Til va jamiyatning o zaro munosabati
Muqobili boʻla turib, olingan soʻzlardan yana biri kreativdir. Ingliz tilida “creative”, rus tilida «kreativnыy» shaklidagi bu soʻz har ikki tilda “ijodiy” maʼnosini anglatadi. Bu olinma oʻzbekcha matnlarda “kreativ fikrlash”, “kreativ yondashish” singari birikuvlarda qoʻllanmoqda. Endi ushbu olinma oʻrniga ijodiy soʻzini qoʻysak, ijodiy fikrlash, ijodiy yondashish tarzidagi magʻzi toʻq birikma hosil boʻladi, chunki kreativning maqbul muqobili ijodiydir. Davlat tilini rivojlantirish departamenti huzurida Atamalar komissiyasining tashkil etilishi ayni ehtiyoj natijasi boʻlib, terminologiyani oʻzbek tilining ichki imkoniyatlaridan foydalanib milliylashtirish, tartibga solish uning asosiy vazifalaridandir.
Ma’naviy va moddiy hayot uyg‘unligi – taraqqiyotning asosiy drayveri
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-yanvar kuni O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga erishish masalalari yuzasidan mulohazali takliflar o‘rtaga tashlandi.
Ayniqsa, ma’naviyat masalalari yana bir marta o‘rtaga tashlandiki, jamiyatimizda ma’naviyat va moddiy hayot uyg‘un ravishda olib borilishi va borilayotganligi o‘z tasdig‘ini topdi. “Kimki ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat va ma’rifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb o‘ylasa, xato qiladi”, – deb ta’kidladi davlatimiz rahbari. Zero, ma’naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shunchalik kuchli bo‘ladi.
Strategiyaning ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishi bo‘yicha Prezidentimiz bir qator vazifalarning ahamiyatini alohida qayd etdi. Xususan, mavjud 12 mingdan ziyod kutubxona imkoniyatlaridan samarali foydalanib, kitobxonlikni ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini 33 foizga yetkazish, mamlakatimizda Olimpia va Paralimpia harakatini yanada rivojlantirish kabi vazifalarni ta’kidlab o‘tdi. Bu vazifalar yangi O‘zbekistonda ma’rifatli jamiyat qurishdek ezgu maqsadni amalga oshirishning tagzamini hisoblanadi.
Albatta, Prezidentimiz ma’naviyat masalasiga bejiz e’tiborni kuchaytirayotgani va jon koyitayotgani yo‘q. Avvalo, jahonda globallashuv jarayonlari kuchayib, yangi tahdid va xatarlar tobora ko‘payib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Xususan, oila, mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, jamiyatdagi uyushmagan yoshlar bilan maqsadli, g‘oyaviy-tarbiyaviy hamda mafkuraviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, radikal ruhdagi harakatlarga adashib qo‘shilib qolish, milliy qadriyatlarga e’tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajrimlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish har doimgidan ham muhim vazifaga aylanib bormoqda. Ayniqsa, milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi g‘oyaviy-mafkuraviy xavf va xatarlar tobora ortib bormoqda. Oqibatda, faqat o‘zini o‘ylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, iste’molchilik kayfiyati turli yo‘llar bilan aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilmoqda. Achinarlisi shundaki, bunday g‘oyaviy kurash natijasida ayrim yoshlarda azaliy qadriyatlarga nisbatan bepisandlik va boqimandalik kayfiyati paydo bo‘layotir.
Ikkinchidan, terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Ba’zi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda. Davlatimiz xavfsizligini ta’minlashning asosi – mamlakatimiz yoshlari. Yoshlar – bizning tayanchimiz, ertangi kundan umidimiz, savob ishlarimizning davomchilari, deb ko‘p gapiramiz. Nafaqat xavfsizligimiz, balki davlatimizning kelajakdagi barqaror taraqqiyoti ham yoshlarimiz dunyoqarashi qanday shakllanishiga bevosita bog‘liqdir. Imoratning poydevori qanchalik baquvvat bo‘lsa, u shunchalik umrboqiy turadi. Mamlakatimiz poydevori, shubhasiz, aholining 60 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etgan yoshlardir.
Shu sababdan ham bugun dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlarni tahlil qilishda ularga, avvalo, ma’naviyat ko‘zi bilan qarash, hayotimizga kirib kelayotgan, axloqimizga, mentalitetimizga zid g‘oyalarni aniqlash, aholi turli qatlamlariga ta’sirini o‘rganish, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga mos kelmaydigan jihatlarini ochib berish va tabiiyki, zarur choralar ko‘rish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, mentalitetimizga zid g‘oyalar, axborot xurujlari qayerdan kirib kelyapti? Odamlarni hokimiyatdan norozi bo‘lishga chorlayotgan, qildan qiyiq qidirishga intilayotgan kuchlar qanday ish ko‘ryapti? Axir, tuppa-tuzuk barqaror davlatlarni beqarorlashtirib, boshi berk ko‘chaga kiritgan, “inson huquqlari va demokratiya” niqobi ostida xonavayron qilganlar i nternet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmadimi? Shuning uchun i nternet tarmog‘ida axborot xavfsizligini ta’minlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ya’ni, global axborot makoniga teran ko‘z bilan qarasak, unda mavjud barcha ma’lumot ni ham foydali va beziyon deb bo‘lmaydi. Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh bo‘lib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini o‘ylab yashash zarur. Shu bois loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun mutlaqo yangicha ta’sirchan usul va yondashuvlar talab etilayotgani, bunda nuroniylar tajribasi, hayotda halol mehnati , fidoyiligi bilan boshqalarga namuna bo‘la oladigan jonkuyar fuqarolarga tayanishimiz hamda jamoatchilik nazoratini sifat bosqichiga ko‘tarish juda ha m muhim.
Bir haqiqatni anglashimiz kerak, bundan buyog‘iga i nternetni cheklab qo‘yish yoki axborot olishni taqiqlash bilan muammo hal bo‘lmaydi. Shunday ekan, bu boradagi bizning muhim strategik vazifamiz tashqi va ichki axborotlarni tahlil qila oladigan, barqaror mafkuraviy immunitetga ega yoshlar qatlamini shakllantirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
Siyosatda “Sen uxlaganingda dushmaning uyg‘oq bo‘ladi” yoki Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda , “Yoshlarning bo‘sh vaqti – dushmanning ish vaq ti”. Shuning uchun ham ma’naviy jihatdan g‘ofil bo‘lishlikka hech kimning haqqi yo‘q. Loqaydlikni bas qilish, mudroq holatdan uyg‘onish kerak. Buning uchun esa , avvalo, ilm sari harakat qilish, oila, bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahalla, mutasaddi hamda jamoat tashkilotlari tizimli ravishda hamkorlikda ish olib borishi zarur. Ana shunda ta’lim-tarbiyada uzilish, ma’naviyatda bo‘shliq yuzaga kelmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarimizning 30 yoshgacha ma’naviyatini to‘g‘ri shakllantirib olsak, barqaror taraqqiyotimizni kafolatlagan bo‘lamiz. Chunki ma’rifatli jamiyatning tub negizini ma’naviyatli yoshlar tashkil etishi lozimligini unutmasligimiz kerak.
“ Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi ” , deydi xalqimiz. Shu bois ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalariga uslubiy yordam ko‘rsatish muhim. Shuningdek, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dargohlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish – davr taqozosi. Yaqindagina Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha oliygoh hamda ularning filiallarida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor lavozimining joriy etilishi sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga, sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqi sh ga xizmat qiladi.
Agar ma’nan va ruhan sog‘lom, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata biladigan, bu murakkab hayotning past – u baland ko‘chalaridan to‘g‘ri yo‘lni adashmay topa olishga qodir bo‘lgan ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalab yetishtirish vazifasi uddalansa, fikri tiniq, e’tiqodi sog‘lom bolalarni soxta oqimlarga ergashtirish, pana-pastqamlarda pisib yotgan har xil chalasavod, johil odamlarning tuzog‘iga ilintirishga urinishlar barham topadi.
Muhim vazifalardan yana biri, bu – el-yurt taqdiriga loqayd, ish uslubida mahalliychilikka, urug‘-aymoqchilikka, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yadigan sayoz rahbarlar bilan murosasiz bo‘lishdir. Bu illatlar alohida bir mamlakatda bugun yoki kecha paydo bo‘lgan emas. Ular hamma joyda va hamma vaqt ijtimoiy adolatning buzilishiga, halollik va vijdoniylik ildizlarining sustlashishiga, oshkoralik qolib, imi-jimida ish bitirishga sabab bo‘ladi. Shu bois, ma’naviy kemtiklar to‘ldirilsa, bunday nomaqbul holatlarga barham berish oson kechadi.
Albatta, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya uzviyligini ta’minlashda oila, ta’lim muassasalari, mahallaning o‘rni beqiyos. Ta’lim-tarbiya uchun faqat mutasaddilar mas’ul , desak , qattiq yanglishamiz. Shu Vatan, shu yurt, shu yoshlar bizniki, ertaga kelajagimiz porloq bo‘lishini istasak, bugun harakatni boshlashimiz kerak. Yurt taqdiriga loqaydlik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berish uchun hamkorlikda harakat qilishimiz lozim. Davlat tuzumini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi keskin kurash olib borish samaradorligi ham ma’naviy tarbiyaga bog‘liq. Zero, oldimizda turgan ulug‘ maqsad – u chinchi Renessansga poydevor qo‘yish va uni barpo etish, avvalo, xalqimizning tafakkurini yuksaltirishdan hamda ma’rifatli yoshlar qatlamini shakllantirishdan boshlanadi.
Buning uchun ta’limning barcha bosqichida millati, irqi, dini, jinsi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar yagona maqsadga, ya’ni shu aziz Vatan meniki, uning taraqqiyotiga hissa qo‘shish mening yuksak fuqarolik burchimdir, degan tamoyilga asoslangan ma’naviyatli yoshlarni ulg‘ay tirishga e’tibor kuchaytiril mog‘i lozim.
Sh u o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalmasak bo‘lmas. U ham bo‘lsa, keyingi paytlarda ayrim davralarda kishining kundalik hayoti, faoliyatida moddiy va ma’naviy asoslar bir – biriga nisbatan qanday o‘rin tutishi, ularning qaysi biri ustuvorlik kasb etishi haqida turli-tuman, ba’zan esa ziddiyatli fikr va qarashlar aytilmoqda. Afsuski, moddiy ehtiyojlarni insonning ruhiy olamiga qarama-qarshi qo‘yish, ularning birini ustun deb bilgan holda, tiriklikning asosiy maqsadi sifatida qabul qilish qandaydir biryoqlama qarash ifodasi, desak, xato bo‘lmaydi. Qolaversa, bu masalaga bunday keskin yondashuv, xususan, odamning ruhiy dunyosini mensimaslik, uni ikkilamchi o‘ringa qo‘yish oxir-oqibatda jamiyat hayotida inqirozga olib kelishi muqarrar ekanini tarix ko‘p marotaba isbotlagan. Qisqacha aytganda, inson – o‘z timsolida ham moddiy, ham ma’naviy xususiyat va alomatlarni mujassam etgan noyob xilqat. Shuning uchun ham uning ichki dunyosi, unga ato etilgan fazilat va xislatlarni oxirigacha anglash, tushunishning o‘zi o‘ta murakkab bir masala. Mana shunday qarash va fikrlarni umumlashtirib, insonga xos orzu – intilishlarni ro‘yobga chiqarish, uning ongli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy olamni bamisoli parvoz qilayotgan qushning ikki qanotiga qiyoslash mumkin. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, qachonki ana shu ikki muhim omil o‘zaro uyg‘unlashsa, tom ma’nodagi qo‘sh qanotga aylansa, shundagina inson, davlat va jamiyat hayotida o‘sish-o‘zgarish, yuksalish jarayonlari sodir bo‘ladi.
O‘zbekistonda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab xalqimizning asrlar davomida intilib kelgan orzu-maqsadlari va zamon talablarini, dunyoviy taraqqiyot mezonlarini hisobga olgan holda, jamiyat hayotida ana shu ikki omilning uyg‘un tarzda rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatini, iqtisodiy-ijtimoiy yangilanish jarayonlarini aynan shu asosda tashkil etishga ustuvor ahamiyat berildi. Shu o‘rinda ba’zi bir ilmiy doira vakillarining jamiyatda oldin moddiy hayotni, keyin ma’naviy masalalarni o‘ylash kerak, degan mazmundagi fikrlari mutlaqo xato bo‘lib, yangi jamiyat, yangi hayot qurish jarayonida faqat zarar yetkazishi mumkinligini bugun hayotning o‘zi har qadamda tasdiqlab bermoqda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bozor munosabatlariga o‘tish davrida jamiyat a’zolarining o‘z salohiyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun ularga, birinchi galda, teng imkoniyatlar va erkinlik muhitini, ham qonuniy, ham amaliy shart-sharoitlarni yaratib berishga zo‘r berildi. Oddiy qilib aytganda, kuch-g‘ayrat bilan birga, bilim va tajribasi, aql-idroki, kasb malakasi yetarli bo‘lgan, qonunlarni, o‘z haq-huquqlari va majburiyatlarini yaxshi bilgan odamgina tadbirkorlik yoki fermerlik bilan shug‘ullanishi, o‘z xususiy ishini oqilona va samarali tashkil etishi mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, moddiy va ma’naviy hayot tamoyillari bir-birini inkor etmaydi, aksincha, o‘zaro bog‘lanib, bir-birini to‘ldiradi. Yuksak taraqqiyotga erishishni orzu qiladigan har bir inson va jamiyat o‘z hayotini aynan ana shunday uzviy bog‘liqlik asosida qurgan va rivojlantirgan taqdirdagina ijobiy natijalarga erisha oladi. Ana shu haqiqatdan kelib chiqqan holda, iqtisodiy o‘nglanish, iqtisodiy tiklanish, iqtisodiy rivojlanish jarayonlarining ma’naviy poklanish, ma’naviy yuksalish harakatlari bilan tamomila uyg‘un ravishda rivojlanib borishi doimo davlatimiz va jamiyatimizning e’tibor markazida. Aynan moddiyat va ma’naviyat uyg‘unligi tufayli tadbirkorlar, mulkdorlar o‘zini va oilasini boqishga, shu bilan birga, orttirgan daromadi hisobidan o‘z yaqinlari hamda muhtoj insonlarga beg‘araz yordam ko‘rsatish, el-yurt uchun xizmat qiladigan maktab, shifoxona, madaniyat va sport maskanlari barpo etish, kerak bo‘lsa, davlat va jamiyat zimmasidagi ko‘pgina vazifalarni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Bunday insonlar yurtimizda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni saqlash va himoyalash, ertangi istiqbolimizni qurish yo‘lida astoydil jon kuydirib mehnat qiladi. Bularning barchasi ma’naviy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizdan oziqlangan iqtisodiy taraqqiyot yo‘li jamiyatimiz hayotiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganining yorqin ifodasidir. Eng muhimi, yurtimizda moddiy va ma’naviy jarayonlarning o‘zaro mutanosib tarzda rivojlantirilayotgani siyosiy-ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning mustahkam garovi bo‘lib xizmat qiladi.
Furqat JO‘RAQULOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining
birinchi o‘rinbosari, siyosiy fanlar doktori
Til va jamiyatning o’zaro munosabati
Tilni toʻkis tadqiq etish uchun tilshunoslik doirasidagina ish koʻrishning kamligi bugun shu fan mutaxassislarining hech biriga sir emas. Shu bois, zamonaviy lingvistik tadqiqotlarda boshqa fanlar yutuqlaridan ham keng foydalanilmoqda.
Ana shunday urinishlarning samarasi oʻlaroq, lingvomadaniyatshunoslik, kognitiv tilshunoslik, etnolingvistika, psixolingvistika, etnopsixolingvistika, pragmalingvistika kabi sohalar rivoj topmoqda va bu sohalar tilga, anʼanaviy strukturalizmdan farqli ravishda doimiy harakatdagi, oʻsish-oʻzgarishdagi hodisa sifatida yondashayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sotsiolingvistika ham jamiyatshunoslik va tilshunoslik kesishgan nuqtada paydo boʻlgan soha sifatida tilning asoslarini jamiyatdan, jamiyatning asoslarini tildan qidiradi, ijtimoiy-siyosiy omillarning tilga taʼsiri va yana boshqa masalalarni tekshiradi.
Tadqiqotlarda sotsiolingvistikaning rasman AQSHda shakllangani koʻp aytilsa ham uning markaziy masalasi boʻlgan til va jamiyatning oʻzaro taʼsiri, tilning jamiyatda tutgan oʻrni, milliy tillar va davlat tili, til siyosatiga doir qarashlar hind, yapon, ingliz, nemis va chex tilshunosliklarida sotsiolingvistika nomi ostida boʻlmasada, oʻrganilgan edi. Amerika tilshunosi U.Labov faol sotsiolingvistik tadqiqotlar koʻp tilli Hindistonda hindiyni yagona davlat tiliga aylantirish gʻoyasi bilan bogʻliq vaqtlardayoq boshlanganini qayd etadi.
Oʻzbek tilshunosligida tilning ijtimoiy tabiati, jamiyatning tilga taʼsiri masalasiga oʻtgan asrning 80 yillarida “Tilshunoslikka kirish” qoʻllanmasida alohida toʻxtalgan boʻlsa ham til va jamiyat muammolari ancha avvalroq tilga olina boshlangan. Fitrat, Elbek, Botu singari jadidlarning asarlarida ozmi-koʻpmi shunga oid qaydlar bor. M.Mirtojiyev va N.Mahmudovning “Til va madaniyat” risolasida ham tilning ijtimoiyligi, davlat tili va til siyosati haqida soʻz ketgan oʻrinlar mavjud. Mutaxassislar S.Moʻminovning “Oʻzbek muloqot nutqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari” nomli doktorlik dissertatsiyasini sotsiolingvistik aspektdagi ilk ish sifatida qayd etadi. Keyingi yillarda bu boradagi tadqiqotlar koʻlami ancha kengaydi.
Butun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari sotsiolingvistik tadqiqotlarning naqadar zarurligini milliy tillar va ingliz tili ekspansiyasi misolida ayon etib qoʻydi. Milliy tillar lugʻat tarkibiga katta miqdordagi inglizcha soʻzlarning kirib borishi til siyosatida oʻzgarishlar qilish zarurligini ham koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil
21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni oʻzbek tilining davlat tili sifatida qaddini roʻy-rost tiklashini, ijtimoiy maqomining yana-da barqarorlashuvini taʼminladi. Ana shu farmonning amaliy ifodasi sifatida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida sotsiolingvistika boʻlimining tashkil etilishi esa davlat tili va jamiyat munosabatlarini oʻrganishga yoʻnaltirilgan tadqiqotlar kengayishi va kuchayishini taʼminladi. Bu boʻlim oʻz faoliyatida oʻzbek tilining rivojlanishi bilan bogʻliq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish va kengaytirish, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasidagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, oʻzbek tilining yozma matni meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish, oʻzbek tilining izohli lugʻatlari, davlat tilida ish yuritish boʻyicha qoʻllanma va adabiyotlar tayyorlash, davlat tilini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etishga alohida eʼtibor beradi.
Lingvistik adabiyotlarda til va jamiyat munosabati, tilning sotsial farqlanishi, jamiyatdagi lisoniy vaziyat, til ijtimoiyligi, til va ijtimoiy munosabatlar, ijtimoiy omillarning tilga taʼsiri, ikkitillilik va koʻptillilik, til siyosati, millat va milliy til muammolari sotsiolingvistikaning muhim vazifalari sanaladi. Shu jihatdan tilning sotsial farqlanishi turli maslak, turlicha kasb-kor, turfa aqliy-ruhiy imkoniyatdagi jamiyat aʼzolaridan tashkil topganidan kelib chiqadi va bunga mos ravishda har qaysi ijtimoiy guruhning faol hamda nofaol lugʻat tarkibi boʻladi. Jamiyat aʼzolarining hududiy mansubligi ham, tabiiyki, har xil. Binobarin, sotsial va hududiy dialektlar ijtimoiy guruhlarning maslak, kasb-kor, aqliy-ruhiy imkoniyat va hududiy kelib chiqishiga koʻra, tildan foydalanish tarzlaridir.
Shu maʼnoda hozirgi zamon sotsiolingvistikasidan sotsial va hududiy dialektlarni shunchaki qayd qilish, lingvistik tabiatini tushuntirishgina emas, balki ulardan unumli foydalanish yoʻllarini koʻrsatish ham talab etiladi. Zero, adabiy tilni boyitish, oʻzlashma terminlarga milliy muqobillarni topishda sotsial va hududiy dialektlar muhim leksik-semantik manba boʻlishi aniq. Birgina sud-huquq tizimi leksikasida afv, vaj, garov, gumondor, gumonlanuvchi, ijrochi, ish, tadbir, oʻzlashtirish soʻzlarining ixtisoslashgan, maxsuslashgan yangi maʼnolaridan adabiy tilni boyitish va rasmiy uslub imkoniyatini kengaytirishda foydalansa boʻladi.
Kishilar oʻrtasidagi aloqani taʼminlash til ijtimoiyligining birinchi va zaruriy sharti boʻlib, tilshunoslikning barcha davrlarida tilning bu maqomi eʼtirof etilgan. Ammo tilning ijtimoiy tabiati, “sotsial xoslanganligi uning qabila, xalq, millat tarixini, umuman, insoniyat oʻtmishini oʻzida saqlashida ham koʻrinadi”. Jamiyat aʼzolarining tilga munosabati, tildan qanday foydalanishi, jamiyatdagi oʻzgarishlarning tilga taʼsiri ham til ijtimoiyligidan begona emas. Oʻzbek tili tarixiy taraqqiyotida oʻzi mansub jamiyatning faol taʼsirida boʻlgan, oʻzbek turmushidagi oʻzgarishlar, mentalitetiga taʼsirlar tilda oʻz izini qoldirgan. Masalan, arab xalifaligi va islom taʼsirida arabcha birliklar oʻzlashgan, oʻzlashtirilgan. Yoki moʻgʻul hukmronligi moʻgʻulcha til unsurlari kirib kelishiga zamin boʻlgan. Jadidchilik harakatining yoyilishi bilan arabiy oʻzlashmalarni turkchalashtirishga ham kirishilgan. Ayniqsa, sobiq ittifoq davrida ming-minglab soʻzlar rus tilidan yoki uning vositachiligida boshqa tillardan oʻzlashtirilgan, chet soʻzlarni olishning muayyan modellari qabul qilingan. Buni birgina -iya, -siya qoʻshimchasi bilan tugaydigan soʻzlar misolida koʻrish mumkin. Istiqlolga erishganimizdan soʻng oʻzbek tili rivojining yangi imkonlari ochildi, koʻplab eskirgan soʻzlarning qayta faollashuvi taʼminlandi. Globallashuv davri esa koʻplab tillar qatori oʻzbek tilini ham xalqaro tillarning faol taʼsiriga uchratmoqda. Diqqat qilinsa, zikr etilgan taʼsirlar va tildagi oʻzgarishlarni sof lisoniy emas, tildan tashqari, masalan, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-madaniy jarayonlar harakatlantirmoqda. Oʻzbek sotsiolingvistikasi ana shunday taʼsirlashuvlarni xolis baholashi, milliy til va davlat tili manfaati nuqtayi nazaridan ish koʻrishi lozim boʻladi.
Jamiyat taraqqiyotining barcha davrlarida tilga kamdir-koʻpdir taʼsirlar boʻlib turadi. Baʼzan uzoq vaqt tilning biror sathi jamiyat, inson omili bilan bogʻliq taʼsirlarga, oʻzgarishlarga uchramaydi yoki tilga taʼsir umummilliy miqyos kasb etmaydi. Biroq yozuv va imlo borasidagi oʻzgartirish yoki yangilanishlar umummilliy miqyosda, jamiyatning ongli aralashuvi ostida hal qilinadi. Hatto hukumat bunday lisoniy jarayonlarga faol taʼsir oʻtkazadi (oʻzbek- arab, oʻzbek-lotin, oʻzbek-kirill va yana oʻzbek- lotin alifbolarining joriy etilishida shuni kuzatish mumkin), milliy manfaatlar yuzasidan lisoniy jarayonlarni nazoratga olish, tartibga solishda ishtirok etadi. Zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi, til masalalari bilan shugʻullanuvchi vakolatli tuzilmalarni tashkil etadi. Masalan, “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi, Prezidentimizning «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonining eʼlon qilinishi, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamentining tashkil etilishi, Atamalar komissiyasining ish boshlashi shundan dalolatdir.
Terminologiyani tartibga solishda vertikal taʼsir choralarining oʻrni ham muhim. Shu maʼnoda oʻtgan asrning 90 yillarida faoliyat koʻrsatgan Atamaqoʻmning terminologiyani tartibga solishdagi xizmati katta boʻlgan. Hozir tilda barqarorlashgan hokim, hokimiyat, devon, vazir, qoʻmita, tuman, viloyat, muallif, tahririyat, muharrir, mavzu, reja soʻzlari oʻsha davrda qayta faollashtirilgan soʻzlardir. Oʻz navbatida, bunday faollashish shu soʻzlarning avvalgi muqobillari — raykom, apparat, ministr, komitet, rayon, oblast, avtor, redaksiya, redaktor, tema, plan soʻzlarining eskirishiga, nofaol qatlamga oʻtishiga olib kelgan.
Globallashuv davri oʻzbek tili terminologiyasini tartibga solishda ham vertikal taʼsir choralariga ehtiyoj bor, chunki oʻzbek tili terminologiyasida muqobili boʻlgani holda oʻrinsiz oʻzlashgan, sohaviy leksikaga qabul qilingan chet soʻzlar yigʻilib qolgan. Masalan, yaqin yillarda kompetensiya soʻzi paydo boʻldi. Ingliz tilida “competence”, rus tilida “kompetensiya” shaklidagi bu soʻz asli “mahorat”, “qobiliyat”, umuman esa “layoqat” maʼnosini bildiradi. Oʻzbek tilida bu olinmani layoqat soʻzi toʻla almashtira oladi. Kompetensiya soʻzi olinayotganda oʻzbek tilining ichki imkoniyati eʼtiborga olinmagan. Natijada notoʻgʻri oʻzlashma asosida kompetentlik, kompetensiyaviy singari terminlar ham yasalgan. Agar chet soʻzga bu qadar oʻchlik boʻlmaganda, “kompetensiya” layoqat, «kompetentnost» layoqatlilik deb kalkalangan va kompetensiyaviy tarzidagi gʻalati yasalma “bino boʻlmas” edi.
Muqobili boʻla turib, olingan soʻzlardan yana biri kreativdir. Ingliz tilida “creative”, rus tilida «kreativnыy» shaklidagi bu soʻz har ikki tilda “ijodiy” maʼnosini anglatadi. Bu olinma oʻzbekcha matnlarda “kreativ fikrlash”, “kreativ yondashish” singari birikuvlarda qoʻllanmoqda. Endi ushbu olinma oʻrniga ijodiy soʻzini qoʻysak, ijodiy fikrlash, ijodiy yondashish tarzidagi magʻzi toʻq birikma hosil boʻladi, chunki kreativning maqbul muqobili ijodiydir. Davlat tilini rivojlantirish departamenti huzurida Atamalar komissiyasining tashkil etilishi ayni ehtiyoj natijasi boʻlib, terminologiyani oʻzbek tilining ichki imkoniyatlaridan foydalanib milliylashtirish, tartibga solish uning asosiy vazifalaridandir.
Sobiq ittifoq hayotining hamma davrlarida chet tillarga (masalan, nemis, ingliz tillariga) munosabat bugungidek boʻlmagan, davlat oʻz fuqarolarining chet tillarni lozim darajada egallashini xohlamagan. Bunday til siyosatidan koʻzlangan maqsad esa dunyoga “yopilish”, tashqi dunyoga qoʻshiluvni cheklash, chegaralash boʻlgan. Oʻtgan asrning birinchi yarmi sobiq ittifoq til siyosati haqida tilshunos A.Ogursov keltirgan fakt buni tasdiqlaydi: “Stalincha ong . chet tillarni bilishga juda shubhali narsa sifatida qaragan. Masalan, Buxarinning sudlov jarayonida Vishinskiy ismli kishi uning toʻrtta xorijiy tilni bilishini “fosh” qilar ekan, bu ustunlik Buxaringa sovet hukumatini toʻrt tilda tuhmat qilish imkonini berishini aytadi”. Chet tillarni davlatga, mafkuraga xavf sifatida tushunilgan bunday munosabat shoʻro tuzumining keyingi davrlarida yumshagan boʻlsada, amalda chet tillarni oʻrganishga keng yoʻl ochilmadi, maktablarda cheklangan dars soatlari ajratildi.
Sobiq ittifoq inqirozga uchragach, mustaqil respublikalarda chet tillarni oʻrganishga keng yoʻl ochildi, til siyosati moʻtadillashdi, chunki milliy respublikalarning oʻzi dunyoga ochilishni, qoʻshilishni istardi. Oʻzbekistonda ham chet tillarni, ayniqsa, jahon tillarini oʻqitishga katta eʼtibor qaratildi. 1992-yilda sobiq Rus tili va adabiyoti instituti va Toshkent chet tillari pedagogika institutlarining Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga aylantirilishi zarur amaliy ishlardan biri boʻldi. Shundan keyin chet tillarni oʻqitish samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat darajasidagi hujjatlar qabul qilindi. Endi chet tillarni bilish zararli emas, foydali odat deb qaraladigan boʻldi.
Chet tillarni oʻrganish — yaxshi va juda zaruriy yumush. Chet tillardan birini egallagan mutaxassisga bugun talab ham, ehtiyoj ham katta. Ammo “xorijiy tillarni ona tilini esdan chiqarish hisobiga oʻrganish nodurust. Chunki ona tilini unutish hisobiga oʻrganilgan xorijiy til ona tilining oʻrnini bosib olishi muqarrarki, bunda milliy tafakkur va milliy idrok butunlay boshqa, begona tafakkur va begona idrokka aylanadi”. Afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlar tilida inglizlashuv, inglizcha unsurlar (boshqasini qoʻya turaylik) koʻpayib bormoqda. Masalan, voy undov soʻzi oʻrnida vau; maʼqul, boʻpti, yaxshi soʻzlari oʻrnida ok; tashabbus, chaqiriq, daʼvat degan soʻzlar boʻla turib chellenj ommalashmoqda; layk (bos), neyming, xeshteg, teg, blogpost, post, kolumnistga oʻxshash varvarizmlar bisyor. Bunday oʻzlashmalarni tezda aniqlab, tilda “qotib” qolmasdan tegishli muqobillariga almashtirish kerak. Chunonchi, layk (bos) soʻzini maʼqulla, neyming soʻzini nom bilan bemalol almashtirsa boʻladi. Bitta chelenj soʻziga tilimizda uchta muqobil bor: tashabbus, chaqiriq, daʼvat va ularning har biridan oʻrni bilan foydalansa boʻladi. Shuningdek, tilni yaxshi bilmaslik oqibatida kelib chiqqan “kompyuterlarga xizmat koʻrsatish”, “mashinalarga xizmat koʻrsatish” kabi notoʻgʻri tarjimalar urchib bormoqda. Asli bunda kompyuterlarni tuzatish, mashinalarni taʼmirlash deyilsa, ifoda oʻzbekchalashadi va toʻgʻriroq chiqadi. Til va jamiyat munosabatidagi bunday muammolarning kelib chiqishi esa globallashuv taʼsiri, kitob oʻqimaslik, til sezgimizning gʻariblashayotgani bilan bogʻliqdir.
Jamiyat aʼzolarining tilga munosabatida ikki jihatni — umuman, tilga munosabat hamda ona tiliga munosabatni farqlab olish lozim. Birinchi holatda —tilning xalqni birlashtirishdek vazifani bajarishini anglab munosabat koʻrsatilishi, “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga rioya etilishi, ish yuritishda adabiy til meʼyorlariga amal qilinishi zarur. Ikkinchi holatda — ona tili oʻta milliy, etnomadaniy hodisa deb tushunilishi, ona tili taqdiriga millat taqdiri deb qaralishi, ona tili boricha qabul qilinishi kerak.
Bugungi oʻzbek jamiyatida har ikki munosabatga aloqador muammolar yetarli. Bu “Davlat tili haqida”gi qonun talablarining koʻp hollarda bajarilmayotgani, davlat tilining amaliyotga keng joriy etilmayotgani, taʼlimning turli boʻgʻinlari va ish yuritishda lisoniy layoqatlilik darajasining pastligi, davlat tiliga ham, ona tiliga ham bepisand munosabatning uchrayotgani, til madaniyatining lozim darajada shakllanmayotganida koʻrinadi. Oʻzbek sotsiolingvistikasi jamiyatda davlat tiliga munosabatning ahvolini, jamiyat hayotining qaysi jabhalarida til bilan faol taʼsirlashuv kechayotganini, til siyosatida nimalarga eʼtibor berish lozimligini aniqlashi va davlat tilini amaliyotga toʻliq joriy etish hamda terminologiyani tartibga solish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqishi zarur.
Til va jamiyat taʼsirlashuvi haqida soʻz borar ekan, tilning jamiyatga qanday taʼsir etishini ham tushuntirmoq lozim. Mutaxassislar toʻgʻri taʼkidlaganidek, tilning jamiyatga taʼsiri jamiyatning tilga taʼsiriga nisbatan kam oʻrganilgan, hatto bunday taʼsirlashuvga shubha bilan qarash ham bor. Bizningcha, tafakkur quroli boʻlgan vositaning jamiyatga taʼsir koʻrsatmasligining oʻzi shubhali, chunki til jamiyatni muntazam harakatlantirib turadi va bu tarz taʼsirlashuvning eng ibtidoiy aksi uning axborotni shakllantirish va uzatish vazifasida koʻrinadi. Jamiyatning tilga taʼsiri naqd lisoniy natijalarda koʻrinadi, shu sababli, bu tarz taʼsirlashuv shubha uygʻotmaydi, bir qarashdayoq taʼsirlashuv natijalarini ilgʻash mumkin boʻladi. Tilning jamiyatga taʼsiri natijalari tilshunos qayd qila biladigan til materiallarida ifoda topmaydi, balki ijtimoiy hayotning oʻzida boʻy koʻrsatadi. Aniq lisoniy material orqali dalillay olinmagani tilning jamiyatga taʼsiri mexanizmlarining ochilmay qolishiga olib kelgan. Masalan, adabiy tilning jamiyatga taʼsiri, avvalo, milliy birlikni taʼminlashida, qolaversa, ommaviy savodxonlikni shakllantirish va yaxshilashda, ilm-fanni rivojlantirish va madaniyatni yuksaltirishida, taʼlim-tarbiyada koʻrinadi. Sanoqni yana davom ettirish mumkin. Umuman, jamiyatda axborot uzatilar ekan, unda tilning ishtirok qilmasligi, taʼsiri boʻlmasligi mumkin emas.
Xullas, til va jamiyat oʻrtasida doimiy taʼsirlashuv kechadi. Fan va taʼlim, madaniyat va sanʼat, texnika va davlatchilikning taraqqiyoti til va jamiyat taʼsirlashuvining asosiy omillaridir. Bunday taʼsirlashuv jarayonini harakatlantiruvchi kuchi, albatta, inson va u mansub jamiyat. Jamiyat ehtiyojlari esa tilning vazifa doirasida kengayish, usluban toʻlib-toʻliqib borishiga sabab boʻladi.
Yorqinjon ODILOV,
OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori
instituti boʻlim mudiri, filologiya fanlari doktori
Yangi tayanch o‘quv reja qanday omillarga asoslanadi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatida maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur ekanligini ta’kidlagan edi.
Bundan tashqari, 2018-yilning 14-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unda umumiy o‘rta ta’limning amaldagi tayanch o‘quv rejasini qayta ko‘rib chiqib, 10 foizga qisqartirish vazifasi belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda O‘zbekiston Respublikasining ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Yo‘l xaritasi”ning 12-bandida “2019-yil dekabr oyidan boshlab, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va o‘quv adabiyotlari mazmuniga bosqichma-bosqich o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish” vazifasi belgilangan.
Shuningdek, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturida o‘quvchilarning savodxonlik darajalarini aniqlashda kompyuter simulyatsiyali interfaol topshiriqlardan foydalaniladi va barcha sinovlar kompyuter texnikasi yordamida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1–4-sinf o‘quvchilarining haftalik o‘quv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me’yordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli boshlang‘ich sinflarning o‘quv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.
Endilikda asosiy e’tibor fanlarga ajratilgan soatlarga emas, balki ulardan samarali foydalangan holda sifatli ta’lim berishga qaratiladi.
Yuqoridagilar inobatga olinib, quyidagi ishlar amalga oshirildi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev huzurida 2019-yil 23-avgust kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonining 24-bandida “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” fanlarini birlashtirgan holda 2020/2021-o‘quv yilidan yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish belgilangan.
Shu munosabat bilan, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” fanlari birlashtirilib, yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab 1–11-sinflarida “Tarbiya” faniga 1 soatdan ajratilmoqda.
“ONA TILI VA ADABIYOTI” FANI
Ona tili va adabiyot fani bo‘yicha yetakchi olimlar, soha mutaxassislari va amaliyotchi o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhi tomonidan xorijiy davlatlarda ona tili va adabiyot fanining o‘qitilishi tahlil qilindi.
Xususan, ona tili va adabiyot fanining haftalik o‘quv soati Estoniyada 39 soat, Germaniyada 41 soat, Finlandiyada 42 soat, Angliyada 43 soat, Janubiy Koreyada 46 soat, Belarusda 42 soat, Qozog‘istonda 58 soatni tashkil etadi.
Mazkur davlatlar umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fani umumta’lim davrida Estoniyada 1 365 soat, Germaniyada 1 230 soat, Finlandiyada 1 596 soat, Angliyada 1 591 soat, Janubiy Koreyada 1 886 soat, Belarusda 1 428 soat, Qozog‘istonda 1 914 soat o‘qitiladi.
O‘zbekiston umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fanining o‘quv dasturlari xorijiy tajribalar asosida o‘quvchilarda tinglab tushunish, o‘qib tushunish, yozish va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yo‘naltirilgan holda takomillashtirildi.
Yangi umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 2020/2021-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejada ona tili va adabiyot fanini haftada 57 soat, yillik jami 1 938 soat o‘qitilishi belgilangan.
O‘quv dasturlarini chuqur tahlil qilish natijasida muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid, oliy ma’lumotli filolog mutaxassisini tayyorlashga yo‘naltirilgan mavzular o‘quv dasturlaridan qisqartirildi.
Xususan, 5-sinfda ona tili va adabiyot fanidan 30 ta mavzu, 6-sinfdan 17 ta mavzu chiqarib tashlandi. Shuningdek, 5-sinfdagi 40 ta mavzu, 6-sinfda 23 ta mavzu yuqori sinflarga o‘tkazildi.
Shuningdek, yangi o‘quv yili uchun tasdiqlangan tayanch o‘quv rejasidagi o‘quv soatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga moslashtirildi.
Bundan tashqari, bu borada mutaxassis olimlarning fikrlari ham o‘rganildi, xususan, filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev bu haqida shunday deydi:
— Ona tili bo‘yicha hosil qilinadigan malakani ikkiga ajratish mumkin: 1) til jamiyatidan o‘zlashtiriladigan malaka (fonetik va grammatik malaka); 2) maktabda egallanadigan malaka (imlo, punktuatsiya, leksika va b.). Fonetika va grammatikaning imlo bilan bog‘liq jihatidagina ta’limga ehtiyoj sezamiz. Fonetika va grammatikaga doir bundan boshqa bilimlarni keraksiz bilim deyish mumkin. Shu asosda ona tilidan “kerakli” (ishlaydigan) va “keraksiz” (ishlamaydigan) bilimni farqlash lozim. Ona tili darsliklariga yillar davomida kirib qolgan va “ishlamaydigan”, ta’limiga davlat mablag‘i, o‘quvchining vaqti va ota-onaning puli behuda sarflanayotgan bunday mavzularni qanday ajratamiz?
Shuningdek, olim tomonidan keltirilgan ayrim dalillarga ko‘ra:
1. Urg‘u bilan bog‘liq mavzular. O‘zbek tili — agglutinativ til. Bunday tillarda grammatika juda rivojlangan, shuning uchun so‘z ma’nolarini urg‘u farqlamaydi va u nutqda sezilarsiz bo‘ladi (ko‘zlar — “ko‘p ko‘z”; ko‘zlar — “mo‘ljallar”). Uni ta’lim bilan rivojlantirish imkonsiz. O‘zbek tilidagi so‘z urg‘usi qoidalar asosida aniqlanadi, nafaqat o‘quvchi, hatto o‘qituvchining o‘zi ham uni topishda qiynalishining sababi ana shunda. Uni o‘qitishga hech qanday hojat yo‘q. Bu mavzu 1-sinfdan 11-sinfgacha taxminan 5 soat hajmida o‘qitiladi.
2. So‘z yasalishi bilan bog‘liq mavzular. Til egalari nutqida so‘z yasamaydi, balki (tubmi, yasamami) tayyor so‘zdan foydalanadi. So‘z yasamas ekanmiz, bu bo‘yicha bilimlar ham ishlamaydi. Demak, bu mavzu ta’limi ham keraksiz. Mavzu 1–11-sinflarda taxminan 12 soat o‘qitiladi.
3. So‘zlarning birikish usullari (boshqaruv, moslashuv, bitishuv) bilan bog‘liq mavzular. Og‘zaki va yozma nutq uchun bu bilimlar ham mutlaqo ishlamaydi. Bu mavzular rus tili grammatikasidan aynan ko‘chirilgan, o‘zbek tili tabiatiga sira ham mos emas. Bu mavzuga ham 1-sinfdan 11-sinfgacha taxminan 5 soat ajratilgan.
Afsuski, mazkur fanlarni o‘qitishga ajratilayotgan soatlar hajmi, jalb etilayotgan o‘qituvchilar soniga ko‘ra xalq ta’limi tizimiga o‘qitish uchun ajratilayotgan mablag‘larning eng katta qismi sarflanayotgan bo‘lsa-da, o‘quvchilarning savodxonlik darajasi pastligicha qolmoqda. Eng achinarlisi, o‘qituvchilarning o‘zlari ham o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yetarli kompetentlikka ega emasligi Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazilgan test sinovlari natijasida ma’lum bo‘ldi.
Aslida, o‘quvchilarga biror bilimni o‘rgatish unga ajratilgan soatga emas, balki uni o‘rgatish metodikasiga bog‘liq. Masalan, ayrim o‘qituvchilar bitta mavzuni soatlab o‘quvchilarga tushuntiradi, lekin o‘quvchilar bu mavzuni yetarlicha tushunmaydi. Bu borada tajribali o‘qituvchi esa o‘sha mavzuni 10–15 minutda qiziqarli tarzda o‘quvchilarga tushuntiradi. Shunday ekan, fanni o‘qitish metodikasini kuchaytirish zarur bo‘ladi.
“Ona tili” darsliklarini tahlil qilish natijasida keraksiz, til malakasi uchun “ishlamaydigan” juda ko‘p mavzular chiqarib tashlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2020-yil 31-yanvar kuni matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ilm-fan sohasida islohotlarni tizimli tashkil etish maqsadida va yurtimizda azaldan rivojlangan ilmiy maktablar, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalari belgilandi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasiga “Matematika” fani majburiy fan sifatida kiritildi.
Shu sababli, o‘quvchilarga matematika fanini chuqurroq o‘rgatish maqsadida 10-sinfda “Algebra” faniga haftasiga 1 soat qo‘shib berildi va ushbu fanning haftalik o‘quv soati miqdori 3 soatga keltirildi.
“INFORMATIKA VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI” FANI
Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida 2020-yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlandi.
Joriy yilda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tub burilish qilish, bu soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi rejalashtirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 5–6-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” faniga haftasiga 0,5 soatdan qo‘shib berildi va ularning haftalik o‘quv soatlari miqdori 1 soatga keltirildi.
Bu orqali o‘quvchilarning xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsad qilingan.
“KIMYO” VA “BIOLOGIYA” FANLARI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2020-yil 31-yanvar kuni matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantishga bag‘ishlangan yig‘ilishida ilm-fan sohasida islohotlarni tizimli tashkil etish maqsadida va yurtimizda azaldan rivojlangan ilmiy maktablar, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalari belgilandi.
Shu sababli, o‘quvchilarga STEAM ta’limi yo‘nalishidagi fanlarni chuqurroq o‘rgatish maqsadida 10–11-sinflarda “Kimyo” va “Biologiya” fanlariga 1 soatdan qo‘shib berildi va ularning haftalik o‘quv soatlari miqdori 3 soatga keltirildi.
“GEOGRAFIYA VA IQTISODIYOT” FANI
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining 8-bandida “Bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lmagan fanlar asosida tuzilgan o‘quv dasturidan bosqichma-bosqich voz kechish va o‘quv fanlari sonini optimallashtirish” vazifasi belgilangan.
Shu munosabat bilan, “Geografiya”, “Iqtisodiy bilim asoslari”, “Tadbirkorlik asoslari” fanlarini birlashtirgan holda, yagona “Geografiya va iqtisodiyot” fani kiritildi. Bu orqali o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirish va Xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda O‘zbekiston Respublikasining muvaffaqiyatli ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsad qilingan. Shuningdek, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturida o‘quvchilarning moliyaviy savodxonlik darajasi baholanishi nazarda tutilgan.
“JISMONIY TARBIYA” FANI
O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1–4-sinf o‘quvchilarining haftalik o‘quv soati jami 88 soat belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me’yordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli boshlang‘ich sinflarning o‘quv soatlari Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan 2019-yil 30-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbusini amalga oshirish to‘g‘risida”gi majlis bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida doimiy tarzda ommaviy sport turlari musobaqalarini o‘tkazish orqali o‘quvchilarning jismoniy sog‘lom bo‘lishlari, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Shu sababli, 1–4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanining haftalik o‘quv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.
“CHAQIRUVGA QADAR BOSHLANG‘ICH TAYYORGARLIK” FANI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida maktab o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish ta’kidlandi.
Bu borada ilg‘or xorijiy davlatlarning umumta’lim fanlari va o‘quv yuklamalari o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijalarida ilg‘or xorijiy (Angliya, Germaniya, Finlandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Estoniya kabi) davlatlarda mazkur fan o‘tilmasligi aniqlandi. Shuningdek, “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani o‘qituvchisi “Jismoniy tarbiya” fani o‘qituvchisi bilan hamkorlikda o‘quvchilar o‘rtasida turli sport musobaqalarini o‘tkazadi.
Shu sababli 10-11-sinflarda “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanining haftalik o‘quv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.