Press "Enter" to skip to content

Шавкат Мирзиёев ўзбек тилига давлат тили мақоми берилган кун муносабати билан Ўзбекистон халқига табрик йўллади

Kuzatishlar o‘sha davr til siyosati ikki ob’yektiv sababga ko‘ra yetarli samara bermaganini ko‘rsatadi. Birinchisi ko‘plab milliy respublikalarda savodxonlikning pastligi bo‘lsa, keyingisi millatlararo muomala vazifasini bajara oladigan umumdavlat tiliga bo‘lgan ehtiyojdir.

21-oktabr O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

Til insonlarning o’zaro aloqa vositasi bo’lib, yaratuvchining insonga bergan bebaho ne’matidir. Millatlarni millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ham tildir. Dunyoda har bir xalqning o’z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi. Hikmatli so’zlar, she’ru dostonlar, qo’shiqlar avvalo biror bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o’z nufuzi, obro’siga ega bo’ladi. Har bir xalqqa o’z tili aziz va ardoqli. Sho’rolar davrida rus tili Ittifoq tili sifatida rivojlantirildi. U jahon tillari darajasiga ko’tarildi. Ayniqsa, ko’p ming asrlik tarixga ega bo’lgan turkiy xalqlar ham o’z ona tillari dunyodagi hech bir xalqning tilidan kam emasligini yoqlab chiqdilar. Bu yo’ldagi sun’iy to’siqlarni pisand etmadilar. Mustaqillik arafasida oilaviy va bozor tili darajasiga tushib qolgan o’zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi taklif va kurashlar samarasiz ketmadi. O’zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Davlat hujjatlari, davriy nashrlar, darsliklar ona tilimizda yozila boshlandi. Bu xalqimiz ruhini ko’tardi. Sho’rolar davrida ham o’zbek tilini tiklashga, uni Davlat tiliga aylantirishga intilish kuchli bo’lgan. Xususan, ona tiliga bag’ishlangan turli tadbirlar o’tkazishga harakat qilingan bunday tadbirlar ayniqsa, mustaqillik arafasida tez-tez o’tkazila boshlangan.1988 yil matbuotda yangi bayram — «Til bayrami» haqida ma’lumotlar paydo bo’la boshlagan. Bunday bayram Rossiya Federasiyasi, Ukraina, Boltiq bo’yi va Kavkaz orti respublikalarida va mamlakatimiz poytaxtida ham o’tkazilgani haqida gazetalarda maqolalar bosilgan. Bu bayramlarning asosiy maqsadi — ona tilini e’zozlash, ona tili bilan birga boshqa tillarni ham chuqurroq o’rganishga da’vat qilish bo’lgan. O’zbekistonda ilk bor «Til bayrami» 1988 yil 3 dekabrda Toshkentning talabalar shaharchasida ToshDUning o’zbek filologiyasi, tarix fakul’teti, shuningdek, politexnika instituti va boshqa o’quv yurti talabalari tomonidan o’tkazilgan. Talabalarning «O’zbek tili bayrami» deb nomlangan bu tadbiri ko’proq miting-namoyishga o’xshab ketardi. Davraga notiqlar chiqib, ular ona tuproq, ona yurt, xalq, til haqida so’zlab, she’rlar o’qib, ularni asrashga da’vat qilishdi. Yig’ilganlar «Til — xalq boyligi», «O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilsin!», «Tilga hurmat — elga hurmat» kabi rang-barang shiorlarni ko’tarib olishgan edi. «Til bayrami»- da xonandalar xalqni, millatni, tilni ulug’lovchi qo’shiqlar kuylashdi. Yoshlarga alohida zavq-shavq baxsh etuvchi kichik kulguli sahna asarlari ijro etildi». 21-oktabrni o’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelmoqdamiz. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 1996-yil 10-sentabrdagi 311-qaroriga binoan «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kundan e’tiboran har yili «O’zbek tili kuni»ni o’tkazish, uning 0.4. bandida 21 oktyabr barcha o’quv yurtlarida har yili — o’zbek tili kuni sifatida nishonlanishi ta’kidlandi. Shular asosida 21-oktabr — milliy tilimiz bayrami sifatida rasmiy tarzda nishonlanadi.Har bir yildagi bayram turli shiorlar ostida o’tkaziladi. «Ona tilim — jonu dilim», «Tilga e’tibor — elga e’tibor», «Til — millat ko’zgusi» shular jumlasidandir. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasida til bayramini o’tkazish bo’yicha yaxshi tajriba to’plangan. Til bayramining mazmunli va qiziqarli o’tishi har bir o’quv yurti muallimlarining aql- zakovati, o’z kasbini qanchalik chuqur egallaganligiga bog’liq. Til bayramiga taniqli yozuvchi, shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar taklif etiladi. Ular yoshlarga til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanligini, har bir inson avvalo o’z ona tilini, qolaversa boshqa tillarni sevib o’rganishlari zarurligini uqtirib o’tadi. Til bayramlarida til haqidagi hikmatli so’zlar, she’rlar, qo’shiqlar yangraydi. Shu kuni radio va televideniye orqali til bayramiga doir qiziqarli chiqishlar uyushtiriladi. Til bayrami insonni ona tiliga va o’z xalqiga bo’lgan mehr-muhabbatini jo’sh urdiruvchi betakror bayramdir. Til bayrami shuningdek xalqlar o’rtasida o’zaro totuvlik va do’stlik rishtalarini mustahkamlovchi muhim omildir.«Uchquduq ko’p millatli shahar, — deb yozadi «Xalq so’zi» gazetasi muxbiri A. Pirmatov, — bu yerda muomala madaniyatida davlat tili ustuvorligi yaqqol ko’zga tashlanadi. Yaqinda shahar madaniyat saroyida «O’zbek tilini o’rganish orqali o’quvchilarga konstitutsiyaviy bilim berish» mavzusida o’tkazilgan tadbir ham buni yana bir bor isbotladi. Tadbirda o’ttizdan ziyod millat va elat farzandlari huquqiy qomusimizni qanchalik bilishlarini o’zbek tilida ifodalashdi. Jonli tildagi savol- javoblar, o’tkir zehnlilar bellashuvi, huquqshunoslar va til mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi. Bu tadbir shaharda til bayramiga aylanib ketdi. Davlat tili o’z nomi bilan davlatning ramziy belgisiga aylanishiga hamma guvoh bo’ldi» («Xalq so’zi», 2001-yil, 25 oktabr).Toshkent Davlat yuridik institutida «Davlat tili to’g’risida»gi qonunning 12 yilligiga bag’ishlangan «Yuksak huquqiy madaniyat — komillik belgisi» mavzuida tadbir bo’lib o’tdi. Unda ona tilimizning huquqiy bilimlarni ifodalashdagi imkoniyatlari naqadar kengligi, go’zal va boyligi haqida so’z boradi. O’zbekiston xalq yozuvchisi O’tkir Hoshimov, adabiyotshunos A. Rasulov, shoir va tarjimon Yo’ldosh Parda bo’lg’usi huquqshunoslarga tilimizni puxta o’rganish fazilatlari haqida so’zlab berdilar. Xullas, til bayramining imkoniyatlari bitmas-tuganmasdir.

Ma’lumot: O’zbek xalq bayramlari. “Sharq”. T.2002.
21-oktabr Xitoy Respublikasida dengiz ortidan kelgan xitoylik(xuatsyao)lar kuni

21-oktabr-Xitoy Respublikasida, Tayvan nomi bilan tanilgan, dengiz ortidan kelgan xitoylik(xuatsyao)lar kuni nishonlanadi. Dengiz ortidan kelgan xitoylik(xuatsyao)lar-ular Xitoydan chiqqan, hozirda boshqa davlatlarda yashayotganlar qatoriga kiruvchilarga nisbatan aytiladi. Agar “xuatsyao” so’zi tarjima qilinsv, xitoy tilidan taxminan “Xitoylik muhojir” ma’nosini anglatadi. Ammo Xitoy adabiyotida “dengiz orti xitoylik” termini qo’llaniladi. Xuatsyaolarga chegara orti mamlakatlarda yashovchi Xitoy va Tayvan aholisi va ularning avlodlariga aytiladi. Xitoyliklarning ongida propiskasi emas, balki uning tug’ilib o’sgan joyi ahamiyatli hisoblanadi. Shuning uchun Xitoyliklar xuatsyaolarni o’zlarining vatandoshlari sifatida qabul qiladilar, chunki ular taqdir taqozosi bilan vatanidan yiroqda yashashga majburligini tushunadilar. Ekspertlarning taxminlariga ko’ra, dunyoning turli mamlakatlarida 40 mln.ga yaqin dengiz orti kelgindilari yashaydilar, ulardan yarmi Janubi-Sharqiy Osiyoda istiqomat qiladilar. Tayvanda hatto “xuatsyao”ga bag’inlangan bayram mavjud. Bundan ko’rinib turibdiki, Xitoy Respublikasi aholisi ularga o’zlarining vatandoshlari sifatida qaraydilar.

21-oktabr olmalar kuni

21-oktabr kuni (shu kunga yaqinroq kunlar ham) Angliyada olmalar kuni o’tkaziladi- 1990-yildan Common Ground hayriya tashkilot tashabbusi bilan nishonlanadigan ushbu bayram o’zining atrofiga mevali bog’lar bilan shug’ullanuvchi bog’bonlarni, omalarning turli navlarini namoyishq mutaxassilarni yig’adi. Tashkilotchilarning fikricha, olmalar kuni o’tkazish orqali tabiatning mo’’jizakorligini, qolaversa atrof muhitdagi o’zgarishlarni kuzatishga yana bir imkon yaratilayotganligini ma’lum qilishdan iborat. Kun g’oyasi shundaki, olma- insoniyat esidan chiqarishi mumkin bo’lmagan jismoniy, madaniy, genetik o’zgarishlar timsolini anglatishidan iborat. Olmalar kunida olmalarning turli navlarini ko’rish mumkin. Olma yetishtiruvchilar olmalarning eng kam tarqalgan navlarini sotib olishni tavsiya qilishadi. Ayram “olma doktori” ham mavjud bo’lib, u olma yetishtiruvchilarga olmalar hayotidan tanishtiradi. Ularni qanday davolash, o’sishiga qanday parvarish lozimligi to’g’risida tavsiyalar berishadi. Tadbirda olma bilan bog’liq turli konkurslar o’ynaladi. Masalan, olma po’stlog’ini kim ko’proq uzunroq artadi va shunga o’xshash musobaqalar bilan bayram yanada mazmunli o’tkaziladi. Ushbu musobaqa orqali qattoki amerikalik Kathy Walfer 1976-yilda Ginnes rekordlar kitobiga kirgan.

Rangli soyabonlar kuni

Aytishlaricha, turli xil rangdagi soyabonlar Andersen ertagi qahramoni Ole Lukoyeda bo’lgan ekan. Ole Lukoye gapga quloq soladigan bolalar boshiga tutarkan, shunda bolalar yaxshi tushlar ko’rishar ekan. Biz esa soyabonlarni kuz faslida tutamiz, chunki boshimizni yomg’irdan asrash kerak. Qulupnoyli soyabon sho’x, yashil rangligi maysani anglatadi, havo rangligi osmon ramzidir, olovrangligi kuz faslini anglatadi. Biz azaldan soyabonlardan yomg’ir kunlari saqlanishga odatlanganmiz, lekin oldindan soyabonlar oftob nurlaridan saqlanish uchun mo’ljallangan edi. Soyabonlarning qachon va kim tomonidan kashf etilganligi ma’lum emas, lekin ularning tarixi juda uzundir, Ma’lumotlarga ko’ra soyabonni birinchi bo’lib xitoyliklar kashf etishgan, bu eramizdan avvalgi XI asrda bo’lgan. Ma’lum bo’lishicha birinchi soyabonlar qadimgi Vavilon va Misrda quyoshdan himolovchi vosita sifatida foydalanilgan. Qadimda Uzoq Sharqda soyabondan faqatgina qirollik oilasiga mansub kishilar oliy martabi egalari foydalanishgan. Yevropada soyabondan birinchi bor Qadimgi Misr aholisi foydalangan. Ammo ayrim manbalarga ko’ra yomg’irda soyabondan foydalangan xalq rimliklar edi. O’rta asrlarda soyabon ishlatish ozgina susaydi, keyin u yana XVI da Italiyada paydo bo’ldi va soyabon hukmdorlar belgisi sanala boshlandi. 1680-yillarda soyabon Fransiyada keyinchalik Angliyada ham paydo bo’lgan. XVIII asrda soyabon yomg’irdan himoya sifatida butun Yevropada ishlatila boshlandi. Shu davrlar mobaynida soyabonning shakli uncha o’zgarmagan, faqatgina biroz yengilroq bo’ldi. Ayollarga xos bo’lgan turli rangdagi soyabonlar esa XX asrda chiqarila boshlandi. Hozirgi kunda bahor va kuz oylarida soyabondan unumli foydalanish juda ommalashgan. Hozirda istagan paytda turli rang va shakldagi soyabonlar harid qilib, ulardan unumli foydalanish mumkin.

Shuningdek, 21-oktabr Marshall orollari mustaqillikka erishgan kun

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo’lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma’muriga xabarnoma jo’nating.

Шавкат Мирзиёев ўзбек тилига давлат тили мақоми берилган кун муносабати билан Ўзбекистон халқига табрик йўллади

Ўзбекистон Президенти Шавкат Мирзиёев ўзбек тилига давлат тили мақоми берилган кун муносабати билан Ўзбекистон халқига табрик йўллади. Бу ҳақда Президент матбуот хизмати хабар берди.

Муҳтарам ватандошлар!

Сиз азизларни, сизлар орқали бутун халқимизни бугунги қутлуғ айём – Ўзбек тили байрами билан чин қалбимдан самимий муборакбод этаман.

1989 йил 21 октябрда ғоят мураккаб ижтимоий-сиёсий шароитда юртимизда «Давлат тили ҳақида»ги қонуннинг қабул қилиниши миллий мустақиллик сари қўйилган муҳим қадам бўлганини барчамиз яхши эслаймиз.

Жамоатчилигимиз, халқимизнинг хоҳиш-истакларини инобатга олиб, ўтган йили ушбу тарихий санани Ўзбек тили байрами куни сифатида белгилаш тўғрисида қонун қабул қилганимиздан ҳаммангиз хабардорсиз. Бугун мамлакатимизда биринчи марта кенг нишонланаётган ана шу байрам маънавий ҳаётимиздан мустаҳкам ва муносиб ўрин олади, деб ишонаман.

Ҳурматли юртдошлар!

Бугунги кунда биз янги Ўзбекистонни, янги Ренессанс пойдеворини барпо этишдек эзгу мақсадларимизга эришишда, ҳеч шубҳасиз, она тилимизнинг ҳаётбахш қудратига таянамиз.

Чунки неча асрлар оша аждодларимиздан бизга безавол ўтиб келаётган она тилимизнинг равнақи ва истиқболи ҳақида қайғуриш – миллатнинг ўзлигини англаши, унинг маънавий камолотини юксалтириш учун кураш демакдир. Давлат тилининг обрў-эътибори – бутун халқ, бутун жамиятнинг обрў-эътиборидир.

Ҳозирги вақтда ер юзида ўзбек тилида сўзлашувчилар сони қарийб 50 миллион кишини ташкил этиши унинг дунёдаги йирик тиллардан бирига айланиб бораётганидан далолат беради.

Айни вақтда юртимизда истиқомат қилаётган барча миллат ва элатларнинг маданияти ва урф-одатларини, хусусан, уларнинг она тилларини ривожлантириш учун ҳам зарур шароитлар яратилмоқда. Турли ҳудудларда ташкил этилган 140 га яқин миллий маданият марказлари ана шу мақсадларга хизмат қилмоқда. Кўплаб таълим-тарбия масканлари, оммавий ахборот воситалари ўзбек тили билан бирга, қорақалпоқ, рус, қозоқ, қирғиз, тожик, туркман тилларида фаолият кўрсатмоқда. Хорижий тилларга ихтисослашган ҳамда таълим чет тилларда олиб бориладиган таълим муассасалари сони ошиб бормоқда.

Бугунги кунда хорижий давлатлардаги 65 та олий ўқув юртида ўзбек тили ва адабиёти ўрганилмоқда, ушбу соҳада илмий изланиш ва тадқиқотлар олиб бораётган чет эллик олимлар сафи тобора кенгаймоқда. Куни кеча Афғонистон Ислом Республикасида Ўзбек тили кунига бағишланган байрам тадбирлари биринчи марта давлат миқёсида нишонланганини мамлакатимиз жамоатчилиги, бутун ўзбек халқи катта мамнуният ва хурсандчилик билан олқишлади.

Фурсатдан фойдаланиб, қардош Афғонистон давлати раҳбариятига ўзбек тилига расмий тил мақомини бериб, унга кўрсатаётган юксак эътибор ва ҳурмати учун яна бир бор чин дилдан миннатдорлик билдираман. Бу кўҳна заминда яшаётган барча миллатдошларимизни бугунги қутлуғ байрам билан эл-юртимиз номидан самимий муборакбод этаман.

Муҳтарам юртдошлар!

Мамлакатимизда ўзбек тилини замон талаблари асосида ривожлантириш, унинг давлат тили сифатидаги ўрни ва нуфузини яна-да мустаҳкамлаш борасида олдимизда катта ва масъулиятли вазифалар турибди.

Шу мақсадда «Давлат тили ҳақида»ги қонун лойиҳасининг янги таҳрири ҳамда шу муносабат билан айрим қонун ҳужжатларига ўзгартиш ва қўшимчалар киритиш ҳақидаги қонун лойиҳалари тайёрланиб, Олий Мажлис Қонунчилик палатасига кўриб чиқиш учун киритилди. Хабарингиз бор, куни кеча «Мамлакатимизда ўзбек тилини янада ривожлантириш ва тил сиёсатини такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида»ги Президент фармони имзоланди.

Фармонга мувофиқ, ўзбек тилининг халқимиз ижтимоий ҳаётида ва халқаро миқёсдаги обрў-эътиборини тубдан ошириш, униб-ўсиб келаётган ёшларимизни ватанпарварлик, миллий анъана ва қадриятларга садоқат руҳида тарбиялаш, мамлакатимизда давлат тилини тўлақонли жорий этишни таъминлаш, Ўзбекистондаги миллат ва элатларнинг тилларини сақлаш ва ривожлантириш, давлат тили сифатида ўзбек тилини ўрганиш учун шарт-шароитлар яратиш, тил сиёсатини ривожлантиришнинг стратегик мақсадлари, устувор йўналиш ва истиқболдаги вазифалар белгилаб берилди.

Фармон ижросини таъминлаш учун давлат бошқаруви, замонавий ва инновацион технологиялар, саноат, банк-молия тизими, ҳуқуқшунослик, дипломатия, тиббиёт соҳаларида, ҳуқуқни муҳофаза қилувчи идоралар ва ҳарбий муассасалар фаолиятида тўлиқ давлат тилида иш юритиш бўйича бошлаган ишларимизни кучайтиришимиз керак. Ҳозирги кунда мамлакатимизда яшаётган, Ўзбекистонимизни ягона ва аҳил оила деб биладиган турли миллат ва элатлар вакиллари ҳам ўзбек тилини ўрганишга катта қизиқиш ва истак билдираётганлари айниқса эътиборлидир.

Шу муносабат билан бу борада мотивация омилларини кучайтириш, махсус дарслик, луғат ва қўлланмалар, видео ва аудиоматериаллар, замонавий ўқитиш услубларини кенг жорий этиш муҳим аҳамиятга эга. Бугунги глобаллашган дунёда тилларнинг бир-бирига ўзаро таъсири, жумладан, четдан сўз қабул қилиш кўлами ва суръати ортиб бормоқда. Афсуски, юртимизда бу жараён аниқ тизим ва илмий ёндашувларсиз юз бераётганини тан олган ҳолда, мавжуд ҳолатни бартараф этиш учун таъсирчан чоралар кўриш лозим.

Айни вақтда ўзбек тили алоҳида фан сифатида ўқитилаётган хорижий университет ва марказлар билан яқин ҳамкорлик ўрнатиш, улар учун ўқув адабиётлари яратиш борасида ҳам фаол иш олиб боришимиз лозим.

Жаҳон адабиёти дурдоналарини ўзбек тилига ҳамда ўзбек адабиётининг сара намуналарини чет тилларга таржима қилиш ва нашр этиш, бу йўналишда шаклланган ижодий мактабларни ривожлантириш, юқори малакали таржимон-адиблар ҳамда мутахассисларни тайёрлаш ишларига жиддий эътибор қаратишимиз даркор.

Мамлакатимизда «Ўзбек халқ ижоди ёдгорликлари», «Қорақалпоқ адабиёти дурдоналари», «Биринчи китобим», «Жаҳон адабиёти дурдоналари» каби серияларни нашр этиш бўйича бошланган ишларни тизимли асосда давом эттириш керак.

Шунингдек, ўзбек тилининг жаҳон майдонида, хусусан, Интернет ахборот тармоғида муносиб ўрин эгаллашини таъминлаш, она тилимизда кўплаб янги компьютер дастурларини яратиш бўйича ҳам олдимизда турган муҳим ва долзарб вазифаларни ҳал қилишимиз зарур.

Ушбу қутлуғ байрам арафасида қабул қилинган «Буюк шоир ва мутафаккир Алишер Навоий таваллудининг 580 йиллигини кенг нишонлаш тўғрисида»ги қарор ҳам ўзбек тили ва адабиётини, миллий маданиятимизни яна-да равнақ топтиришга қаратилган амалий ҳаракатларимиз билан уйғун ва ҳамоҳангдир.

Ҳурматли дўстлар!

Атоқли маърифатпарвар Абдулла Авлоний бобомиз айтганидек, тил – миллат руҳини юксалтирувчи буюк кучдир. Шу маънода, Она Ватанга муҳаббат ва садоқат – она тилига муҳаббат ва садоқатдан бошланади, десак, янглишмаган бўламиз.

Мен мана шундай қараш ва тушунча ҳар бир юртдошимизнинг ҳаётий эътиқодига айланади, бу борада муҳтарам зиёлиларимиз, фаол ёшларимиз, кенг жамоатчилигимиз барчага ўрнак ва намуна бўладилар, деб ишонаман.

Азиз ва қадрли ватандошларим!

Сизларни Ўзбек тили байрами билан яна бир бор самимий табриклайман. Барчангизга соғлик-омонлик, бахт-у саодат, хонадонларингизга тинчлик-хотиржамлик, файз-у барака тилайман.

Ўзбек тилимиз ҳамиша безавол яшасин, доимо мағрур янграсин!

Шавкат Мирзиёев, Ўзбекистон Президенти

Аввалроқ Шавкат Мирзиёев томонидан имзоланган «Мамлакатимизда ўзбек тилини янада ривожлантириш ва тил сиёсатини такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида»ги фармонга мувофиқ масъул лавозимларга тайинланадиган шахслар учун давлат тилини билиш бўйича даража сертификатлари жорий этилиши тўғрисида хабар берилганди.

Маълумот учун, Шавкат Мирзиёев 2020 йилнинг 10 апрель куни «Ўзбек тили байрами кунини белгилаш тўғрисида» қонунни имзолаганди. Қонунга кўра, 21 октябрь Ўзбек тили байрами куни этиб белгиланган.

21-oktyabr O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun!

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 21 oktyabr sanasining har yili “O’zbek tili bayrami kuni” sifatida qutlanishi e’lon qilindi. Barcha yurtdoshlarga O’zbek tili bayrami muborak bo’lsin!

21.10.2020 ~ 27.01.2023

Qadim Movarounnahr zamininig asosiy boyliklari qatorida munosib o’rin tutgan o’zbek tili tarixda ilk marotaba 1921 yilda Buxoro Xalq Jumhuriyati Nozirlar Kengashi qaroriga binoan “davlat tili” deb e’lon qilingan edi.

O’zbek tiliga yuksak darajada ahamiyat berib ulug’lanishi natijasida 1989 yil 21 oktyabr kuni, O’zbekistan Respublikasi mustaqillikka erishishidan ancha oldin, Sovetlar Ittifoqi davridayoq “davlat tili” maqomi berildi.

O’tgan yili ushbu qutlug’ sananing 30 yilligi nishonlangan tabdirda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 21 oktyabr sanasining har yili “O’zbek tili bayrami kuni” sifatida qutlanishi e’lon qilindi. Barcha yurtdoshlarga O’zbek tili bayrami muborak bo’lsin!

Davlat tili maqomi (tarixiy-huquqiy tahlil)

O‘zbek tili dunyoning eng rivojlangan tillaridan biri ekanligi allaqachon isbotlangan. U mumtoz adabiy an’anaga, keng tarmoqli leksikaga va boy ifoda vositalariga ega.

Ma’lumki, o‘tmishda o‘zbek tilining maqomi turlicha bo‘lgan. Ish yuritishda Husayn Boyqaro davrida (XV asrning ikkinchi yarmi – XVI asrning boshi) kamroq, amirliklar davrida ko‘proq qo‘llangan. Sobiq ittifoq davrida, aniqrog‘i, 1918 yilda go‘yo tillar tengligi ta’minlangan – Turkiston ASSRning davlat tili deb turkiy (o‘zbek) til e’lon qilingan. 1922 yilda imzolangan ittifoq shartnomasida til masalalari alohida modda sifatida qayd etilmagan. Uning 17-moddasida yuridik aktlar ittifoqdosh respublikalarning ko‘pchilik aholisi tillarida e’lon qilinishi ko‘rsatilgan, xolos. Bu SSSRning 1924 yilda qabul qilingan Konstitutsiyasining davlat gerbiga bag‘ishlangan moddasida ham ifodasini topgan.

1936 yilda qabul qilingan Konstitutsiyada ilk marta «ittifoqdosh respublika yoki avtonom oblast tili» atamasi qo‘llangan. SSSRning 1977 yilda e’lon qilingan Konstitutsiyasida esa mazkur atama bilan birga «avtonom okrug tili», «mazkur hudud ko‘pchilik aholisi tili» atamalari ham ishlatilgan. Mazkur Konstitutsiya 1924 yilda e’lon qilingan SSSR Konstitutsiyasining yuridik aktlar ittifoqdosh respublikalar tilida yozilishi mumkinligi haqidagi moddani qayta tikladi va bu 1978 yilda qabul qilingan ittifoqdosh respublikalar konstitutsiyalarida ham o‘z ifodasini topgan.

Kuzatishlar o‘sha davr til siyosati ikki ob’yektiv sababga ko‘ra yetarli samara bermaganini ko‘rsatadi. Birinchisi ko‘plab milliy respublikalarda savodxonlikning pastligi bo‘lsa, keyingisi millatlararo muomala vazifasini bajara oladigan umumdavlat tiliga bo‘lgan ehtiyojdir.

Shu bois ham dastlabki paytlarda milliy til bilan birga rus tilini qo‘llash talab qilingan bo‘lsa, keyinchalik «millatlararo muomala tili» degan qiyofasiz atama o‘ylab topildi va bu konstitutsiyada ham rasmiylashtirildi. Bu holat boshqird olimi R. Kuzeyevning kitobida xolis ifodalangan. Unga ko‘ra, bu davr akkulturatsiya, ya’ni xalqlar milliy qiyofasining sezilarli yo‘qolishi, hayot tarzini hozirgi rus madaniyati qoliplariga solish davri bo‘ldi.

Davlat tili bilan bog‘liq muammolardan biri yozuv shakli (alifbo)ni tanlashdir. Tadqiqotchilar bu muammoning 4 jihatini qayd etadilar: lisoniy, iqtisodiy, ruhiy, siyosiy-madaniy jihatlar.

Lisoniy jihat u yoki bu yozuvning qulayligiga asoslanadi. Masalan, 1920-yillarda olimlar kirill, lotin yozuvlaridan qaysi birini tanlash ustida bahslashgan bo‘lsalar, 1930-yillarda kirill alifbosining afzalligini asoslashga harakat qilganlar. Bularning barchasi g‘ayrilingvistik manfaatlarni niqoblash uchun qilingan harakatlardir. Rossiyaning ko‘plab turkiy xalqlari hayotida ming yildan ko‘proq vaqt mobaynida asosiy yozuv vazifasini o‘tab kelgan, muqaddas Qur’on bitilgan arab alifbosi turkiy tillar uchun noqulay degan bahonada dastlab lotin, keyin kirill alifbosi bilan almashtirildi.

Iqtisodiy jihat ham yozuv shaklini o‘zgartirish uchun o‘ylab topilgan niqob edi. Harflarning bir alifboda kamligi, ikkinchisida ko‘pligi real iqtisodiy talofatga olib kelmasligini ularning o‘zlari ham yaxshi bilganlar.

Siyosiy-madaniy jihat 20-30-yillarda ustuvor sanalgan. Ko‘plab xalqlar uchun yangi ijtimoiy tuzumga o‘tish ayni paytda milliy-madaniy qadriyatlarning almashinishi degan ma’noni ham anglatar edi. Sodir etilishi mumkin bo‘lgan ag‘dar-to‘ntarlarning oldini olish uchun rus tilini lotin alifbosiga o‘tkazish masalasi ko‘rildi. Bugina emas: yagona sovet millatini barpo etish istiqboldagi maqsad ekan, uning yozuvi ham bir xil bo‘lishi kerak degan shior o‘rtaga tashlangan. XX asrning 30-yillarida SSSRda qarorlar qabul qilish «markaz» qo‘liga butunlay o‘tgandan keyin til siyosati zo‘ravonlik asosida yuritiladigan bo‘ldi.

Biroq o‘sha davr siyosatidagi muhim narsa yozuvning o‘zgartirilgani emas, balki rus tilining davlat, jamiyat va aholi turmushining barcha jabhalariga faol tatbiq etilgani edi. Bunda VKP(b) MK va Xalq komissarlari sovetining 1938 yil 13 martdagi «Rus tilini milliy respublika va viloyatlar maktablarida majburiy o‘qitish haqida»gi qarori ayanchli rol o‘ynadi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, shunday qarorlar ittifoqdosh respublikalarda ham qabul qilindi. Ma’lumotlarga qaraganda, bu davrda o‘zbek maktablarida rus tili 3296 soat, o‘zbek tili esa atigi 560 soat hajmidagina o‘qitilgan.

SSSRning til siyosatidagi bunday burilish ayrim olimlar tomonidan ma’naviy-madaniy-lisoniy genotsid sifatida baholanganini ham ta’kidlash o‘rinlidir.

Nikita Xrushev ittifoq xalqlarining milliy tafovutlarini kommunizm qurish yo‘lidagi g‘ov deb bilgan va ularga barham berishga intilgan, eng ashaddiy rusifikator sifatida tarixda qolgan bo‘lsa, Leonid Brejnev davrida rus tilini butun aholining «ikkinchi ona tili»ga aylantirish kampaniyasi avj olgan. Biroq o‘sha davrda ham sobiq ittifoq xalqlarini va ularning tillarini ruslashtirish kampaniyasiga qarshi e’tirozlar bo‘lgan. Oktyabr inqilobining birinchi kunlaridan baland pardalarda kuylangan tenglik «milliy tillar teng huquqliligi», «muloqot tilini tanlash erkinligi» kabi shiorlar bilan xaspo‘shlandi. Buning ustiga, rus tilini bilish mansab pillapoyalariga keng imkoniyat ochib bergan.

Xullas, sobiq ittifoq davrida, garchi SSSR konstitutsiyalarida rus tili hamon davlat tili deb qayd etilgan bo‘lmasa-da, milliy tillar na amalda, na qonunchilikda teng huquqqa ega bo‘ldi. SSSRning 1977 yilda qabul qilingan Konstitutsiyasida ona tillarda ta’lim olish huquqi emas, balki faqat imkoniyati kafolatlangani ushbu fikrimizning yaqqol dalilidir.

«Markaz»da o‘tkaziladigan ko‘plab tadbirlar ruslashtirish jarayonini tezlashtirgani shubhasiz. Ammo bu jarayon quyidan – milliy respublikalarning o‘zidan boshlangani ham ayni haqiqatdir.

Albatta, rus tili tufayli erishilgan yutuqlardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin bunga qanday yo‘qotish va qirg‘inbarotlar tufayli erishganimizni ham unutmasligimiz kerak. Bularning barchasi rus va milliy tillardan foydalanish sohasida kuchli ziddiyatlarga olib keldi.

Bu holatlar pirovardida SSSRning milliy respublika va viloyatlarida til bilan bog‘liq nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmasdan qolmadi. 1985 yili Mixail Gorbachyov boshchiligida avj olgan qayta qurish davrida til siyosatiga xos muhim xususiyatlardan biri ikkitillilikni saqlab qolish va rivojlantirish bo‘ldi. Shuning uchun XX asrning 80-yillari oxiriga kelib, ittifoqdosh respublikalarda tillar haqida qonunlar qabul qilish jarayoni boshlanib ketdi.

1987 yilga kelib SSSRda til siyosati faqat «markaz» qarorlari bilan belgilanadigan siyosat sifatida barham topdi: 1987 yilning may oyida Moldova, 1989 yilning 18 yanvarida Estoniya, 25 yanvarida Litva, 5 mayida Latviya til haqida qonunlar qabul qilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda 1989 yilning 21 oktyabrida «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilindi.

Bu jarayonni 1990 yilning 6 mayida qabul qilingan «SSSR xalqlari tillari to‘g‘risida» Qonun ham to‘xtatib qololmadi. Chunki sobiq ittifoqdosh respublikalarda tillar haqida qonunlarning qabul qilinishi va ularda davlat tili maqomining qayd etilganligi nafaqat milliy tillar taraqqiyotida, shuningdek, milliy davlatchilikni qayta tiklash, mustaqillikni qo‘lga kiritishda yangi davr boshlanganini ko‘rsatdi.

Xullas, davlat tili maqomini tarixiy-huquqiy jihatdan o‘rganish uning shakllanishi, amal qilishi va takomillashishi haqida xolis xulosa chiqarish, u bilan bog‘liq jarayonlarni tizimli bayon qilish imkonini beradi.

Rahmatillo MIRZAYEV

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, ehtimolki, birlamchi boyligi bor. Bu – uning tili. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida biriktiradi, ya’ni xalqni – xalq, millatni – millat qiladi.

1989-yil 21-oktabr kuni “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan.

Ulug‘ mutafakkir shoirimiz hazrat Alisher Navoiyning o‘zbek xalqi ma’naviy dunyosi, tilining shakllanib rivoj topishida xizmatlari katta bo‘lgan.
Navoiyning asarlari orqali ona tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbatimiz oshdi.

Bugun bizda ham chet tillarini o‘rganishga zarur shart-sharoitlar yaratilishi bilan birga o‘z ona tilini chuqur bilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonda garchi davlat tili sifatida o‘zbek tili ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, boshqa millatlarning nafaqat tili, balki urf-odatlari ham alohida hurmat qilinadi.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, o‘z tilini hurmat qilgan boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi.

E’zoza Ismatullayeva, “Uzbekistan Airways” AJ bortkuzatuvchisi