Press "Enter" to skip to content

Yangi nashriyotning ilk tuhfasi – Erix Mariya Remarkning «Qora haykal» romani kitobxonlarga taqdim etildi

– Yo‘qotilgan avlod yozuvchilari turkumiga kiruvchi, Birinchi jahon urushi ishtirokchisi Erix Mariya Remark o‘zining kitoblari bilan urush ko‘rgan insonlarning kayfiyati, ruhiyati, ichki kechinmalarini yorqin ochib bergan yozuvchi hisoblanadi. Hozirda o‘zim ham uning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romanini mutolaa qilmoqdaman. Aytish kerakki, ushbu asar uchun Remark fashistlar tomonidan uzoq vaqt ta’qib qilingan, hattoki fuqaroligidan mahrum qilingan. Umri qochqinlikda o‘tgan Remark ko‘plab asarlar bitdi. Mana bugun “Factor press” nashriyoti tomonidan “Qora haykal” romani ham chop etilibdi. Bu kitob Remark muxlislariga ajoyib sovg‘a bo‘ldi, deb o‘ylayman.

O‘zbek adabiyotining kimyogari

O‘tgan asrning dastlabki yarmi va uchinchi choragidagi o‘zbek hikoyachiligi xirmoni, asosan, realistik ruhdagi hikoyalardan tarkib topgan. Hikoyalarning kompozitsiyasidan tortib syujet va obrazlarigacha umumiylikni kuzatish mumkin. Abdulla Qodiriy va Cho‘lponlar davridan boshlangan o‘zbek hikoyachiligi, keyinchalik Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov va boshqa atoqli yozuvchilarning hikoyalari bilan yanada takomillashib bordi. Bu hikoyalar yozuvchining individual mahorati va uslubidan kelib chiqqan holda xilma-xil bo‘lsa-da, g‘oya, mavzu va kompozitsiya jihatidan bir yo‘nalishga mansub. O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab, nasrda yangilanish sezila boshladi. Yangi avlod yozuvchilari voqelikni boshqacha rakursda ko‘rsatish, fikrni asar tagmatniga berkitish, o‘quvchini obrazli tafakkurga chorlash bilan nasrga yangicha ob-havo olib kirishga harakat boshlashdi. Shu davrda yaratilgan Olim Otaxonning “To‘rtinchi qavatdagi sarg‘ish deraza”, Nurilla Otaxonovning “Oq bino oqshomlari”, Shodiqul Hamroning “Suratdagi ayol”, Nodir Normatovning “Bir kuni chumoli bo‘lib” kabi hikoyalari o‘ziga xos tajriba mahsuli o‘laroq, o‘zbek hikoyachiligini yangi bosqichga ko‘tarish uchun tashlangan dadil qadam edi, deb aytish mumkin. Shu ro‘yxatda Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi ham old qatorlardan joy olgandi.

Nazar Eshonqul o‘zbek adabiyotiga o‘zgalarga o‘xshamagan yo‘ldan kirib kelgan. “Maymun yetaklagan odam kim edi?”, degan savol o‘zbek adabiyotida o‘ttiz yildan beri yechilmay kelmoqda. Buning boisi yozuvchi voqeanavislikka o‘rgangan kitobxonni voqelik ichida turib, shu voqelikni tashqaridan kuzatishga va fikrlashga undaydi. Bu o‘yin shartlariga rozi bo‘lmagan kitobxon Nazar Eshonqul asarlarini o‘qimay qo‘ya qoladi. Ehtimol, shuning uchun ham yozuvchining ijodi xos kitobxonlarga mo‘ljallangan, desak xato bo‘lmaydi.

Yozuvchining “Urush odamlari”, “Tun panjaralari”, “Momoqo‘shiq”, “Qora kitob” qissalari, “Go‘ro‘g‘li” romani kitobxonlarning ma’naviy mulkiga aylanib ulgurgan. Biz ushbu maqolada yozuvchining yirik asarlariga adabiy xamirturush vazifasini o‘tagan hikoyalari xususida mulohaza yuritmoqchimiz.

Yer u osmon aro

Hikoya nasrning kichik janri deb qaralsa-da, hajm o‘lchami ma’no va mohiyat ko‘lamiga soya solmaydi. Yozuvchi hikoyaning adabiy mezonlarini yaxshi bilishi, asar tili va kompozitsiyasiga jiddiy yondashishi, voqeani badiiy idrok qilgan holda tasvirlay olishi muhim jihat sanaladi. Texnik tarafdan bu jarayon xuddi uy qurilishiga o‘xshaydi. Avval uyning tarhi chiziladi va qurilish shu tarh asosida olib boriladi. Yozuvchining ijodiy faoliyati ham shunday kechadi. Asar kompozitsiyasini boshidan belgilab olmasa, maqsadsiz yo‘lga chiqqan yo‘lovchi manzilga yeta olmaganiday, adib ham qalamni qo‘lga bemaqsad olgan bo‘ladi.

Nazar Eshonqul hikoyalari esa puxta tarh asosida bunyod bo‘lgan. Yozuvchi o‘zi nimani ko‘zda tutayotgani, asar skeletini qanday ishlagani va hikoya qay tarzda rivojlanib borayotganini yaxshi bilib turadi. Yozuvchining ijodiy kredosi haqida yaxlit xulosa berish mushkul. Lekin hikoyalarini tahlil qilib, fikrlarni umumlashtirganda Nazar Eshonqulning ijodiy kredosi, yozuvchi ijodining bosh badiiy-estetik g‘oyasi haqida muayyan tasavvur paydo bo‘ladi.

Avvalo, adibning hikoyalarini uslub jihatidan ikki turga bo‘lish mumkin:

a) Folklor va jahon adabiyotidagi xos tendensiyalarning qorishuvi (sintezi) o‘laroq yozilgan, milliy ruh aks etadigan hikoyalar;

b) Sof modern ruhda, ong ostida kechayotgan jarayonni badiiy idrok etishga yo‘naltirilgan, bitta metafora asosiga qurilgan hikoyalar.

Shu klassifikatsiya asosida yozuvchi hikoyalarini yana turli jihatlariga ko‘ra alohida tasniflash mumkin. Obrazlar tizimi, syujet, kompozitsiya va hokazo nuqtayi nazardan tasniflaganda ham yuqoridagi klassifikatsiya e’tiborga olinadi. Chunki asardagi barcha elementlar yozuvchining tanlagan uslubidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Folklor va jahon adabiyotidagi xos tendensiyalar badiiy sintez qilingan, milliy ruh balqib turadigan hikoyalarda yozuvchi nigohi o‘zbek kitobxoniga tanish makon va zamonda yuz beradigan voqelikka qaratiladi. Shu muhitdan ulgu olib, qahramonlar ham atrofimizdagi tanish qiyofalarga o‘xshab ko‘rinadi. Kitobxon bu personajlardan begonasiramaydi. Yozuvchi badiiy til jihatdan ham, tasvir tomonlama ham shu ruhiyatdan kelib chiqib yondashadi. Bu tipdagi hikoyalarga “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Qultoy”, “Bepoyon osmon”, “Ochilmagan eshik”, “Bevaqt chalingan bong” kabi hikoyalarni kiritish mumkin.

Sof modern ruhda, ong ostida kechayotgan jarayonni badiiy idrok etishga yo‘naltirilgan, bitta metafora asosiga qurilgan hikoyalarda esa yozuvchi qabariq tasvirlarga beriladi. Syujetdan tortib, qahramonlargacha to‘liq bitta metaforaga xizmat qiladi. Ya’ni muallif g‘oyani bir metaforaga singdirib, butun hikoyani shu asosga quradi. Bu tipdagi hikoyalarga “Maymun yetaklagan odam”, “Bahouddinning iti”, “Zulmat saltanatiga sayohat”, “Tobut shahar”, «Xaroba shahar suvrati”, “Ozod qushlar”, “O‘lik mavsum”, “Xayol tuzog‘i” kabi hikoyalar kiradi. Mazkur hikoyalarda muallif timsollar tilida gapiradi. Bunda kitobxon tafakkur qilishga majbur bo‘ladi – u asarning voqeligida ko‘rinib turgan narsani emas, matn ostida berkingan fikrni o‘qishi kerak. Bu tipdagi hikoyalarni o‘qish davomida tasavvur imkoniyatlari ma’lum ma’noda qisqaradi. Yo‘nalishdan kelib chiqqan holda adabiy makon va zamon ham mavhumroq tasvirlanadi. Ammo ular yaxlit kartina sifatida yechim topadi. Masalan, “Tobut” hikoyasidagi shaharning tobut shaklida qurilgani, “Bahouddinning iti” hikoyasida qahramonning alal-oqibat itga aylanib qolishi, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi ikki xil surat: avval navqiron odam maymunni yetaklab kirayotgani, keyin esa maymun keksa odamni yetaklab chiqayotgani, “Og‘riq lazzati” hikoyasida og‘riqdan lazzat olayotgan mahkumlar, “O‘lik mavsum” hikoyasida talabalarga saboq bergan o‘lik kabi detallar tufayli bu hikoyalarning yagona metaforaga bo‘ysundirilganini ko‘rishimiz mumkin va ularning har biri yaxlit kartina sifatida o‘quvchi ko‘z oldida namoyon bo‘ladi. Ularning tili ham nisbatan og‘ir, uzun jumlalar, qayta o‘qishga majburlovchi tasvirlar ko‘p uchraydi.

Ong ostidagi jarayonlarni tahlil qilishga urg‘u berilgan hikoyalarda xarakterlar yaqqol ko‘zga tashlanmaydi. Asosiy qahramon yoki roviy (uning o‘zi qahramon bo‘lsa)ning xarakterinigina yaqqol ilg‘ab olish mumkin. Yozuvchining milliy ruhdagi hikoyalarida xarakter bo‘rtibroq ko‘rinadi. Ayniqsa, bu tipdagi hikoyalarda ayollarning xarakteri nihoyatda jonli, tabiiy va ta’sirli chiqadi. Masalan, “Bepoyon osmon” hikoyasidagi Ammaning xarakterini quyidagi parcha orqali ko‘rishimiz mumkin. “Ammam birdan g‘arib, behol ko‘rindi menga: yo‘q, enamga achingani tufayli emas, bir umr koyigan, tanbeh bergan, ertadan kechgacha malomat qilish uchun yashagan, malomat qilish umrining mazmuniga aylangan ayolning endi bu dunyoda yo‘qligi sababli umrida ham mazmun qolmaganday, shuning uchun ham birdan qarib qolganday tuyuldi menga”. Amma butun umri davomida akasining befarzand yashagani uchun bosh aybdor deb bilgan yangasini, u vafot etishi bilan hurmat ila tilga oladi. Aslida esa uning qo‘rs va johil xarakteri o‘zgarmagan, faqat bu xarakterini ko‘rsatuvchi obyekt endi yo‘qligi tufayli u o‘zgarib qoldi.

Obrazlar olami

Yozuvchi hikoyalarida asardan asarga ko‘chib yuradigan detallar mavjud. Masalan, ko‘pgina hikoyalarida qayerda joylashgani mavhum bo‘lgan “maydon” obrazini uchratamiz. “Og‘riq lazzati” hikoyasida qahramon mahkumlar dahshatli tarzda qiynoqqa solinayotgan maydonga borib qolsa, “Qaytish” hikoyasida ham qahramon aynan shunday maydonga duch keladi. Yuqoridagi maydondan farqli jihati, “maydon chetidagi bayroq osilgan muhtasham binoda tenglik va insonparvarlik hamda fan taraqqiyoti to‘g‘risida qandaydir da’vatkor shiorlar osilgan”, maydondagi odamlarning kiyimi ham allanechuk g‘alati ko‘rinadi, “ko‘pining egnida eskirib ketgan nimdosh mundir osilgan, ayollar esa bundan qirq-ellik yil burungi andozada odmigina kiyinishgan, lekin hammasining ko‘zlarida sarosima, tahlika va gumon aralash bir qo‘rquv qotib qolgan”. Ikki hikoyadagi “maydon” ham olomon tomonidan o‘rab olingan. “Maydon” ikki xil ma’noda: hukm o‘qilgan, qilmish uchun hisob-kitob qilinadigan joy va olomon tomoshabinga aylanadigan har qanday voqelikning ramzi sifatida qo‘llangan deyish mumkin.

Shuningdek, “o‘lik” obrazini ham muallifning hikoyalaridagi “sayyor obraz”lar qatoriga qo‘shsak bo‘ladi. “O‘lik mavsum” hikoyasida butun syujet o‘lik bilan bog‘liq. Hikoyada zohiran qaraganda o‘lik ta’lim sistemasidan saboq oluvchi jamiyat tasvirlangan. Ammo bu talqin bahstalab, chunki o‘lik ustozning talabalarga aytadigan fikrlari nihoyatda sog‘lom insonning mulohazalari bo‘lib, u sog‘lom tafakkur sohibi sifatida gavdalanadi. Keyinchalik yozuvchi shu motivni “Qora kitob” qissasida davom ettirgan. Endi u shaytonning ramzi bo‘lib, Cho‘qqisoqol obrazida rivojlantiriladi. “Tobut” hikoyasi o‘lim bilan bevosita aloqador syujetga ega. “Ajr” hikoyasida esa jisman o‘lik bo‘lgan ota va o‘g‘il obrazini ko‘ramiz. “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida ham asosiy syujet chizig‘i Zamon otboqarning o‘limi bilan bog‘liq bo‘lib, Bayna momoning xarakterini ochib berishga xizmat qiluvchi detal o‘limdir. Ya’ni , momoning Zamon otboqarni o‘ldirib, eri va o‘g‘li uchun qasos olgani hikoyaning kulminatsiyasidir. “Xaroba shahar suvrati”, “To‘zon” hikoyalarida ham qahramonlar sirli tarzda o‘lim topgan bo‘ladi. Roviy ularning o‘limiga eltuvchi yo‘lni axtaradi. Bu yo‘l tafsilotlari xayoliy va mistik bo‘lib ko‘rinsa ham, yozuvchi roviy bilan birga marhumlarning ongostidagi jarayonlarni tahlil qilib boradi. “O‘lik” va “o‘lim” obrazlarining ko‘p qo‘llanishi miflarga borib taqaladi. Buning negizi xalq og‘zaki ijodining eng yirik qahramonlaridan biri Go‘ro‘g‘liga daxldordir. Bilamizki, Go‘ro‘g‘li ham go‘rda tug‘ilgan. Yozuvchi hikoyalaridagi “o‘lik” va “o‘lim” obrazlarini rivojlantirib, keyinchalik “Go‘ro‘g‘li” romanida o‘zining o‘lmaganini isbotlay olmaydigan g‘ayrioddiy qahramonni paydo qildi.

Nazar Eshonqul hikoyalarida “bemor” va “shifoxona” obrazlari ham tez-tez uchraydi. Bemorlik bilan bog‘liq detallarning asosida inson ruhiyatidagi buzilishlar va miyadagi konfliktlar yotadi. “Xayol tuzog‘i”, «Xaroba shahar suvrati”, “Muolaja” va “O‘pqon” hikoyalaridagi qahramonlar ayni shu jihati bilan bir-biriga o‘xshaydi. Yozuvchi jismonan azoblanayotgan bemorlarni emas, ruhan va aqlan og‘riyotgan xastalarni o‘rganish ustida tajriba o‘tkazadi.

“Maymun yetaklagan odam”, “Og‘riq lazzati” kabi hikoyalarda muallifning san’at xususidagi o‘ylari badiiy ifoda qilinadi. “Azob san’at asari yaratishning eng qulay vositasi ekanligini mahkumlar ham, nazoratchilar ham his qilishar, shu sababli nazoratchilar og‘riq va azob berishni o‘zlarining burchlari deya hisoblardilar”, degan fikrni o‘rtaga tashlaydi muallif (“Og‘riq lazzati” hikoyasidan).

Nazar Eshonqul ijodida “shahar” makoni katta o‘rin tutadi va bu obraz darajasiga ko‘tarilgan. Ba’zi o‘rinlarda shahar yozuvchining o‘sha hikoya uchun tanlagan metaforasining asosi bo‘lib xizmat qilgan. Fikrimizga yaqqol misol “Tobut” hikoyasidir. “Xaroba shahar suvrati” hikoyasida esa xayoliy Tursoriya shahri tilga olinadi. Yozuvchi ijodida “shahar” makonining badiiy-estetik vazifasini o‘rganish alohida bir tadqiqotga arziydi.

Egizak hikoyalar

Yozuvchining badiiy tasvirlarida hid va rang masalasini alohida o‘rganish maqsadga muvofiq. Nazar Eshonqul ijodining umumiy qiyofasida qora rang va badbo‘y hid ustuvorlik qiladi. Muallif hikoyada badbo‘y hidni shunchalik batafsil va ta’sirli qilib tasvirlaydiki, o‘quvchi o‘sha voqelikning ichiga qanday kirganini sezmay qoladi. Hikoyalarda zulmat va tun bilan bog‘liq epizodlar ko‘p uchraydi.

Nazar Eshonqul hikoyalarini kuzatar ekanmiz, ba’zi holatlarda muallif “egizak hikoyalar” yaratganini ko‘rishimiz mumkin. Bunda hikoyalar ham kompozitsiya, ham g‘oya, ham obrazlar nuqtayi nazaridan bir-biriga o‘xshaydi, qolaversa, biri ikkinchisini to‘ldiradi. Muallif aytmoqchi bo‘lgan g‘oyasini rivojlantirish yoki tugallash uchun ham shu usulni amalga oshirganday tuyuladi. Masalan, “Qultoy” va “Bepoyon osmon” hikoyalarining epilogi o‘xshash. Ikkisida ham butun umr xo‘rlangan, qadr topmagan, oyoqosti bo‘lgan obraz bor va hikoya syujeti shu obraz atrofida shakllantiriladi. Qolaversa, hikoyalardagi qahramonlarning ismlari ham xalq dostonlaridagi nomlarga uyqash qilib tanlangan. “Ozod qushlar” va “Qaytish” hikoyalarida yozuvchi tanlagan uslub bir-biriga o‘xshaydi. Ikkala hikoyada ham qahramon ikkinchi shaxsda gapira turib, aslida o‘ziga murojaat qiladi, o‘zining hayotidagi voqelikni bayon etadi. “To‘zon” va “Xayol tuzog‘i” hikoyalari qahramonning yozib qoldirgan kundalik va qo‘lyozmalari orqali uning halok bo‘lish sabablarini izlash motivi asosida shakllangani bilan bir-biriga yaqin. “Og‘riq lazzati” va “Muolaja” hikoyalari ham “egizak hikoyalar”ga o‘xshaydi: azob va og‘riqqa giriftor qilingan obrazlar bilan umumiylik kasb etadi. Bu usul o‘zbek adabiyotida boshqa bir yozuvchida uchramaydi. Aytish lozimki, koreys kinorejissori Kim Ki Duk ijodida shu kabi “egizak film”larni uchratish mumkin. Muallif bir fikrni boshqa asarda davom ettirishga va tugal xulosani berishga ma’nan haqli. Yoki bir g‘oyani ikki talqin orqali ko‘rsatish tajribasi ham adabiyotimizda yangilik deyishimiz mumkin. Kuzatuvlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, “To‘zon” hikoyasi kompozitsiyasi, g‘oyasi jihatidan yozuvchi Temirpo‘lat Tillayevning “O‘lim o‘pqoni” qissasini yodga soladi. Asarda mistikadan foydalanish, xayoliy dushman, inson miyasiga g‘ayrioddiy tahlika motivi bu fikrga asos beradi.

Yozuvchi ijodida Tersota adabiy makoni ham salmoqli o‘rin tutadi. Ammo shuni aytish kerakki, Tersota xronotopi muvaffaqiyatli boshlanib, yozuvchining keyingi ijodiy bosqichlarida unutilgan adabiy makondir. Yozuvchi Tersotadan boshqa joyda yuz bergan hikoyalarida mavhum makonni tanlaydi yoki makonga urg‘u bermaydi. Ko‘pincha voqelik qahramonlarning ongostida kechgan jarayonlar bilan bog‘liq holda rivojlangani uchun asarning makonini tasvirlashga ehtiyoj tug‘ilmaydi.

“G‘oyani o‘ldirib bo‘lmaydi, u yangi avlod bilan birga yangi mazmun kashf etib tug‘ilaveradi”, deb yozadi yozuvchi “O‘lik mavsum” hikoyasida. Darhaqiqat, yozuvchining umuminsoniyatga daxldor g‘oyalari hikoyalarda turli rakursda singdirilgan. Yangi avlod uchun bu g‘oyalar yangicha bir messejlar berishi shubhasiz. Ayni paytda yozuvchining har bir asari, u qo‘llagan timsollar va obrazlardan kelib chiqqan holda kattaroq tadqiqot qilishga ehtiyoj borligini ko‘ramiz.

Xulosa

Nazar Eshonqul – o‘zbek adabiyotining kimyogari. U hech qachon tajriba qilishdan cho‘chimaydi. U – butun ijodiy umri tajribalar ustida o‘tayotgan yozuvchi. Uning laboratoriyasini o‘rganish kelgusi avlod uchun ham katta adabiy-ilmiy maktab bo‘lishi turgan gap.

Nazar Eshonqul jamiyatdagi zohiran nosog‘lom, botinan qaraganda ichki ruhiy konfliktlar girdobida qolgan odamlarga tashxis qo‘yib yurgan shifokorga o‘xshaydi. Bugun inson ruhiyati og‘ir taloto‘plar orasida qolgan bir paytda bunday shifokorning borligi ruhiyat ozuqasi bo‘lmish adabiyot uchun nihoyatda zarurdir.

Xurshid ABDURAS H ID

Yangi nashriyotning ilk tuhfasi – Erix Mariya Remarkning «Qora haykal» romani kitobxonlarga taqdim etildi

Mamnuniyat bilan ayta olamizki, bugungi kunda O‘zbekistonda kitob sanoati, kitobxonlik yangi va o‘ziga xos bosqichga ko‘tarildi. Shuningdek, jahon adabiyoti durdonalari tarjimalari ustida ham salmoqli natijalar ko‘zga tashlanmoqda.

Nodirabegim Ibrohimova, adiba, jurnalist:

– Yo‘qotilgan avlod yozuvchilari turkumiga kiruvchi, Birinchi jahon urushi ishtirokchisi Erix Mariya Remark o‘zining kitoblari bilan urush ko‘rgan insonlarning kayfiyati, ruhiyati, ichki kechinmalarini yorqin ochib bergan yozuvchi hisoblanadi. Hozirda o‘zim ham uning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romanini mutolaa qilmoqdaman. Aytish kerakki, ushbu asar uchun Remark fashistlar tomonidan uzoq vaqt ta’qib qilingan, hattoki fuqaroligidan mahrum qilingan. Umri qochqinlikda o‘tgan Remark ko‘plab asarlar bitdi. Mana bugun “Factor press” nashriyoti tomonidan “Qora haykal” romani ham chop etilibdi. Bu kitob Remark muxlislariga ajoyib sovg‘a bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Saodat Abdurahmonova, tarjimon:

– Nemis yozuvchisi Erix Mariya Remark “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”, “Uch og‘a-ini”, va “Lissabondagi tun” asarlari bilan o‘zbek auditoriyasiga yaxshi tanish. O‘zbek kitobxonlari mazkur asarlarni iliq kutib olgani bois, yozuvchining yana bir kitobi “Qora haykal” romanini ham o‘zbek tiliga tarjima qilish fikri tug‘ildi va “Factor press” nashriyoti bilan hamkorlikda ushbu loyihani amalga oshirishga kirishdik. Remark mazkur asarida o‘tgan asrning yigirmanchi yillaridagi Germaniya hayotini tasvirlaydi. Unda o‘tgan asrning ikki yirik fojiasi – Birinchi va Ikkinchi jahon urushi oralig‘idagi hayot, insonlarning kayfiyati, yo‘qotilgan avlod, hayotiy qadriyatlar haqida so‘z boradi.

Bu bilan parallel ravishda, muallif inson o‘zi nega yashaydi, hayotning, dinning mohiyati nimada degan savollarga javob izlaydi.

Sohibjamol Kattayeva, nashriyot rahbari:

– Nashriyot faoliyati boshlanganiga besh oy to‘lgan bo‘lsa, Erix Mariya Remarkning “Qora haykal” kitobi bizning ilk katta loyihalarimizdan biri edi. Kitob ustida besh oy davomida ish olib borildi. Nashriyot jamoasi asosan yoshlardan tashkil topgan bo‘lishiga qaramasdan har bir ishimiz yillar davomida o‘z ustida ishlab kelgan, katta tajribaga ega bo‘lgan ustozlar bilan hamkorlikda, bamaslahat olib borilmoqda. Remarkning “Lissabondagi tun” asari tarjimasini tahrirlagan ustozimiz Saidjalol aka Saidmurodov kitobni tahrirlashda yaqindan ko‘mak berdilar. Kelgusidagi boshqa barcha rejalarimiz qatori Remarkning yana ikkita kitobi tarjimasini kitobxonlarga taqdim etmoqchimiz. Kitobning tarjimasi, mehnatimizga beriladigan xolis bahoni kitobxonlardan kutib qolamiz.

Kitobxonlikni rivojlantirish, munosib rag‘batlantirish maqsadida esa nashriyot ham ayni chop etilgan kitob doirasida kichik sovrinli tanlov e’lon qilgan. Tanlov kitob yuzasidan ikki bosqichli savol-javob shaklida nashriyotning Telegram’dagi rasmiy sahifasi https://t.me/factor_books’da joriy yilning 31 oktabr sanasi 21:00da o‘tkaziladi. G‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga:

1-o‘rin – 500.000 so‘m va nashriyot kitoblari to‘plami;

2-o‘rin – 300.000 so‘m va nashriyot kitoblari to‘plami;

3- o‘rin – 100.000 so‘m va nashriyot kitoblari to‘plami sovg‘a qilinadi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar va kitobni buyurtma qilish uchun: +998950359511

So‘zlar odamga o‘z fikrlarini yashirish uchun beriladi. “Qizil va qora” romani haqida

“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” loyihasi doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Stendalning “Qizil va qora” romani haqida hikoya qiladi.

Fleshbek

Men fransuz klassiklarini o‘qishni yaxshi ko‘raman. Shu bilan birga, men uchun fransuz adabiyoti samimiy, nafis va hatto eng ahamiyatsiz personajlarning ichki dunyosini ham mukammal ochib beradiganday ko‘rinadi. Ushbu kitobni ilk bora maktab davrlarimda o‘qib chiqqanman, keyinchalik yana bir marta o‘qidim va shundan boshlab u mening eng sevimli asarlarimdan biriga aylandi. Umuman olganda, Stendal fransuz klassik adabiyotining eng yorqin namoyandalaridan biri va uning har bir asari alohida e’tiborga loyiq.

Asar haqida

“Qizil va qora” Stendalning 1830-yilda nashr etilgan romanidir. Romandagi voqealar 1820-yillarda Fransiyada bo‘lib o‘tadi. Ushbu roman XIX asrning so‘nggi choragida psixologik realizmning ilk namunasi sifatida tanila boshlagan. Psixologik realizm janri o‘sha davrga kelib Yevropa adabiyotida ustunlik qilgan yo‘nalish sifatida keng tanilgan.

Syujet

Asar syujeti Stendal Grenobl gazetasida o‘qigan maqoladan olingan. Bu o‘sha davrga xos bo‘lgan odatiy holat. Fransiyaning Verer deb nomlangan kichik shaharchasining meri janob de Renal o‘z uyiga Juliyen Sorel ismli yigitni ishga oladi. Shuhratparast Juliyen teologiyani o‘rganadi, lotin tilini mukammal biladi va Injil sahifalarini yoddan o‘qiydi, bolaligidan shon-sharaf va tanilishni orzu qiladi, shuningdek, Napoleonga qoyil qoladi. Uning fikriga ko‘ra, ruhoniylik kasbi yuqori martabalarga erishish uchun eng ishonchli yo‘l edi. Uning xush muomalasi va aqli janob de Renalning fe’l-atvoridan keskin farq qiladi, uning xotini asta-sekin Juliyenga xayrixohlik bilan qaray boshlaydi va natijada u Juliyenni sevib qoladi. Lekin madam de Renal taqvodor ayol bo‘lib, u doimo vijdon azobidan qiynaladi. Kunlarning birida aldangan erga xotini xiyonat qilayotgani to‘g‘risida ogohlantirish bilan noma’lum xat keladi. Juliyen Madam de Renal bilan oldindan til biriktirib, xuddi shunga o‘xshash xatni go‘yoki ayolga ham kelganga o‘xshatib yozishadi. Ammo shahar bo‘ylab mish-mishlar tarqaladi va Juliyen ketishga majbur bo‘ladi. U Bezancondagi diniy seminariya rektori abbat Pirarni o‘z bilimi bilan qoyil qoldiradi va shu seminariyaga joylashadi.

Foto: Google Photos

Abbat Pirarni diniy qarashlari sabab iste’foga chiqarmoqchi bo‘lishadi. Uning do‘sti, boy va obro‘li Markiz de La Mol abbatni Parijga ko‘chib o‘tishga taklif qiladi va unga poytaxtdan uzoq bo‘lmagan joydan yer beradi. Markiz o‘ziga kotib qidirayotganini aytganda Pirar Juliyenni “ham kuchga, ham aqlga ega“ inson sifatida taklif qiladi. U Parijda kelganidan juda xursand edi. O‘z navbatida, Markiz Juliyenning mehnatkashligi va qobiliyatli ekanligini sezadi va unga eng murakkab ishlarni ishonib topshiradi.

Shuningdek, u dunyoviy jamiyatni ochiqchasiga sog‘inadigan Markizning qizi Matilda bilan uchrashadi. Matilda erka va xudbin, ammo ahmoq emas va juda chiroyli qiz edi. Qizning mag‘rurligi Juliyenning befarqligidan xafa bo‘ladi va qiz to‘satdan unga oshiq bo‘lib qoladi. Juliyen o‘zaro ehtirosni his qilmaydi, ammo oqsuyak zodagon xonimchaning e’tibori uni xushnud etadi. Birgalikda o‘tkazgan bir kechadan so‘ng Matilda dahshatga tushadi va Juliyen bilan aloqani uzadi. Julenning do‘sti, knyaz Korazov, boshqa ayollarga jilmayish orqali Matildaning rashkini keltirish kerakligini maslahat beradi va reja kutilmaganda muvaffaqiyatli bo‘ladi. Matilda Juliyenga yana oshiq bo‘lib, keyin u farzand kutayotgani va unga turmushga chiqishni istayotgani haqida xabar beradi. Biroq Julenning yorqin rejalari madam de Renalning to‘satdan kelgan xati bilan parchalanib ketadi. Ayol yozadi:

Qashshoqlik va ochko‘zlik, ikkiyuzlamachilikka qodir bo‘lgan bu odamni kuchsiz va baxtsiz ayolni yo‘ldan ozdirishga undadi va shu tariqa o‘zi uchun o‘ziga xos sharoit yaratib, odamlarga qo‘shildi. U hech qanday din qonunlarini tan olmaydi. Rostini aytsam, uning muvaffaqiyatga erishish usullaridan biri – u kelgan uylardagi eng katta ta’sirga ega bo‘lgan ayollarni yo‘ldan ozdirish deb o‘ylashga majburman.

Markiz de La Mol Juliyenni ko‘rishni istamaydi. Juliyen madam de Renalni oldiga yo‘l oladi, yo‘lda qurol sotib oladi va cherkovda sobiq sevgilisini otadi. Madam de Renal jarohatlardan o‘lmaydi, ammo Juliyenni hibsga olishadi. Matilda pul va oilasining ta’siri yordamida Juliyenni har qanday yo‘l bilan qutqarishga qaror qiladi, buning uchun u eng obro‘li abbat Frilerdan yordam so‘raydi. Abbat esa yepiskoplik rutbasi evaziga hakamlar hay’ati tomonidan Juliyenning oqlanishiga erishmoqchi bo‘ladi, bundan tashqari, Renal xonimning o‘zi ham hakamlar hay’atidan muvaffaqiyatsiz bo‘lgan o‘z qotilini oqlashni so‘raydi. Bu katta ommaviy rezonans keltirib chiqargan jarayon ayblanuvchiga to‘liq hamdardlik bildiradigan ko‘plab tomoshabinlarni jalb qiladi. Sudda hamma narsa Juliyenning foydasiga hal bo‘layotgan edi, lekin uning burjua jamiyatini tanqid qilgan nutqidan keyin sud hay’ati bir ovozdan uni o‘lim jazosiga hukm qiladi.

Qamoqda u yana madam de Renal bilan yarashadi va qotillik qilishga uringanligi uchun tavba qiladi. U har doim faqat uni sevganligini tushunadi. Madam de Renal qamoqxonada uning oldiga keladi va o‘sha xatni boshqa odam yozib berganligini, u esa faqat uni ko‘chirib yozganligini aytadi. Bu xat orqali uni Matildadan ajratish fikri esa faqatgina kuchli rashk tufayli paydo bo‘lganini aytadi. Juliyen o‘lim jazosiga hukm qilingandan so‘ng, u hayotda hamma narsaga erishganligini va o‘lim bu yo‘lni tugatishini aytib, sudga qayta murojaat qilishdan bosh tortadi. Madam de Renal Juliyen qatl etilganidan uch kun o‘tgach vafot etadi. Matilda Juliyenning dafn marosimini uyushtiradi.

Tahlil

Stendalning hayoti davomida e’tiboridan mahrum bo‘lgan “Qizil va qora“ romani keyingi avlodlar ongida qayta uyg‘ondi deyish mumkin. Ushbu kitob o‘sha davr jamiyati yuziga tutilgan oyna bo‘lib, unda o‘sha davr Fransiya aholisi aks etishni xohlamagan. Menimcha, bu afsonaviy asar sahifalariga shafqatsiz haqiqat to‘kilgan. Bosh qahramon Juliyen Sorel va uni telbalarcha sevuvchi ayollar ham sizni bezovta qiladi, g‘ashingizni keltiradi, siz ularni yomon ko‘rasiz. Haqiqatan ham, uning hissiy notinchliklarini, yosh yigitning otashin tuyg‘ularini va ichki mojarolarini kuzatib, tushuna olish juda qiyin.

Foto: Google Photos

Bu vazifa ko‘pchilikning qo‘lidan kelmaydi, shuning uchun ushbu deyarli 700 sahifalik romanni o‘qish og‘ir mehnatga aylanadi. Ko‘pchilik uning obrazini tanqid qiladi, bu qanaqa yaramas odam deb aytadi. Faqat ayrimlar o‘zlarini unda ko‘rishganini yashirishmaydilar. Bu odamlar o‘zlari bilan samimiydirlar va ushbu roman har birimizning ichki dunyomizni to‘liq, psixologik jihatdan batafsil ochib berishga qaratilgan. Juliyen ko‘p qirrali yoshlikdir, uning xususiyatlariga qizlar ham, yigitlar ham ega bo‘lishi mumkin. Noyob xotiraga ega, dinni mukammal biladigan bu oddiy duradgorning o‘g‘li mohir suhbatdosh, ayyor va ayollar qalbini zabt etuvchi bo‘lib yetishdi. U burch va sharaf, oliyjanoblik va beadablik, yaxshilik va yomonlik orasida aylandi.

Aytishim mumkinki, Juliyen asta-sekin martaba pog‘onasiga ko‘tarilib borgani sari o‘zini o‘zi o‘ldira boshlaydi. U jamiyatni, uning kelib chiqishini shubha ostiga qo‘yadi va har qanday holatda ham ko‘plab cho‘qqilarni zabt etishga qaror qiladi xuddi Napoleon Bonapart bir vaqtlar dunyoni zabt etishga intilgani kabi. Hamma narsada eng zo‘r bo‘lishga va buyuklikka intilish uni yo‘q qildi. Ammo u urinib ko‘rdi. Bu yomonmi? “Har doim boshqalar kutgan narsaga mutlaqo zid ish tuting“ – u seminariyada eshitgan shu gaplar unga yo‘l ko‘rsatuvchi nur bo‘lib qoldi. Burjua jamiyatiga tez kirib borar ekan, hamma uni hurmat qila boshlaydi, garchi shunchaki qishloqi bola bo‘lsa ham, uning shunday qat’iy, tengsiz odamlar orasida o‘zini tuta olishini kim kutgan edi? Oddiy ishchilar o‘z qo‘llari bilan, zodagonlar esa aql bilan ishlaydi. U bu stereotipni buzdi.

Asarning eng nafratlanarli qismi bu sevgi. Qahramonlar fransuz romanlarining eng yaxshi an’analariga ko‘ra yoritilgan, ular sevgilisi uchun jonini berishga tayyor bo‘lgan fidoyi, samimiy qizlardir. So‘nggi sahifalarga qadar ular bizning qahramonimizni, u qanchalik azob chekmasin, tark etmaydilar. Juliyenning kayuniy qiyofasining shakllanishida ular asosiy rol o‘ynadilar.

Juliyendagi jamiyatning bosimi tabiat tomonidan unga berilgan barcha ezgu tamoyillarni yo‘q qildi. Bu 16 yoshli o‘quvchi tabiatdan ilhomlanib, ozod bo‘lishni orzu qilgan (bu uning romantik qahramon sifatidagi xususiyatlarini namoyish etadi), katta mavqega ega odamlar yashaydigan dunyoning haqiqiy tasvirini ko‘rmaguncha u ruhan Xudoga intilgan. Aqliy notinchlik unga hech qachon taskin bermaydi, chunki bu qahramon doimo bor va rivojlanishda, doimiy harakatda, u suv singari oqadi va uni na yaxshi, na yomon odamga ajratib bo‘lmaydi. Uning de Renal xonimning bolalariga bo‘lgan samimiy sevgisini, Abbat Pirarga, Shelanga bo‘lgan hurmatini eslang. Va bundan farqli o‘laroq, tarozining ikkinchi pallasiga uni hamma yomon ko‘rishiga sabab bo‘lgan xislatlarni qo‘ying.

Ushbu tarozilar doimo o‘zgarib turadi va hech qachon muvozanatda bo‘lmaydi. Hamma uni bir tomonlama qoralashi mumkin. Uzoq yo‘l bosib, u hamma ishlaridan tavba qiladi, bu unga o‘xshash odamlar uchun ideal maqsaddir. Inson ruhiyati avvalambor o‘zining oldida poklanadi – bu chinakam cho‘qqiga erishishga intilishdir.

Xulosa

Romanda doimiy fitna va sevgi ishlari bilan tavsiflash mumkin bo‘lgan odatiy fransuzlar o‘rtasidagi munosabatlar tasvirlangan. Ushbu asar syujeti menga Onore de Balzakning “Sag‘rin teri” asarini eslatadi. Ayollar va yolg‘onchi erkaklar tomonidan qilinadigan hiyla-nayranglar, intrigalar, bularning barchasi, albatta, qahramonlarning xarakterini ochib beradi. Bu asar o‘z zamonining juda yuqori sifatli satirasidir.

Stendal jamiyatning chiriganligini, butun tizimning qanchalik buzuqligini mahorat bilan ko‘rsatgan, nafaqat adolat, balki lavozimlarga tayinlanish va oila institutida, lekin, eng yomoni, bularning hammasi asrlardan keyin ham o‘zgarmaydi. Bundan tashqari, muallif sizga Juliyenning ichki zarbalari orqali toza qalbingiz bo‘lsa ham, uni baribir yo‘q qilishingiz mumkinligini ko‘rsatadi. Bizning qahramonimiz avliyo emas, bundan tashqari, u katta gunohkordir, o‘sha davrdagi barcha yomonliklar unda mavjud. Stendal asarni “Qizil va qora“ deb bejiz nomlamagan. Mening nazarimda, qizil – ichki g‘alayon, jo‘shqin qon, yoshlik, adolatni qaror toptirishga intilish, orzularini amalga oshirish, biron narsaga erishish istagidir.

Qora – bu maqsadlarga erishish uchun hiyla-nayrang va silliq yo‘l, yosh ongga solingan soya, faqat umidsiz va yuraksiz odamlar yurishni tanlaydigan qorong‘i yo‘l. Va bu yo‘llarda har kim o‘z rangini o‘zi tanlaydi.

Iqtiboslar

U odatdagidek, odamlarni aslidan ko‘ra ko‘proq aql-idrokli deb o‘ylab adashgan edi;

Bir ingliz sayohatchisi yo‘lbars bilan qanday do‘stlashgani haqida gapirib beradi; u yo‘lbarsni yaxshi parvarishlagan, erkalagan, lekin u har doim stolida o‘qotar to‘pponcha saqlar edi…

So‘zlar odamga o‘z fikrlarini yashirish uchun beriladi;

Qayg‘u ongni susaytiradi.

Qiziqarli faktlar

– Stendalning tugallanmagan keyingi romani qo‘lyozmada xuddi shunga o‘xshash nomga ega edi – “Qizil va Oq”;

– 1864-yilda Vatikan Stendalning barcha “sevgi qissalari“ni, shu jumladan, “Qizil va qora” kitobini ham taqiqlangan kitoblar qatoriga joylashtirdi;

– 1850-yilda Nikolay II Rossiyada ushbu kitobni taqiqladi;

– 1939-yilda F. Franko diktaturasi davrida ham roman Ispaniya kutubxonalaridan olib tashlangan edi.