Press "Enter" to skip to content

Tarbiya darsliklari

Негаки, бизнинг чин тарихимиз умумтуркийлар тарихидир. Ачинарлиси, мактаб дарсликлари совет даври педагогикаси методологиясида тўла воз кеча олгани йўқ. Ваҳоланки, бу методологиянинг бош мақсади миллийликдан бегоналаштириш эди. Миллий тарбияни шакллантириш ва таълимни миллийлаштириш биз, катта авлоддан фарзандларимизгаям “юққан” дурагай тафаккурни емиради, миллий онг шаклланишида етакчи омил бўлади. Болаларимиз қалбида қадим миллатимиз тарихига фахр-ифтихор уйғотади.

TA’LIM TIZIMI: muammo va yechimlar

Ma’rifatparvar olim Abdulla Avloniy bundan yuz yillar avval aytgan “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir” degan iborasi ayni kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Darhaqiqat, dunyo bilan bo‘ylashishimiz uchun yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Albatta, mustaqillikning ilk yillaridan boshlab yurtimizda ta’lim tizimini isloh etishga katta e’tibor qaratildi va bugungi kunga kelib sohada ma’lum yutuqlarga erishildi. Uzluksiz ta’lim tizimida, xususan, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’lim turlarida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Qo‘lga kiritilgan yutuqlar o‘zimizniki.

Ammo globallashuv davrida jahonda ilm-fan, texnika va texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotganini aslo ko‘zdan qochirib bo‘lmaydi. Bu esa o‘z navbatida ta’lim, ilm-fan oldiga yangi talablarni ko‘ndalang qo‘ymoqda. Ta’lim tizimini muntazam isloh etish, o‘qitishning zamonaviy usul va vositalarini takomillashtirish, ta’lim mazmunini boyitib borish, demak, bugungi kunning ham dolzarb talabi bo‘lib qolaveradi.

Bugun amaldagi ta’lim tizimimiz zamonaviy, rivojlangan davlatlardagi kabi globallashuv talablariga javob bera olayaptimi? Ta’lim tizimida yechimini kutayotgan qanday muammolar bor? Kadrlar tayyorlash milliy tizimining globallashuv jarayonida bozor talablariga to‘liq javob bermasligi, ta’lim tizimida o‘quv jarayonining moddiy-texnika va axborot bazasi takomiliga yetkazilmaganligi, yuksak malakali pedagog kadrlarning yetishmasligi, hozirgi zamon talablariga mos o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlar kamligi, fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro aloqaning zaifligi tizimdagi kamchiliklardan hisoblanadi.

Bugungi kunda o‘quv muassasalarini bitirib chiqayotgan o‘quvchi va talabalarda mustaqil fikrlash layoqati to‘la rivojlangan, deb bo‘lmaydi. Ularda ilm-fan yutuqlariga, amaliyotga tayangan yechimlar qabul qilish uchun malaka va bilim yetarli emas. Shu bois maktab, kollej va akademik litseylarni bitirgan yoshlarimizning ko‘pchiligi mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topa olmayapti. Sir emas, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining taxminan 10 foizigina oliy o‘quv yurtlariga birinchi yili o‘qishga kirmoqda, xolos.

Shu bois qo‘shimcha ta’lim — repetitor xizmatiga katta ehtiyoj mavjud.

Ta’lim muassasalari o‘quv jarayonini tashkil etishda yetarlicha mustaqillikka ega emas, ular mehnat bozorining o‘zgaruvchan sharoitlariga yaxshi moslashmagan. Ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish tashkilotlarining malakali kadrlarni tayyorlash, ish bilan ta’minlash jarayonidagi hamkorligi qoniqarli deb bo‘lmaydi. Davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish ishlari ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish tashkilotlari, ish beruvchilar bilan birgalikda keng muhokama qilinmaydi. Tizimdagi o‘qituvchi-pedagoglar katta qismining bilim va kasbiy salohiyati pastligi jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda, malakali, bilimdon, bozor talablariga mos pedagog kadrlarga ehtiyoj katta.

Ta’lim va ishlab chiqarish sohalarining samarali hamkorligini ta’minlash, tayyorlanayotgan kadrlarning bilimi sifatiga nisbatan korxonalar va tashkilotlarning buyurtmalarini shakllantirish mexanizmlarini ishlab chiqish ham dolzarb masala sanaladi. Uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga byudjetdan tashqari mablag‘lar, shu jumladan, chet el investitsiyalarini jalb etish mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish lozim. Kadrlar tayyorlash tizimini mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish talab etilmoqda.

O‘zbekiston sharoitida oliy ta’limda ta’lim sifatini ta’minlashga nazoratning «Davlat, jamoat tashkilotlari va kadrlar buyurtmachilari» nazorati va «Tashqi baholash» (DTM tomonidan) ishlari samarali faoliyat olib bormoqda, deya olmaymiz. Xususan, «Davlat, jamoat tashkilotlari va kadrlar buyurtmachilari» nazoratining aynan, jamoat tashkilotlari va kadrlar buyurtmachilari» qismi bo‘yicha faoliyati sezilarli darajada emas.

Ta’lim sifatini ta’minlash uchun oliy ta’lim muassasalari faoliyatini baholashda jamoatchilik va kadrlar buyurtmachilarining zamonaviy qarashlari va yondashuvlarini yanada takomillashtirishni talab etadi. Yevropaning rivojlangan davlatlari ta’lim tizimida qabul qilingan «Jamoatchilik va kadrlar buyurtmachilari» tamoyillaridan keng foydalanish ham yaxshi samara beradi.

Xalqaro standartlar, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini inobatga olgan holda, o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, o‘qitish uslubiyatini muntazam takomillashtirish, ta’limning barcha bosqichlarida tabiiy-ilmiy va muhandislik fanlarini o‘qitishning amaliy tizimini joriy etish, o‘qitishning barcha bosqichlarida xorijiy tillarni o‘rganishni kengaytirish lozim. Shu bilan birga, pedagog va olimlarning xalqaro mehnat bozori sharoitlariga moslashishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

Oliy o‘quv yurtlarida kadrlar tayyorlash, ta’lim tizimini isloh qilishning jahonda tan olingan, tajribada isbotlangan 4 ta modeli mavjud. Bular AQSh, Frantsiya, Germaniya va Yaponiya modellaridir. Ular, garchi, umumiy qoida va yo‘nalishlar bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lsa-da, lekin ushbu mamlakatlarning hozirgi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy holati, milliy xususiyatlari hamda fuqarolarning yashash sharoitidan kelib chiqib, farq qiladi.

Osiyo, Yevropa va AQShning rivojlangan mamlakatlar safidan o‘rin olishida ushbu mamlakatlar universitetlarida zamonaviy ilm-fan, texnika, texnologiyalar yutuqlarining qo‘llanishi asosiy rol o‘ynagan. Ularning fan, texnika-texnologiyalar sohasida boshqa davlatlardan tezda o‘zib ketganligining sababi shundaki, avvalo, ushbu mamlakatlarda erkin va ijodiy fikr qadrlanadi. Har bir insonga noyob iste’dod egasi deb qaraladi.

Globallashuv jarayonida mamlakatimiz barqaror taraqqiyotini ta’minlashda ilm-fan, yangi texnika-texnologiyalar rivoji muhim rol o‘ynaydi. Quvonarlisi shuki, mamlakatimiz rahbariyati ushbu sohalarga katta e’tibor qaratmoqda.

Kelgusida ham rivojlangan mamlakatlar tajribalari chuqur o‘rganilib, mamlakatimizga xos xususiyatlar, qadriyatlar, sharoitlar inobatga olingan holda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan modernizatsiya qilishimiz lozim. Hozir oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan malaka oshirish, chet el professorlarini O‘zbekistonga olib kelib ma’ruza o‘qitish, bakalavr va magistr dasturlarini rivojlangan mamlakatlardagi o‘quv dasturlariga yaqinlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ularning darsliklari, o‘quv standartlari tajriba sifatida qo‘llanilmoqda. Bu albatta, yaxshi tashabbus va shu sohadagi ishlarni yanada rivojlantirishimiz lozim. Oliy ta’lim muassasalarida ta’limni rivojlantirish, ta’lim sifatini ta’minlash va nazorat qilish borasida xorijiy mamlakatlar (Yaponiya, Germaniya, Angliya, Frantsiya, Shvetsiya, AQSh)ning tajribalari O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi holatlar bilan qiyosiy tahlil qilinishi lozim. Bu o‘rinda ilg‘or mamlakatlarning oliy o‘quv dargohlari bilan xalqaro ilmiy-pedagogik aloqalarni rivojlantirish, xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etish, xalqaro loyiha va dasturlarda qatnashish uchun buyurtmalar berish, mamlakat ilm-fanining xalqaro ilmiy hamjamiyatga qo‘shilishini faollashtirish maqsadida olimlar va pedagoglar bilan o‘zaro fikr almashinuv jarayonini kuchaytirish lozim.

Ko‘plab mamlakatlarning universitetlarida xalqaro dasturlar, grantlar sohibi sifatida taklif bilan qatnashib, ma’ruzalar qilganman. Chet ellardagi ko‘plab iste’dodli o‘zbek yosh olimlarini taniyman. Ular bugungi kunda Osiyo, Yevropa, AQSh universitetlarida magistraturani tugatib, ilmiy ishlarini davom ettirib, fan doktorlari bo‘lib, o‘sha mamlakat universitetlarida, ilmiy-tekshirish institutlarida samarali faoliyat ko‘rsatishmoqda. O‘zbekistonning salohiyatini jahonga tanishtirishmoqda. Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi. 2016 yili Olmatada qishloq xo‘jaligi muammolariga bag‘ishlangan Xalqaro konferentsiyada ma’ruzam bilan qatnashgandim. Konferentsiyada ushbu sohada rivojlangan xorij mamlakatlari universitetlarida, ilmiy markazlarida samarali faoliyat qilayotgan o‘nlab yosh olimlarimiz bilan tanishdim. Birgina Vashingtondagi Xalqaro oziq-ovqat ilmiy tekshirish instituti (IFPRI)dan kelgan uch nafar yosh fan doktori mazmunli ma’ruzalar qilishdi va konferentsiya raisligini ham olib borishdi.

Germaniya universitetlarida ko‘p marta bo‘lganman va o‘zbek yosh olimlari, yigitlari bilan uchrashganman. Bu yerda ham iqtidorli yoshlarimiz universitet va ilmiy markazlarda samarali faoliyat yuritishmoqda.

Yaponiya hukumati granti asosida Kioto universitetida ikki oy davomida ilmiy safarda bo‘lganimda Tokio, Kioto universitetlarida yoshlarimizning ilm-fanning turli sohalarida ilmiy ish olib borishayotganiga guvoh bo‘ldim. Bularni ko‘rib quvonmasdan bo‘ladimi?

AQSh, Yevropa mamlakatlari keyingi yillarda universitetlariga, ilmiy markazlariga jahonning barcha mamlakatlaridan talantli yosh olimlarni turli grantlar va dasturlar asosida taklif qilib, ularning ilmiy salohiyatidan foydalanib, o‘z mamlakatlari taraqqiyotini ta’minlamoqda. Oxirgi yillarda Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya ham turli dastur va grantlar bilan jahondagi rivojlanayotgan mamlakatlardan iste’dodli yoshlarni chaqirib olishmoqda. Bular safida o‘zbekistonlik yoshlar ham bor. Ayni kunda biz ham rivojlangan mamlakatlar universitetlarida va ilmiy-tekshirish muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik iste’dodli yoshlarni mamlakatimizga taklif qilsak yaxshi bo‘lardi. Ular o‘z Vataniga kelib, mamlakatimizda ilm-fan, yangi texnika, texnologiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligiga va boshqa sohalar rivojiga hissa qo‘shadigan vaqti keldi. O‘ylaymanki, ushbu sa’y-harakatlar jonajon O‘zbekistonimizning juda ko‘p sohalarda jadallik bilan olg‘a siljishiga, pirovardida, yurtimiz ravnaqiga va xalqimiz farovonligiga olib keladi.

Rashid QULMATOV,

kimyo fanlari doktori,

O‘zMU professori

Tarbiya darsliklari

Болаларга тарбиясиз тарбия бермайлик.

(1-мақола)

Бугун баъзи мамлакатлар ўз миллий қиёфасини сақлаб қолиш ва ҳатто тиклаш ҳаракатида. Масалан, Қозоғистон «Рухани жаңғыру» («Маънавий янгиланиш») дастурини ишлаб чиқди. Фан, таълим, маданият, санъат ва тилни миллийлаштиришга қаратилган бу лойиҳа аллақачон самара ҳам бера бошлади.

Хўш, биздаям шундай дастурга зарурат борми? Бўлса, улар нималарни ўз ичига олиши керак? Умуммиллий тараққиётимизда мафкуранинг ўрни қандай ўзи? Зиёлилар, раҳбарлар, оддий одамлар учун миллий мафкура нимани англатади? Мамлакатимизда миллий мафкура шакллантириш ва тарғиб этиш сиёсати мавжудми.
Мулоҳазаларимиз шу ҳақда.

Бу саволлар моҳият эътибори билан 130 йил қарамликда бўлган миллий тафаккуримизни “қутқаришда” муҳим аҳамият касб этади. Кечаётган 30 йилга яқин вақт ичида жамият “сийрати” ўзгариши қийин кечди. Бу бир томондан ўтиш давридаги маҳдудлик билан баҳоланса, иккинчи томондан, давлатнинг ўзи жамиятнинг миллийлашувидан чўчиди, уни кескин назоратда ушлаб турди.

Бугунги Ўзбекистон ҳукумати ҳаракатлари эса бу борада қозиликни эмас, мазкур ижтимоий жараёнга рағбатни назарда тутади. Зотан, жамиятни ҳукумат истак-хоҳишига қараб эмас, балки миллий анъаналар ва тарихий ўзликка мос тарзда модернизациялаш давлат миллий қиёфасини шакллантиришда муҳим роль ўйнайди.

Бу борада биринчи навбатда таълим-тарбия масаласига эътибор қаратмасак бўлмайди. Мактабгача таълим тизимида ҳозиргича миллий методика йўқ. Бу аввало, тизимни, боғчаларимиздаги тарбияни тамомила миллийлаштириш керак, деганидир. Фарзандларимиз боғчада халқ эртаклари, достонларимиз қаҳрамонлари жасоратлари ва халқ оғзаки ижоди намуналари, миллий мусиқа ва қўшиқларимиз жозибасидан баҳраманд бўлиб улғайса, ўзбекча салом-алик, муомала маданиятини ўрганса, ўйлаймизки, бизни бугун қийнаётган муаммоларга ўрин қолмайди.

Қолаверса, “оила инқирози” хатарга айланаётган бугунги замонда давлат бу ишни қўлига олиши муҳим. Акс ҳолда, бугун телефонидан бош кўтармай, мурғак болага “сволоч” деб ўшқирадиган боғча опадан фарзандимиз нимани ўрганади?!

Японларни қаранг. Уларда бошланғич таълимда ўқиш билан бирдек миллий тарбия масаласига ҳам жиддий эътибор қаратилади. Яъни япон болалари овқатланиш маданияти, кийиниш ва саломлашишу миллий тил ва қадриятларга ҳурмат кўникмасини мурғаклигидаёқ онгига сингдиради. Буни давлат ўз зиммасига олган. Шунинг учун ҳам японлар миллий жиҳатдан беқиёс бир миллат.

Халқ таълими тизимида ҳам мактаблар дастурини тўлиқ қайта кўриб чиқиш, бу борада махсус ҳукумат комиссияси ташкил этиш муҳимдир. Дарсликлар савияси, сифати ва мазмун-моҳияти кескин ислоҳга муҳтож. Айниқса, болаларимизга ўқитилаётган тарих, она тили ва адабиёт китоблари мундарижаси ва дарс соатларини ўйлаб кўриш, хусусан, адабиёт дарсликларини қадимги туркий халқлар оғзаки ижоди ва фольклори, ёзма адабиёти намуналари билан янада бойитиш, туркий халқлар тарихини, тилини изчил ўргатиш лозим.

Негаки, бизнинг чин тарихимиз умумтуркийлар тарихидир. Ачинарлиси, мактаб дарсликлари совет даври педагогикаси методологиясида тўла воз кеча олгани йўқ. Ваҳоланки, бу методологиянинг бош мақсади миллийликдан бегоналаштириш эди. Миллий тарбияни шакллантириш ва таълимни миллийлаштириш биз, катта авлоддан фарзандларимизгаям “юққан” дурагай тафаккурни емиради, миллий онг шаклланишида етакчи омил бўлади. Болаларимиз қалбида қадим миллатимиз тарихига фахр-ифтихор уйғотади.

Манба: Platforma.uz