir. Bu kitobxon shu darajaga yetgan shaxski, u hech kimga o‘xshamaydi. U – o‘z mutolaa saltanatida mutlaq hokimdir. Kitobdan u na ma’rifat izlaydi, na vaqtichog‘lik. Kitobdan – bu yorug‘ olamda qolgan boshqa har qanday narsa kabi faqatgina boshlanish, yo‘nalish nuqtasi sifatida, istak, niyat, mayl sifatida foydalanadi. Unga aslida nima o‘qishning farqi yo‘q. U biror faylasufning asarini unga ishonib, ta’limotini o‘rganib olmoq yoki uni tanqid qilib, unga qarshi harakat qilmoq uchun o‘qimaydi, biron-bir shoirni dunyoning qanday yaralganini tushuntirib berishi uchun mutolaa qilmaydi. Yo‘q, u hamma narsani o‘zi tushunadi, o‘zi anglay oladi. U, ta’bir joiz bo‘lsa, komil inson. U hamma narsa bilan o‘ynasha oladi – muayyan bir nuqtayi nazar, qarash, fikr, tasavvurdan boshlab, hamma narsani o‘yinga aylantirishdan ham ko‘ra foydaliroq va samaraliroq boshqa hech qanday narsaga hojat qolmaydi. Agar bunday o‘quvchi kitobdan biron-bir sentensiya, ya’ni hikmatli so‘z, dono gap, hikmat topib olgudek bo‘lsa, eng avvalo, topilmaning avra-astarini ag‘daradi. U azal-azaldan biladiki, har qanday haqiqatni inkor etish ham asl haqiqatdir. U ma’naviyat sohasidagi har qanday fikr, qarash, nuqtayi nazar qutb ekanligini va unga qarama-qarshi xuddi shunday zo‘r qutb ham mavjud ekanini azaldan yaxshi biladi. U yosh bolaga o‘xshab, assotsiativ 3 tafakkurni yetarli darajada qadrlaydi, biroq u boshqa narsalarni ham biladi. Shunday qilib, mazkur kitobxon yoki to‘g‘rirog‘i, shu guruhga mansub bo‘lgan har birimiz ham duch kelgan narsani – roman, grammatika, yo‘l qatnovi jadvali, bosmaxona shrift(harf)lari namunalarini va boshqa har qanday narsani o‘qiyverishimiz mumkin. Fantaziyamiz va assotsiativ qobiliyatimiz munosib darajada bo‘lgan paytda ham biz baribir qog‘ozdagi bitiklarni o‘qimayotgan, lekin shu asnoda o‘qiganlarimizdan bizga yog‘ilib turgan nurafshon yog‘dular, istak, niyat va mayllar oqimida suzayotgan bo‘lamiz. Ular sahifalar, matnlar bag‘ridan, shu bilan birga, bosma harflar terilgan ustunchalardan ham paydo bo‘lishlari mumkin. Hattoki, gazetada bosilgan e’lon ham yangilik bo‘la oladi. Eng baxt-omadli, tantanavor fikr mutlaqo jonsiz bo‘lgan so‘z zamiridan kelib chiqsa ham ajab emas, negaki undagi harflarni, xuddi mozaikaga o‘xshab, dam bundoq, dam undoq aylantirib ko‘raverish ham mumkin. Bunday holatlarda hatto Qizil Shapkacha haqidagi ertakni qandaydir kosmogoniya 4 yoki falsafa yoxud go‘zal ishqiy poeziya yanglig‘ mutolaa qilish mumkin bo‘ladi. Allaqanday sigara qutisidagi “Colorado maduro” degan yozuvni shunchaki o‘qib, ushbu so‘zlar, harflar va tovushlar o‘yiniga berilib ketgach, ilm, xotira va tafakkurning yuzta saltanati bo‘ylab, yurakdagi orzuga aylangan olis sayohatga otlanmoq ham mumkin.
Biroq shu o‘rinda mutolaa ham shunaqa bo‘ladimi? – deya meni yozg‘irishlari tabiiy. Xo‘sh, aytaylik, Gyoteni o‘qiyotib, Gyotening niyat, maqsad, o‘y va fikrlarini uqish, idrok etish va chuqur anglash o‘rniga o‘zini go‘yo qandaydir e’lonni yoki bo‘lmasam, tasodifiy terilgan harflar uyumini tomosha qilayotgandek tutadigan odamni umuman, kitobxon deb atab bo‘ladimi? Mutolaaning so‘nggi – uchinchi darajasi deb ataganimiz aslida kitobxonlikning eng past, eng bachkana, eng varvarlarcha turi emasmikin mabodo? Bunday o‘quvchidan Hyolderlin 5 musiqasi, Lenau 6 ehtirosi, Stendal irodasi, Shekspir teranligi qayoqqa ham qochib qutula olarkin? Nimayam derdim, yozg‘irgan kishi haq. Uchinchi toifadagi kitobxon – mutlaqo kitobxon emas. Mazkur guruhda uzoq qolib ketadigan odam oxir-oqibat kitob o‘qishni yig‘ishtirib qo‘ygan bo‘lardi. Bunga sabab shuki, uning uchun gilam rasmi yoki devor, to‘siq, g‘ovga terilgan toshlar a’lo va mukammal darajada tartib berilgan harflardan tuzilgan eng go‘zal sahifaning ham o‘rnini bemalol bosa oladi. Alifbo harflari bitilgan varaq uning uchun birdan-bir, yagona kitob bo‘lib qolishi ham mumkin edi.
Ha, shunday: mana shu oxirgi bosqichdagi kitobxon ortiq kitobxon emas. Unga Gyote bir pul, Shekspir ham chikora. Ana shu so‘nggi darajadagi kitobxon endi umuman kitob o‘qimaydi. Ha-da, kitob unga ne darkor? Axir, butun olam uning o‘zida mujassam emasmi?
Shunday qilib, mana shu uchinchi guruhda uzoq to‘xtab qolgan odam kim bo‘lmasin, ortiq kitob o‘qimay qo‘ygan bo‘lardi. Ammo unda hech kim uzoq turib qolmaydi. Shunday bo‘lsa ham, har holda, kimki mana shu uchinchi bosqich bilan tanish emas ekan – u yomon, xom, g‘o‘r, dumbul kitobxondir. Chunki u dunyoning butun poeziyasi va butun falsafasi uning o‘zida mujassam ekanligini bilmaydi, zero, eng buyuk shoir ham har birimizda mavjud bo‘lgan o‘sha pinhoniy sarchashmadan ulgi oladi, axir. Hayotingda aqalli bir martagina bo‘lsa ham, mayli, faqat bir kunga bo‘lsa ham, mana shu uchinchi – “mutolaasiz” bosqichda bo‘lgin – ana keyin (ortingga yengil qaytib), mavjud barcha bitiklarning ancha durust o‘quvchisiga, tinglovchisiga va sharhlovchisiga aylanasan. Shu bosqichda hech bo‘lmasa, atigi bir martagina bo‘lib ko‘rgin, shunda sen uchun yo‘l bo‘yida yotgan tosh ham Gyote yoki Tolstoy qadar ma’no kasb etadi, so‘ngra sen Gyote, Tolstoy va boshqa barcha yozuvchilardan beqiyos ulkan ma’no-mazmun, ilgarigidan ham ko‘ra ko‘proq shira-sharbat va asal olasan, hayotga va o‘z-o‘zingga bo‘lgan ishonching yanada ortadi. Negaki, Gyote asarlari – bu Gyote emas, Dostoevskiy jildlari – bu Dostoevskiy emas, bu – ularning urinishlari, o‘zlari markazida turgan dunyoning ko‘povozliligi va ko‘pma’noliligini bosish, pasaytirish yo‘lidagi, hech qachon oxiriga yetib bo‘lmaydigan umidsiz, tushkun urinishlari, xolos.
Sayr qilib yurgan chog‘ingda, aqalli bir marta bo‘lsa-da, xayolingga kelgan o‘y-fikrlar zanjirini tutib qolishga urinib ko‘r. Yoki – bundan ham ko‘ra yengilroq tuyulgan – tunda ko‘rganing oddiygina tushni eslab qol! Tushingda senga kimdir avval tayoq o‘qtaldi, so‘ng esa orden tutqazdi. Xo‘sh, bu kim bo‘ldi ekan? Zo‘r berib eslashga harakat qilaverasan, u bir do‘stingga, bir otangga o‘xshash tuyuladi, lekin qandaydir begona, yot ekanligi bilinib turadi, ayol kishiga, singlingga, mahbubangga ham o‘xshab ketadi… U o‘qtalgan tayoq tutqichi esa nimasi bilandir sen o‘quvchilik davringda ilk bor sayohatga otlangan kemadagi shtokni 7 eslatadi. Va shunda birdaniga yuz minglab xotiralar qalqib, yuzaga chiqadi. Agar sen ana shu jo‘ngina tushni eslab qolib, mazmunini qisqacha qilib, stenografiya yoki alohida so‘zlar bilan yozib qo‘ymoqchi bo‘lsang, bilasanmi, to o‘sha ordenga yetib borguningcha, butun boshli kitob bo‘ladi, bir emas, balki ikkita, ehtimol o‘nta bo‘lar. Gap bunda emas. Chunki tush – bu tuynuk, u orqali sen butun vujuding ichidagi bor narsani ko‘ra olasan, o‘sha bor narsa – butun dunyodan, sen tug‘ilgandan to hozirgi daqiqagacha, Homerdan Haynrih Manngacha, Yaponiyadan tortib, Gibraltargacha, Siriusdan to Yergacha, Qizil Shapkachadan to Bergsonga 8 qadar bo‘lgan butun dunyodan na katta, na kichik bo‘lmagan bir olamdir. Va sen o‘z tushingni aytib, ta’birlab berishga harakat qilayotganing tushing o‘rab, qamrab olgan dunyoga daxldor bo‘lgani kabi, muallif asari ham u aytmoqchi bo‘lgan narsaga, fikrga, g‘oyaga taalluqlidir.
Gyote “Faust”ining ikkinchi qismi ustida olimlar va diletant (havaskor)lar deyarli yuz yildan beri bahslashib, tortishib keladilar, bu esa birtalay bama’ni va bema’ni, teran va tuturiqsiz izohlar, sharhlar, tushuntirishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Nima bo‘lgandayam, shuni aytib o‘tish joizki, har qanday adabiy asar zamirida o‘sha sirli, sirt, yuza ostiga yashiringan, nomsiz ko‘pma’nolilik mujassam bo‘ladi, buni eng yangi psixologiya “ramzlarning o‘ta determinantlashuvi” deb ataydi. Usiz ham buni fikrning cheksiz, hadsiz-hududsiz, bitmas-tuganmas mukammalligi uzra qisman bo‘lsa-da, payqab olmoq uchun, har qanday yozuvchi yoki mutafakkirni torgina doirada uqib, idrok etasan, uning muayyan bir bo‘lagini yaxlit, bir butun o‘rnida qabul qilasan, sirt, yuzani sal-palgina qamrab, ololmayotgan izoh, tushuntirishlarga batamom ishonasan.
Kitobxonning mutolaa bobidagi ana shu uch bosqich orasida goh u yon, goh bu yon ko‘chib yurishi mutlaqo tabiiy bo‘lib, bu har qanday kishi bilan har bir sohada sodir bo‘lishi, minglab oraliq darajalardan iborat bo‘lgan ana shu uch bosqichni arxitektura, rassomlik san’ati, zoologiya, tarix va boshqa istalgan sohada uchratish mumkin. Va mana shu uchinchi bosqich ham hammayoqda mavjud, unda sen hammadan ham ko‘ra ko‘proq o‘z-o‘zing bilan tenglashasan, biroq u har yerda sendagi o‘quvchini “yo‘qotish” uchun tahdid qiladi, adabiyotning, san’atning aynishi, dunyo tarixining buzilishi uchun xavf-xatar tug‘diradi. Ammo shunday bo‘lsa ham, hamonki sen mana shu bosqichni o‘tamas ekansan, kitob o‘qishda, san’at va ilm o‘rganishda grammatika o‘qiyotgan oddiy maktab o‘quvchisidan hech qanday farqing qolmaydi.
Hermann HeSSe,
Xalqaro Nobel mukofoti sovrindori
Nemis tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi
Buxoro viloyati axborot – kutubxona marakazi blogi
Odamning ulug’vorligi uning bo’yi bilan o’lchanmaganidek, xalqning ulug’ligi ham, uning soni bilan o’lchanmaydi, yagona o’lchovi-uning aqliy kamoloti va axloqiy barkamolligidir.
V.Gyugo
Yomon o’qituvchi haqiqatni aytib berib qo’yaqoladi, yaxshi o’qituvchi esa, haqiqatni topishga o’rgatadi.
A.Disterveg
Tafakkur va xotira o’zaro bog’liq, chunki tafakkur o’tmishdagi hayotiy tajribaga asoslanadi.
Norman
Biz oldin miyani to’ydiraylik, so’ngra u qorinni to’yg’azadi.
Yapon maqoli.
Mushohada yuritmay turib, qancha ko’p o’qisangiz, shuncha ko’p bilayotganga o’xshayverasiz, agar o’qiyotganda qanchalik ko’p mushohada yuritsangiz, shu qadar oz narsa bilishingizni aniqroq his etasiz.
F. Volter
Kitob odamni – bilag’on, suhbat – topqir qiladi, yozib olish odati esa uni aniqlikka o’rgatadi.
F. Bekon
Ilmu ustod kitob hurmati – hammasidan zarur bu bob hurmati.
Kim esdan chiqarsa bu uch hurmatin,
Chekar hayotida kamlik zillatin.
Kamoliddin Binoiy
Agar yolg’iz esang, hamdam kitobdur,
Bilim subhidagi nur ham kitobdir.
Abduraxmon Jomiy
Kitobni e’zozlash kerak, tafakkurning bu qasriga ehtirom bilan kirmoq lozim.
A. Gertsen
Kitobning mohiyati mangudir… Bu mohiyat – tafakkurni abadiylashtiradi.
L.N Tolstoy
O’zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman.
Maksim Gorkiy
Qanday kitob o’qiyotganingni aytsang, sening kimligingni aytib beraman.
A.V. Lunacharskiy .
Kitob o’qishni odat qilmagan oila – ma’naviy qashshoq oiladir.
P.A. Pavlenko
Kitoblar insoniyat fikri durdonalarini to’plab avlodlarga etkazadi.
Oybek
Kitob bu inson orqali ko’riladigan dunyodir.
I.E. Bobel
Kitob insonga qanot bag’ishlaydi.
F. V. Gladkov
Kitob seni hali sen ko’rmagan dunyoga olib boradi, sen eshitmagan so’zlar aytadi.
Gertsen
Kitoblar ehtirossiz, biroq sadoqatli do’stdir.
Gyugo
Kitob butun hayotni qamrab oladi.
Balzak
Kitob bu hayotdir, undagi jarayonlar – tarix jarayonlaridir.
M.N. Kuraev
Mening aqlim kitoblardan g’oyalar manbaini topdi.
Tsialkovskiy
Kitobim, barchadan boyim o’zingsan,
Tunimni yoritar Oyim o’zingsan.
Badanim ilmga tashnalab tursa,
Sug’orib turuvchi soyim o’zingsan.
Muxibbiy
Men olimlarga, ilohiyotchilarga, faylasuflarga va tarixchilarga hurmat – ehtirom ko’rsatdim. Men ularni hurmat qildim va e’zozladim.
Amir Temur
Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo’lur.
Maxmudxuja Bexbudiy
Moziyga qaytib ish ko’rish xayrlikdir.
Abdulla Kodiriy
Ishga yarab qolsa ishing bir muddat, yana oshirmoqqa aylagil shiddat.
Mirzo Ulugbek
Dunyoda ilmdan boshqa najot yo’q va bo’lmagay.
Imom al-Buxoriy
O’quv qayda bo’lsa, ulug’lik bo’lar bilim qayda bo’lsa, buyuklik bo’lar.
Yusuf Xos Xojib
Faqat bir ezgulik bor – bilim va faqat bir yomonlik bor – jaholat.
Suqrot
Ilmga nisbatan go’yo cho’pon kabi posbon bo’linglar, lekin ilmni faqat rivoyat qiluvchi bo’lmanglar.
Hadis
Moziy istiqbolning tarozusidur, har kim o’lchasun-da bilsun.
Maxmudxo’ja Behbudiy
Vaqt pillapoyasi cheksizdir, bir-birining o’rnini egallab boradigan avlodlar zinadan zinagagina ko’tariladilar, xolos. Jamlangan tajribani har bir avlod o’zidan keyin kelayotgan, o’zidan keyin uni taraqqiy ettiradigan va boyitadigan navbatdagi avlodga etkazib beradi.
Abu Rayxon Beruniy
Tsivilizatsiya nima degani? Bu olg’a ketayotgan inson har qadamda yuzaga keltirayotgan doimiy kashfiyotlardir:taraqqiyot so’zining o’zi ham shundan kelib chiqqan.
Viktor Gyugo
Bir kunlik adolat – yuz kunlik toat – ibodatdan afzal.
Amir Temur
Qobiliyatli odamni tarbiya qilmaslik – zulmkorlik va noqobil odamga tarbiya hayfdir. Tarbiyangni ayab unisini nobud qilma, tarbiyangni bunisiga zoe ketkazma.
Alisher Navoiy
Ilmdan bir shu’la dilga tushgan on, shundan bilursankim ilm bepoyon.
Firdavsiy
Tarbiya uch narsaga ehtiyoj sezadi: iste’dodga, ilmga, mashqqa.
Arastu
Kamolotga erishish uchun, avvalo qalb pokizaligi haqida o’ylash kerak. Qalb pokizaligiga esa yurak haqiqatni izlaganda va Ruh oriflikka intilgan taqdirdagina erishiladi. Bularning barchasi haqiqiy bilimga bog’liqdir.
Konfutsiy
Harakat zaif bo’lgan joyda, kuchli bilim foydasizdir. Harakatsiz bilim – ipsiz kamon o’qidir.
Az-Zamaxshariy
Bilim, ma’rifat yaxshi axloq bilan bezanmog’i lozim.
Abu Nasr Forobiy
Eskini o’zlashtirgan va yangini tushunishga qodir insongina tarbiyachi bo’la oladi.
Konfutsiy
Avvaliga biz bolalarimizga o’rgatamiz. So’ngra o’zimiz ulardan o’rganamiz. Kimki buni xohlamas ekan, o’z davridan orqada qoladi.
Ya.Raynis
Maktab voyaga etayotgan avlod tafakkurini shakllantirish ustaxonasidir, agar kelajakni qo’ldan chiqarishni istamasang, maktabni qo’lda mustahkam tutmog’ing lozim.
A.Barbyus
Maktab – dunyo imoratlarining eng muqaddasi va qadrlisidir. Maktabning chin va haqiqiy ma’nosini bilgan millatlar jonlari, mollari bilan himmat va g’ayratlarini sarf etib, millatning taraqqiyi rivojiga ijtixod qilurlar.
Maxmudxuja Bexbudiy
Chinakam oqilona ta’lim ongimizni ham, xulqimizni ham o’zgartiradi.
Mishel Monten
Bilim va qudrat – ikkovi egizak.
F.Bekon
Ilm bir chiroqdurkim, seni rohat va farog’atga hech bir zaxmatsiz etkazadi.
Abu Lays As-Samarqandiy
Insonni inson qilib etishtiruvchi narsa – tarbiyadir.
Demokrit
Kitob har qanday bilimning joni va yuragi, har qanday fanning ibtidosidir.
Stefan Tsveyg
Bolalikka buyuk hurmat, ehtirom bilan qarash lozim.
Yuvenal
Fikr tarbiyasi eng kerakli, ko’p zamonlardan beri taqdir qilinub kelgan, muallimlarning diqqatlariga suyalgan muqaddas bir vazifadur.
Abdulla Avloniy
Taraqqiyotning umumiy ko’lamida har bir xalqning o’rni o’sha xalq o’qiyotgan kitoblarning soni bilan belgilanadi.
E.Labule
Agar maqsadsiz bo’lsang hech narsa qilolmaysan, maqsading katta bo’lmasa buyuk ish qilolmaysan.
Deni Didro
Ulug’ aql egalari o’z oldilariga maqsad qo’yadilar, qolgan odamlar o’z istaklari ortidan ergashadilar.
Voshington Irving
Hayot yo’lida birinchi masala – maktab masalasidir.
Abdurauf Fitrat
Ilm ko’pga etkazar, hunar esa ko’kka.
O’zbek xalq maqoli
Yomonlik – butun nuqsonlar majmuidir. Dunyoning ishlari siyosatsiz tartibga tushmaydi. Agar ta’lim tarbiya va jazo to’g’risida qonun-qoida bo’lmasa, mamlakat ishlari buziladi.
Xusayn Voiz Koshifiy.
Hamma qobiliyatlarning sarvari fikrdir.
Uilyam Metiyuz
Ilm namoyondalariga baxillik qilma, zero ilm xazinadirki, undan qancha foydalansang ham boylikdan farkli o’laroq, baribir ko’payib boraveradi.
Majid Xavofiy
Bilimga eltuvchi yagona yo’l, bu faoliyatdir.
Bernard Shou
Madaniy jamiyat shunday bo’ladiki, shu mamlakatning aholisidan bo’lgan har bir odam kasb-hunarda ozod, hamma bab-barobar bo’ladi, har Kim o’zi istagan yoki tanlagan kasb-hunar bilan shug’ullanadi. Odamlar chin ma’nosi bilan ozod bo’ladilar.
Abu Nasr Forobiy
Aflotundan so’radilar: o’qish-o’rganish tokaygacha izzat va hurmatda bo’lg’usi? U javob qiladi: johillik nuqson deb hisoblangunga qadar.
Jaloliddin Davoniy
Odamlar o’qishdan to’xtashlari bilan fikrlashdan ham to’xtaydilar.
Deni Didro
O’rtamiyona odam vaqtni tez o’tkazish payida bo’ladi, iste’dod egasi esa undan foydalanib qolishga o’rinadi.
A.Shopengauer
Har qanday mushkul ish aql egalari tufayli isloh qilinur.
Az-Zamaxshariy
Insonning qimmati emas siymu zar. Insonning qimmati ilm ham hunar.
Bedil
Odam bolalikdan yaxshilik va go’zallik kurtaklarisiz hayotga qadam qo’ymasligi kerak, avlodlarni ham yaxshilik va go’zallik kurtaklarisiz hayotga yo’llab bo’lmaydi.
Fyodor Dostoevskiy
Xalq uchun nondan so’ng muhimi maktabdir.
Jorj Danton
Kimki o’rganishni uyat, or dema, Suvdan dur topadi, toshdan la’l, olmos.
Nizomiy Ganjaviy
Tarbiya ishida o’z-o’zini takomillashtirish jarayoniga katta o’rin berilmog’i lozim. Insoniyat faqat mustaqil o’rganish tufayligina taraqqiy etgan.
G.Spenser
Kim hunarni desa, u dono bo’lur, nodonlar qudrat deb boylikni bilur.
Abduraxmon Jomiy
Oltin va kumushi bo’lmagan odam kambag’al emas, balki es-xushi va kasb-hunari bo’lmagan kishi kambag’aldir.
Majid Xavofiy
Hunar – hunardan unar.
O’zbek xalq maqoli
O’quvchini mehnat qilishga o’rgat, uni nafaqat mehnatni sevishga, u bilan shunday uyg’unlashishga ko’niktirginki, toki mehnat uning vujudiga singib ketsin, uni shunga o’rgatki, uning uchun o’z kuchi bilan biron bir narsani bilib ololmaslik aqlga sig’maydigan holat hisoblansin.
Disterverg.
Taraqqiyot tasodif emas, balki zaruriyatdir.
Viktor Gyuko
Har qanday odamga uning qilgan ishlariga qarab baho berish kerak.
Servantes
Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor bo’lsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydigan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidir.
Abdulla Avloniy
- Получить ссылку
- Электронная почта
- Другие приложения
Комментарии
Отправить комментарий
Eng ko’p o’qilganlar
Kutubxonalar haqida eng qiziq faktlar
1. Dunyodagi eng qadimgi kutubxona Misrning Sinay shahridagi Sulton Ketrin monastirida joylashgan bo’lib , u 6-asr o’rtalarida qurilgan va dunyodagi Vatikandan keyin ikkinchi eng yirik dinga oid qo’llanma va kitoblar jamlanmasiga ega bo’lgan kutubxonadir. Bu kutubxonadan faqatgina rohiblar hamda olimlargagina foydalanishga ruhsat berilgan. 2. Dunyodagi eng katta kutubxona – Kongress kutubxonasi bo’lib, taxminan 1348342 kilometr uzunlikdagi kitob javonida 158 milliondan ziyod fond bor: 36 milliondan ortiq kitoblar va boshqa bosma materiallar, 3,5 million plastinkalar, 13,7 million fotosuratlar, 5,5 million xaritalar hamda 69 million qo’lyozmalardan iborat 3. Dunyodagi eng kichik kutubxona Nyu-York shahrining ko’chalarida qurilgan bo’lib, bu kutubxonada faqatgina bitta kitobxon foydalanishi uchungina yetarli bo’lgan joy ajratilgan. Yorqin sariq rangda plassmasadan ishlangan bu kichik kutubxonaga 40 tagacha bo’lgan kitoblarni joylashtirish imkoniyati b
Uyg‘onish davrida Angliya kutubxonalari
Oldingi maqolalarimizdan farqli ravishda bu safargi maqolamizda yaqin oʻtmishga sayohat qilib «Uygʻonish davri»da tashkil etilgan kutubxonalarga toʻxtalmoqchimiz va uygʻonish davrida ilm-fan va madaniyat oʻchogʻlaridan biri boʻlgan Angliya kutubxonalariga toʻxtalmoqchimiz. Angliya oʻsha davrda yevropaga ancha mashxur boʻlgan universitet va kollejlarga ega edi va oʻsha davrda esa kutubxonalarsiz bu muassasalarni tasavvur qilib boʻlmas edi. Parker kutubxonasi Parker kutubxonasi Kembridjdagi Korpus Kristi kolledji hududida joylashgan. Bu kutubxonada bizning davrgacha saqlanib qolingan o’rta asrlar qo’lyozmalari, eski davrda chop etilgan kitoblar va renessans davridagi kashfiyotlar xazinaxonasi desak mubolag’a bo’lmaydi. Kutubxona joylashgan KORPUS KRISTI kolleji 1352-yilda tashkil etilgan. Kutubxonaning nomi mashxur arxiyepiskop, o’z davrining o’ta saxovatli kishisi METTYU PARKER sharafiga qo’yilgan. METTYU PARKER 1574-yilda kutubxonaga 400 dan ortiq nodir qo’lyozma taqdim etg
KITOB – BEMINNAT DO’ST
Taniqli adabiyotshunos O’zbekiston qahramoni Ozod Sharafiddinov farzandlarinig tarbiyasidan nolib maslahat so’rab kelgan kishiga: «Farzandlaringizning qo’liga kitob tutqazing. Kitob ularga hayotni, turmushning qiyinchilklariga dosh berishni, sabrni va qanoatni» o’rgatadi degan ekanlar. Darhaqiqat, inson ma’naviyatini oshiradigan, so’z boyligini to’ldirib boradigan eng muhimi to’g’ri yo’lni ko’rsatadigan eng yaqin do’st bu kitobdir.
Kitoblari yo’q xonadon – xuddi ruhsiz tanaga o’xshaydi. Xalqimizning ajoyib udumlari, an’analari behisob. Ammo ular orasida bir an’ana borki, u haqda har qancha so’zlasang shunchalar oz. Sababi, eng yaqin do’st, eng zarur hamroh bo’lgan kitob, insoniyat kashf etgan ixtirolarning eng buyugi va eng qadrlisi, zamonlar o’tsa-da, o’z o’rnini hech nimaga bo’shatib bermagan mo’jizadir. Donolar kitob, kitobxonlik haqida fikr bildirar ekan, adabiyotlar bilan oshno qalbga hech qachon yomonlik in qurmasligini ta’kidlashadi. Bugun bolasining kitob o’qimasligidan, televizor-u telefondan bo’shamasligidan noliyotgan ota-onalarning o’zlari kitob o’qirmikan, bolalariga har kuni bo’lmasa-da, oyiga, yiliga bir marta kitob sovg’a qilarmikan? Xalqda «Qush uyasida ko’rganini qiladi», degan gap bor. Demak, ota-ona kitobxon bo’lsa, bola ham ulardan o’rnak oladi. Har bir ota-ona farzandining kelajagiga mas’ul ekan, uni moddiy jihatdan to’la ta’minlash bilan birga, ma’naviy olamini boyitadigan, aqlini peshlaydigan, dunyoqarashini kengaytiradigan jihatlarga ham e’tibor qaratishlari lozim. Agar uyda ota-onaning o’zi kitobxon, kitob o’qishni sevuvchi, uyga kitob ko’tarib keluvchi bo’lsa, bu odat bolada ham asta-sekin shakllana boradi. Insonning eng sof va pokiza tuyg’ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag’rida shakllanadi. Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma’naviy mezon va qarashlar — yaxshilik va ezgulik, oliyjanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir. Demak, kitobxonlikni shakllantirish, bolalar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan har qanday ezgu ish oiladan boshlanmog’i zarur. Oilada kitobsevarlikni yaxshi an’anaga aylantirish uchun nimalar qilish kerak? — Oylik maosh olinganda xarajatlar uchun pul taqsimlanadi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak uchun sarflanadigan pullar doimo reja asosida ishlatiladi. Oilada bolalarning kitobga bo’lgan qiziqishini shakllantirish, uni rivojlantirish uchun ota-ona bolalarni kitob do’koniga olib borishi va bola o’yinchoq yoki kiyim tanlagandek, o’zi kitob tanlashi kerak.
Ammo bugungi kunda axborot texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bir davrda, voyaga etmaganlarning kitob mutolaasiga e’tibori sustlashib borayotgani kunning dolzarb muammosiga aylanmoqda. Bugunda telekanallar ko’paygan, internet va mobil aloqa axborotining asosiy manbai bo’lib qolgani ham fikrimizning bir dalilidir. Bunday axborot vositalarining asosiy foydalanuvchilari ham biz Vatanimiz kelajagini ishonib topshiradigan yoshlarimizdir. Ammo bir savol kishiga tinchlik bermaydi. Kompyuter o’yinlaridan bo’shamaydigan yoxud televizor oldidan jilmaydigan, ko’cha-ko’yda qulog’idan radiopleerning simi tushmaydigan, o’zini «zamoniy” deb hisoblab, «ommaviy madaniyat” ta’siriga tushayotganlar bilan mamlakatning kelajagini yaratib bo’larmikin? Bir alloma aytganidek, «Qaysi oiladaki kitob o’qilmasa– u ma’nan to’laqonli oila bo’la olmaydi”. Yoshlarimizning kitobga qiziqishlarini yo’qligiga, har xil g’arb an’anasini o’zlashtirib olishlariga birinchi navbatda oila, ota-onaning kitobga qiziqmasligi yoxud bozordan har xil qimmatbaho buyumlar o’rniga farzandi uchun bittagina ma’noli kitob ko’tarib kelmasligi sabab bo’layotgandir.
Kitob nafaqat ziyo maskanlarini yorituvchi nur, balki insonlarni kamolot sari etaklovchi muhim ma’naviy xazina hamdir. Kitob insonga ma’naviy ozuqa beribgina qolmay, uning tafakkurini teranlashtirib, sog’lom mulohaza yuritishga o’rgatadi, kelajakka aniq maqsadlar bilan odimlashga mustahkam pilla poya vazifasini bajaradi. Zero, «Kitoblarjonsiz, ammo sodiq do’stlardir”.
Har qanday ma’naviy, ruhiy sog’lom ota-ona o’z farzandlarini texnik vositalarga emas, balki hayot darsligi, barcha bilimlar asosi, dunyo voqea-hodisalari va el-u elatlar hayotidan hikoya qiluvchi birdan-bir manba bo’lmish kitob bilan do’stlashtiradi.
Bola qalbi – saxiy tuproq. Unga tushgan har qanday urug’, albatta, unib chiqib, meva beradi. Bugun kelajagimiz bo’lgan yosh avlodni ma’nan etuk etib tarbiyalashda asosiy omillardan biri – bu ularni badiiy kitob mutolaa qilishga qiziqtirishdir. Bu borada maktablarda juda ko’p sa’y-harakatlar qilinib kelinmoqda. Ta’lim muassasalarida joriy yilning 19 mart kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev raisligida o’tkazilgan videoselektor yig’ilishidagi to’rtinchi tashabbus-«Aholi ayniqsa yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish ular o’rtasida kitobxonliknii keng targ’ib qilish bo’yicha tizimli ishlarni tashkil etish” deb belgilanishi yuzasidan o’quvchi-yoshlar kitobxonlikka jalb etildi. O’quvchilar va ularning ota-onalarini ham jalb etgan holda, «Sening sevimli kitobing” mavzu doirasida ko’rgazma tashkil qilinadi, «Mening sevimli kitobim”, «Kitobxonlar bayrami”, «Kitobxon oila”, «Bobom, buvim, men vaota-onam – kitobxon oilamiz”, «Eng yaxshi kitobxon”, «Mening birinchi kitobim”, «Kitoblar-yaxshilikka etaklar”, «Kitob-eng yaxshi sovg’a”, «Kitobdan yaxshi do’st bo’lmas” kabi mavzularda insholar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko’rik-tanlovlari o’tkazilib boriladi. Kitob mutolasiga voyaga etmaganlar o’rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish kitob o’qishga e’tiborini kuchaytirish maqsadida kitoblar targ’iboti, kitob reklamasini kuchaytirilmoqda.
Kitob o’qigan boladan hech qachon yomonlik. Darhaqiqat, kitob–beminnat do’st. U nafaqat yoshlarimizning bo’sh vaqtiga mazmun bag’ishlaydi, balki o’quvchilar o’rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishda ham muhim vositalaridan biri bo’lib hisoblanadi.