Kitob haqida maqola yozish
Ko‘pchilik odamlar jonsiz deb bilgan kitob ularga qanchalik savodsiz ekanliklarini isbotlab bera oladi.
Kitob haqida maqola yozish
O‘zi kitob, adabiy asar nimaga o‘qiladi? Sharqda qanday mezondagi kitoblar adabiyotlar atalib, qadrlanadi? Bu alomat savolga javob izlashdan oldin bugungi ommaning fikr-xayoli, intilishlarini bir ko‘ngil tarozusiga solaylik.
Ko‘chalarda — rasta, do‘kon. Zohiri go‘zal, botini dahshatli kitoblar. Peshtaxtalardan yoshlar ko‘zini uzolmaydi. Xo‘p, bu yaxshi emasmi? Bu taraqqiyot belgisi-ku, dersiz. Qani shunday bo‘lsa edi. Afsuski, rastalarda olomon talashgan, tobora omma qiziqayotgan kitoblar, aslida oshkora behayolikni targ‘ib qiladi, ochiqcha mushtumzo‘rlikdan bahs etadi. Ularni qo‘lga olishdan, alhazar, xonadonda o‘qish uyoqda tursin, olib kelgan gunohga botadi. Biroq bunday narsalar tobora qayoqlardan-da oqib kelib, boplab targ‘ib-tashviq qilinayotir, minglab nusxalarda ko‘paytirilib, hali o‘zini anglamagan, yaxshi-yomonning farqiga yetmagan, balog‘at bekatidan hatlamagan yoshlar qo‘liga tushib qolayotir.
Bu ma’naviy xurujdan qanday himoyalanish mumkin? Nima qalqon bo‘la oladi? Soxta kitobni asl kitob mahv etadi. Uydirma so‘zni haqiqat yengadi. Behayolikdan ma’rifat qaytaradi. Kitob ko‘rinishidagi baloga to‘siq ham, oxirgi g‘ov ham kitob, asl kitob. Asl kitobning aslligini adabiyot anglatadi. Asl kitobning davomchisi adabiyot bo‘ladi.
Hozir bizda bir narsa unutilib boryapti: davra bo‘lib kitob o‘qish, tongotar o‘tirib dostonlar tinglash, axloqi go‘zal romanlar ko‘yida sel bo‘lish. Kimdir bugun: hamma savodxon, xohlasa istagan kitobini olib, yakka-yolg‘iz, xonanishin holida bir o‘zi ham o‘qiyveradi-ku, deyishi mumkin. Boz ustiga davra bo‘lib, ko‘pchilik bir yerda yig‘ilib ibratlanib o‘qiydigan zamonaviy asarlar ham siyrak. Qolaversa savodxonlik saviyasi haminqadar bo‘lmasa-da, kitobxonlik, qiroatxonlik risoladagidek deb bo‘lmaydi. Ishonmasangiz, bir qishloqlar oralang, dehqonning emas, ziyoliman deb yurgan o‘qituvchining xonadoniga kiring, faqat u adabiyot muallimi bo‘lmasin. har o‘zbekning uyi to‘rida, tokchasida bo‘ladigan yangi dostonlardan surishtiring, shu romandan sizda bormi, deb so‘rang. So‘rovni to‘g‘ri anglagan to‘rtdan uch xonadon sohibi yerga qarab, “yo‘q” deb javob qaytaradi.
Hatto, shundaylar borki, nima, men sizga adabiyotchimanmi, olimmanmi, yozuvchimanmi, deya iddao qilishadi, savolni noo‘rin, havoyi deb bilishadi, uyaltirmoqchi bo‘lishadi. E, tavba, deb yoqangizni ushlaysiz. Axir o‘sha, moziydagi, savodi haminqadar deb atalgan momolarimiz, bobolarimiz tong otgancha “Alpomish”ni tinglab, “Kuntug‘mish”dan yig‘laganlarida faqat adabiy zavq, ruhiy hordiq uchun mutolaaga bunchalik o‘ch, qiroatga bunchalik some’ va qobil bo‘lmagan-ku! Bu tashnalikning tilsimi qaerda?
Bilmaganlar bilib, unutganlar yodga olsinki, davra bo‘lib kitobxonlik qilishda, bedilxonlik, navoiyxonliklarda o‘qib hordiq chiqarishdan yuksak yana bir ko‘zlov bor edi. Bu kitobxonlik, dostonxonlikda o‘qishgina emas, uqish, tushunish imkoni — inson, el bolasi uchun juda zarur adab o‘rganish olami qavatma-qavat edi. Shu bois ham Sharqda necha asrlarni oralab kelayotgan badiiy asarlar san’atkorligi, o‘ziga xos betakrorligi barobar buyuk tarbiya maktabi, inson ichki dunyosining musavviri, haq amrining ta’sirli va teran mufassiri bo‘lgani bois ham oliy maqom qadrga, yurak murojaatiga sazovor. Lekin nega hozir ana shunday asarlarning nashr etilganiyam do‘konlarda chang bosib yotganidan, hatto shunday kitob do‘konlari kichrayib, o‘rni allambalo “market” bo‘lib ketayotganidan qayg‘urmaymiz? Ammoki, xonadonimizga mehmon kelganida, mast qiluvchi ichkilik bo‘lmasa, o‘zimizni qo‘yarga joy topolmaymiz, yerga kirib ketguday bo‘lamiz. Yoki bir paytlar “Kelinoy qo‘shiqlari”dan munavvar bo‘lgan to‘ylarimiz aroq balosida oxiri shaqol bazmining ayni o‘zi bo‘ladi. Bu istaymizmi, yo‘qmi, xonadonlarimizdan chinakam kitob o‘rinlari bo‘shab qolganidan, ayrim birodarlarimiz qalbini shaytoniy qutquga qurilgan tuyg‘ular zabt etishga urinayotganidan.
El farzandi elning eng qadrli bitiklarini o‘qib, uqib odam bo‘ladi, elga sharaf keltiradi. Ota-onalik baxtining eng nozik nuqtalarini chizgan asardan ruh olib oila quradi, xonadon sarvari bo‘ladi. Har tugul shunday kitoblarimiz, asarlarimiz oz emas. Shundaylardan biri ulug‘ adibimiz Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” qissasidir.
Xalqimiz nega she’rsevar? Axir, hamma ham undagi san’atkorlikning, baland badiiyatning ishqibozi emas-ku! Bizningcha, she’riyat tengsiz bir kenglikka mengzaydi. Unda insonning ma’naviy olamiga dori—ishqu adolatni ham, sofligu matonatni his qilsa bo‘ladi. Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” qissasi ana shunday she’riyat dorisi bilan emlangan shifoi komil adabiyot.
Asarning birinchi ibrati ishq lahzalari tasviridan ko‘nglimiz ilohiy yog‘dulanadi. Eng totimli, eng muqaddas bir lahzani kechirgandek ma’nan poklanamiz. Mana o‘sha beg‘ubor sevgining butun asrga tatiydigan bir lahzasi.
“— Ko‘zlaringni yashirma, Oymomo.
— Keting, odamlar ko‘radi, keting.
— Buloq suvlaridan ichayin deb keldim.
— Ichgan bo‘lsangiz endi keting!
— Ko‘zlaringni bir ko‘rayin deb keldim.
— Ko‘rishga meni ko‘zlarimdan o‘zga-da ko‘zlar ko‘pdir.
— Yo‘q, har bandaning o‘z ko‘radigan ko‘zlari bo‘ladi. Sening ko‘zlaring meniki, kelma desang, mayli kelmayman.
— Ko‘zlarni deb kelmasangiz-da, buloq suvi ichgani keling. ”
Insondagi eng o‘ziga tortadigan, betakror chiroy ko‘zdir. Ko‘z ko‘ngilga boradigan yo‘l. Buloq oldidagi uchrashuvdan ko‘ngil ham, ko‘z ham soflanadi. Go‘yo bu tasvir chin ishq bulog‘i kabi toza, uni tatib ko‘rgan yanada poklanishi kerak, deyayotganday bo‘ladi.
Oila tayanchi nima deb ko‘p bahslashamiz. Ko‘pincha bir arzirli maslahatga zor bo‘lamiz. “Oydinda yurgan odamlar” qissasini o‘qigan kitobxon shunga yana bir bor amin bo‘ladiki, oilaning asl tayanchi, bu — chin ko‘ngillar muhabbati, so‘ngra shu muhabbatga matonatli sadoqat ekan. Asar qahramonlari Qoplon va Oymomoga ko‘ngildan qoyil qolamiz, dildan tashakkur aytamiz.
Farzand ko‘rishavermagach, Qoplonning otasi uyiga aytib borib, tergaydi. Onasi nevara orzusini o‘rtaga solib, yig‘lab-yig‘lab, qayta-qayta elanadi, otasi bunga qo‘shimcha, hatto uchinchi bor tergashida o‘g‘ilni uning xonadonida qarg‘ab chiqib ketadi. Qazosigacha uning xonadoniga qayta oyoq bosmaydi. Balki Qoplonning sihati haminqadar bo‘lganida muhabbatga sadoqati nochorlikdan-da, deb shubha bilan qaragan bo‘lardik. Biroq tabibga borsa, folbin va do‘xtirga borsa-da, barchasida Qoplon soppa-sog‘ chiqadi, frazandli bo‘lishga qobil. Demak, Oymomoni ayagani, suyagani, hech qachon umidsiz bo‘lmagani sadoqati chinligidan darak beradi.
Oymomo ham muhabbatu vafoda, sadoqatu sabrda, ixlosu poklikda o‘z jufti halolidan qolishmaydi. Kim hazrati So‘fi Olloyor maqbarasiga boshlab, yig‘lablar frazand tilaydi—Oymomo! Kim yaxshi niyatlar qilib, sumalak tonglarini oqlaydi — Oymomo. Bunda har qanday muslima Oymomo onamizga qoyil qoladi. Ayniqsa, og‘ziga kuchi yetmaganlarning farzandsizligini yuziga solishiga chidab, sabr qilishlarida, xo‘jasiga bir og‘iz bir nima demaganligida, kelinlar uchun qanchalik saboq, qanchalik ibrat bor. Hatto Qimmat momo degani ta’na va malomatlar bilan uni yengolmasligini bilib, eri yo‘qligida ochiqcha xiyonat ko‘chasiga yetaklamoqchi bo‘ladi. Shundagina Oymomo portlaydi:
“— Og‘zingizga qarab gapiring, momo.
(So‘z olov, so‘z o‘q, so‘z xiyonat yo‘li bo‘lishi mumkin — agar tiliga kuchi yetmaydiganlar qo‘liga tushsa. Izohlar muallifniki)
— Og‘zimga qarab gapirsam-gapirmasam-da, bo‘lam, Gulday umringni zoe ketkizib nima qilasan, bo‘lam. (gulday umrni nimaga sarf qilish kerak bo‘lmasa. )
— Boshimda haq nikohlik egam turibdi-ku!
— Haq nikohlik egangdan yorug‘lik chiqmasa nima qilasan, bo‘lam. (Yorug‘lik, insoniy yorug‘lik nima o‘zi—chin muhabbatga sadoqat va vafodorlik emasmi?! Nomardlar esa yorug‘likni ne yo‘l bilan bo‘lsin nafs farovonligiga tobe qilmoqqa urinishadi).
— Keting, hozir keting.
— Eb-ey, yaxshilikka-yomonlik (tushunchaning teskariligini. ) Men seni bo‘lam deb edim, bo‘laginam deb aytib edim.”
Taqdirni qarang. Qoplon o‘z ko‘z ochib ko‘rganidan voz kechmaganligi, sevgisiga sodiqligi uchun otasining qarg‘ishiga qoladi. Otaning qarg‘ishi o‘q deydilar, axir! Oymomo esa bir g‘iybatchi kampirning gapini rad etgani uchun undan ham qarg‘ish eshitadi. Go‘yo sadoqat bois jazolanishadi. Fojeiy qismatlariga notanti qarg‘ish ham ko‘maklashadi.
Aslida zohiran shunaqa. Yozuvchi botiniy, ilohiy ko‘ngil olamiga boshlaydiki, bunda Farhodu Shirinlarga monand Oymomo va Qoplonlarning betimsol ishqidan avlodlar o‘rnak oladi. Insonni inson etadigan muborak tuyg‘ularning barakasi, hissasi oshadi.
Lekin bu serg‘avg‘o olamga, o‘zligini unutgan qorako‘z juftlarga razm solib, darz ketgan oilalar nega ko‘paygandan ko‘payib borayapti, deb o‘ylaysan. Hamma narsa yetarli bo‘lsa-da, bir-birini oyoq osti qilayotgan er-xotinlarni ko‘rib, axir bir umr bir damlik-ku, bu tortishuvlar nimaga arziydi o‘zi, deb hayqirging keladi. Ayniqsa, gulday qizlari balog‘atga yetgan otalarning, bo‘z bola o‘g‘illari bor onalarning xiyonat ko‘chasiga bo‘ylaganidan kuyiblar ketasiz. Ular ulg‘ayayotgan farzandlaridan ertaga nima kutishadi? Axir, yaxshidir, yomondir har umrning o‘z hosili bo‘ladi. Ular yengil-elpi hayotga boshlaydigan oldi-qochdi kitoblar, “Morena Klara”ga o‘xshash tuturuqsiz, ishq va sadoqatdan mahrum, oila atalmish pok bir qo‘rg‘onni vayrona etadigan film, teleseriallarni ko‘rishga hovliqquncha, “O‘tgan kunlar”ning vorisiy davomi “Oydinda yurgan odamlar”ni qayta-qayta mutolaa qilsalar, undan andoza, o‘rnak olsalar bo‘lmaydimi.
Bu asarni navbatdagi milliy ko‘zgu, o‘zbekona odob qomusi, musulmoncha o‘rnak ramzi desa bo‘ladi. Nega bizda “Birinchi muhabbat” qo‘shig‘ini tinglayotganda hech qachon anglab bo‘lmas bir armon, juda toza bir tuyg‘u jonu jahonimizni qurshab oladi? Nega biz chorak asrdan buyon tinglab kelayotgan “O‘zbegim” qo‘shig‘i qulog‘imizga chalinishi bilan yuragimizni butun millatimiz bo‘y-bastini o‘zida mujassam etgan yuksak bir ruh zabt etadi? Buni to‘la tushuntirib bo‘lmasa-da, bu chin insoniylik, asl milliylikdan darak ekanligini his qilmaslik mumkin emas. Bizningcha, Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” asaridan ham qay darajadadir muxlis ko‘nglida shunga o‘xshash, biroq o‘ziga xos evrilish ro‘y beradi. Bu evrilishda shavq va armon ila bir ishqni, tarannumi borki, buni tuygan o‘quvchi oiladan millatga, millatdan insoniyatga qo‘shilajak ko‘ngil yurtining go‘zal xaritasiga ko‘zi tushadi. Asardagi Navro‘z kechmishiyu bahor sayillari, sumalak qaynataru uning bunyodiga oid ming yillar osha kelgan jonbaxsh rivoyatlarni kim e’tiborsiz, nopisand o‘qiy oladi? Kim Xudoga munojot, Xo‘jai Xizrga tavallolarni, So‘fi Olloyorga baxshida, Ramazoni Sharifdagi mijja qoqmay kutiladigan Laylatul Qadrning ming oydan afzal qilingan umid tuni farog‘ati, yuksak niyatini shundayligicha o‘tkazib yuboradi? Axir bularning barchasida ajdodlarimizning imdodi bo‘lib, boboyu momolarimiz tavajjuhida insoniy pokdomonlik, oilaparvarlikni o‘rgatish san’ati bor. Holbuki asar ko‘z ochgan bundan chorak asr oldingi davrda aynan adib jonlantirgan odat-qadriyatlarimiz qafasda, oyoq osti edi. Adib yuragining to‘ridagi bu qadriyatlarni jasorat qilib, ochiqlikka chiqardi. Boshiga qora kaltak tushishini bilaturib, ufqni, uzoqlarni ko‘zladi.
Asar ming yillik urflarimizni, Alloh halollagan juftlikni tarannum etish bilan boshlanadi. “Sovchilar qadami qizlik uyga sharaf”.
Afsuski, yillab onglarni ko‘r etgan sovet mafkurasining kasofatiyu erkin sevgi-ma’naviy buzilishning oqibatida sovchilarsiz juftlashgan, nikohsiz er-xotin bo‘lgan, chimildiq ko‘rmay kelin-kuyov sanalgan, el otasini bilmay farzand ko‘targan onalarning hatto gunohini-da his qilmay yashayotganidan ko‘z yumib bo‘ladimi?
“Oydinda yurgan odamlar”da bunday bandalardan yozg‘irish yo‘q. Balki, o‘zlikka qaytish, xalqqa o‘z ulug‘ligini eslatish bor. Shu bois bu lahzalar o‘z boshingizdan kechayotganday hayajonlanasiz, orziqasiz. Orziqish qatorida o‘rganasiz. Sergak tortasiz. Mana o‘sha sovchilar kelishi, to‘y tadorigi, qanday qilib kattalarimiz bir oilani bunyod qilish manzarasi:
“— Xush ko‘rdik, xush ko‘rdik.
— Xushvaqt bo‘l, qassob, xushvaqt bo‘l. Qani, iloho omin, shu uyda katta-katta to‘ylar bo‘lsin, Ollohu akbar.
— Ollohu akbar! Aytganingiz kelsin!
— Singilning boshiga baxt qushi qo‘nib turibdi, qassob, uchirib yubormasang bo‘ldi.
— Aslini bilmay, so‘z demaslar, naslini bilmay qiz bermaslar. Kim ekan u?
— Qoplonmi? Bo‘lmaydi!
— Qassob, og‘ir bo‘l, somonday og‘ir bo‘l.
— Og‘ir bo‘lsam, bo‘lmasam! Uningiz na salomni biladi, na alikni biladi!
— Qassob, ko‘ngling bilan eshit, quloq aldaydi, aqling bilan ko‘r, ko‘z aldaydi.
— Men bir nima deyolmayman. Og‘ayni jamoa bor, qiz boqqan yangasi bor. Yana bir kelinglar, maslahatlashib olaylik”.
Kimdir odatiy, oddiy bu manzaradan nima o‘rgansa bo‘ladi degan xayolga borishi mumkin. Biroq uy sohibining “naslini bilmay qiz bermaslar”, deb kuyov bo‘lmishning kimligini surishtirishi, uy sohibining fikrini yaxshilikka o‘zgartirish uchun sovchilarning qilgan sa’y-harakati, aytgan hikmatlari va oxiri Eson qassobning oldin yaqinlar bilan bir kengashaylik, degan javobida ikki yosh oila qurishidan, xususan, birovga qiz berishdan oldin kuyovning kimligini sinchiklab surishtirish zarurligi har bir ota-onaga aytilmasdan anglatiladi. Avvalo taqdir, keyin yana shunday so‘rab-surishtirishlar bilan mustahkam oilalar bunyod bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha yozuvchining ajib tasvirlarida qiz-yigitlarimiz o‘rnak olsa bo‘ladigan, aslida elimizda qadimdan shakllangan milliy ibratlar bor. Mana, kuyov bo‘lmishga rozi bo‘linib, bunga Oymomoning o‘zi ham ko‘ngildan shukronalar aytib turganiga qaramay, qizning yangasiga qilgan pokdomon javobida faqatgina o‘zbekkagina xos hayo, andisha balqib, kishi ruhiyatini yorishtiradi. Oymomoning shu javobi ila uni Barchinoy, Zuhraxon, Shirin, Layli, Kumushbibi, Ra’no kabi hayoda tengsiz ayollarimiz qatoriga qo‘yamiz.
“— Sen nima deysan?
— Nimani nima deyman?
— Talmovsirama, biror nima de. Sovchi kepti.
— Kimga?
— Menga bo‘larmidi, senga-da.
— Eb-ey, men sizga nima qildim? Boring-e!
— Uyalsang, uyalmasang bu barimizning boshimizda bor savdo. Biz ham senga o‘xshab uyalib edik. Mana oqibati, jiyaning sho‘rpillatib emib o‘tiribdi.
— Erga tegaman deb o‘lib o‘tirganim yo‘q.
— Men senga o‘lib o‘tiribdi deb o‘ylabmanmi. Menga qara, bugun bo‘lmasa ertaga baribir kelin bo‘lasan. Joyi chiqib turibdi, xo‘p deyaver. Qoplon yelkasida ikki uy tiklasa bo‘ladigan yigit.
— Men undaychikin odamni bilmayman.
— Endi bilasan-da. Aytganimdan qolma. Chiroying borida chinoringni top!”
Sobiq sho‘ro zamonasida qizil mafkura teskari tashviqot yuritdi. Ayolni erkakka qayrash, xotinni eriga tezlash bo‘ldi. Allaqanday ildizsiz tenglik, teng xuquqlilik haqida balandparvoz jar solinib, elda shakllangan, shariatda belgilangan to‘xtamlarga, Haqning qonuniga teskari ish tutildi. Aslida xonadondagi har kimning o‘zi egallab bo‘lmas o‘rniga, otaning oila boshliqligiga, hammadan ko‘proq mas’ulligiga, or-nomus posbonligiga, onaning undan-da muqaddas hurligiga, kelajak-farzandlar tarbiyasiga jon-fido bo‘lishligiga zaha yetkazildi. Oqibat ro‘zg‘orning gapi ko‘chalarga chiqdi. Oqibat tirik yetimlar ko‘paydi. Oqibat hayotga yengil-elpi qaraydiganlar ortdi. Oqibat ayrim qutquga solingan ko‘ngillarda “Sen zo‘rmi-men zo‘r” xurujida otigagina oila qoldi, er erligini, xotin xotinligini unutay dedi. Hassos yozuvchimiz o‘sha mash’um zamon ayni “gullagan”da ham Oymomo onamiz timsolida ayolga odil va mehrli ta’rif beradiki, bu ta’rif g‘oyat rost va go‘zal.
“Ayol zoti azzancha o‘ziga to‘q bo‘lsin, yegan-ichgani oldida bo‘lsin, azzancha serurug‘, seravlod bo‘lsin, baribir. Baribir, o‘z oti bilan. zaif bo‘ladi. Shu bois hamisha boshida panohi bo‘lishini xohlaydi. Ayol zoti azzancha o‘ziga mustaqil bo‘lsin, mag‘rur bo‘lsin, baribir ana shu panohiga bosh egib yashaydi. Bosh panohi amaldormi? Bosh panohi kambag‘almi? Ko‘rmi yo kalmi? Bosh panohi mayibmi? Baribir, ayol zoti uchun baribir! Ko‘mirchi bo‘lsin, temirchi bo‘lsin, to‘rt devor ichida suyukli bo‘lsin. Ayol zoti ana shu panohiga suyanib yashaydi. Ayol zoti azzancha xo‘rlikni ko‘taradi, azzancha tahqirlashni ko‘taradi. Ammo “boshi ochiq” degan gapni ko‘tarolmaydi! “O‘nta o‘g‘lim bo‘lmasin. cholim o‘lmasin”, demish gap, ayollar yuragidan otilib chiqqan bo‘ladi!”
Bolajon xalqmiz. Bolasevarlikda, bolaboqarlikda o‘zbeklarga yetadigani bormi? “O‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa, qirqta bo‘lsa qilig‘i boshqa” maqoli o‘zbek dilining kengligidan to‘ragan. Shu bois oilaning eng ulug‘. quvonchi, eng ulug‘ tayanchi farzandlar. Shu bois ham bolali uy bozor, bolasiz uy mozor bo‘ladi. Shu bois o‘zbek oilasida eng og‘ir fojia, hech qachon taskin topib bo‘lmaydigan fojia bu tirnoqqa zorlik. Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar”ida bu fojia shunday nozik ruhiyona manzaralar bilan tasvirga tushirilganki, ularda olam-olam ko‘z yoshlar seli, faqat san’atkorning shuurida yuz ko‘rsatib, yurak qonidan bunyod haqiqat o‘quvchiga tutqazilgan. Odam ruhini tutib turadigan ustun nima? degan savol bor. Bunga har xalq o‘z yashash tarzi bilan turlicha javob berishi mumkin. O‘zbek ruhini tutib turadigan ustunlardan biri esa farzand. Shu ustunsiz o‘zbek ado bo‘ladi, cho‘qqilari yer bag‘irlab qoladi. Qoplon bu og‘ir savdo boshiga tushmasdan oldin qanday ruhiyatdagi kishi edi. “U o‘zini el uchun — biz uchun dil-dildan oshno biladi. Bizga sodiq mehr qo‘yadi. Biz uchun hamisha xayrixoh, hamdard bo‘ladi. Bir qorindan talashib chiqqandayin bo‘lsam deydi.
Aqalli, bir, bir yomonligimizni ko‘rsa bo‘ldi. Bizdan qo‘lini yuvib qo‘ltiqqa uradi. Biz bilan salom-alik qilmaslik payida bo‘ladi.
U bizni shunday hayron qoldirib-qoldirib yashaydi!
U chin gaplar ko‘nglida bo‘ladi. Tilga chiqsa, yolg‘on bo‘ladi, qoladi”, deb o‘ylaydi.
Shunday mag‘rur odam tirnoqqa zor bo‘lib el oldida uyatga, to‘lovsiz qarzga qolganday, haqgo‘y, pokiza bo‘lishga qaramasdan til qisiqday yuradi. Marhumlarni tirik ko‘rsatib pul olayotgan, tekshirish kelganda, buni ma’lum qilganlarni ig‘vogarga chiqargan qishloq kengashi kotibi kabi nomardlarga bir og‘iz so‘z demaydi, ammo dildan la’natlaydi. Yolg‘izlikdan yig‘lab, ulardan yozg‘iradi. Hamma dardini ichiga oladigan bo‘ladi.
Oymomoning farzand kutib, buning umidida tashqi ko‘rinishida bo‘lgan o‘zgarishlar bundan-da antiqa, erinikidan-da dahshatli. U qirq beshdan o‘tganda yuzlariga sepkil toshib to‘lishadi. El, mahalla-ko‘y: Oymomoning bo‘yida bo‘libdi, Yaratganning o‘zi nolasini eshitibdi, farzandning erta-kechi bo‘ladimi, ishqilib, eson-omon qutilib olsin deb o‘ylaydilar, gap tarqatadilar. Aslida yozuvchining yurakda ko‘z ochgan mardona xulosasi bilan ayolning ulug‘, hayotning esa shafqatsiz jihatini ochadi:
“Aslida. unday emas! Ayol zoti chinakam farzandni orzu qilsa. xuddi bo‘yida bo‘lishiday to‘lishadi! Ayol ruhiyati shunday, ayol tani shunday, ayol qalbi shunday! Tabiat ayolni farzand uchun yaratadi”. Ayniqsa Oymomo onamizning Robiya hamsoyasining go‘dagiga yig‘lab-yig‘lab, go‘dak isiga mast, o‘z go‘dagiga zor bo‘lib, tanida bir mo‘’jiza yuz berishi so‘qirning ham ko‘ziga yosh keltiradi. “Yo qudratingdan” deb ichingizni bir ilohiy yorug‘lik tilib yuboradi. Bizga qolsa bu o‘rin adib tomonidan inson yuragini anglashning eng cho‘qqi nuqtasi. Mana o‘sha cho‘qqi:
“Onamiz ko‘kragiga. Sut keldi”. Demak, farzand oila tirgagi, ota g‘ururi, ona baxti-sharafi ekan, nega ayrimlar bu baxt va haqiqatdan ko‘z yumadilar. Alloh ularga shu baxtni in’om etgani holda noshukurchilik qilib yuradilar. Axir oramizda ichkilikka berilib, nafs, hirs balosiga giriftor bo‘lib, bola-baqrasini qon qaqshatgan, begunoh go‘daklarni yarim ko‘ngil qilib, odamlarga qo‘shilolmaydigan holga solganlar ozmi? Yoki bola umrimning egovi deb yetimxonalarga eltib tashlab, tirik sag‘irlarni ko‘paytirgancha o‘zlari yallo qilib hayotning shu chinakam farog‘ati deb bilganlar, ichki dunyosini kuydirganlar yo‘qmi? Ular farzand inson uchun eng oliy ne’mat ekanligini chuqurroq anglasalar edi, bu o‘tkinchi umr mazmun kashf etib go‘zalroq bo‘lmasmikin. Ehtimol, xuddi shunday ota-onalar “Oydinda yurgan odamlar” kabi chinakam adabiyot namunalarini ko‘proq qo‘lga olib xonadonda, oila davrasida o‘qisalar edi. ozgina bo‘lsa-da o‘zbeklik, o‘zlik eslanib, bir lahza bo‘lsada oilani aziz, qadrli, mustahkam etadigan ustunlarga ko‘zlari tushib, haqiqat sari borishlari, farzand sog‘lom, shirin, mashaqqatli turmushining javohiri ekanligini teranroq anglashlari mumkin.
Vafo Fayzulloh
“Yoshlik” jurnalidan olindi.
Saytimiz rivojiga hissa
Uzcard: 8600 5504 8563 9786
© 2004-2020 – Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.
- Bosh sahifa
- Portal haqida
- Portal tarixi
- Sayt xaritasi
- Muallif haqida
- Tafakkur gulshani
- Mumtoz faylasuflar hikmati
- Ibratli hikoyatlar
- Jahon xalqlari maqollari
- Jadid matbuoti
- Sovet davri matbuoti
- Qayta qurish davri matbuoti
- Mustaqillik matbuoti
- Hozirgi davr matbuoti
- Tarix
- O‘zbekiston hukmdorlari
- Temuriy malikalar
- Yurt bo‘ynidagi qilich.
- Qomusiy olimlar, sarkardalar
- Reytinglar
- O‘zbek xalq og‘zaki ijodi
- O‘zbek xalq maqollari
- O‘zbek xalq ertaklari
- O‘zbek xalq topishmoqlari
- O‘zbek mumtoz adabiyoti
- Zamonaviy o‘zbek she’riyati
- Muxlislar ijodidan
- Barcha kitoblar
- Ziyouz jurnalxonasi
- Ziyouz audiokutubxonasi
- Mobil kutubxona
- Maktab darsliklari
- Oliy va OMTM darsliklari
- Durdona to‘plamlar
- Android uchun kitoblar
- Videogalereya
- Узбекская библиотека
- Islomiy sahifamiz
- Forum
- Kross-shou
- Foydali sahifalar
- Saytdan qidirsh
- Ziyouz viktorinasi arxivi
Kitob haqida maqola yozish
So‘nggi sahifalarini o‘qiyotganingda uning yaxshi kitob ekanini his qilsang, demak yana bir yangi do‘st bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi.
Paul Sviney
Kitobsiz uy – qalbsiz tanaga o‘xshaydi.
Sitseron
Yaxshi kitob o‘qib lazzatlanmagan insonni u xoh erkak yoki ayol bo‘lsin, sog‘lom deyish xato.
Jeyn Austin
Savodli bo‘la turib kitob o‘qimagan kishining savodsizdan farqi yo‘q.
Mark Tven
Yaxshi do‘st, toza vijdon va albatta, yaxshi kitoblar – ideal hayot uchun boshqa narsa kerak emas!
Mark Tven
Men doimo jannat kutubxonaga o‘xshagan joy bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
Jorj Luis Borxes
Kitob o‘qishga odatlanmagan kishiga ishonma.
Lemoni Sniket
Ma’nan yetuk kitoblarni tanlab o‘qi. Aks holda, bir dasta qog‘oz hayotingni zaharlashi mumkin.
Mark Tven
Kitobdek aqlli va sodiq do‘st yo‘q.
Ernest Heminguey
Shohona, biroq kutubxonasiz uyga achinaman.
Jeyn Ostin
Kitobga to‘la uyning fayzi shu qadarki, ularni varaqlamay turib, sen o‘zingni ulardagi donolik sharbatini simirayotgandek his qilasan.
Mark Tven
Ko‘pchilik odamlar jonsiz deb bilgan kitob ularga qanchalik savodsiz ekanliklarini isbotlab bera oladi.
Oskar Uayld
Qashshoq bo‘lsam ham kitob xarid qilaman. Bundan ortib qolgan pulga esa yegulik yoki kiyim-kechak sotib olaman.
Erazm Roterdamus
Kitob o‘qish uchun ikki asos bor: birinchisi – sen bundan rohatlanasan. Ikkinchisi esa – sen bu bilan maqtanishing mumkin.
Bertrend Rassel
Kichkina bo‘lsa ham, bog‘ing va kutubxonang bo‘lsa – sen boshqa hech narsaga muhtoj emassan.
Sitseron
Agar siz o‘qishni xohlagan kitob hali yozilmagan bo‘lsa, demak uni yozishni boshlashingiz kerak.
Morisson
Yaxshi kitob o‘z sir-asrorini bir o‘qishda fosh qilmaydi. Uni takror o‘qiganing sayin tushunib borasan.
Stefan King
Menga men hali o‘qib ulgurmagan kitobni bergan inson men uchun qadrli do‘stdir.
Abraham Linkoln
Men kitoblarimdagi afsunlarga ishonmayman. Ammo kitob o‘qishning o‘zi sehrli holat ekaniga shubha qilmayman.
J.K. Rovling
Agar uyingizda kitob uchun javon bo‘lmasa, siz bilan suhbatlashish befoyda va men buni rad etaman.
Terri Pratchet
Kitobning bizga o‘rgatadigan eng ulkan sabog‘i – to‘g‘riso‘zlikdir.
Tomas Jefferson
Ko‘p o‘qigani bois dunyo uniki edi.
Betti Smit
Buvimning aytishicha, Xudo kitobni odamlar xato qilib, afsus chekmasliklari uchun tuhfa qilgan ekan.
Jon Bayur
Aslida hech qaysi mebel kitobchalik maftunkor emas.
Sidney Smit
Gapirishdan oldin o‘yla. O‘ylashdan oldin kitob o‘qi.
Fren Lebovitz
Eski po‘stin kiysang ham, yangi kitob o‘qishga odatlan.
Ostin Felps
Yaxshi kitoblarni o‘qish – dunyoning eng dono kishilarining suhbatida bo‘lish demak.
Rene Deskartes
Yaxshi kitob – bu mening hayotimdagi muhim bir hodisa.
Stendal
Don Kixot o‘qigani uchun ham chin insonga aylandi. U o‘qiganlariga tamomila ishongani uchun aqldan ozdi.
Bernard Shou
Qayerdaki kitob yoqilsa, kun kelib o‘sha yerda inson ham yoqiladi.
Genrix Geyne
Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi
Maqola yozish algoritmi. Qadamba-qadam qo’llanma
Salom hurmatli bo’lajak maqola yozuvchilar. Sizlarga, maqola yozish tartibi, asosiy prinsiplari va qonun qoidalarini qadamba-qadam gapirib bermoqchiman. Bu bilimlar sizlarga, yozgan maqolangizni o’qiyotgan o’quvchilar bilan aloqa o’rnatishga va o’zingizni mutaxasis sifatida ko’rsatishga yordam beradi.
Internet sahifalarida, gazeta va jurnallarda, qanchalik ko’p maqola chop qilsangiz, shunchalik sizning ismingiz taniqli bo’ladi, oqibatda sizning yozuvchilik reytingingiz oshadi va xizmatlaringizdan ko’p odamlar foydalana boshlaydi.
Keling, hozir maqola yozishning asoslaridan boshlaymiz.
Quyidagi aytilgan amallardan foydalanib, turli yo’nalishdagi maqolalarni osongina yozishni o’rganib olasiz:
Maqola mundarijasi ( Ochish / Yopish )
- Qadam №1. Mavzuni tanlash
- Maqola janri:
- Qadam №2. Maqolaga sarlavha tanlash
- Sarlavha namunalari:
- Qadam №3. Moqola rejasini tuzish
- Qadam №4. Kirish
- Qadam №5. Asosiy qismda nimalar yoziladi
- Qadam №6. Xulosa qilish, yakun yasash
- Qadam №7. Maqolani qayta o’qish
- Qadam №8. Matnning noyoblik darajasini tekshirish
- Qadam №9. Matnni formatlash, dizaynini yaxshilash
- Qadam№10. Matnni saqlab qo’yish
Qadam №1. Mavzuni tanlash
Mavzuni tanlashda, bitta maqolada bitta mavzu ochib berilishini unutmang. Va yana bir muhim jihat – mavzu qiziqarli va siz uchun tanish bo’lishi kerak. Bundan tashqari, maqola sizning maqsadli auditoriyangizga, ya’ni, shunday ma’lumotlar kerak bo’lgan va keyinchalik sizning xizmatingizdan foydalanadigan odamlarga yo’naltirilgan bo’lishi kerak.
Shu o’rinda men yana bir muhim masalaga to’xtalmoqchiman – maqola yozishning formati. Mutaxassis maqomini saqlab qolish uchun quyidagi formatlar yoki sxemalar namunalari asosida yozishingiz kerak. Bularni xohlaganingizcha nomlashingiz mumkin:
Maqola janri:
- Shunday qilib, birinchi format: «Muammo + echim» – maqsadli auditoriyangizning muammosini ajratib oling va maqolada aytib bering. Eng muhimi, ushbu muammoni hal qilish uchun ba’zi amaliy tavsiyalar bering. Agar siz amaliy tavsiyalar va amaliyotlarni tavsiflasangiz, o’quvchilar sizning nazariy bilimga ega bo’lgan amaliyotchi ekaningizni va quruq gap gapirmayotganligingizni darhol anglashadi.
- Ikkinchi format: «Vosita, … (biror nima) uchun mo’ljallangan» – faqat sizning sohangizda ishlatiladigan, ammo kam odam to’g’ri foydalanishi mumkin bo’lgan texnikani yoki vositani tavsiflab bering. Shunday qilsangiz, siz nafaqat uni qanday ishlatishni bilishingizni, balki qolganlarga ham tushuntirishingiz mumkinligini aytasiz.
- Uchinchi format: «Mening mijozlarim tez-tez so’rashadi … (savol – javob)» – bitta mijoz yoki bir nechta mijozlar sizga murojaat qilgan muammoli vaziyatni tasvirlab bering, mijozingiz siz bilan ishlashdan keyin qanday qaror qilganligi va uning muammosi bilan boshqalarning ham muammosi nimalari bilan o’xshash bo’lgan narsalar to’g’risida gapirib bering. Ko’pchilikning muammosi va uni qanday hal qilish kerakligi to’g’risida amaliy tavsiyalar va ko’rsatmalar bering.
- To’rtinchi format: «Ekspert bahosi» – qandaydir hodisa (kitob, o’zingizning sohangizdagi yangilik, ma’lum fakt va boshqalar) haqida yozing va o’zingizning shu hodisa bo’yicha mutaxasislik bahoyingizni bering. Tahlil qiling, aks ettiring, foydali ma’lumotlar haqida gapiring yoki amaliy maslahat bering.
- Beshinchi format: «Amaliy tavsiyalar» – o’quvchilaringiz uchun dolzarb bo’lgan muammoli vaziyatda qanday harakat qilish kerakligini tasvirlab beruvchi, bir yoki bir nechta texnik amallarni tavsiflab, bosqichma-bosqich yozib chiqing. Siz o’qiyotgan manashu maqola ham aynan shu formatda yozilgan.
Siz birinchi navbatda yuqorida aytilgan formatlarda maqola yozishni o’rganishingiz kerak. Chunki, bu formatdagi maqolalar aynan ma’lum bir muammosini yechishni istagan odamlar uchun juda muhim. Bundan tashqari, amaliy ko’rsatma va tavsiyalar berilgan maqolalar gazeta va jurnallar muharrirlarini ham qiziqtiradi. Quruq gaplar hammaning jig’ga tegib bo’lgan.
Agar sizning maqsadingiz gazeta va jurnallar uchun maqola yozish bo’lsa, maqola yozishdan oldin osha gazeta yoki jurnalning mavzusi, unda yozilgan maqolalarning yozilish uslubi, shartlari, talablari, stili va jurnalning maqsadli auditoriyasi bilan tanishib, analiz qilib chiqishingiz kerak. Maqolangizni siz yozmoqchi bo’layotgan jurnal stilistikasiga moslab yozing. Agar jurnalning maqsadli auditoriyasi ichida sizning maqsadli auditoriyangiz bo’lmasa, unda vaqtingizni va kuchingizni zoye ketqizmang. Maqsadli auditoriyangiz bo’lgan, maqolalaringizni o’qiydigan va kelajakda sizning xizmatingizdan foydalanadigan, sizning mijozingizga aylanadigan gazeta va jurnallarni qidiring.
Qadam №2. Maqolaga sarlavha tanlash
Maqola sarlavhasini yozishda, asosiysi, haddan ziyod ko’pirtirib yubormang, oltin o’rtaliqni topishga harakat qiling. Ya’ni, originallashtirish yoki haddan ziyod beadablik qilish kerak emas. Maqola sarlavhasi, o’quvchini qiziqtirishi, qiziquvchanlikni qo’zg’atishi, keyin nima bo’lishini bilish istagini uyg’otishi kerak.
Yaxshi sarlavhaning qoidalari mavjud:
- Sarlavha, o’quvchining e’tiborini o’ziga qaratishi juda muhimdir, «diqqatga sazovor» bo’lishi kerak.
- Qiziqishni uyg’otish va o’quvchini, maqolani o’qishga undashi juda muhimdir.
Diqqat: sarlavhasida ehtiyojni qondirish yoki muammoni hal qilishga ishora bo’lgan maqolalar ko’pincha e’tiborni tortadi. Agar sarlavha barcha “kartalarni” ochib beradigan bo’lsa, unda uni o’qish endi qiziqarli va zarur bo’lmay qoladi. Sizning vazifangiz – qiziqtirish, maqolani o’qishga ishora qilish. Sarlavha yalinmaydi va taklif qilmaydi u ishora qiladi va e’lon qiladi.
- Sarlavha, bir qarashda o’qilishi kerak. Uzun va qisqa nomlar orasida ikkinchisini tanlang ya’ni qisqasini.
- Maqolani yozishda, qanday maqsadli auditoriya uchun yozayotgan bo’lsangiz, o’sha auditoriya tomonidan tushunarli va ko’pincha ishlatiladigan so’zlardan foydalaning.
- Agar sayt uchun maqola yozayotgan bo’lsangiz, sarlavhada kalit so’zdan foydalaning, ya’ni sizning maqolangizda tasvirlangan mashhur mavzu bilan bog’liq so’zni ishlating.
- Juda ko’p yaxshilik ham yomon. Sarlavhaga (va maqolaga ham) undov yoki savol belgisi orqali hissiyotni ko’p qo’shmang. Hali hech kim imlo qoidalarini bekor qilmagan. Bundan tashqari, sarlavhani katta harflar bilan yozmang. Bu, albatta, hissiyotni beradi, muallif qichqirayotgan yoki tajovuzkordek ko’rinadi.
- Agar siz bosma nashr uchun yozmoqchi bo’lsangiz, siz qo’ygan sarlavha boshqasiga o’zgartirilishi mumkinligiga tayyor bo’ling, ammo bu nashr bilan oldindan qanday kelishganligingizga bog’liq va siz buni har qanday holatda ham bilishingizni istardim.
- Foyda beradigan maqola sarlavhasi andozalaridan foydalaning:
Sarlavha namunalari:
«Qanday qilib …» Juda oddiy boshlangan va juda muvaffaqiyatli andoza. Bu muammoning bevosita belgisi va uni hal qilish usulidir.
– «Qanday qilib muvaffaqiyatli biznesni yo’lga qo’yish mumkin»
– “Qanday qilib sayt yaratishni o’rganish mumkin”
“… haqida qisqacha qo’llanma” Hozirda jamiyat quruq gaplarsiz, konsentratsiyalangan bilimlarni iste’mol qilishni yaxshi ko’radi va har qanday narsaga tezkor qo’llanma so’rashadi.
– «Muvaffaqiyatli biznesni rivojlantirish haqida qisqacha qo’llanma»
– «Sayt yaratishni o’rganish bo’yicha qisqacha qo’llanma»
«… usuli / yo’li» maqolaga ilmiy va / yoki amaliylikni aks ettiradi.
– «Muvaffaqiyatli biznesni qurishning eng samarali usuli»
– «Tez va oson sayt yaratishning yo’li»
«… tez yo’li / qanchalik tez» Uzoq va ko’p vaqt davomida hech kim qandaydir muammo bilan bezovta bo’lishni xohlamaydi, ko’pchilik o’z muammolarini tezda hal qilishga harakat qilishadi.
– «Muvaffaqiyatli biznesni qanchalik tez qurish mumkin»
– «Muvaffaqiyatli biznesni qanday qurishning tez yo’li»
«… oson yo’li / oson echim» Ushbu andoza ham juda yaxshi ishlaydi. Oddiy echimlar har doim dolzarb.
– «Muvaffaqiyatli biznesni yaratishning oson yo’li»
– «Sayt yaratish va rivojlantirishning oson yo’li»
«… yarating» Ushbu andoza o’quvchilarning hissiyotlari va ijodiga murojaat qiladi.
– «Muvaffaqiyatli biznes uchun o’z formulangizni yarating»
– «Sayt yaratish va rivojlantirish uchun o’z yo’lingizni yarating»
«… endi mumkin» Ya’ni albatta, agar xohlasangiz, ushbu maqola tufayli, kerakli narsaga qodir bo’lasiz.
– «Muvaffaqiyatli biznes qilish, endi mumkin»
– «Bank orqali xohlagan mamlakatga pul o’tkazish endi mumkin»
«Bepul, noyob, eng yaxshi, ishonchli, samarali, taqlid qilmaydigan va hokazo.» Ushbu so’zlar doimo diqqatni jalb qiladi.
– «Muvaffaqiyatli biznesni tashkil etish bo’yicha bepul kurs»
– «Sayt yaratish va rivojlantirishning samarali usuli»
«… buhi bilishi kerak» Bunday sarlavha ma’lum bir masala bo’yicha o’z bilimini sinab ko’rish zaruratini kuchaytiradi.
«Har bir boshlang’ich biznesmen buni bilishi kerak.»
«Har bir muvaffaqiyatli odam buni bilishi kerak»
«Raqamlar». Agar sarlavhada raqamlar ishtirok etsa, maqolalar juda muvaffaqiyatli bo’ladi. Sarlavha uchun quyidagi raqamlar juda mos keladi – 5, 7, 15, 100, 101 va hokazo.
– «Qanday qilib 6 oy ichida muvaffaqiyatli biznesni yo’lga qo’yish mumkin»
– «Muvaffaqiyatli biznes qilishning 5 oddiy yo’li»
«Sirlari». Bu erda insonning tug’ma qiziqishlari va intilishlari qo’zg’atiladi. Ushbu andoza raqamlar bilan birgalikda yaxshi ishlaydi.
– «Muvaffaqiyatli biznes sirlari»
– «O’z yo’lingizni topishning 7 ta qadimiy sirlari».
Bular barcha mavjud sarlavha andozalari emas. Boshqa misollarni Internetdan va turli kitoblardan osongina topishingiz mumkin. Va bu, sizning maqolalaringizning barcha sarlavhalari aynan shunday bo’lishi kerak degani ham emas. Tajriba qilib ko’ring, o’zingizning uslubingizni qidirib topishga harakat qiling. Bundan tashqari, sarlavhalar uchun «moda» o’zgaruvchan, o’zgarishlardan xabardor bo’ling va o’zingizning yo’lingizni ixtiro qiling.
Qadam №3. Moqola rejasini tuzish
Maqola qanday reja asosida yozilishi kerakligini yozib, reja tuzib chiqishingiz kerak. Maqolaning umumiy tuzilishini yozmasdan turib, shunchaki, faqat bitta mavzuga asoslanib yozishga harakat qilish, odatda omadsizlik va ortiqcha kuch yo’qotishga olib keladi.
Reja yozib chiqilishi kerak. U juda oddiy bo’lishi kerak:
- Sarlavha
- kirish (matnning asosiy g’oyasini qisqacha ochib berishi kerak),
- asosiy qism – bir nechta tavsiyalar yoki tezislardan iborat bo’lishi kerak
- xulosa (yakun yasash, xulosa qilish).
Qadam №4. Kirish
Kirish qismida o’quvchini yumshoq tarzda asosiy mavzuga olib kirish kerak bo’ladi. Bundan tashqari, kirish qismida, maqolada qanday muammolar ko’tarilishi va u kimlar (qanday maqsadli auditoriya) uchun ekanligini tasvirlab berishingiz kerak.
Qadam №5. Asosiy qismda nimalar yoziladi
To’g’ridan-to’g’ri munozara. Bu erda siz, bir nechata muhim amaliy tavsiyalarni berishingiz yoki ushbu mavzuning asosiy tushunchalarini tushuntirishingiz mumkin. Va bu asosiy qismida, aniq va to’g’ri ko’rsatmalar, foydali va qimmatli malumotlar bo’lishi kerak. Hikoyalar yoki masallar, qiziqarli faktlar, shuningdek, o’zingizning tajribangiz va maqolada ko’tarilgan muammoga o’z qarashlaringizni bildirish, yaxshigina to’ldiruvchi qo’shimchalar sifatida yozishingiz mumkin.
Agar siz, matnni epithets bilan to’ldirsangiz, bu quruq dalillarga hissiyot qo’shadi. Asosiy qismida siz kirish qismida berilgan savollarga javoblarni ko’rsatishingiz kerak.
Epithet – bu, tasvirlangan hodisa, shaxs, mavzu, hodisani tasviriy va hissiy jihatdan xarakterlovchi badiiy ta’rif.
Iloji boricha 2-3 ming belgi ichida muammoni to’la-to’kis ochib berishga harakat qiling, ya’ni 1-2 bet. Matningiz samimiy va tushunarli bo’lishi uchun buni eslab qoling: siz shunchaki maqola emas, balki aniq maqsadli auditoriya uchun, yana ham aniqrog’i, ushbu muammoning yechimini kutayotgan yaxshi bir odam uchun maqola yozayotganingizni unutmang. Shunday qilib siz, o’quvchilaringiz bilan ishonchli munosabatlarni o’rnata olishingiz mumkin.
Qadam №6. Xulosa qilish, yakun yasash
Bu erda siz, ijobiy natijaga e’tibor qaratib, asosiy qismda keltirilgan ma’lumotlar muammoni hal qilishga yordam berishiga o’quvchining e’tiborini qaratasiz va maqolaga yakun yasaysiz.
Qadam №7. Maqolani qayta o’qish
Uzoq vaqt o’ylamasdan va idealizmga chuqur berilmasdan matnni faqat bir marta qayta o’qishingiz kerak (tekshirish va to’g’rilash uchun). Agar ideallikga chuqur ketadigan bo’lsangiz, turli o’zgartirishlarga, son-sanoqsiz tuzatishlarga va natijada yozilmagan maqolaga aylanib qolishiga olib kelishi mumkin. Tekshiruvning maqsadi – xatolarni tuzatish va takrorlashlarni olib tashlash, yoki, sinonimlarga almashtirish. Matn, yengil, xatolarsiz va sodda yozilgan bo’lishi kerak.
Qadam №8. Matnning noyoblik darajasini tekshirish
Bu juda muhim bosqich. Agar sizning maqolangiz yuz foiz noyob bo’lsa, internet maydonida u yangi maqola sifatida indekslanadi. Demak, ushbu mavzudagi boshqa maqolalar fonida sizning maqolangizning reytingi qidiruv tizimlari nazdida ko’tariladi. Bu shuni anglatadiki, birinchi pozitsiyaga kirish ehtimoli sezilarli darajada oshadi. Qidiruv tizimlaridan sizning maqolangizga o’tishlar qanchalik ko’p bo’lsa, sayt ham shunchalik mashhurlikga erishadi.
Agar maqolada ishlatilgan so’zlarning kombinatsiyasi internetdagi boshqa maqolalarda topilmasa, matn noyob deb hisoblanadi. Aks holda, birinchi so’zdan oxirigacha o’zingiz yozgan bo’lsangiz ham, maqolaning noyoblik darajasi past ko’rsatgichga ega bo’lishi mumkin. Sababi, siz ishlatgan iboralar allaqachon boshqa mualliflar tomonidan ham ishlatilgan bo’lishi mumkin.
Siz maqola noyobligini tekshirib, uni maxsus dasturlarda yaxshilashingiz mumkin, shunday dasturlardan biri Etxt.ru . Maqolaning yuz foiz noyobligi, bosma nashrlarda ham talab etiladi.
Qadam №9. Matnni formatlash, dizaynini yaxshilash
Matnni to’g’ri chop qilish juda muhimdir, ya’ni malumotlarning o’quvchi tomonidan oson qabul qilinishini taminlash. Formatlash usullari o’quvchilarga vizual ko’rinishlarni yaratadi va matnni o’qishni oson va tushunarli qiladi. Maqola dizaynini yaxshilaydi.
Quyidagi formatlash elementlari mavjud:
- Qo’shimcha sarlavhalarni ajratib ko’rsatish. Ajratib ko’rsatishning ikki yoki uch usulini tanlang. Agar ajratib ko’rsatishlar ko’p bo’ladigan bo’lsa, o’quvchilarning matndan tez zerikishlariga olib kelishi mumkin.
- Belgilangan yoki raqamlangan ro’yxatlar. Bizning miyamiz hamma narsani tasniflashga odatlangan va ushbu formatlash texnikasi o’qishni osonlashtiradi.
- Asosiy iboralarni yoki so’zlarni ajratib ko’rsatish. Bu tez o’qishda yordam beradi, o’quvchi, darhol batafsil ma’lumotga kirishga arziydimi yoki yo’qligini darhol anglab oladi.
- O’qilishi oson bo’lgan shrift. Turli bezakli shriftlarni o’qish qiyin, bu maqolani o’qimaslik va zerikishga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, o’qish oson bo’lgan shriftni tanlang, shaxsan menga Times New Romani shrifti ko’proq yoqadi.
- Oddiy takliflar. Psixologiyada oltin formula mavjud – 7 / minus 2. Bu jumladagi so’zlar soniga tegishli.
- Maqolada iqtiboslarni albatta ishlating. Bu maqolaning o’quvchi yodida qolishiga yordam beradi.
Oltin o’rtaliqni eslang, formatlash elementlaridan ortiqcha foydalanish, matn sifatini yo’qotishiga olib kelishi mumkin. Matn dizayni haqida gap ketganda, maqolaga qo’yiladigan grafika elementlarini ham esga olish kerak – rasmlar, jadvallar, diagrammalar, fotosuratlar qo’yish ham mumkin. Rasmlarning sifatli bo’lishi va mavzuga mos bo’lishi juda muhimdir.
Qadam №10. Matnni saqlab qo’yish
Endi maqolani saqlash vaqti keldi. Uni yopish va eng muhimi – qaysi papkada qo’yganligingizni unutmaslik kerak. Yoki, «Shaxsiy brendimni targ’ib qiladigan maqola» kabi alohida papka yaratish maqsadga muvofiq bo’lar edi. Agar maqola qo’l bilan yozilgan bo’lsa, ya’ni qog’ozga, uni elektron shaklga o’tkazish va keyin aniq papkaga saqlash, yopish va eslab qolish kerak.
Hozirgina yozilgan maqolani nashr etishga shoshilmang. Iloji bo’lsa, uni bir oz vaqt belgilangan papkada turishiga yo’l qo’ying va bir muncha vaqt o’tgach, boshqa vaziyatda va baland ovozda o’qing. Bu mumkin bo’lgan kamchiliklarni aniqlash va tuzatishga yordam beradi. Ideal holatda, yozilgan maqolani muharrirga, yoki boshqa bir shaxsga, xato kamchiliklarini ko’rib berishni so’rash to’g’riroq bo’ladi.
Ushbu bosqichma-bosqich yo’riqnomadan foydalanib, siz birinchi marta yozayotgan bo’lsangiz ham, maqolangizni osongina yozishingiz mumkin. Maqoladagi xato va kamchiliklar haqida yoki tushunmay qolgan jumlalar bo’ladigan bo’lsa, izohlarda bemalol so’rashingiz, yozishingiz mumkin, albatta javob beraman. Barchangizning ijodlaringizga omadlar tilab xayrlashaman, xayr!