Ozbek tili davlat tilidir
davlat tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini yaratish;
Ozbek tili davlat tilidir
Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, muhtaram yurtdoshlar!
Avvalambor, mana shu quvonchli ayyomda barchangizni azim poytaxtimizning markazida barpo etilgan, kuni kecha ishga tushirilgan muhtasham va ulug‘vor koshonada xush kayfiyatda ko‘rib, qutlab turganimdan g‘oyatda baxtiyorman.
Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni tarixiy sana – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Ma’lumki, O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaqqol namoyon etadigan yangi bino va imoratlar bugun barcha shahar va viloyatlarimizda ko‘plab qad ko‘tarmoqda.
Albatta, ularning orasida “Toshkent-Siti” ishbilarmonlik markazi alohida ajralib turadi.
Guvoh bo‘lib turganingizdek, “Toshkent-Siti” markazi o‘zining me’moriy qiyofasida shaharsozlik san’atining eng so‘nggi yutuqlarini, arxitektura, muhandislik va dizaynerlik borasidagi noyob va ulkan salohiyatni yaqqol mujassam etadi.
Maydoni 80 gektardan iborat ushbu markazni qurishdan asosiy maqsad – zamonaviy, “aqlli shahar” barpo etish, xalqaro, xorijiy va mahalliy bank-moliya tuzilmalari va investorlar uchun jonajon Vatanimiz, birinchi navbatda, go‘zal poytaxtimiz jozibadorligini oshirishdan iborat.
Biz O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasini izchil amalga oshirayotganimizdan xalqimiz va xalqaro hamjamiyat yaxshi xabardor, albatta. “Toshkent-Siti” markazini barpo etish g‘oyasi ham, aynan o‘sha strategiya bilan bir paytda tug‘ilgan edi.
O‘zbekiston tajribasida birinchi bo‘lgan shunday katta miqyosdagi va noyob loyihani amalga oshirish uchun ko‘p narsani yangitdan o‘rganishimiz, tinimsiz izlanishga to‘g‘ri keldi.
Qurilish maydoni 1 million 600 ming kvadrat metrga teng bo‘lgan yangi markazning 30 foizini uy-joylar, 30 foizini ofislar uchun binolar, yana 30 foizini savdo majmualari, 10 foizini mehmonxonalar fondi tashkil etadi.
Barchangiz ko‘rib turibsiz, bugun bu hududda ulkan bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda. Nasib etsa, 2021 yilda qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, ushbu markaz xalqimizga va poytaxtimiz mehmonlariga xizmat qilishni boshlaydi.
Qisqacha aytganda, “Toshkent-Siti” markazi O‘zbekistonda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlangani, bu sohada biz ko‘p narsaga qodir ekanimizni ko‘rsatadi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston o‘zining ochiq va konstruktiv siyosati bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib bormoqda. Jahondagi nufuzli xalqaro tashkilot va tuzilmalar, moliyaviy institutlar, ishbilarmon doiralar tomonidan O‘zbekistonda qator tadbirlar, anjuman va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Tabiiyki, kelgusida bu jarayonlar yanada kuchayadi, O‘zbekiston yana ko‘plab yirik xalqaro sammitlar, forum va simpoziumlarga mezbonlik qiladi.
Shu ma’noda, ushbu muhtasham majmua nafaqat davlatimiz, balki xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi g‘oya va tashabbuslar tug‘iladigan, muhim tarixiy hujjatlar qabul qilinadigan maskanga aylanadi, deb ishonamiz.
Fursatdan foydalanib, mana shunday muazzam saroyning bunyodkorlariga – mohir me’mor va loyihachilarga, ishchi-muhandislarga, chet ellik mutaxassislarga, barcha ishtirokchilarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Mamlakatimizda yaratilayotgan yangi tarix, yangi taraqqiyot davrining, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining amaliy ifodasi bo‘lmish mana shu betakror majmuada birinchi bo‘lib ona tilimizga – davlat tiliga bag‘ishlangan tantanali marosimni o‘tkazayotganimiz bejiz emas.
Bugun ushbu muhtasham majmuaga dastlabki aziz mehmonlar sifatida tashrif buyurgan siz, qadrli yurtdoshlarimizni, muhtaram faxriylarimizni, ona tilimizning jonkuyari bo‘lgan ziyolilarimizni, deputat va senatorlarimiz, faol yoshlarimizni, diplomatik korpus vakillarini chin qalbimdan tabriklash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Bu muazzam koshona barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin! Xush kelibsiz, aziz do‘stlar!
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.
Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar.
O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma’lum.
Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini – milliy g‘ururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.
Bu borada ma’naviy jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulug‘ san’atkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.
Ushbu qutlug‘ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989 yil 21 oktyabr sanasini – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o‘rinlidir.
Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi.
Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan edi. Uning atrofida qanday qizg‘in bahs va tortishuvlar bo‘lib o‘tganini, o‘ylaymanki, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham o‘shanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘lganman.
Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qat’iy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning siyosiy irodasi katta o‘rin tutdi.
O‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi.
Bu qonun xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘lidagi azmu qarorining yorqin namoyoni bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga e’lon qilindi.
Mamlakatimizning Asosiy qonuni – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida yaratilishi uning nufuzini yanada yuksaltirdi.
Yurtimiz bo‘ylab va xalqaro maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan tuyg‘usini jo‘sh urdiradi.
O‘zbek tili o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
Bundan besh asr muqaddam hazrat Alisher Navoiy:
“Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, deb yozgan edi. Ya’ni, ul zot ona tili bayrog‘ini baland ko‘tarib, butun el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirdim, deb iftixor qilgan.
Barchamizga yaxshi ayonki, ona tili – millat ma’naviyatining mustahkam poydevoridir. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir.
Shu ma’noda dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashni maqsad qilib qo‘ygan har qaysi davlat avvalo o‘z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi.
Mustaqillik yillarida ona tilimizni tom ma’noda davlat tiliga aylantirish yo‘lida katta chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu o‘rinda bir fikrga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi kunda Yer yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud bo‘lsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini huquqiy jihatdan muhrlab bergan mazkur qonunning xalqimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Bu tarixiy voqeadan so‘ng lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish haqida yana bir muhim qonun qabul qilindi.
Bugun jonajon O‘zbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor g‘oya asosida o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda. Barcha sohalar bilan birga davlat tilining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.
Hozirgi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda faol qo‘llanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.
Davlatimiz tomonidan ma’naviy hayotimizni yanada rivojlantirish, jumladan, ta’lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha qabul qilingan o‘nlab farmon va qarorlar o‘zbek tili ravnaqiga bevosita xizmat qilmoqda.
Bu haqda gapirganda, keyingi yillarda ona tilimizda faoliyat yuritadigan yuzlab bog‘chalar, maktablar, oliy o‘quv yurtlari, yangi gazeta va jurnallar, tele-radio kanallar, nashriyotlar, madaniy-ma’rifiy muassasalar, kutubxonalar tashkil etilayotganini qayd etish lozim.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda folklorshunoslik, dialektologiya, turkologiya, matnshunoslik kabi yo‘nalishlar ochildi.
Bu borada yangi o‘quv dasturlari yaratilayotgani, darslik va qo‘llanmalar, risola va monografiyalar nashr etilayotgani, ilmiy anjumanlar, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek tilining buguni va istiqboli haqida amaliy taklif va tashabbuslar bildirilayotgani g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Xabaringiz bor, azim poytaxtimiz markazidagi Milliy bog‘ hududida Adiblar xiyoboni bunyod qilinmoqda. Bu go‘zal maskanda barpo etilayotgan yodgorlik majmualari adabiyotimizning buyuk namoyandalari, o‘zbek tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bag‘ishlangani ayniqsa e’tiborlidir.
Ona tilimiz va milliy adabiyotimizni ulug‘lash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodimizga yetkazish maqsadida, yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablarini tashkil etdik. Muhammad Rizo Ogahiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida eng avvalo o‘zbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Hozirgi vaqtda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda xalqaro maydonda obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotgan O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbek tili Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilmoqda. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘paymoqda.
Shu borada mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari tashkil etilayotganini biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi quvonchimizga sherik bo‘layotgan chet davlatlarning muhtaram elchilarga, xalqaro tashkilotlar vakillariga ularning yurtlarida o‘zbek tiliga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor uchun tashakkur izhor etaman. Ayniqsa, O‘zbekistondagi xizmat faoliyati davomida o‘zbek tilini o‘rganib, faol muloqot qilayotgan xorijiy diplomatlarga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Sizlarga yaxshi ma’lum, yaqinda O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, balki turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining xalqaro maqomini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Kengash sammitida bildirgan tashabbuslarimiz, xususan, qardosh xalqlar adabiyotining eng sara namunalari mujassam bo‘lgan yuz jildlik “Turkiy adabiyot xazinasi” kitoblar turkumini a’zo davlatlarning ona tillarida nashr etish taklifimiz ijobiy qabul qilindi.
Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida bugun mamlakatimizda yana bir muhim qadam qo‘ydik. Men bugun “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdim. Unga binoan “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21 oktyabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.
O‘ylaymanki, o‘zbek tili bayramining mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng nishonlanishi xalqimizning milliy ruhi va g‘ururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda to‘laqonli joriy etishga xizmat qiladi.
Ushbu Farmonda ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar qatorida, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha alohida tuzilma tashkil etilganini ham sizlarga ma’lum qilmoqchiman.
Bu tuzilma davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Ayni paytda dunyoda ilm-fan va texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib, mamlakatimizning xalqaro hamkorlik aloqalari tobora kengaymoqda. Natijada, hayotimizga chetdan ko‘plab yangi tushuncha, so‘z va iboralar kirib kelmoqda.
Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib turibdi.
To‘g‘risini aytish kerak, bu masalada ham oqsoqligimiz bor edi. Shu munosabat bilan Farmonda yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasini tuzish masalasini ham nazarda tutdik.
Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.
Davlat tiliga bo‘lgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik mamlakatimizda bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Ma’lumki, Vatanimiz necha yuz yillar mobaynida buyuk sivilizatsiya va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan. Qadimdan diyorimizda xalqimiz bilan birga turli millat vakillari yelkadosh, ahil va hamjihat bo‘lib, tinch va osoyishta muhitda yashab keladilar.
O‘z tilini hurmat qilgan ma’rifatli el boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi. O‘zbekistondagi bag‘rikenglik siyosati tufayli, hozirda yurtimizda yagona oila bo‘lib yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillariga o‘z ona tili, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilmoqda. Toshkent shahri va joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan 140 ga yaqin milliy madaniy markazlar ayni shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya muassasalari va ommaviy axborot vositalari o‘zbek tili bilan birga qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida faoliyat olib borayotgani xalqaro jamoatchilik tomonidan ijobiy hodisa sifatida e’tirof etilmoqda.
Dono xalqimiz “Til bilgan – el biladi” deydi. Bu borada buyuk bobolarimiz ibrat va namuna ko‘rsatganlar. Xususan, Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Imom Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy kabi ulug‘ ajdodlarimiz o‘nlab tillarni puxta bilganlari uchun ham jahon ilm-fanining yuksak cho‘qqilarini zabt etganlar.
Bugungi kunda yurtimizdagi ta’lim maskanlarida ingliz, rus, nemis, fransuz, ispan, italyan, arab, fors, turk, xitoy, yapon, koreys, hind va urdu tillari chuqur o‘qitilayotgani bu an’analar davom etayotganining yorqin ifodasidir.
Biz yoshlarimizning jahon tillarini egallashga bo‘lgan ulkan qiziqish va intilishlarini har doim qo‘llab-quvvatlaymiz.
Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, ulug‘ alloma, XX asr boshida olti tilli – o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug‘at tuzgan Ishoqxon Ibratning mana bu hikmatli so‘zlarini eslatmoqchiman: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.
O‘ylaymanki, bu so‘zlarga ortiqcha izohning hojati yo‘q.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri va mavqeini yanada oshirish bo‘yicha oldimizda o‘ta muhim va dolzarb vazifalar turibdi.
Avvalo, bundan o‘ttiz yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablari nuqtai nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, takomillashtirish zarurati sezilmoqda.
Yana bir muhim vazifa fundamental tadqiqotlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini to‘laqonli qo‘llash bilan bog‘liq.
O‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, mamlakatimizda yashayotgan turli millatlarga mansub vatandoshlarimizning davlat tilini o‘rganishlari uchun tegishli sharoit yaratib berish, yurtimizda va xorijda o‘zbek tilini o‘rgatadigan o‘quv markazlarini ko‘paytirish zarur.
Shu maqsadda yangi darsliklar, qiyosiy va turli sohalarga oid lug‘atlar, ish yuritish va so‘zlashuv qo‘llanmalari nashr etish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish, bu tizimga to‘liq o‘tish bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz kerak.
Shuningdek, o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari, shevalari, tarixiy taraqqiyoti, uning istiqboli bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilashga erishmog‘imiz zarur. Bu ishlar uchun moliyaviy resurslar va mablag‘larni aslo ayamasligimiz kerak.
O‘zining bebaho asarlari bilan ona tilimizning qadrini va qaddini tiklagan buyuk mutafakkir ajdodimiz Alisher Navoiy hayoti va ijodining mukammal ensiklopediyasini yaratish ham oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biridir.
Ayni paytda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz turli ma’lumotlarni asosan Internet va ijtimoiy tarmoqlardan olmoqda. Binobarin, ona tilimizni jozibali va qiziqarli tarzda taqdim etish, buning uchun o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar, elektron lug‘atlarni yaratish kerak. Internet imkoniyatlaridan to‘liq foydalanib, o‘zbek tilini keng targ‘ib etish bo‘yicha ishlarimizni kuchaytirishimiz lozim.
Davlat tili masalasi milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lishi zarur. Yosh avlod qalbiga ona tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida ta’limning barcha bosqichlarida o‘zbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida mukammal o‘rgatishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Toki, bolalarimiz o‘zbek tilida ravon o‘qiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin.
Jamiyatimizda til bilan bog‘liq eng ko‘p muhokama qilinayotgan, haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan mavzu – bu joy nomlarini belgilash masalasi, desak, xato bo‘lmaydi.
Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, ma’naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan, Vazirlar Mahkamasi Atamalar komissiyasi bilan birgalikda ushbu masalalarni keng jamoatchilik ishtirokida jiddiy o‘rganib chiqishi va tartibga solishi zarur.
Chunki ijtimoiy ob’ektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va ma’naviy saviyamizni yaqqol ko‘rsatadigan o‘ziga xos mezondir. Buni hech kim hech qachon unutmasligi kerak.
Biz xalqimizning taqdiri, ertangi kuni haqida o‘ylar ekanmiz, eng avvalo, millatimizning asl fazilatlarini, go‘zal urf-odatlarimiz, betakror san’atimiz va adabiyotimizni, ona tilimizni ko‘z qorachig‘iday saqlashimiz zarur.
Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.
Sizlarni va butun xalqimizni o‘zbek tili bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga fayzu baraka, baxtu saodat tilayman.
O‘zbek tili – ona tilimizning nufuzi, obro‘-e’tibori yanada ziyoda bo‘lsin!
Shunday bebaho boylik sohibi bo‘lgan, uni hamisha asrab-avaylab kelayotgan aziz xalqimiz omon bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat.
Ozbek tili davlat tilidir
Ижтимоий тармоқларда катта баҳс-мунозарага сабаб бўлаётган “Русский язык нам не чужой” мақоласига нисбатан Ўзбекистон “Миллий тикланиш” демократик партияси қуйидаги фикрларни таъкидлашни лозим деб билади.
Ўзбек тили – Олтой тиллари оиласининг туркий тиллар туркимига кирувчи тилдир. Ўзбек тилининг ривожи буюк Алишер Навоий номи билан боғлиқдир. У ўзбек тилининг кенг имкониятларидан фойдаланган ҳолда нодир асарлар яратибгина қолмасдан, бу тилни илмий жиҳатдан чуқур тадқиқ қилувчи “Муҳокамат-ул-луғатайн” номли йирик илмий асар ҳам ёзди ва унда ўзбек тилининг бошқа тиллардан ҳеч кам эмаслигини ишонарли мисоллар билан исботлаб берган.
Тарихдан маълумки, дунёда кўплаб миллат ва элатлар асрлар давомида шаклланиб келмоқда. Хўш миллат ўзи нима? Миллат (арабча – халқ) – кишиларнинг ягона тилда сўзлашиши, яхлит ҳудудда истиқомат қилиш, муштарак иқтисодий ҳаёт кечириш, умумий маданият ва руҳиятга эга бўлиши асосида тарихан ташкил топган барқарор бирлик. Ер юзида 3 мингга яқин миллат мавжуд. Миллатлар сон жиҳатдан 5 та гуруҳга бўлинади. Улар, буюк, катта, йирик, ўрта, кичик миллатлар. Миллат қачон юзага келади? Бу саволларга жаҳоннинг кўп жамиятшунос файласуфлари жавоб беришга, таърифлар айтишга ҳаракат қилиб келганлар. Миллат ҳақидаги ўзимизга яқинроқ манбаалардан чиққан бир тушунчага тўхталиб ўтайлик. Турк алломаларидан бири Зиё Кўкалп ўз асарларидан бирида миллат ва унинг маъруф доираси хусусида фикр юритиб қуйидагиларни айтади: – Миллат бу – тарбияси ва тили бир – умумий бўлган одамлардан иборат маданий-маънавий жамоа. Демак, тилнинг шаклланиши ва юксалиши бу миллатнинг юксалиши демакдир.
Тил ҳар бир миллатнинг руҳи, тафаккури ва идрок тарзини намоён этади. Шу боис она тилини ўрганиш, унинг софлигини сақлаш, бойитиш ва жозибадорлигини ошириш барча макон ва замонда долзарб масалалардан бири бўлиб келган.
Ҳозирги даврнинг шиддатли глобаллашув жараёнида ҳаётимизнинг ҳар бир соҳасида ривожланиш ва ўзгаришлар рўй бермоқда. Бу ўзгаришларни фақат технология соҳасида эмас, балки маданиятимиз ва мулоқотимизда ҳам кузатишимиз мумкин. Шуни таъкидлаш керакки, ўзбек тилига давлат тили мақомининг берилиши халқимизнинг миллий мустақилликка эришиш йўлидаги муҳим қадамларидан бири бўлган эди ва бу жамиятимизда маънавий-ахлоқий асослар ва ижтимоий-инсоний қадриятлар қайта бунёд бўлаётган бир пайтда яқин ўтмишимизнинг ғоятда ўзига хос маданий- маърифий тажрибаларига кенг назар ташлаш, уларни ҳар томонлама ўрганиш келажак авлодларнинг хато қилмай яшашлари учун имконият яратди. Шунга қарамай ҳозирги кунда Ўзбек тили қоидаларини бузиб ишлатилаётганини кўп учратишимиз мумкин. Хуш бу жараён глобаллашувнинг оддий кўринишими? Агар шундай бўлса нега дунёдаги ривожланган Япония, Корея ва Буюк Британия каби давлатлар ўз тилига бўлган ҳурматни нафақат ўз халқига балки хориждан ўқиш ёки иш муносабати билан ташриф буюрувчиларга талаб сифатида қўймоқда? Чунки, буюк аждодимиз Беҳбудий ҳазратлари айтганидек «Тил миллат кўзгусидир». Шундай экан, тилимизни тўғри ишлатиш ва уни бойитиб бориш ҳар биримизнинг олий бурчимиз эканлигини ҳис қилган ҳолда, уни авайлаб асрашимиз ва унга ҳурмат билан қарашимиз даркор.
Албатта, ўтган йилларда “Давлат тили тўғрисида”ги қонун жамият ҳаётини тубдан ўзгартирди. Энг асосийси, миллат ўз тилидан уялмайдиган бўлди. Бироқ, ҳалигача тил ва уни ишлатишда қатор муаммоларимиз бор.
Тўғри, ўзбек тилини давлат тили сифатида мақомини ошириш ва мустаҳкамлаш борасида талай ишлар қилинди. Яъни қонунчилик, расмий иш юритиш, суд жараёни ва таълимда ўзбек тилининг мавқеи ва нуфузи тикланмоқда, турли соҳаларнинг терминологик луғатлари яратилмоқда.
Интернетда ўзбек тилининг қўлланиш доирасини кенгайтириш, уни бутун дунё глобал тармоғида муносиб ўрин эгаллаши учун саъй-ҳаракат қилинаётган бир пайтда бундай таклиф билан чиқиш мавҳумликдан, одамларни чалғитишдан ўзга нарса эмас. Аксинча ўзини ўзбекман деган зиёли ёки мутахассис бунинг тескариси учун курашиши, яъни ўзбек тилининг Давлат тили сифатида барча соҳада қўлланишига эришиш, ўзбек тилида иш юритиш тизимини яратиш устида ўйлаши ва изланиши шарт ва зарур эмасми? Бизнинг ўзбек зиёлилари бугунги кунда амалдаги давлат тили ҳақидаги қонуннинг ижроси ҳақида чуқурроқ ўйласалар эди, балким тўғри йўл тутилган бўлар эди. Чунки унинг ижроси борасида ҳали талай муаммо ва камчиликлар мавжуд.
Ўзбекистон “Миллий тикланиш” демократик партиясининг ўрганишлари шуни кўрсатмоқда-ки, оммавий жамоат жойларида ўзбек адабий тили меъёр ва қоидаларига амал қилишда ва “Реклама тўғрисида”ги қонуннинг бажарилишида ўзбек адабий тили меъёр ва қоидаларига амал қилиниши юзасидан камчиликлар мавжуд. Хусусан, 2018 йилда партия ташкилотлари томонидан 5 та вилоят, 8 та туманда “Давлат тили тўғрисида”ги, “Реклама тўғрисида”ги Қонунлар ижроси ўрганилганда, корхона, муассаса ва ташкилотларга тегишли ташқи ёзув ва рекламаларни Республика Маънавият ва маърифат марказининг вилоят, туман ва шаҳар бўлимлари тасдиғидан ўтказиш, корхона, муассаса ва ташкилотга тегишли ташқи ёзув ва рекламаларда ўзбек адабий тили меъёр ва қоидаларида хатоликка йўл қўйган раҳбарларга қонуний чора кўриш ва уларни маъмурий жавобгарликка тортиш, реклама матнини ўзбек тилида акс эттириш, зарур бўлганда ўзбек тилидаги матн остига чет тилидаги матнини ёзиш, Қорақалпоғистон Республикаси, вилоятлар, Тошкент шаҳар ҳамда туман ва шаҳар ҳокимликлари таркибида “Тадбиркорлик субъектларини рўйхатга олиш инспекцияси” (Ягона дарча) бўлимига реклама ва ёзувларни тўғирлаш ва назорат қилиш учун масъул ходим ажратиш каби заруриятлар мавжудлиги аниқланди.
Бундан кўриниб турибди-ки, бизнинг биринчи навбатдаги вазифамиз, авваламбор, давлат тили бўлган ўзбек тилимиздаги ана шундай ҳолатларни бартараф этишдир. Шу каби муаммоларни ҳал этмасдан туриб, қандай қилиб ўзбек тили мавқеини оширишимиз мумкин, деган табиий савол туғилади.
Шу нуқтаи назардан, бир гуруҳ “ўзбек зиёлилари” томонидан билдирилган таклиф ноўрин, деб ҳисоблаймиз.
Бинобарин, Ўзбекистонда таълим ўзбек, рус, тожик, қозоқ, қорақалпоқ, қирғиз, туркман – жами етти тилда олиб борилади. Қардош халқлар учун ўз она тилида таълим олиши учун барча шароит муҳайё. Бундан ташқари, мамлакатимизда 140 дан ортиқ Миллий-маданий марказлар фаолият олиб бормоқда. Марказлар Ўзбекистонда яшовчи муайян бир миллат вакилларининг миллий маданий эҳтиёжларини қондиришга хизмат қилувчи жамоат ташкилотидир.
Она тилимиз бўлмиш ўзбек тили азизу мўътабар экани, шубҳасиз. Бу эса барчамизнинг тилимиз софлиги, уни асраб-авайлаш ва такомиллаштириш учун масъул эканлигимизни англатади.
Рус тили бундан кейин ҳам жамиятимиз ҳаётида ўз ўрни ва ролига эга бўлади. Аммо давлат тили мавқеини ошириш ва “Давлат тили тўғрисида”ги Қонуннинг амалда тўлиқ қўлланилишига эришиш долзарб вазифа бўлиб қолмоқда. Бу борада Ўзбекистон “Миллий тикланиш” демократик партияси дастурий мақсад-вазифаларидан, миллий тикланиш ғоясидан келиб чиқиб давлат тилининг нуфузини янада юксалтириш билан боғлиқ жараёнларда фаол иштирок этади ва барча зиёлиларни ҳамкорликка чақиради. Зеро, ўзбек тилимиз ягона давлат тилидир.
Манба: ЎзМТДП Марказий кенгаши Ахборот хизмати
Davlat tili: tug‘ilish azobi
1989-yilning 21-oktabrida O‘zbekistonda mamlakat mustaqilligi ramzlaridan biri — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. 2020-yildan boshlab bu sana O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanmoqda. “Daryo” ushbu sana munosabati bilan oktabrni “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qiladi va oy davomida har kuni til masalasida turli yillarda qilingan va hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan chiqishlar, nutqlar, maqolalarni qayta chop etadi.
Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova
Davlat tili: tug‘ilish azobi
Ona tili haqida gap ketsa, xayolimga eng avval Abdulla Oripovning 60-yillar boshida yozgan “Ona tilimga” she’ri keladi. Unda:
“Ona tilim sen borsan, shaksiz,Bulbul kuyin she’rga solaman.Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,Men ham to‘ti bo‘lib qolaman”,
– degan satrlar bor edi. Bu she’r ming-minglab muxlislar qalbida ona tiliga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otganiga sirayam shubha qilmaymiz. Yillar o‘tib, shoir bejiz bezovta bo‘lmaganini hayotning o‘zi tasdiqladi. Yaqin o‘tmishga xayolan sayr etib, har bir avlod eslashi va bilishi shart bo‘lgan voqealarni yodga olsak.
“Yoshlik” jurnalining 1986-yilgi 10-sonida Chingiz Aytmatovning “Литературная газета”ning o‘sha yilgi 33-sonida berilgan suhbati tarjimasini o‘qish mumkin. “Yo hayot, yo mamot” deb sarlavha qo‘yilgan musohabada millat ma’naviyati, milliylik mavzusida bahs yuritilib, yozuvchi o‘sha davrdagi amalparast demagoglar mahmadonaligi sabab milliy til kamsitilayotganini tanqid qiladi. Ch.Aytmatovga ko‘ra, “Toki til mavjud ekan – xalqning umri boqiydir. Har bir til muayyan xalq uchun aziz hisoblanadi. Har birimiz bizni voyaga yetkazgan, bizga eng bebaho boyligini – tilini hadya etgan xalq oldida qarzdormiz: tilimizning sofligi uchun, boyishi uchun jon kuydirsak, farzandlik burchini ado etgan bo‘lamiz”.
Mustabid tuzum davrida milliy til muammosini bu tarzda dangal muhokama qilish uchun Chingiz Aytmatov bo‘lish kerak edi. KPSS siyosatiga mos tushmaydigan har qanday fikrni ta’qib qilgan sovet senzurasining Ch.Aytmatovni qaychilashga qo‘li kaltalik qilgan. Turkiy xalqlar iftixorlaridan bo‘lgan adib SSSR xalq deputatlarining birinchi syezdida ham xuddi mana shu ohangda so‘zlaydi. Adib-arbob ittifoqdosh respublikalarda milliy tilga davlat tili maqomini berish masalasida kechayotgan qizg‘in jarayonni qo‘llab-quvvatlaydi va qat’iy qilib, mahalliy xalqlarning tillari davlat tili bo‘lishi kerak, deydi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftanomasi 1987-yil sentabrining 25-kunida “Kuyinchak gazetxonlardan xatlar” ruknida g‘allaorollik Tovboy Xo‘jamberdiyev “Yaqindan boshlab G‘allaorol partiya komitetining plenumlari faqat rus tilida olib boriladigan bo‘ldi. Holbuki, G‘allaorol qishloq rayoni hisoblanadi. Qishloq aholisining rus tilini qanday bilishi esa hammaga ma’lum. Plenumlar qatnashchilari orasida rus tilini yaxshi biladiganlar bilan bir qatorda yaxshi tushunmaydiganlar ham uchraydi. Bas, shunday ekan, ular majlisdan nima oladilar?
Yana bir muammo – o‘zbek tilini bilmaydigan rahbarlar haqida ham o‘ylab ko‘rish lozim. Hech qaysi rahbar dala va fermalarda mehnat qilayotgan oddiy xalqning tilini bilmay turib ularni o‘z ortidan ergashtirolmaydi.
Ona tilini sevmagan odamda o‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminga, ajdodlarimiz ming yillar davomida yaratgan buyuk madaniy merosga, ota-onaga, urf-odatlarimizga muhabbat bo‘larmikan?” deb yozadi.
Bu maktub birgina muallifning emas, minglab, millionlab odamlarning dard-u armoni edi. Lekin bu holni aksariyat yurtdoshlarimiz majlis va mashvaratlarda ochiq aytolmas, bordi-yu, tish yorgan vaqtda ham boshi tuhmatdan chiqmasdi. Choyxona-yu to‘yxona gurunglari, gap-gashtaklardagi muhokamalar sekin-asta gazeta-jurnal sahifalariga ham ko‘chadi. “Yoshlik” jurnalining 1988-yilgi 1-sonida qo‘shrabotlik T.O‘rozov fikrlari berilgan.
“Yoshlik” jurnalining 1987-yil 9-sonida bosilgan Abdulla Qahhorning “Til haqida nutq” maqolasini o‘qib ushbu xatni yozyapman.
Avvalo, maqolada o‘z ona tilimiz – o‘zbek tili haqida ko‘tarilgan muammolarni juda-juda to‘g‘ri deb o‘ylayman. Haqiqatan, tilimiz juda boy, lekin unga nopisand qarayotgan ham, kambag‘allashishiga “hissa qo‘shayotgan” ham o‘zimiz va faqat o‘zimizdir.
Hozir qayerga qaramang, o‘zbekcha yozuvlar kamayib ketmoqda. Ko‘chalarning nomlari deysizmi, magazinlar peshtoqidagi yozuvlar deysizmi, shiorlar deysizmi – deyarli hamma yozuvlar rus tilida. Meni to‘g‘ri tushuninglar: ko‘nglimda o‘z ona tilimizga kuyinchaklikdan boshqa hech qanday niyat yo‘q. Faqat, aytmoqchimanki, shu yozuvlar o‘zbek tilida ham yozilsa hamma birday o‘qiydi, aniqrog‘i, mohiyatiga, mazmuniga hamma tushunadi”.
Kattagina dard, ammo bir hovuch hadik bilan bitilgan maktublarga rasmiylar hech qanday javob bermaydi. Chunki bu Markazqo‘m uchun muammo emas – G‘allaorol-u Qo‘shrabotning muammosi!
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1988-yil 22-yanvar sonida Mirza Kenjaboyevning “Dildoshlik” maqolasi “Tilga e’tibor – elga e’tibor” ruknida bosilib chiqadi. Xalq tarixi – til tarixi, degan tamoyilni esga olgan shoir bir tilni oyoq osti qilish evaziga ikkinchi tilni ulug‘lash yoki bir tilni ulug‘lash uchun ikkinchi tilni oyoq osti etishni siyosiy johillik deb hisoblaydi. M.Kenjaboyev o‘zbek tilining lug‘at boyligi nimaning hisobiga boyib borayotganini tahlil qilar ekan, til buzilishi ikki xil sababga ko‘ra, birinchisi, chet so‘zlar o‘rinli-o‘rinsiz ishlatilayotgani, ikkinchisi o‘zbek tilining qadimiy sarf-u nahvi, ya’ni grammatikasiga qo‘pol hurmatsizlik qilinayotgani tufayli sodir bo‘layotganini aytib o‘tadi. Shoir jiddiy muammoni yechish, xatoni tuzatish yo‘li Toshkent, Samarqand dorilfununlarida, respublikaning pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarida eski o‘zbek tili (imlosi) fakultetlarini ochish hamda tahrir ilmini qat’iy joriy qilishda deb biladi.
Mana, o‘shandan beri uchta o‘n yil o‘tdi. Muallifning eng oxirgi taklifi – tahrir masalasi bugun jon talvasasida turibdi. Ahvol shunday davom etsa, erta-indin bu so‘zning o‘zi ham ishlatilmasligi mumkin.
“Bizga o‘zbek tili nimaga kerak?”
“Yosh leninchi” gazetasining 1989-yilgi 10-sonida V.Hamroyevning “Bu yog‘i nima bo‘ladi? Til haqida va faqat til haqida emas” maqolasi bosilgan. Aslida, bu maqola “Ташкентская правда” gazetasidan o‘zbekchalashtiriladi. Maqolada yozilishicha, 1988-yil 3-dekabrda Talabalar shaharchasida talaba-yoshlar tashabbusi bilan “O‘zbek tili bayrami” o‘tkaziladi. Yotoqxonalar oralig‘idagi qarovsiz futbol maydonida bir necha yuz talaba-yosh va mehmonlar davra quradi. Aslida, talabalar imkon yo‘qligidan bu joyga yig‘iladi. Chunki tuman ijroiya qo‘mitasi tadbirni universitet saroyi yoki maydonida o‘tkazishga ruxsat bermaydi. Lekin bayram tadbirini Toshkent shahar va viloyat qo‘mitalaridan kelgan rasmiy vakillar bir chetda kuzatib turadi. Ayrimlari davraga yaqin borib, gapirilayotgan gaplarga quloq ham soladi.
Bayramga kelgan talabalar “Ona tilimiz yanada serjilo bo‘lsin!”, “Tilimiz va merosimiz qabristonga aylanmasin!”, “Yo‘qolsin turg‘unlik davri illatlari!”degan rang-barang shiorlarni ko‘tarib olgan. O‘rtaga shoirlar, yoshlar vakillari chiqib, ona yurt, xalq, til haqida she’rlar o‘qiydi, tilni asrash haqidagi fikrlarini aytadi. Qo‘shiqlar yangraydi. Tadbir yakunida boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham o‘zbek tili bayramlarini o‘tkazish, Alisher Navoiy tug‘ilgan kunni O‘zbekistonda ona tili kuni sifatida nishonlash, texnika va tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridagi o‘zbek guruhlarida darslarni o‘zbek tilida olib borish taklifi o‘rtaga tashlanib, barcha ona tilining sofligi uchun kurashishga da’vat etiladi. Anjumanda Markazqo‘mga murojaat qabul qilinib, o‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qilish so‘raladi. Bu tilni asrash, uning maqomini ko‘tarish, o‘zbek tiliga hurmatni uyg‘otishning boshlanishi edi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Yosh leninchi”, “Yoshlik”, “Fan va turmush” kabi gazeta-jurnallarda kuyinchak ziyolilarimizning maqolalari birin-ketin bosila boshlaydi. Tilning inqiroz yoqasiga kelib qolgani shunchalik bo‘lganki, o‘zbek tilining Fanlar akademiyasida ham qo‘llanilmay qo‘ygani u yoqda tursin, hatto, ilmiy va ijodiy ziyolilarning aksariyati o‘zaro muomalada ham o‘zbek tilini ishlatmay qo‘yadi. E’lon qilingan maqolalarda bitta fikr ustuvor edi. U ham bo‘lsa, buzilgan milliy siyosatni o‘nglash, g‘arib bo‘lib qolgan tilimizning qaddini ko‘tarish uchun unga davlat tili maqomini berish shart degan g‘oya. Faqat shu yo‘l bilan xalqning o‘zligini, ma’naviyati va adabiyotini tanazzuldan saqlab qolish, chin ziyolilarni yetishtirish, jamoatchilikdagi loqaydlikka barham berish mumkinligi uqtirilgan. Chunki o‘sha davrda “Bizga o‘zbek tili nimaga kerak, shu tilni bilmasak ham kunimiz o‘tadi”, qabilidagi gaplarni har qadamda eshitish mumkin edi.
Bir kun tuz yegan joyga qirq kun salom
Diniy va milliy qadriyatlari o‘zga yurtdoshlarimiz orasida o‘zbek tiliga mehr qo‘ygan, ardoqlaganlar ham ko‘p edi. Ana shunday insonlardan biri, Sovet Ittifoqi Qahramoni, asosan urush mavzusida asarlar yozgan adib Vladimir Karpovdir. V.Karpov urushgacha O‘zbekistonda yashagan. Ulug‘larimizning aytishicha, u kishining o‘zbek tilidagi og‘zaki va yozma nutqi juda chiroyli bo‘lgan. Yozuvchi 1981-yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan adabiyot kunlariga “Novыy mir” jurnali bosh muharririning birinchi o‘rinbosari sifatida keladi. O‘shanda u “O‘zbekiston – mening vatanim, o‘zbek tili – mening ikkinchi ona tilimdir. Men o‘zimni shayxontohurlik yigit deb hisoblayman”, degan edi.
Rus adibi tuz yegan eliga keyingi tashrifi yakunida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1989-yilgi 11-sonida “Til – xalq ruhi” nomli maqolani e’lon qiladi. Jangchi yozuvchi til har bir xalqning madaniyatini tayin etishini, asrlar osha xalq tomonidan sayqal topib borishini ta’kidlab, “til millatning qiyofasini belgilovchi ma’naviy boylik. Va o‘zbek adiblari bugungi kunda o‘zbek tili hayotimizda bosh, yetakchi o‘rinni egallashi kerak deb hisoblayotgan ekanlar, men shaxsan bu istakda hech qanday millatchilik harakatlarini ko‘rmayman. Bu tabiiy hol, tabiiy istak, til qadri va boyligi haqidagi g‘amxo‘rlikdir”, deydi. Bu juda katta gap edi. Chunki til mavzusini ko‘tarib chiqayotganlarga “shovinist”, “millatchi” yorlig‘i yopishtirilgan murakkab bir sharoitda, kimsan, taniqli rus adibi, buning ustiga SSSR Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi tomonidan vaziyatning ijobiy baholanishi ijodkorlarga katta suyanch bo‘ladi.
1989-yilning 19-mart kuni O‘zkompartiya Markaziy qo‘mitasining Ideologiya komissiyasi til muammolarini o‘rganish va xalq bayramlari hamda marosimlarini tiklash muammolari yuzasidan ishchi guruhlari tuziladi. O‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qilishga urinish, bu yo‘ldagi jiddiy va dadil qadamlar, izchil intilishlar poytaxt va markaziy shaharlardagi ziyolilarni, bir so‘z bilan aytganda, afkor qatlamni uyg‘otib yuboradi. Til ruhi millat qalbini sergaklantiradi. Respublikaning ijtimoiy-ma’naviy hayoti aynan til tufayli mutlaqo yangi bir bosqichga ko‘tariladi. Ilgari sira kuzatilmagan va odamlarning es-hushiga kirmagan bu talabchanlikning paydo bo‘lgani rasmiy doiralarni xiyla esankiratib qo‘yadi. Xususan, poytaxtdagi ma’rifiy-mafkuraviy qaynoq muhitni ketma-ket chaqirilayotgan majlis va kengashlar, uchrashuv va munozaralardan ham anglash mumkin edi. 1989-yil aprelning 3-kuni respublika rahbari boshchiligida Ideologiya komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda o‘zbek tilini, milliy til – rus tilini hamda ikki tillilikning boshqa shakllarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. Komissiya majlisida o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, o‘zbek tilidan foydalanish sohasini kengaytirish uchun unga davlat tili maqomini berish maqsadga muvofiq, degan fikr bildiriladi. Qonun loyihasini tayyorlab, umumxalq muhokamasiga qo‘yishga qaror qilinadi.
“Он говорит ‘sevaman’…”
Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st “Литературная газетa”ning 1989-yilgi 6-sonida chop etilgan “Yorliq” talablar” (“Соискатели индулгенций”) maqolasida o‘zbek tilining himoyaga muhtoj bo‘lib qolgani haqida ham so‘z yuritiladi. Millat kelajagi bilan bog‘liq o‘ta jiddiy muammoning sobiq Ittifoq miqyosida muhokamaga qo‘yilishi fidoyi ziyolilarga dalda bo‘lgandi o‘shanda. “LG” muxbiri ona tilimizning nochor ahvolini o‘zbek tili lug‘atining qashshoqlashib borayotganida, tilimizga ruscha so‘zlarning aynan (kalka) tarjima qilinayotgani-yu, shu yo‘l bilan yasalgan sun’iy so‘z va iboralarning har kuni odamlar qulog‘iga singib, lisoniy va adabiy me’yorga aylanayotganida ko‘radi va dashtda mol boqib yurgan cho‘pon o‘zbek tilini yozuvchidan yaxshiroq bilishi sir emasligini aytib o‘tadi. Maqolada, shuningdek, bu illatning ildizi olis tarixga borib taqalishi, zo‘ravon siyosat tufayli o‘zbek mumtoz adabiy tili va yozuvi qatag‘on qilinib, pirovardida, xorijiy so‘zlar bilan “boyitilgan” ikki tomlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga ega bo‘lganimiz haqidagi achchiq haqiqat ham bayon etilgan.
Tohir Malikning 1989-yilda e’lon qilingan “Poydevor” maqolasidagi quyidagi fikr qaniydi eskirgan bo‘lsa!
“Teatrlarga mashq paytida kirib qolsangiz, boshingizni qaysi devorga urib yorishingizni bilmaysiz. O‘zbek teatrida o‘zbekcha asar sahnalashtirilyapti. Birdan rejissyorning ovozi yangraydi: “Стоп, стоп! Что за ерунда! Он говорит “sevaman”, понимаеш, Гуличка, “se-va-man!” Значит любит. A, сенда не то. Давай бошидан начали”. O‘zbek aktyoriga o‘zbekcha so‘z shu zaylda tushuntiriladi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, sahnadagi aktyorning gap ohangi o‘zbekcha emas, so‘zlar burab-burab talaffuz qilinadi. Ba’zan sahnada o‘zbeklar emas, o‘zbekchani endi o‘rgangan inglizlar gapirayotganga o‘xshaydi”.
Qayta qurish, oshkoralik davrida ham shahar-u qishloqlarda oddiy odamlar turli majlis va yig‘inlarda xijolatdan terga tushib, “O‘zbek tilida gapirsam maylimi?” deya aybdordek yelka qisganini ko‘pchilik esidan chiqargani yo‘q. O‘sha yillarda maktablarda o‘zbek tilini o‘rganishga berilgan dars soatlari asossiz ravishda qisqartirilib yuborilganini unutmagandirsiz? U yoki bu idoralar o‘rtasidagi aloqa xatlari, majlis-mashvaratlar, oddiy ishchilar bilan muloqot ham o‘zbek tilida olib borilmaganini-chi?
1989-yil mayining 18-kuni O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining “O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Tillar to‘g‘risidagi qonuni loyihasi to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilinadi. Butun bir xalq uchun najot farishtasiday ko‘ringan qarorni millionlab odam qo‘llab-quvvatlaydi. Loyihaga munosabat bildirish vatanparvarlik burchi deya hisoblanadi o‘shanda. O‘zbekistonning deyarli barcha qishloq va ovullaridan, hatto qo‘shni respublikalardagi o‘zbeklar yashaydigan tumanlardan ham ming-minglab maktublar bamisoli oq kaptardek qanot qoqib, Toshkentdagi turli gazeta-jurnallar tahririyati tomon uchadi. Oshig‘ich uchib kelgan xatlar takliflarga qo‘shib mustabidlik tamg‘asi tagida ezilib yotgan xalqning asriy armonlariyu dardlarini, nola-afg‘onlarini ham o‘ziga jo qilgan edi. Xalq barcha yaxshiliklar va ezguliklar ramziga aylanib ulgurgan til qiyofasida hurlikni, ozodlikni, erk va o‘zlikni ko‘rar, shu sababli uning butun bo‘lishidan, davlatga aylanishidan juda-juda umidvor edi.
O‘zbek tili himoyasi uchun kurashga otlanganlar qarorgohi hisoblangan respublika Yozuvchilar uyushmasida 19-iyul kuni tillar to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilinadi. Keskin tanqid va tortishuv, qizg‘in munozara ruhida o‘tgan bu anjumanda o‘ttizga yaqin ijodkor, ziyoli va ishchi, hukumat vakili va tilchilar so‘zga chiqib, aksariyati til komissiyasi tomonidan tayyorlangan loyiha mutlaqo yaroqsiz ekanini aytib o‘tadi. Eng qizig‘i, O‘zkompartiya ushbu qonun loyihasini nomigagina tayyorlashga ko‘rsatma bergani, shu boisdan ham loyihani tayyorlashga mas’ul guruhni o‘zbek tiliga muhabbati bo‘lmaganlar hisobiga shakllantirgani yig‘ilishda ochiq ta’kidlanadi.
Yig‘ilishda Yozuvchilar uyushmasi tayyorlagan muqobil qonun loyihasi o‘qib eshittiriladi va hukumatga tavsiya qilinadi. Erkin Vohidov “Ruhimiz ehtiyoji” nomli maqolasida “Til haqidagi qonun bizga nima uchun kerak? G‘ururimizni namoyish qilish uchunmi? Izzat-nafsimizni qondirish uchunmi?
Yo‘q. Bizga Til haqidagi qonun o‘zligimizni saqlab qolish uchun, tilimizni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun, o‘zbek degan xalqning yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun kerak”, deb yozadi. Shoir qonunga munosabat bildirar ekan, maqolaning boshidan oxiriga qadar bir nuqtaga – xalq manfaatiga urg‘u beradi. “O‘zbekiston hududida yashab turgan, vazifasiga ko‘ra aholi bilan muomala qilishi lozim bo‘lgan har bir fuqaro o‘zbek tilini bilishi shart. Shu modda kuchga kirgan kuni o‘zbek tili davlat tili bo‘ladi” deya qat’iy uqtiradi.
“O‘qituvchilar gazetasi”ning 1989-yilgi 56-sonida uychilik muallim I.Rasulov “Loyihaning “eski o‘zbek yozuvi to‘g‘risida” degan VI bob 24-moddasi “eski o‘zbek yozuvlari to‘g‘risida” deb nomlanishi, bizningcha, ma’qulroq. Xalqimizning ming yildan ortiq tarixi faqat arab yozuvida emas, boshqa yozuvlarda ham aks etgan. Pedagogika institutlarida va ayrim maktablarda xorazm, so‘g‘d, o‘rxun-enisoy singari yozuvlarini o‘rgatadigan maxsus to‘garaklar va kurslar tashkil qilish lozim” deydi. Namanganlik o‘qituvchi To‘xtaxon Rahimova maktablarning birinchi sinfidanoq arab alifbosini o‘rganish tashkil etilsa, degan taklifni bildiradi. Bundan tashqari, muallima eski, unutilib ketgan qadimiy so‘zlarimizni qayta tiklab, muomalaga kiritish uchun “eski o‘zbek tili lug‘ati”ni to‘plash va chop etish zaruratini bayon qilgan.
Bu gaplar aytilgandan beri qancha suvlar oqib ketdi. Yangi bir avlod dunyoga keldi. Lekin nazarimda masala kun tartibidan tushib qolgani yo‘q. Xo‘sh, bugungi yoshlarning necha foizi o‘zbek yozuvini o‘qiy oladi? Taxi buzilmay turgan qadimiy qo‘lyozmalarni sharillatib tushiradigan, o‘rganib targ‘ib etishga jiddu jahd qilgan yoshlar qayerda? Arab alifbosidagi eski yozuvimizni ko‘rgan bugungi yoshlar uni qandaydir bir naqsh, bezak deb o‘ylashi tayin. Istiqlol arafasida nasta’liqni o‘qiydigan, o‘rgatadigan va o‘rganadiganlar gurillab ko‘paygan edi. Bugun bunday deya olmaymiz. Chunki biz yana Yevropa tillarini o‘rganishga mukka tushdik.
“Tilimizni hakka cho‘qiganmi?”
Go‘ri nurga to‘lsin, mashhur publitsist Ibrohim Rahim “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1989-yilgi sonlaridan birida tonggi radioeshittirishdan to “tuningiz xayrli bo‘lsin”gacha necha-necha bor quloqqa chalinadigan “o‘zbekcha” yasama so‘zlardan, matbuotdagi uydirma so‘z, teskari ibora va tilbuzar gaplardan xunob bo‘lganidan ana shunday fig‘on chekkan edi. Adib xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonni boshqargan ayrim rahbarlar davrida sof, musiqiy, mayin va jarangdor o‘zbek tili ta’qibga uchrab, eng sermazmun, boy va go‘zal so‘zlar “diniy isyonkor” deb e’lon qilingan, hatto Lev Tolstoy ham dindorga chiqarilib, uning o‘zbek tiliga ag‘darilgan asarlari kamsitilgan.
1989-yil 20–21-oktabr kunlari Toshkentda o‘n birinchi chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining o‘n birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Sessiyada SSSR xalq deputatlari – Odil Yoqubov hamda Abdulla Oripov so‘zga chiqadi.
O.Yoqubov: – Hurmatli deputatlar!
Biz bugun tarixiy kunda tarixiy qonunni qabul etish uchun to‘plandik. Yana aytaman: “tarixiy” degan so‘zga urg‘u berishim, bu balandparvozlik, dabdaba belgisi emas. Bu kunimizning, anjumanimizning, qabul qilayotgan qonunimizning nechog‘li darajada qonuniy bo‘lishi bizning aql-idrok darajamizga bog‘liq. Bugun qabul qilayotgan qonunimizni, aytaylik, 50 yildan so‘ng avlodlarimiz qanday baholaydilar, minnatdorlik bilan eslaydilarmi yo ta’na-malomatlar bilan tilga oladilarmi? Umuman, bu qonun o‘zgarmas holda yarim asr yashay oladimi yo ko‘p o‘tmay tahrirlar, o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritila boshlanadimi? Biz hammamiz ana shu savollarga javob berishimiz va qabul qilingan qonun uchun mas’ullikni zimmaga olishimiz kerak.
SSSR xalq deputati Abdulla Oripov esa tilimiz ikkinchi va undan keyingi o‘rinlarga tushib qolgani, o‘zbek tilining lug‘at boyligi keskin g‘ariblashganini aytib o‘tadi. Ba’zi odamlarning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga birmuncha hadiksirab qarayotgani zamirida xudbinlik, o‘zini o‘ylash borligini ta’kidlaydi. “Modomiki, men ham ona tilimda she’r yozib, qalam haqi olib yurgan ekanman, kambag‘allashib qolgan onajonimga baholi qudrat yordam berishga burchliman” deydi.
Abdulla Oripov: – Biz ayni chog‘da muhim tarixiy hujjatni muhokama qilayotirmiz. Chunki masalaning ildizi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Ona tilimizning obro‘-e’tibori uchun kurash besh asr muqaddam ham mavjud bo‘lib, u Alisher Navoiyning umr mazmuniga aylangan edi. Xalqimizni yakqalam qilguncha fidoyi shoirimizning sochi oqarib ketmaganmidi? Ona tilimizni g‘oyat ardoqlagan Bobur hatto o‘zi bosib olgan chet o‘lkalarda ham o‘z tilini tiqishtirmadi, balki, tanholikda bo‘lsa-da, o‘zi bilan o‘zi gaplashib, o‘zbek turkiy tilimizning rivojiga asarlari bilan bebaho hissa qo‘shdi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi har kimning o‘z ota-onasi qo‘ygan ismi singari tabiiy bir ko‘rinishdir. Biz jahondagi qadimiy bir tilning taqdiri haqida o‘ylayapmiz. Biz yaqin 10 – 15 yil ichida emas, balki 100-yillardan narida tilimizning holi nima kechadi, avlodlarga biz nimani meros qilib qoldiramiz – shu haqda o‘ylayotibmiz. Bizning ro‘paramizda bamisoli rangpar bir bemor turibdi, uni oyoqqa turg‘aza olamizmi yoki yo‘qmi? Gap ana shu haqida borayotir”.
Xullas, sessiya 30 moddadan iborat “O‘zbekiston SSR Davlat tili haqida”gi Qonunni 21-oktyabr sanasi bilan qabul qiladi. Bu tarixiy voqeaga ham salkam o‘ttiz yil bo‘ldi. 1989-yilda tug‘ilgan yigit-qizlar – yosh ota-onalar bugun farzandini biror-bir xorijiy tilga qo‘yar ekan, milliy uyg‘onishning asl doyasi – o‘zbek tili atrofida kechgan siyosiy-mafkuraviy jarayonlar istiqlolning tamal toshi bo‘lganini bilarmikan?!
Kurashdan ko‘zlangan maqsad qonun edi. Biz unga intiq edik, erishdik. Yillar o‘tgani sari zavqimiz so‘nib, hissiyotlarimiz cho‘g‘i o‘chdi. Chunki ko‘ngil to‘q – qonun bor-da! Ammo qonun bizdan ortda qoldi. Biz yillarga qo‘shilib undan o‘zib ketdik. O‘ttizga kirib o‘tin bo‘lgan qonun bilan bugun kimning nima ishi bor?! Sinchi ziyolilar aytayotganidek, endi o‘zbek tilini nafaqat ruscha so‘z va iboralardan, balki Ovruponing turli tillari tahdididan, xususan, inglizcha ta’sirdan himoyalash vazifasi paydo bo‘ldi. Agar sizda jinday ishtiboh bo‘lsa, ishga yo bozorga borayotganingizda bekatmi yo do‘kon, tamaddixona-yu sartaroshxona, mehmonxona-yu yana turli “…” xonalar peshtoqiga, ko‘cha-mavzelarimizni bezab turgan reklama va e’lonlar taxtasiga birrov ko‘z tashlasangiz bas.
O‘zbek tili mavqeyi uchun kurash tarixi ana shundan iborat, barcha millatparvarlar “shuytib” murod-maqsadiga yetibdi, deya ertakmonand yakun qilsak ham bo‘lardi. Lekin, o‘zingiz bilgan o‘sha gap: til ham tirik jon ekan, uning erkin nafas olishi uchun kurash aslo to‘xtamaydi. Bu zafarli yurishning so‘nggi bekati, rivoyatlardagidek xotimasi yo‘q. Nega shunday? Til, bir tasavvur qiling, bamisoli minib yurgan mashinangizning oynasi. Siz yomg‘ir-qorda, chang-g‘uborda oynani bir lahza tozalamang-chi! Rahmat, oyog‘ingiz beixtiyor tormozga boradi. Yo‘ldan chetlab ketganingizni sezmay ham qolasiz. Ona tilimiz ham ana shunday: betinim mehr-muhabbatga, qarov-ardoqqa muhtoj.
Olim Toshboyev
“Ijod olami” jurnali, 2018-yil 6-son
Ozbek tili davlat tilidir
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish haqida farmon imzoladi. Unga ko‘ra,21 oktyabr «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e’lon qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
Xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.
O‘zbekistonda 1989 yil 21 oktyabrda el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti va mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ana shu tarixiy hujjatga binoan o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.
Istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.
Bugun O‘zbekistonimiz «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga ko‘tarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda.
O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda.
Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada avvalo o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir.
O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va keng jamoatchilikning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21 oktyabr sanasini «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilsin va uning tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Davlat tilini rivojlantirish departamentining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash
va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
o‘zbek tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;
davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, «O‘zbek tili bayrami kuni»ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, geografik va boshqa toponimik ob’yektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish;
davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) uch oy muddatda:
«O‘zbek tili bayrami kuni»ni belgilash bo‘yicha qonun loyihasini;
«Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin;
b) ikki oy muddatda xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida qaror qabul qilsin;
v) 2020 yil 1 iyunga qadar quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalarini kiritsin:
mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish;
ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘rgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish, davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish;
davlat tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini yaratish;
davlat tili qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni muntazam va har tomonlama o‘rganish, ularni bartaraf etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish;
davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV
Ozbek tili davlat tilidir
O‘zbekiston Respublikasida Davlat tilining ahamiyati va uning xalqimiz hayotidagi o‘rni benihoya kattadir. 1989 yil 21 oktabrda O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi – xalqimizning milliy mustaqillikga erishish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Shuningdek, davlat tilining boyitilishi va takomillashtirilishi taminlabgina qolmay, O‘zbekiston hududida istiqomat qiluvchi va mamlakatimizga xorijdan kirib kelayotgan barcha millat va elatlarning tillarini hurmat qilinishini taminladi. Chegara bojxona postlari orqali yurtimizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari o‘zbek tilida yoki boshqa jaxon tillarida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarini to‘ldirishlari va muloqotda bo‘lishlari mumkin bo‘ldi. Bugun chegara bojxona postlarida fuqarolarga ko‘rsatmalar, ma’lumotlar, xabarlar va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalari o‘zbek, rus va ingliz tillarida yetkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu ham boshqa davlatlardan tashrif buyuruvchilarga qulaylik va ularning tillariga nisbatan hurmatni bildiradi.
Ma’lumki, “O‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu millatning ruhidir”. Shunday ekan, ma’naviyatning ko‘zgusi bo‘lgan ona tiliga bo‘lgan munosabat shaxsning ma’naviyatga bo‘lgan munosabatini ham belgilaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kamol topayotgan yosh avlodga ona tiliga e’tibor va ehtirom, unga davlat tili sifatida qarashning ma’suliyati kabi tuyg‘ularni singdirish va mustahkamlab borish dolzarb muammolardandir.
Bu xususda ko‘p va xo‘b gapirilgan bo‘lishiga qaramay, muammo hamon dolzarbligicha qolmoqda. Shu sababdan talabalarda davlat tiliga nisbatan ongli munosabatni shakllantirish maqsadida ma’rifiy matnlar tavsiya etilmoqda. Matn va tavsiyalardan o‘quv dasturidagi “Hozirgi o‘zbek tili talimi asoslari”, “Dunyo tillari tizimida o‘zbek tilining tutgan o‘rni”, “O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va buning olamshumul ahamiyati” hamda “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida hozirga o‘zbek adabiy tili ta’limining o‘rni” mavzularini o‘tishda foydalanish maqsadga muvofiqdir.
O‘zbek tili O‘zbekistonda davlat tilidir. Bu tilda so‘zlashuvchilarning umumiy soni 35 milliondan ortiq bo‘lib, ularning asosiy qismini O‘zbekistonda va unga chegaradosh bo‘lgan mustaqil davlatlarda istiqomat qilib turgan o‘zbek tilida so‘zlashuvchi va o‘zini o‘zbek deb biluvchi aholi tashkil qiladi. O‘zbek tili jahondagi eng boy va rivojlangan tillardan biri. Bu tilning shakllanishida, ayniqsa, Alisher Navoiyning xizmati katta. Buni uning ushbu misralarida ham bilish mumkin:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Ha, o‘zbek tili rivoji yo‘lida bugungi kunda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ham Hazrat Navoiyning til rivojidagi amallarining mantiqiy davomidir. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning Birlashgan millatlar tashkilotining 72-sessiyasida o‘zbek tilida ma’ruza qilgani ham buning yaqqol isbotidir.
O‘zbek tilining takomillashish jarayoni to‘rt asosiy manbaning ishtirokida amalga oshgan. Hozirgi foydalanishdagi o‘zbek tili esa uch ko‘rinishga ega bo‘lib, birinchidan – shevalardan, ikkinchidan – umummilliy adabiy tildan va uchinchidan – ularning qorishmasi bo‘lmish kundalik jonli muloqot tilidan tashkil topgan. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, XX asrning 30-yillarigacha o‘zbek tili yangi zamon o‘zbek millatining tili sifatida shakllandi, o‘z taraqqiyot yo‘llarini aniqlab, rivojlana boshladi.
Joriy yil 1 avgustdan boshlab barcha ish yuritish hujjatlari, ommaviy nashrlarning lotin alifbosiga asoslangan yozuvda amalga oshirilishi zarurligi Qonun bilan mustahkamlangani esa, endilikda barcha o‘zbek tilidagi ish hujjatlari, davriy nashrlar lotin yozuvida bo‘lishi uchun imkon bermoqda. Shu bois, endilikda barcha ushbu lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini bilishi, imlo qoidalari bilan yaqindan tanishishlari zarur bo‘ladi.
Muhriddin HAKIMOV, Davlat tili bo‘yicha
Jarqo‘rg‘on tuman hokimi maslahatchisi.
Muallif haqida: Hakimov Muhriddin To‘raqul o‘g‘li, 1996 yil Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini meхanizatsiyalash muhandislari instituti tamomlagan, 2021 yil may oyidan Jarqo‘rg‘on tuman hokimining Davlat tili bo‘yicha mаslahatchi vazifasida faoliyat boshladi.