O‘g‘ilni o‘g‘il va qizni qiz etib tarbiyalash san ati: muammo, mushohada, yechim
15. Tajriba vaqt o`tishi bilan har ishda qo`l kelishini tushuntiring
O`g`il tarbiyalayotgan onalarga 20 maslahat
O`g`il bolani tarbiyalash osonmas, deyishadi bilganlar. Bundan qiz bola tarbiyalash oson ekan-da, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim. Shunchaki, o`g`il bolalar tarbiyasining ayrim o`ziga xos jihatlari bor.
Demak, o`g`il o`stirayotgan onalar qo`yidagilarga e`tibor berishlari kerak.
1. Hislari haqida gapirishga o`rgating
Hammaga emas, faqat bir kishiga aytsin. Shu inson siz bo`ling. Shundagina u odamlarga ishonadi, o`z tuyg`ularini chuqurroq anglaydi va yurak xastaliklaridan uzoqroq yuradi.
2. Nimaiki yangi ish boshlamasin, qo`llab turing
O`g`il bolaning eng katta boyligi va yutug`i – o`ziga ishonch tuyg`usi. Hozircha u o`ziga ishonchni siz orqali oladi, qilayotgan ishlariga onasining nazari bilan baho beradi.
3.Mehnatga o`rgating
Hozir ularda g`ayrat ko`p, bekor o`tirgandan bekor ish qilsin. Mayli, uyda ish topilmasa qo`shnisiga qarashsin.
4. Birgalikda kitob o`qing
Bu kitobni o`qigansiz, endi o`g`lingiz o`qib chiqishini istayapsiz. Ammo siz istaganingiz uchungina o`qimaydi u. Kitobga qiziqishi kerak. Birga o`qiymiz, desangiz albatta qiziqadi.
5. Qiziqishlarini bo`g`mang
Mayli, u “ketka”lar yig`ib, butun uyga sochib tashlasin yoki to`p o`rniga “baklajka” tepib, quloqni qomatga keltirsin. Kim biladi, siz bo`lajak ustomon broker yoki mashhur futbol yulduzini tarbiyalayotgandirsiz?!
6.Erkaklardan kimgadir taqlid qilishiga qo`yib bering
Otasi, Messi yoki Betmen – farqi yo`q. Alpomishga taqlid qildirolsangiz qani edi. Bu zotlar o`g`lingiz oldiga qo`ygan marradir.
7. Ayollarni hurmat qilishga o`rgating
Singlisini turtish, bog`chasidagi qizlarning sochidan tortish – bularning bari mumkin emasligini avval tushuntirish, bu ish bermasa, jazolash orqali bolaning ongiga singdirilishi kerak.
8.O`zingiz hurmatga loyiq ayol bo`ling
Bolani qarg`ash, unga baqirish, birovlarni yomonlash, nomaqbul so`zlarni aytish, aldash. Xullas, bularning baridan tiyilishga harakat qiling. Unutmang, siz uning uchun dunyodagi eng mehribon va chiroyli ayolsiz. Shu martabadan o`zingizni o`zingiz tushirib qo`ymang.
9. Odob-ahloq qoidalarini o`rgating
Dasturxonga kattalardan avval qo`l uzatmaslik, o`zidan kattalarga joy berish, qoshiqni to`g`ri ushlash – bu mayda-chuydalarni bee`tibor qoldirmasangiz kelajakda xalqdan duo olib keladigan o`g`ilning onasiga aylanasiz.
10.Biron narsaga ishonsa, ishonchini sindirishga shoshilmang
Masalan, Qorboboga, Hizr buvaga, sehrli tayoqcha yoki qalpoqchaga. Bularning bari ezgulikka hizmat qiladigan obrazlar.
11.Ba`zan muloyim bo`lish ham kerak.
O`g`il bola yumshoq supurgi emas, bu to`g`ri. Biroq o`rni kelganda muloyimlik, ya`ni diplomatiya bilan ishini bitirish mumkinligini ham bilsin.
12. Kiyimlarini iflos qilishga haqqi borligini unutmang
Axir u o`g`il bola! Bo`lmasa, qanday koptok tepadi, qumdan chiroyli uylar quradi yoki velosiped uchishni o`rganadi?
13. Birga tez-tez sayrga chiqing
Uydan tashqarida, yumushlardan holi ona-bola bir-biringiz bilan suhbatlashasiz, uning savollari ham boshqacha tus oladi.
14. Boshqalarga yordam berishga o`rgating
Sen birovga yordam bersang, boshqalar kun kelib, senga yordam berishadi. Shu aqidani bolaning ongiga singdiring. Shundagina unda odamlarga yaxshilik, savob ishlar qilishga ehtiyoj paydo bo`ladi.
15. Tajriba vaqt o`tishi bilan har ishda qo`l kelishini tushuntiring
Biron narsani uddalay olmasa, bu bilmaslikdan emas, tajribasizlikdan. Vaqti bilan tajriba paydo bo`ladi va u ishni eplab ketadi. Asosiysi, tajriba orttirishdan charchamasin.
16. “Nega?”larini javobsiz qoldirmang
Ba`zan bolajonlar shu so`zni o`yinchoqdek o`ynashayotgan va sizning sabringizni sinayotgandek tuyulishi mumkin. Aslida, unday emas. Savol bermay qo`yishidan Xudo asrasin. Bu kichkintoyning ongi rivojlanmayotgani belgisidir.
17. Otasi bilan tez-tez holi qoldiring
O`g`il bola emosional jihatdan ko`proq onaga bog`langan bo`lsa-da, ruhan va ma`nan otasi ta`siridadir. Ota bilan yolg`iz qolgan o`g`lingiz o`zini bo`lajak erkak sifatida his qiladi.
18. Birgalikda qasrlar quring
Mayli qumdan yoki xayoliy. Bunyodkorlik, yaratuvchanlik, ixtirolarga intilish aynan ana shu kichik “quruvchilik”dan boshlanadi.
19. Vaqti-vaqti bilan bir quchib, yaxshi ko`rishingizni aytib qo`ying
Muhabbat bilan bolani buzib bo`lmaydi. Aksincha, u farzandingizning qalbida mehr daraxtining ko`karishiga sabab bo`ladi.
20. Doim uydan madad olishiga erishing
Shunda ko`cha handon, uy zindon erkakka aylanmaydi.
Shahnoza To`raxo`jaeva tayyorladi.
O‘g‘ilni o‘g‘il va qizni qiz etib tarbiyalash san’ati: muammo, mushohada, yechim
Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.
. يَهَبُ لِمَن يَشَآءُ إِنَٰثٗا وَيَهَبُ لِمَن يَشَآءُ ٱلذُّكُورَ ٤٩
أَوۡ يُزَوِّجُهُمۡ ذُكۡرَانٗا وَإِنَٰثٗاۖ وَيَجۡعَلُ مَن يَشَآءُ عَقِيمًا .. ٥٠
«U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur. Yoki ularni juftlab o‘g‘il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur. » (Shuro surasi, 49-50-oyatlar).
Insonga hamma narsani faqat Alloh taolo berishining yorqin namunasi farzand masalasida ko‘rinadi. Ayni shu masalada inson o‘zining ojizligini his etadi. O‘z xohishiga ko‘ra biron narsani bor qila olmasligini, Alloh taoloning madadi va inoyatiga muhtoj bo‘lib turishini anglab yetadi. Shu bilan birga barcha ne’matlar kabi farzand ne’mati ham Alloh taolo tarafidan O‘z bandasiga berilgan omonat ekanligini va uning muqobilida buyuk mas’uliyat borligini his etadi. Aynan ana shu mas’uliyatni ota-ona o‘z qaramog‘i ostida bo‘lgan farzandlariga nisbatan qay darajada ado etayotganliklariga qarab, Alloh taoloning huzurida mukofotlanadi yoki jazolanadi.
Oyati karimaga e’tibor beradigan bo‘lsak, unda Alloh taolo xohlagan bandasiga qiz va xohlagan bandasiga o‘g‘il yoki ularni juftlab o‘g‘il-qiz qilib berishini aytyapti. Albatta, farzandlarning o‘g‘il-qiz yoki ularning juft qilib berilishida hikmatlar ko‘p. Shulardan biri o‘g‘il bolani haqiqiy o‘g‘il bola qilib tarbiyalash, qiz bolani esa haqiqiy qiz bola qilib tarbiyalash kerak ekanligiga ham ishora bor. Zotan, ota-onaning farzandlar oldidagi mas’uliyatlaridan biri ham ularning sof o‘g‘il bola yoki sof qiz bolalik tabiatlarini nafaqat saqlab qolish, balki rivojlantirishlari ham kerakligidir. Aksincha, ularning barcha ta’lim va tarbiyalari kabi o‘g‘ilu qizlariga e’tibor bermasa, shunga yarasha muomala va munosabatda bo‘lmasa, omonatga xiyonat qilgan bo‘ladi.
Xiyonatkorlik esa qanchalik katta gunoh ekanligi hammamizga ma’lum. Xossatan, Alloh taolo sof tabiat ila bergan o‘g‘il-qizlarga to‘g‘ri tarbiya bermaslik bilan xiyonat qilish hech qachon jazosiz qolmaydi. Shu dunyoning o‘zida ham farzandlari tufayli yuzi qaro bo‘lib, xalq ichida bosh ko‘tara olmay qoladi. Oxiratda esa qanday uqubatlarga qolishi ma’lumdir.
Shuning uchun ham shariatimizda o‘g‘il bolalarni o‘ziga xos bo‘lgan ta’lim va tarbiya bilan parvarish qilib, kelajakda bir oilaning rahbari, yurtining qo‘riqchisi bo‘lishiga sababchi bo‘lish, qiz bolalarni esa o‘ziga xos bo‘lgan ta’lim va tarbiya bilan parvarish qilib, kelajakda bir uyning bekasi, xonadonning barakasi bo‘lishiga sababchi bo‘lish kerak. Buning uchun esa barcha ko‘rsatmalar mavjuddir.
Ya’ni, Alloh taolo insonni ikki jins sohiblari – erkak va ayol qilib yaratar ekan, ularning har birini o‘ziga xos biologik hamda psixologik jihatlar bilan farqli qilib qo‘ygan. Zohiran qaraganda, erkak bilan ayol umuminsoniylikda bir xildir. Lekin o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarda esa ikkalasi ikki olamdir. Masalan, erkaklarning butun jismi, ruhoniyati, his-tuyg‘ulari, fe’l-atvorlari, yurish-turishlari, muomala-munosabatlari, eng kichik hujayralaridan tortib, asab tolalarigacha – hamma-hammasi ayollarnikidan tubdan farq qiladi. Hattoki, ularning tirnoqlarida ham bir-biridan farq bordir.
Erkaklarda fazilat bo‘lgan ba’zi bir sifatlar ayollar uchun nuqson sifat yoki illat bo‘lishi mumkin. Masalan, erkaklarning muomaladagi bir oz qo‘pol va dag‘alliklari, jismonan baquvvat, ruhan tetik bo‘lishi, ba’zi bir hodisalarga sovuqqonlik bilan qarashlari, tovushlari va gapirish ohanglarining yo‘g‘on hamda qat’iyligi, biror muammoni hal qilishda shoshmasdan ko‘p o‘ylab, fikrlashlari va hokazolar ayollar uchun illatdir. Aksincha, ayollardagi muomalada o‘ta muloyim bo‘lish, jicmonan latif, ruhan nozik bo‘lish, atrofda bo‘layotgan hodisalarga sergaklik va qiziquvchanlik bilan qarash, tovush va gapirish ohanglari ingichka hamda yoqimli bo‘lishi, biror muammoni hal qilishda ko‘proq aqlga emas, balki hissiyotga berilish va hokazolar erkaklar uchun noqisligu illatdir. Shuning uchun ham shariatimizda bolalarning yoshlik chog‘laridanoq o‘g‘il yoki qizligiga qarab, tarbiyasiga alohida e’tibor berish tavsiya qilinadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar:
عَلِّمُوا اَبْنَاءَكُمْ السِّبَاحَةَ وَالرَّمَي ، وَالْمَرْأَةَ الْمِغْزَلَ (رواه البيهقى)
«Farzandlaringizga suzish, kamon otish va ayollarga kasb-hunarni o‘rgatinglar» (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Demak, o‘g‘il bolalarning haqiqiy o‘g‘il bola bo‘lib tarbiyalanishi uchun ularning tabiati va hissiyotlariga mos bo‘lgan narsalar bilan mashg‘ul bo‘lishlarini ota-onalar ta’minlashlari kerak. Mazkur ta’limotlarga amal qilgan xalqimiz azal-azaldan o‘g‘il bolalar uchun alohida o‘yinlar va qiz bolalar uchun alohida o‘yinlarni joriy qilgan. Masalan, o‘g‘il bolalar yog‘och va loydan toychoqlar yasagan, ularni minish, egarlash, hattoki ularga yem-xashak berib, sug‘orishlargacha o‘rgangan. O‘g‘il bolalarning o‘zaro bir-birlari bilan o‘ynaydigan o‘yinlari ham ot-ulovlarga bog‘liq bo‘lgan. Yoki o‘qotar qurollarning o‘yinchoqlarini o‘ynash, qilich chopish, kamondan o‘q-yoy otish, har xil harbiy o‘yinlarni ifoda etadigan o‘yinchoq askarlar, samolyot, tank, mashina va yana shunga o‘xshash narsalarni o‘ynash bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Qiz bolalar esa (asli shariatimizda qo‘g‘irchoq yasash va uni o‘ynash mumkin bo‘lmasa ham) qo‘g‘irchoq o‘ynash, uni cho‘miltirish, sochini o‘rish, kiyintirish, yo‘rg‘aklash, beshigiga bog‘lash, unga alla aytib uxlatish, uni taomlantirish, bundan tashqari, uy-ro‘zg‘or jihozlaridan yasalgan o‘yinchoqlar: idish-tovoq, choynak-piyola, non yopish uchun kerak bo‘ladigan jihozlar, o‘qlov, chekich, tikish-bichishga taalluqli bo‘lgan jihozlardan tashkil topgan o‘yinchoqlarni o‘ynash bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Eng asosiysi xalqimizning urfida qiz bolalar bilan o‘g‘il bolalarning yoshlik chog‘laridanoq birga o‘ynashlari uchun ruxsat berilmagan. Balki ularning tabiat va ruhiyatlari turli-tuman bo‘lganligi sababli ularning alohida-alohida o‘zlariga xos bo‘lgan mashg‘ulotlar ila shug‘ullanishlarini ta’minlagan. Chunki ularning birgalikda bir o‘yinni o‘ynashlarida har ikkalasiga ham sekin-astalik bilan o‘zlariga xos bo‘lgan tabiatlariga zarar yetishi va bu illat ularning yoshi kattalashgani sari yiriklashib borish xavfi bor.
Shuning uchun ham ulug‘larimiz bolalar 8–10 yoshga yetganlarida ularning yotoqxonalarini alohida-alohida qilib ajratishni tavsiya qiladilar. Chunki bolalar bu yoshga yetganlarida ulardagi o‘g‘il va qiz bolalik xususiyatlari yaqqol ajrala boshlaydi. Agar shu yoshda ham ular bir-birlaridan ajratilmasa, ularning fe’l-atvorlari, yurish-turishlari, hattoki muomala-munosabatlarida ham chalkashlik, aralash-quralashlik yuzaga chiqadi. Bu esa har ikkalasi uchun ham eng buyuk musibatdir. Chunki bu holatda har ikkalasini ham asl sof tabiati buzilib, ular mazkur buzuqlikni yutuq va faxr deb tushunadigan bo‘lib qoladilar.
Shariatda xilqat jihatidan erkak va ayollikni o‘zida mujassam qilgan jins egalari «xunasa» deyiladi. Bularni esa tashqi ko‘rinishidan erkak yoki ayolligini ajratib bo‘lmaydi. Chunki ularda har ikkala jins egalariga ham o‘xshashlik taraflari bo‘ladi. Alloh taolo goho jinsi aniq bo‘lmagan insonlarni qanchalik xunuk va beo‘xshov ekanligini ko‘rsatish uchun ibrat tariqasida ko‘rsatib qo‘yadi.
Hozirgi davrimizga kelib esa barcha sohalarda misli ko‘rilmagan darajada o‘zgarish, yangilanish va musobaqalashish avj olgani kabi insonlar o‘zlarining tashqi ko‘rinishlari, hattoki tabiatlarini ham sun’iy holda o‘zgartirishga mubtalo bo‘ldilar. Avvallari orlik va xorlik hisoblangan illatlar hozirga kelib obro‘ va faxrlanish vositasiga aylandi. Oldinlari bir shahar yoki yurtda sanoqligina xilqat jihatidan tabiiy xunasalar bo‘lsa, hozirga kelib, sun’iy holatda o‘z xohishi ila xunasa bo‘layotganlar qanchadan-qancha. Albatta, buning sabablari ko‘p.
Eng birinchi o‘rinda diniy savodsizlik.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ : لَعَنَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم الْمُتَشَبِّهِينَ مِنْ الرِّجَالِ بِالنِّسَاءِ ، وَالْمُتَشَبِّهَاتِ مِنْ النِّسَاءِ بِالرِّجَالِ . رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ والترمذي
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam erkaklardan ayollarga o‘xshashga uringanlarni va ayollardan erkaklarga o‘xshashga uringanlarni la’natladilar» (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Erkaklarning ayollarga o‘xshashga urinishi yurish-turishda, gap-so‘zda va kiyimda bo‘ladi. Ayollarning erkaklarga o‘xshashga urinishlari ham xuddi shunday. Bu ishni qilganlar esa Islomda la’natlanadi.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ : لَعَنَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم الْمُخَنَّثِينَ مِنْ الرِّجَالِ ، وَالْمُتَرَجِّلاتِ مِنْ النِّسَاءِ ، وَقَالَ : « أَخْرِجُوهُمْ مِنْ بُيُوتِكُمْ » فَأَخْرَجَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم فُلاَناً ، وَأَخْرَجَ عُمَرُ فُلانًا . رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ والترمذي
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinchalish erkaklarni va erkak sifat ayollarni la’natladilar hamda:
«Ularni uylaringizdan haydab chiqaringlar», dedilar.
Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam falonchini haydab chiqardilar. Umar falonchini haydab chiqardi» (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
«Xotinchalish erkak» deganda ayollarga o‘xshab yurishga, gapirishga, kiyinishga harakat qiladigan erkaklar ko‘zda tutiladi.
Shuningdek, «erkaksifat ayollar» deganda ham sun’iy ravishda erkaklarga o‘xshab kiyinadigan, gapiradigan va yuradigan ayollar nazarda tutiladi. Shim kiygan ayollar yana la’natga qolmoqdalar. Hozirda ayollarning o‘zlariga atalgan shim chiqqan bo‘lsa, ulamolar uni keng kiyimning ichidan kiyishga ruxsat berganlar.
Endi o‘zingiz ayting-chi, mazkur ma’lumotlardan xabardor bo‘lgan biror musulmon yoki muslima Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning la’natlariga qolishdan qo‘rqmaydimi?
Agar qo‘rqmasdan mazkur gunohni sodir etsalar, ularning dunyo va oxiratlari kuyib ketmaydimi?
Dunyosining kuyishi – «xotinchalish erkak», «erkaksifat ayollar», umumiy aytganda esa xunasa deyilishi, bundaylar bilan hech kim oila qurmasligi, mahallaga qo‘shila olmasligi, qavm-qarindoshlardan ayrilishi, do‘st va ulfatlari bo‘lmasligi, ota-onalariga oq bo‘lib, ularning bellari bukilib, sochlari oqarib, yuzlariga erta ajin tushishiga sabab bo‘lishidir.
Oxirati kuyishi esa – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning la’natlariga duchor bo‘lganligi tufayli Alloh taoloning la’natiga ham duchor bo‘lib, abadul-abad jahannamda kuyishiga sababchi bo‘lishidir.
Ikkinchi: ko‘r-ko‘rona taqlid.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
قال النبي صلى الله عليه وسلم: من تشبه بقوم فهو منهم
«Kim o‘zini bir qavmga o‘xshatsa, bas, u o‘sha qavmdandir», deganlar.
Mazkur illat, avvalo, G‘arbda paydo bo‘lib, bir necha o‘n yillar davomida rivojlanib, alal-oqibat ularning ajralmas urfiga aylandi. Bu illat G‘arbda ham boshlangan paytida ko‘pgina qarshiliklar, e’tirozlarga uchrab, hattoki ma’lum bir jazolarga ham tortilib, xalq o‘rtasida sharmanda ham qilingan. Lekin «demokratiya», «globallashuv», «hurriyat», «jinsiy inqilob» va nihoyat, hozirgi kunga kelib «ommaviy madaniyat» bayrog‘i ostida sekin-sekin rivojlana bordi. Albatta, o‘z o‘rnida bu illatga xayrixoh bo‘lganlar, uni moddiy-moliyaviy tarafdan qo‘llab-quvvatlab turuvchilar, siyosiy tarafdan himoya qiluvchilar ham topildi. Chunki ba’zi shaxslar, jamoa va guruhlar o‘zlarining g‘arazli g‘oyalaru rejalarini mazkur illatlar soyasida rivojlantirib, butun dunyo xalqlariga yoyib, uning natijasida har taraflama manfaat ko‘rishni maqsad qildilar. Va ularning maqsadlari keng miqyosda yoyilib, ildiz otib, kundan-kunga quvvatlanib borishiga esa ko‘r-ko‘rona taqlid qiluvchilar beminnat xizmat qilib boryaptilar. Aslida esa mazkur g‘oyalarni «ommaviy madaniyat» bayrog‘i ostida tarqatayotganlarning haqiqiy basharalarini ko‘rganlarida edi.
Yurtimizning ba’zi yoshlari nafaqat ularga taqlid qilish, balki ularning nomini eshitishdan ham xazar qilishlari mumkin edi. Ming afsuslar bo‘lsinki, sirtidan rohatu farog‘at, kayfu safo, zamonaviylik va moda bo‘lib ko‘rinayotgan narsalar aslida shaytonning nag‘malari bo‘lib, jahannamga da’vatdir. Shu ma’lumotlarni bilgan yoshlarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz o‘zlarini o‘shalarga o‘xshatishlari mimkinmi?
Uchinchi: sharoit va muhit.
Insonning hayotida uning yashab turgan joyidagi sharoit va muhit katta ahamiyatga ega. Qolaversa, atrofida bo‘layotgan har xil hodisa va voqealar ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bunda esa hozirgi kunda matbuot, televedeniye, telefon va internet aloqa vositalari asosiy vazifani bajaradi. Ming afsuslar bo‘lsinki, aslida insoniyatning ma’naviyati, ilm-ma’rifati, ta’lim va tarbiyasi uchun cheksiz xizmatlar qilish imkoniyatlariga ega bo‘lgan taraqqiyot va kashfiyotlarning samarasi o‘laroq dunyo yuzini ko‘rgan mazkur jihozlardan asosan ma’naviyatsizlik, axloqsizlik, madaniyatsizlik hamda insoniylikka to‘g‘ri kelmaydigan narsalarni tarqatishda unumli foydalanilmoqda. Bu borada san’at ahli bo‘lmish qo‘shiqchilar va kino yulduzlari asosiy rollarni o‘ynaydi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki oynai jahonda ko‘rsatilayotgan filmlarni ko‘z oldingizga keltiring, unda bosh rol ijrochilarining erkak yoki ayolligini ham ajrata olmay qolasiz. Chunki ularning kiyim-boshi, soch turmaklari, pardoz-andozlari, yurish-turishlari deyarli bir xil. Ertalabdan kechgacha yoki tundan tonggacha berilayotgan konsertlarni aytmaysizmi?
Avvallari qo‘shiqchilar erkak va ayollarga bo‘linar edi. Ular har taraflama bir-biridan farqlanib turardi. Hozirda esa deyarli ularning o‘rtasida farq yo‘q. Raqsga tushishlaridan tortib, ovozi, yurish-turishi, yuz, ko‘z, qosh, lab va qo‘l-oyoqlarining harakatlari-yu liboslarigacha bir xil. Ya’ni, bir-biridan bachkana. Hattoki oila davrasida, xossatan farzandlar ishtirokida umuman tomosha qilishning imkoniyati yo‘q. Oynai jahonning o‘zida ularni tanqid qilishga atalgan qanchadan-qancha ko‘rsatuvlar efirga uzatilayotgan bo‘lsa-da, lekin nimagadir natijasi ko‘zga ko‘rinmayapti.
Ming afsuslar bo‘lsinki, aksariyat yoshlar o‘zlari uchun namuna sifatida aynan ulardan andoza oladilar. Misol uchun kollej yoki oliygohlarning talabalari o‘rtasida “Siz uchun namuna bo‘lgan inson kim?” degan savol bilan so‘rovnoma o‘tkazilsa, talabalarning 70 foizdan ortig‘i, albatta, biror qo‘shiqchi, aktyor yoki sportchining nomini aytadi. “Buning nimasi yomon?” deyishingiz mumkin. Sababini esa yuqorida aytib o‘tdik.
Eng achinarlisi, nima uchun yuqoridagi savolga “Men uchun namuna bo‘lgan inson ota-onam, ustozim yoki falon kashfiyotchi, ixtirochi”, deb javob berishmaydi? Chunki yoshlarimiz ilm-ma’rifat, ota-onalarning xizmati, yurt uchun kashfiyot va biror ixtiro qilishdan ko‘ra yengil-yelpi hayot tarzi bo‘lmish o‘yin-kulguni afzal ko‘radi. Natijada esa o‘zini ana shunday insonlarga o‘xshatishga harakat qilib, ulardek beo‘xshov kiyimlar kiyadi, pardoz-andoz qiladi va hattoki muomalalarida ham ularga ergashadi.
To‘rtinchisi: hamrohlar.
Ulug‘larimizning “Do‘stingning kimligini aytsang, sening kimligingni aytaman”, degan hakmatli so‘zlari bor. Undan tashqari, “Jins – jinsi bilan, kabutar – kabutar bilan, g‘oz – g‘oz bilan”, degan naql ham bor.
Shuning uchun ham xalqimizda doimo farzandlar tarbiyasida ularning kimlar bilan do‘st va hamroh bo‘layotganligiga qattiq e’tibor beriladi. Aks holda, har qanday tarbiyali xonadonning farzandi betarbiyalar bilan hamroh bo‘lganligi tufayli kelajakda ota-onasining yuzini yerga qaratib qo‘yishi muqarrar.
Asarlarda: “Suhbat ta’sir qiluvchidir”, deyilgan.
Voqelikda ham buning isboti nihoyatda ko‘p. Hozirgi kundagi eng katta musibatlardan biri bo‘lmish biz so‘z yuritayotgan illatda ham aynan shuning ta’siri bor. Chunki farzandlarimiz yoshligidan, oliy o‘quv yurtini tamomlaguncha o‘g‘il bola bilan qiz bola doimo birga bo‘lishi, birga o‘tirishi, birga ovqatlanishi, birga biror mashg‘ulotga qatnashishi, birga dam olishi ayni haqiqatdir. Natijada ularning bir-birlariga nisbatan ta’sirlari urib, o‘g‘il bolalar qiz bolalarga o‘xshash rang-barang kiyinadigan, pardoz-andoz qiladigan, sochlarini o‘stirib, yuzlariga oro beradigan (ba’zilari hattoki qoshini teradigan), tilla zanjir osib, uzuk taqadigan bo‘lishgan. Qizlar esa o‘g‘il bolar kabi shim, futbolka yoki tor sport kiyimlarini kiyib, sochlarini kesib, kerak bo‘lsa, o‘g‘il bolalarga xos bo‘lgan harakatlarni qiladigan bo‘lishgan. Mazkur illatlarga mubtalo bo‘lganlar asosan o‘zlarining tashqi ko‘rinishlari va liboslariga bino qo‘yadilar. Shuning uchun quyida libos haqida ham qisqacha ma’lumot keltirib o‘tamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
قَالَ رَسُولُ اللهِ: الْبَسُوا مِنْ ثِيَابِكُمُ الْبَيَاضَ فَإِنَّهَا مِنْ خَيْرِ ثِيَابِكُمْ
رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ
«Kiyimlaringizdan oqini kiying. Albatta, ular kiyimlaringizning xayrlisidir», dedilar» («Sunan» egalari rivoyat qilganlar).
Abu Rimsa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Otam bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallam tomon yurib bordim. U zotning ustilarida ikki yashil rangli burdani ko‘rdim» («Sunan» sohiblari rivoyat qilganlar).
Yashil rang chiroyli bo‘lishi bilan birga ko‘zga ham foyda berar ekan. Ahli jannatning kiyimi yashil rangda bo‘lishi ham bejiz emas.
Mazkur ikki hadisi sharifda erkaklar uchun eng mahbub va maqbul bo‘lgan kiyimlarning rangi bayon etilgan. Demak, erkaklar uchun rang-barang kiyinish va boshqa hadisi shariflarga muvofiq ipak, shoyi, yana o‘ta latif bo‘lgan kiyimlarni kiyish man etilgan. Balki o‘rtacha qalinlik va dag‘allikda bo‘lishi ma’qul ko‘rilgan.
عَنْ أَنَسٍ قَالَ: نَهَى نَبِيُّ اللهِ أَنْ يَتَزَعْفَرَ الرَّجُلُ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Allohning Nabiysi sollallohu alayhi vasallam erkak kishi za’faron chaplab olishidan nahiy qildilar» (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Sharh: ushbu rivoyatdagi za’faron chaplashdan murod, badanga va kiyimga yoki ikkisidan biriga chaplashdir. Za’faron sariq rangli bo‘lib, u rang boshqa dindagilarning shiori, alomat-belgisi bo‘lganidan shundoq nahiy bo‘lgan, bundan tashqari qip-qizil kiyim kiyish ham mumkin emas, deydilar ulamo ahli.
لَقَدۡ خَلَقۡنَا ٱلۡإِنسَٰنَ فِيٓ أَحۡسَنِ تَقۡوِيمٖ ٤
«Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik». (Tiyn surasi, 4 oyat).
Demak, inson Alloh taolo yaratgan mavjudotlarning ichida shakl-shamoilda eng go‘zalidir. Ushbu go‘zallikni yanada mukammallashtirish uchun Alloh taolo boshqa mavjudotlardan farqli o‘laroq, insonlarga ziynat qilib libos kiyib yurmoqlikni buyurgan. Va uning qonun-qoidalarini shar’iy jihatdan belgilab bergan. Kimki mazkur shariat qoidalariga rioya qilmasdan kiyinadigan bo‘lsa, Alloh yaratgan go‘zal suratni o‘zining qo‘li ila sun’iy holda o‘zgartirgan bo‘ladi, natijada dunyodagi eng xunuk mavjudotga aylanadi.
يَٰبَنِيٓ ءَادَمَ خُذُواْ زِينَتَكُمۡ عِندَ كُلِّ مَسۡجِدٖ . ٣١
«Ey Odam bolalari, har bir ibodat chog‘ida o‘z ziynatingizni oling» (A’rof surasi, 31-oyat).
Mazkur oyati karimada Alloh taolo insonlarga avratlarini berkitib yurishlikni buyurishlik bilan birga libosni ziynat deb atadi. Haqiqatan ham libos o‘z o‘rnida ziynat, qolaversa, insonning tanasidagi nuqsonlarini berkitib turuvchi, uni issiq va sovuqdan himoyalovchi, boshqa mavjudotlardan farqini va afzalligini ko‘rsatib turguvchi vositadir. Undan tashqari, libos insonning jinsini (erkak va ayolligini), qaysi yurt, millat va elat hamda qanday din vakili ekanini, hattoki uning yosh-keksaligini, maqomu martabasini, boy va kambag‘alligini, qaysi soha vakilligini bildirib turuvchi omildir. Shundan kelib chiqqan holatda har bir soha vakillarining, xossatan erkak va ayollarning o‘zlariga xos va mos tashqi ko‘rinishlari (kiyimlari) bo‘lishi kerak. Aks holda, libos o‘zining vazifasini bajarmagan bo‘lib, uni kiyuvchisining xalq oldida sharmanda, Allohning huzurida esa osiy bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.
«Ommaviy madaniyat» bayrog‘i ostida yurtimizga suqilib kirib kelgan bunday illatlardan qutilmog‘imiz uchun barchamiz birgalikda yuqorida zikri sabablarga qarshi kurashishimiz kerak. Bu borada Alloh taolo barchamizga O‘zi yordamchi bo‘lsin. Omin.
Ishoqjon BeGMATOV,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi
O’g’il bolalar kiyimi
O’zbek oilasining asosiy o’ziga xos xususiyatlari mehmondo’stlik va yoshi kattalarga an’anaviy hurmat-ehtiromli muomala qilishdir. O’zbeklar odatda bir nechta avlodlardan iborat bo’lgan katta oilalar tarkibida yashaydi, shuning uchun ular ko’proq hovlisi bo’lgan katta uylarni yoqtirishadi. Maishiy hayotida mehmondo’stlikning bir qismi bo’lgan choyxo’rlik marosimi katta ahamiyatga ega bo’ladi. Bunda choy damlash va uni mehmonlarga quyib berish faqat mezbonning mutlaq huquqi bo’ladi. Tushlik yoki kechki ovqatga takliflarni doimo qabul qilish va o’z vaqtida kelish qabul qilingan. Mehmonga kelayotganda o’zi bilan birga mezbonning bolalari uchun suvenirlar yoki shirinliklarni olgan yaxshi. Odatda faqat erkaklar bilan qo’l berib so’rashishadi. Ayollar hamda uzoqroq o’tirgan kishilar bilan o’ng qo’lini yuragiga qo’yib, boshini ohista egib salomlashish lozim. Qo’l berib so’rashish paytida an’anaga ko’ra kishining salomatligi, ishda va uydagi ishlari ahvoli to’g’risida so’raydilar. Qishloq joylarda mehmon kelgan paytda ayollar odatda erkaklarning suhbatiga xalal bermaslik uchun ular bilan bir dasturxonga o’qtirmaydilar. Ayollarning go’zalligiga qoyil qolish va ularga jiddiy e’tibor berish qabul qilinmagan. Turar joy xonasiga kirishda poyafzal yechiladi. Mezbon ko’rsatadigan o’ringa o’tirish kerak. Bunda ushbu joy kirishdan qanchalik uzoqda bo’lsa, shunchalik hurmatli bo’ladi.
O’zbek xalqining urf-odatlari asrlar bo’yi o’zbeklar millatining tashkil etopishida ishtirok etgan barcha qabilalar va elatlarning madaniy malakalari va an’analarining uyg’unlashuvidagi murakkab jarayonlar oqibatida tarkib topgan. Ular o’ta o’ziga xos, yorqin va turli-tuman bo’lib, urug’chilik patriarxal munosabatlaridan kelib chiqadi. Urf-odatlarning ko’pchiligi oilaviy hayotga oid bo’lib, bolaning tug’ilishi va tarbiyasi (beshik to’yi, xatna qilish), nikoh (fotiha to’yi, to’y) bilan bog’liq bo’ladi. Ko’pincha ular islom urf-odatlarining sehrgarlik amaliyoti bilan bog’liq bo’lgan undan ham qadimiyroq shakllarga uzviy kirib ketishini namoyon etadi. Islom qabul qilinganidan beri ko’pgina oilaviy-maishiy urf-odatlar uning ta’sirida o’zgargan, o’zbeklarning hayotiga musulmon diiy marosimlari kirib kelgan. Juma kuni bayram kuni hisoblanadi va shu kuni barcha yig’iladigan masjidda umumiy namoz (duo) o’qiladi. Patriarxal urf-odatlar masjid, choyxonalar, bozorda o’tadigan hamda faqat erkaklar ishtirok etadigan ijtimoiy hayotda hozirgacha ham yashamoqda.
Beshik to’yi
Beshik to’yi – chaqaloqni birinchi marta beshikka solish bilan bog’liq bo’lib, nishonlanadigan marosimli bayramdir. Bu eng qakdimgi va O’zbekistronda eng keng tarqalgan marosimlardan biri. Odatda bu to’y chaqaloq tug’ilishining 7-, 9-, 11- kuni o’tkaziladi. Turli viloyatlarda marosim o’zicha xususiyatlarga ega bo’ladi va oilaning boyligi darajasiga bog’liq bo’ladi: o’ziga to’q oilalar odatda bu to’yni katta ko’lamda o’tkazadi, kambag’al oilalar esa uni kamtarona nishonlaydilar. Beshik va chaqaloq uchun barcha zarur andomlar chaqaloq onasining qarindoshlari tomonidan beriladi. Dasturxonga non, shirinliklar va o’yinchoqlar o’rab beriladi. Chaqaloqning ota-onasiga, uning bobo-buvilariga sovg’alar tayyorlanadi. Boy bezatilgan beshik, dasturxonlar va sovg’alar transport vositasiga qo’yilib, mehmonlar bilan birgalikda, karnay-surnay va nog’ora sadolari ostida chaqaloqning ota-onasi uyiga jo’natiladi. An’anaga ko’ra olib kelingan beshikni avval chaqaloqning bobosi o’ng yelkasiga qo’yadi, keyin o’g’lining o’g’ yelkasiga uzatadi, u esa beshikni chaqaloqning onasiga beradi. O’tmishda mehmonlarning barcha niyatlari toza va yaxshi bo’lishi uchun ular yuziga oq un surar edilar. Mehmonlar mehmonxonaga yasatilgan dasturxonga taklif etiladi va mehmonlar ovqatlanib, sozandalarni tinglab, bazm qilib o’tirgan paytda qo’shni xonada kampirlarning ishtirokida bolani yo’rgaklash va beshikka solish marosimi o’tkaziladi. Marosim oxirida mehmonlar bolani ko’rish uchun oldiga kiradilar, unga sovg’alarni beradi va beshikning ustiga parvarda yoki qand sepadilar. Shu bilan marosim tugab, mehmonlar uy-uylariga qaytadilar.
Xatna qilish
Xatna qilish to’yi – islom tomonidan muqaddas deb e’zozlangan yana bir qadimiy o’zbek odatidir (sunnat to’yi). Bu marosim o’g’il bolalar uchun 3, 5, 7, 9 yoshga kirganda, kamdan-kam hollarda 11-12 yoshda o’tkaziladi. Sunnat to’yining o’tkazilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi. O’g’il bolaning tug’ilgan paytidan boshlab uning ota-onasi asta-sekinlik bilan kerakli narsalarning hammasini sotib olib, sunnat to’yiga tayyorgarlikni boshlaydilar. Ko’pincha oddiygina «to’y» ham ataladigan marosimning o’tkazilishidan bir necha oy avval unga bevosita tayyorgarlik boshlanadi. Qarindoshlar va qo’shnilar ko’rpalarni tikishda, to’y sovg’alarini tayyorlashda yordam beradilar. Bularning hammasi ko’p bolali onalarga topshiriladi. To’ydan avval mahallada yashovchi oqsoqollar, masjidning imomi va qarindoshlarning huzurida Qur’on o’qiladi. Dasturxon yoziladi. Shundan keyin Qur’ondan suralar o’qiladi va oqsoqollar o’g’il bolaga duo o’qiydilar. Shundan so’ng katta «to’y» boshlanadi. «To’y» dan avval bolaga qo’shnilar, oqsoqollar, qarindoshlarning oldida sovg’alarni, zar tikilgan kiyimlarni kiydirishadi. O’tmishda toychoqni sovg’a qilish rasm bo’lgan edi, bolani endilikda u jangchi bo’lganligini bildirib, unga bolani o’tqazar edilar. Hamma o’g’il bolani tabriklab, unga pul va shirinliklar sepadi, keyin bularning hammasi ichkarida, ayollarning xonalarida davom etadi. Shu kunning o’zida ayollaring davrasida «taxurar» – ko’rpalar, yostiqlarni supaga taxlash marosimi o’tkaziladi, buni odatda ko’p bolali ona bajaradi. Marosimni mo’l-ko’l dasturxon, jumladan bayram oshi tamomlaydi. An’anaga ko’ra oshdan keyin kechqurun hovlida katta gulxan yoqiladi va odamlar gulxan atrofida o’ynaydilar, turli o’yinlarni uyushtiradilar. Ertasiga bayram davom etadi.
Fotiha to’yi
Nikoh ota-onalarning ruxsati va duosi bilan, bir necha bosqich qilib o’tkaziladi. O’g’il voyaga yetganda ota-onasi unga mos keladigan qizni izlay boshlaydilar. Bu jara1yonga yaqin qarindoshlari, qo’shnilari, oshnalari ham kirishadi. Qizni topgandan keyin yigitning xolalari yoki ammalari qizning uyiga uni ko’rish, ota-onalari bilan va ehtimoliy kelinning uydagi ahvoli bilan tanishish uchun biror bahona bilan kiradilar. Shundan so’ng qo’shnilari va tanishlari tanlangan qizning oilasi haqida surishtiradi. Ijobiy javob olingan holda uyga sovchilar yuboriladi. Sovchilikning asosiy marosimlaridan biri fotiha to’yidir. Sovchilar fotiha qilinadigan kunni belgilaydilar. Shu kuni qizning uyida atrofdagi taniqli oqsoqolar, mahalla oqsoqoli, qizlar yig’iladi. Sovchilar o’zining kelish maqsadini bayon etganlaridan keyin «non sindirish» marosimi boshlanadi. Shu paytdan boshlab yoshlar bir-biri bilan bog’langan, fotiha qilingan deb hisoblanadi. Fotiha to’yi nikoh tuziladigan va to’y o’tkaziladigan kunni tayinlash bilan tugaydi. Sovchilardan har biriga ichita ikkita non, shirinliklar bo’lgan dasturxon beriladi, shuningdek qiz tomonidan yigitga va unning ota-onalariga sovg’alar berib yuboriladi. Sovchilar kuyovning uyiga qaytganidan keyin ularning qo’lidan sovg’alar qo’yilgan patnislarni olib, «sarpo ko’rar» marosimini boshlaydilar. Dasturxon odatda ko’p bolali ona tomonidan ochiladi. Barcha yig’ilganlar kelining uyidan keltirilgan pishiriqlar, shirinliklardan bahramand bo’ladilar. Fotiha to’yidan boshlab va to to’yning o’zigacha yoshlarning ota-onalari qalin, sep masalalarini va to’y tantanasi bilan bog’liq tashkiliy masalalarni hal etadilar. To’ydan bir necha kun avval qiznikida «qiz oshi» marosimi o’tkaziladi, unga qiz o’zining yaqinlari va o’rtoqlarini taklif etadi.
Nikoh marosimi an’anaviy tarzda o’zbeklarning hayotida nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo’oladi va ayniqsa tantanali nishonlanadi. Umumiy xususiyatlari bo’la turib, u turli viloyatlarda o’zgacha tusda bayram qilinadi. Nikoh marosimining asosiy payti kelinning ota-onasining uyidan kuyovning uyiga o’tishi paytidir. To’y kuni kuyovnikida to’y oshi (palov) tayyorlanadi va kelinnikiga yuboriladi, u yerda u dasturxonga tortiladi. Xuddi shunday osh kuyovning uyida ham o’tkaziladi. To’y kuni masjidning imomi ikki yoshga «Xutbai nikoh» ni o’qiydi, shundan so’ng ular xudo oldida er-xotin deb e’lon qilinadi. Imom yoshlarga er va xotinning huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi. Odatda nikoh o’qilganidan so’ng yoshlar o’zining fuqarolik nikohini qayd etish uchun ZAGS ga boradi. To’y kuni kelinnikida kuyovga sarpo (to’yga sovg’a qilingan kiyimlar va poyafzal) kiydiriladi, shundan so’ng kuyov o’z oshnalari bilan kelinning ota-onasi huzuriga salom berish uchun boradi. Kuyovning oshnalari bilan qaytganidan so’ng kelin ham keladi. Kuyovning uyiga yuborishdan avval kelinnikida ota-ona bilan xayrlashish marosimi bo’lib o’tadi. Kelin bilan birga yaqin o’rtoqlari ham boradi. Ular qo’shiqlarni aytadilar («O’lan» va «Yor-yor» qo’shiqlari). Kelinni kuyovning uyida kutib olishdan haqiqiy to’y boshlanadi. To’y tugaganidan keyin kuyov kelinni ikki yosh uchun ajratilgan xonaning eshigigacha kuzatadi. Xonada kelinni «yanga» (odatda kelinga yaqin bo’lgan bir ayol) kutib oladi, kelin boshqa kiyim kiyadi va chimildiq (go’shanga) ortida turib, kuyovni kutib olishga tayyorlanadi. Bir qancha vaqtdan keyin kuyov oshnalari bilan birga xonaga yaqin keladi va yangia bilan birga uni kelin kutib turgan gushanga oldiga boradi. Kelinning oldiga kirish uchun u kelinni yangadan ramziy sotib olishi lozim, ular savdolashadi. Shundan keyin kuyov-kelin tuni bilan birga qoladilar. Ertalab azonda «Kelin salom» marosimi boshlanadi. Marosim boshlanishiga yaqin hovlida kuyovning ota-onasi, barcha yaqin qarindoshlari, kuyovningoshnalari va yaqin qo’shnilari yig’iladi. Ularning hammasi navabti bilan kelinning oldiga kelib, o’zining tilaklari, sovg’alari va duolarini baxshida etadi. Kelin har bir kishiga beligacha egilib salom berishi lozim. Shu tariqa bayram tugab, oilaviy hayot boshlanadi.
Ertalabki osh
Ertalabki osh marosimi to’y (sunnat to’yi yoki nikoh to’yi) va aza ma’rakasida (o’limidan keyin 20 kun hamda bir yildan keyin) o’tkaziladi. To’yni o’tkazuvchilar ertalabki oshning kuni va vaqtini avvaldan mahalla yoki kvartal qo’mitasining jamoatchiligi bilan kelishgan holda belgilaydilar. Shu kunga qarindoshlar. qo’shnilar va tanishlariga taklifnomalar yuboriladi. Bir kun oldin kechqurun «sabzi to’g’rash» marosimi o’tkaziladi, unga odatda qo’shniar va yaqin qarindoshlar keladilar. Sabzi to’g’rab bo’linganidan keyin barcha ishtirokchilar dasturxonga taklif etiladi. Odatda sabzi to’g’rashga artistlar ham chaqiriladi. Ovqatlanish paytida oqsoqollar kelganlar o’rtiasida ishlarni taqsimlaydilar. Ertalabki osh bomdod namoziningtugashi paytigacha tayyor bo’lishi lozim, chunki namozdan chiqqan kishilar birinchi mehmonlar bo’ladi. Ertalabki namoz tugagan paytda karnay-surnay va nog’ora ovozlari ertalabki osh boshlanganidan xabardor etadi. Mehmonlar dasturxonga o’tirib, fotiha o’qiganlaridan keyin ularga non va choy tortiladi. Shundan keyingina laganlarda ikki kishiga birlagan hisobidan osh olib kelinadi. Ovqatdan keyin laganlar olib quyiladi, mxmonlar yana fotiha o’qib, mezbonga minnatdorchilik bildirib ketadilar. Ular ketganidan keyin dasturxon tezgina yangi mehmonlarning tashrifi uchun tuzatiladi. Ertalabki osh odatda ko’pi bilan bir yarim-ikki soat davom etadi. Shu vaqt mobaynida taklif etilgan artistlar qo’shiq aytadilar. Ertalabki osh tugaganidan keyin faxriy mehmonlarga sovg’alar – odatda choponlar (milliy erkak to’nlari) beriladi. Aza paytidagi ma’raka oshi shu bilan farq qiladiki, mehmonlar dasturxonga o’tirganlarida Qur’on suralarini o’qiydilar va o’lgan odamni xotirlaydilar. Ovqat tugaganda ham Kur’on suralari o’qiladi. Ma’raka oshida artistlar chaqirilmaydi, dasturxon bayram to’y oshiga qaraganda kamtarroq bezatiladi. Shuni aytib o’tish lozimki, bayram to’y oshi va ma’raka oshida faqat erkaklar xizmat qilib yuradi.
Eng muhim davlat bayrami – Mustaqillik kuni 1 sentyabrda tantanali nishonlanadi. Har yili 8 dekabr kuni 1992 yilda mustaqil O’zbekistonning yangi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi xotirasiga nishonlanadi. qo’pgina boshqa davlatlardagidek, 9 mayda G’alaba kuni – Xotira va qadrlash kuni nishonlanadi. Ro’za tugashi bilan bog’liq bo’lgan bayram – ramazon hayit va qurbon hayit keng bayram qilinadi. Qurbon hayit eng ahamiyatli musulmon bayramlaridan biridir. Shu kuni belgilangan marosimlar va urf-odatlarni bajarganlaridan keyin musulmonlar mehmonlarga boradi yoki o’zi mehmon kutadi, kasallar, yolg’izlarga yordam beradi, yaqinlariga rahmdillik qiladi. «Ramazon hayit» – ma’naviy va ruhiy poklanish bayrami nihoyatda go’zaldir. U islom qonunlariga ko’ra musulmon hijriy yilning 9-oyiga to’g’ri keladigan 30 kunlik ro’za tugaganda boshlanadi. Bshu bayram kunlari o’lganlarni xotirlash kasallar, qarilarni ziyorat qilish, xayriya va boshqa ezgu ishlarni qilish odat bo’lgan.
Navro’z bayrami
Eng qadimiy xalq bayrami bo’lgan Navro’z («Navro’z bayrami») 21 mart kuni, bahor kunu-tun tengligi paytida nishonlanadi. Bu tabiatning uyg’onishi, ekin ishlarining boshlanishi bayrami bo’lib, marosimlarida zardushtiylik alomatlari saqlanib qolgan. Qadimgi O’zbekistonning ziroatchilik vohalarida har bahor faslida katta sayllar, bayramona bozorlar tashkil etilgan. An’anaga ko’ra uylarda hozir ham «bo’g’irsoq» pishiriladi va marosim taomi – «sumalak» tayyorlanadi. Bayramdan keyin odatda daladagi ekin ishlari boshlangan, ularning paytida ham o’tmishda turli urf-odatlar va marosimlar bajarilar edi: dalaga chiqishdan avval ho’kizlarning shoxxlari va bo’yinlariga moy surtiladi. Birinchi egatni mahallaning eng e’tiborli va qari a’zosi o’tkazadi. Davlat mustaqilligi davri mobaynida Navro’zni nishonlash yangicha ko’lam va teranlikka ega bo’ldi. U do’stlik, barcha xalqlarning birlashuvi, aka-ukaligining umummilliy bayramiga aylandi. Yorqin rang-barang teatrlashtirilgan tomoshalarda Navro’zning falsafiy-shoirona talqini, uning xalq tarixidagi o’rni anglab ko’rsatiladi.
Mahalliy xalqlar kiyimlarining o’ziga xosligi azaldan iqlimiy, maishiy sharoitlar va urug’-qabila an’analari bilan belgilanar edi. XIX asrdayoq kiyim (to’nlar, ko’ylaklar, yaktaklar) arxaik xususiyatlarga ega edi: keng, butunligicha bichilgan, uzun kiyim bo’sh tushib turib, inson tanasining shakllarini yashirib turar edi. Kiyim bir tariqa tikilgan: erkaklar, ayollar, bolalarning kiyimlari, yozgi va qishki kiyimlar shakli va bichilishi, tikilishi o’xshash bo’lar edi. An’anaviy milliy erkak kiyimi belbog’ bilan bog’langan, qavilgan issiq to’n – chopon, do’ppi nomli bosh kiyimi va nafis charmdan tikilgan etikdan iborat edi. Erkaklar to’g’ri bichilgan yaktaklar, ostki va ustki choponlarni kiyar edilar. Chopon yengil yoki issiq, paxta qo’shib qavilgan bo’lishi mumikn edi. Chopon yonidan yurish va yerda o’tishi oson bo’lishi uchun kesiklar bor edi. Chopon odatda belbog’ – qiyiqcha ro’mollari bilan bog’lanar edi. Bayramona milliy kiyim har kungidan foydalangan matolarning go’zalligi va nafisligi, bezaklari va kashtalari kabilar bilan ajralib turar edi. Ayollarning milliy kiyimi chopon, to’g’ri bichilgan va xonatlasdan tikilgan qulay ko’ylakdan, pasti torayib boradigan keng yupqa ishton – lozimdan iborat. Ayolning bosh kiyimi uchta asosiy qismidan tarkib topgan: qalpoqcha, ro’mol va kallapo’sh. bayramona ayol kiyimi tikilgan matolarining nafisligi va chiroyliligi bilan ajralib turadi. Bolalarning kiyimlari kattalar kiyimini takrorlab edi. Umumiy xususiyatlari bilan birga har bir tuman yoki qabiladagi kiyimlar ishlatiladigan matosi, bichish shakli va usuli va shu kabilardan iborat bo’lgan farqli xususiyatlariga ega bo’lgan.
Bosh kiyim (do’ppi)
O’zbekiston xalq amaliy san’atining eng ommaviy va hamma yerda tarqalgan turlaridan biri har doim do’ppi – adrasli qattiq yoki yumshoq qalpoqcha bo’lgan edi. Do’ppi o’zbek milliy kiyimining ajralmas qismi bo’lib, o’zbek xalqining hayoti va an’analariga chuqur kirib borgan. Do’ppi (turkcha tepa so’zidan) nafaqat o’zbeklar, balki boshqa Markaziy Osiyo xalqlarining ham milliy bosh kiyimidir. Do’ppilar turlariga qarab ajratilgan: erkaklar, ayollar, bolalar uchun, qarilar uchun turlari. Keksa ayollar bu bosh kiyimni kiymaydilar. Bolalarning do’ppilari (kulohcha, qalpoqcha, do’ppi, kallapo’sh) matolarining turli-tumanligi va rang-barangligi bilan, popuk va sharchalarining kattaligi, kashtalari, zarlari va tumorlarining ko’pligi bilan farqlanadi. O’zbek do’ppilarining eng ko’p tarqalgan shakllari ozgina konussimon kabi to’rt qirrali do’ppilardir. Do’ppilar bikki yoki undan ortiq mato qatlamlaridan tikilib, ipak yoki odiiy iplar bilan qavilib, mutahkamlanar edi. Tayyor do’ppi ustidan ipak, zar yoki kumush ip bilan kashta tikilar edi. Do’ppi tikish san’atini avvaldan ayollar o’rganar edi. Do’ppilardagi eng ko’p uchraydigan naqshlarga gul naqshlari, hayot va unumdorlik ramzi bo’lgan bodom naqshi kiradi. Do’ppilarningnaqshida saqlovchi vosita deb hisoblangan ilon izi naqshi ham tez-tez tikilar edi. Geometrik shakllardagi naqshlar ham juda ommaviy edi. Turli tumanlarda yaratilgan do’ppilar o’zining shakli, naqshlari va tanlangan ranglari bilan farqlanadi. O’zbekistoning ko’pgina tumanlarida chust do’ppilari eng ko’p uchraydi. Chust do’ppilarining eng tarqalgan turi qora matodagi to’rt dona qalampir shaklidagi oq naqsh bilan tikilgan bo’lib, pasti qator joylashgan gumbazchalar bilan o’ralgan. Do’ppining uchta turi mavjud – dumaloq, to’rt qirrali dumaloq do’ppilar va cho’zinchoq qalpoqcha. Chust do’ppilari naqshining keskinligi bilan (bodom donasi to’la, mo’ylovchasi kalta va keskin burilgan)va pastki chetining balandligi bilan ajralib turadi. Farg’ona vodiysi do’ppilarining boshqa turlari – «Sandali», «Akka ikki so’m», «Chimboy», «Surkachekma» va boshqalar naqshlarining soddaligi bilan ajralib turadi. Samarqand do’ppilari «piltado’zlik» uslubiyotida bajarilgan. Do’ppilarning boshqa turlari ham bor urgutcha «qalpoq», Buxoroning zar tikilgan do’ppilari, shahrisabzcha «gilam do’ppi», Kitol va Shahrisabz do’ppilari «sanama» va «chizma», «taq’ya», «tayxa», «chumakli», «kush» – Xorazmning erkaklar va ayollar do’ppilari. Do’ppilarda eng ko’p tarqalgan naqshlar qalampirnusxa do’ppi (poklik va barcha foniy narsalardan voz kechish ramzi), xoch, patlar, bulbul, qush naqshlari (oliy donolik ramzi), atirgul shoxi (tinchlik va go’zallik ramzi), muqaddas arab yozuvlari va boshqalar uchrar edi.