Press "Enter" to skip to content

Oilada bolalarda kitobxonlikni shakllantirish omillari

In this article, duscusses about how to inspire children to read, how to from reading culture and the views of parents on this

Shaxs kamoloti va kitobxonlik madaniyati

Olimlar, ziyolilar, mamlakat va millat kelajagi uchun chuqur qayg‘urganlarni yaqin-yaqingacha bir narsa qiynab kelardi: nega yoshlarimiz, umuman, fuqarolarimiz o‘rtasida kitobxonlik madaniyati pasayib ketdi, nima uchun yerdan ko‘kka ko‘taradigan, bizni barkamollik sari yetaklaydigan, insonlar qalbiga yorug‘lik va iliqlik kiritadigan, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlik, vayronkorlik bilan bunyodkorlikning farqini ongli ravishda anglatishga yordam beradigan, insoniyat tomonidan yaratilgan eng noyob kashfiyot – kitobning qadri tushib ketmoqda? Ne sababdan ayrimlar kitob o‘qiganlarni zamondan orqada qolayotganlar qatoriga qo‘shib qo‘ymoqda?

Darhaqiqat, bu savollar barchamizni qiynar edi. Men shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2016 yil 19 oktabrda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’yezdidagi saylovoldi ma’ruzasida bildirilgan ayrim fikrlari xususida to‘htalmoqchi edim. Ma’ruzada bugungi kunda axborot – kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, barqaror taraqqiyotga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emasligiga e’tibor berilgan.

“Ayni paytda, – deydi Shavkat Miromonovich, – axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berishimiz muhim ahamiyat kasb etadi”. (“XXI asr”, 2016, 20 oktabr)

Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, ushbu fikrlar mamlakatimizdagi barcha ziyolilar, millat kelajagi, uning ma’naviy barkamolligi uchun tashvishda bo‘lganlarning yurak-yuragidagi gap bo‘ldi. Kitob barchamizga charog‘on yo‘lni ko‘rsatishini, ma’naviy olamimizni shakllantirishini, kelajakdagi yagona yagona to‘g‘ri yo‘lni tanlashga yordam berishini bilsakda, uni o‘qimasak, kitobning insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk kashfiyot ekanligini tushunsakda, ammo uni “kult” darajasiga ko‘tarmasak-bu holda bizning kitob to‘g‘risidagi tasavvurlarimiz xato bo‘lmaydimi?

Ana shu fikrlar bilan oshno bo‘lib turganimizda, kechagina muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” (2017 yil 12 yanvar)gi farmoyishi e’lon qilindi. Mazkur farmoyish kitob, kitobxonlik madaniyatining jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni va rolini yana bir yangi bosqichga ko‘targanligi bilan izohlanadi. Ta’kidlanishicha, bugungi kunda matbuot, noshirlik va axborot sohasida tegishli huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, 10 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilingan. 1677 ta matbaa korxonalari, 118 ta nashriyot davlat ro‘yxatiga olingan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta hududiy birlik axborot-kutubxona markazi, tuman va shahar markazlaridagi ta’lim mussasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazlari tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O‘zdavkitobsavdota’minot” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Farmoyishning ibratli jihati shundan iboratki, unda kitob mahsulotlari nashr etish, tarqatish, kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyatining bugungi kundagi holati, mavjud kamchilik, xatolar ro‘y-rost ochib berilgan. Ayniqsa, badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilmagani, ta’lim va madaniyat muassasalari uchun kitob xarid qilishga mablag‘lar yetarli darajada mavjud bo‘lgan manbalar hisobidan jalb etilmayotgani, kitob sotishga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotlarini o‘tkazish, mutolaa madaniyatini oshirish, shu jumladan, ommaviy-axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlar yuksak talablar darajasida emasligiga alohida e’tibor berilgan.

Mamlakatimiz rahbarining kitob, kitobxonlik madaniyatini yaxshilash to‘g‘risida kuyunib gapirayotganliklarining chuqur falsafasi bor. Birinchidan, yuqorida qayd etilgani kabi, kitob insonni yerdan ko‘kka ko‘taruvchi, uning ma’naviy quvvatini oshiruvchi buyuk kuch hisoblanadi. Ikkinchidan, kitob insoniyatning tarixiy xotirasi, barchamizni o‘z ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy zaminimizni mustahkamlovchi, kelajakni yorqin ko‘rsatib borishga qodir mash’ala hisoblanadi.

Shuning uchun ham bizning yurtimizda ilm olish, kitob yozish, ijod qilish har doim ham millatning mavjudligi va u nimaga qodir ekanligini ko‘rsatuvchi muqaddas tushunchalar hisoblanadi. Arastu hakimdan Abu Ali Ibn Sinoga, Aflotundan-Abu Rayhon Beruniygacha, Jaloliddin Rumiydan- Alisher Navoiygacha, Sohibqiron Amir Temurdan-Muhammadsharif Gulxaniygacha yuzlab, minglab mutafakkirlarning shakllanishi, dunyoga tanilishi, zamonlar oshsada ahamiyati yo‘qolmaydigan tadqiqotu kashfiyotlari faqat va faqat kitob orqali yuz berdi. Ularning bugungi avlod tomonidan chuqur o‘rganilishi, ular ilmiy-ma’rifiy bisotiga bot-bot murojaat qilishning sababi ham mutafakkirlarimiz tomonidan yaratilgan kitoblar tufaylidir.

Sharqda axloq-odob borasida buyuk asarlar yaratgan Muhammad Jabalrudiyning kitob haqidagi quyidagi firklariga bir quloq tutaylik: “Ey aziz! Kishi uchun kitobdan azizroq va yoqimliroq suhbatdosh yo‘qdir. Kitob fasohat, balog‘atda, latofatda tengi yo‘q, munofiqlikdan holi hamrohdir. Yolg‘izlikda va g‘amli ayyomlarda munis ulfatdir. Unda na nifoq boru, na gina. U shunday hamdamki, so‘zlarida yolg‘on va xato bo‘lmaydi. Suhbatidan esa kishiga malollik yetmaydi. U o‘z do‘stining dilini og‘ritmaydi. Yuragini esa siqmaydi. U shunday rafiqdirki, kishi orqasidan g‘iybat qilib yurmaydi. Uning suhbatidan senga shunday fayzli foydalar yetadiki, bunday foydani odamlardan topa olmaysan. Aksincha, aksar odamlar suhbatidan kishiga zarar yetadi. Kitobdek do‘st ichida barcha ilmu hilm mujassamdirki, u kishilarni o‘tmishdan va kelajakdan ogoh qilib turadi. Shuning uchun ham “Kitob aql qal’asidir”, deganlar”. (Mashriqzamin-hikmat bo‘stoni. -Toshkent, 1997. 39-bet)

Haqiqatdan ham, kitob barchamizni ezgulikka undaydigan, oldimizda turgan barcha muammolarni hal etishga yordam beradigan kuchdir. Shuning uchun ham yurtimizda kitob bilan oshno bo‘lgan, kitobni suygan, kitob yozgan, kitobni muqaddas bilib, qorachig‘idek asraganlarni ziyoli deb ataganlar. Ziyoli-Nur tarqatuvchi, u o‘zining xatti-harakatlari, faoliyati bilan jamiyatni nurlantiruvchi, ma’naviy-ijtimoiy barqarorlikni ta’minlovchilar hisoblangan.

Bunga uzoq va yaqin tariximizdan misollar ko‘p. Masalan, ma’rifatparvar vatandoshimiz Ishoqxon Ibrat o‘z uyida kattagina, boy kutubxona tashkil qiladi va uni “Kutubxonai Ishoqiya”, deb ataydi. Ibrat arxividagi kitoblar ro‘yhati shuni tasdiqlaydiki, kutubxonada ta’lim-tarbiya va o‘qitishga oid o‘zbek, rus, turk, tatar, fors-tojik tillarida ko‘plab kitoblar bo‘lgan. Bu kutubxonadan nafaqat o‘zi, shuningdek, qishloq aholisi ham unumli foydalangan. Ishoqxon Ibrat o‘z maktabi o‘qituvchilarini kutubxonada saqlanuvchi kitoblar bilan ta’minlagan. Kutubxonaning maktab o‘qituvchilariga bag‘ishlangan qismida Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, “Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim”, “Turkiy guliston yohud axloq”, Rustambek Yusufbek hoji o‘g‘lining “Rahbari hisob” kabi ko‘plab darslik, o‘quv qo‘llanmalari saqlangan. Ibrat kutubxonasi doimiy ravishda kattalashib borgan. U kutubxona a’zolarining kitob olish va o‘qib bo‘lgach, uni topshirish daftarlarini ham tashkil qilgan, a’zolarning, ayniqsa, yoshlarning kitob o‘qishlarini Ishoqxonning o‘zi nazorat qilib borgan. (Ibrat. Ajziy. So‘fizoda.-Toshkent, 1999.-38 bet)

Ishoqxon Ibrat kabi ziyoli, ma’rifatparvar yurtimizda juda ko‘plab yetishib chiqishgan. Ularning barchasi o‘z kutubxonalariga ega bo‘lishgan. Bunday shaxsiy ziyo maskanlaridan oddiy xalq juda unumli foydalanishgan. Shu o‘rinda mazkur Prezident farmoyishidagi bir holatga e’tibor berish lozim. Bu-hududlarda yozuvchi, shoirlar ishtirokida kitob bayrami va yarmarkalarini tashkil etish, aholi o‘rtasida badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targ‘ib qilish, kitobxonlar, bosma va elektron kitob ishlab chiqaruvchilar, kitob sotuvchilar hamda kitobxonachi va targ‘ibotchilar orasida turli tanlovlar o‘tkazish masalasidir.

Darhaqiqat, bu o‘ta zarur masala. O‘z shaxsiy kuzatuvlarim natijasida shuni aytishim mukinki, bugungi kunda oilaviy kutubxonasi bor yuzlab, minglab vatandoshlarimiz mavjud. Ularning kutubxonalarida shunday noyob, nodir kitoblar borki, ular juda kamyob va yagona nushada. Biz,”Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovini o‘tkazish orqali o‘sha nodir asarlar nafaqat mazkur oilaning, shuningdek, butun jamiyatning ma’naviy mulkiga aylanishini, ulardan qo‘ni-qo‘shnilar, soha mutaxassislari samarali foydalanishlarini istardik. Oilaviy kutubxona faqatgina uyning bezagi, uy egasining “ziyoliligi”ni bildiruvchi belgi bo‘lishini istamas edik. Shu ma’noda, oilaviy kutubxona tanlovida u yoki bu kitobning chiroyliligi, sahifalarning buklanmaganligiga emas, aksincha, uning qay darajada ko‘p o‘qilganligini anglatuvchi ko‘rsatkichlariga e’tibor berish lozimligini ko‘rgimiz keladi.

Endi bugungi kitoblar, ayniqsa badiiy asarlar hususida ayrim fikrlarni bayon etsak: ma’lumki, kitob umuman, badiiy asar kishilarning dunyoqarashi, ijtimoiy-siyosiy salohiyatini ma’naviy barkamolligini ta’minlashi lozim. Bunday asarlar, darhaqiqat, yaratilmoqda, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ularni o‘qishdan charchamayapti. Ammo, buguni asarlarning barchasiga ham shunday baho qo‘yish mumkin emas. Ayrim asarlar yaxshi niyatda yaratilayotgan bo‘lsada, ammo ular “teskari samara” bermoqda. Turli salbiy ko‘rinishlar, zo‘ravonlik, ur-yiqit, odamlarda “olomon fikrlash” darajasini ko‘tarishga urinish, fahsh, illatlarni targ‘ib etish kabi holatlar ba’zi asarlarda avj olayotganing guvohi bo‘lmoqdamiz.

Mutafakkir-allomalarimiz johillikning birinchi belgisi-go‘zallikni ko‘rmaslikdir, deydilar. Haqiqatdan ham shunday. Atrofimizda shuncha yangiliklar, yangilanishlar, islohatlar sodir bo‘lmoqda, odamlarimiz tafakkur tarzi o‘zgarmoqda. Ana shu ijobiy holatlarni badiiy jihatdan pishiq asarlar orqali xalqimizga, ayniqsa yoshlarimizga yetkazish juda to‘g‘ri bo‘lar edi.

Madaniyat, san’at, ayniqsa badiiy adabiyotda zamonamiz qahramonini topish, uning obrazini yaratish, nazarimizda, o‘ta dolzarb masalalardan biridir. Prezident farmoyishida ko‘rsatilgan eng muhim masalalardan biri ham shunda. Ayrimlar zamonamiz qahramonini “ko‘rmaydilar”. Ammo, shu narsani alohida ta’kidlash lozimki, bunday qahramonlar biz bilan birga, oramizda, ular har kuni jasorat ko‘rsatmoqdalar. Ayb – biz ularni ko‘rmaganligimizda. Angren-Pop temir yo‘lida Farhodning jasoratini takrorlagan, chegarani mustahkamlashda mardlik ko‘rsatgan, yangi texnologiyalar asosida fermerlik harakatining unumdorligini oshirayotgan, turli jahon arenalarida mamlakat bayrog‘ini baland ko‘tarayotganlar-bular zamonamiz qahramonlari emasmi?

Xalqimiz aynan ana shunday kitoblarni kutmoqda. Ayrim vatandoshlarimiz “hozirgi yoshlarga jiddiy badiiy asarlarni tavsiya etgan bilan, ular bunday kitoblarni o‘qimaydilar, chunki zamon o‘zgardi”, deyishmoqda. To‘g‘ri, zamon o‘zgardi. Ammo bizning o‘zbekligimiz o‘zgargani yo‘q. Shunday paytda, yoshlarimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, ular ma’naviy ehtiyojini shakillantirish uchun nimanidir tavsiya etishni ba’zan unutayotganga o‘xshaymiz. Yoshlar ma’naviy ehtiyojini shakillantirish uchun ularga ma’noli asarlar tavsiya etishimiz lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev o‘z farmoyishida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish lozimligiga alohida urg‘u bergan. Ho‘sh, kitobxonlik madaniyati deganda nimani tushunamiz? Bular, fikrimizga quyidagilardan iborat: o‘zining kasbiy-mutaxassislik hamda badiiy-ma’naviy barkamolligini oshirish uchun kitobni tanlay olish va o‘zi uchun zarurini o‘qish; kitob ustida ishlash malakasini obdon o‘rganib olish va unga chuqur amal qila bilish; kitobni mustaqil o‘qiy bilish; o‘qigan kitobning asosiy mazmunini talqin qila bilish, uning fusunkor olamiga kira bilish; o‘qiganlaridan hayotiy xulosalar chiqarish; kitobning kerakli, zarur joylarini yon daftarchaga ko‘chirib olish, notanish bo‘lgan so‘zlarni esda saqlab qolishga intilish; muntazam ravishda o‘qish ko‘nikmasiga ega bo‘lish; kitob bilan muomalada eng qadrdon do‘stingga munosabatda bo‘lganday e’tibor bilan qarash; kitobni yaroqsiz holiga keltirmaslik uchun undan to‘g‘ri foydalana bilish; kitobni shoshilmasdan, o‘ylab, diqqat-eʼtibor bilan o‘qish malakasiga ega bo‘lish, kutubxona kartotekalari bilan ishlay bilishni o‘rganish; o‘qigan kitobni do‘stlar bilan o‘rtoqlashish, yaxshi kitobni ularga tavsiya qilib, uni boshqalar ham o‘qib chiqishiga erishish; har bir yaxshi kitobni ilm qal’asining kaliti deb bilib, uning boqiy umrini ta’minlash.

Nazarimizda, mazkur farmoyish O‘zbekiston ijtimoiy-madaniy muhitini yanada barqarorlashtirishga, yoshlarimizda kitobxonlik darajasini oshirishga, pirovard natijada xalqimiz turmush tarzini yanada farovon qilishga xizmat qiladi. Shu o‘rinda yoshlarimizning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida ularning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish davrida “O‘zbek tili va adabiyoti” fanidan insho yozish bo‘yicha qo‘shimcha sinovni tashkil etish maqsadga muvofiq deb bilamiz. Gap shundaki, har yili kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni 550-600 ming atrofidagi yigit-qizlar bitirib, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga harakat qilishadi. Yozilishi tavsiya etilayotgan insho esa ularning badiiy asar o‘qishga bo‘lgan mas’uliyatini, so‘zsiz oshiradi.

Ayni paytda, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish uchun farmoyishda belgilangan sotsiologik so‘rovnomani o‘ta mas’uliyat bilan tashkil etish lozim. Bunday so‘rovnoma bir tomondan, yoshlarning kitobxonlik madaniyati darajasini aniqlasa, boshqa tomondan, jamiyat talab etayotgan muammolarni aniqlash, mavzular tanlashga imkon beradi. shuningdek, mutaxassislar, soha xodimlari “Yoshlarga tavsiya etilayotgan 100 ta asar” ro‘yxatini tuzish, unda milliy va jahon adabiyotining nodir durdona asarlarini o‘qishni tavsiya etish ham muayyan ahamiyatga ega bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Kitob o‘qish barchamizning ma’naviy olamimizni boyitadi, so‘zlashuv madaniyatimizni oshiradi. Ayrim hollarda muqaddas o‘zbek tilimizdagi ayrim vatandoshlarimiz “xizmati” tufayli dag‘allashib, kambag‘allashib borayotganligining oldini olish uchun ham kitob o‘qish lozim. Vaholanki, bizning o‘zbek tilimiz dunyodagi eng boy tillar qatoriga kiradi. A.S.Pushkin butun ijodi davomida jami 21197 ta so‘z qo‘llagan bo‘lsa, Shekspir asarlari tilida jami 20 mingdan ortiq so‘z qo‘llanilgan. Ispan olimlari Servantesning ijodida 18 ming so‘z qo‘llanilgani haqida ma’lumot berganlar. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy asarlarida qo‘llanilgan so‘zlar soni esa 26000dan ortiq ekan. (Qodirov P. Til va el.-Toshkent, 2010-127 bet)
Ana shuncha milliy boyligimizni avaylab-asrash uchun ham kitob o‘qish lozim. Darhaqiqat, kitobxonlik madaniyatini oshirish davr talabi.

Tarix fanlari doktori
Professor Abduhalil Mavrulov

Oilada bolalarda kitobxonlikni shakllantirish omillari

Таджибаева, Феруза. Oilada bolalarda kitobxonlikni shakllantirish omillari / Феруза Таджибаева, Шахноза Камолова. — Текст : непосредственный // Молодой ученый. — 2020. — № 27 (317). — С. 384-386. — URL: https://moluch.ru/archive/317/72350/ (дата обращения: 09.03.2023).

Mazkur maqolada bolalarni kitobga qiziqtirish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va bu borada ota-onalarning o`rni haqidagi fikrlar yoritilgan.

Kalit so ` zlar : kitobga qiziqish, kitobxonlik madaniyati, ma’naviy barkamollik, ilmli, ziyoli yoshlar, oilaviy muhit, oilaviy qadriyatlar, ma’naviy daraja

В данной статье освещаются вопросы интереса детей к книгам, формирование культуры чтения и роль родителей в этом отношении.

Ключевые слова : интерес к книге, культура чтения, духовная гармония, наука, образованная молодёжь, семейная среда, семейные ценности, духовный уровень.

In this article, duscusses about how to inspire children to read, how to from reading culture and the views of parents on this

Keywords : interest in book, reading culture, spiritual perfectness, educated youth, famiy value, spiritual degree

Har ko’ngilning orzusi shul erur obi hayot,

Qadrini bilgan kishiga shubxasiz jondir kitob.

Jamiyat, millatning rivojlanishi, taraqqiy etish tarixiga nazar tashlaydigan bo`lsak, bilimli, ma’naviyatli va ma’rifatli yoshlarining jamiyat yuksalishida o’rni beqiyos. Bunday yoshlarni barkamol etib tarbiyalovchi asosiy omillardan biri-mutolaa qilish vositasi kitob hisoblangan.

Bizni yerdan ko’kka ko’taradigan, barkamollik sari yetaklaydigan, insonlar qalbiga yorug’lik va iliqlik kiritadigan, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlik, vayronkorlik bilan bunyodkorlikning farqini ongli ravishda anglatishga yordam beradigan, insoniyat tomonidan yaratilgan eng noyob kashfiyot ham bu-kitobdir. Kitob insonni ulug’laydi, Vatanni sevish, insonparvarlik, o’zi yashab turgan hayotga shukronalik hissi bilan qarash, boshqalarga mehr-muruvvatli va xushmuomala bo’lish, atrofdagi insonlarga yaxshilik ulashish kabi insoniy fazilatlarni tarbiyalaydi. Kitobning inson hayotidagi ahamiyati beqiyos bo’lib, u inson umr yo’llarini yorituvchi so’nmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, har qanday vaziyatda ham hamroh bo’lguvchi sodiq do’stdir. Shu jihatlarni hisobga olgan holda, bugungi kunda yoshlar va aholi o’rtasida kitobga bo’lgan qiziqish va kitobxonlik darajasini oshirish hamda kitobxonlikni keng targ’ib qilish bo’yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kitobxonlik amalda keng joriy etish jarayonida birinchi navbatda mavjud kutubxonalarni rekonstruksiya qilish, ularning moddiy-texnik bazasini yangilash, kerakli ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash, kutubxonalar faoliyatida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishimiz va undan samarali foydalanishimiz mumkin. Bu ishlarni amalga oshirilishi uchun zarur chora-tadbirlar belgilab berilgan va ularning ijrosi muntazam nazorat qilib borilmoqda. Buning yorqin dalili sifatida yurtimizni rivojlantirishdagi 5 ta muhim tashabbusga “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o’rtasida kitobxonlikni keng targ’ib qilish bo’yicha tizimli ishlarni tashkil etish”ni yo’nalish sifatida belgilab berilganligi fikrimizga yorqin misol bo`ladi.

Buyuk bobokalonlarimiz ham bola tarbiyasida kitobning o`rni henihoya katta ekanligini, uni tafakkurning tolmas qanoti sifatida inson ma`naviy olamini boyitishi, yuksak ijodiy va yaratuvchalik vositasi sifatida nihoyatda qadrlash hamda undan samarali foydalanish zarurligini ta`kidlan o`tganlar. Mutaxassislar bola hayotining ilk yosh davrini “mo`jizalar davri” deya nomlaganlar [3,165-bet]. Bu davrda bolalarga kitob o`qishga tayyorlanadi. Bunda avval nutq malakalarini, eshitish va so`zlashishni mukammal o`rganib olishlari lozim.

Bolalarni kitobga bo’lgan qiziqishlarini shakllantirish jarayonini biz albatta oiladan boshlasak juda ijobiy natija berishi va undan keyin maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oila bilan hamkorlikda davom ettirsak kutilgan natijaning yanada samarali bo’lishi mumkin. Oilada tarbiyaning barcha mezonlari shakllantirilganidek, kitobxonlik madaniyati ham sh maskandan boshlansa yaxshi samara beradi. Chunki, “Qush uyasida ko’rganini qiladi”, degan behudaga aytilmagan.Muqaddas maskanda ota-ona bolalarni kitobga bo`lgan qiziqishlarini orttirishda o`zlari namuna bo`lishlari va o`zlari kitob mutoola qilishlari yaxshi samara beradi.

Oilada ota-ona kitobga mehr qo’ygan bo’lsa bunday oilada tarbiyalanayotgan farzand ham kitobga oshno bo’ladi, bunday bolalarning dunyoqarashi, fikrlash doirasi keng bo’ladi, xushmuomala, mehribon, boshqalarga iloji boricha yaxshilik qilishga urinadigan, har bir aytayotgan so’zi, qilayotgan ishini o’ylab bajaradigan, bir so’z bilan aytganda, o’zida barkamol shaxs xislatlarini namoyon qilishga harakat qiladigan ziyoli farzand bo’lib voyaga yetadi.

Oila muhitida kitobxonlikning tizimli ravishda olib borilishi kutilayotgan natijaning samarasini yanada oshiradi. Bolalarga yoshlikdan o’zbek xalq ertaklaridan so’zlab berish bolalarda mehnatsevarlik, samimiylik, mehmondo’stlik kabi insoniy fazilatlarni hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmat va ehtirom kabi tushunchalarni tarbiyalaydi. Bundan tashqari, buyuk allomalarimiz Alisher Navoiy, Forobiy, Abdulla Avloniy, Niyoziy, Yusuf Xos Xojib, Jaloliddin Rumiy kabi mutafakkirlarimiz bilan tanishtiramiz va ularning tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lgan fikrlar esa bola tarbiyasida asosiy manba bo’lib xizmat qiladi [2,27-bet].

Respublikamiz Prezidenti ham yosh avlod ta’lim-tarbiyasida kitobning o’rni va ahamiyati beqiyos ekanini alohida ta’kidlab,“Ayni vaqtda axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o’zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o’qishga bo’lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do’st bo’lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim bo’ladi”, aytgan fikrlari fikrimizning dalilidir [1,27-bet].

Yuqoridagi bayon etilgan fikrlarga tayangan holda quyidagilarni ota-onalarga tavsiya etishimiz mumkin:

− Bolani kitobga qiziqtirish uchun o`zingiz namuna bo`ling;

− O`qigan kitobingizdan namunalar o`qib bering yoki hikoya qilib bering;

− So`zlab berish uchun bolani yoshiga mos fikrlarni tanlab oling;

− Oilaviy kutubxonani shakllantiring, bunda bola uchun alohida bo`lim tashkil eting;

− Bolani yosh xususiyatlariga mos kitoblar tanlang va sotib oling;

− Farzandingizga tovush chiqarib, sanoq she`rlarni, tez-tez takrorlanuvchi satrlardan iborat bolalar she`rlarini, rasmli kitobchalarni, turli hikoya va ertaklarni muntazam o`qib bering;

− Kichkintoylar uchun mo`ljallangan kutubxona va kitob do`koniga vaqti-vaqti bilan olib boring;

− Talagan kitoblaringiz pedagogik-psixologik talablarga javob bersin.

Xulosa qilib aytganda, barcha ezgu ishlarning, bunyodkor g’oyalarning asosi bu kitobdir. Bizga ilm nurlarini sochadigan ham kitobdir. Shuning uchun ham biz bugungi kunda kitobga bo`lgan qiziqishni oiladan boshlasak va bu uchun ularni yoshiga mos kutubxonalarni shakllantirsak nur ustiga a`lo nur bo`ladi.Bolada o`qish malakalarni shakllantirish negizida og`zaki nutq rivojlanish va kitobga muhabbatni oshirish lozim. Biz buyuk ishlarga qodir yoshlarimizni hayot yo’llarida hamroh va maslahatgo’y, bir umrlik sodiq do’st –kitobga tayanishni oiladan boshlasak, kelajagi buyuk yurtimiz uchun munosib bunyodkor yoshlarni tarbiyalab voyaga etkazishda o’z hissamizni qo’shgan bo`lardik.

  1. O`zbekiston respublikasi prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus-T.: 2019 yil, 19-mart.
  2. G`oziyev E.G`.Ontogenez psixologiyasi,T.: 2010 yil.

Ключевые слова

oilaviy muhit, kitobga qiziqish, kitobxonlik madaniyati, ma’naviy barkamollik, ilmli, ziyoli yoshlar, oilaviy qadriyatlar, ma’naviy daraja

kitobga qiziqish, kitobxonlik madaniyati, ma’naviy barkamollik, ilmli, ziyoli yoshlar, oilaviy muhit, oilaviy qadriyatlar, ma’naviy daraja

  • Как издать спецвыпуск?
  • Правила оформления статей
  • Оплата и скидки

Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo’lida

Kitob, avvalo, hayotiy maktab, ma’naviyat manbai. U kitobxonni hayot bilan tanishtiradi, unda hayotni sevish, yashash mohiyatini anglash hislarini tarbiyalaydi. Atrof-muhitga, tabiatga ijobiy munosabatini shakllantiradi, inson xarakterining murakkabliklarini tushuntiradi, ruhiy qiyofaning rangin qirralarini kashf qilish qobiliyatini, ona Vatanga, xalqiga sadoqatli bo‘lish tuyg‘usini o‘stiradi. Badiiy adabiyot o‘qish orqali kitobxonning badiiy idroki, mustaqil fikrlash qobiliyati, mutolaa madaniyati, Vatan taqdiri uchun javobgarlik tuyg‘usi tarbiyalanadi.

Badiiy asar qaysi tur va janrga mansubligidan qat’i nazar, uning mohiyatida inson shaxsini kamol toptirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini o‘stirish, odamiylik sifatlarini tarbiyalashga yo‘naltirilgan bir qator didaktik xususiyatlar, estetik tamoyillar mujassamlashgan bo‘ladi. “Badiiy asarning eng muhim xususiyati shundaki, u inson qalbini mayinlashtiradi, tuyg‘ularini o‘tkirlashtiradi, ma’naviy-ruhiy barkamollikni tarbiyalaydi”.[1]

Badiiy adabiyot insoniyat hayotini charog‘on yetishi, inson umriga nurafshonlik baxsh yetib, ma’naviy olamini shakllantirishi va yuksaltirishi, porloq kelajak uchun munosib to‘g‘ri yo‘lni tanlashga yordam berishi, kitobning insoniyat tomonidan yaratilgan yeng buyuk kashfiyot ekanligi bois har qanday davr va zamonda kitob o‘qish, kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish dolzarb ahamiyat kasb yetib kelgan. Ayniqsa, bugungi kunda davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan mazkur masalalarga davlat siyosati darajasida qaralib, samarali ishlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, avvalo, xalqning ijtimoiy turmushini yaxshilashga, ma’naviy-ma’rifiy tafakkurini yuksaltirishga, barchaga birdek go‘zal va farovon hayotiy muhit yaratishga erishishga qaratildi. Jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani hamda xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga jiddiy ahamiyat berildi.

Bu yurtimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning quyidagi fikrlarida ham yaqqol aks etgan: “Ayni paytda, axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berishimiz muhim ahamiyat kasb yetadi”.

Prezidentning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi F-4789-sonli Farmoyishi bu borada keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishga zamin yaratdi. 2017 yil 13 sentyabrda “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risidagi” PQ-3271-sonli qarorning qabul qilinishi va uning doirasida belgilangan vazifalar ham yurtimizda kitob mahsulotlarini chop etish, aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida katta o‘zgarishlarga zamin yaratdi. Shu munosabat bilan kitob chop etish va tarqatish, kitob xarid qilish sohasidagi jiddiy kamchilik va muammolarga yechim topildi, kitobxon jamiyatni tarkib toptirishga, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotga ildam qadam tashlandi.

Mazkur farmoyish va qaror ijrosini ta’minlash maqsadida barcha davlat va nodavlat tashkilotlari hamda ularning bo‘limlarida qarorda belgilangan vazifalarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi asosida rejali va maqsadli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, mamlakat bo‘ylab “Yosh kitobxon”, “Eng faol kitobxon guruh”, “Eng kitobxon oila” tanlovlarining tashkil qilinishi va g‘olib kitobxonlar turli darajadagi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishi; yirik nashriyotlar tomonidan o‘zbek xalqi va jahon adabiyotining durdona asarlari qayta tahrirlanib, yanada sifatli nashr etilishi, ijtimoiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj fuqaro va oilalarga badiiy-estetik salmoqdor kitoblar, badiiy adabiyotlarning tuhfa qilinishi ushbu qonunlarda belgilangan vazifalar ijrosi bo‘lishi bilan bir qatorda aholi, xususan, yosh avlodning mutolaa madaniyatini kamol toptirishga, ma’naviy-ma’rifiy tafakkurini yuksaltirishga keng imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik hissini yuksaltirish, joylarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan bir qator tadbirlar tashkil qilinib, bu tadbirlar davomida turli ko‘rinishdagi kitob ko‘rgazmalari uyushtirilib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan chop etilgan bir qancha kitoblarning tadbir ishtirokchilari, keng o‘quvchilar ommasiga bepul va beg‘araz sovg‘a sifatida taqdim qilinishi ham bu boradagi samarali faoliyatlardan biridir..

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan keng aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida Telegram mobil messenjerida “Ma’naviyat kutubxonasi” kanalining ochilishi va ushbu sahifa orqali foydalanuvchilar uchun elektron kitoblar va audiokitoblarni bepul yuklab olish imkoni yaratib berilganligi mutolaa madaniyatini takomillashtirish yo‘lida olib borilayotgan jadal islohotlarning xos ko‘rinishidir

Xullas, yurtimizda so‘nggi yillarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida jiddiy o‘zgarish va intilishlar yuzaga kelib, jamiyat ma’naviy hayotining yangilanishi va yaxshilanishiga imkon yaratib bermoqda. Bu boradagi har bir faoliyat hamisha dolzarb va davomli bo‘lib qoladi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi