Press "Enter" to skip to content

O‘zbekiston milliy valutasi – so‘m haqida 8 ma’lumot

1999 yilda chiqarilgan «Buyuk siymolar» seriyasidagi kumush tangalar (1999):

O’zbekiston kelajagi buyuk davlat (insho)

Vatan tuyg’usi bu Vatanni anglash har bir umr davom etadigan uzluksiz jaroyondir. Biz har gal o’lkamiz bahori, yozi, kuzi va qishiga ro’baro’ kelganda, uning tog’-u toshlari, daryo-yu o’rmonlari, bepoyon dalalari, tarixiy obidalari, obod shahar-u qishloqlarini ko’rganda, ko’nglimizda yangi-yangi tuyg’ular paydo bo’ladi.

Shuning uchun inson o’z atrofidagi narsa-hodisalar bilan doim muloqotda bo’ladi. Ana shu muloqot uning tuyg’ularini boyitadi, tasavvurlarini kengaytiradi.

Inson o’z Vatani bilan ham bir umr muloqotda bo’lib yashaydi. Eng quvonchli yoki qayg’uli damlarida ota-onasini eslagani kabi Vatanni ham yodga oladi.Ona yurtining xursandchilik yoki tashvishli kunlari uchun o’zini burchli deb biladi.

Biz buni Vatan oldidagi farzandlik burchi deymiz. Ana shu burch tuyg’usi ota-bobolarimizni yurtimiz ozodligi uchun da’vat etgan. Bu tuyg’u Vatanni anglashda alohida o’rin tutadi. Xuddi sen ta’til kunlari maktabingdan yiroqlashib, uning qadrini seza boshlaganing kabi, Vatanning qadri ham undan olis ketganimizda yaqqol bilinadi.Chunki inson o’z yurtidan uzoqlashar ekan, uning sog’inchi, hasrat-armoni yuraklarini o’rtaydigan darajada kuchayadi.

Dunyodagi har bir xalq Yaratganning beqiyos mo’jizasi hisoblanadi. Chunki ularning har biri o’zining tabiati, urf-odat va an’analari, tili va dini, milliy xarakteri hamda turmush tarzi bilan alohida ajralib turadi.

Xalqlarning mana shunday ko’pligi va rang-barangligi ular o’rtasida do’stona aloqalarning rivojiga, o’zaro muloqot qilish, bir-biridan o’rganish, tajriba almashishga asos bo’ladi.

Bizning xalqimiz ham jahon sivilizatsiyasiga salmoqli hissa qo’shgan eng qadimiy xalqlardan biri hisoblanadi. Bu haqda atoqli shoirimiz G’afur G’ulom shunday deb yozgan:

Qadim o’zbek xalqisan, asl odam avlodi,
Misr ehromlaridan tarixing qariroqdir.

O’zbeklar turkiy xalqlar oilasiga mansub millat. Turon va Turkiston deb atalgan ulkan hududda yashagan va u yerdan turli el-elat va millatlarga bo’linib, butun dunyoga tarqalib ketgan xalqlar qadimda turkiylar deb atalgan. Turkiy xalqlarga o’zbeklardan tashqari, qozoq, qirg’iz, qoraqalpoq, turkman, ozarboyjon, uyg’ur, tatar, boshqird, qorachoy, qolmiq, yoqut, turk, gagauz ( ko’k o’g’uz ) kabi millatlar kiradi.

Olimlarimizning aytishicha «o’zbek» atamasi o’ziga ishonadigan, mustaqil fikrlaydigan va ish tutadigan, botir, mard, yovqur, chekinmas singari ma’nolarni anglatadi. Shunday xususiyatlarni o’ziga fazilat qilib olgan insonlarga nisbatan o’zbek degan so’z qo’llangan. Shundan ham bilish mumkinki, ota-bobolarimiz qadim-qadimdan ozod va erkin yashagan, hech kimga qaram bo’lmagan.

Sen Prezidentimiz Islom Karimovning «O’zbek xalqi hech qachon hech kimga qaram bo’lmaydi” degan so’zlarini eshitgansan. Bu so’zlar ham o’zbek degan atamaning ma’no-mazmunini, ya’ni ona xalqimizning mard va tanti, o’z haq-huquqini birovga berib qo’ymaydigan, g’ururi baland, zo’r ekanini tasdiqlab turibdi.

O’zbek xalqi dunyoning eng qadimiy o’troq xalqlardan biri hisoblanadi.
O’troq hayot uchun muayyan shart-sharoitlar lozim bo’ladi.

Avvalo, qo’nim topgan yerga muhabbat , bu makonning tabiatiga mos milliy xarakter, turmush tarzi, kasb-u hunar, qadriyat va an’analar shakllangan bo’lishi lozim.

Shuningdek , o’troq hayot tashqi dushmanga, har xil qiyinchiliklarga qarshi birlashish, ularni yengish uchun g’oyaviy va davlatchilik asoslarining bo’lishini ham taqozo etadi.Demak, xalqimiz qadim-qadimdan ana shunday asoslarning barchasiga ega bo’lgan.

Shu haqda Prezidentimiz Islom Karimovning ko’plab asarlarida, xususan, « Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q “ nomli suhbatida ko’pgina ma’lumotlar berilgan.

Xalqimizning nomini ulug’lagan, uning shan’-u sharafini oshirgan yana bir fazilat borki, bu uning hamisha yuksak ma’naviyatga, ilm va ma’rifatga intilib yashashidir. Shu tufayli xalqimiz dunyo madaniyati xazinasiga ulkan hissa qo’shgan.

Bizning ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan boy va bebaho madaniy merosni butun dunyo tan oladi.

Bizning xalqimiz qadim-qadimdan dunyoga ko’plab allomalar, azizavliyolar, shoir va mutafakkirlarni yetkazib bergan. Ularning har biri nafaqat ulkan ilmiy, adabiy, diniy

merosi, balki noyob fazilatlari bilan ham millatimiz nomini, insonlik sharafini yuksaklarga ko’targan.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so’ng o’zining taraqqiyot yo’lini belgilar ekan, nafaqat buyuk va mislsiz voqealarga boy bo’lgan olis tariximizni, balki xalqimiz qariyb 130 yillik mustamlakachilik davrida boshidan kechirgan og’ir va murakkab davrni, undan chiqadigan saboq va xulosalarni ham nazarga olib ish tutiladi.

Albatta har bir xalq o’zining milliy tarixni boshqa xalqlar tarixdan kam deb bilmaydi. Lekin har bir xalq tarixining qadimiyligi va buyukligini belgilashda uning o’zi tomonidan berilgan baho emas, balki dunyoda umume’tirof etilgan bir qator omillar alohida o’rin tutadi. Bular- o’sha xalq yashayotgan zaminda odamzodning paydo bo’lishi bilan bog’liq eng ko’hna manzilgohlarning mavjudligi; ilk sivilizatsiya, ya’ni madaniy taraqqiyotning paydo bo’lishi bilan bog’liq yodgorliklarning borligi, ushbu zaminning milliy davlatchilik va yuksak sivilizatsiya an’analariga boyligi; dunyo tarixida butun bir davrni tashkil etadigan, jahon taraqqiyotiga beqiyos ta’sir ko’rsatgan, nafaqat milliy, balki umumbashariy ahamiyatga ega bo’lgan ulkan voqealar, buyuk shaxslar, noyob osori atiqalar hamda muqaddas ziyoratgohlarning ko’pligi va boshqalar.

Bizning tariximiz bu mezonlarning barchasiga to’liq javob berishini bugungi kunda nufuzli xalqaro tashkilotlar ham, taniqli mutaxassislar ham tan olgan.

Biz aynan ana shu haqiqatga tayangan holda o’z tariximizni buyuk va qadimiy deb bilamiz hamda u bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Yurtimizdan turli sabablar bilan chetga olib ketilgan milliy madaniyatimiz namunalarini qaytarib olib kelish masalasini o’rganish maqsadida Oliy Majlis huzurida maxsus kamissiya tuzildi. Ushbu komissiya a’zolari to’plangan malumotlarga ko’ra, dunyoning eng yirik madaniy markazlari- London, Parij, Berlin, Moskva, Sankt-

Peterburg, Nyu-York, Dehli, Tehron, Dushanbe, Qohira va boshqa qator shaharlarda milliy merosimizning o’n minglab noyob namunalari mavjud.

Bu nodir ashyolar nufuzli muzey va kutbxonalarda shunchaki bezak uchun saqlanayotgani yo`q, albata. Ular asrlar davomida avvalo buyuk tarix va sivilizatsiya dalolati sifatida asrab-avaylab kelinmoqda.

Ko’hna zaminimizda bundan uch ming yillar ilgari dunyo taraqqiyotiga katta ta’sir ko’rsatgan zardushtiylik dini va uning muqaddas kitobi bo’lmish «Avesto” shakllana boshlagani bizning yurtimizdagi sivilizatsiya qanchalik chuqur ildizga ega ekanini ko’rsatadi. 2001- yilda o’lkamizda « Avesto”ning 2700 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlangani bizning tariximizga bo’lgan qiziqish va hurmat-ehtiromning yana bir isboti bo’ldi.

Yoki Buxoro, Xiva, Termiz kabi shaharlarimizning 2500 yillik to’ylari bayram qilingani, Shahrisabzning 2700 yilligi jahon miqyosida nishonlanishi – bularning barchasi bizning tariximiz haqida so’raganlarga munosib javob bo’ladi.

Amir Temur ta’biri bilan aytadigan bo’lsak, kimki bizning qudratimizga, tariximizga shubha qilsa, ajdodlarimiz qurgan imoratlarga nazar solsin.

Tarix orqali mard va tanti, oqil donishmand, qahramon va fidoyi ajdodlarimiz bilan yuzma-yuz ko’rishib, suhbat qurmoq, dunyoning qanchadan-qancha sirlaridan barhamand bo’lmoq baxtiga ne yetsin! Bugun tariximiz qayta uyg’onib, bizning ismimizni aytib, o’z bag’riga chorlab turibdi. Ana shu da’vatga labbay deb javob bermoq farzandlik burchimizdir.

Aniqroq qilib aytsak, davlatchilik to’liq shakllanib bo’lmasidan avval ham uning ayrim belgilari, ba’zi funksiya, ya’ni vazifalari amal qilgan. Masalan, odamlar yagona xalq, yagona davlat bo’lib birikmasidan ilgari ular o’rtasidagi munosabatlarni qabilachilik va urug’chilik qoidalari tartibga solib turgan.

Qabila a’zolari orasidan sardor- boshliq saylangan, unga hamma bo’ysungan. Qabilaning o’z tili, yashash joyi, urf-odatlari, turli jang-u jadallarda ishtirok etadigan jangovor yigitlari bo’lgan. Bularning barchasi yillar va asrlar o’tishi bilan asta-sekin davlatchilikka asos bo’lib borgan.

Turli qabilalar birlashib, muayyan xalqqa asos solgan. Ularning boshqaruv tizimi esa davlat idoralarini shakllantirishda muhim o’rin tutgan. Demak, davlatchilik shakllanishidan oldingi davrlarda ham yurtimiz hududida o’ziga xos hayot nishonalari mavjud bo’lgan. Milliy davlatchiligimiz, boy ma’naviyatimiz namunalari ana shunday hayot negizida vujudga kelib, takomillashgan.

Olimlar bergan ma’lumotlarga ko’ra, yurtimiz hududidagi ilk shahar miloddan oldingi ikki minginchi yillarning o’rtalarida paydo bo’lgan ekan. Bu – miloddan 15-16 asr ilgari, bizning davrimizdan esa uch yarim ming yil muqaddan deganidir.

O’sha makon hozirgi Surxondaryo hududidagi Jarqo’ton shahri bo’lgan ekan. Ko’hna Samarqand zaminida olib borilayotgan tadqiqotlar esa bu yerda 3 yarim ming yil oldin ham shahar bo’lganidan dalolat bermoqda.

Bu qadimiy shaharlar bo’lajak davlatlarning o’ziga xos modeli, andozasi bo’lib xizmat qilgan. Shuning uchun ularni ilk shahar – davlatlar desak, xato bo’lmaydi. Ana shu dalillarga asosan, olimlar o’zbek davlatchilik tarixi uch ming yildan ziyodroq tarixga ega, degan xulosalarga kelmoqda.

Buyuk Turk xoqonligi vujudga keladi. U tarixda Turon deb ham ataladi. Bu davlat hozirgi kunda Yevraziya – Ovruosiyo deb ataladigan bepoyon yerlarni o’z ichiga olgan edi.Ya’ni, uning hududi sharqda hozirgi Mo’g’uliston chegarasidan boshlanib, g’arbda Azov va Qora dengiz bo’ylarigacha, janubda Fors ko’rfazigacha cho’zilgan edi. Bu davlat oltinchi asr oxirlarida ikkiga bo’linib ketadi. Turkiston degan atama esa Turonning hozirgi Markaziy Osiyo mintaqasidagi hududlarini anglatgan.

Bu yerda turli davrlarda goh markazlashgan yagona davlat, goh har xil mayda davlatlar hukmronlik qilgan. Masalan, Sohibqiron Amir Temur butun Turkiston hududini yagona davlat sifatida birlashtirgan va buyuk davlatga asos solgan.

Buyuk bobomiz o’zining oliy farmonlarini quyidagi so’zlar bilan boshlagani ham bejis emas: « Bizkim, maliki Turon, amiri Turkistonmiz…” Temuriylar davlatiga qadar ham yurtimiz hududida turli davlatlar bo’lgan. Ular asosan hukmron sulolalar nomi bilan atalgan: somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar kabi.

Davlatchilik haqida gap ketganda, bir narsani yodingda tutginki, uni qo’lga kiritgach, saqlab qolish, doimo mustahkamlash zarur.

Vatanimiz mustaqilligiga erishgach, xalqimizning azaliy xohishirodasi, azm-u qarori bilan milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. Bu tarixiy jarayonda O’zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov buyuk xizmat ko’rsatdi. U sho’ro davrida xalqimizga nisbatan bo’lgan barcha zulm va zo’ravonliklarga qarshi mardona kurashib, yurtimiz istiqlolini amalga oshirishda bosh bo’ldi, mustaqil mamlakatimizning taraqqiyot yo’lini belgilab berdi, uning Konstitutsiyasini yaratishda, qonuniy asoslarini mustahkamlashda, davlatimizning ichki va tashqi siyosatini ishlab chiqarishda, Qurolli kuchlarimizni barpo etishda, toptalgan milliy qadriyatlarimizni tiklashda bevosita rahbarlik qildi.

Xalqimiz asrlar davomida benihoya boy ma’naviyat meros yaratgan. U bizning ko’pmingyillik tariximiz, tilimiz va dinimiz, yozma va og’zaki yodgorliklarimiz, qadimiy shahar va qal’alarimiz, san’at va adabiyotimiz, ilm- fanimiz timsolida zamonlar osha yashab kelmoqda. O’ylaymizki, sen ularning har biriga o’zing ham misol keltira olasan, ular yordamida ma’naviyatimizning naqadar buyuk ekanini isbotlab bera olasan.

Milliy qadriyatlar millat va xalqning o’zi bilan birga asrlar, ming yilliklar mobaynida shakllanib, takomillashib boradi. Shuning uchun ularda orzu-intilishlar, ruhiyati va tafakkuri, hayot falsafasi, turmush tarzi to’liq mujassam bo’ladi.

Masalan, Navro’z bayramini olaylik. Navro’z bayramini xalqimiz o’troq hayotni boshlagan qadim davrlardan buyon yashab kelmoqda. Chunki bu bayram avvalo yerga, suvga, quyoshga, tabiatga, butun mavjudotga mehr uyg’otadi, olam bilan yashashga da’vat etadi, dunyoning go’zalligidan barhamand bo’lishga chaqiradi.

Biz bugungi kunda ham bu bayramning sumalak qaynatish, uloq chopish, kurash tushish, yer haydash, urug’ sochish, xonadonimiz, mahallamizni tozalash, tabiat bag’riga sayr qilish kabi marosimlarni ado etar ekanmiz, qalbimizda olis ajdodlarimizdan meros bo’lgan qadimiy tuyg’ular uyg’onadi: ona tabiatga yanada yaqinroq bo’lishga, uni sevib ardoqlashga, eng muhimi, ota-onalarimiz, yaqinlarimizga, shu tariqa barcha insonlarga mehr-oqibatli bo’lishga harakat qilamiz. Vatanni, kindik qonimiz tomgan diyor mohiyatini, uning qadrqimmatini teran anglash uchun biz birinchi galda yurtimizning boy va qadimiy tarixini, uning jo’g’rofiyasi, iqtisodi, siyosati, madaniyati, asrlar davomida shuyerda gullatib-yashnatibkelayotgan xalqimizning urfodatlari, marosimlari, turmush tarzi va qadriyatlarini yaxshi bilishimiz zarur.

MEN NECHUN SEVAMAN O’ZBEKISTONNI? (Abdulla Oripov she’ri)

Tuprog’in ko’zimga aylab to’tiyo,
Nechun Vatan deya yer-u osmonni,
Muqaddas atayman, atayman tanho?
Aslida dunyoda tanho nima bor,
Paxta o’smaydimi o’zga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku butun Osiyo.
Men nechun sevaman O’zbekistonni?
Bog’larin jannat deb ko’z-ko’z etaman,
Nechun ardoqlarkan tuprog’ini men,
O’paman: «Tuprog’ing bebaho, Vatan…»
Aslida tuproqni odil tabiat
Taqsim aylagan-ku yer yuziga teng.
Nechun bu tuproq deb yig’ladi Furqat,
O, Qashg’ar tuprog’i, qashshoqmiding sen?!

Xo’sh, nechun sevasan O’zbekistonni?
Sababini aytgin desalar menga,
Shoirona go’zal so’zlardan oldin
Men ta’zim qilaman ona xalqimga:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda
Mangu muzliklarga eltgan bo’lsaydi,
Qorliklarni makon etgan bo’lsayding,
Mehrim bermasmidim o’sha muzlarga?
Vatanlar,
Vatanlar,
Mayli, gullasin,
Bog’ unsin mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun
Sevgan farzand bo’lsa kechirma also!

Vatan g’oyasi uchun da’vat qilguvchi, uning yo’lida jasur kurashchi bo’l. Shudagina baxt-saodat senga yor bo’ladi.

Ushbu referatni men 2007 yilda nashr etilgan 6- sinf darslik VATAN TUYG’USI kitobidan foydalandim. Kelgusida Ushbu mavzuni mukammallashgan va kengaytirilgan xolda ochib berishga harakat qilaman.

O‘zbekiston milliy valutasi – so‘m haqida 8 ma’lumot

O‘zbekiston 1991 yilda mustaqillikka erishgach, oradan 3 yil o‘tib muomalaga kiritilgan va ayni paytgacha o‘zgarmay kelayotgan milliy valuta — so‘m respublikaning barcha hududida yagona to‘lov vositasi sifatida amal qilib kelmoqda. So‘mning dunyoga kelish tarixi barchaga qiziqligini inobatga olib, u haqidagi 8ta faktni e’tiboringizga havola etamiz.

1. Qirqib olinadigan bir martalik kupon

O‘zbekiston Respublikasi 1991 yil 31 avgustda mustaqillikka erishgani e’lon qilingach, mamlakatda sovet rubli pul birligi sifatida muomalada qolavergan edi. 1992 yilning yanvaridan iste’mol bozorini himoyalash va mahsulotlarni faqat O‘zbekiston fuqarolariga sotish uchun bir martalik kuponlar bosib chiqarilgan. 1993 yilning 15 noyabrida so‘m-kupon chiqarilganidan so‘ng 1 hafta o‘tib — 22 noyabrgacha gazeta qog‘ozida chop etilgan va tashkilotining muhri uriladigan kartochkasi qirqib olinuvchi bir martalik kuponlar amal qilgan.

Oziq-ovqat do‘konlari, umumiy ovqatlanish korxonalarida kuponlarning naqd pulda to‘lanishi kerak bo‘lgan hisobga yarasha qismi qaychida qirqib olingan. Bunday kuponlar 10+25=35, 50, 100, 150, 200, 350, 500, 1000, 2000, 3000, 5000 rublga yarasha kartochkalar bilan chop etilgan.

2. So‘m-kupon davri

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hududida parallel to‘lov vositasi sifatida «so‘m-kuponlar»ni muomalaga kiritish to‘g‘risida»gi 1993 yil 12 noyabrdagi №550-sonli qaroriga ko‘ra, ichki bozorni ortiqcha rubl massasidan himoyalash, aholiga pul mablag‘larini to‘lashni o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida 1961–1992 yillarda amalda bo‘lgan sovet rubliga 1:1 nisbatda 1993 yil 15 noyabrdan boshlab muomalaga kiritiladi.

1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so‘mlik pullarning barchasining old qismida O‘zbekiston gerbi va pul nominali, orqa qismida esa Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasining surati tushirilgan edi. 1, 3, 5, 10, 25 so‘mlik pullar 120 x 61 mm o‘lchamda, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so‘mlik pullar 144 x 69 mm o‘lchamda yasalgan. So‘m-kupon Angliyadagi «Harrison & Sons Ltd» bosmaxonasida chop etilgan.

So‘m-kuponlar 9,5 oy muomalada bo‘lib, 1994 yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonning milliy valutasi — so‘m muomalaga kiritilganidan so‘ng ham, 1994 yilning 1 avgustiga qadar amal qilgan.

3. So‘mning muomalaga kiritilishi

O‘zbekistonning amaldagi milliy valutasi so‘m — O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashining 1993 yil 3 sentabrdagi №952-XII qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 iyundagi PF-870 sonli farmoniga binoan, 1994 yilning 1 iyulida, o‘zigacha amalda bo‘lgan so‘m-kuponga 1:1000 nisbatda muomalaga kiritilgan.

So‘m dastlab 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik tangalar hamda, 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘mlik qog‘oz kupyuralar bilan bir vaqtning o‘zida muomalaga kirgan. 1 so‘m 100 tiyinga maydalangan. Aytish joizki, so‘m muomalaga kiritilgan kunda valuta birjasida 1 AQSh dollarining qiymati roppa-rosa 7 so‘m bo‘lgan.

4. So‘mlar qayerda zarb etiladi?

1994 yilda muomalaga kiritilgan 100 so‘mgacha bo‘lgan jamiki qog‘oz pullar Germaniyaning «Giesecke & Devrient» firmasida chop etilgan. (Hozir bu yerda YeI valutasi — yevro ham chop etiladi). 1997 yili muomalaga kiritilgan 200 so‘mlikdan boshlab, keyingi barcha kupyuralar Toshkentdagi «Davlat belgisi» DIChB davlat korxonasida bosilmoqda.

5. So‘m dizayni va undagi shaharlar

So‘m dizaynida qadimiy naqshlarga, yurtimizdagi osori atiqalar tasviriga katta e’tibor berilgan. 1 so‘mlikning orqa tarafida Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik Katta teatri, 3 so‘mlikda — Buxorodagi Chashmai Ayyub maqbarasi, 5 so‘mlikda — O‘zbekiston milliy bog‘idagi Alisher Navoiy sharafiga o‘rnatilgan haykal va me’moriy kompozitsiya, 10 so‘mlikda — Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi, 25 so‘mlikda — Samarqanddagi «Shohi Zinda» tarixiy-me’moriy ansambli, 50 so‘mlikda Samarqanddagi Registon tarixiy-me’moriy ansambli, 100 so‘mlikda — Istiqlol saroyi (sobiq Xalqlar do‘stligi saroyi) tasvirlangan.

Keyinchalik, Toshkentda 144 x 78 mm o‘lchamda chop etilgan katta kupyuralarning dizayni o‘zgartirilgan. Old qismida O‘zbekiston Respublikasining kattalashtirilgan gerbi, orqa qismida asosan mustaqillik yillarida barpo etilgan inshootlar tasvirlangan.

Chunonchi, 200 so‘mlikda Samarqanddagi Registon ansamblining Sherdor madrasasida tasvirlangan, quyosh orqalagan sherning ramziy tasviri, 500 so‘mlikda Toshkentda Amir Temurga o‘rnatilgan haykal, 1000 so‘mlikda Toshkentdagi Temuriylar tarixi muzeyi binosi, 5000 so‘mlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi binosi, 10000 so‘mlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati binosi tasvirlangan.

6. Eng yirik kupyura — 50 ming so‘mlik

Ayni paytda eng yirik kupyura bo‘lib turgan 50 ming so‘mlik pul mutlaqo zamonaviy dizaynga ega bo‘ldi. Uning old tarafida Toshkentdagi «Ezgulik arkasi», orqa tarafida Toshkentdagi Forumlar saroyi tasvirlangan.

U 2017 yilning 22 avgustidan muomalaga kiritilgan. AQSh dollariga ayriboshlansa, hozirgi o‘rtacha kurs bilan qariyb 6,10 dollarga teng bo‘ladi.

Milliy valutadan foydalanishda qulaylikni oshirish maqsadida joriy yilda yirikroq nominaldagi banknotlarni muomalaga chiqarish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda, degan Kun.uz’ga Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov.

7. Tanga so‘mlar

So‘m qadri tushib borishi bilan past nominaldagi qog‘oz pullar muomalada ko‘proq ushlab turilishi uchun tanga ko‘rinishidagi so‘mlarga almashtirib borilgan. Jumladan, 1997 yilda ilk marta 1, 5 va 10 so‘mlik tangalar muomalaga kiritilgan. Bunday ko‘rinishdagi tanga so‘mlar 1998, 1999 yillarda ham ishlab chiqarilgan. 2000 va 2001 yillarda 1, 5 va 10 so‘mlik tangalarning hajmi kichraytirilgan va dizayni o‘zgartirilgan.

Bundan tashqari, po‘lat, mis va nikel qotishmali 50 so‘mlik (2001) va 100 so‘mlik (2004) tangalar ham muomalaga kiritilgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Markaziy bank 2018 yil mobaynida mayda kupyuralarni 50, 100, 500 so‘mlik yangi namunadagi tangalarga almashtirish hamda 200 so‘mlik tangalarni chiqarish masalasi ko‘rib chiqadi.

8. Esdalik tangalari

Markaziy bank tomonidan turli yubiley sanalari va boshqa shaxslarga atab esdalik tanglari ham chiqarilgan. Jumladan, qimmatbaho bo‘lmagan metallar — nikel bilan qoplangan po‘latdan Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga atab 25 so‘mlik (1999), Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga atab 50 so‘mlik (2002), Toshkent shahrining 2200 yilligiga atab ikki xil 100 so‘mlik (2009), O‘zbekiston Mustaqilligining 20 yilligiga atab 500 so‘mlik (2011) esdalik tangalari katta tirajda chiqarilgan va real muomalaga ham kiritilgan.

2001 yilda Alisher Navoiy tavalludining 560 yilliga atab 100 so‘mlik jyez tanga chiqarilgan;

Tilla qoplangan qimmatbaho bo‘lmagan metallardan ishlab chiqarilgan tangalar:

1994 — Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligiga bag‘ishlangan 1 so‘mlik tanga;
1994 — O‘zbekiston Mustaqilligining 3 yilligiga bag‘ishlangan 10 so‘mlik tanga;

1999 yilda chiqarilgan «Buyuk siymolar» seriyasidagi kumush tangalar (1999):

Ularning barchasi kumushdan tayyorlangan va ramziy 100 so‘mlik qiymatga ega. Har biri 31,1 gramm og‘irlikdagi 999 sifatdagi kumushdan 1000 donadan tayyorlangan.

Tangalarda Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Muso al-Xorazmiy,
Mirzo Ulug‘bek, Bobur, Amir Temur, Alisher Navoiy siymolari tasvirlangan.

«O‘zbekiston mustaqilligiga 10 yil» seriyasidagi kumush tangalar (2001):

Bu tangalarning ham barchasi kumushdan tayyorlangan va ramziy 100 so‘mlik qiymatga ega. Har biri 31,1 gramm og‘irlikdagi 999 sifatdagi kumushdan 1000 donadan tayyorlangan.

Tangalarda Toshkentdagi Alisher Navoiy haykali, Toshkentdagi Amir Temur haykali, Toshkent kuranti, Samarqanddagi Registon maydoni, Oq saroy, Oliy Majlis binosi, Temuriylar tarixi muzeyi, Toshkentdagi Mustaqillik maydonidagi monument, Toshkent tennis korti fonidagi tennischi, Milliy kurash tushayotgan polvonlar, futbol maydoni fonidagi futbolchi, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi fonida mash’ala ushlagan sportchi tasvirlangan.

Bundan tashqari, turli yillarda biror seriya bilan umumlashtirilmagan, 10, 50, 100 so‘mlik kumush tangalar cheklangan muomalaga chiqarilgan.

Tilla qoplangan kumush tangalar 1996 yilda — 50 so‘mlik Mustaqillikning 5 yilligiga atab, 100 so‘mlik pul Amir Temurning 660 yilligiga atab chiqarilgan. Albatta, ular keng muomalaga chiqmagan va numizmatlar kolleksiyasidan o‘rin olgan.

999 sifatdagi, 31,1 gramm sof oltindan 1997 yilda ishlab chiqarilgan cheklangan seriyadagi 100 so‘mlik tanga Amir Temurga atalgan.