Sharoit yaratib berilsa, bizdan ham hokim-u deputatlar chiqadi”. Eshitish qobiliyatini yo‘qotgan o‘zbekistonliklarni nimalar qiynamoqda
2 Baʼzi tovushlarni qiynalib talaffuz qiladigan yoki tutilib gapiradigan; duduq.
soqov
Morfologik va sintaktik xususiyatlari [ tahrirlash ]
so-qov == Aytilishi == salom
Etimologiyasi [ tahrirlash ]
Maʼnoviy xususiyatlari [ tahrirlash ]
Maʼnosi [ tahrirlash ]
1 Tilsiz, gung, gungalak. ◆ Tugʻma soqov . Kar va soqov . shya Uzlarini butkul hu-zur-halovatga topshirgan shirakayf meh-monlar tasodifan kirib qolgan, koʻparida qoʻrquv aralash besaranjomlik aks etgan soqov bolaga ajabsinibtikilishdi. “Yoshlik” .
Soqov boʻlib qolmoq 1) butunlay tilsiz, gung boʻlib qolmoq; 2) koʻchma biror sabab bilan vaqtincha tili ishlamay, gapirolmay qolmoq. ◆ U, birlahza tiliga soʻz kelmay, soqov boʻlib qoldi. Mirmuhsin, «Temur Malik» .
2 Baʼzi tovushlarni qiynalib talaffuz qiladigan yoki tutilib gapiradigan; duduq.
Sinonimlari [ tahrirlash ]
Antonimlari [ tahrirlash ]
Tarjimalari [ tahrirlash ]
Ruscha ru
soqov
1 немой; ◆ soqov boʻlib qolmoq онеметь;
2 косноязычный;
3 = duduq.
"https://uz.wiktionary.org/w/index.php?title=soqov&oldid=589164" dan olindi
- Oʻzbek tili
- Oʻzbek tilining izohli lugʻati maʼlumotlaridan foydalanilgan maqolalar
“Sharoit yaratib berilsa, bizdan ham hokim-u deputatlar chiqadi”. Eshitish qobiliyatini yo‘qotgan o‘zbekistonliklarni nimalar qiynamoqda?
O‘zbekiston Kar-soqovlar jamiyati a’zosi, shoira, “Gavharim bor”, “Ko‘ngilga yo‘l”, “Sukunat malikasi” she’riy kitoblari muallifi Zilolabonu Xoliqova orttirilgan karlikdan aziyat chekadi — u 14 yoshidan buyon “ovozsiz dunyo”da yashaydi. Avvallari u o‘zini juda yolg‘iz his qilgani, so‘nggi bir necha yildan beri esa axborot texnologiyalari rivoji tufayli ko‘plab do‘stlar orttirgani, natijada u kabi eshitish qobiliyatini yo‘qotgan, kar-soqov insonlarning ham o‘ziga xos “ovozi” paydo bo‘lganini ta’kidlaydi.
“Shu bois, ba’zan imkoniyatim cheklangan, deb aytolmayman ham. Ayniqsa, virtual muloqotda boshqalar bilan teng ravishda bahs-munozaraga kirisha olamiz”, — deydi Zilolabonu. U ijtimoiy tarmoqlar orqali qismati o‘zinikiga o‘xshash, ayni vaqtda, kar-soqovlarning muammolariga befarq bo‘lmagan insonlar bilan suhbat uyushtirdi. Ularning bari o‘zbekistonlik vatandoshlar: biri Kattaqo‘rg‘onda — hayotdan va hukumatdan umidvor, yana biri Germaniyada — kar-soqovlarning hayotini yengillashtirish xayoli bilan band. Biri Sibirda “eshitishni qayta o‘rgangan” bo‘lsa, yana biri bu darddan forig‘ bo‘laman deya o‘z vaqtida boridan ayrilgan tadbirkor.
“Daryo” Kar-soqovlar jamiyati a’zosi, shoira Zilolabonu Xoliqova tomonidan tayyorlangan suhbatlarni hamda shoiraning murojaatini tahrirlangan holda qayta e’lon qiladi. Ularning muammolari, ularning takliflari, ularning tashabbuslari sizni-da befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.
Oysadaf Dehqonova
Yoshim 31 da. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Sebo‘ston mahallasida Sho‘r qishlog‘ida yashayman. Oilada to‘rt kishimiz. Otam 57 yosh, ishsiz. Onam 56 yosh, nafaqaxo‘r. Singlim 21 yosh va ishsiz. 16 yoshimda surunkali bronxit, revmatoid artriti, pnevmaniya va otit kasalliklari oqibatida butkul eshitmay qolganman. O‘shanda 8-sinfni tugatish arafasida edim. Eshitish qobiliyatim pasayib ketgach, maktabni davom ettirolmadim. Bolaligimdan ko‘zim xira ko‘radi, maxsus ko‘zoynak taqaman.
Shu paytgacha hech qanday nafaqa olmaganman. Faqatgina yaqin kunlar (2017-yil 1-noyabr)dan boshlab ilk bor nafaqa tayinlandi. Hali nafaqamni olmaganim uchun miqdorini ham bilmayman. Moddiy tarafdan oilaviy qiyin ahvoldamiz. Uning ustiga gaz yo‘q, uyni isitish juda qiyin. Tog‘li hududda yashaganimiz uchun qishda juda sovuq bo‘ladi. Bu sharoit sog‘lig‘imga to‘g‘ri kelmaydi, juda qiynalaman.
Prezidentga murojaat qilish imkoni berilganda edi, O‘zbekistonning chekka qishloq hududlarida men kabi e’tiborsiz qolib ketgan kar-soqovlarga ham tuman va shahar markazlarida yangi ish o‘rinlari yaratilishini va ular sharoitga ega yotoqxonalar bilan taminlanishini so‘ragan bo‘lardim. Qaniydi, men ham o‘zimga mos mehnat faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lib, umrimni mazmunli o‘tkazsam, jamiyat rivojiga foydam tegsa. O‘z ish haqim va nafaqam bilan imtiyozli kredit olib, sharoitga ega namunali uy olishdek orzum bor.
Gulasal Shakirova
Yoshim 50 da. Sibirning Kemerovo shahrida oilam bilan istiqomat qilaman. Turmush o‘rtog‘im 3-guruh nogironi — kar-soqov. Ikki qizimiz bor. Asli Qashqadaryoning Chiroqchi shahrida tug‘ilganman. 4-5 yoshimdan eshitmay qolganman. Shifokorlar surunkali tonzillit deb tashxis qo‘ygan.
Karligimga qaramay, afsuski, onam meni o‘qishga odatiy maktabga bergan. Sinfdoshlar kalakasi, o‘qituvchilar tergashi hamon yodimda. Shunday bo‘lsa-da, o‘qishga ishtiyoqim kuchli edi. Ammo harf o‘rganish juda qiyin bo‘lgan. O‘zbekistonda men ko‘rinmagan doktorlar qolmagandi. Axiyri akam meni Sibirga, bir tanish shifokoriga tekshirishga olib bordi. Tekshiruvlardan keyin shifokor operatsiya mumkin emasligi, lekin maxsus apparat yordamida eshitishim mumkinligini aytdi. Shu-shu, qulog‘imga apparat taqaman. 3-guruh nogironiman.
Nogironlik nafaqasi miqdori Rossiya sharoitida unchalik yetarli emas, lekin davlat bizdek insonlarga yaxshi qulayliklar yaratgan. Har 2—4 yilda bir marta davlat tomonidan tekinga apparat, televizor, maxsus uyali telefon, qo‘ng‘iroqli soat, dam olish va davolanish maskanlariga yo‘llanmalar beriladi. Kar-soqovlar farzand ko‘rsa, bolalari qaramog‘ida bo‘lgani uchun ularga ham nafaqa beriladi.
1988-yildan beri Kemerovo shahri karlar jamiyati a’zosiman. Jamiyatimizda kar-soqovlar uchun hamma qulayliklar bor. Jamiyat a’zolari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun maxsus klublar faoliyat ko‘rsatadi. Bilyard, futbol, shaxmat va boshqa turli o‘ziga yoqqan yo‘nalishlarda hordiq chiqarishadi. Men madaniyatni tanladim. Xobbim — raqs va imo-ishora orqali qo‘l bilan qo‘shiq kuylash.
Farxod Xolmurotov
Sog‘lom yigit edim. Shu dard keldiyu, birdan hayotim o‘zgarib ketdi. 2011-yil 1-sentabr — hech esimdan chiqmaydi shu sana. Hammasi shu kundan boshlangan. O‘sha paytlar ham firma rahbari edim, 16 ishchim bor edi. “Bir hafta muolaja olaman, sizlar ham dam olinglar”, deb hammasiga javob berdim. Bunday holatga tushishim, butkul eshitmay qolishim yetti uxlab tushimga ham kirmagan edi.
Bir yil ishni to‘xtatib, davolanish bilan band bo‘ldim. Lekin, afsuski, har gal muolaja olganim sayin eshitish qobiliyatim ham pasayib boraverdi. Avval o‘zimizdagi 4-5 kasalxonada, keyin Samarqand shahrida, undan keyin esa Toshkentda davolandim. Menda pul yetarli edi, shuning uchun bilganimdan qolmadim. Rahmatli ota-onamning gaplariga quloq solmadim. Ular muolajani to‘xtatishimni istashardi. Hozir ota-onamning gaplarini olmaganimdan ming afsus qilaman. Sekin sekin bor-budim yo‘q bo‘ldi. Salomatligim ham yo‘qoldi.
Firmani yopish harakatiga tushdim, mulklarimni sotdim. Firma balansidagi oxirgi mulkka navbat kelganida, ayolim qarshilik qildi. Keyin qarz olib davolandim. Shifokorlardan najot chiqmagach, bormagan tabibim kam qoldi. Hammasi: “Men sizni davolayman”, deb katta gapirar, ishontirardi. Natija esa ko‘rinmasdi. To‘g‘risi, go‘yoki tush ko‘rayotgandek yashayapman. Uyg‘onsam yana avvalgidek bemalol eshitadigandekman. Ammo bu tush emas. Biror narsa qattiq tegsa, jonim og‘riydi — demak, tush ko‘rmayapman.
Menga qo‘yilgan tashxislarning hammasi har xil. Avval bir qulog‘im eshitmay qoldi. Keyin yana davolanishni davom ettirdim. Orada quloqqa taqiladigan eshitish moslamasini dorixonadan sotib olib, qo‘yib ko‘rdim. Bemalol eshitdim, ammo or qilib taqmadim. Davolanib, yana oldingidek eshitadigan bo‘lishim uchun harakat qildim. Ming afsuski, teskarisi bo‘ldi.
2011-yil 10-oktabrda kenja o‘g‘lim tug‘ildi. Tug‘uruqxonaga borganimda bir qulog‘im eshitardi. Keyingi muolajalar ham aksta’sir qildi va sekin-sekin eshitish pasayib, oxir-oqibat bir yillik davolanish sababmi, umuman eshitmay qoldim. Bolalarim och qolishdi, qiynalishdi, men esa ishsiz, o‘zidan-o‘zi qo‘rqadigan odamga aylanib qoldim. Ish bo‘yicha ko‘p joylarga borardim. Kattakonlarni kabinetiga kirsam, “Ustimdan kulyapsanmi?!”, deb haydab yuborganday gapirishardi. Menga nafaqa to‘lanmaydi.
Salomatligimni tiklash uchun qattiq ishladim. O‘zim bormagan bo‘lsam ham, Xitoydan ishlab chiqarish uskunalari olib keltirdim. Hozir uchta zavodim ishlayapti, 65 ishchi ish bilan band. Sizga qanday yordam berishni o‘ylayapman, Zilola. Siz juda yaxshi qiz ekansiz. Aqlingiz va irodangizni hurmat qilaman.
Men o‘zim davolanishga qo‘rqib qolganman. Yana boshqa joyimni kasal qilib qo‘yishsa, nima qilaman?! Yoshgina uch farzandim bor. Meni bu holga tushishimga chalasavod vrach professorlar sababchi bo‘ldi. Biri 90 foiz, ikkinchisi 150 foiz eshitmaydi, deb qog‘ozga chizmasi bilan chiqarib bergan.
Binafsha Kalandarova
Men bir necha yillardan beri Germaniyada oilam bilan yashayman. Turmush o‘rtog‘im huquq yo‘nalishida hamda o‘zim media va kommunikatsiya sohasida ilmiy ish qilamiz. Turli tillarga qiziqishim bois, universitetimizda bepul tashkil qilingan nemis kar va soqovlar tilini ham biroz o‘rgandim.
Eng qizig‘i, o‘qituvchimizning o‘zi kar va soqov. Eng birinchi darsda 30 daqiqa davomida tarjimon darsning tashkil etilishini tarjima qilib turgan, keyin chiqib ketgandi. Shaxsan men o‘qituvchi kar va soqov bo‘lishini kutmagandim. Tarjimon ketgach, o‘qituvchi sekin-sekin imo-ishoralar bilan “gapira” boshladi” — xonaga sukunat cho‘mdi. Biz — ishtirokchilar xavotir aralash hayajonda. Nima qilamiz endi?! Lekin bu xavotirimiz uzoq cho‘zilmadi. Chunki o‘qituvchimiz Peter shunchalik vazmin, o‘ziga ishongan, xushchaqchaq, axborot texnologiyalari bilan “qurollangan” va professional muallim ediki, biz birinchi darsdanoq kar va soqovlar tilida ancha-muncha “so‘zlasha” oladigan bo‘lgandik.
Peterning qo‘lida bu kursni 3-darajagacha ikki yil davomida o‘qidim. U bilan biz ishtirokchilar shunchalik inoqlashib ketdikki, haligacha aloqadamiz. Peter orqali boshqa kar-soqov do‘stlar topdim. Har oyda bir marta bo‘ladigan shahrimizdagi kar-soqovlar jamiyati umumiy yig‘ilishlariga imkon bo‘lganida borib turaman. Ular davralarida men kabilarni ko‘rib, juda xursand bo‘lishadi. Oralarida juda samimiy, dilkash, turli joylarda ishlaydigan malakali mutaxassislar bor.
Shunday vaqtlarda O‘zbekistonda ham shunday ijobiy ishlar qilinishi zarurligi haqida o‘yga tolaman. O‘zbekistonda ham kar-soqovlar tili faqatgina shu toifaga kiruvchilar yoki mutaxassislarga o‘rgatilmasdan, bu bo‘yicha shunday odamlarning yaqinlari, do‘stlari, umuman barcha qiziquvchilarga ochiq bo‘lgan til kurslari tashkil qilinishi kerak. Shuni ishontirib ayta olamanki, kar-soqovlar tili judayam qiziq, uni o‘rganish ham, unda gaplashish ham juda maroqli. Muloqot davomida miyam umuman boshqacha ishlayotganini his qilaman. Alohida bir chet tilini o‘rganishdan tamomila farq qiladi. Bu tilni xobbi qilib oilaviy o‘rgandik.
So‘nggi marta yurtimga borganimda bir bankka ishim tushgandi. Bankdan ishimni bitirib, chiqib ketayotganimda imo-ishora bilan gaplashayotgan ayol va yosh bir qizga ko‘zim tushdi. Germaniyada bunday odamlar bilan gaplashib ko‘rganim uchun ular bilan bilganimcha salomlashdim. Nega “bilganimcha” deyapman? Chunki kar-soqovlar tili, har bir davlatda “normal” tillar har xil bo‘lganidek, o‘zgacha bo‘ladi. Masalan, nemis kar-soqovlar alifbosi buyuk britaniyalik inglizlarnikidan tamomila farq qiladi. Vaholanki, nemis va ingliz tillari alifbosi deyarli bir xil. Hatto Germaniyaning o‘zida kar-soqovlarning har bir federal yer, hatto alohida shaharlarida o‘z shevalari bor. Lekin turli millatga mansub kar-soqovlar ma’lum foizda bir-birlarini tushunishlari mumkin. Shuni bilganim uchun o‘zbekcha kar-soqovlar tilida gaplashayotgan yangi tanishlarim bilan muloqotga kirishdim. Keyin bildimki, o‘smir qiz eshitar va gapirar ekan. Ayol esa uning xolasi va bu qiz tilmoch sifatida bankka birga kelgan ekan. Dastavval ular meni o‘qituvchi deb o‘ylashdi. Keyin men “nemischa gapirayotganimni” “aytib” bersam, rosa hayron qolishdi. Hammadan ham shu ayol — men unga e’tibor qilib, u bilan kulishib, uzuq-yuluq bo‘lsa-da, muloqot qilganimga — juda-juda xursand bo‘ldi.
Qizning telefon raqamini olgandim, afsuski, keyin yo‘qotib qo‘ydim. Uning ota-onasi ham kar-soqov ekan va bu qiz tilni ota-onasidan o‘rgangan ekan. Men ular orqali o‘zbekcha kar-soqovlar tilini o‘rgatadigan kitob yoki o‘quv qo‘llanma topmoqchi edim. Keyinroq tasodifan tanishim orqali maxsus internatda ishlaydigan odam bilan uchrashib qoldim. U menga bir kitob ko‘rsatdi, lekin hadya qilolmadi. Sababi, kitob juda kam tirajda chiqqan ekan. Keyin kitobni qidirishga vaqtim qolmadi, qaytishim kerak edi. Nemis va o‘zbek kar-soqovlar tillari o‘rtasida qanaqa farqlar borligiga juda qiziqqandim.
Kar-soqovlar tilini o‘rgatish va o‘rganish, umuman bunday insonlarga imkoniyatlar yaratish bo‘yicha Germaniya tajribasini O‘zbekistonga tatbiq etish bo‘yicha loyihalar qilish uchun g‘oya va rejalarim bor. Germaniyada, masalan, imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus ko‘ngilochar tadbirlar, sayohatlar tashkil qilinadi. Germaniyada kar-soqovlar uchun maxsus moliyaviy imtiyozlardan tashqari turli ehtiyojlari uchun tarjimonlik xizmatlari davlat tomonidan qoplanadi. Bu sohadagi tarjimonlik xizmatlari o‘ta zamonaviy, internet va boshqa smart texnologiyalar yordamida masofali ham bo‘lishi mumkin. Har bir shaharda kar va soqov insonlarning bir nechtadan jamiyat va klublari bor. Turli tadbirlar tashkil qilishadi, teatrlar sahnalashtirishadi, raqsga tushishadi, sport bilan shug‘ullanishadi va hokazo.
Saarland universiteti yosh olimlari tomonidan yaratilgan avatar asosan veb-saytlar matnini kar-soqovlar tiliga o‘girib berishga mo‘ljallangan. Bu ilmiy tadqiqotga eshitish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, kar-soqovlar tili o‘qituvchisi Peter Shaar (suratning quyi qismida) ham jalb qilingan. Foto: Alexis Heloir O‘qituvchim Peter hatto universitetda ilmiy tadqiqotlarda ham qatnashadi. Universitetimizning Germaniya bo‘yicha informatika sohasidagi Maks Plank nomli yirik tadqiqot markazida shu yo‘nalishda ilmiy loyihalar qilinayapti. Xususan, avtomatlashgan avatar-tarjimonni yaratishayapti. Lekin kar-soqovlar tilida emotsiya judayam muhim. Bunday odamlarning o‘zaro muloqotini kuzatsangiz, ko‘z, og‘izlaridan juda intensiv foydalanishadi. Chunki aynan shu emotsional ifodalar bu tilning negizini tashkil qiladi. Shunga bunday avatarni yaratish oson kechmayapti. Avatar emotsiyasi, yuz ifodasi haqiqiy odamnikidek chiqishi qiyin bo‘layapti. Bu avatar uchun Peter prototip vazifasini bajarayapti. Lekin ilmiy jamoa izlanishdan to‘xtamayapti. Agar nemis kar-soqovlari uchun avtomatik tarzda ishlaydigan avatar-tarjimon yaratilsa, unda buni boshqa tillarga ham bemalol tatbiq qilsa bo‘ladi.
Zilolabonu Xoliqova
Imkoniyatim ma’lum darajada cheklangan bo‘lsa-da, mening ham o‘z orzularim, intilishlarim, boshqa odamlardan qolishmaydigan salohiyatim bor. Biroq bularni ro‘yobga chiqarish uchun quruq niyatning, harakatning o‘zi yetmayapti. Orttirilgan va tug‘ma karlik oqibatida hayotdan uzilib qolgan yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun maxsus oliy o‘quv yurti yoki mavjud oliy ta’lim muassasalari huzurida eshitish imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus o‘quv yo‘nalishlari tashkil etilishini O‘zbekiston rahbariyatidan so‘rab qolaman.
Ta’kidlashim kerakki, men kabi orttirilgan karlik muammosiga ega insonlar odatda tug‘ma kar insonlardan ko‘ra ta’lim olishda ko‘proq to‘siqlarga duch keladi. O‘z misolimda aytadigan bo‘lsam, 14 yoshimda — aynan maktabda kelajak hayotim uchun eng muhim bo‘lgan fanlarni o‘zlashtirishim lozim bo‘lgan pallada umuman eshitmaydigan bo‘lib qolganman. Menimcha, o‘sha payti taqdirga tan berilib, menga aslida kar-soqovlar tilini o‘rganishim uchun imkoniyat yaratilishi kerak edi. Ota-onamni ayblamayman, lekin ta’limga mas’ul tashkilotlar shunday holatda — bola to‘satdan eshitish imkoniyatiga ega bo‘lmay qolganda uning sifatli ta’lim olishi qanday amalga oshirilishi haqida ota-onaga, u o‘qiyotgan maktab ma’muriyatiga to‘g‘ri yo‘l–yo‘riq ko‘rsata olishlari kerak edi, deb hisoblayman.
Zilolabonu Xoliqovaning faxriy yorliqlari
- biz kabi orzulari olam, lekin ilojsizlikdan qiynalayotgan yoshlarga ham biroz e’tibor qaratilsa, ta’lim olishga bo‘lgan yuqori intilishimiz, istaklarimiz qo‘llab-quvvatlansa;
- ta’lim vazirliklari, yoshlar tashkilotlarida maxsus bo‘limlar tashkil qilinsa va bu masalalar rivojlangan davlatlarda qanday yechilgani muhokama etilib, hayotga tatbiq qilinsa;
- kar va soqovlar jamiyati xodimlari har bir tuman, chekka qishloqlargacha kirib borib, e’tibordan chetda qolib ketgan shunday insonlarni topib, ularni a’zolikka taklif qilsa, savod va ma’lumotlarini oshirishga ko‘maklashsa;
- zavod va fabrikalarda mehnat qilayotgan eshitish imkoniyati cheklangan xodimlar uchun alohida gazeta-jurnallar, onlayn videokanallar (ommaviy axborot vositalari) tashkil qilinsa, bu xodimlar orasidan ijodkorlari tanlab olinib, ular ham ma’rifiy ishlarga jalb qilinsa;
- eshitish qobiliyati cheklangan insonlarga yoshidan qat’iy nazar kar-soqovlar tilini o‘rganishlari uchun sharoitlar yaratilsa;
- kar-soqovlar tilini o‘rgatadigan maxsus kurslar nafaqat eshitish imkoniyatiga ega bo‘lmagan insonlarga, balki ularning yaqin qarindoshlari uchun ham imtiyozli tarzda tashkil qilinsa;
- kar-soqovlar tilini o‘rgatadigan sifatli darslik va kitoblar ko‘p adadlarda bosib chiqarilsa (bu taklifning ro‘yobga chiqarilishi kar-soqovlar tilini mustaqil o‘rganish istagidagilar uchun ayni muddao bo‘lardi).
Zilolabonu Xoliqovaning sotuvdagi “Sukunat malikasi” kitobi
Bizdek yoshlar moslashtirilgan sharoitlarda o‘qisa, ular orasidan ham yetuk mutaxassislar, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol kadrlar, hokim va deputatlar ham chiqadi. Biz hech kimdan kam emasmiz va bu sinovlarni, albatta, yengamiz. Lekin jamiyatda o‘z o‘rnimizni topishimizda qo‘llab-quvvatlovga muhtojmiz. Yangi yil biz kutgan natijalarni berishiga ishonamiz. Biz umid bilan yashayapmiz. Ushbu murojaatimizga tegishli tashkilotlar munosib javob yo‘llashlarini barcha darddoshlarim nomidan umid qilib qolaman.