Ushbu kitobga o xshash asarlar
Hurmatli mualliflar: Saytimizda asarlaringiz joylashtirilishini (yoki saytdan o‘chirilishini) istasangiz biz bilan shartnoma tuzish uchun bog‘lanishingizni so‘raymiz.
BIOLOGIYA
BIOLOGIYA (bio… va ..logiya)— tirik tabiat haqidagi fanlar majmuasi. Biologiya hayotning barcha ko’rinishlari: tirik organizmlar va tabiiy jamoalarning tuzilishi va funktsiyasini, tirik mavjudotlarning kelib chiqishi va tarqalishi, ularning bir-biri va yo tirik tabiat bilan o’zaro bog’lanishini o’rganadi. Biologiyaning asosiy vazifasi tiriklikning namoyon bo’lishi qonuniyatlarini o’rganish, hayotning mohiyatini ochib berish, tirik organizmlarni sistemaga solishdan iborat. “Biologiya” terminini 1892 yilda bir-biridan mustasno tariqasida birinchi bo’lib J. B. Lamark va G. R. Treviranus taklif etishgan. Bu termin T. Roze (1797) va K. Burdax (1800) asarlarida ham uchraydi. Biologiya fanlari sistemasi. Biologiya bir necha fanlardan tarkib topgan. Tadqiqot ob’yektiga binoan Biologiya botanika (o’simliklarni o’rganadigan fan), zoologiya (hayvonlarni o’rganadigan fan), odam anatomiyasi va fiziologiyasi (odam organizmining tuzilishi va funktsiyasini o’rganadigan fan), mikrobiologiya (mikroorganizmlarni o’rganadigan fan) va gidrobiologiya (suvda yashovchi organizmlar haqidagi fan)larga bo’linadi. Bu fanlar o’z navbatida birmuncha kichikroq tarmoqlarga ajratiladi. Shu bilan birga Biologiya fanlarining bir-biri bilan va boshqa fanlar bilan qo’shilib ketishi tufayli bir qancha kompleks fanlar shakllangan (masalan, tsitogenetika, tsitoembriologiya, ekologik genetika, ekologik fiziologiya). Biologiya fanlarini tadqiqot metodlariga binoan ham alohida fanlarga ajratish mumkin. Masalan, organizmlarning tarqalishini biogeografiya, to’qima va xujayralar tarkibini biokimyo, fizik jarayonlar va metodlarni biofizika o’rganadi. O’z navbatida bu fanlarni ham tekshirish ob’yektlariga binoan alohida fanlarga ajratish mumkin (masalan, o’simliklar biokimyosi, hayvonlar biokimyosi). Biokimyoviy va biofizik metodlar ko’pincha o’zaro qo’shilib yoki boshqa fanlar bilan birgalikda yangi fanlarni hosil qiladi (masalan, radiasiey biokimyo, radiobiologiya). Biologik tadqiqotlardan olingan natijalarni tahlil qilish va umumlashtirishda biometriya, ya’ni biologik matematika katta ahamiyatga ega. Tirik organizmlar tuzilishini o’rganish darajasiga binoan ham bir qancha fanlar shakllangan (masalan, molekulyar biologiya, gistologiya, anatomiya, ekologiya va boshqalar). Biologiyaning bevosita amaliyot bilan bog’langan masalalarini parazitologiya, gelmintologiya, immunologiya, bionika, kosmik biologiya kabi fanlar o’rganadi. Insonni biologik evolyutsiya mahsuli va ob’yekti sifatida antropologiya, ijtimoiy hayot mahsuli sifatida sotsial biologiya o’rganadi. Rivojlanish tarixi. Hayvonlar va o’simliklar odamlar uchun oziq-ovqat manbai bo’lganligi nazarda tutiladigan bo’lsa, Biologiya tarixi odam g’orda hayot kechira boshlagan davrdan, hatto undan ham oldinroq boshlangan deyish mumkin. Ibtidoiy odamlar boshlana topgan g’orlarga chizilgan hayvonlarning rasmlari va ov manzarasi ularni hayvonlar tuzilishidan xabardor ekanligini ko’rsatadi. Xuddi shunday rasmlar Surxondaryo viloyatidagi Ko’hitang tog’ining Zirovutsoy darasi g’orlaridan topilgan. Hozirgi zamon Biologiya fanining rivojlanishi O’rta dengiz bo’yida yashovchi xalqlar (qadimgi Misr, Yunoniston) tsivilizatsiyasi bilan bog’liq. Yunon va Rim naturfilosoflari birinchi bo’lib hayotning mohiyati va kelib chiqishini materialistik nuqtai nazardan tushuntirib berishga harakat qilishgan. Xususan Demokrit atrof muhitdagi narsa va hodisalar doimiy bo’lmasdan o’zgarib turishi to’g’risidagi materialistik g’oyani ilgari surgan. Arastu birinchi bo’lib hayvonlarni sistemaga solib o’rganishni taklif etgan. Galen hayvonlar (maymun va cho’chqa) ning ichki tuzilishi asosida odamning ichki tuzilishini, qon tomirlari va nervlar funktsiyasini tasvirlab bergan birinchi fiziologeksperimentator hisoblanadi (o’sha davrda odam jasadini yorib tekshirish taqiqlangan edi). O’rta asrlarda G’arbiy Yevropa mamlakatlarida fanlar taraqqiyoti deyarli to’xtab qolgan bir davrda O’rta Osiyo xududidagi davlatlarda tabiiy fanlar jadal sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Bu davr fanlari tarixida Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar alohida o’rin tutadi. Beruniy tabiat 5 element: bo’shliq, havo, olov, suv va tuproqdan yaratilgan deb e’tirof etadi. U o’zining “Hindiston” asarida tabiatni daraxtdagi eng baquvvat va sog’lom novdalarining o’sishiga imkon beradigan bog’bonga o’xshatadi. Bu bilan u tirik organizmlar o’rtasida yashash uchun kurash borishi va tabiiy tanlanish sodir bo’lishini bashorat qiladi. Ibn Sino o’z asarlarida o’simlik va hayvonlar hamda boshqa tabiiy jismlar, hodisalar va ularning sabablari to’g’risida yozib qoldirgan. Uyg’onish davridagi geografik kashfiyotlar, o’simlik va hayvonot dunyosiga qiziqishning kuchayishi bir qancha mamlakatlarda botanika va hayvonot bog’larining tashkil etilishiga olib keladi. Bu davrda hayvonlar va o’simliklar to’g’risida ko’plab asarlar paydo bo’ladi. Ana shu davrda italiyalik botanik A. Chezalpino guli, urug’i va mevasining tuzilishiga binoan o’simliklarni tasnif qilishga urinib ko’rdi, uning asarlarida metamorfoz, tartib va tur to’g’risidagi ayrim tushunchalar ilk bor uchraydi. 16-17- asrlarda hayvonlar to’g’risida bir qancha entsiklopedik asarlar paydo bo’ladi. Shveytsariyalik olim K. Gesnerning 5 jildli “Hayvonlar tarixi”, italiyalik U. Aldrovandining 13 jildli monografiyasi, frantsuz naturalisti G. Rondele va italyan Ch. Salvianining dengiz orti mamlakatlari hayvonlari to’g’risidagi asarlari shular jumlasidandir. Bu davrda anatomiya sohasida ayniqsa katta kashfiyotlar qilindi. Ingliz olimi U. Garvey (1578-1657) o’zining qon aylanish sistemasi to’g’risidagi ta’limotini yaratadi. Italiyalik olim F. Redining tajribalari tufayli (1667) hayotning o’z-o’zidan paydo bo’lishi to’g’risidagi ta’limotga katta zarba berilgan bo’lsada, uning batamom barham topishiga olib kelmadi. Ko’pchilik olimlar tuxum hujayraga ega bo’lmagan tuban organizmlar o’z-o’zidan paydo bo’lishi mumkin degan fikrga ega edi. 16-asrda mikroskopning kashf etilishi Biologiyaning rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega bo’ldi. Angliyalik R. Guk tomonidan hujayraning kashf etilishi (1665), gollandiyalik A. Levenguk tomonidan bir hujayralilar va spermatozoidlar (1673), ingliz T. Millington (1676) va nemis R.Kamerarmus (1694) tomonidan o’simliklarda jinsiy tafovutlarning, italyan Malpigi (1675-79) va ingliz N. Gryu (1671-82) tomonidan o’simlik to’qimalari, shuningdek baliklar tuxum hujayrasi (N. Steno, 1667) va kapillyar qon tomirlarining kashf etilishi mikroskop ixtiro qilinishi bilan bog’liq. Bu kashfiyotlar embriologiyada ovistlar va animalistlar deb ataluvchi ikki oqimning paydo bo’lishiga olib keldi. Ulardan birinchilari—organizm mitti murtak holida tuxum hujayra ichida, ikkinchilari—urug’ hujayra ichida bo’ladi, keyingi o’zgarishlar faqat miqdor o’zgarishlardan iborat, degan xato fiqolarni ilgari surdi. 17-asr oxiri va 18-asr boshlarida o’simlik va hayvonlarning sun’iy sistemasini yaratish borasida bir qancha urinishlar bo’ldi. Ingliz olimi J. Rey 18 mingdan ko’proq o’simliklarni tavsiflab, o’simliklarni 19 sinfga, frantsuz J. Turnefor ularni 22 sinfga bo’ladi. Rey tur tushunchasini aniqlab berdi va umurtqasizlar tasnifini ishlab chiqdi. Hayvonlar va o’simliklarning mukammal sun’iy sistemasini shved tabiatshunosi K. Linney o’zining “Tabiat sistemasi” (1735) asarida taklif qildi. Linney o’z sistemasida odamni sut emizuvchilar sinfiga va maymunlar bilan birga primatlar turkumiga kiritgan bo’lsada, turlarning o’zgarmasligi, dunyoni ilohiy kuch tomonidan yaratilganligi to’g’risidagi metafizik g’oyani yoklab chiqdi. Linneyning binary nomenklaturasi (turni urug’ va tur nomlari orqali atalishi) o’simliklar va hayvonlar sistematikasida ayniqsa juda katta ahamiyatga ega bo’ldi. Lekin Linneyning sun’iy sistemasi ko’pchilik tabiatshunos olimlarni qoniqtirmasdi. Shu sababdan bir qancha olimlar tabiiy sistemani tuzishga urinib ko’rishdi. Botanika sohasida bunday sistemani ilk bor frantsiyalik botanik A. L. Jyuse 1789 yilda ishlab chiqdi. Hayvonlar va o’simliklarni sistemaga solish g’oyasi hamma olimlarga ham bir xilda ma’qul bo’lmadi. Frantsiyalik tabiatshunos J. Byuffon tabiatdagi har qanday sistema, shu jumladan Linney sistemasiga ham qat’iy qarshi chiqadi. J. Byuffon “Tabiiyot tarixi” (1749— 88) asarida hayvonlar tuzilishidagi umumiylikni ko’rsatadi, yaqin formalar o’rtasidagi o’xshashlikni ularning o’zaro qarindoshligi bilan tushuntirishga harakat qiladi. Nemis vrachi va kimyogari G.Shtal kishi faoliyati uning ruhi tomonidan boshqarib borilishini ta’kidlaydi va buning dal ili sifatida fiziologik reaktsiyalarning asabiy-ruhiy ta’sirlar bilan bog’liqligini ko’rsatib o’tadi. Uning “Hayot tonusi” to’g’risidagi fikri nemis fiziologi A. Gallerning ta’sirlanish to’g’risidagi g’oyasida (1753) o’z ifodasini topadi. U va Chex Anatomi va fiziologi Y. Proxoska miya ishtirokisiz ta’sirotni qabul qiluvchi hamda organlarni harakatlantiruvchi nerv kuchi borligini ko’rsatib berdi. Italiyalik olimlar L. Galvani va A. Volta hayvonlar organizmidagi elektrni aniqlaydi, bu hodisa elektrofiziologiya fanining paydo bo’lishi va rivojlanishiga olib keldi. Ingliz olimi J. Pristli o’simliklarni hayvonlar nafas olishi uchun zarur bo’lgan kislorod ishlab chiqarishini ko’rsatib beradi. Frantsuz olimlari A. Lavuaze, P. Laplas va A. Segen hayvonlarning nafas olishi va oksidlanish reaktsiyalarida kislorodning ahamiyatini ko’rsatib berdi. Organik dunyoning tarixiy taraqqiyoti to’g’risidagi g’oyalar 18-asrning ikkinchi yarmidan boshlab shakllana boshladi. Nemis olimi G. V. Leybnis tirik mavjudotlarning gradasiyasi tamoyillarini e’lon qiladi va o’simliklar bilan hayvonlar o’rtasida oraliq formalar mavjud degan fikrni o’rtaga tashlaydi. Minerallardan boshlab odamgacha bo’lgan “Tiriklik pog’onasi” (gradasiya) tamoyili, shveytsar naturalisti Sh. Bonne (1745-64) fikricha, hayot tuzilishi va rivojlanishining uzluksizligini ko’rsatadi. J. Byuffon er tarixi to’g’risidagi o’z gipotezasini ishlab chikdi. Uning fikricha, yer tarixi 80— 90 ming yildan iborat bo’lib, 7 davrga bo’linadi, faqat eng so’nggi davrda o’simliklar, hayvonlar va odam paydo bo’lgan. Frantsuz olimi J. B. Lamark “Zoologiya falsafasi” (1809) asarida “Tiriklik pog’onasi”ni evolyutsiya nuqtai nazaridan tushuntirib beradi. Tirik organizmlarning tubandan kjsak formalargacha takomillashib borishi uning fikricha organizm uchun xos bo’lgan ichki progressga intilish (gradatsiya tamoyillari) tufayli sodir bo’lgan. Lamark evolyutsiyani to’g’ri tushuntirgan bo’lsada, uning asosiy sabablarini ochib berolmadi. Frantsuz olimi J. Kyuve tirik organizmlarning tarixiy almashinishi va bir qancha turlarning qirilib ketishini tushuntirish uchun o’zining katastrofalar goyasini ilgari suradi. Frantsuz olimi E.J. Sent Iler hayvonlar tuzilishidagi umumiylikni tushuntirishga urinib, tuzilishdagi o’xshashlik ularning kelib chiqishidagi o’xshashlikni aks ettirishini ta’kidlaydi. T.Shvann tomonidan asoslab berilgan hujayra nazariyasi (1839) organik dunyoning birligini tushunib olishda hamda tsitologik va gistologik tekshirishlarning rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo’ldi. 19-asrning o’rtalarida o’simliklarning oziqlanish xususiyati va uning hayvonlarnikidan farq qilishi hamda tabiatda moddalar aylanishi printsiplari kashf etiladi (Yu. Libix, J. B. Bussengo). Hayvonlar fiziologiyasi sohasida E. Dyubuareymonning ishlari tufayli elektrofiziologiyaga asos solinishi, K. Berner tomonidan organlarning ovqat hazm qilishdagi ahamiyati tushuntirib berilishi (1845,1847); G. Gelmgols va K. Lyudvig tomonidan nerv muskul sistemasi va sezgi organlarini o’rganish metodlari ishlab chiqilishi; I. M. Sechenovning oliy nerv faoliyatini materialistik nuqtai nazardan talqin qilishi (“Bosh miya reflekslari”, 1863) katta ahamiyatga ega bo’ldi. L. Paster olib borgan tadqiqotlar tufayli hozirgi organizmlarning o’z-o’zidan paydo bo’lishi to’g’risidagi ta’limotga uzil-kesil zarba berildi (1860 64). S. N. Vinogradskiy xemosintez yo’li bilan anorganik moddalardan organik moddalarni sintezlovchi xemosintez bakteriyalarini (1887— 91), D. I. Ivanovskiy viruslarni (1892) kashf etdi. 19 asrda Ch.Darvin tomonidan evolyutsiya nazariyasining ishlab chiqilishi Biologiyaning rivojlanishi tarixida ayniqsa katta ahamiyatga ega. Uning “Turlarning paydo bo’lishi…”(1859) asarida evolyutsiyaning asosiy mexanizmi—tabiiy tanlanish ochib beriladi. Biologiyada Darvin g’oyalarining g’alabasi bilan evolyutsion solishtirma anatomiya (K. Gegenbaur), evolyutsion embriologiya (A. O. Kovalevskiy, I. I. Mechnikov), evolyutsion paleontologiya (V. O. Kovalevskiy) kabi yangi yo’nalishlarga asos solindi. Hujayraning bo’linishi (E. Strasburger, 1875; V. Flemming, 1882 va boshqalar), jinsiy hujayralarning yetilishi, urug’lanishi (O. Gertvig, 1875; G. Fol 1877; E. van Beneden, 1884; T. Boveri, 1887, 1888) hamda u bilan bog’liq bo’lgan mitoz va meyozda xromosomalarning taqsimlanishini o’rganish sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar jinsiy hujayralar yadrosida irsiy axborotning saqlanishi to’g’risida ko’plab g’oyalarning paydo bo’lishiga olib keldi. Ana shu davrda (1865) G. Mendel tomonidan irsiylanish qonuniyatlari ochilishi bilan genetika faniga asos solindi. 20-asr yangi Biologiya fanlarining rivojlanishi, Biologiyada klassik tadqiqotlar miqyosining yanada kengayishi bilan ajralib turadi. Shu asrda genetika, tsitologiya, fiziologiya, biokimyo, rivojlanish Biologiyasi, evolyutsion ta’limot, ekologiya, biosfera haqida ta’limot, shuningdek mikrobiologiya, virusologiya, gelmintologiya, parazitologiya va Biologiyaning boshqa ko’p tarmoqlari jadal sur’atlar bilan rivojlandi. Mendel ochgan qonunlar asosida mutatsiya va irsiyatning xromosoma nazariyalari ishlab chiqildi (T. Boveri, 190207; U. Setton, 1902). Xromosoma nazariyasini T. Morgan va shogirdlari V. Iogansenning sof liniya to’g’risidagi ta’limotiga (1903) asoslanib gen, genotip, fenotip tushunchalarini ishlab chiqishdi. 20-asrning o’rtalarigacha genlarning kimyoviy tabiati irsiy molekulalar shaklida ekanligi nazariy jihatdan talqin qilinib kelindi (N. K. Kolsov, 1927). Mikroorganizmlardagi transduktsiya va transformasiya hodisalarini o’rganish asosida DNK molekulasi genetik informasiyani tashuvchi ekanligi aniklandi (AQSh, O. Eyveri, 1944). DNK qush spirali tuzilishining o’rganilishi (J. Uotson, F. Krik, 1953) genetik kodning kashf etilishiga olib keldi. Bu kashfiyotlar molekulyar genetikaga asos soldi. Oqsillarning aminokislotalardan iborat tarkibi o’rganilganligi, ayrim oqsillar (insulin)ning sintez qilinishi, viruslar va faglarning nukleoproteidlardan tuzilganligining ko’rsatib berilishi 20-asr o’rtalarida qilingan eng muhim kashfiyotlardandir. Elektron mikroskopning kashf etilishi oddiy mikroskopda ko’rinmaydigan strukturalarni ko’rishga, hujayraning eng nozik tuzilishini tekshirishga, bakteriyalar va viruslarning tuzilishini batafsil o’rganishga imkon berdi. Nishonli atomlar usuli organizmda sodir bo’ladigan jarayonlarni o’rganish uchun yo’l ochdi. Gistologik kimyo differentsial tsentrifugalash, rentgenostruktura analizi usullari tirik organizmlar kimyoviy tarkibi, hujayra organoidlari va qismlarini mukammal tekshirish usullarini ko’rsatib berdi. Ana shu kashfiyotlar tufayli 20 asrning 2-yarmida Biologiyaning eng yosh sohasi—molekulyar Biologiya dunyoga keldi va tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Molekulyar Biologiya sohasidagi tadqiqotlar Biologiya fanining barcha sohalarida yangi g’oyalar paydo bo’lishiga olib keldi; hujayraning tuzilishi va funktsiyasi haqidagi tushunchalarni tubdan o’zgartirib yubordi. 20-asrda hayvonlar fiziologiyasi sohasida ham katta yutuqlarga erishildi. Rus olimi I. M. Sechenov (1829-1905) nerv sistemasini o’rganib, bosh miya reflekslari to’g’risidagi ta’limotga asos soldi. I. P. Yaavlovshartli va shartsiz reflekslar, qon aylanish va ovqat hazm qilishning nerv regulyatsiyasi sohasida bir qancha yirik kashfiyotlar qildi. Uning shartli reflekslar va oliy nerv faoliyati to’g’risidagi ta’limoti Nobel mukofotiga sazovor bo’ldi. Bu davrda neyrofiziologiya ham tez sur’atlar bilan rivojlana boshlaydi. O’simliklar fiziologiyasida fotosintez jarayonlari, avvalo xlorofillni o’rganishda ancha katta yutuqqa erishildi, xlorofill sintez qilindi, o’simliklarni o’stiradigan ba’zi gormonlar (auksinlar, gibberellinlar) ajratib olindi va sun’iy sintez qilindi. Evolyutsion nazariya sohasida ham muhim kashfiyotlar qilindi, xususan 20-30-yillarda madaniy o’simliklarning kelib chiqish markazlari aniqlandi; mutasion o’zgaruvchanlik, individlar sonining o’zgarib turishi va izolyatsiyani tanlanishning muayyan yo’nalishda ta’sir etishidagi o’rni ochib berildi (N.I. Vavilov, S. S. Chetverikov, B. S. Xoldeyn, R. Fisher, S. Rayt, J. Xaksli, F. T. Dobrjanskiy, E. Mayr va boshqalar). Bu esa darvinizmning yanada rivojlanishiga, evolyutsiya omillari mikroevolyutsiya va makroevolyutsiya to’g’risidagi ta’limotlarni o’zida jo qilgan sintetik evolyutsion ta’limotni ishlab chiqishga imkon berdi (I. I. Shmalgauzen va b.). V. I. Vernadskiyning biogeokimyo va biosfera, A. Tenslining ekosistemalar (1935) to’g’risidagi ta’limotlari Biologiyaning katta yutuqlaridan bo’lib, inson bilan tabiat o’rtasidagi munosabatlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega. V. Shelferd (1912, 1939), Ch. Elton (1934) va boshqalarning ishlari tufayli ekologiyaning nazariy asoslari ishlab chiqildi. 20-asr o’rtalaridan boshlab ekologiya erishgan yutuqlar va tabiatni muhofaza qilish muammolari deyarli barcha Biologiya fanlarini ekologiyalashtirishga olib keldi. Molekulyar biologiya sohasidagi ishlar (genetik kodning ochilishi, sun’iy genning sintezlanishi) gen injeneriyasi va biotexnologiya kabi amaliy fanlarning rivojlanishi uchun nazariy asos bo’ldi. Keyingi yillarda ayniqsa populyatsion Biologiya tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Bu sohadagi tadqiqotlar son jihatdan tobora o’sib borayotgan aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojini to’laroq qondirish, qirilib ketayotgan turlarni muhofaza qilish va tirik organizmlarning biologik xilma-xilligini saqlab qolish kabi muammolarni muvaffaqiyatli yechishga imkon beradi. O’zbekistonda 20-asrning 1-yarmida olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari asosan o’simlik va hayvonot dunyosi resurslarini o’rganish va ulardan samarali foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish bilan bog’liq. Botanika sohasida yaylovlarning fitomeliorativ holatini yaxshilash, texnika ekinlari va suv o’tlarini o’stirish usullari ishlab chiqildi; o’simliklarning geoekologik tasnifi, ierarxik sxemasi taklif etildi; o’simliklarning ekstremal sharoitga moslanish xususiyatlari ochib berildi (Z. Zokirov, J. K. Saidov, P. A. Baranov, V. A. Burigin, A. M. Muzaffarov, P. K.Zokirova boshqalar); g’o’zaning ekologik, anatomomorfologik va genetik xususiyatlarini o’rganish sohasida bir qancha ishlar amalga oshirildi (S. X. Yo’ldoshev,A.I.Imomaliev,S.S.Sodiqov va boshqalar). Mikrobiologik yo’l bilan oqova suvlarni tozalash, ma’danlarni ajratib olish, qishloq xo’jalik chiqindilaridan yem-xashak tayyorlash, fiziologik faol moddalarni ajratib olish, o’simliklarning vilt va virus kasalliklariga qarshi kurash asoslari yaratildi (M. I. Mavloniy, A. F. Xolmurodov, S. A. Asqarova va boshqalar). Ekologik-faunistik ishlar teriologiya, ornitologiya, gerpetologiya, gidrobiologiya, entomologiya, parazitologiya va zoologiyaning boshqa sohalarida keng miqyosda amalga oshirildi (T. Z. Zohidov, D. N. Kashkarov, A. M. Muhammadiyev, S. N. Alimuhamedov, V. V. Yaxontov, R. O. Olimjonov, A. T. To’laganov, M. A. Sultonov, J. A. Azimov va boshqalar). 20-asrning ikkinchi yarmida ayniqsa so’nggi yillarda Biologiyaning biokimyo, genetika, molekulyar Biologiya, biotexnologiya, biofizika va ekologiya sohalarida bir qancha muhim ishlar amalga oshirildi. Tireoid gormonlarning ta’siri mexanizmi aniklandi (Yo. X. To’raqulov, T. S. Soatov). Biologik membranalarning tuzilishi, hayvonlar toksikologiyasi va biokimyosi, ionlantiruvchi nurlar, defoliantlarning ta’sir mexanizmi va ionlarni membrana orqali transporta muammolarini yechishda ham bir kator muvaffaqiyatlar qo’lga kiritildi (A. P. Ibragimov, J. H. Hamidov, A. Q. Qosimov). G’o’zada genetik belgilarning irsiylanish mexanizmi ishlab chiqildi (J. A. Musayev, O. J. Jalilov, A. A. Abdullayev, N. N. Nazirov, A. A. Abdukarimov). Gen va hujayra injeneriyasining rivojlanishi insulin, interferon va o’stiruvchi gormonlarni olish imkonini berdi (B. O. Toshmuhamedov, A. A. Abdukarimov, M. M. Rahimov, A. I. Gagelgans va boshqalar). Biologiyaga oid tadqiqotlar O’zbekiston faning Botanika, Zoologiya, Mikrobiologiya, Genetika, fiziologiya va biofizika, Biokimyo intlarida, shuningdek oliy o’quv yurtlarida olib borilmoqda. Biologiyaning zamonaviy muammolari. Biologiyaning tabiiy fanlar va kishilik jamiyatining rivojlanishiga revolyusion ta’sir ko’rsatadigan muammolari molekulyar Biologiya, genetika fanlari muskullar, nerv sistemasi va sezgi organlari fiziologiyasi va biokimyosi (tafakkur, qo’zg’alish, tormozlanish va boshqalar), fotova xemosintez, tabiiy sistemalar energetikasi va mahsuldorligi bilan bog’liq. Molekulyar Biologiya sohasi hujayra ichida boradigan fizik-kimyoviy jarayonlar va tirik sistemalar nisbiy turg’unligining boshqarilishi, ayniqsa genlarning ishga tushirilishi mexanizmini o’rganish ham Biologiyaning Markaziy muammolaridan biri hisoblanadi. Organizmni individual rivojlanishi davomida hujayralarning ixtisoslashib borishi va to’qimalarning hosil bo’lishi, yerda hayot paydo bo’lishining dastlabki davrlarida tirik organizmlarga xos murakkab polimerlarning tabiiy sintezlanishi va ulardan o’z-o’zini yarata oladigan tirik sistemalar paydo bo’lishini o’rganish ham muhim masalalardan hisoblanadi. Yer yuzida aholi sonining tez sur’atlar bilan o’sib borishi Biologiya oldiga biosferaning mahsuldorligini oshirish, yashash muhitini ifloslanishdan saklash, o’simlik va hayvonlarni muhofaza qilish va rasional foydalanishdan iborat juda ko’p muammolarni qo’yadi. Biosfera va ekologik sistemalarni qayta qurish va ulardan foydalanish ishlari o’simlik, hayvonlar va mikroorganizmlarni Yerning hamma qismida inventarizatsiya qilishni nazarda tutadi. Biologiya sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari xalqaro biologik dastur yordamida koordinasiya qilib boriladi. Bekjon Toshmuhamedov, Ochil Mavlonov.
Biz korrupsiyaga qarshimiz
Qiziqarli biologiya kitob
Saytimizdagi elektron kitoblarni 3 usulda o’qish mumkin: kitobxon mobil ilovasi, kitobxon windows dasturi yoki onlayn sayt orqali
Kitobni qanday sotib olish mumkin?
Ketma-ketlik bo‘yicha tavsiya: saytda qanday ro’yxatdan o’tish, saytdagi shaxsiy hisobni qanday to’ldirish mumkin, kerak bo’lgan kitob uchun qanday to’lovni amalga oshirish
Siz muallifmisiz?
Hurmatli mualliflar: Saytimizda asarlaringiz joylashtirilishini (yoki saytdan o‘chirilishini) istasangiz biz bilan shartnoma tuzish uchun bog‘lanishingizni so‘raymiz.
Savol-javoblar
Agar men O‘zbekistonda bo’lmasam, qanday qilib kitob sotib olishim mumkin?
Nima uchun PDF formatini yuklab ololmayman?
Internetsiz kitobni qanday o‘qish mumkin?
va boshqa savollaringizga bizning javoblarimiz.
Qiziqarli biologiya
Ko‘rganlar, jami:
Nashr yili:
ISBN raqami:
Kitob mahsulotlarining xarakteristikalari, yetkazib berish shartlari, tashqi ko’rinishi va rangi haqidagi ma’lumotlar faqat ma’lumot uchun mo’ljallangan va joylashtirilgan paytda mavjud bo’lgan eng so’nggi ma’lumotlarga asoslanadi.
Elektron kitob:
Mavjud emas.
Buyurtma uchun: (90) 959-25-26
Do‘stlarizga tavsiya eting
- Annotatsiya
- Fikr va mulohazalar
Aziz o’quvchi! Biologiya faniga qanchalik chuqur kirib borsangiz, atrofingizdagi olam sirlarini shunchalik teran anglaysiz. Aks holda, hatto o’z uyingizda nimalar sodir bo’layotganini bilmay qolishingiz aniq. Chunki olam – bu bizning uyimiz. Undagi har bir hodisa yashash tarzimizning go’zalroq, foydaliroq kechishiga xizmat qiladi, taraqqiyot sari yetaklaydi. Hayvonot, nabotot va inson – bir-biriga chambar-chas bog’liq bo’lgan bir olam. Barcha tirik organizmlarni o’rganuvchi fan – biologiya mana shu olam haqida bosh qotiradi.