Kitob o’qiydigan programma
– Orangizda 100 ta kitob o‘qigan bormi? 50 ta? 10 ta? 5ta? 3ta? 1?
Qanday kitoblarni o‘qish bo‘yicha maslahatlar
O‘zbekistonda talabalik paytlarim salkam 3 yil maktab va kollejlarda o‘qituvchilik qilganman. Qaysi sinfga darsga kirmay, mana shunday savol berardim:
– Orangizda 100 ta kitob o‘qigan bormi? 50 ta? 10 ta? 5ta? 3ta? 1?
Afsuski, birinchi ko‘tarilgan qo‘llar 5 tacha bo‘lar, aksar o‘quvchilar umuman kitob o‘qimagan bo‘lib chiqardilar. Men iloji boricha ulardan kitobsevarlar yaratishga harakat qilardim.
O‘sha vaqtlardan beri kitobxon do‘stlarimga beradigan maslahatlarimni quyida ro‘yxat qilib chiqdim.
Kitobxon do‘stlarimga maslahatlarim:
1. Kitoblar dunyosiga endi kirib kelayotgan bo‘lsangiz, kichikroq hikoyalar to‘plamlaridan boshlang.
2. Tajribali kishilar bilan maslahatlashib, avvalo yengil va qiziqarli uslubda yozadigan mualliflar asarlarini tanlang. «O‘tkan kunlar» yoki «Mehrobdan chayon» kabi asarlardan boshlash sizni toliqtirib qo‘yishi va oqibatda, kitoblardan bezillab qolishingiz mumkin.
3. Agar turganda ham, o‘tirganda ham – har qanday holatda kitob o‘qiyveradigan «kitobparastlar» safiga kirib ulgurmagan bo‘lsangiz, kitob o‘qish uchun maxsus vaqt va joy belgilab oling, kitobxonlik odatga aylangach esa, bunga ehtiyojingiz qolmasligi mumkin.
4. Ba’zida boshqalarga kitoblar o‘qib bering yoki birovlar sizga o‘qib berishlarini so‘rang.
5. Juda band bo‘lsangiz, audiokitoblarni tinglashni odat qiling.
6. Duch kelgan kitobni o‘qiyvermang, tanlang! Ba’zi asarlar vaqtingizni sarflashingizga arzimaydi.
7. Ur-yiqit va mafiyalar, o‘g‘rilar va fohishalar, uyatsiz voqealarni kitobning asosiy mavzusiga aylantirib olgan yozuvchilar, odatda, talantsiz va mehnat qilishni xohlamaydigan, faqat kitob sotishu yozuvchi degan nom orttirish uchun harakat qilib yurgan kimsalardir. Unday kitoblardan qalbingiz va ongingizni himoya qiling, vaqtingizni va pulingizni isrof qilmang.
8. Yangi tillar o‘rganing. Bir tilni o‘rganib bitirmaguningizcha bunday o‘ylamasligingiz mumkin, biroq, ishoningki, til o‘rganish juda ham oson. Tillar kalitlarga o‘xshaydi, har bir til siz uchun yangi olamlar eshiklarini ochadi. Arab tilini o‘rgansangiz, Allohning Kitobini tushunadigan bo‘lasiz, tafsirlarni o‘qib, birgina oyat zamirida qanchadan-qancha hikmatlar yotganini bilgach, Qur’onni qalbingiz rohat olib o‘qiydigan, tinglaydigan bo‘lasiz. Arab tilida Islom ulamolari va mutafakkirlari tomonidan 1400 ichida deyarli barcha ilmlarga oid buyuk kitoblar yozilgan, ularni o‘qish imkonini qo‘lga kiritishingiz bilan hayotingiz tubdan o‘zgarib ketadi! Infliz tilini o‘rganing, butun dunyodagi deyarli barcha asarlar uchun eshikni ochasiz. Rus tilini o‘rganing, siz rus madaniyati bilan hamnafas yashaysiz, o‘rganish oson bo‘ladi. Natijada ko‘plab o‘ziga xos, boshqa biror millat adabiyotida topilmaydigan ajoyib kitoblarni o‘qishga muyassar bo‘lasiz. Boshqa qaysi tilni o‘rganishga qodir bo‘lsangiz, albatta, o‘rganing.
9. Ko‘p maqolalar o‘qing, badiiy, ijtimoiy, siyosiy, ilmiy va boshqa yo‘nalishlardagi tahliliy maqolalarni ko‘p mutolaa qiling.
10. Kitoblar haqida xulosalaringiz, fikrlaringizni yozib qo‘yishni odat qiling. Ustozimiz Omonulla Madayev aytardilarki, qariganingizga o‘sha yozganlaringizning har bir satri siz uchun oltindek qadrli bo‘lib qoladi.
11. O‘nlab xalqaro va milliy (hamda biror tilga oid) badiiy asarlar mukofotlari bor (List of literary awards deb qidirsangiz, topasiz), har yili shu mukofotlarni qo‘lga kiritgan kitoblardan tanlab hech bo‘lmasa 2-3 tasini o‘qib yuring.
12. She’riyatdan uzoqlashmang. Afsuski, zamonamiz yoshlarida she’r o‘qish yoki yozish bachkanalik deb qaraladigan bo‘lib qolgan. Bu, shubhasiz, katta xatodir. She’riyat o‘quvchining fasohatini oshiradi, unga o‘qiyotgan narsasidan ta’sirlanishni o‘rgatadi. Iloji boricha mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy, Ogahiy kabi buyuk shoirlar she’rlaridan ko‘proq o‘qing, ularning mavzulari oddiyroqdek tuyulsa ham, so‘z boyligingiz oshishi uchun ko‘p foydali bo‘ladi. Zamonaviy she’riyatdan esa, iloji boricha, mavzusiga qarab tanlang. Shavkat Rahmon kabi so‘z san’atini «o‘ldim-kuydim»larga isrof qilmagan buyuk shoirlarni ko‘proq o‘qing. Ko‘p she’r yodlang.
13. Kitobxonlar to‘garaklari, majlislari va jamiyatlariga a’zo bo‘ling, shunday yig‘inlar tashkillashtiring. Atrofingizda kitobsevarlar ko‘p bo‘lishi kitobxonlikka muhabbatingiz va rag‘batingizni oshirishi bilan birga, sizga o‘zingiz bilan hamdard, hamfikr do‘stlar orttirish imkonini beradi.
14. Biz kinofilmlar asrida yashayapmiz, siz o‘qimoqchi bo‘lgan kitob kinolashtirilgan bo‘lsa, kinoni ko‘rishga shoshmang, avvalo, kitobni o‘qing. Kinolar sizni kitob o‘qishdan qaytarib qo‘yishi, qolaversa, sizning o‘qish jarayonidagi tasavvuringizni cheklab qo‘yishi mumkin.
15. Iloji boricha asarlarning tarjimalarini emas, aslini o‘qishga harakat qiling. Agar til bilmasangiz, zarari yo‘q, biroq bir necha tarjimalar bo‘lsa, o‘zi yozuvchi yoki shoir bo‘lgan tarjimonlarning tarjimalarini tanlang. Agar kitob yozilgan tilni tushunsangizu, biroq tarjima qilingan tilda o‘qish qulayroq bo‘lsa, tarjimadan bir parcha o‘qib, keyin aslidan o‘sha parchani o‘qing, agar bu uslub sizni urintirib qo‘ymasa, kitobni shu yo‘sinda o‘qib chiqing. Bu uslub tilni juda tez o‘rganishingizga ham yordam beradi.
16. O‘zingizni E-reader (elektron kitoblar saqlash va o‘qish jihozlari)dan foydalanishga o‘rgating. Sababi, minglab ajoyib kitoblar borki, siz ularni sotib ololmasligingiz mumkin, iPad kabi tabletlar, telefonlar ko‘zingizni toliqtiradi, Kindle yoki Kobo kabi e-reader’lar esa o‘qishni ancha osonlashtiradi (men bularning farqi nimada ekani, e-reader’lar boshqa tabletlardan farqli ravishda ko‘zni toliqtirmasligining sabablarini texnik detallari bilan bilmayman, biroq ikkalasidan ham foydalanuvchi shaxs sifatida o‘z tajribamdan aytyapman).
17. Shayxiy kutubxonangizni yarating. Iloji boricha, o‘qiydigan kitoblaringizni sotib olishga harakat qiling.
18. Kutubxonalarga a’zo bo‘ling.
19. Kitoblardan yaxshiliklarni olish va yomonliklarni uloqtirishni o‘rganing. Har qanday asarni o‘qishda ichki filteringiz, vijdoningiz va aqlingiz tarozisi bilan tahliliy yondashadigan bo‘ling.
20. Kitob o‘qish, ayniqsa, badiiy kitoblar mutolaasi asosiy emas, ikkilamchi ish ekanini unutmang. Bilingki, ibodatlari, o‘qishi yoki ishi qolib, badiiy kitob o‘qib o‘tiruvchi bilan, ishlamay, kino ko‘rib o‘tiruvchi o‘rtasidagi farq uncha ham katta emas, ikkalasi ham dangasalikning umumiy doirasidan chiqmaydi. Kitob o‘qish sizni yaxshiroq musulmon, yaxshiroq inson, kuchliroq mutaxassis qilsin, hayotingizga ta’siri ijobiy bo‘lsin, agar aksincha bo‘layotganini sezsangiz, to‘xtang va prioritetlaringizni aniqlab oling.
Siz yana qanday maslahatlarni qo‘shgan va qaysilarini olib tashlagan bo‘lardingiz? Fikringiz bilan o‘rtoqlashing.
Kitob o’qiydigan programma
Kitobim.com sayti Mustaqillik bayrami munosabati bilan Android qurilmalarida ishlovchi ilk o‘zbek tilidagi kitob o‘qiydigan dasturni taqdim etdi. Dastur orqali o‘zbek tilidagi 200 dan ortiq kitobni qulay holatda mutolaa qilish, onlayn va offlayn rejimda foydalanish imkoni mavjud.
Dasturning Kutubxona menyusida oxirgi kiritilgan kitoblar ro‘yxati keltirilgan. Alohida kitob sahifalarida annotatsiya, muallif ma’lumotlari berilgan. Janrlar bo‘limida kitoblar mazmuniga ko‘ra saralangan.
Ushbu elektron kitob o‘qish qurilmasida kitoblarni qulay o‘qish uchun quyidagi afzalliklar joriy qilingan:
– Kitob sahifalarni ohista chertish yoki yonga surish orqali tez ochish mumkin.
– Kunduzgi va tungi o‘qish funktsiyasi mavjud.
– Kitob ichidagi so‘zlardan qidirish mumkin.
– Kitob shriftini o‘zgartirish mumkin.
– Shrift o‘lchamini moslab olish mumkin.
– Matnni katta va kichiklashtirish mumkin.
– Navigatsiya orqali kitobning kerakli joyini topish mumkin.
– Mundarija orqali kitobning tegishli bo‘limlariga o‘tish mumkin.
2012 yildan beri faoliyat yuritayotgan Kitobim loyihasi o‘zbek tilida zamonaviy qurilmalar uchun elektron kitoblarni jamlash va kitobxonlarga qulay o‘qish imkoniyatini yaratishni o‘z oldiga maqsad qo‘ygan. Shuningdek, mualliflarga o‘z ijod namunalarini qonuniy asosda elektron tarzda taqdim etish evaziga ma’lum darajada moddiy manfaat olishlariga ko‘maklashish, kitobxonlarga sifatli, qulay va zamonaviy elektron kitoblarni arzon bahoda sotib olishlari uchun yordam berish ham loyiha maslaklaridandir.
Dasturni qanday o‘rnatish, foydalanish haqida loyiha saytida to‘liq tushuntirish berilgan, video ilova qilingan. Kitobim’ni Google Play Marketdan o‘rnatishingiz mumkin.