Budan tashqari, quyidagi tabiiy mahsulotlar ham xotirani yaxshilashga, mustahkamlashga yordam beradi:
Xotirani kuchaytirish uchun mashqlar va tabiiy mahsulotlar
Xotira – inson nerv tizimining eng muhim funksiyalaridan biridir. Xotiraning buzilishida inson hayoti davomida diskomfort sezadi va bu jiddiy nevrozlar, depressiyalarga olib keladi. Agar xotiraning buzilishi davom etib ketaversa, insonni mehnat qilish qobiliyatidan mahrum etib, nogironlikka olib keladi. Ko‘p hollarda yoshi qari insonlar xotirasining buzilishi tufayli hayot davomida oddiy yumushlarni ham bajara olishmaydi, xalq tili bilan aytganda “o‘zini o‘zi eplay olmaydi”. Qarilik bilan buzilgan xotirani odatda qaytarib bo‘lmaydi, ammo yoshlikda kuzatiladigan xotira susayishi va yo‘qolishlarini tiklasa bo‘ladi.
Xotira bilan bog‘liq muammolarga hatto bolalar ham duch kelishadi. Bunday muammolarni e’tibordan chetda qoldirish kerak emas, chunki inson kelajakdagi hayotiy qobiliyatlari xotira bilan chambarchas bog‘liq. Bolalar xotirasi pasayganda o‘qishdan ortda qoladi, ta’lim olish muassasalariga borgisi kelmaydi, bola asabiy, jaxldor va yig‘loqi bo‘lib qoladi. Jarayonni o‘tkazib yuborgandan keyin qaytarish qiyin, shuning uchun erta davrlarda davo choralarini ko‘rish zarur.
Hozirgi kunda xotirani tiklash uchun medikomentoz davo va xalq tabobati bilan muolajalar o‘tkazish mumkin. Agar xotira juda ham pasaygan bo‘lsa, yaxshisi shifokor ko‘rigidan o‘tish kerak.
Xotira nega pasayadi?
Inson xotira funksiyasining mexanizmi juda ta’sirchan, u ko‘pgina sabablar natijasida o‘z funksiyasini o‘zgartirishi mumkin. Shifokorlar fikricha, xotirani pasayishiga quyidagi bir qator holatlar sabab bo‘lishi mumkin:
- Zo‘riqish – jismoniy va aqliy;
- Haddan ortiq ko‘p aqliy mehnat qilish, charchash;
- Surunkali uyqusizlik;
- Surunkali stress holatlari;
- Kuchli bir martalik stress;
- Sigaret chekish;
- Spirtli ichimliklar ko‘p ichish;
- Narkotiklar qabul qilish;
- Bosh miyadagi yoshga bog‘liq o‘zgarishlar;
- Insult;
- Bosh-chanoq suyagi travmalari (ochiq va yopiq);
- Qalqonsimon bez kasalliklari;
- Qon tomirlar kasalligi;
- Yurak kasalliklari sababli miyada qon aylanishi buzilishi;
- Ba’zi dori preparatlarini qabul qilish.
Ko‘p hollarda bolalar maktabga chiqa boshlaganlarida yoki yuqori sinfga o‘tganlarida xotiralari susaygani seziladi, bu esa bola miyasining zo‘riqishi bilan tushuntiriladi. Bunday vaziyatda ota-onalar bolalariga e’tiborli bo‘lishlari, ularni urishmasliklari zarur.
Xotira pasayganlik belgilari
Xotira pasaygan holatlarning barchasida ham davo talab qilinavermaydi. Medikomentoz davo va xalq tabobati bilan muolajalar o‘tkazish uchun ko‘rsatma, xotiraning qisqa muddatlarda tiklanmasligi bo‘la oladi. Masalan:
- Biror bir narsani esda saqlab qolishga istak bo‘lsada, ularni yodda saqlab qola olmaslik;
- Doimiy unutib qo‘yish;
- Katta hajmdagi ma’lumotlarni eslab qolish qobiliyati yo‘qolishi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Glomerulonefrit – sabablar, davolash va oldini olish
Agar insonda davomiy, eski vaqtlardagi jarayonlarni eslay olish qobiliyati buzilayotgan bo‘lsa, bu bosh miyada qandaydir bir jiddiy kasallik boshlanayotganidan dalolat beradi.
Xotirani kuchaytiruvchi dorilar
Yosh bolalarda mustaqil ravishda dori preparatlarni qo‘llash umuman mumkin emas. Dorilar qat’iy ravishda shifokor mutaxassis tomonidan buyuriladi, dozalar va muolaja davomiyligiga e’tibor qaratiladi.
Kattalarda charchash, aqliy zo‘riqish, uyqusizlik va stress holatlarida quyidagi ba’zi dori preparatlarini qabul qilishlari mumkin:
- Glitsin;
- Intellan;
- Pantogam;
- Vitrum memory;
- Pirasetam;
- Alfagin;
Bundan tashqari kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi neyrotrop dorilar ham bor:
- Aminalon;
- Bilobil;
- Tanakan;
- Fenotropil;
- Noutropil;
- Aktovegin.
Yuqoridagi preparatlar qat’iy ravishda shifokor tomonidan buyurilishi shart! Ularning nojo‘ya ta’sirlari va qarshi ko‘rsatmalari bor. Preparatlardan shifokor tavsiyasisiz mustaqil foydalanish taqiqlanadi!
Xotirani kuchaytirish uchun mashqlar
Xotirani tiklash va uni saqlab turish uchun, ish joyida ham bajarsa bo‘ladigan, har qanday yoshdagi insonlar uchun to‘g‘ri keladigan mashqlar bor.
Samarali mashqlardan biri rasmlarni eslab qolish. Bunday mashqni o‘tkazish uchun biror bir qiziqarli rasm olish kerak, unda 10 tadan 15 tagacha bo‘lgan jism, hayvon va shu kabilar bo‘lsin. Ushbu rasmga 60 soniya davomida diqqat bilan qarang va u yerdagi narsalarni eslab qolishga harakat qiling. 60 soniya o‘tgandan keyin rasmni berkitib, eslab qolgan narsalaringizni ayting yoki ularni yozing. Bunday mashqni bolalar bilan o‘yin sifatida o‘tkazsangiz, bolaning kayfiyati ham ko‘tariladi. Faqatgina bir rasmdan emas, 2-3 xil rasmlar bilan mashq qilganingiz yaxshiroq.
Sanash – xotirani kuchaytirish uchun yaxshi mashq. Bu samarali usul bo‘lib, 1 dan 20 gacha yoki 20 dan 1 gacha bo‘lgan sonlarni parallel ravishda sanash kerak. Masalan: 1, 20, 2, 19, 3, 18 va hokazo. Har kuni ushbu mashqni takrorlab 10 ta songa oshirib boring va 100 gacha yeting. Mashqni uyqudan oldin bajarsangiz ancha samarali bo‘ladi. Agar inson sonlarning boshqa tillardagi talaffuzini bilsa, parallel ravishda o‘z tili va boshqa tilda sonlarni sanash xotirani tiklashga tezroq yordam beradi.
Xotira uchun foydali usullardan biri “chapaqay” qo‘l mashqini bajaring. Chapaqay insonlar uchun o‘ng qo‘lni, o‘naqaylar uchun esa chap qo‘lni ko‘proq ishlatish talab etiladi. Bunday mashq bilan miyaning ishlashi kuchayadi va xotira tiklanishi yaxshilanadi.
Xotira mashqlariga o‘qiyotgan paytingizda ikkita bir xil kelgan harflarni topish va ularga e’tibor qaratish ham miyani ishlashga majburlaydi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Amneziya sabablari, turlari va davolash
Sizga yaxshi tanish bo‘lgan jism yoki xonaning ta’rifi haqida batafsil ma’lumot bering, u yerda joylashgan buyumlarni birma bir sanab o‘ting. Bu ham miyaning turli xil qismlarini ishlatib xotira tiklanishiga yordam beradi.
Xalq tabobati orqali xotirani tiklash
Bolalar uchun
Yosh bolalar xotirasini tiklash uchun dori preparatlaridan foydalangandan ko‘ra, xalq tabobatiga murojaat qilgan yaxshiroq.
Eng oddiy va mazali bo‘lgan, xotirani kuchaytirishga yordam beradigan mahsulot banandir. Shunchaki bolaga och qoringa 1 dona va uyqudan oldin 1 dona banan berish kerak. Banan tarkibiga kiruvchi moddalar miyada qon aylanishi va nerv tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari banan iste’mol qilish stress holatidan olib chiqishga ham yordam beradi, stress esa bolalarda xotira susayishining bir sababidir.
Asal va yalpiz xotirani mustahkamlash xususiyatiga ham ega. Ulardan dorivor ichimlik tayyorlash uchun 1 choy qoshiq yalpiz (quritilgani) olib 2 stakan qaynagan suvga soling, eritmani 30 daqiqa og‘zi yopiq idishda saqlab, so‘ng unga 2 choy qoshiq asal aralashtiring. Bunday ichimlikni bolaga kun davomida berib turing, uni qabul qilishning chegarasi yo‘q, istagiga qarab ichilaveradi. Asal va yalpiz nafaqat xotirani tiklaydi, balki immunitetni ham oshiradi.
Xotirani tiklash uchun salat. Qirg‘ichdan chiqarilgan sabziga mayiz va yong‘oq aralashtiring. Unga yogurt qo‘shib bolaga bering. Bundan tashqari salatga asal ham qo‘shsa bo‘ladi, bolakaylar bunday salatni maza qilib yeyishadi. Uning tarkibidagi moddalar nerv tizimi zo‘riqishlari, stressdan xalos etib xotira tiklanishiga yordam beradi.
Kattalar uchun
Kattalarda xotirani tiklash uchun o‘simliklardan foydalanamiz.
Qarag‘ay qubba mevasi – bosh miyaga yaxshi ta’sir etadi. Dorivor vosita tayyorlash uchun 1 choy qoshiq qarag‘ay qubba mevasidan olib 250 ml suvda 10 daqiqa qaynating. So‘ng aralashmani soviguncha kutish kerak. Bunday aralashmani 2 choy qoshiqdan 3 marta, ovqatdan keyin qabul qiling. Ovqatdan oldin bunday vositani qabul qilmang, oshqozonga zararli ta’sir etishi ham mumkin.
Tuxum sarig‘i ham xotira uchun foydali hisoblanadi. Avvalo, qaynataligan tuxum sarig‘idan 3 dona olib, uni asal bilan yaxshilab aralashtirish kerak. Uni och qoringa iste’mol qiling. Davo muddati 1 oy. Kutilgan natija 1 hafta ichida bilina boshlaydi.
Xotirani yaxshilash uchun tabiiy mahsulotlar
Budan tashqari, quyidagi tabiiy mahsulotlar ham xotirani yaxshilashga, mustahkamlashga yordam beradi:
- Baliq. Bu mahsulotni ko‘proq aqlli bo‘lishni istaganlar iste’mol qilishlari lozim. Baliq miya hujayralarining uzoq vaqt g‘ayrat bilan ishlashi uchun kerak bo‘lgan moddalarga boy. Shuningdek, tarkibida ko‘p miqdorda fosfor, yarimto‘yingan omega-3 yog‘ guruhi mavjud bo‘lib, u miyadagi qon ta’minotini yaxshilaydi.
- Karam. Miya faoliyatini me’yorlashtiradi, asab tizimidagi yosh bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etishga yordam beradi.
- Olma sharbati tarkibidagi modda miya katakchalarini oksidantli stress (xotiraning va aql-idrokning susayishi)lardan himoyalaydi. Olma va olma sharbati keksalikda aql tiniqligini saqlab qolishga yordam beradi.
- Yong‘oq dofaminga boy bo‘lib, fikrlash qobiliyatini yuksaltiradi. Shuningdek, uning tarkibidagi litsin miya faoliyatini yaxshilaydi va xotirani kuchaytiradi. Besh dona yong‘oq-bu bir sutkalik meyor. Shuningdek, yong‘oqlar miyaning barvaqt qarib qolishining oldini oladi.
- Sarimsoq tarkibida miya hujayralarini faollashtiruvchi moddalar mavjud. U nafaqat xotirani tiklaydi, shu bilan birga miyaning yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlariga ham to‘sqinlik qiladi.
- Rux xotirani yaxshilaydi. U baliq, qo‘zoqli (struchkovoy) mahsulotlar va non tarkibida mavjud.
- Yod. Miyaning normal faoliyati uchun muhim hisoblanadi. Aqliy qobiliyat va kayfiyatga ta’sir etadi. Baliq, karam va xurmo tarkibida ko‘p miqdorda yod mavjud.
- Bor. Agar u yetishmasa, miya faoliyati pastlab ketadi. Shuning uchun ham olma, nok va uzum kabi mevalardan ko‘p miqdorda iste’mol qilib yuring.
- Magniy. Nerv impulslarini o‘tkazishga javobgar. Yong‘oq, loviya, soya, grechka, kakao va lavlagi magniyning koni hisoblanadi.
- Temir. Eslab qolish layoqati va diqqatning jamlanishi uchun juda muhim. Temir ko‘p miqdorda go‘sht mahsulotlari, quruq mevalar va ko‘k sabzavotlar tarkibida mavjud.
- Vitamin C. Na’matak, qora qarag‘at (smorodina), chetan (ryabina), chakanda (oblepixa), sitruslar, qizil qalampir, yerqalampir, petrushka, piyoz, shivit (ukrop) va karam tarkibida mavjud.
- B vitaminlar guruhi. Asab tizimini uyg‘unlik bilan ishlashi uchun muhim. B1 — kepak, no‘xat, yormalar, yong‘oq, jigar, tuxum sarig‘i va sutda, B12 — go‘sht, mol jigari, baliq mahsulotlari tarkibida ko‘plab uchraydi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Gematomalar qay darajada xavfli?
Xotira pasayishidan qanday saqlansa bo‘ladi?
Xotira susaymasligi uchun bir qator oddiy usullar bor. Ular nerv tizimini sog‘lom holatda saqlashga va xotirani pasaymaslik uchun yordam beradi. Profilaktik chora tadbirlarga quyidagilar kiradi:
- Bir kunda kamida 2 litr suv ichish (suyuq ovqatlardan tashqari);
- Ovqatlanish ratsioniga e’tibor qaratish;
- Kunlik xotira mashqlarini bajarish;
- Har kuni toza havoda sayr qilish;
- Zararli odatlardan voz kechish;
- Bir sutkada kamida 8 soat uxlash;
- Vaqti-vaqti bilan dam olib turish;
- Stresslardan maksimal darajada qochish.
Yuqorida sanab o‘tilgan chora tadbirlarni bajarib, hattoki qarilik vaqtida ham xotiralarni saqlab qolishingiz mumkin. Salomat bo‘ling!
© Maqola 01.06.2018 sanasida yangilandi.