Press "Enter" to skip to content

Одирий Абдулла. Меҳробдан чаён

Turkiston feodallarinmg keyingi vakili bo‘lg‘an Xudoyorning o‘z xohishi yo’lida dehqon ommasi va mayda hunarmand — kosib sinfini qurbon qilishi, mamlakat xotin-qizlarini istagancha tasarruf etishi, bunga qarshi kelguchilar tilasa kim bo’lmasin, rahmsiz jazo berishi ro’monning mavzui’dir. Xudoyorning bu yo’ldag’i birinchi istinodgohi bo‘lg‘an ulamolar, ularning ichki-tashqi ahvoli, axloqi, madrasa va oila hayoti, ulamoda insoniy his bitkanligi va qolg’ani ham xabosat pardasi ostida sezilmas darajaga yetkaniini mundarija sig’dirg’an qadar bayon qilinadir. Bular ro’monning nomarg’ub — manfiy qahramonlari. Ikkinchi tarafda mazkur qora kuchlarga qarshi turgan sinf — kambag’allar, ularning xonliq tuzilishiga, qora kuch — ulamo alayhiga chiqishi. Mehnatkash kambag‘allarning axloqi, sajiyasi, oilasi, turmishi va bir-biriga aloqasi, samimiyati.
Albatta, men bu so’ngg‘i marg4xb qahramonlami o’zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar o‘z holicha olishqa tirishdim. TJlaming ion va ulamoga qarshi isyo-ni tabi’iy — shar’iydir. Chunki shundan ortig‘i soxta bo‘lishi ustiga kitobning qadrini ham tushurar edi. Shu ikki sinf kurashini tasvir qilish vositasida xon harami, xotinlari, qirq qizlar, tarixiy va etno4g‘rafiy Lavhalar, o’zbek hayoti, qiziqchilig‘i, tanqidchilig’i, o’zbek xotin-qizlari orasidag‘i iste’dod, shoirlar, azkiyachilik va boshqa yana ko‘b nuqtalarni qamrab olindi.
Ro‘monda yana bundan boshqa bir ko‘b jihatlar bor. Ulami bu yerda sanab o‘lturish hojat emas, ular muhtaram, o‘qug‘uchinmg nazaridan qochib qutilmas.

Mehrobdan chayon (I- qism) [Abdulla Qodiriy]

— Agar Farhodning Shirin, boʻlsa Majnunlarning Laylosi Nasib oʻlmish menga gulshan aro gullarning — Ra’nosi.Mirzo
Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin Ne baxt Ra’no xaridoring talab ahlining — Mirzosi.Ra’no
Ra’noning Egasi
Solih maxdum bu kun odatdan tashqari yeshilib ketdi, masjiddan chiqib toʻgʻri qassobning oldigʻa bordi, bir tangalik goʻsht, sakkiz pullik piyoz olib havlisiga keldi. Maktabda husnixat mashq qilib oʻlturgʻuchi bolalar ichidan ikkitasini gulzorni supurib, suv sepishka buyurdi va oʻzi goʻshtni koʻtarib ichkariga kirdi.
Nigor oyim hozirgʻina qizlarni ozod qoʻyub, koʻkrak bolasini bagʻrigʻa olgʻan edi. Ra’no havli yuzida ikkita ukasining oʻrtasigʻa tushib, ularning loy oʻyunigʻa ishtirok etar, yer supurib yotqan soch oʻrumlarining tuproqqa belashkanidan xabarsiz edi.
Goʻsht koʻtarib yoʻlakdan kirgan Solih maxdumning koʻzi Ra’noning shu holiga tushdi:
— Balli Ra’no, ana jinnilik! — dedi maxdum, — atlas koʻylak senga hayf, senga boʻzdan boshqasi albatta hayf!
Ra’no oʻrnidan turdi, dadasidan uyalib loyliq qoʻllarini orqasigʻa yashirdi.
— Uyat emasmi, yuv oq’lingni, yuv! Ukalaringni bola desam, sen ulardan ham oshib tushasan!
Ra’no yugurib ariqqa ketdi, Nigor oyim oʻlturgan joyidan «Ra’noning aqli tushsin» deb kulib qoʻydi. Solih maxdum hanuz Ra’nodan koyib kelar edi:
— Ishing boʻlmasa kitob oʻqi, hustixat ol, sen kulolning qizi emassanki…
Solih maxdum goʻshtni Nigor oyimning yonigʻa qoʻyub oʻzi zina bilan ayvonga chiqdi.
Maxdum tomonidan Ra’noning tergalishi Nigor oyimni uncha mashgʻul etmadi. Ammo hozir uning koʻngliga kelgan masala erining chiqim vajiga favqulodda yeshilib ketishi edi. Toʻgʻri, Nigor oyimning oshxonasigʻa shuningdek bir necha choraklab goʻshtlar koʻb kelar edi, faqat eti tomonidan emas. Solih maxdumning joʻmardligʻi koʻpincha yigirma paysa[2] etdan narigʻa oshmas, shunda ham bolalardan moʻmayroq «ozodliq» kelib qolsa yoki «panjshanbalik» kutkandan ortigʻroq tushsa.
Shuning uchun Nigor oyim bu joʻmardliq haqini eriga beralmadi:
— Goʻshni koʻbroq olibsizmi… Anvar buyurgʻanmidi? — deb soʻradi.
— Yoʻq, — dedi maxdum sallasini qoziqqa ila-ila, — bir manti qilayliq, — dedim, — manti yeganimizga koʻb boʻldi, vallohi a’lam…
Ra’no yuvinib keldi, dadasiga uyat aralash bir qarab oldida, Nigor oyimning yonigʻa oʻlturdi va onasining bagʻrida emib yotqan chaqaloqning kichkina mimit qoʻllarini suyub oʻpdi.
Solih maxdum yeshinib kelib ona-bolaning ustida toʻxtadi.
— Sen mundane keyin kichkina boʻlmaysan qizim, Ra’no, — dedi maxdum nasihatomuz, — shu ukalaring bilan qilib oʻlturgan ishingni kishi koʻrsa nima deydi. Inshoolloh uy egasi boʻlishgʻa yaqinlashib qolding. Endi tosh-tarozuni ham shunga qarab qoʻyishing kerak, qizim.
Ra’no qizarinib onasigʻa qaradi, yana mimit qoʻlni oʻpishka mashgʻul boʻldi.
— Ra’noni egasiga topshirmagʻuningizcha, — dedi Nigor oyim, — quyulmaydirgʻangʻa oʻxshaydir.
Bu soʻzdan Ra’no uyalib, boshini chaqaloqning bagʻrigʻa tiqib oldi. Solih maxdum kulimsigan koʻyi dahlizga yurub bordi va oyogʻini kafshiga uzatdi.
— Tur, yotma Ra’no! – dedi dahlizdan, — goʻshtni onanggʻa toʻgʻrab ber, piyozni art! Anvar akang ham kelib qolar, taom asrga tayyor boʻlsin!
Ra’no dadasini uzogʻlatib, boshini koʻtardi, onasigʻa oʻpka aralash kulib qaradi. Uning bu qarashidan onasining boyagʻi soʻziga qarshi rizosizliq onglashilmas, balki shodliq ma’nolari oʻqulur edi. Darhaqiqat, eru xotin oralarida oʻtkan ikki kalima soʻz shu oila gulshanida oʻskan Ra’noning istiqbolini ochiq belgilar edi. Nigor oyim «Ra’noni egasiga topshirmagʻuningizcha…» deb garchi bir muncha qoʻpolroq ta’bir bilan boʻlsa ham «Ra’noning egasi» borligʻini soʻzlar, Ra’no esa «egasi»ning kim ekanligini yaxshi bilgani va uni qanot qoqib qarshi olgʻani uchun jodu koʻzida rizosizliq emas surur ma’nolari oʻynatar edi.
Dadasining – «Anvar akan ham kelib qolar, taoming asrga tayyor boʻlsin!» jumlasi Ra’noga yana ochiq, yana ravshan ta’minot berar edi…

Amir Umarxonning Kanizi
Solih maxdum 1230-1290-nchi hijriy yillarda «Hoʻqandi firdavsmonand»da yashagʻan bir muallim va imom, oʻz zamonasining istilosi bilan aytkanda «maktabdor domla»dir. Solih maxdum sinfi jihatdan ulamo oilasiga mansub boʻlib, bobosi Olimxon va Umarxon davrlarida muftilik, qoziliq mansablarida xizmat qilgʻan, otasi ersa Qoʻqonning Madali (Muhammadali) xon madrasasida necha yillar mudarris boʻlgandir. Qisqasi maxdumning ota-bobolari xonlar qoshida mumtoz va xalq nazarida «sharaflik va muhtaram» mavqi’ni ushlab kelganlar. Biroq bu mumtoz silsila bizning maxdumgacha yetib kelalmay, Mamadalixonning qatli bilan birga kesilgan, buning mojarosi ersa quyidagʻichadir:
Turkiston xonligʻi tarixidan xabardor kishilarga ma’lumdirkim, Amir Umarxon oxir umrida oʻz saroyidagi yosh kanizlardan biriga muhabbat qoʻyadir. Kaniz yosh boʻlgʻanligʻi va balogʻatka yetmaganligi uchun uni nikohiga ololmay vaqt kutadir. Shu kutib yurish yillarida Umarxon murodiga yetalmay vafot qiladir, boyagʻi kaniz qiz balogʻatka erishadir va bir husniga oʻn husn qoʻshulib otaning bolasi boʻlgʻan Madalixonni ham oʻziga oshiq qiladir. Oʻz saroyida oʻskan bu qizni yosh xon hamisha koʻz oʻngida yuritsa ham biroq… tarixning bizga xabar berishiga qaragʻanda Madalixon shu qizning dardida necha yillar yonadir. Chunki ulamolar bu goʻzalni Madaliga ona maqomida hisoblab, nima uchundir xonning orzusigʻa koʻndalang keladilar:
«Otangiz, agarchandi kanizni oʻz nikohlariga olmagʻan boʻlsalar ham va lekin balogʻatka erishkach olarmad deb niyat qilgʻanlar. Binobarin bu kaniz sizga ona maqomida, shari’at ruxsat bermaydir!» deydirlar.
Madalixon bu fatvodan keyin dardini ichiga yutishgʻa majbur boʻlib, ammo ikkinchi tarafdan oʻzining orzusigʻa qarshi borgʻan ulamoni sekin-sekin «ilmiy» ishlardan olib ular oʻrnigʻa yangilarini qoʻya boshlaydir. Oʻz orzusigʻa zamin hozirlagʻach, bir necha yilni oʻtkazib, yana ulamogʻa shu toʻgʻrida fatvo soʻrab murojaat qiladir. Tabi’iy, yaqindagʻina ogʻzi oshqa yetkan yangi ulamolar oʻz valiyi ne’matlari boʻlgʻan Madalixongʻa xiyonat qilmaydirlar-da:
«Ba nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir[3]. Otangiz marhum – nikohlanaman deb aytkan boʻlsalar ham nikohlandim, deb aytmaganlar. Bas, amiralmoʻminin mazkurani xud nafslari[4] aqdi shar’iy[5] qilsalar joiz va durustdir. Vallohi a’lam bissavob» deb fatvonomani «binni mufti marhum», «binni mudarris marhum, «binni Hoʻqandiy marhum» – muhri bahaybatlari bilan qalashdirib beradirlar va Madalixon toʻy va tomoshalar bilan murod-maqsadigʻa yetadir…
Kimlarning vositasi bilandir mazkura goʻzal kanizning ta’rifi Buxoro amiri – amir Bahodir – (Botur) xongʻa yetib ul ham ilgaridan haligi kanizga gʻoyibona oshiq boʻlgʻan edi. Ammo qaysi yoʻl bilan boʻlsa ham kanizni koʻlgʻa kirgizish fikrida bosh ogʻritib, nos chakib yurgan Bahodirxon qulogʻigʻa bu xabari jonsoʻz yetib dumogʻidan dud chiqadir va darhol Buxoroning zabardast ulamo, mufti, a’lam, hokazo va alo-hozalqiyos peshvolarini oʻz huzuriga chorlab, dargʻazab voqi’ani soʻzlaydir va ulardan darhol bir «fatvoyi bahaybat»ni talab qilgʻanida ulamoyi kirom ham daron botahorat-betahorat, masalani eshitar-eshitmas fatvo yozadilarkim:
«Bir jamoa moʻminlarga amir boʻlgʻan zotning vazifasi shar’iysi shuldurkim, islomda ustivor turgʻay, ahkomi islomni kamokon[6] ijro qilgʻay. Har bir amirikim arkoni islomdan zarracha yuz oʻgursa ul kimarsa jamoai islom ustiga amir emas sharirdir[7]. Nauzanbillahkim Fargʻona va Turkiston mamlakatining alhol[8] amiri boʻlgʻan Muhammadalixon volidining mankuhasi[9], ya’ni volidai ayni va rizoʻisini[10] oʻz aqdigʻa olibdir, nauzanbillahi, nauzanbillahi. Oyat va ahodisi sharifa va ba chahori mazhab va ba nazdi mujtahidini kirom va ulamoi zul-ehtirom muttafaqun alayhi kofirdir. Kazolika[11] oʻshandogʻ murtadning qatli avvalo digar islom amirlariga va ba’d az barcha moʻminlarga farzi ayndir!»
Darvoqi’ «xolisona» bu fatvoga amir Bahodirxon «betarafona» qiymat berib, «din yoʻlida xolis bir jihodi akbar» deb jami’i qoʻshunlari bilan Fargʻona ustiga yurish qiladir. Amiri Bahodirning bu «xolisona» jihodi Turkiston xonligʻi tomonidan qanday muqovamatlarga[12] uchradi va ikki tarafdan qancha boshlar kesildi, albatta bu toʻgʻrida bizning ishimiz yoʻqdir. Faqat bu mojarodan bizga keraklik nuqta shundakim, natijada Madalixon shikast topdi, ham amiri Bahodirxon tomonidan qatl qilindi. Madalixongʻa fatvo yozib bergan Qoʻqon ulamolaridan bir nechalari had uruldilar[13] va bir nechalari qochib qutuldilar. Amiri Bahodirxon boʻlsa Fargʻona hukumatiga oʻz kishisini qoʻydi, fathu nusrat bilan kanizni olib Buxorogʻa qaytdi.
Maqsadgʻa kelsak Madalixongʻa fatvo yozib berishda ishtirok qilgʻan va Bahodir tomonidan hac urulgʻan ulamolarning biri shu bizning Solih maxdumning otasi edi. Had urulgʻandan soʻng koʻb yasholmadi, oʻldi va shuning bilan bu oilaning burungʻi imtiyoz va sharafi ham bitdi. Chunki mundan soʻng Turkiston taxtiga oʻlturgan xonlarning hammalari deyarlik Buxoro amirining himoyasida kabi edilar. Va Madalixonning fatvosiga ishtirok qilgʻan ulamolar hamisha e’tiborsiz, mardud boʻlib[14] qoldilar.

Maxdumning Uylanishi Va Maktabdorligʻi
Solih maxdum otasining vafotida yigirma yoshliq talaba edi. Otasi marhum boʻlgʻandan soʻng oʻzidan bir necha yosh kattaroq ogʻasi Margʻilongʻa imom boʻlib oilasi bilan koʻchib ketdi. Solih maxdum onasi va oʻn olti yoshliq Na’ima ismlik singlisi bilan Qoʻqonda qoʻldi. Birar joydan kelim boʻlmagʻanliqdan bu oila koʻb tanglikka tushib oxirda Solih maxdum tahsilni tark etishka, qorin toʻydirarliq bir kasb izlashka majbur boʻldi.
Albatta Solih maxdum ogʻirroq kasbni uxda qilolmas, imoratka boʻlsa soqoli chiqmagʻanliqdan yarolmas edi. Koʻb ozor chekib nihoyat qorindosh-urugʻ va mahalla kishilarining kengashlari bilan oʻz uyiga maktab ochdi, mahalladan besh-oʻnta bola yigʻdi va yeng shimarib maktabdorliqqa boshladi.
Bir necha yil maktab rivojga minmadi, ya’ni bolalar oʻn besh-yigirmatadan narigʻa oʻtmay, «panjshanbalik» arang it azobi roʻzgʻorgʻa yetib turar edi. Maxdum va oilasining shundan boshqa daromad manba’lari boʻlmagʻani uchun har holda, yana shunga qanoat qilmoqqa majbur edilar.
Oʻgʻul yigirmaga, qiz oʻn beshka yetdimi – onalarning dardi kelin va kuyav savdosi boʻlib qoladir. Shunga oʻxshash maxdumning onasi Mohlar oyimning kasali goʻyo «dard ustiga chipqon» edi: maxdumning yoshi yigirmadan oshti, Na’ima ham oʻn sakkizga toʻldi, ya’ni kelin ham kerak, kuyav ham. Na’ima toʻgʻrisidan tashvish yoʻq, husn, odob, yumish, hammasidan koʻngil toʻq, bek boʻlmasa – bekzoda, mudarris boʻlmasa – mukarrir[15].
Ammo maxdum masalasi bir oz mushkilroq edi: topish, tutish ma’lum, otasidan qolgʻani faqat ichki-tashqi havli, mundan boshqa hech gap. Bas, Mohlar oyim oʻz tirikligida maxdumning «boshini ikki» qilmasa, oʻzidan soʻng uning uylana olishi amrimahol. Shuni koʻzda tutib Mohlar oyim maxdumning uylanishiga mazkura Na’imani vosita qilmoqchi boʻldi. Ya’ni Na’imani uzatib evaziga uzatilgan joydan kelin olmoqchi edi. Qarshi quda boʻlmoq uchun qizliq va oʻgʻullik havlini uchratish va buning ustiga «naslu nasabda tekislik», olinadirgʻan kelinning silliqina boʻlishi – ana shunday mushkilotlar orqasida ikki yil chamasi Na’imaning umri sargʻayib oʻtdi. Yurt emasmi, degandek yurtchilikda yurak ogʻrigʻigʻa davo topilmay qolmas. Shunga oʻxshash Mohlar oyimning yarasi ham nihoyat uchunchi yilda davosini topdi:
Xon oʻrdasining mutavaffo[16] mirzolaridan bittasining madrasada oʻqub yurgʻan oʻgʻli bor edi va uyida chaqich chaynab oʻlturgan oʻn olti yoshliq qizchasi ham bor edi. Bu oila Mohlar oyimning taklifini ma’almamnuniyat qabul etdi. Chunki «oʻxshatmay uchratmas» degandek narigi taraf ham Mohlar oyimning bittasi edi. Sovchilar Na’imani yoqtirib Mohlar oyimning taklifini qabul qilib ketdilar. Mohlar oyim marhum mirzoning uyiga qiz koʻrgali borib ul ham «qizi jajjigina ekan» deb keldi. Kuyavlar koʻrulib ular ham zararsiz topildilar. Shartu sharoit soʻzlashildi: ikki orada qalin-palin degan gaplar yoʻq, har kim oʻz ulushiga tushkan osh-suvini qiladir, kelinni oʻrab-chirmab oladir, vassalom.
«Hay etti, huy etti, ikki koski toʻy etti» deganlaridek har ikki toʻy ham bir hafta ichida oʻtti, Na’imaxonim uyoqqa ketib, Nigorxonim buyoqqa keldi. Shunday qilib Solih maxdum xotinliq boʻldi.
Solih maxdumning maktab ishi ham uchunchi yildan boshlab bir oz jonlangʻan, bolalar ham oʻttuz-qirqqa yetkan edilar.
Solih maxdum oʻttuz yoshlargʻa borgʻanda maktabdorligʻi ham yaxshigʻina shuhrat topadir, shogirdlar soni bir yuzga yetadir. Mehmonxona torliq qilgʻanliqdan maktab uchun maxsus bino yopadir, imlo, insho va husnixat mashqi uchun alohida xona ayiradir. Maxdum yolgʻin shuning bilangina qanoatlanmay xotini Nigorxonimni ham ishka soladir, ya’ni uning savodini tuzatib «otin bibi» qiladir. Ikki-uch guzarning qizlari Nigorxonimning sabogʻigʻa yigʻiladirlar. Qisqasi, maxdum maktabdorliqda yaxshi shuhrat qozongʻanidek, uy-roʻzgʻorini, yurish-turish, kiyim-solim va boshqa taraflarini ham tuzatib oladir.
Qirq yoshlarida mahallaga imom boʻladir va maktabini yana ham kengaytirib shu dahaning har bir tabaqasi ichida «ustoz mulla Solih maxdum» boʻlib taniladir. Masalan, oʻzida savod chiqargʻan kosib, savdogar, mullabachcha (madrasa talabasi) va shuningdek yangi boʻgʻimlargʻa ustozlik unvonini oladir. Hatto keyingi vaqtlarda uning shogirdlaridan xon oʻrdasigacha borib kirganlari bordirkim, maxdumning bu muvaffaqiyatini boshqa boblarimizda oʻqursiz.

Maxdumning Ba’zi Xislatlari
Yuqoridan oʻqugʻuchigʻa bir daraja onglashilgʻan boʻlsa kerakki, yaqin yigirma yillardan beri maxdumning maxdumning kelimi shahar yoki qishloq soʻrab turgʻan bir bekcha boʻlasa-da, undan quyiroq, har holda shahar madrasasida darstoʻlik qilib, vaqfni oʻz qabzigʻa[17] olgʻan bir mudarrisning tushimidan albatta koʻb. Kelimning shu yoʻsun yaxshi boʻlishigʻa qaramasdan uning tabi’atida harchand tirishilsa ham maxtab boʻlmaydirgʻan xususiyatlar bor: xasislikka oʻxshagʻan holat, tama’girlik kabi odat, ichqoraliq singari harakat va amsoli…
Yosh chogʻida otasi oʻlib, qattigʻchiliqda oʻsdi, uning ba’zi yarashmagʻan harakatlari balki oʻsha qattigʻchiliqning ruhka singib qolgʻan yomon ta’siridir. Har holda bizning mundagi vazifamiz maxdumni tahlil qilish emas, balki uning shaxsiga xiyonat va boʻhton qilishdan saqlanib, ya’ni ortdirmay va kamitmay oʻqugʻuchigʻa butun taqdim eta bilishdir.
Oyni etak bilan yashirib boʻlmaydir. Maxdumning xasislikka oʻxshash holatlari albatta bor edi. Maxdum topib-tutmagʻan yillarda bu ishni yoʻqliqdan qiladir, desak-da keyingi vaqtlarda ham shu odatini tark etmagani uchun tabi’aida bir muncha xasislik bor ekan, deymiz.
Koʻylak-ishtonning aksar yetti-sakkiz joyidan yamogʻi boʻladir. Yetti qishdan beri guppi – chopon yangilagani ma’lum emas, faqat qish kelib ketkan sayin alak guppining yengi oʻzgaribkina turadir va astari yil sayin yangidan-yangi yamoqlar bilan boyiydir, shu guppi butun umrida birgina martaba va shunda ham maxdumdan beruxsat ammo, Nigor oyimning zoʻri bilan togʻoragʻa tushib choʻmildi. Bu kunda boʻlsa toʻrt yil burungʻi gʻusli, yetti yillik tusi, turlik-turlik yamogʻi bilan sakkizinchi qish maxdum pochchasigʻa sodiqona xizmat qilish uchun boʻgʻjoma ichida oʻziga kuch yigʻib yotadir. Mahalla kishilari maxdumning bu choponigʻa «moltopar» deb ism berganlar, guppi kiyilib chiqilgʻan kun maxdumga sezdirmay «moltopar savdodan qaytibti… hali baquvvat, ish qilib yamoqqa charchamasang yana oʻn yillingmi, Mamarayim!» deb kulishadirlar.
Qisqasi: besh-olti qayta boshlatilib qoʻnji bir qarichgʻa kelgan aybaki[18] maxsi, charmi ust-ustiga uyulib yerdan uch ellik chamasi koʻtarilgan ikki chorak vaznlik kafsh, yoshi mahalla kishilarining koʻblariga ma’lum boʻlmagʻan, harchand ehtiyon qilinsa ham necha joyidan popiltirigʻi osilgʻan oq-boʻz salla mahalla kishilarining ermaklaridandir. Bulardan boshqa hayit kunlari va toʻylardagina kiyilardirgan banoras toʻni, sovuq qattigʻroq boʻlgʻanda ichidan kiyadirgan adras guppisi ham bor. Mahalla kishilari banoras toʻnni «zarurat» deb atagʻan boʻlsalar ham, adras guppiga hali nom qoʻygʻuncha yoʻqlar, chunki buning dunyogʻa kelganiga faqat toʻrt-besh yilgina boʻlgʻandir.
Kezi kelganda maxdumning yozlik kiyimlarini ham bir sidra aytib ketaylik: yoʻlluq, qizil qalami boʻzdan yaxtak, oq boʻzdan jihak yoqaliq keng koʻylak (chunki tor boʻlsa yirtiladir) va lozim (ya’ni ishton) hamda sarpoychan kiyishka yengilcha sagʻri[19] kafsh, ammo salla qishin, yozin bitta.

Oila Va Kishilar Bilan Muomala
Maxdum oilasini ham kiyim-kechak vajidan oʻzi kabi tutar edi. Kiyim-kechakdagina emas, hatto oziq-ovqat toʻgʻrilarida ham uning anchagina kelishimsiz qiliqlarigʻa yoʻliqilar edi. Masalan, bir oy toʻlmasdan kir yuvishgʻa ruxsat bermas, agar Nigor oyimning bir oysiz kir yuvgʻanini koʻrib qolsa – «kiyimni togʻorada churutasan!» deb gʻovgʻa solar edi. Ikki haftasiz palovni koʻrmaslar (ozodliq oshlari albatta mundan mustasno), koʻb ovqatlari ubra, tuppi, mastaba, qoʻgʻurma shoʻrba boʻlar edi.
Nigor oyimning qozoni yoʻqcha, yelcha goʻshtni faqat palov sharofati bilangina koʻrar edi. Lekin maxdum ba’zi narsalar bilan oshxonani yaxshigʻina moʻliqdirar, masalan: shalgʻam, qovoq, lavlagi. Bu toʻgʻrida xotini harchand rad qilsa ham qoplab shalgʻam, yigirma-oʻttuzlab qovoq xarid qilishini qoʻymas – «shalgʻam – Bibi Fotimai Zuhraning duolari barakati, qovoq boʻlsa hazrati Yunusning moʻjizalari» deb bahosi arzon va lekin xosiyati koʻb boʻlgʻan bu mablagʻlar bilan oshxonani toʻldira berar edi. Har hafta bir-ikki martaba qovoq somsa yopdirmay qolmas, ammo – «yogʻni kam sol, qovoqning ta’mini buzadir!» deb ta’kidlashni ham unutmas edi. Uyda non yopilmagʻanidek bozordan ham sotib olinmas, chunki, panjshanbalik non yetib, ortib yotar, hatto ba’zi vaqtlarda bozorgʻa ham chiqar edi.
Maxdumning oʻqugʻuchi bolalar bilan muomalasi juda yaxshi edi. Savogʻini bilmagan yoki shoʻxliq qilgʻan bolalarni har qancha soʻkib, koyisa, doʻq urib, davara qilsa ham urmas, bu jihat bilan butun Qoʻqon bolalarining muhabbatlarini oʻziga jalb etkan edi. Ammo «ozodliq» masalasida bolalardan hech kimni ham afu etmas, boy bolasigʻa «ozodliq» lozim boʻlgʻan boʻlsa albatta undirishka, kambagʻal bolasidan mumkin qadar uzib olishgʻa harakat qilar; bolalar Haftiyak, Qur’on, Soʻfi Olloyor va shunga oʻxshash kitob boshlasalar ozodliq majburiy, maktabdan ma’zun[20] boʻlgʻanlarning ziyofat qilib maxdumga sarupo berishlari qoidada bor boʻlsa ham, lekin aksar bolalar bu toʻgʻrida domlani – «ana-mana» bilan aldab ketarlar, saxiyroq otalar bu marosimni ado etib «ustoz»ni rozi qilmasalar, ammo koʻbchilik maxdumni ranjitar edilar. Panjshanbalik boʻlsa maktabning asos haqqi va bulardan boshqa «Qulyogʻa quymoq – Ammaga boʻgʻirsoq – Yosinga yupqa» degan gaplar ham boʻlar edi. Bolalar har yili bir marta «buryo puli» va oyigʻa bir necha bor «supurgi puli» ham toʻlab turar edilar.
Maxdum mumkin qadar bolalarni oʻz maktabiga jalb qilishgʻa tirishar, ayniqsa boy va bek bolalarini oʻz qoʻligʻa olish uchun har bir chorani koʻrar edi. Masalan, boy va a’yondan birining oʻgʻli boshqa maktabda oʻqub yurgan boʻlsa uni bolalar vositasi bilan oʻz maktabiga chaqirar, nima oʻqugʻanini, nimalar bilganini soʻrar, bola savogʻidan yaxshi javob beralmasa «sizda ayb yoʻq, oʻgʻlim, ustozingiz bir oz shundayroq odam… xoʻb, xoʻb; bizning maktablarga ham kelib yuring! Men oʻzim sizni juda doʻst tutaman-da!» der edi. Tabi’iy, bolaning shu kundan boshlab oʻz domlasidan koʻngli sovur, tez kunda maxdumning maktabiga kelib kirar edi. Ba’zi vaqt chet maktab bolalari bilan shunday muomalani koʻchalarda ham qilar va oʻgʻli boʻlgʻan boy va ashroflarga ham juda sertakalluf, xoksorona salom berib tanimasa ham ular bilan soʻrashar, nechta oʻgʻli borligʻini va ularning oʻqub-oʻqumagʻanliqlarini, oʻqushgʻa ixloslarini tekshirib, oʻzining ta’limida qoʻllangʻan yengil usullarini ham bir muncha tiqillatib oʻtar edi. Tabi’iy, maxdumning bunday harakatlari koʻpincha foydasiz boʻlmas, maktabiga yangidan-yangi shogirdlar toʻplanib turar edilar.
Oʻz qatoridagʻi maktabdor domlalarni aslo koʻralmas, ularga qarshi yuragida umrlik kek saqlar edi. Ba’zi majlislarda yoʻsuni kelib qolsa – «ha, mulla falonchimi, koʻb bolalarning umrini zoyi’ qilyapti, deb eshitaman… shogirdlaridan bir nechasi shikoyat qilishib menga kelishkan edilar… Qanday qilay, shogirdlarim oʻzimdan yetib ortsalar ham umrlari zoyi’ boʻlmasin, dedim» der va eshitkuchilarga sezdirmay raqibini chimchilar; kezi keldi deguncha ikkinchi maktabdor toʻgʻrisida shu yoʻsun zamzama soʻzlar edi.
Maxdum boʻychan, olagoʻsht, siyrak moʻy, oq tan, istarasi issigʻ bir domla edi. Yoshi ellidan oshqan, soch va soqolida bir muncha oqlar koʻrinar edi. Kishi bilan soʻzlashkanda, ayniqsa, bir narsadan taajjublanganda siyrak va lekin toʻgʻri, baquvvat oʻskan soqolini tutamlab oʻng koʻzini bir oz qisib qarar, odat qilgʻandan boʻlsa kerak gap orasida «habba» degan soʻzni koʻproq ishlatar edi. Domlaning bu «habba»si nima ma’noda qoʻllanilar, oʻzidan boshqa hech kim bilmaganidek, undan bu toʻgʻrida izoh ham soʻramagʻan edilar. Har holda «habba – habhali» yoki «ha, barakalla» boʻlsa kerak. Chunki ul bir narsadan hursand va rozi boʻlgʻanda aksar «habba» deb yuboradir.
Shu yergacha bir necha sahifalarni maxdumning ta’rifi bilan toʻldirdiq. Ehtimolki domlaning gʻiybatini ham qildiq va qilarmiz. Lekin shunisidan xotirjam’mizki, yoʻqni-yoʻndirmadiq, maxdumning sha’nida bor gaplarnigina yozdiq va yozarmiz. Maxdumning hamma nuqsonini yuvib ketarlik bir jumladan soʻng yana oʻz ishimizda boʻlamiz: — nima boʻlgʻanda ham maxdum oʻz zamonasining eng oldingʻi domlalaridan, Qoʻqon aksariyatining savodxon boʻlishlarigʻa sababchi ustozlardan, hatto ulugʻ xizmatlarga kishi yetishdirib berguchi nodir muallimlardan edi.

Nigorxonim
Nigorxonim boshda erga yolchimadi. Avvalo erining faqirligʻi, boyigʻandan soʻng boʻlsa uning zarbulmasal boʻlarliq xasisligi bechorani koʻb yigʻlatti. «Xotin kishining boshi uy ichining ogʻir toshi» emish… Hozir oʻzi qirq yoshqa kirgan boʻlsa, yigirma besh yildan beri shu mumsik er bilan tiriklik qilib keladir. Bu kun oʻn yetti yoshliq Ra’no kabi qizgʻa, sakkiz yoshliq Mahmud (Ra’no bilan Mahmud orasida ikki bola nobud boʻlgʻan), olti yoshliq Mansur va beshikdagi Mas’udlarga ona boʻldi.
Nigorxonim Qoʻqonning koʻb xotinlariga qaragʻanda sabrlik va qanoatlik ekan. Dunyoda oʻz oʻgʻlining xasisligiga chidalmagan ona boʻladimi, holbuki maxdumning onasi – Mohlar oyim oʻgʻlining bu qadar ixna[21] va siqiqligʻigʻa toqat qilolmay noroziliq yuzasidan Margʻilondagʻi oʻgʻlining yonigʻa koʻchib ketib oʻsha yerda vafot etdi. Nigorxonim ersa tishni-tishka qoʻydi, erimdan yayrab-yashnamagʻan boʻlsam qizimdan va oldimgʻa qoʻygʻan oʻgʻullarimdan yolchirman, deb umidlandi. Darhaqiqat, sabrlik bu xonim hozirdanoq shu oʻz oldigʻa qoʻygʻan bolalarining biri va toʻngʻuchi boʻlgʻan Ra’nosining tufaylidan bir qadar roʻshnoliq koʻrib boshladi va oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ ekaniga ishondi.
Bir yamoqchi yoki mardikorchi oʻz xotinini uradir, soʻkadir, tepkilaydir. Bu hol ularda aksar faqirliq avjigʻa mingan kezlarda voqi’ boʻladir. Agar yamoqchi kekirarlik darajada tomoqni bopta qilsa, ishi oʻngidan kelib istiqboli bir muncha ta’minlangandek boʻlsa darhol vaziyat ishonmasliq ravishda oʻzgarib ketadir: gap-soʻz joyida, xotinni urish oʻrnigʻa orqasini silash, soʻkish oʻrnigʻa yalinish va arzi muhabbat. Xotin ham kechagi kaltak zarbini unutkan, kina oʻrnigʻa sadoqat; goʻyo aytarsizkim, Yusuf Zulayholarmi deb.
Yuqori tabaqa oilalarga kirib qarasaq, munda tamoman boshqacha manzara koʻramiz: qorin toʻq, birar narsaga ehtiyoj yoʻq, istiqbol ta’min va lekin boyagʻi foji’a bularda kuchlirak, shuning kabi bu foji’alar muvaqqatiy ham emas, sababini topish ham qiyin. Yaxshi, yamoqchi-ku yaramas tuzulishka qarshi boʻlgʻan kekini koʻzi tinib xotinidan olgʻan edi. Ammo keyingilarning turmush sharoitlari yaxshi, hamma narsa oʻz orzularicha, bas, shu holda ularning uy mojarolari va bola-chaqani it kabi siqishlari nimadan.
Shunga oʻxshash bizning maxdumning ham gʻoyasi birni ikki qilish, beshni oʻn qilish edi. Yaxshi kechinish uchun turmas, ammo koʻpaytirish uchun yashar edi. Nigorxonimni urmas va lekin urgʻandan besh battar qilib siqar edi. Ikki yuz tillodan koʻb oqchasi (bu oqchalarni husuli[22] toʻgʻrisida keyin soʻz boʻlur) va savodlik boʻlgʻan bolalar ziyofatidan kiygan ikki sandiqcha sarposi bor edi. Oltindan sarf qilmagʻanida ham loaqal shu kiyimlardan na xotinini va na bolalarini foydalantirar va na oʻzini ixnaliqdan qutqarar edi. Buni ham qoʻyib turayliq, Nigor oyim yigirma-oʻttuz qizni oʻqutib ulardan tushkan «ozodliq» va «panjshanbalik» pullarga ham ega boʻlolmas, har kun deyarlik muhtarab maxdum pochchagʻa hisobini batamom topshurib turishqa majbur edi. Maxdum buning evaziga har yil bozorning eng dagʻal boʻzidan bir par koʻylak, lozim olib berar, yangi guppi bilan yozliq mursakni boʻlsa Nigor oyim besh-olti yilsiz koʻrmas edi.
Nigor oyim qisqa boʻliq, pista poʻchoq targʻil koʻzlik, zarcha tanlik, yuzidagi onda-sonda chechak oʻrunlari boʻlmagʻanda husndor bir xotin edi. Oʻz bolalari bilangina emas hatto shogirdlari boʻlgʻan qizlar bilan ham juda yumshoq muomala qilar, ortiqcha achchigʻlangʻan kezlarda «beting qursin» deb qoshini chimirib olar edi. Eriga oʻxshash «ozodliq» uchun bolalarni siqmas, bil’aks «boʻshligʻi» uchun oʻzi maxdum tomonidan siqilar edi. Oz va ma’noliq qilib soʻzlar, xotinlar bilan muomalasini boshqa otinbibilardek yuqoridan turib qilmas, soddacha suhbatlashar edi. Xotinlar maxdum domlaning ba’zi qiliqlaridan kulishsalar ham Nigor oyimning orqasidan gʻiybat soʻzlamaslar, oldida qanday hurmatlasalar keyinidan ham oʻshancha ehtiromlab, uning maxdumdek ziqna kishining qoʻligʻa qaram boʻlgʻanigʻa achinib «peshana-ya aylanay, qolu balo» deyishar edilar.

Ra’no
Ism bilan jism aksar bir-birisiga muvofiq tushmaydir. Menim yosh vaqtim, ayniqsa, goʻzallik qidirgʻan magʻrur chogʻlarim edi. Oilamizdami, boshqa yerdami baharhol xotiramda yaxshi qolmagʻan, Lola otligʻ bir qizning chevarligi toʻgʻrisida soʻz boʻldi. Majlis ahli menga yaqin, ya’ni ular oldida husndan bahs ochish uyat boʻladirgʻan kishilar edilar. Shuning uchun menga Lolaning chevarligidan koʻra muhimroq boʻlgʻan «husn»i masalasida izohot soʻrashning imkoni boʻlmadi. Lekin Lola ismining ostida bir malakni koʻrgan – «Lolaning ismiga oʻxshash husni ham bor» deb oʻylagʻan edim. Shu kundan boshlab Lolani koʻrish hajriga tushdim. Boʻyi yetkan qizlarni koʻra olish bu kunlarda ham amri mahol boʻlgʻanidek, mundan oʻn yillar ilgarida yana mushkilroq edi. Necha vaqt «hijron oʻtida yonib» koʻcha poylab, nihoyat, Lolani suv olish uchun koʻza ushlab koʻchaga chiqqan holatda uchratdim. Burnidagi buloqisidan boshqa (agar buloqi husnga qoʻshilsa) «Lola»likka arziydirgan hech gap yoʻq edi.
Yaqindagʻi bir boladan suv olgʻuchining kim ekanini soʻragʻan edim:
— Lola opam, — dedi.
Bolaning talaffuzi menga «Mola opam» boʻlib eshitildi. Bir necha kunlar bu qizning otini «Lola» deb qoʻygʻanlari uchun achchigʻlanib yurdim. Chunki, afu etasiz, oʻsha kezlarda achchigʻlanishgʻa haqqim bor edi…
Ammo Ra’noning ismi – jismiga yoxud husniga juda muvofiq tushkan edi. Men rassom emasman. Agar menda shu san’at boʻlgʻanda edi, soʻz bilan biljirab oʻlturmas, shu oʻrunda sizga Ra’noning rasmini tortib koʻrsatar, qoʻyar, faqat menga Ra’no gulining suvigina koʻproq kerak boʻlar edi.
Solih maxdum xasis, ta’magir, har holda sajiyasi e’tibori bilan uni yaxshilar qatorigʻa qoʻyib boʻlmaydir. Va lekin tabi’at xasis emas, tikandan gul, aridan bol yarataberadir. Shunga oʻxshash tikanlik yogʻochdan xush islik, latif koʻrunishlik Ra’no yaratilgʻan edi.
Bizning oʻzbeklarda, ayniqsa Qoʻqongʻa maxsus bir tus, sariqqa moyil bir tus bor. Lekin bu tusni kesdirib sariq deb boʻlmaydir. Chunki biz ogʻriq kishining tusini sariq deymiz. Zarcha, za’far tuslari ham bunga dagʻalliq qiladirlar. Ta’birimiz qoʻpol tushmasa bu goʻzal qiz, och ra’no gulining tusida yoki oq sariq tusda yaratilgʻan edi. a’zoda oʻskan tuklarga ham haligi tusning ta’siri boʻladir. Ra’noning sochi gungurt-qora, ya’ni quyoshsiz joylarda qora koʻrinsa ham quyoshda bir oz sargʻish boʻlib koʻrinar edi. Shunga oʻxshash Ra’noning koʻzida ham buning asari koʻruladir: mudavvarga[23] moyilroq jodu koʻzi kishiga qattiq qaragʻanda qoraliqdan boshqacha yana bir turluk nur sochar edi. Kipraklari ostida nafis bir surma doirasi bor edi. Qoshi tutash kabi koʻrinsa ham koʻndalang yotqan ikki qilich orasini nafis bir quyulib koʻtarilish ajratib turar edi. Burni hech bir munaqqidgʻa berishmaslik mutanosib, har zamon uyalish tabassumiga hozir turgʻan nafis irinlarining yuqorigʻi qismida sezilar-sezilmas tuklar koʻkargan edi. Yuzi choʻziq ham emas, oy kulcha ham deb boʻlmas, kishiga kulib qaragʻanda qizil olma ostlarida ikkita zamma ravishlik shakl hosil boʻlar, goʻyo bizga chin ra’no guli ochilgʻan holatda koʻrinar edi. Sochlari juda quyuq, sanoqsiz kokillar Ra’noning orqa, oʻngini tutib yotar, qaddi uzunliq bilan qisqaliqning oʻrtasi, doʻndiq barmoqlarining jimjilogʻida xina gullari, har holda bu qiz yolgʻiz Qoʻqonninggʻina emas, umuman Fargʻonaning kuylariga qoʻshulib maxtaladirgʻan goʻzallaridan edi.
Ra’no Nigor oyimning toʻngʻuchi, bu yil oʻn yetti yoshni toʻlduradir. Savodni otasidan oʻqub, oʻn toʻrt yoshida ibtidoiy maktab proʻgʻramida boʻlgʻan barcha darslarni bitirgan, masalan: diniy qismdan – «Haftiyak», «Qur’on», «Chahor kitob», «Soʻfi Olloyor», «Maslaki muttaqin», adabiyotdan – Navoiyning barcha asarlari, devoni Fuzuliy ma’a[24] Layli Majnun; Amiriy, Fazliy va shulardek chigʻatoy-oʻzbek katta shoirlarining asarlari; forsiydan – Xoja Hofiz Sheroziy va Mirzo Bedil, xusni xat, insho va boshqalar. Bu kunlarda boʻlsa bir tomondan qizlargʻa saboq berib onasigʻa koʻmaklashsa, ikkinchi tarafdan otasida kofiya (arab nahv va sarfi) hamda Shayxi Sa’diyning «Guliston»idan dars oladir va shuning qatorida oʻzi yaxshi koʻrgan chigʻatoy-oʻzbek shoirlarining badi’a asarlaridan alohida bir majmu’a tuzib yuriydir. Ba’zan «ovlogʻroq joylarda» oʻzicha manzumalar toʻqusa ham, biroq bularning isi oʻzidan chetka chiqmaydir. Agar toʻqugʻan she’r yoki manzumasi oʻziga ma’quldek tushsa faqat bir kishigagina koʻrsatib oladir. Va ul kishi ham bu sirni chetka chiqarmaydirgʻan ishonchlik oʻz kishisi.
Qisqasi biz yuqorida Ra’noning she’riy bir husnini koʻrganimizdek uni fazl va zakovatda ham oʻtkan xon zamonlari asrining nodir uchraydirgan yakto fozila qizlaridan sanaymiz va sanashgʻa ham oʻzimizda majburiyat his etamiz.
Ra’no qancha jiddiy boʻlsa ham yana unda bolalik tabi’ati butun koʻyi saqlanadir: ukalarining oʻyunigʻa komil huquqli bir a’zo tariqasida ishtirok etadir, onasining koʻzini chalgʻitib oʻqugʻuchi qizlar bilan janjallashib oladir, qizlar saboqlarini bilmasalar arazlab, ularni oʻqutmay tashlab ketkan chogʻlari, arzimagan gapdan tez mutaassir boʻlgʻan kezlari koʻb boʻladir. Ra’no oʻzining munday harakatlariga qarshi onasidan yaxshi-yomon mukofot olmasaham, koʻpincha otasidan tanbih eshitadir. Koyish eshitkani uchungina emas uy-roʻzgʻor toʻgʻrilarida onasini siqib ushlaganidan va fohish tangligidan[25] ranjib otasini uncha xushlamaydir. Otasidan achchigʻlangʻan kezlarda onasigʻa jiddiy qilib: «Hamma ayb oʻzingizda, otamdan koʻra tuzukroq erni topib tegsangiz munchalik qiynalishib yurmas edik» deb boʻgʻilgʻan Nigor oyimni kurduradir.
Qattigʻ ranjigan bir kun otasi – Solih maxdumga bagʻishlab qiziq bir hajv yozgʻan va «oʻz kishisiga» koʻrsatib uni kuldurgan edikim, biz kulgulik uchun bu oʻrungʻa bir necha misra’ini koʻchiramiz:
Yogʻlar toʻkilsa yerga yotib yalar taqsirim,
Boʻlsa bozorda pastlik sotib olar taqsirim.
Menim uchun bir zirak, Ra’nobonugʻa jevak[26],
Desa oyim – «Ne kerak?!» yumma talar taqsirim.
«Quloq teshish fazl emas, pulni topish hazl emas,
Jevak taqish farz emas!» gʻavgʻo solar taqsirim.
Muhtaram oʻqugʻuchini qahramonlarimizning bir qismi birlan tanishdirishni shu yerda toʻxtatamiz. Ularning ichki va tashqi tabi’atlari yaxshi yeshilmagʻan boʻlsa hikoyamizning davomida yana ham ochilib va kengayib borar, deb ortiqcha tafsiyaga kirishmadik.

Bir Oʻrdaliq
Maxdumning havlisi uch qabat edi. Koʻchadan birinchi qabatda mehmonxona, maktabxona va mashqxona edi. Ikkinchi qabatda murabba’, yarim tanob chamasi boqcha, bunda shaftolu, olma, anjir kabi mevalik daraxtlar va bir necha keksa soʻri toklar qulp urib oʻsqan edilar. Maxdumning bolalar kuchidan yaxshi foydalangʻani uchun boʻlsa kerak, boqchaning har bir qarishi boʻsh qolmagʻan, unda har turluk koʻkatlardan bor edi. Oʻrtadagʻi soʻrining osti bir yarim gaz koʻtarilib ishlangan sufa, sufaning uch tarafiga yoz gullari ekilgan, rayhon va boshqa chechaklar atrofka oʻz atriyotlarini ongqitib yotar edilar. Birinchi qabatdan kirgach boqchaning sufasiga hamda ichkariga yuruladirgan yoʻlkalar bor edi.
Hozir mezon oyining ikkinchi haftalari, boqchaning mevalari yetilinqiragʻan, ayniqsa soʻridagi qora husayni uzumlardan goʻyo bollar tomib yotar edi. Yoʻlkalarga suv sepilgan, sufaga gilam solinmasa ham gullik kiyiz toʻshalib, uch tarafiga koʻrpachalar yozilgʻan edi.
Maxdum etni uyga berib chiqgʻandan keyin ikki soat chamasi husnixatdagi bolalar bilan shugʻullandi, oradan «abjad» soʻzini durust yozib chiqargʻan bir bolaning qoʻlini bogʻlab uyiga yubordi. Bola uyidan «qoʻl yeshar» olib kelgandan soʻng hammaga javob berib bu kungi vazifasini tamomladi.
Maxdum mashqxonadan chiqib ichkari kirishga adim uzgʻan holatda darbozadan sipohi kiyimda bir kishi kirdi va maxdumga tabassum bilan salom berib yaqingʻa yurib keldi. Oʻrdaning devonxona xizmatchilari kiyimida boʻlgʻan bu kishini maxdum oʻz umrida birinchi martaba koʻrar edi. Javob salomdan keyin sizlanib mehmonni mehmonxonagʻa boshladi. Mehmon ham takalluflanmay domlaning orqasidan mehmonxonagʻa kirdi, oʻlturishdilar, soʻng fotiha oʻquldi. Oʻrdaliq tabassum ichida maxdumga qaragʻandan soʻng yigʻishtirinib oldi.
— Xato qilmasam janoblari mirzo Anvarning ustozlari boʻlsalar kerak?
— Faqir…
— Uy ichlari bilan xoʻb salomatmilar?
— Alhamdulilloh.
Maxdumga kutulmagan ravishda mehribon muomala qilgʻuchi bu oʻrdaliq qirq yoshlar chamasida, uzun boʻyliq, qora uzun soqolliq, simobi sallasining peshini tushirgʻan qoracha tuslik bir yigit edi.
— Kaminalari ham, — dedi oʻrdaliq, — mirzo Anvar bilan birga devonxonada ishlayman. Balki quloqlarigʻa chatilgʻan boʻlsa kerak, ismim Sultonali mirzo…
— Xoʻb, xoʻb, — dedi kulib maxdum, — Anvardan eshitkanim bor edi, janoblarining tavsiflarini eshitkanman. Nachuk xudo yorlaqadi? Faqirxonagʻa tashriflari bilan bisyor xushnud boʻldim.
— Adabsizlik boʻlsa ham, — dedi mirzo Sultonali, — muborakxonalarigʻa bostirib keldim. Bunga ham burodarim mirzo Anvarning muhabbati majbur qildi.
Sultonalining bu keyingi soʻzi maqsadni bir daraja domlagʻa onglata yozdi. Kayflanish, huzurlanish maxdumning yuzida oʻrunlashqan edi. Koʻzini qisinqirab Sultonaliga qaradi.
— Xoʻb, xoʻb, — dedi maxdum, — mulla Muhammad Rajab marhumning oʻrnigʻa bosh munshiy ta’yin qilindimi, qoʻlim tegib bu toʻgʻrida Anvar bilan soʻzlasholmadim?
— Hozir ta’yin qilingʻuncha yoʻq, erta-indin ta’yin qilinar, deb turamiz.
— Koʻb yaxshi, nomzadlar bordir?
— Bor dedi Sultonali, — bir necha nomzadlar hazrati xongʻa manzur qilingʻanlar, jumladan shoir Madhiy, mulla Shahodat mufti va boshqa yana bir nechalar. Masmu’ingiz[27] boʻlsa kerak, garchi oʻzi rizoliq bermasa ham bir necha mirzolar shogirdingiz mirzo Anvarning ham nomzadini xolis ariza bilan janobga manzur qilgʻan edik. Umid Xudodan, yorligʻ mirzo Anvarga qoyim[28] boʻlur, deb turamiz.
Maxdum soqolini tutamlab shipka qaradi. Goʻyo Sultonalining keyingi ikki jumlasiga qaysi yoʻsun muqobala qilishdan ojiz edi.
— Bir necha yaxshilarning Anvarga boʻlgʻan husni tavajjuhlarini[29] eshitkan edim, — dedi maxdum minnatdor ohangda, — ammo faqirgʻa shunisi mushkilroq koʻrinadirkim, basharti Anvar bosh munshiylik vazifasiga yorligʻ olgʻundek boʻlsa, bu lavozimotni ado qila olurmi, kaminaning nazarimda bosh munshiylik alaxusus ul janobning huzurlarida behad ulugʻ va mushkil koʻrinadir?
Sultonali yengilcha kulib qoʻydi:
— Bosh munshiylik lavozimoti borasidagi fikringiz darhaqiqat toʻgʻri, — dedi, — ammo mirzo Anvarning uhda qila olishi muhaqqaqdir. Zero, Anvarning bu boradagi iste’dodi janoblaridan koʻra kaminaga ma’lumdir, bu toʻgʻridan xotirjam’ boʻlsinlar.
— Darvoqi’, Anvarga koʻb mehnatim singgan, — dedi maxdum mahtangʻansumon, — bir qarish yoshidan boshlab kaminaning ta’limida oʻsti, oʻz qoʻlimda tarbiya topqan necha yuz, balki minglab shogirdlarim ichida koʻb tavajjuhim shu bolagʻa boʻldi. Ushbu sababdan ham munchalik musta’id[30] boʻlgʻan boʻlsa ajab emas, deb oʻylayman… Va lekin hologʻi[31] soʻzim shuning uchundirkim, fazli va iste’dodi kofiy[32] boʻlsa ham yoshliq, kam tajribalik qilmasmukin, deb mulohaza qilurman.
— Boʻstoni ma’rifat va gulshani haqiqat, — dedi Sultonali, — Imomi a’zam rahmatullohi alayhi oʻn yoshlarida darsgoʻlik qilib va hokazo kutubi mutabarraka ta’lifotigʻa ham ibtido qilgʻan ekanlarkim[33] , bu karomat janoblaridan poʻshida emasdir. Bas, indal’uqalo[34] yoshliqning hech bir nuqs va ahamiyati yoʻq, ammo fazlu zakovat lozimdir. Masalan, kaminangiz tahsilda «Aqoid»gʻacha bordim va qariyb oʻn yildan beri mirzoliq qilurman. Oʻz hunarimda yaxshi tajriba ham orttirdim, shuning birla birga nafsilamrni iqror etishka majburmankim shogirdingiz mirzo Anvardan koʻb daraja quyidaman: tahrirda[35] , taqrir[36] va faroiz[37]da Anvaringizning yordamigʻa muhtojman. Holbuki yoshim undan barobar katta, men oʻqugʻan darslarni ehtimol Anvar oʻqumagʻan… Anvarning zakovatiga yolgʻiz men emas marhum munshiy mulla Muhammad Rajabning oʻzi ham tahsin qilar, ajoyib oʻgʻlon deb qoʻyar edi.
Menim mirzo Anvarni bu oʻrungʻa sa’i qilishim boʻlsa bir gʻaraz yuzasidan emas, xolisonadir. Agar gʻarazgʻa hisoblansa, masalan: «Birarta noahlning qoʻl ostida ishlagandan, ahlining jagʻida tishlangan ma’qul» soʻziga binoandir. Lekin mirzo Anvar nima uchundir biz bir necha mirzolarning ra’yimizga qarshi tushib, bizdan ranjib yuriydir. Hatto janobgʻa bir ariza kirgizib, menim nomzadim yanglish koʻrsatilibdir, men bu vazifani uhda qilolmayman, deb uzr bayon qilmoqchi emish. Uning bu yoʻsun inodi nima uchun, bilalmadik… faqir, ogʻaynilar tarafidan garchi adabsizlik boʻlsa ham huzurlariga iltimos uchun keldim. Avvalo mirzo Anvarga otaliqlari, soniyat ustozliqlari bor. Siz janob targʻib qilsangiz va kengash bersangiz qabul qilar, deb oʻyladiq.
— Habba! — dedi maxdum xursandlik bilan, — bu toʻgʻrida yaxshi soʻzlashmagʻan edik, soʻzlasharmiz, inshoolloh koʻnar.
— Salomat boʻlingiz taqsir.
Maxdum soqolini ushlab koʻzini qisdi:
— Boya peshin asnosida, — dedi, — qavmlar kaminadan istifsor[38] qilishdilarkim, «oʻgʻlingiz Anvar munshiy ta’yinlanar emish, ushbu axbor toʻgʻrimi?» deb… Mazmuni shaharga ham mashhur boʻlgʻan ekan-da?
— Balki, — dedi kulib Sultonali va bir ozdan keyin ohista sir yoʻsunida qilib soʻzladi, — Oʻrda ichida bir nechalarimiz ustoz mulla Muhammad Niyoz domlagʻa[39] va haramdan Ogʻacha oyimgʻa[40] Anvar toʻgʻrisida iltimos qilishdiq. Shuning uchun mirzo Anvarning bosh munshiy ta’yin qilinishigʻa shubha qilmaymiz. Faqat uni koʻndirilsa bas.
— Va lekin, — dedi maxdum nihoyatda ochilgʻan qiyofatda, — bu tadbirlaringiz beandoza ma’qul boʻlibdir, ya’ni masalan, janobgʻa domla shogʻovul va malika xonimlarni vosita qilishlaringiz…
— Biz ham shunday oʻylaymiz. Endi umid xudodan, natija ham orzumizcha boʻlgʻay.
— Inshoolloh.
— Demak, mirzo Anvarni koʻndirish vazifasi odobsizliq boʻlsa ham sizga qoldi-da, taqsir? — deb Sultonali takror soʻradi.
— Xotirjam’, — dedi, maxdum qanoat bilan, — albatta noinsofni koʻndirsamiz kerak.
Shundan soʻng Sultonali oʻzining bu yerga kelganini Anvarga bildirmaslikni ta’kidlab oʻrnidan turdi. Maxdumning aztahidil «mohazarimiz[41] bor edi» deb qistashigʻa qarshi uzr aytib xayrlashdi. Maxdum aksar oʻz uyiga kelguchi kishilarga qilmaydirgʻan favqulodda bir takalluf bilan uni darbozagʻacha uzatib chiqdi.

Oʻpka Va Hazil
Istiqbolning shirin xayollarigʻa koʻmilgan holda maxdum asr namozi uchun tahorat olar edi. Tahoratda tartibni rioya qilish shunnat, ammo maxdum tarki sunnat qilmoqda. Hatto oʻquladirgʻan duolarni ham oʻrunsiz ishlatmakda edi. Maxdum shu yoʻsun betartib tahoratlanib ichkariga kirdi. Nigor oyim oshxonada mantilarni qasqongʻa terib qozongʻa uyar, Ra’no boʻlsa ayvonda kichkina ukalari orasida oʻlturar edi.
Dadasi yoʻlakdan koʻrinish bilan Ra’no Mas’udni koʻtarib turdi. Va qoziqdagʻi salla-choponni olib ayvon muyushigʻa keldi. Bolalar ham dadalari oldida adablanishdilar.
— Anvar akang kelmadimi, sufa yolgʻiz, — dedi maxdum, chopon, sallani kiya-kiya, — asrga borib kelgunimcha, sen sufaga chiqib tur-chi, Ra’no.
— Xoʻb.
Otasi chiqib ketkach, Ra’no qoʻlida ukasi bilan tashqarigʻa yoʻl soldi. Uning ketidan Mahmud va Mansurlar ham chopishdilar.
— Ra’napa, Ra’napa! — deb Mansur yigʻi aralash oʻzidan chopib oʻtmakchi boʻlgʻan Mahmudning ustidan Ra’no opasigʻa arz qildi. Ra’no boqchaning sufasiga yeta yozgʻan edi. Mansurning yigʻi shovquni yana ham kuchayib raqobat oʻti yonib ketkach, Ra’no toʻxtab Mahmudni koyishka majbur boʻldi:
— Mahmud, Mahmud, esi yoʻq Mahmud!
Mahmud toʻxtadi, ammo Mansurdan oldingʻa oʻtkan edi, Mansur bu magʻlubiyatka chidalmay asabiylashib, yerga oʻlturib oldi va dunyoni buzub faryod qoʻpordi. Ra’no kelib Mansurni turgʻizdi va kiyimiga oʻlturgan changlarni qoqti:
— Yigʻlama, opasi, yigʻlama, — dedi, — hali dadasi Mahdumni dum-dum! Qarab tur-chi, sen Mahmud, otang kelganda aytmasammi?!
Mansur «Ra’anpa»sining himoyasidan soʻng uning yetagida sufaga qarab yurdi. Ammo mahmud ancha ezilgan edi:
— Dadam yima[42] qilardi? — deb soʻradi turgʻan joyidan.
— Kelsin-chi, hali… Tunovi kungi chiviq esingdan chiqdimi?
Mahmud javob beralmadi. Uning koʻzida achchigʻ aralash qoʻrquv bor edi. Ra’no kichkina ukasi bagʻrida sufaga chiqib oʻlturdi. Mansur «Ra’napa»sining yelkasiga suyanib, yoʻl ustida serrayib qolgʻan Mahmudga gʻolibona bir turda istehzo qilar edi. Mahmud bu holga ortiq chidab turolmadi. Oʻzining yengilishiga sababchi boʻlgʻan Ra’nodan oʻch olmoq maqsadida:
— Mullataning xotini, mullataning xotini… ey, ey, ey!
Ra’no kuldi:
— Qarab tur, qarab tur, sen adabsiz, — dedi va Mahmudga hujum qiladirgʻandek qoʻzgʻalib qoʻydi.
— Bildim, bildim: mullataning xotini, mullataning xotini! — dedi Mahmud va ichkariga qarab qochti.
Ra’no kulimsirab Mansurga qaradi:
— Shundaymi, men mullataning xonimi-a? — deb soʻradi. Mansur javob oʻrnigʻa yoʻlakka qaradi va soʻyunchi ichiga sigʻmaygʻan holda sufaning zinasiga yurugdi va qichqirdi:
— Mullata, mullata telli, telli!
Ra’no ham yoʻllakka qarab qizarinib ketdi va oldigʻa tushib tartibsizlangan sochini orqasigʻa tashlab tuzatindi. Yoʻlakda koʻringan yosh yigit («mullata») sufaning yoʻli boʻyincha kelmakda edi. Qora chiviq beqasamdan harir toʻn kiygan mavzun qad Anvar birinchi qarashdayoq koʻzga doʻndiq va koʻrkam koʻrinar edi. Qora surmalik koʻzi Ra’noda ekan, oʻziga yugurib kelguchi Mansurga yoʻl ustida choʻnqayib quchogʻini ochti. Mansurning yuzidan oʻpkach koʻtarib sufaga yurdi. Anvarni qarshilamoq uchun boʻlsa kerak Ra’no ham oʻrnidan turib sufaning zinasiga yaqinlashdi, va tabassu aralash — «Hormang» dedi.
— Sogʻ boʻling.
Anvar sufaga chiqib Mansurni yerga qoʻydi. Kafshini yesha-esha Ra’no tomongʻa engashib, oʻziga talpinib turgʻan Mas’udning yuzidan oʻpti va uni Ra’nodan oldi. Mas’ud Anvarning qoʻligʻa oʻtkach sapchib guvrandi va qiyqirib tovlandi. Ra’no ikki qoʻlini uzatib «kel menga, kel» dedi. Mas’ud buralib Anvarning bagʻrigʻa siqildi. Kulishdilar. Anvar boladi oʻpib soʻydi. Ra’no Mas’udni yandi: «Sen qarab tur, biji bola» dedi. Anvar bolani koʻtargancha koʻrpasiga oʻlturdi. Chap tizasiga Mansur yopishdi va uning yonigʻa Ra’no qoʻshildi… Shu yoʻsun ikki orada bir muncha vaqt Mas’udni soʻyishdilar: Anvar bolani Ra’nogʻa bergandan keyin simobi shohi sallasini olib yostiqqa tashladi va roʻymoli bilan qopqora boʻli chiqa boshlagʻan murtini tuzatdi. Ra’no qarshida tik turar edi.
— Tinchlikmi?
— Betinchlik, — dedi kulib Ra’no.
— Ayni muddao ekan boʻlmasa… Ha, aytkandek, — dedi Anvar oʻlturgan sufasiga ishorat qilib, — bu kun joy katta solingʻan?
— Mehmon kelar emish.
— Yolgʻoning qursin, Ra’no, — dedi Anvar kulimsib, — qanday mehmon?
— Men qayoqdan bilay, qanday mehmon… fotihaga kishilar kelar emish, deb eshitdim.
— Fotihasi qanaqa?
— Bilmasam qanaqa?
Anvar oʻylanib yana kulimsidi:
— Sening fotihang boʻlmasin?
— Menim qanday fotiham boʻlsin, men hali tirikman.
— Teskariga burma, Ra’no, balki seni erga bermakchidirlar?
Ra’no qizarib turdi-da, yana gapni kulgulikka oldi:
— Meni kimga berar emishlar?
— Senimi? — dedi kulib Anvar, — sendan xondan boshqa kim olsin?
Ra’no qoʻlidagʻi ukasiga qaragʻan holda:
— Siz shunga maslahat bersangiz… men qandogʻ qilay, — dedi va Mansurni chaqirdi, — tur Mansur, ketamiz.
Ra’noda achchigʻlanish namoyishi bor edi. Anvar Ra’nodagi bu oʻzgarishdan oʻnggʻaysizliqqa tushdi:
— Ra’no, — dedi. Ra’no zinadan tushib boshlagʻan holda toʻxtadi, — chinini soʻzla, mehmon kelishi aniqmi?
— Mehmon kelishi aniq, ham keldi, — dedi Ra’no jiddiy.
Anvar ajablandi:
— Mehmon keldi?
— Keldi.
Anvar tevarakka qarandi:
— Qani mehmon, — dedi.
Ra’no qoʻli bilan Anvarning oʻziga ishorat qildi:
— Ana mehmon, — dedi.
Anvar kuldi:
— Men mehmonmi?
Ra’no jiddiy ravish bilan:
— Albatta, siz bizga mehmonsiz.
Anvar yana kuldi. Biroq uning bu soʻnggʻi kulishida kuchlanish bor edi:
— Men sizga mehmonmi?
Ra’no kulimsib yer ostidan Anvarga qaradi va qoʻlidagʻi xarxasha qilib boshlagʻan bolani ovitish uchun tebrandi.
— Bilmasam…
Ra’noning yuzidan boyagʻi jiddiyat yoʻqolgʻandek edi. Anvar ham ma’noliq hazilni tashlab chin hazilga oʻtdi:
— Mehmonning qorni och, Ra’no, — dedi, — albatta qadrlik mehmon uchun tansiqroq taom pishirgʻandirsiz, deb oʻylayman. Bu kungi taomingiz ismini lutfan marhamat qilsangiz edi.
— Mehmonning vazifasi, — dedi Ra’no javoban, — izzati bilan oʻlturish va oldigʻa qoʻygʻan narsani maxtab-maxtab yeyishdir…
— Toʻgʻri aytasiz, otin bibi, — dedi Anvar, — biroq bu kungi mehmondorchiligʻingiz ham kechagidek ubra bilan boʻlsa maxtab-maxtab qoʻlingizgʻa qaytarib berishim ham aniqdir.
Ra’no butun tovshini qoʻyib kulib yubordi:
— Bu kun qoʻgʻurma shoʻrbagʻa, — dedi Ra’no kulgi ichida, — qattigʻ non toʻgʻrab yeysiz, jaz oʻrnigʻa shalgʻam chaynaysiz.
— Ofarin, — dedi Anvar, — bu kungi mehmondorchiligʻingizdan qariyb mamnun boʻladirgʻangʻa oʻxshayman. Agar mumkin boʻlsa shuni ham bilsamki, bu kungi shalgʻam shoʻrba katta otin bibining qoʻllaridan tanovul qilinadirmi yoki kichik otin bibining?
— Mehmon uchun buning farqi yoʻqdir…
— Bir oz yanglishasiz Ra’nobonu, — dedi Anvar, — chunki qoʻldan-qoʻlning katta farqi bor.
— Farqi boʻlsa… bu kun kichik otin bibining qoʻllaridan shalgʻam shoʻrba tanovul qilasiz.
— Bu holda afu etasiz, Ra’nobonu… Basharti kichin otinbibining qoʻllaridan tanovul qiladirgʻan boʻlsaq shalgʻam shoʻrba emas, bizning uchun qush shoʻrbadir.
Bunga qarshi Ra’no nimadir aytmoqchi boʻlgʻan edi, tashqaridan oyogʻ tovshini sezdi, Anvarga bir kulib qaradi-da, Mansurni yetaklab ichkariga chopdi.

Xayrixoh Bir Odam
Ra’no ichkariga qayrilmasdan boqchagʻa maxdum kirdi va tashqarini chaqirdi:
— Marhamat Shahidbek, marhamat!
Ra’no ichkariga kishiri bilan domlaning orqasidan harsillagan, gursillagan elli yoshlar chamaliq semiz bir kishi koʻrindi. Koʻk sallasi manglayining usti bilan oʻralib, oʻsiq qoshi qovogʻigʻa yotqan bu bekning belidagi kumush kamari benihoyat oʻsib tushkan qornini yuqorigʻa koʻtarib turish vazifasini ado qilar edi.
Eshik ostida Shahidbek bilan maxdum oralarida onglashilmasliq yuz berdi:
— Siz yuring!
— Siz yuring!
— Men rozi!
— Adabsizlik boʻladi-da, xrrr?
Ortiqcha takallufni Shahidbekning oʻzi qabul qilsa ham goʻshti qabul qilmas edi. Takalluflanib oʻltursa borgʻan sayin oʻziga behuzurlik ortar edi. Shuning uchun maxdumning oldigʻa tushib joʻnadi va yoʻl ustida «Mirzo Anvar ham kelgan ekan, xrrr?» deb qoʻydi.
Anvar ularni qarshi oldi, sufaga chiqdilar. Shahidbek Anvar bilan entika-entika koʻrushkach, joy koʻrsatilmasdanoq sufaning toʻrigʻa oʻlturib oldi. Chunki zinadan chiqishda ancha ezilgan, takallufgacha kutishka toqati qolmagʻan edi. Fotihadan soʻng oʻlturgan yerida ust toʻnini yeshdi, belidan kamarini olib yonigʻa qoʻydi, sallasini chiqarib yostiqning ustiga tashladi va roʻymoli bilan maglayodagʻi terlarini artib oʻzini yelpidi:
— Xoʻb salomatmisiz, mirzo, xrrr?
— Shukur, oʻzlaridan soʻrasaq?
— Alhamdulilloh.
Soʻngra maxdum Anvardan hol soʻradi:
— Bir oz kechikdingizmi, Anvar?
— Zarurroq ishlar bor edi.
— Sarmunshiy qazo qilib, — dedi Shahidbek, — hamma ogʻirliq sizning ustingizga tushkan boʻlsa kerak, mirzo, xrrr?
— Shunday, — dedi Anvar, — lekin ba’zi vaqt viloyatlarga oshigʻich yuboriladirgʻan noma va farmonlar chiqib qoladir. Shunday kezlarda hatto tunab ishlashka ham toʻgʻri keladir.
Shahidbek qayta boshdan manglayigʻa terilib qolgʻan terlarini artdi:
— Iloji yoʻq, iloji yoʻq?
Anvar yer tegidan maxdumga koʻz qirini tashlagʻach, oʻrnidan turub toʻnini yeshdi va zinaga borib kafshini kiya boshlagʻan edi, maxdum buyurdi:
— Ichkariga kirib, xabar oling, taom tayyor boʻlgʻan boʻlsa, olib chiqsangiz ham ma’qul.
— Xoʻb.
Anvar ichkariga ketdi. Uning orqasidan kuzatib turgʻan Shahidbek maxdumga qaradi:
— Mirzoning tarbiyangizda kelganiga koʻb boʻlgʻan chiqar?
— Qariyb oʻn toʻrt yil.
— Oʻz farzandlaridek boʻlib qolgʻan-da?
— Undan ham afzal.
— Ojizalari ham yetib qolgʻan boʻlsa kerak?
— Inshoolloh.
— Xudo yosh bersin, — dedi Shahidbek, — mirzoni oʻzlariga domod[43] qilsalar ham boʻlar ekan, xrrr?
— Ushbu mulohazamiz ham yoʻq emas, — dedi maxdum. — Modomiki bolani yoshligʻidan oz farzandimizdek parvarish qildiq, endilikda oʻzimizga domod ham boʻlsin, deb ojizamizmi soʻratgʻuchi koʻb oliy nasab xonadorlardan qat’iy nazar qilib kelamiz?
— Barakalla, — dedi Shahidbek, — asli insof shudir? Ikkilanchi, domodliq uchun nasabdan ilgari ilmu adab, fazlu kamol lozimdirkim, bu ham oʻzlaridan maxfiy emas, xrrr?
— Habba, — dedi maxdum koʻzini qisib, — biz ham shu gaplarni mulohaza qilib qoldiq.
Shahidbek maxdumning mahalla ahllaridan boʻlib, Xudoyorxon zakotchilarining biridir. Mundan ilgari Shahidbekning maxdum bilan uncha yaqinligʻi yoʻq va hatto oʻzgʻan yillarda mahalla kishilaridan ba’zilarini maxdumning imomatiga qarshi qoʻzgʻatib yurgʻan edi. Domlar bilan doʻstlashish tarixi ersa ikki-uch kundan beridir. Chunki shu kunlarda Anvarning sarmunshiy boʻlish ehtimoli shaharning katta-kichiklari orasida soʻzlashilib qoldi. Shu ehtimol natijasida maxdunning doʻst va dushmanlari oʻylashgʻa majbur boʻldilar. Jumladan, bizning Shahidbek maxdum bilan aloqasini tuzatmagan holatda Anvar munshiy ta’yinlanib qolsa, birar «foji’a« boʻlish ehtimoli bor edi. Shahidbek fikricha, goʻyo maxdum Anvarga: »Falonchibek falon vaqtda menga munday adovat qilgʻan edi. Endi fursat kelganda sen uni zakotchilikdan bekor qil», deb buyurar, Anvar ham ustozining soʻzini yerda qoldirmay sarmunshiy boʻlgʻan kunidayoq Shahidbekni xizmatdan boʻshatdirar edi?
Shahidbek Anvarning sarmunshiy boʻlishini, tabi’iy, xohlamas edi. Ammo Anvarga qarshi bir ish qilish kuchiga ham molik emas edi. Garchi, hozirda Anvarning sarmunshiy belgilanishi bir ehtimol boʻlsa ham, Shahidbek har ehtimolga qarshi chora koʻrib qoʻymoqchi boʻldi. Mundan uch-toʻrt kun ilgari maxdumga yaqinlashish andishasida avvalo unga iqtido qilib namoz oʻqudi (ilgari maxdumning orqasida namoz oʻqumas edi). Huftan namozidan keyin halqaga kirib maxdumning tilovatiga soe’ boʻldi. Ikkinchi kun ertalabki namozdan soʻng maxdumga salom berdi va undan ahvol soʻrab: ? «Eshitib juda xursand boʻldim, har nachuk sarmunshiyning oʻz kishilarimizdan boʻlgʻani yaxshi; bu toʻgʻrida oʻrdaliq ogʻaynilargʻa iltimos ham qilib qoʻydim« dedi. Maxdum oʻz ishida qancha pishiq boʻlsa ham, lekin doʻst bilan dushmanni ajratolmas, yana toʻgʻrisi — necha yillik adovatlarni ikki ogʻiz shirin soʻz yoki besh pul manfaat evaziga unutib yuborgʻuchi edi. Bunda ham shunday boʻldi: »Bachchataloq adovatni tashlab shaytongʻa hay beribdi.
Anvarning sarmunshiy boʻlishigʻi soʻyubindir, shaytoni zoʻr boʻlsa ham insofi chakki emas«, deb Shahidbekka doʻstona muomala qildi va Anvarning ishi toʻgʻrisida bilganini soʻzladi; hali asr namozigʻa chiqqanda yana Shahidbek bilan uchrashib soʻzlashdi va Anvar «ahmoq”ning bu ishka noroziligʻidan shikoyatlandi. Shahidbek bir oz oʻylagʻandan keyin: »Men oʻzim mirzo Anvar bilan bir soʻzlashay boʻlmasa?» dedi. Chunki basharti Anvar bosh munshiy boʻlib qolsa va bunda oʻzining ham ishtiroki boʻlsa albatta? ha-deya. Shu mulohazada Shahidbekning koʻzi allaqancha joylarni koʻrib oldi.
— Mirzoning uyda boʻlish vaqtini aytsangiz, oʻzim oldigʻa kirar edim, — dedi.
Anvar «bekor gap, anchayin boʻlmagʻur gap», deb maxdumning bu toʻgʻridagʻi savollariga ahamiyatsizgina qilib javob berar va shuning uchun maxdum ham bu kungacha masalaga ishonchsiz qarab kelar edi. Alhol ersa bu gap butun Qoʻqon xalqi ogʻzida soʻzlanib qoldi va buning ustiga Sultonali mirzo maxdumning jiddiy iltimos ham qilib ketdi. Shu sabablarga binoan maxdumning nazarida Anvarni koʻndirish masalasi jiddiylashkan va Shahidbekning haligi soʻzidan keyin oʻz yonigʻa koʻmakchilar, kengashchilar olish luzumini ham his etkan edi. Shu mulohaza bilan Shahidbekning haligi taklifini ma’lmamnuniyat qabul qildi:
— Habba? alhol Anvar uyga kelgan boʻlsa kerak; lozim topsangiz men bilan birga marhamat qilingiz, — dedi.
Shahidbek Anvar bilan soʻzlashkali va uni koʻndirgali kelgandek koʻrinsa ham aslida gʻarazsiz odam emasdir.

Maxdumning Tahdidi
Anvar oʻrtagʻa dasturxon yozib, ikki lagan manti chiqarib qoʻydi, uch kishi qamti oʻlturib, manti tanovul qilishdilar. Taom asnosi Shahidbek sekin-sekin maqsadgʻa yondashib keldi.
— Xalq ogʻzida duv-duv gap, — dedi manti chaynab, — goʻyo siz marhum sarmunshiy oʻrnigʻa nasb[44] qilinar emishsiz, deb… Bu haqiqat gapmi yoki ovozami, yasxhi payqolmadi. Bu soʻzning haqiqatini hozir oʻzi sizdan eshitamiz-ku va lekin sizga xayrixoh boʻlgʻan taqsirim va mendek kishilarni bu shoyi’a[45] benihoyat xursand qildi, xrrr… Darhaqiqat, bu martabaga nihoyatda layoqatingiz bor ekanini oʻrda arboblaridan ham eshitamiz…
Shahidbek soʻzni shu joygʻa keltirib maxdumga qaradi. Maxdum soqolidagʻi xamir ushogʻini olib, mehmonni laganga targʻib qildi.
— Kecha va oʻtkan kunlarda, — dedi maxdum lagandan olgʻan mantisini qoʻlida ushlagan koʻyi, — bu shoyi’alargʻa men ham ishonmagʻandek edi. Ammo bu kungi dovruq meni ham tajjubka qoʻydi. Voqi’an Anvar sarmunshiylikka mansub qilinsa ne gʻaroyibligʻi bor? Alhamdulilloh, fazli kofiy, aqli solim, iste’dod boʻlsa boz inchinin…
Anvar qoʻli laganda ekan, kulimsib qoʻydi. Shahidbek kech harorati va manti issiqligʻi ta’sirida yana oʻbdan terlagan edi. Roʻymoli bilan manglay va boʻyin terlarini artar ekan, Anvarga qaradi:
— Xoʻsh, mirzo Anvar?
— Shunday gaplar bor, — dedi Anvar, maxdumga koʻz qirini yuborib, — ammo bu gaplar mening xohishim va ragʻbatim xorijida boʻlmoqda. Shuning uchun bu shoyi’alargʻa ahamiyat berishka arzimaydir.
Shahidbek maxdum bilan koʻz urushdirib oldi.
— Ya’ni suz sarmunshiylikni xohlamaysiz? – deb soʻradi.
— Albatta.
— Sabab?
— Sababi shulki, — dedi Anvar, — men buningdek mas’ul, ayniqsa, tantanalik vazifalarga havaskor emasman.
— Albatta, shunday-ku, — dedi Shahidbek, — ammo kishi, alalxusus sizga oʻxshash yigitlar hamisha bir oʻrunda oʻlturib qolmaydirlar. Tajriba, iste’dodlari oʻskan sayin, yuqoriroq martabalarga mina boradirlar. Shuningdek sizni ham yuqori martabaga koʻtarmakchiga oʻxshaydirlarkim, xrrr… buni sizning havaskorligʻingiz emas, fazlingiz taqozo qilib, bunda siz asosan har qancha qarshi boʻlsangiz ham, xrrr… layoqatingiz yana sizni bu xizmatni qabul qilishka majbur etadir.
— Kishilar mubolagʻa qilgʻandek menda iste’dod yoʻq, — dedi Anvar, yerga qaragʻan holda. – Undan keyin oʻrdagʻa kechagina borgʻan menga oʻxshash yoshlarning «bosh mirzo boʻlaman’ deb umidlanishlari ayni bir kulgidir. Ya’ni, demakchimanki, bu vazifa tama’ida oʻn, yigirma va balki oʻttuz yillab koʻzini toʻrt qilib kelgan munshiylar, mufti va shoirlar bor. Ularning yonida menga oʻxshash bir yosh tajribasizning ham tama’lanishi kulgi emasmi? Ayniqsa, oʻrdadagʻi urfi-odatlarni va tajribalarni oʻz koʻzidan va boshidan kechirib turgʻan kishilar tomonidan bu shoyi’ani durust deb ishonilishiga tajjub qilaman…
Shahidbek qoʻlini artar ekan kuldi:
— Shu ishonchsizligʻingizning oʻzi ham bir bolaliq.
— Bolaliq, bolaliq, — deb qoʻydi maxdum.
Manti tanovul qilinib bitdi. Maxdum laganlar tegini ichib-yaladi. Fotihadan soʻng lagan va dasturxonlarni ichkariga eltmakchi boʻlgʻan Anvarni Shahidbek toʻxtatdi:
— Laganlarni qoʻyib turing-chi, mirzo, ilgari haligi masalani yeshaylik.
Anvar qoʻlidagʻi dasturxon va laganni sufa labiga qoʻyib oʻlturdi.maxdum gulduros bilan kekirib, ustidan «alhamdulilloh» ham deb oldi
— Xoʻsh, mirzo Anvar?
— Gap boyagʻicha, bek aka, — dedi Anvar, — bu masala ahamiyat berishka arzimaydir.
Shahidbek maxdumga qaradi. Maxdum Anvarni jerkti:
— Arziydirmi, yoʻqmi, axir, soʻzga quloq ber-da, Anvar bolam.
— Xoʻb, marhamat qilsinlar.
— Eshitishimizga qaragʻanda, — dedi qoʻlini oʻynatib Shahidbek, — janobgʻa manzur qilingʻanlar orasida sizning nomzadingiz bor ekan.
Anvar kulimsidi:
— Bor deb eshitdim.
— Oʻrdadagʻi ishonchlik kishilarning soʻzlariga qaragʻanda, yorligʻ sizning otingizgʻa boʻlar emish.
— «Boʻldi» bilan «boʻlar emish» orasida katta farq bor.
— Xoʻb, — dedi oʻzini yelpib Shahidbek, — biz bu ikkisini bir yoqqa qoʻyayliq-da, ikki oradan «basharti boʻlsa» fe’lini olayliq, xe-xe-xe… Basharti yorligʻ sizning ismingizga boʻlib qolsa, siz shunda nima qilasiz?
Anvar kulib maxdumga koʻz qirini tashladi.
— Siz bu «basharti boʻlsa»gʻa ham ishonmang, bek aka.
Maxdum xoʻmrayib Anvarga qarab qoʻydi. Shahidbek yana soʻradi:
— Axir, shu ehtimolga qarshi javob bering-da, xrrr.
— Men iste’fo va uzr arizasi berar edim…
— Hamoqat[46] ! – dedi maxdum va teskari qarab oldi.
Shahidbek taassuf qilgʻan kabi boshini chayqadi:
— Bu soʻzingiz bilan boyagʻi gapingizga qarshi bordingiz. Boya «mendan boshqa boʻladirgʻanlar ham bor, men bu ishka umidlanmasam ham boʻladir», degandek qilgʻan edingiz, hozir ersa boshqa narsani aytasiz, xrrr.
— Kufroni ne’mat, non tepkulik, — dedi maxdum. Anvar yana kulimsidi, ammo jiddiy tus olgʻan edi:
— Xayr, kishilar oʻylagʻandek, menim mirzoboshiliqqa iste’dod va layoqatim ham boʻlsin, agar yorligʻ bersalar, bu vazifani qabul ham qilayin, — dedi, — ammo anovi – yigirma-oʻttuz yildan beri shu mansabning qaygʻusida kelgan kishilar tinch yotadir, deb oʻylaysizmi, har zamon oyogʻimdan chalmaydirlar, deb ishonasizmi? Mana shu andishada tuban va ahamiyatsiz boʻlsa ham, hozirgʻi xizmatimni a’lo koʻraman va shu mulohaza bilan taqsirim aytkanlaridek, kufroni ne’mat qilmoqchi boʻlaman.
Shahidbek maxdumga qaradi, maxdum Anvarga qarshi chiqdi:
— Sen oʻz ishingni bilib qilsang, vazifangda sustlik koʻrsatmasang, — dedi, — senga butun olam dushman boʻlgʻanda ham bir moʻyingni xam qilolmas. Chunki haq hamisha gʻolibdir, haqsizlik ersa magʻlub. Tuhmat va boʻhton xavfida ma’rakadan[47] yuz oʻgurish – yigitlarning ishi boʻlmas. Chunonchi, ushbuning misoli turkiyda ham bor: «Chumchuqdan qoʻrqib, tariq ekmagan» deb qoʻrqoq kishilarni masxara qiladirlar. Shunga oʻxshash sen ham chumchuqdan qoʻrqib, tariq ekmaguchilar xilidan boʻlsang… men yanglishib yurgʻan ekanman-da, bolam!
— Haqiqat… — deb kuldi Anvar va bir oz oʻylanib toʻxtaldi. – Haqning haqsizliqqa gʻolib kelganini ogʻizda eshitsam ham, shu choqqacha amalda koʻralmadim, — dedi, — masalan, mendan ham oʻzingizga ravshanroqdirkim, mirzolardan Sayidxon, mulla Siddiq va Moʻminjonlarning boshigʻa qanday falokatlarni solmadilar, holbuki haqiqatda ular xon oʻylagʻancha xiyonatchi kishilar emas, faqat bu uchavining yomonliqlari bir necha adovatliq mirzolarnin toʻquma tuhmat va boʻhtonlari edi[48]. Ayniqsa oʻzim bir necha yildan beri oʻrdada ishlab, shuningdek oʻz ora fisqu fasodlarni har kun uchratmakdaman va shuning uchun bulgʻanch bir muhitda munday tashlandiq vazifani oʻz ustimga olishdan xazar qilaman.
— Sening misoling, — dedi maxdum, — nodirai voqi’adir… Agar shunday hodisalarni oʻylab tursang, oʻrdada emas, hatto koʻchada ham yurishing maholdir. Baxting bunchalik kulgan ekan, jabonat[49] bilan davlat qushini qoʻldan uchurish kufroni ne’mat, bolam!
— Ha, taqsir, — dedi Shahidbek, — ayni hikmat soʻzlaysiz… Ukam mirzo Anvar, baxt degan narsa yigitka butun umrda faqat bir martaba qaraydir, xrrr, agar shunda mahkam tutib qolsangiz, xoʻb, boʻlmasa hamisha otning keyingi oyogʻisiz-da.
— Tilak va tashviqotlaringiz xolisona boʻlgʻani uchun tashakkur aytaman, — dedi Anvar, — yana shu holda meni ma’zur koʻrasiz…
Maxdum yana qishishdi, oʻng koʻzini qisib, bir yoqlama Anvarga qaradi. Chunki ul juda achchigʻi chiqqan kezlarda kishiga shu xilda qarar edi.
— Men kim, Anvar?
— Siz… Siz ustozim…
— Bas, ustozingning, — dedi maxdum, — shu kungacha qaysi ta’limidan zarar va qaysi kengashidan zoegʻligʻ tortding?
— Nafdan boshqa hech. Lekin oʻz umrimda bir gustoxlik[50] qilmoqchiman.
Maxdum yana achchigʻlanib, bir-ikki tamshandi:
— Boshqa narsaga gustohlik qilsang qil, illo hozirgʻi inoding ayni hamoqat! – dedi qoʻlini paxsalab, — agar men senga ustoz va ota boʻlsam, bu ishka quloq qoqma, illo oʻzing bil, tuzukmi?!
Anvar indamadi, chunki maxdum keyingi jumla bilan ma’lum bir tahdidgacha borib yetkan edi.
— Qizishmang, qizishmang, — dedi Shahidbek, — mirzo Anvar siz oʻylagʻan yigitlardan emas. Albatta, mirzo Anvar aytkandek, xrrr… oʻrdada oʻshanday gaplar ham yoʻq emas va lekin men azmoyishchi[51] boʻlsam, xrrr, shuni aytib qoʻyayki, oʻrdadagʻi kattadan-kichik mirzo Anvarga hurmat bilan qaraydir. Chumolini ogʻritmagʻan kishiga kim ham adovat qilsin-xrrr…
— Habba! – dedi maxdum, — endi nima qoldi; orada goʻdaklik xavfidan boshqa hech gap yoʻq… Oyigʻa qirq tillo vazifa, anvoi hadyai shohona, yana – eldan koʻriladirgan obroʻ, hurmat, hay, hay, hay…
Maxdumning keyingi jumlasi Anvarni kulimsitdi. Kuchlanib jiddiyatini saqlagʻan holda:
— Hozircha meni bosh munshiy qilib yorligʻ berganlari yoʻq, — dedi, — shuning uchun bu toʻgʻrida soʻzlashish manga qolsa hali ertaroq koʻrinadir.
— Men ham buni bilib turibman, bolam Anvar – dedi maxdum. – Basharti bu martabani xudoyi ta’olo senga nasib qilsa, haligidek bolaliq aqling bilan nobud qilib qoʻymagʻil, deb soʻzlayman. Eshitishima qaragʻanda, janobgʻa bir ariza yozib, uzr bayon qilmoqchi emishsan…
— Kim aytdi?
— Kim aytkanini qoʻyaber, ammo boyagʻi harakatlaring bu kori baddan ham qaytmasligʻinggʻa bizni ishontiradir. Darhaqiqat, ushbu xabar toʻgʻrimi?
— Sizga arz qilgʻan kishi balki bilib soʻzlagandir… Basharti siz bu fikrimni ma’qul topmasangiz… albatta majburman.
— Habba, — dedi maxdum tamom ochilgʻan qiyofatda, — goʻdaklik lozim emas, jabonat koʻb mazmum[52] sufat, «Osilsang ham baland dorgʻa osil» maqoli koʻb purhikmat soʻz.
Maxdum shu gapni aytish orasi qone’[53] va magʻrur Shahidbekka qarab oldi. Chunki ul bu magʻruriyatka ikki jihatdan haqli edi; «basharti siz ma’qul koʻrmasangiz…» deb Anvar oʻz rizoligʻini maxdumning yolgʻiz shaxsi bilan bildirdi, ham shu jumla bilan ustozidan boshqalarning oʻz ra’yiga qarshi bora olmasliqlarini onglatdi.
Yaxshigʻina tushurilgan manti va odatdan tashqari entikib, halloslab koʻb soʻzlash natijasida Shahidbek charchab, yostiqqa suyanib qolgʻan edi. Shuning uchun ul ikki oradagʻi onglashishni yonboshlagʻan koʻyi tabrik etdi:
— Balli, mirzo, balli, gap shunday boʻlsin, xrrr…
Bir-ikki piyola choy ichishkandan soʻng, maxdum bilan Shahidbek fotiha oʻqub, shom namozigʻa qoʻzgʻalishdilar. Anvar Shahidbekni oʻrta eshikkacha kuzatib bordi. Shahidbek Anvar bilan xayrlashar ekan:
— Inshoolloh yorligʻ olarsiz, deb oʻylayman… Bir necha zakotchilar toʻgʻrisida siz bilan kengashadirgan gaplar ham bor. Oʻz farzandimizdek yigitsiz, sizning mirzoboshi ta’yinlanishingiz bizga ayni muddao, — dedi.
— Yovda boʻlsa, tezagi tegar emish. Anvar oʻz bolangiz-da.
Anvar ularning soʻziga qarshi majhul bir vaziyat saqlagʻan holda bosh qimirlatib sufaga qaytdi.

Baxmalbofda Faqir Bir Oila
Anvar 1267-nchi hijriya miyonalarida Qoʻqonning Baxmalbof mahallasida[54] faqir bir oilada duyogʻa keldi. Onalar tuqqan bolalarini sizga «tilab-tilab olgʻan falonim» deb, otalar «xudoy bergan oʻgʻulcha» deb taqdim etadirlar. Ammo bizning Anvar boʻlsa onasining «tilab-tilab olgʻani» emas va otasi ham uni «oʻgʻulchagʻa» hisoblamagʻan edi. Otasining kasbi boʻyoqchiliq, hamisha yarim belidan nil suviga choʻmilib yotqan bir kambagʻal va bir qarich, ikki qarich bolalardan beshtasiga dada edi. Shu besh bolaning yonigʻa izzatsiz, hurmatsiz oltinchi «mehmon» boʻlib, bizning Anvar qoʻshildi. Ya’ni Anvar tilab olingʻan bola emas, dadasi bilan onasining tilaklariga qarshi, faqat ularning baxtsizlik va qashshoqliqlarigʻa xizmat qilgʻuchi boʻlib tugʻildi. Bola tilab olinsa, soʻyinch-quvonch, novorachi-surnaychi va shunga oʻxshash choʻzma-chalpak, is-charogʻ marosimlari nuqsonsiz ijro etiladir. Ammo Anvarning dunyogʻa kelishi munday marosim, tantanalar va orzu-havaslar bilan bus-butun aloqasiz edi. Masalan, onasi oʻz yonigʻa doya chaqirib takalluflanmadi, toʻngʻuch qizi Nodiraning koʻmagida tugʻdi; bolalarini qoʻni-qoʻshnigʻa soʻyinchi uchun chiqarmadi. Chunki qoʻshnilarning «qaysi holingʻa tugʻding?» yoki «oʻzi oʻlgur it mijozmi?» deb ta’na qilishlaridan choʻchidi.
Shu holda yetti-sakkiz kunlab Anvarning dunyogʻa «tashrifi» sir boʻlib kechti. Anvar ohorliq yangi yoʻrgak koʻrmaganidek, ogʻalaridan birining eski beshigiga toʻqquzinchi kun belandi emas, tiqildi.
Anvarning «chillasi charogʻ koʻrmagan» boʻlsa hech boki yoʻqdir, biroq yigirma kunlab beshikda ismsiz yotishi qiziqdir, chunki yangi «qadrlik mehmon»ga ot qoʻyish na otasining esiga va na onasining xotirigʻa kelgan edi. Oradan yigirma kun oʻtsa-ku, bolagʻa ism qoʻymasalar, deb ota-onani ayblash ogʻir. Balki Salim boʻyoqchining tiriklikdan qoʻli boʻshamagʻandir. Avorbibining boʻlsa olti bolaning xarxashasidan qulogʻi tinchimay miyasi suyulgandir, har holda bu «qadrlik» bolaning oti muhtaram mahalla imomi tarafidan qoʻyilmagʻanidek, ota-ona tomonlaridan ham nasib boʻlmadi. Ism qoʻyish vazifasini yigirma ikkinchi kunlarda oʻn ikki yoshliq Nodira ado qildi.
Nodira oʻz yaqinlaridagʻi maxdumlardan birining bolasini yaxshi kiyimi, ayniqsa, yoqimliq eshitilgan «Anvar» ismiga suqlanib, havaslanib yurar edi. Oʻylab-netib turmadi-da, yangi chaqaloq ukasining otini ham «Anvar» deb atadi va veshikda chalqancha yotib, nursiz qora koʻzlari bilan dadasining faqir hayotigʻa «ramz qoʻygʻan» bu chaqaloqning tevaragidan aylanib, «Anvarjon, Anvarjon!» deb xitob qila boshladi. Shuni ham aytib qoʻyish kerakki, Anvarning dunyogʻa kelishini birdan-bir tabrik etib soʻyingan shu Nodira edi. Soʻngroq yana unga onaliq martabasida boʻlib kelguchi yana shu Nodiradir.
Shu yoʻsun Salim boʻyoqchining mavridsiz laylaklari ichida bemahal gʻurrak boʻlib Anvar ham yashay boshladi. Bolalari koʻpaygan sayin Salim akaning ishi ham keyinga ketkanidek, kundan-kun ehtiyojdan-ehtiyojgʻa oʻtib borar edi. Anvar uch yoshqa kirganda, besh yillardan beri Salim akaga yopishib olgʻan bobosir kasali uning yoqasidan olib yiqitishgʻa muvaffaq boʻldi. Ya’ni Salim aka qonsirab, darmonsizlanib yotib qoldi. Muolajaga pul kerak, mundan ham ilgari oilaning umumiy kasali boʻlgʻan oziqqa ham shu narsa kerak. Salim boʻyoqchi sarmoyasidagi nil, tuz va shunga oʻxshash dastmoyalarni sotib muolaja qildirgʻan boʻldi. Dard ancha ulgʻaygʻan edi. Bu chiqimlar foyda oʻrnigʻa zarar keltirdilar. Doʻkon dastgohini sotib roʻzgʻor qildi. Bular ham bitkandan keyin bu oilaning ogʻir kunlari boshlandi. Ochliq, yalangʻochliq, ayniqsa kasal boqish.
Shu qish ayniqsa qattigʻ kelgan edi. Sovuqdan saqlanish uchun ularning hozirliklari yoʻq. Oʻpkasiga sovuq tegdirib Salim akaning toʻrtinchi bolasi oʻldi. Koʻklamga chiqar-chiqmas Salim boʻyoqchining oʻzi ham dunyo bilan vidoʻlashdi. Buning ustiga Anvar, yana ikki ogʻasigʻa qizamiq toshib bir bola munda ham oʻlib berdi. Shu yoʻsun olti oy ichida Anorbibi eridan va ikki bolasidan ayrilib, toʻrt goʻdak orasida tirik beva boʻlib qoldi. Nodiraning boʻyi choʻzilib qolgʻan, har nachuk bir joyini topib ketar, ammo uchta yosh bolaning ishi qiyin edi. Eridan bolalarning tarbiyasiga yararliq hech gap qolmagʻan, bir-ikkita xum, uch-toʻrtta moʻndi va shunga oʻxshash rezrov, boshqa bir balo ham yoʻq. Anorbibi mehnat bilan yaxshab, yetti-sakkizni tugʻib, yoshi ham qirqlargʻa borib, tusiga ajin kirib, keksaymasa ham qarimsiq boʻlib qolgʻan, shuning uchun birartaga tegib olishi toʻgʻrisida oʻylash ham behuda.
Anorbibiga oʻxshash tul xotinlarning qiladirgan ishlari har kimga ham ma’lum: mahallada dasturxonchilik, boylar eshigicha oqsochliq, hunarmandroq boʻlsa – kinnachilik va hokazo. Anorbibi shu hunarlarning hammasiga ham qobiliyat e’lon qilib, bolalarini boqish fikriga tushdi. Ba vu orada qizi Nodirani bir boʻzchi bolasigʻa uzatib, yukini ham bir oz yengillatdi.

Taniysanmi Shu Jajji Qizni?
Falakmi kajraftor, turmushmi bemaza, har holda Anvarlarning tole’i yana pastlik qildi. Bir kun Anorbibi biravnikida yumush qila turib toʻsindan ogʻrib qoldi, bir soatning ichida tilidan ham ayrildi. Zanbilga solib oʻz uyiga keltirib tashladilar. Bolalarning figʻoni falakka chiqdi. Kuyavi tabibga yugurdi. Natijada yurak falajiga yoʻliqqani ma’lum boʻlib, shu kun kechasi hatto uch goʻdagi toʻgʻrisida bir ogʻiz vasiyat qilolmay vafot etdi. Mozorgʻa eltdilar. Tobut oldida ikki ogʻasi bilan olti yoshliq Anvar ham yigʻlab bordi.
Oʻn bir yoshliq Temur, toʻqqiz yoshliq Qobil va Anvarlarni tarbiya qilish ogʻirligʻi Nodiraning ustiga tushdi. Marhuma onasining yodgorlari boʻlgʻan bu uch bolani begonalar qoʻlida xor qilib qoʻyishni Nodira istamasa ham, erining faqirligʻi bunga mone’ edi. Ta’ziya kunlari oʻtkandan keyin oʻgʻulliqqa deb soʻragʻanlargʻa ikki bolani berib yubordi va Anvarni oʻzi bilan olib, onasining qaqir-ququrlarini bir aravaga ortib erining uyiga keldi.
Nodira onasi oʻrniga Anvarning boshini siladi, yuvib-taradi va Anvarning istiqboli uchun qaygʻirdi. Otasi va oʻz erining kasblariga yaxshi baho bermagani uchun Anvarni boshqa kishi qilmoq fikriga tushti. Uni oʻqutmoqchi, hatto madrasalarga yubormoqchi va shu yoʻsun mullaliq darajasiga yetkuzib, otasining uyiga charogʻchi qilmoqchi edi. Anvarni oʻzlari turgʻan mahalladan bir guzar nari boʻlgʻan Solih maxdumning maktabiga berdi. Anvar «taxta»dan oʻqush boshladi, zehnining tiniqligʻidan boʻlsa kerak, oʻn bir yoshida savodi chiqayozdi. Biroq oʻqishda qancha baxtli boʻlsa, peshanada oʻshancha baxtsiz edi. Shundogʻki, Nodira ikki bolaliq boʻlgʻan edi. Eri: «Ukangga yedirib-kiydiraymi yoki oʻz bolalaringnimi? Ukangni kishiga shogird berib yubor», deb Nodirani qistashgʻa turdi. Bechora Nodira ogʻir holda Anvarni kishiga shogird berib, oʻqushini zoe’ qilishgʻa koʻzi qiymaydir, eriga muqobala uchun hech bir mantiq topolmaydir. Chunki erining holi oʻziga ma’lum. Shu yoʻsun yana bir yil oʻtib, Anvar toʻgʻrisida eri bilan achchigʻ-tiziq boʻlgʻan bir kun paranjisini yopinib koʻchaga chiqdi va toʻgʻri Solih maxdumning uyiga bordi. Shu vaqtlarda Solih maxdumning onagi Margʻilongʻa ketmagan edi.
Nodira Mohlar oyimgʻa yigʻlab hasrat qildi. Hamma sarguzashtlarini birma-bir soʻzladi. Shu bola uchun eridan chekkan izolarini chizib:
— Ulugʻ dargohlaringizga shu yatim bolaning umri zoe’ boʻlmasmikin, oʻqushi juvanmarg qilinmasmikin, deb keldim. Bir parcha nonlaringizni ayamay, yatim boshini silasalaringiz, deb keldim, — dedi.
«Qush tilini qush biladir» deganlaridek, Nodiraning samimiy arzi bandachiligi Mohlar oyim bilan Nigor kelinning yuklarini ezdi va shu onda Mohlar oyim maktabxonadagi bolalar ichidan Anvarni chaqirtirib oldi. Anvar kelishkan, doʻndiq bola edi.
— Domlasi maqtaydirgʻan oʻzimning zehnlik bolam-ku, — dedi Mohlar oyim Anvarni koʻrish bilan va Nodiraga taskin berdi.
— Xoʻb qizim, xoʻb, pochchasi boqmasa boqmasin, men oʻzim boqaman, oʻqutib katta mulla qilaman.
Anvar pochchasining keyingi kunlardagi dagʻal muomalari sababini oʻylab, xafalanib yurar edi. Mohlar oyimning haligi soʻzi bilan masalaga tushundi va yatimona boshini quyi soldi. Bu holdan opasi ta’sirlanib, koʻziga yosh oldi.
— Yigʻlamang, juvon, — dedi Mohlar oyim, — yoʻqlik qursin – yoʻqlik. Pochchasi kambagʻal boʻlsa, unda ham gunoh yoʻq, hamma gap taqdiri azaldan. Yaxshi: bu kundanoq bola siznikiga bormaydir, oʻz yonimda oʻgʻlim boʻlib yotadir. Oting nima, katta yigit?
— Anvar…
— Oh, oting ham oʻzingga oʻxshash chiroylik ekan… Manovi doʻndiq qizni taniysanmi?
Shu oʻrtada oʻynab yurgʻan olti yoshlar chamaliq Ra’no yugurib kelib, Mohlar oyimning bagʻrigʻa kirdi. Anvar oʻzidan ham doʻndiqroq Ra’noga qarab kuldi:
— Ra’noxon, — dedi.
Mohlar oyim Ra’noni bagʻridan chiqarib buyurdi:
— Bor, Anvar akangga salom qil!
Ra’no kelinlarcha Anvarga salom qildi va jazb qilgʻandek Anvarning yaqinigʻa borib toʻxtadi.
— Koʻrish, Anvar! – dedi oyim.
Anvar Ra’noni bagʻrigʻa olib quchoqladi. Shu holda Mohlar oyim kulimsidi.
— Agar oʻlmasam, shu doʻndiq qizimni berib, Anvarni oʻzimga kuyav qilaman.
Anvar uyalib bagʻridagʻini boʻshatib yubordi. Xotinlar kulishdilar. Shu yoʻsun Nodira Mohlar oyimdan juda xursand boʻlgʻani holda uyiga qaytib ketdi.
Oʻz uyida bir nonxoʻr ortishi maxdumga, albatta, yoqmas edi. Biroq, onasining ra’yini qaytarishdan ham ojiz edi. Shundogʻ ham boʻlsa, «tomogʻi-ku, yengil, kiyimi ogʻirroq. Kiyimini opasining ustiga qoʻymabsizda» – dedi. Mohlar oyim: «Kiyimi bir gap boʻlar. Kishilar masjid, madrasa solgʻanda, bir bir yatim boqsaq, arzimaydimi? Senga ogʻirliq qilsa, oʻz bisotimdan kiyintirarman, bolam» – dedi.
Anvar oʻn ikki yoshida uchunchi oilani koʻrdi. Lekin bu oxirgʻisi Anvar uchun har jihatdan ham qulay boʻldi: oʻqushini davom etdirar, qorni panjshanbalik nonlar bilan toʻq, ust-boshi yamoq boʻlsa ham yalangʻoch emas edi. Bu uchunchi oilaga koʻchishda Anvarni eng xursand qilgʻan narsa maktabdagi bolalarning ozor berishlaridan qutilishi va domlaning asrandi oʻgʻli maqomini olishi boʻldi. Bolalar uni ehtirom qilmasalar ham, unga burungʻicha yomon muomala qilishdan hayiqib qoldilar. Anvarga bu uyda ortiqcha yumush ham yoʻq, chunki har qancha uy xizmatlari maktab bolalaridan ortmas, oʻqushdan boʻshagʻan vaqtini Ra’noni oʻynatib kechirar edi.
Oʻn uch yoshida maktab proʻgʻrammasini bitirib, yosh boʻlsa ham xalfalik, ya’ni domlagʻa koʻmakchilik qila boshladi. Ba har kun bolalar ozod boʻlgʻandan keyin maxdum unga kofiya[55]dan dars berar va «Gulistoni Sa’diy»dan bir necha band oʻqub, ma’nosi bilan yodlatar edi.
Oʻn besh yoshida maktabni yolgʻiz oʻzi idora qilish darajasiga yetkanidek, yaxshigʻina forsiyxon va bir daraja arab tiliga oshno boʻldi. Maxdum mundan bir necha vaqt ilgarilar Anvarni madrasaga uzatish toʻgʻrisida soʻzlanib yursa ham, hozir bu gapni ogʻzigʻa olmay qoʻydi. Chunki maktab ishida yalqovlanib Anvarga suyanib qoldi va madrasa masalasini unutdirish maqsadida, arab, fors nahvsarfidan oʻzi dars berishka kirishdi.
Maxdum Anvarga shu jihat bilan inoq edi. Ammo Mohlar oyimning Anvar bilan muomalasi xolis va samimiy boʻlib, ul Anvarga oʻz bolasidek mehribon va har vaqt: «Koʻnglingni buzma, Anvar yigit; koʻrasanmi shu jajji qizni? Albatta senga berdiraman!» der edi. Lekin Mohlar oyim va’dasiga yetalmadi. Maxdumdan arazlab Margʻilon ketishka majbur boʻldi. Biroq, ketar chogʻida ham Anvarni unutmadi. Nigor kelinni oʻz yonigʻa chaqirib: «Kuyavlik uchun Anvardan yaxshiroq yigitni topolmassiz, Ra’nogʻa xudoyim umr berib, boʻyi yetsa, albatta Anvarga berdirgin» – dedi.

Chin Oʻrtoq
Anvar yoshligʻida boʻshanggʻina bir bola edi. Oʻz tenggi bolalar bilan oz aloqa qilar, ularga kam aralashar va ortiqcha oʻynab-kulmas, hamisha uning koʻzida bir mung yotar edi. Bu holat balki oila baxtsizligidan, ota-ona bagʻrida yayramagʻanliqdan tugʻilgʻandir, desak, uning ikki ogʻasi munday emas edilar. Bir onadan necha xil bola tugʻiladir, deganlaridek, Anvarning yaratilishi ogʻalarigʻa nusbatan boshqacha edi. Maxdumning uyida tura boshlagʻach, Anvarda bir oz oʻzgarish koʻrildi. Shunda ham bolalar bilan aloqasini eskicha yurutib, faqat Ra’no yonidagʻina oʻyin-kulki bolasigʻa alishinar, Ra’noni yetaklab boqchagʻa, koʻchadagi katta suv boʻylarigʻa chiqib hamrohini boqchadagʻi gullarning ismi, uchin yurgʻan qushlarning nav’i, katta oqar suvlar va ayniqsa Ra’no kabi yosh qizchalar uchun bu suvlarga yiqilish xavfi va shuningdek, boshqa masalalar bilan uni tanishdirar, koʻchada oʻlik koʻtarganlarni koʻrsa, birarta bolaning otasi yoki onasi oʻlganligini soʻzlab, buning orqasidan: «Menim ham onam oʻlganda oʻshandoq qilib koʻtargan edilar… Men ham shu boladek mozorgʻa yigʻlab borgʻan edim», deb qoʻyar edi. Ra’no ham Anvarning soʻziga diqqat bilan quloq solar va koʻpincha hisobsiz savollar ila uni koʻmib tashlar, lekin Anvar zerikmas, har bir soʻroqqa javob berib, Ra’noni qanoatlandirishgʻa tirishar edi.
Anvar yosh boʻlsa ham jiddiy va kichkina miyasi muhokamaga qobil, boshqa kishilar ustiga tushkan baxtsizlikdan ham mutaassur boʻlgʻuchi edi.
Bola chogʻidanoq eng yaxshi koʻrgan narsasi gulzor va undagi gullar edi. Maxdumning oilasiga kelib tura boshlagʻandan soʻng boqchaning gulzor qismini oʻz idorasi ostigʻa oldi. Gullarni sugʻorish, oʻtlarni yulib, tozalash vazifalarini oʻzi bajardi. Gullardan hech kimga uzdirmas, bir bolaning uzib olgʻanini koʻrsa oʻz xafa boʻlgʻanidek, bolani ham xafa qilar edi. Bolalarning daragi bilan har kimning uyida boʻlgʻan yangi gullardan koʻchat va urugʻ olib, yildan-yilga gulzorni boyitdi. Yoz kunlari kelsa, bolalarni kapalak va oltin qoʻngʻuz tutib kelishka buyurar; qiynamay, ozor bermay zahasiz kapalak tutib kelganlarga sabogʻini oʻqutib qoʻyish bilan mukofot berar, kapalak va oltin qoʻngʻuzlarni gulzorga uchurib yuborar, agar ular gullarga qoʻnib qolsalar, oʻzida yoʻq soʻyunar edi. Shuning uchun aksar yoz kunlari maxdumning boqchasi oq, nimrang, olan, zangor, malla, lojuvard va boshqa tus kapalaklarning yalt-yult uchishlari bilan alohida bir koʻrinishka kirar, Anvarning oʻqushdan boʻshagʻan kezlari gullar ichida va shu kapalaklar orasida kechar edi.
Anvar har kim uchun ham soʻyimlik va xushmuomalasi barchaga barobar edi. Ammo, ayniqsa xush koʻrgan kishilaridan birinchisi Ra’no va ikkinchisi maktabdagi shogirdlardan saboqdosh sherigi Nasim ismlik bola edi. Nasim bilan Anvar juda yaqin doʻst, bir-birini onglagʻuchi sirdosh oʻrtoq edilar. Garchi Nasimning otasi Qoʻqonninggʻina emas, butun xonliqning tanilgʻan kishilaridan va bu ikki bolaning sinfiy ayirmaliqlari yer bilan koʻkcha, lekin yosh doʻstlar buning farqigʻa yetmaslar, Nasim «xonning mirzaboshisining oʻgʻliman», deb havolanmagʻanidek, Anvar ham «Salim boʻyoqchining yatimi, Solih maxdumning asrandisiman» deb andisha qilmas edi. Bu ikki bola bir joyda suhbatka kirishsalar, chetdagi bir kishi Anvarni yirtiq boʻz kiyimlar ichida va Nasimni shohi-adraslar bilan gʻarq holda koʻrib, albatta «bu gadoybachcha bilan bekbachchaning oʻzaro nima munosabatlari bor?» deb taajjublanar, lekin doʻstlar hali buning ayirmasini idrok qilmaslar edi.
Aksar jum’a kunlari maxdumdan izn olib, Anvar shu oʻrtogʻining uyiga borar, kechkacha Nasim bilan «suhbatlashib» qaytib kelar edi. Anvar shu munosabat bilan Nasimning otasi Muhammad Rajab poygachining iltifotiga noil ham boʻldi. Nasim oʻrtogʻi Anvarning yatimligʻini otasigʻa bildirib, majbur qilgʻan boʻlsa kerak, bir necha hayit mavsumlarida Muhammad Rajabbek Anvarga kiyimlar ham berdi. Bu iltifot ikki doʻstning aloqalarini bir-birlariga yana qattigʻroq bogʻladi, ayniqsa, maxdumning dimogʻini chogʻ qildi. Zero, Anvarning Muhammad Rajab kabi bir kishining oʻgʻli bilan doʻstlashishi bir kamolat boʻlgʻanidek, doʻstliqning hatto sarpolar kiyishkacha borib yetishi maxdumning nazarida yana ayni fazilat edi… Shu sarpo kiyish voqi’asidan soʻng maxdum Anvarga boshqacha qarab qoldi va ichidan «sen odam boʻladirgʻan koʻrinasan», deb qoʻydi.
Baxtka qarshi, bu doʻstliq aloqasi uzoq davom etalmadi. Bir kun oradagʻi doʻstliq rishtasini oʻlim yagʻmogari kelib uzdi. Nasim oʻn besh yoshlar chamasida chechak kasali bilan ogʻridi va oʻsha kezlarda davosiz hisoblangʻan bu kasaldan oʻnglalmay vafot qildi. Muhammad Rajabbek va oilasi uchun bu musibat, albatta, ogʻir edi. Biroq, ulardan ham Anvar uchun ogʻir bir hasrat boʻldi. Hatto, koʻz yoshini marhumning ota-onasidan ham koʻbroq Anvar toʻkdi desak, mubolagʻa qilmagʻan boʻlurmiz. Uch kun maktab va maxdumni unutib, Muhammad Rajabbek havlisida turib qoldi. Har oqshom Nasimning qabri ustida bir soatlab yigʻlab oʻlturdi. Bu yoshning samimiy chin doʻstligʻi va oʻrtogʻigʻa sadoqati har kimni taajjubka qoʻydi.
Anvarning birinchi martaba marhum doʻstiga atab yozgʻan marsiyasi motamlik ota-onani yana boʻzlatqan edikim, biz marsiyadan bir necha misra’ini quyida koʻrsatamiz:
Ochilmay soʻlsa har gul gʻunchasi piru juvon yigʻlar,
Emas piru juvon, balki hamma ahli jahon yigʻlar.
Ajal yagʻmogari bogʻi zako ichra uzib zanjir,
Rahmsiz ezsa ma’sum lolalarni, chun xazon yigʻlar.
Nasimim ketdi olamdin meni qaygʻu aro tashlab,
Koʻzimdin oqsa xun hech bir ajab yoʻq, chunki qon yigʻlar.
Jahonda erdi tanho men yatimga hamnishin, dildor,
Gʻariblikning diyorida adashkan notavon yigʻlar…
Mulla Muhammad Rajabbek poygachi oʻgʻlining sodiq doʻstiga shu kundan e’tiboran boshqacha qarab qoldi. Bir jihatdan ma’sumiyat, ikkinchidan koʻrinib turgʻan iste’dod Muhammad Rajabbekni Anvarga iltifot etishka majbur qildi. Garchi Anvarning yuqoridagʻi marsiyasi bolaliq xarxashasidan iborat edi ersada, yana uning istiqbolidan xabar olish uchun yaxshi mezonliq vazifasini ham oʻtar edi.
Mulla Muhammad Rajabbek avvalo oʻz iltifotini Anvarning marsiyasidan bir baytini Nasimning qabr toshigʻa olish bilan boshladi. Soʻngra Anvarning «dunyoda man yatim oʻrtogʻinggʻa tanho sirdon va dildor (koʻngil koʻtarguchi) eding. Bu kun men sendek doʻstdan ayrilib, yana gʻurbat diyorida notavon yigʻlayman!» deb afsus va nadomat qilishigʻa qarshi, ya’ni Anvarning yatimlik va gʻaribligiga yoʻl qoldirmasliq uchun mulla Muhammad Rajabbek oʻgʻlining sodiq doʻstiga oʻz otaligʻini koʻrsatmakchi boʻldi.
Anvar uch haftagacha xatmi qur’on kechlari Muhammad Rajabbek uyiga kelib turar edi. Oxirgʻi xatmi qur’on kechi Muhammad Rajabbek Anvardan ahvol soʻradi:
— Domlangiz salomatmi?
— Shukur.
— Oʻqushingiz yaxshimi?
— Birmuncha.
— Domlaning uyida turasizmi?
— Taqsir.
— Siqilmaysizmi?
— Yoʻq.
— Ilmi hisob oʻqugʻaningiz bormi?
— Yoʻq, taqsir.
— Domlangiz ilmi hisobni bilurmikin?
— Bilmaslar deb oʻylayman.
— Agar men bir domla ta’yin qilsam, hisob oʻqiysizmi?
— Ustozim ruxsat bersalar, albatta oʻqiyman.
— Xoʻb… boʻlmasa erta kechka domlangiz shu yerga kelib, menga uchrashsin.
— Xoʻb taqsir.
Ertasi kuni maxdum keldi, Muhammad Rajabbek maxdum bilan soʻzlashib, Anvarni oʻrda xizmatiga olish fikrida boʻlgʻanligʻini, buning uchun arabcha, forsiychadan yana ham chuqurroq ma’lumot olishi lozimligʻini va hisob oʻrganishi kerakligini aytdi. Maxdum Muhammad Rajabbekning Anvarga munchalik marhamati uchun bir oz shoshib qolsa ham, lekin bu mehribonchiliq sababiga yaxshi tushunganligi jihatdan avvalo bekning yatimparvarligi, soʻngra Anvarning zako va iste’dodini maxtadi. Anvarni odam qilish yoʻlida chekkan oʻz mashaqqatlarini ham shikoyat yoʻsunida soʻzlab chiqgʻach, bu kunlarda ehtimomi tom[56] birlan Anvarga fors va arabiydan dars berib turgʻanini va alhol ham Anvar forsiycha tazkira va tahrirlar yoza olishini bayon qilib, nehca xil uzrlar ichida oʻzining ilmi hisobdan bahrasizligini bildirdi, ya’ni Anvarning ilmi hisob oʻrganishi uchun boshqa muallim kerak boʻlur, dedi. Muhammad Rajabbek bu toʻgʻrigʻa oʻzi domla topmoqchi bolib maxdumga ruxsat berdi.

Maxdumning Baxti
Shu kundan boshlab Anvarning hayotida yangi sahifa ochiladir. Ya’ni maxdum Anvarga ilgarigicha – istiqboli qorongʻu bir yatim, deb qaramay, balki Anvar kabi oʻz oʻgʻli boʻlmagʻanigʻa oʻkuna boshlaydir. Darhaqiqat, uning oʻkunishiga arsiydirgan chigil masalalar ham tugʻiladirkim, masalan: Anvar oʻrda xizmatiga kirib qolsa, oyigʻa besh tillo, oʻn tillo naqdina daromad qilib tursa, bu mablagʻlar…
Shunday istiqboldagʻi bu «mablagʻlar» masalasi maxdumning ichini ari boʻlib talaydir. «Oʻn yoshdan beri oʻqutib, yedirib, kiydirib kelaman; albatta, daromad manim haqqim boʻlur», deb oʻylasa ham, bu hukmidan oʻzi uncha rozi boʻlinqiramaydir. Har holda masala chigil…
Mohlar oyimning Ra’noni Anvarga berish toʻgʻrisidagʻi «ahamiyatsiz» soʻzlari oʻsha vaqtlarda maxdumning ensasini qotirgʻan boʻlsa, hozir shu haqda chinlab oʻyladigʻina emas, balki «haligidek Anvarning baxti ochilib ketsa, nima malomati bor. Yatimlik ayb emas, inson uchun fazlu kamol lozim, kulib turgʻan baxt hojat, naslu nasabning hech ahamiyati yoʻq. Ra’noning husniga har kim ham tahsin qilur: Anvar albatta yoʻq demas… Bu borada mol va jonni bir qilishdan boshqa maslahat yoʻq» degan qarorgʻa daf’atan kelib qoldi. Mundan birar oylar ilgari Nigor oyimgʻa: «Anvar balogʻatgʻa yetayozdi. Sen bilan Ra’noga shar’an nomahram, undan qochishlaring lozim», degan boʻlsa ham, bu buyruq hozirgʻacha amalga oshmagʻan edi va bundan keyin ham amalga oshmaydirgʻan boʻldi. Zero, maxdumning fikricha Anvarga ogʻir tuyulish ehtimoli bor edi…
Anvar Muhammad Rajab poygachi tarafidan belgilangan bir muftida hisob, insho (tahrir) qoidalarini oʻrgana boshladi. Maxdum ham jon otib arab va forsiydan ta’limni kuchaytirdi. Anvar bir yil ichida hisobni oʻrgandi. Va boshqa darslarida ham yaxshi muvaffaqiyat qozondi, ham shu koʻklamdan e’tiboran har kun oʻrdagʻa borib, Muhammad Rajab munshiy qoʻl ostidagʻi mirzolar yonida daftardorliq, nomanavislik usullarini tajriba qila boshladi. Bir yil chamasi maoshsiz tajriba koʻrdi. Shunda ham hafta sayin Muhammad Rajabbek oʻz kissasidan uch-toʻrt tanga choy puli berib turar edi. Anvar shu arzimagan uch-toʻrt tangani ham maxdumning qoʻligʻa keltirib berar va hafta sayin oʻziga ustozining umidini kattaroq bogʻlatib borar edi.
Anvar bir yillik tajribada oʻrdadagʻi daftardorliq, forsiycha va turkcha nomanavislik[57] hunarlarini tamoman deyarlik oʻrganib tajribalik mirzolar qatorigʻa kirdi. Sarmunshiyning ogʻzidan chiqqan ma’noni tartibka solib noma, yorligʻ va boshqacha bir tazkirani tahrir qila olar, mirzolar jumlani gʻalat ifoda qilib, sarmunshiydan aksar tanbeh eshitkanlarida, Anvar bunday tanbehka juda siyrak uchrar edi.
Ikkinchi yildan boshlab yetti tillo mohona[58] bilan maoshliq mirzolar qatorigʻa oʻtdi. Mohonadan tashqari soliqlardan ham darxonliq[59] qogʻozi oldi. Soliqlardan darhonliq maxdumding roʻzgʻorigʻa katta yengillik edi. Chunki soʻnggʻi yillarda xonliq tomonidan xalq ustiga tushkan va tushib turgʻan soliqlar behad va toʻlab boʻlmasliq edikim, bu haqda kelasi boblarimizda soʻz boʻlur. Shu xursandlik barobarida birinchi oyning yetti tillosi yaxlit holda maxdumning qoʻligʻa tegishi goʻyo toʻy ustiga toʻy edi. Domlaning yetti tilloni olgʻandagʻi holini tasvir qilish, albatta qiyindir; koʻzlari gʻilaylashqan, aftida qiziq oʻzgarish koʻrilib, ogʻzining tanopi uzoq sayohatni ixtiyor qilgʻan – «habba… hosiling durust, Anvar bolam, lekin pulga ehtiyot boʻl, boʻtam!» degan edi. Yetti tilloning qoʻldan chiqish xabari Nigor oyimning qulogʻigʻa yetishkach, Anvardan ranjidi: «Hamma pulingni domlanggʻa chakki beribsan, Anvar; ust-boshingni, koʻrpa yostigʻingni, ortib qolsa Ra’no ukangning ustini tuzatishing kerak edi. Domlang tuflab tugishdan boshqani koshki bilsa!» – dedi.
Maxdum yetti tillo «naqdina»ni olib qancha shodlangʻan boʻlsa, oʻshanchalik tashvishka ham tushdi. Uning fikricha, zamona yonom, buzuqilar benihoyat; mumkinki, Anvarni oʻzidan aynatib ogʻzi oshqa yetkanda, boshini toshqa tegdirsalar… Ra’noni Anvarga nikohlab boshini bogʻlab qoʻyaymi, deb oʻyladi. Biroq, Ra’no hali oʻn bir yoshda edi. Ikkinchi kun Anvar ishdan qaytib kelgach, maxdum uni boqchagʻa olib kirdi. Boqchadan kungay ham koʻkrak bir oʻrunni koʻrsatdi:
— Ana shu yerga senga atab bir uy, bir ayvon, oshxona va axtaxonasi bilan imorat solsam deyman… Habba, Anvar? – deb soʻradi. Anvar kuldi:
— Imoratka elli tillodan kam pul yetmaydir. Manim boʻlsa bir tiyin pulim yoʻq. Boʻladirgʻani ham fotiha berguningizcha albatta sizniki va oyimlarniki, — dedi.
— Habba… himmatingga! – deb yubordi maxdum, — albatta-ku shunday va lekin oʻsha niyatlaringdan keyin boyagʻidek alohida pul yigʻsang deyman-da… Albatta, bu gap uch-toʻrt yilsiz emas-da.
Shu vaqt Ra’no narida bola koʻtarib turar edi. Maxdum Ra’noni oʻz yonigʻa chaqirib, unga ham haligi oʻrunni koʻrsatti:
— Habba… mana shu yerga Anvar akangga uy solib beramiz, Ra’no. Bu senga qalay oʻxshaydir, qizim?
Ra’no otasining soʻziga tushunmadi:
— Anvar akamning yotadirgʻan mehmonhonasi bor-ku, — dedi.
— Xe-xe-xe, bolasan qizim, bolasan, — deb kuldi maxdum, — Anvar akang tokay mehmonxonada yotadi deysan. Axir bir kun uylanadi, bamisoli sen boʻlsang erga tegasan… Axir uy kerak-da, qizim.
Bu soʻzdan Anvar qizarib ketdi. Ra’no Anvarga qarab oldi va dadasiga achchigʻ qilgʻan kabi burulib ichkariga joʻnadi. Maxdum Anvarga ustaliq bilan bir ma’noni onglatib, ta’minot berganidek, buzuqilarning vasvasasiga qarshi dam ham solgʻan edi… Bu dam solish Anvarga ham ta’sirsiz qolmadi. Shu kungacha Ra’noning yosh, ma’sum husniga umidsiz qaraydirgʻan boʻlsa, bundan keyin unga umid va istiqbolning shirin xayollari bilan termuladirgʻan boʻldi.
Maxdum oʻzining chekkan tashvishida haqli boʻlib chiqdi. Anvarning tevaragida «xolis» maslahatgoʻlar ham koʻrinishib qoldilar. Ayniqsa bu «xolis»lardan biri pochchasi edi. Pochchasi yetti tillo daragini eshitib entikdi. Erining tazyiqi ostida Nodira ham kengashka turdi.
— Pochchang, bizning havligʻa kelib tursin, oʻzim uylantirib qoʻyaman, deydi.
Anvar boshqalarning kengashiga quloq solmagʻanidek, opasining soʻziga ham iltifot qilmadi. Maxdum javob bermaguncha bu uydan ketmasligini bildirib, faqat pochchasigʻa yordam berib turish va’dasi bilan opasini tinchitdi.
Anvar ikkinchi oy maoshidan uch tilloni oʻzida qoldirib, uyga kiyim-kechak olish uchun izn soʻragʻan edi, maxdum «shu ish chakkida, bolam. Xayr, bundan soʻng shu noma’qulchilik boʻlmasin!» deb arang koʻndi. Anvar Nigor oyim, Ra’no va oʻziga kiyimliklar sotib oldi. Nigor oyim sholpar, Ra’no atlas kiydilar.
Nigor oyim Anvarning pinjiga kirib olib, oʻz yoʻligʻa sola boshladi. Maoshining hammasini maxdumga bermaslikka, shunga oʻxshash kam-koʻstlarga ham yaratib turishgʻa undar edi. Anvarning andishasini rad qilib: «Har qancha bersang ham dadasi ola beradir. Lekin berganingni sen bilan bizga misi ham yuqmas. Shunday boʻlgʻandan keyin, ishni oʻylab qilish kerak», der edi. Chunki Nigor oyim erining Anvarga qattigʻ botina olmasligʻini sezar edi. Shunday boʻlsa ham Anvar yetti-sakkiz oygʻacha topqanini maxdumga berib, duosini olib turdi. Lekin maxdum shunchalik daromad bilan ham eski tabi’atini bir zarra oʻzgartmas, hamon eski tos, eski hammom: har kun suyuq osh, xudo yorlaqagʻan kun ozodliqning palovi, shunda ham Anvar kech kelib sovigʻan oshni yer, uyda issigʻ non yopilmas, hamisha panjshanba kun yigʻilgʻan non suvi qochib, taraqlab kelasi panjshanbagʻacha kafolatni oʻz ustiga olar edi. Bora-bora Anvar ham bu holdan siqilib, Nigor oyimning kengashicha ish qilmoqqa majbur boʻldi. Oltin berib quruq duo va minnatdorchilik olishdan, duosiz yeb-ichishni a’lo koʻrdi. Uyga goʻsht va boshqa masalligʻ olib berib, xohlagʻan taomini buyurib turdi; oʻzi yaxshi kiyinganidek, Nigor oyim, Ra’nolarni ham yaxshi kiyintirdi. Nodirda opasigʻa, jiyanlariga kiyimlar olib berdi; ikki tilloni Margʻilonda ogʻrib yotqan Mohlar oyimgʻa sovgʻa-salom qilib yubordi.
Bu oʻzgarish maxdumni dovdiratib qoʻydi va qoʻrqa-pisa «bu oy xarojatlabsizmi, bolam?» deb soʻragʻan edi, «kam-koʻstlarni tuzatib oldiq» degan javobni berdi. Ikkinchi oyda, koʻrpa-yostiqlarni tuzatib, maxdumning koʻzi toʻrt boʻla bergach, ikki tilloliq «xolis» duo ham olib qoʻydi. Lekin maxdum bu holdan ancha shoshqan edi. Birar shayton yoʻldan ozdirdimi, deb astagʻfirulloh oʻqur edi. Anvarning eskicha ochiq yuz bilan muomala qilib faqat «naqdina» vajhidangina dam boʻlib qolishi, topqanini «bemaza» ovqatlargʻa, kiyim-kechak va boshqa «behuda moloya’ni[60] »larga sarf qilishi maxdumni koʻb tanglikka solgʻan edi.
Boʻtam Anvar, — dedi bir kun maxdum, — dunyo degan koʻb noyob narsa; kishining bir kuni boʻlsa yigʻlab-sixtab oʻtib keta beradir, illo, zar qadriga yetish kerak… menda boʻlsa oʻzingda turgʻandek gap, bolam.
Bunday «muassir» nasihatlar ham Anvarga kor qilmadi. Chunki Nigor oyim va Ra’nolar bilan bu toʻgʻrida qat’iy bitishib qoʻygʻan edi. Shu bilan birga maxdumning oyliq vazifasini ikki tillodan ham kamaytirmadi. Inson har narsaga qobil… bora-bora maxdum shunga ham qanoat qiladirgʻan boʻlib, hisob-kitobni esidan chiqardi. Biroq, oy sayin ikki tilloni olgʻanda «qolgʻani» toʻgʻrisida bir oz yuragi achishib qoʻyar edi.

Xonning Iltifoti
Devonda rasmiy mirzo boʻlishning uchinchi yilida Anvar juda katta e’tibor qozongʻan edi. Ayniqsa, turkiy tahrirda mirzolarning har birisidan ustun: chiroylik uslubi, oson tarkib[61] va ifodasi bor edi. Buni mirzolardan boshlab saroy shoirlari, saroy muftilari, bosh munshiy Muhammad Rajabbek, hatto xonning oʻzi ham e’tirof qilar edilar.
Xudoyor muhr bosish asnosi yozilgʻan yorligʻ va nomalarni oʻqutib eshitar, munshiylarning eshitilmagan arab va fors soʻzlari orqaliq toʻqugʻan yarim turkiy jumlalariga aksar vaqt tushunmas: «Enalaring arapqa tekkanmi?» deb mirzo, muftilarni koyir edi[62]. Ammo, Anvarning yozgʻan har bir jumlasini musiqiy kabi rohatlanib, tushunib tinglar va «shu bala barilaringʻdan ham oʻqugʻanraq chiqar!» deb, boshqa mirzolarning yuragiga oʻt yoqar edi.
Muhammad Rajab munshiy keyingi kunlarda muhim tazkiralar tahririni Anvarga topshiradirgʻan boʻldi. Oʻzi birar joygʻa ketadigan boʻlsa, devon idorasini Anvar qaramogʻigʻa qoldirar, har bir toʻgʻrida ham boshqalardan koʻra Anvarga ishonar edi. Zero, Anvar har bir ishni toʻgʻri va xolis ado qilar, vazifasidan tashqari ishlarga kirishmas, oladirgʻan maoshidan ortiqcha tama’ga tushmas edi. Bu oʻrunda Anvarning bir xususiyatini ataynoq yozib oʻtishka burchlimiz: oʻrus istibdod idorasi yonidagʻi musulmon qozixonalari va ulardagi mirzolarni har kim xotirlaydir. Oʻsha mirzolarning unar-unmaska «qalam uchi» soʻrashlari, kichkina ishni ulugʻlatib mazana[63] chiqarish harakatlari ham bizga ma’lumdir.
Shu qozixona mirzolari, baayni hikoyamizning mavzu’i boʻlgʻan Xudoyor saroyi munshiylarining kichkina nusxalari edilar. Xongʻa yoziladirgʻan arzi-dodlar saroy mirzolaridan tashqarida tahrir qilingʻan boʻlsa, aksar vaqt ishka oshmas edi. Ya’ni chetda yozilgʻan ariza qabul qilinsa ham ariza egasi qalam uchini begona qilgʻani uchun arizani xongʻa va sarmunshiyga koʻrsatmay, yirtib tashlar edilar. Ariza egasi natija soʻrasa, «arizangizni savodsiz kishi yozgʻan ekan; janob iltifotsiz qoldirdilar» deb savodliq kishidan boshqa ariza yozdirib berishka maslahat koʻrsatar edilar. Ariza berguchi ikkinchi martaba harajatlanib, saroy mirzolarining oʻzlaridan yozdirishgʻa majbur boʻlar edi. Mundan boshqa, bir-birlari ustidan xongʻa shikoyat qilish, oʻz aro bitmas adovat ham davom etib, aksar bir-birlarining tegiga suv ham quyib turar edilar. Yana aksariyat mirzolar xonning xufiyalik xizmatini ham ado qilib, shaxsiy adovat yoki xongʻa yaxshi koʻrunish uchun fuqarodan nechalarning gunohsiz qonigʻa choʻmilib, mudhish foji’alargʻa ham sababchi boʻlar edilar. Shuning uchun xalq ayniqsa, kambagʻallar saroy mirzolarigʻa nafrat bilar qarar, ular yonigʻa yaqinlashishdan qoʻrqar, ilojsizlikdan ikki bukulib salom berar edilar.
Lekin Anvar ta’mani, shaytanatni, adovatni ayniqsa, xufiyalikni bilmas, devonda oʻziga topshirilgʻan vazifanigina ado qilar, alaxusus mazlumlar dodnomasini xongʻa eshitdirishka va yaxshi natijalantirishka tirishar edi. Ul oʻzining shu toʻgʻriligʻi soyasida hamisha anovi mirzolarning ishiga biloqasd[64] xalal berib, chirishni[65] buzub turar, ham shu va boshqacha sabablardan ularning adovatiga yaxshigʻina hadaf[66] ham boʻlgʻan edi. Biroq, Anvarning homiysi – Muhammad Rajabbek katta e’tibor va nufuzga molik, ham xongʻa inobatlik, shuning uchun mirzolar Anvarga qarshihech narsa qilolmas edilar. Mirzolar orasida Anvarga tish-tirnogʻi bilan qarshi boʻlgʻan Shahodat mufti kabi keksa mirzolar yashagʻanlaridek uning iste’dod va zakosiga xolis maftun boʻlgʻan Sultonali kabi mirzolar ham bor edilar.
Shu yoʻsun tajriba yilidan tashqari besh sana saroyda ishlab kelar edikim, mundan oʻn besh kunlar muqaddam sarmunshiy Muhammad Rajab poygachi bir haftagina ogʻrib, vafot etdi. Anvar oʻziga samimiy mehribon boʻlgʻan bir kishidan ayrildi. Necha yillardan beri Muhammad Rajabbekning oʻlumini yoki boshqacha bir falokatini kutib, undan soʻng bosh munshiylikka oʻzini chogʻlab yurgʻan Shahodat mufti xizmat bilan qishloqqa chiqib ketkanligi uchun, muvaqqat ravishda bosh munshiylik vazifasini Anvar ado qila boshladi. Va shu bir necha kun ichida Anvarning bosh munshiy boʻlish shoyi’asi yurib qoldikim, hozirga bu toʻgʻrida bir mulohaza aytish qiyindir. Chunki bu mansabga intilguchi kazo va kazolar, shoir va fuzalolar koʻbdir.

Anvarning Andishasi
Anvar Shahidbek bilan maxdumning soʻzlariga qarshi majhul bir aziyatda bosh qimirlatib sufaga qaytdi. Ularning chiqib ketishlarini kutib turgʻandek ichki eshikdan Ra’no koʻrindi. Har zamon titrab, uchib ketishka hozir turgʻan boshidagʻi sarigʻ atlas parchasini (roʻymolni) bir qoʻli bilan bosib ushlaga edi. Anvar Ra’noni shu holda koʻrib, sufa yonidagʻi ochilgʻan gullar ustida toʻxtadi. Ra’no kelar ekan, oʻpkalik koʻz bilan Anvarga kulimsib qarar edi. Kelib sufa labida turgʻan boʻsh laganlarga taqildi.
— Bu kungi mehmondorchiligʻimizdan rozi boʻlgʻan oʻxshaysiz, Anvar aka, — dedi qayrilib Ra’no.
— Juda rozi boʻldim, — dedi Anvar va Ra’noning yonigʻa keldi, — ayniqsa, sening qoʻling bilan tugilgan mantilardan juda mamnun boʻldim, Ra’no.
Ra’no laganlardan qoʻlini olib, tirsagi bilan sufaga suyandi:
— Manim qoʻlim bilan tugilgan mantilarni qayoqdan bildingiz?
— Qayoqdan bildingiz? – deb Anvar kuldi, qoʻlida bir dona qashqar guli bor edi, — ayniqsa, sening qoʻling nimaga tekkan boʻlsa, men oʻshani darrav sezaman.
— Men tukkan mantilar qanday ekan?
— Tanimaydi deysanmi?
— Tanimaysiz.
— Choklari diqqat bilan chimtilgan, toʻrt burchagi ikkiga qovishtirilgʻan, doʻndiq… tanimaydi, deb oʻylaysanmi? Men nuqul sen tukkan mantilarni tanlab yedim…
— Mazaliq ekanmi?
— Mazaliq nima degan soʻz, — dedi Anvar, — mana shu qashqarning qizil guli yodingdami, biz bu gulni keltirib oʻtquzgʻan yilimiz pushti ranglik boʻlib ochilgʻan edi. Ikki yil oʻtmay qizil tuska kirdi. Bilasanmi bu nimadan?
Ra’no Anvarning jiddiy qilib bergan bu savoliga tushunmadi:
— Oftob qizartirgʻandir.
— Yanglishasan, Ra’no, — dedi Anvar, — men bu gulning qizarish sirrini ham bilaman, buning qizarishigʻa ham sen sabab, sening qip-qizil labing…
— Hazilni qoʻying, — dedi shu guldek qizargʻan Ra’no, — Shahid semiz nima uchun kelgan ekan, sizni mirzaboshi qilmoqchilar shekillik?
— Bu gapni qoʻy, Ra’no, ishonmasang oynagʻa qara, sening labing bilan shu qizil gul rangi orasida farq bormi, mana qara.
Anvar tomonidan labiga tegizilgan gulda Ra’no oʻzini olib qochdi:
— Hazil oʻlsin… Sizni mirzaboshi qilmoqchilarmi?
— Meni har balo qilmoqchilar… Lekin boʻlmagʻan soʻz.
— Nega boʻlmagʻan soʻz, shaharga ovoza boʻlgʻan emish-ku?
Anvar orqasi bilan sakrab sufa labiga oyoq solintirib oʻlturdi. Ra’no boyagʻidcha uning yonida sufaga suyandi.
— Ovoza haqiqat emasdir.
— Shamol boʻlmasa, terakning boshi qimirlamas emish. Balki sizni mirzaboshi ta’yin qilurlar.
— Meni mirzaboshi, ta’yin qilsalar yaxshimi, Ra’no?
— Yaxshimi, yomonmi, men qaydan bilay?
— Yomon, Ra’no.
— Nega yomon?
— Iflos ish. Agar boshqa kasb topsam, oʻrdani butunlay tashlab ketar edim.
— Iflos ish. Sizning bek pochchangiz ham shu xizmatni qilar edi-ku?
— Men bek pochcha boʻlolmayman, Ra’no. Oʻrdadagʻi toʻkulib turgʻan gunohsiz qonlar, doim tevarakdan eshitilib turgʻan ohu zorlar manim yuragimni ezadir, tinchligʻimni oladir. Yana men mirzoboshi boʻlib qolsam bu ohu zorlarning, toʻkilgan ma’sum qonlarning ichida bilfe’l[67] suzarman. Bu vaqt manim azobim bevosita boʻlur. Balki bunda ishtirok ham qilarman. Chunki xongʻa yaxshi koʻrunish uchun koʻb ishlarni uning istagicha koʻrsatish, zulm pichogʻini qayrab berish, shu mansabda uzoq yashamogʻimning asos shartidir. Lekin men bunday vijdonsizlik uchun yaratilmagʻan oʻxshayman. Madhu sano, olqish va duo zamiriga yashiringʻan zulmdan faryod, haqsizlikdan dod ma’nolarigʻa malham boʻlish, albatta manim qoʻlimdan kelmas. Chunki «soyaboni marhamat» vijdon kengashiga quloq sogʻuchi «ahmoq»lardan emasdir.
Dadangning fe’li senga ma’lum, Ra’no. dunyoda «manfaat»dan boshqani koʻrmaydir. Manim nima uchun bu mansabdan qochqanligʻimning farqigʻa bormay, «kufroni ne’mat qilasan, oyigʻa falon tillo» deb daf’atan qoʻrqoqligʻimgʻa hukm chiqaradir. Dadangga boyagʻi uzrlarni koʻrsatish toshning qulogʻigʻa azon aytish bilan bir boʻlgʻani uchun sukut qildim. Agar orada bir kishi boʻlmasa edi, garchi, bosh mirzoliq hozir bir xayol ersada, oʻshanda ham shu ovozagʻa boʻyin sunmas edim, Ra’no.
Ra’no Anvarning koʻziga toʻgʻri tikilib, soʻzni tingladi. Uning tusida Anvarga achinish vaziyati bor edi:
— Yaxshi niyat bilan mirzoliqni qabul qilsangiz, — dedi, — aholidan yordam qoʻlingizni yigʻmasangiz, shu holda barcha gunoh sizning boʻyningizdan soqit boʻladir, Anvar aka.
— Toʻgʻri, — dedi Anvar, — lekin gap bunda emas, Ra’no, men shunday boʻlishini tilar edim. Boshqalar men tilagancha qilmaydilar, binoan alayhi, mas’uliyat manim boʻynimdan soqit boʻldi, deb tinchlanish mumkin emasdir. Sen tamoman boshqacha tushungan bir masala, sening harakating va istaging aksicha natijalanib tursa, ruhar ezilasan, vijdonan azoblanasan. Mana, asli mushkilot shu nuqtadadir. Yoʻqsa gardandan soqit qilib qoʻyish har narsadan ham qulay vazifa, ammo ma’naviy magʻlubiyat ogʻir masala, Ra’no.
Ra’no Anvarning maqsadigʻa tushundi shekillik, bir necha vaqt jim qoldi va qarshisidagʻi yigitning oʻychan yuziga bir-ikki qarab oldi.
— Demak, mirzoboshiliqni qabul qilmaysiz?
— Agar topshirsalar, qabul qilaman.
— Shunchalik mushkilot ichida?
— Chunki otang buni mendan talab qiladir.
— Otamning qanday biyligi bor?
Ma’sum bu savoldan soʻng Anvar entikib qoʻydi va Ra’noni bir fursat koʻzdan kechirib turdi:
— Juda katta biyligi bor, — deb yana entikdi.
Ra’no qaytib soʻramadi. Goʻyo ul ham bundagi biylikka tushungan edi. Sekingina laganlarga qoʻlini yuborib, Anvarga boʻshtobroq qaradi:
— Choy ichasizmi?
— Keyinroq ichaman.
Ra’no laganlarni koʻtarib joʻnadi. Atlas koʻylak ichida toʻlqinlanib koʻringan uning latif gavdasi alhol Anvarning koʻz hadafi edi.
— Men xuftanga chiqmayman, Ra’no!
Ra’no yarim yoʻlda toʻxtab, kulimsiragan holda Anvarga qaradi:
— Chiqarman! – dedi.

Jilovxonada Bir Janjal
Asr namozi uchun masjid jilovxonasigʻa endi uch kishi yigʻilgʻan edi. Jilovxonaning toʻrida oʻlturgan qora toʻnlik, oʻttuz yoshlar chamasida rangsiz va yoshligʻiga qaramasdan quyuq soqolini bahaybat oʻsturib, bir burdagina yuziga ot toʻrba osqan kabi bir kishi edi. Uning yonida boʻz yaxtak bogʻichini osiltirib, xandalandek boʻqogʻi bilan oʻng tomogʻini ziynatlagan oʻrta yashar yana bir «husni Yusuf» koʻrinar edi. Uning qatorida oshlovdek chozuq yuzlik, oq boʻz koʻylagi yerdan toʻrt ellik koʻtarilib, boʻz sallasi gardani aralash oʻralgʻan uchunchi nozanin oʻlturar edi.
Bulardan birinchi muhtaram shu masjidning yosh imom va xatibi Abdurahmon domla janoblari boʻlib, ikkinchisi mahallaning shirin soʻz gʻiybatchilaridan Samad boʻqoq, uchunchisi masjidning muazzini Shukur soʻfi edi. Samad boʻqoq bilan Shukur soʻfi imom afandining muloyimona, ham bitta-bitta ayni maqomigʻa chertib va qator terib borgʻan soʻziga somi’ edilar:
Oʻrda ichida shunchalik oqil va donolar toʻlib yotqan bir fursatda, tahsil koʻrmagan, nodon bir goʻdakka bunday ulugʻ bir bir vazifa, vallohi a’lam topshirilmas deb oʻylayman. Bu vazifani uhda qilmoq uchun koʻb gap kerak. Avvalo aqli solim, soniyan, tahsili tom lozim, vaholanki, siz aytkan yigit oʻtkan sanalar Solih maxdumda savod oʻqub, bizdan hijja oʻrganib yurar edi. Baharhol bu xabarga aql bovar qilmaydir…
— Ha-a, taqsir, — dedi Samad boʻqoq va Shukur soʻfini tirsagi bilan turtti, — bu bala kimu, oʻrdagʻa mirzaboshiliq kim. Zamonaning zayli minan, boyagʻidek Mamarajab mirzaboshining yardamida oʻrdagʻa kirishib qogʻan-da… boyagʻidek oppoqqina boʻlsa Mamarajab oʻz yonigʻa ogʻan-da…
Imom boʻqoqning soʻzini tinglagan holda, ikki koʻzini yerga qaratqan edi.
— Yurtning soʻziga qarab aytayapman-da, — dedi Shukur soʻfi, yengilga ohangda, — harchi bir necha kundan beri katta-kichikning ogʻzida shu gap.
— Koʻbchilikning ogʻzini tikib boʻlardima, soʻfa.
Samad boʻqoqning bu soʻnggʻi gʻiyqillashida tomogʻi ostidagʻi yoʻgʻon tomirlari turtib chiqdi. Imom hamon ikki koʻzi yerda boʻlgʻani holda kichkina boshini qimirlatdi:
— Oʻrdadan birar kishi masxara uchun xabar tarqatqandir.
— Ha-a, taqsir.
Shu holda jilovxonagʻa toʻrtinchi kishi kirib keldi. Bunisi jikkak, qirq bilan elliyning orasi, yelkasi turtib chiqgʻan Safar boʻzchi ismlik edi. Imomga salom berib, soʻfining yonigʻa oʻlturdi va soʻzga bir oz quloq solgʻach, tushunar-tushunmas bahska aralashib qoldi.
— Inshoollo, shu yigit mirzaboshi boʻlar, — dedi Safar boʻzchi suhbatning ruhini bilmagan holda, — Oʻzi ajab zukko yigit, fuqoroparvar bola: boʻgʻani ma’qul, a, labbay, taqsir?
Imom yerga qaragʻan holda boshini qimirlatib qoʻydi. Samad boʻqoq xoʻmrayib Safar boʻzchigʻa qaradi:
— E, akillay berasanda, Safar, — dedi boʻqoq, — biz nima deyapbiz-ku sen nima deyapsan.
— Xoʻsh, nima deyapsanlar?
— Ovoza gap deyapmiza, mirzaboshiliqqa katta milla kerak deyapmiz-a.
— U milla emas ekanmi?
— Milla boʻlsa ham, xashaki millalardan-da.
— Ashunga qogʻanda chalgʻibsan, Samad, — dedi Safar boʻzchi, — xat bitishka kelganda qoʻyavur, kambagʻalga qayishqanini koʻrsang, ha, boʻldi deysan.
— Zantalagʻing kimga qayisha qopti?
— Hammaga, hammaga, — dedi Safar, — meni oʻzimga ham yordam qildi-da, yashagʻuring.
— Ha-a, xoʻsh?
— Bultur ana shu kezda, — dedi Safar engashinqirab, — bozorgʻa sakkizta boʻz olib tushkan edim. Birarta mushkit igʻvo qildimi zakotchining tomogʻi taqilladimi, harchi falakat, qoʻltugʻimdagʻi boʻzni yoppa oldi, qoʻydi; «otang yaxshi, onang yaxshi, kosibman, savdogar boʻlsam uyim kuysin»…
Asti qoʻysa-chi… Bir yillik zakoting deb koʻtardi ketti. Qoʻlingdan nima keladi, Samad. Xafaligim oshib, uyga quruq qaytdim. Mayda-chuyda kutib oʻlturgan bola-chaqaning quti uchti. Mol ketti – jon ketti, ishka ham qoʻlim bormaydi. Endi boʻlar ish boʻlgʻan desang yurak achiydi, dastmoya ham gʻaltakka chiqadigʻan. Arza-parza bittirsammi deyman. Koʻchada unga-bunga kengash solsam, arzang ma’qul deyishdi. Shu yaqinda, oʻzi oʻrdada turadigʻan bir arzachi bor emish. Ketkan ustiga ketkan deb doʻkon tegi yarimta boʻz bor ekan, qoʻltugʻimgʻa tiqib oldim. Ana shu toblarda soʻrogʻlab arzachi mirzonikiga borsam, hozir oʻrdadan kelib, endi toʻnini yeshib turgʻan ekan. Yosh, navqiron yigit, «salom, alik», «horma», «bor boʻl». «Shunday, shunday gap; bir parcha arza bittirsam, deb kelgan edim». Oʻrdaliqqa gap uqdirish qiyomatdan keyin, taqsir. Lekin bu yigitda gavrlik[68] siyoqi yoʻq. Shukur soʻfi. Gapka qonib olib, quloq qoqmay «xoʻb». Arzaning bir yeriga zakotchining oti tushar ekan, necha qayta soʻrasa ham bilmadim, undan keyin afti basharasini uqdirib edim, tusmollab bittasini yozdi, chogʻi. «Endi keta bering, arzani oʻzim topshiraman» deydi. Javobini ham ikki kundan keyin oʻzidan olar emishman…
— Manavi osonliqni qarang, taqsir. Duo qilib qalam uchisiga boʻzni berdim, olmaydi. «Yopiray, ozsindiyov, qurgʻur» deb qoʻrqdim. «Arza oʻrunlasa yana xizmat qilarmiz, mirzaboshi». Yana yoʻq, «toza falakat bosti» deb tursam, «arzaga haq olmayman, boʻzingni olib ketavur» – degani ekan. Baraka topqurni qarang, taqsir. A, shundaqa odam ham boʻladimi, Samad ogʻa. «Oltin olmasang, duo ol» deb qoʻlimni ochtim. Ha, endi buni qoʻyavuring. Ertasi kechqurun gula toʻgʻrilab oʻltursam eshikni birav taqillatadi. «Ha, kelavuring». Doʻkonxonaga boʻz qoʻltuqlagʻan bir kishi kirdi.
— Safarboy sizmi?
— Ha, biz.
— Arza berganmidingiz?
— Bergan edim.
— Otangizning oti nima?
— Mamatboy.
Qoʻltugʻidagʻi boʻzni oldimgʻa tashladi. Xudda kechagi boʻzlarim; tappa-taq sakkizta.
— Boʻzlaringizni oldingiz-a?
— Ha, oldim.
— Xayr.
— Xoʻsh.
— Bu yaxshiliq arzadan ham burun mirzaboshidan boʻldi, deb oʻyladim. Balalarning kengashi bilan ikki boʻzni koʻtarib shom paytida mirzaning uyiga bordim. Chaqirdim, chiqdi. Minnatdorchilik bilan ikki boʻzni uzatdim; asti olsa-chi. «Yaxtakka boʻzim bor, ketavuring», deydi. «Sotib, pulini beraymi», desam «pulim ham koʻb» deydi. Aqalli bittasini ham olmadi. Yana duo qilib boʻz bilan qaytdim. Farishta ham shunchalik boʻlar, deb oʻylab qoldim, Shukur soʻfi! A, shunday yigit mirzaboshi boʻlmay kim boʻlsin, Samadboy! Koʻbni duosi koʻl deganlar; ishonmasanglar, ana taqsirimdan soʻranglar!
Hikoyani eshitish asnosi imomda bir gʻijinish vaziyati bor edi. Hikoya bitkach, zaharxanda bilan Samad boʻqoqqa qaradi, dami kesilayozgʻan boʻqoq bundan ruhlandi.
— Yolgʻonni ham yamlamay yutadigʻan boʻlilbsan-da, Safar, — dedi boʻqoq.
Safar boʻzchi toʻsindan oʻzarib ketdi. Rangioʻchinqiradi:
— Azbaroyi xudo, qasammi?
— Ikkita boʻzni ikki qoʻllab oborsang, — dedi Samad boʻqoq, — qaysi ahmoq olmay qaytarar ekan? Yolgʻonni sal kishi ishonadigʻan qilib gapirish kerak, Safar!
— Azbaroyi xudo, olmadi! — dedi Safar va asabiylashib oʻrnidan turib ketdi, — shu ka’batulloning ichida oʻlturib yolgʻon gapirgan odam musurmon emas, kishining qasamigʻa oshonmagʻan ham yetti mazhabda moʻmin emas!
Safar akaning aztaxidil achchigʻlangʻanini sezgan imom oragʻa tushti:
— Bunday yaxshiliqni har kim ham qila oladir, Safar aka, — dedi, — shuning uchun mirzoboshining sizga qilgʻan yaxshiligʻigʻa men ishondim. Ammo bizning bahsimiz uning beva-bechoraga qilgʻan yaxshiligʻi toʻgʻrisida boʻlmay, bu odam oʻrdadagʻi mirzolargʻa boshliq boʻla oladirmi, ya’ni oʻshandogʻ katta ishning uhdasidan chiqadirmi, ustidadir.
— Barakalla, taqsir, — dedi Safar boʻzchi turgʻan yeridan, — menga qolsa, inshoollo, uhdasidan chiqadi!
Imom Safar boʻzchigʻa tushuna olmay, bir oz tikilib turgʻandan keyin soʻradi:
— Uning uhda qilishini siz qayoqdan bilasiz?
— Xudoy bildirsa, bilaman-da taqsir?
— Xoʻsh?
— Axir, koʻbchilikning duosi koʻl-da, taqsir!
— Koʻbchilikning duosi koʻl boʻlsa yaxshi, — dedi imom, — ammo bu xizmatka uning ilmi kofiymi?
— Kovfiy, taqsir, kovfiy!
— Axir, siz kofiyligini qayoqdan bilasiz?
— Axir… kovfiy emasligini siz ham qayoqdan bilasiz, taqsir.
— Kofiy emasligini men shundan bilamanki, — dedi imom achchigʻini ichiga yutqan holda, — bunday mansabga minadirgan kishi Buxoroyi sharifda tahsil koʻrmaganda ham loaqal Xoʻqand madrasalarida oʻqugʻan boʻlishi kerak, ammo sizning mirzoboshingiz savodxonliqdan boshqani bilmaydir.
— Bilmaganini siz qayoqdan bilasiz, taqsir?
— Chunki men uni oʻz qoʻlimda oʻqutqanman… bir yatim bola edi.
— Xudoning berishi, taqsir, — dedi Safar, oʻylab-netib turmay, — janobingiz Buxoroyi sharifda necha yil oʻqub, nihoyati mahallaga imom boʻldingiz… Xudoy bermasa shunday, taqsir. Ul boʻlsa madrasa koʻrmasdan mirzalarning mirzasi boʻlmoqchi; xudoy bersa shunday, taqsir.
Safar boʻzchining bu soʻzidan imomning qonsiz rangi yana qonsizlangʻan, olaminchoq koʻzi allanuchka holatka kirgan edi.
— Ablah odam ekansan! – dedi.
— Siz ham ahmoq mulla ekansiz! – dedi Safar boʻzchi.
Imom gʻazabi bilan oʻrnidan turib Safar boʻzchigʻa xezlangʻan edi, uni Samad boʻqoq ushlab qoldi.
— Padar la’nat, adabsiz! – dedi Samad, — domlagʻa shunday soʻzni aytasanmi-ya?
Safar boʻzchi turgʻan oʻrindan siljimadi:
— Choʻzma kekirtagingni, boʻqoq, — dedi, qani qoʻyib ber-chi taqsiringni, yoqalashsin-chi men minan! Andishaning otini qoʻrqoq qoʻydingmi?
Shukur soʻfi oʻrnida baqa boʻlib qolgʻan, imom boʻlsa goʻyo hujum qilmoqchidek Samad boʻqoqni itarar edi. Samad boʻqoq gʻiybatdan boshqa ishka yaramagʻani uchun, imomning yordamigʻa yetish chamasi yoʻq edi.
— Shu adabsizligʻing bilan, — dedi Saman nasihatomuz, — yana domlaning orqasida namoz oʻquysanmi, Safar, a!
— Oʻqumasam qutilamanmi senlardan!
— Oʻqumasang bor, joʻna.
— He… — deb soʻkindi Safar boʻzchi va jilovxonadan chiqib joʻnadi. Uning orqasicha «padar la’nat johil» dedi imom va ilgarigi oʻrnigʻa bordi. Bir necha vaqt uchavlari ham soʻzsiz oʻlturdilar.
— Bir it-da, taqsir, xafa boʻlmang.
Imom javob bermadi. Yana bir necha kishi kelib qoʻshilgʻach, Shukur soʻfi mezanaga chiqib azon aytdi. Asrni oʻqush uchun masjidga kirdilar.

Iflos Bir Moziy
Imomning ta’bi juda sustlandi. Shom va xuftan asnolarida ham hech kim bilan soʻzlashmadi. Safar boʻzchining «Buxoroyi sharifda necha yil oʻqub kelib, nihoyati mahallaga imom boʻldingiz. Xudoy bermasa shunday boʻladi, taqsir» degan soʻzi zaharli xanjar kabi uning yuragida yangidan-yangi jarohat ochar edi.
Darhaqiqat, Safarning bu soʻzi imomning eski jarohatini mudhish tuzlab tashladi. Bu jarohat shu kungacha ichdangina fasodlanib yurgʻan boʻlsa, bu kun Safar boʻzchi kabi bir «bema’ni» bu yarani rahmsiz suratda yorib yubordi. Samad boʻqoq va Shukur soʻfi kabi bemazalar oldida imomning oʻbroʻsini toʻkdi. Bu bir yoqdan. Ikkinchi tarafdan Safarning «ul boʻlsa, madrasa koʻrmasdan mirzolarning mirzosi boʻlmoqchi…» jumlasi yana dard ustiga chipqon. Ya’ni imomning hasad oʻti toʻrt tomondan puflandi, goʻyo ul ikki olov oʻrtasida qolgʻandek boʻldi.
Anvarning bosh munshiylikka yaramaydirgʻanligʻini, ilmsiz, fazlsizligini nega buncha isbot qilishgʻa tirishdi? Safar boʻzchi kabi bir «ablah» bilan bahslashib, oʻziga nega buncha xafalik orttirdi? Garchi, Anvarga xolis qiymat bermakchi boʻlgʻanida ham buni Safar kabi ilmsiz, nodon bir kishiga tushundirmoq uchun qanday hojat bor edi? Buning sababini soʻzlashdan ilgari imom afandining oʻtkan tarixigʻa bir oz koʻz tashlab olishgʻa majburmiz. Chunki busiz oʻqugʻuchimizni ta’min qilish mumkin emasdir.
Hozirgʻi imomimiz – mulla Abdurahmon mundan yigirma yillar muqaddam, qisqagʻina, ahamiyatsizgʻina «Rahmon» ismi bilan atalar edi. Abdurahmonning otasi ulamo naslidan, ammo bu sharaf nima sabab bilandir, uning otasigʻa nasib boʻlmagʻan, biroq Abdurahmonning amaklari ota kasbini ushlab tahsil koʻrgan joylari Buxoroda katta mudarrislardan sanalar edilar. Abdurahmon yosh bola ekan, otasi oʻlib, onasi va ota tomonlari tarbiyasida qoldi. Oʻn besh yoshlargʻacha Solih maxdum maktabida savod oʻqugʻach, mudarris amaklaridan Buxoroi sharifka kelib tahsil qilishgʻa da’vat xati oldi.
Xatda Abdurahmonning bobo kasblari ulamoliq ekanini, shuning uchun boshqa kasblarga urinib umrini zoe’ qilish abasligi[69], oʻz tarbiyalarida tahsil koʻrish luzumi soʻzlanar edi. Bu da’vat Abdurahmonning onasigʻa va boshqa yaqinlarigʻa juda ma’qul tushib, uni Buxorogʻa joʻnatish qarorigʻa keldilar. Abdurahmon ham istiqboldagʻi mudarris, muftilik shirin xayollari ichida Buxorogʻa safar qildi.
Katta amak Buxoroning «Xoʻja Porso» madrasasining mudarrisi boʻlib, Abdurahmon shu kishining tarbiyasiga kelgan edi. Abdurahmon silliqqina bola, madrasa mullabachchalari albatta shunday silliq bolagʻa oʻch… Shunga binoan domla mudarris garchi madrasadan hujra berish mumkin boʻlsa ham mazkur ishonchsizliq majburiyatida Abdurahmonni oʻz mehmonxonasigʻa joylashtirdi. Shu holda Abdurahmon tahsil boshladi.
Domla mudarris «zamona buzuqligʻini» nazarga olgʻani uchun Abdurahmonni haligi toʻgʻrisida juda qattigʻ nazorat qilar edi. Biroq, domlalarning bunday buzuqliqqa qarshi bora olishlari mumkinmi edi? Ularning oʻzlari shu «mahram» balosigʻa giriftor, ya’ni buzuqliqqa manba’ boʻla turib ham yana «zamona buzuqligʻi»dan shikoyat qilishlari oʻsha vaqtlardagʻi «madrasa mantiqi»gʻa hech bir bahssiz sigʻa olur edikim, bu toʻgʻrida menga osila koʻrmangiz. Kishining bolasini buzish har bir sallasi muazzam, ilmi «favqalodda», oʻzi «varasatul-anbiyo»[70] sanalgʻan zotlar nazarida va vijdonida ma’fu, ammo oʻz oʻgʻligʻa boshqalar oʻshandogʻ hayvonlikni qiladirgʻan boʻlsa: «Zamona buzuq, ehtiyot shart!»
Shu yoʻsun domla mudarris burodarzodasini yaxshi ehtiyot bilan, hatto shomdan keyin darbozaga qulf solib tarbiya qilar, madrasadagi oti yomongʻa yirtilgan xoh yosh, xoh keksa umuman, talabalar majlisiga yaqinlashdirmas edi.
Kishi avvalo moxxov yoki pes boʻlmasin: boʻldimi, betdan boʻlmasa – yelkadan, qoʻldan suv ochmasa – oyoqsan, har holda oqaberadir. Shunga oʻxshash jamiyat ham bir kasal bilan ogʻridimi, uning har bir tabaqa yoki sinfiga, yana toʻgʻrisi, fardiga[71] shu kasal siroyat[72] qilmay qolmaydir. Domla mudarris burodarzodasini madrasa mullabachchalaridan har qancha ehtiyot qilsa ham, yana amniyat[73] ostida emas edi. Madrasadan tashqarida ham Abdurahmonni koʻz ostigʻa olgʻuchi «mullabachchalar» yoʻq emas edilar, masala chetlarning koʻz olaytirishigʻa yetkanda, tabi’iy, domla mudarrisning qoʻlidan hech ish kelmay qoldi.
Domla nazoratni eskicha davom etdirib, xotirjam’ yurgʻanda bir necha juvonboz savdogarlar Abdurahmon bilan aloqa qilib qoʻygʻan edilar. Domla mudarris erta-kech Abdurahmonni koʻz oʻngidan yubormas, xuftandan keyin darbozaga qulf solar, Abdurahmonni mehmonxonada yotquzib, soʻngra oʻzi ichkariga uxlagʻali kirar; ziyofatka boriladirgʻan boʻlsa, oʻzi bilan birga olib yurar edi. Yana shu holda Abdurahmonni qanday qilib buza olsinlar? Tassuf, buzgʻan edilar. Bachchabozliqqa maxsus hunar va nayranglar ijod qilgʻan omilkor savdogarlardan bir nechasi «Abdurahmoncha»ni yoʻldan ozdirgʻan edilar.
Domla mudarris xotirjam’ ichkariga uxlagʻali kirgandan keyin mehmonxonaning koʻcha tomon darichasiga kichkina bir kesak tiq etib tegar, goʻyo yeshinib yotqan Abdurahmoncha bu ishoradan soʻng turib kiyinar va sekingina darichani ochar eshik ochilgʻan koʻchadan bir oʻrim arqon toʻp etib mehmonxonagʻa tashlanar edi. Abdurahmoncha arqonning bir uchini mehmonxonaning darchasiga bogʻlab, ikkinchi uchiga oʻzi osilib koʻchaga tushar, arqonni boʻy yetarlik qilib yashirgʻach, narida kutib oʻlturgan «odam oʻgʻrisi» bilan birga bazm oʻrnigʻa joʻnar edi. U yerda boʻlsa besh-oʻn «oshiqlar» Abdurahmonchani kelishi on bilittifoq «Buxoro amirligi»ga koʻtarib, amru farmonigʻa itoat qilurlar:
«Mulla Abdurahmonjon, janobi oliy, garam, az sarashon gardam, balongni olay![74]» kabi madhu sanolarga «Abdurahmoncha» har bir ishni oʻz tilagicha yuritar: may uchun soqiy boʻlar, zaifona koʻylak, lozim va boshigʻa kokil kiyib oʻn olti yoshar qiz suratiga kirar; choygʻa labini tegizib «tabarruk» qilar; dutor, tanburga yoʻrgʻalab oʻyunchi boʻlar; boshidagʻi kokil bilan «oshiqlar»ni rahmsiz chamchilab sitamgar va zolimga aylanar, eng oxirda… Qisqasi bu bobdagi bor choramiz uchun ham yararliq holgʻa kelgan yoki keltirilgan edi.
Uch yilgacha shu yoʻsun «oshiqlar» koʻnglini ovlab kelib, bir kun sir ochilib qoldi. Domla mudarris bu nomuska chidalmay Abdurahmonni oʻz uyidan quvladi. Abdurahmon tavba qilib, domla mudarrisdan loaqal madrasada turishni soʻradi. Vosita-vasoit bilan izn hosil qilib, madrasada istiqomat qila boshladi. Endi ishrat navbati madrasa jigar soʻxtalariga[75]… Ikki yil chamasi madrasa afrodi[76] orasida chandir kabi sakkiz tarafdan tishlanib yurgʻandan keyin soqol-murti chiqib husn sarmoyasi zavolga yuz tutdi va kundan-kun «bozor kasodlanib» xaridor ozaydi. Abdurahmon uch yil boʻyi savdogarlar orasida «axloq tuzatkan» boʻlsa, yana ikki yil madrasada turib tuzalgan axloqni «kamolotka» erishdirdi. Shuning uchun anvoʻi erkalikka, necha xil mukayifotka, rang-barang «izzat, hurmatka» oʻrgangan koʻngli bu xaridorsizlik balosigʻa tuz sepkan yaradek achir edi. Koʻbni koʻrgan bu kichik bosh ba’zi uyat nayranglarga ham urinib koʻrar, masalan «vaqtsiz chiqqan» soqol-murtlarini moʻychinak bilan terib, har kun oʻn qayta oynaga qarar, yangi xaridor topish maqsadida kun sayin bozor-rasta, koʻy-guzarlar sayriga chiqar edi…
Ma’lumdirkim, doʻndiqchalar avvalo oqchasi koʻb, bel ogʻrigʻi koʻrmagan boylargʻa nasib boʻlurlar. Ular zerikib tashlagʻach, oʻrta hol «tashna»lar domigʻa tusharlar. Soqol-murti chiqib davangilikdan[77] xabar kelgach, ucunchi tabaqa, ya’ni boʻyi yoʻgʻon, gʻoʻlaburlar istifodasiga kecharlar. Shunga oʻxshash bizning Abdurahmon ham moʻychinak ushlagan davrida shu uchunchi tabaqa – choyxonanishin, tavkargir[78] va boboyi banglar orasidan oʻziga zamin topdi. Uning bu uchunchi davridagi ahvolini yozishgʻa qalam ma’zurdir. Shu yoʻsun bu keyingi tabaqa orasida ham uch yil chamasi ish koʻrgach, ajoyib bir dunyodiyda, misli ozshaloq, hamma sharoitlari bilan madrasalik bir bezori va chapan holda bachchalik davri bilan vidoʻlashdi. Chunki, bashara nongʻa chumoli yopishqandek soqol-murt bilan toʻlib, moʻychinakka soʻz berarlik boʻlmadi.

Xushyorliq
Hozir Abdurahmon oʻzining yaqin moziysida usti shirniga belangan ot tezakdan boshqa bir narsa koʻrmaganidek, istiqbolida ham epaqaliq bir hol tasavvur qilolmas edi. Bir necha oylar nihoyatda ruhsiz, kayfsiz va darsiga ham havsalasiz davom etib yurdi. Goʻyo bu kunlarda benihoyat ichkulukdan soʻng bosh ogʻrigʻi davrini kechirar edi. Shu yoʻsun koʻb vaqt ruhiy xastaliq kechirib kutilmaganda jonlanib ketdi. Ya’ni «Aqoid»ning sharhiga yaxshi tushunish uchun besh barmogʻini ogʻzigʻa tiqqandek yeng shimardi.
Yuqoridagʻi ruh tushish davrida ul moziysidagʻi kabi erkalik, amru farmon va shuhrat uchun qaygʻirgan, koʻb bosh ogʻritib endigi shuhratni moʻychinak iste’moli bilan emas, balki aqoid, sharh va havoshiy[79] vositasida topmoqchi boʻlgʻan, ya’ni fardi gʻoyasigʻa[80] diniy olimliq libosini kiydirish fikriga kelgan edi. Besh yil «gʻoya» uchun qattigʻ berilib, rutubatlik hujrada zaxlab, salomatligi uchun umr boʻyi arimaydirgʻan origʻliq, rangsizlik ortdirib yigirma sakkiz yoshida «xatmi kutub» qilishgʻa muvaffaq boʻldi. Besh yilliq oʻzgarishdan soʻng domla mudarris Abdurahmonning eski gunohlarini kechirgan edi. Oʻz yonidan bir muncha sarf etib, Abdurahmon uchun xatm toʻyi qilib berdi.
Mulla Abdurahmon Qoʻqon safariga hozirlanar edi. Koʻngli Qoʻqonda oʻzini kutib turgʻan ulamoliq shuhratiga; muftilik, qozi va a’lamlik mansabiga oshiqinar edi. Uning fikricha, Qoʻqondagʻi qarindosh-urugʻlar ham yosh olimning istiqboligʻa hozirlik koʻrgandek edilar.
Shu yoʻsun oshiqlar yor vasliga oshiqqandek mulla Abdurahmon ham oʻz shahriga yelib-yugurib yetdi. Ul oʻylagʻancha istiqbolgʻa butun Qoʻqon koʻchib chiqmasa ham, qarindosh-urugʻdan uch-toʻrt kishi, mahalla keksalaridan ikkita savobtalab chol darboza yonida kutib oldilar. Bu soddacha istiqbol qilinish Abdurahmonning Buxoroda turib qilgʻan shirin xayoligʻa birinchi zarba edi. Uyiga borib tushti. Bir necha kungacha fotihaxonliq, hordiq chiqarish marosimlari davom etdi. Lekin bundan ham qanoatlana olmadi, bil’aks, jini otlandi. Chunki ziyorat qilgʻuchilarning aksarisi mertuq-sertuq qavmu qarindoshlar, uzoq-yaqin koʻz tanish madrasa talabalari va bir necha mahalla imomlari boʻlib, ul kutkan asosiy moyalar[81], ya’ni mudarris, peshvolar, mufti-ulamolar va bekbekzodalar, boobroʻ ashrof va boyonlar ziyoratchilar orasida aqalli koʻz ogʻrigʻi uchun ham koʻrinmadilar. Bu ikkinchi zarba edi.
Ziyorat qilishgʻa «qoʻli tegmagan» ba’zilar uzr maqomida oʻz uylariga «maxsus ziyofat» bilan chaqirarlar, deb kutdi. Baxtka qarshi, bu umid ham boʻsh chiqdi. Bir necha qarindoshlarning titrab-qaxshab qilgʻan ziyofatlari bilan «uydan uyga oʻtib ne’matlar ichida suzib yurish» xayoli ham «bir xayol» boʻlib qoldi. Bu uchunchi zarba edi.
Bir oy oʻtmay qavmu qarindoshlarning-da ziyofatlari nihoyatiga yetib, beva onasining tuppasiga qanoat etishka majbur boʻlib qoldi. Buxoroda oʻylagʻancha birar madrasaning mudarrisligi yoki bu topilmagʻanda mukarrirligigina emas, hatto narigi mahallaning imomatini olish ham qiyin keldi. Oʻzidan ikki mahalla narida boʻlgʻan hozirgʻi masjid imomatiga ta’yin qilmoqchi boʻlgʻan edilar, bunga ham moni’ chiqdi; mulla Abdurahmon alhol sunnatni bajo keltirmagan, ya’ni, uylanmay, tarki sunnat qilgʻan kishining imomatida nuqs bor, deyishib, mahalladagi ba’zi taqvodorlar e’tiroz qildilar. Shundan keyin bir necha yor-doʻstlar, toʻy chiqimini oʻzaro ustlariga olishib, uni uylandirish fikriga tushtilar. Buxorodagʻi «xayollar» zeru zabar[82] boʻlgʻan holda, mulla Abdurahmon uylanish sharti bilan haligi mahalla imomatiga oʻtdi. Hozir shunchalik past ishka ham boʻyin egish zarurati bor edi…
Mulla Abdurahmonning sovchilari ibtadaan[83] Solih maxdumning qizi – Ra’no uchun bordilar. Chunki Ra’noning husni bu dahada mashhur, undan keyin Abdurahmonning oʻzi Solih maxdumda savod oʻqub yurgʻan fursatda yosh Ra’noni koʻrgan, uchunchidan – yosh olim keksa domlaning qiziga uylansa yana bir husn boʻlar edi. Ayniqsa, mulla Abdurahmon hanuz Ra’noning erga berilmaganligi xabarini eshitkach, bu tasodifni istiqbolining xayrlik follari sirasiga kiritdi. Ra’no bu oʻn yil ichida yana yetilgan boʻlsa kerak, deb toʻyni kutmayoq uning xayoliy siymosini quchoqlay boshladi. Maktabdor domlalargʻa qaragʻanda oʻz ilm va martabasini allaqancha yuqori qoʻygʻanliqdan, Solih maxdumning quloq qoqmay domod qilishigʻa ishonar va bu kunmi, ertami, Ra’noni chindan ogʻush etish uchun oshiqar edi. Lekin taqdir bunda ham uni aldadi. Sovchilar Nigor oyimdan boʻlmagʻan uzrni olib keldilar: «Qizlari hali yosh emish, endi oʻn ikki yoshqa kirgan emish…»
Mulla Abdurahmon xotinlar soʻziga ishonmay Solih maxdumning oʻz oldigʻa mahalladan bir-ikkita keksani sovchi qilib yubordi. Bu sovchilar ham yana achchigʻroq javob bilan keldilar. «Solih maxdum qizini oʻrdada mirzolik qiladirgʻan Anvar ismlik bir yigitka fotiha oʻqub qoʻygʻan ekan. Fotiha qilmagʻanda, albatta sizga berar ekan, koʻb afsus chekti».
Bu javobdan keyin Abdurahmonning dami ichiga tushib, oʻz taqdirigʻa la’nat oʻqudi. Ammo koʻnglida Ra’noni oladirgʻan Anvar ismlik yigitka qarshi bir kek tugʻildi. Bu javob chindan toʻgʻrimi, nayrangi yoʻqmi, deb oʻrdada xizmat qiladirgʻan Anvar otliq mirzoni soʻrashtirdi. Toʻgʻriligʻini bilish ustiga hatto bu Anvarni kimligini ham xotirladi: oʻzi Buxorogʻa ketar oldida Solih maxdumning maktabida oʻqub yurgʻan oʻsha yatim bola emish. Uch-toʻrt yillardan beri oʻrdada mirzoliq qilib, necha tillo mohona olar emish… Bu soʻrashtirib bilishdan keyin Abdurahmonning ichi yana yonib ketdi; Buxoroda xatmi kutub qilib kelgan bir «olim», aqalli bir mahalla imomatiga xarxashasiz oʻtalmasin-da, uning xarom tukiga arzimagan bir besavod yatim va badnajot isqirt oʻrdadan falon tillo vazifador boʻlsin va shu tufaylda Ra’no kabi bir qizni ham oʻziniki qilsin: bu ayniqsa kishi chidarlik gap emas edi…
Mulla Abdurahmon butun kamolatini ishka qoʻyib, imomat va xatiblikka shuru'[84] qildi. Har kun qavmlarigʻan amri ma’ruf, nahyi anilmunkar aytib, xususan, har xafta jum’a kuni amri ma’rufni kengroq doirada yuritib, koʻblarning koʻnglini eritishka muvaffaq ham boʻldi. Izhori fazl niyatida qilingʻan bu koʻz boʻyash koʻblarning diqqatini oʻziga jalb etib, hatto uning amri ma’rufini tinglash uchun jum’a kunlari chet mahallalardan ogʻib, kishilar kela boshladilar.
Bu muvaffaqiyatdan chatnayozgʻan mulla Abdurahmon kuchangandan kuchanar, ayniqsa, orada xongʻa tegishlik hukumatdor beklardankoʻrinib qolsa, jannat va jahannam ustidagi masalani darhol xongʻa itoat, beklarga hurmat bilan ayriboshlab olar edi. Hammabop boʻlishgʻa qaragʻanda, ayniqsa, xonbop boʻlishgʻa tirishar edi. Uning bu jonbozligʻi boshqa toʻgʻrilarda birar amaliy natijaga erishmasa ham, faqat bir vajida nihoyatda yaxshi samara berdi. Uning «daryoi fazli»ga maftun boʻlgʻan savdogarlardan biri qiz qarindoshini berib oʻziga kuyav qildi. Yaxshi oilaga kuyav boʻlgʻanidek, shahardagi boshqa davlatmandlar bilan ham aloqa bgʻladi va ularning ziyofatlari vositasida ba’zi madrasalarning mudarrislari, mukarrirlari bilan ham tanishdi, qisqasi, bir oz burni koʻtarilayozdi. Faqat endi oʻrdagʻa yaqinlasha olsa… Ammo hanuz bu muyassar emas-da.
Imomning koʻngli Anvar qarshisigʻa ozgʻina kirlik ekanini oʻqugʻuchi yuqoridan ongladi. Uning koʻnglidagi shu ozgʻina kir Anvarning koʻtarilishiga tinchsiz edi.
— Nodon Anvar oʻrdadan quvlanish yerida sarmunshiylik masnadiga minmakchi.
Xolis muhokama koʻpincha muhokama boʻlib qoladir. Ammo gʻarazlik fikr aksar soʻzlaguchini sharmanda qiladir. Shunga oʻxshash, mulla Abdurahmon ham muhokamasiga ozgʻina gʻaraz aralashtirib, Safar boʻzchining achchigʻ haqoratigʻa hadaf boʻldi.
Shunday, ul Anvarga kekli edi. Shuning bilan birga Anvarga qarshi amalda bir ish qilish kuchidan ham mahrum edi. Balki siz «endi Imom afandi uylanib olibdir, Ra’noga ehtiyohi qolmabdir, bas, shu holda kek saqlashgʻa qanday mantiq bor?» dersiz. Bu juda sodda muhokama. Aslida bu kek Ra’no bilan boshlangʻan boʻlsa ham, hozirda doirani boshqacha ushlagan. Masalan deysizmi? Masalan, Safar boʻzchi juda bilib soʻzladi: «Siz shuncha yil Buxoroda oʻqub kelib, nihoyati mahallaga bir imom boʻldingiz, ul boʻlsa…»
Bitishka mahkum boʻlgʻan kekni mana shu «necha yil Buxoroda oʻqub kelganlik yoki Buxorogʻa bormasa ham kimsan faloniy boʻlgʻanliq» saqlab turar edi. Agar siz sodda boʻlsangiz, masalaga Safar boʻzchi kabi qarab «xudoy bersa shunday» dersiz, yana gapga tushunmassiz. Abdurahmon kabi kishilarning tabi’atiga tushunish albatta qiyin va tushunmagan ma’qul.

Yorligʻ Berish Marosimi
Yorligʻning kimnin ismiga yozilgʻanligʻini ertalabdanoq oʻrdada har kim sezib qoldi. Devonda eski odaticha oʻz ishini qilib oʻrturgʻuchi Anvarning yonigʻa dam-badam mirzo va gʻayri saroy xodimlari kelib, ohistagʻina uni tabrik etib ketar edilar. Anvar tabriklarga iltifotsiz, oddiy vaziyatda, xongʻa eshitdirilishi zarur, atrof hokimlaridan bu kun kelgan noma va arizalarning muhimini ahamiyatsizidan ajratib, xudaychiga topshirish uchun tayyorlar, ba’zilarini birinchi xonada oldigʻa dovot-qalam qoʻyib daftar ustida oʻlturgan mirzo, muftilarga havola qilar edi.
Sarmunshiy xonasida Anvardan boshqa yana ikki nomanavis bor edi. Bu ikkisi qogʻozgʻa mixlangandek gap-soʻzsiz savagʻich qalamni qirr-qirr qogʻoz ustida yuritib turar edilar. Bu qovoq-tumshugʻi osilib ketkanlarning bittasi Shahodat mufti boʻlib, nomzadi xongʻa manzur qilingʻanlardan edi. Ikkinchisi shoir «Madhiy»ning sarmunshiy boʻlishini orzu qilgʻan Kalonshoh otligʻ yana bir peshqadam mirzo edi.
Birinchi xonadagi oʻn beshka yaqin mirzolar ham turlisi turli vaziyatda: Sultonali mirzogʻa oʻxshagʻanlar yer ostidan yonidagʻisigʻa kulim muomala qilar va ba’zilari Shahodat mufti kabi toʻnini beskari kiyib olgʻan koʻrinar edi. Anvar yonidagʻilarning bu oʻzgarishlaridan siqilgʻansumon har bir arizani koʻrib chiqish orasi ularga qarab olar edi. Qarshisidagʻi ikkisi goʻyo mum tishlagʻan kabi soʻzsiz edilar.
— Bu kundan meni mazox qilib boshladilar, — dedi nihoyat Anvar, — goʻyo men sarmunshiy boʻlar emishman…
Shahodat mufti savagʻich qalamini dovotka bir-ikki tiqib olgʻach, koʻzi qogʻozda ekan, javob berdi:
— Boʻlsangiz ajab emas…
— Yoʻq, — dedi Anvar ariza buklab, — siz qishloqda boʻlgʻaningiz sababdan kelguningizcha ishlar toʻxtab qolmasin deb vazifamdan tashqari ishlarga urindim. Ertadan bu vazifani oʻzingiz olingiz, taqsir, men bu mazoxlarga chiday olmayman.
Shahodat mufti qariyb butun koʻkragini yopqan bahaybat moshguruch soqolni qalam bilan taradi.
— Mazox boʻlmasa kerak, — dedi bilintirmaydigan entikib, — alhol yoshsiz, muhafazangiz butun, zerikish sizning uchun ayb boʻladi… Biz endi bu ishni koʻb qilib zerikkanmiz…
— Albatta, — dedi muftining yonidagʻi Kalonshoh mirzo koʻzini qogʻozdan olmagʻan holda, — mazoxlarga quloq solish kerak emas.
Anvar tabriklarni bir qadar haqiqatka yaqin koʻrar edi. Ammo ularga «mazox» deb ta’bir qilishi, oʻzini ma’lum oʻnggʻaysizliqdan qutqarish va ularga ham yengillik berish uchun edi. Biroq Kalonshoh mirzoning keyingi soʻzi yana uni ezib, ochiqdan-ochiq boʻlgʻan bu adovatka qarshi qanday muqobala qilishdan ojiz keldi. Shu holda birinchi xonaning dahlizidan xudaychi koʻrindi va turgʻan joyidan Anvarni chaqirdi:
— Mirzo Anvar!
Anvar, xudaychi uchun ajratqan arizalarni qoʻligʻa olib oʻrnidan turdi:
— Arizalar tayyor… Huzuringizga chiqarmoqchi boʻlib turgʻan edim.
Xudaychi boshini chayqadi:
— Arizalarni hozircha qoʻyib turingiz, — deb yerga ishorat qildi, — Oʻzingiz men bilan birga kelingiz.
— Qayoqqa, taqsir?
— Huzuri muborakka.
Mirzolar bir-birlariga qarashib oldilar. Shahodat mufti boʻzrayib hamrohiga qaradi. Anvar esa qoʻlida arizalari bilan hayrat ichida edi. Dahlizda uni kutib turgʻan xudaychi yana tanbeh qildi:
— Men sizga aytaman, Anvar.
Anvar, qoʻlidagʻini oʻz joyigʻa qoʻyib xudaychi orqasidan chiqdi. Xon taxtda edi. Oʻng taraf kursida Abdurahmon oftobachi[85] va soʻlda shoir mulla Niyoz domla qoʻl bogʻlab oʻlturar edilar. Birinchi xonadan Xudoyor huzuriga kiradigan eshikning ikki yonida oybolta koʻtargan ikki jallod surat kabi qotqanlar, ular qatorida xon ulugʻlari – a’yon va saroy beklari chizilishib oʻlturgʻanlar edi.
Xudaychi «huzuri muborakka» ta’zim qildi…
— Chaqirdingʻma? – dedi xon.
— Taqsir.
— Izn beramiz.
Xudaychi qulluq qilgʻan koʻyi orqasi bilan yurib, birinchi xonaning dahliziga keldi va dahlizda kutib turgʻan Anvarni «huzuri muborak» sari yoʻlgʻa soldi.
Anvar «huzuri muborak»ning eshigida toʻxtab, ta’zim ado qildi va uning yonidagʻilargʻa ham yarim ta’zim ishorasini berdi.
— Ishlaring yaxshima, mirza? – deb soʻradi xon.
— Duolari barakasida, qiblagoh, — dedi Anvar.
Xon mulla Niyoz domlagʻa qaradi:
— Bu jigit bizning mirzalar orasida oʻbdan koʻrinadi, — dedi.
Domla Niyoz oʻrnidan qoʻzgʻalib oldi.
— Fayzi shohanshohiy.
— Men bu jigitni mirzaboshi qilmaqchi boʻldim, — dedi xon va tizasi tegidan bir qogʻoz olib, domla Niyozgʻa uzatti, — uqungʻ, domla.
Domla Niyoz oʻrnidan turib, qogʻozni olib oʻpdi, Abdurahmon oftobachi va unga ergashib birinchi xonadagi a’yonlar barobar oʻrunlaridan turishdilar.
Domla Niyoz turgʻan koʻyi yorligʻni oʻqudi:
«Ba ismi subhonahu. Anrullohi farizatun va amruno vobij[86]. Bizkim Fargʻona mamlakatining xoqoni sulton ibni sulton, a’ni Sayid Xudoyorxon soʻzimiz: Julusi solisamizning[87] uchunchi sanasi mutobiqi[88] 1287-nchi hijriya mohi safarning 25-nchisi, ushbu yorligʻimizni berdik xoʻqandlik mulla mirzo Anvargʻakim, mazkur mulla mirzo Anvar binni Salimboy sar’i sharif uzra ustivor turub, amrimizga inqiyod[89] etib devonbegi unvon digar sadri munshiylik umuri[90] vazoyifalarimizni kama yanbagʻi[91] ado qilgʻay deb. Adoyi hadama[92] asnosi biz amiri vazifa mutlaqal’inon[93] dorus-saltananing haqqi shar’iysigʻa xiyonat qilishdin ijtinob[94], adolatimiz oyinasini danoat[95] gʻuboroti birlan xalaldor aylashdin parhez, arzi dodi fuqaromiz sur’ati istimoʻida[96] ihmol[97] va sustlik koʻrsatmay intishori[98] adolatimiz koʻshishida subhi shom mashgʻul va mabzul[99], diqqat va e’tibori tom qilgʻay deb va yana mazkur ismiga yorligʻ maktub boʻlmish itoatiga afrodi devonxonamiz ma’murlar deb, muhri shohonamiz birlan ushbu yorligʻni ta’kid va taqrir[100] etdik».
Domla Niyoz yorligʻni tugatib, qogʻozni manglayigʻa koʻtardi va ikki qoʻllab Xudoyorgʻa uzatdi.
Xudoyor yorligʻni olib qarshida bosh bukib turgʻan Anvarga ishorat qildi. Anvar yugurib kelib, yorligʻni olib oʻpti va uni sallasiga sanchib, orqasi bilan yurib, ilgarigi oʻrnigʻa borib toʻxtadi.
Domla Niyoz Anvar tarafidan duogʻa qoʻl ochti.
— Davlati shahanshohi roʻz-baroʻz afzun, dushmanovi amir-al-moʻminini sarnigun boshad. Ollohi taolo soyai zillallahiro, az sari raiyaton kam nakunad-…
Hudonavdo, bigardoniy baloro,
Zi ofatho, nigah doriy tu moro.
Ba haqqi hardu gisoʻi Muhammad,
Zabun gardo zabardastoni moro[101].
Duo asnosi ayniqsa birinchi xonadagi a’yonning yigʻi va riqqat ohanglik «omin, omin» sadolari «huzuri muborak»ni titratdi. Duodan keyin xudaychi ikki toʻn keltirib, kimxobni domla Niyozga va qora baxmaldan tikilgan mirzaboshiliq xil’atini Anvrga kiydirdi. Kimxobni kiyib olgʻach, mulla Niyoz «saxovatda Xotamitoydan, adolatda Noʻshirvoni odildan» ortigʻroq ul janobning haqqigʻa yana yangi duo va sanolar toʻqudi, goʻyo «amiral-moʻminin»ni koʻmdi va oʻzi ham qaynadi. Bundan soʻng marosim itmomiga yetib, Anvar sekin-sekin orqasi bilan yurib birinchi xonaga va undagi a’yonning tabriklariga koʻmilib, dahlizga chiqdi.
Anvar devonxona sahniga yetkanda ichkaridagi kattadan kichik mirzo, munshiylar yangi boshliqlarini muborakbod qilgʻali oʻrunlaridan qoʻzgʻaldilar. Hozir ba’zilarining ustida boyagʻi «onglashilmovchiliqlar» goʻyo boʻlmagʻandek, hatto mulla Shahodat mufti ham hech narsani koʻrmagandek, oʻz umrida birinchi martaba Anvarning hurmatiga oʻrnidan turdi.
Ofatlardan bizni saqlagʻuchidirsan.
Muhammadning ikki kokili hurmatiga,
Bizga gʻolib kelguchilarni zabun qil. (mual.)
— Muborak, muborak! Borakallo, mirzo Anvar! – dedi.
Ba’zi munshiylardagi yarim soatliq bu oʻzgarishdan taajjub qilinmasinkim, buning sababi oddiy va ochiqdir. Sarmunshiy – demak, agarchi soqoli koʻksini tutqan Shahodat mufti kabilarning boʻlsa ham xoʻjasidir. Shu soatdan boshlab ularning taqdiri shu bir kishining qoʻlidadir.
Anvar samimiy va riyo aralash tabriklardan ancha oʻnggʻaysizlangʻan edi. Boshidagʻi yorligʻni qoʻligʻa olib, oʻz-oʻzidan taajjublangannamo atrofidagi mirzolargʻa qaradi:
— Janobning amirlari bilan, — dedi Anvar ularga xitoban, — eng ogʻir va javobgarlik bir xizmatni oʻz ustimga olishqa majbur boʻldim. Bu majburiyatim oʻzimga e’timod qilgʻanimdan emas, balki sizningdek otalarim, ogʻalarimgʻa takyagoh deb ishongʻanimdandir. Oʻylaymankim, bunday majburiyatda qolgʻan bir ukangizni albatta yerga qaratmassizlar va undan marhamatlaringni ayamassizlar… Men sizlarning soyalaringizda tarbiyalandim, menga oʻz shogirdlaringizdek muomalada boʻlib keldingizlar. Bu kun men rasman sizlarga boshliq boʻlish majburiyatida qolgʻan ekanman, yana hech ahamiyat yoʻqdir. Maqsad: mundan keyin ham menga kechagi Anvar kabi takallufsiz muomalada boʻlishlaringiz va hurmatlar bilan meni ranjitmasliklaringizdir. Chunki sodda muomala yaqinliq va mehribonliq belgisidir.
— Bu kungacha biz sizni marhum mulla Muhammad Rajabbekning shogirdi boʻlgʻanligʻingiz uchun ehtirom qilmadiq, — dedi javoban Sultonali mirzo, — balki sizning iste’dodingizni hurmat qildiq. Mundan soʻng ham bosh mirzoligʻingizni emas, mirzo Anvarligʻingizni ehtirom qilarmiz.
Mulla Shahodat mufti yer ostidan Sultonaliga xoʻmrayib qaradi va nos otib oʻz joyigʻa borib oʻlturdi.
— Siz hamisha meni mubolagʻangiz bilan uyaltirasiz, mulla Sultonali aka, — dedi Anvar. – Agar menga hurmat lozim boʻlsa, mubolagʻa bilan emas, yana takror aytaman, bir qarindoshingiz qatorida takallufsiz muomala qilish bilan boʻlsin.
Fotihadan soʻng har kim oʻz ishiga oʻlturdi. Anvar ham baxmal toʻnni yesha boshlagʻan edi, yonigʻa Sultonali mirzo keldi:
— Anvar, siz uyga borsangiz yaxshi edi.
— Nima uchun?
— Yorligʻ olgʻningizni xabar qilish uchun shaharga hozir jarchi chiqar. Uyingizga sizni muborakbod qilgʻali kishilar kelsa…
— Avvalo menim uyim yoʻq. Undan keyin meni muborakbod qiladirgʻan tanishlarim ham yoʻq, — dedi Anvar qoʻl siltab, — bundan xotirjam’ boʻlingiz.
— Yoshliq qilasiz, Anvar.
Anvar javob berish oʻrnigʻa kulimsirab qoʻydi va joyigʻa oʻlturib, arizalar koʻra boshladi.

Adras Toʻn Va Issigʻ Non «Foji’asi»
Yorligʻ olishning ikkinchi soatlarida butun shaharga bu xabar tarqalib ketdi. Oʻrda jarchisi bozor va urunish joylarda toʻxtab:
— Ayyuhannos! Bilmagan bilsin – eshitmagan eshitsin:
Vaqtiki ajal paymonasi toʻldi,
Munshiy mulla Muhammad Rajabbek oʻldi!
Fazl bogʻida ochilgʻan bir gul,
Ya’ni gul shoxigʻa qoʻngʻan bulbul.
Ba nomi mulla mirzo Anvar,
Kamoligʻa musallamdir[102] aksar.
Huzuri muborakdan olib yorligʻ,
Maydoni qalamkashlikda qilur suxandonligʻ.
Har kimsaningkim baxti kulsa,
Shohiga jonu dil ila xizmat qilsa.
Lutfi shohonaga sazovor boʻlgʻay,
Atrofi zaru zevar ila toʻlgʻay.
manzumasi bilan jar solib yurar edi.
Kechagi xabarlarga kulgi va mazox tariqasida qaragʻan shahar ulamo va ashroflari bu kungi haqiqat oldida har zamon yoqa ushlab: «Tavba, bu qanday bemazalik? Bir benomu nishonga buncha iltifot!» der edilar. Shaharning aksariyat qismi boʻlgʻan kambagʻal-kosiblar bu masala ustida bir xildaroq fikr qilib «kim boʻlsa ham oʻzi insoflik boʻlsin, nima deding-a, Mamarayim?» kabi sodda jumla bilan oʻz orzularining nimada ekanini gavdalantirar, ammo Anvarga ishi tushib, uning shafqatini koʻrgan Safar boʻzchi kabilar bu xabardan juda ham xursand: «Qilmishidan topti bu yigit, boʻgʻani juda ma’qul» deb, yangi mirzoboshining ta’rifini qilar edilar.
Maxdum bu xabarni ilgaridan kutib turgʻan boʻlsa ham yana shoshib qoldi. Soʻyinchiga kelgan yigitni toʻxtatib qoʻyib, darhol ikki bolani mehmonxonani supurib joy solishqa buyurdi va boshqa bolalarni yoppa ozod qoʻyib yubordi. Alpangʻ-talpangʻ ichkariga kirib, oʻqugʻuchi qizlar ichida Nigor oyimni oʻz yonigʻa chaqirdi:
— Hay, — dedi, — Anvaringdan kishi keldi, sandigʻingni och-chi!
Nigor oyim maxdumning shoshib aytkan bu soʻziga tushunmadi.
— Anvardan nima uchun kishi keladi, sandiqni nega ochay?
— Xay, ahmaqsan, — dedi maxdum entikib, — Anvar yorligʻ olgʻan, soʻyinchiga yigit keldi; sandiqni ochib, shunga bir narsa berib yuborayliq, deyman, tez boʻl!
Nigor oyim ham shoshilinqiradi, uyga kirib, sandiqning kalidini topolmay toʻrt tomonni izlar, maxdum dahlizdan turib uni koyir edi. Kalid topila bermagach, maxdumning toqati tugadi, chiqib qizlar ichidan Ra’noni chaqirdi.
— Topdim, topdim! – dedi Nigor oyim.
Maxdum uyga qaytib kirdi. Nigor oyim sandiqni ochib soʻradi:
— Qanday toʻndan olay?
— Boʻzdan ol, boʻzdan.
Shu vaqt Ra’no ham uyga kirdi. Maxdum qizigʻa qarab kuldi:
— Baxting-da, qizim, — dedi, — Anvar akang sarmunshiy boʻlibdir.
Ra’no kulimsirab chetka qaradi:
— Meni nega chaqirgʻan edingiz?
— Sandiqning kalidini bilasanmi, deb chaqirgʻan edim, kalid topildi.
Nigor oyim bir boʻz toʻnni olib, eriga koʻrsatti:
— Shunisi boʻladimi?
— Ha boʻladi, tashla.
— Oʻrdadan kelgan kishiga shu toʻnni berib boʻlarmikin?
Ra’no ham boʻz toʻnga e’tiroz qildi:
— Berib boʻlmaydi, uyat.
Maxdum oʻylanib qoldi:
— Boʻlmasa, — dedi ikkilanib, — joʻnroq adrasdan ol-chi, — Nigor oyim bir adras toʻn olib maxdumning qoʻligʻa berdi. Maxdum toʻnni yoruqqa solib koʻrdi:
— Yoʻq, adras hayf, Ra’no, — dedi toʻnni taxigʻa solib, — haligi boʻzni beravur.
— Boʻz toʻn bergandan, bermagan yaxshi, — dedi achchigʻlanib Ra’no, — arzimagan narsa uchun Anvar akamni uyaltirasizmi?
Ra’noning yonigʻa Nigor oyim ham qoʻshuldi:
— Kishi uyalgʻuliq boʻlmasin, Ra’no.
— Hayf-da, hayf, — dedi maxdum, adras toʻnni salmogʻlab koʻrib, boyagʻi shoshilish holati hozir yoʻq, ammo yuzida achinish vaziyati bor edi. – Uvol-da, uvol, qizim, ipagi juda quyuq ekan.
— Ipagi quyuq boʻlsa, hech narsa qilmas, — dedi asabiylanib Ra’no. – Kishining izzati-nafsi undan ham quyuq.
— Xayr, xayr, — dedi maxdum, adras toʻn bilan vidoʻlashqandek. – Sen Ra’no, sochlaringni yuvib sal odamshavanda boʻlib yursang boʻlmaydimi, qizim?
Maxdum shu soʻzni aytib chiqdi. Ra’no maxdumning orqasidan nima uchundir kulib yubordi. Nigor oyim yugurib erining orqasidan chiqdi:
— Hay, Ra’no! – dedi havlida ketib borgʻan maxdumga, — nonlarimizning suvi qochqan, xamir qilishgʻa vaqt oz, bozordan issigʻ non oldirasizmi?
Bu gap maxdumga adras toʻnning alami ustidan tuz sepkan ta’sirini berdi.
Havli oʻrtasida bosh qashinib qoldi va koʻzini qisib, xotinigʻa qaradi:
— Juda qattigʻmi? – deb soʻradi.
— Juda qattigʻ, hatto ushatishka ham qoʻlning kuchi yetmas.
Javob yana falokatliroq edi. «Xoʻb, non oldiraman» deyishka ham maxdumning majoli qolmagʻan holda boshini quyi solib, javobsiz tashqarigʻa joʻnadi. Mehmonxona sahnida kutib oʻlturgan yigitka oʻz qoʻli bilan adras toʻnni kiydirdi. Yigit darbozadan chiqquncha ham maxdumning koʻzi «xayf ketkan» adras toʻnda, hatto undan Anvarning kelayotqan xabarini soʻrashni ham unutkan edi. Havli supurgʻuchi bola suv sepmay changitib yuborgʻani uchun uni «ablah, kuchuk!» deb koyidi. Mehmonxonada koʻrpacha yozib turgʻan bolaning yonigʻa kelib, koʻmaklashdi va bolaning uquvsizligʻidan ranjib, buni ham birmuncha achitib oldi.
— Sen chopib guzarga chiq, — dedi bolagʻa, joy solinib boʻlgʻandan keyin. – Katta tolning tegida Sovur novvoyning doʻkoni bor. «Maxdum domlagʻa yigirma dona non kerak ekan. Narxi qanchadan?» deb darrav soʻrab kel. «Maxdum domlagʻa» degin, «arzon qilib aytar emishsiz, puli naqd emish» degin… «Yangi mirzaboshining oʻrdadan mehmonlari kelar ekan» degin… Yugur!
Bolani narx bilishka joʻnatib, havliga chiqdi. Havlidagi bola suvni koʻb sepib, yerni loy qilib yuborgʻan edi, yana koyidi va darboza oldi – koʻchaga ham suv septirib, ichkari kirdi.
— Qizlarni ozod qoʻyibsan, yaxshi, — dedi maxdum Nigor oyimgʻa. – Biz-ku shu xabarni kutib turgʻan edik. Shunday boʻlgʻandan keyin, non-poningni toʻgʻrilab turmaysanmi; un boʻlsa-ku bor, ablah, qani menga uch-toʻrtta noningdan olib koʻrsat-chi.
Ra’no onasining soʻzi bilan qutidan besh-olti dona non olib dadasining qoʻligʻa berdi. Darhaqiqat, bir-biriga oʻxshamagʻan nonlar tarashadek qotib qolgʻan edilar. Maxdun urunib koʻrib, bittasini ham sindirishgʻa kuchi yetmadi. Ra’no, yuzini chetka oʻgurib, kulib turar edi. Maxdum urina-urina nihoyat oʻzi ham kuldi.
— Zor qolgʻuring juda ham qotipti-da, kun ham issiq-da, Ra’no?
Bu soʻzdan Ra’no battarroq kulib yubordi. Nigor oyim ham kulimsidi:
— Axir, oʻzingiz kechagina men xamir qilay desam koyidingiz, — dedi Nigor oyim. – Biz-ku mayli, kuni boʻyi ishlab kelgan Anvarga jabr. Shunchalik roʻzgʻor qilib, loaqal yumshogʻroq non yedirmasak… Kishi juda uyaladi.
— Men issiq nonga bola yubordim, — dedi maxdum qattigʻ nonlarni Ra’noga berib. – Anvarga jabr boʻladir, deb oʻylasang mundan keyin oʻziga loyiq, oz-oz non yopib tur. Sen bilan men boʻlsaq qattigʻ nonni ham yeya beramiz: jazzasi choygʻa boʻktirish-da.
Maxdum aytmasa ham Nigor oyim Anvar bilan Ra’noga yashirincha yumshoq non yopib berar, faqat bu kun oʻsha nondan bir-ikkita qolgʻan edi. Maxdum endi non sotib olishni boʻynigʻa olib, tashqarigʻa chiqdi. Narx bilib kelgan bolagʻa yigirma pul berib, orqasi kuymaganini olish sharti bilan nongʻa yubordi.
Anvarning «tanishsizliq va uysizliq» fikrining aksicha fotihaxonlar ham koʻrinib qoldilar, ikkinchi, uchunchi durkum fotihaxonlar kelgandan soʻng, maxdum Anvar oldigʻa kishi yuborib, uni chaqirtirib kelishka majbur boʻldi.
Shu kun kechkacha shaharning hamma tabaqalaridan ham fotihaxonlar kelib turdilar. Hatto Anvarning nodonligʻidan kulib yoqa ushlagan ulamolar, boy va ashroflar muborakbodchilarning aksariyatini tashkil etar edilar. Chunki bu keyingi tabaqa zamonasozliq, muvoso[103] va tadbir orqasida yashagʻuchidirlar. Anvar oʻzini tabrik qilgʻuchi ulamo va ashroflar yuzidan ochiq ravishda riyo, shaytanat va tama’ oʻqur, kambagʻallardan sodda samimiyat koʻrar edi.

Kitob Soʻzi
Asrdan biroz ilgariroq edi. Maxdum darboza yonida muborakbodchi mudarrislardan birini ikki buklanib ta’zim qilgʻan holda uzatar edi. Hazrati mudarris xayrlashqan joyida yana toʻxtab tomoq qirib oldi.
— Hay, mulla Solih, yana bir gapni sahv qilibman, — dedi hazrati mudarris. Solih maxdum yugurib hazratning yonigʻa keldi. – Mirzoga aytishni ep koʻrmadim; masalan, rivoyat va hokazo masalalarga hojat tushsa, bizdan begona qilmasin… Janobingiz ham shuni ta’yinlab qoʻyasiz.
— Xoʻb, taqsir, xoʻb.
— Faromush qilmassiz, albatta?
— Xotirjam’ taqsir.
Maxdum ulamo, amaldor va gʻayrilardan shuning kabi siporishlarni toʻrt-besh soatdan beri qabul qila-qila juda miyasi suyulgʻan edi. Hozirgʻi iltimosni ham oʻshalar qatorida boʻynigʻa olib, hazrat mudarrisni joʻnatdi.
Nari-beri boʻz sallasini boshigʻa chulgʻab, sarpoychan kafshini shap-shub bosib, darbozadan ichkariga kirib bormoqda boʻlgʻan Safar boʻzchini maxdum toʻxtatdi:
— Xoʻsh, xoʻsh, uka, — dedi Safar boʻzchigʻa. – Yoʻl boʻlsin sizga?
Chunki maxdum muborakbodchi kambagʻallar uyoqda tursin, hatto ulamo va boylardan ham hozir zerikkan edi. Bu zerikishka ikkinchi martaba non oldirishning ham aloqasi bor edi. Safar boʻzchi ostona yonidan maxdumga qiyshayib qaradi:
— Labbay, taqsir? – dedi.
— Yoʻl boʻlsin sizga?
— Mirzo Anvar iminga xudo martaba ato qilgʻan emish deb eshitdim, — dedi Safar boʻzchi, — pirimni ziyorat qilay, deb kelyappan…
— Kelganingiz ma’qul, illo oʻzi hozir juda charchab qolgʻan-da, chetdan duo qilib tursangiz ham kifoya, uka.
Safar boʻzchi boshini qashib, yana maxdumning aftiga qarab qoʻydi:
— Ziyorat qilib chiqa beraman, taqsir. Boshqa gap yoʻq, taqsir.
Maxdum Safar boʻzchining ilgarisiga oʻtdi:
— Mayliku, uka, ranjitasiz-da.
— Sadagʻasi ketay mirzoning, — dedi Safar boʻzchi maxdumning qatorigʻa borib, — baraka topqurning oʻzi ranjiydirgan yigit emas, xoksor-da, taqsir, koʻrsangiz bilarsiz-ku, men minan juda qadrdon-da, taqsir.
Maxdum asabiylashibroq Safar boʻzchining betiga qaradi. Safar boʻzch ham maxdumga bir oz tikilib turgʻach, iljaydi.
— Koʻrsangiz bilarsiz, men minan juda qadrdon-da, taqsir, — dedi yana va maxdumga iltifot qilmay, ichkariga yuriy berdi. Bir necha martaba kelib Anvarning mehmonxonasigʻa oʻrganib qolgʻan, shunga binoan bu toʻgʻrida maxdumning yordamigʻa muhtoj ham emas edi.
Anvar mehmonxonada Shahidbek va yana bir sarkardanamo bila soʻzlashib oʻlturar edi. Safar boʻzchini dahlizda koʻrib oʻrnidan turdi. Ikkisi necha yillik qadrdonlar kabi samimiy koʻrishdilar. Safar boʻzchi koʻzida yoshi bilan Anvarni tabrik qildi. Anvar unga oʻz yonidan joy koʻrsatib oʻlturishdilar. Safar boʻzchining fotihasiga anovi ikki bek arang qoʻl koʻtarib qoʻydilar.
— Zakotchidan tinchmisiz? – deb Anvar kuldi.
— Xudoygʻa shukur, davlatingizda, mirzam.
— Bozorlar yaxshimi?
— Bir nav’i… harchi tiriklik tebranib turadi, uka.
Safar boʻzchining boyagʻi harakatidan achchigʻlanib tashqarida qolgʻan maxdumning kimni ham boʻlsa ichkariga taklif qilgʻan tovshi eshitildi. Safar bilan Anvarning soʻzlari boʻlinishka majbur boʻldi.
Mulla Abdurahmon Anvar bilan yonma-yon oʻlturgʻuchi «doʻsti» Safar boʻzchini mehmonxonaning dahliziga kirishidayoq koʻrib qoldi va sariq tusi boʻzarib ketkan holda ichkariga qadam uzdi. Safar boʻzchining hurmati uchun loaqal qimir etmagan beklar ham mulla Abdurahmonning istiqboligʻa qoʻzgʻalishdilar. Maxdum mulla Abdurahmon bilan Anvarni bir-birlariga tanishdirdi.
— Balki xotirlarsiz, mirzo Anvar, — dedi maxdum, — siz manim qoʻlimgʻa kelgan yillaringizda mulla Abdurahmon akangiz ham bizning maktabda oʻqur edilar.
— Xotirimda. Xoʻb salomatmilar, taqsir?
— Alhamdulilloh, — dedi Abdurahmon va yer ostidan Safar boʻzchigʻa qarab qoʻydi, — martabalari muborak boʻlsin.
— Qutlugʻ, taqsir, qani, marhamat qilsinlar.
Oʻlturishdilar, fotihadan soʻng yana bir daraja ahvol soʻrashildi. Hozirgi tasoduf juda qiziq tushkan edi. Mulla Abdurahmon bu uchrashishdan nihoyatda oʻnggʻaysizlangʻan. Anvarni tabrik etish uchun ogʻiz ochishgʻa qodir emas va har zamon qarshisidagʻi «bema’ni»ga qarab qoʻyar edi. Shu holda bir necha fursat soʻzsiz oʻlturishkandan keyin, Anvar koʻbchilikni dasturxongʻa taklif qildi va Shahidbek mulla Abdurahmonni soʻzga tortdi.
— Nima lavozimotdalar, taqsirim?
— Imomatda, — dedi Abdurahim va yer tegidan Anvarga koʻz yuborib oldi, — Buxorodan kelganimizdan beri imomatdamiz… Madrasada ham birmuncha mukarrirligimiz bor…
— Koʻb yaxshi ekan; imomatlari qaysi mahallada?
— Bizning mahallada, — dedi soʻzga aralashib Safar boʻzchi, — taqsirimning ilmlari juda daryo, oʻzlari Buxoroda xatim kitob qilgʻanlar.
Shahidbek goʻyo koʻngil uchun yana:
— Koʻb yaxshi ekan, — dedi.
— Mulla Abdurahmonning ilmi darhaqiqat yaxshi boʻlgʻan deb eshitaman, — dedi maxdum.
Safar boʻzchi mulla Abdurahmonning tilagiga qarshi yana soʻzlab ketdi:
— Yaxshiliqqa kelganda – yaxshi, biroq taqsirimning tole’lari bir oz pastlik qilib turadi. Boʻlmasa mudarrislik, muftilik, mirzolik – bularning bariga ham taqsirim yetuk… Faqat tole’ past-da, bek bobo. Mana endi mirzam otaliq qilib, oʻrdadan birar ish topib bersalar, taqsirimgʻa ham oftob tegsa ajab emas. Oʻzlari ham bir haftadan beri mirzamning haqlarigʻa duoda edilar… a, taqsir, shunday emasmi?
Mulla Abdurahmon Safar boʻzchining qarshisida hozir har bir rizolatka ham boʻyin egar edi. Manglayidagʻi terini artib besaranjom ahli majliska qarab chiqdi va gʻuldirangʻansumon:
— Shunday, — deb yubordi.
Maxdum Safar boʻzchini mulla Abdurahmon tarafidan vositachilik uchun joʻrttaga kelgan, deb oʻyladi.
— Mulla Abdurahmon oʻzimizniki, — dedi maxdum, — albatta mirzo Anvar qoʻlidan kelgan yordamini ayamas.
— Albatta, munshiy tariqasida oʻrdaga olinsa ham boʻladi, — dedi utta[104] bek.
Anvar va’da berib qoʻyishni ep bilmaganlikdan, soʻzsiz ulturar edi. Mulla Abdurahmon har zamon manglay terini artib olar edi. Safar boʻzchi tunovi kungi adabsizlikni taqsirimning koʻnglidan chiqardim, deb mulla Abdurahmonning koʻzini uchratishka va ozgina boʻlsa ham taqsirimdan minnatdorchilik olishgʻa tirishar edi. Bir muncha vaqt shu koʻyi soʻzsiz oʻlturishkandan keyin beklar fotiha oʻqub qoʻzgʻalmoqchi boʻldilar. Safar boʻzchining yana ogʻzini ochib yuborishdan qoʻrqib, hatto qimir etmay oʻlturgan imom ham beklarning fotihasiga qoʻshulishib oʻrnidan turdi. Safar boʻzchi ham mirzoning haqiga duo qilib imomga ergashti. Chunki imom bilan birgalashib ketish orzusi, shu bahonada tunovi kungi past-baland gaplarni mulla Abdurahmonning koʻnglidan chiqarish niyati bor edi.
Anvar bilan xayrlashib, toʻrt kishi barobar koʻchaga chiqdilar. Oʻttuz qadam chamasi birga borib, Shahidbek oʻz havlisiga buruldi. Yana bir oz borgʻandan soʻng ikkinchi bek ham boshqa koʻchaga kirib ketdi. Mulla Abdurahmmon ham Safarboy «doʻsti» bilan birga yurishni xohlamadi shekillik tez-tez adim tashlab hamrohlik aloqasini uzmoqchi boʻldi. Bunga qarshi Safar aka uch hatlab bir bosib, Abdurahmonning yonidan chiqdi. Bu holdan yana imomning fe’li aynab, yoʻl ustida birdan toʻxtadi va Safarning aftiga bir turli mushuk qarashi qildi:
— Nega toʻxtadingiz, boravuring.
Safar boʻzchi Abdurahmonning toʻxtagʻanidan xabarsiz ikki-uch adim nariga oʻtkan edi:
— Birgalashib boramiz-da, taqsir.
— Men siz bilan yurishni xohlamayman, joʻnang, joʻnang!
Safar boʻzchi tushunolmay bir oz qarab qoldi:
— Nega, taqsir?
— Nega deydi-ya, ahmaq odam…
— Oʻzlaringizni aytishlaringizga qaragʻanda, musulmon kishi uchun kina saqlash bir roʻymolni yuvib qurutqancha ekan, — dedi Safar boʻzchi, — bizlar boʻlsaq toʻrt kundan beri shaytonni apichlab yuruymiz… Shunisi ham kifoya-da, taqsir.
— Astagʻfirullo, — dedi imom, — siz oʻsha kuni manim ustimga uch kunlik gap qildingizmi?
— Shaytonning ishida, taqsir, — dedi Safar, — axir, yana manim aytkanim boʻldi-ku, men bunga bir narsa deyapmanmi? Nedir, kinani qoʻyayliq deyapman-da.
Mulla Abdurahmon istigʻfor aytib yoʻlgʻa tushti. Safar boʻzchi ham muloyimgʻina uning yonida qoʻl qovushtirib joʻnadi.
— Xoʻsh, kinani tashlagʻan boʻlsangiz, — dedi yoʻlakay imom, — nega boya ularning oldida ogʻzingizgʻa kelganini oʻtladingiz?
— Yaxshiliqdan boshqa hech gap aytmadim. Faqat ilmingizni maqtadim.
— Boshqa gap aytmadingizmi?
— Nima dedim, axir? Shunchalik ilmlari boʻlsa ham tole’lari ozgʻina pastlik qilib turadir, dedim. Bu toʻgʻri gap emasmi, taqsir?
— Men sizga mirzodan xizmat soʻrab bering, deb vakolat bergan emas edim-ku.
— Vakolat-ku, yoʻq… Axir, tokay ilmingizni xor qilib masjidda yotasiz… Axir, biravni uka, biravni aka deb siz ham tuzukroq ishka qatishing-da, taqsir.
— Astagʻfirullo… Balki menga podshohliqdan ham shu imomat yaxshidir.
— Be-e-e, goʻrnimi, taqsir, — dedi Safar boʻzchi, — u gapni qoʻying, nafsilamr gap yaxshi. Shahardagi birarta mudarris domlani oʻshandaqa mirzoboshi koʻtarsalar yoʻq dermi. Voy-boyov, taqsir, sizga ham oʻrdadagi bir mirzolikni bersa, deb, «sizning haqingizga taqsirim duoda boʻldilar», dedim-da. Manim xolisligimni shundan ham payqasangiz boʻlar edi, uka.
— Astagʻfirullo, — dedi yana imom, — darhaqiqat, men uni shunday, deb duo qilgʻanmidim… Yolgʻonning nima keragi bor?
— Taqsirim boʻlsangiz ham hali yoshsiz-da, — deb kuldi Safar. – Basharti rostini soʻzlab «sizning mirzoboshi boʻlishingizni taqsirim koʻralmagan edilar» desam, xursand boʻlarmidingiz, vax-xax-xax, xex-xex-xex… Yoʻq, taqsir, oʻzingiz ham Buxoroda oʻqugʻan boʻlsangzi kerak: kitoblar ikki joyda yolgʻon aytishni ma’qul degan ekanlar; bittasi – eru xotinning orasida, ikkinchisi – ikki moʻminni bitirish uchun. Buni xudo rahmati domlam oʻqub berar edilar. Shu gap qulogʻimda qolgʻan ekan, men durugʻ[105] aytkan boʻlsam kitob soʻziga amal qildim-da, ikki moʻminni bitishtirish uchun soʻzladim-da.
Mulla Abdurahmon yana ogʻiz ocholmadi. Chunki Safar boʻzchi «kitob soʻzi» bilan uni yengib qoʻydi. Mahallaga kelib yetdilar. Safar boʻzchi kinani tamoman koʻnglidan yuvib tashlagʻan edi. Shomni mulla Abdurahmon orqasida oʻqush uchun masjidga kirdi. Jilovxonadagi namoz kutib oʻlturgan qavmlar ichidan Samad boʻqoq, Shukur soʻfilar ham koʻrinar edilar. Safarning imom bilan birga masjidga kirishidan taajjublangan Samad boʻqoq uni turtib soʻradi:
— Yarashdinglarmi?
— Kina degan roʻmolni yuvib quritquncha, — dedi Safar boʻzchi, — yangi mirzoboshining uyidan domla bilan birga fotiha oʻqub kelamiz. Hali eshitdingmi, oʻsha manim mirzam yorligʻ opti-ya.
Samad boʻqoq indamay chetka burulib ketdi. Shukur soʻfi shom namozi uchun takbir tushura boshladi.

Shoirning Sirri
Oʻn besh kunning ichida maxdumning mehmonxonasi rasmiy bir mahkamaga aylanayozdi. Oʻrdagʻa ariza bilan murojaat qiladirgʻan har kim, hatto rasmiy kishilar ham avval maslahat soʻrash uchun Anvarning yonigʻa kelar edilar. Kunduzlari oʻrda devonini boshqarish, ertalab va kechqurun oʻz uyida xususiy kishilarni qabul qilish, albatta, Anvar uchun ogʻir edi. Ammo bu ogʻirliq burundan sarmunshiy boʻlgʻan kishining ustidagi qonuniy vazifasi hisoblanib kelganlikdan kishilarni uyda qabul qilishgʻa Anvar majbur edi. Bu xususda kambagʻallarning beradirgan zahmatlari Anvarga uncha ogʻir tushmasa ham, beklar, ulamo va boylarniki aksar chuchmal va mashaqqatli boʻlar edi. Chunki kambagʻalning kengash soʻrab kelishi juda muhim ishlar ustida, masalan: bir bekning qilgʻan zulmi ustidan shikoyat, juda kambagʻal boʻlgʻani uchun soliqlardan darxonliq soʻrash va hokazo… Keyingilar esa, masalan: bir mudarris ikkinchi mudarris ustidan shikoyat qilib, bu toʻgʻrida domla Niyoz Muhammad shogʻovulboshining qulogʻigʻa andakkina tingʻillatib qoʻyishni soʻrar; bir zakotchi ikkinchi bir zakotchining xiyonatidan «xolisona» shikoyat qilar, bir savdogar oʻzining juda faqirligʻidan hasratlanib, zakotdan ozod qilinishini soʻrar; agar zakotdan qutqazib yuborsa, Anvarning «koʻnglini toʻlatish»ka hozirligini ham bildirar edi. Anvar bu keyingi iltimoschilardan goh achchigʻlanib, goh kular, har holda bir necha daqiqaliq va’dalar bilan ularni joʻnatquncha esi ketar edi.
Bu soʻnggʻilarning tashriflari Anvarga qancha behuzurlik bersa, masdumga oʻshancha magʻruriyat va lazzat bagʻishlar, hatto Anvar oʻrdada boʻlgʻan kezlarda ham ularni mehmonxonagʻa qabul qilib, Anvar kelguncha unga qancha siforishlar va aksar siforishchilarning oʻzlarini toʻplab turar edi. Yuqorida Safar boʻzchi bilan voqi’ boʻlgʻanidek, maxdum ariza va kengashka kelguchi kosib va toʻni eskilar ila chiqisha olmas, oʻlguncha ularni yomon koʻrib, «mirzo bu kun kelmaydi, siz bilan gaplashishka fursati yoʻq, bema’ni boʻlmang» kabi gaplar bilan kambagʻallarni eshikdan qaytarishgʻa tirishar edi. Anvarning birarta kambagʻal bilan «ezilishib» oʻlturganini koʻrsa, ichidan achchigʻlanib «kullushay’in yarji’u ilo aslihi… past hamisha pastligini qiladir… Sut bilan kirgan – jon bilan chiqar, maqoli koʻb toʻgʻri soʻz» deb oʻylar va ensasi qotib, chetka qarar edi.
Maxdum shu kungacha Anvar bilan Ra’nolarning toʻylarini qilishgʻa shoshilmasdan kelar edi. Ammo bunda bir qancha sabablar boʻlib, jumladan – Anvarning Ra’noga qattigʻ bogʻlangʻanini yaxshi sezganligi va shuning orqasida Anvardan «xotirjam’»ligi edi. Shoshilmasliqning ikkinchi, ham kuchlik sababi mumkin qadar toʻyni uzoqqa choʻzib, shu vositada Anvarni sogʻish… chunki toʻy qilinib Ra’no Anvarga berilsa, bu daromadning qat’iyan kesilish ehtimoli bor edi.
Anvar bosh munshiylik darajasini olgʻandan keyin maxdum ilgarigi «siyosat»ni yana davom etdirish va etdirmaslik toʻgʻrisia ikkilanib qoldi. Zero, Anvar hozir butun shaharga dongʻ tortqan, shaharning ulamosi, ashrofi, bek va bekbachchasi Anvarni taniydir; Anvarga mazkur oliy tabaqalarning har qaysisi ham oʻz qizini berib, kuyav qilishgʻa tayyor. Bas, shu holda yana maxdum eski tadbir bilan amal qilsa mumkinmi?
Maxdum noiloj sarmunshiy boʻlishni yigirmanchi kunlarida Nigor oyim bilan kengashib, mirzo Sultonaliga murojaat qilish majburiyatida qoldi. Toki mirzo Sultonali Anvarning rizoligʻini olib bersin.
Anvar kechqurun oʻrdadan qaytishgʻa hozirlanar edi. Xon a’yonlargʻa ruxsat berib haramga kirgan, oʻrdaning kunduzlik xodimlari tarqalishib, faqat kecha beklari, xon soqchilari, doimiy xodimlar qolgʻan edilar. Eng keyinga qolib Anvar bilan Sultonali mirzo ham oʻrdadan chiqdilar. Ularning orqasidan oʻrda darbozasi yopildi.
Sultonali mirzo Anvarning tashqi ahvoli bilan yaxshi tanish boʻlsa ham uning ichki sirriga voqif emas, chunki Anvar xususiy hayoti, ayniqsa, Ra’noga aloqasidan hech kimga ogʻiz ochmas edi. Anvar madum havlisida turishini joysizliqdan ya yoshliqdan shunda oʻsib oʻrgangandan, deb yurgʻan Sultonali mirzo bu kun ertalab oʻz uyiga kelgan maxdumning soʻzidan keyin bir oz haqiqatka tushungandek boʻldi. Ayniqsa maxdumning hech bir muqaddimasiz «Ojizamiz bilan Anvarning toʻylarini qilmoq niyatimiz bor edi. Shu toʻgʻrida janobingiz mirzo Anvardan toʻygʻa urunishimiz uchun bir kalima javob olib bersangiz» deb, toʻgʻridan-toʻgʻri faqat toʻy vaqtini belgilashni soʻrashi Sultonali mirzoga yana boshqa sirlarni onglatqan edi.
Ikkisi yoʻl boʻylab soʻzlashib borar edilar:
— Manim soʻzimga kirsangiz albatta bir ot olingiz, — dedi Sultonali mirzo, — ayniqsa, sizga endi piyoda yurish kelishmaydir.
Anvar boyagʻicha yana kuldi.
— Ot minishning nima hojati bor, modomiki, tayyor oyogʻ otimiz boʻlgʻanda…
— Ma’qul-ku, mendan soʻng yaxshi emas-da.
— Hozir yaxshi emas ekan, — dedi Anvar, — men bu xizmatdan tushkandan soʻng piyoda yurish yaxshi boʻladimi?
— Nega tushar ekansiz… Koʻb yillar shu vazifada qolasiz.
Anvar kulib qoʻydi:
— Lekin, manimcha, bir yil ham qololmasman… Agar ogʻam boʻlsangiz, xudodan soʻrangki, boʻynimgʻa birar boʻhton ortilmay, azl qilinayin.
— Boʻlmagʻan vasvasalarga tushasiz, Anvar.
— Shahodat muftingnizning aftiga sira qaraysizmi, shoiringizning pichinglarini payqaysizmi? Agar shu jonivorlar mendan sarmunshiylikni tinchlik bilan olsalar, oʻzimni juda ham baxtlik kishilardan sanar edim… Shunchalik zoʻr xaridorlari turgʻan bir zamonda bu vazifani menga kelib toʻxtagʻanigʻa hanuz aqlim bovar qilmaydir… Bu voqi’a yo meni oʻta baxtiyorliqqa yoki foji’ bir falokatka olib borar. Siz aytkancha vasvasamga, yoxud boshqa bir badbinligimga binoan keyingi ehtimol…
— Na Shahodat mufti va na shoirning qoʻlidan bir pullik ish kelsa mendan domangir boʻla beringiz, — dedi Sultonali, — sizning sarmunshiy boʻlishingiz har holda bir haqiqat edi. Negaki, koʻb yillardan beri xiyonat, igʻvo bilan kun kechirib yetti yoshliq goʻdakning ham nazarida ikki pullik obroʻsi qolmagʻan muftining sirrini yolgʻiz mengina emas, butun shahar, hatto xonning oʻzi ham biladir. Bas, bu jihatdan uning yorligʻ ololmasligʻi aniq edi. Domla Burhon maxdumning boʻlsa, shogʻobul domla bilan oralari buzuq; agar xon yorligʻni uning ismiga buyurgʻanda ham shogʻovul domla yozmas edi. Mundan boshqa domla Burhonning loqaydligi, devonxonani osr-ust qilishi boʻladirgʻan savdo… Shoir «Madhiy»ning boʻlsa yana ahvoli ma’lum; xonni maxtash, oʻziga yoqmagʻanni xajv qilish, xotinbozliq, bachchabozliq bilan ovora bir beta’yin. Mundan tashqari, «Madhiy»ning yorligʻ olomaligʻiga yana bir sabab bor edikim, bu sirni oʻrdadan faqat biz bir necha kishilargina bilar edik…
— Xoʻsh?
— Buni soʻramang-da, kulmang.
— Xoʻsh, xoʻsh?
Sultonali mirzo kuldi va tovshini sekinlatib dedi:
— Shoir haramdagi kanizlarning biri bilan aloqa bogʻlagʻan ekan…
— Xoʻsh, undan soʻng?
— Bu holni sezgan ikkinchi bir kaniz xonni bu aloqadan xabardor qiladir. Xon kanizni haramdan haydaganidek, shoirni ham huzuriga chorlab, oʻbdan ogʻiz-boʻgʻzigʻa, hatto enasining oʻsma-surmasigacha qoldirmaydir… Shoir arang tavba qilib qutiladir.
Anvar kuldi:
— Shuning uchun unga yorligʻ berilmadi, deysiz?
— Albatta. Shoirning esi boʻlsa boʻyini boshoqqa uzatmay, saroydan haydalmaganiga ham shukur qilsa boʻlar edi. Binobarin, sizning xayollaringiz tamoman oʻrunsiz. Yaxshi, hozir koʻnmasangiz ham piyoda yurib zerikkaningizdan keyin ot minishka majbur boʻlarsiz. Shuning uchun buni qoʻyib turayliq-da, otdan ham zarurroq masalaga oʻtaylik, masalan, boshingizni ikki qilish uchun, albatta vaqt yetkandir, deb oʻylayman?
— Qayoqdagʻi gaplarni topasiz, Sultonali aka.
— Hazili yoʻq. Uylanish sizga ham farz, ham qarz. Bunga qolgʻanda, albatta bir uzr koʻrsatalmassiz.
Anvar kulimsib qoʻydi:
— Uylanishni ham bekor boʻlishgʻacha toʻxtatib tursaq, deyman.
— Ana gap, — dedi Sultonali, — balki umr boʻyi shu vazifada qolib ketarsiz. Shu holda butun umr xotinsiz yurish, xax-xax…
— Kim bir vazifada umr boʻyi qolgʻan boʻlsin.
— Qolgʻanlar koʻb. Masalan, Muhammad Rajabbek marhum; Muhammadalixon zamonidan beri devon bilan olishib kelar edi. Men sizga jiddiy aytaman: shahardan kimning qizini yoqtirsangiz ham biz olib berishka harakat qilamiz.
— Rahmat…
— Chindan soʻzlayman, Anvar.
Anvar yarim jiddiy Sultonaliga qaradi va uning oʻzidan javob kutkanini sezib:
— Xoʻb, men bu toʻgʻrida domla bilan kengashib, sizga javob berayin, — dedi.
— Bu kun ertalab domla biznikiga kelgan edi, — dedi Sultonali jiddiy turda, — domlaning soʻz daromadiga qaragʻanda, sizni oʻziga kuyav qilish fikri borgʻa oʻxshaydi. Sizning rizoligʻingiz bilanmi, yoʻqmi, bunisini bilalmadim…
Anvar qizarindi. Javob berish oʻrnigʻa «natija?» degandek qilib unga savol nazari bilan qaradi.
— Domlaning gapiga qaragʻanda, boshqa taraflar bitkan koʻrindi, — dedi Sultonali davom etib, — faqat ul manim vositamda toʻyni boshlash uchun sizdan izn olgʻali kelgan ekan. Men bu toʻgʻrigʻa sizdan javob olib bermakchi boʻldim.
Anvar kuldi. Ammo bu kulish uning boyagʻi kulgularidan tamoman boshqa, ya’ni baxtiyorliq kulgusi edi.
— Yaxshi, — dedi Anvar va oʻn qadam chamasi soʻzsiz bordi. – Yaxshi, men ertagacha oʻylashib, sizga javobini beraman.
— Ma’qul, agar bu kun domlagʻa uchrashsam, javobni ertaga olaman deyaymi?
— Albatta.
— Xayr, xudoning panohiga, Anvar.
— Xoʻsh, Sultonali aka.
Ikkisi ajralishdilar.

Hayot Sham’i
Necha yillar Anvarning koʻnglini mashgʻul etkan bir muammo nihoyat orzugʻa muvofiq hal qilingʻandek, ya’ni shubha ichida qizargʻan muhabbat gʻunchasi visol xabari bilan ochilayozgʻandev va quruq tomosha bilan kechkan uning oy, yillari bu kun Ra’no gulini iskash bashoratiga noil boʻlgʻandek edi. Darhaqiqat, buncha yillardan beri maxdumning eshigida qolishi, opasi Nodiraning: «Men seni onamning uyiga charogʻchi boʻlarsan, deb soʻyingan edim. Oʻz istiqboling uchun qaygʻirmay, bir kishini semirtirib yurishing aqlli yigitning ishi emas, Anvar» kabi ta’nalariga boʻyin egishi va hatto shu uydan siljimaslik fikrida oʻzi tilamagan vazifalarga ham urinishi yana shu bashoratni olish uchun emasmidi?
Istiqbol soʻzini har kim har turlik tushunadir. Anvar oʻz istiqbolini yolgʻiz muhabbat orqaliq koʻrar edi. Ota-onaning charogʻini yoqish uchun avvalo oʻziga bir sham’i hayot topmoqchi va oʻzi sham’siz turib ota-onagʻa charogʻ yoqishni aslo tasavvur qilolmas, ya’ni istiqbol Anvarning fardi hayotida[106] yolgʻiz muhabbat edi.
Yigitlar oʻz istiqbollari qaygʻusida yangi bino, yangi roʻzgʻor tuziydirlar va hatto dunyoda xayoliy ham boʻlmagʻan rafiqalari uchun kiyim tikdiradirlar… Anvar ersa avvalo Ra’no kabi bir rafiqagʻa ega boʻlmoqchi va shu vositada boshqa masalalarga qaramoqchi edi.
Anvar Sultonali mirzoga boyagʻi va’dani berib, bu xabar bilan yuragi shopiringʻan holda uyga keldi. Mehmonxonada oʻzini kutib oʻlturganlar bilan nari-beri ishni bitirib, ichkari kirdi. Uning bu kirishi har kundagidek kishi bilmas, tasodufiy emas, Ra’noni koʻrishdan boshqa yana ma’lum bir ma’noni Ra’nodan oʻqush uchun edi.
Ra’no ayvonning ustuniga suyanib kitor oʻqur, Nigor oyim oʻchoq boshida ovqat pishirish bilan mashgʻul edi. Ra’no oʻziga qarab kelguchi Anvarga yer ostidan kulimsib olgʻach, bir oz koʻrinib turgʻan oyoq uchlarini sarigʻ atlas koʻylagi bilan yashirdi, atlas koʻylakni yaxshigʻina turtib turgʻan sirlik koʻkragi ustiga yon oʻrim sochlarini olib tashladi. Anvar yaqinlashgʻach, sekingina kitobdan koʻzini olib, «hormang» dedi, yana kitobka yuz oʻgirdi. Anvar keldi va uning qoʻlidagʻi kitobka qaradi.
— Umar Xayyom, — dedi va Ra’noning qarshisigʻa, havliga oyogʻ solintirib oʻlturdi. – Qani, oʻqu-chi eshitaylik.
Ra’no kitobni sekingina yopib, Anvaga uzatdi:
— Siz oʻqung, men eshitay.
— Oʻzing oʻqi, baxilsan-da.
— Men toʻgʻri oʻqiy olmasam, tunovi kungidek kulasiz…
— Joʻrttaga xato oʻqub, oʻzing kuldirding… Oʻqi, Ra’no.
Ra’no kitobni yerga qoʻydi:
— Men oʻqib zerikdim…
— Manim uchun oʻqib ber, deyapman.
Ra’no yoʻlakka ishorat qildi:
— Dadam kelib qoladi.
— Qayoqdan bu qadar uyatchan boʻlib qolding?
Ra’no tabassum bilan javob berdi va unda bir oz qizarinish belgisi bor edi. Anvar bu holdan bir narsa sezgandek, soʻzni boshqagʻa burdi:
— Kun issiqmi, terlabsan, Ra’no?
Ra’no burni ustidagi bilinar-bilinmas marvarid rezalarini roʻymoli bilan artdi.
— Terlashim issiqdan emas, — dedi kulimsirab Ra’no, — boshqa narsadan…
— Nimadan, qani?
Ra’no bir oz eski kulavich va munaqqidlik holatiga kirdi:
— Siz beklashkaningizdan beri… sizni koʻrsam uyaladirgʻan boʻlib qolibman. Terlashim ham sizdan uyalgʻanimgʻa…
— Kesatuq hunaring esingdan chiqdimi, deb turgʻan edim. Har nachuk yodingda ekan. Tagʻin, xoʻsh?
— Xon janobning munshiylar munshiysi boʻlgʻan bir yigitning salobati borligʻini kim inkor etsin. Albatta, bu toʻgʻrida kanizingizga haq berarsiz deb oʻylayman.
— Xoʻb, haq berdik, — dedi kulib Anvar va oʻrnidan turdi. – Basharti, kanizimiz uyalmasalar, bizning ham bir amrimiz bor: amr qilsaq uyalmasmikinlar?
— Amringizga mahjubi inqiyod[107] etishka kanizingiz hozir.
— Kanizlarning oʻz xoʻjalari bilan oʻlturib muomala qilishlari mumkinmi? Amrga inqiyod etishdan ilgari shu toʻgʻrida javob bersangiz…
Ra’no irgʻib oʻrnidan turdi, goʻyo kanizlardek, ikki qoʻli yonida va boshi koʻksida afu soʻradi:
— Inson mushtaq as nisyonast[108]… Kanizi betamiz hamisha afu atogʻa loyiqdir, chunki zarxarid[109] xoʻjasigʻa sodiqdir.
Anvar, ochiq va oʻyun-kulgini bir daqiqa ham qoʻyib turolmagʻan parining san’atkor shu vaziyatiga kulimsiragan koʻyi ancha qarab turdi, ham oʻzining xoʻjaliq roʻlini buzmay:
— Men sufada boʻlaman, fursat topib yonimgʻa chiq, senga aytadirgʻan maxfuy bir soʻzim bor, — dedi.
Ra’no kanizlar kabi bosh bukib «hozirman» ishorasini berdi va tabassumga moyil jodu koʻzlari bilan Anvarga ohista bosh koʻtarib qaradi… Anvar oʻzini zavq ham kulgidan toʻxtatolmagʻan holda tashqarigʻa burulib joʻnad. Oʻchoq boshida mashgʻul Nigor oyim ham qizining keyingi harakatidan kulib, Anvarga qaradi. Lekin, Ra’no bilan Anvarning doimiy shuningdek oʻyunlarigʻa tushunib qolgʻani uchun bu toʻgʻrida gap aylantirmadi:
— Oshim pishib qoldi, Anvar, — dedi oʻchoq boshidan kulimsib, sufada boʻlasizmi?
— Boʻlaman.
— Otangiz asr namozidan chiqib, bir joygʻa borib kelaman, dega edilar. Sizning oshingizni suzub chiqara beraymi?
— Mayli.
— Tashqarida bolalar koʻrinsa aytib yuboringiz-chi!
— Xoʻb.
Anvar maxdumning qayoqqa borib kelishini oʻylagʻan holda tashqarigʻa chiqdi.
Shomdan bir oz ertaroq edi. Yengilcha bir shamol sufa atrofidagi gullarni erinibkina qimirlatar va bu qimirlatishdan rayhonlarning oʻtkur isi oʻqtin-oʻqtin dimogʻqa kelib urinardi. Oʻn ikki-oʻn uch kunlik oy koʻkning sharqi-janubi qismidan tussizgina boʻlib koʻtarilib kelmakda, quyosh botqan sayin uning chehrasi har zamon ochilib bormoqda edi. Shahar podasi qaytib, tevarakdan sigir va buzoqlarning ma-a-a-mu-u-u-lari, qoʻzichoq va qoʻylarning ba-a-a-bu-u-u-lari eshitilib turar edi.
Anvar sufada oʻrda yumishlaridan ba’zisini tahrir qilish bilan mashgʻul ekan, ichkaridan Ra’no chiqib keld. Goʻyo Anvar Ra’noning kelishidan xabarsizcha oʻz ishiga qattigʻ berilgan edi. Ra’no ohistagʻina Anvarning yonigʻa kelib, sufaga suyandi, ikki qoʻli bilan iyagini koʻtarib, oraliqdan Anvarning tahririga qaradi. Anvar ham muloyimgʻini kulimsib Ra’noga koʻz qirini tashlab olgʻach, goʻyo iltifotsiz yana qalamini qoralab, qogʻoz ustiga bir-ikki kalima yozdi. Ammo uchunchi kalimaga oʻtkanda qalami qoʻlida oʻylanib qoldi va boyagʻidek yonidagʻigʻa kulimsib qaradi. Ra’noning ham koʻzi unga toʻqnashib bir oz bir-birlariga kulimsiragan holda tikilishdilar…
— Nega toʻxtadingiz, yoza bering.
— Sening qilgʻan ishing doim shunday, Ra’no.
— Masalan?
— Masalan… Hamisha ish chogʻida kelib, fikrni boʻlasan.
— Men oragʻa soʻz aralashtirdimmi. Yoza bering, men shunday qarab turaman.
Anvar Ra’noga oʻnglanib oʻlturdi:
— Foydasi yoʻq, endi fikrni oʻgʻirlading.
— Men fikr oʻgʻrisi emasman… Qani yozing.
Anvar qoʻlidagʻi yozilgʻan qogʻozni qoʻyib, ikkinchi oq qogʻoz oldi:
— Endi boshqa narsa yozaman?
— Mayli yozing.
— Sen ham javob yozasan, xoʻbmi?
— Xoʻb.
— Tunovi kundagidek javob topolmasang nima qilay?
— Ra’no sufaga oyogʻ solintirib oʻlturib oldi.
— Yuzimga bir shapaloq uring, lekin saj’ qofiyasi oson boʻlish sharti bilan.
— Ma’qul, — deb kuldi Anvar va Ra’noga qaragʻan holda oʻylandi. Bu oʻylanishdan Ra’no qoshlarini chimirib e’tiroz etdi:
— Koʻb oʻylamang.
Anvar javob berish oʻrnigʻa qalamini qoralab yozdi:
Agar Farhodning Shirin, boʻlsa Majnunlarning Laylosi,
Nasib oʻlmish menga gulshan aro gullarning «Ra’no»si.
Anvarning qalamidan qogʻozga tushib borgʻan soʻzlarni ta’qib etkan Ra’no, qogʻozdan koʻzini olib qizardi va bosh chayqab teskariga qaradi.
— Qani javob, Ra’no?
Ra’no shu koʻyi bir oz Anvarga qaramay turdi va qayrilib uning qoʻlidan qalam-qogʻozni oldi-da:
— Uyat qilmaysizmi? – deb soʻradi.
— Manim yozgʻanimni sen uyat qilmasang, men ham sening yozgʻaningni uyat qilmayman. Lekin shart shuku, manim ikki yoʻlimgʻa ayni javob boʻlsin.
Ra’no yana bir oz oʻylanib, Anvardan yashirincha yozdi:
Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin,
Ne baxt, Ra’no xaridoring talab ahlining «Mirzo»si.
Ra’no yozuvni Anvarning oldigʻa tashlab, qizargʻan va kulimsiragan holatda chopib gullar yonigʻa ketdi. Anvar javobni oʻqub zavqlandi:
— Ofarin, Ra’no, lekin biravning ustidan ortiqcharoq mubolagʻa qilibsan.
Ra’no gullar yonidan Anvarga jiddiy qaradi:
— Siz ham mubolagʻa qilgʻan edingiz.
— Maniki mubolagʻa emas, — dedi Anvar, — masalan, sen hozir gullar yonidasan, ham chindan-da, gullarning ra’nosisan… Mana, men yana yoza boshladim; javobgʻa hozirlan, Ra’no.
Ra’no yugurib Anvarning yonigʻa keldi va uning qalamidan tomgʻan soʻzlarni oʻqub bordi:
Hamisha xavfda koʻnglim bu muhabbat intixosidin,
Meni ham etmasa majnun debon Ra’noning savdosi.
Ra’no keyingi misra’ni oʻqub oʻylanib qoldi. Anvar hozirgi Ra’noning oʻychan koʻziga anchagina tikilib turgʻach, kulimsidi:
— Javobi qiyin keldimi, Ra’no?
— Qalamni bering, — dedi Ra’no oʻpkalagan qiyofatda qoʻl uzatib, — Oʻylagʻali ham fursat bermaysiz.
Yozdi:
Muhabbat jomidin noʻsh aylagan[110] ahli zako boʻlmish,
Fununi tibda majnundir kishining kuysa safrosi.
— Yengding, ra’no, yengding, — dedi Anvar, — lekin keyingi misra’da bir xato qilding…
— Masalan?
— Tibning aytishicha, safro emas, qon kuysa, kishi jinni boʻladir…
— Qonning buzulishigʻa avvalo safroning kuyishi kerak, safro kuymay turib qon buzulmaydir… Xoʻsh, yana yozasizmi yoki yengildingizmi?
— Yengildim…
— Yengilgan boʻlsangiz, yutugʻimni bering.
Anvar yuzini tutib berdi. Ra’no boʻshqina uning yuziga urib qoʻydi.
— Agar shu gal ham yengsam, — dedi Anvar achinib, — men seni urub oʻlturmas edim…
— Nima qilar edingiz?
— Endi foydasi yoʻq.
— Ayting-da, agar menga ham ma’qul boʻlsa, urgʻanim hisob emas, boʻshqina urdim-ku.
— Lekin sen uni qilolmaysan…
— Nega qilolmayman, qani ayting-chi.
— Qilolmaysan… — deb kuldi va bir oz aytishka kuchlanib turdi. – Men… men sening yuzingga qoʻlim bilan emas, ogʻzim bilan urar edim…
Ra’no qizarib yerga qaradi. Yuzga ogʻiz bilan urishni ul oʻz umrida birinch martaba eshitkanligi uchun qizarishqa va yerga qarashgʻa haqli ham edi. Oʻzining yozgʻan muhabbatka oid she’rlari va Anvarga bergan haligidek javoblari bilan chin bir mahbuba va ma’shuqa boʻlib koʻrinsa ham, lekin keyingi gaplarga hanuz oshna emas va yuzga ogʻiz bilan urishlardan tamom begona edi. Bu gap Anvarning ham birinchi jasorati boʻlib, ikkisi-da shu «yangilik»ning oʻnggʻaysizligʻida qoldilar.
Gumbazi niligun qandilida[111] sham’i kofuriy[112]lar yoqila boshlagʻan edi. Oy ham bir oz nurlanib, turmushka yangi qadam bosqan bu ikki yoshninn hozirgi hollaridan kulimsigandek koʻrinar edi. Boyagʻidan bir muncha kuchayatushkan shamol gulni gulga quvishtirib, goʻyo bu ikki yoshgʻa: «Siz ham man shu gullar kabi qovishing» degandek boʻlar edi. Oʻnggʻaysizliqda qolgʻan Ra’no xijolat aralash Anvarga kulimsib bosh koʻtardi.
— Men sizning «amringizga» muvofiq chiqgʻan edim.
— Amrimga muvofiqmi? – dedi Anvar va Ra’noning koʻziga toʻgʻri qarab iljaydi: — Shomdan keyin.
— Nima shomdan keyin?
— «Amrimga» muvofiq chiqishing.
— Hozir-chi?
— Hozir mumkin emas.
Ra’no oʻpka bilan Anvarga qaradi va turib ichkariga joʻnadi.

Nega Yerga Qaraysan, Ra’no?
Kuchlik shamol koʻtarilib, boqchadagi har narsani toʻrt tarafka buka boshladi. Koʻcha changlari koʻkka koʻtarilib, oy va yulduzlar nurini xiraroq bir holgʻa qoʻydilar. Chigirtkalar chirillashi, kecha hasharotlarining nagʻmasi kuchlik shamol tovshi bilan kesildi. Sufa ustidagi soʻri har zamon toʻrt tomongʻa chayqalib, oʻz ostida oʻlturgʻuchilarning betlarini goh koʻrsatib, goh yashirib, ular bilan oʻynashqandek tevarakka husayni gʻujumlarini bir-ikki bora uzib tashladi.
Anvar oʻzidan nariroqqa tushkan bir shingil uzumni olib yedi va bir-ikki gʻujumni hamrohiga uzatti:
— Ma, Ra’no…
— Men yemayman.
— Men ham senga yegin demayman.
Ra’no oʻz yonidagʻI gʻujumlarni yigʻib, Anvarga berdi.
— Mana uzum yesangiz… Menda nima yumushingiz bor?
— Barakalla… Toʻkilgan uzumlarni yigʻib ber-chi menga.
Ra’no yana bir nechta gʻujumlarni terib uzatti.
— Qani, yumishingiz?
— Senda nima yumishim boʻlsin, Ra’no. Har kungi oʻzing bilgan gap… soʻzlashib oʻlturarmiz; uzum toʻkulsa, menga terib berarsan, deb chaqirgʻan edim.
— Dadam huftandan qaytib qoladi. Gapingiz boʻlmasa, men ketaman.
— Huftan hali oʻqulgʻan emas, azon hozir aytildi. Basharti dadamiz huftanni oʻqumay kelib qolsa, buning hiylasi oson: darrav anavi gulning tegiga yashirinamiz.
— Basharti dadam bizni qidirib gulning tegidan topsa, nima qilamiz?
— Nima qilar edik? Sen uyingga ketasan, men boʻlsam mehmonxonagʻa.
— Ikkavingiz gulning tegida nima qilib oʻlturga edingiz, deb soʻrasa, nima javob beramiz?
— Oʻzimiz oʻlturgan edik, deymiz.
— Nima uchun, desa-chi?
— Qizingiz oʻyalgʻani uchun, deymiz.
Ra’no kulib oʻrnidan turdi va sufadagi koʻzi ilgʻagʻan gʻujumlarni terib Anvarga berdi:
— Xayr, yumishingiz boʻlmasa men ketdim, shamoldan qulogʻim bitti.
— Gapim bor, gapim, — dedi Anvar, — kel, aytaman.
Ra’no qaytib keldi.
— Ayting.
— Oʻltur.
Ra’no Anvarning qarshisigʻa oʻlturdi. Oʻlturishi bilan kuchlik shamol yurib boshidagʻI roʻymolini uchurdi va olib borib Anvarning betiga yopti.
— Xa-xa-xa, shamol sizdan oʻchimni oldi. Qani, gapuring.
— Anvar roʻymolni qisimigʻa oldi.
— Hozir gapiraman, lekin shartim bor.
— Ayting shartingizni.
— Achchigʻlanmaysan.
— Xoʻb…
— Uyalmaysan.
— Ra’no masalagʻa tushungandek oʻylanib qoldi.
— Roʻymolimni bering.
— Roʻymoling uchib ketdi… Shartimga koʻndingmi?
Ra’no javob bermadi. Anvar Ra’noning olachalpoq koʻlaga ichida xayoliy boʻlib koʻringan yuziga qaradi. Uning hayo ichida oliyliq kast etkan jodu koʻzi Anvarning hozirgi maqsadigʻa tushunganlikni ifoda qilar edi. Birmuncha vaqt shu koʻyi soʻzsiz qoldilar. Shamol dam koʻtarilib, dam bosilar edi. Shamol asnosi gullar ham kelinlar kabi har tomongʻa egilishib salom berishib olar edilar.
Anvar oʻzini sufaning qorongʻu qismigʻa oldi. Ra’noga aytmakchi boʻlgʻan soʻzi ehtimol uning oʻziga ham oʻnggʻaysizliq berar edi.
— Tugʻilgʻandan soʻng oʻsish, oʻskandan soʻng ikav-ikav boʻlib yashash bor, — dedi Anvar va bir oz toʻxtalib oldi. – Juftlik yolgʻiz kishilar orasidagʻina emas, yer yuzidagi har bir maxluqda ham bor… Masalan, togʻlardagʻI ohular, oʻrmonlardagʻi toʻtilar, chamandagi bulbullar ham yolgʻiz emas, jufay yashaydirlar. Seningcha qanday, men uni bilmayman, ammo juftlanishning, manimcha eng muhim bir sharti borkim, ul ham ikki tarafning muhabbat zanjiri bilan bir-birlariga qattigʻ bogʻlanishlaridir. Biz ikav yoshliqdan birga yashab kelamiz, oramizda maxfiy sirlarimiz yoʻq va bizning oʻz aro sirlarimizga voqif boʻlgʻan chet kishilar ham yoʻq. Shunga binoan sen bilan manim har bir toʻgʻrida ham ochiq soʻzlashmagimizga hech bir mone’liq boʻlmas, deb oʻylayman. Agar yanglishmasam, ikkimizning bir-birimizga muomalalarimiz samimiy va yuraklarimiz tepishi hamohangdir. Yoki yanglish soʻzladimmi, Ra’no?
Ra’noning yerga qaragʻan koʻzi sekingina Anvarga koʻtarilib, yana yerga ogʻdi. Anvar unga bir oz qarab turgʻach, soʻzida davom etti:
— Sen eshitdingmi, yoʻqmi, bilmadim, ular ikkimizni juftlashdirmakchi boʻlib, bu kun mendan kishi orqaliq toʻy vaqtini belgilashni soʻratqan edilar, men ertaga javob bermakchi boʻldim. Seni bu yerda tutishim ham sen bilan kengashib, ertaga shuning javobini ularga aytishdir. Nega yerga qaraysan, Ra’no?
Ra’no boshini koʻtarib kulimsidi va yuzini chetka oʻgirdi.
— Sen uyal, uyalma, ular bizni juftlashdirarlar. Marhuma Mohlarbibining fotihasi yerda qolmas. Agar sen shunday yura beraylik, desang, men ham ularga sening javobingni aytaman. Gapir, Ra’no.
— Yura beraylik, — dedi Ra’no yuzini chetka oʻgirgan holda, — ularga nima ogʻirligʻi bor?
Ra’noning bu soʻzi Anvarning ustidagi yukni koʻtarib tashlagʻandek boʻldi.
— Ikkimizdan boshqagʻa albatta ogʻirligʻi yoʻq. Lekin, sen aytkancha, qachongʻacha yura beraylik? Ularga bir muhlat koʻrsatishimiz kerak. Ra’no.
— Qarigʻunimizcha.
— Qarigʻunimizcha, deb muhlat soʻraymi?
— Ulgunimizcha.
Anvar kuldi va surulib Ra’noning yonigʻa keldi. Goʻyo uni oʻziga qaratmoqchi boʻlgʻandek, yelkasiga qoʻl yubordi.
— Menga qara, toʻgʻri javob ber, Ra’no.
Ra’no qulogʻi ostigʻa tekkan issigʻliqdan choʻchib yuzini oʻnglagan edi, tasodufan labi haligi issigʻliqqa uchrashdi. Ilojsiz kabi labini ikkinchi haroratlik labdan ajratolmay, bir necha soniy kutib qoldi. Kuchlik shamol qoʻzgʻalgʻan edi. Shamol, goʻyo koʻmaklashkan kabi orqadan esib, Ra’noni Anvar tomongʻa mayl etdirar edi. Terak orqasida qolgʻan oy ham kuchlik yelning koʻmagida terak boshidan bularga moʻralab oldi. Ikki yoshning hozirgi holini yaqindan tomosha qilmoqchi boʻlgʻan tussiz bir yulduz koʻk sahnining yerga yaqinroq qismigʻa uchib tushdi.
— Javob ber, Ra’no.
— Bu holda men javob beralmayman.
— Javob bermasang, men ham seni boʻshatmayman.
— Dadam kelib qoladi.
— Dadangdan bu kun javob oldim.
Ra’no Anvarning iyagi ostigʻa soʻl chakkasini qoʻyib chetka qaradi.
— Siz xohlagʻan vaqtda boʻlsin.
— Menga qolsa ertaga.
— Mayli.
Anvar iyagi ostidagʻi muloyimlashqan qizning yuzidan oʻpti va uning toʻzgʻigʻan sochlarini toʻgʻrilab, hayotbaxsh kokillarning muattar boʻyini uzoq hidladi.
— Chin soʻzla, men sening ra’ying bilan ularga javob aytmakchiman, Ra’no.
— Koʻklamga.
— Chiningmi?
— Chinim.
— Xoʻb boʻlgʻay. Men ertaga, toʻyimiz koʻklamga boʻlsin deb javob aytaman. Yerlar koʻk gilamlar bilan bejalganda, har tarafni binafsha chechaklari bosqanda, qushlar uya qaygʻusini chekkanda biz ham toʻy qilarmiz; chimildiqda baxt sozini tinglab, istiqbol kuyini kuylarmiz. Shundaymi, Ra’no?
— Shunday.
— Undan soʻng manim ogʻushimda shuning singari dadang kelib qolishidan qoʻrqib, kishi qoʻligʻa tushkan qush bolasidek tipirchilamassan. Shu husning, shu malohating va shu latofating bilan tamom meniki boʻlarsan, shundaymi?
Ra’no javob bermay, Anvarning ogʻushidan oʻzini qutqarib oʻrnidan turdi. Sufaning zinasiga borib kafsihni kiydi va Anvarning quvlashidan qoʻrqib, sapchib yerga tushti.
— Javob aytib ket, Ra’no.
— Ha, shunday, — dedi Ra’no, gul yonida roʻymolini toʻgʻrilab. – Endi sizning oldingizga chiqmayman.
— Nega chiqmaysan?
— Negaki juda yomon kishi boʻlibsiz. Men ayamga aytaman.
Anvar kuldi.
— Nimani aytasan?
— Hammasini aytaman.
Shu vaqt oʻrta eshikdan kirib kelgan maxdum ularning soʻzini boʻldi, ichkariga ketib borgʻan Ra’noni toʻxtatib, «Anvar akangga choy berdingmi, qizim?» deb soʻradi.

Zulm Oʻchogʻi
Xudoyorxongʻa 1283-nchi yilda uchunchu martaba taxtka chiqish nasib boʻldi. Uning oxirgʻa saltanati xonliq istibdodining achchigʻ zulm va ta’addilarining jonsoʻz qora sahifalarini tashkil etadir. 1283-nchi hijriydan 1292-nchigacha boʻlgʻan sakkiz yil, Xudoyorning erkin nafas olib, Fargʻona ustida oʻzi tilagancha qamchi oʻynatqan va zulm tigʻini kambagʻallar qoni bilan sarbast boʻyagʻan soʻnggʻi davridir. Mamlakatni obod qilish bahonasi bilan 1284-nchi yilda Qoʻqon kosiblarini haqsiz – muft[113] ishlatib yangi rasta, karvon saroy, paxtasaroy va kopponlar bino qildirdi. 1285-nchi yilda Qoʻqonning Urganch mavze’ida mashhur Oqsaroyni soldirdi, uzoq joydan arigʻ qazitib kelib, Oqsaroy atrofini sugʻortirdi. Issigʻ kunlarda salqinlash, malika xonimlar bilan ishrat qurish uchun «Bogʻi Eram» yasatdi. Onasi Hokim oyimning vasiyatiga muvofiq, 1286-nchi yilda «Hokim oyim madrasasi» deb mashhur madrasani, yana shu yilda Amir Umarxon tarafidan asosi qoʻyilgʻan ma’lum yangi oʻrdani ham tevaragida bogʻ va gulzorlari bilan ishlatib bitirdi[114].
1286-87-nchi yillarda «Ulugʻ nahr», «Xon arigʻ» deb mashhur arigʻni qazitdi. 1287-nchi yilda oʻz nomidagi «Madrasai oliy»ni va «Daxmai shohon»ni, 1288-nchi yilda Qoʻqonning eski qalandarxonasini buzib, yangidan ta’mir, ham oʻlgan ogʻasi Sultonmurodxon ismiga madrasa bino qildirdi. Va ushbu yil oʻgʻli Oʻrmonxonning xatnasi uchun bir yuz yigirma kun osh berib, toʻrt oyliq toʻy e’lon qildi. Shundogʻki, har kun ikki yuz qozon osh damlanar, sakkiz yuz tanur non yopilar, ikki yuzlab uloq berilar, mamlakatdan toʻygʻa kelguchi a’yongʻa har kun minglab toʻn kiydirilar edi.
Bu qadar saxovat, bunchalik dabdaba, albatta, xazinadagi oltinlar kuchi bilan boʻlgʻandir, deb ba’zilarning koʻngliga kelar. Xonlar va podshohlar xazinasidagi oltinlar manba’i ham fuqaroning bilak kuchidir. Lekin Xudoyorning saxovatpeshaligi va ma’muriyatparvarligi mehnatkashning xazinaga oltin suratida yigʻilgʻan kuchidan emas, bevosita bilak kuchidan, koʻz yoshidan edi. Cunki Muhammadalixon davridan boshlangʻan (1240) oʻzaro taxt talashi, oʻzbek-qipchoq janjali va boshqa toʻpolonlar xazinani yalab-yulqqan. Xudoyor 1283-nchi yil taxtka oʻlturishida eshigi ochiq – boʻsh xazinagagina ega boʻlgʻan edi.
Bu «ma’muriyat davri» sanalgʻan besh-olti yillar Fargʻona fuqarolarining umhuzn[115]lari, qora kunlari boʻlgʻan edi. Xudoyorning Sirdaryodan suv chiqarish mojarosini misol uchun olayliq.
Xonning ra’yi suv chiqarishgʻa toʻxtadi. Xazinaning boʻshligʻini, oʻylangʻan ishning nihoyatda ulugʻligʻini andisha qilmadi. Qalamravidagi barcha shahar va qishloqlargʻa sarkorlar, choʻgʻollar tarqatdi. Ular xalqdan soliq yigʻishqa, yordam toʻplashqa buyurilga’n edilar. Bu ixtiyoriy ravishdagi hozirlikdan soʻng, «mamlakatimdagi har bir xonadon bitta ketman va bitta mardikor bersin!» deb istisnosiz umumiy bir farmon ham boʻldi. Qamchisi koʻkda toblanib, xanjari zahar sochqan «xon hazratning buyrugʻigʻa» kim qarshi bora olsin. Har bir oila, garchi, roʻzgʻor boshlugʻini boʻlsa ham, bitta ketman bilan xon ta’yin qilgʻan joygʻa yoʻllay boshladi. Boylar bitta mardikor yollab berish ustiga ot yoki arava ham topishqa majbur edilar.
Eni olti, boʻyi (chuqurligʻi) besh gazdan oʻn besh gazgacha qaziladirgʻan arigʻning uzunligʻi oʻttuz chaqirim va shu oʻttuz chaqirimliq arigʻ qazilib bitkanda, Namangan va Andijon tumanlaridan ikki ming botmongʻacha yer sugʻorilar edi. Shu yoʻsun arigʻ qazila boshlandi. Lekin ishchi koʻb, oziq-ovqat yoʻq edi. Boylar kishi yollab qutulgʻanlar, oʻttuz chaqirimliq arigʻ xatiga bola chaqasini och tashlab, ketman koʻtarib kelgan nuqul mehnatkash, kosib va dehqonlar chizilgʻanlar edi. Oʻz yonlaridan sarf qilish uchun oqchalari, hukumat tarafidan beriladirgan ovqatning salmogʻi yoʻq edi. Issigʻ quyosh ostida, giyohsiz choʻl bagʻrida ketman odatdagidan koʻbroq yem talab qiladir. Arigʻ qazuvchilarning ovqatdan sillalari qurib, iliklari puchaygan, yerdan oʻn qadoq tuproq olib irgʻitishqa emas, hatto ketmanning oʻzini koʻtarishka ham darmonsiz edilar. Xon tarafidan ular ustiga ishboshi qilib belgilangan sarkorlar, ochliq yalqovligʻini chinga hisoblab, quloq eshitmagan soʻkishlar bilan bechoralarni tahqir etar, sulayib yiqilmagʻuncha ketmanni tashlatmas edilar. Har oʻn besh-yigirma kunda arigʻ boshigʻa kelib turgʻuchi xon, sarkorlarning si’oyati[116] bilan har bora bir-ikki mehnatkashni qovliqda, oʻziga itoatsizlikda ayblab, koʻbchilik koʻz oʻngida boʻgʻizlatar va har gal kelib ketishida shuning singari mazlumlar qoni bilan yangi «Xon arigʻ»ni namlar turar, bu zulmni oʻz koʻzlari bilan koʻrib turgʻan bechoralar ochliqqa, darmonsizliqqa qaramay jon achchigʻida ishka yopishar edilar.
Shu yoʻsun zulm zarbi ostida nihoyatda ulugʻ ish bir yilga ham qolmay itmomigʻa yetkan, ming chaqirimlar boʻylab Sirning sirlik suvi kumush kabi oqqan, giyoh unmagan choʻllar mehnatkashlar qoni boʻlsa kerakkim, xonning ma’muriyatparvarligi, ya’ni uning madrasalar, toʻrt oylab toʻy berishi xazinada asrlardan beri yigʻilib yotqan oltinlarni sarf qilib emas, toʻgʻridan-toʻgʻri fuqaroni muft, majburiy ishlatish yoʻli bilan edi.
Xonning garchi zulm bilan boʻlsa ham solgʻan madrasalariga, qazdirgʻan arigʻalarigʻa tahsin qilgʻuchi, «zolim boʻlsa ham ma’muriyatparvar ekan» deguchi ba’zi biravlar oramizda topilib qolur. Shuning uchun xonni «ma’muriyatparvar» qilgʻan omillar ustida toʻxtalib oʻlamiz:
Xon ikki martaba taxtday haydalib, anchagina tajriba ortdirgʻan, uchunchi martaba taxtka oʻlturishi madaniyatlik oʻrus istibdodining Toshkandin olib Xoʻjandga ham qoʻl uzatqan sanalarga toʻgʻri kelgan edi. Bu kungi sharoit tajribalik xonni boshqacha siyosat ushlashka majbur etar edi. Nihoyatda qattigʻ qoʻlliq boʻlish, yuqori tabaqa hisoblangʻan ulamoni, ashrofni oʻziga qaratish lozim va taxtiga ajdaho kabi ogʻiz ochib kelmakda boʻlgʻan oʻruslarga qarshi oʻz madaniyatini qurib, javob berishi kerak edi. Shuning uchun mehnatkashni rahmsiz ishlatib madrasalar bino qilmoqda, arigʻlar chiqarmoqda, saroy va rastalar, qalandarxona va oʻrdalar yopmoqda edi. Abdukarimxondan beri oʻnlab xonlargʻa yarab kelgan oʻrdani boʻzib, yangi oʻrda bino qilishi oʻz kayfiga qaragʻanda ham oʻruslarga jonliliq koʻrsatish, yaltirasin sha’nu shavkat bilan Fargʻonani oʻz qoʻlida saqlab qolish uchun edi.
Oʻchadirgʻan charogʻ yoqin oʻchadir, maqoli kabi Turkiston xonlarida siyrak koʻrilgan bu ma’muriyatparvarlik bizga qolsa shu omillardan tugʻilgʻan va bunda samimiy hech narsa yoʻq edi.

Haram
Yangi oʻrda yuqorida yozgʻanimizdek, haqiqatan shukuhlik, xushmanzara bino qilingʻan edikim, uning hozirgi xarobasidan ham koʻrsa boʻlur.
Oʻrda qoʻrgʻonining tashqari aylanasi (toʻrt tomoni) ajoyib gulzorlar, anvoʻi mevalik daraxtlar bilan ziynatlangan. Bu bogʻni maxtab Xudoyorning oʻz shoiri Mulla Niyoz Muhammad:
«Yasab qasre saodat davrida bogʻi jahon oro,
Muattar boʻldi gulzoridin olam gunbazi xazro[117].
Shahi voloki berdi zeb bogʻ ichra rayohindin,
Oʻshal kun tutdi yer sahnini boʻyi anbari soro[118].
Yasarda tarhini tarroh[119]lar andogʻ sakiz gulshan,
Bu gulshan har biridin topdilar yuz ming chaman oro.
Ki har ashjor[120] asmor[121]ini ta’mida shakar mazmar[122],
Ochargʻa shakkar ogʻzin muddailiqqa nahad oro.
Xiyobon rastalardin bogʻ topdi zebi oroyish,
Gulistonigʻa bergandek chaman oro guli humro.
Jahon bogʻida harna ne’matidir bunda ul mavjud,
Nasib etkay senga yuz yilgʻacha haq ey jahondoro[123]. »
deydir va Xudoyorgʻa bu bogʻda yuz yillab rohatlanmoq uchun duo qiladir.
Domla Niyoz Muhammad aytkandek, gulshanning uch tarafi xiyobon, rastalar va bunda ertadan-kechkacha xalq qaynashib turar edi. Oʻrda bogʻining eshigida doim qorovullar qarab turgʻanliqdan, oʻrdaga aloqasi boʻlmagʻan kishilar boqqa kiralmaslar, faqat haftada bir kun, xonning koʻngil ochish soatlarida, ba’zi mustasno zotlar uchun bogʻning yoʻli ochiq boʻlur edi. Boqqa kirilgandan keyin, toʻgʻridan yangi oʻrdaning darbozasi, muhtasham muzayaqakor toq va ravoqlar koʻzni qamashdirar, kishi goʻyo oʻzini xon huzurida, istibdod salobati ostida sezar va mutantan[124], va muzayyan[125] qasrdan ruh olish oʻrnigʻa, bil’aks, bir dahshat va xavf his eta boshlar edi. Oʻrdaning xishtin, kungirador qoʻrgʻonlari osti bilan jazoyiri qilich taqingʻan maxsus muhofiz yigitlar aylanib, begona kishini qoʻrgʻon yaqinigʻa yoʻlatmaslar, ayniqsa, oʻrdaning yuqori qismidan qoʻyilgʻan haram darbozasigʻa yaqinlashish uchun, hatto oʻrdaning oʻz xodimlarigʻa ham ruxsat yoʻq edi. Haram darbozasidan yurgʻuchilar yolgʻiz xonning oʻgʻli – shahzoda, xonning xotin qarindoshlari, kanizlar, doya xotinlar, yana ba’zi «maxsus» yumishlarga xon tomonidan belgilangan zaifalargina edilar. Bu darbozadan xonning oʻzi ham yurmas, chunki uning haramiga kiradigan yoʻli oʻz mahkamasi va shahnishin orqaliq edi.
1287-nchi yilning sunbula oyi, ya’ni erta kuzning koʻklam havosiga yaqin turgʻan salqincha bir kuni. Kechki soat beshlarda oʻrda ichida qaynab turgʻan hayot bir oz tinchib tushti, darboza yonlaridagʻi qorovullar ichkariga kishi kiritmay qoʻydilar. Oʻrda xizmatchilari, masalan, beklar, mirzolar, yasovullar va shular singari «sayid» [126] xodimlari birin-sirin chiqib tarqala boshladilar. Birinchi darbozaning ikki biqinida turgʻuchi qorovul yigitlar oʻrdaning ulugʻ darajalik beklarini ta’zim bilan uzatar, mansabi quyiroq yasovullar bilan mutoyaba qilishib qolar edilar. Sarkardalardan ba’zisi darboza tashqarisida xizmatchi tarafidan qantarilib turgʻan otining yonigʻa kelib, otni qarab chiqar, yaxshi boqmagʻani, yoki toza supurmagʻani uchun sayis ni koyib olar va soʻkunish orasi sayis[127] koʻmagida otigʻa minib joʻnab ketar edi.
Darbozabonlar oʻrdada zarur yumishi borligʻini soʻzlab, iltijo qilgʻuchi har qanday kishini ham hozir ichkariga yoʻlatmaslar va asabiylanib koyib qaytararlar edi.
— Bu oʻzi qanday odam, qulogʻigʻa un bosqanmu! – deb jekirinib turgʻan birinchi darbozabon uzoqdagʻi kimgadir qarab qoldi, koʻzi oʻsha tarafda ekan boyagʻi soʻzini takrorladi, — boravuringgʻ, ogʻizni ochmangʻ, sheri Yazdon kelganda ham ichkari kiritmaymuz!
Iltijo qilgʻuchi umidsiz darbozadan yiroqlashdi. Uning keticha darboza yonida banoras paranjilik bir xotin paydo boʻlib, ichkariga parvosiz kira berdi. «Sheri Yazdon»[128]ni ham kiritmaydirgan darbozabonlar xotinni boshdan-oyogʻ kuzatib, indashmay qarab qola berdilar. Xotin ichkari kirib toʻgʻrigʻa qarab yurdi, asl oʻrdaning ulugʻ muhtasham darbozasigʻa yaqinlashqandan keyin oʻngdagi ayri yoʻlgʻa burildi.
Xotin haram darbozasini chogʻlab borar edi. Qoʻrgʻon ostidagʻi soqchilar xotingʻa yovosh-yovosh qarab olish bilan kifoyalanar va uni tanigʻandan parvosizcha oʻz yonlaridan kechirar edilar.
Xotin haram darbozasi yonigʻa yetib, ostonaga qadam bosqan chogʻida boʻsagʻadagʻi yigit «vish» etdirib qilichini qinidan sugʻurdi.
— Toʻxtangʻ!
Xotin toʻxtadi va yigitka qarab betidagi chashmbandini qiya ochti. Yigitning jiddiyati kulimsirashka mubaddal[129] boʻlib, havodagi qilichini qaytarib gʻilofigʻa soldi. Xotin yuzini ochqan koʻyi ichkariga yurdi. Oʻttuz besh yoshlarda koʻringan bu goʻzal xotin haram xodimalaridan Gulshanbonu edi.
Gulshanbonu Xudoyorning ikkinchi davrida oʻz xusni bilan bir necha martaba xonning iltifotiga sazovor boʻlgʻan haram kanizlaridan edi. Xudoyor taxtni tashlab Buxorogʻa qochishgʻa majbur boʻlgʻandan keyin, ogʻasini gʻayri shar’iy ishlarda, jumladan, xotinbozliqda ayblab, taxtka mingan Mullaxon oʻz da’vosigʻa muvofiq Xudoyor haramidagi yuzlab xotinlarni oʻz yigitlari orasida xotinliqqa taqsim qilib yubordi. Shu jumladan, Gulshanbonu ham Mallaxon tarafidan Xudoyorgʻa qarshi urushda qahramonliq koʻrsatkan bir yigitka in’om qilinib, shundan beri oʻsha yigitning nikohida xotin edi. Xudoyor uchunchi martaba taxtka mingandan keyin, Gulshan xonning yonigʻa kelib, eski «qadrdonliq» nomigʻa haramdan bir xizmat soʻragʻanida, «marhamatlik» xon Gulshanning arzini yerda qoldirmay, haram xodimlarining juda ozlarigʻa nasib boʻladirgʻan ulugʻ bir martaba ato qildikim, biz Gulshanga topshirilgʻan vazifaning nimadan iboratligin quyida koʻrarmiz.
Gulshan darbozadan ichkari kirgandan keyin, paranji ostida bosilib tartibsizlangan sochlarini tuzatdi, chang oʻlturgan niliy rang tovor koʻylagining etaklarini qoqti, qoʻlidagʻi yoqut va zumurad koʻzlik oltin uzuklarini toʻgʻrilab taqti va shundan soʻng zinalardan yuqorigʻa qarab chiqa boshladi. Yigirmanchi zinadan keyin uzun – oʻrdaning eni qadar bir boʻlak boshlanib, uning oʻng-soʻlini oʻn chogʻliq buxori chakma eshiklar ziynatlagan edilar. Bu eshiklar haramdagi alohida havlilar va ular daromad[130]ini koʻrsatar edilar.
Gulshan uzun yoʻlakka chiqib, oʻngdagi birinchi eshikni itardi. Ichkari tarafdan keksa bir xodima – eshik ochar xola koʻrinib, Gulshanga salom berdi va «xush keldilar» dedi. Gulshanni ichkari kiritib, eshikni bekladi. Bu, haramning kichkinagina suv havlisi edi. Oʻrtadagʻi mis hovuzda koʻm-koʻk suv mavj urib, bir necha kanizlar hovuzdan suv olmoqda edilar. Havlining shimolidagi xodimalar turadirgʻan kichkina bir uydan boshqa munda bino yoʻq, faqat janubda haligidek bir eshik bor edi. Suv havlisidagi bu hovuz haramning butun ehtiyojini oʻtar, uni haftada bir necha martaba maxsus soatlarda meshkoblar tomonidan toʻldirib turilar edi.
Gulshan paranjisini qoʻligʻa olib, eshik tomongʻa yurdi. Eshik yonigʻa kelib sekin-sekin halqani chertti. Eshik ichkaridan ochilib, bunda ham eshik ochar xola koʻrindi. Lekin bunisi yoshqina bir kaniz edi. Gulshandan paranji, chashmbandni olib, «xush keldilar» dedi. Bu haramning birinchi havlisi edi. Havlining toʻrt tomoni naqshinkor, oynaband, gul chakilgan darichalik, hammasi bir xil bichiqda tanobiy (zol) uylar, har bir uyga maxsus dahlizlar va bir-biriga yamashdirib solingʻan xonalarni shu dahlizlar bir-biridan ajratib turar edilar. U qadar keng boʻlmagʻan sahn ostigʻa xish toʻshalgan, havli yuzida toʻrt-beshta qizil sholdan koʻylak va boshlarigʻa sarigʻ sholdan roʻmol oʻrab, oyoqlarigʻa bedonadan kafsh masxi kiygan yosh kanizlar sochilgʻan holda vazifalari orqasidan yurar edilar. Gulshan ular bilan ohista soʻrashdi va kanizlarning biridan yarim tovush ichida soʻradi:
— On hazratim?
— Shahnishindalar, — dedi kaniz, tovshini chetka chiqarmasliqqa tirishib.
Shahnishin – xonning xos hujrasi, xon ovqanlanadirgʻan, uxlaydirgʻan ham xotinlarni qabul qiladirgʻan uy boʻlib, suv havlisining qatori bilan to taxt oʻrnatilgʻan mahkamagacha qator uch xona tanobiy uylardan iborat edi. Bu uylar shahnishinlikka muvofiq boshqa binolardan baland qilib solingʻan binolar orqasi, janubi xos oyimlar – yani xonimlar tanobiysi, gʻarbi – qisman tanobiy va qisman oshxona va haram xazinasi binolarini va boshqa havlilarga chiqish uchun daromadlarni tashkil etar edi.
Gulshan, «shahnishindalar» javobidan soʻng, taraddudlangandek boʻldi. Bir oz ikkilanib turgʻandan keyin; yana bir qayta sochini, roʻymolini, kiyimini tuzatib oldi va shahnishin tomongʻa buruldi.
— Oyixonim chaqiradirlar, — deb bir kaniz shivirladi.
Gulshan uch-toʻrt qadam bosqan edi, toʻrdagi tanobiydan chiqib kelgan kanizning haligi soʻzi bilan toʻxtadi va soʻzsiz kaniz tomongʻa buruldi. Gulshan kirganda dahlizning toʻrida uch nafar kaniz sanama[131] tikib oʻlturar edilar. Ular bilan salomlashdi. Ul salomlashqan asnoda ichkari tanobiydan olti yoshlar chamaliq, oq tuslik qora koʻzlik koʻrkamgina bir bola sarigʻ atlas koʻylagini hilpiratib chiqib keldi.
— Assalomu alaykum. Sogʻmilar, shahzodam, — dedi Gulshan koʻlini koʻkragiga qoʻyib, bolagʻa bukilinqiragʻan holatda.
Shahzoda javobsiz kulimsirab, Gulshanga bir oz qarab turdi-da, ichkariga kirib ketdi.
Gulshan kafshandozda oyogʻini yeshib, gilamga chiqdi. Dahliz oʻn bir yogʻochliq katta munaqqash uydan iborat boʻlib, taxmonida atlas va adras koʻrpa, koʻrpachalar uyulgʻan, toqchalari anvoyi xitoyi va qashqar chinnilari, buxoro mis va kumush idishlari bilan ziynatlangan edi. Gulshan kafshini yesha boshlagʻach yuqoridagʻi sanama tikuvchilar ham oʻrunlaridan turgʻan edilar, kelib koʻrishdilar. Ular koʻrishib boʻlgʻanda, boyagʻi kaniz ichkaridan chiqdi.
— Kirsinlar, — dedi Gulshanga.

Ogʻacha Oyim
Gulshan eshikka yurib kelib, roʻymol-lachagini tuzatti va ichkariga qadam bosti. Eshik ichkarisida qoʻl qovishtirib oʻlturgan kaniz oʻrnidan turib bukildi.
— Safo keldilar[132].
Asl gilamlar, baxmal koʻrpachalar, oltin va kumush asboblar bilan ziynatlangan tanobiy uyning orqa va oʻngi deyarlik koʻzni qamashdirarliq shukuhlarga gʻarq boʻlgʻan edi. Tanobiyning havli tomonigʻa qurulgʻan uchta kichkina terazalarning oynalari ham bundagi asl ashyolarning turlik nav’i qabilidan har koʻzi har rangda jilvalanar va ularning aksi ziyosi bilan shipga osilgʻan oltin qandil alvon tusda tovlanar edi. Tanobiyning toʻrida, ipak joynamoz ustida qiblagʻa qarab oʻlturgan oyim tizasiga yaslangʻan shahzodani erkalab, yonigʻa qayrildi. Eshikdan kirib, qoʻl qovishtirib toʻxtagʻan Gulshan ikki bukilib salom berdi.
— Keling, Gulshan, — dedi oyim, — Oʻlturing, vaalaykum assalom.
Gulshan ta’zim bilan birinchi darichaning yuqorisigʻa borib oʻlturdi va duogʻa qoʻl koʻtardi.
— Oyi xonimning baxt va obroʻlari ziyoda, shahzodamning umrlari uzun boʻlsin.
Eshik yonida tik turgʻan kaniz duo asnosi oʻlturib fotiha oʻqushdi. Fotihadan soʻng yana oʻrnidan turib qadaldi. Oyim hamon shahzodani erkalab joynamoz ustida oʻlturar edi.
Jiyaklik atlas koʻylak, Buxoro kundalidan[133] jelatka na boshigʻa sanama roʻymol oʻragʻan oʻttuz besh yoshlar chamaliq bu xonim — Xonning mu’tamad[134] xotini Ogʻacha oyim va shahzoda esa xonning suyuklik oʻgʻli — Oʻrmonbek edi. Ogʻacha oyimning xitoy xonimlarinikiga oʻxshash qora bodom koʻzi va umuman siymosi Turkiston qizi emasligini aytib turar, biroq tilida begonaliq sezilmas edi. Ogʻacha oyimning asli ismi Mas’uda xonim, ammo «Ogʻacha oyim« deb mashhur boʻlishi uning qashqar qizi boʻlgʻanligʻidandir. Uygʻurlar bizdagi “xonim, bekach” deyish oʻrnida »ogʻacha» deydirlar. Mas’uda Oʻsh atrofida turgʻun boʻlgʻan uygʻurlardan Ibodullaxoʻja deganning qizi, Xudoyor oʻzining ikkinchi davlatida bunga uylangan edi.
Xudoyor taxtni tashlab Buxorogʻa ketishka majbur boʻlgʻandan keyin koʻb xotinlari unga vafosizliq bilan er qilib ketkanlari holda, shu Ogʻacha oyim erining horliq va muhtojlik kunlariga sherik boʻlib yurgʻan va shu vafodorligʻi jihatidan xonning e’timodini qozongʻan edi. Ikkinchidan, Ogʻacha oyim Xudoyorning haram xotinlari ichida aqllik, tadbirlik va shu soyada haramning barcha xonimlari va yuzlab kanizlari buning idorasiga topshirilgʻan edilar. Yuzlab kundashlar orasidagʻi janjallar ogʻachaning islohigʻa[135] kelib toʻxtar, haramdan har kimsa buning soʻziga quloq solishgʻa majbur, hatto xonning oʻzi ham xotinlar orasidagʻi onglashilmovchiliqlarni Ogʻachaning islohigʻa havola qilgʻuchi edi. Yangi kiyim berish vaqti yetkanda, kimga qanday kiyimlik lozim, kim qanday narsaga muhtoj — bu masala ham Ogʻacha oyim tarafidan hal qilinib, xazinachiga buyurilar va hozirlanilgʻan kiyimliklar uning tomonidan taqsim qilinar edi. Bundan boshqa, kundalik oshxona ovqati ham Ogʻachaning belgilashi bilan pishirilar, oyim va kaniz, doya va chevarlarning hammomga borishlari, beklarning toʻyigʻa chiqishlari va shunga oʻxshash lozim-omadalar ham bu oyimning koʻrsatishiga muvofiq edi. Ba’zan Ogʻacha oyim mamlakat ishlariga ham oralashib olar, goho oʻz fikriga xonni unatib ham qoʻyar edi. Xudoyorning xotinlaridan kichik Shoh oyim[136] vafot etib, undan bir bola — Oʻrmonbek yatim qolgʻan edi. Xudoyor Oʻrmonbekni juda yaxshi koʻrar va oʻziga valiahd belgilagan edi. Kichik Shoh oyim oʻlgandan keyin Oʻrmonbekni haramda e’timodlik boʻlgʻan Ogʻacha oyimgʻa topshirdi. Shundan beri ul Oʻrmonbekni oʻz bolasidek tarbiya qilib kelar va bu sababdan ham xonning nazarida uning qadri juda yuqori koʻtarilgan edi.
Ogʻacha oyim hanuz Gulshanga iltifotsiz, Oʻrmonbek bilan soʻzlashmakda edi:
— Juda shoʻx boʻlibsan, oʻgʻlim. Men seni otaxoninggʻa chaqib bir urdiray.
— Budana bersangiz shoʻxliq qilmayman.
— Budanalaringni oʻldirib bitirding-ku, zolim, budanalarni yana qaydan olayliq.
— Men oʻldirmadim, oʻzlari oʻlib butdilar.
— Ziyrakni nega urding?
— Ziyrak menga budana topmadi.
Ogʻacha oyim eshik yonida tik turgʻan kanizgʻa qaradi:
— Kel, Misqol, — dedi va Oʻrmonbekning orqasini siladi. — Sen gʻumang bilan oʻynab kir, budanani ertaga topdirarmiz.
Kaniz Oʻrmonbekni yetaklab chiqa boshladi.
— Oldimgʻa hech kim kirmasin, — dedi Ogʻacha oyim. — Eshikni yopib chiq.
Ular chiqgʻach, Ogʻacha oyim Gulshanni oʻz yaqinigʻa chaqirib, joynamozdan koʻrpachaga surilib oʻlturdi, takror — «yaqinroq keling, Gulshan», deb taklif qildi. Ogʻacha oyimning birar muhim soʻzi borligʻini sezgan Gulshanbonu qoʻl qovishtirib, oyimning yaqinigʻa borib tiz choʻkti.
— Shahardan nima xabarlar topdingiz, Gulshanbonu?
— Shahar xabarlari oyi xonimdan maxfiy emasdir.
— Oʻzingiz tinch turasizmi, uy ichingiz sogʻmilar?
— Shukur. Onhazratim va oyi xonimning soyai davlatlarida.
— Ishlaringiz qanday? — dsdi kulimsirab Ogʻacha oyim. — Bizga kundashlar topib boʻladimi?
Bu savoldan Gulshan boshini quyi soldi, Ogʻacha oyim kulimsigancha Gulshandan javob kutib turar edi.
— Siz bizga kundash izlasangiz ham, — dedi Ogʻacha oyim, — albatta, oʻz ixtiyoringizcha emas, sayidning amrlari bilan; shuning uchun bu toʻgʻrida men sizni ayblay olmayman.
Bu soʻz bilan Gulshan bir oz xijolatdan chiqqandek boʻldi.
— Albatta, oyi xonim.
— Soʻzimni yerda qoldirmasligʻingizgʻa ishongʻanim vajidan, — dedi Ogʻacha jiddiy tus olib, — siz bilan bu toʻgʻrida maxfiy bir-ikki ogʻiz gaplashmakchi edim.
— Kanizingizning boshi ustigʻa, oyi xonim.
Ogʻacha oyim devorgʻa suyalgʻan yostiqni tirsagi ostigʻa tortib takya qildi.
— Men bu gapimni oʻtkan kun Botirboshi xolagʻa ham aytib qoʻydim. Lekin sayidning quloqlarigʻa yetkurmaslik shartdir. Bu toʻgʻrida xoladan ham siz ehtiyotliroqsiz, deb ishonaman. Chunki sizning men bilan eski qadrdonligʻingiz bor.
— Choʻringiz soʻz ulashdirishni yomon koʻradir, oyi xonim.
— Albatta, shunday boʻlmogʻi lozim, — dedi Ogʻacha oyim, — Oʻzgalardan ham sizga aytkulugi yoʻq, Gulshan. Sayidning nikohlarida biz oʻnlab kundashmiz[137]. Agar kanizlarni ham qoʻshib hisoblansa, kundashlarning sanogʻi bir yuzdan ortadir. Botirboshi xola, yana bir nechalar va atrofdagi beklarimizning tavajjuhlari soyasida[138] sayidning haramlari uch-toʻrt yilning ichida bunchalik choʻrilarga ega boʻldi. Yangi va keng oʻrdagʻa kelib yayrasharmiz degan edik, barakatlaringizda kundan-kun battarroq siqilishib boramiz. Hatto ichkari havlilarda bir uyga sakkiz, toʻqquz kaniz joylashishgʻa toʻgʻri kelib qoldi. Bu hol davom etsa, birar yillar ichida yana bir yangi oʻrda solishqa toʻgʻri keladir. Bu, albatta, mumkin emas. Undan soʻng sayidning hamma diqqatlarini haramga tortilsa, mamlakat ishi xalaldor boʻlishida va buning uvolini bizlar koʻtarishimizda shubha yoʻq. Mana shu andishalarga borib, siz bilan kengashmakchi edim. Bu andisham Botirboshi xolagʻa ham ma’qul tushib, va’da berdi. Siz ham shu gaplarni yaxshi oʻylab, oʻz fikringizni menga soʻzlang-chi, Gulshanbonu.
Gulshan ogʻacha oyimning maqsadigʻa tushunmagandek bir oz oʻylanib turdi:
— Muddaolariga choʻringiz tushunmadim, oyi xonim.
— Tushunmagan boʻlsangiz, — dedi Ogʻacha, — mundan soʻng haramga xotin va kaniz keltirilmasin, deyman.
Gulshan boshini quyi soldi. Chamasi, Ogʻacha oyimning taklifi unga yoqmagʻansumon edi. Darhaqiqat, ogʻizdagʻi oshni oldirish har kim uchun ham bir xil emasdir.
— Biz kaminalarda nima gap, aylanay oyi xonim. Biz, harna qilsaq, onhazratimning buyruqlari bilan qilamiz. Biz onhazratning otqan oʻqlarimiz.
Ogʻacha oyim Gulshanning koʻziga ancha tikilib qoldi. Lekin Gulshan koʻzini undan qochirib yerga boqdi.
— Albatta, biz sayidning otqan oʻqlarimiz, — dedi Ogʻacha oyim qizishqannamo. — Lekin, xoʻjam buyurdi, deb ishning oʻng-tersiga qaramay yugura berish ahmoqliqdir. Agar siz bilan men onhazratning xolis qullari boʻlsaq, sayidning davlatlariga raxna solmayliq, doʻsti nodonliq qilmayliq. Mana bu — xolis qulliq da’vosida boʻlgan bizning qoʻlimizdan keladir. Zohiran, sayidga xiyonat koʻrinsa-da, haqiqatda xolis doʻstliq, deb sizga bu taklifni qildim. Sayidni kunchilaydi[139], deb boshingizgʻa keltira koʻrmangki, hozir ham men onhazratning bir yuzinchi xotini boʻlaman. Yuz xotinning bittasi boʻla turib, kundashlik qilish oʻzi telbalikdir. Lekin, orada bir gʻaraz[140] boʻlsa, ul ham sizga aytkanimdek, xolis qulliq — chin davlatxohliqdir[141], tushundingizmi Gulshan.
Gulshan «biz sayidning otqan oʻqlarimiz» deb Ogʻacha oyimni achchigʻlandirgʻan edi. Oʻz xatosigʻa tushungan Gulshan uzr aytdi.
— Men sizga bu gapni boshqa maqsadda aytdim, oyi xonim. Biz, dedim. albatta, biz.
— Agar siz bunda noiloj boʻlsangiz, mendan yoʻl soʻrang.
— Pir boʻlib qoʻlimdan tutsangiz, onhazratimning oʻgurlarida boshim fido boʻlsin.
— Gap shunday boʻlsa, ikkimizning bu ishka koʻmaklashuvimiz yoki sukut qilishimiz davlatxohliq emas, dushmanlikdir, — dedi Ogʻacha oyim. — Manim sizga kengashim — bundan soʻng ustingizdagi xizmatka bir oz oʻylashib qadam bosishdir.
— Meni itobga[142] tutsalar.
— Buning tadbiri oson, — dedi Ogʻacha. — Avval shuki, sayidning koʻzlariga oz koʻrining, koʻringan chogʻingizda suluk choʻri topolmadim, deb uzr ayting. Sizni, topolmabsan deb qiyin-qistoqqa olmaslar, jazoga tortmaslar. Muhtojlikdan qoʻrqsangiz men bor, men sizga qoʻlimdan kelgan yordamni qilarman. Ma’qulmi, Gulshanbonu.
Keyingi jumla bilan Gulshanning chehrasi ochilib ketdi.
— Xoʻb, aylanay oyi xonim.
— Ahsan!
Dahlizda sanama tikib oʻlturgan kanizlardan biri — xazinador yugurib kirdi.
— Labbay.
— Opanggʻa ikki tillo ber, ustiga munsak yop!
Ahsan ikki qoʻlini koʻkragiga qoʻyib, ta’zim qilgʻandan soʻng, chiqib ketdi.
— Shunday odatingizcha manim oldimgʻa kelib turavuring, keragingiz boʻlsa tortinmay ayting.
Gulshan bosh bukib qulliq qildi. Eshik ochilib, qoʻlida adras munsagi bilan Ahsan kirdi va Gulshanning ustida toʻxtadi. Gulshan oʻrnidan turib oyimgʻa bosh egdi. Shu hodda Ahsan munsakni uning ustiga yopib, qoʻligʻa ikki tilloni ham uzatdi. Gulshan ustida munsagi bilan ohistagʻina oʻlturdi. Ahsan ham turgʻan joyigʻa choʻkkaladi. Gulshan duogʻa hoʻl koʻtardi. Ahsan omin, dedi. Duodan soʻng Gulshan va xazinador — Ahsan ohista-ohista orqalari bilan yurib, Ogʻacha oyimning huzuridan chiqdilar.

Xonim Oyimlar
Gulshan egnida munsagi bilan dahlizga chiqib, undagi kanizlar tomonidan «iltifotga loyiq koʻrilgani» uchun tabrik qilindi. Kafshandozda kiyinar ekan, koʻzi toʻgʻridagʻi shahnishinda edi. Kanizlar bilan xoʻshlashib havliga tushdi.
Yuqorida soʻzlanganidek, bu havlida xonning suyukli xotinlari oʻzlariga xos doya, chevar, kanizlar va qullari bilan turar edilar.
Ogʻacha oyimning qatoridagʻi ikkinchi tanobiy xonning suyukli xotini Roziya oyimgʻa qarar edi. Roziya oyim garchi oʻtkan yillardagina xonga nikohlangan boʻlsa ham, oʻzining xayoliy husni bilan «sayid«ning iltifotini jalb etib, haramda birinchi mavqu’ga mingan xonimdir. Xizmatiga toʻrt kaniz va ikki qul hadya qilingʻan bu oyim asli koshgʻarliq boʻlgʻan Oxundjonboy deganning qizidir. Roziya xonim qizlik chogʻida Qoʻqon boylaridan Jonbobo otligʻ bir kishiga tegib, bir bola tuqqandan keyin eri oʻladir. Bundan soʻng qoʻqonliq Miyon Fazl Vahhob hazratka erga chiqadir. Gulshanbonugʻa oʻxshash xufiyalar “sayid”ning qulogʻigʻa yetkirgan boʻlsalar kerak, bir kun xon, toʻsindan arava yuborib, Roziya xonimni »mehmongʻa» chaqiradi.
Xonning hukmiga qarshi Miyon Fazl Vahhob nima ham qila olsin. Roziya xonim xon haramida bir kecha qoʻnib, ertasi uyiga qaytadir. Ul uyiga qaytib kelganda Miyon Fazl Vahhob Roziya xonimning qoʻligʻa taloq xati topshirib, yetti arava mol bilan oʻrdagʻa joʻnatadir. Miyon Fazl Vahhob bu ishni qoʻrqqanidan qilgʻanmi yoki xongʻa achchigʻ tariqasidami, har holda bunisi hatto Roziya oyimning oʻziga ham qorongʻidir[143].
Gulshan Roziya oyimning daromadiga yetkanda ikki nafar kaniz dahlizdan chiqib, boʻsagʻaning ikki tomonida hoʻl bogʻlab va bosh bukib toʻxtadilar. Shu holda ichkaridan goʻyo yuzi sut bilan sugʻorilgʻandek oq, quralay koʻzi oysiz va bulutliq kechasidan ham qoraroq, qaddi sarv kabi mavzun, qora sochi taqimini oʻpkan, ust-boshi ipak va oltinlar bilan gʻarq bir xonim xiromon chiqib keldi. Boshidagʻi hisobsiz kokillarini sanama tikilgan oq harir roʻymol bilan ozorsizgʻina bogʻlagʻan, yoqa va etaklariga nafis jiyak biriktirgan xonatlas koʻylak, buxoro kundalidan qirgʻoqlarigʻa oltin uqa (qoʻr) tutulgʻan yengsiz jelatka kiyib, yoqut koʻzlik oltin tugmalarni boʻshqina solgʻan, husnda misli oz bu nozanin xonning suyukli xotini — mazkura Roziya xonim edi. Roziya xonim orqasidan sakkiz-toʻqquz yoshlar chamaliq, koʻz va tishidan boshqa a’zosida oqi yoʻq bir bola koʻrinib, xonimni ta’qib etdi. Bu yosh yugurdak qulcha xonimning har bir mayda xizmatlariga tayyor kabi oyogʻ olar edi[144].
Roziya xonimgʻa qarshi kelguchi Gulshan bukilib salom qildi. Roziya xonim ishorat bilan javob bergach, «esonmi-siz» dedi va uning javobini ham kutmay shahnishin to-mongʻa qarab yoʻl soldi.
Gulshan Roziya oyimning quyisidagʻi dahlizga yuzlanib, undagi kanizlardan Qurbon oyimning sogʻligʻini soʻrab oʻtdi. Qurbon oyim tanobiysidan soʻng havlining kun botishigʻa moyil bino Shodmon oyimgʻa qarashliq va shu bilan haramning birinchi havlisidagi oyimlar hisobi bitadir[145].
Roziya oyim yana tafsilga kirishib: “Xon birinchi martaba taxtdan haydalishida oʻziga qarashliq yosh qullardan bir nechasini Jizzaxka eltib oʻqutdi va soʻnggʻi davrida ularni ba’zi mansablarga qoʻydi. Ular: Shogʻulom jarchiboshi, Jamil Fayzullo va Mullacha xazinachilar, Davlat udaychi, Davlat sarkor va Shopsand qoʻrboshilar, deydir. Bu qullar ham haramga kiralmaganlaridek, erliklari ham joyida ekan (mual.).
Roziya oyimning aytishiga qaragʻanda, Xudoyor oʻzining uch karra xonliq davrida shu xotinlargʻa uylangan:
1). Qozoq toʻra — Roziya oyim buning otasini aniq aytalmaydir. Lekin, oʻzi qirgʻizlardan edi, deydir. Fikrimizcha, Musulmonqulining qizi shu boʻlsamikin. Xizmatida toʻrt kanizi boʻlgʻan;
2). Anbarchik toʻra — Oʻratepada yuzbegi boʻlgʻan Xudoyorbek vallamining qizi;
3). Katta poshsho oyim — qoʻqonliq Xoʻja Kalon toʻraning qizi, Nasriddin bekning onasi, xizmatida yetti kaniz, toʻrt qul;
4). Qoʻqonliq oyim — Qoʻqonning Sarmozor dahasidan, kimning qizi ekanini Roziya oyim bilmaydir. Xon birinchi martaba taxtdan quvlangʻach, erga tegib ketkan;
5). Qurbon oyim — Gʻuma (joriya) lardan, Oʻrmonbekning xazinachisi, xizmatida ikki qul, uch kaniz.
6). Gulzoda bekach — Gʻumalardan, xizmatida toʻrt kaniz. Shahzodaxon ismlik bir qizi boʻlib, 1919 yilda Oʻshda oʻlgan;
7). Shirin bekach — Gʻumalardan, xizmatida uch kaniz, ikki qul. Toʻra poshsha ismlik bir qizi boʻlib, qoʻqonliq Karomatxon toʻraga berilgan;
8.). Isfaralik oyim — isfaralik Habib eshonning qizi. Bundan Mohzodaxon ismlik bir qiz tugʻulib, qoʻqonlik Safoxon toʻraning oʻgʻli Isoxongʻa berilgan (Mohzoda alhol tirik emish). Xudoyor ikkinchi xonliq davrida isfaralik oyimni gʻarlikda ayblab, bahona bilan oʻrdadan haydab yuborgʻan.
Xudoyorning ikkinchi xonliq davrida olgʻan xotinlari:
9). Munisxon poshsho — qoʻqonliq Gʻozixon toʻraning qizi, xizmatida sakkiz kaniz, toʻrt qul. Bundan Sayid Umarbek ismlik oʻgʻul tugʻulgʻan. Sayid Umarbek bu kunda Roshidon rayoʻn, Toʻra qishloqda turar emish;
10). Poshshobonu oyim — Qoʻqonda mashhur Bahodirxon toʻraning singlisi, Muhammad Aminbek bilan Chorsolaxon poshshoning onasi, xizmatida toʻqquz kaniz, besh qul;
11). Mas’udaxon (Ogʻacha oyim) Ibodullaxoʻja qizi, Fansurullobekning onasi;
12). Kishbibi (Qizoyim) — Xudoyorning togʻasi Gadoyboy dothoning qizi. Bu aslda Shomurodxonning xotini boʻlib, Shomurod oʻlgandan keyin Hokim oyim Buxoroda oʻgʻli Xudoyorga Kishbibini nikohlab bergan, xizmatida besh choʻri, uch qul;
13). Kichik Shohoyim — Shugʻnon hokimining qizi, Oʻrmonbekning onasi, bolaning chillasi chiqmay oʻlgan;
14). Toʻxtaposhsho (Chindovulliq oyim) — Namangan tumani Chindovul qishlogʻining xoʻja qizlaridan, xizmatida toʻrt kaniz, uch qul.
15). Katta Shohoyim — Dorboz hokimining qizi, xizmatida yetti choʻri, katta Shohoyimdan Sayid Fansurullo ismlik oʻgʻul tugʻulib, besh yoshida ekan, Margʻilonda Poʻladxon oʻldirgan;
16). Gulandom bekach — Gʻumalardan, bundan Oftobxon ismlik qiz tugʻulib, Xudoyor vaqtida, oʻn uch yoshida oʻlgan;
17). Mohbegim bekach — Gʻumalardan. Binyaminbekning onasi, xizmatida uch qul, uch choʻri;
18). Gulqiz bekach — Gʻumalardan;
19). Asal bekach — Gʻumalardan. Uchunchi xonliq davrida;
20). Qorateginlik oyim — Qorategin hokimining qizi, xizmatida yetti choʻri;
21). Bibiposhsho ekavotliq oyim — Namangan yuqorisida Ekavot qishlogʻining katta eshoni Xoʻjam poshsho toʻraning qizi, xizmatida uch choʻri, ikki qul boʻlgan; bu oyimdan Sayid Fansurullo ismlik oʻgʻul tugʻulib, uch yoshida Poʻladxon oʻldirgan;
22). Roziya oyim — (shu ma’lumotlarni berguvchi) Roziya oyimdan Sayid Umarbek otliq oʻgʻul boʻlsa ham uch yoshida oʻlgan;
23). Qambar poshsho — Xoʻjakalon toʻraning kichik qizi, Katta poshsho oyim oʻlgandan keyin boldiz olgan, xizmatida uch kaniz.
24). Oynisaxon poshsho — Tursun otaliqning qizi;
25). Tuhfanisa oyim — Oltiarigʻ qozisining qizi; bu qizga uylangandan oʻttuz yetti kun keyin Xudoyor oʻruslarga sigʻinib Toshkand kelgan;
26). Hamroh bibi oyim — qoʻqonliq Nurmatboy deganning qizi;
27). Saidaniso (chimyonliq oyim) qirgʻizlardan birining qizi.
28). Shodmon oyim — Gʻumalardan; xongʻa suyukli emish, xizmatida uch choʻri, uch qul;
29). Gulbonu bekach — Gʻumalardan; xizmatida bir choʻri, bundan Ozodaxon ismlik qiz tugʻulib, qoʻqonliq Bahodirxon toʻraga kelin boʻlgan;
30). Ruhafzo bekach;
31). Sayqal bekach;
32). Sanavbar bekach;
33). Argʻuvoni bekach;
34). Nigor bekach;
35). Ruzvon bekach. Bu oltovi ham gʻumalardan emish.
Bu yerda yozilganlar Xudoyorning tugal xotinlari hisobi boʻlmas, deb oʻylayman. Chunki Roziya oyimning xotiridan ba’zisi koʻtarilgan boʻlishi mumkindir. Biz Roziya oyimning yonida ekanmiz, oʻrtoq Bosit:
— Xon necha xotin olgan edi, oyi? — deb hazil tariqasida takror savol berdi. Roziya oyim mendan iymangan qiyofada:
— Xon qursin, uning olgʻan xotinlarining hisob-kitobi yoʻq, bolam, — dedi va manimcha juda toʻgʻri soʻzni aytdi (mual).
Gulshan havlining kun botishi — oshxona va boshqa roʻzgor uylari yoni bilan borib bir eshik orqali bizga ma’lum uzun yoʻlakka chiqdi. Yoʻlakda suv havlisidan chiqib kelgan bir kaniz Gulshanni koʻrishi on qoʻlidagʻi suvlik kashkulni yerga qoʻyib yugurdi:
— Esonmisiz? Munsak muborak, ayamlar sogʻmi?
Gulshan qoʻl uchi bilan koʻrishdi:
— Oʻzing oʻynab kulib yurubsanmi? Munisxon poshsha oyim salomatmilar? Bibi poshsha oyim yozilib ketdilarmi?
— Shukur, shukur, bizning havliga kiring.
— Kirarman, — dedi Gulshan va ustidagi munsakni yesha berdi. — Sen manim kelganimni ularga aytma. Men oʻzim bir ozdan keyin chiqarman.
Kaniz orqasigʻa burilishi bilan yoʻlakning yuqori eshiklaridan biri taraq-turuq ochilib, ichkaridan ikki yosh, oyogʻ yalan kaniz quvlashib chiqdilar. Gulshanni munsak bilan ovora koʻrgan qizlar shu tarafka qarab yugurdilar.
— Gulshanjon, Gulshanjon! Esonmisiz, omonmisiz? Sarpa qutlugʻ!
Shoʻx kanizlarning biri Gulshanning oldidan va ikkinchisi yonidan oʻrmalab, birining ogʻzidan ikkinchisi «Gulshanjon, esonmisiz!» ni olib esankiratdilar.
— Boʻldi, boʻldi! Shoʻx baytal oʻlgurlar! — dedi Gulshan, — oyimlar eshitsa nima degan gap boʻladi?
Qizlar Gulshanning soʻziga quloq solmay, kelgan taraflariga qarab uni sudradilar.
— Toʻq baytal! Gulshanjon! Toʻq baytal!
Gulshan achchigʻlansa ham yana ularning soʻz va harakatidan kulishka majbur edi.
— Qurib ketkurlar. Shuning uchun ham senlarning oldinggʻa kirgim kelmaydi-da!
Soʻzga iltifotsiz, oʻyun bilan borgʻan kanizlardan biri Gulshanning qoʻlidagʻi munsakni titkilab oʻziga tortdi:
— Qaysi goʻrdan olding, menga bersang-chi shuni!
— Ol, ol! — dedi Gulshan munsakni boʻshatib, — Oʻlimlik qilarsan!
— Albatta tobutimga yoparlar!
Yoʻlakning boshidagʻi eshikka yetdilar va uchisi birdan siqilishib, ichkariga kirdilar.

Qirq Qizlar
Gulshanlar kirgan havli «Qirq qizlar« deb atalar edi. Bunda xonning koʻngil ochishigʻa xizmat qilgʻuchi “Qirq qizlar” turar edilar. Bu havli undagi oʻyunchi, sozanda va navozanda kanizlarning sonidan olib »qirq qizlar» atalgʻan edi.
Xudoyorning haram kanizlari soni bir yuz elliy besh nafar boʻlib, bulardan oʻn toʻrt nafar oq saroyda, sakkiz nafar shahnishinda, ya’ni xonning yotish turishigʻa maxsus, sakkiz nafar Oʻrmonbekka qaragʻuchi, oʻn nafar doyalar huzurida, yigirma besh nafar shu «qirq qizlar»da va qolgʻanlari har qaysi xonim oyimlarning xizmatida edilar.
Havli yuzida toʻp (koptok) oʻynagʻuchi «qirq qizlar»dan yetti-sakkizi Gulshan oldigʻa yugurdilar.
— Esonmisiz!
— Yelib yugurib hormang!
— Eringiz oʻlmadimi!
— Shahar yigitlari omonmi.
Bu qizlar haligilardan qolishmaydirgʻan shoʻx edilar. Gulshan ham endi jiddiyat saqlab turmadi:
— Zerikmay oʻlturibsanlarmi? Ichlaringda tugʻib qoʻyganlaring yoʻqmi? Uynash qilib tutilmadinglarmi?
Bu havli toʻrtta kichik va bitta zoʻr tanobiy uydan, ham «qirq qizlar«gʻa maxsus oshxona va boshqalardan tashkil topib, qizlar kichik uylarga joylashqan edilar. Ularning yasanigʻa kelganda, yuqoridagʻi kanizlarda koʻrilgandek — qizil shol koʻylak, sarigʻ gullik qizil shol roʻymol, shuvamatos yoki adras jelatka edi. Hozirgi toʻp oʻyunigʻa ishtirok etuvchi qizlarning hammasi deyarlik yalan oyogʻ boʻlib, yumishdagi va oshxonada osh pishirgʻuchi qizlar duranglik bedona kafshlar kiygan edilar. Aksariyat, yigirmadan oshqan qizlar, ichlarida oʻn olti, oʻn yetti yoshliqlari ham koʻrinar edi. Bu qizlar mamlakatning har tarafidagi beklardan xongʻa hadya tariqasida yuborilgʻanlar, shuning uchun ular terma doʻndiqlar edilar. Choʻri ismi bilan haramga kelgan kunlari har birlari ham xonning “iltifoti”ga bir-ikki martabagina “loyiq” koʻrilib, soʻngra “qirq qizlar” ichiga havola qilingʻan edilar. Ular hanuz ham shaharning mashhur xotinlari boʻlgʻan Nusrat hofiz, Botirboshi xola, Tillo hofiz, Toji hofiz, Misqol hofiz, Xon ogʻacha, Misoq ogʻacha, Ulugʻ oʻyunchi, Shohbachcha, Rajabxon, Tosh hofiz va hatto margʻilonliq Zebixonlardan oʻyunga, sozgʻa, ashulaga ta’lim olib kelarlar va shuning uchun har birlari oʻz hunarlarida yaxshi san’atkor boʻlgʻan edilar. Jum’a kuni yetkanda bu havlidagi katta tanobiy tartibka solinar, “qirq qizlar” yangi kiyimlar kiyib upa-eliklar qoʻyarlar, turli ziynatlar taqib, ajoyib suratda bazmga hozirlanarlar edi. Jum’a namozidan keyin xon ba’zan yonida Roziya va Ogʻacha oyimlar bilan bu havliga oʻtar va katta tanobiyning toʻriga qoʻyulgʻan maxsus kursiga oʻlturib, »qirq qizlar» bazmini koʻrar edi.
Shu yoʻsun qizlar Gulshanni havli oʻrtasidagʻi toʻp oʻyunigʻa sudradilar. Gulshan oʻyungʻa ishtirok etishda tixirliq qilib koʻrgan edi, qizlar zoʻr keldilar. Noiloj ul ham oʻynamoqqa majbur boʻldi. Bir chekkada oʻlturib yeshindi. Shu qizlardek yalan oyogʻ, bosh yalan boʻldi. Tovor koʻylagini ayab lippa urdi, yengini tirsagi yuqorisigʻacha shimardi va ichki kiyimini ham boldirigʻacha koʻtardi.
Qizlar oʻzlari yasagʻan katta ipak koptokni Gulshanga berdilar:
— Marra besh-oʻn; har oʻnda bir aylanish; agar toʻpni marraga yetkarmay qochirsangiz, har birimizni apichib, havlini bir aylantirib chiqasiz! — deyishdi qizlar.
Gulshan shartni eshitib oʻylanib turdi.
— Agar marraga yetkarsam?
— Biz apichib aylantiramiz!
— Qochinglar boʻlmasa! — dedi Gulshan oʻrtagʻa tushib, — toʻpka tegsanglar, menga haduk bersanglar hisob emas!
Qizlar uning shartiga koʻnib havlining tevaragiga tarqalishdilar. Gulshan oʻyinni boshladi. Toʻp chiqagʻon edi. Gulshan birinchi oʻnni muvaffaqiyat bilan tamomladi. Oʻn ikkinchi urushda birinchi oʻn uchun aylangan edi, Gulshanning uzun sochlari atrofka tarqalib, hatto koʻkragi ham larzaga keldi. Qizlar qiyqirishib kuldilar. Ikkinchi oʻnning aylanishi ham shu yoʻsun kulgi berdi. Lekin uchunchi oʻnning yerga sakkizinchi urulishida koptok qochti. Gulshan koptokni harchand quvlab yuqori chiqarishgʻa urunsa ham boʻlmadi, yerda dumalab qoldi. Qizlar qiyqiriq ichida chapak urib yubordilar va Gulshanni oʻrab oldilar. Gulshan chiqib qochishgʻa xezlansa ham boʻlmadi, ul kutmaganda bir qiz orqadan kelib sakrab mindi.
— Xix, eshagim!
Qizlar kulishar edilar. Ikki qiz Gulshanning old oʻrum sochidan ushlab yetakladi. Bu tomoshaga hatto uydagi va oshxonadagi qizlar ham qiziqsindilar. Birinchi qizni havli aylantirib chiqqan edi, ikkinchisi mindi. Shu yoʻsun bechora Gulshan oʻnlab qizni oʻz ustiga mindirib, orqasi yagʻir boʻlayozdi. Yana oʻyun boshlandi.
Shomga yaqin osh tayyor boʻlib, qizlar oʻz qoʻshoqlari bilan uylariga kirdilar. Gulshan ham bir qoʻshoq qizlargʻa qoʻshulib, oʻrtadagʻi uyga kirdi. Qizlarning oʻzidek uyning polos va jihozlari ham besaranjom edi. Unda bir roʻymol, bunda bir maxsi, narida yana bir narsa. Xullasi, uy ivirsib yotar edi.
Gulshan bu holdan ranjib qizlarni urushti: — Senlarga hech son kirmadi. Qachon koʻrsam, uylaring loʻlining xurjun solgʻan yelkasi!
— Loʻlining xurjun solgʻan yelkasi boʻlsa, — dedi Nozik otligʻ bir qiz, — Oʻzing yigʻishtirib ber, Gulshan opa! — Menmi, menga nima? — Menga ham nima?
— Sening turadirgʻan uying, — dedi Gulshan, — yigʻishtirsang, koʻngling ravshan boʻladi.
— Uy yigʻishtirilmasa ham koʻnglim ravshan, — dedi Nozik va yonidagʻi Tuhfaga qarab koʻldi. — Tuhfa, sening ham koʻngling ravshanmi?
Tuhfa ogʻzini katta ochib, Gulshanning oldigʻa keldi:
— Mana, oʻz koʻzing bilan qara, opa: koʻnglim chilchirogʻ yoqqandek ravshan, koʻrdingmi?
— Koʻrdim, koʻrdim? — dedi Gulshan, yuzini chetka oʻgurib. — Koʻngling ravshanligi ustiga yana bir narsa ham tilabdir.
— Nima tilabdir, ermi? — dedi uchunchi yoqdan Qumri. — Koʻngildagini topar ekansan, opa! Menikiga ham qara-chi, kima tilar ekan?
— Seniki ham er, — deb kuldi Gulshan. — Bularga bir soʻzni ayt-da, qoch! Osh keldi. Nozik, dasturxoningni yoz!
Nozik dasturxon yozdi. Oʻrtagʻa ikki xitoy laganda palov qoʻyilib, Gulshan bilan yetti qiz oshqa oʻlturdilar. Kengash-pengash boʻlmadi. Xuftandan keyin uylardagi qizlar birin-sirin katta tanobiygʻa yigʻila boshladilar. Ikki childirma qizitildi va dutor, tanbur, gʻijjak, chang kabi asboblar sozlandi. Qizlar oʻzaro bazmga hozirlanar edilar va har kech ham bazm bilan koʻngil yozar edilar. Darhaqiqat, erkaklar dunyosidan aloqasi kesilgan mazluma, oila hayotidan mahrum bechoralar shundan boshqa nima bilan ham ovinsin? Ularning ovinchogʻi — kunduzlari oʻyun, kechalari bazm va tunlari uyqu ham tush edi.
Qizlargʻa maxsus nazokat bilan soz chalinar edi. Sozga yoʻlboshchiliq qilgʻan childirma yarim tovushda gumbirlar, qoʻngʻuroqlari shingʻirlar edi. Katta qandildagi chilcharogʻ muri ostida haram qizlarining husni yal-yonar, oʻrtada oʻynagʻuchining mammalari maqom bilan silkinar va «Qirq qizlar»dagʻi kundalik bazmga odat qilgʻan boshqa havli kanizlari bilan tanobiy borgʻan sayin toʻla borar edi.
Oʻyunchi qulliq qilib, sahnadan chiqdi. Uning oʻrnigʻa Nozik qoʻzgʻaldi. Nozik sahnaga chiqishi bilan childirma ham boshqa kuyga oʻtdi:
— Bak-bakang, bak-bakang.
Childirmaga sozlar zamlangandan keyin, ikki oʻrtadan uzuq va shoʻx bir kuy tugʻildi. Nozik oʻrtada xiromon bir tarafka oʻtkan edi, qizlarning ba’zisidan soz kabi shoʻx va nafis ohang eshitildi:
Ochilgʻanda lolalar, terib yurgʻay bolalar,
Aytingiz-chi, xolalar, oʻtkan doʻndiq sozmidir?
Oʻtkan doʻndiq sozmidir?
Termulgʻanim bilmasa, pisandiga ilmasa,
Rahmi aslo kelmasa, menga qilgan nozmidir?
Chekkan jabrim ozmidir?
Nozik oʻynar, qizlarning ashulasiga a’zo harakati bilan tasdiq ishorasini berar va bunda nafis bir san’at koʻrsatar edi.
Bagʻrim oʻtda yonadi, yorim mendan tonadi,
Qulni yoʻqqa sanadi, mendan yo arazmidir?
Mendan yo arazmidir?
Yorim yuzi gul erur, zulflari sunbul erur,
Lahza koʻrgan qul erur, yoki bul pardozmidir?
Yoki bul pardozmidir?
Xummor koʻzing oʻynatib, oshiqni arzon sotib,
Isyon loyigʻa botib, jabru sitam bozmidir?
Jabru sitam bozmidir?
Tirnamagʻil sen yaram, yigʻlatma koʻb, qil karam,
Turgan oʻrningdir haram, ya’ni shohim bazmidir!
Ya’ni shohim bazmidir!
Oyu yillar yiglagʻan. bagʻrin har dam tigʻlagʻan,
Hasratidan bigʻlagʻan[146], baxtsiz bir qiz Nazmidir!
Baxtsiz bir qiz Nazmidir!
Keyingi baytlar ogʻir bir foji’ani tasvir qildilar: oylar, yillar yigʻlagʻan, hasratidan hushsiz yiqilgʻan baxtsiz bir qizning jonsoʻz faryodini gavdalantirib koʻrsatdilar. Bu oʻrunda shoʻx kuy lobargʻina qilib bir hasratka tarjimonliq etdi. Yuqoridan boshlab oʻynoqi ruhda kuylab kelgan qizlar va doim nozu karashmada boʻlgʻan oʻrtadagʻi oʻyunchi ham bundagi ogʻir ma’noni oʻzicha olishqa tirishdilar.
Oyu yillar yigʻlagʻan, bagʻrin har dam tigʻlagʻan,
Hasratidan bigʻlagʻan baxtsiz bir qiz Nazmidir!
Bu «baxtsiz bir qiz« bazmdagi qizlarning har qayusigʻa ma’lum edi. Faqat bu majlisda uning faryodi ishtirok etsa ham, oʻzi ishtirok etmas, behisob faryodlar, figʻonlar, hasratlar bilan charchagʻan bu qiz hozir tuproq ostida tinchib uxlar edi. Uning tarjimai holini »qirq qizlar»dan har kim bilganidek, hatto uni qoʻmsab yigʻlagʻuchilar hali ham topilar edilar. Darhaqiqat, ozodliqdan mahrum etilgan mazluma qizlargʻa necha asarlar qoldirib ketkan bir shoirani kim bilmasin, koʻbchilikning aytalmagan hasratini kuylarga solib bergan shoirani kim unutsin? Oshiqidan ayrilgʻan bir ma’shuqa, nomusigʻa toʻqunilgʻan bir mazlumaning faryodi kimlarning yuragiga kirib oʻlturmasin?
Shunday. Mundan bir yillar ilgari shu «qirq qizlar« ichida Nazmi ismlik bir qiz oʻlgan edi. Bu shu qizning toʻqugʻan baytlaridan biri edi. Qizlarning soʻziga qaragʻanda, Nazmi Qoʻqon qishloqlarining biridan, chiroylik qiz ekan. Nazmi xolasining oʻgʻli bilan sevishkan, hatto toʻy kunlari ham yaqinlashqan ekan. Otasi juda kambagʻal dehqon boʻlib, Xudoyorning necha yillik soliqlarini toʻlamagʻan ekan. Xudoyor choʻgʻollari (zolim tabi’atlik, rahmsiz soliq yigʻuvchilar) qishloqqa chiqib, Nazmining otasini siqqanlar, urgʻanlar. Qizidan boshqa mol topolmay, uch yillik soliq badaliga Nazmini tutib, Xudoyorgʻa tortiq qilgʻanlar. Xongʻa Nazmining husni yoqqan, uni doya xotinlargʻa qoʻshib hammomga yuborgʻan. Xudoyor bir-ikki kech bechoraning nomusiga tegib, soʻngra “qirq qizlar”gʻa qoʻshqan. Nazmi shunda ikki yil chamasi kuylab, yigʻlab yurgan, »qirq qizlar»gʻa koʻb yangiliklar bergan va oxirda oʻzi sil boʻlib oʻlgan.
Nazmining oxirgʻi ikki baytidan soʻng bazm bitdi. Har kim oʻz joyigʻa tarqadi.

Nozik
Gulshan boyagʻi yetti qizlar yonida uxlamoqchi edi. Nozik bilan Tuhfa oʻrun yozar edilar. Qumri Gulshanga shoʻxliq qilar edi.
— Sen ahmoqsan, Gulshan opa! — der edi Qumri. — Eringni yolgʻiz tashlab biz «boʻydoqlar» ichida nima ma’no topasan?
— Aljimay oʻl! — dedi Gulshan. — Senlardan, albatta, ma’no topmayman. Senlarning oʻylagʻanlaring faqat.
— Boʻlmasa sen nimani oʻylaysan?
— Men tiriklik toʻgʻrisida oʻylayman. Senlar toʻqliqqa shoʻxliq qilasanlar. Bir vaqt men ham xonim oyimlargʻa choʻri edim. Biroq senlardek.
Hamma qizlarning quloq-koʻzi Gulshanning ogʻzida edi. Oʻrunni yozib bitirgan Tuhfa soʻradi:
— Sen oʻylamasmiding?
Gulshan bir oz javobsiz, kulimsirab turdi.
— Oʻylasam ham senlarcha har kimning oldida valdiramas edim. Bu oʻzi shaytonning ishi. Namoz oʻqusang, roʻza tutsang, xayolingga bu narsa hech kelmas. Mana bittasi Zarifa, senlardek uyat soʻzga ogʻiz ochmaydir.
— Va-xa-xa-xa! — deb kulib yubordi Qumri. — Ayt-chi oʻzing, Zarifa, sen kecha qanday tush koʻrding?
— Qurib ket, — dedi Zarifa yuzini chetka oʻgurib. — Kishini koʻrgan tushi bilan ayblamakchi.
Qizlar birin-birin kelib oʻrunlari ustiga oʻlturdilar. Oʻrun qator va bir-biriga taqashtirib solingʻan edi. Gulshan oʻzi uchun chetroqdagʻi oʻrunni tanladi.
— Koʻylak yeshar! — dedi Qumri turgʻan koʻyi va koʻylagini yeshib tashladi. — Ishton solar!
Qizlardan toʻrttasi Nozikni ta’qib etdilar va shart-shurt bir-birining yalangʻoch etiga urishib shartak olishdilar. Qip-yalangʻach qizlar bilan kulgi boshlandi.
— Senlarning yoningda yotqan kishi gunohkor boʻladi, — dedi Gulshan boshini koʻrpaga burkab. — Agar bilsanglar, har qaysing ikkita, uchta bolaning onasi boʻladigʻan yoshdasanlar.
— Toʻgʻri aytasiz, aylanay Gulshan, — dedi Qumri yalangʻoch oʻzini sham’ga solib. — Menga yana bir qarab koʻring-chi, balki besh bolaning onasi boʻlsam ham arzir.
Hamma kulishib yubordi. Koʻrpani bir oz ochib qaragʻan Gulshan ham bu holdan ichi qotib kuldi.
— Sham’ni oʻchir.
Qumri toqchadagʻi sham’ni oʻchirdi. Uy qorongʻilandi. Endi «nari yot, beri yot» bilan bir-birlarini itarib, surib koʻrpani toʻrt tomongʻa tortishib janjallasha boshladilar.
— Uxlatasanlarmi, yoʻqmi? — dedi Gulshan jekirinib.
— Jim, jim, — dedi yarim tovush bilan Qumri. — Gulshan bizning uyga uxlagʻali kelgan ekan.
— Uyida eri uxlatmagʻan bechorani.
— Men shuning uchun ham erga tegmayman-da, — dedi Qumri. — Er deganning oti oʻchsin, kishini uxlatmaydi.
— Uxla, bechora, uxla, — dedi Tuhfa, — «Qirq qizlar»dan saranjomingni olib ket.
Yana kulgi koʻtarildi. Gulshan harchand oʻzini ushlasa ham yana qizlarning kulgisiga tortildi.
— Gap-soʻzda ham bir ma’ni boʻlishi kerak, — dedi Gulshan, — boʻshdan-boʻshka hiring-hiring, bundan koʻra tinch uxlagʻan yaxshi.
— Ma’ni oʻzi nima, Gulshan opa?
— Ma’nining ma’nisini soʻrama, Tuhfa, — dedi Qumri, — Gulshan opam javob bersin, bizning shu «qirq qizlar»da qamalib yotqanimizda ham ma’ni bormikin?
— Uni qoʻyavur, — dedi qizlardan yana biri, — Gulshan opam erini yolgʻiz tashlab, biz ma’nisizlarning ichida yana bir ma’nisiz boʻlib yotipti; shunda ham bir ma’ni bormikin?
— Tovushlaring oʻchsin.
— Bor, bor, — dedi allakim. — Bizga hamroh topib keladi.
— Bizga hamroh topib kelganida ham ma’ni bormi?
— Nega ma’ni boʻlmasin, bizga oʻxshash ma’nisiz koʻpayadi.
Yana kulgi koʻtarildi. Qizlarning «ma’ni«dan boshlangʻan »payrav»larining keyingi jumlasi Gulshanga ham ga’sir qilib hiringladi.
— Qirilib ket hammalaring. Endi ma’nisizni koʻpaytirmayman, tinch uxlalaring.
— Barakalla, — dedi Nozik. — Ana endi sizga ham ma’ni kiripti.
— Bekor aytibsan, Nozik, Gulshan opamga ma’ni kirganiga koʻb boʻlgʻan.
— Masalan, qachon kirgan?
— Anchadan beri. Erga tekkaningizga qancha yil boʻldi, Gulshan opa?
Qizlar yana shaqqildashib kuldilar.
— Bemaza gapni qoʻyinglar, uxlayliq.
— Uxlashni bir oz qoʻyib tur, Gulshan opa, — dedi Nozik. — Men senga mazalik bir hikoya aytsam eshitasanmi?
— Hikoyang qursin.
— Oʻzi mazalik gap. Eshitmasang, bari bir uxlatmayman.
Gulshan mingʻillab oʻrnida agʻdarildi.
— Ayt, lekin choʻzma.
— Choʻzmayman. Senlar ham jim yot, ovsinlar!
Bir-birini qitigʻlab, hiringlashkan qizlar Nozikning soʻziga quloq solmadilar.
— Tuhfa, Qumri! — deb hayqirdi Nozik. — Tinchimasanglar boʻgʻaman, maylimi?
Nozikning tahdidiga quloq soluvji yana boʻlmadi. .Nozik irgʻib oʻrnidan turgʻan edi, qizlar koʻrpaga yashirindilar.
— Ogʻzinggʻa ayamay uraman, Navroʻz!
Koʻrpa ichida qizlarning piqillashi eshitilsa ham, boyagʻi toʻpolon bitkandek boʻldi.
— Uygʻoqmisan, Gulshan opa?
— Gapuraver.
Qizlargʻa yana bir martaba tanbeh yasagʻandan keyin Nozik oʻz oʻrnigʻa kelib oʻlturdi.
— Bir kun ertalab biz hammomdan kelar edik, — deb hikoya boshladi Nozik, — bizga yoʻl ustidan bir yigit hamroh boʻldi.
— Eski dard, — dedi allakim, qizlar piqillashib yubordilar.
— Eski gap boʻlsa, kishini eshitkali qoʻymaysanlarmi. Men Gulshan opamga soʻzlab bermakchiman, senlar eshitmasanglar, uxlalaring yo boʻlmasa, soʻzni soʻzga qovishtirlaring!
— Soʻzlay ber, biz tinch yotamiz, — dedi Tuhfa, — Navroʻz, Qumri, Hamroh, jim yot-da, axir!
— Shunday, Gulshan opa, yoʻldan bizga bir yigit hamroh boʻldi. Oʻzi qanday yigit deb soʻra: surma qoʻygʻandek ohu koʻzi bor, qizil olmadek tarang yuzi bor, endi chiqib kelgan koʻk maysa moʻylabi, Roziya xonimnikidan ham nafisroq qalam qoshi. Ustiga kiygan beqasam toʻni oʻziga shunday yarashqanki, biz qizlar ixtiyorsiz unga qarashdiq, a, shundaymi, Tuhfa?
Tuhfa tasdiq qildi, Gulshandan uygʻoqliq javobini olib, Nozik davom etdi:
— Yosh, uyatchan yigitka oʻxshadi. Yigirma chogʻliq qizning oʻziga tikilganidan uyalib, yerga qaradi. Bizni hammomga olib borgʻuchi Nasiba xola bilan Hanifa doya edilar. Ular bizni yigitka aylanishkan holda koʻrib, tez yurishqa qistadilar. Biz yigitka qaray-qaray nochor qadam bosar edik. Yigitcha boʻlsa bizdan qolishmay birga kelar edi. Biz oʻrda darbozasiga yetayozgʻan edik men qayrilib orqamgʻa qaradim. Yosh yigit hamon oʻn qadam narida kelar edi. Shayton vasvasa qilib koʻnglimga bir gap keldi. Sekin-sekin surilib, qizlardan keyin qola bordim. Eng orqagʻa chiqgʻach, boshimdagʻi roʻymolni olib, paranji ichidan yerga tashlab yubordim. Darbozaga yaqinlashqan edik, darbozani ochib darbozabonlar chetlashdilar. Roʻymolim yerga tushdimi, yoʻqmi — bilmas edim, lekin darbozadan tashqarida tushib qolishini tilar edim.
Ish kutkancha chiqmadi, deb afsus qildim, chunki darbozadan oʻn adim ichkariga kirgan edik, darboza yopilmasdan yana orqamga qayrildim. Oʻzimdan besh qadam narida tushkan roʻymolimni boyagʻi yigit engashib yerdan olar edi. Men burulib yoʻlimgʻa keta berdim.
— Opa, roʻymolingiz tushti!
Yuragim orziqib toʻxtadim. Yigitcha roʻymolimni keltirdi, tusida bir oz kulimsish bor edi.
— Siznikidir? — deb soʻradi.
— Meniki, — deb qoʻlidan oldim, rahmat aytish ham esimdan chiqqan. Doʻndiq yigit boshqa soʻz aytmadi. Roʻymolni menga berib oʻrdaning ulugʻ darbozasiga qarab ketdi. Men boʻshashgʻancha qizlar orqasidan haramga sudraldim. Men yigitni bir adim naridan koʻrdim, tovshini ham eshitdim, qoʻli ham qoʻlimgʻa tegdi shekillik. Uxlamaysanmi, opa?
— Uygʻoqman, — dedi Gulshan. — Xoʻsh undan soʻng nima boʻldi?
— Nima boʻlgʻanini hozir soʻzlab beraman. Yuragim oʻynagʻan holda «Qirq qizlar«gʻa kirdim, “opa, roʻymolingiz tushti, siznikimi?” jumlasi qulogʻim ostidan ketmaydi va suvrati koʻz oʻngimga kelgan sayin, yuragim orziqadi. U yoqni oʻylayman, bu yoqni oʻylayman, oʻyimning boshigʻa yetalmayman, ammo yuragimga bir parcha olov tashlangʻan, yonaberadir. Ichimdagi shu oʻt bilan goʻyo men mast boʻlgʻanman, boshim shishkan, koʻzim tingʻan, yurgʻanimni-turgʻanimni bilmayman. Nega koʻrdim, nega qaradim? Nega roʻymolimni tashladim, nega olib berdi, nega oʻrdagʻa kiraldi? Bu oʻzi jin, meni jinni qilmoqchi. Oh, yana bir koʻrsam edi! Hammom borgʻanlarning har biridan soʻrayman: “Yoʻldagʻi yigitni sen koʻrdingmi?” “Koʻrdim”. “Koʻrgan boʻlsalaring senlarning ham yuraklaring yonadimi, yana koʻrging keladimi?” “Yoʻq”. Shundan soʻng uning jin boʻlgʻanligʻigʻa ishonib qolaman: men jinga tegishdim, jin meni chaldi, deyman. “Bizning oʻrdada shunday yigit bormi?” »Yoʻq».
Senlar ham uning orqamizdan oʻrdagʻa ergashib kirganini koʻrdinglarmi? «Yoʻq«. Demak, meni jin chalgʻan. Tuhfa boʻlsa: “Sen pari yigitka oshiq boʻlgʻansan”, deb kuladi. Men uning soʻziga ishonaman. »Balki pari yigitdir, ul ham meni yaxshi koʻrgandir», deyman. Shundan keyin men kuta boshladim. Agar yaxshi koʻrgan boʻlsa, meni oʻz yurtiga olib ketar, deb oʻyladim. Erta kutdim, kech kutdim, pari yigitdan darak yoʻq. Oʻn besh kundan soʻng yana hammomga borish chogʻi yetdi. Men soʻyindim, balki bu kun parilar yurtiga ketarman, deb oʻyladim. Shu orzuda hammadan ilgari men otlandim. Bordiq. Hammomdan chiqib pari yigit bilan uchrashkan joygʻa yaqinlashqan edik, yuragim oʻynay boshladi. Uchrashilganda qiladirgʻan ishoratlarni oʻylab qoʻygʻan edim. Agar chetdan turib oʻziga imlasa, qizlardan ajralib qolmoqchi edim. Ma’lum joygʻa yetdik. Pari yigit yoʻq. U yoq-bu yoqqa, tor koʻcha ichlariga qaradim, yana yoʻq. Badanimga sovuq ter chiqdi, qizlardan ajralib, yoʻlda toʻxtab qolgʻanimni ham bilmayman. Bir vaqt Nasiba xolaning chaqirgʻan tovshi bilan koʻzim ochildi va ne zaydda qizlargʻa yetib olgʻanimni bilmadim. Oʻrda darbozasiga yetkuncha necha qayta orqamgʻa qaradim, — dedi Nozik va uzoq tin olib, bir oz toʻxtadi. — Shunday, men pari yigitka oshiqman. Uch oydan beri oshiqman, Gulshan opa.
— Pari yigitka oshiqmisan, xe-xe-xe.
— Nega kulasan, Gulshan opa. Ishonmasang, Tuhfadan soʻra.
— Oshiqligʻinggʻa kulmayman, — dedi Gulshan yana kulib. — Sen aytkan yigit pari emas.
Nozik oʻrnidan sapchib turdi.
— Kim boʻlmasa?
— Odam!
— Odam? Sen uni koʻrganmisan?
— Koʻrganman. Oʻzi bizning oʻrdada. Hozir poygachining oʻrnigʻa kim oʻlturgan, bilasanmi?
— Bilaman, mirzo Anvar otligʻ kishi.
— Sen oshiq boʻlgʻan «pari yigit» shu.
Tuhfa birdan xaxolab yubordi. Bu kulgidan uyqugʻa borgʻan qizlardan ba’zisi soʻchib ketdi.
— Mirzo Anvarga oshiq boʻlgʻan ekansan, Nozik.
Nozik hamon qotib turar edi.
— Shu qadar yosh yigit mirzoboshi boʻlgʻanmi, Gulshan opa?
— Boʻlgʻan.
— Boʻlsa ham arziydi, — dedi Nozik, — Oʻzi uylanganmikin?
— Men qayoqdan bilay, uylanganmi, emasmi. Uylanmagan boʻlgʻanda ham seni olmas.
Nozik bir-necha vaqt jim qoldi.
— Albatta meni olmas, — dedi Nozik, uning tovshida shu choqqacha eshitilmagan bir siniqliq ohangi bor edi. — Albatta, sen aytkancha, meni olmas. Menga it tekkan, men.
Gulshan javob bermadi. Bir ozdan soʻng qatordan pishillagan tovushlar eshitildi va bu pishillashni ora-chora piq-piq yigʻlagʻan tovush buzar edi.

Yangi «Hunar»
Ichkaridan chiqib kelgan maxdum mirzoboshini kutib oʻlturgʻuchilar ichida mulla Abdurahmonni ham koʻrib qoldi.
— Baxayr, mulla Abdurahmon, baxayr. Vaalaykum assalom.
Solih maxdum mulla Abdurahmon bilan koʻrishdi va uni kishilardan ayirib mehmonxonagʻa olib kirdi.
— Xoʻsh, habba. Xoʻb salomatmisiz?
— Alhamdulilloh. Oʻzlarining sihhatlari?
— Parvardigorga ming qatra. Xoʻsh, qadamlarigʻa hasanot?
— Men tunovi kungi marhamatlari yuzasidan. — dedi mulla Abdurahmon, — basharti mirzo Anvar janoblari muvofiq koʻrsalar, munshiylikka kirsammi, degan niyatda.
— Koʻb yaxshi, koʻb yaxshi, — dedi maxdum, — ne gʻaroyibligʻi bor, ilmingiz kofiy, faqat insho. inshodagi nuqsoningizgʻa albatta Anvar ustozlik qilar, qarab turmas. Husnixat vajida sizga ta’lim hojat boʻlmasa kerak.
— Tahrir va inshoda ham ustozga muhtojlik oz, — dedi bir oz nafsi olingʻan qiyofada, — mirzo Anvar kabi boʻlmasamiz ham undan beriroq, taqsir.
— Yana yaxshi, yana yaxshi. Ammo, lekin devonxonadagi barcha mirzo, muftilarga qaragʻanda Anvarning tahriri fasihroq[147] emish, Bu, albatta, ta’lim xosiyati. Kam-koʻst oʻrganilsa, beshak manfaati boʻlur. Xoʻb. Mirzo Anvarga oʻzlari tasodif kelmakchilarmi yoki men vosita boʻlsam durustmi?
— Vositalik ham durust, zero, xotirjam’ soʻzlasharmiz, soniy sizning kamolatingizdan mirzoboshini qanoatlandirish zarurati ham bor, — dedi maxdum va bir oz oʻylab toʻxtadi. — Habba, devonxona qavoidicha[148], yangi mirzo malaka hosil qilgʻuncha vazifa yemas ekan. Bizning Anvar ham ibtido vazifasiz xizmat qilgʻan edi.
— Vositalik ham durust, zero, xotirjam’ soʻzlasharmiz, soniy sizning kamolatingizdan mirzoboshini qanoatlandirish zarurati ham bor, — dedi maxdum va bir oz oʻylab toʻxtadi. — Habba, devonxona qavoidicha[149], yangi mirzo malaka hosil qilgʻuncha vazifa yemas ekan. Bizning Anvar ham ibtido vazifasiz xizmat qilgʻan edi.
— Mohonada ahamiyat oz, zero, maishatimiz imomat orqasida ta’min, taqsir.
— Habba, bu tarafdan ham tashvish oz ekan. Inshoda chobakdast[150] boʻlib olsangiz, vazifa vajhi oson. Gʻayraz, bobi oliygʻa aloha, kalon va kalonzodalar bilan robita ham kishiga koʻb manfaat beradir. Bu jihati sizga koʻb gʻanimat, — dedi maxdum va tovshini sekinlatdi. — Imomat bilan bir joygʻa yetib boʻlmaydir. Ammo bu andishangiz benihoyat ma’qul. Siz oʻzimizning farzandimizsiz; zero oʻz bolalarimizning oʻrda bilan alohador boʻlishlari bizga ayni manfaat. Xotirjam’, mulla Abdurahmon, men Anvarga sizning vajhingizni tushuntirurman. Albatta oʻz yonigʻa olur.
Abdurahmon maxdumga rahmat aytdi va ketish uchun qoʻzgʻaldi.
— Qay vaqt xabar olsam boʻlur ekan? Albatta, javob oʻzlaridan boʻlsa kerak?
— Habba, ertaga ba’daz bomdod, — dedi maxdum. — Nega qoʻzgʻaldingiz, choy, non, mohazar.
— Rahmat, taqsir.
Maxdum mulla Abdurahmonni havligacha kuzatib chiqdi va xayrlashib, Anvarni kutib oʻlturganlar yonigʻa keldi. Har kimdan ahvol va kutish uchun sabab soʻradi. Toʻni yangiroqlarning bolalari qaerda oʻqushini, basharti, shu dahadan boʻlsalar, nima uchun bolalarini boshqa maktabka berganliklarini tekshirdi. Ayniqsa kutib oʻlturgʻuchilar ichidagi yamoq toʻnlik, qoʻli qadoq bir dehqon maxdumning diqqatini oʻziga jalb etkan edi.
— Hoʻ-oʻsh, kim, hali siz qishloqdan kelgan koʻrinasiz, — dedi maxdum, — qani, ayting-chi, kasal nima?
Dehqon maxdumning hurmatiga oʻrnidan turib, qoʻl qovishtirdi:
— Oʻn uch tanop yerimiz bor edi, taqsir. Chamasi yangʻish boʻgʻan-da, oʻttuz uch tanopqa haq sogʻanlar. Men shungʻa arza yozdirayma, deb.
— Himmm, — dedi maxdum, — qishlogʻingizda oqsoqol yoʻqmi?
— Boʻgʻan minan, taqsir, quloq soladigʻan emas. Maxdum yana bir martaba dehqonni boshdan-oyoq koʻzdan kechirdi.
— Ariza yozdirishqa chaqa kerak boʻladi, uka. Chaqangiz boʻlmasa, ovoragarchilikka arzimaydi, inim.
Dehqon belini timiskilab, goʻyo chaqasini koʻrsatadirgʻandek harakatlandi.
— Chaqasiz arzagʻa kelib jinni boʻlgʻanmizma, taqsir. Maxdum dehqonning chaqasi borligʻigʻa qanoat qilsa ham, Anvardan xotirjam’ emas edi. Chunki «zarnoshunos« Anvarning shu dehqongʻa oʻxshash kambagʻallar ishini bitirib berib, ulardan “chaqa” olmasligʻini bilar edi. Hatto shu toʻgʻrida Anvarga “bu ishingiz zarnoshunosliq, bolam” deb nasihatlar qilsa ham bir natija chiqmagʻan, shunga binoan “zarshunos” maxdum yaqindan beri qiziq bir hunar ijod qilgʻan edi. Maxdum koʻpincha kishilar Anvarga uchrashib tarqalgʻuncha, yoʻlakda oʻlturib olar edi. Anvarga yoʻliqib chiqqan har bir kishini toʻxtatib, natijani bilar, ariza yozdirgʻan yoki boshqacha bir kengash olgʻan boʻlsa, haq bergan, bermaganligini soʻrar, Anvar berilgan haqni olmay qaytargʻan chiqsa, darhol — “siz chaqani oz bergansiz-da, moʻlroq bersangiz, albatta olar edi. Xoʻb, mayli, borini menga tashlab keting, oʻzim uni koʻndirarman”, deb ariza yozdirgʻuchining bor aqchasini qoqmalab qolar edi. Hatto ba’zi vaqt ikki ogʻiz soʻz bilan qaytib chiqqan kishidan ham bir narsa undirishka tirishar, »mishiq oftobga tekin chiqmaydir, sizdan aqcha soʻrashqa iymangan-da, menga bir narsa tashlab ketsangiz, oʻzim unga berib qoʻyarman. Oʻzingizga berishka uyalibdir, deb aytarman. Habba, yana ishingiz tushishiga yaxshi-da,» der edi.
Shu yoʻsun maxdum bir necha haftadan beri bu «hunar«ni oʻziga kasb qilib olgʻan, Anvar ariza va kengashdan bir pul ishlamagan kunlarda, ul necha tangalarni yoʻlakda oʻlturib topar edi. Kishilarni joʻnatib xotirjam’ boʻlgʻach, jaraq-jaraq aqcha bilan ichkariga kirib ketar, ichkarida bu kungi “daromad”ni sanab, bir pulni besh puldan, tangani chaqadan ajratib, “he, gap bilguncha ish bil, bachcha taloq”, deb oʻzicha kular edi. Albatta, bu hunarni uy ichidagilardan yashirar, ayniqsa, Anvardan »behad» andisha qilar edi.
Maxdum asr namoziga ketkan paytda Anvar oʻrdadan qaytib keldi. Maxdum shoshib va asrni chala oʻqub kelsa ham, yana baxtlik odamlardan anchasi ishni bitirib tarqagʻan edilar. Maxdum attang oʻqub mehmonxona darichasidan qaytdi, asr azonini kech aytkan soʻfidan ranjidi. Ichkarida yana bir necha kishi koʻringani uchun eski odaticha, goʻyo biravni kutkandek, yoʻlakka kelib turdi. Bir ozdan keyin mehmonxonadan bir mullanamo chiqib keldi. Maxdum chiquvchini yoqtirmagʻandek yer ostidan koʻzini gʻilaylatib qaragʻach, birdan vaziyatini oʻzgartdi:
— Assalomu alaykum, kelgan ekanlar, taqsirim!
— Vaalaykum assalom! Xoʻb salomatmisiz, Solih maxdum? Mirzo Anvarda andak yumishimiz boʻlur ekan. Yashagʻuringiz, koʻb ziyrak bola: kichkina ariza yozdirib oldim. Xoʻb salomatmisiz, maxdum?
Maxdumning ogʻzidan har turluk takalluflar chiqsa ham uning nima uchun ariza yozdirgʻanini soʻramadi. Chunki bu odam shu oʻrtaning eshonlaridan boʻlib, gadoydan xayr kutish ma’nosiz edi. Mundan boshqa, eshonni soʻzga tutsa, «kelasi daromad»ning ham qoʻldan ketish ehtimoli bor, shunga binoan maxdum soʻzni muxtasar qilmoqchi boʻldi:
— Koʻb yaxshi, koʻb yaxshi, kelib tursinlar, taqsirim!
— Kelamiz, kelamiz. Mirzo Anvarga fotiha ham lozim. Oʻzingiz bir ziyofat qilib chaqiray ham demaysiz, maxdum. Men mirzoga aytdim: bu xizmatingiz bilan qutulmaysiz, bir ziyofat qilib chaqirasiz, dedim. Mirzo koʻb saxiy tabi’at koʻrinadi. Qachon kelsangiz ziyofatimiz tayyor, eshon pochcha, deydi. Bolalarning toʻyini qilar emishsiz, deb eshitdim. Mirzodan soʻrasam, kulgulik bilan toʻgʻri javob bermadi. Kori xayrni toʻxtatmagʻan yaxshi. Xoʻsh, toʻy qachon, maxdum?
Maxdum bu duru daroz «bema’nilik»dan ancha toqatsizlangʻan, ichkaridan kishi chiqib ketmasin, deb koʻzi besaranjom edi.
— Toʻyni koʻklamga boshlasaq, deb turibmiz!
— Fursatni uzoqqa olibsiz-da. Xayr, har narsa vaqti soatiga yetib boʻladir. Toʻylaringiz ham kichkina boʻlmas deb oʻylayman. Toʻrt dahaning kazolari ham toʻygʻa aytilsalar kerak, haram xonimlarini ham bir kun kutarsiz. Zero, kuyav bolangiz kichkina odam emas. Birar ming toʻn ketishi bu yerda turgʻan gap. Albatta, toʻygʻa kelganlarning qoʻllari quruq boʻlmas. Haram xonimlari boʻlsa yuz tilloliq sarposiz kelmaslar, qizingizgʻa choʻri hadya qilsalar ham ajab emas. Albatta daromadga yarasha buromad, degan gap bor.
Maxdum, mehmonxonadan yurib kelgan oyoq tovshini eshitib, yomonlagʻan otdek tipirchiladi. Eshon boʻlsa hamon bulbul kabi sayrab borar edi:
— Toʻydan qoʻrqish kerak emas. Kori xayrnikini olloh taoloning oʻzi yetkirar ekan. Sizning toʻyingiz-ku, albatta, boshqalarnikidan koʻb katta boʻladir. Yana shunday boʻlsa ham tavakkal bilan qulochni keng yoza berish kerak. Xudo xohlasa, toʻy kunlaringiz oʻzim kelib turarman. Toʻy koʻrmagan kishi uchun, albatta, odam kutish qiyin. Lekin menga oʻxshash odamdan ikkitasi bir kunda besh ming kishini kuta oladir.
Mehmonxonadan chiqib kelgan bir xotin kishi edi, ularning yonidan shovillagʻancha oʻtib ketdi. Maxdum olazarak goh eshongʻa, goh xotingʻa qarab qoldi.
— Ayollar boʻlsa ichkaridan xotirjam’ boʻlishsin. Bizning ayollar toʻyda xotin kutib juda omilkor boʻlishib qolgʻan. Toʻydan birar hafta ilgari xabar berilsa, albatta, bosh usti, ayollarni yuboramiz. Xayolingiz parishon koʻrinadi, maxdum, birar a’zongizda alam bormi, mulla Solih?
Haqiqatan ham maxdum hozir juda besaranjom boʻlgʻan edi. Chunki mehmonxonadan ikkinchi oyogʻ tovshi yurib kelar edi.
— Yoʻq, bahuzur.
— Shunday, toʻyda odam kutishdan xotirjam’ boʻlasiz. Toʻydan ilgari haligi ziyofatni unutmang-chi, mulla Solih. Shu bahonada mirzo Anvar bilan ham bir suhbatlashaylik.
Boyagʻi dehqon yoʻlakdagi ikki «hurmatlik» zotka ta’zim qilib, darbozaga oʻtdi. Betoqat maxdum eshonning soʻziga quloq solmay:
— Siz toʻxtab turing-chi, uka, — dedi. Dehqon narida toʻxtadi. Eshon yana soʻzida davom etdi: — Agar fursatingiz boʻlsa, men shu hafta ichi boʻsh edim, mirzo Anvar har qachon ham tayyor ekan. Takallufning uncha qam hojati yoʻq. Mantimi, somsami, ishqilib, ogizgʻa yoqadirgʻanroq taom boʻlsa kifoya. Vaqtini belgilab, maktab bolalaridan birini bizning uyga yuborsangiz bas.
— Xoʻb, taqsir.
— Boʻlmasa, gap shunday boʻlsin. Uzingiz ham bizni yoʻqlab uyga borsangiz, qadamingiz kira tilaydimi? Xayr, mulla, Solih, koʻrguncha xudoyning panohiga.
— Xayr, taqsir, xayr.
Maxdum eshonni hatto darbozagacha kuzatib chiqishgʻa ham ensasi qotib, dehqon yonida toʻxtadi:
— Nima gap, ariza yozdirdingizmi, uka?
— Yoʻq, taqsir, — dedi dehqon, — taqsirim shu qovozni pitib berdilar, tanopchigʻa koʻrsatadugʻan qovoz ekan.
— Koʻb yaxshi, — dedi maxdum, — qalam uchi berdigizmi?
— Yoʻq. Chaqa bersam olmadi, taqsirim.
— Ozgʻina ber.
Maxdum «ozgʻina bergansiz« demakchi edi, biroh »ozgʻina ber» bilan tilini tishlab, dami ychiga ketishka majbur boʻldi. Chunki hozir mehmonxona tomondan Anvar kelib chiqqan va maxdumga salom bergan edi.
— Vaalayk. Men, shunday, masjiddan, — dedi maxdum shoshqan holatda va oʻz ogʻzigʻa qarab turgʻan dehqongʻa ishorat qildi, — ishingiz bitkan boʻlsa boravuring.

AvvalgiI- qism Keyingi

Mualifning boshqa asaralari
1 Jinlar bazmi (mavhum hikoya) [Abdulla Qodiriy] 2945
2 Жинлар базми (мавҳум ҳикоя) [Abdulla Qodiriy] 805
3 Mehrobdan chayon (II- qism) [Abdulla Qodiriy] 3829
4 Mehrobdan chayon (roman) [Abdulla Qodiriy] 4450
5 Мeҳробдан чаён (I- қисм) [Abdulla Qodiriy] 956
6 Мeҳробдан чаён (II- қисм) [Abdulla Qodiriy] 876
7 Меҳробдан чаён (роман) [Abdulla Qodiriy] 685
8 Uloqda (hikoya) [Abdulla Qodiriy] 3626
9 Улоқда (ҳикоя) [Abdulla Qodiriy] 617
10 Oʻtkan kunlar (I- boʻlim) [Abdulla Qodiriy] 4554
11 Oʻtkan kunlar (II- boʻlim) [Abdulla Qodiriy] 2136
12 Oʻtkan kunlar (III- boʻlim) [Abdulla Qodiriy] 1822
13 Ўткан кунлар (I- бўлим) [Abdulla Qodiriy] 747
14 Ўткан кунлар (II- бўлим) [Abdulla Qodiriy] 645
15 Ўткан кунлар (III- бўлим) [Abdulla Qodiriy] 781
Eng ko’p o’qilganlar
1 Gʻazallar, ruboylar [Zahiriddin Muhammad Bobur] 55280
2 Gʻazallar [Nodira] 23599
3 Guliston [Sa’diy] 21026
4 Yulduzlar mangu yonadi (qissa) [Togʻay Murod] 20833
5 Мусульманские имена (част. [Ibn Mirzakarim al-Karnaki] 14449
6 Hikmatga toʻla olam (gʻazal, ruboiy. [Sa’diy Sheroziy] 13848
7 Vatanni suymak [Abdulla Avloniy] 10218
8 Alkimyogar (roman) [Paulo Koelo] 9589
9 Yulduzli tunlar (I- qism) [Pirimqul Qodirov] 9394
10 Nasihatlar [Abay Qunonboyev] 8873

Қодирий Абдулла. Меҳробдан чаён

Turkiston feodallarinmg keyingi vakili bo‘lg‘an Xudoyorning o‘z xohishi yo’lida dehqon ommasi va mayda hunarmand — kosib sinfini qurbon qilishi, mamlakat xotin-qizlarini istagancha tasarruf etishi, bunga qarshi kelguchilar tilasa kim bo’lmasin, rahmsiz jazo berishi ro’monning mavzui’dir. Xudoyorning bu yo’ldag’i birinchi istinodgohi bo‘lg‘an ulamolar, ularning ichki-tashqi ahvoli, axloqi, madrasa va oila hayoti, ulamoda insoniy his bitkanligi va qolg’ani ham xabosat pardasi ostida sezilmas darajaga yetkaniini mundarija sig’dirg’an qadar bayon qilinadir. Bular ro’monning nomarg’ub — manfiy qahramonlari. Ikkinchi tarafda mazkur qora kuchlarga qarshi turgan sinf — kambag’allar, ularning xonliq tuzilishiga, qora kuch — ulamo alayhiga chiqishi. Mehnatkash kambag‘allarning axloqi, sajiyasi, oilasi, turmishi va bir-biriga aloqasi, samimiyati.
Albatta, men bu so’ngg‘i marg4xb qahramonlami o’zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar o‘z holicha olishqa tirishdim. TJlaming ion va ulamoga qarshi isyo-ni tabi’iy — shar’iydir. Chunki shundan ortig‘i soxta bo‘lishi ustiga kitobning qadrini ham tushurar edi. Shu ikki sinf kurashini tasvir qilish vositasida xon harami, xotinlari, qirq qizlar, tarixiy va etno4g‘rafiy Lavhalar, o’zbek hayoti, qiziqchilig‘i, tanqidchilig’i, o’zbek xotin-qizlari orasidag‘i iste’dod, shoirlar, azkiyachilik va boshqa yana ko‘b nuqtalarni qamrab olindi.
Ro‘monda yana bundan boshqa bir ko‘b jihatlar bor. Ulami bu yerda sanab o‘lturish hojat emas, ular muhtaram, o‘qug‘uchinmg nazaridan qochib qutilmas.

  • Чтобы скачать этот файл зарегистрируйтесь и/или войдите на сайт используя форму сверху.
  • Регистрация
  • Узнайте сколько стоит уникальная работа конкретно по Вашей теме:
  • Сколько стоит заказать работу?

Смотри также

Hoshimov O’tkir. Dunyoning ishlari

  • Раздел: Зарубежная художественная литература → На узбекском языке

Toshkent: Sharq, 2005. — 210 b. Bu qissa katta-kichik novellalardan iborat. Biroq ularning bari has ida men uchun eng aziz оdam onam siymosi bor. Bundagi odam Jaming hammasini o’z ko’zim bilan ko’rganman. Faqat ba’zilarining ismi ozgardi, xolos. Bu odam Jaming qismati ham qaysidir jihati bilan onamga bog’langan. Dunyodagi hamma onalar farzandiga munosabat bobida bir-biriga juda.

  • 5,61 МБ
  • добавлен 23.03.2012 23:36
  • описание отредактировано 11.02.2023 00:31

Öztopçu K. Colloquial Uzbek. A Mini Course. CDs 1,2,3

  • Раздел: Языки и языкознание → Узбекский язык

Madison, Connecticut: Audio-Forum, 1994. How to Use This Course Colloquial Uzbek is designed to fulfill the basic communication needs of those who wish to communicate in an Uzbek speaking environment. Since it is a communication/survival based course, its goal is to give the user certain structures along with a sufficient amount of vocabulary to be used to communicate with.

  • 102,35 МБ
  • дата добавления неизвестна
  • описание отредактировано 07.09.2010 23:49

Öztopçu K. Colloquial Uzbek. A Mini Course. CDs 4,5

  • Раздел: Языки и языкознание → Узбекский язык

Madison, Connecticut: Audio-Forum, 1994. How to Use This Course Colloquial Uzbek is designed to fulfill the basic communication needs of those who wish to communicate in an Uzbek speaking environment. Since it is a communication/survival based course, its goal is to give the user certain structures along with a sufficient amount of vocabulary to be used to communicate with.

  • 86,48 МБ
  • дата добавления неизвестна
  • описание отредактировано 08.09.2010 00:18

Азизов О., Ризаева З. Узбекско-русский словарь

  • Раздел: Узбекский язык → Словари и разговорники

Под редакцией: И. Хайрулаева. — Тошкент: Ўқитувчи, 1989. — 288 б. Вычитка и редактирование: Давронов Темур (Были внесены изменения и поправки с учетом реалий, так как данный словарь был разработан до обретения Узбекистаном независимости и взамен многих слов, используемых в данном словаре, были приняты новые).

  • 1,90 МБ
  • дата добавления неизвестна
  • описание отредактировано 27.07.2020 02:39

Қодирий Абдулла. Уткан кунлар

  • Раздел: На узбекском языке → Кадыри Абдулла

(Abdulla Qodiriy. O’tkan kunlar). Модомики, биз янги даврга оёқ қўйдик, бас, биз ҳар бир йўсунда ҳам шу янги даврнинг янгиликлари кетидан эргашамиз ва шунга ўхшаш достончилиқ, рўмончилиқ ва ҳикоячилиқларда ҳам янгаришға, халқимизни шу замоннинг «Тоҳир-Зуҳра»лари, «Чор дарвеш»лари, «Фарҳод-Ширин» ва «Баҳромгўр»лари билан танишдиришка ўзимизда мажбурият ҳис этамиз. Ёзмоққа.

  • 2,10 МБ
  • добавлен 28.11.2012 16:27
  • описание отредактировано 06.04.2022 02:55

Рафиев А. Узбек тили

  • Раздел: Языки и языкознание → Узбекский язык

Ташкент: Укитувчи, 2014. — 123 с. O‘zbek tilida erkin muloqotga kirishishni o‘rganib, bilim-laringizni yanada oshirishga intilyapsiz. 9-sinfda o‘zbek tilidan og‘zaki va yozma nutq ko‘nikmalaringizni о‘stilish maqsadida yangi nutqiy mavzular, ularni ifodalashga xizmat qiluvchi leksik va grammatik vositalarni o‘zlashtirasiz. Shuningdek, davlat tilida ish yuritish malakangizni.

  • 1,20 МБ
  • добавлен 23.03.2012 22:14
  • описание отредактировано 18.04.2019 23:29

Mehrobdan chayon (roman)

Откройте свой разум с помощью контента этого приложения

Скачать

Приложения, рекомендуемые для вас

Весело проведите время с головоломками и множеством уровней на этой ферме

Битвы 3 на 3 от создателей Clash Royale и Clash of Clans

Скачивайте приложения и изменённые игры

Ожесточённый шутер от первого лица в стиле Counter-Strike

Все необходимые вам приложения для устройства Android

Простой способ редактировать и добавлять эффекты к видео

Мир Террарии теперь на Android

Король мобильной фотографии теперь доступен на Android

Больше информации

Имя пакета com.ziyouz.mehrobdan_chayon.AOUKVCQZRQFFNUHAA
Лицензия Бесплатно
ОС Android
Раздел Чтение книг и комиксов
Язык Pусский

Похожие на Mehrobdan chayon (roman)

Наслаждайтесь чтением лучших манга в своём Android

Хорошее приложение для чтения электронных книг и документов

Миллионы бесплатных книг в вашем устройстве Android

Мощная мультиформатная читалка электронных книг

Улучшите свои навыки в Shadow Fight 2

Англо-узбекский переводчик для изучения языков

Тысячи книг на вашей ладони

Откройте для себя Эффективная работа приложений

Мощный и легкий редактор кода

Noktacom Medya AS

Viva Republica

Приложение для чтения с более чем 1 миллионом книг на русском языке

GRUPO ENERGISA

PT. Samsung Electronics Indone

  • О нас
  • Условия предоставления услуг для пользователей
  • Политика конфиденциальности
  • Параметры Cookie
  • Опубликуйте приложение
  • Центр помощи для разработчиков
  • Условия предоставления услуг для разработчиков
  • Unity Distribution Portal
  • DMCA