Poshnali poyabzal badali: baland tufli kiyishi oyog‘i bilan bog‘liq turli muammolarga sabab bo‘lgan yulduzlar (foto)
Foto: “Domashniy ochag”
Baland poshna asorati: afsona va haqiqatlar
Baland poshnali tufli kiyib, xorazmlik bir qo`shiqchi kuylaganidek, «sollana-sollana» yuradigan, modadan bir qadam ham ortda qolishni o`zlariga or biladigan zamonaviy qizlar bunday poshnalar zarari haqida gapirilganda ensa qotirishlari tabiiy. Lekin ular 10-15 yildan keyin hozirgi chiroyli oyoqlari o`z ko`rkamligini yo`qotishi mumkinligi haqida o`ylab ko`rishsa bo`lardi. Bosh barmoq asosidagi xunuk bo`rtmalar muammosi endilikda 70% ayollarni bezovta qila boshladi. Ammo bunday o`zgarishning oldini olish mumkin.
Barmoqlarning yoyilib turishi
Yo`k, bu g`alati shakl emas—kasallik. Shifokorlar uni «xalyus valgus» deyishadi. U asosan 40-50 yoshlar arafasida bezovta qilishni boshlaydi. Oyoq panjasi baland poshnali va ingichka uchli oyoq kiyimida aksariyat holda siqilib qoladi. Paylari cho`ziladi. Bora-bora paylarning bog`lovchi apparati shikastlanadi. Oyoq panjalariga diqqat bilan qaraganda bosh barmoq boshqalaridan ajralib (boshqa barmoqlardan orasi ochilibroq) turganiga ko`zingiz tushadi.
Keyinchalik oyoq panjasining ichki tomonida, bosh barmoqning ostida qadoqqa o`xshagan shish paydo bo`ladi. Vaqt o`tib, bu shish qotib, og`riq bera boshlaydi. Shunda ham tinmay siqib turuvchi va poshnali oyoq kiyimlar kiyadigan bo`lsangiz, oyoq panjasi xunuk ko`rinish kasb etadi. Panja ichkariga qayrilgandek bo`lib, barmoqlar yoyilib turadi.
Kimda uchraydi?
Xalyus valgus ko`proq sartaroshlar, sotuvchilar, oshpazlar va shular singari ish kunini tik oyoqda o`tkazadiganlarning kasbiy kasalligi hisoblanadi. Biroq bu kasallik har kuni og`ir sumkalar ko`tarib bozor qilib keladigan, kun bo`yi gaz plitasi oldida kuymalanadigan uy bekalarini ham chetlab o`tmaydi. Bundan tashqari, uzoq masofaga yugurish, chang`i uchish ham oyoq panjasining bog`lovchi apparatini zo`riqtirib, shu kasallik paydo bo`lishiga zamin yaratadi. Demak, xalyus valgus sportchi ayollar uchun ham begona emas. Yillar davomida paydo bo`lgan yassi oyoqlik ham aynan shu kasallik oqibatidir.
O`ttiz yoshdan boshlab…
Kasallik shakllanishining oldi olinsa bo`ladi. U og`ir bosqichga o`tishidan avval ya`ni 30 yoshlar arafasida oyoqlarga ko`proq ahamiyat berishni boshlang. Shifokorlar fikricha, buning uchun dastlab yassioyoqlikka qarshi kurashish kerak. Birinchi sharti oyoq kiyimiga ahamiyat berish. To`g`ri, hech kimning ham ayni yoshlik chog`ida qomatni chiroyli ko`rsatadigan baland poshnali oyoq kiyimlardan voz kechgisi kelmaydi. Lekin ularni kundalik zaruratga aylantirmay, faqat tadbir yo tantanalarda kiyish mumkinku? Shunga qaramay, poshnasiz oyoq kiyim, yoki krasovka ham bekamu-ko`st tanlov emas. Ularni har doim kiyish tovonni ham zo`riqtiradi. Yaxshisi, har kuni kiyib yurish uchun uncha baland bo`lmagan poshnali va uchi tor bo`lmagan oyoq kiyim tanlang.
Oyoqlar har doim chiroyli bo`lsin!
Qarigan chog`ingizda oyoq og`rig`idan nolishni istmasangiz, yoshlikda oyoqlar parvarishiga ko`proq vaqt ajrating. Qizlar gimnastika bilan shug`ullanish jarayonida ham ko`proq qomatni ko`rkamlashtiruvchi mashqlarga e`tibor berishadi. Bunga qo`shimcha sifatida har kuni 10 daqiqa vaqt oyoq barmoqlari uchun mashg`qlar bilan shug`ullanishga ajratilsa chakki bo`lmasdi.
Eng oson mashqlar:
- Oyoq barmoqlari bilan biror-bir buyumni ushlab olishga urinish va yumshoq matoni ko`tarish;
- o`qlovga o`xshash predmetni oyoq bilan polda yumalatish;
- qiyshiq xoda ustidan yalangoyoq yurish;
- gimnastik devorga chiqish;
- oyoq panjasini bukish va rostlash;
- vaznni to to`piq to panjalarga tashlab harakatlantirish;
- oyoq uchida o`tirib-turish;
- maxsus uqalovchi gilamcha ustida yurib turish;
Jismoniy mashqlardan tashqari oyoqni uqalab turish ham yaxshi natija beradi. Bunda oyoq panjasining ichki qismini ko`proq, qattiqroq zo`r berish kerak. Tartibiga ko`ra, ishni dastlab silovchi harakatlar bilan boshlab, oyoq biroz qizigach, bosh va ko`rsatkich barmoq bilan qattiq uqalash kerak. Jarayon oyoq barmoqlaridan boshlanib, to`piqda tugaydi. Oxirida oyoq barmoqlarini qo`llaringiz bilan bir-necha marotaba bukib, rostlab ko`ring. Uqalash kursi o`rtacha 1,5-2 oy davom etishi lozim.
Poshnali poyabzal badali: baland tufli kiyishi oyog‘i bilan bog‘liq turli muammolarga sabab bo‘lgan yulduzlar (foto)
Ekran va muxlislar qarshisida mukammal ko‘rinishga ega bo‘laman, deb poshnali poyabzal kiyishni kanda qilmagan mashhurlarning bu qarori qanday oqibatlarga olib kelgani haqida “Domashniy ochag” nashri ma’lumot berib o‘tadi.
Naomi Kempbell
Modelning 1993-yil Vivienne Westwood namoyishi davomida yiqilgani moda tarixida qolgan. Bunga 25 santimetr balandlikdagi tufli sabab bo‘lgan. Mazkur poyabzal bugungi kunda Londondagi Viktoriya va Albert muzeyida saqlanadi. Yiqilganida oyog‘ini jiddiy qayirib olgan Naomiga ushbu namoyishdan suyak kasalligi — tizza osteoartriti esdalik bo‘lib qolgan.
Jennifer Eniston
Foto: “Domashniy ochag”
Bred Pitt bilan ayrilganini hazm qila olmagan aktrisa alamini ovqatdan olgan va natijada semirib ketgan. O‘zini qo‘lga olganidan keyin esa ozishga qaror qilgan. Nazoratsiz mashg‘ulotlar oqibatida esa oyoqlari bilan bog‘liq jiddiy muammo — paylar yallig‘lanishini orttirib olgan.
Viktoriya Bekhem
Foto: “Domashniy ochag”
Viktoriya boshqalardan hamisha poshnali oyoq kiyimlarga bo‘lgan sevgisi bilan ajralib turgan va hatto 4 nafar farzandi bilan sayr vaqti ham baland tufli kiyishni kanda qilmagan. Bundan 5 yil avval dizaynerning muxlislari kumirlarining oyog‘i ochiq poyabzalda xunuk ko‘ringaniga e’tibor qaratgan. Qiyshaygan barmoqlar va shishlar yaqqol ko‘zga tashlangan. Buni payqagan Viktoriya jarrohga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Keyt Moss
Foto: “Domashniy ochag”
Model yoshligida baland poshnali poyabzal bilan kun davomida tik yurishi mumkin bo‘lganini ta’kidlagan. “Ba’zan poshnalar to‘g‘ri mening oyog‘imdan o‘sib chiqqandek tuyulardi”, — degan u. Ammo tinimsiz baland oyoq kiyimda yurish modelning oyoqlariga salbiy ta’sir qilgan.
Olga Buzova
Foto: “Domashniy ochag”
Olga hamisha rasmlarga qaddini tik tutib, qornini tortib tushishga harakat qiladi. Ammo kadrda oyog‘idagi baland poshna kiyish oqibatida paydo bo‘lgan kamchiliklar doimo sezilib turadi.
- Mashhur ayollarning qizil yo‘lakdagi eng kulgili obrazlari (foto)
- Eskicha kiyingan Joli, sipo libos tanlagan Portman: Yulduzlarning qizil yo‘lakdagi ilk obrazlari (foto)
- Mashhur ayollar kiygan shleyfi rekord darajada uzun bo‘lgan ko‘ylaklar (foto)
Poshnali oyoq kiyimlar aslida erkaklar uchun chiqarilgan
“Ingichka poshnalarni kim ixtiro qilganini bilmayman. Lekin dunyodagi barcha ayollar undan qarzdordirlar”, degan edi Merilin Monro. Biz esa sizga oyoq kiyimlar haqida Merlin Monro bilmagan ushbu va boshqa bir qator foydali hamda qiziqarli ma’lumotlarni havola etmoqchimiz.
* Ingichka uzun poshnalar 1950 yilda dizayner Salvatore Ferragamo tomonidan ixtiro qilingan va birinchilardan bo‘lib uni Merilin Monro “Jazda faqat qizlar” kinokartinasida kiygan edi.
* Poshnali oyoq kiyimlar dastavval erkaklar uchun o‘ylab topilgan. Bu ularga otda yurganda oyoqning uzangida mustahkam turishiga yordam berar edi. Aynan shuning uchun poshna juda uzoq vaqt davomida erkaklar poyabzalining ajralmas qismi bo‘lib kelgan.
* 2 santimetrdan 4 santimetrgacha bo‘lgan keng tovonli poshna oyoqlar salomatligi uchun eng ma’qul oyoq kiyimlar hisoblanadi.
* Kuniga 5 soatdan ortiq poshnali poyabzalda yurish umurtqa pog‘onasi uchun xavfli bo‘lib, homiladorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
* Yangi poyabzalni kunning ikkinchi yarmida yoki uzoq yayov yurishdan keyin sotib olish tavsiya etiladi. Kunning bu qismida oyoq o‘lchami biroz kattalashishining hisobiga keyinchalik yangi oyoq kiyimni kiyishda ortiqcha qiyinchilikka uchramaysiz.
* O‘ng va chap oyoq uchun alohida poyabzal tayyorlashni birinchi bo‘lib yunonlar yo‘lga qo‘yishgan. Unga qadar esa butun dunyoda o‘ng va chap oyoq uchun bir xil oyoq kiyimi tayyorlanar edi. Zamonaviy oyoq kiyimlarda bu usul faqatgina 1812 yilga kelib italiyalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan qo‘llana boshlagan.
* Tagcharmi platformali poyabzallar Yunonistonda teatr aktyorlari tomonidan sahnada bo‘ylarini balandroq ko‘rsatish uchun o‘ylab topilgan.
* Statistikaga ko‘ra, poyabzallarning o‘ng oyog‘i chap juftiga qaraganda ancha tezroq eskiradi.
* Poyabzal dunyosining eng yosh dizayneri Jimmi Choo hisoblanadi. U birinchi mualliflik dizaynlarini 11 yoshida yarata boshlagan. Bugungi kunda uning poyabzallari sayyorada eng ommabop, bozorgir mahsulotlardan bo‘lib, zamonaviy qizlarning jovonlarida alohida o‘rin egallaydi.
* Amerika qo‘shma shtatlari aholisi farzandlarining birinchi oyoq kiyimlarini xotira sifatida saqlashadi. Ba’zi ota-onalar hatto ularni mashinaning orqa oynasiga osib qo‘yishadi.
* Norvegiyada esa ota-onalar bolaning birinchi poyabzaliga kumush eritmasi yugurtirib, oilaviy esdalik sifatida saqlaydi.
* Yaxshi oyoq kiyimning 5 belgisi – uning sifatli matodan tikilgani, poyabzal tagcharmining egiluvchanligi, tekis va pishiq choklar, oyoq kiyimda o‘tkir hidning yo‘qligi va albatta, juda qimmat bo‘lmagan narxida, deb hisoblashadi mutaxassislar.
Dilora Xoliqova tayyorladi.