Press "Enter" to skip to content

Умиджон Обудов блоги

Go`zal bo`lish o`z qo`lingizda!

Kalendulaning 8 foydali shifobaxsh xususiyati

To`q sariq rangdagi bu gul yaproqlarining shifobaxsh xususiyatlari haqida Qadimgi Rimdayoq ma`lum bo`lgan. Tajribali uy bekalari kalendula yaproqlarini hozirgacha turli taomlarga qo`shishadi. O`simlik: S vitamini, olma kislotasi, efir moyi, hamda kalendulin bo`yog`i singari biologik moddalarga boy. Kalendulin yordamida yog`, sho`rva, qayla va hatto nonga o`ziga xos rang berish mumkin. Buni shaxsan amalda sinab ko`rishni xohlaysizmi? Unday bo`lsa, kerakli miqdordagi gul yaproqlarini yig`ib, sutga solib qaynating. Rangi o`zgargan sutni istagan taomingizga qo`shishingiz mumkin…

Ruhiy muvozanatni qaytarish

Oldingizda muhim uchrashuv turibdi yoki imtihon oldidan qattiq hayajonlanayapsizmi? U holda ko`k choy damlab, ichiga shifobaxsh gul yaproqlaridan qo`shishni maslahat beramiz. Choyni iste`mol qilayotgan vaqtingizda miyangizni vaqtincha “o`chirib” qo`ying. Rohat oling. Meditasiyaga yaqin bu holat o`zingizni qo`lga olishga, asabiy holat va tushkunlik kayfiyatini yo`qotishga yordam beradi.

Uyqusizlikda..

3-4 soatlab ko`zingizga uyqu kelmaydimi? Bu bedorlikdan darak. Kuniga uch mahal kalendula nastoykasini qabul qiling: bir stakan suvga kalendulaning spirtda tayyorlangan nastoykasidan 30 tomchi qo`shiladi.

Agar sizdagi depressiya holati uzoqqa cho`zilgan bo`lsa, quyidagi ichimlikni tayyorlab, iste`mol qilish tavsiya etiladi: kalendula, atirgul, moychechak, limono`t (melissa) va yalpiz yaproqlari ustidan qaynoq suv quyib, ma`lum muddatga chetga olib qo`ying. Bu ichimlikni ichiga asal qo`shgan holatda kuniga bir stakandan 3-4 mahal iste`mol qilish tavsiya etiladi.

Go`zal bo`lish o`z qo`lingizda!

Gul yaproqlari aksariyat tayyor kosmetik vositalari tarkibiga kiritilgan. Ammo siz ham o`z qo`lingiz bilan uy sharoitida tashqi ko`rinishingizga ijobiy ta`sir ko`rsatadigan vosita, deylik ajinlarga qarshi, yuz teringizni oziqlantiruvchi kremni tayyorlashingiz mumkin. Buning uchun sizga maydalangan suli yormasi, kalendula va bo`yimodaron (tisyachelistnik) kerak bo`ladi. Ularni teng miqdorda olib, aralashtirib turgan holda ustidan qaynoq suv quying. Hosil bo`lgan qaymoqsimon aralashma bir oz sovigach, yuzingizga surting. 20 daqiqadan sqng yuvib, yuz terisiga krem surtish tavsiya etiladi.

Jarohatlarda yordam beradi

Agar biror joyingiz kesilib lat egan bo`lsa, yarani tez bitiruvchi malham tayyorlang: bir choy qoshiq kalendula eritmasini 2 choy qoshiq vazelin bilan aralashtiring va yarangizga surtib, bog`lab qo`ying.

Shuningdek, kuygan joyni tez tuzatadigan malham resepti: 1 osh qoshiqdan kalendula va qizilpoycha(zveroboy), 2 osh qoshiqdan oq liliya gulbargi va chernika yaprog`i idishga solinib, ustidan 500 gr kungaboqar yog`i quyiladi va 9 kun davomida qorong`i xonada tindiriladi. So`ng malham sifatida kuygan joyga surtiladi.

Sistitga qarshi…

Kalendula og`riqni qoldiruvchi, yallig`lanishni yo`qotuvchi va boshqa dardlardan xalos etuvchi xususiyatlarga ega.

Qovug`da og`riq tursa, kalendula asosida tayyorlangan ichimlikni mo`l-mo`l ichish tavsiya etiladi. Suyuqlikni tayyorlash usuli: 4 osh qoshiq kalendula gulbarglari ustidan 400 ml qaynoq suv quyiladi.

Og`iz bo`shlig`i kasalliklarida…

Stomatit, angina, alveolalarga oid pioreyaning oldini olishda dorixonalarda sotiladigan kalendulaning spirtda tayyorlangan damlamasi yordam beradi. 1 choy qoshiq nastoykani 2 stakan iliq suv bilan aralashtiring. Bir kunda ikki mahal ovqatdan so`ng og`iz bo`shlig`ini mana shu damlama yordamida chayish tavsiya etiladi.

Husnbuzar toshmasi

Kalendula gulbarglari husnbuzarga qarshi eng yaxshi vosita sanaladi. Kalendula asosida uy sharoitida tayyorlangan tonik teridagi teshikchalarni kichraytirib, yog` ishlab chiqarilishini kamaytiradi. 1 choy qoshiq gulbarglar ustidan 1 stakan qaynoq suv quyib, ustini yopib, yaxshilab o`rab, 1 soatga damlab qo`yish lozim. So`ngra dokadan o`tkazib, yuzingiz terisini arting.

Yuzdagi pigment dog`lar

Kalendula barglari sharbati teng miqdorda olingan limon sharbati, o`simlik moyi va qorag`at mevalari sharbati bilan aralashtiriladi. Qarabsizki, shifobaxsh xususiyatga ega tonik tayyor!

DILShODA tayyorladi

Shifobaxsh va dorivor o’simliklar xususiyatlari

Salom do’stlar. Kundalik hayotimizda, deyarli har kuni shifobaxsh va dorivor o’simliklar har qadamimizda uchraydi, yoki iste’mol qilamiz. Lekin ularning qanday shifobaxsh tomonlari borligiga e’tibor qilmaymiz. Keling shu shifobaxsh va dorivor o’simliklarnining xususiyatlarini birma-bir ko’rib chiqamiz.

Maqola mundarijasi ( Ochish / Yopish )

  1. Ismaloqning shifobaxshligi
  2. Jag’-jag’ o’tining davoligi
  3. Yalpizning shifobaxshligi
  4. Bedaning xosiyati
  5. Ko’k piyozning foydaligi
  6. Otquloqning shifoligi

Ismaloqning shifobaxshligi

Ibn Sino ismaloq bargidan tayyorlangan qaynatmani yo’tal, ich qotishga qarshi qo’llagan. U safro-o’t haydovchi omil sifatida foydali bo’lib, uning tarkibida C, B1, B3, B6, PP, K, E kabi vitaminlar mavjud. Unda temir, yod, fosfor, kaliy, kalsiy, magniy kabi ma’danlar uchraydi. Ismaloq bedarmonlik, taloq, o’pka va asab kasalliklariga davo bo’ladi, peshob va dam haydash xususiyatiga ham ega. Ismaloqdan bahorda sho’rva, pyure, ko’k somsa va salat tayyorlanadi.

Jag’-jag’ o’tining davoligi

Xalq tabobatida jag’-jag’ o’t qon to’xtatuvchi va qon bosimini tushiruvchi omil sifatida qo’llanilgan Undan tayyorlangan me’da, o’pka, burun, buyrak va bachadon kasalliklarida qon to’xtatuvchi sifatida tavsiya etilgan. Uni chayon chaqqan joyga ezib bog’laydilar. O’simlikning yerdan ustki qismini qaynatib, bod, suyak og’rig’iga bog’laydilar. Sharbati ich surgiga davo bo’ladi. Jag’-jag’ o’z tarkibida organik kislotalar, xolin, atsetilxolin, oshlovchi moddalar, teramin kabi manbalar, C, K vitaminlari, inozat, karotin, saponinlar, zarra singari ma’danlar majmuasini saqlashi aniqlangan.

Jag’-jag’ning murg’ak o’tidan ko’k chuchvara, ko’k manti, ko’k non va ko’k somsalar tayyorlanadi.

Yalpizning shifobaxshligi

Yalpiz ham shifobaxsh va dorivor o’simliklar toifasiga kiradi.

Yalpizning shifobaxshligini Ibn Sino quyidagicha ta’riflaydi. «Bir necha kungacha uni yeb, ketidan suzma zardobi ichib turilsa, venalarni kengaytiradi. Yalpiz moxovga foyda qiladi. Uning shirasi qovuqdagi qurtlarni o’ldiradi. Ayniqsa, anjir bilan birga yeyilsa, ko’krakdagi yopishqoq quyuq xiltlarni haydaydi. Yovvoyi yalpiz ishtaha kamligida, me’da zaifligida, hiqichoq tutganda foyda qiladi».

Xalq tabobati amaliyotida yalpiz qaynatmasi tish og’rig’i, og’iz qaqrashi, milk yallig’lanishi va boshqalarni davolashda qo’llaniladi. Yalpiz qaynatmasiga qand qo’shib tayyorlangan qiyom quyonchiq kasaliga davo bo’ladi. O’simlik shirasi esa shaqiqa va sariq kasaliga foydali omil hisoblanadi. Yalpiz sharbati qo’tirni davolashda ijobiy natija beradi.

Yalpizda efir moylari, organik kislotalar, flavonoidlar, vitamin C karotin, ramnoza, glyukoza, rutin, mineral tuzlar va boshqa moddalar mavjud.

Yalpiz – oshko’k ziravor sifatidan tashqari undan bahorqa jag’-jag’, ismaloq, ko’k piyoz, yo’ng’ichqa va boshqa o’tlar bilan birga chuchvara, manti,non va somsalar tayyorlab iste’mol qilinadi.

Bedaning xosiyati

Bedaning tarkibida glikozidlar, efir moylari, kumarin va salitsial kislotalari bor. Xalq tabobatida beda o’pka xastaliklari, kam qonlik, revmatizm, xafaqon kasalligi, yo’tal, siydik haydovchi, yallig’lanishga qarshi vosita sifatida ishlatiladi. Uning damlama va sharbati esa teri kuyishi, teri-yara kasalliklarida ham qo’llaniladi. Ayni bahor damlari beda o’tidan ko’katli somsa, manti, chuchvaralar tayyorlanadi. Bu esa kushiga darmon bag’ishlaydi, shubhasiz.

Ko’k piyozning foydaligi

Ko’k piyoz tarkibida juda ko’p miqdorda fiton’idlar, efir moylari, karotin, E, C, B1, B6, B15, biotin, folatsin vitaminlari, organik kislotalar, kaliy, kalsiy, kremniy, natriy, fosfor, xlor, temir, yod va boshqa organizm uchun kerak bo’lgan elemetlar bor.

Ko’k piyoz ishtahani oshiradi, ovqat hazmini yaxshilaydi. Uning iste’molidan so’ng lanjlik, horg’inlik holatlari yo’qoladi. Ko’k piyoz antitromboz xususiyatiga ega bo’lib, yurak-ishemik xastaligi, xafaqon kasalligi va ularning asoratlarining oldini olishi aniqlangan. Ko’k piyozdan bahorda barcha ko’k va issiq taomlar, salatlar tayyorlashda foydalaniladi.

Otquloqning shifoligi

Otquloq aslida yovvoyi shovuldir. Otquloq turlari tarkibida vitamin C, K, antroglikozidlar, flavonoidlar (rutin va boshqalar), efir moyi, smola, shovul va organik kislotalar, oshlovchi va boshqa foydali moddalar mavjud.

Xalq tabobatida otquloq turlarining ildizidan, bargidan hamda mevasidan tayyorlangan qaynatma yoki damlama ich ketish, dizenteriya, ichak yaralari va boshqa kasalliklarni davolash uchun ishlatiladi. Quritilmagan bargidan olingan shira bilan qo’tir, temiratki va yaralar davolanadi.

Yangi unib chiqqanida otquloq barglari ko’katlar bilan chopib qiyma qilinadi. Keyin jizza, ko’k piyoz qo’shib ko’k somsa, chuchvara, manti va boshqa taomlar qilinadi.

Safar Muhammadning «Bahoriy shifobaxsh ne’matlar» kitobidan.

Olma va baliqni foydali hususiyatlari

Britaniyalik olimlarning sichqonlar ustida o‘tkazgan tajribalarida olmaning xotirani mustahkamlashi aniqlandi. Ularning fikricha, kishi kuniga uch dona olma iste’mol qilsa, istalgan yoshda xotirasi mustahkam bo‘lib, keksalik bilan bog‘liq parishonxotirlikning oldi olinar ekan.

Bundan tashqari, olma qon tarkibidagi xolesterin miqdorini ham kamaytirarkan. Olma tarkibidagi pektin moddasi organizmdan ortiqcha xolesterin chiqib ketishiga ko‘maklashadi. Kuniga ikki dona olma iste’mol qilish qondagi zararli xolesterin miqdorini o‘rtacha to‘qqiz foizga kamaytiradi. Qolaversa, pektin moddasi qand xastaligi paydo bo‘lishi xavfini ham kamaytiradi.

Olma tarkibidagi antioksidantlar saraton xastaliklariga qarshi yaxshi himoyadir. Biroq buning uchun olmani faqat po‘sti bilan yeyish kerak. Negaki, saratonga qarshilik ko‘rsata oladigan moddalarning aksariyati aynan olma po‘stidadir.

Umrni uzaytiradi: Muntazam ravishda olma iste’mol qiluvchilar olma yemaydiganlarga qaraganda 17 yil uzoqroq yashaydi. Buning boisi olma tarkibidagi katexin polifenolida ekan. Bu modda immunitetni oshirib, qon aylanishiga samarali ta’sir ko‘rsatadi va umuman yurak-qon tomir tizimini yashartiradi.

Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, kuniga bir donadan olma yeb yurgan kishilarning yurak-qon tomir tizimi olmani xushlamaydiganlarga qaraganda 17 yilga yosh bo‘larkan. Olma tish emalini tozalab, milklarni massaj ham qiladi. Biroq olmada organik kislotalar ko‘pligi bois ular tish emalini yemirishi mumkin. Shu sababli olmani yeb bo‘lgach, og‘izni suvda chaygan yoki saqich chaynagan ma’qul.

 

Olma qancha nordon bo‘lsa, demak, tarkibida S darmondori shuncha ko‘p bo‘ladi. Agar olmalarni mum qoplagan bo‘lsa, qo‘lingiz yog‘lanadi, shu sababli iste’mol qilishdan oldin ularni yaxshilab yuvish zarur. Agar olma hid taratmasa uzoq saqlangan va shirasini yo‘qotgan bo‘ladi.

Ivitilgan olmada darmondori ko‘p saqlanadi. ­Buning uchun tekis olmalarni saralab, yaxshilab yuvib, idishga qat-qat qilib terib chiqish kerak. Bir litr suvga bir yarim qoshiq shakar, ikki qoshiq asal, ozgina tuz solib qaynatib, so‘ng sovutilgan sirop tayyorlab olinadi va terilgan olmalar ustidan quyiladi.

Olmalar ustini og‘ir yog‘och krujka bilan bostirib qo‘ying. 3-4 kun ichida olma o‘ziga suyuqlikni singdirib olgach, sirop sathi pasayadi. Yana sirop quyib olma ustini suyuqlik bilan to‘ldiring. Suyuqlik yog‘och krujka ustidan 3-4 santimetr ko‘tarilsin. 30-40 kundan so‘ng olmalar tayyor bo‘ladi.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti haftasiga ikki-uch marta baliq iste’mol qilishni tavsiya etadi. ­Chunki olimlarning aytishicha, baliq salomatlik uchun betakror ne’mat. Tibbiyot fanlari nomzodi Ch.Derbenevaning ­ta’kidlashicha, haftasiga ikki marta baliq iste’mol qiluvchilarda yurak xastaliklari paydo bo‘lish xavfi 30 foizga kamayar ekan.

Dengiz va daryo baliqlarining asosiy qimmati ularning go‘shti tarkibidagi yarim to‘yingan omega-3 yog‘ kislotasi. Bu modda qondagi lipidlar va xolesterin miqdorini tartibga solib, aterosklerozning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, bosh miya, yurak va qon tomirlar holatiga samarali ta’sir ko‘rsatadi.

To‘rt soat mobaynida hazm bo‘ladigan hayvonot go‘shtlaridan farqli ravishda baliq tarkibida 15 foiz miqdorida organizmga yengil singadigan oqsillar, shuningdek, yod, marganets, mis, rux, ftor kabi moddalar almashinuvi uchun betakror noyob mikroelementlar mavjud. Olimlar ta’kidlashicha, eng arzon baliqlar ham foydali bo‘lib, qator xususiyatlariga ko‘ra qimmat navli baliqlardan qolishmas ekan.

Renat Akchurin, akademik, yurak jarrohi: — So‘nggi paytlarda kasal bo‘lmaslik va uzoq yashash imkonini beradigan sirli ne’matlarni izlash urfga aylandi. Ishonch bilan ayta olamanki, bunday ne’mat amalda mavjud emas. Biroq shunga qaramasdan foydali mahsulotlar, xususan, yurakka nafi bor taomlar, albatta, mavjud. Yurak uchun eng foydali ne’matlardan biri — baliq.

O‘tkazilgan klinik tadqiqotlarda haftasiga ikki marta baliq iste’mol qilish yurak xastaliklari rivojlanishini 30 foizga kamaytirishi isbotlandi. Baliqning yana bir noyob xususiyati shundaki, uning tarkibidagi to‘yinmagan yog‘lar iste’mol qilingan mahsulotlardagi zararlar ta’sirini yo‘qqa chiqaradi. Quruq mevalar, xususan, o‘rik va mayiz ham juda foydali. Ulardagi yurakka zarur mikroelementlar organizmga yengil singadi.

40 yoshdan keyin go‘sht mahsulotlarini umuman iste’mol qilmaslik, ularni asta-sekin sabzavot, meva hamda bo‘tqalar bilan almashtirib borish maqsadga muvofiq.

Sizni ushbu maqola ham qiziqtirishi mumkin

Olma va baliq bunchalik shifobaxsh hususiyatga ega ekanligi haqida hattoki o’ylab ko’rmagan ekanman. Olma qanchalik nordon tamga ega bo’lsa demak S vitaminiga shunchalik boy bo’lar ekan.

Gulhayo assalomu alayko’m. Olma va baliq haqidagi maqolamizdan o’zingiz uchun qandaydir foydali malumotga ega bo’lganingizdan xursandmiz. Sizni kelgusida yana web-saytimzda kutib qolamiz.

So‘nggi yuklangan mavzular

Ko‘p o‘qilgan mavzular

Bo‘limlardan birini tanlang