Press "Enter" to skip to content

O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi elektron shaklda yuritiladi

O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob do‘lta (sirtlon, yoldor bo‘ri)lardan biri o‘ldirildi. Bu haqda Telegram’dagi “Ekologuz” kanali xabar berdi.

O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 16 dona sirtlondan biri o‘ldirilgani aytilmoqda

O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob do‘lta (sirtlon, yoldor bo‘ri)lardan biri o‘ldirildi. Bu haqda Telegram’dagi “Ekologuz” kanali xabar berdi.

Foto: Telegram / “Ekologuz”

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan va O‘zbekistonda sanoqli qolgan sirtlon ovlangan. O‘lja bilan suratga tushgan ikki fuqaroning rasmi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Surat ostidagi yozuvdan ko‘rish mumkinki, yirtqich hayvon 2021-yilning iyulida o‘ldirilgan.

“Shuni o‘ldirib, shu cho‘ponlar, balki ovchilar baraka topdimi? Yoki o‘zining naqadar qahramonligini ko‘rsatmoqdami? Kim bo‘lishidan qat’i nazar mazkur shaxslar javobgarlikka tortilishi shart”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yoldor bo‘rilar butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan kenja tur hisoblanadi. O‘tmishda Janubiy Ustyurtda, Amudaryo qayirlarining quyi va o‘rta oqimlarida, Sheroboddaryo etaklarida, Ko‘hitang tizmasining sharqiy yonbag‘rida tarqalgan. Hozirda Bobotog‘ tog‘oldi tizmasining shimoliy qismida va Surxondaryo etagida qayd etilgan. O‘zbekistondan tashqarida: Turkmaniston, Eron, Kavkaz va Kavkazorti, Iroq, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston yarimoroli, Arabiston yarimoroli, Afrikada yashaydi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi sobiq matbuot kotibi Bunyod Abdullayevning ma’lum qilishicha, ushbu sirtlonlarning 6 tadan iborat to‘dasiga 2011-yili Oqtepa suv ombori atrofida duch kelingan. 2010-yilda Bobotog‘ etaklarida 8 ta, 2012-yilda 10 ta sirtlon, 2016-yilda esa urg‘ochi sirtlon va 2 ta bolasi qayd etilgan.

Avvalroq Bo‘stonliqda Qizil kitobga kiritilgan ayiq o‘ldirilgani va ovga Ekologiya qo‘mitasi rahbari ruxsat bergani ma’lum bo‘lgandi. Keyinroq rossiyalik ovchi ayiqni otish bo‘yicha ikkinchi ruxsatnomadan foydalanish huquqidan mahrum etilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi elektron shaklda yuritiladi

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi” to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Uz24.Uz‘ning yozishicha, hujjat Qizil kitobda qayd etiladigan hayvonlar va o‘simliklarga oid ma’lumotlarning turlarini, ularni Qizil kitobga kiritish va undan chiqarish asoslari hamda tartibini, shuningdek, Qizil kitobni yuritish chora-tadbirlarini va boshqa masalalarni o‘z ichiga oladi.

Belgilanishicha, Qizil kitob Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan elektron shaklda yuritiladi. Qizil kitobning elektron shakli Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining rasmiy saytiga (www.uznature.uz) joylashtiriladi. Shu bilan birga, Qizil kitob 10 yilda kamida bir marta ilmiy-ommabop nashr sifatida chop etiladi.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Qizil kitobga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlaydi, ularni o‘zining saytida joylashtiradi.

Ma’lumot uchun, Qizil kitob O‘zbekiston hududida tabiiy muhitda yashaydigan hayvonlar, o‘simliklar hamda qo‘ziqorinlarning kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlari, ularning holati va ularni muhofaza qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar majmui hisoblanadi. Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar va o‘simliklar turlarining nobud bo‘lishi, miqdori kamayib ketishi yoki ularning yashash muhiti buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan hatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.