Press "Enter" to skip to content

O‘zbekistonda bu yil faqat 9 va 11-sinf bitiruvchilari bosqichli imtihonlar topshiradigan bo‘ldi

Rahima ayani mahallada hamma yaxshi taniydi, nomini hurmat bilan tilga oladi. Aya oddiy o‘zbek ayoli. U biror olamshumul kashfiyot qilgani yo qahramonlik qilgani yo‘q. Faqat uch qizni oq yuvib, oq tarab o‘stirdi. O‘sha zamonlarda qiz bolani o‘qitish uyat deb hisoblagan qishloqdoshlarining ta’nalariga e’tibor qilmay, uch qizini shaharda o‘qitdi. Qavm-qarindosh, qayinbo‘yinlari bilan talashib-tortishib, ba’zilari bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketishgacha borib, qiz bola ham ilm olishga, oliy ma’lumotli bo‘lishga haqqi bor degan qarashni shakllantirdi. Yolg‘iz kelinini ham o‘qitib, nevaralarini o‘zi boqdi. O‘qigan qizning nafaqat oilasiga, balki jamiyatga ham foydasi tegishini isbotladi. Bugun uning qizlariga hamma havas qiladi, qizlarim, nabiralarim shularga o‘xshasin deydi.

O‘qigan qiz shahar olib bermaydi, biroq…

Rahima ayani mahallada hamma yaxshi taniydi, nomini hurmat bilan tilga oladi. Aya oddiy o‘zbek ayoli. U biror olamshumul kashfiyot qilgani yo qahramonlik qilgani yo‘q. Faqat uch qizni oq yuvib, oq tarab o‘stirdi. O‘sha zamonlarda qiz bolani o‘qitish uyat deb hisoblagan qishloqdoshlarining ta’nalariga e’tibor qilmay, uch qizini shaharda o‘qitdi. Qavm-qarindosh, qayinbo‘yinlari bilan talashib-tortishib, ba’zilari bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketishgacha borib, qiz bola ham ilm olishga, oliy ma’lumotli bo‘lishga haqqi bor degan qarashni shakllantirdi. Yolg‘iz kelinini ham o‘qitib, nevaralarini o‘zi boqdi. O‘qigan qizning nafaqat oilasiga, balki jamiyatga ham foydasi tegishini isbotladi. Bugun uning qizlariga hamma havas qiladi, qizlarim, nabiralarim shularga o‘xshasin deydi.

Rahima ayaning turmush o‘rtog‘i qirq to‘rt yoshida bexosdan olamdan o‘tib qoldi va u to‘rt farzandi bilan beva qoldi. Soppa-sog‘ yurgan odamning bir kechada boshim og‘riyapti degancha boshini ko‘tarolmay qolgani unga armon bo‘ldi, bu yaqin atrofda biror duxtir yoki kasalxona bo‘lmagani, eriga birinchi yordam ko‘rsatilmagani tufayli qirq yoshida chirqirab qolaverdi. Balki shuning ta’sirimi, to‘ng‘ichi Nargizani duxtirlikka o‘qitaman deya bel bog‘ladi. Otasi vafot etgach, qattiqqo‘l amakilari qizlarni sovchi kelishi bilan uzatib yubormoqchi bo‘lishdi. Shunda bor kuchi bilan qarshilik qilgan onaizor qo‘shni qishloqqa akalarinikiga ko‘chib ketib yashashgacha bordi, ammo shashtidan qaytmadi. Qarshiliklarga qaramay ayaning uch qizi: Nargiza, Ra’no va Nilufar birin-ketin talaba bo‘ldi. Katta qizi Nargiza maktabni oltin medalga bitirib, Samarqand tibbiyot institutiga imtihonsiz qabul qilindi. Aya kunduzi kasalxonada sanitar bo‘lib ishlab, kechasi chopon tikib sotib qizlarining yo‘lkirasi, yeb-ichishini amallab turdi. U qiyinchiliklar ham ortda qoldi. Hozir qizlarning biri qo‘li yengil shifokor, boshqasi ingliz tili o‘qituvchisi, kenjasi doktoranturada o‘qiyapti. Bir paytlar ona-bolalarni qoralagan, davralarga qo‘shmay qo‘ygan, o‘qigan qizlarni endi er olarmidi deganlar tilini tishlab qoldi. Ayniqsa, shifokor qizi Nargizaga ishi tushmagan, eshigini taqillatib bormagan qishloqdoshi bo‘lmasa kerak, barining duosini oladi. Eng muhimi, qiz bola ham o‘qishi kerak ekan degan qarash paydo bo‘ldi. Gapirganlarning o‘zi hozir nabiralarini Ra’no muallimga ingliz tilini o‘rganishga berishayapti, qishloqda o‘qigan qizlarning soni yildan yilga oshib borayapti.

Bizda qiz bolaga oliy ma’lumot kerakmi, qiz bola o‘qib shahar olib berarmidi, shuncha o‘qitganing bilan uzatib yuborsang rohatini boshqalar ko‘radi degan qarash haliyam uchrab turadi. Yurtimizda shunday tumanlar borki, butun boshli maktabdan bitiruvchilar orasida talaygina qizlar oliy o‘quv yurtiga kirish u yoqda tursin, hatto hujjat topshirmagan bo‘ladi. Bitiruvchi sinf qizlarining ko‘pchiligi allaqachon unashtirilgan va tezroq maktabni bitirib uzatilishi haqida o‘ylaydi. Afsuski, kelajagi, oliy ma’lumot olib hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, sevgan kasbi bo‘lishini orzu ham qilmaydi. Hayot faqat yaltir-yultur sarpolar bilan uzatilish, tillo-yu tangalarga botib to‘yma-to‘y, marosimma-marosim tog‘ora ko‘tarib yurishdan iboratdek go‘yo. Erta uzatilayotgan o‘sha qizlarning onalaridan biriga nega buncha erta uzatayapsiz, qo‘lida hunari yo‘q, biror kasbning boshini tutmagan, ertaga hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin, hech bo‘lmaganda o‘qisa bolalarini savodli qilib tarbiyalaydi-ku desam, o‘qitishga pulimiz yo‘q deydi. Lekin qizi uchun yiqqan sarpo-yu tilla taqinchoqlar, oldi-berdilarini hisoblasangiz, bir emas uch-to‘rtta qizni o‘qitishga yetadigan pul safrlangan. Hayron qolasan, bu latta-puttalarni qachongacha kiyadi, yotib yeyishga tog‘ ham chidamaydi-ku yoki bir umr uning ta’minotini bo‘yningizga olasizmi? Vaholanki, onaning o‘zi bir yilda bir shifokor ko‘rigiga bormaydi, salomatligiga yetarlicha e’tibor bermaydi. Biror marta tuman oshib bir joyga sayohat qilgani yo‘q, ammo qizi, kuyovi, quda-andasi uchun bor-budini sarflaydi. Mayli, lekin shu qizlar hayotga, oila qurishga, ona bo‘lishga har tomonlama tayyor deb o‘ylaysizmi? Afsuski yo‘q!

Mastura Valieva, psixolog:

«Qabulimga oilasi buzilayotgan kelinlarni olib kelishadi. Gaplashib ko‘rsangiz yoshgina kelin, ammo hamma narsadan to‘ygan, depressiya holatida. Tarixini surishtirsam ko‘pchiligi juda erta turmushga chiqqan, maktabni bitiriboq uzatilgan. Hali oila nima, turmush nima, ayollik, kelinlik, onalik vazifalari, mas’uliyati nimalardan iboratligini bilmaydi. Qanday vaziyatda qanday ish tutish, muomala, ko‘ngilni olishga no‘noq. Axir u hali ota-onasi bag‘rida o‘ynab yurgan erkin qush edi, maktabni bitirganidanoq darrov begona uy, begona muhitga uzatvorishgan, hali dugonalari o‘ynab-kulib yurishganda u har bir qadami tahlil qilinadigan boshqa mamlakatga tushib qoldi. Bunday paytda yangi xonadondagilar uni to‘g‘ri tushunib, sekinlik bilan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishsa-ku xo‘p-xo‘p, lekin har bir harakatidan mukammallik talab qilaverishsa yosh niholga darz ketadi, ruhiy bosim kuchayib, ba’zi yosh kelinlarimiz depressiyaga tushib qolishlari hech gap emas. Shunday mijozlarimiz bilan ishlash jarayonida ko‘proq o‘zini rivojlantirishi, yoqtirgan mashg‘uloti bilan shug‘ullanishi, qaysidir hunarni o‘rganishi uchun imkon berib, shu bilan birga yangi do‘st, uni tinglaydigan yangi davraga yaqinlashtiramiz va natija tezda yaxshi tomonga o‘zgaradi. Qizimizda o‘ziga ishonch, hayotga qiziqish paydo bo‘ladi va yashirin qobiliyatlari ochilib, ko‘zlari porlay boshlaydi. Yuziga qizillik yuguradi. Ota-onalarga maslahatim: qizlaringizni o‘qitib bir kasbning egasi bo‘lishini ta’minlang, to‘g‘ri, hamma ham yaxshi o‘qishga qobiliyatli bo‘lmasligi mumkin, lekin hunar o‘rgatishingiz mumkin-ku? Tikuvchlikmi, dizaynerlikmi, oshpazlikmi yoki yana qancha hunarlar bor. Qizingizning pulga ehtiyoji bo‘lmas, lekin hech bo‘lmasa o‘zi yaxshi ko‘rgan mashg‘uloti, o‘zi uchun qiziq bo‘lgan mavzusi bo‘ladi. Ertaga bunday ayollar turmush o‘rtog‘i uchun ham qiziqarli ayol, farzandlari uchun qiziqarli ona bo‘ladi.

Bir necha yil oldin bir ziyoli ona huzurimga keldi. «O‘g‘limni bir amallab bitta qizdan sovutishim kerak, u qiz bozorda savdo qiladi, o‘g‘limga mos emas» dedi. Chunki o‘g‘li nufuzli uiversitetda o‘qigan, magistraturani xorijda o‘qib kelgan, intellekti baland, kelajagi porloq mutaxassis. Qiz esa hech qa y erda o‘qimagan, bozorda ko‘rib qolib yoqtiribdi. Yigitning oilasi o‘qimishli, ziyoli oila, ular uchun ikki xil: o‘qigan va o‘qimagan odam bor. Xuddi yaxshi va yomon degandek. «Opa, balki yaxshi qizdir, kelsa tarbiyalab olarsiz» desam, «gaplashib ko‘rdim, tarbiyalay olishimga ko‘zim yetmaydi, umuman unga bizning muhit begona» dedi. Onani ham tushunishga harakat qilaman, «Men oilamizning, avlodlarimizning kelajagini o‘qimagan bir qizga ishonolmayman» deydi. Yolg‘iz o‘g‘lini va davomchilarini fahm-farosati, intellekti baland bo‘lgan, har tomonlama mukammal qizga ishonib topshirmoqchi. Uzoq urinishlaridan keyin ona asl haqiqatni o‘g‘liga uqtira olibdi va boshqa – o‘zi orzu qilgandek qizga uylantiribdi. Hozir oilaning ikki bolasi bor, baxtli hayot kechirishadi, keyin o‘g‘li ham onasiga to‘g‘ri tanlov uchun rahmat debdi».

2018 – yilning boshida Jahon banki ta’lim va gender masalalariga bag‘ishlangan qiziqarli hisobotlardan birini e’lon qildi, u «Boy berilgan imkoniyatlar: qizlarni o‘qitmaganlik uchun to‘lanadigan katta tovon» («Missed Opportunities: The High Cost of Not Educating Girls » ) deb ataladi.

Hisobotda qiziqarli faktlar keltiriladi:

· Global miqyosda har o‘n qiz bolaning to‘qqiz nafari boshlang‘ich ta’lim, to‘rtdan uch tas i esa o‘rta ta’lim (taxminan 9 yil) oladi. Kam daromadli mamlakatlarda qizlarning uchdan ikki qismi boshlang‘ich maktabda o‘qiydi, faqat har uch qizdan biri o‘rta maktabning quyi bosqichini (tugallanmagan o‘rta ta’lim) tugatadi.

· O‘rta maktabni tugatayotgan qizlarning tayyorgarligi yaxshi, ko‘pincha boshqalardan sog‘lom bo‘ladi, hayotda muvaffaqiyatga erishadi, bola lari kasallikka kam chalinadi, o‘lim kam xavf tug‘diradi, aksariyati baxtli turmush kechiradi . Bundan tashqari, o‘rta ma’lumot olgan qizlarning katta yoshlilar sifatida mehnat bozorida qatnash ish ehtimoli katta, baland ijtimoiy maqomga ega bo‘ladi, shuningdek, uy muhitida va jamiyatda qarorlar qabul qila ola di.

· Ish haqi va hayot darajasi: agar dunyoda har bir qiz o‘n ikki yillik sifatli ta’lim olganida edi, jahonda ayollar umr bo‘yi oladigan maosh hozirgi 15 trillion AQSh dollaridan 30 trillion dollarga yetar edi. Boshlang‘ich ta’lim olgan ayollar umuman ma’lumoti yo‘q ayollarga nisbatan 14–20 foiz ko‘proq pul topadi, o‘rta ma’lumotlilari esa deyarli ikki barobar ortiq maosh oladi.

· Erta nikoh va erta tug‘ish: qizlarning umumiy o‘rta ta’lim olishi erta nikohga (18 yoshgacha nikohdan o‘tish) barham berishi mumkin va ayollarning erta tug‘ish xavfini (18 yoshgacha birinchi farzandli bo‘lish) 75 foiz kamaytiradi .

· Qaror qabul qilish: qiz bolalar uchun umumiy o‘rta ta’lim oilada qaror qabul qilishga qodir ayollar ulushini 10 foiz ko‘paytirishga ko‘maklashishi mumkin.

· Ijtimoiy kapital va muassasalar: qizlar uchun umumiy o‘rta ta’lim ularning ijtimoiy hayotga aralashuvi ni kuchaytiradi , o‘zlariga zarur bo‘lgan ishonchli do‘stlar orttirish imkonini ber adi .

· Oliy ta’lim olgan ayollar foizining oshishi esa mamlakatning iqtisodiy ahvolidan tortib yashash tarzi, umumiy savodxonlik yaxshilanishi va rivojlanishga juda katta ta’sir ko‘rsatadi .

Markaziy Osiyoda ahvol qanday?

Ushbu tadqiqot Markaziy Osiyoda qizlarning ta’limdan mahrum etilishining aniq sabablari va tahlilini qamrab olmasa-da, shu mavzudagi boshqa bir qancha tadqiqotlar qizlarni ta’lim olishdan mahrum etishning o‘ta xavfli tamoyili mavjudligini ko‘rsatmoqda. Masalan, UNISEF va BMTning Tojikiston va Qirg‘izistonda o‘tkazgan tadqiqotlariga ko‘ra qiz bolalarni boshlang‘ich ta’lim bilan qamrab olish deyarli 100 foiz (95–98 foiz) bo‘lgani holda o‘rta maktabni 65–75 foiz qizlar bitirib chiqadi, ayrim uzoq qishloqlarda esa bu ko‘rsatkich 50 foizdan ham kam.

· Aksariyat erkaklar ish izlab boshqa mamlakatlarga ketayotgani sababli aholining qolayotgan qismi, ayniqsa qizlar mutlaqo savodsiz, tayyorlanmagan holda, mehnat bozorida hech qanday ko‘nikmasiz qolib ketmoqda. Bu ham yetmaganday, erta oila qurgani uchun ko‘p farzand tug‘ib, ularni tarbiyalash va qornini to‘ydirishga qurbi yetmayapti. Bu butun boshli avlodlar rivojlanishi uchun qulay sharoit yo‘qligi sabab ularning marginallashuvi va qashshoqligiga olib kelmoqda.

· Masalan, BMTning «Ta’lim indeksi»ga (ta’limning o‘rta va kutilayotgan yillarini baholash) ko‘ra Tojikiston 187 ta mamlakat orasida ta’lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha 133-o‘rinni egallaydi, bu Mustaqil davlatlar hamdo‘stiligidagi eng past ko‘rsatkichdir (Qirg‘iziston 125-o‘rinda, Turkmaniston 103-o‘rinda, O‘zbekiston 116-o‘rinda, Qozog‘iston 70-o‘rinda ekan).

· O‘qish sohasida o‘g‘il bolalar bilan qizlar o‘rtasidagi gender tafovuti ortib borayotgani alohida tashvish uyg‘otadi. Tojikistonda boshlang‘ich va o‘rta ta’lim olish majburiyligiga qaramay, kambag‘al oilalarning farzandlari, ayniqsa qizlar ko‘pincha 9 yillik o‘qishni bitirmasdan burun maktabga bormay qo‘yadi. UNESKO ma’lumotlarida aytilishicha, tafovutlar 5-sinfdan boshlab sezila boshlaydi, o‘sha paytda qizlarning taxminan 10 foizi maktabga bormay qo‘yadi, o‘g‘il bolalarning ushbu ko‘rsatkichi esa 2 foizga teng bo‘ladi. Garchi bu har joyda har xil bo‘lsa-da, ayni tafovut o‘rta maktabning yuqori bosqichida (16 yoshdan boshlab) ortib oradi, qizlarning 48 foizi va o‘g‘il bolalarning 30 foizi maktabga qatnamay qo‘yadi.

O‘zbekistonda qizlarning oliy ta’lim olishiga yetarli sharoit bormi?

Albatta, qizlarimizning har tomonlama yetuk, ilmli, dunyoqarashi keng bo‘lib voyaga yetishi uchun hamma sharoit bor. Ularning oliy ma’lumot olishi uchun bir qancha qaror va farmonlar qabul qilingan. O‘zbekiston prezidentining 2021-yil 5-martdagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta’minlash, shuningdek, ayollarga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ta’lim muassasalariga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish tartibini takomillashtirish hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llash maqsadida hukumatning qarori va shu qaror asosida nizom ishlab chiqildi va joriy etildi. Natijada 2000 nafar qiz alohida grant asosida institut va universitetlarga qabul qilindi, yana 1800 nafariga o‘qish puli to‘lab berildi. Oqibatda 2021-yilda o‘qishga kirgan talabalarning 60 foizini qizlar tashkil etdi (2016-yilda bu ko‘rsatkich 38 foiz bo‘lgan). Shuningdek, ayni paytda ayollarimizning ulushi past bo‘lgan aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida qizlarning ulushi hozirgi 24 foizdan 40 foizga yetkaziladi. Buning uchun har yili qizlarning talaba bo‘lishiga kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlari uchun ajratiladi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlari, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.

Ta’lim tizimida qizlar uchun yana bir qator imkoniyatlar:

– yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt puli to‘liq byudjetdan qoplab beriladi (23 ming qizga 200 milliard so‘m);

– har yili 60 nafar qiz nufuzli xorijiy universitetlarga o‘qishga yuboriladi;

– har bir viloyatda kambag‘al oila vakillari, otasiz yo onasiz 150 nafar qizning (jami 2100 nafar) ta’lim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lab beriladi;

– yosh bolas i bor talaba- ayol larga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi;

– doktoranturada ayol lar uchun har yili kamida 300 ta o‘rin ajratila di.

Jadvaldan ham ko‘rinib turibdiki, yildan yilga o‘qiydigan qizlarning foizi oshib borgan.

Ilm olish mo‘min va mo‘minaga farzdir

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qizi Odina Muhammad Sodiqning Liviya va Misrda ilm olib qaytgan qoriya, ustoz sifatida islomda qizlarning ilm olishi to‘g‘risida bergan intervyusidan lavha:

– Qiz bolalar ta’limi xususida gapiradigan bo‘lsak, ularni albatta o‘qitish shart. Chunki o‘g‘il bolalar kabi ular ham Allohning bandasi, jamiyatdagi bir shaxs. Ular jamiyatning ajralmas qismi, shuning uchun ham ta’lim olishga haqli. Shariatda ayollarning ham burch va mas’uliyati bor. Buning uchun ular javobgar hisoblanadi. Har bir insonning o‘rganishga, atrofdagilar bilan muloqotga kirishish uchun ilmga ehtiyoji bor. Shariat – ilm dini hisoblanadi. Shuning uchun ham ilk nozil bo‘lgan oyati karima «iqro» so‘zi bilan boshlanadi, ya’ni «o‘qi» deyilgan.

O‘z hayotimizdan misol keltiradigan bo‘lsak, jumladan, padari buzrukvorimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari biz – qizlariga hech qachon ilm olishdan ko‘ra ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lish kerakligini targ‘ib qilmas, har narsaning avvalida ilm turishini ta’kidlar edi. O‘qishimizga katta e’tibor qaratib, bizdan buni qattiq talab ham qilardi. Qachon ilm bilan mashg‘ulligimizni bilsa, xursand bo‘lar edi. Biz ham uni xursand qilishni niyat qilsak, ilmda yaxshi natijalarga erishish orqali ko‘ngliga yo‘l topardik. Otamizning ayollar ilmiga bo‘lgan rag‘batini ularga beradigan ta’rifidan sezar edik. Biror ayol uchun maqtov keltirmoqchi bo‘lsa, «U o‘qigan, ilmli ayol» der edi. Agar qaysidir ayoldan noroziligini ifodalamoqchi bo‘lsa «Ha, o‘qimagan-da» der edi. U kishining nazdidagi o‘lchov – o‘qish edi. Kimdir bir pora Qur’onni o‘rganib, o‘zining farz amallarini mukammal bilsa, besh vaqt namozini, ro‘za ahkomlarini o‘rganib olgan bo‘lsa, u katta ne’matni qo‘lga kiritibdi der edi. Nafaqat diniy, dunyoviy bilimlarni o‘rganish ham ayollar uchun joizligini aytar edi. O‘z ishining ustasi bo‘lgan, til bilgan bilimli ayollar haqida maqtov bilan gapirar edi. Allohni tanigan insonlar, din qayg‘usida bo‘ladigan olimlar albatta qizlarini o‘qitishga katta e’tibor berishgan.

Sayyora Soyipova, Avstriyaning Krems universiteti 2-bosqich talabasi:

– Oilada uchta opa-singilmiz. Onamning kasbi – o‘qituvchi. Bolaligimizdan hammamizning ilm olishimizga ota-onam jiddiy e’tibor berishgan. Qaysi sohadan ketishimiz, qaysi kasb egasi bo‘lishimizni o‘zimizga qo‘yib berishgan, chunki otam odam kasb tanlashda adashmasligi, yuragiga quloq solishi shart, ertaga o‘zing sevmagan ishni bajarishing seni baxtsiz qilmasligi kerak degan. Men turizm sohasini tanlaganman, hozir shu mutaxassislik bo‘yicha tahsil olayapman. Inson kasbini sevsagina o‘z ishining ustasi bo‘la oladi va o‘ziga ham, boshqalarga ham kerak bo‘ladi. Ikkita xorijiy tilda gaplasha olaman, lekin mening soham uchun besh-oltita tilni bilish zarar qilmaydi. Shuning uchun yangi o‘quv yilidan boshlab yana ikkita xorijiy tilni o‘rganmoqchiman. Magistraturani xorijda o‘qib kelmoqchiman. Mening rejalarimni ota-onam qo‘llab-quvvatlaydi. Bilasiz, bizning o‘zbekchilikda qiz bola maktabni bitirdimi, sovchi kela boshlaydi. Xudoga shukur, ota-onam mening o‘qishimni, ilmli bo‘lishimni istashgani uchun sovchilarga rad javobini bervorishadi. Qizig‘i, sovchilarning orasida «Uzatavering, o‘qishini o‘zimiz hal qilamiz, qiynalmaydi, gaplashamiz. » deydiganlari ham chiqib qoladi. Shunda onam hayron bo‘lib, «Gaplashib hal qilsa o‘qishga kirishdan maqsad nima, o‘qib yaxshi mutaxassis bo‘lishi uchun hamma darslarga to‘liq qatnashishi, o‘z vaqtida o‘zlashtirishi kerak-ku» desa kuladiganlari ham topiladi. Bizda ba’zi universitetlarda hali ham oilali talabalarning o‘qishga nomiga kelib ketishi, semestrlarning «gaplashilishi» oddiy hol shekilli-da.

Xulosa o‘rnida

Buyuk insonning ortida buyuk ayol turadi deyishadi. Dunyo taniydigan insonlarni katta kashfiyotlarga, ulug‘ ishlarga ilhomlantiradigan, qo‘llaydigan onalari bo‘lganini tarixdan yaxshi bilamiz.

Imom Buxoriy hazratlarining yoshligida ko‘zi ko‘rmay qolganda onasi juda qattiq iztirobga tushadi va yig‘lab-yig‘lab, chin dildan xudoga iltijo qilib, bolasining ko‘zi ochilishini so‘raydi. Uzoq toat-ibodatdan so‘ng tushida Ibrohim alayhissalomni ko‘radi va u kishi «o‘g‘lingning ko‘zi ochiladi» degan xushxabarni yetkazadi. Ona uyqudan turib qarasa o‘g‘li yana ko‘ra boshlaydi. Otasidan erta yetim qolgan Imom Buxoriy hazratlari doimo aqlli, zukko, taqvodor onasi bilan birga bo‘ladi. Hajga ham onasi va akalari bilan birga borib, o‘sha yerda qolib, ilm bilan shug‘ullanadi.

Dmitriy Mendeleyev oiladagi 17-farzand bo‘lib dunyoga keladi. U tug‘ilgach, otasi ko‘zdan qolib depressiyaga tushib qolgan va ro‘zg‘or tashvishi-yu farzandlar tarbiyasi onasi Mariya Dmitriyevaning zimmasiga o‘tadi. Kenjatoy Dmitriy doim onasi bilan birga yuradi. O‘qimishli, ziyoli Mariya o‘g‘liga to‘rt yoshida o‘qishni o‘rgatadi va keyingi kashfiyotlari, ilm bilan shug‘ullanishi uchun ham juda katta turtki beradi. Mendele y ev nimaiki qilsa onasini xursand qilish uchun qilayotganini aytgan.

Stiv Jobsning onasi – Klara Jobs o‘smir yoshdagi Stivga «Sen hech kimga o‘xshamagan noyob qobiliyatli, alohida odamsan, senga ishonaman, hali katta ishlarni qilasan» deya motivatsiya bergan. Stiv uyning garajida o‘z ishini boshlaganida onasi telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berib administratorlik qilib yordam bergan. Qaysidir faylasufning «Bizga buyuk onalarni bering, sizga buyuk daholarni beramiz» degan aforizmi juda mashhur. Darhaqiqat, millatni yuksaltirmoqchi bo‘lsak, bo‘lajak onalarni, qizlarimizni bilimli, tafakkuri keng qilib tarbiyalashimiz shart.

Shahnoza ROFIYEVA

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 3-son.

“O‘qigan va o‘qimagan” maqolasi

O‘zbekistonda bu yil faqat 9 va 11-sinf bitiruvchilari bosqichli imtihonlar topshiradigan bo‘ldi

O‘zbekistonda 2021/2022-o‘quv yili yakunida 5-6-7-8 hamda 10-sinflarning bosqichli imtihonlari o‘tkazilmaydi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, umumta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari 2022-yil 25-may kuni tugaydi va 9- va 11-sinf o‘quvchilarining yakuniy nazorat imtihonlari 26-maydan 15-iyunga qadar o‘tkaziladi.

Bayram munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlarini inobatga olgan holda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinf o‘quvchilari uchun Jismoniy tarbiya fanidan yakuniy nazorat imtihonlari 2—7-maydan 11—14-may kunlariga ko‘chiriladi.

Joriy o‘quv yili yakunida 5-6-7-8 hamda 10-sinflarning bosqichli imtihonlari o‘tkazilmaydi. Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari va maktab-internatlarida esa bosqichli imtihonlar ularning ichki nizomlariga muvofiq ixtisoslashuv fanlari doirasida amalga oshiriladi.

Davlat test markazi tomonidan beriladigan umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida davlat sertifikatga ega hamda chet tili fani bo‘yicha B1 va undan yuqori B2, C1, C2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar tegishli fandan hamda chet tili fanidan maktab pedagogika kengashining qarori asosida yakuniy nazorat imtihonlaridan ozod etiladi.

Yakuniy nazorat imtihonlariga o‘quvchilarni kiritish yuzasidan maktab pedagogika kengashi o‘tkaziladigan kundan kamida 10 kun oldin tegishli sinf rahbari tomonidan ishchi guruhga umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi, chet tili fani bo‘yicha B1 yoki undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘quvchilar ro‘yxatini va sertifikatlar nusxalarini taqdim etishlari lozim.

  • O‘zbekistonda 9 va 11-sinf bitiruvchilaridan olinadigan yakuniy imtihon fanlari tasdiqlandi
  • O‘zbekistondagi maktab bitiruvchilarining 31 foizi haligacha ID-karta olmagan — XTV