Milliarder sahoba haqlarida eshitganmisiz
Shuningdek, bilim yurtini ochilishiga sababchi bo‘lgan muftiy Eshon Boboxon, muftiy Eshon Ziyovuddinxon va zamonamizning taniqli ulamolari Abdulg‘ani Abdullayev, Muxtorjon Abdullayev, Yusufxon Shokirov, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Fozil qori Sobirov, Rahmatulla qori Obidov, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon Alimov, Abdulg‘afur Razzoqov va respublikamizdagi imom-xatiblarning aksariyati ham madrasaning faxriy talabalaridan bo‘lganlar.
Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi tarixi haqida nimalarni bilasiz?
Qadimdan Buxoro o‘zining ko‘plab madrasalari bilan nom taratgan. U turli yerlardan ilm tahsili uchun talabalar tashrif buyuradigan shahar hisoblangan. Narshaxiyning fikricha, 937 yilgi yong‘indan zarar ko‘rgan “Forjak” madrasasi Markaziy Osiyodagi dastlabki madrasalardan sanalgan. Abu Hafs Kabir Buxoriy ham Buxoroda ilmiy va diniy bilimlar rivojiga katta hissa qo‘shgan madrasaga asos solgan. O‘rta asrlarda Buxoro madrasalari ilm maskani sifatida nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Sharqda ham mashhur edi. Amir Temur va temuriylar davrida madrasalar oliy maʼlumot beruvchi markaz vazifasini o‘tagan.
Muhammad Ali Baljuvoniyning maʼlumotiga ko‘ra, XX asrning boshlariga kelib, Buxoroda madrasalar soni 400 ga yaqin bo‘lgan. Madrasalar asosan xon, amaldor, badavlat kishilar va ziyoli shaxslarning tashabbusi bilan barpo etilib, nomi o‘sha shaxslar ismi, baʼzan madrasa joylashgan mahalla, guzar nomi bilan atalgan.
Shunday madrasalardan biri Miri Arab madrasasi hisoblanib, uni 1530-1536 yillarda Buxoro xoni, mumtoz shoir Ubaydullaxon (1510-1539/40 yillarda hukmronlik qilgan) inʼom etgan mablag‘ hamda ko‘plab vaqf mulklari hisobiga Shayx Abdulloh (Miri Arab) qurdirgan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan I-323-jamg‘armadagi vaqf hujjatida ham 1527 yil madrasa uchun ajratilgan ko‘p sonli dehqonchilik yer maydonlari, butun qishloqlar va boshqa mol-mulklar birma-bir sanab berilgan.
Miri Arab madrasa qurilishini nihoyasiga yetkaza olmay, 1536 yil boshida vafot etadi. Vasiyatiga ko‘ra kuyovi Shayx Zakariyo qurilishni oxiriga yetkazgan. Shu tariqa madrasa oliy o‘quv dargohi sifatida mudarris, olim, adabiyotchi, amaldor, elchi, harbiy, imom, siyosiy arbob va hatto maʼrifatparvarlarni yetishtiradigan oliy o‘quv yurtiga aylanib borgan. Sadri Ziyo(1865-1932 yy.)ning maʼlumotiga ko‘ra, Shohmurod Miri Arab madrasasining bitta hujrasida kecha-kunduz riyozat chekib ilm olish bilan shug‘ullangan va xalq orasida “Amir Jannatmakon” laqabi bilan tanilgan. Amir Haydar ham shu yerda tahsil olgan.
Amir Shohmurod madrasa talabalariga soliqlardan tushgan daromad hisobidan nafaqa (stipendiya) to‘lashni joriy etgan.
Shuni ham qayd etish lozimki, madrasalarning moliyaviy xarajati vaqf daromadi hamda davlat xazinasidan ajratilgan qo‘shimcha mablag‘ hisobiga qoplangan, har bir madrasaning o‘z vaqf mulki va vaqfnoma hujjati bo‘lgan. Vaqfnomada madrasaning chiqimi, undagi xizmatchilar: mutavalli, mudarris, hofiz, muhri, naqib, farrosh, oshpaz va boshqalar, shuningdek, talabalar soni, ularga berilgan maosh va nafaqalar aniq ko‘rsatilgan. Har bir madrasaning xon tomonidan tayinlangan o‘z mutavallisi bo‘lgan. Mutavalli xodim va talabalarga to‘lanadigan haq, vaqf yerlarida ishni tashkil etish, mardikorlar yollash, ijarachilar va hissadorlar bilan shartnoma tuzish, do‘konlar, tegirmonlar va madrasaning vaqf mulkiga kiruvchi boshqa obyektlardan ijara haqini undirish va undan boshqa ishlarga masʼul bo‘lgan. Shuningdek, madrasa xizmatchilari, mudarrislari va talabalarga beriladigan yillik maosh miqdori naqd pul va ozuqalik don hisobidan ajratilgan.
Mutavalliga madrasadagi xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar (o‘qituvchi- mudarrislardan tashqari) faoliyatini, ayrim hollarda esa talabalarning darsga qatnashish davomatlarini nazorat qilib turish yuklangan. Uning lavozimi otadan bolaga meros tariqasida o‘tishi yo‘lga qo‘yilgan. Vaqf daromadlari madrasa talabalari, mudarrislar, mutavalli va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar o‘rtasida shariat ko‘rsatmalari asosida taqsimlangan.
Madrasadagi talabalar soni va ularning o‘qish muddati madrasa daromadiga bog‘liq bo‘lib, daromadga qarab madrasa xodimlarining soni ham belgilangan.
O‘quv yili oxirida talabalar o‘tilgan fanlar yuzasidan bevosita ota-onalar ishtirokida imtihon topshirgan. Madrasani muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarga shahodatnoma – diplom berilgan. Hatto aʼlo baholarda o‘qigan talabalar amir tomonidan turli sovg‘a va naqd pul mukofoti bilan taqdirlangan. Masalan, qo‘shrabotlik talaba Kamoliddin Miri Arab madrasasini aʼlo baholar bilan yakunlagach, unga amir Abdulahad sarupo kiygizib, “Qurʼoni karim” va “Al-Jomeʼ as-sahih”kitoblarini sovg‘a qilib saroyda ishlashga taklif etgan.
Miri Arab madrasasida uzoq yillar davomida tahsil olib, bosh mudarrislik lavozimigacha ko‘tarilgan Ahmadxon ibn Ismoilxon ham amirning buyrug‘iga binoan dahyak olgan. Bundan tashqari, O‘zR MDAdagi “Qushbegi fondi”da yuz nafar aʼlo bahoga o‘qiydigan talabalarni taqdirlash uchun muftining amirga yozgan arizasi saqlanmoqda.
Fond hujjatlari bilan tanishganda amir “ziyoratchilari”ning ro‘yxatlari ham saqlanishi aniqlandi. Ushbu hujjatlar Sadriddin Ayniyning: “Miri Arab madrasasidagi “ziyoratchi” talabalar madrasada yashab, har kuni tongda amir saroyidagi “Mehmonxonai Rahimxoniy”ga o‘tirib Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) haqlariga salavot va duolar o‘qib qaytganlar. Ular davlatdan har oy 30 tanga maosh olishgan. Bundan tashqari, har kun bitta non va mayiz olishgan”, degan fikrini isbotlaydi.
Madrasaga asosan maktabni tugatganlar qabul qilingan. Talabalar yoshi 10 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan. E.K.Meyendorf, N.P.Ostroumov, N.V.Xanikov, P.I.Demezon, T.M.Aminov, V.L.Benin, D.N.Logofetlar tadqiqotlarida madrasada taʼlim 10 yildan 30 yilgacha bo‘lishi va darslarda qaysi fanlar o‘qitilishi haqida batafsil maʼlumot berilgan.
Talabalar madrasaga imtihon asosida qabul qilingan. Ular bilim darajasiga qarab uch guruhga bo‘lingan. Aʼlo (oliy), avsat (o‘rta) va adno (quyi). Ular madrasa yotoqxonalarida yashash huquqiga ega bo‘lgan.
Sadriddin Ayniyning yozishicha, madrasada haftada to‘rt kunlik tahsil joriy etilgan. Yaʼni, yakshanbadan chorshanbagacha. Payshanba, juma, shanba kunlari dam olish kunlari hisoblangan. Odatda mashg‘ulotlar sentyabrda boshlanib, mart oyigacha davom etgan. Yoz oylari va ramazon oyida taʼtilga chiqilgan.
Darslar bomdod namozidan keyin boshlangan. Dars ertalab soat 4:00 dan 10:00 gacha davom etgan. 12:00 da tushlik, so‘ngra bahs-munozara. 16:00 dan 18:00 gacha dam olingan. Kechki ovqatdan so‘ng yana tungacha bahs-munozara davom etgan. Talabalar o‘quv kursiga qarab emas, balki qaysi kitobni o‘qiyotganligiga qarab jamoa-guruhlarga ajratilgan. Jamoa-guruh soni talabalar miqdori va madrasa qamroviga qarab belgilangan. Katta madrasalarda har bir guruhda 5-10 nafardan 20 nafargacha talaba tahsil olgan.
O‘quv dasturlari uch qismga bo‘lib o‘rgatilgan: diniy adabiyotlar, umumtaʼlim fanlar va maxsus pedagogik fanlar. Madrasaning o‘quv kursi, odatda, “Avvali ilm” deb nomlangan fors tilidagi o‘quv qo‘llanmasini o‘zlashtirish bilan boshlangan. Madrasalarda to‘liq kursni o‘qib tugatish uchun talabalardan falsafa va huquq fanlariga oid taxminan 137 ta darslik-qo‘llanmani o‘zlashtirish talab etilgan. Bu darsliklarning aksariyatini Markaziy Osiyolik allomalarning asarlari, jumladan, Imom Buxoriy va Iso Termiziylarning hadis to‘plamlari, Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-tavhid”, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Al-hidoya fi sharh al-bidoya”, Umar Qazviniyning “Ar-risola ash-shamsiya fil qavoid al-mantiqiyya”, Abdurahmon Jomiyning “Al-favoid ad-diyoiya”, Mahmud ibn Ahmad Mahbubiyning “Viqoyat ar-rivoya fi masoilil Hidoya”, Ubaydulloh ibn Masʼud Mahbubiyning “An-nuqoya” kabi asarlari tashkil etgan.
Bundan tashqari, talabalar qiziqishlari va mudarrislarning salohiyati hamda mavjudligiga qarab, handasa, tibbiyot, kimyo, jo‘g‘rofiya, tarix, adabiyot, aruz ilmi, meʼmorchilik (arxitektura) asoslari, xattotlik, musiqa, matematika, mantiq, astronomiya, arab adabiyoti, etika, notiqlik sanʼati va gigiyena kabi fanlardan ham bilim olishgan. Masalan, Miri Arab madrasasida tahsil olib, shu yerda tib ilmidan saboq bergan olim Ahmadxon ibn Ismoilxon ham dorishunoslikka oid “Qarabodin Tayloqiy” va shogirdi Abul Baqo Maxzum ibn domlo Ernazar mudarris “Hujjatu-l-labib” nomli asarlarini taʼlif etishgan. “Qarabodin Tayloqiy” nomli risolada Miri Arab madrasasida ikkita hujra aynan bemor davolashga ajratilgani, unda muallif – Ahmadxon ibn Ismoilxon bemorlarni davolagani yozilgan. Bu haqda “Buxoro madrasalari tarixidan: Ahmadxon ibn Ismoilxon merosi” nomli kitobda to‘liq maʼlumot berganmiz.
Afsuski, sho‘rolar davriga kelib, 1920-1930 yillarda “madaniy inqilobchilar” tomonidan madrasalarning ko‘pchiligi buzib tashlandi. Omon qolgan ayrim maktab va madrasalar birin-ketin yopila boshladi. Vaqf mulklari madrasalar tasarrufidan olinib, ularning faoliyatiga nuqta qo‘yildi. Keyinchalik, yaʼni XX asrning 40 yillaridagi siyosiy vaziyat tufayli ichki siyosatda dinga nisbatan baʼzi yengilliklar berishga harakat qilindi. Buning natijasida 1945 yil 10 oktyabrda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi qoshida diniy madrasa ochilishiga ruxsat berildi. Yuqoridagi buyruq asosida 1945 yil 29 noyabrda Diniy boshqarma ixtiyoriga ikkita diniy muassasa ochilishiga ruxsat berilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinib, Toshkent shahridagi Baroqxon va Buxoro shahridagi sobiq Miri Arab madrasasi faoliyatiga ruxsat berildi. Miri Arab madrasasi 1946 yilda 30 ta talaba bilan, Baroqxon madrasasi esa 1956 yildan o‘z faoliyatini boshladi. Bu ilm maskanidan islom dini ravnaqiga sezilarli hissa qo‘shgan mashhur ulamolar yetishib chiqqan. Ular orasida rossiyalik Ravil Gaynutdin, boshqirdistonlik Talgat Tojuddin, chechenistonlik Ahmad Qodirov, ozarbayjonlik Olloshukur Poshshozoda, qirg‘izistonlik Kimsanboy Abdurahmonov hamda turkmanistonlik Nasrulloxon Ibodulloyev kabilar ilm olganlar.
Shuningdek, bilim yurtini ochilishiga sababchi bo‘lgan muftiy Eshon Boboxon, muftiy Eshon Ziyovuddinxon va zamonamizning taniqli ulamolari Abdulg‘ani Abdullayev, Muxtorjon Abdullayev, Yusufxon Shokirov, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Fozil qori Sobirov, Rahmatulla qori Obidov, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon Alimov, Abdulg‘afur Razzoqov va respublikamizdagi imom-xatiblarning aksariyati ham madrasaning faxriy talabalaridan bo‘lganlar.
Hozirgi kunga kelib Miri Arab madrasasida 4 yil davomida diniy fanlar bilan bir qatorda umumtaʼlim fanlari ham o‘qitiladi. Bilim yurtida 30 nafar maʼlumoti oliy va malakali o‘qituvchi-mudarrislar 130 ga yaqin talabalarga dars berib kelmoqdalar. Madrasada talabalarning ilm olish va yashashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Bilim yurti talabalari kompyuter xonasi, fan kabinetlari va madrasa kutubxonasida saqlanayotgan qadimiy boy madaniy va maʼnaviy merosimiz hisoblangan qo‘lyozma va toshbosma kitoblardan foydalanadilar. Uzoq tuman va boshqa viloyatlardan kelgan talabalar yotoqxona bilan taʼminlangan.
Madrasani bitirganlarga islomshunos, imom-xatib va arab tili o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha shahodatnoma beriladi. O‘z ilm saviyasini oshirishni istagan talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori (2003 yil 22 avgust)ga asosan davlat oliy taʼlim tizimida o‘qishni davom ettirish huquqi berilgan.
Lobar Asrorova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Manbalar xazinasi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Milliarder sahoba haqlarida eshitganmisiz
Bu sahobiyning ismlari Abdurahmon ibn Avf bo‘lib, Banu Zuhra urug‘idan bo‘lganlar. Kunyalari Abu Muhammad edi. Makkada peshqadamlardan bo‘lib Islom diniga kirganlar. Rivoyatlarda fil yilidan o‘n yil keyin tug‘ilganlari aytiladi. Ikki marta hijrat qilganlar. Birinchisi Habashistonga, ikkinchisi Madinaga. Badr va boshqa barcha janglarda ishtirok etganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinada u kishini asnorlardan Sa’d ibn Rabiy’ roziyallohu anhu bilan birodar qilib qo‘yganlar. Qahramonimiz Ibn Avf roziyallohu anhu “Asharai mubashshara” (tirikligida jannatga kirishini eshitgan) lardan edilar.
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu baland bo‘yli, oppoq chehralariga biroz qizil aralashgan, go‘zal yuzli, keng yelkali bo‘lganlar.
Sa’d ibn Robiy’ roziyallohu anhu u kishi bilan aka-uka tutinganlaridan so‘ng “Men ansorlarning orasida moli ko‘p odamman. Molimning yarmini sizga beraman…” deganlar. Shunda Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu “Alloh taolo sizning molingizga va ahlingizga baraka bersin! Menga bozorni ko‘rsatib qo‘ying!” deydilar. Sa’d roziyallohu anhu u kishiga bozorni ko‘rsatib qo‘yadilar. Keyin qahramonimiz bozorda savdo ishlarini yo‘lga qo‘yib, tez orada boyib ketganlar.
Boyliklari juda ko‘p edi. Hatto rivoyatlarda kelishicha, Shomdan Madinaga yetti yuz tuyadan iborat karvon kirib kelar, o‘sha karvon Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuga tegishli bo‘lardi.
Imom Buxoriy rahimahulloh “Tarix” kitoblarida keltirishlaricha, Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu Badrda qatnashib, o‘sha paytda hayot bo‘lib turgan sahobalarning har birlariga to‘rt yuz dinor, mo‘minlarning onalarining har birlariga ko‘p miqdorda mol berishni vasiyat qilgan ekanlar. Hatto Oisha onamiz roziyallohu anho “Alloh uni salsabil bulog‘idan sug‘orsin” deb duo qilgan ekanlar.
U kishi vafot etganlarida, qoldirgan boyliklari 3 103 000 000 (uch milliard bir yuz uch million) dinor bo‘lgan ekan. 1 dinor — 4.365 gramm oltindir. Mazkur dinorlarni dollarga aylantirsak, 528.2 mlrd.$ bo‘lar ekan.
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu qullari bilan birga ovqatlanardilar. Tanimagan odam u kishini qullari orasidan ajrata olmasdi. Shuncha boyliklari bo‘lsa ham u kishi o‘ta kamtar edilar. Kekkayish, o‘zini katta olish, moli bilan, obro‘si bilan maqtanish ularga yot edi.
Sahobai kiromlar Nabiy sollallohu alayhi vasallam madrasalarining peshqadam talabalaridir. Pulning ko‘p yoki ozligi ularning fazilatlariga soya solmagan. Doim insoniylikning yuksak namunasini ko‘rsatib boraverishgan.
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu hijriy 32-yilda, Usmon roziyallohu anhuning xalifalik paytlarida vafot etganlar. Taxminan yetmish besh yil umr ko‘rganlar.
Alloh taolo u kishidan va barcha sahobalardan rozi bo‘lsin!
Интернет маълумотлари асосида Нозимжон Ҳошимжон тайёрлади.
Sizni ushbu maqola ham qiziqtirishi mumkin
So‘nggi yuklangan mavzular
Ko‘p o‘qilgan mavzular
Bo‘limlardan birini tanlang
Sahobalarning martabalari va fazilatlari
Musulmonlar barcha sahobalar avliyolarning peshqadami, muttaqiylarning saralari, mo‘minlarning eng go‘zal namunasi hamda Payg‘ambarlardan keyin insoniyatning eng afzali ekanliklariga ittifoq qilishgan. Darhaqiqat, sahobalar Payg‘ambarlarning eng afzali va so‘nggisini ko‘rganlari, yengil va og‘ir kunlarda ham u Zotning yonlarida turishgani hamda Alloh yo‘lida mollari va jonlarini sarf etishgani uchun mana shunday maqomga erishishgan. Hatto ular yaxshilarning eng yaxshisiga, yashagan zamonlari esa eng afzal zamonga aylandi. Sahobalar Islom ustunini barpo etdilar va din qasrini bezadilar. Shirk arqonini butunlay uzdilar. Islom dinini butun olamga yoydilar. Ular insoniyatning eng fahmi o‘tkir, ilmi chuqur, iymoni mustahkam hamda xulqi va amali eng go‘zali edilar. Ular Nabiy alayhissalomning qo‘llarida tarbiya topgan edilar. Nubuvvatning eng sof bulog‘idan suv ichib, Qur’onning nozil bo‘lishiga bevosita guvoh bo‘lgan edilar. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Alloh taolo bandalarining qalblariga nazar soldi. Qalblar orasida Muhammadning qalbi eng yaxshi qalb bo‘lib chiqdi.
Uni O‘zi uchun tanlab oldi va uni O‘zining risolati bilan yubordi. Keyin U Zot Muhammadning qalbidan keyin yana bandalarining qalblariga nazar soldi va eng yaxshi qalb sahobalarning qalblari ekanini bildi. Shuning uchun ularni O‘z Payg‘ambarining dinni himoya qilish uchun kurashadigan vazirlari qildi». Ahmad rivoyati. Kim Payg‘ambar alayhissalom bilan suhbatdosh bo‘lsa yoki musulmon bo‘lib u Zotni ko‘rsa, sahobalardan sanaladi. Sahobalarning fazilatlari borasida ko‘plab oyatlar va sahih hadislar vorid bo‘lgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Muhojirlar va ansorlarning dastlabki peshqadamlari hamda ular ortidan ezgulik bilan borganlardan Alloh rozi bo‘ldi, ular ham Undan rozi bo‘ldilar. Yana ular uchun ostida anhorlar oquvchi, (ular) unda abadiy mangu qoladigan jannat (bog‘)larni tayyorlab qo‘ydi. Ana o‘sha ulkan yutuqdir» (Tavba, 100). Boshqa bir oyatda U Zot quyidagicha marhamat qiladi: «(Ey Muhammad!) Darhaqiqat, Alloh mo‘minlardan – ular daraxt ostida Sizga bay’at (qasamyod) qilayotgan vaqtlarida – rozi bo‘ldi. Bas, U ularning dillaridagi narsa (sadoqat)ni bilib, ularga xotirjamlik tushirdi va ularni (Haybar jangidagi) yaqin g‘alaba bilan mukofotladi. (Ular) oladigan ko‘pdan-ko‘p o‘ljalar bilan ham (mukofotladi). Alloh qudratli va hikmatli zotdir» (Fath, 18-19). Hudaybiya sulhi tuzilgan yili musulmonlar Rasul alayhissalom huzurlariga bir-bir kelib bay’at, ya’ni qasamyod qilganlar. Shu bay’at «Rizvon bay’ati» deyiladi. Bay’at qilgan erkak va ayol musulmonlarning adadi 1300, 1400, 1500 kishi edi, degan rivoyatlar bor. U daraxtning nomi Samura yoki Sidra. Mazkur daraxtni musulmonlar tabarruk qadamjo sifatida ziyorat qilishga ruju qo‘yganlari sababli Umar roziyallohu anhu shirkka aylanib ketishidan qo‘rqib, uni joyidan oldirib tashlaganlar. Ular haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Daraxt ostida bay’at qilganlardan hech kim do‘zaxga kirmaydi». Alloh taolo sahobai kiromlar haqida yana quyidagi oyatlarni ham nozil qilgan: «Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz» (Oli Imron, 110). Alloh azza va jalla muhojir va ansor sahobalar haqida ham ushbu oyatni nozil qildi: «(U o‘ljalar yana) o‘z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan kambag‘al muhojirlarnikidir, zero ular Allohdan fazl va rizolik istaydilar hamda Alloh va Uning Payg‘ambariga yordam beradilar. Aynan o‘shalar (iymonlarida) sodiqdirlar. Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va iymonni saqlaganlar (ansorlar) esa o‘zlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suygaylar va dillarida ularga berilgan narsa (o‘ljalar) sababli hasad sezmaslar hamda o‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o‘z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar (oxiratda) najot topuvchidirlar»(Hashr, 8-9). Boshqa bir oyatda sahobalar bunday vasf etiladi: «Muhammad Allohning Rasulidir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku’ va sajda qilayotgan hollarida ko‘rarsiz. Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir» (Fath, 29). Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ummatimning eng yaxshisi mening asrimda yashaganlaridir. Keyin ulardan keyin yashaganlar, keyin ulardan keyin yashaganlardir». Imron roziyallohu anhu aytadilar: «O‘zlarining asrlaridan keyin ikkita asrni aytdilarmi yoki uchtanimi bilmayman». Buxoriy rivoyati. «Sahihayn»da Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Sahobalarimdan hech birini so‘kmanglar. Chunki agar birortangiz Uhud tog‘idek tillani infoq qilsa ham, ulardan birining bir mud yoki uning yarmi miqdoridagi infoqining darajasini topa olmaydi». Dunyodagi barcha yaxshilik sahobalar odat qilgan narsalardir. Alloh taolo O‘zining Kitobini saqlashni va’da bergan. Ushbu va’da sahobalar vositasida amalga oshdi. Bir guruh sahobalar o‘zlarini sunnat omonatiga baxshida etdilar. O‘sha sunnatni yodlash va yoyish uchun yer yuzining hamma tomonlarini bosib o‘tdilar.
Ba’zilari esa o‘zlarini xalifalik, rahbarlik, kurash va boshqa ishlarga baxsh etdilar. Ayrimlari o‘zlarini insonlarni Islomga qiziqtirish, unga nisbatan qalblarda muhabbat uyg‘otish ishlariga baxshida etdilar. Alloh taolo ularning vaqtlariga baraka berdi. Ular yashagan yuz yil ichida boshqalar million yilda ham amalga oshirolmaydigan ishlar amalga oshirildi. Ular barcha yaxshiliklarda insonlarning yo‘lboshchisi, peshqadami edilar. Ular kurash maydonida ham, da’vat maydonida ham, saxovat va infoq maydonida ham, ibodat va toat maydonida ham barchaga o‘rnak edilar. Alloh ularning barchalaridan rozi bo‘lsin. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga urushlarda, dinni yoyishda, ilm-ma’rifat tarqatishda va boshqa barcha ishlarda bemisl yordamchi bo‘ldilar. O‘zlarini Alloh yo‘lida fido qilishga bay’at berdilar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xandaqqa chiqdilar. Muhojir va ansorlar havo sovuq bo‘lishiga qaramasdan chuqur qaziyotgan edilar. Ularda bu ishni qilib beradigan qullar yo‘q edi. U Zot sahobalarning og‘ir mehnat va ochlikdan qiynalayotganlarini ko‘rib: «Ey Alloh, albatta, haqiqiy hayot oxirat hayotidir. Ansor va muhojirlarni mag‘firat et», deb duo qildilar». Buxoriy rivoyati. Sahobalar Nabiy alayhissalom bilan ko‘rishish baxtiga muyassar bo‘lgan zotlardir. Shuning uchun ham ularning qalblari u Zotning muhabbatlari va ta’zimlari bilan to‘lgan edi. Ali roziyallohu anhudan «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatingiz qanday?» deb so‘ralganida, «Allohga qasamki, u Zot bizga mollarimizdan, bola-chaqalarimizdan, ota-onalarimizdan hamda tashna odamning muzdek suvga bo‘lgan muhabbatidan ham sevimliroqdirlar», deb javob berganlar.
Makkaliklar qo‘lida asir bo‘lib turgan Zayd ibn Dasina roziyallohu anhuni Makka ahli o‘ldirish uchun Haramdan tashqariga chiqarayotganlarida Abu Sufyon ibn Harb hali mushrik edi. U Zayd roziyallohu anhuga dedi: «Ey Zayd, agar Muhammad hozir sening o‘rningda asir bo‘lsa-yu, biz uning bo‘yniga qilich ursak, sen esa oilang bag‘rida bo‘lishni istaysanmi?» dedi. Zayd roziyallohu anhu: «Allohga qasamki, Muhammad alayhissalomga hozirgi turgan joyida bir tikan kirib aziyat berishini, men esa oilam bag‘rida bo‘lishimni aslo istamayman». Shunda Abu Sufyon: «Men Muhammadning sahobalari uni yaxshi ko‘rishganidek boshqa hech kim birovni yaxshi ko‘rganini ko‘rmadim», dedi. Sahobalar o‘zlari, mollari borasida hukm qilishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga topshirishgan. Ular shunday deyishgan: «Mana bu mollarimiz oldingizda turibdi. Bularni xohlaganingizdek tasarruf qiling. Nafslarimiz ham sizning izmingizda. Agar bizni dengizga boshlab borsangiz, u yerga ham borib, sizning oldingizda, ortingizda, o‘ng tarafingizda va chap tarafingizda turib urushamiz». Amr ibn Oss roziyallohu anhu dedilar:«Hech kim menga Rasulullohdan ko‘ra sevimliroq emas. Mening ko‘zimga hech kim u Zotdan ko‘ra ulug‘roq bo‘lib ko‘rinmaydi. U Zotni qattiq sevganim va hurmat qilganim uchun chehralariga tikilib qaray olmayman. Agar mendan birov u kishini vasf qilib berishimni so‘rasa, bunga toqatim yetmaydi. Chunki u Zotga tikilib qarashga bardoshim yetmaydi». Biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarini yaxshi ko‘ramiz. Ulardan birortalarini yaxshi ko‘rishda dangasalik qilmaymiz, kamchilikka yo‘l qo‘ymaymiz. Ularning birortalaridan ham uzoqlashmaymiz. Barchalarini faqatgina yaxshilik bilan yodga olamiz.
Sahobalarning hech birlarining adolati haqida so‘ralmaydi, tekshirilmaydi. Ulardan rivoyat qilingan narsa bosh ustiga qabul qilinadi. Zero ularning barchalari adolatli, rostgo‘y, ishonchli zotlardir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilinadi: «Iymonning belgisi ansorlarni yaxshi ko‘rish, nifoqning belgisi ansorlarni yomon ko‘rishdir». Buxoriy rivoyati. Boshqa bir hadisda bunday deyiladi: «Ansorlarni faqatgina Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmagan kimsagina yomon ko‘radi». Muslim rivoyati. Sahobalarning afzali xulafoi roshidin, keyin jannatga kirishi bashorat qilinganlarning qolgan a’zolaridir. Bu borada Payg‘ambar alayhissalom bunday deb marhamat qilganlar: «Payg‘ambardan keyin bu ummatning eng yaxshisi Abu Bakr va Umar». Boshqa bir hadisda: «Mendan keyin mana bu ikkisiga, ya’ni Abu Bakr va Umarga ergashinglar», deyilgan. «Sahihi Muslim»da ushbu rivoyat keltiriladi: «Nabiy alayhissalomning sahobalari safarda edilar. U Zot: «Agar Abu Bakr bilan Umarga itoat qilsangizlar, to‘g‘ri yo‘lni topasizlar», dedilar». Muhammad ibn Hanafiyadan rivoyat qilinadi, u kishi otalari Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga dedilar: «Ey otajon, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin insonlarning eng yaxshisi kim?» U zot:«Bilmaysanmi, ey o‘g‘ilcham?!» dedilar. O‘g‘illari: «Yo‘q» dedilar.
Shunda Hazrati Ali: «Abu Bakr» deb javob berdilar. Alloh taolo Abu Bakr roziyallohu anhuning fazilatlari haqida bir qancha oyatlarni nozil qildi. Jumladan, U Zot shunday marhamat qiladi: «Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo‘lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag‘firatli va rahmlidir» (Nur, 22). Bu oyat Abu Bakr roziyallohu anhu xususida nozil bo‘lgan. Oysha onamiz to‘g‘risida bo‘hton to‘qiganlarga qo‘shilib ketganlardan biri Abu Bakr roziyallohu anhuning xolavachchasi Musattah edi. U Badr jangida qatnashgan bo‘lib, o‘zi miskinlikda yashardi. Abu Bakr roziyallohu anhu uning bu ishidan keyin zinhor moddiy yordam bermaslikka qasam ichadi. Payg‘ambar alayhissalom oyatni unga o‘qib berganlarida undagi savolga:«Yo‘g‘-ye, Allohning mag‘firat qilishini istayman», – deb yana qarindoshiga yordam berishni davom ettirgan ekan. Abu Bakr roziyallohu anhu haqlaridagi keyingi oyat quyidagicha: «Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O‘zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovlari g‘orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: «Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!» – degan edi» (Tavba, 40). Albatta, bu oyatdagi ikki kishining biri Abu Bakr roziyallohu anhudirlar. Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: «Menga hech bir mol Abu Bakrning molichalik foyda bermagan».
Bu gapni eshitgan Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladilar va: «Men ham, molim ham Siznikidir, ey Allohning Rasuli!» dedilar. Umar roziyallohu anhu haqlarida ham ko‘p hadislar vorid bo‘lgan. Bir hadisda shunday deyiladi: «Shayton sen yurayotgan ko‘chadan emas, balki boshqa ko‘chadan yuradi». Yana bir hadisda bunday deyilgan: «Sizlardan oldingi ummatlar orasida sofdil va rostgo‘y odamlar bo‘lishgan. Agar mening ummatim orasida ham biror kishi sofdil va rostgo‘y bo‘ladigan bo‘lsa, bu albatta, Umar ibn Xattobdir». Muslim rivoyati. Qolaversa, Umar roziyallohu anhu ilhom sohibi edilar. ya’ni u kishining ko‘plab fikrlari Qur’on oyatlariga muvofiq kelar edi. U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ayollarni o‘rantirish borasida nasihat qilganlar. Yana Payg‘ambarimizga: «Ey Allohning Rasuli, Ibrohim alayhissalomning maqomlarini namoz o‘qiydigan joy qilib olsangiz, yaxshi bo‘lardi», deganlar. Badrda asir tushgan mushriklar borasida ham Umar roziyallohu anhu maslahat berganlar. Natijada Alloh taolo u kishining so‘zlarini tasdiqlab oyatlar nozil qilgan. Bundan tashqari, Alloh taolo Umar roziyallohu anhuning qo‘llari bilan ko‘p o‘lkalarni fath etdi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga urushda ishlatish uchun kiyimlarining bir chetida ming dinor olib kelib, u Zot alayhissalomning qo‘ynilariga to‘kdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishi olib kelgan dinorlarni qo‘ldan o‘tkaza turib: «Bugundan keyin Affon o‘g‘liga qilgan amali zarar bermaydi», deb marhamat qildilar. Bu gapni bir necha marta takrorladilar. Nabiy alayhissalom Haybar g‘azotida Ali roziyallohu anhu haqlarida shunday dedilar: «Ertaga bayroqni bir odamga beraman. Alloh uning qo‘li bilan ushbu diyorni fath etadi. Uning o‘zi Allohni va Rasulini yaxshi ko‘radi. Alloh va Rasuli ham uni yaxshi ko‘radi». Odamlar tuni bilan bayroq kimga berilishini o‘ylab mijja qoqmay chiqdilar. Tong otgach, hammalari bayroqni olish umidida Rasulullohning oldilariga bordilar. Shunda Rasululloh sollalahu alayhi vasallam «Ali qayerda?» deb so‘radilar.
Sahobalar: «Ko‘zi og‘riyapti», deyishdi. Rasululloh u Zotning ko‘zlariga muborak tupuklaridan surtib qo‘ydilar va Allohdan shifo tilab duo qildilar. Natijada Hazrati Alining ko‘zlari xuddi og‘rimagandek tuzalib qoldi. Shundan keyin Payg‘ambar alayhissalom bayroqni Ali roziyallohu anhuga berdilar. Bayroqni qabul qilib olgan Hazrati Ali karramallohu vajhahu dedilar: «Ular bilan to ular ham biz kabi bo‘lgunlaricha urushaman». Shunda Nabiy alayhissalom: «Shoshma, o‘zingni bos, avval ularning vodiysiga tush. Keyin ularni Islomga da’vat qil. Ularga nimalar vojibligini tushuntir», dedilar. Ha, azizlar, sahobalarning barchalari jannat ahlidirlar. Alloh taolo aytadi: «Sizlardan (Makka) fath bo‘lishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar bo‘lmagay. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan ulug‘roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go‘zal (mukofot – jannat) va’da qilgandir. Alloh qilayotgan (barcha) amallaringizdan xabardordir» (Hadid, 10). Payg‘ambar alayhissalom barcha sahobalari haqida shunday deganlar: «Mening sahobalarim yo‘lchi yulduz kabidirlar. Ularning qay birlariga ergashsangiz, to‘g‘ri yo‘lni topasiz». Sahobalarning fazlini, darajasini bitta misol bilan tushuntirib, so‘zimizga yakun yasaymiz. Dunyodagi eng buyuk avliyo, Allohning do‘sti eng quyi martabadagi sahobaning urushda mingan otining tuyog‘idagi changiga ham teng emas. Alloh barcha sahobalardan rozi bo‘lsin. Bizlarga esa ularga ergashib yashashni nasib aylasin, omin!
Manbalar asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi