Press "Enter" to skip to content

Ona tili millat g’ururi haqida insho

Darhaqiqat, davlat tilining mustahkam huquqiy maqomi belgilab qo‘yilgani tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanishga yetarlicha zamin yaratib, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi barobarida o‘zbek tilining erkin muomalada bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitni yaratib berdi.

Til – millat ko’zgusi

Ma’lumki, dunyodagi 200ta til bugunda davlat tili maqomiga erishgan bo‘lib, shular orasida o‘zbek tili ham bor. YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 6 ming 909 til mavjud bo‘lib, ulardan atigi 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Ular qatorida ona tilimiz – o‘zbek tilining borligi har birimizning qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi.

O‘zbek tilining nufuzi bugungi kunda xalqaro maydonda ham ortib bormoqda. Bir qator xorij mamlakatlaridan kelib, yurtimizda o‘zbek tilini o‘rganib ketayotganlar ham ko‘payib bormoqda. Turli mamlakatlardagi o‘quv yurtlarida o‘zbek tili o‘rganilmoqda.

Bu esa, har birimizning qalbimizda faхr-iftiхor tuyg‘ularini uyg‘otadi, uning hayotimizda o‘rnini topishi o‘zligimizning namoyon bo‘lishidir. Ayni chog‘da orzu-umidlarimiz, o‘zligimiz bo‘y ko‘rsatadigan qalbimiz oynasi hamdir. Shunday ekan, ona tilimizga doimo hurmat va e’tiborda bo‘ib, uning jamiyatimizdagi mavqeyini yuksaltirishga har birimiz o’z hissamizni qo‘shmog‘imiz kerak. Zero, til bor ekan, millat barhayot, uning istiqboli nurli va charog‘ondir. Tariх silsilasida tilimiz ne-ne qarshiliklarga uchramadi. Har safar ularni engib o‘tib, oldimizda o‘z go‘zalligini namoyon qildi. Tarix guvohki, mana bir necha ming yillardan beri ona tilimiz hanuzgacha o‘zining ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. O‘zbek tilining eng ahamiyatli jihati shundaki, u shunday shirali, har bir quloqqa xush yoqadi, eshitgan inson entikib ketadi. Jonajon tilimiz, shoir Mirtemir aytganidek, yoshligimizdanoq jon-u qulog‘imizga singib ketgan. Onalarimiz aytgan allalari-yu, bobo-buvilarimizdan eshitgan ertak, hikoya, rivoyat va masallar orqali yuragimiz tub-tubigacha kirib borgan, o‘z navbatida ona tilimizga, ona vatanimizga muhabbat uyg‘otgan.

O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z ona tilisini sevadi, uni hurmat qiladi va eʼzozlaydi. Chunki aynan shu til orqaligina har qanday millatning qay tarzda yashayotganligini, rivojlanayotganligini, yoki aksincha, orqada qolayotgan va qashshoqlashib borayotganligini bilishimiz mumkin. Shuning uchun ham bejizga: “Til – millat ko‘zgusi”, – deyishmaydi. Til – millat ko‘zgusi, ma’naviyat sarchashmasidir. Shu bois ona tilimizni hurmat qilish, uning boy imkoniyatlarini o‘rganish barchamizning asosiy burchimiz bo‘lishi lozim. O‘zbek tilining rivoji, taraqqiyoti, teran tadqiqi va tashviqi borasida hali ko‘p ishlarni qilishimiz zarur. Borligimiz, davlatimiz ramzi bo‘lgan bebaho boyligimizga mas’ullik hissi hech birimizni hech qachon tark etmasin.

Milliy tilimizga, ona tilimizga bo‘lgan eʼtibor, nafaqat bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu o‘rinda bobolarimiz aytgan quyidagi purmaʼno fikrlarni eslaylik: “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur” (M.Behbudiy). Eʼtibor beryapsizmi, milliy tilni yo‘qotmak millat tilini yo‘qotmakka qiyoslanmoqda. Darhaqiqat, tilning ahamiyati, uning mavjudligi har qanday yurt, millat taraqqiyotini belgilab berishi shubhasiz. Ayniqsa, bugungi globallashuv dunyo xalqlarining turmush tarzi umumiylik kasb etgan bir davrda yuqoridagi so‘zlarning zalvori ikki hissa ortadi. Til buyuk ne’matdir, har bir millat o‘z tilini e’zozlasa, qadrlasa, taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, u til go‘zal, betakror va buyuk bo‘lib qolaveradi! Har bir xalq aziz va muqaddas bo‘lgan o‘z tilini asrash, rivojlantirish, jozibasini to‘la namoyon etish uchun harakat qiladi, chunki unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati ifodalanadi.

Millatlarni millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ham tildir. Dunyoda har bir xalqning o‘z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’ru dostonlar, qo‘shiqlar avvalo biror bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi. Har bir xalqqa o‘z tili aziz va ardoqli. Sho‘rolar davrida rus tili Ittifoq tili sifatida rivojlantirildi. U jahon tillari darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, ko‘p ming asrlik tarixga ega bo‘lgan turkiy xalqlar ham o‘z ona tillari dunyodagi hech bir xalqning tilidan kam emasligini yoqlab chiqdilar. Bu yo‘ldagi sun’iy to‘siqlarni pisand etmadilar. Mustaqillik arafasida oilaviy va bozor tili darajasiga tushib qolgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi taklif va kurashlar samarasiz ketmadi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Davlat hujjatlari, davriy nashrlar, darsliklar ona tilimizda yozila boshlandi. Bu xalqimiz ruhini ko‘tardi. Sho‘rolar davrida ham o‘zbek tilini tiklashga, uni Davlat tiliga aylantirishga intilish kuchli bo‘lgan. Xususan, ona tiliga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkazishga harakat qilingan bunday tadbirlar ayniqsa, mustaqillik arafasida tez-tez o‘tkazila boshlangan.

Har yili 21-oktabrni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelmoqdamiz. Har bir yildagi bayram turli shiorlar ostida o‘tkaziladi. «Ona tilim — jonu dilim», «Tilga e’tibor — elga e’tibor», «Til — millat ko‘zgusi» shular jumlasidandir. 21-oktyabr oʻzbek millati uchun qutlugʻ sana. Bundan 32 yil burun shu kuni xalqimiz ming yillik ulugʻ orzusiga yetishdi. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu yil oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil toʻlmoqda. Mana bir necha kunki, ba’zi “ziyoli”larning rus tiliga rasmiy maqom so‘rab yozilgan murojaat хati millatimizning barcha jonkuyarlarini o‘zaro birlashib, tilimizni asrash yo‘lida birlashtirmoqda. Ma’lumki, o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga bu yil 30 yil to‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”, deb ko‘rsatib qo‘yilgan. Mazkur hodisa ona tilimizni asta-sekin yo‘qolib ketish хavfidan qutqardi. 24 moddadan iborat bo‘lgan “Davlat tili haqidagi” Qonunning 2-moddasida “O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitusiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi”, deb yozilgan. Qonunning 3-moddasida esa “Fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z хohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar” , deb belgilangan. Bulardan ko‘rinadiki, O‘zbekistonda yashovchi boshqa millat vakillarining tiliga ham huquqiy maqom berilgan. Xalqning ma’naviy olami dastlab uning tilida aks etadi. Xalqning tili asosida uning ruhiyati va ma’naviy qiyofasi haqida hukm chiqarish mumkin. Xalqimizda til bilgan el biladi, deya bejiz aytilmaydi. Shu sababli, boshqa tillarni o‘rganish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, boshqa tillarni o‘rganish o‘z ona tili hisobiga amalga oshirilishi kerak emas. Aks holda, biz o‘zligimizni unutamiz. To‘g‘ri, til bilish – bugungi kunning talabi. Bugungi globallashuv davrida o‘zbek tilining qo‘llanishini zamona talablariga muvofiq olib borishimiz kerak. O‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan tarjima qiladigan elektron tizimlarni yaratishni tezlashtirishimiz zamonaviy ishlab chiqarishning teхnologik jarayonlarida qo‘llashimiz darkor. Barcha tashkilotlar davlat tili bo’lmish o‘zbek tilida ish yuritishi uchun olimlarimiz tomonidan har bir sohaning terminologiyasi ishlab chiqilishi zarur. Buning uchun o‘zbek tilini zamonaviy ilm-fan tiliga aylantirishimiz bugungi kunning talabidir. Shundagina boshqa til vakillari ham tilimizni hurmat qilishadi va tan olishadi. Zero, Cho‘lpon aytganidek: “Til yashasa – millat yashar!”

Darhaqiqat, millat bor ekan, til ham yashaydi. O‘zini shu ajoyib makon – nurli O‘zbekistonning farzandiman degan odamni, qayd etilgan fikrlar o‘ylantirmasdan qo‘ymaydi, so‘ng esa uning taqdiri uchun kurashlarga chorlaydi. Bu kurash uning qalbida g‘alayonlar ko’taradi. Ana shu g‘alayonlar esa uning o‘zligini, ona tilisi – o‘zbek tilining shukuhini his qilishga undaydi. Mana shu shukuh unda milliy g‘ururni shakllantiradi. Ayni chog‘da, tilga – ona tiliga muhabbatini uyg‘otadi. Tiliga nisbatan qalbida muhabbat bo‘lgan odam ona Vataniga, хalqiga хiyonat qilmaydi. Tilimiz esa o‘zining qudratiga, kuchiga ega bo‘ladi. xalqimiz hech qachon asrlar davomida o‘zligini yo‘qotmaydi

2019 yilning 4-oktyabr kuni mamlakatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu hujjat ham tarixiy. Negaki, yurtimizda til kunini nishonlash toʻgʻrisida hali biror marta davlat rahbari tomonidan qaror imzolanmagan edi . Til bayramining mazmunli va qiziqarli o‘tishi har bir o‘quv yurti muallimlarining aql- zakovati, o‘z kasbini qanchalik chuqur egallaganligiga bog‘liq. Til bayramiga taniqli yozuvchi, shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar taklif etiladi. Ular yoshlarga til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanligini, har bir inson avvalo o‘z ona tilini, qolaversa boshqa tillarni sevib o‘rganishlari zarurligini uqtirib o‘tishadi. Til bayramlarida til haqidagi hikmatli so‘zlar, she’rlar, qo‘shiqlar yangraydi. Shu kuni radio va televideniye orqali til bayramiga doir qiziqarli chiqishlar uyushtiriladi. Til bayrami insonni ona tiliga va o‘z xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbatini jo‘sh urdiruvchi betakror bayramdir.

Tilni shunchaki “aloqa vositasi” deguvchilar adashadi. U insonning ichki dunyosini koʻrsatadi, olamni idrok qilishiga yordamlashadi, tafakkur tarzi va kamolotini belgilab beradi. U dunyoni anglashga yoʻl bo’lib, til milliy gʻururdir.

Tilda millat ruhi yashaydi, millat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar tilda xuddi ko‘zgudek aks etib turadi. Ulug‘ bobokalonimiz Abdulla Avloniy aytganlaridek: “Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki xaftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. Til – millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga xurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va xurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi. XXI asr o‘rtalariga borib, Xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir millon kishi so‘zlashishi kerak ekan. Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o‘z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta’min etadi. Har bir millatning o‘z Vatani, oilasi bo‘lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo‘ladi. Inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo‘ladi. Hattoki, go‘dak ham o‘z vatanini, ota-onasini, dunyoni o‘z ona tili orqali anglaydi va atay boshlaydi. Farzand tarbiyasida onaning o‘rni beqiyos bo‘lganidek, insonning hayotda o‘z o‘rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o‘rni ulkan ahamiyatga ega. Shu bois tilni, onaga qiyoslab ona tili deb ataydilar. Til inson vujudida qon-qoniga singib oqadi. Jamiki, ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining bebaho jozibasi orqali singadi. Inson qalbida ona tiliga nisbatan sof tuyg‘u, mehr-muhabbat alanga oladi. Turk dunyosining buyuk marifatparvar ijodkori Ismoilbek Gaspirali aytganidek : “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sug‘urib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi. Til – millat ko‘zgusi, deb bejiz aytilmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta’sirida shakllangan. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan. Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari, sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanayotir.

O‘zbek tilini rivojlantirish faqat tilshunoslar, shoir yoki yozuvchilarning ishi emas, balki mana shu yurtda yashab, shu yurtning changini yutib, suvini ichib, tuzini totib yashayotgan har bir insonning vazifasi hisoblanadi. Oddiy dehqon bo‘laylik yoki quruvchi, qaysi soha vakili bo‘lishimizdan qat’iy nazar, davlat tilining rivoji uchun hissa qo‘shish shu Vatan, shu xalqqa bo‘lgan farzandlik burchimizdir.

Turg’unov Ixtiyorbek Ortig’aliyevich
Toshkent davlat yuridik universiteti 4-bosqich talabasi

Ona tili millat g’ururi haqida insho

“Elektromagnit moslashuv markazi”
davlat unitar korxonasi

Ishonch telefoni:
+998 (71) 202-61-68
+998 (95) 340-41-07

  • Asosiy
  • Markaz haqida
  • “EMMM” DUK yangiliklari
  • TIL – MILLATNING KO‘ZGUSI VA G‘URURI

TIL – MILLATNING KO‘ZGUSI VA G‘URURI

Inson ulg‘aygan sayin atrofidagilar bilan muloqot qilish, badiiy kitoblar o‘qish orqali so‘z boyligini oshirib boradi. Ota-bobolarimiz tarixi, milliy va ma’naviy qadriyatlarimiz bizga ona tilimiz yordamida me‘ros bo‘lib qoldi. Xalqlar tarixi – bu ular tilining tarixi. Davlat rivojlanishi bilan davlat tili ham rivojlanadi. Xalq mustaqilligining asosiy belgisi – bu ona tili va milliy madaniyati. Dunyoning barcha davlatlari o‘z ona tillarini asrab-avaylashga intilishadi, shuning uchun har qanday davlat o‘zining madaniy merosi va ona tilini alohida hurmat qiladi.

O‘zbek tilining Vatanimizda davlat tili sifatida amal qilinishining huquqiy asoslari qonunan belgilab qo‘yilgan. 1989 yil 21 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘RQ-615-son) 1-moddasi bilan 21 oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Bu sana xalqimiz hayotida unutilmas, tarixiy voqeaga aylangan va mamlakatimizda keng nishonlanib kelinayapti.

Darhaqiqat, davlat tilining mustahkam huquqiy maqomi belgilab qo‘yilgani tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanishga yetarlicha zamin yaratib, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi barobarida o‘zbek tilining erkin muomalada bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitni yaratib berdi.

O‘z ona tilimizni asrab avaylash, uning nufuzini oshirish, eng muhimi tilimizni go‘zal va sofligicha kelajak avlodga yetkazish biz uchun ham farz ham qarzdir.

Jizzax viloyati EMMX

2-toifali tarmoq muhandisi X.A.Israilov

Shuningdek, o’qing

  • Biz haqimizda
  • Rahbar murojaati
  • Tuzilma
  • Rahbariyat
  • Markaziy apparat
  • Viloyat bo’limlari
  • “Oqtosh” dam olish maskani
  • Soha yangiliklari
  • “EMMM” DUK yangiliklari

O‘zbek tili – davlatimiz faxri, millatimiz g‘ururi

Inson qalbiga jamiki ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Til – insoniyat uchun eng katta boylik va buyuk mo‘’jiza.

Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.

Til millatning boyligi, tuganmas xazinasi, ko‘zgusi hamdir. Shu sabab til boyligi – el boyligi deyishadi. Tilni asrab-avaylash, boyitish, mazmunli so‘zlash har bir insonning burchi, vazifasi hisoblanadi.

21 oktyabrning O‘zbek tili bayrami sifatida keng nishonlanishi davlat tilimiz taraqqiyotiga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir.

Keyingi yillarda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, jahonga tanitish, bu tilda yozilgan nodir asarlarni xorijiy tillarga o‘girish, shu bilan birga, xorijiy mutaxassislarning o‘zbek tilini chuqur o‘rganishlari uchun olib borilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaydi. So‘nggi ikki yil davomida bu sana kichik zallarda nomigagina o‘tkaziladigan hisobot shaklidagi tadbir emas, balki tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylandi.

Prezidentimizning yaqinda BMT minbarida ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zlashi nafaqat O‘zbekistondagi yurtdoshlarimiz, balki butun jahondagi o‘zbek tilida so‘zlashuvchi insonlarga cheksiz g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishladi. Tom ma’noda O‘zbekistonning mustaqil davlat ekanligi, uning tili davlat ramzlari kabi aziz va mukarram ekanligi o‘z ifodasini topdi.

Bugungi kunda Yer yuzida 50 millionga yaqin aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu raqamlar ona tilimizning umrboqiyligini mustahkamlovchi omillardan biridir. Respublikamizda ta’limning umumiy maqsadi negizida mustaqil ijodiy fikrlovchi hamda yuksak ma’naviyatli shaxsni tarbiyalash g‘oyasi yotadi.

Oktyabr oyida respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fani oyligi o‘tkazilib, o‘quvchi-yoshlar qalbiga ona tilimizning go‘zalligi yana bir bor singdiriladi. “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarda o‘quvchilar o‘rtasida diktant, ijodiy bayon va insholar tanlovlari, she’riyat kechalari, taniqli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari, kitobxonlik kechalari tashkil etilmoqda. Fan oyligi davomida har bir o‘qituvchi o‘z ustida mustaqil ishlaydi, izlanadi, fanga oid yangiliklar bilan tanishib, yangi uslublardan foydalangan holda, dars o‘tishga harakat qiladi. Bu esa, ta’lim sifatini oshiruvchi asosiy omillardan biridir.

G‘ayrat BOBOXOLOV,

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari.

“Ona tilini guruhlarga bo‘lib o‘qitish zarur”

Maktablarda ona tili fani o‘qitilishining juda katta ijtimoiy ahamiyati bor. Avvalo, ushbu fanni chuqur o‘zlashtirgan o‘quvchilarning qalbida ona yurtga, Vatanga muhabbat shakllanadi. To‘g‘ri va ravon so‘zlaydi, xatosiz yozadi, qolaversa, savodxon va so‘zamol bo‘ladi. Ona tili fanini o‘qitishda ko‘proq va samaraliroq natijaga erishish haqida gap ketganda o‘qituvchilar turlicha fikr-mulohaza bildiradi. Albatta, ona tilini yaxshi o‘rgatmay turib, boshqa fanlarni mukammal o‘rgatib bo‘lmaydi. Bu borada ayrim o‘qituvchilar ushbu fanni ikki guruhga bo‘lib o‘qitish taklifini bermoqda. “Mushtariy muhokamasi” ruknining navbatdagi mavzusi shu haqda.

— Yaqinda tumanimizdagi IDUM­lardan biriga bordim. Ona tili darsi ikki guruhga bo‘lib o‘qitilarkan. O‘qituvchi 15 ta o‘quvchiga dars o‘tdi. Jarayon­da har bir bola bilan yakka tartibda ishladi. To‘g‘risi, havas qildim. IDUMlarda iqtidorli bolalar o‘qiydi. Buning ustiga, fanlar bo‘lib o‘qitilsa, yaxshi natijaga erishish turgan gap.

Ona tilini o‘quvchilarga undoq o‘rgatish kerak, bundoq o‘rgatish kerak, deymiz, ammo yana bir savol tug‘ladi. Ona tili o‘qituvchisining bilimi talabga javob beradimi? Tan olish kerak, ustozlar orasida gap tahlili, til qoidalarini bilmaydi­ganlari ham bor. Ular ham qaysidir maktabda dars beryapti.

— O‘quvchilarim ora­sida iqtidorlilari nihoyatda ko‘p, Ko‘pchiligi she’r, hikoya yozadi. Lekin ularning yozuvini, matnidagi imloviy, ishoraviy xatolarni ko‘rib xafa bo‘lib ketaman. Bunaqa ishga qanday baho qo‘yishga ham ikkilanib qolaman. O‘quvchilar savodxonlik masalasida ancha oqsaydi. Agar ona tili darsi bo‘lib o‘qitilsa, o‘quvchilarning savodxonligi oshardi. Bola husnixatga, xatosiz yozishga maktab davridanoq o‘rgatil­masa, ulg‘aygach ham shu kamchilik­larni yo‘qota olmaydi.

— Ona tili va adabiyot dars­larining maqsadlari tubdan qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Hamma o‘quv­chi ham maktabni bitirgach, filolog bo‘lavermaydi. Filolog bo‘laman, desa, filologiyaga oid qoidalarni oliy ta’limda o‘rganib oladi. Shunday ekan, birinchi navbatda o‘quvchiga ona tili hayotda nima uchun kerak, degan savolga javob berishimiz kerak. Til insonga muloqot vositasi sifatida kerak. Shu orqali o‘z fikrini ifodalaydi. O‘quvchi maktabni bitirgach, unga qo‘shimcha­lar-u morfemalarning tasniflanishi haqidagi ma’lumot kerak bo‘lmaydi. E’tibor bering, aksar davlatlarda ona tili darslarida asosan yozma nutq rivojlantiriladi, turli janr va ko‘lamdagi matnlarni tushunish o‘rgatiladi. Test tizimi ham shuni tekshiradi (PISA testlari yaqqol misol). Bizda esa o‘quvchi filologik qoidalarni yodlaydi, lekin savod masalasida oqsaydi. Ona tili darslari til haqidagi qoidalarni yodlatishga emas, tilni hayotda qo‘llay olishga o‘rgatishi kerak. Xuddi shunday, adabiyot darslari ham yozuvchilar va asarlar haqidagi statistik ma’lumotlar darsiga aylanib qolgan. O‘quvchi yozuvchi biogra­fiyasini, dars­likdagi “asar haqida” bo‘limida berilgan darslik mualliflari­ning fikrlarini, asar sujetiga oid mayda-chuyda detallarni yodlaydi. Asarni tushunish, tahlil qilish yo‘q. O‘quvchidan asar haqidagi fikrini so‘rasak, darslikdagi fikrlarni qaytaradi, xolos. Adabiyot asarni mustaqil tahlil qilishni, badiiy so‘z olamiga kirishni, asar orqali o‘z savollariga javob izlashni o‘rgatishi kerak emasmi?

— Sinfda o‘quvchi soni 20 dan ziyod bo‘lar ekan, ta’limda yuqori natijaga erishish qiyin, deb o‘ylayman. Tushunaman, hozir maktablarda bunga imkoiyat yo‘q. Ammo vaqti kelib, bu taklif ham amalga oshishiga umid qilaman. Haqiqatan ham, o‘z ona tilimizni mukammal bilmay turib, boshqa tillarni o‘zlash­tirishda sifat va samaradorlikka erishish qiyin. Ona tili fanini boshlang‘ich sinfdayoq bo‘lib o‘tish kerak.

— Ona tili fani guruhlarga bo‘lib o‘qitilsa, nutqiy savodxonlik shakl­lanardi, ona tili fanida amaliy mash­g‘ulotlarning aksariyati yozma bo‘lgani uchun o‘quvchilar bilan ko‘proq ishlash imkoni tug‘ilardi, guruhdagi barcha o‘quvchilar ishlarini ko‘rishga vaqt bo‘lardi. Bo‘sh o‘zlash­tiruvchi o‘quvchi ham panada qolmaydi. U bilan darsning o‘zida ham ko‘proq shug‘ul­lanishga imkon bo‘ladi. Tahlil jarayoni: xatolar ustida ishlash, mazmunan qiyoslash­larga vaqt bo‘ladi. Boshqa tillarni o‘rga­nish uchun ham o‘zbek tili grammati­kasini mukammal bilish kalit vazifasini o‘taydi. Eng asosiysi, o‘qituvchi uchun ham yengilliklar yaratilgan bo‘lardi.

— Bizning tumanimizda ham ona tilini ikkiga bo‘lib o‘qitish yo‘lga qo‘yilgandi, lekin uzoqqa bormadi. Ona tili haqida ko‘p gaplashildi, lekin natija-chi? Men 2-sinfdan boshlab ikki guruhga bo‘lib o‘qitilishini taklif qilgan bo‘lardim, chunki o‘quvchining savodxonligiga erishish uchun berilgan soatlar kam, o‘quvchi soni ko‘p. Avvallari bosh­lang‘ich sinflarda fakultativ soatlar bo‘lar edi. Shu soatlarni ko‘proq chiroyli yozuv va savodxonlikka sarflar edik. O‘z tilini tuzukroq bilmagan bola boshqa tilni o‘rganishga qiynalishi aniq.

— Ma’lumki, ona tilidan boshqa barcha filologiya fanlari guruhlarga bo‘lib o‘tiladi. Guruhga bo‘lib o‘tilgan fanlarda sifat samaradorligi aniq seziladi, o‘quvchilar bilan yakka holda ishlash osonroq bo‘ladi. Nega ona tili fani guruhlarga bo‘lib o‘tilmagan? O‘quvchi o‘z ona tilini mukammal bilsa, boshqa tillarni ham o‘zlash­tirishi oson bo‘ladi. O‘z tilini bilmasdan turib, boshqa tillarni o‘zlashtirishi gumon. Ota-onalar farzandi faqat ingliz tilini mukammal bilishini xohlaydi. Lekin hamma fanlar bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq-ku! Shuning uchun, birinchi navbatda, o‘z tilimizga e’tiborni kuchaytirishimiz kerak.

— Qachonki, o‘quvchi ona tili va adabiyot fanlarini mukammal bilsa, boshqa fanlarni o‘zlash­tirishda qiyinchilikka uchra­maydi. Nutqiy savodxonligi a’lo darajada shakllan­gan inson qolgan bilimlarni ham tez tushunadi, mustaqil fikrga ega bo‘ladi. Agar darslar guruh­larga bo‘lib o‘qitilsa, muallim­lar faqatgina darslik bilan chegaralanib qolmasdan boshqa manbalarga ham murojaat qilib, mavzuni yanada mukammal tushun­tirishi mumkin. Ayniqsa, yuqori sinflarga bu juda qo‘l keladi. Ko‘plab mavzular bahstalab, turli manbalarda turlicha yondashuvlar bor. Oliy o‘quv yurtiga tayyorgarlik ko‘radigan o‘quvchi o‘qituvchisidan qancha ko‘p narsa o‘rgansa, shuncha foyda. 45 daqiqada oz o‘quvchi bilan ishlash har ikkala tomonga ham foyda. Ayniqsa, gap tahlili mavzu­sida har bir o‘quvchi­ning fikri tinglansa, yoshlarda fikr bildirish, o‘z nutqiga ega bo‘lish ko‘nikmasi ham hosil bo‘lardi.

— Mening hozirgi 4-sinfim ona tili faniga ixtisoslashtirilgan. Ularga 2-sinfdan buyon ona tili darslari 1-toifali va oliy toifali o‘qituvchilar tomonidan 2 guruhga bo‘lib o‘tiladi. Darsda hamma mashqlarga ulguradi, turli xil ta’limiy o‘yinlardan foyda­lanish­ga ham vaqt yetadi. 2 guruhga bo‘lib dars o‘tilsa, ta’lim sifati yuqori bo‘lishini o‘quvchilarim­ning fikrlashi, boshqa fanlarga yondashuvidan ham seza­man. Chuqurlashtirilgan sinflarda haftada 1 soat husnixat darslari ham o‘tiladi. Oddiy sinflarda esa bu ona tili dars­lariga singdirilgan. Guruhga bo‘lib o‘tilganda rejalash­tirilgan ishlarga ulgurish mumkin.

— Ona tilining guruhlarga bo‘lib o‘qitilishini biz, ingliz tili o‘qituvchilari ham juda xohlardik. Chunki ona tilini yaxshi bilgan o‘quvchi bilan ishlash oson va samarali. Masalan, ona tilida uslublarni o‘rganish chet tilida speaking (gapirish), writing (yozish), reading (o‘qish) ko‘nikma­larini rivojlantirishda ahamiyat­ga ega. Ya’ni so‘zlashuv, ilmiy, rasmiy, publitsistik, badiiy uslublardan qachon qanday foydalanishni o‘quvchi oson anglaydi. Suhbat jarayonida vaziyatga qarab to‘g‘ri uslubni tanlab, nutqni ta’sirchan, ifodali qilishga o‘rganadi. O‘zbek tili bilan ingliz tilining grammatikasi ba’zi jihatdan farq qilsa-da, o‘xshash taraf­lari ham ko‘p. Gaplarni mo­rfologik, sintaktik tahlil qilishda ham ona tilidan olingan bilim asqo­tadi. Insho, bayon, diktant­larni ko‘p yozish o‘quv­chilarning imlo savod­xonligi, ijodkorligi, lug‘at boyligini oshiradi. Xususan, insho — o‘quvchi­larni ijodiy fikrlashga, badiiy-tas­viriy vositalardan o‘rinli foyda­lanishga, fikrni tartib bilan yozishga o‘rgatadi. Demak, ona tilida ko‘p insho yozgan o‘quvchi ingliz tilida ham fikrlarini marjonday tera oladi va writing (yozish) ko‘nik­masini yaxshi­laydi.

“Ma’rifat” muxbiri Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.