Bugun, 1 mart, bahorning boshlanishi. Qalblarga iliqlik yugurdi, tabiat uyg‘ondi.
BAHOR KELDI SENI SO‘ROQLAB
Taniqli jamoat arbobi, shoira Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 mart kuni Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Shoira xotin-qizlar bilim yurtida o‘qigan vaqtlaridayoq (1931—1934) adabiy to‘garaklarda she’rlar mashq qila boshladi. 1935—1938 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. So‘ngra 1938—1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Davlat nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, 1950—1953 yillarda esa «O‘zbekiston xotin-qizlari» («Saodat») jurnalida bo‘lim boshlig‘i. 1953—1980 yillarda esa bosh muharrir bo‘lib ishladi.1932 yil Zulfiya 17 yoshida yozgan «Xayot varaqlari» nomli birinchi she’rlar to‘plami chiqdi. Shoira «She’rlar» va «Qizlar qo‘shig‘i» (1938) kabi poetik asarlarini ona-Vatan va uning dala, cho‘llarida mehnat qilayotgan paxtakorlar, mexanik, traktorchi qizlarning qaynoq hayotlariga bag‘ishlaydi. Urush davrida shoiraning «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron kunlarida» (1944) kabi to‘plamlarining nashr etilishi Zulfiyaning peshqadam shoirlar qatoriga dadil kirib kelayotganligidan nishona edi. Shoiraning urushdan so‘nggi yillarda yozilgan «Dalada bir kun» (1948), «Tong qo‘shig‘i» (1953) kabi bir qator she’rlar turkumi, «Men tongni kuylayman», «Yuragimga yaqin kishilar» (1958), «Kuylarim sizga» (1965) to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi. Uni «So‘roqlaydi shoirni she’rim» (1960), «Oydin» (1953), «Quyoshli qalam» (1967) kabi ocherk va dostonlari H. Hakimzoda, Oybek, Oydin, Hamid Olimjon kabi ustozlarning yorqin xotiralariga bag‘ishlangan. Zulfiya H. Olimjonning «Semurug‘», «Zaynab va Omon» dostonlari asosida pyesa va opera librettosini ham yaratgan. Zulfiya «Uylar», «Shalola» kabi she’riy majmualari uchun Hamza nomidagi respublika Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. Hind mavzuidagi she’rlari uchun Javoharlal Neru nomidagi xalqaro sovrin, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun xalqaro «Nilufar» mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shoira Hindiston, Yugoslaviya, Shri Lanka, Misr, Birma, Avstriya kabi mamlakatlarda bo‘ldi. U 1956 yilda Osiyo va Afrika yozuvchilarining Dehlida o‘tkazilgan birinchi konferensiyasida qatnashib, mashhur «Mushoira» (1958) asarini yaratdi.Uning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan. Shoira Nekrasov, Lermontov, V. Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognesvet, M. Dilboziy, Amrita Pritam asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.
O‘zbekistonda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilib, adabiyot, san’at, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalaridagi muvaffaqiyatga erishgan, yoshi 14 dan 22 yoshgacha bo‘lgan qizlarga har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami kuni taqdim etiladi.
O‘zbekiston xalq shoiri, Mehnat Qahramoni Zulfiya Isroilova 81 yoshida, 1996 yil 1 avgustida vafot etgan.
Yorqinoy ISHMURODOVA,
tumandagi 10-umumta’lim maktabi IMMB targ‘ibotchisi.
Хато топдингизми?
Сичқонча ёрдамида хато қисмини танланг ва CTRL+ENTER тугмачаларини босинг.
Кўрсатилган ойнада муаммони тавсифланг ва маъмуриятга хабарнома юборинг.
Бошқа хабарлар
ZEBI ZAMONA ZULFIYAXONIM ..
Bugun, 1 mart, bahorning boshlanishi. Qalblarga iliqlik yugurdi, tabiat uyg‘ondi.
T A SH A K K U R N O M A ! ..
Hurmatli Jamshid To‘lqinovich! Eslab qarasak, Vayrot mahallasidagi Vayrot va Ravotkashoni.