Press "Enter" to skip to content

Til millat közgusi. Insho yozish

*davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

O’zbek tili davlat tili insho

Til har bir millatning koʻzgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Tilni Onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson oʻz onasini koʻrmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas. Bu fikrimizning isboti sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan soʻzlagan nutqini keltirishimiz mumkin: “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin”.

1989-yil 21-oktyabr… Aynan shu kunda oʻzbek tilining haqiqiy jozibasini anglashni boshlashga imkoniyat berildi. Oʻzbek millati uchun dunyoga tuynuk ochildi.

2020-yil 21-oktyabr… Roppa-rosa oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 31 yil toʻldi. Xoʻsh, mana shu davr mobaynida oʻzbek tilining haqiqiy jozibasi, uning goʻzalligini dunyoga tanitish uchun qanday ishlar amalga oshirildi?

Taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oʻzbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Oʻzbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan soʻng barcha davlat hujjatlari oʻzbek tilida yuritila boshlandi, gazeta va jurnallarning oʻzbek tilida chop etilishi yoʻlga qoʻyildi. 1993-yil 2-sentyabrda “Lotin tiliga asoslangan oʻzbek alifbosini tuzish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingandan soʻng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib oʻrin egallashiga yoʻl ochdi. Shu oʻrinda statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak: dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud boʻlib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida oʻzbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purmaʼno va jozibadorligining yorqin dalilidir. Rossiyalik tilshunos olima, professor A. M. Kozlyanina “Oʻzbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador” deb bejiz taʼkidlamagan edi.

Lekin, shu oʻrinda savol tugʻilish tabiiy: nahotki oʻzbek tili biror bir joyga nom qoʻyish uchun ham yaroqli boʻlmasa?! Afsus, barchamizga maʼlumki, koʻchalarda doʻkonlar, supermarketlar, turli xil ustaxona shoxobchalari, goʻzallik salonlari, turli xil osmonoʻpar binolar, bogʻchalarga qoʻyilgan nomlar oʻzbek tilida emas balki, boshqa xorij tillarida yozilganligining guvohi boʻlishimiz mumkin. Bu haqiqatni isbotlash uchun siz ulkan bir ilmiy izlanish qilishingiz shart emas, aynan koʻchaga otlanib turib, qoʻlingizga qalam va ruchka olgan holatda chiqsangiz kifoya. Naqadar achinarli holat boʻlishiga qaramay, biz bunga koʻnikib yashab kelmoqdamiz! Axir biz Oʻzbekistonda yashayapmiz-ku, nima uchun unda joy nomlarini oʻzbek tilida nomlay olmaymiz? Buning uchun kim aybdor: davlat organlarimi yoki oʻzbek millatimi? Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonda osmonoʻpar binolar qurilayotgan boʻlishiga qaramasdan, ularning nomi hali-hamon ingliz tilida ekanligi haqida bildirilgan turli xil fikrlarga duch kelishimiz mumkin. Misol uchun ularning birida yozilishicha, Toshkent shahrining markazida qurilgan “Nest one” deb nomlangan turar joy binosining nomi oʻzbek tilida emas, aynan ingliz tilida! Vaholanki, bu bino Oʻzbekistonda, aynan oʻzbeklar tomonidan (inglizlar emas!) qurilgan-ku! Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning birida yozilgan maqolada mana bu soʻzlarni ham uchratishimiz mumkin: “Xullas, bunyodkori oʻzbekmi, uning dastxati qurgan binosida yaqqol koʻrinishi kerak va bu oʻsha quruvchining oʻzligini yoʻqotmaganidan darak beradi. Dastxat avvalo nomlarda namoyon boʻladi. Ochigʻini aytganda, rasmiy matbuotda oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtiborsizlik anchagina yuqori. Yana ham aniqrogʻi, bu borada davlat muassasalari yetakchilik qilib kelmoqda. Aslida ular tilshunoslarni jalb qilib boʻlsa ham, oʻzbek tilining boyligini xalqqa namoyon etish, yangi soʻz va iboralarni oʻzbekcha talqinini joriy qilishda bosh qosh boʻlishlari kerak”.

Oʻzbek tili AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi bir qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida oʻrganilayotgan bir paytda biz qurilgan binolarimizning nomini ingliz yoki rus tillarida nomlab oʻtirganligimizni qanday tushunish kerak?!

Aynan shu yerda BMT vakillarining til borasida keltirgan faktini eslab oʻtsak: “Qachonlardir odamlar soʻzlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan boʻlsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud boʻlib, ularning 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda soʻzlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega boʻlsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida soʻzlashuvchi aholining 80 foizi hamon oʻz yozuvlariga ega emas. Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan soʻng hozir muomalada boʻlgan tillarning oʻntasidan bittasi saqlanib qolar ekan”.

Oʻzbek tili ham shunday tillar sirasiga kirishiga yana ozgina harakat qilinsa boʻldi, oʻzbek millatining koʻzgusi hisoblanmish til butunlay yoʻq boʻladi qoladi! Qurilgan binolarga boshqa tillarida nom beraversak, zamon talabi deb xodim tomonidan ishchiga ish uchun oʻzbek tilining oʻzigina kifoya ekanligini bila turib ham rus va ingliz tillarini bilishing kerak degan talab qoʻyaversak, oilada oʻzbek tili bilan bir qatorda ingliz va rus tillaridagi soʻzlarni aralashtirib ishlatishni, tilning ahamiyati haqida faqatgina Til bayrami kunida eslab oʻtsak, OAVda oʻzbek tiling buzib talqin etilgan variantidagi soʻzlar va xato yozilgan soʻzlarni ayovsiz namoyish qilishni davom ettiraversak oʻzbek tilini yoʻqotish uchun 25 yil emas, balki 10 yilning oʻzi ham kifoya qiladi.

Keling, shu oʻrinda vaziyatni huquqiy jihatdan baholaymiz.

Birinchidan, taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Reklama toʻgʻrisidagi Qonunining 5-moddasiga koʻra, davlatimiz hududida reklama davlat tilida berilishi bilan birga, reklama beruvchining xohishiga koʻra boshqa tillarda ham eʼlon qilinishi mumkin. Shu masalaga bogʻliq boʻlgan yana bir muammo bu reklama yozuv taxtalari va bannerlaridagi reklama matnlarining jiddiy xatolar bilan yozilayotganidir. Reklama matnlarini eʼtiborsizlik natijasida jiddiy xatolar bilan yozish uchun javobgarlik bormi? Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 42-moddasiga koʻra, davlat tilini mensimaganlar eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin. Ammo Kodeksda qaysi holatlar “mensimaslik” deb baholanishi mumkinligi haqida hech narsa deyilmagan. Oʻzbek tilining izohli lugʻatiga koʻra, “mensimaslik” deb “eʼtiborsizlik va past nazar bilan qarash”ga aytiladi. Davlat tili yoki boshqa tillarda yozilgan matndagi xatolarni eʼtiborsizlik deb baholash mumkin, ammo ularning “past nazar bilan qarash” maqsadida qilinganini isbotlash qiyin.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarorining 16-bandiga koʻra, “sotuvchi, tovarlar va ularni tayyorlovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xaridorlar eʼtiboriga davlat tilida yetkaziladi, shuningdek, boshqa tillarda takrorlanishi mumkin”. Lekin chakana savdo rastalarida tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xaridorlar eʼtiboriga har doim ham davlat tilida yetkazilmaydi. Masalan, pishloqning har-xil turlarini sotayotgan sotuvchi bir pishloq turi ustiga «Galanski Sir! Sveji!» deb yozib qoʻygan boʻlsa bu reklama hisoblanadimi yoki mahsulot toʻgʻrisidagi maʼlumotmi? Agar reklama hisoblansa, unda reklama davlat tilida berilishi talab etilmaydi. Agar mazkur yozuv mahsulot toʻgʻrisidagi maʼlumot deb talqin etilsa, unda boshqa til bilan birga davlat tilida ham yozilishi shart.

Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ayrim normalari buzilishiga guvoh boʻlishimiz mumkin. “Davlat tili haqida”gi qonunning 10-moddasiga koʻra, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, lekin ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin. Ammo, ayrim davlat tashkilotlarida, organlarida va muassasalarida ish yuritish davlat tilida emas, balki boshqa tillarda, jumladan rus tilida olib borilishi holati kuzatiladi. Bu, oʻz navbatida davlat tiliga boʻlgan hurmat va eʼtiborning pasayishiga sabab boʻlishi barchamizga birdek ayondir. Shuning uchun ham Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 42-moddasi “Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan boʻlsa-da, ushbu modda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik bilan bogʻliq munosabatlarni qamrab olmagan. Adliya vazirligining fikricha, bu hol baʼzi davlat organlarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilmasligiga va ish yuritish davlat tilida amalga oshirilmasligiga olib kelmoqda. Adliya vazirligi MJtKning 42-moddasiga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya yetmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi” degan toʻldirish kiritishni taklifi 2020-yilning 25-aprel sanasida OAVda maqola tarzida eʼlon qilingan boʻlishiga qaramasdan hali-hamon oʻzgartirish kiritilmaganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin.

Yuqoridagi huquqiy tahlil natijasida oʻzbek tilini rivojlantirish uchun quyidagi takliflarni keltirib oʻtamiz:

1. Ayni oʻzbek tili sohasi mutaxassislaridan Oʻzbek tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat olish tartibini ishlab chiqish; (Xuddi CEFR, IELTS yoki boshqa chet tili sertifikatlari shu til mutaxassislaridan soʻralgani kabi);

2. MJtKning 42-moddasiga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi” degan oʻzgartirish kiritish;

3. OAVda davlat tilining jozibadorligi xususidagi turli xil teledasturlar, davra suhbatlari, reklamalar, animatsion roliklar namoyish qilish; (faqatgina 21-oktyabr sanasida emas, doimiy ravishda olib borilishini taʼminlash joiz);

4. Chet el fuqarolari ishtirokida oʻzbek tilini madh etadigan xalqaro insho, tezis, maqola, ocherklar tanlovlarini tashkil qilish va ularni ragʻbatlantirish (bu taklif ham faqatgina 21-oktyabr Til bayrami kuni uchun emas, doimiy ravishda olib borilishi maqsadga muvofiq).
Xulosa qiladigan boʻlsak, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozim. Bunday vatanparvar harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq oʻzbek tilini rivojlantirishga bevosita ulkan hissa qoʻshgan boʻlamiz.

Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: «Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgʻon oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur».

Oyshajon Ametova,
TDYUU Xorijiy tillar kafedrasi oʻqituvchisi,
Shahrizoda Mamasoliyeva,
TDYUU talabasi

Til millat közgusi. Insho yozish

Til – milliy davlatchiligiga ega bo‘lgan har bir xalq suverinitetining muhim belgisi, millat ma’naviyatining ajralmas tarkibiy qismidir. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 4-moddasida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimiz hali mustaqillikka erishmasidanoq istiqlol sari muhim qadam qo‘yildi: 1989 yil 21 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu hujjat ona tilimizning qadrini mustahkamlash, faxr-iftixorimiz, g‘ururimiz timsoli bo‘lgan o‘zbek tilining mavqeini yuksaltirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Farg‘ona viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi uning mavqeini oshirib, qo‘llanish doirasi va rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi, – deydi viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yordamchisi Zokir Rahimov. – Viloyatimizda ham davlat tilining ahamiyatini targ‘ib qilish, ish va hujjatlarni davlat tilida yuritishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Shu kunlarda tashkilot va muassasalar, o‘quv yurtlari, mahallalarda til bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Farg‘ona davlat universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika institutlarida o‘zbek tilining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan an’anaviy konferensiyalar tashkil etilmoqda. Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Ona tili – davlat tili”, “Odob boshi – til” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilayotir.

Til – millat ko‘zgusi, ma’naviyat sarchashmasidir. Shu bois ona tilimizni hurmat qilish, uning boy imkoniyatlarini o‘rganish barchamizning asosiy burchimiz bo‘lishi lozim.

Mavzusida yozgan inshosi insho

1989-yil 21-oktabr kuni O‘zbеkiston Rеspublikasi Oliy Kеngashi sеssiyasining muhokamasidan so‘ng o‘zbеk tili davlat tili dеb e’lon qilindi va bu tarixiy hodisa mustaqillikdan ikki yil oldin ro‘y bеrdi. Bu ulug‘ maqsadga erishish va tarixiy voqеlikning ro‘yobga chiqarilishida muhtaram Prеzidеntimiz Islom Karimov bеvosita rahbarlik qilganlar. 1992-yil 7-dеkabrda O‘zbеkiston Rеspublikasi Oliy Kеngashi sеssiyasida qabul qilingan O‘zbеkiston Rеspublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida o‘zbеk tili davlat tili maqomiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yildi. Yurtboshimiz aytganlaridеk, «Shu tariqa o‘zbеk tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gеrbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi». Mustaqillik sharofati bilan 1993-yil 2-sеntabrda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbеk alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbеkiston Rеspublikasi Qonuni qabul qilindi. Bu huquqiy tadbir, o‘zbеk tilining xalqaro doirasidagi obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirish, Vatanimizning jahon kommunikatsiya tizimiga bog‘lanishini ta’minlash, chеt tillar va axborot tеxnologiyalarini puxta egallash uchun qulay sharoitlar yaratib bеrdi. Hozirgi kunda yurtimizda maktablarda, litsеy va kollеjlarda, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida, ya’ni ta’limning barcha bosqichlarida lotin yozuviga asoslangan o‘zbеk alifbosi qo‘llanilmoqda. O‘zbеkiston Rеspublikasining 2004-yil 30-aprеldagi «O‘zbеkiston Rеspublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 621-II son Qonuni asosida mazkur qonunning ijro muddati 2005-yil 1-sеntabrdan 2010-yil 1-sеntabrgacha uzaytirilgan. Insoniyat tarixida tilga doimo katta e’tibor bеrib kеlingan. XX asr oxirida tilga ijtimoiy hodisa sifatida qarash g‘oyasi kеng yoyildi. Bu bеjiz emas. Chunki jahondagi ko‘pgina mamlakatlar o‘z mustaqilligiga erishib, milliy tillar davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega bo‘ldi.

XVI asr boshlarida Shayboniyxon boshchiligidagi qavmlarning Movarounnahrga kirib kеlishi bilan mahalliy aholi tarkibida «o‘zbеk»larning nufuzi yanada ortgan va asta-sеkin bu nom turkiy aholining umumiy nomiga aylangan. Bu esa turkiy tilning tobora kеngayishi va nufuzi oshib borishiga kеng imkoniyat yaratib bеrgan. Tilshunos olimlarning fikriga ko‘ra, turkiy tillar eramizning IV asrida uch guruhga bo‘lingan hamda qarluq, qipchoq, o‘g‘uz guruhlari vujudga kеlgan. Bular orasida eng qadimgi yozuv tili qarluq guruhi zaminida shakllangan azaliy o‘zbеk tilidir. Tarixda eng ko‘p adabiy va ilmiy asarlar ham shu tilda ijod qilingan. Lutfiy, Sakkokiy, Navoiy, Bobur singari so‘z ustalari ijodi bilan bu til yanada sayqallangan va rivojlangan. Ma’rifatparvar va zabardast adibimiz Abdulla Avloniy: «Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgan oynai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur»- degan aniq va tеran fikrlarni bayon etganda naqadar haq edi. Abdulla Avloniyning ona tili va adabiyotni buzish, boshqa tillar bilan aralashtirib, mazmun-mohiyatini o‘zgartirish, pirovard natijada, bir tilning boshqa tildan ustun turishiga, tilning ruhiyatini buzishga qaratilgan har qanday urinish va zid harakatlarga qarshi chiqqanligi quyidagi purma’no so‘zlarida yaqqol isbotlanadi. «Zig‘ir yog‘i solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadir. Bobolarimizga еtishg‘on va yaragan muqaddas til, adabiyot bizga hеch kamlik qilmas. Dunyoning lazzati sodiq do‘stlar ila suhbat qilmoqdan iborat». O’zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriy ham o’zbek tilini shakllanishida, uni yot unsurlardan asrash, sof, ravon, ifodali til bo’lib yaralishida salmoqli hissa qo’shgan. Abdulla Qodiriy maqolalaridan birida “O’zbek tili kambag’al emas, balki o’zbek tilini kambag’al deganlarning o’zi kambag’al. Ular o’z nodonliklarini o’zbek tiliga to’nkamasinlar degan.” Mana tilga bo’lgan chin muhabbat. Ana shu mahabbat orqali o’zbek adabiyotida, o’zbek tilida ilk roman vujudga kelgan.

Bugungi kunda, dunyo bo’yicha o’zbek tilida 30 milliondan ortiq kishi gaplashadi, bu yer shari aholisining salkam 0,5 foyizi degani. Boshqacha aytganda, yer yuzi aholisining har 200 nafaridan biri o’zbek tilida gaplashadi. O’zbek tilida chop etilgan ilk gazeta “Turkiston viloyatining gazeti” bo’lib, u 1870 yilda chop etilgan. O’zbek tilidagi ilk g’azalni XIII asrda Burhoniddin Rabg’uziy yozgan. “Otkan kunlar” romani o’zbek tilida yozilgan birinchi romandir. Behbudiyning “Padarkush” dramasi tilimizda yaratilgan ilk sahna asaridir. Nizomiyning “Xisrav va Shirin” dostonini tarjima qilgan Gutb – o’zbek badiiy tarjima maktabiga asos soldi. O’zbekistondan tashqari o’zbek tilida eng ko’p gaplashiladigan davlat Afg’onistondir. O’zbek tili dunyoda har birida o’n million kishidan ortiq odam gaplashadigan ellikta tildan biridir.

Biz bir narsani tushunishimiz kerak, milliy tilning ravnaqi uchun faqat tilshunos emas, millatning har bir vakili jon kuydirishi shart. Odam o’z milliy tiliga befarq bo’lar ekan , til me’yorlari buzilaveradi.Til me’yorlarining buzilishini hayotimizda internet tizimi faollashuvi bilan bog’lashlarini ko’p eshitamiz. Aslida esa u buzilgan og’saki nutqning yozma shaklini ko’rsatadigan oyna xolos.Nutqqa bo’lgan loqayd munosabat avval unchalik ko’zga ko’rinmagan bo’lsa, endi internet bahonasida “hujjatlashtirildi”.Internetning ommalashuvi esa tildagi nuqsonlarni ham ommalashtirdi. Til bilan bog’liq bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish uchun eng birinchi o’rinda yoshlarning qalbida tilga bo’lgan muhabbat hissini uyg’otish kerak. Odamzodning tabiati shunday – faqat o]zi yaxshi ko’rgan narsasi uchungina ko’ngli achinadi. Mana masalan, televizormi, muzlatkichmi yoki mashinamiz buzilsa, uni ta’mirlatish uchun eng yaxshi ustaga olib borish payiga tushamiz. Lekin negadir tilimiz buziladigan bo’lsa, parvoyimizga ham kelmaydi. Agar kimki tilni yaxshi ko’rsa, uni avvalambor o’zi asraydi, asragan narsasiga boshqalar ham ziyon yetkazishiga yo’l qo’ymaydi.

Bu bayram o’zbek xalqining milliy bayrami sifatida, yangi O’zbekistonning tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev O’zbekiston Respublikasining “O’zbek tili bayrami kuni” ni belgilash to’g’risdagi tarixiy qonunni imzoladi. “Davlat tili haqida” gi qonun qabul qilingan kun – 21 oktyabr sanasining “O’zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilinishi, mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan buyuk islohotlarning yuksak samarasi, mustaqil Vatanimiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-madaniy, ma’naviy hayotidagi ulkan voqyeadir. Dunyodagi davlatlar oldiga yo’nalishlar va zamonaviy global jarayonlarga qo’shilish vazifasini qo’yayotgan mintaqalashuv va globallashuv davrida, Prezidentimiz tomonidan an’anaviy qadriyatlar, milliy va madaniy o’ziga xoslikni saqlab qolish hamda O’zbek tilining rivoji uchun ilgari surilgan bu tashabbuslari, ona zaminimizda yashab, ijod qilgan, millatning hurligi, baxtu-saodatiga butun iste’dodini bag’ishlagan, kerak bo’lsa jonini tikkan, o’z ona tilini turli zo’rlovlar natijasida ravnaq topishi uchun to’sqinlik qilgan kuchlarga qarshi kurashgan yurt o’g’lonlarini ham ruhlarini shod qilgan bo’lsa ajab emas.

Bu bayramga munosib hozirlik ko’rish, milliy til rivojiga halol mehnat bilan hissa qo’shish, har bir O’zbekiston fuqarosining fuqarolik burchidir. «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida qayd etilishicha, davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi. Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi, shu jumladan, unga hamma e’tirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga ta’minlaydi. Bu orqali davlat o‘zbek tilini asrash, boyitish va rivojlantirishda mas’ullikni o‘z zimmasiga olgan. Shu asosda yurtimizda o‘zbek tilining boyitish va takomillashtirishga doir ko‘plab ilmiy izlanishlar, loyihalar olib borilmoqda, turli sohalarga oid lug‘atlar, ilmiy risolalar muntazam nashr etilmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi barcha nashriyot matbaa-ijodiy uylari tomonidan ona tilimizning jozibasini bor bo‘y-basti bilan namoyon etishga doir nashrlar chop etilib, kitobxonlar e’tiboriga havola etilayotganini alohida qayd etish lozim. Shuningdek, yuqoridagi Qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi va e’lon qilinishi belgilangan. Mazkur norma «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi Qonun 26-moddasining to‘rtinchi qismida yanada aniqlashtirilgan. Unga asosan, «qonun loyihasi va unga ilova qilinadigan hujjatlar qonunchilik tashabbusi huquqi sub’yektlari tomonidan Qonunchilik palatasiga davlat tilida kiritiladi».

2019 – yil O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Hujjatdan maqsad o‘zbek tilining xalq ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash hisoblanadi. Farmon bilan Oliy Majlisi palatalari, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va keng jamoatchilikning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21-oktabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etish va uning tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlanadigan bo‘ldi. Davlat tilini rivojlantirish departamentining asosiy vazifalari etib belgilansin:

*davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish;

*davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

*davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

*o‘zbek tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;

*davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

*davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, “O‘zbek tili bayrami kuni”ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;

*ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, geografik va boshqa toponimik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish;

*davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Vazirlar Mahkamasi zimmasiga esa uch oy muddatda “O‘zbek tili bayrami kuni”ni belgilash bo‘yicha qonun loyihasini, “Davlat tili haqida”gi Qonunning bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish va Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish; ikki oy muddatda xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida qaror qabul qilish vazifasi yuklandi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-iyunga qadar quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan 2020—2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalarini kiritadi:

*mamlakat ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish;

*ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘rgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish, davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;

*davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish;

*davlat tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini yaratish;

*davlat tili qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni muntazam va har tomonlama o‘rganish, ularni bartaraf etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

*mamlakat hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish;

*davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etish.

Niyatimiz ulug’ va yorug’! Prezidentimiz imzolagan ushbu tarixiy hujjat sabab, yangi O’zbekistonda ona tilimizning qaddi yanada yuksalsin, ayni paytda ko’pmillatli xalqimiz totuv va hamjihat yashab barcha sohalarda baland-baland cho’qqilarni zabt etsin, dunyoning qay bir hududida, qaysi mamlakatida bo’lmasin, har bir yurtdoshimiz o’zbekistonlik ekanidan doim g’ururlansin! O’zbekiston bolalari o’zbekcha so’zlab, o’zbekcha kuylab, hammaning havasini keltirsin! Kun kelib dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo’lgan ona tilimiz jahon tillaridan biriga aylansin!

Do’stlaringiz bilan baham:

Ma’lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2023
ma’muriyatiga murojaat qiling

O’zbek tili davlat tili insho

Ona tili – millatning ruhidir. Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

Bundan 27 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berish masalasi kun tartibiga qo‘yilib, bu ish amalga oshirilgan edi. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham tarix saxifalaridan joy olgan bo‘larmidi.

Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod so‘z va so‘z birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlaridandir.

Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki xaftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. YuNeSKO vakillarining so‘zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi xamon o‘z yozuvlariga ega emas. Minglab tillardan ta’lim tizimida foydalanishning imkoniyati yo‘q. Internetdan foydalana olmaydigan tillar haqida-ku aytmasa ham bo‘ladi. Chunki yangi texnologiyalarning rivojlanishi tufayli ayrim xalqlar o‘z tillaridan ko‘ra zamonaviy tillardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bugun Internet tilining 81 foizi ingliz tiliga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, avvallari ham tillar paydo bo‘lgan, muammolada bo‘lib, ma’lum vaqtdan so‘ng yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin hozirgidek tillarning jadallik bilan yo‘qolishi tarixda kuzatilmagan. Yo‘qolib ketish havfida bo‘lgan tillarning saqlab qolish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning asosiy maqsadi ham madaniyatlar va tillar xilma-xilligini ta’minlashdan iboratdir. Chunki aynan til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi, sayyoramizda yashayotgan xalqlarning o‘tmishi va madaniyati hurmat qilinadi. Tilshunoslar yo‘qolib ketish arafasida turgan tillarni saqlab qolishning imkoniyatlari hozircha qo‘ldan boy berilmaganini aytishadi. Tillarni saqlab qolish uchun esa, BMT ekspertlarining fikricha, bu tillardan ta’lim tizimida keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish kerak.

Til – millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga xurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va xurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.

Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan so‘ng xozir muamolada bo‘lgan tillarning o‘ntasidan bittasi saqlanib qolar ekan.

Bugungi kunda dunyoda 6809 ta til mavjud bo‘lib, ularning teng yarmi sakkizta davlat – Meksika, Indoneziya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSh va Rossiya xissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p tilli mamlakat sifatida Hindiston tan olinadi. Bu mamlakatda axoli 845 til va laxjada so‘zlashadi. Ikkinchi o‘rinda esa 600ta til va shevada so‘zlashuvchi Papua — Yangi Gvineya turadi. Sayyoramizda eng ko‘p aholi so‘zlashadigan til sifatida xitoy, ingliz va ispan tillari tan olingan. Birinchi o‘nlikka hindi, bengal, arab, portugal, nemets, rus va yapon tillari ham kiritilgan. Jaxon tillarining atigi 4 foizi Yevropa qitasiga to‘g‘ri kelsa-da, eng ko‘p so‘zlashuvchi tillarning teng yarmi “ko‘hna qita”da ekani ma’lum bo‘ldi. 341 million kishi ingliz tilini ona tili sifatida tan oladi, biroq yana 350 million kishi bu tilni ikkinchi ona tili sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan. Taxlilchilar xitoy va ingliz tillari foydalanish bo‘yicha o‘z mavqeini oshirib borayotganini aytishadi. Vaziyatni o‘rganayotgan kuzatuvchilarning fikricha, foydalanuvchilar soni bo‘yicha ayni damda ingliz tili yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, XXI asr o‘rtalariga borib, xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin.

Mavjud tillarining 90%ning har biridan 100.000 aholi foydalanadi. Mana shuning o‘ziyoq bu tillarning kelajagi qorong‘uligidan dalolat beradi. Bugungi kunda 357 tilda atigi 50 nafar kishi so‘zlashar ekan. 46 tildan esa atigi bir kishining foydalanishi aytiladi. Ularning o‘limi bilan bu tillar ham yo‘qoladi. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir millon kishi so‘zlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir. O‘zbek tili ham mana shu 250taning ichida ekani quvonarli, albatta.

YuNeSKO tomonidan nashr qilinadigan “Yo‘qolib ketish xavfi arafasida turgan jahon tillari atlasi”da Yevropadagi 50ta, Tinch okeani mintaqasida esa 200ta til yo‘qolib ketish arafasida ekani ta’kidlanadi. Afrikadagi 1400ta tildan 600tasi kelajakda, 250tasi esa yaqin orada butunlay yo‘qolishi xaqida bong urilmoqda.

AQSh hududlariga yevrropaliklar qadam qo‘yganlarida bu mintaqada minglab tillar mavjud edi. Ayni damda shimoliy Amerika hindularning kamida 150ta tili saqlanib qolgan. Leyptsig universiteti xodimi Baltazar Bikelyaning so‘zlariga qaraganda, Kavkazda atigi 3-4 kishi so‘zlashuvchi tillar bor.

YuNeSKO xomiyligida Leyptsigda bo‘lib o‘tgan lingvistlarning xalqaro anjumanida kam sonli xalqlarning tillari yo‘qolib ketishiga globalizatsiya aybdor ekani aytildi. Biroq ayrim taxlilchilar, tillarning yo‘qolishiga globalizatsiyadan tashqari ayrim xukumatlar olib borayotgan siyosat xam aybdor ekanini eslatib o‘tishdi. Bu kabi vaziyat asosan Afrika mamlakatlarida uchramoqda.

Olimlar insoniyat tarixida 9000 mingdan ortiq til yo‘q bo‘lib ketganini aytishadi. Nafaqat bosib olingan xududlardagi xalqlarning tillari, balki fotihlarning tillari xam yo‘qolib ketgani tarixdan ma’lum. Bu borada qadimgi yunon, oromiy, lotin, sanskrit, vediy, assuriy, qadimgi fors tillarini misol sifatida keltirish mumkin. YuNeSKO mutaxassislari o‘lib va yo‘qolib borayotgan tillarni qutqarib qolish mumkinligini aytishadi. Misol tariqasida o‘tgan asrning 80 yillarida atigi 8 kishi so‘zlashgan Yaponiyaning Xokkaydo orolidagi ayn tilini keltirish mumkin. Bugungi kunda tiklangan bu tilda bir necha ming kishi gaplashmoqda. Ikki ming yil davomida o‘lik til xisoblanib kelingan ivrit tili xam qayta iste’molga kiritildi. Bugungi kunda ivrit tilida 9 million kishi suxbatlashadi.

Qadimda xalqlar o‘z turar joylaridan majburan ko‘chirilganlari bois ular boshqa mintaqalarda so‘zlashuvchi xalqlar bilan qorishib ketib, ularni tillarini o‘zlashtirishga majbur bo‘lgan. Lotin Amerikasidagi ayrim xalqlar esa alkogol va giyoxvand moddalar iste’moli tufayli yo‘q bo‘lib ketgan. Endilikda esa kichik bir xalq yoshlarining kelajagi porloq sifatida ko‘riladigan ikkinchi xalq tilidan foydalanishga urinayotgani bois tillar yo‘qolmoqda.

Qachonki bolalar o‘z ona tillarida o‘qishni to‘htatar ekan, o‘sha til yo‘qolib ketish arafasiga kelib qoladi. Tillarni saqlab qolish bu o‘sha xalqning madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlarining saqlanib qolinishini anglatadi. Chunki, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak

Sharofiddin To‘laganov

O’zbek tili davlat tili insho

Til, millat, davlat. Bu uch tushunchani bir-biridan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Har inson oʻz ona tilida soʻzlaydi, ona tilida tafakkur qiladi, ona tilida his qiladi, ona tilida tush koʻradi. Til – milliy gʻurur, milliy iftixordir. Til muloqot vositasigina boʻlib qolmay, u insonning ichki olamini ifodalaydi, dunyoni teran idrok qilishiga koʻmaklashadi, dunyoqarashi va kamolotini belgilab beradi. Shuning uchun ham yer yuzida rivojlanaman degan davlat borki, oʻz tilining mavqeini koʻtarishga harakat qiladi.

Taxminlarga koʻra, dunyoda ellik million kishi oʻzbek tilida gaplashar ekan. Bu yer yuzi aholisining har 150 kishidan biri oʻzbek tilida gaplashishini anglatadi. Soʻzlashuvchilar soniga koʻra, oʻzbek tili sayyoramizda eng keng tarqalgan, har birida kamida 30 million aholi gaplashadigan 40 ta tildan biri hisoblanadi. Yaqinda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Oʻzbekistonda davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlaydiganlar kamligini aytib munosabat bildirganligi ommaviy axborot vositalarida turli muhokamalarga sabab boʻldi. Yuqoridagi raqamlardan kelib chiqib, oʻzbek tilida gaplashuvchilar soni kam deyish mumkinmi?! Oʻzbek tili chuqur tarixiy ildizga ega oʻzbek millatining umumiy mulkidir, chetdagi odam xohlagancha muhokama qiladigan mulk emas.

Til bayramini nishonlash arafasida turibmiz. 1989-yil 21-oktyabr sanasi millatimiz uchun muhim sanalardan biridir. 31 yil avval Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinib, tilimizga davlat tili maqomi berilgan. Oxirgi vaqtlarda oʻzbek tilining katta minbarlarda yangrayotganligini eshitib, faxru-iftixorga toʻlasan kishi. Lekin, davlat ichida hanuzgacha toʻliq davlat tilida ish olib bormasak, katta minbarlardan turib, afkor ommaga nimani tushuntirmoqchimiz oʻzi? Ayrim davlat tashkilotlarida ish yuritish davlat tilida emas, hali ham rus tilida olib borilayotganiligi davlat tiliga boʻlgan hurmat va eʼtiborning pasayishiga olib kelmaydimi? Bilishimcha, ayniqsa qurilish, temir yoʻl sohasi idora va tashkilotlari hozirgacha rus tilida ish yuritadilar. Bundan tashqari, yoshlar orasida oʻzbek tili qoidalaridan toʻgʻri foydalanmaslik, savodsizlik darajasi birmuncha ortib borayotgandek.

Maktablarimizning barcha sinflarida ona tili fani oʻqitiladi, ammo bu fanni keyinchalik tilshunoslik yoʻnalishidan ketadigan kishilar oʻrganishi lozim degan tushuncha shakllanib qolmoqda. Yaxshi eslayman. Maktabdagi ona tili oʻqituvchimiz darsda koʻp diktant, insho va bayon yozdirardilar. Boshida koʻp xato qilardim, bora-bora xatolarim kamayib, daftarimga qizil ruchka tegmaydigan darajaga keldi. Esimda qolgan oxirgi diktantda bitta xato qildim, yaʼni “shafqat” soʻzini “shavqat” deb yozganman va bu men uchun katta dars boʻlgan. Kollejda oʻqish uchun kirish imtihonida ham ona tili fanidan insho yozganmiz. Maktablarimizda diktant, insho va bayon yozishga koʻproq eʼtibor berish, oʻquvchilarda matn yaratish koʻnikmasi va malakasini rivojlantirish ogʻzaki va yozma nutq savodxonligini oshiradi deb hisoblayman.

Bugungi kunda oʻzbek tili bir necha rivojlangan davlatlarning 60 ga yaqin oliy oʻquv yurtlarida va 100 dan ziyod maktablarida oʻrganib kelinayotganligi haqida maʼlumotlar bor. 2018-yil avgust oyida televizorda bir oʻzbek jurnalistining Germaniyadagi Gumbold universiteti professori Ingeborg Baldauf xonim bilan uyushtirgan suhbatini koʻrib qoldim. Ochigʻi, bu ayolning sof oʻzbek tilida gaplashayotganligini koʻrib, hayron qoldim. Chunki u oʻzbek tili qoidalarini joyiga qoʻyib, ravon suhbatlashayotgandi. Keyin bilsam, professor oʻzbek tili boʻyicha ilmiy tadqiqotlar ustida ishlayotgan ekan. Universitetda oʻzbek tilini oʻrganayotgan xorijlik talabalar ham bor ekan. Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish sharoitida agar biz boshqalarga qiziq boʻlgan urf-odatlarimizni, adabiyotimiz durdonalarini, tansiq taomlarimizni, tilimizni jahonga chiroyli koʻrsata olsak, yurtimizga qiziquvchilar soni yildan-yilga ortib boradi.

Avar shoiri va yozuvchisi Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” asari sevib oʻqiydigan kitoblarimdan biri. Barcha oʻqishi lozim boʻlgan 100 ta kitob roʻyxatida bu asar nomi ham keltirilgan. Shu asarda keltirilgan bir hikoyani qayta-qayta oʻqiyman. Hikoyani toʻligʻicha keltirmoqchiman:

Parijda dogʻistonlik rassomni uchratib qoldim. U inqilobdan keyin Italiyaga ketgan, oʻsha joyda uylangan va yurtiga qaytmagan. Togʻliklar anʼanasi boʻyicha tarbiya koʻrgan dogʻistonlikning yangi mamlakatga koʻnikishi qiyin kechibdi. Dunyo boʻylab kezib chiqqan rassom oxiri goʻzal poytaxt shahardan qoʻnim topibdi. Ammo qayda kezmasin, sogʻinch ajralmas yoʻldosh boʻlibdi. Men boʻyoqlar orqali suratlarga koʻchgan sogʻinchni koʻrgim keldi va rassomdan ijod namunalaridan koʻrsatishini soʻradim.

Rassom “Vatan sogʻinchi” suratini koʻrsatdi. Unda italyan ayol (rassomning xotini) qadimiy avarliklar kiyimida tasvirlangan. Ayol togʻdagi buloq yonida, qoʻlida gotsatlinlik ustalar tayyorlagan kumush koʻza. Toshlar orasidagi ovul qaygʻuli – qora rangda, ortidagi togʻ ham qoramtir. Choʻqqilarni tuman qoplagan.

– Tuman – bu togʻlarning koʻz yoshi, – deya izoh berdi rassom. – Togʻ yon bagʻridan tuman suzib oʻtganda, qoyalar ustida tomchilar paydo boʻladi. Tuman, bu – men.

Boshqa rasmda tikanli buta shohida oʻtirgan qush tasvirlangan. Bunday tikanli buta – changallar, toshlar orasida oʻsadi. Qush sayrayapti, uyning derazasidan gʻamgin tanish ayol qarab turibdi. Mening suratga qiziqish bilan qarab turganimni koʻrgan rassom tushuntirishga urindi:

– Bu surat qadimiy avar afsonasi asosida yaratilgan.

– Qushni ushlab, qafasga solishadi. Qafasga qamalgan qush kechayu kunduz faqat bitta soʻzni takrorlayvergan: Vatan, Vatan, Vatan, Vatan, Vatan, Vatan… Men ham oʻtgan yillarda faqat shu soʻzni takrorladim.

Qushni ushlab turgan kishi oʻyga toldi: “Uning vatani qanday ekan, qayerda ekan? Ehtimol, jannat qushlari va jannat daraxtlari bor gullab-yashnagan bir oʻlkadir. Yaxshisi, qushni qoʻyib yuborib, qaysi tomonga uchishini kuzatayin. Menga qushcha moʻjizaviy mamlakat yoʻlini koʻrsatar”. U oltin qafasning tuynugini ochdi, qush ozodlikka chiqdi. Qush oʻn qadamcha uchib, silliq toshlar orasida oʻsgan changal shoxiga qoʻndi. Shu changal shoxlari orasida qushning uyasi bor ekan… Men ham oʻz Vatanimga qafasning derazasidan tikilib turibman, – deya hikoyasini tugatdi rassom.

– Nega unda oʻz ovulingga qaytmayapsan?

– Endi kech. Oʻz vaqtida men Vatandan qaynoq yuragimni olib ketgandim, endi unga keksaygan suyagimni olib qaytamanmi?

Parijdan qaytganimdan keyin rassomning qarindoshlarini izlab topdim. Hayratlanarlisi, uning onasi hali hayot ekan. Onasining uyiga toʻplangan qarindoshlari oʻz Vatanini tashlab ketib, uni oʻzga yerlarga almashgan oʻgʻil haqidagi hikoyani gʻamgin tinglashdi. Ular adashgan oʻgʻilni kechirganday boʻlishdi, tirik ekanidan suyunishdi. Shunda birdan onasi soʻrab qoldi:

– Sizlar avarcha soʻzlashdinglarmi?

– Yoʻq, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha.

Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, bizda onalar oʻz oʻgʻlining oʻlganini eshitganda shunday qilishadi. Uzoq jimlikdan keyin mushtipar: “Rasul, sen yanglishibsan, mening oʻgʻlim allaqachon oʻlgan ekan. Agar u hayot boʻlganida, avar onasi oʻrgatgan tilni unutmagan boʻlardi!” deya suhbatga nuqta qoʻyadi.

Vo darigʻ! Ona tilida gaplashmagani uchun volida oʻz oʻgʻlini oʻldiga chiqarsa-ya. Mana shu ona tiliga sadoqat, mana shu milliy gʻurur emasmi?!

Bugun chet tillarini chuqurroq oʻrganishimizni davrning oʻzi taqozo qilmoqda. Xorijiy davlatlardan mamlakatimizga koʻplab investor va tadbirkorlar kelishmoqda, ular bilan turli sohalar boʻyicha hamkorliklar oʻrnatilmoqda. Turizmni rivojlantiryapmiz, koʻplab yoshlar chet el universitetlarida oʻqishga katta qiziqish bildirishmoqda. Mamlakatimizda chet tillarini oʻqitish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chet tillarisiz katta muvaffaqiyatlarga erishish mushkul. Biroq, chet tillarini oʻrganish ona tilimizga eʼtiborsizlik hisobiga boʻlmasligi kerak. Zero, XX asr boshida olti tilli – oʻzbek, arab, fors, hind, turk, va rus tillarida lugʻat tuzgan Isoqhon Ibrat aytganlaridek, “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”. Biror xorijiy tilni kamsitmasdan, til oʻrganishni qadrlagan va qoʻllab-quvvatlagan holda oʻz ona tilimiz sofligini saqlashimiz va dunyoda muhim til sifatida rivojlanishi uchun astoydil harakat qilmogʻimiz kerak. Oʻzbek tilini yanada rivojlantirish, uni dunyoga tanitish nafaqat tilshunos olim, shoir, yozuvchi, sanʼatkor-u suxandonlarning vazifasi, balki har bir millat vakilining ham burchi boʻlmogʻi lozim. Ona tilimiz faqat soʻzlashuv tili boʻlib qolmasdan, mamlakatimizda rasmiy ish yuritish tili, ilm-fan tili boʻlishi kerak.

Sherzod Yuldashev

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali

“Xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikdagi qoʻshma

taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish” boʻlimi koordinatori