Bolalar o‘rtasida kitobxonlik muammolari: Sabablar va takliflar
Bolalar kitobxonligini shakllantirishda maktab hamda ota-onalar zimmasiga nihoyatda murakkab va mas’uliyatli vazifa yuklanadi. Buning uchun ota-onalarning o’zi ham yuksak didga ega va ma’rifatli va bilimli bo’lishlari kerak. Ma’lumki, bola kitob o’qishni bilgan taqsirdagina, kitob uning ma’naviy hayotida muhim rol o’ynaydi. Kitob bolaning ma’naviy boyishi uchun uni ma’naviy, aqliy, estetik o’sishga yo’llashi zarur. Buning uchun dastlabki turtki oilada bolaga o’qib berilgan birinchi kitob bo’lsa, ikkinchisi, bola otasi va onasining o’qishini eshitib, badiiy obrazlar go’zalligini tasavvur qilishi, kitob bilan ana shu birinchi va ikkinchi uchrashuv bolaning keyingi o’smirlik davrida uning ma’naviy hayotining barcha sohalari: mehnat, o’yin, musiqa, bolalar ijodi bilan bog’liq bo’lib, uni hayotining hamma tomonlarini qamrab olishi zarur. Chunki, o’smir hayotini ijodiy mehnat, ertaklar olami, fantaziyalar, o’yin va musiqasiz tasavvur etish qiyin. Bularning barchasini kitobxonlik ham qamrab olsa, uning hayoti mazmunsiz, voqea-hodisalarning tub mohiyatini anglab olishga harakat qiladigan, turmush ziddiyatlarini tushunadigan aql-zakovatli ma’nan barkamol shaxs bo’lib yetishishiga yordam beradi. Ana shunday aql-zakovatni shakllantiruvchi, inson cha’naviy dunyosini boyituvchi vosita – bu kitob, kitobxonlikdir.
Kitobxonlarda o‘qish madaniyatini tarbiyalashning maqsad va vazifalari
Jamiyatimizda kitobxonlik masalasiga yondoshuv turli davrlarda turlicha bo‘lgan. Har bir davrning o‘z extiyojidan kelib chiqib, kitobxonlik darajasi belgilangan. Binobarin, har qanday davlatning kuch-qudrati o‘z fuqarolarining ongliligi bilan belgilanar ekan, bunda albatta kitobxonlik masalasiga alohida e’tibor berilgan. Bugungi kunda “Mutolaa madaniyati”, “Kitobxonlik madaniyati”, “O‘qish madaniyati” kabi atamalar bilan qo’llanilib kelayotgan ijtimoiy hodisalar axborot olish madaniyatining tarkibiy qismlaridir.
“Mutolaa” so’zi arabcha “o’qish” degan ma’noga ega bo’lsa-da, bugungi kunda u kitob o’qishdan ko’ra kengroq tushunchani anglatmoqda. A. Umarov fikricha: “Mutolaa” madaniyati ijtimoiy guruhlar, uyushmalar va alohida individlarning umumiy ma’lumot olishga yo’naltirilgan jarayon, xulq-atvor va faoliyatlari mazmuni hamda tarkibiy tizimlarida yuz beruvchi o’zgarishlar majmuini ifodalovchi bilimlar, me’yorlar, ijtimoiy hodisalar va boshqa atributlardir. Ayni chog’da mutolaa madaniyatini ta’lim tizimlari orqali maxsus shakllantiradigan, ixtisoslashgan ma’lumotni inson hayoti davomida turli manbaalar – kitoblar (badiiy, ilmiy, o’quv, qomusiy), ommaviy axborot vositalari (gazeta, jurnal, televideniya, radio va shu kabilar), zamonaviy axborot texnologiyalari (internet, elektron gazeta, jurnal, qo’llanma va hokazolar), shuningdek, subyekt bilan bevosita muloqotga kirishuvchi shaxslar (oila a’zolari. ) orqali ega bo’linadigan turli yo’nalish va shakldagi umumiy ma’lumotdan farqlash lozim bo’ladi» 2 . Professor E.I.Yo’ldoshev «O’qish madaniyati» tushunchasiga shunday ta’rif beradi: «O‘qish madaniyati – juda keng qamrovli tushuncha bo’lib, kitobga qiziqish va uni sevish, adabiyot bilan kengroq tanishishni, kitob va u bilan ishlash haqidagi maxsus bilimlarga ega bo’lishni, shuningdek, kitobdan to’la ravishda foydalanishga yordam beruvchi ko’nikma va malakaga ega bo’lishni taqozo etadi»
Jumladan, axborot olish madaniyati badiiy adabiyotni to’g’ri tushunish, undan estetik zavq olish, shuningdek, ilmiy adabiyotlar, barcha turdagi resurslar bilan ishlash, ma’lumot-bibliografiya va barcha turdagi axborot materiallaridan o’zini qiziqtirgan ma’lumotlarni qidirib topish, cheksiz axborot okimlari orasidan kerakli, muhim bo’lgan ma’lumotlarni ola bilish, o’z kasbiy malakalarini oshirishda foydalanish, axborot-kutubxona muassasasidan to’g’ri foydalanish yo’llarini o’rganish ham axborot olish madaniyati tushunchasi doirasiga kiradi. Axborot olish madaniyatini to’liq egallagan shaxsga nisbatan esa kitobxon terminini qo’llash o’rinlidir.
Safo Matchon: «Kitobxonlik – o’qilgan kitoblar soni bilan belgilanmaydi, balki u tushunib o’qish, ya’ni maqsadli o’qishdir. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kitobxonning yozuvchi aytmoqchi bo’lgan fikrini nechog’li uqishini, ya’ni asar «tili»ga tushunishi kitobxonlik madaniyati, talanti darajasi ko’rsatadi. Shu tufayli adabiyotimiz talantli yozuvchilar bilan birga talantli kitobxonlarga ham hamisha ehtiyoj sezadi». Uning fikricha kitobxonlik talanti tug’ma emas, balki tarbiya vositasida kamol topadi. Kitobxonlik haqida gap ketganda, olmon mutafakkiri Gyotening quyidagi fikrini keltirish joizdir: «Kitobxonlikka o’rganish uchun qanchalik ko’p vaqt sarf qilinishini odamlar tasavvur qilmaydilar, buning uchun men hayotimning 80 yilini bag’ishladim, lekin hali ham o’rgandim, deb ayta olmayman». Professor V.F.Asmus o’zining «Kitobxonlik – mehnat va ijod» nomli maqolasida esa kitobxonlikka shunday ta’rif beradi: «Mutolaa vaqtida asar bir ko’zadan ikkinchi ko’zaga kuyilgan suv kabi kitobxon miyasiga quyilib qolmay, balki ijodkor kitobxon tomonidan qayta idrok etiladi». «Taraqqiy etgan хorijiy mamlakatlarda,- deb yozadi H.To’xtaboуev,- kitobxonlik fan darajasiga ko’tarilgan. Kitobxonlik kitobni targ’ib qilishgina emas, balki kitob o’qishni, o’qiladigan kitobni tanlay olishni, mag’zini chaqishni, ya’ni kitob yordamida o’zini anglashni o’rgatish hamdir».
«Axborot olish madaniyati» kontekstida uning tarbiyaga muhtoj elementlarini aniqlaymiz:
O’qishga, axborot olishga mayl, havas, ishtiyokni shakllantirish;
O’qilgan kitob orqali fikrlash yo’llarini o’rgatish;
Mavjud kitobxonlik malakalarini takomillashtirish.
Ta’lim o’qitish, o’qish, rivojlanish mujassam amalga oshiriladigan jarayondir. Axborot olish madaniyatini tarbiyalash ta’lim jarayonida amalga oshadi. Egallagan bilimlar o’quvchilarni izchil shakllantirib borishni ta’minlaydi.
Ta’lim jarayonining mazmunini tashkil qiluvchi bilim, ko’nikma va malakalar faqatgina sinfda o’qitiladigan darslarda shakllanib kolmasdan, balki sinfdan tashkari, anikrogi axborot-kutubxona muassasalarida mustaqil tarzda shugullanish orqali egallanadi.
Axborot-kutubxonachilik ishidagi mavjud tajriba shuni ko’rsatadiki, axborot olish madaniyatini tarbiyalashning eng samarali vositasi – axborot- kutubxonachilik bilimlarining o’quvchilar orasida targ’ib qilishdir. Buning eng samarali yo’llaridan biri bo’lib axborot-kutubxonachilik darslarini tashkil etish hisoblanadi.
Axborot olish, u bilan ishlashning asosiy usullari haqida ma’lumot berish axborot-kutubxonachilik darslarining negizini tashkil etadi. Ushbu darslarda axborot bilan ishlash, kitob bilan tanishish, kitobni bevosita o’qish, eng muhimi, uni uqish, o’rganish malakalari singdirib borilishi kerak. Shuningdek, elektron kutubxonadan foydalanish, elektron kataloglar, ma’lumotlar bazalari haqida axborotga ega bo’lish, ulardan foydalanishni o’rganish kabilar kiradi. Bu esa o’z-o’zidan amalga oshadigan, jo’n narsa emas, albatta. Buning uchun axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislaridan juda keng bilim, mahorat talab qilinadi. Axborot-kutubxonachilik darslarini qay tarzda tashkil etish mumkin, degan savolga ham javob berib o’tish lozim. Tajriba shuni ko’rsatadiki, axborot-kutubxonachilik darslarini o’tkazish uchun sinfdan tashqari darslar va tarbiyaviy soatlardan alohida soatlar ajratib olish mumkin. Dars jadvali tuzishda asosan sinflar soni, nazariy va amaliy dars soatlari, o’qituvchi va kutubxonachi o’tkazadigan soatlar, darsni o’tkazish joyini, ya’ni sinfda yoki axborot-kutubxona muassasasida o’tkazilishini aniqab olish zarur.
Ayni paytda bir necha tashkiliy masalalarni ham hal etish zarur. Chunonchi, ko’pgina o’qituvchilar dars berish uslubiyotini yaxshi egallagan bo’lsalar-da, axborot- kutubxonachilik sohasida yetarli bilim va malakaga ega bo’lmaydilar. Kutubxonachilar esa aksincha. Shu sababli ham o’qituvchilarga axborot-kutubxonachilik sohasidan ma’ruzalar o’qib, ularni axborot-kutubxonalar faoliyati bilan tanishtirish, kutubxonachilarga esa dars o’tish qoidalari, uslubiyotini o’rgatish muhimdir. Bizningcha, hozirgi kun talablaridan kelib chiqqan holda o’quvchilarda axborot olish madaniyatini tarbiyalashning o’ta muhimligini hisobga olib axborot-kutubxonachilik darslarini ommalashtirish, yo’lga qo’yish zarur. Avvalo, buning uchun masalaning tashkiliy jihatini hal etish, ya’ni axborot-kutubxonachilik darslarini yo’lga qo’yish yuzasidan qaror qabul qilish, shu qarorga asosan umumiy o’rta ta’lim muassasalari va axborot-kutubxona muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish, axborot-kutubxonachilik darslarini tashkil etish va o’tkazishning aniq shakllarini ishlab chikish zarur.
Axborot-kutubxona muassasasida o’quvchilar axborot olish madaniyatini tarbiyalash masalasini hal qilish faqat ta’lim-tarbiya jarayoniga aloqador bo’lmasdan, balki jamiyatning ijtimoiy rivojlanishi, ma’naviy yuksalishi bilan bog’liq, davlatning strategik maqsadlariga xizmat qiluvchi faoliyatiga ham daxldordir. Shu sababli ham mazkur muammo ijtimoiy hayotning boshqa sohalari bilan kompleks o’rganishni taqozo qiladi. Binobarin, tadqiqot natijalari ko’rsatganidek, kutubxonada o’quvchilar axborot olish madaniyatini tarbiyalash masalasi pedagogika, psixologiya, falsafa, adabiyotshunoslik, sosiologiya kabi kator fanlar erishgan yutuqlarga tayangan holdagina hal etilishi mumkin.
Axborot-kutubxona muassasasida axborot olish madaniyatini tarbiyalash masalasi borasida quyidagi xulosalarni keltirish mumkin:
Axborot olish madaniyatini tarbiyalash masalasi ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, umummilliy muammo hisoblanadi. Bu ma’lum davr bilan chegaralanadigan hodisa bo’lmasdan, inson umr bo’yi o’rganadigan ma’naviy ehtiyojdir.
Axborot olish madaniyatini tarbiyalaydigan asosiy maskan – axborot-kutubxona muassasalaridir. Axborot-kutubxona muassasalari o’z imkoniyatlari bilan nafaqat maktab dasturlarining, Davlat ta’lim standartlarining bajarilishida, balki mustaqil ta’lim olish sari yo’llaydi.
Axborot olish madaniyatini tarbiyalashda maktab-oila-kutubxona hamkorligini yo’lga qo’yish muhim ahamiyatga ega. Axborot-kutubxona muassasalarining axborot olish madaniyatini tarbiyalashdagi asosiy vazifalarni belgilash zarur.
Axborot-kutubxona muassasalarda axborot olish madaniyatini tarbiyalashning pedagogik-psixologik asoslarini o’rganmasdan turib, haqiqiy kitobxonni kamol toptirish mumkin emas. Xususan, Axborot-kutubxona muassasalarda foydalanuvchilarning yosh xususiyatlari, tipologik jihatlari, ularning psixologik tayyorgarligi, ayniqsa, ulardagi fiziologik o’zgarishlar albatta hisobga olinishi zarur.
Axborot-kutubxona muassasalarida o’quvchilar axborot olish madaniyatini tarbiyalashda quyidagi asosiy yo’nalishlarga jiddiy e’tibor qaratilishi lozim:
kitobxonnning oilaviy sharoiti, oilada Axborot-kutubxona muassasasining bor-yo’qligi, bolaning yosh xususiyatlari va psixologik tayyorgarlik darajasini o’rganish;
umumta’lim muassasasi dasturidagi fanlarni hisobga olish, bolaning qiziqishlari doirasini aniqpash hamda shunga muvofiq tarzda yakka va ommaviy rahbarlik yo’l-yo’riqlarini ishlab chiqish;
o’quvchida o’z ustida mustaqil ishlash ko’nikmalarini shakllantirib borish, axborot olish malakalarini shakllantirish;
o’quvchining yosh xususiyatlari va psixologik imkoniyatlarini hisobga olgan holda turli-tuman ommaviy shakllardan samarali foydalana olish, mavjud sharoitdan kelib chiqib yangi shakllarni izlab topish va amalda qo’llash mahoratiga ega bo’lish;
o’quvchilarni axborot olishga bo’lgan qiziqishini shakllantirish, ularni Axborot-kutubxona muassasalariga, mutolaaga kengroq jalb qilish;
o’quvchilar o’rtasida axborot-kutubxonachilik bilimlarini keng targ’ib qilish.
Axborot olish madaniyatini tarbiyalashning asosiy mas’uliyati kutubxonachilar zimmasiga tushadi. Bu jarayon esa mutaxassislardan juda katta pedagogik mahoratni, professional bilimni, eng muhimi, o’z kasbiga bo’lgan fidoyilikni talab etadi. Bu asosan kutubxonachi kadrlar tayyorlash jarayonida shakllanadi. Shu sababli ham kutubxonachi kadrlarga bo’lgan talabni kuchaytirishga, ta’lim sifatini oshirish zarur.
Mashhur fransuz faylasufi Frans Bekon “Kitoblar tafakkur durdonalarini avloddan avlodga eltuvchi aql kemalaridir” deb bejiz aytmagan. Zero, kitob aqlni charhlaydigan, aql bulog’ini ochadigan va uni ilhomlantiradigan buyuk mo”jizadir.
Kitobning inson hayoti, kishilik jamiyati ma’naviy taraqqiyotidagi beqiyos o’rni qadimdan ma’lum. U dunyoni tanish, bilim berish bilan birga go’zallikka muhabbat uyg’otish, undan zavqlanish, yovuzlikdan nafratlanish tuyg’usini paydo qiladi.
Bolalar kitobxonligini shakllantirishda maktab hamda ota-onalar zimmasiga nihoyatda murakkab va mas’uliyatli vazifa yuklanadi. Buning uchun ota-onalarning o’zi ham yuksak didga ega va ma’rifatli va bilimli bo’lishlari kerak. Ma’lumki, bola kitob o’qishni bilgan taqsirdagina, kitob uning ma’naviy hayotida muhim rol o’ynaydi. Kitob bolaning ma’naviy boyishi uchun uni ma’naviy, aqliy, estetik o’sishga yo’llashi zarur. Buning uchun dastlabki turtki oilada bolaga o’qib berilgan birinchi kitob bo’lsa, ikkinchisi, bola otasi va onasining o’qishini eshitib, badiiy obrazlar go’zalligini tasavvur qilishi, kitob bilan ana shu birinchi va ikkinchi uchrashuv bolaning keyingi o’smirlik davrida uning ma’naviy hayotining barcha sohalari: mehnat, o’yin, musiqa, bolalar ijodi bilan bog’liq bo’lib, uni hayotining hamma tomonlarini qamrab olishi zarur. Chunki, o’smir hayotini ijodiy mehnat, ertaklar olami, fantaziyalar, o’yin va musiqasiz tasavvur etish qiyin. Bularning barchasini kitobxonlik ham qamrab olsa, uning hayoti mazmunsiz, voqea-hodisalarning tub mohiyatini anglab olishga harakat qiladigan, turmush ziddiyatlarini tushunadigan aql-zakovatli ma’nan barkamol shaxs bo’lib yetishishiga yordam beradi. Ana shunday aql-zakovatni shakllantiruvchi, inson cha’naviy dunyosini boyituvchi vosita – bu kitob, kitobxonlikdir.
Kitobxonlik – bu insonning o’z ustida ishlashi, faoliyatini ma’lum yo‘nalishga burib yuborish, ongida ma’lum tuyg’ularni, e’tiqod va dunyoqarashni hosil qilish, uni o’ylashga, hayotda qanday yashashga o’rgatish, fikr yuritish, yozuvchining insonparvarlik, axloqiy, estetik, badiiy, fuqarolik nuqtai nazarini bilib olish, uning ma’naviy o’gitlarini ilg’ab olish va bular asosida o’z hayot yo’li dasturini belgilash, yozuvchi bilan munozaraga kirishish, har bir o’qigan kitobidan yangilik topish, ma’naviy dunyosini boyitishdan iboratdir.
Haqiqatan ham kitobxonlik insonni barkamollikka yo’llasa, uni o’qimaslik johillikka, ma’rifatsizlikka olib kelib, natijada ma’naviy bolada qashshoqlik yuzaga keladi. Maktabda, oilada muhim vazifa – kitobxonlikni inson hayotida zaruriyatga aylantirishdan iborat. Agar kitobxonlik zaruriyatga aylanmasa, oilada ham, maktabda ham unga mehr-muhabbat, e’tibor kuchaytirilmasa farzandni kitobga bo’lgan munosabatini o’zgartirish mumkin emas.
Oila kitobxonligi bu – oila a’zolarining aql-zakovati va yuksak ma’naviyatini shakllantiruvchi, inson ma’naviy dunyosini boyituvchi, kitobga mehr-muhabbat hamda uni zaruriyatga aylantirishning ma’lum tizimidir. Bu tizim o’smirlarning aqliy, ma’naviy, axloqiy, estetik rivojlanishi tizimidan iborat bo’lib, o’zbek oilalarining kitobxonlikka doir boy an’anasi va hozirgi davrda to’plangan boy tajribasiga asoslanadi.
O‘zbek oilasi bugun eski totalitar jamiyat mafkurasi singdirilgan kitoblardan voz kechmoqda. Yangi mazmun va mohiyatga ega bo’lgan kitoblar tanlanmoqda. Bu jarayonda kitobxonlik pasayganday ko’rinsa ham, aslida u sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarilmoqda.
O‘smirlar ma’naviyati rivojlanib boruvchi faol jarayon. Shu sababli ota-ona kitobdan foydalanishda quyidagi omillarga e’tibor berishlari lozim:
1. O’smirlarda kitob o’qish ishtiyoqinishakllantirish. Nihoyatda murakkab bo’lgan. Bu masala o’smirlarning kitobxonlikka bo’lgan munosabatini belgilaydi. Tan olish kerak, o’smirlarning bugungi kitobxonlik darajasi qoniqarli emas. Bu ijtimoiy muammodan chiqib ketishning yagona yo’li ota-onaning yordamga kelishidir. Maktabda o’qituvchi, uyda ota-ona bolada kitob o’qish ko’nikmasini hosil qilishi kerak. Bunda oddiydan murakkablikka, ya’ni murakkabligi jihatidan normal, bolaning kamolot darajasiga mos bo’lgan kitoblar tanlash qo’l keladi.
2. Kitob tanlashda o’smirning ma’naviy darajasini hisobga olish lozim. Ota-onaning o’smirda kitob o’qish ko’nikmasini hosil qilishdagi ilk vazifasi kitob tanlashda yordam berishdir. Ularning saviyasiga mos bo’lgan adabiyotlarni keng targ’ib qilish o’smirlarni jamiyatning munosib fuqarosi, mustaqil davlatimizning yetuk, barkamol insonlari bo’lib etishishi uchun va ma’naviyatining yuksakligi bilan oilasiga va jamiyatga foyda keltirishga olib keladi. Buning uchun oilada kitobxonlik ruhi bo’lishi kerak. Kitob tanlashda o’smirning yosh xususiyatini hisobga olish o’smirning rasional o’sishiga olib kelsa, ma’naviy darajasini hisobga olish esa intellektual rivojlantiradi. Bu esa rasionallikdan ko’ra keng qamrovli va samaralidir. Oiladagi kitobxonlik ruhi bevosita bola ruhiyatiga ham ta’sir etadi, shu sababli, bunda birinchi galda badiiy adabiyotni, keyinchalik ixtisosliklar bo’yicha kitoblarni tavsiya etish mumkin.
3. Kitob tanlashga ixtisoslashish. O‘qituvchi, ota-ona o’smirni kitobxonga aylantirib borishida uni ixtisoslashtirib borish yo’lini tutishi kerak. Bu borada eski texnologiya – o’smir yuqori sinfga o’tganda ixtisoslashtirish kerak, degan fikrdan voz kechish lozim.
Aksincha, dastlabki (boshlangich) bosqichlardanoq o’smirning ma’naviy dunyosi, tarbiya muhiti, qiziqishi, dunyoqarashi va ruhiy xususiyatlari hisobga olinib, ixtisoslashtirilib borilishi kerak. Bu tajriba Amerika ta’lim tizimida o’zini oqlagan. Ularda bolani 12 yoshga qadar ixtisoslashtirishga harakat qilinadi va shunga qarab kitob tanlab beriladi. Bu dastlab mutaxassislarni cho’chitgan edi, lekin Amerika ta’lim tizimining keyingi 30 yillik tajribasi o’smirlarni boshlang’ich sinflardayoq ixtisoslashtirish samarali ekanligini isbotladi. Natija o’smirda mustakil fikrlash va harakat qilishga intilishning paydo bo’lishiga erishildi.
4. Kitobni ekspertizadan o’tkazish. Jamiyatimiz erkinlashib, demokratlashib borgan sari kitob nashr etish ishlarida ham erkinlik yuzaga kela boshladi. Tabiiyki, bu hol turli saviyadagi kitoblarning nashr etilishiga sabab bo’lmoqda. Shu ma’noda ota-ona bola uchun kitob tanlayotganida kitobning ma’no-mazmuni, uslubiy jihatdan mutaxassis ko’rigidan o’tkazib olishi maqsadga muvofiq. Bunday qilish tarbiyaning asosiy yo’nalishlaridan chalgimaslikka, o’smir ma’naviy dunyosining to’g’ri shakllanishiga va qo’yilgan maqsadga etishish uchun olib keladi. Bu tajriba o’zbek milliy pedagogikasi tajribasidan ham ma’lum. Ular talabga javob bermaydigan kitobni o’z farzandiga o’qishni qat’iy taqiqlagan. Bugun ham bu tarbiya jihati muhim sanaladi.
5. Kitob o’qishni kuzatib, nazorat qilib borish. Bugun ota-onalar tarbiya jarayonining natijasi bo’lgan kitobxonlik bilan ko’proqqiziqishi kerak. Shu ma’noda o’smirlar kitobxonligini monitoring kilib borish maqsadga etishning samarali jihatlaridan biridir.
Monitoring, kitobxonlik yuzasidan test sinovlari, kitobxonlik kechalari, muloqot, davra suhbatlari, turli mavzularda munozaralar, ilmiy-amaliy anjumanlar, suhbatlar, sosiologik-empirik tadqiqotlar va analitik tekshiruvlar vositasida amalga oshirilishi mumkin.
Ma’lumki, kitobxonni avvalo kitobda tasvirlangan voqelik qiziqtiradi. Asta-sekin bu kizikish uning hissiyotiga ta’sir etib, tasvirlangan voqelik bilan hayot voqeligini taqqoslay boshlaydi, tasvirlardagi go’zallikni anglay boshlaydi, qahramonlarning xarakteri haqida o’ylay boshlaydi, muallifning maqsadi bilan qiziqadi. Faqat bu borada biz kitob vositasida tarbiyalashning yangi usul va mexanizmlarini yaratishimiz lozim.
Ota-onalar bolalarga kitob tanlashda, ayniqsa, o’smirlarning yoshi, ruhiyati, qiziqishi, didini hisobga olishi yoki zarur hollarda mutaxassislar bilan maslahatlashishi kerak. Shu bilan birga bola o’qiyotgan har bir badiiy asarning tarbiyaviy jihatlariga ham e’tibor berish zarur.
Kitob tanlashda faqat o’zbek adabiyotigina emas, qardosh va chet el adabiyoti namunalaridan ham bolalarga tavsiya etish maqsadga muvofiq bo’ladi. Sh.Pero Orinyanning “Qizil shapkacha”, aka-uka Grimmlar, Mark Tven, Xans Xristian Andersen, Janni Rodari, Jonatan Svift, Rasul Gamzatov, Nodar Dumbadze, Chingiz Aytmatov, A.S.Pushkin asarlari, K.D.Ushinskiy, L.N.Tolstoy, S.Marshakning hikoyalari doimo bolalar uchun kiziqarli.
Oilalarda yana bir muhim muammo – kitobni asrash va uni o’zidan keyingi oila a’zolariga yoki boshqalarga yetkazishdir. Ko’pincha biz kuzatgan oilalarda kitob tanlash, uni o’qishga e’tibor beriladi-yu, lekin avaylab-asrashga, kitobga mehrni tarbiyalashga befarq qaraydilar. Kuzatishlar natijasida darsliklar, juda ko’p rangli bolalarbop kitoblar yirtilib, chizilib, axlat qutilariga tashlanganligining guvohi bo’ldik. Bolalarga “Kitob ham nondek aziz”ligini tushuntirishda kattalarning o’zi ibrat bo’lishi zarur. Ajdodlarimiz doimo kog’ozni uvol qilmanglar, uni avaylab-asranglar deb kelganlar. Bu an’anani yosh avlod ongiga singdirish bir tomondan bolalarda kitobni asrash eng muhim insoniy hislat sifatida shakllantirsa, ikkinchi tomondan hozirgi bozor iqtisodi sharotida kitob zahirasini yaratish muhim omil sanaladi. Ayniqsa, serfarzand oilalarda hox darslik bo’lsin, hox badiiy yoki ommaviy adabiyotlar bo’lsin, ular har bir xonadon a’zosiga o’zidan keyingi oila a’zolariga ham kerakligini tushuntirish asosiy vazifalardandir.
Hozirgi davrda televizor qisman kitob o’qishni siqib chiqarayotir, degan e’tirozlar ham paydo bo’lmoqda. Lekin televizorda biror ko’rsatuvni ko’rish uchun har bir inson tayyorlanadi, o’ziga qulay sharoit yaratadi. Teledasturlar qaysi ko’rsatuvni qachon ko’rishga o’rgatadi. Agar kitob o’qish uchun ham ota-onalar ana shunday sharoit yaratsa, televizor ko’rish va tanlab kitob o’qishni, qiziqib o’qishni o’rgatsa, ko’zlangan maqsadga erishish mumkin.
Kitobxonlikda eng muhimi oilada kitobga mehr uyg’otish, uni avaylab-asrashni tarkib toptirishdir. Faqat allomalargina emas, ko’plab oddiy insonlar ham kitobni asrab-avaylaydilar. Xalqimiz azaldan “Kitob har narsadan aziz, uni peshonaga surtish – o’pish savob”, deydi. Buyuk olimu adiblarimiz Oybek, G’afur G’ulom, Izzat Sulton, Mirzakalon Ismoiliy va boshkalarning uy muzeylariga ota-onalarning o’z farzandlari bilan sayohatlarida bu insonlar uchun kitobdan boshqa aziz narsa bo’lmaganligi, ular kitoblarni avaylab-asraganlari, juda ko’p o’qiganlari ma’lum bo’ladi. Zero, xalqimizning kitobni e’zozlab ardoqlagani, nam tegmaydigan tokchalarda asragani, bo’sh vaqtlarini kitob mutolaasi bilan o’tkazganlari kitobga nakadar mehr-muhabbat qo’yganlarning guvohidir.
Bularning barchasi o’smirlarda shaxsiy kutubxona tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki kitob yig’ishda uni ko’z-ko’z qilish emas, balki o’z oilasidagi farzandlari va ularning do’stlarini ham bahramand qilishga olib keladi.
Olimlarning fikricha, bir odam butun umri davomida 2000 ta kitob o’qiy olish imkoniyatiga ega ekan. O’smirlik yillarida bola o’qigan kitob unda bir umrga iz qoldirishi muhim. O’smir endi bolalik davridan o’tgan. U o’qigan kitobidan mamnun bo’lib, zavq bilan o’qishi zarur. U endi kitobni yozuvchining badiiy mahoratiga qoyil qolib, so’zning hissiy bo’yog’idan ta’sirlanib, uni idrok qilib o’qishga o’tadi. Shunday ekan, u o’ziga yoqib kolgan kitoblar bilan oilasining shaxsiy kutubxonasini boyita boradi yoki o’zi shaxsiy kutubxona tashkil etish tashabbuskori bo’ladi.
Shaxsiy kutubxona egalarining qiziqishlari turlicha bo’lishi mumkin: mamlakatlar tarixi, ajoyib kishilar hayoti, ilmiy-fantastika, sayohatlar to’g’risida kitoblar, tarixiy qissa va romanlar, poeziya, san’at sohalariga doir kitoblar shular jumlasidandir. Badiiy adabiyotlar tarkibida qayta-qayta o’qiladigan yoki sevimli yozuvchilar tanlangan asarlarining bo’lishi ham maqsadga muvofiqdir. Bir marta o’qiladigan kitobni ommaviy kutubxonalardan olib o’qigan ma’qul. Bolalar kutubxonasi uchun kitob tanlaganda, asosan, turli yoshdagi bolalarni hisobga olish kerak. Ular uchun turli millat yozuvchilarining ertak, sarguzasht, ilmiy-fantastik kitoblarni ham ko’paytirish darkor. Bu ularning tafakkuri rivojlanishiga katta zamin tayyorlaydi. Darhaqiqat, mashhur pedagoglardan biri ta’kidlaganidek: «Kitob mutolaasi bilan o’tgan hayot — fikrlar go’zalligi bilan oshno bo’lish, madaniy boylikdan huzur qilish, o’z-o’zini yuqori ko’tarishdir». Barkamol avlodni voyaga yetkazmoq uchun ularni kitob bilan oshno qilishimiz, kitobni mayoq qilib qo’llariga tutqazishimiz lozim. Qalb tarbiyasini esa, biz kattalar o’zimizdan boshlashimiz kerak. Har bir oilada kam sonda bo’lsada kitoblar bo’ladi. Aksariyat hollarda esa bir necha o’nlab, yuzlab, minglab kitoblar bilan oila kutubxonasi bo’lishi mumkin
Boladagi barcha tarbyaviy hislatlar dastlab oilada shakllanadi, demak kitobxonlik ham o’z oilasi a’zolari ko’magi va ta’sirida yuzaga keladi, rivojlanadi. Kitobxonlikning yaxshi yoki sust rivojlanishida oiladagi boshqa a’zolarning kitobga, o’qishga munosabati katta ta’sir ko’rsatadi. Ota-ona har bir ishda, jumladan kitobga munosabatva uni o’qishda ham bolalariga o’rnak bo’lishlari lozim. Oilada bola kitobxonligining faollashuvida shaxsiy kutubxonadagi kitoblarni birgalikda o’qish va ularni muhokama qilish; ota-onaning boladan har bir javob haqidagi shaxsiy tushuncha va fikrini so’rash, bu fikrni bildirish uchun bolaning kitob haqida mushohada yuritishni o’rganish (aniqrog’i o’rganish) muhimdir.
Kitobxon – o’quvchi oilada o’rgangan hayotni kitobdagi hayotiy voqealar bilan boyitib, hayot haqidagi tushunchalari, insoniy fazilatlar, yaxshilik, qadriyatlarni, avlodlari hayoti bilan faxrlanish, Vatanga muhabbat, do’stga sadoqat, hurmat, mehnatsevarlik, sabr-tokatlilik fazilatlari yuksalib boradi. Bu borada eng katta yordamchi badiiy adabiyotdir. Badiiy adabiyotda har qanday voqea-hodisa badiiy obrazlardan, ta’sirchan shaklda ifodalandiki, unda o’smir yoshdagi kitobxon ko’p fazilatlarni o’rganish, ma’nan boy shaxs bo’lib shakllanishi mumkin.
XIX asrda bolalar kitobxonligi: “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda oila va kutubxona hamkorligi” mavzusidagi konfrensiya materiallari
Bolalar o‘rtasida kitobxonlik muammolari: Sabablar va takliflar
Zamonaviy texnologiya va vositalar juda keng tarqalgan bugungi kunda yoshlarni, bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, ularni mutolaa jarayoniga jalb qilish murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda. Xo‘sh, butun mamlakat bo‘ylab kitob mutolaasiga rag‘batni oshirish, kitobxonlar safini yanada kengaytirish uchun yana qanday ishlar amalga oshirilishi kerak? Nima qilinsa yoshlar, bolalar kitob o‘qishga jon-jahdi bilan intiladi?
Buning uchun birinchi navbatga kitobga olib boradigan yo‘llar yaqin va oson bo‘lishi kerak. Siz ta’lim muassasalarida kutubxonalarning qayerda joylashganiga e’tibor berganmisiz? Odatda maktabning eng chetida, ko‘rimsiz, kimsa bormas bir burchagida bo‘ladi. Oshxona, o‘qituvchilar xonasi, sport zali, ul-bul mayda-chuyda sotiluvchi rastachalar maktabning kirish qismida, hammabop joyida. Aslida esa ular hatto maktabning orqasida, hovlining bir chetida bo‘lsa ham topib borishadi. Nima, kitob yegulik, jismoniy mashq yoki ruchka-qalamdek zarur narsa emasmi? Axir u tarbiya, mushohadakorlik, ma’naviy barkamollik manbai-ku.
Ikkinchidan, kutubxona xodimlariga nisbatan, kutubxonachilarning esa o‘z ishiga nisbatan munosabatini o‘zgartirish kerak. Yaqinda Do‘stlik tuman axborot resurs markazi tomonidan kitobxonlikka oid seminar-ko‘rgazma tashkil etildi. Unda barcha maktablardan vakillar, o‘quvchilar qatnashdi. Tadbirda qatnashar ekanman, qariyb barcha tashkiliy ishlar qanday qilib bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, bu bo‘yicha tajriba almashish va mavjud muammolarni hal etishga emas, balki “tepadan”, ya’ni yuqori tashkilotlardan keladigan tekshiruvchilarga qanday munosabatda bo‘lish, ular qanday hujjatlarni tekshirishi, ayni shu jihatdan kamchiliklarni qanday bartaraf etishga qaratilganiga amin bo‘ldim. Bir gap bilan aytganda, bolaning emas, komissiyaning ko‘nglini olish, ularga yomon ko‘rinmaslikka qaratilgan bor e’tibor. Ushbu tadbirda viloyat ARM rahbari jurnalist ekanimni eshitib, mendan bir masalani ko‘tarib chiqishni takror va takror iltimos qildi. Uning aytishicha, mahalliy hokimiyatlar, sohaning yuqori tuzilmalari rahbarlari kutubxonachilarni bekorchi deb o‘ylashadi. Qishloq xo‘jaligi, obodonlashtirish va hokazo ishlarda birinchi navbatda kutubxonachilar jalb etiladi. Bir yilda sovuq mavsumdagi to‘rt-besh oyni hisobga olmasa, ular deyarli o‘z ishlari bilan shug‘ullana olishmaydi. Bunaqada qanday qilib samaradorlikka erishish mumkin? Axir kutubxonachi o‘z zimmasiga yuklatilgan tashkiliy ishlardan ortib kitob ham o‘qishi, mutolaani jondan sevishi kerak emasmi?
Shu o‘rinda tasavvur qilib ko‘ring: Siz oddiygina maktabda o‘qiydigan oddiygina o‘quvchisiz. Maktabning bir burchagidagi sehrli-sirli xonaga yurak yutib bordingiz, balki bu kimsasiz burchakka kelganingiz uchun qo‘rqayotgandirsiz ham. Ammo nimadir sizni ilgari chorlayveradi. Shunda kutilmaganda mehribon bir nigoh sizni qarshi olsa. U sizga yoshingizdan kelib chiqib bir necha kitoblarni taklif qilsa, o‘sha kitob haqida shu qadar qiziqarli hikoyalar, o‘z taassurotlarini aytib bersaki, butun dunyoni unutib mutolaaga berilib ketsangiz. So‘ngra har kuni o‘sha nurli maskanga oshiqsangiz. Kutubxonachi siz bilan hayotiy mushohadalarini o‘rtoqlashsa, fikringiz, munosabatingiz bilan qiziqsa, kerak bo‘lsa u bilan dardlashsangiz. Axir u qanchalar ko‘p kitob o‘qigan, dunyoqarashi qanchalar keng. Bunday odamning suhbatiga to‘yib bo‘larkanmi? Ammo real vaziyatga bir nazar solingchi. Aksariyat kutubxonalarda kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylangan, bor xodimlar ham (ularni kutubxonachi, deyishga tilim bormaydi) kitob mutolaasidan mosuvo. Bu yerga faqat vaqt o‘tkazish va oylik olish uchun keladigandek. Ba’zi kutubxonalarda kitob olish yoki u yerga a’zo bo‘lish uchun biror yangi kitob berish talab qilinadi vahokazo.
Kutubxonalarning g‘aribdan g‘arib fondi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Yana bir holat. Bola mansub bo‘lgan jamiyat, muhit kitob o‘qishga moyil bo‘lishi ham muhim. Qo‘liga biror marta kitob olmagan odamning bolaga: “kitob o‘qi”, deb maslahat yoki buyruq berishga hech qanday haqqi ham, asosi ham yo‘q! “Bolalarni bizning gap-so‘zlarimiz emas, balki xatti-harakatlarimiz tarbiyalaydi”, degan Makarenko ayni haqiqatni so‘zlagan edi. Kitob o‘qiladigan xonadonlarda mutolaaga mehr qo‘ygan bolalar kamolga yetadi. Albatta, bu mutlaq haqiqat emas. Kitobi yo‘q uylarda ham kitobxonlar bor. Ammo hamma joyda, har doim ham emas. Aksariyat oilalarda vaziyat taxminan quyidagicha: ona kuni bo‘yicha uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band, ozgina bo‘sh vaqt topdi deguncha qo‘shni ayollar bilan hasratlashishga oshiqadi. Televizor, serial ko‘rish, to‘y-ma’rakalarda qatnashish va boshqalarga ajratilgan vaqt kitob o‘qishga yetmaydi. Ota esa kuni bo‘yi ishda bo‘lib, kechqurun kelib ovqatlanadiyu, bir oz televizor ko‘rgandek bo‘lib, so‘ngra uxlashga kirib ketadi. O‘qilgan kitoblarni muhokama qilish, qanday kitoblarni o‘qish bo‘yicha maslahatlar berish, afsuski, oilalarda juda kam uchraydigan holat. Ommaviy ravishda: xiyobonlarda, transport vositalari, kutish zallari, bekatlar, shifoxonalarda kitob o‘qilishi haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Qaniydi bunday joylarda shundoqqina qo‘l uzatsang yetadigan yerda kitoblar tursayu, bo‘sh vaqtingda mutolaaga berilsang. Bu so‘zlar aslo shaxsiy tasavvurim mahsuli emas. Ko‘plab mamlakatlarda shu kabi ijtimoiy loyihalar yo‘lga qo‘yilganki, odamlar o‘qib bo‘lgan kitoblarini hamma uchun ochiq va bepul bo‘lgan maxsus javonlarga keltirib qo‘yadi. U yerdagi istagan asarini olib ketishi mumkin. Marhum adibimiz Asqad Muxtor aytganidek, kitob – boylik, sotib olingani emas, balki o‘qilgani. Masalaga mana shu nuqtadan qarasak, bu bebaho boylikni hamma bilan bo‘lishish mumkin.
Bolalarni kitobga qiziqtirishda kattalarning xabardorligi ham muhim ahamiyatga ega. Bu haqda yuqorida kutubxonachilar misolida mushohada yuritgandek bo‘ldik. Biroq pedagoglardan tashqari ota-onalar ham bolaga qanday kitob olib berishni bilishi kerak. Bundan bir necha yillar avval tog‘am farzandlariga qancha kitob olib bersa ham o‘qishga qiziqmasligidan noligan edi. Undan o‘zi qanday kitoblar olib berdingiz, deb so‘radim. Bir necha kitob nomlarini eshitib, tog‘amga bu kitoblar bolalarining yoshiga mos emasligini aytib, undan ko‘ra “Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakati” kabilarni sotib olishni maslahat berdim. Keyinchalik tog‘am aytganlarimni qilib, bolalari kitoblarni sevib o‘qiganini so‘zlab berdi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, ota-onalar majlislarida faqat moliyaviy masalalar emas, kitobxonlikni targ‘ib qilish, sinflar kesimida bolalar yoshiga mos asarlar ro‘yxati tuzilib, ota-onalarga tarqatilsa bo‘ladi. Shu bilan birga, bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish va bu qiziqishlarni to‘g‘ri va samarali qondirish bo‘yicha ham maslahat, tavsiyalar berilishi maqsadga muvofiq.
Yangi nashr qilingan kitoblar narxi ham odamni mutolaadan uzoqlashtirib yuborishi mumkin. Birgina misol: yaqindagina chop etilgan Tolstoyning “Anna Karenina” asari kitob do‘konlarida 70 ming so‘m atrofida sotilmoqda. Albatta, kitob chiqarish, bu – biznes. Uning o‘ziga xos qonun-qoidalari mavjud. Ammo 70 ming so‘m hamma oilalarning ham byudjyetiga to‘g‘ri kelavermaydi. Narx-navo masalasida yana bir bor chuqur mushohada yuritish, arzon kitoblar ishlab chiqilishi haqida o‘ylab ko‘rish kerak.
Kitobxonlikni targ‘ib qilishda yangi nashr qilingan asarlar reklamasini keng yo‘lga qo‘yish, mutolaani ommalashtirish bo‘yicha ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish ham katta ahamiyat kasb etadi. Qishloq va mahallalarda kitobxonlar klublarini tashkil etishni rag‘batlantirish, bolalar uchun kitob kechalari, o‘qilgan asarlar muhokamalari, sovrinli tanlovlarni tashkil etish, yozda salqin, qishda issiq, qulay mebellarga ega tinch va osuda o‘quv zallari, kitoblarni ijaraga berish, qarzga yoki pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga tatbiq etish, olis tumanlar, uzoq qishloqlarda kerakli kitoblarga buyurtmalar berish shoxobchalarini barpo etish ham mumkin. Xullas, o‘ylasa, bosh qotirsa, muammoni ijobiy hal etishning minglab usullari yaratilaveradi. Modomiki, maqsad bolalarning kitobni ommaviy ravishda sevib o‘qilishiga erishish ekan, bu yo‘lda bor imkoniyatlarni ishga solish, jarayonni ortiqcha, keraksiz va faqat zarar keltirayotgan tashkiliy, ma’muriy to‘siq va g‘ovlardan xalos qilish, kitobning hammabopligini oshirish yo‘llarini topaverish kerak.
Sanjar Said